Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining ustavi hamda haqiqiy aʼzolari (akademiklari) va muxbir aʼzolarini saralash va tasdiqlash tartibini tasdiqlash toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2025-yil 27-dekabrdagi PQ-390-son qarori ijrosini taʼminlash, shuningdek, mamlakatimiz ilm-fan sohasining istiqbolli ilmiy yoʻnalishlari boʻyicha ilmiy-texnik va innovatsion tadqiqotlarni amalga oshirish, ilmiy ishlanmalarning natijalarini amaliyotga joriy etish, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish hamda yuqori malakali ilmiy kadrlar tayyorlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining ustavi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining haqiqiy aʼzolari (akademiklari) va muxbir aʼzolarini tanlov asosida saralash va tasdiqlash tartibi toʻgʻrisidagi nizom 1 va 2-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin:
Fanlar akademiyasining asosiy vazifalari va funksiyalari, ilmiy tadqiqotlarni taʼlim va ishlab chiqarish bilan integratsiya qilish mexanizmlarini mustahkamlash va rivojlantirish bosqichlari boʻyicha takliflar ishlab chiqish;
Fanlar akademiyasining Umumiy yigʻilishi vakolatlarini belgilash, Umumiy yigʻilishda akademiklar faolligini oshirish;
Fanlar akademiyasi aʼzoligiga saylash va ilmiy tashkilotlar direktorligiga nomzodlarni tayinlash tartibini belgilash.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 3-ilovaga muvofiq ayrim qarorlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ikki oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
4. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi prezidenti Sh.A. Ayupov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2026-yil 3-iyun,
282-son
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 3-iyundagi 282-son qaroriga
1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining
USTAVI
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Ustav Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining (keyingi oʻrinlarda — Fanlar akademiyasi) maqomi, asosiy vazifalari va funksiyalari, Fanlar akademiyasi aʼzolarining huquqlari va majburiyatlari, shuningdek, faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.
2. Fanlar akademiyasi mamlakatning ilm-fan, texnika, madaniyat va maʼrifat sohalarida fundamental, ilmiy-amaliy tadqiqotlar va innovatsion ishlanmalarni (keyingi oʻrinlarda — ilmiy tadqiqotlar) muvofiqlashtiruvchi va amalga oshiruvchi yetakchi davlat ilmiy tashkiloti hisoblanadi.
3. Fanlar akademiyasi oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, boshqa qonunchilik hujjatlariga, shuningdek, ushbu Ustavga amal qiladi.
4. Fanlar akademiyasining faoliyati Oʻzbekiston Respublikasi qonunchilik hujjatlari va ushbu Ustavga muvofiq oʻzini oʻzi boshqarish va takomillashtirish tamoyillari asosida amalga oshiriladi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti va budjetdan tashqari mablagʻlar hisobidan moliyalashtiriladi.
5. Fanlar akademiyasi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga (keyingi oʻrinlarda — Vazirlar Mahkamasi) oʻz vazifalarini amalga oshirish jarayonidagi dolzarb va ustuvor muammolarni hal etishda qonunchilik hujjatlarini takomillashtirish boʻyicha belgilangan tartibda takliflar kiritish huquqiga ega.
6. Fanlar akademiyasi, uning Qoraqalpogʻiston mintaqaviy boʻlimi (keyingi oʻrinlarda — mintaqaviy boʻlim), viloyatlardagi hududiy boʻlimlari (keyingi oʻrinlarda — hududiy boʻlimlar), ilmiy tashkilotlari va tizimidagi tashkilotlar (keyingi oʻrinlarda — tizim tashkilotlari) oʻzining ustavida belgilangan maqsadlarga mos keladigan tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanishi mumkin.
7. Fanlar akademiyasi oʻz tizim tashkilotlari mol-mulklariga, ular tomonidan yaratilgan intellektual mulk obyektlariga (ilmiy-tadqiqot ishlari natijalari, “nou-xau”lar, ilmiy-tekshirish, tajriba-konstruktorlik va texnologiya ishlari, ixtirolar, foydali modellar, sanoat namunalari, seleksiya yutuqlari, urugʻchilik, dasturiy mahsulotlar va shu kabilarga) belgilangan tartibda egalik qilish, ulardan foydalanish va ularni tasarruf etish huquqiga ega.
Bunda mazkur faoliyat bilan bogʻliq maʼlumotlar Fanlar akademiyasi tomonidan doimiy ravishda yuritiladigan maʼlumotlar bazasida aks ettiriladi hamda undan tadqiqotlar oʻtkaziladigan ilmiy tashkilotlar foydalanish huquqiga ega boʻladilar.
8. Fanlar akademiyasi oʻz tizim tashkilotlariga yuklangan funksiyalar va vazifalarning samarali bajarilishi uchun masʼul hisoblanadi.
9. Fanlar akademiyasi oʻz faoliyati boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga har yili hisobot beradi.
10. Fanlar akademiyasi, uning tizim tashkilotlari yuridik shaxs hisoblanadi hamda oʻzining mustaqil balansiga, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan, tashkilot nomi yozilgan muhrga, boshqa zarur muhr va shtamplarga, bank hisobvaraqlariga, jumladan, valyuta hisobvaragʻiga ega boʻladi.
11. Fanlar akademiyasining joylashgan joyi (pochta manzili): Toshkent shahri, akademik Yahyo Gʻulomov koʻchasi, 70-uy, 100047.
12. Fanlar akademiyasining rasmiy nomi:
davlat tilida — Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi;
rus tilida — Akademiya nauk Respubliki Uzbekistan;
ingliz tilida — Uzbekistan Academy of Sciences.
2-bob. Fanlar akademiyasining asosiy vazifalari va funksiyalari
13. Fanlar akademiyasining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
fizika-matematika, texnika, tabiiy, tibbiyot va biotexnologiya, qishloq xoʻjaligi, ijtimoiy-gumanitar ilm-fan sohalarida ilmiy tadqiqotlar oʻtkazish va ularning natijalarini amaliyotga tatbiq etish;
ilm-fanni taʼlim va ishlab chiqarish bilan integratsiya qilish mexanizmlarini mustahkamlash va rivojlantirish;
iqtisodiyot tarmoqlari va respublika hududlari ehtiyojlarini hisobga olgan holda, ilm-fan va texnologiya rivojlanishining ustuvor yoʻnalishlari, davlat ilmiy dasturlarini shakllantirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish;
respublika iqtisodiyoti uchun jahon va mamlakat ilm-fan yutuqlaridan foydalanishga oid tavsiyalar ishlab chiqish;
xorijiy davlatlarning ilmiy tashkilotlari va jamgʻarmalari bilan xalqaro hamkorlikni amalga oshirish, xalqaro grantlarni jalb qilish, xalqaro ilmiy forum va anjumanlarni tashkil etish va oʻtkazishda qatnashish;
mamlakatimiz ilm-fani, ilmiy salohiyati, fan-texnika sohasida erishilgan yutuqlarni targʻib qilish va ommalashtirish;
ilmiy tashkilotlarda faoliyat yuritish jozibadorligini oshirish orqali yosh kadrlar oqimini taʼminlash hamda yuqori malakali ilmiy kadrlarni tayyorlashda ishtirok etish.
14. Fanlar akademiyasi oʻziga yuklangan vazifalarni bajarish uchun quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
a) fizika-matematika, texnika, tabiiy, tibbiyot va biotexnologiya, qishloq xoʻjaligi, ijtimoiy-gumanitar ilm-fan sohalarida ilmiy tadqiqotlar oʻtkazish va ularning natijalarini amaliyotga tatbiq etish boʻyicha:
ilm-fan, texnika va innovatsion rivojlanish sohasida ilmiy loyihalarni amalga oshirishni oʻz vakolati doirasida taʼminlaydi;
ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasidagi ilmiy loyihalarni ekspertizadan oʻtkazishda ishtirok etadi;
davlat va jamiyatni ijtimoiy-iqtisodiy, ilmiy-texnik, madaniy-maʼrifiy va maʼnaviy-axloqiy rivojlantirishga yoʻnaltirilgan fizika-matematika, texnika, tabiiy, qishloq xoʻjaligi, tibbiyot, ijtimoiy-gumanitar fanlar sohasida ilmiy tadqiqotlar oʻtkazadi, ilmiy tadqiqot natijalarini amaliyotga tatbiq etish mexanizmlarini ishlab chiqadi;
ilmiy faoliyat subyektlari uchun ilmiy asbob-uskunalardan jamoaviy foydalanish markazlari, noyob ilmiy obyektlardan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tarzda foydalanish bilan bogʻliq zarur shart-sharoitlar yaratadi;
tadqiqotchilar va ilmiy tadqiqot oʻtkazayotgan jamoalarning ilmiy asarlarini tezkorlik bilan eʼlon qilish maqsadida noshirlik faoliyatini amalga oshiradi, Fanlar akademiyasining davriy nashrlarini tayyorlash va chop etish ishlarini taʼminlaydi. Fanlar akademiyasining davriy nashrlari tahririyati tarkibiga xorijiy olimlarni jalb etadi va ularning faoliyatini tashkil etadi;
Fanlar akademiyasi, uning tizim tashkilotlari, Fanlar akademiyasining haqiqiy aʼzolari (akademiklari) va muxbir aʼzolari, shuningdek, tizim tashkilotlarida ilmiy xodimlar va mutaxassislarning samarali faoliyatini taʼminlaydi, ilmiy tadqiqotlarni tashkil etadi va oʻtkazadi;
b) ilm-fanni taʼlim va ishlab chiqarish bilan integratsiya qilish mexanizmlarini mustahkamlash va rivojlantirish boʻyicha:
iqtisodiyotning jadal oʻsib borayotgan yoʻnalishlarida “oliy taʼlim tashkiloti — ilmiy tashkilot — korxona” oʻrtasida hamkorlikni mustahkamlaydi va takomillashtiradi;
Fanlar akademiyasi, uning tizim tashkilotlari turdosh oliy taʼlim va tarmoq ilmiy tashkilotlari bilan olimlarning avlod almashinuvi uzviyligini, shuningdek, ilmiy tashkilotlar uchun yosh mutaxassislar tayyorlashda hamkorlikni taʼminlaydi;
Fanlar akademiyasining akademiklari va yetakchi olimlari tomonidan sohaviy oliy taʼlim tashkilotlarida maʼruza mashgʻulotlari oʻtkazilishini, fan doktori ilmiy darajasi (DSc) va falsafa doktori (PhD) talabgorlariga hamda magistrlarning ilmiy ishlariga rahbarlikni taʼminlaydi;
Fanlar akademiyasining ilmiy tashkilotlari va oliy taʼlim tashkilotlarining fakultetlari bazasida fundamental va amaliy tadqiqotlar oʻtkazadigan idoralararo ilmiy-tadqiqot laboratoriyalari va markazlarini tashkil etadi;
davlat muzeylari va koʻrgazmalar, innovatsion va (yoki) ilmiy-texnologik tuzilmalarni (texnoparklar, innovatsion markazlar, innovatsion klasterlar va boshqalar) tashkil etishda va ularning faoliyatini ilmiy-uslubiy qoʻllab-quvvatlashda ishtirok etadi;
