Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“MIKROKREDITBANK” AKSIYADORLIK-TIJORAT BANKI FAOLIYATINI TASHKIL ETISH VA UNING MODDIY-TEXNIKA BAZASINI MUSTAHKAMLASH CHORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 16-avgustdagi PF-111-sonli “Ijtimoiy munosabatlarni huquqiy tartibga solishning barqarorligini taʼminlash, sifati va samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Mikrokreditbank” aksiyadorlik-tijorat bankini tashkil etish toʻgʻrisida” 2006-yil 5-maydagi PF–3750-son Farmonini bajarish yuzasidan hamda uning samarali faoliyatini tashkil etishni taʼminlash va moddiy-texnika bazasini mustahkamlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
Oldingi tahrirga qarang.
1. Mikrokreditlar berish va mikrolizing xizmatlari koʻrsatish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 22-avgustdagi 655-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 34-son, 894-modda)
Keyingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
2. Quyidagilar “Mikrokreditbank” aksiyadorlik-tijorat banki Kuzatuvchi kengashning asosiy vazifalari etib belgilansin:
(2-bandning birinchi xatboshi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 17-dekabrdagi 273-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2008-y., 51-son, 501-modda)
bankning tadbirkorlik subyektlariga mikrokredit berish va mikrolizing boʻyicha koʻrsatiladigan xizmatlar sifatini va qulayligini oshirishga yoʻnaltirilgan uzoq muddatli siyosatini shakllantirish;
bank faoliyatini, shu jumladan kredit berish va mablagʻlarni investitsiyalashning omonatchilar va aksiyadorlar manfaatlarini himoya qilishni taʼminlaydigan tizimi joriy etilishini va uning samarali faoliyat koʻrsatishini nazorat qilish;
bankda korporativ boshqaruvning ahvolini va uning Boshqaruvi faoliyatini nazorat qilish;
bankka yuklangan vazifalarni va majburiyatlarni oʻz vaqtida bajarish uchun uning yetarli darajada kapitallashtirilishini va likvidligini taʼminlash;
samarali faoliyat koʻrsatadigan, ayniqsa qishloq joylarda, filiallar va minibanklar tarmogʻini shakllantirish.
3. “Mikrokreditbank” markaziy apparat tuzilmasida Mikrokreditlar qaytarilishini va ulardan samarali foydalanilishini nazorat qilish boʻyicha maxsus monitoring guruhi tashkil qilsin.
Quyidagilar Monitoring guruhining asosiy vazifalari etib belgilansin:
mikrokredit mablagʻlaridan foydalanish samaradorligini muntazam ravishda puxta tahlil qilish;
mintaqaviy boʻlimlarda mikromoliyalashtirish ishlarini muvofiqlashtirish, biznes-reja parametrlariga muvofiq kredit portfelining holati hamda mikrokreditlar boʻyicha taʼminlanishning holati monitoringini olib borish va ularni xolisona baholash;
mikrokreditlarning qaytariluvchanlik darajasini oshirish, ular boʻyicha toʻlov muddati oʻtgan qarzdorlikka yoʻl qoʻymaslik yuzasidan zarur chora-tadbirlar koʻrish.
Oldingi tahrirga qarang.
4. “Mikrokreditbank”ning Kuzatuvchi kengash va Boshqaruvi:
(4-bandning birinchi xatboshi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 17-dekabrdagi 273-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2008-y., 51-son, 501-modda)
qonun hujjatlarida belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazish va bank faoliyatini amalga oshirish huquqiga litsenziya olish uchun zarur hujjatlar paketini bir hafta muddatda tayyorlasinlar va Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankiga taqdim etsinlar;
bankka yuklangan vazifalarning samarali bajarilishi zaruriyatidan kelib chiqqan holda, oʻn kun muddatda bank va uning filiallari tuzilmasini hamda shtatlar jadvalini ishlab chiqsinlar va tasdiqlasinlar;
ikki oy muddatda bank xodimlarini toʻliq attestatsiyadan oʻtkazsinlar;
bankning markaziy apparatini hamda uning filiallarini bank boʻlimlarida va mikromoliyalash sohasida ish tajribasiga ega boʻlgan yuqori malakali mutaxassislar bilan taʼminlasinlar.
5. Belgilab qoʻyilsinki, “Mikrokreditbank” boshqaruvi raisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarori bilan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod qilinadi.
Keyingi tahrirga qarang.
6. Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 17-apreldagi 165–f-son farmoyishi bilan tuzilgan maxsus komissiya tomonidan “Tadbirkor” aksiyadorlik-tijorat banki mol-mulki kompleks xatlovdan oʻtkazilganligi, uning filiallari va mini-banklarining asbob-anjomlar, hisoblash texnikasi va aloqa vositalari bilan taʼminlanishi oʻrganilganligi, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash boʻyicha takliflar tayyorlanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari uch oy muddatda “Mikrokreditbank”ning, ayniqsa qishloq joylardagi filiallari va mini-banklarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash yuzasidan aniq chora-tadbirlarni amalga oshirsinlar.
7. Oʻzbekiston Banklar uyushmasi va Bank-moliya akademiyasi 2006—2008-yillar mobaynida oʻqitish uchun toʻlov undirmasdan “Mikrokreditbank” mutaxassislari uchun mikromoliyalashtirish xizmatlari boʻyicha maxsus kurslar tashkil etilishini taʼminlasinlar.
8. Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi, Oʻzbekiston Banklar uyushmasi, “Mikrokreditbank”, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, birinchi navbatda qishloq joylarda mikrokreditlar berish va mikrolizing xizmatlari koʻrsatish tartibi, tadbirkorlik subyektlari, shu jumladan kasanachilik bilan shugʻullanuvchilar, shaxsiy yordamchi, dehqon va fermer xoʻjaligida band boʻlganlar tomonidan mikrokreditlar olish uchun biznes-rejalar tayyorlash boʻyicha doimiy asosda seminarlar va oʻquv kurslari oʻtkazilishini taʼminlasinlar.
9. “Mikrokreditbank” Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasi, Matbuot va axborot agentligi, Markaziy bank, Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash davlat qoʻmitasi, Savdo-sanoat palatasi va Oʻzbekiston Banklar uyushmasi bilan birgalikda bir oy muddatda 2006-2007-yillarda ommaviy axborot vositalarida bank faoliyatini va uning koʻrsatadigan xizmatlarini keng yoritishga doir kompleks tadbirlarni ishlab chiqsinlar va tasdiqlasinlar, ularda respublika ommaviy axborot vositalarida reklama materiallarining toʻlov undirmasdan eʼlon qilinishini nazarda tutsinlar.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki, Adliya vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsinlar.
11. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari R.S. Azimov hamda Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki raisi F.M. Mullajonov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2006-yil 6-may,
78-son
Oldingi tahrirga qarang.
(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 22-avgustdagi 655-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2017-y., 34-son, 894-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
Mikrokreditlar berish va mikrolizing xizmatlari koʻrsatish tartibi toʻgʻrisida
nizom
(2-ilova nomi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 17-dekabrdagi 273-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2008-y., 51-son, 501-modda)
1. Ushbu Nizom Fuqarolik kodeksiga, “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2006-yil 5-maydagi PF–3750-son Farmoniga muvofiq ishlab chiqilgan hamda “Mikrokreditbank” aksiyadorlik-tijorat banki (keyingi oʻrinlarda bank deb ataladi) tomonidan kichik tadbirkorlik subyektlariga, dehqon va fermer xoʻjaliklariga (keyingi oʻrinlarda tadbirkorlik subyektlari deb ataladi) mikrokreditlar berish va mikrolizing xizmatlari koʻrsatish tartibini belgilaydi.
I. Umumiy qoidalar
Oldingi tahrirga qarang.
2. Kichik tadbirkorlikni yanada kengaytirish, yangi ish oʻrinlari tashkil etish uchun sharoitlar yaratish, yakka tartibdagi mehnat faoliyatini, oilaviy tadbirkorlik va kasanachilikni rivojlantirish orqali kam taʼminlangan oilalar daromadlarini oshirish, aholi keng qatlamlarining, jumladan qishloq joylardagilarning, moliyaviy resurslardan foydalanishini taʼminlash maqsadida tadbirkorlik subyektlariga mikrokreditlar berish va mikrolizing xizmatlarini koʻrsatish.
Oldingi tahrirga qarang.
Mikrokreditlar tadbirkorlikni boshlash va rivojlantirish (kengaytirish)ga, shu jumladan ishlab chiqarishni texnologik jihozlash va modernizatsiya qilish uchun zamonaviy texnologik uskunalar va texnikalar sotib olishga, shuningdek, aylanma mablagʻlarni toʻldirishga beriladi.
(2-bandning ikkinchi — toʻrtinchi xatboshilari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 26-oktabrdagi 877-sonli qaroriga asosan ikkinchi xatboshiga almashtirilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 27.10.2018-y., 09/18/877/2113-son)
Oldingi tahrirga qarang.
