OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MONOPOLIYADAN ChIQARISh, RAQOBAT VA TADBIRKORLIKNI QOʻLLAB-QUVVATLASh DAVLAT QOʻMITASINING
Qarori
Sud boshqaruvchilarining attestatsiya komissiyasi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2006-yil 12-iyunda 1581-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazildi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2019-yil 16-oktabrdagi 475-mh-sonli “Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni davlat reyestridan chiqarish toʻgʻrisida”gi buyrugʻiga (roʻyxat raqami 1581-4, 16.10.2019-y.) asosan davlat reyestridan chiqarilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash davlat qoʻmitasi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 23-martdagi 138-sonli “Iqtisodiy nochor korxonalarning sud boshqaruvchilari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan qaror qiladi:
1. Sud boshqaruvchilarining attestatsiya komissiyasi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilganidan soʻng oʻn kun oʻtgandan keyin kuchga kiradi.
Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash davlat qoʻmitasi raisi G. SAIDOVA
Toshkent sh.,
2006-yil 15-may,
1-son
Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash davlat qoʻmitasining 2006-yil 15-maydagi 1-son qarori bilan
“TASDIQLANGAN”
“TASDIQLANGAN”
Sud boshqaruvchilarining attestatsiya komissiyasi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasining “Bankrotlik toʻgʻrisida”gi Qonuniga va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 23-martdagi “Iqtisodiy nochor korxonalarning sud boshqaruvchilari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 138-son qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasining (bundan keyin — Qoʻmita) sud boshqaruvchilari attestatsiya komissiyasi (bundan keyin — komissiya)ning ish faoliyati bilan bogʻliq masalalarni tartibga soladi.
I. KOMISSIYANING TARKIBI VA UNING MAJLISLARINI OʻTKAZISh TARTIBI
1. Komissiya rais, rais oʻrinbosari, toʻrt aʼzo va komissiya kotibidan iborat. Komissiyaning shaxsiy tarkibi Qoʻmita raisining buyrugʻi bilan tasdiqlanadi. Qoʻmita raisining oʻrinbosari komissiya raisi hisoblanadi (lavozimi boʻyicha).
2. Komissiyaning vakolatlari doirasida qabul qilingan qaror va koʻrsatmalar, mazkur Nizomga muvofiq, sud boshqaruvchilari uchun majburiy hisoblanadi.
3. Komissiya raisi komissiya majlislarini yuritadi, bayonnomalarni va komissiyaning boshqa hujjatlarini tasdiqlaydi. Komissiya raisi yoʻqligida uning vakolatlarini komissiya raisining oʻrinbosari amalga oshiradi.
4. Komissiya majlisiga materiallarni tayyorlash uchun komissiyaning ishchi organi masʼul hisoblanadi.
5. Komissiya majlislari zaruratga qarab oʻtkaziladi va uning aʼzolarining kamida uchdan ikki qismi ishtirok etganda huquqiy vakolatga ega boʻladi.
6. Komissiya qarorlari majlisda ishtirok etayotgan komissiya aʼzolarining oddiy koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Ovozlar teng boʻlgan taqdirda komissiya raisining ovozi hal qiluvchi hisoblanadi. Komissiyaning qarori bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi. Qabul qilingan qarorga qoʻshilmagan komissiya aʼzosi alohida fikrini yozma koʻrinishda bayon etish va uni komissiya majlisi bayonnomasiga qoʻshib qoʻyish huquqiga egadir.
7. Sud boshqaruvchilari attestatiga talabgorlarni attestatsiyadan oʻtkazish yoki oʻtkazmaslik masalasi boʻyicha komissiya bayonnomasi ishchi organning attestatsiyalanuvchining hujjatlari belgilangan malaka talablariga muvofiqligi toʻgʻrisidagi xulosasi va test imtihonlari natijalariga asosan soʻrab chiqish yoʻli bilan rasmiylashtirilishi mumkin.