ilm-fanning moddiy-texnik bazasi va ijtimoiy taʼminotini rivojlantirishga, ilm-fan, taʼlim va ishlab chiqarish oʻrtasidagi aloqalarni mustahkamlashga, integratsiya mexanizmlarini takomillashtirishga, ilm-fanning innovatsion salohiyatidan samarali foydalanishga doir takliflarni yuqori tashkilotlarga kiritishda tashabbus koʻrsatadi va ularni ishlab chiqishda bevosita ishtirok etadi;
v) respublika iqtisodiyoti uchun ilm-fan va texnologiyalarni rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlari, davlat ilmiy dasturlarini shakllantirish uchun takliflar ishlab chiqish boʻyicha:
istiqbolli ilmiy tadqiqotlarning davlat va boshqa ilmiy-texnik dasturlarini;
mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish davlat dasturlarini (ilmiy-uslubiy ekspertiza va dasturlarni amalga oshirishning maqsadga muvofiqligini asoslash boʻyicha);
ilmiy tashkilotlarning ilmiy tadqiqotlari va innovatsion faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan va belgilangan tartibda jalb etilgan budjetdan tashqari manbalaridan moliyalashtirishning samarali mexanizmlarini;
Fanlar akademiyasi ilm-fan va texnologiyalarni rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlarini, ular asosida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan texnologiyalar va innovatsiyalarni rivojlantirish istiqbollarini ishlab chiqadi hamda Vazirlar Mahkamasiga taqdim etadi;
g) respublika iqtisodiyoti uchun jahon va mamlakat ilm-fan yutuqlaridan foydalanishga oid tavsiyalar ishlab chiqish boʻyicha:
jahon ilm-fani va texnologiya yutuqlarini umumlashtiradi, ulardan foydalanishni tavsiya etadi, ilmiy tashkilotlar faoliyatiga xorijiy hamda ichki investitsiyalar jalb etilishida ishtirok etadi, shuningdek, ulardan oqilona foydalanilishini taʼminlaydi;
Fanlar akademiyasida yaratilgan ixtirolarni va boshqa intellektual mulk obyektlari oʻz vaqtida patentlanishida, shu jumladan, xalqaro patentlar olishda koʻmaklashadi, qonunchilik hujjatlariga muvofiq ulardan oʻz faoliyatida foydalanadi va ularning himoya qilinishini taʼminlaydi. Tijorat sirini tashkil etuvchi “nou-xau” va boshqa intellektual mulk obyektlarini himoya qilish uchun tegishli choralarni koʻradi;
iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirish va ilmiy hajmdor mahsulotlar ishlab chiqarishni tashkil etishga koʻmaklashadi;
mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy-huquqiy, maʼnaviy-maʼrifiy intellektual salohiyatini oshirishga xizmat qiladigan ilm-fan yutuqlarini va ilmiy hajmdor texnologiyalarni amaliyotga qoʻllashga doir samarali takliflarni ishlab chiqadi va tegishli tashkilotlarga kiritadi;
d) xorijiy davlatlarning ilmiy tashkilotlari va jamgʻarmalari bilan xalqaro hamkorlikni amalga oshirish, xalqaro grantlarni jalb qilish, xalqaro ilmiy forum va anjumanlarni tashkil etish va oʻtkazishda qatnashish boʻyicha:
xorijiy mamlakatlar ilmiy tashkilotlari va taʼlim tashkilotlari bilan xalqaro ilmiy-texnik hamkorlikning samarali shakllari hamda yoʻnalishlarini, jumladan, hamkorlikda ilmiy loyihalarni amalga oshiradi;
ilmiy kadrlarning, shu jumladan, Fanlar akademiyasi ilmiy tashkilotlari yosh olimlarining xorijdagi yetakchi ilmiy va taʼlim tashkilotlarida oʻqishini va malakasini oshirishni tashkil etishda koʻmaklashadi;
xorijiy ilmiy tashkilot va oliy taʼlim tashkilotlari bilan hamkorlikdagi ilmiy tadqiqotlar uchun xorijiy tashkilotlar hamda jamgʻarmalarning xalqaro ilmiy grantlarini jalb etadi;
dolzarb ilmiy-texnik muammolar hamda buyuk mutafakkirlar, mashhur ilm-fan va adabiyot arboblari sharafiga bagʻishlangan xalqaro ilmiy, ilmiy-texnik kongresslar, konferensiyalar, simpoziumlar, seminarlarni tashkil etish va oʻtkazishda, shuningdek, xalqaro ilmiy jurnallarning tahrir hayʼatlari ishlarida ishtirok etadi;
Fanlar akademiyasi oʻz faoliyatini amalga oshirish uchun turli vaqtincha yoki doimiy komissiyalar, jumladan, ilmiy faoliyat etikasi boʻyicha komissiya, arxiv komissiyasi va boshqalarni tashkil etadi;
e) mamlakatimiz ilm-fani, ilmiy salohiyati, fan-texnika sohasida erishilgan yutuqlarni targʻib qilish va ommalashtirish boʻyicha:
mamlakatimiz va jahonning ilmiy yutuqlari, shuningdek, mutafakkir ajdodlarimizning sivilizatsiyaga qoʻshgan boy ilmiy merosini ommalashtirish orqali ilmiy bilimlarni targʻib qiladi;
Fanlar akademiyasining taniqli olimlar sharafiga va ularning nomi bilan ataluvchi mukofotlarni taʼsis etish boʻyicha belgilangan tartibda yuqori tashkilotlarga takliflar kiritadi va bu mukofotlarni yuksak ilmiy va ilmiy-texnik yutuqlarga erishgan olimlar hamda ijodiy jamoalarga beradi;
ilmiy-tadqiqotlar ishlarining eng muhim yoʻnalishlari boʻyicha ilmiy kengashlar, jamiyatlar va boshqa birlashmalarni tashkil etadi, ularning samarali ishlashini taʼminlaydi hamda ilm-fanni rivojlantirishda ularning imkoniyatlaridan keng foydalanadi;
Fanlar akademiyasi olimlarining ilmiy yutuqlarini ommaviy axborot vositalari orqali muntazam yoritib boradi;
j) ilmiy tashkilotlarda faoliyat yuritish jozibadorligini oshirish orqali yosh kadrlar oqimini taʼminlash hamda yuqori malakali ilmiy kadrlarni tayyorlashda ishtirok etish boʻyicha:
ilm-fan va taʼlimning jamiyat hayotidagi nufuzi hamda ahamiyatini oshirish, olimlarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, ilmiy xodimlarning huquqlarini taʼminlashga doir tadbirlarni amalga oshiradi;
Fanlar akademiyasining ilmiy va moddiy-texnik bazasidan foydalangan holda, ilmiy-tadqiqotlar ishlarini tashkil etish va oʻtkazishga fan tarmoqlari boʻyicha yuqori malakali ilmiy kadrlar tayyorlashda tarmoq ilmiy-tadqiqot va oliy taʼlim tashkilotlariga koʻmaklashadi;
Fanlar akademiyasi huzuridagi Yosh olimlar kengashi faoliyatini tubdan takomillashtiradi va ularning ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash tizimini ishlab chiqadi.
3-bob. Fanlar akademiyasining Umumiy yigʻilishi
15. Fanlar akademiyasining Umumiy yigʻilishi (keyingi oʻrinlarda — Umumiy yigʻilish) uning yuqori boshqaruv organi hisoblanib, Fanlar akademiyasining haqiqiy aʼzolari (akademiklari) va muxbir aʼzolaridan hamda ilmiy tashkilotlar direktorlaridan iborat boʻladi.
16. Umumiy yigʻilish ilm-fan rivojlanishining eng muhim masalalari va Fanlar akademiyasi faoliyatini koʻrib chiqish uchun Fanlar akademiyasi Prezidiumi tomonidan yiliga kamida bir marta chaqiriladi.
Umumiy yigʻilish Fanlar akademiyasi Prezidiumi qarori yoki Umumiy yigʻilish aʼzolarining kamida uchdan bir qismining murojaati, shuningdek, fan yoʻnalishlari boʻlimlarining taklifiga koʻra ular tavsiya etgan masalalarni muhokama qilish uchun ham chaqirilishi mumkin.
17. Umumiy yigʻilish:
ilm-fanni rivojlantirishning ustuvor va istiqbolli yoʻnalishlarini muhokama qiladi hamda ular boʻyicha zarur tavsiyalar ishlab chiqadi va qabul qiladi;
ovoz berish orqali Fanlar akademiyasi prezidenti, Birinchi vitse-prezidenti — bosh ilmiy kotib va vitse-prezidentlarni besh yil muddatga saylaydi, shuningdek, ushbu Ustavga muvofiq ularni lavozimidan ozod etish boʻyicha Fanlar akademiyasi Prezidiumiga takliflar beradi;
Fanlar akademiyasining ustavini tasdiqlash, unga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritadi;
Fanlar akademiyasining xorijiy va faxriy aʼzolarini ochiq ovoz berish yoʻli bilan saylaydi;
Fanlar akademiyasining yillik hisobotini muhokama qiladi va tasdiqlaydi;
Fanlar akademiyasi prezidenti, Birinchi vitse-prezidenti — bosh ilmiy kotib, vitse-prezidentlari va Fanlar akademiyasining mintaqaviy va viloyatlardagi hududiy boʻlimlari rahbarlari (raislari)ning yillik hisobotlarini muhokama qiladi va tasdiqlaydi;
ilm-fanning ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha yetakchi olimlarning maʼruzalarini eshitadi, muhokama qiladi, tegishli tavsiyalar beradi;
ilm-fan sohasidagi dolzarb ilmiy-tashkiliy masalalarni muhokama qiladi;
ilmiy tashkilotlarni tashkil qilish va ularning faoliyatini tugatish toʻgʻrisidagi masalalarni koʻrib chiqadi;
zarurat boʻlganda, Fanlar akademiyasi faoliyatiga daxldor boshqa masalalarni ham koʻrib chiqadi.
18. Umumiy yigʻilish aʼzolarining kamida uchdan ikki qismi majlisda qatnashganda va qaror qabul qilish uchun yigʻilishda qatnashganlarning uchdan ikki qismi ovoz bergan taqdirda, Umumiy yigʻilish vakolatli boʻladi va uning qarorlari qabul qilingan hisoblanadi.
19. Umumiy yigʻilish qarorlarini bajarish Fanlar akademiyasi, uning tizim tashkilotlari, Fanlar akademiyasi haqiqiy aʼzolari (akademiklari) va muxbir aʼzolari va xodimlari uchun tavsiya etiladi.
4-bob. Fanlar akademiyasining tarkibi
20. Fanlar akademiyasi faoliyati ilmiy-tarmoq va hududiy tamoyillar boʻyicha tashkil etiladi.
21. Fanlar akademiyasi oʻz haqiqiy aʼzolari (akademiklari) va muxbir aʼzolari, faxriy va xorijiy aʼzolari, shuningdek, tizim tashkilotlarida xizmat qiluvchi ilmiy xodimlari va mutaxassislarini birlashtiradi.
22. Fanlar akademiyasi tarkibiga quyidagilar kiradi:
boshqaruv apparati;
mintaqaviy va hududiy boʻlimlar;
ilmiy tashkilotlar;
Fanlar akademiyasining tashkiliy tuzilmasiga kiruvchi boshqa tashkilotlar.
23. Fanlar akademiyasining tashkiliy tuzilmasi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadi.
Fanlar akademiyasi prezidenti zarurat boʻlganda, Fanlar akademiyasi boshqaruv apparatining tuzilmasiga xodimlarning belgilangan umumiy cheklangan soni va mehnatga haq toʻlash fondi doirasida oʻzgartirishlar kiritishi mumkin.
24. Fanlar akademiyasi Prezidiumi Fanlar akademiyasi faoliyatini tezkor boshqaruvchi kollegial organ hisoblanadi.
Fanlar akademiyasi Prezidiumi tarkibiga Fanlar akademiyasi prezidenti, Birinchi vitse-prezidenti — bosh ilmiy kotib, vitse-prezidentlar, mintaqaviy va hududiy boʻlim rahbarlari (Namangan, Samarqand va Termiz shaharlaridagi hududiy boʻlimlar rahbarlari bundan mustasno), Fanlar akademiyasi boshqaruv apparatidagi fan yoʻnalishlari boʻyicha boʻlimlar (keyingi oʻrinlarda — fan boʻlimlari) boshliqlari, shuningdek, ilm-fan yoʻnalishlaridan jamoatchilik asosida taklif etilgan akademiklar, muxbir aʼzolar kiradi.
