Oʻzbekiston Respublikasining qonuni
ISTEʼMOL KREDITI TOʻGʻRISIDA
Qonunchilik palatasi tomonidan
2005-yil 22-dekabrda qabul qilingan
Senat tomonidan 2006-yil 24-fevralda maʼqullangan
2005-yil 22-dekabrda qabul qilingan
Senat tomonidan 2006-yil 24-fevralda maʼqullangan
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonunning maqsadi isteʼmol krediti berish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
2-modda. Isteʼmol krediti toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari
Isteʼmol krediti toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlaridan iboratdir.
Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida Oʻzbekiston Respublikasining isteʼmol krediti toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.
Keyingi tahrirga qarang.
3-modda. Isteʼmol krediti tushunchasi va shakllari
Isteʼmol krediti jismoniy shaxsga (isteʼmolchiga) uning isteʼmol ehtiyojlarini qondirish maqsadida tovarlar (ishlar, xizmatlar) sotib olish uchun beriladigan kreditdir.
Moliyaviy isteʼmol krediti va tovar isteʼmol krediti isteʼmol kreditining shakllaridir.
4-modda. Moliyaviy isteʼmol krediti va uni beruvchi tashkilotlar
Moliyaviy isteʼmol krediti sotib olingan tovarlar (xizmatlar) haqini toʻlash uchun pul mablagʻlari tarzida isteʼmolchiga beriladigan kreditdir.
Banklar yoki boshqa kredit tashkilotlari moliyaviy isteʼmol krediti beruvchi tashkilotlardir.
Keyingi tahrirga qarang.
5-modda. Tovar isteʼmol krediti va uni beruvchi tashkilotlar
Tovar isteʼmol krediti sotib olingan tovarlar, bajarilgan ishlar yoki koʻrsatilgan xizmatlar haqini boʻlib-boʻlib toʻlash tarzida isteʼmolchiga beriladigan kreditdir.
Isteʼmol tovarlarini (ishlarni, xizmatlarni) ishlab chiqaruvchi korxonalar yoki realizatsiya qiluvchi tashkilotlar tovar isteʼmol krediti beruvchi tashkilotlardir.
6-modda. Isteʼmol krediti obyekti
Jismoniy shaxsning isteʼmol ehtiyojlari uchun moʻljallangan tovarlar (ishlar, xizmatlar) isteʼmol krediti obyekti boʻlishi mumkin.
Koʻchmas mulk, shuningdek qonunga muvofiq muomaladan chiqarilgan yoki muomalada boʻlishi cheklangan boshqa mol-mulk isteʼmol krediti obyekti boʻlishi mumkin emas.
7-modda. Isteʼmol krediti berish
Isteʼmol krediti isteʼmol krediti berish qoidalariga muvofiq isteʼmol krediti shartnomasi (bundan buyon matnda shartnoma deb yuritiladi) boʻyicha toʻlovlilik, muddatlilik va taʼminlanganlik shartlari bilan beriladi.
Isteʼmol krediti oʻz faoliyati natijasida olingan daromadlarga, pensiya va boshqa daromadlarga (bundan buyon matnda daromadlar deb yuritiladi) ega boʻlgan jismoniy shaxslarga beriladi.
Isteʼmol krediti berish qoidalari isteʼmol krediti beruvchi tashkilot tomonidan ushbu Qonunga muvofiq belgilanadi.
Isteʼmol krediti berish qoidalari hamma tanishib chiqishi uchun ochiq boʻlishi va ularda isteʼmol krediti berish shartlari, shuningdek kredit miqdori, uni berish muddati, foiz stavkasi, isteʼmolchi toʻlashi lozim boʻlgan toʻlovlar jadvali toʻgʻrisidagi maʼlumotlar koʻrsatilgan boʻlishi kerak.
Tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) kreditga sotish sotuv kunida amalda boʻlgan narxlar boʻyicha amalga oshiriladi. Realizatsiya qilingan tovarlar (ishlar, xizmatlar) narxlarining keyinchalik oʻzgarishi shartnoma taraflarining majburiyatlariga taʼsir etmaydi.
8-modda. Isteʼmol krediti olish uchun taqdim etiladigan hujjatlar
Isteʼmol krediti berish qoidalariga muvofiq isteʼmolchi isteʼmol krediti olish uchun kredit buyurtmasini va oʻz daromadlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar koʻrsatilgan boshqa hujjatlarni isteʼmol krediti beruvchi tashkilotga taqdim etadi.
