OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MUDOFAA VAZIRLIGI
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI ICHKI ISHLAR VAZIRLIGI
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI FAVQULODDA VAZIYATLAR VAZIRLIGI
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MILLIY XAVFSIZLIK XIZMATINING
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI ICHKI ISHLAR VAZIRLIGI
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI FAVQULODDA VAZIYATLAR VAZIRLIGI
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MILLIY XAVFSIZLIK XIZMATINING
Qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI QUROLLI KUCHLARIDA YAROQSIZ HOLATGA KELGAN (XIZMAT MUDDATI TUGAGAN) YOKI YOʻQOTILGAN MODDIY VA PUL MABLAGʻLARINI HISOBDAN CHIQARISH, MODDIY MABLAGʻLAR HISOBI VA ULAR BOʻYICHA HISOBOT YURITISH TARTIBI TOʻGʻRISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASH HAQIDA
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2006-yil 5-iyulda 1592-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan]
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2025-yil 23-dekabrdagi 28-mh-sonli “Ayrim idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarning davlat reyestridan chiqarish toʻgʻrisida”gi buyrugʻiga (roʻyxat raqami 3733, 23.12.2025-y.) asosan 2026-yil 25-martdan davlat reyestridan chiqariladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli kuchlaridagi islohotlarda meʼyoriy-huquqiy bazasini tashkil qilish va rivojlantirish maqsadida qaror qilamiz:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida yaroqsiz holatga kelgan (xizmat muddati tugagan) yoki yoʻqotilgan moddiy va pul mablagʻlarini hisobdan chiqarish, moddiy mablagʻlar hisobi va ular boʻyicha hisobot yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Ushbu qaror Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilganidan soʻng, 10 kundan keyin amalga kiritiladi.
Mudofaa vaziri R. MIRZAYEV
Toshkent sh.,
2006-yil 12-may,
7-son
Ichki ishlar vaziri B. MATLYUBOV
Toshkent sh.,
2006-yil 12-may,
2-son
Favqulodda vaziyatlar vaziri Q. BERDIYEV
Toshkent sh.,
2006-yil 12-may,
1/4-529-son
Milliy xavfsizlik xizmati raisi R. INOYATOV
Toshkent sh.,
2006-yil 12-may,
46-son
“TASDIQLAYMAN”
Mudofaa varziri, Ichki ishlar vaziri,
Favqulotda vaziyatlar vaziri, Milliy xavfsizlik xizmatining
2006-yil 12-maydagi
7-son, 12-son, 1/4-529-son, 46-sonli qarori
Mudofaa varziri, Ichki ishlar vaziri,
Favqulotda vaziyatlar vaziri, Milliy xavfsizlik xizmatining
2006-yil 12-maydagi
7-son, 12-son, 1/4-529-son, 46-sonli qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida yaroqsiz holatga kelgan (xizmat muddati tugagan) yoki yoʻqotilgan moddiy va pul mablagʻlarini hisobdan chiqarish, moddiy mablagʻlar hisobi va ular boʻyicha hisobot yuritish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom bilan Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlariga qarashli harbiy qismlar, harbiy taʼlim muassasalari va boshqa muassasalar, korxona va tashkilotlardagi (keyingi oʻrinlarda harbiy qismlar deb yuritiladi) yaroqsiz holatga kelgan (muddat tugagan) yoki yoʻqotilgan qurol-aslaha, harbiy texnika, kosmik vositalar, yonilgʻi, yoqilgʻi, oziq-ovqat, tibbiy, harbiy ashyo va boshqa mulklarni, yongʻinga qarshi va texnik jihozlar, asboblar, materiallar va maxsus suyuqliklar, binolar, inshootlar, kazarma-turar joy fondi va kommunal inshootlar, axborotlashtirish texnik vositalari, madaniy-hordiq mulklari, pul mablagʻlari va qimmatbaho qogʻozlar, sarflanadigan va foydalaniladigan predmetlarni (keyingi oʻrinlarda moddiy vositalar va pul mablagʻlari deb yuritiladi) hisobdan chiqarish tartibi oʻrnatiladi hamda ularni hisobdan chiqarish boʻyicha dalolatnomalarni tasdiqlash, shuningdek inspektorlarning guvohnomalari tarqatish huquqi berilgan mansabdor shaxslarning roʻyxati belgilanadi.
Qurol-aslahalarga raketa komplekslari, tank, samolyot, toʻp, minomyot, avtomat va pistoletlar hamda jonli kuch, texnika va boshqa obyektlarga shikast yetkazish uchun moʻljallangan boshqa texnik vositalar kiradi.
Harbiy texnikalarga jangovar harakatlarning jangovar, texnik va front orti taʼminoti, qoʻshinlarni (kuchlarni) oʻqitish va qurol-aslahalarni sinovdan oʻtkazish uchun moʻljallangan texnik vositalar kiradi.
Sarflanadigan va foydalaniladigan materiallarga qurol-aslaha va harbiy texnikalarni tozalash va moylash uchun moʻljallangan mulklar, harbiy texnikani saqlashga qoʻyishda ishlatiladigan materiallar (lok-boʻyoq materiallari, karton, qogʻoz, paronit, TT gazlamasi), tamgʻalar, plastilin, iplar,yordamchi material va ashyolar (furnitura), yelim, mixlar, kanop iplar, katron va mum, naftalin, poyabzal kremi, gʻildirak va anjom mazi, arqonlar, yuvinish sovuni, atirsovun, sanitariya-gigiyena ehtiyojlari uchun qoʻllanadigan sovun, kiyim va poyabzal choʻtkasi, xavfsiz ustaralar piskalari, dastroʻmolchalar, ichyoqalar, yozgi, paxmoq mato va movutdan tayyorlangan paytavalar, ip-gazlama va kirza paypoqlar, brezent va kambinatsiyalangan matodan tayyorlangan qoʻlqoplar, furajkalarning gʻiloflari, pogonlar, petlitsalar (nashifkalar) va farqlovchi nishonlar, plakatlar, jangovar varaqalar, faxriy yorliq, minnatdorchilik xatlarining blankalari, portretlar, siyosiy xaritalar, oʻquvchilik formulyarlari, vkladishlar, daftarlar, kanselyariya buyumlari, koʻmirli elektr buyumlar, saqlagichlar, GICH koʻmirlar, quvvat (batareya) elementlari, qimmatbaho metallarga ega boʻlmagan kinoradiolampalar, torlar, elektr lampochkalar, oʻt oʻchirgichlarning zaryadlari va boshqa oʻt oʻchiruvchi vositalar (xladon, koʻmir kislotasi, brometil, koʻpik hosil qilgich, poroshoklar va shu kabilar), tibbiy-shifokorlik, tibbiy-veterinariya, dorixona va laboratoriya materiallari, idish-tovoqlar hamda xizmat muddati bir yildan kam boʻlmagan bir donasining narxi eng kam oylik ish haqigacha boʻlgan boshqa predmetlar kiradi.
2. Harbiy qismlar hisobida turuvchi yaroqsiz (chegara) holatga kelgan yoki yoʻqotilgan moddiy vositalar va pul mablagʻlarini hisobdan chiqarish mazkur Nizom bilan belgilangan tartibda, balans hisobida turganlarini esa Oʻzbekiston Respublikasida buxgalteriya hisobini yuritish boʻyicha qonunchilik hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 30-noyabrdagi 20-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3338, 30.11.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 10/21/3338/1117-son)
3. Texnik resursning ishlatish uchun belgilangan kiyish va yaroqlilik muddatlari (keyingi oʻrinlarda xizmat muddatlari deb yuritiladi) tugagandan soʻng yaroqsiz holatga kelgan (moddiy tugagan) moddiy vositalarni hisobdan chiqarish raqamlari va texnik holatiga koʻra hisobga olinadigan moddiy vositalarni texnik holati dalolatnomalari, qolgan moddiy vositalar sifat holatining oʻzgarishi toʻgʻrisidagi dalolatnomalar, boʻyicha amalga oshiriladi, muddatdan avval yaroqsiz holatga kelgan (muddati tugagan) yoki yoʻqotilgan moddiy vositalar va pul mablagʻlarini hisobdan chiqarish esa nazoratchilarning (inspektorlarning) guvohnomalar boʻyicha amalga oshiriladi.
4. Moddiy vositalarning belgilangan xizmat muddatlarini tugashi ularni hisobdan chiqarishga asos boʻlib xizmat qilishi mumkin emas, agar moddiy vositalar oʻzining texnik holati yoki taʼmirlashdan soʻng vazifasi boʻyicha qoʻllashga yaroqli hamda belgilangan xizmat muddatlari tugagandan soʻng ulardan foydalanish imkoniyatlari tegishli qoʻllanma, nizom, yoʻriqnoma va boshqa hujjatlarda koʻrsatib oʻtilmagan boʻlsa.