Fanlar akademiyasi Prezidiumi tarkibi Umumiy yigʻilish tomonidan besh yil muddatga ochiq ovoz berish yoʻli bilan tasdiqlanadi.
Fanlar akademiyasi Prezidiumi fan boʻlimlari orqali ilmiy tashkilotlarni boshqaradi.
Fan boʻlimiga bevosita Fanlar akademiyasi Prezidiumi aʼzosi hisoblangan boʻlim boshligʻi rahbarlik qiladi. Boʻlim boshligʻi tegishli ilmiy yoʻnalishda faoliyat koʻrsatayotgan Fanlar akademiyasining haqiqiy aʼzolari (akademiklari) va muxbir aʼzolari orasidan besh yil muddatga ochiq ovoz berish yoʻli bilan saylanadi.
Fan boʻlimlari oʻz tizimidagi ilmiy tashkilotlar faoliyatini koʻrib chiqadi va har tomonlama tahlil qiladi, ularning faoliyat yoʻnalishlari, ilmiy, innovatsion va tashkiliy faoliyati darajasi va samaradorligini muhokama va tahlil qiladi, yillik hisobotlarni tasdiqlaydi.
Fan boʻlimlari mazkur tahlillar asosida ilmiy tashkilotlarning samarali faoliyatiga toʻsqinlik qilayotgan mavjud muammolarni aniqlaydi, yangi ilmiy tashkilotlarni tashkil qilish va ularning faoliyatini tugatish toʻgʻrisidagi masalalarni koʻrib chiqadi va Fanlar akademiyasi Prezidiumiga Umumiy yigʻilishda koʻrib chiqish uchun takliflar kiritadi.
Fanlar akademiyasi Prezidiumi oʻz qarori bilan fan boʻlimlari huzurida jamoatchilik asosida Hayʼat (keyingi oʻrinlarda — Hayʼat) tuzadi. Hayʼat har oyda bir martadan kam boʻlmagan yigʻilishlarni oʻtkazadi, uning ishiga koʻrilayotgan masalaga tegishli haqiqiy aʼzolari (akademiklari) va muxbir aʼzolar, soha va oliy taʼlim tashkilotlaridan yirik mutaxassislar taklif etiladi.
Hayʼat tegishli vitse-prezident bilan kelishilgan holda, mavjud boʻlgan ilmiy yoʻnalishlarning eng muhim ilmiy va ilmiy-tashkiliy muammolarini koʻrib chiqishi uchun majlislar tashkil etadi. Majlis yakunlari boʻyicha hisobot Fanlar akademiyasi Prezidiumiga koʻrib chiqish uchun taqdim etiladi.
25. Fanlar akademiyasi operativ boshqarish ishlarini amalga oshiruvchi maslahat organi ̶ ilmiy tashkilotlari direktorlarining kengashini (keyingi oʻrinlarda — Kengash) tashkil etadi. Kengash faoliyati Prezidium tomonidan tasdiqlanadigan nizom asosida belgilanadi.
Kengash raisi bir yil muddatga Kengash aʼzolari tomonidan ochiq ovoz berish yoʻli bilan saylanadi.
26. Fanlar akademiyasi Birinchi vitse-prezidenti — bosh ilmiy kotib va vitse-prezidentlari huzurida Fanlar akademiyasining ekspertlari va yuqori malakali mutaxassislaridan iborat komissiyalar tuzishi mumkin.
5-bob. Fanlar akademiyasining mintaqaviy boʻlimi va hududiy boʻlimlari
27. Fanlar akademiyasining mintaqaviy boʻlimi va hududiy boʻlimlari hududlarda fan va ilmiy-texnik salohiyatni rivojlantirish maqsadida tuziladi.
28. Mintaqaviy boʻlim va hududiy boʻlimlarga boʻlim rahbari (raisi), uning oʻrinbosari va ilmiy kotibi rahbarlik qiladi.
Mintaqaviy boʻlim va hududiy boʻlimlar rahbarlari, ularning oʻrinbosarlari va ilmiy kotiblari Fanlar akademiyasi prezidenti tomonidan besh yil muddatga lavozimga tayinlanadi. Bunda Qoraqalpogʻiston mintaqaviy boʻlimi raisi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi bilan kelishilgan holda lavozimga tayinlanadi.
Mintaqaviy boʻlim va hududiy boʻlimlar rahbarlari (raislari) (Namangan, Samarqand va Termiz shaharlaridagi hududiy boʻlimlar bundan mustasno) maqomiga koʻra Fanlar akademiyasi vitse-prezidentiga tenglashtiriladi.
Mintaqaviy boʻlim va hududiy boʻlimlar rahbarlari (raislari) Umumiy yigʻilish qarorlari hamda Fanlar akademiyasi prezidentining buyruqlari bajarilishini taʼminlaydi.
Mintaqaviy boʻlim va hududiy boʻlimlar oʻz faoliyatini ushbu Ustav va Fanlar akademiyasi Prezidiumi tomonidan tasdiqlangan Qoraqalpogʻiston mintaqaviy boʻlimi va viloyatlardagi hududiy boʻlimlar toʻgʻrisidagi nizomlarga muvofiq amalga oshiradi.
29. Fanlar akademiyasining ilmiy-tadqiqot va ilmiy-ishlab chiqarish faoliyati uning ilmiy tashkilotlarida amalga oshiriladi.
6-bob. Fanlar akademiyasi aʼzoligiga nomzodlarni saylash tartibi
30. Fanlar akademiyasining muxbir aʼzoligiga 60 yoshgacha boʻlgan fan doktorlari orasidan fanni salmoqli ilmiy ishlari bilan boyitgan, mamlakat iqtisodiyoti va salohiyatini rivojlantirishga katta hissa qoʻshgan taniqli olimlar saylanadi.
31. Fanlar akademiyasining haqiqiy aʼzoligiga (akademikligiga) jahon andozalari darajasidagi ilmiy ishlari bilan tanilgan, ilmiy jamoatchilik tan olgan ilmiy maktab yaratgan, ilmiy yutuqlari mamlakat intellektual va iqtisodiy salohiyatini oshirishga salmoqli hissa qoʻshgan va Oʻzbekistonda ilmiy faoliyat yuritadigan Fanlar akademiyasining muxbir aʼzolaridan saylanadi.
32. Ilmiy ixtisosliklar boʻyicha eʼlon qilinadigan oʻrinlar roʻyxati Fanlar akademiyasining tegishli fan boʻlimlarida ilmiy jamoatchilikning keng muhokamasi orqali shakllantiriladi va Fanlar akademiyasi Prezidiumi tomonidan tasdiqlanadi.
Fanlar akademiyasi fan boʻlimlarida ilmiy seminarlar tashkil etiladi, unda muxbir aʼzoligiga va haqiqiy aʼzoligiga nomzodlar haqiqiy aʼzolar ishtirokida taqdimotlar oʻtkazadilar.
Fanlar akademiyasi haqiqiy aʼzoligiga (akademikligiga) va muxbir aʼzoligiga nomzodlar saralash bosqichi va ilmiy maʼruza baholari asosida fan yoʻnalishlari boʻyicha boʻlimlar tomonidan yashirin ovoz berish yoʻli bilan saylanadi va ular Umumiy yigʻilish muhokamasiga tavsiya etiladi. Fanlar akademiyasi haqiqiy aʼzolarini saylashda muxbir aʼzolar ishtirok etmaydi.
33. Eʼlon qilingan ilmiy sohalar boʻyicha Fanlar akademiyasi haqiqiy aʼzoligiga (akademikligiga) va muxbir aʼzoligiga nomzodlarni koʻrsatish huquqi Fanlar akademiyasining tizim tashkilotlariga hamda Oʻzbekiston Respublikasining oliy taʼlim va tarmoq ilmiy tashkilotlarining ilmiy yoki ilmiy-texnik kengashlariga beriladi.
34. Fanlar akademiyasining haqiqiy aʼzoligiga (akademikligiga) va muxbir aʼzoligiga nomzodlar mintaqaviy boʻlim va hududiy boʻlimlar, Fanlar akademiyasi hamda oliy taʼlim va tarmoq ilmiy tashkilotlari ilmiy (ilmiy-texnik) kengash yigʻilishlarida har bir nomzod boʻyicha yashirin ovoz berish yoʻli bilan tavsiya etiladi. Saylovda kengash aʼzolarining kamida uchdan ikki qismi ishtirok etishi kerak. Ilmiy kengash yigʻilishida ishtirok etayotgan aʼzolarning koʻpchiligining ovozini olgan nomzod aʼzolikka koʻrsatilgan hisoblanadi.
Fanlar akademiyasi haqiqiy aʼzoligiga (akademikligiga) va muxbir aʼzoligiga nomzodlarini taqdim etgan tashkilot belgilangan tartibda Fanlar akademiyasi ilmiy kadrlar boʻlimiga yoʻllanma xati va nomzod boʻyicha bayonnoma nusxasini, koʻrsatilgan nomzodning shaxsiy maʼlumotnomasi, (tarjimai holi) ilmiy va ilmiy-tashkiliy faoliyati aks etgan hujjatlarni taqdim etadi.
Fanlar akademiyasining haqiqiy aʼzoligiga (akademikligiga) va muxbir aʼzoligiga nomzodlarni Fanlar akademiyasi haqiqiy aʼzolari ham tavsiya etishi mumkin.
Fanlar akademiyasining aʼzoligiga saylov tegishli fan boʻlimlarida oʻtkaziladi.
Boʻlim oʻz vakolatlari doirasida Fanlar akademiyasining aʼzolarini saylashni tashkil qilib, talabgorlarni tavsiflovchi qoʻshimcha hujjatlar bilan tanishadi hamda nomzodlarning ilmiy va tashkiliy faoliyati toʻgʻrisidagi hisobotlarini eshitadi.
Fanlar akademiyasining haqiqiy aʼzolari (akademiklar) va muxbir aʼzolari yashirin ovoz berish yoʻli bilan saylanadi. Ovoz berishda haqiqiy aʼzolikka (akademiklikka) faqat haqiqiy aʼzolar (akademiklar) muxbir aʼzolikka esa haqiqiy aʼzolar (akademiklar) va muxbir aʼzolar ishtirok etadi.
Saylangan nomzodlar toʻgʻrisidagi boʻlim qarori Umumiy yigʻilishda aʼzolarning koʻpchiligi ochiq ovoz berishi bilan tasdiqlanadi.
Fanlar akademiyasining xorijiy aʼzolari ilmiy yutuqlari jahon ilm-fan rivojiga, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi ilm-fani, iqtisodiyoti va madaniyati rivojiga ijobiy taʼsir koʻrsatgan, xalqaro hamkorlik, tinchlik, barqarorlik hamda ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotga salmoqli hissa qoʻshgan xorijiy fuqarolar orasidan saylanadi.
Fanlar akademiyasining faxriy aʼzoligiga kasbiy faoliyati orqali mamlakatimiz ilm-fani, madaniyati, taʼlimi, madaniy qadriyatlari, ijtimoiy-iqtisodiy oʻsishiga faol koʻmaklashgan Oʻzbekiston Respublikasi hamda xorijiy fuqarolari saylanadi.
35. Fanlar akademiyasining xorijiy aʼzolari va faxriy aʼzolari ochiq ovoz berish yoʻli bilan Umumiy yigʻilishda hozir boʻlgan aʼzolarning koʻpchilik ovozi bilan saylanadi va Fanlar akademiyasi Prezidiumi tomonidan tasdiqlanadi.
36. Fanlar akademiyasining saylangan haqiqiy aʼzolari (akademiklari) va muxbir aʼzolari belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadi va matbuotda eʼlon qilinadi.
7-bob. Fanlar akademiyasi aʼzolarining huquqlari va majburiyatlari
37. Fanlar akademiyasining haqiqiy aʼzolari (akademiklari) va muxbir aʼzolari quyidagi huquqlarga ega:
Fanlar akademiyasining ilmiy tashkilotlarida va oliy taʼlim tashkilotlarida tanlovsiz ilmiy lavozimlarni egallash;
Umumiy yigʻilishda qatnashish, Umumiy yigʻilish va Fanlar akademiyasi Prezidiumida ilmiy va ilmiy-tashkiliy masalalar, Fanlar akademiyasining haqiqiy aʼzolari (akademiklari), muxbir, xorijiy, faxriy aʼzolarini saylash jarayonida nomzodlarni muhokama qilishda ishtirok etish;
Umumiy yigʻilish tomonidan qabul qilinayotgan hujjatlar va ularga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish boʻyicha, shuningdek, fanning dolzarb yoʻnalishlari boʻyicha mamlakatda ilm-fanni rivojlantirish, Fanlar akademiyasining ilmiy kengashlarini tuzish boʻyicha taklif va tavsiyalar berish;
Fanlar akademiyasining ilmiy kengashlari faoliyatida ishtirok etish.
Oʻzbekistonda ishlaydigan Fanlar akademiyasining haqiqiy aʼzolari (akademiklari) va muxbir aʼzolari belgilangan tartibda gonorar oladilar hamda belgilangan boshqa huquq va imtiyozlardan foydalanadilar.