Kredit buyurtmasida quyidagi maʼlumotlar koʻrsatiladi:
isteʼmolchining familiyasi, ismi, otasining ismi, pasporti (yoki pasport oʻrnini bosuvchi hujjati) seriyasi va raqami hamda yashash joyi;
Keyingi tahrirga qarang.
isteʼmol kreditining obyekti;
isteʼmol kreditining muddati;
isteʼmolchining faoliyat turi va daromadlari;
isteʼmolchi tomonidan shartnoma boʻyicha majburiyatlarning bajarilishini taʼminlash usuli.
Kredit buyurtmasi buyurtma berilgan sana koʻrsatilgan holda isteʼmolchi tomonidan imzolanadi.
9-modda. Kredit buyurtmasini koʻrib chiqish tartibi
Isteʼmol krediti beruvchi tashkilot kredit buyurtmasini olganidan soʻng kredit berish toʻgʻrisida yoki kredit berishni asoslantirilgan holda rad etish haqida besh ish kuni ichida qaror qabul qiladi.
Isteʼmol krediti berish asoslantirilgan holda rad etilgan taqdirda, isteʼmol krediti beruvchi tashkilot isteʼmolchiga bu haqda yozma shaklda maʼlum qilishi shart.
Kredit buyurtmasi isteʼmol krediti beruvchi tashkilot tomonidan koʻrib chiqilayotganda quyidagilarning tahlili amalga oshiriladi:
isteʼmolchining daromadlari yetarliligini va kredit tarixini aniqlash;
kredit buyurtmasida bayon etilgan maʼlumotlarning bir-biriga zid boʻlmasligi;
isteʼmol krediti summasini qaytarishning maqbul istiqbollari mavjudligi.
10-modda. Shartnoma shartlari
Shartnomada quyidagilar nazarda tutilgan boʻlishi lozim:
isteʼmolchining familiyasi, ismi, otasining ismi, pasporti (yoki pasport oʻrnini bosuvchi hujjati) seriyasi va raqami hamda yashash joyi;
Keyingi tahrirga qarang.
isteʼmol krediti beruvchi tashkilotning nomi va boshqa rekvizitlari;
isteʼmol kreditining obyekti haqidagi maʼlumotlar;
isteʼmol kreditining umumiy summasi;
isteʼmolchi tomonidan shartnoma boʻyicha majburiyatlarning bajarilishini taʼminlash usuli;
foiz stavkasi;
isteʼmol krediti beruvchi tashkilot talab qilgan taqdirda, sotib olingan tovarning (ishning, xizmatning) qiymatini oldindan toʻlash uchun boʻnak miqdori;
isteʼmol krediti berish hamda uning summasini qaytarish tartibi va muddatlari;
taraflarning huquq va majburiyatlari;
shartnoma boʻyicha majburiyatlar bajarilmaganda yoki lozim darajada bajarilmaganda taraflarning javobgarligi;
shartnomaning amal qilish muddati;
shartnomani oʻzgartirish va bekor qilish tartibi;
qonun hujjatlariga muvofiq boshqa shartlar.
Keyingi tahrirga qarang.
11-modda. Shartnomaning shakli va shartnomani roʻyxatdan oʻtkazish
Shartnoma yozma shaklda tuziladi.
Shartnoma quyidagi hollarda notarial tartibda tasdiqlanadi:
taraflardan birining talabi boʻyicha;
isteʼmol krediti obyekti boʻlgan mol-mulk boʻyicha bitimlar qonunga muvofiq notarial tartibda tasdiqlanishi talab etilgan taqdirda.
Shartnoma qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi kerak.
Keyingi tahrirga qarang.
12-modda. Shartnomani oʻzgartirish va bekor qilish
Shartnoma shartlari, agar qonun hujjatlarida boshqacha qoida nazarda tutilgan boʻlmasa, taraflarning kelishuviga muvofiq oʻzgartirilishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
Tegishli darajada sifatli boʻlmagan tovar (ish, xizmat) sotib olingan va uni sifati tegishli darajada boʻlgan boshqa shunga oʻxshash tovarga (ishga, xizmatga) almashtirish imkoniyati boʻlmagan taqdirda, shartnoma tovar isteʼmol krediti bergan tashkilot shartnomani bekor qilish haqida yozma ravishda xabardor etilgan kundan eʼtiboran bir oy ichida isteʼmolchi tomonidan bekor qilinishi mumkin. Shartnoma bekor qilingan taqdirda, tovar isteʼmol krediti bergan tashkilot sotib olingan tovar (ish, xizmat) uchun toʻlangan pul summasini isteʼmolchiga qaytarib beradi.