3. Mikrokreditlar kichik tadbirkorlik subyektlariga biznesni boshlash va rivojlantirish (kengaytirish) uchun, shu jumladan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti yoki Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari bilan belgilanadigan moliyaviy resurslar doirasida imtiyozli foiz stavkalari boʻyicha beriladi.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 26-oktabrdagi 877-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 27.10.2018-y., 09/18/877/2113-son)
Oldingi tahrirga qarang.
4. Mikrokreditlar tadbirkorlikni rivojlantirish (kengaytirish) va aylanma mablagʻlarni toʻldirish uchun kichik tadbirkorlik subyektlariga (shu jumladan mikrofirmalarga, kichik korxonalarga), dehqon va fermer xoʻjaliklariga — 24 oygacha muddat bilan eng kam oylik ish haqining 1000 baravarigacha miqdorda beriladi.
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 26-oktabrdagi 877-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 27.10.2018-y., 09/18/877/2113-son)
Keyingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
5. Mikrolizing xizmatlari kichik tadbirkorlik subyektlariga — texnologik uskunalar va texnikalar sotib olish uchun 3 yilgacha muddat bilan eng kam oylik ish haqining 2000 baravarigacha miqdorda koʻrsatiladi.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 26-oktabrdagi 877-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 27.10.2018-y., 09/18/877/2113-son)
Keyingi tahrirga qarang.
6. Mikrokreditlar va mikrolizing:
ilgari olingan kreditlarni yoki boshqa har qanday qarzlarni toʻlashga;
tamakichilikni va alkogolli ichimliklarni ishlab chiqarishni tashkil etishga;
Oldingi tahrirga qarang.
lotereyalar tashkil etishga berilmaydi.
(6-bandning toʻrtinchi xatboshi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 16-avgustdagi 176-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2007-y., 33-34-son, 344-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
7. Mikrokreditlar olish uchun ushbu Nizomda nazarda tutilgan shartlar va talablar mikrolizing xizmatlari koʻrsatishga ham tatbiq etiladi. Mikrolizing xizmatlari koʻrsatish xususiyatlari qonun hujjatlari bilan tartibga solinadi.
(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 17-dekabrdagi 273-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2008-y., 51-son, 501-modda)
Keyingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
Beriladigan mikrokreditlar va koʻrsatiladigan mikrolizing xizmatlari boʻyicha foiz stavkalari “Mikrokreditbank” ATB siyosatiga asosan belgilanadi.
(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 26-oktabrdagi 877-sonli qaroriga asosan xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 27.10.2018-y., 09/18/877/2113-son)
II. Mikrokreditlarni rasmiylashtirish tartibi
8. “Mikrokreditbank”ka murojaat qilgan tadbirkorlar kredit olgungacha “Mikrokreditbank” tomonidan bepul tashkil etiladigan seminarlarga yuboriladi. Beriladigan mikrokreditlar va koʻrsatiladigan lizing xizmatlari turlari va mexanizmlari, shuningdek biznes-reja tuzish boʻyicha ikkita bazaviy seminarda qatnashish majburiy hisoblanadi.
9. Qarz oluvchilar mikrokredit olish uchun bankka quyidagi hujjatlarni taqdim etadilar:
mikrokredit olish uchun buyurtmanoma;
biznes-reja, pul oqimlari prognozini albatta koʻrsatgan holda;
mikrokreditning qaytarilishi taʼminlanishi bilan bogʻliq hujjatlar, shu jumladan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda toʻldirilgan buxgalteriya va moliyaviy hisobotlar maʼlumotlari.
Keyingi tahrirga qarang.
10. Taqdim etiladigan biznes-reja mikrokredit olish uchun buyurtmanoma berilgan sanadan koʻpi bilan 60 kun oldin tuzilgan boʻlishi kerak.
11. Kredit beruvchi bank xodimi kredit hujjatlarini olgach va ularning toʻliqligini tekshirgach buyurtmanomani maxsus daftarda roʻyxatdan oʻtkazadi, daftarga tartib raqami qoʻyiladi, ip oʻtkazib tikiladi, bank muassasasining rahbari va bosh buxgalteri imzolari hamda dumaloq muhr bilan tasdiqlanadi.
Daftarda buyurtmanoma bergan mijozning nomi, buyurtmanoma berilgan sana, soʻralayotgan mikrokredit miqdori, mikrokredit olishning maqsadi, uni taʼminlash turi koʻrsatilishi kerak.
