Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI HUKUMATI BILAN FRANSIYA RESPUBLIKASI HUKUMATI OʻRTASIDAGI MOLIYAVIY PROTOKOL DOIRASIDAGI QARZ MABLAGʻLARIDAN SAMARALI FOYDALANISh ChORA - TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Respublika aholisini toza ichimlik suv bilan taʼminlash boʻyicha Oʻzbekistonni iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor dasturlarini amalga oshirish va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Fransiya Respublikasi Hukumati oʻrtasida 1998-yil 9-apreldagi Moliyaviy Protokolni bajarish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Fransiya Respublikasi Hukumati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati oʻrtasida 1-ilova*ga muvofiq loyihalarni amalga oshirish uchun Fransiya asbob-uskunalarini sotib olish va xizmatlardan foydalanishga 35 yil muddatga, shu jumladan 10 yil imtiyozli davrga, yillik stavkasi 4 foiz boʻlgan 48 mln Fransiya franki miqdorida Fransiya Gʻaznasi krediti berilishi toʻgʻrisida Moliyaviy Protokol imzolanganligi;
* 1-ilova berilmaydi.
Moliyaviy Protokolni bajarish bilan bogʻlik qarz mablagʻlaridan Oʻzbekiston Respublikasida undiriladigan soliqlar va bojlarni toʻlash uchun foydalanish mumkin emasligi;
Moliyaviy Protokol shartlariga muvofiq qarzning asosiy miqdorini qaytarish, foizlar toʻlash va Protokolni bajarish doirasida amalga oshiriladigan boshqa ajratmalar Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari bilan belgilangan soliqlar va yigʻimlardan ozod qilinishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vaziri Fransiya Hukumati nomidan va uning topshirigʻi boʻyicha ish koʻruvchi Nateksis (Natexis) banki bilan qarz berish toʻgʻrisidagi Bitimni Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati nomidan imzolashga vakil qilinsin.
3. Quyidagilar:
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi ushbu ishga “Oʻzkommunxizmat” agentligi, Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Samarqand viloyati hokimligi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralarni jalb qilgan holda Fransiya Respublikasi Hukumati kredit liniyasi hisobiga mablagʻ bilan taʼminlanadigan loyihalarning amalga oshirilishi uchun masʼul tashkilot etib;
(3-bandning ikkinchi xatboshi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 28-fevraldagi 112-sonli qarori tahririda— OʻR QHT, 2003-y., 4-son, 42-modda)
“Samarqand shahrida ichimlik suv ishlab chiqarishni koʻpaytirish, zamonaviylashtirish va taqsimlash” va “Moʻynoq shahri aholisining ichimlik suv taʼminoti uchun suvni tozalash qurilmasi oʻrnatish” loyihalari boʻyicha - Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va Samarqand viloyati hokimligining hududiy-kommunal birlashmalari, “Janubiy (Mirzachoʻl) kanalni zamonaviylashtirish - II bosqich” loyihasi boʻyicha — Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi buyurtmachilar etib belgilansin.
4. Belgilansinki:
koʻrsatib oʻtilgan obyektlar qurilishi davrida xarajatlarning mahalliy ulushini mablagʻ bilan taʼminlash va olingan kreditlar boʻyicha foizlarni toʻlash Investitsiya dasturida nazarda tutiladigan kapital qoʻyilmalarni mablagʻ bilan taʼminlashga ajratilgan davlat budjeti mablagʻlari hisobiga amalga oshiriladi;
qurilish tugallangandan keyin asosiy qarzni, olingan kreditlar boʻyicha foizlarni va boshqa moliyaviy xarajatlarni toʻlash qarz berish toʻgʻrisidagi Bitim shartlarida belgilangan muddatlarda “Suvoqova” Samarqand viloyati ishlab chiqarish boshqarmasi, “Suvoqova” Samarqand shahar ishlab chiqarish davlat korxonasi va “Tuyamoʻyin-Nukus” mintaqalararo suv quvuridan foydalanish boshqarmasining oʻz mablagʻlari, yetishmaydigan qismi — mahalliy budjet mablagʻlari hisobiga, “Janubiy (Mirzachoʻl) kanalni zamonaviylashtirish — II bosqich” loyihasi boʻyicha esa — davlat budjeti mablagʻlari hisobiga amalga oshiriladi;
(4-bandning uchinchi xatboshi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 11-apreldagi 109-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2009-y., 16-son, 202-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
(4-bandning toʻrtinchi xatboshi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 11-apreldagi 109-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — OʻR QHT, 2009-y., 16-son, 202-modda)
5. Koʻrsatib oʻtilgan obyektlar boʻyicha Fransiya Respublikasi Hukumati kreditini qaytarishning prognoz jadvallariga 2, 3, 4-ilovalar*ga muvofiq rozilik berilsin.
*2, 3, 4-ilovalar berilmaydi.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 10-sentabrdagi 429-f-son farmoyishi bilan “Samarqand shahrida ichimlik suv ishlab chiqarishni koʻpaytirish, zamonaviylashtirish va taqsimlash” va “Moʻynoq shahri aholisining ichimlik suv taʼminoti uchun suvni tozalash qurilmasi oʻrnatish” loyihalari boʻyicha texnik-iqtisodiy asoslar tasdiqlanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi “Janubiy (Mirzachoʻl) kanalni zamonaviylashtirish - II bosqich” loyihasining texnik-iqtisodiy asoslarini ikki hafta muddatda puxta ishlab chiqsin hamda uni belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tasdigʻiga kiritsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, Samarqand viloyati hokimligi va Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Moliyaviy protokol doirasida mablagʻ bilan taʼminlanadigan kontraktlarning ularni belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi oʻz vaqtida taqdim etilishini taʼminlasin.
(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 8-sentabrdagi 206-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2005-y., 34-36-son, 264-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, “Oʻzkommunxizmat” agentligi hamda Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi buyurtmanomalari boʻyicha loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirishda qatnashuvchi xorijiy mutaxassislarga kirish vizalari belgilangan tartibda rasmiylashtirilishini taʼminlasin.
(9-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 28-fevraldagi 112-sonli qarori tahririda— OʻR QHT, 2003-y., 4-son, 42-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, “Oʻzkommunxizmat” agentligi hamda Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi buyurtmanomalari boʻyicha loyihalarni ishlab chiqishda qatnashuvchi xorijiy mutaxassislarga koʻp martalik vizalar berilishini va ularning uzaytirilishini, shuningdek vaqtinchalik roʻyxatdan oʻtkazishni va vaqtinchalik roʻyxatdan oʻtkazishni uzaytirishni davlat boji toʻlashdan ozod qilgan holda taʼminlasin.
(9-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 28-fevraldagi 112-sonli qarori tahririda— OʻR QHT, 2003-y., 4-son, 42-modda)
11. Fransiya Respublikasi Hukumatining kredit liniyasi hisobiga amalga oshiriladigan loyihalarni amalga oshirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kelinadigan asbob-uskunalar va moddiy resurslar boj toʻlashdan ozod qilinsin (boj yigʻimlari bundan mustasno).
12. Koʻrsatib oʻtilgan loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirishda qatnashish uchun kelayotgan xorijiy mutaxassislar va tashkilotlarga yashaganligi va transportning barcha turlarida yurganligi, kommunal xizmatlar va binolar ijarasi uchun Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari uchun nazarda tutilgan tariflar boʻyicha haq toʻlash huquqi berilsin.
13. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari B.S. Hamidov va B.M. Olimjonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1999-yil 17-iyun,
305-son