Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 09.10.2020
O‘zbekiston standartlashtirish, metrologiyava sertifikatlashtirish agentligi bosh direktorining
buyrug‘i
Texnik vositalarni o‘lchash vositalari va sinash vositalari jumlasiga kiritish mezonlarini tasdiqlash haqida
[O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2016-yil 3-oktabrda ro‘yxatdan o‘tkazildi, ro‘yxat raqami 2829]
 LexUZ sharhi
Mazkur buyruq O‘zbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi bosh direktorining 2020-yil 27-apreldagi 43-sonli ““Texnik vositalarni o‘lchash vositalari va sinash vositalari jumlasiga kiritish mezonlarini tasdiqlash haqida”gi buyruqni o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish to‘g‘risida”gi buyrug‘iga (ro‘yxat raqami 2829-1, 07.05.2020-y.) asosan 2020-yil 9-oktabrdan o‘z kuchini yo‘qotadi.
O‘zbekiston Respublikasining “Metrologiya to‘g‘risida”gi Qonuni va Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 5-avgustdagi 373-sonli “O‘zbekiston davlat standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi tuzilmasini takomillashtirish va uning faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq buyuraman:
1. Texnik vositalarni o‘lchash vositalari va sinash vositalari jumlasiga kiritish mezonlari ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran uch oy o‘tgach kuchga kiradi.
Bosh direktor A. KURBANOV
Toshkent sh.,
2016-yil 15-sentabr,
550-son
O‘zbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi bosh direktorining 2016-yil 15-sentabrdagi 550-sonli buyrug‘iga
ILOVA
Texnik vositalarni o‘lchash vositalari va sinash vositalari jumlasiga kiritish
MEZONLARI
Ushbu Mezonlar “Metrologiya to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 7-moddasiga muvofiq, texnik vositalarni o‘lchash vositalari va sinash vositalari jumlasiga kiritishda qo‘llaniladi.
1. Quyidagilar texnik vositalarni o‘lchash vositalari jumlasiga kiritish mezonlari hisoblanadi:
o‘lchashlarni amalga oshirish maqsadida qo‘llanilishi;
qiymatlari ma’lum vaqt davomida o‘zgarmas deb qabul qilinadigan normalangan metrologik xususiyatlarga ega bo‘lishi;
o‘lchash natijalarining qonunlashtirilgan birliklarda belgilab qo‘yilgan aniqlikda bo‘lishini ta’minlashi;
kattalik birliklari, kattalik birliklarining karrali yoki ulushli qiymatlarini saqlash, uzatish va qayta tiklash imkonining mavjudligi;
mexanik, elektrik, optik, fizik-kimyoviy, elektron tamoyilda (tamoyillarda) ishlashi;
normativ-huquqiy hujjatlar va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarning talablariga muvofiqligi.
2. Quyidagilar texnik vositalarni sinash vositalari jumlasiga kiritish mezonlari hisoblanadi:
sinashlarni amalga oshirish maqsadida qo‘llanilishi;
qiymatlari ma’lum vaqt davomida o‘zgarmas deb qabul qilinadigan normalangan texnik tavsiflarga ega bo‘lishi;
o‘lchash natijalarining qonunlashtirilgan birliklarda belgilab qo‘yilgan aniqlikda bo‘lishini, shuningdek sinash natijalarining ishonchliligini ta’minlashi;
mexanik, elektrik, optik, fizik-kimyoviy, elektron tamoyilda (tamoyillarda) ishlashi;
normativ-huquqiy hujjatlar va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarning talablariga muvofiqligi.
3. Quyidagilar o‘lchash vositalari va/yoki sinash vositalari hisoblanmaydi:
asosan indikator funksiyasiga ega bo‘lgan, natijalari o‘lchash va/yoki sinash natijalari hisoblanmaydigan, faqat dastlabki baholash uchun qo‘llanadigan texnik vositalar;
faqat o‘lchash va/yoki sinash natijalari haqida axborot uzatish funksiyalarini bajaradigan texnik vositalar.
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2016-y., 40-son, 471-modda)