Fanlar akademiyasining haqiqiy aʼzolari (akademiklari) va muxbir aʼzolari Oʻzbekiston fuqaroligini boshqa davlat fuqaroligiga oʻzgartirganda, belgilangan tartibda Fanlar akademiyasining xorijiy aʼzosi maqomiga ega boʻlishi mumkin.
Fanlar akademiyasining xorijiy va faxriy aʼzolari Umumiy yigʻilish va boshqa tadbirlarda maslahat ovozi bilan qatnashishlari mumkin.
Fanlar akademiyasining xorijiy va faxriy aʼzolari Fanlar akademiyasining rahbar organiga saylanish, Fanlar akademiyasi haqiqiy aʼzoligiga oʻtkaziladigan nomzodlar tanlovida ishtirok etish huquqlariga hamda gonorar va bepul dam olish imtiyozlarga ega boʻlmaydilar.
38. Fanlar akademiyasining haqiqiy aʼzolari (akademiklari) va muxbir aʼzolari zimmasiga quyidagi majburiyatlar yuklanadi:
ilmiy tadqiqotlarda, tadqiqotlarning ustuvor va istiqbolli yoʻnalishlarini shakllantirishda ishtirok etish va oʻzi saylangan ilm-fan sohasini (ilmiy ixtisoslik)ning rivojlanishini taʼminlash;
yuqori malakali ilmiy kadrlarni tayyorlash ishlarida, ilgʻor ilmiy maktablarni shakllantirish va rivojlantirishda, shuningdek, oliy va oʻrta maxsus va kasbiy taʼlim tashkilotlariga, ishlab chiqarish korxonalariga ilmiy-metodik yordam koʻrsatishda bevosita ishtirok etish.
Fanlar akademiyasining haqiqiy aʼzolari (akademiklari) va muxbir aʼzolari zimmasiga qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham yuklanishi mumkin.
8-bob. Fanlar akademiyasi Prezidiumi aʼzolarini saylash tartibi va ularning lavozim majburiyatlari
39. Fanlar akademiyasi prezidenti akademiyaning haqiqiy aʼzolari orasidan besh yil muddatga saylanadi va Fanlar akademiyasining ilmiy-tashkiliy faoliyatiga rahbarlik qiladi.
Ayni bir shaxs Fanlar akademiyasi prezidenti lavozimiga ketma-ket ikki muddatdan ortiq saylanishi mumkin emas.
Fanlar akademiyasi prezidentligiga nomzodlar fan boʻlimlari tomonidan ovoz berish yoʻli bilan tanlanadi. Tanlangan nomzodlar saylov muqobilligini taʼminlash uchun Umumiy yigʻilish byulleteniga yashirin ovoz berish yoʻli bilan saylash uchun kiritiladi.
Byulletenga kiritilgan nomzodlar Umumiy yigʻilishda muhokama qilinadi va yashirin ovoz berish yoʻli bilan Fanlar akademiyasi prezidentligiga saylanadi. Bunda Umumiy yigʻilish aʼzolarining kamida uchdan ikki qismi ishtirok etishi lozim. Umumiy yigʻilish ishtirokchilarining yarmidan koʻpi yoqlab ovoz bergan taqdirda, nomzod Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga tasdiqlash uchun yuboriladi.
Fanlar akademiyasi prezidenti haqidagi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni matbuotda eʼlon qilinadi.
40. Fanlar akademiyasi prezidenti:
Fanlar akademiyasi faoliyatiga va unga yuklangan vazifalarning bajarilishiga umumiy rahbarlik qilib, dolzarb masalalarni hal etadi;
Fanlar akademiyasidagi ishlarning holati uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Vazirlar Mahkamasi va Umumiy yigʻilish oldida shaxsan javobgarlikni zimmasiga oladi;
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va xoʻjalik birlashmalari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari bilan hamda xalqaro maydonda Fanlar akademiyasi nomidan ish yuritadi va uning manfaatlarini himoya qiladi;
Fanlar akademiyasining Birinchi vitse-prezidenti — bosh ilmiy kotib, vitse-prezidentlari, tizim tashkilotlari rahbarlari (raislari) hamda fan yoʻnalishlari boʻyicha boʻlimlar boshliqlari, Fanlar akademiyasi boshqaruv apparati xodimlarining lavozim vazifalarini tasdiqlaydi va ushbu vazifalarning bajarilishini nazorat qiladi;
ilmiy tashkilotlar tomonidan ilmiy tadqiqotlarni oʻtkazilishini, shuningdek, fan yutuqlari va yangi texnologiyalarning oʻz vaqtida amaliyotga tatbiq etilishini nazorat qiladi;
Fanlar akademiyasi ilmiy tashkilotlarining oliy va oʻrta maxsus, kasbiy taʼlim tashkilotlari, shu jumladan, xorijiy ilmiy markazlar va oliy taʼlim tashkilotlari, ishlab chiqarish korxonalari va boshqa tashkilotlar bilan samarali hamkorligi muvofiqlashtirilishini taʼminlaydi;
Fanlar akademiyasi boshqaruv apparati, shuningdek, tizim tashkilotlari faoliyatini nazorat qiladi;
Fanlar akademiyasi tizimida ilmiy kadrlarni tayyorlash va ularning malakasini oshirish ishlariga rahbarlik qiladi;
Fanlar akademiyasining ilmiy tashkilotlarida xodimlarning faoliyati samarali boʻlishiga yordam beruvchi qulay sharoitlar yaratish maqsadida ilmiy jamoalarda ijodiy muhit tashkil etilishini va odob-axloq qoidalariga rioya etilishini taʼminlaydi.
Birinchi vitse-prezident — bosh ilmiy kotib, vitse-prezidentlar, lavozimiga nomzodlar Fanlar akademiyasi prezidentining tavsiyasiga asosan fan boʻlimlarida muhokama qilinadi va Umumiy yigʻilishda ovoz berish yoʻli bilan haqiqiy aʼzolar (akademiklar), muxbir aʼzolar orasidan saylanadi va Fanlar akademiyasi prezidenti tomonidan belgilangan tartibga muvofiq besh yil muddatga lavozimga tasdiqlanadi. Ular lavozimdan Fanlar akademiyasi prezidenti tomonidan Fanlar akademiyasi Prezidiumining qarori bilan ozod etiladi.
Fanlar akademiyasining moliyaviy va xoʻjalik ishlariga Fanlar akademiyasi prezidentining moliyaviy va xoʻjalik ishlari boʻyicha oʻrinbosari rahbarlik qiladi.
Fanlar akademiyasi prezidentining moliyaviy va xoʻjalik ishlari boʻyicha oʻrinbosari Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda, Fanlar akademiyasi prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.
41. Fanlar akademiyasining Birinchi vitse-prezidenti — bosh ilmiy kotib:
Fanlar akademiyasi tizimida ish yuritishni tashkil qiladi va ijro intizomini mustahkamlashning asosiy yoʻnalishlarini amalga oshirish boʻyicha tashkiliy-boshqaruv hujjatlari sifatli tayyorlanishi va ularning oʻz vaqtida amalga oshirilishini taʼminlaydi;
Fanlar akademiyasida amalga oshirilgan ilmiy-tashkiliy faoliyat natijalari boʻyicha tegishli vitse-prezidentlar xizmati tomonidan taqdim etilgan hisobotlarni umumlashtirib, belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritilishini taʼminlaydi;
muhim ilmiy masalalarni, shuningdek, yirik iqtisodiy va ijtimoiy muammolarni hal etishga qaratilgan koʻp tarmoqli ilmiy, ilmiy-texnik va amaliy dasturlarni shakllantiradi;
normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlash va yuqori tashkilotlarga taqdim etish, Umumiy yigʻilish hamda Fanlar akademiyasi Prezidiumi majlislarini oʻtkazishda Fanlar akademiyasi prezidentiga koʻmaklashadi.
42. Fanlar akademiyasi vitse-prezidentlari:
tegishli ilmiy yoʻnalishlar boʻyicha vazifalarning bajarilishini tashkil etish uchun shaxsan masʼul hamda tizimidagi ilmiy tashkilotlar holati uchun javobgar hisoblanadi;
oʻzlari rahbarlik qilayotgan fan yoʻnalishlarida boʻyicha davlat dasturlarini shakllantirish, ularning ekspertizasi va monitoringini oʻtkazishni nazorat qiladi, fundamental, amaliy va inovatsion tadqiqotlarning yuqori darajada boʻlishi uchun javob beradi;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining hamda Hukumatining hujjatlari va topshiriqlarini hamda Fanlar akademiyasi Prezidiumi va rahbariyatining qaror va buyruqlari hamda topshiriqlari oʻz vaqtida sifatli bajarilishini taʼminlaydi.
43. Fanlar akademiyasi prezidenti boʻlmagan hollarda, uning vazifasi muayyan muddatga Birinchi vitse-prezident — bosh ilmiy kotibga yoki vitse-prezidentlarning biriga vaqtincha yuklanadi.
44. Fanlar akademiyasining Prezidiumi:
Fanlar akademiyasi faoliyatiga taalluqli barcha masalalarni hal etadi, Umumiy yigʻilishning hamda Fanlar akademiyasi prezidentining vakolatiga kiruvchi masalalar bundan mustasno;
Umumiy yigʻilish qarorlari ijrosini tashkil etadi, shuningdek, Fanlar akademiyasi prezidenti funksiyalarining oʻz vaqtida va samarali amalga oshirilishiga koʻmaklashadi;
Fanlar akademiyasi prezidenti tomonidan zaruratga koʻra oyda kamida bir marta chaqiriladi;
qarorlari uning aʼzolarining kamida uchdan ikki qismi ishtirok etganda koʻpchilik ovoz bilan qabul qilinadi. Prezidium majlislarida Fanlar akademiyasi prezidenti boʻlmagan taqdirda, Fanlar akademiyasi Birinchi vitse-prezidenti — bosh ilmiy kotib yoki vitse-prezidentlaridan biri raislik qiladi;
majlisida qaror qabul qilishda ovozlar teng boʻlgan hollarda, Fanlar akademiyasi prezidentining (raislik qiluvchining) ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.
9-bob. Fanlar akademiyasining ilmiy tashkilotlari
45. Fanlar akademiyasining ilmiy-tadqiqot va ilmiy-ishlab chiqarish faoliyati uning ilmiy tashkilotlarida amalga oshiriladi.
Ilmiy tashkilot oʻzining ilmiy-tashkiliy faoliyatini tegishli fan boʻlimlari bilan birgalikda yuritadi.
Fanlar akademiyasi tizimida ilmiy va maʼmuriy lavozimlarni egallashning belgilangan tanlov tartibiga koʻra ilmiy tashkilot direktori lavozimiga Birinchi vitse-prezident — bosh ilmiy kotib hamda Fanlar akademiyasi fan boʻlimlari tavsiyasi bilan Fanlar akademiyasi prezidenti tomonidan 65 yoshdan oshmagan, muhim ilmiy muammolarni hal etish orqali fanni boyitgan yoki fanni rivojlantirishning yangi yoʻllarini belgilash va ilmiy maktab asoslarini yaratish imkonini bergan muhim ilmiy natijalarga erishgan yetakchi va tashkilotchi olimlar — fan doktorlari orasidan mehnat shartnomasi qonunchiligiga muvofiq 5 yil muddatga tayinlanadi hamda uning lavozimni ketma-ket 2-martadan ortiq egallashiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Ilmiy tashkilot direktori oʻzi rahbarlik qilayotgan ilmiy tashkilotning faoliyati uchun shaxsan javobgar boʻladi.
Direktor tashkilotda oʻtkazilgan fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlarning mamlakat ustuvor yoʻnalishlariga muvofiqligini taʼminlashga, ilmiy-tadqiqot ishlarining zamonaviy moddiy-texnik bazasini yaratishga, oʻz sohasida yuqori malakali kadrlar tayyorlashga, oliy taʼlim tashkilotlari va iqtisodiyot tarmoqlari hamda yetakchi xorijiy markazlar bilan hamkorlik ishlarini yoʻlga qoʻyishga masʼuldir.