8. Ishchi organ va/yoki attestatsiya komissiyasi aʼzolarining taklifiga koʻra talabgor bilan uning kasbiy xislatlarini, nomzodning Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 23-martdagi “Iqtisodiy nochor korxonalarning sud boshqaruvchilari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 138-son qarori talablariga mos kelishini aniqlash uchun suhbat oʻtkazilishi mumkin.
II. KOMISSIYANING VAZIFA VA VAKOLATLARI
9. Komissiya quyidagi vazifalarni amalga oshiradi:
sud boshqaruvchiligiga talabgorlarning attestatsiyasini tashkil etadi;
sud boshqaruvchisi tomonidan qonun buzilishi hollarini koʻradi va ular boʻyicha qarorlar qabul qiladi.
10. Oʻz vazifalarini amalga oshirish maqsadida komissiya:
test imtihonlarini oʻtkazish tartibini tasdiqlashga;
attestat talabgorining sud boshqaruvchilariga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 23-martdagi 138-son qarorida nazarda tutilgan malaka talablariga muvofiqligidan guvohlik beradigan hujjatlar taqdim etilishini talab qilishga;
asoslangan rad javobini yozma koʻrinishda ariza topshirilgan kundan boshlab uch ish kunidan kechiktirmay yuborgan holda, attestat talabgorining Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 23-martdagi 138-son qarori 14-bandida nazarda tutilgan asoslar boʻyicha attestatsiyaga kiritilishi va undan oʻtishini rad etishga;
imtihon natijalari boʻyicha sud boshqaruvchisi attestatining talabgorni attestatsiyadan oʻtkazish yoki oʻtkazmaslik toʻgʻrisida qaror qabul qilishga;
sud boshqaruvchisi attestatiga talabgorlarning apellatsiya shikoyatlarini belgilangan tartibda koʻrishga;
Qoʻmita raisining koʻrishiga aniqlangan huquqbuzarliklarni bartaraf etish toʻgʻrisida koʻrsatma berish, xoʻjalik sudiga sud boshqaruvchisini majburiyatlarni bajarishdan ozod etish toʻgʻrisida iltimosnoma bilan tegishincha murojaat etgan holda sud boshqaruvchisi attestatining amal qilishini toʻxtatib qoʻyish yoki tugatish toʻgʻrisida taklif kiritishga haqlidir.
III. KOMISSIYANING IShChI ORGANI
11. Qoʻmitaning bankrotlik ishlari boʻyicha boshqarma komissiyaning ishchi organi hisoblanadi.
12. Komissiyaning ishchi organi:
sud boshqaruvchilari attestatiga talabgorlarning hujjatlarini qabul qilish, attestatsiya imtihonini oʻtkazish, attestatsiya komissiyasi majlisini oʻtkazishga tayyorlanish va sud boshqaruvchilari attestatlarini berish boʻyicha ishni tashkiliy taʼminlashni amalga oshiradi;
komissiya majlisiga sud boshqaruvchilari tomonidan qonunni buzish masalalari boʻyicha materiallarni tayyorlaydi;
manfaatdor shaxslarga ishni koʻrish natijalari boʻyicha Qoʻmita qarorlari (koʻrsatmalari) berilishini taʼminlaydi.
IV. ATTESTATSIYADAN OʻTKAZISh
13. Attestatsiya ikki bosqichdan iborat:
birinchi — talabgorlarning hujjatlarini ularning malaka talablariga muvofiqligi bobida oʻrganish;
ikkinchi — test imtihoni.
Attestatsion test imtihonini qabul qilish maxsus kompyuter dasturidan foydalangan holda test savollariga javoblar shaklida amalga oshiriladi.
Sud boshqaruvchilari attestati kuzatuvchilaridan test imtihonlari har oyning birinchi seshanba va payshanba kunlari qabul qilinadi. Zarurat boʻlganda, komissiya raisi qoʻshimcha kunlarni belgilaydi.