12. Buyurtmanoma roʻyxatdan oʻtkazilgandan keyin kredit beruvchi bank xodimi keyingi kundan kechikmay hujjatlar paketini koʻrib chiqish uchun bank muassasasining kredit qoʻmitasiga beradi.
Kredit qoʻmitasi, shu jumladan joyiga borgan holda, qarz oluvchining kredit buyurtmanomasini va toʻlovga qodirligini, shuningdek, mikrokredit maqsadlarining faoliyat xarakteriga muvofiqligini oʻrganadi. Kredit paketini tahlil qilish, shuningdek, qarz oluvchining kredit tarixini va uning rahbari obroʻsini baholashga asoslanadi.
13. Kredit tarixini baholash bank tomonidan Markaziy bankning Kredit axboroti milliy institutidagi qarz oluvchi toʻgʻrisidagi mavjud maʼlumotlar asosida amalga oshiriladi.
14. Kredit qoʻmitasi buyurtmanomani koʻrib chiqqandan keyin tegishli qaror chiqaradi, qaror kredit qoʻmitasi rahbari tomonidan tasdiqlanadi. Mikrokredit berish toʻgʻrisidagi ijobiy qaror kredit qoʻmitasi aʼzolarining kamida uchdan ikki qismi tomonidan maʼqullanishi kerak. Kredit qoʻmitasining ijobiy qarori asosida qarz oluvchi bilan kredit shartnomasi tuziladi.
Ayni bir vaqtda kredit toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bankning berilgan kreditlar toʻgʻrisidagi oʻz maʼlumotlar bazasiga va Kredit axboroti milliy institutiga tushadi.
15. Kredit qoʻmitasi tomonidan salbiy qaror qabul qilingan taqdirda qarz oluvchi bu haqda rad etish sabablari koʻrsatilgan holda yozma ravishda xabardor qilinadi.
Tadbirkorlik subyekti kredit qoʻmitasi qarori yuzasidan sudga belgilangan tartibda shikoyat bildirishga haqlidir.
16. Mikrokredit berish toʻgʻrisidagi qaror kredit qoʻmitasi tomonidan bankka zarur hujjatlar ilova qilingan holda kredit buyurtmanomasi tushgan kundan boshlab 10 ish kuni mobaynida qabul qilinadi.
17. Tadbirkorlik subyekti tomonidan zarur darajada rasmiylashtirilmagan hujjatlar taqdim etilganda yoxud hujjatlarda ishonchsiz yoki notoʻgʻri maʼlumotlar mavjud boʻlganda bank koʻrsatilgan muddat mobaynida hujjatlarni aniq mulohazalar roʻyxatini yozma shaklda bayon qilgan holda puxta ishlash uchun qaytarishga haqlidir.
III. Mikrokreditni taʼminlash
18. Mikrokreditlar taʼminlanish, shuningdek ishonch asosida beriladi.
19. Mulk garovi mikrokreditni taʼminlashning asosiy shakli boʻlib xizmat qiladi. Har qanday mulk, shu jumladan buyumlar va “Garov toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq mulkiy huquqlar (talablar) garov predmeti boʻlishi mumkin.
Qarz oluvchining oʻzi, shuningdek uchinchi shaxs ham garov qoʻyuvchi boʻlishi mumkin.
20. Koʻchmas mulk garovi toʻgʻrisidagi shartnoma “Yergeodezkadastr” davlat qoʻmitasining tegishli tuman (shahar) xoʻjalik hisobidagi kadastr va koʻchmas mulk xizmatida roʻyxatdan oʻtkazilgan boʻlishi kerak.
“Yergeodezkadastr” davlat qoʻmitasining tegishli tuman (shahar) xoʻjalik hisobidagi kadastr va koʻchmas mulk xizmatlari mansabdor shaxslari koʻchmas mulk garovidan boʻsh boʻlmagan bitishuvlarning roʻyxatdan oʻtkazilganligi uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar, garov toʻgʻrisidagi oldingi shartnomalarda taqiqlanmagan keyingi garovni nazarda tutuvchi garov toʻgʻrisidagi shartnoma roʻyxatdan oʻtkaziladigan hollar bundan mustasno.
Keyingi tahrirga qarang.
21. Beriladigan mikrokredit summasi garovga qoʻyilgan mol-mulk qiymatining 80 foizidan ortiq boʻlishi mumkin emas. Garov buyumlari — transport vositalari va koʻchmas mulk obyektlari — yoʻqotish va ziyon yetkazilishi hodisalaridan qarz oluvchi hisobiga sugʻurta qilinishi kerak.