Ilmiy tashkilot direktorining ilmiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari (fan doktori yoki fan nomzodi, falsafa doktori (PhD), ilmiy kotibi (fan doktori yoki nomzodi, falsafa doktori PhD) tegishli vitse-prezident hamda Birinchi vitse-prezident — bosh ilmiy kotib bilan kelishilgan holda ilmiy tashkilot direktori tomonidan lavozimga tayinlanadi.
Ilmiy tashkilotlar direktorlarining hisobotlari har yili tegishli fan boʻlimlarida haqiqiy aʼzolar (akademiklar) va muxbir aʼzolar hamda ilmiy jamoatchilik ishtirokida eshitiladi.
Ilmiy tashkilotning laboratoriya va boʻlim mudirlari, ilmiy tashkilot ilmiy kengashi qarori bilan fan doktorlari (DSc) yoki fan nomzodi, falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasiga ega yetakchi va tashkilotchi olimlar orasidan tanlov asosida direktor tomonidan lavozimga tayinlanadi.
Ilmiy tashkilotda ilmiy kengash tuziladi.
Ilmiy tashkilotlar ushbu Ustav va Fanlar akademiyasi Prezidiumi tomonidan tasdiqlangan ilmiy tashkilot nizomiga muvofiq ish yuritadilar.
10-bob. Fanlar akademiyasining mol-mulki va uning faoliyatini moliyalashtirish
46. Fanlar akademiyasining mol-mulkini unga operativ boshqarish huquqi asosida biriktirilgan asosiy fondlar va aylanma mablagʻlar, shuningdek, faoliyati davomida sotib olingan mol-mulk tashkil etadi.
Fanlar akademiyasi mol-mulki boʻlinmasdir, uning taqsimlanishi mumkin emas. Fanlar akademiyasi ruxsatisiz yoki qonunchilik hujjatlariga zid hollarda Fanlar akademiyasining asosiy fondlari va boshqa mol-mulkini davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish mumkin emas.
Fanlar akademiyasining mol-mulkidan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda foydalaniladi.
Fanlar akademiyasining tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishdan yoki undan olingan daromadlar hisobidan sotib olingan mol-mulklar alohida balansda hisobga olinadi va Fanlar akademiyasi tomonidan mustaqil tasarruf etiladi.
Fanlar akademiyasining faoliyati quyidagi shakllarda taqdim etiladigan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi:
ilmiy tashkilotlar xodimlari mehnatiga haq toʻlash, bino va inshootlarni saqlash xarajatlarini moliyalashtirish, shuningdek, joriy xarajatlarni moliyalashtirish;
davlat ilmiy dasturlari doirasida amalga oshiriladigan ilmiy loyihalar uchun tanlov grantlari;
qonunchilik hujjatlariga muvofiq jalb qilingan budjetdan tashqari mablagʻlar (tashqi va ichki investitsiyalar, ishlab chiqarilgan mahsulotni va intellektual mulk obyektlarini realizatsiya qilishdan olingan daromadlar, hadya, xayr-ehson, homiylik mablagʻlari va boshqalar);
qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
47. Fanlar akademiyasi boshqaruv apparati xodimlariga ish haqi toʻlash, ularni mukofotlash, ularga moddiy yordam koʻrsatishda davlat boshqaruvi organlari xodimlari uchun belgilangan shart-sharoitlar tatbiq etiladi.
48. Fanlar akademiyasining ilmiy tashkilotlari tomonidan budjet va budjetdan tashqari mablagʻlar qonunchilik hujjatlariga muvofiq tasdiqlangan xarajatlar smetasi doirasida sarflanadi.
49. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan moliyalashtiriladigan ilmiy-tadqiqot dasturlari loyihalarining natijalari boʻyicha hisobotlar Fanlar akademiyasi olimlari tomonidan ilmiy tashkilotlarning intellektual mulk obyektlariga boʻlgan huquqlarini himoya qilish boʻyicha qonunchilik hujjatlariga rioya qilgan holda, Fanlar akademiyasining tanlovlar va ekspertizalarni tashkil etish boʻlimiga (yoki fan yoʻnalishlari boʻyicha tegishli boʻlimlarga) topshiriladi.
Koʻrib chiqilgan hisobotlar belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Innovatsion rivojlanish agentligiga tasdiqlash uchun taqdim etiladi.
50. Fanlar akademiyasi ilmiy tashkilotlarining ilmiy xodimlari va mutaxassislari ushbu tashkilotlarda yaratilgan intellektual mulk obyektlariga nisbatan qonunchilik hujjatlariga muvofiq va belgilangan tartibda mualliflik huquqlariga ega subyektlar hisoblanadi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 60-bobi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Nodavlat notijorat tashkilotlari toʻgʻrisida”gi Qonuni.
51. Fanlar akademiyasi va uning tizimidagi ilmiy tashkilotlar, oʻzlarining budjetdan tashqari mablagʻlar hisobidan turli tashkiliy-huquqiy shakldagi masʼuliyati cheklangan, qoʻshma va innovatsion korxonalar, shuningdek, nodavlat notijorat tashkilotlarini tashkil etish huquqiga ega va bunda korxonaga egalik huquqi qonunchilik hujjatlari doirasida amalga oshiriladi.
Har bir ilmiy tashkilot oʻzi yaratgan ishlanmani belgilangan tartibda tijoratlashtirish va ishlanmani litsenzion kelishuv asosida foydalanishga berish huquqiga ega.
52. Fanlar akademiyasi huzurida ilmiy tadqiqotlarni qoʻllab-quvvatlash, yosh olimlarni jalb qilish va strategik ahamiyatga ega ilmiy yoʻnalishlarni barqaror moliyalashtirish hamda ilmiy xodimlarni moddiy ragʻbatlantirish maqsadida Fanlar akademiyasi jamgʻarmasi tashkil etiladi.
Jamgʻarma mablagʻlari Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan har yili ajratiladigan mablagʻlar, xalqaro moliya tashkilotlari va xorijiy davlatlarning grantlari va texnik koʻmak mablagʻlari, jismoniy va yuridik shaxslarning, shu jumladan, xorijiy homiylik xayriyalari, jamgʻarmaning vaqtincha boʻsh turgan mablagʻlarini tijorat banklariga joylashtirishdan olinadigan daromadlar hamda qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan shakllantiriladi.
Fanlar akademiyasi jamgʻarmasi toʻgʻrisidagi nizom Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
53. Fanlar akademiyasi huzurida Fanlar akademiyasi ilmiy xodimlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida Kasaba uyushmasi tashkil etiladi. Kasaba uyushmasi toʻgʻrisidagi nizom Umumiy yigʻilish tomonidan tasdiqlanadi.
11-bob. Yakunlovchi qoida
54. Fanlar akademiyasi, uning tizimidagi ilmiy tashkilotlar va boshqa tashkilotlari qonunchilik hujjatlariga muvofiq tugatiladi hamda qayta tashkil etiladi.
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 3-iyundagi 282-son qaroriga
2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi haqiqiy aʼzolari (akademiklari) va muxbir aʼzolarini tanlov asosida saralash va tasdiqlash tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi haqiqiy aʼzoligiga (akademikligiga) va muxbir aʼzoligiga nomzodlarni tanlov asosida saralash (keyingi oʻrinlarda — tanlov) va Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi (keyingi oʻrinlarda — Fanlar akademiyasi) haqiqiy aʼzolari (akademiklari) va muxbir aʼzolarini tasdiqlash tartibini belgilaydi.
2. Fanlar akademiyasining haqiqiy aʼzoligiga (akademikligiga) va muxbir aʼzoligiga tanlov asosida saralash va tasdiqlash mazkur Nizomga 1-ilovadagi sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
3. Fanlar akademiyasining haqiqiy aʼzolari (akademiklari) va muxbir aʼzolari qonunchilik hujjatlariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadilar.
4. Fanlar akademiyasining haqiqiy aʼzoligiga (akademikligiga) va muxbir aʼzoligiga tanlov oʻtkazish uchun oʻrinlar, birinchi navbatda, respublika uchun yangi va istiqbolli, xalqaro darajada tan olingan ilmiy maktablari shakllantirilgan ilmiy yoʻnalishlarga ajratiladi.
5. Fanlar akademiyasining haqiqiy aʼzoligiga (akademikligiga) va muxbir aʼzoligiga tegishli fan sohalari ilmiy ixtisosliklari boʻyicha shakllantirilgan kvotalar miqdori, tanlov asosida saralashni oʻtkazish muddatlari va sanasi Fanlar akademiyasi tomonidan Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda, lekin koʻpi bilan ikki yilda bir marotaba belgilanadi.
6. Tanlov oʻtkazilishi haqidagi eʼlon ommaviy axborot vositalarida va Fanlar akademiyasining rasmiy veb-saytida kvotalar tasdiqlangandan soʻng uch kun muddatda joylashtiriladi.
Eʼlonda tanlov oʻtkazish muddatlari va joyi, Fanlar akademiyasining haqiqiy aʼzoligiga (akademikligiga) va muxbir aʼzoligiga tegishli fan sohalari ilmiy ixtisosliklari boʻyicha kvotalar soni, Fanlar akademiyasining haqiqiy aʼzoligiga (akademikligiga) va muxbir aʼzoligiga nomzodlarga qoʻyiladigan talablar, shuningdek, hujjatlar roʻyxati va ular nomzodini koʻrsatish uchun zarur boshqa shartlar koʻrsatiladi.
7. Fanlar akademiyasi haqiqiy aʼzoligiga (akademikligiga) va muxbir aʼzoligiga nomzodlarni tavsiya etish huquqi ilmiy tashkilot hamda oliy taʼlim va tarmoq ilmiy tashkilotlarining ilmiy (ilmiy-texnik) kengashlariga, shuningdek, Fanlar akademiyasining haqiqiy aʼzolariga (akademiklariga) ularning ilmiy mutaxassisliklariga tegishli ixtisosliklar boʻyicha beriladi.
Fanlar akademiyasining haqiqiy aʼzoligiga (akademikligiga) va muxbir aʼzoligiga nomzodlar tegishli fan sohasining faqat bitta ilmiy ixtisosligi boʻyicha koʻrsatilishi mumkin.
2-bob. Fanlar akademiyasining haqiqiy aʼzoligiga (akademikligiga) va muxbir aʼzoligiga nomzodlarga qoʻyiladigan talablar
8. Mazkur Nizomning 7-bandiga muvofiq nomzodi koʻrsatilgan, respublikaning ilmiy va oliy taʼlim tashkilotlarida ilmiy faoliyat bilan shugʻullanadigan olimlar Fanlar akademiyasining haqiqiy aʼzoligiga (akademikligiga) va muxbir aʼzoligiga nomzodlar hisoblanadilar.
Bunda Fanlar akademiyasining haqiqiy aʼzoligiga (akademikligiga) va muxbir aʼzoligiga nomzodlar koʻrsatish jarayonida va tanlovning barcha bosqichlarida ularning soʻnggi 5 yil mobaynidagi ilmiy faoliyati samaradorligi va natijadorligiga eʼtibor qaratiladi.
9. Fanlar akademiyasining haqiqiy aʼzoligiga (akademikligiga) nomzod quyidagi talablarga javob berishi lozim:
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlishi va kamida soʻnggi 5 yil davomida Oʻzbekiston Respublikasida doimiy ishlagan boʻlishi;
Fanlar akademiyasi muxbir aʼzosi unvoniga ega boʻlishi;