Isteʼmolchi foydalanilmagan moliyaviy isteʼmol kreditidan voz kechish haqida moliyaviy isteʼmol krediti bergan tashkilotni shartnoma tuzilgan kundan eʼtiboran ikki hafta ichida yozma ravishda xabardor etish orqali mazkur kreditdan voz kechishga haqli.
Isteʼmolchi shartnoma tuzilgan kundan eʼtiboran bir oy ichida isteʼmol kreditidan foydalanmagan taqdirda, isteʼmol krediti bergan tashkilot shartnomani bekor qilish haqida isteʼmolchini yozma ravishda xabardor etish orqali shartnomani bir tomonlama tartibda bekor qilishga haqli.
Yozma xabar topshirilgan yoki pochta orqali joʻnatilgan sana mazkur yozma xabar yuborilgan sana hisoblanadi.
13-modda. Isteʼmolchining huquq va majburiyatlari
Isteʼmolchi quyidagi huquqlarga ega:
isteʼmol krediti berish qoidalari bilan tanishib chiqish;
oʻz huquq va majburiyatlari toʻgʻrisida, shu jumladan isteʼmol krediti berish bilan bogʻliq barcha xarajatlar haqida ishonchli hamda toʻliq axborot olish;
shartnoma shartlarining shartnomada belgilangan tartibda va muddatlarda bajarilishini talab qilish;
tegishli darajada sifatli boʻlmagan sotib olingan tovarning (ishning, xizmatning) almashtirilishini talab qilish yoki uni sifati tegishli darajada boʻlgan boshqa shunga oʻxshash tovarga (ishga, xizmatga) almashtirish imkoniyati boʻlmaganida shartnomani bekor qilish;
isteʼmol krediti beruvchi tashkilotdan shartnoma boʻyicha majburiyatlarni bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi natijasida yetkazilgan zararlarning oʻrnini qoplashni talab qilish.
Isteʼmolchi:
isteʼmol krediti olish uchun zarur hujjatlarni taqdim etishi;
bank yoki boshqa kredit tashkilotidan olingan moliyaviy isteʼmol kreditidan shartnomaga muvofiq belgilangan maqsadda foydalanishi;
tovar (ish, xizmat) haqini shartnomaga muvofiq oʻz vaqtida toʻlashi;
olingan moliyaviy isteʼmol kreditini qaytarishni va mazkur kredit boʻyicha hisoblangan foizlarni toʻlashni shartnomada belgilangan tartibda hamda muddatlarda amalga oshirishi shart.
Isteʼmolchi qonun hujjatlariga hamda shartnomaga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi va uning zimmasida boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
14-modda. Isteʼmol krediti beruvchi tashkilotning huquq va majburiyatlari
Isteʼmol krediti beruvchi tashkilot quyidagi huquqlarga ega:
isteʼmolchiga isteʼmol krediti berish yoki isteʼmol krediti berishni asoslantirilgan holda rad etish;
isteʼmol krediti berish va shartnoma boʻyicha majburiyatlarni bajarish uchun zarur boʻlgan hujjatlarni isteʼmolchidan soʻrab olish;
toʻlov oʻz vaqtida amalga oshirilmagan taqdirda, berilgan isteʼmol krediti summasi muddatidan ilgari qaytarib berilishini va mazkur kredit boʻyicha hisoblangan foizlar toʻlanishini talab qilish.
Isteʼmol krediti beruvchi tashkilot:
isteʼmolchining huquq va majburiyatlari toʻgʻrisida, shu jumladan isteʼmol krediti berish bilan bogʻliq barcha xarajatlar haqida isteʼmolchiga ishonchli hamda toʻliq axborotni maʼlum qilishi;
moliyaviy isteʼmol kreditini yoki tovarni (ishni, xizmatni) shartnomada belgilangan tartibda va muddatda berishi;
isteʼmol krediti berish qoidalarini hamma tanishib chiqishi uchun qulay boʻlgan joyga joylashtirishi;
tovar isteʼmol krediti berilganda, tovarni (ishni, xizmatni) sifati tegishli darajada boʻlgan boshqa shunga oʻxshash tovarga (ishga, xizmatga) almashtirishi, bunda narxlarda farq boʻlgan taqdirda, isteʼmolchi bilan zarur hisob-kitobni amalga oshirishi;
shartnoma boʻyicha majburiyatlar bajarilmaganligi yoki tegishli darajada bajarilmaganligi natijasida yetkazilgan zararlarning oʻrnini isteʼmolchiga qoplashi shart.