22. Yuqori likvidlikka ega boʻlgan qimmatli qogʻozlar ham garov buyumi boʻlishi mumkin. Garovga qoʻyilgan qimmatli qogʻozlar tegishli shartnoma bilan rasmiylashtiriladi va qarz toʻliq qaytarilgunga qadar saqlash uchun bankka oʻtkazilishi kerak.
23. Mikrokreditni taʼminlash uchun likvidli tovarlar, xorijiy valyuta va garov shaklida rasmiylashtiriladigan valyuta boyliklarining boshqa turlari qabul qilinishi mumkin.
24. Bank foydasiga rasmiylashtirilgan uchinchi shaxslarning kafilligidan qoʻshilgan foizlar hisobga olingan holda qarz summasi miqdorida mikrokreditni taʼminlash sifatida foydalanilishi mumkin. Faqat benuqson toʻlov qobiliyatli subyekt obroʻsiga ega boʻlgan yuridik shaxslar kafolat beruvchi boʻlishi mumkin.
Kafillik kafolat beruvchining moliyaviy holati tahlili asosida bank tomonidan qabul qilinishi kerak. Budjet tashkilotlari kafolat beruvchi boʻlishi mumkin emas.
Kafillik shartnomasiga quyidagilar ilova qilinishi kerak:
kafolat beruvchining bank hisob raqami holati toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma;
kafolat beruvchining boshqa banklardagi barcha hisob raqamlari toʻgʻrisida ulardagi qoldiq koʻrsatilgan maʼlumotnoma;
kafolat beruvchining xizmat koʻrsatuvchi bankdan ssuda qarzi va boshqa qarzdorligi yoʻqligi toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma.
Qarz oluvchi ssuda qarzdorligi boʻyicha oʻz majburiyatlarini oʻz vaqtida bajarmagan taqdirda bank mablagʻlarni kafolat beruvchining talab qilib olinadigan asosiy depozit hisob raqamidan akseptsiz tartibda undirib olishga haqlidir.
25. Mikrokreditlar faqat qoniqarli kredit tarixiga ega boʻlgan va oldin olingan uchta kreditni oʻz vaqtida toʻlagan qarz oluvchilarga ishonch asosida berilishi mumkin.
Kredit ishonch asosida berilganda boʻlajak toʻlovlar boʻyicha taʼminlash sifatida qarz oluvchilar tomonidan kredit qiymatining 20 foizigacha miqdordagi summada majburiy jamgʻariladigan depozit joylashtiriladi, unga bank tomonidan foiz toʻlovlari qoʻshiladi.
IV. Mikrokreditni berish va qaytarish tartibi
Oldingi tahrirga qarang.
26. Mikrokreditlar naqd pulsiz shaklda beriladi.
(26-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 22-avgustdagi 655-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 34-son, 894-modda)
27. Mikrokreditlar tovar-moddiy boyliklar, xizmatlar va ishlar uchun toʻlov topshiriqnomalarini naqd pulsiz shaklda toʻlagan holda alohida ssuda hisob raqami ochish yoki bank kassasi orqali xarajat dalolatnomasi boʻyicha naqd mablagʻ berish yoʻli bilan beriladi.
Ssuda hisob raqami, agar kredit shartnomasida boshqacha tartib belgilanmagan boʻlsa, kredit shartnomasi tuzilgan kundan boshlab 2 ish kuni mobaynida ochiladi.
28. Bank kredit summasidan va foiz stavkasidan kelib chiqib asosiy qarz va foizlarning boʻlajak toʻlovlari summasini kreditning butun muddatiga teng toʻlovlarda hisoblab chiqadi.
V. Mikrokreditning holati monitoringi va undan maqsadli foydalanilishini nazorat qilish
29. Kredit shartnomasi shartlari bajarilishini taʼminlash, olingan mikrokreditdan qarz oluvchi samarali foydalanishi, mikrokreditdan foydalanishning butun muddati davomida uning oʻz vaqtida va toʻliq qaytarilishi maqsadida bankning masʼul xodimi tomonidan monitoring olib boriladi.
30. Bankning masʼul xodimi biznes-reja parametrlariga hamda garovning holatiga muvofiq mikrokreditdan samarali va maqsadli foydalanilishini bir oyda kamida bir marta tekshiradi.