ilm-fanning muayyan sohasida ilmiy jamoatchilik tomonidan tan olingan, fanni shaxsan oʻzi yoki ilmiy va ilmiy-texnik muammolar boʻyicha jamoa boʻlib ishlashda faol ishtirok etish asosida erishgan shaxsiy yutuqlari hamda salmoqli ilmiy natijalari bilan boyitgan olim boʻlishi;
oʻz yoʻnalishida yangi ilmiy maktab tashkilotchisi va rahbari yoki mavjud ilmiy maktabning rivojida bevosita ishtirok etgan hamda 3 ta fan doktori va kamida 5 ta fan nomzodini (yoki falsafa doktorlari) tayyorlashi bilan tasdiqlangan boʻlishi;
joriy etilgan ishlanmalarga egaligi yoki u rahbarlik qilayotgan xodimlar jamoasi erishgan fan yutuqlari ishlab chiqarishga joriy etilishida hamda amaliyotda foydalanilishida bevosita ishtirok etgan boʻlishi;
fundamental, amaliy tadqiqotlar va innovatsion ishlanmalarning ilmiy rahbari ekanligi yoki soʻnggi yillarda shu yoʻnalishdagi ilmiy loyihalarga rahbarlik qilgan boʻlishi;
xorijiy va xalqaro ilmiy hamkorlikdagi loyihalarda rahbar boʻlishi yoki ularning bajarilishida ishtirok etishi.
10. Fanlar akademiyasining muxbir aʼzoligiga nomzodlar quyidagi talablarga javob berishi lozim:
fanni salmoqli ilmiy ishlari bilan boyitgan, respublikaning ilmiy tashkilotlari va oliy taʼlim muassasalarida samarali ilmiy faoliyat yuritayotgan 60 yoshgacha boʻlgan fan doktorlari boʻlishi;
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlishi va kamida soʻnggi 5 yil davomida Oʻzbekiston Respublikasida doimiy ishlagan boʻlishi;
fan doktori ilmiy darajasi va professor ilmiy unvoniga ega boʻlishi;
ilm-fanning muayyan sohasida ilmiy jamoatchilik tomonidan tan olingan, fanni shaxsan oʻzining salmoqli ilmiy natijalari bilan boyitayotgan olim boʻlishi;
oʻz yoʻnalishida yangi ilmiy maktab yaratayotgan, bevosita ishtiroki bilan 1 ta fan doktori hamda kamida 3 ta fan nomzodni (yoki falsafa doktorlari) tayyorlashi bilan tasdiqlangan boʻlishi;
joriy etilgan ishlanmalarga egaligi va amaliyotda foydalanilishida bevosita ishtirok etgan boʻlishi;
fundamental, amaliy tadqiqotlar va innovatsion ishlanmalarning ilmiy rahbari ekanligi yoki soʻnggi yillarda shu yoʻnalishdagi ilmiy loyihalarga rahbarlik qilgan boʻlishi;
xorijiy va xalqaro ilmiy hamkorlikdagi loyihalarda rahbar boʻlishi yoki ularning bajarilishida ishtirok etishi.
11. Fanlar akademiyasining xorijiy aʼzoligiga nomzod Fanlar akademiyasining Umumiy yigʻilishi tomonidan xorijiy fuqarolar orasidan saralab olinadi va qonunchilik hujjatlariga muvofiq tasdiqlanadi.
3-bob. Tanlovning tashkil etilishi va oʻtkazilishi
12. Fanlar akademiyasining haqiqiy aʼzoligiga (akademikligiga) yoki muxbir aʼzoligiga nomzodlar ilmiy tashkilot va oliy taʼlim tashkilotlari tomonidan tegishli ilmiy (ilmiy-texnik) kengashlar yigʻilishlarida yopiq ovoz berish yoʻli bilan dastlab saralab olinadi.
Ilmiy (ilmiy-texnik) kengash aʼzolarining 75 foizi yigʻilishda ishtirok etganda, ularning kamida uchdan ikki qism ovozini olgan talabgorlar Fanlar akademiyasi haqiqiy aʼzoligiga yoki muxbir aʼzoligiga nomzodlar hisoblanadi.
13. Fanlar akademiyasining haqiqiy aʼzoligiga (akademikligiga) yoki muxbir aʼzoligiga tanlov oʻtkazilishi haqida eʼlon berilgan kundan boshlab 1 oy mobaynida ilmiy tashkilot va oliy taʼlim tashkilotlari tomonidan koʻrsatilgan nomzodlarning ilmiy va ilmiy-tashkiliy faoliyatini tavsiflovchi hujjatlarini roʻyxatga olish uchun Fanlar akademiyasiga taqdim etadilar.
Ilmiy tashkilot va oliy taʼlim tashkilotlari rahbarlari Fanlar akademiyasining haqiqiy aʼzoligiga (akademikligiga) yoki muxbir aʼzoligiga nomzodlarni koʻrsatish jarayonining xolisligi va taqdim etilayotgan hujjatlarning haqqoniyligi uchun shaxsan javobgardirlar.
14. Fanlar akademiyasining haqiqiy aʼzoligiga (akademikligiga) yoki muxbir aʼzoligiga nomzod koʻrsatish uchun taqdimnomaga quyidagilar (2 nusxada) ilova qilinadi:
ilmiy tashkilot nomzodning tanlov talablariga toʻliq javob berishi haqidagi asoslangan xulosasi va tanlov mezonlarining qogʻoz va elektron koʻrinishda toʻldirilgan va tasdiqlangan shakli;
nomzodning tarjimai holi;
maʼlumotnoma (obyektivka);
pasport yoki ID karta nusxasi;
3.5x4.5 sm oʻlchamdagi 8 ta fotosurat;
ish joyidan tasdiqlangan mehnat daftarchasining nusxasi;
muxbir aʼzolik unvoni (haqiqiy aʼzolikka nomzodlar uchun) va fan doktori diplomi, professor attestati nusxalari;
ilmiy ishlar roʻyxati (konferensiya tezislari hisobga kirmaydi) va impakt-faktorli (Web of Science xalqaro maʼlumotlar bazasiga muvofiq) xorijiy nashrlardagi maqolalarning nusxasi;
xorijda va Oʻzbekistonda nashr etilgan monografiyalar, darslik va oʻquv qoʻllanmalarning 1-2 va oxirgi betlaridan nusxa;
xalqaro, xorijiy va mahalliy patentlarning nusxalari;
Fanlar akademiyasining haqiqiy aʼzoligiga (akademikligiga) yoki muxbir aʼzoligiga nomzod tomonidan tayyorlangan fan doktorlari va nomzodlari (yoki falsafa doktorlari) roʻyxati (avtoreferatlarni ilova qilgan holda);
mazkur Nizomning 9-bandi talablariga muvofiq Fanlar akademiyasining haqiqiy aʼzoligiga (akademikligiga) yoki muxbir aʼzoligiga nomzod tomonidan fanning muayyan sohasi rivojiga qoʻshgan hissasi, fanni shaxsiy ilmiy yutuqlar va xalqaro ahamiyatga molik natijalar bilan boyitilgan, shuningdek, uning ilmiy-tashkiliy faoliyati haqidagi maʼlumotnoma (oʻzbek va rus tillarida qisqacha 1 bet, 12 pt, Times New Roman shriftida).
15. Fanlar akademiyasi Prezidiumi qarori bilan tegishli fan boʻlimlari haqiqiy aʼzolar (akademiklar) va muxbir aʼzolardan iborat tanlov komissiyalari, fan boʻlimlari huzurida har biri kamida 3 aʼzodan iborat texnik ekspertiza guruhlari hamda fan boʻlimlari huzurida shakllantirilgan kamida 5 ta Fanlar akademiyasining haqiqiy aʼzolari (akademiklari) va muxbir aʼzolaridan iborat ilmiy ekspert guruhi tarkibi tasdiqlanadi.
16. Tanlov toʻrt bosqichda oʻtkaziladi:
tanlovning birinchi bosqichida — texnik ekspert guruhi tomonidan Fanlar akademiyasining haqiqiy aʼzoligiga (akademikligiga) yoki muxbir aʼzoligiga nomzodlarning hujjatlari belgilangan tartibda qabul qilinadi, texnik ekspertizadan oʻtkaziladi va ilmiy ekspert guruhiga yoʻnaltiriladi;
tanlovning ikkinchi bosqichida — ilmiy ekspert guruhi tomonidan Fanlar akademiyasining haqiqiy aʼzoligiga (akademikligiga) va muxbir aʼzoligiga nomzodlarning taqdim etgan hujjatlari tanlov talablari va tegishli ixtisoslikka mosligi koʻrib chiqadi. Shuningdek, mazkur Nizomga 2-ilova bilan tasdiqlangan mezonlar asosida baholanadi va tanlov komissiyasiga yoʻnaltiriladi;
tanlovning uchinchi bosqichida — Fanlar akademiyasining haqiqiy aʼzoligiga (akademikligiga) va muxbir aʼzoligiga nomzodlar tegishli tanlov komissiyasi yigʻilishida ixtisosligi boʻyicha maʼruza qiladi va tanlov komissiyasi talabgorning ilmiy-tashkiliy faoliyati va maʼruzasidan kelib chiqqan holda unga yopiq ovoz berish orqali baholanadi;
tanlovning toʻrtinchi bosqichida — Fanning tegishli sohasi boʻyicha umumiy hisobda eng koʻp ball toʻplagan Fanlar akademiyasining haqiqiy aʼzoligiga (akademikligiga) va muxbir aʼzoligiga nomzodlar belgilangan kvotaga muvofiq ovoz berish roʻyxatiga kiritiladi.
Tanlov komissiyasi aʼzolari taklif etilgan barcha nomzodlar uchun ketma-ket ovoz beradilar. Tanlov tartib-tamoyili yopiq ovoz berishni nazarda tutadi.
Tanlov komissiyasi aʼzolarining 75 foizi yigʻilishda ishtirok etganda, ularning kamida uchdan ikki qismi ovozini olgan talabgorlar Fanlar akademiyasining haqiqiy aʼzoligiga (akademikligiga) yoki muxbir aʼzoligiga saralangan deb hisoblanadilar.
Agar nomzod uchdan ikki qismdan kam ovoz olsa, ketma-ketlik boʻyicha yuqori ball toʻplagan keyingi nomzod ovozga qoʻyiladi.
17. Tanlov komissiyalari tomonidan Fanlar akademiyasining haqiqiy aʼzoligiga (akademikligiga) va muxbir aʼzoligiga saralangan nomzodlar roʻyxati Fanlar akademiyasi Prezidiumiga kiritiladi.
Fanlar akademiyasi haqiqiy aʼzoligiga (akademikligiga) va muxbir aʼzoligiga saralangan nomzodlar Fanlar akademiyasining Umumiy yigʻilishida muhokama qilinadi va qaror qabul qilish uchun ovozga qoʻyiladi.
Fanlar akademiyasining Umumiy yigʻilishi Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda, istisno tariqasida, Fanlar akademiyasining haqiqiy aʼzoligiga (akademikligiga) va muxbir aʼzoligiga nomzodlik uchun belgilangan kvotadan chetga chiqib, respublika ilmiy-texnologik va fan-taʼlim salohiyatini rivojlantirishdagi alohida xizmatlarini inobatga olgan holda roʻyxatga kiritish uchun qoʻshimcha nomzodlarni tavsiya qilish huquqiga ega.
4-bob. Fanlar akademiyasining haqiqiy aʼzoligiga (akademikligiga) va muxbir aʼzoligiga nomzodlarni tasdiqlash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga taqdim etish
18. Fanlar akademiyasi Prezidiumi Umumiy yigʻilish qaroriga koʻra Fanlar akademiyasining haqiqiy aʼzoligiga (akademikligiga) yoki muxbir aʼzoligiga nomzodlarning tanlov komissiyalari tomonidan oʻtkazilgan saralash bosqichini inobatga olgan holda tavsiya etilgan roʻyxatini Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti koʻrib chiqishi va tasdiqlashi uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritadi.
19. Fanlar akademiyasining tasdiqlangan haqiqiy (akademiklari) va muxbir aʼzolari tarkibi ommaviy axborot vositalari va Fanlar akademiyasining rasmiy veb-saytida eʼlon qilinadi.
5-bob. Yakunlovchi qoidalar
20. Fanlar akademiyasi Prezidiumi mazkur Nizomga muvofiq Fanlar akademiyasining haqiqiy aʼzoligiga (akademikligiga) va muxbir aʼzoligiga talabgor barcha nomzodlarning hujjatlari xolis koʻrib chiqilishi uchun bevosita javobgardir.
21. Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi haqiqiy aʼzolari (akademiklari) va muxbir aʼzolarini tanlov asosida saralash va tasdiqlash tartibi haqidagi nizomga
1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi haqiqiy aʼzoligiga (akademikligiga) va muxbir aʼzoligiga tanlov asosida saralash va tasdiqlash
SXEMASI