Isteʼmol krediti beruvchi tashkilot qonun hujjatlariga hamda shartnomaga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi va uning zimmasida boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
15-modda. Moliyaviy isteʼmol kreditining xususiyatlari
Moliyaviy isteʼmol kreditidan foydalanilganda:
shartnoma isteʼmolchi tomonidan tovarni (xizmatni) sotib olishga doir shartnoma kuchga kirguniga qadar yoki kuchga kirganidan keyin tuzilishi mumkin;
isteʼmolchi moliyaviy isteʼmol krediti olish toʻgʻrisida isteʼmol tovarlarini (xizmatlarni) ishlab chiqaruvchi korxonani yoki realizatsiya qiluvchi tashkilotni oldindan yozma shaklda xabardor qilishi shart.
Moliyaviy isteʼmol krediti berish Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilgan isteʼmol tovarlarini (xizmatlarni) ishlab chiqaruvchi korxona yoki realizatsiya qiluvchi tashkilotning bankdagi hisobvaragʻiga bank yoxud boshqa kredit tashkiloti tomonidan pul mablagʻlari oʻtkazish yoʻli bilan amalga oshiriladi.
Moliyaviy isteʼmol kreditining naqd pulda berilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
16-modda. Isteʼmol kreditini muddatidan ilgari qaytarish
Isteʼmolchi olingan isteʼmol krediti summasini qaytarishni va mazkur kredit boʻyicha hisoblangan foizlarni toʻlashni muddatidan ilgari amalga oshirishga haqli. Bunday holda isteʼmolchi faqat isteʼmol kreditidan haqiqatda foydalanilgan muddat uchun foizlar toʻlaydi.
17-modda. Isteʼmolchi tomonidan shartnoma boʻyicha majburiyatlarning bajarilishini taʼminlash
Isteʼmolchi tomonidan shartnoma boʻyicha majburiyatlarning bajarilishi:
bank yoki sugʻurta tashkilotining kafolati;
uchinchi shaxslarning kafilligi;
mol-mulk va qimmatli qogʻozlar garovi, shu jumladan garov depoziti, banklarning omonat sertifikatlari;
qonun hujjatlarida va shartnomada nazarda tutilgan boshqa usullar bilan taʼminlanishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
Isteʼmolchining daromadlari hajmi, shuningdek shartnoma boʻyicha majburiyatlar bajarilishining isteʼmolchi tomonidan taqdim etilgan taʼminoti isteʼmol krediti summasini qaytarish va mazkur kredit boʻyicha hisoblangan foizlarni toʻlash uchun yetarli boʻlishi kerak.
Moliya isteʼmol krediti berish shartnomasi va uning qarz oluvchi tomonidan bajarilishi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Kredit axboroti milliy institutining maʼlumotlar bazasiga kredit tarixini shakllantirish uchun joylashtiriladi va ulardan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda foydalaniladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Isteʼmolchi shartnoma boʻyicha oʻz majburiyatlarini bajarmagan taqdirda, kafolat beruvchi yoki kafil isteʼmol kreditini qaytarish muddati tugagach, isteʼmol krediti beruvchi tashkilotning birinchi talabiga binoan qonun hujjatlariga va shartnomaga muvofiq isteʼmol krediti summasini qaytarishi hamda mazkur kredit boʻyicha hisoblangan foizlarni toʻlashi shart.
Keyingi tahrirga qarang.
18-modda. Nizolarni hal etish
Isteʼmol krediti berish sohasidagi nizolar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
19-modda. Isteʼmol krediti toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik
Isteʼmol krediti toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
Keyingi tahrirga qarang.
20-modda. Qonun hujjatlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirish
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin, davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin.
21-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi
Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2006-yil 6-may,
OʻRQ–33-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 19-son, 160-modda; 2012-y., 15-son, 163-modda; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son, Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 14.03.2022-y., 03/22/759/0213-son, 21.04.2022-y., 03/22/765/0332-son; 11.04.2023-y., 03/23/828/0206-son)