Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI XALQ TAʼLIMI VAZIRLIGI HUZURIDA MULTIMEDIA UMUMTAʼLIM DASTURLARINI RIVOJLANTIRISh MARKAZINI TAShKIL ETISh ChORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 27-apreldagi 243-sonli “Xalq taʼlimi tizimidagi tashkilotlarning budjetdan tashqari jamgʻarmalari mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi umumtaʼlim maktablarini axborotlashtirish” loyihasini amalga oshirish uchun Koreya Respublikasi Hukumati tomonidan beriladigan imtiyozli kreditdan samarali foydalanish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2006-yil 27-martdagi PQ-312-son qarorini bajarish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi huzurida Xalq taʼlimi sohasida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi (keyingi oʻrinlarda Markaz deb ataladi) tashkil etilsin, unga “Oʻzbekiston Respublikasi umumtaʼlim maktablarini axborotlashtirish” loyihasini amalga oshirish, shu jumladan kredit mablagʻlaridan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Koreya Respublikasining Eksport-import banki oʻrtasidagi kredit bitimi talablariga muvofiq foydalanilishini nazorat qilish va hisobga olish funksiyalari yuklansin.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 30-sentabrdagi 822-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 30.09.2019-y., 09/19/822/3840-son)
2. Quyidagilar Markazning asosiy vazifalari etib belgilansin:
taʼlim beradigan elektron multimedia ilovalarni ishlab chiqish;
ilgari ishlab chiqilgan taʼlim beradigan elektron resurslarni va boshqa tillardagi nashrlarni Oʻzbekiston Respublikasida oʻqitiladigan tillarga moslashtirish va mahalliylashtirish;
kompyuter asbob-uskunalaridan, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari boʻyicha taʼlim beradigan resurslar va treninglardan foydalanish samaradorligini tadqiq qilish, tahlil etish hamda monitoringini olib borish;
xalq taʼlimi xodimlari va oʻqituvchilarni qayta tayyorlash hamda ularning malakasini oshirish institutlari xodimlari uchun trening kurslarini ishlab chiqish va ularni oʻtkazish;
axborot-taʼlim veb-portali joylashtiriladigan servyer maydonchasini tashkil etish, qoʻllab-quvvatlash va boshqarish;
axborot-taʼlim veb-portalini tashkil etish va qoʻllab-quvvatlash;
maktablarni axborot-taʼlim veb-portaliga kiritish.
Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan belgilangan tizimda axborot-kommunikatsiyani rivojlantirishga qaratilgan boshqa vazifalar.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 30-sentabrdagi 822-sonli qaroriga asosan xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 30.09.2019-y., 09/19/822/3840-son)
3. Quyidagilar:
Markazning xodimlarining cheklangan umumiy soni, shu jumladan Respublika taʼlim markazi xodimlarini 8 nafarga hamda Xalq taʼlimi vazirligi markaziy apparati xodimlari sonini 1 nafarga qisqartirish hisobiga 23 nafardan iborat tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq;
Oldingi tahrirga qarang.
(3-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 27-iyundagi 214-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2016-y., 26-son, 316-modda)
4. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vaziriga Markazning tasdiqlangan tuzilmasiga yuklangan vazifalarga muvofiq, xodimlarining belgilangan soni va ish haqi fondi doirasida oʻzgartirishlar kiritish huquqi berilsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi bir oy muddatda:
Markaz toʻgʻrisidagi nizomni ishlab chiqsin va belgilangan tartibda tasdiqlasin;
Markazni taʼlim beradigan elektron multimedia dasturlarini ishlab chiqish, joriy etish va ulardan foydalanish sohasidagi yuqori malakali mutaxassislar, shuningdek, loyihani samarali amalga oshirishni kafolatlovchi boshqa mutaxassislar bilan butlash chora-tadbirlarini koʻrsin.
6. Toshkent shahar hokimligi Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi bilan kelishgan holda Markazni joylashtirish uchun bir oy muddatda bino ajratsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Markazning taʼminoti uchun 2006-yilga tasdiqlangan budjet parametrlari doirasida zarur mablagʻlar ajratsin, 2007-yildan boshlab esa Davlat budjeti parametrlarida mablagʻlarni nazarda tutsin.
Oldingi tahrirga qarang.
(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 5-iyuldagi 507-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 06.07.2018-y., 09/18/507/1465-son)
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari R.S. Azimov va R.S. Qosimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2006-yil 7-iyun,
110-son
Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi huzuridagi Multimedia umumtaʼlim dasturlarini rivojlantirish markazining
tuzilmasi
Oldingi tahrirga qarang.
(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 27-iyundagi 214-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2016-y., 26-son, 316-modda)
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 23-son, 208-modda, 40-son, 396-modda; 2011-y., 25-son, 260-modda; 2015-y., 7-son, 80-modda; 2016-y., 26-son, 316-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 06.07.2018-y., 09/18/507/1465-son, 30.09.2019-y., 09/19/822/3840-son)