5. Hisobdan chiqarilishi kerak boʻlgan moddiy vositalarni (raketa, oʻq-dori va ularni butlovchi elementlari bundan mustasno) tasdiqlangan dalolatnoma yoki inspektor guvohnomasini olingunga qadar yoʻq qilish, ehtiyot qismlariga ajratish yoki ulardan taʼlim vositasi sifatida foydalanish mumkin emas.
Ularni yoʻq qilishga tasdiqlangan dalolatnomalar (inspektor guvohnomalari) olingan moddiy vositalar qismlarga ajratilishi (tugatilishi, yoʻq qilinishi), koʻzda tutilgan alohida holatlarda esa — qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda topshirib yuborilishi kerak. Moddiy vositalarni qismlarga ajratilishi (nimtalanishi, yoʻq qilinishi) dalolatnomalar bilan rasmiylashtiriladi.
(5-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 30-noyabrdagi 20-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3338, 30.11.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 10/21/3338/1117-son)
Kutubxonalarning fondlari hisobidan chiqarilgan kitoblarning eskirgan va qadimiy nashrlari, arxiv materiallari belgilangan tartibda mahalliy qogʻozni qayta ishlash organlariga topshirilib, topshirganligi toʻgʻrisidagi kvitansiyalar dalolatnomalarga ilova qilinadi.
Uni hisobdan chiqarish uchun tasdiqlangan dalolatnomalar (inspektor guvohnomalari) olingan avtomobil texnikasi boʻysunuvchi taʼmirlash harbiy qismlarida (boʻlinmalarida) qismlarga ajratilishi kerak, bunda uning agregatlari qismlarga ajratilmaydi. Qismlarga ajratish vaqtida avtomobil texnikasidan yechib olingan, taʼmirlashlar oraligʻidagi resursni ishlab tugatgan va muddati tugagan agregatlar taʼmirlash uchun belgilangan tartibda boʻysunuvchi avtomobil taʼmirlash korxonalariga yuboriladi. Avtomobil texnikasini qismlarga ajratish boʻysunuvchi avtomobil taʼmirlash korxonalarida amalga oshiriladi. Avtomobil texnikasini qismlarga ajratish orqali olingan, qoʻshinlarga keraksiz asosiy agregat, uzel va detallar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda realizatsiya qilinadi.
(5-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 30-noyabrdagi 20-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3338, 30.11.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 10/21/3338/1117-son)
Dalolatnomalarni oʻz vaqtida tuzilishi hamda moddiy vositalarni qismlarga ajratilishi (tugatishni, yoʻq qilinishi)ni amalga oshirish ustidan nazoratni tashkillashtirish dalolatnomani tasdiqlagan yoki hisobdan chiqarish uchun inspektor guvohnomasini bergan mansabdor shaxs zimmasiga yuklatiladi.
Moddiy vositalarni qismlarga ajratish (tugatish, yoʻq qilish) komandir (boshliq) tomonidan tayinlanadigan hamda hisobdan chiqarilishi kerak boʻlgan moddiy vositalarning holati va saqlanishiga javobgar boʻlgan tegishli mutaxassislar, mansabdor shaxslardan iborat boʻlgan taʼmirlash-texnik organlari yoki xizmatlarining komissiyalari ishtirokida, moddiy-texnik taʼminot boshqarmalari (xizmatlari) boshliqlarining nazorati ostida texnika xavfsizligi va maxfiylik rejimiga qatʼiy rioya qilgan holda imkon qadar koʻproq yaroqli agregat, uzel, asbob, detal va materiallarni olish maqsadida amalga oshiriladi. Bunda tarkibida qimmatbaho (rangli) metall va toshlar boʻlgan detallarni yigʻish va saqlanishini taʼminlash Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Maxfiy turdagi moddiy vositalar va ularning butlovchi elementlarini qismlarga ajratish (tugatish, yoʻq qilish) tarkibiga maxfiylik rejimi boʻyicha xodimlar kiritilgan komissiyalar tomonidan amalga oshiriladi.
HHK va HHM Qoʻshinlarining qurol-aslahalari nomenklaturasidagi jangovar raketalar va ularning elementlari, raketa aslahalarining jangovar toʻplamlari, uchish apparatlarining elementlari, quruqlikdagi parvoz taʼminoti vositalarining maxsus jihozlari, zenit-raketa qurol-aslahalari, radiolokatsion stansiyalarni qismlarga ajratish (nimtalash, yoʻq qilish) nazarda tutilmaydi, agar bu masalada markaziy taʼminot organining maxsus koʻrsatmasi boʻlmasa.
Yuqori turuvchi qoʻmondonlik komissiyasining qaroriga muvofiq HHK va HHM Qoʻshinlarining nomenklaturasidagi portlash xavfi boʻlgan raketalar, oʻq-dorilar va ularning butlovchi elementlari, uchish apparatlarining elementlari, zenit-raketa qurol-aslahalari, radiolokatsion stansiyalari, aviatsiya dvigatellari va jihozlari, uchish apparatlarining radioelektron jihozlari, aviatsiya-texnika vositalari, aviatsiya qurol-aslahalarining agregat va bloklari ularni hisobdan chiqarish toʻgʻrisidagi dalolatnomalar tasdiqlangunga qadar HHK va HHM Qoʻshinlarining qismlarning ustaxonalarida yaroqli-yaroqsizga ajratilishi mumkin.
Moddiy vositalarni hisobdan chiqarishning hisobini yuritish kitoblaridagi (kartochkalaridagi) yozuvlar tasdiqlangan dalolatnomalarga (inspektor guvohnomalariga) asosan, hisobdan chiqarilgan moddiy vositalarni qismlarga ajratishdan hosil boʻlgan agregat, uzel, asbob, material, metall parchalari va boshqalar kirim qilingach hamda ular tegishli boshqarmalarning (xizmatlarning) naryadlari boʻyicha qismlarga ajratish uchun yuborilgandan soʻng amalga oshiriladi.
6. Qismlarga ajratilgan (tugatilgan) moddiy vositalarning foydalanishga yaroqli, shu jumladan taʼmirtalab agregat, uzel va asboblari texnikalarni taʼmirlash yoki oʻquv maqsadlar uchun taʼmirlash boʻlinmalari (harbiy qismlar) tomonidan foydalanishi mumkin.
Ularni hisobdan chiqarish uchun tasdiqlangan dalolatnomalar yoki inspektor guvohnomalari olingan moddiy vositalarni qismlarga ajratishdan (tugatishdan) hosil boʻlib, taʼmirlash va oʻquv maqsadlari uchun yaroqsiz boʻlgan agregat, uzel, asbob, detal va materiallar metall parchalari, eski-tuski va boshqa mulk sifatida hisobga olish kitoblari (kartochkalari) boʻyicha kirim qilinadi hamda belgilangan tartibda topshirib yuboriladi.
Metall parchalari sifatida topshirilayotgan moddiy vositalar maxfiy elementlarining shakli shunday hisob bilan oʻzgartiriladiki, bunda ularga qarab moddiy vositalarning qanday maqsadda qoʻllanishi, konstruksiyasi va ishlab chiqaruvchi zavodni aniqlab boʻlmaydi.
7. Mazkur Nizomga muvofiq moddiy vositalar va pul mablagʻlarini hisobdan chiqarish uchun harbiy qism, qoʻshilma va birlashmalarning komandirlari, qoʻshinlar qoʻmondonlariga berilgan huquqlarga nisbatan, quyidagi mansabdor shaxslar ularga tenglashtiriladi:
a) harbiy qism komandiriga: alohida harbiy qismlarning komandirlari, harbiy-taʼlim muassasalarining boshliqlari, shuningdek ular uchun shtatlar boʻyicha polkovnikka qadar harbiy unvon nazarda tutilgan hamda alohida harbiy qism huquqlarida harbiy xoʻjalik yuritadigan Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining boshqa muassasa, korxona va tashkilotlari boshliqlari;
b) qoʻshilma, birlashma komandiriga: harbiy qism komandirlari, harbiy taʼlim muassasalari hamda ular uchun shtatlar boʻyicha general-mayorga qadar harbiy unvon nazarda tutilgan boshqa muassasa, korxona va tashkilotlarning boshliqlari;
v) qoʻshinlar qoʻmondoniga: ular uchun shtatlar boʻyicha general-leytenantga qadar harbiy unvon nazarda tutilgan qoʻshinlar qoʻmondonlari, Oʻzbekiston Respublikasi mudofaa vaziri, ichki ishlar vaziri, favqulodda vaziyatlar vaziri va milliy xavfsizlik xizmati raisining oʻrinbosarlari.
Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining mazkur bandda lavozimlari koʻrsatilmagan boshqa mansabdor shaxslari bevosita oʻzlariga boʻysundirilgan harbiy qism, harbiy taʼlim muassasalari hamda boshqa muassasa, korxona va tashkilotlarga nisbatan moddiy vositalar va pul mablagʻlarini hisobdan chiqarishda egallab turgan lavozimlari boʻyicha shtatlarda belgilangan harbiy unvondan kelib chiqib “a”, “b” va “v” kichik bandlarida nazarda tutilgan huquqlardan foydalanadilar.