Bosqichlar

Ijrochilar

Tadbirlar

Muddatlar

1-bosqich

Fanlar akademiyasi

Fanlar akademiyasining haqiqiy aʼzoligiga (akademikligiga) va muxbir aʼzoligiga kvotani tegishli fan sohalari ilmiy ixtisosliklari kesimi boʻyicha shakllantiriladi.

Belgilangan muddatlarda

2-bosqich

Fanlar akademiyasi

Fanlar akademiyasining haqiqiy aʼzoligiga (akademikligiga) va muxbir aʼzoligiga tegishli fan sohalari ilmiy ixtisosliklari boʻyicha shakllantirilgan kvotalar miqdori, tanlov asosida saralashni oʻtkazish muddatlari va sanasi Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda, lekin koʻpi bilan ikki yilda bir marotaba belgilanadi.

Belgilangan muddatlarda, lekin koʻpi bilan ikki yilda bir marotaba

3-bosqich

Fanlar akademiyasi

Tanlov oʻtkazilishi haqidagi eʼlonni ommaviy axborot vositalari va Fanlar akademiyasining rasmiy veb-saytida joylashtiradi.

Kvotalar tasdiqlangandan soʻng uch kun muddatda

4-bosqich

Fanlar akademiyasi

Fanlar akademiyasi Prezidiumi tomonidan tegishli fan boʻlimlari akademiklari (muxbir aʼzolari)dan iborat tanlov komissiyalari tarkibini hamda ilmiy va texnik ekspertlar guruhini tasdiqlaydi.

Tanlov eʼlon qilingan kundan boshlab bir hafta muddatda

5-bosqich

Ilmiy-tashkilot va oliy taʼlim muassasalari Ilmiy (ilmiy-texnik) kengashlari

Ilmiy tashkilot va oliy taʼlim tashkilotlari Ilmiy (ilmiy-texnik) kengashlari majlislarida ochiq ovoz berish yoʻli bilan Fanlar akademiyasining haqiqiy aʼzoligiga (akademikligiga) va muxbir aʼzoligiga nomzodlarni koʻrsatadi.

Tanlov eʼlon qilingan kundan boshlab bir oy muddatda

6-bosqich

Ilmiy-tashkilot va oliy taʼlim tashkilotlari

Talab qilingan hujjatlar toʻplamini shakllantiradi va uni Fanlar akademiyasiga taqdim etadi.

Tanlov eʼlon qilingan kundan boshlab bir oy muddatda

7-bosqich

Texnik ekspert guruhi

Fanlar akademiyasining haqiqiy aʼzoligiga (akademikligiga) va muxbir aʼzoligiga nomzodlarning hujjatlarini Nizomning 3-bob, 14-bandiga asosan qabul qiladi.

Tanlov eʼlon qilingan kundan boshlab bir oy muddatda

8-bosqich

Ilmiy ekspert guruhi

Fanlar akademiyasining haqiqiy aʼzolari (akademiklari) va muxbir aʼzolari boʻyicha kelib tushgan hujjatlarni tanlov talablari va mezonlari, shuningdek, tegishli ixtisoslikka mosligini ekspertizadan oʻtkazadi.

Bir hafta muddatda

9-bosqich

Tanlov komissiyasi

Fanlar akademiyasining haqiqiy aʼzoligiga (akademikligiga) va muxbir aʼzoligiga nomzodlarning ilmiy maʼruzalarini eshitadi va ularning ilmiy-tashkilotchilik faoliyatini tanlov mezonlariga muvofiq 300 balli tizim boʻyicha baholaydi.

Yigirma kun muddatda

10-bosqich

Tanlov komissiyasi

Fanlar akademiyasining haqiqiy aʼzoligiga (akademikligiga) va muxbir aʼzoligiga saralab olingan nomzodlar roʻyxatini Fanlar akademiyasi Prezidiumiga taqdim etadi.