14. Ishchi organning taqdimnomasiga asosan komissiya raisi talabgorni test imtihonini topshirishga qoʻyadi.
15. Test imtihoni ellik savoldan iborat boʻladi, ularga javob berish uchun talabgorga bir soat beriladi.
16. Imtihon topshirish vaqtida kuzatuvchi sifatida komissiyaning kamida ikki aʼzosi hozir boʻladi. Talabgor test imtihonlarini topshirayotganda mobil aloqa vositalaridan, shuningdek maʼlumot beruvchi, maxsus yoki boshqa xil adabiyotlardan foydalanish huquqiga ega emas. Mazkur talablar buzilgan taqdirda talabgor imtihondan chiqariladi va attestatsiyadan oʻtmagan deb hisoblanadi.
17. Attestatsion test imtihoni tugaganidan keyin talabgor natijalar bilan tanishib, kuzatuvchilar bilan birgalikda natijalar jadvali maxsus blankini imzolaydi.
18. Agar talabgor oʻz javoblarining natijalariga qoʻshilmasa yoki natijalar jadvalini imzolamasa, natijalar jadvali hozir boʻlgan komissiya aʼzolari tomonidan imzolanadi. Hozir boʻlgan komissiya aʼzolari tomonidan imzolangan natijalar jadvali test imtihoni natijalarini qayd etish uchun asos hisoblanadi.
V. SUD BOShQARUVChISI TOMONIDAN SODIR ETILGAN QONUN BUZILIShI YuZASIDAN IShNING KOʻRILIShI
19. Quyidagilar sud boshqaruvchisi tomonidan sodir etilgan qonun buzilishi yuzasidan ishning koʻrilishi uchun asos hisoblanadi:
nazorat qilish vazifalarini amalga oshirish chogʻida Qoʻmita va uning hududiy organlari tomonidan sud boshqaruvchisi faoliyatida qonunni buzish alomatlarining mavjudligini koʻrsatadigan yetarlicha maʼlumotlarni toʻgʻridan toʻgʻri aniqlash;
davlat organlari, joylardagi davlat hokimiyati organlari va boshqa organlardan kelib tushgan axborot, shuningdek jismoniy va yuridik shaxslarning arizalari, ommaviy axborot vositalaridagi qonunni buzish alomatlari mavjudligini koʻrsatadigan maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan xabarlari.
20. Komissiya koʻrishiga ish materiallarini tayyorlash uchun komissiyaning ishchi organi masʼul hisoblanadi. Komissiya majlisida unga nisbatan ish koʻrilayotgan sud boshqaruvchisi, ariza (murojaat) yozgan shaxs, tegishli hududiy boshqarmaning vakili va boshqa manfaatdor shaxslar ishtirok etadilar.
21. Majlis ishtirokchilari majlis sanasi, vaqti va joyi toʻgʻrisida majlis boshlanishidan kamida uch kun oldin xabardor qilinadilar. Koʻrsatilgan shaxslardan birortasining komissiya majlisida yoʻqligi, basharti ular tegishincha xabardor qilingan boʻlishsa, ishni mohiyati boʻyicha koʻrishga toʻsqinlik qilmaydi.
22. Komissiya majlisi ishtirokchilari:
ish materiallari bilan tanishishga va ulardan koʻchirmalar qilishga;
ogʻzaki va yozma tushuntirishlar berishga;
dalillarni taqdim etishga va ularni tekshirishda ishtirok etishga;
ishning boshqa ishtirokchilariga savollar berishga;
iltimosnomalar taqdim etishga;
mazkur Nizomda nazarda tutilgan boshqa huquqlardan foydalanishga haqlilar.
23. Ishni komissiya majlisida koʻrishni rais sodir etilgan huquqbuzarlik holatlarining eng toʻliq va har tomonlama tahlili hamda baholanishini taʼminlagan tarzda amalga oshiradi.