8. Moddiy vositalar va pul mablagʻlarini hisobdan chiqarish dalolatnomalarini tasdiqlash yoki inspektor guvohnomalarini berish huquqiga ega yuqori turuvchi boshqaruv organlarining mansabdor shaxslari quyi turuvchi boshqaruv organlarining tegishli mansabdor shaxslariga berilgan moddiy vositalar va pul mablagʻlarini hisobdan chiqarish huquqidan toʻliq foydalanadilar.
9. Belgilangan xizmat muddatini oʻtab boʻlgan harbiy ashyoni yaroqli-yaroqsizga ajratish hamda undan kelgusida foydalanish tinchlik davridagi taʼminotda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
10. Harbiy qismlar, moddiy-texnik taʼminot organlarining (xizmatlarining) moliyaviy va xoʻjalik faoliyatini taftish va tekshiruvdan oʻtkazish vaqtida dalolatnomalar va inspektor guvohnomalari boʻyicha moddiy vositalar va pul mablagʻlarini hisobdan chiqarishning toʻgʻriligi va qonuniyligi tekshirilishi shart.
Komandirlarga (boshliqlarga) zarur hollarda ularga boʻysunuvchi mansabdor shaxslarning moddiy vositalar va pul mablagʻlarini hisobdan chiqarish toʻgʻrisidagi notoʻgʻri qarorlarni, berilgan inspektor guvohnomalarini bekor qilish va qaytadan tekshiruv oʻtkazish huquqi beriladi.
II. Texnik holat dalolatnomalari boʻyicha moddiy vositalarni hisobdan chiqarish tartibi
11. Texnik holat dalolatnomalari boʻyicha hisobga qoʻyilgan moddiy vositalar (avtomobil texnikasining asosiy agregatlari bundan mustasno) hisobdan chiqariladi, ular yaroqsiz holatga kelgan (muddati tugagan) boʻlsa:
belgilangan xizmat muddatlari tugagach;
qoʻmondonlikning rejalari boʻyicha oʻtkazilgan tajriba yoki sinov ishlari jarayonida;
saqlash, yangilash va texnik xizmat koʻrsatishning belgilangan shartlariga rioya qilgan holda zaxirada (rezervda) saqlashning belgilangan muddati tugagandan soʻng, agar ularni texnik holatiga koʻra taʼmirlash (tiklash) va bevosita vazifasi boʻyicha qoʻllash mumkin boʻlmasa.
Texnik holat dalolatnomalari boʻyicha meʼyoriy foydalanish jarayonida yaroqsiz holatga kelgan (muddati tugagan) foydalanish muddati belgilanmagan moddiy vositalar hisobdan chiqariladi, agar ularni texnik holatiga koʻra taʼmirlash (tiklash) va bevosita vazifasi boʻyicha qoʻllash mumkin boʻlmasa.
Sifat holatining oʻzgarishi toʻgʻrisidagi dalolatnomalar boʻyicha nazorat-tahlil laboratoriyasining xulosasiga asosan belgilangan yaroqlilik muddatlari tugagandan soʻng dori vositalari (shu jumladan asosan urush davrida qoʻllaniladigan dori vositalari ham) hisobdan chiqariladi.
Belgilangan xizmat muddatlarini oʻtab boʻlgan (mazmuniga koʻra eskirgan va qadimda nashr qilingan) madaniy-hordiq maqsadlarida qoʻllanuvchi, axborotlashtirish, kutubxona fondi moddiy vositalarini hisobdan chiqarish va ulardan kelgusida foydalanish tegishli boshqaruv hujjatlari bilan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
12. Hisobdan chiqarilishi kerak boʻlgan moddiy vositalarning texnik holatini aniqlash va ularni hisobdan chiqarish dalolatnomalarini tuzish harbiy qism komandirining, zarur hollarda esa yuqori turuvchi boshliqning buyrugʻiga asosan mazkur vositalar boʻyicha mutaxassis hisoblanuvchi mansabdor shaxslar orasidan tayinlanuvchi komissiyalar tomonidan amalga oshiriladi. Mebel va kazarma inventarlarini hisobdan chiqarish dalolatnomalarini tuzish uy-joydan foydalanish organi, moddiy-texnik taʼminot (moddiy-texnik va harbiy taʼminot) boshqarmasining vakili ishtirokida, yongʻinga qarshi jihozlar va mulkni hisobdan chiqarish dalolatnomalarini tuzish esa yongʻin xavfsizligi boʻlimi boshligʻi (tuman yongʻin xavfsizligi inspektorlari) ishtirokida amalga oshiriladi.
Texnik holatni aniqlash va dalolatnomalarni tuzish hisobdan chiqarilishi kerak boʻlgan moddiy vositalarning holati va saqlanishiga javobgar mansabdor shaxslar ishtirokida, harakatlanuvchi temir yoʻl sostavini hisobdan chiqarish dalolatnomalarini tuzish esa, bundan tashqari, komissiya aʼzolari bilan bir qatorda dalolatnomalarni imzolaydigan temir yoʻldagi harbiy harakatlar organlari va tegishli temir yoʻl boshqaruv organining vakillari ishtirokida amalga oshiriladi.
Moddiy vositalarni asosiy qurilma va jihozlarining texnik holatini aniqlash uning tarkibiga majburiy ravishda ushbu vositalar boʻyicha tegishli mutaxassislar kiritilgan komissiyalar tomonidan amalga oshiriladi.
13. Uy-joydan foydalanish organlari, moddiy-texnik taʼminot (moddiy-texnik va harbiy taʼminot) boshqarmalarining hisobida turgan moddiy vositalarning texnik holatini aniqlash va ularni hisobdan chiqarish dalolatnomalarini tuzish koʻrsatib oʻtilgan organlarning boshliqlari tomonidan tayinlanadigan, tarkibiga tegishli mutaxassis kiruvchi komissiyalar tomonidan ushbu moddiy vositalar ularni tasarrufida boʻlgan harbiy qismlarning vakillari ishtirokida amalga oshiriladi.
Zaruriy hollarda komissiya tarkibiga yongʻin xavfsizligi boʻlimlari (xizmatlari) (tuman yongʻin xavfsizligi inspektorlari) kiritiladi.
14. Moddiy vositalarning texnik holatini aniqlashda komissiya quyidagilarga tayanadi:
tegishli standartlar, texnik shartlar, qoʻllanmalar, nizomlar, foydalanish boʻyicha taʼrif va yoʻriqnomalar, formulyarlar, pasportlar, attestatlar hamda mazkur moddiy vositalarga qoʻyiladigan texnik talablarni belgilab beradigan boshqa hujjatlar;
moddiy vositalarni belgilangan xizmat muddatlari yoki resurslar sarfi, xizmat muddati belgilanmagan moddiy vositalar yuzasidan esa davlat budjetida turuvchi muassasa va tashkilotlarning asosiy fondlari boʻyicha yillik eskirish meʼyorlari;
sinov, tekshiruv va laboratoriya nazorati (tahlili) natijalari toʻgʻrisidagi hujjatlar, agar moddiy vositalarning texnik holatini faqatgina sinov, tekshiruv va laboratoriya tadqiqoti orqali aniqlash mumkin boʻlsa.
15. Hisobdan chiqarish kerak boʻlgan moddiy vositalarning texnik holatini aniqlash uchun tayinlangan komissiyaning majburiyatlari:
taqdim qilingan moddiy vositalarni har tomonlama sinchiklab koʻrikdan oʻtkazish, oʻlchov va tekshiruvlarni oʻtkazish, eskirishning darajasi va sabablarini, ushbu moddiy vositalarni hisobdan chiqarish dalolatnomalarini tuzish haqidagi iltimosnoma uchun asos boʻlib xizmat qilgan mavjud nosozliklarni aniqlash;
formulyar (pasport) toʻgʻri toʻldirilganini tekshirish hamda uni komissiya raisining imzosi va harbiy qismning gerbli muhri bilan tasdiqlash;
moddiy vositalardan foydalanish va ularni saqlash sharoitlarining amaldagi qoʻllanma, yoʻriqnoma va boshqa hujjatlar talablariga muvofiqligini tekshirish;
moddiy vositalardan amalda qancha vaqt davomida foydalanilganini aniqlash hamda ularni taʼmirlash va ularni kelgusida vazifasi boʻyicha qoʻllashning maqsadga muvofiqligini belgilash;
hisobdan chiqarilishi kerak boʻlgan moddiy vositalarning butligini tekshirish;
dalolatnoma tuzib, unga hisobdan chiqarilayotgan moddiy vositalar tarkibidagi qimmatbaho (rangli) metallar roʻyxatini ilova qilish, ushbu ilova moddiy vositalar tarkibidagi qimmatbaho (rangli) metallar chiqarib olingandan soʻng ularning kirim qilinishiga asos boʻladi. Hisobdan chiqarilayotgan moddiy vositalar tarkibida qimmatbaho (rangli) metall va toshlarning yoʻqligi yoki ularning kamomadi dalolatnomada qayd etiladi.