Uch kun muddatda

11-bosqich

Fanlar akademiyasi Umumiy yigʻilishi

Fanlar akademiyasining haqiqiy aʼzoligiga (akademikligiga) yoki muxbir aʼzoligiga saralangan nomzodlarni Fanlar akademiyasining Umumiy yigʻilishida muhokama qiladi va qaror qabul qilish uchun ovozga qoʻyadi.

Bir hafta muddatda

12-bosqich

Fanlar akademiyasi Prezidiumi

Fanlar akademiyasining haqiqiy aʼzoligiga (akademikligiga) va muxbir aʼzoligiga saralab olingan nomzodlar roʻyxatini koʻrib chiqish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritadi.

Bir hafta muddatda

13-bosqich

Fanlar akademiyasi

Fanlar akademiyasining tasdiqlangan haqiqiy aʼzolari (akademiklari) va muxbir aʼzolari tarkibini ommaviy axborot vositalari va Fanlar akademiyasining rasmiy veb-saytida eʼlon qiladi.

Roʻyxat tasdiqlangandan soʻng

Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi haqiqiy aʼzolari (akademiklari) va muxbir aʼzolarini tanlov asosida saralash va tasdiqlash tartibi haqidagi nizomga
2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi haqiqiy aʼzoligiga (akademikligiga) va muxbir aʼzoligiga nomzodlarni tanlov asosida saralash
MEZONLARI

T/r

Mezon koʻrsatkichlari

ballar

muxbir aʼzolar

haqiqiy aʼzolar*

yuqori ball

1.

Xalqaro reyting

65 balgacha

1.1.

Web of Science bazasi boʻyicha Xirsh indeksi

5 — 10**

2.5xN

20

-

11 dan yuqori

20

-

10 — 15***

2.5xN

-

20

15 dan yuqori

20

-

1.2.

Xalqaro va xorijiy patentlar

1 tadan 3 tagacha xalqaro patentlar

3xN

20

4 ta va undan ortiq xalqaro patentlar

13

1 tadan 3 tagacha xorijiy patentlar

1.5xN

4 ta va undan ortiq xorijiy patentlar

7

1.3.

Xorijiy grantlarga rahbarligi uchun:

Faqat chet el tomoni moliyalashtirgan grant

6

10

“Oʻzbekiston-xorijiy davlat” qoʻshma granti

4

1.4.

Xorijda nashr etilgan monografiyalari****

1 ta monografiya yoki monografiyadagi boblar uchun

4

10

2 ta va undan ortiq monografiya yoki monografiyadagi boblar uchun

10

1.5.

Scopus va Web of Science bazalarida indeksatsiyalanadigan xorijiy jurnal tahririyati aʼzosi

2

2

1.6.

Xorijiy aʼzoliklar, mukofotlar (milliy akademiya aʼzosi*****, xalqaro nufuzli ilmiy jamiyat aʼzosi)

3

3

2.

Ilmiy, ilmiy-pedagogik va mehnat faoliyati

80 balgacha

2.1.

Oʻzbekistonda nashr etilgan monografiyalar******

1xN

3

2.2.

Sharhlovchi maqolalar

1xN

4

2.3.

Oliy taʼlim tashkilotlari magistrlari va bakalavriat talabalari uchun Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tavsiya etgan oʻz ixtisosligi doirasidagi oʻquv predmetlari boʻyicha:

4.5

1 tadan 3 tagacha darsliklar

1xN

1 tadan 3 tagacha oʻquv qoʻllanmalar

0.5xN

2.4.

Maktablar oʻquvchilari uchun Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tavsiya etgan oʻquv predmetlari boʻyicha:

4.5

1 tadan 3 tagacha darsliklar

1xN

1 tadan 3 tagacha oʻquv qoʻllanmalar

0.5xN

2.5.

Intellektual mulk obyektlarining muhofaza qilinishi:

1 tadan 3 tagacha ixtiro uchun patentlar

2xN

15

4 ta va undan ortiq ixtiro uchun patentlar

10

1 tadan 3 tagacha foydali model uchun patentlar

1xN

4 ta va undan ortiq foydali model uchun patentlar

5

2.6.

Ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasida bajariladigan loyihalarga rahbarligi uchun:

fundamental loyiha

35

1 tadan 2 tagacha

4xN

3 ta va undan ortiq

15

amaliy loyiha

1 tadan 2 tagacha

3xN

3 ta va undan ortiq

12

innovatsion loyiha

1 tadan 2 tagacha

2xN

3 ta va undan ortiq

8

2.7.

Fan-texnika sohasidagi davlat mukofoti, ilm-fan sohasida xizmat koʻrsatgan fan arbobi:

Fan-texnika, adabiyot va sanʼat sohasidagi davlat mukofoti laureati

7

14

Ilm-fan sohasida fan arbobi

5

Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan faxriy unvonlar uchun

2

3.

Oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlarni tayyorlash

35 ballgacha

1 nafardan 3 nafargacha fan doktori

4xN

35

-

4 nafar va undan ortiq fan doktori

20

-

3-10 nafargacha fan nomzodi/ falsafa doktorlari

1.5xN

-

11 nafar va undan ortiq fan nomzodi/ falsafa doktorlari

15

-

3 nafardan 5 nafargacha fan doktori

4xN

-

35

5 nafar va undan ortiq fan doktori

20

-

5-12 nafar fan nomzodi/ falsafa doktorlari

1.5xN

-

13 nafar va undan ortiq fan nomzodi/ falsafa doktorlari

15

-

4.

Tadqiqot natijalarining amaliyotga joriy qilish

20 balgacha

4.1.

Xorijiy, litsenzion yoki xoʻjalik shartnomasi asosida hozirgi kunda buxgalteriyaga kelib tushgan mablagʻ uchun:

Yiliga 500 mln soʻmdan 2.5 mlrd soʻmgacha

12

12

-

Yiliga 2.5 mlrd soʻmdan ortiq

20

20

-

Yiliga 1 mlrd soʻmdan 4 mlrd soʻmgacha

12

-

12

Yiliga 4 mlrd soʻmdan ortiq

20

-

20

Jami

200

5.

Boʻlim komissiyasida ixtisosligi boʻyicha maʼruza uchun

100 balgacha

Umumiy jamlangan ball

300

Izoh.
* Fanlar akademiyasining haqiqiy aʼzoligiga (akademikligiga) tanlov Fanlar akademiyasi muxbir aʼzolari orasidan oʻtkaziladi hamda muxbir aʼzoligidan keyingi faoliyat natijalari hisobga olinadi. Bunda mezonning 2.7-bandidagi koʻrsatkichlar umumiy faoliyati uchun inobatga olinadi.
** Bunda Fanlar akademiyasi muxbir aʼzoligi uchun xirsh indeksi h=5 dan kam boʻlgan nomzodlar hujjatlari koʻrib chiqilmaydi. Ijtimoiy gumanitar sohalari uchun kamida h=2 boʻlishi kerak.
*** Bunda Fanlar akademiyasi haqiqiy aʼzoligi (akademigi) uchun xirsh indeksi h=10 dan kam boʻlgan nomzodlar hujjatlari koʻrib chiqilmaydi. Ijtimoiy gumanitar sohalari uchun kamida h=5 boʻlishi kerak.
**** Xorijda faqat Springer, Elsevier, Academic press, World scientific nashriyotlarida chop etilgan monografiyalari hisobga olinadi. Bunda Fanlar akademiyasi muxbir aʼzoligiga daʼvogarlik uchun xalqaro va xorijiy kamida 1 ta monografiyaning kamida 1 ta bobi muallifi boʻlishi.
***** Nyu-York akademiyasi, Turon akademiyasi, Xalqaro texnik akademiya va boshqalarga aʼzolik hisobga olinmaydi. Nufuzli ilmiy jamiyat sifatida TWAS, The Royal Society, American Society kabilar hisoblanadi.
****** Quyidagi talablar asosida chop etilgan mahalliy monografiyalarga ball qoʻyiladi:
talabgor faoliyat yuritayotgan tashkilot ilmiy kengashning qarori;
yuqori turuvchi tashkilot hayʼatining xulosasi;
xalqaro mutaxassislar taqrizi;
300 dan ortiq tirajda chop etilishi.
ESLATMA:
1. Barcha bandlar boʻyicha toʻplanadigan ballar tegishli hujjatlar bilan tasdiqlanishi lozim. Qoʻyilgan ballarning haqqoniyligi Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Prezidiumi shakllantiradigan tanlov komissiyalari huzuridagi ekspert guruhlari tomonidan tekshiriladi.
2. Hammualliflikda bajarilgan monografiya, darslik va oʻquv qoʻllanmalar uchun belgilangan ballar mualliflar soniga koʻra taqsimlanadi.
3. Talabgorlarning fanlar boʻlimida qiladigan ilmiy maʼruzalariga qadar toʻplangan ballari fizika-matematika va tabiiy fanlar uchun 30 foizdan kam boʻlsa, ijtimoiy fanlar uchun 20 foizdan kam boʻlsa, nomzod fan boʻlimlarida oʻz ilmiy yoʻnalishining ustuvor sohasi boʻyicha maʼruza qilishga qoʻyilmaydi.
4. N — mezon koʻrsatkichlari soni.
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 3-iyundagi 282-son qaroriga
3-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz kuchini yoʻqotgan deb eʼtirof etilayotgan ayrim qarorlari
1. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining ustavini tasdiqlash toʻgʻrisida” 2017-yil 31-maydagi 331-son qarori.
2. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Bandlik sohasida davlat siyosatini yanada takomillashtirish va mehnat organlari faoliyati samaradorligini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 8-sentabrdagi PF-5052-son Farmoni, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari” 2017-yil 8-sentabrdagi PQ-3001-son qarori) 2017-yil 24-maydagi 703-son qaroriga ilovaning 48-bandi.
3. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi haqiqiy aʼzolari (akademiklari)ni tanlov asosida saralash va tasdiqlash tartibi haqidagi nizomni tasdiqlash toʻgʻrisida” 2017-yil 23-oktabrdagi 856-son qarori.
4. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar kiritish, shuningdek, baʼzi qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Innovatsion rivojlanish vazirligini tashkil etish toʻgʻrisida” 2017-yil 29-noyabrdagi PF-5264-son Farmoni va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Innovatsion rivojlanish vazirligi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida” 2017-yil 30-noyabrdagi PQ-3416-son qarori)” 2018-yil 14-fevraldagi 109-son qaroriga ilovaning 15-bandi.
5. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi ustaviga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida” 2019-yil 25-noyabrdagi 947-son qarori.
6. Vazirlar Mahkamasining “Ilmiy va innovatsion faoliyatni boshqarish tizimini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2021-yil 27-avgustdagi 545-son qaroriga 3-ilovaning 8-bandi.
7. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (“Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasi aholisi va hududining seysmik xavfsizligini taʼminlash toʻgʻrisida” 2021-yil 13-sentabrdagi OʻRQ-713-son Qonuni) 2022-yil 9-martdagi 102-son qaroriga ilovaning 1-bandi.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.06.2026-y., 09/26/282/0560-son)