24. Ishni koʻrish natijalari boʻyicha, qonunni buzish dalili aniqlangan holda, komissiya Qoʻmita raisining koʻrishiga aniqlangan huquqbuzarliklarni bartaraf etish, sud boshqaruvchisi attestatining amal qilishini toʻxtatib turish yoki tugatish toʻgʻrisida koʻrsatma berish haqida taklif kiritib, sud boshqaruvchisini vazifasini bajarishdan ozod etish toʻgʻrisidagi iltimosnoma bilan xoʻjalik sudiga tegishincha murojaat qiladi.
25. Sud boshqaruvchisi tomonidan qonun buzilishini koʻrish natijasida ishlab chiqilgan, koʻrilgan masala boʻyicha tegishli asoslanmaga ega boʻlgan komissiya taklifi komissiya majlisining bayonnomasi koʻrinishida rasmiylashtirilib, komissiya raisi va kotibi tomonidan imzolanadi.
26. Komissiyaning takliflari asosida Qoʻmita attestatning amal qilishini toʻxtatib turish yoki tugatish toʻgʻrisida qaror chiqarishi, sud boshqaruvchisiga koʻrsatma berishi, shuningdek sud boshqaruvchisini vazifasini bajarishdan ozod etish toʻgʻrisida xoʻjalik sudiga murojaat etishi mumkin.
Qoʻmitaning qarori (koʻrsatmasi) ishda ishtirok etuvchilarga ish boʻyicha qaror (koʻrsatma) chiqarilgan kundan boshlab uch kun ichida yuborilishi kerak.
VI. KOʻRSATMA BERISh
27. Koʻrsatma unda belgilangan muddatda bajarilishi kerak.
Koʻrsatma yuborilganligi toʻgʻrisida guvohlik beradigan pochtaga oid yoki boshqa hujjatlar ish materiallariga qoʻshib qoʻyiladi.
Hisobot va komissiya aniqlagan huquqbuzarliklarning bartaraf etilganligi dalillarini sud boshqaruvchisi Qoʻmitaga (Qoʻmitaning hududiy organiga) ushbu koʻrsatmani bajarishning belgilangan muddati tugagan paytdan boshlab besh kundan kechiktirmay taqdim etishi kerak.
28. Koʻrsatmani bajarmaslik komissiya tomonidan sud boshqaruvchisining qonunni buzishi toʻgʻrisidagi ishni qaytadan koʻrilishi uchun asos boʻlishi mumkin.
29. Qabul qilingan qarorlar (koʻrsatmalar) bajarilishining hisob va nazoratini komissiyaning ishchi organi yuritadi.
VII. SUD BOShQARUVChISI ATTESTATINING AMAL QILIShINI TOʻXTATIB TURISh VA BEKOR QILISh
30. Qoʻmita attestatning amal qilishini quyidagi asoslar boʻyicha toʻxtatib turishga haqlidir:
a) attestat olinganidan keyin, ilgari attestatsiyaga taqdim etilgan hujjatlarda axborotni buzib koʻrsatish dalillarining aniqlanishi;
b) bankrotlik taomillarida ishtirok etuvchi sud boshqaruvchisining oʻz vazifalarini bajarmasligi;
v) sud boshqaruvchisining aniqlangan huquqbuzarliklarni bartaraf etish toʻgʻrisidagi Qoʻmita koʻrsatmalari yoki farmoyishlarini bajarmaganligi;
g) sud boshqaruvchisi faoliyatini tartibga soladigan qonunlarni buzish dalillari aniqlangan taqdirda;
d) sudning hal qiluv qarori boʻyicha.
31. Qoʻmitaning attestat amal qilishini toʻxtatib turish toʻgʻrisidagi qarorida (koʻrsatmasida) koʻrsatilgan talablarni belgilangan muddatlarda bajarish Qoʻmita tomonidan sud boshqaruvchisi attestatining amal qilishini tiklash uchun asos hisoblanadi.