Moddiy vositalar hisobdan chiqarilgach, ulardan eng maqsadga muvofiq tarzda foydalanish toʻgʻrisida takliflar kiritish (umuman olganda va har bir, shu jumladan tarkibida qimmatbaho (rangli) metallar boʻlgan asosiy uzel, agregat va qurilma boʻyicha).
Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi Davlat texnik nazorati boʻlimida roʻyxatga olinib, ularning komplektiga alohida qurilma, jihoz va boshqalar kiruvchi obyektlar boʻyicha dalolatnomalarga Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi Davlat texnik nazorati boʻlimi mutaxassislarining ularni foydalanishda davom etishga (saqlashga) yaroqliligi toʻgʻrisidagi xulosasi ilova qilinadi.
Oʻlchov vositalari uchun (jumladan oʻrnatiladigan oʻlchov vositalari uchun ham) tuzilgan dalolatnomalarga ularning yaroqsizligi toʻgʻrisida taʼmirlash (tekshiruv) organi tomonidan berilgan guvohnoma ilova qilinadi.
Dalolatnomalarga zarur hollarda moddiy vositalarning texnik holatini tavsiflovchi boshqa hujjatlar ham ilova qilinishi mumkin.
16. Harbiy qismning turli xizmatlari tomonidan hisobga olinadigan bir nechta qurilmalardan (shassi, uzatuvchi dvigatellar, agregatlar, toʻplar, uchirish qurilmalari, pulemyotlar, yoʻnaltirish asboblari, navigatsiya apparaturasi, radioelektron uzatgich qablqilgich qurilmalari va boshqalar) iborat moddiy vosita namunasini hisobdan chiqarishda namunaning vazifasini belgilovchi qurilmaning holatiga koʻra dalolatnomaning birinchi boʻlimida ushbu qurilma, keyin esa raqamlari boʻyicha hisobga olinuvchi boshqa qurilmalar yozib qoʻyilib, bunda texnik holati (toifasi) koʻrsatib oʻtiladi hamda ularni hisobdan chiqarish belgilangan tartibda mazkur namunani hisobdan chiqarish uchun tasdiqlangan dalolatnomani (inspektor guvohnomasini) olgandan soʻng tegishli moddiy vositalarni hisobdan chiqarish dalolatnomalarini tasdiqlash (inspektor guvohnomalarini berish) huquqiga ega mansabdor shaxslar tomonidan amalga oshiriladi.
Moddiy vositalar namunasining tarkibiga kiruvchi alohida qurilmalarni hisobdan chiqarish belgilangan tartibda mazkur namunani hisobdan chiqarish uchun tasdiqlangan dalolatnomani yoki inspektor guvohnomasini olgandan soʻng tegishli boshqarma (boʻlim va xizmat) boshliqlari tomonidan amalga oshiriladi.
Agarda moddiy vosita namunasining vazifasini belgilovchi qurilmani hisobdan chiqarish mumkin boʻlmasa, moddiy vositaning tarkibiga kiruvchi ushbu qurilmalarni hisobdan chiqarish, qoidaga koʻra, mazkur qurilmalar sozlariga almashtirilgandan soʻng amalga oshiriladi. Qurilmalardan bir donasini boʻlsa ham almashtirish imkonsiz boʻlgan taqdirda u belgilangan tartibda moddiy vositaning ushbu namunasini hisobdan chiqarishning dalolatnomalarini tasdiqlash yoki inspektor guvohnomalarini berish huquqiga ega komandir (boshliq) tomonidan namunani kelgusida ishlatish masalasi hal qilingandan soʻng amalga oshiriladi.
Moddiy vosita namunasini namunasining vazifasini belgilamaydigan qurilmaning holatiga koʻra hisobdan chiqarish zarurati tugʻilganda, agar mazkur qurilmani soziga almashtirish imkonsiz boʻlsa, dalolatnomaning birinchi boʻlimida ushbu qurilma, keyin esa raqamlari boʻyicha hisobga olinuvchi boshqa qurilmalar yozib qoʻyilib, bunda ularning texnik holati (toifasi) koʻrsatib oʻtiladi. Dalolatnomaning boshqa boʻlimlarida moddiy vosita namunasining vazifasini belgilaydigan qurilmaning holati toʻgʻrisidagi yozuvlar qayd etiladi.
Bunda dalolatnomaning oxirgi boʻlimida hisobdan chiqarish talab etilayotgan qurilmani nima sababdan soziga almashtirish imkonsiz ekanligi koʻrsatib oʻtiladi.
17. Moddiy vositalarni hisobdan chiqarish dalolatnomasini imzolagan komissiyaning raisi va aʼzolari, shuningdek mazkur dalolatnomani tasdiqlagan (dalolatnomada hisobdan chiqarilishi kerak boʻlgan moddiy vositaning kelgusida foydalanishga (saqlashga) yaroqliligi toʻgʻrisida xulosa berayotgan) mansabdor shaxslar hisobdan chiqarilayotgan moddiy vositalarni texnik holati toʻgʻrisidagi xulosaning toʻgʻriligi va ularning hisobdan chiqarilgandan keyingi vazifasi (ulardan foydalanishni) toʻgʻriligi uchun amaldagi qonunchilik hujjatlariga muvofiq javobgar hisoblanadilar.
(17-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 30-noyabrdagi 20-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3338, 30.11.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 10/21/3338/1117-son)
Dalolatnoma tuziladi:
bir nusxada, agar u harbiy qism komandiri tomonidan tasdiqlansa;
ikki nusxada, agar u harbiy okrug xizmatida (boshqarmasida), moddiy-texnik va harbiy taʼminot boshqarmasida tasdiqlansa;
uch nusxada — samolyot, vertolyot va aviatsiya dvigatellari uchun;
toʻrt nusxada, agar u Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi hamda Qurolli Kuchlar Bosh shtabi, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi va Milliy xavfsizlik xizmatining bosh boshqarma, boshqarma, boʻlim va xizmat turlarida tasdiqlansa.
Dalolatnomalar harbiy qism komandiri tomonidan tasdiqlash toʻgʻrisidagi iltimosnoma bilan qoʻmondonlik pogʻonasi boʻyicha ularning texnik holat toʻgʻrisidagi dalolatnomalar boʻyicha moddiy vositalarni hisobdan chiqarish hamda qoʻmondonlik pogʻonasi boʻyicha moddiy vositalar va pul mablagʻlarini hisobdan chiqarish uchun inspektor guvohnomalarini berish vakolatiga muvofiq mansabdor shaxslarga taqdim qilinadi.
Moddiy vositalarni hisobdan chiqarish toʻgʻrisidagi iltimosnoma erkin shaklda yozilib, unda hisobdan chiqarishning sabablari qisqacha koʻrsatib oʻtiladi va moddiy vositalarni hisobdan chiqargandan soʻng qoʻllash toʻgʻrisidagi takliflar beriladi.
Harbiy qismlarning komandirlari moddiy vositalarni hisobdan chiqarish dalolatnomalarini tasdiqlash uchun harbiy qism taʼminotda turuvchi tegishli boshqaruv organiga yuboradilar.
Ularning qoʻllanishi (ishlatilishi) pasportlarda (formulyarlarda) hisobga olinadigan moddiy vositalarni hisobdan chiqarish dalolatnomasini taqdim qilishda iltimosnomadan tashqari majburiy ravishda pasport (formulyar) ham ilova qilinib, bunda uning barcha boʻlimlari dalolatnoma imzolangan kunda toʻliq rasmiylashtirilgan va harbiy qismning gerbli muhri bilan tasdiqlangan boʻlishi kerak. Oʻt oʻchirish avtomobillari va tanklarni hisobdan chiqarishda dalolatnomaga yongʻin xavfsizligi inspeksiyasi maxsus jihozlarini texnik holati toʻgʻrisidagi (hisobdan chiqarishning) tasdiqlangan dalolatnomasi ilova qilinadi.
Tasdiqlangandan soʻng birinchi nusxa harbiy qismga qaytariladi, ikkinchi nusxa yaroqli-yaroqsizga saralash oʻtkaziladigan taʼmirlash organiga topshiriladi, uchinchi nusxa tegishli xizmatga yuboriladi, toʻrtinchi nusxa yuqori turuvchi taʼminot organining tegishli boshqarma, boʻlim va xizmatida qoladi.