31. Monitoring davomida masʼul xodim qarz oluvchi bilan uzluksiz aloqa oʻrnatadi, joyning oʻzida uning rejalari va niyatlarini oʻrganadi, shuningdek qarz oluvchining faoliyatidagi salbiy tendensiyalarni ilk bosqichida aniqlaydi.
Olib boriladigan monitoring natijalari qarz oluvchining maxsus shaxsiy hujjatlar toʻplamida tizimlashtiriladi.
32. “Mikrokreditbank”ning mintaqaviy filiallari berilgan mikrokreditlar, taʼminlash turlari, pul mablagʻlari harakati jadvallari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni muntazam ravishda umumlashtiradilar va “Mikrokreditbank”ning mikrokreditlari qaytarilishi va ulardan maqsadli foydalanilishi ustidan monitoring olib borish guruhiga (keyingi oʻrinlarda matnda Monitoring guruhi deb yuritiladi) har oyda taqdim etadi.
Monitoring guruhi olingan maʼlumotlar asosida filiallar va minibanklar, shuningdek beriladigan mikrokreditlar turlari boʻyicha kredit portfelining holatini puxta tahlil qiladi, qarzdorlik dinamikasini va mikrokredit mablagʻlaridan samarali foydalanilishini oʻrganadi.
Zaruriyat boʻlganda Monitoring guruhi biznes-reja parametrlariga muvofiq joyiga borib filiallarning kredit portfeli, mikrokreditlar boʻyicha taqdim etilgan taʼminlashning holati xolisona baholanishini tashkil etadi, shuningdek berilgan kreditlar boʻyicha qaytarishning amaldagi va prognoz darajasini baholaydi.
33. Oʻtkazilgan monitoring va oʻrganishlar natijalari boʻyicha Monitoring guruhi bankning kredit qoʻmitasiga filiallar va minibanklar boʻyicha kredit berish limitlarini belgilash, mavjud resurslardan samarali foydalanish, kredit portfeli tarkibini takomillashtirish yuzasidan takliflar kiritadi.
Monitoring guruhi bank Boshqaruviga mikrokreditlarning qaytarilishi darajasini oshirish, ular boʻyicha muddati oʻtkazib yuborilgan qarzdorlikka yoʻl qoʻymaslik, shuningdek mansabdor shaxslarning javobgarligi yuzasidan aniq chora-tadbirlar toʻgʻrisida muntazam ravishda takliflar kiritadi.
34. Bank oldidagi oʻz majburiyatlarini bajarmayotgan qarz oluvchiga nisbatan bank kredit shartnomasi shartlaridan kelib chiqqan holda quyidagi huquqlarga ega boʻladi:
agar qarz oluvchi bankning tavsiyalarini kelishilgan muddatlarda bajarmasa, unga sanksiya qoʻllash toʻgʻrisidagi ogohlantirish bilan birga daʼvo xati yuborish;
asosiy summa va kreditdan foydalanganlik uchun foizlar oʻz vaqtida toʻlanmagan, shuningdek kreditni kredit shartnomasida belgilangan muddatda qaytarish istiqboli mavjud boʻlmagan taqdirda kredit boʻyicha qarzdorlik qoldigʻini muddatidan oldin, shu jumladan garovga qoʻyilgan mol-mulk va boshqa mol-mulk hisobiga undirib olish;
hisobga olish va buxgalteriya hisobi qoidalari qarz oluvchi tomonidan buzilishi hollari aniqlangan taqdirda kredit berishni toʻxtatib qoʻyish hamda hisobga olish va hisobot buzilishining sabablari toʻgʻrisida, ularni bartaraf etish chora-tadbirlarini bankka taqdim etgan holda, undan tushuntirish talab qilish.
35. Olingan mikrokreditlardan qarz oluvchilar tomonidan boshqa maqsadda foydalanilganligi aniqlangan taqdirda bank mikrokreditning boshqa maqsadda foydalanilgan qismini kredit shartnomasida belgilangan tartibda qarz oluvchining talab qilib olinadigan depozit hisob raqamidan muddatidan oldin undirib olish va kredit shartnomasida belgilangan miqdorda jarima undirish huquqiga egadir.
Keyingi tahrirga qarang.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 19-son, 163-modda; 2007-y., 33-34-son, 344-modda; 2008-y., 51-son, 501-modda; 2010-y., 23-son, 182-modda; 2017-y., 34-son, 894-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 27.10.2018-y., 09/18/877/2113-son; 29.12.2019-y., 09/19/1046/4242-son; 15.04.2020-y., 09/20/217/0426-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son; 25.10.2022-y., 09/22/615/0953-son)