32. Qoʻmita sud boshqaruvchisi attestatining amal qilishini quyidagi asoslar boʻyicha bekor qilish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi:
a) attestat olinganidan keyin, ilgari attestatsiyaga taqdim etilgan hujjatlarda axborotni buzish dalillari aniqlanishi;
b) qonunni bir necha marotaba (bir marotabadan koʻp) buzish dalillarining aniqlanishi;
v) sud boshqaruvchisining aniqlangan huquqbuzarliklarni bartaraf etish toʻgʻrisida Qoʻmita koʻrsatmalarini bajarmaganligi;
g) bankrotlik toʻgʻrisidagi qonunlarga muvofiq sud boshqaruvchisi zimmasiga yuklangan majburiyatlarning bajarilmaganligi, shuningdek, agar sud boshqaruvchisining harakatlari qarzdor yoki kreditorlarning zarar koʻrishiga sabab boʻlsa;
d) sud boshqaruvchisining arizasi boʻyicha;
e) sudning hal qiluv qaroriga koʻra.
33. Sud boshqaruvchisi attestatining amal qilishini toʻxtatib qoʻyish yoki bekor qilish toʻgʻrisida Qoʻmita uch kun ichida, yozma shaklda asoslangan ravishda sud boshqaruvchisiga, sud boshqaruvchisi bankrotlik taomilini amalga oshiradigan hollarda esa xoʻjalik sudiga ham maʼlum qiladi.
Sud boshqaruvchisi attestatining amal qilishi tiklanganda Qoʻmita, agar sud boshqaruvchisi bankrotlik taomilini amalga oshirayotgan boʻlsa, bu haqda ham xoʻjalik sudiga maʼlum qiladi.
34. Amal qilishi toʻxtatib qoʻyilgan va bekor qilingan attestatlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni Qoʻmita Sud boshqaruvchilarining yagona reyestriga kiritadi.
VIII. SUD BOShQARUVChISINI VAZIFALARINI BAJARIShDAN OZOD ETISh TOʻGʻRISIDA XOʻJALIK SUDIDAN ILTIMOS QILISh
35. Qoʻmita quyidagi hollarda xoʻjalik sudiga attestatsiya komissiyasining qaroriga asosan sud boshqaruvchisini vazifalarini bajarishdan ozod etish toʻgʻrisida ariza bilan murojaat qiladi:
bankrotlik taomilini amalga oshirish boʻyicha qonun talablarining bir necha marotaba yoki bir marotaba qoʻpol buzilishi;
agar aniqlangan huquqbuzarliklarni bartaraf etish uchun belgilangan muddat mobaynida komissiyaning qarori (koʻrsatmasi) bajarilmasa;
attestatning amal qilishi toʻxtatib qoʻyilgan yoki attestatning amal qilishi bekor qilingan holda;
Oʻzbekiston Respublikasining bankrotlik toʻgʻrisidagi qonunlariga muvofiq sud boshqaruvchisi zimmasiga yuklangan majburiyatlarning bajarilmaganligi yoki lozim darajada bajarilmaganligi sababli qarzdor yoki uning kreditorlari uchun zarar keltirilganda;
Oʻzbekiston Respublikasining “Bankrotlik toʻgʻrisida”gi qonuni 18-moddasiga muvofiq shaxsni sud boshqaruvchisi etib tayinlashga toʻsqinlik qiladigan holatlar aniqlangan taqdirda;
Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlarida belgilangan boshqa hollarda.
IX. ATTESTATSIYA KOMISSIYASINING QARORLARI (KOʻRSATMALARI) USTIDAN ShIKOYaT QILISh TARTIBI
36. Attestatsiya komissiyasining qaroriga (koʻrsatmasiga) qoʻshilmagan sud boshqaruvchisi qarorni (koʻrsatmani) toʻliq yoki qisman haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisidagi ariza bilan sudga murojaat eta oladi.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 24-son, 220-modda; 2010-y., 26-27-son, 229-modda; 2013-y., 38-son, 500-modda)