Moddiy vositalarni hisobdan chiqarish huquqi berilgan mansabdor shaxslarning qaroriga koʻra nomaxfiy moddiy vositalar uchun alohida hollarda formulyar oʻrniga harbiy qism komandiri va yuqori turuvchi boshqaruv organi tomonidan tasdiqlangan uning oʻrnini bosuvchi kartochka taqdim qilinadi, agar uni yuritish koʻzda tutilgan boʻlsa. Formulyar oʻrnini bosuvchi kartochkadagi axborot hajmi va uni taqdim qilish tartibi aynan oʻsha mansabdor shaxslar tomonidan belgilanadi.
Yuqori turuvchi taʼminot organi boshligʻi dalolatnoma va unga ilova qilingan hujjatlar kelib tushgan kundan boshlab ikki haftalik muddatda tegishli qoʻshin va xizmat turi boshliqlari bilan kelishgan holda ularning toʻgʻri rasmiylashtirilganini tekshirishi, hisobdan chiqarishning maqsadga muvofiqligi va qonuniyligi hamda moddiy vositalarni qismlarga ajratish (tugatish) tartibi toʻgʻrisida xulosa berishi, soʻngra hisobdan chiqarish dalolatnomalarini tasdiqlash huquqiga ega tegishli mansabdor shaxsga tasdiqlash uchun taqdim qilishi kerak. Bunda dalolatnomaning har ikki nusxasi (samolyotlar, vertolyotlar, RUUV lari, planerlar, aviatsiya dvigatellariga — uch nusxasi) ham imzo va harbiy qism gerbli muhri bilan tasdiqlanib, soʻngra birinchi nusxa harbiy qismga qaytariladi, ikkinchi nusxa yuqori turuvchi taʼminot organining yigʻma jildlarida saqlanadi, uchinchi nusxa esa (samolyotlar, vertolyotlar, RUUV lar, planerlar, aviatsiya dvigatellariga) — aviatsiya texnikasini hisobdan chiqarishning qonuniyligini nazorat qilish uchun bosh muhandisga yuboriladi.
Moddiy vositalarni yalpi hisobdan chiqarishda Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining yuqori turuvchi taʼminot organlari bosh boshqarma, boshqarma, boʻlim va xizmat turlarining mansabdor shaxslariga qoʻshma dalolatnomalarni tasdiqlash huquqi beriladi.
18. Tasdiqlangan hisobdan chiqarish dalolatnomasi unda koʻrsatilgan moddiy vositalarni harbiy qism hisobidan chiqarish hamda qismlarga ajratishdan (tugatishdan) olingan agregat, uzel, asbob, detal, material, metall parchalari va boshqalarni hisobga olish kitob va kartochkalari boʻyicha kirim qilish dalolatnomasini rasmiylashtirish uchun asos boʻlib xizmat qiladi.
Hisobidan chiqarilgan moddiy vositalarni qismlarga ajratishdan olingan agregat, uzel, asbob, detal, material, metall parchalari va boshqalarni kirim qilish dalolatnomasi ikki nusxada tuziladi va taʼmirlash organining boshligʻi tomonidan tasdiqlanadi. Dalolatnomaning bir nusxasi qismlarga ajratish (tugatish) oʻtkazilgan kundan boshlab 10 kundan kechiktirmay moddiy vositalarni hisobdan chiqarish dalolatnomasini tasdiqlagan yuqori turuvchi boshliqqa yuboriladi.
19. Texnik holat dalolatnomalari boʻyicha moddiy vositalarni hisobdan chiqarish va inspektor guvohnomalarini berishga mansabdor shaxslarning huquqlari mazkur Nizomning 1-ilovasida* keltirilgan.
20. Dalolatnomalar boʻyicha hisobdan chiqarilishi kerak boʻlgan moddiy vositalarning boshlangʻich qiymati yuqori turuvchi organ komandiri (boshligʻi) tomonidan tayinlanadigan komissiya tomonidan belgilanib, bunda Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tomonidan ushbu moddiy vositalar xarid qilinadigan bugungi kundagi bozor narxlari asos qilib olinadi. Koʻrsatib oʻtilgan narxlar boʻlmagan taqdirda moddiy vositalarning boshlangʻich qiymati texnik tavsifiga koʻra oʻxshash moddiy vositalarni narxiga qarab belgilanadi.
Dalolatnomalar boʻyicha hisobdan chiqarilishi kerak boʻlgan uchish apparatlari, aviatsiya dvigatellari va ularni agregatlarining (bloklarining) boshlangʻich qiymati buyum ishlab chiqarilgan sanaga muvofiq ishlab chiqaruvchi zavod maʼlumotlariga asosan belgilanadi.
Bino va inshootlarning boshlangʻich qiymati ularni foydalanishga topshirish dalolatnomalari (inventarizatsiya vedomostlari) boʻyicha belgilanadi.
21. Taʼmirlashni egasisiz usulda amalga oshiradigan boʻysunuvchi taʼmirlash korxonalarida taʼmirlanayotgan moddiy vositalar taʼmirlash fondi roʻyxatlaridan chiqarilishi mumkin.
Barcha moddiy vositalar va ularning asosiy agregatlarini taʼmirlash fondi roʻyxatlaridan chiqarish quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
taʼmirlash korxonasi (qismi) boshligʻi tomonidan tayinlangan komissiya tayanch va boshqa asosiy detallarning taʼmirlashga yaroqsiz holatdaligi hamda ularni yangilari bilan almashtirishning imkonsizligi sababli oʻtgan belgilangan davrda (oyda, chorakda) tiklanmay qolgan, korxona hisobidagi asosiy agregatlar sonini aniqlab, ushbu detallarni hisobdan chiqarish dalolatnomasiga asosan mazkur Nizomning 2-ilovasida* koʻrsatilgan shakl boʻyicha agregatlarning muayyan sonini hisobdan chiqarish vedomostini tuzadi. Shundan soʻng taʼmirlash korxonasi boshligʻi ushbu vedomostni uch nusxada uni tasdiqlash toʻgʻrisidagi iltimosnoma bilan birga tegishli bosh boshqarma (boshqarma), boʻlim yoki xizmatga taqdim qiladi;
tasdiqlangan asosiy agregatlarni hisobdan chiqarish vedomostini olgandan soʻng taʼmirlash korxonasi boshligʻi tegishli markadagi moddiy vositalarning nechtasi agregatlar hisobdan chiqarilgani sababli taʼmirlashdan chiqmasligini aniqlaydi (bunda ishlab chiqarishga kelib tushgan yangi agregatlar soni hisobga olinadi) hamda mazkur Nizomning 3-* va 4-ilovasida* koʻrsatilgan shakllar boʻyicha taʼmirlash fondi roʻyxatlaridan chiqarilishi kerak boʻlgan moddiy vosita va agregatlarning vedomostlarini tuzib, ularni tasdiqlash toʻgʻrisidagi iltimosnoma bilan birga uch nusxada boʻysunuvi boʻyicha taqdim qiladi;
tasdiqlangan vedomostlar taʼmirlash korxonasiga kelib tushgandan soʻng ularda koʻrsatilgan moddiy vositalar ularni buyurtmalarni qabul qilish va topshirishning hisobini yuritish kitoblaridan chiqarish yoʻli bilan taʼmirlash fondi roʻyxatlaridan chiqarilib, moddiy vositalarni taʼmirlash uchun topshirgan harbiy qismlarga taʼmirlash korxonasi (taʼmirlovchi harbiy qism) tomonidan bu haqidagi xabarnoma (mazkur Nizomning 5-ilovasi*) yuboriladi.
Omborxonadan olinib, yaroqsiz holga kelganlarning oʻrniga moddiy vositalarga oʻrnatilgan yangi ehtiyot qismlar, elektr jihozlari, rezinadan tayyorlangan texnik buyumlar, boshqa buyum va detallar belgilangan tartibda ular topshirilgan boʻlinmalarning hisobidan chiqariladi.
Mulk toʻplamlari, kelgusida foydalanish zaruratini yoʻqotgach yoki belgilangan saqlash muddatlari tugagandan soʻng tegishli taʼminot boshqarmasi boshligʻining buyrugʻi bilan hisobdan chiqarilib, ularning tarkibiga kiruvchi moddiy vositalar nomenklatura hisobiga oʻtkaziladi.
22. Mazkur Nizomning 1-bandida koʻrsatib oʻtilgan sarflanadigan va foydalaniladigan materiallar ularni omborlardan foydalanishga yoki yuk xatlari yoxud boshqa dastlabki hujjatlar boʻyicha ishlab chiqarishga berilishiga qarab toʻgʻridan-toʻgʻri xarajatga chiqarishni tayinlash va meʼyorlari doirasida hisobdan chiqariladi.
Qoʻmondonlik rejasi boʻyicha oʻtkazilayotgan oʻquv, tajriba va sinov ishlari jarayonida, qutqaruv ishlarini oʻtkazish, avariya va tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf qilishda qoʻshinlarning jangovar va ijtimoiy-siyosiy tayyorgarligi uchun qoʻllanilayotgan sarflanadigan va foydalaniladigan materiallarni hisobdan chiqarish tartibi belgilanmagan holatlarda ularni hisobdan chiqarish harbiy qism komandiri tomonidan tasdiqlangan dalolatnoma boʻyicha amalga oshiriladi.
23. Oʻt ochish mashqlarida sarflangan barcha turdagi raketalar hamda raketalar negizida yaratilgan sunʼiy nishonlarni hisobdan chiqarish harbiy qism komandiri tomonidan tasdiqlangan uchirishlar toʻgʻrisidagi dalolatnomalar asosida amalga oshiriladi. Oʻt ochish mashqlarini poligonlarda oʻtkazishda dalolatnomalar poligon boshligʻi (uning oʻrinbosari, bosh muhandis) tomonidan imzolanadi.
Uchirishlar toʻgʻrisidagi dalolatnomalar ikki nusxada tuzilib, ulardan bittasi qoʻmondonlik pogʻonasi boʻyicha yuqori turuvchi organga belgilangan tartibda taqdim qilinadi.
Uchirishlar toʻgʻrisidagi dalolatnomaning shakli tegishli boshqaruv organi tomonidan belgilanadi.
24. Tibbiy va veterinariya xizmatlarining dorivor va bogʻlash vositalari, bakterial, biologik, dezinfeksiyalovchi va boshqa preparat, reaktiv va kimyoviy vositalari ularning narxidan qatʼiy nazar retseptlar va ularga boʻlgan talab boʻyicha toʻgʻridan-toʻgʻri xarajat bilan hisobdan chiqariladi.
Zaharli va narkotik dori vositalarni hisobdan chiqarish oʻta zaharli, zaharli va narkotik dori vositalari bilan muomala qilish boʻyicha belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
III. Yoʻqotilgan moddiy vositalar va pul mablagʻlarini inspektor guvohnomalari boʻyicha hisobda chiqarish tartibi
25. Moʻljallanishi, kelib tushish manbalari va xarid qilish usullaridan qatʼiy nazar kamomadlar (tabiiy kamayish meʼyorlari doirasida hosil boʻlgan kamomadlar bundan mustasno), rejasiz sarf, oʻgʻrilik, noqonuniy yoki meʼyordan ortiq sarflash (hisobdan chiqarish), nobud boʻlish, yoʻq qilish, pul taʼminoti hamda ish haqini ortiqcha va belgilanmagan tarzda toʻlash, buzilish va tabiiy ofatlar natijasida yoʻqotilgan, shuningdek zararlangan va muddatidan avval ishdan chiqqan yoki eskirgan moddiy vositalar va pul mablagʻlari harbiy qism komandirining buyrugʻiga asosan hisobga olish kitoblaridan (kartochkalaridan) oʻchiriladi hamda xizmatda moddiy vositalar yoʻqolishining hisobini yuritish kitobi va kamomadlar hisobini yuritish kitobiga yozib qoʻyiladi. Hisobdan chiqarish uchun olingan inspektor guvohnomasi yoʻqotilgan moddiy vositalarni xizmatda moddiy vositalar yoʻqolishining hisobini yuritish kitobidan, yetkazilgan zararni esa kamomadlar hisobini yuritish kitobidan chiqarish uchun asos hisoblanadi, yetkazilgan zarar aybdor shaxslar hisobidan toʻliq qoplangan holatlar bundan mustasno. Yetkazilgan zarar miqdori moddiy vositalar yoʻqolgan vaqtda ushbu vositalar uchun belgilangan meʼyorlar boʻyicha ularning eskirganlik darajasini hisobga olgan holda belgilanadi.
Moddiy vositalar qoldiq qiymatini belgilash harbiy qism komandirining buyrugʻi bilan mazkur vositalar boʻyicha mutaxassis hisoblanuvchi mansabdor shaxslar orasidan tayinlanuvchi komissiya tomonidan amalga oshiriladi.
Komissiya tarkibiga, shuningdek moliya organi mansabdor shaxsi hamda harbiy qism komandirining bildirish xati bilan davlat texnik nazorat boʻlimining mutaxassisi jalb qilinadi.
Moddiy vositalarning turlari boʻyicha qoldiq qiymatni belgilash metodikasi vazirlik va idora rahbarining buyrugʻi bilan amalga kiritiladi. Eskirish koeffitsiyenti va baholash uslubiyatida qoʻllaniluvchi boshqa hisob-kitob parametrlari taʼminot turlari boʻyicha taʼminlovchi boshqaruv organlari tomonidan ishlab chiqiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiy xizmatchi, ishchi va xizmatchilarining aybi bilan moddiy vositalar va pul mablagʻlarini yoʻqotish orqali davlatga yetkazilgan zarar aybdor shaxslar hisobidan qoplanadi. Aybdor shaxslar hisobidan qoplanishi imkonsiz boʻlgan zarar miqdori mazkur Nizomga muvofiq inspektor guvohnomasiga asosan hisobdan chiqariladi.
Inspektor guvohnomasini berish, faqatgina yoʻqotish sharoitlari yuzasidan xizmat surishtiruvi oʻtkazilib, yetkazilgan zararning yuzaga kelish sabablari, uning miqdori belgilanib, aybdor shaxslar mavjud boʻlgan taqdirda ular qonun bilan koʻzda tutilgan javobgarlikka tortilgandan soʻng boʻysunuv boʻyicha toʻgʻridan-toʻgʻri boshliqlar tomonidan amalga oshiriladi.
Komandirlarga (boshliqlarga) inspektor guvohnomasini berish taqiqlanadi, agarda zarar ularning noqonuniy farmoyishlari natijasida yetkazilgan boʻlsa. Bunday holatlarda inspektor guvohnomalari yuqori turuvchi komandirlar (boshliqlar) tomonidan beriladi.
26. Inspektor guvohnomalari quyidagi holatlarda beriladi:
a) moddiy vositalar va pul mablagʻlari tabiiy ofatlar yoki harbiy harakatlar natijasida yoʻqotilgan boʻlsa;
b) moddiy vositalar va pul mablagʻlari yongʻin, halokat yoki avariya natijasida yoʻqotilgan boʻlib, mansabdor va boshqa shaxslarni moddiy javobgarlikka tortish uchun asos boʻlmasa;
v) moddiy vositalar va pul mablagʻlari ularni dushman qoʻliga tushishining oldini olish yoki yuqumli kasalliklar tarqalishining oldini olish va ularga barham berish maqsadida qoʻmondonlik farmoyishi boʻyicha yoʻq qilingan yoki yaroqsiz holatga keltirilgan (muddati tugatilgan) boʻlsa;
g) agar moddiy vositalar va pul mablagʻlarining yoʻqotish orqali yetkazilgan zarar miqdori sud organlari tomonidan aybdordan undirish belgilangan pul summasidan yoki qonunga koʻra maʼmuriy tartibda aybdorga solish mumkin boʻlgan jarima puli summasidan katta boʻlsa;
d) moddiy vositalarni yoʻqotish orqali zarar yetkazilishiga tajriba yoki oʻquvlar mobaynida yoʻl qoʻyilgan hamda yetkazilgan zarar miqdorini aybdor shaxslar hisobiga yozib qoʻyish uchun asoslar yoʻq boʻlsa;
e) davlatga zarar yetkazilishida kimningdir aybi boʻlmasa (mazkur bandning “a” kichik bandida koʻrsatilgan holatlar bundan mustasno);
j) qachonki sud toʻgʻri rasmiylashtirilgan va tegishli javobgarga oʻz vaqtida taqdim qilingan daʼvo arizasini koʻrib chiqishni rad etgan, daʼvogar rad javobidan qoniqmagan taqdirda esa uning arizasi yuqori turuvchi organ tomonidan koʻrib chiqilgan hamda daʼvoni rad etish toʻgʻrisidagi sud qarori tasdiqlangandan soʻng;
z) moddiy vositalar va pul mablagʻlari oʻgʻirlanganligi yoʻqotilgan yoki yoʻq qilingan, ayblanuvchi sifatida javobgarlikka tortilishi kerak boʻlgan aybdor shaxslar esa aniqlanmagan yoxud tergov va suddan yashiringan yoki boshqa sabablarga koʻra ularning yashash joyi nomaʼlum boʻlsa. Bunday holatlarda inspektor guvohnomalarini berish dastlabki tergovni vaqtincha toʻxtatish toʻgʻrisida qaror chiqarilgach yoki sud ishni koʻrib chiqishni vaqtincha toʻxtatishni belgilagandan soʻng amalga oshiriladi. Aybdor shaxslar aniqlanib, qidiruvga berilib, jinoiy javobgarlikka tortilgandan soʻng ularga qarshi fuqarolik daʼvosi qoʻzgʻatiladi;
i) zararni undirishning mutlaqo imkonsizligi aniqlangach. Daʼvo muddati tugagandan soʻng undirish imkonsiz deb topiladi, agar sud oʻtib ketgan muddat tiklanishini rad etsa (bunday holatda daʼvo arizasini oʻz vaqtida bermaslik boʻyicha aybdorni aniqlash uchun xizmat surishtiruvi tayinlanadi hamda davlatga yetkazilgan zarar uchun harbiy xizmatchilarning moddiy javobgarligi toʻgʻrisidagi Nizomga yoki Qurolli Kuchlar ishchi va xizmatchilariga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasining Mehnat kodeksiga muvofiq qaror qabul qilinadi);
k) sud tomonidan qarzdorning qarzini toʻlashga qodir emasligi hamda qarzdorning vafot etgani munosabati bilan qarzni undirishni qaytadan boshlashning imkonsizligi aniqlanganda, agar undan soʻng qonunga koʻra qarzni undirish tatbiq qilinishi mumkin boʻlgan mulk qolmagan boʻlsa;
l) muddatli harbiy xizmatchi tomonidan xizmat majburiyatlarini beparvolik bilan bajarishi oqibatida yetkazilgan zarar miqdori zarar aniqlangan vaqtda belgilangan eng kam oylik ish haqining bir barobaridan koʻp boʻlmasdan, uni boʻshatgandan soʻng undirish imkonsiz boʻlsa.
27. Moddiy vositalarni bir vaqtning oʻzida yoʻqotilishi (yongʻin, halokat, avariya, kamomad va hokazolar) oqibatida yetkazilgan zararni boʻlib-boʻlib (qismlab) hisobdan chiqarish uchun bir nechta mansabdor shaxslar tomonidan yoki bitta mansabdor shaxs tomonidan, biroq moddiy vositalarning turlari boʻyicha alohida qabul qilingan bir nechta qarorlarga asosan inspektor guvohnomalarini berish taqiqlanadi. Yoʻqotilgan moddiy vositalar va pul mablagʻlarini hisobdan chiqarish uchun iltimosnoma barcha holatlarda yoʻqotilgan mulk moddiy-texnik taʼminotning turli xizmatlariga tegishli ekanligidan qatʼiy nazar yetkazilgan zararning butun summasiga taqdim qilinadi.
28. Quyidagi holatlarda inspektor guvohnomalarini berilmaydi:
generallar, ofitserlar va shartnoma boʻyicha harbiy xizmatchilarning muddatidan avval eskirgan yoki yoʻqotilgan shaxsiy foydalanish harbiy ashyolarini hisobdan chiqarish uchun;
turli sabablarga koʻra yoʻq qilingan (qismlarga ajratilgan) bino va inshootlarni hisobdan chiqarish uchun. Bino va inshootlarni hisobdan chiqarish mazkur Nizomning II boʻlimida bayon qilingan tartibda amalga oshiriladi.
29. Yoʻqotilgan moddiy vositalar va pul mablagʻlarini hisobdan chiqarish uchun inspektor guvohnomalarini berish huquqi mazkur Nizomning 1-ilovasida* koʻrsatilgan mansabdor shaxslarga berilgan boʻlib, bunda ularning vakolati maʼlum cheklangan pul summalari miqdorida belgilanadi.
Eng kam oylik ish haqining 1 000 barobaridan katta pul summalari uchun inspektor guvohnomalarini berish faqatgina Oʻzbekiston Respublikasi mudofaa vaziri, ichki ishlar vaziri, favqulodda vaziyatlar vaziri, Milliy xavfsizlik xizmati raisi, koʻzda tutilgan holatlarda esa Qurolli Kuchlar Bosh shtabi boshligʻining qarori boʻyicha amalga oshiriladi.
30. Harbiy harakatlar mobaynida va qoʻporuvchilik harakatlari natijasida yoʻqotilgan moddiy vositalarni hisobdan chiqarish uchun inspektor guvohnomalari mansabdor shaxslarning iltimosnomalari asosida berilib, unga quyidagilar ilova qilinadi: moddiy vositalarning yoʻqotilganligi aks ettirilgan jangovar hisobot-axborot hujjatining nusxasi, mazkur masala boʻyicha harbiy qism komandirining buyrugʻidan koʻchirma, moddiy vositalar yoʻqolishining hisobini yuritish kitoblaridan koʻchirmalar, hisobdan chiqarish dalolatnomasi (texnik holat dalolatnomasi), pasport yoki formulyar (samolyotlar, vertolyotlar, RUUV lari va aviatsiya dvigatellarining formulyarlari bundan mustasno). Ishning holatidan kelib chiqqan holda iltimosnomaga mazkur Nizomning 32-bandida nazarda tutilgan boshqa hujjatlar ham ilova qilinishi mumkin. Iltimosnoma bunday holatlarda oʻtgan sutkalarda (jang yakunlari boʻyicha) yoʻqotilgan moddiy vositalarni hisobdan chiqarish uchun rasmiylashtiriladi.
Mazkur Nizom 26-bandining “a”, “b”, “v” va “d” kichik bandlarida koʻrsatib oʻtilgan holatlarda yoʻqotilgan moddiy vositalarni hisobdan chiqarish uchun inspektor guvohnomalarini berish huquqi moddiy vositalarni hisobdan chiqarish uchun texnik holat dalolatnomalarini tasdiqlash huquqiga ega mansabdor shaxslarga berilgan.
31. Mazkur Nizom 26-bandining “a”, “b”, “v” va “d” kichik bandlarida koʻrsatib oʻtilgan holatlarda yoʻqotilgan moddiy vositalarning qiymati hisobdan chiqarish kunida amalda boʻlgan hamda Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tomonidan ular boʻyicha haq toʻlangan narxlar asosida belgilanadi. Koʻrsatib oʻtilgan narxlar mavjud boʻlmagan taqdirda ularning qiymati Oʻzbekiston Respublikasi mudofaa vaziri, ichki ishlar vaziri, favqulodda vaziyatlar vaziri va Milliy xavfsizlik xizmati raisining buyrugʻi bilan tayinlanadigan yuqori turuvchi taʼminot organi komissiyasi tomonidan texnik tavsifi boʻyicha oʻxshash boʻlgan moddiy vositalarning qiymatiga nisbatan belgilanadi.
Moddiy vositalarning eskirish meʼyorlarini hisoblash tartibi ularning tasarrufida boʻlgan moddiy vositalar turlari boʻyicha yuqori turuvchi taʼminot organlarining tegishli mansabdor shaxslari (mutaxassislari) tomonidan belgilanadi.
32. Yoʻqotilgan moddiy vositalarni hisobdan chiqarish uchun inspektor guvohnomalari harbiy qism komandirlari tomonidan berilib, bundan avval oʻtkazilgan xizmat surishtiruvi, taftish, tekshiruv, tergov, dastlabki tergov yoki sud ishining natijalariga koʻra yetkazilgan zarar qiymatini qisman yoki toʻliq davlat hisobiga oʻtkazish zarurati belgilanib, bu toʻgʻrisida buyruq chiqariladi.
Moddiy vositalarni kichik miqdorda yoʻqotilish holatlari boʻyicha, qachonki muddatli harbiy xizmatchi tomonidan xizmat majburiyatlarini beparvolik bilan bajarishi oqibatida yetkazilgan zarar miqdori eng kam oylik ish haqining bir barobaridan koʻp boʻlmasdan, uni boʻshatgandan soʻng undirish imkonsiz boʻlsa, xizmat surishtiruvi oʻtkazilmasligi mumkin, agar mavjud hujjatlar asosida kichik miqdordagi yoʻqotishlarni hisobdan chiqarish toʻgʻrisida qaror qabul qilinishi mumkin boʻlsa hamda xizmat surishtiruvini oʻtkazish zarurati boʻlmasa.
33. Yoʻqotilgan moddiy vositalar va pul mablagʻlarini davlat hisobiga oʻtkazib hisobdan chiqarishga yuqori turuvchi mansabdor shaxslardan inspektor guvohnomalarini olish uchun harbiy qism komandirlari hisobdan chiqarishning zarurligini asoslovchi hujjatlar ilova qilingan iltimosnomalarni qoʻmondonlik pogʻonasi boʻyicha taqdim qiladilar.
34. Inspektor guvohnomalarini olish uchun iltimosnomalarga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:
xizmat surishtiruvi (taftish, tekshiruv, tergov) materiallari va ularning natijalari toʻgʻrisidagi buyruqdan koʻchirma;
kamomadlar hisobini yuritish kitobidan koʻchirma;
yuqumli kasalliklar tarqalganda yoki ularni dushman qoʻliga tushishining oldini olish maqsadida moddiy vositalarni yoʻq qilishga, shuningdek ularni tabiiy ofat, halokat va avariya natijasida yoʻqotilganligi toʻgʻrisida chiqarilgan buyruq va farmoyishlarning nusxalari;
harbiy qism komandiri tomonidan tasdiqlangan hisobdan chiqarish dalolatnomasi yoki hisobdan chiqarilayotgan moddiy vositalarning texnik holati dalolatnomasi, ularni kelgusida foydalanish toʻgʻrisidagi takliflar bilan birgalikda;
rasmiylashtirilgan pasport (formulyar) (samolyotlar, vertolyotlar, RUUV lari va aviatsiya dvigatellarining formulyarlari bundan mustasno);
tegishli mutaxassislarning moddiy vositalarni foydalanishga yaroqsizligini tasdiqlovchi xulosalari (tahlillari);
harbiy qism mansabdor shaxslari tomonidan imzolangan hisobdan chiqariluvchi moddiy vositalar qoldiq qiymatining hisob-kitobi.
Bundan tashqari, ishning holatiga bogʻliq holda iltimosnomaga yana quyidagilar ilova qilinishi mumkin:
taftish yoki tekshiruv dalolatnomasidan tasdiqlangan koʻchirmalar;
mazkur ish boʻyicha sud organining hal qiluv qarori (hukmi) yoki tergov organining qaroridan nusxalar;
zararning aybdor shaxslar hisobidan qisman qoplanishi toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma.
Uy-joydan foydalanish organi, moddiy-texnik taʼminot va harbiy taʼminot boshqarmalarining moddiy vositalarini hisobdan chiqarishga inspektor guvohnomalarini olish uchun taqdim qiladigan iltimosnomalarga yuqorida koʻrsatib oʻtilgan hujjatlardan tashqari uy-joydan foydalanish organlari yoki muhandislik xizmatlarining xulosalari, qattiq yoqilgʻini hisobdan chiqarish uchun esa yoqilgʻi boʻlimlari boshliqlarining xulosalari ilova qilinadi. Yongʻin yoʻq qilgan moddiy vositalarni hisobdan chiqarishda yongʻinga qarshi muhofaza boʻlimining (xizmatining) (tuman yongʻinga qarshi muhofaza inspeksiyasining) vakili tomonidan tuzilgan yongʻinni yuzaga keltirgan sharoit va sabablarni surishtiruv dalolatnomasi, shuningdek mazkur ish boʻyicha tergov yoki sud organining qarori ilova qilinadi.
35. Inspektor guvohnomasini olish uchun taqdim qiladigan iltimosnoma ilova qilinayotgan hujjatlar bilan birga xizmat surishtiruvi yakunlangach yoki sud (tergov) organining qarori harbiy qismga kelib tushgandan soʻng 10 kunlik muddatdan kechiktirmay yuqori turuvchi mansabdor shaxsga yuboriladi.
Inspektor guvohnomasini berish uchun taqdim qilinib tegishli hujjatlar bilan tasdiqlanmagan iltimosnomalar koʻrib chiqilmaydi.
36. Yuqori turuvchi mansabdor shaxslar taqdim qilingan iltimosnomalar kelib tushgan kundan boshlab bir oylik muddat ichida ularni koʻrib chiqadilar, ular boʻyicha qaror qabul qiladilar hamda inspektor guvohnomalarini beradilar. Zaruriy holatlarda ular shu muddatning ichida qoʻshimcha surishtiruv oʻtkazish yoki taqdim qilingan materiallarni joyda tekshirishni tayinlashi mumkin.
37. Inspektor guvohnomalarini imzolash faqatgina mazkur Nizomga muvofiq ularni berish huquqiga ega mansabdor shaxslar tomonidan amalga oshiriladi. Imzolashni boshqa shaxsga topshirilishiga yoʻl qoʻyilmaydi. Komandiri (qoʻmondoni) yoki boshligʻi inspektor guvohnomasini imzolagan harbiy qism, qoʻshilma, birlashma, harbiy okrug yoki muassasa, korxona va tashkilotning gerbli muhri bilan tasdiqlanadi.
Tegishli yuqori turuvchi mansabdor shaxs tomonidan qabul qilingan inspektor guvohnomalarini berish toʻgʻrisidagi qarorga binoan inspektor guvohnomalari tegishli yuqori turuvchi organining boshligʻi tomonidan rasmiylashtiriladi, imzolanadi, gerbli muhr bilan tasdiqlanadi va beriladi.
Yuqorida koʻrsatib oʻtilgan tartibni buzgan holda berilgan inspektor guvohnomalari haqiqiy hisoblanmaydi.
38. Inspektor guvohnomalari belgilangan shakl boʻyicha (6-ilova*) uch nusxada beriladi:
birinchi nusxa yoʻqotish holati sodir etilgan harbiy qismga beriladi;
ikkinchi nusxa tegishli moddiy-texnik taʼminot organiga yuboriladi;
uchinchi nusxa inspektor guvohnomasini berishga asos boʻlib xizmat qilgan hujjatlar bilan birga komandiri (qoʻmondoni) yoki boshligʻi inspektor guvohnomasini bergan qoʻshilma, birlashma, harbiy okrug, boshqarma, boʻlim, xizmat turi yoki muassasaning yigʻma jildlarida saqlanadi.
Inspektor guvohnomasining har bir nusxasiga imzo qoʻyiladi va gerbli muhr bosiladi.
Inspektor guvohnomalari ularni inspektor guvohnomalarining berilishini roʻyxatga olish jurnalida (7-ilova*) roʻyxatga olish tartibida raqamlanadi.
1 — 7-ilovalar rus tidagi matnda berilgan.
39. Harbiy qism komandiri tomonidan berilayotgan inspektor guvohnomalari uchun inspektor guvohnomalarining berilishini roʻyxatga olish jurnali harbiy qism moliya organining boshligʻi tomonidan, yuqori turuvchi mansabdor shaxslar tomonidan berilayotgan inspektor guvohnomalari uchun esa: moddiy vositalarni hisobdan chiqarishga — tegishli xizmat turlari (moddiy vositalarning turlari boʻyicha) tomonidan, pul mablagʻlarini hisobdan chiqarishga — moliya organlari, inspektor guvohnomalarini berish toʻgʻrisida qaror qabul qilgan bevosita boʻysunuvchi mansabdor shaxslar tomonidan yuritiladi.
40. Inspektor guvohnomasini olgandan soʻng quyidagilarni hisobdan chiqaradi:
moddiy vositalar yoʻqolishining hisobini yuritish kitobi boʻyicha moddiy vositalarni inspektor guvohnomasida koʻrsatilgan miqdorini;
kamomadlar hisobini yuritish kitobi boʻyicha davlat hisobiga oʻtkazish ruxsat etilgan zarar qiymatini.
Aybdor shaxslar hisobidan qoplanishi kerak boʻlgan zarar qiymati xizmat surishtiruvi, taftish, tekshiruv, tergov, dastlabki tergov yoki sud ishi materiallari boʻyicha aybdor shaxslarni moddiy javobgarlikka tortish toʻgʻrisida qabul qilingan qaror munosabati bilan chiqarilgan harbiy qism komandiri va yuqori turuvchi boshliqning buyrugʻiga asosan kamomadlar hisobini yuritish kitobi boʻyicha hisobdan chiqariladi hamda moliya organidagi undirilgan jarima pullari hisobini yuritish kitobiga yozib qoʻyiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining tegishli bosh boshqarma, boshqarma, boʻlim va xizmat turlari inspektor guvohnomasiga asosan yoʻqotilgan moddiy vositalarni yoʻqotish sodir etilgan harbiy qismning hisobni yuritish kitob va kartochkalari hamda shaxsiy hisob raqami boʻyicha xarajat sifatida hisobdan chiqaradilar. Ularni ishlab chiqarish sifatining pastligi yoki konstruktiv kamchiliklari sababli kafolatda boʻlgan, yaroqsiz holatga kelgan (muddati tugagan) moddiy vositalarni hisobdan chiqarish Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlariga yetkazilgan zarar yetkazib beruvchi korxonadan belgilangan tartibda undirilgandan soʻng amalga oshiriladi.
Agar undirilgan jarima pullari hisobini yuritish kitobiga kiritilgan zarar miqdorini undirishning imkonsizligi oqibatida toʻliq qoplash mumkin boʻlmasa, qolgan qarzdorlik mazkur Nizomga muvofiq qoʻshimcha talab qilib olingan inspektor guvohnomasi boʻyicha hisobdan chiqariladi.
41. Oʻz vaqtida surishtiruv oʻtkazish, moddiy vositalar va pul mablagʻlari yoʻqolishida aybdor shaxslarni aniqlash hamda davlatga yetkazilgan zararni qoplash uchun pul summalarini undirish boʻyicha zarur choralarni koʻrmagan komandirlar (boshliqlar) Qonunda belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi.
IV. Yakuniy qoidalar
42. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishilgan.
Moliya vaziri birinchi oʻrinbosari B. ASHRAFXANOV
Toshkent sh.,
2006-yil 12-may,
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 27-son, 256-modda; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 10/21/3338/1117-son)