Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
TELEKOMMUNIKATSIYA LINIYALARI VA INSHOOTLARINI MUHOFAZA QILISH QOIDALARINI TASDIQLASH TOʻGʻRISIDA
Telekommunikatsiyalarning kabel, radiorele va havo liniyalari hamda inshootlarining saqlanishini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Ilova qilinayotgan Telekommunikatsiya liniyalari va inshootlarini muhofaza qilish qoidalari tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston SSR Ministrlar Sovetining 1969-yil 20-avgustdagi 403-son qarori (OʻzSSR QT, 1969-y., 7-son, 71-modda) oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari L. A. Axmetov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri
Oʻ. SULTONOV
Toshkent sh.,
1998-yil 15-may,
210-son
Vazirlar Mahkamasining 1998-yil
15-maydagi 210-con qaroriga
ILOVA
Telekommunikatsiya liniyalari va inshootlarini muhofaza qilish
QOIDALARI
Telekommunikatsiya liniyalari va inshootlarini muhofaza qilishning mazkur qoidalari (keyingi oʻrinlarda qoidalar deb ataladi) Oʻzbekiston Respublikasida aloqa, radiolashtirish va signalizatsiya liniyalarining muhofaza qilinadigan hududida qurish, saqlash va foydalanish tartibini belgilaydi.
Qoidalarning amal qilishi barcha liniyalarga, ularning kimga qarashliligi va mulkchilik shakllaridan qatʼi nazar, joriy etiladi.
Qoidalarning Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi barcha korxonalar, tashkilotlar, muassasalar va alohida shaxslar (keyingi oʻrinlarda yuridik va jismoniy shaxslar deb ataladi) tomonidan bajarilishi majburiydir.
I. Telekommunikatsiya liniyalari va inshootlarini qurish
1. Aloqa, radiolashtirish va signalizatsiya liniyalariga (keyingi oʻrinlarda aloqa kommunikatsiyalari deb ataladi) ularga sim va aloqa kabeli tortilgan aloqa havo liniyalari, aloqa va radiolashtirishning tirgakli liniyalari, ularning signal va oʻlchov belgilari (ustunlar)ni bildiradigan yer osti kabel liniyalari, radiorele aloqa liniyalari, kabelli telefon kanalizatsiyasi, xizmat koʻrsatilmaydigan yer usti va yer osti kuchaytirish (regeneratsiya qilish) punktlari, taqsimlovchi shkaflar, qutilar, yerga ulangan simlar konturlari va boshqalar kiradi.
Aloqa kommunikatsiyalari: shahar va qishloq telefon aloqasi, radiolashtirish va signalizatsiya, shaharlararo, xalqaro aloqa, radiorele aloqasi, turli xil texnologiya aloqasi liniyalariga boʻlinadi.
2. Oʻzbekiston Respublikasida aloqa kommunikatsiyalarini qurish va rekonstruksiya qilish Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq, barcha manfaatdor yuridik va jismoniy shaxslarning huquqlariga rioya qilgan holda, loyihalashtirish va qurishning amaldagi meʼyorlari va qoidalariga muvofiq, maxsus ruxsatnoma (litsenziya) larga ega boʻlgan ixtisoslashtirilgan loyihalash institutlari yoki loyihalash guruhlari tomonidan ishlab chiqiladigan loyihalar boʻyicha amalga oshiriladi.
3. Aloqa inshootlari qurish uchun belgilangan tartibda ruxsat olgan yuridik va jismoniy shaxslarga barcha yer maydonlarida, jumladan, sanoat, qishloq xoʻjaligi, oʻrmon xoʻjaligi, suv xoʻjaligi maqsadlaridagi yerlarda, shaxsiy hovlilarda, ajratilgan joylarda va taqiqlangan hududlarda, shuningdeq binolarning tomlarida, temir yoʻl va avtomobil yoʻllari koʻpriklarida, kollektorlarda, metropoliten va temir yoʻllar tunnellarida, texnik shart-sharoitlar boʻyicha mulkdorlar yoki ushbu yerlardan va inshootlardan foydalanuvchilarda, ushbu yer uchastkalari, binolar, koʻpriklar va boshqa inshootlar, kimning mulki, egasi kim yoki kimning foydalanishida boʻlishidan qatʼi nazar, aloqa kommunikatsiyasi barpo etish, ulardan foydalanishni taʼminlovchi moslamalar (quduqlar, qopqoqlar, zinapoyalar, toʻsiqlar va shu kabilar) oʻrnatish huquqi beriladi.
4. Aloqa kommunikatsiyalari qurilishi uchun yer uchastkalari Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligi bilan belgilanadigan tartibda ajratiladi.
Aloqa kommunikatsiyalari qurilishi uchun qurilish davrida yerlar, inshootlarni buzmasdan va koʻp yillik daraxtlarni olib tashlamasdan, vaqtinchalik olib qoʻyiladi.
Yuridik va jismoniy shaxslar yer uchastkalari hududlari boʻyicha, avtomobil yoʻllari, koʻpriklar, yer osti yoʻllari, koʻchalar, imoratlar, zovurlar, taqiqlangan hududlar, oʻrmonlar orqali aloqa kommunikatsiyalarini yotqizish shartlari yer uchastkalari egalari, yerdan foydalanuvchilar va sanab oʻtilgan obyektlar egalari bilan, aloqa kommunikatsiyalari va avtomobil yoʻllari parallel joylashganda va ajratilgan polosaga yaqinligi 50 metrdan kam boʻlganda esa — yoʻl xoʻjaliklari bilan kelishib olinadi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 8-iyundagi PF-6243-son “Yer munosabatlarida tenglik va shaffoflikni taʼminlash, yerga boʻlgan huquqlarni ishonchli himoya qilish va ularni bozor aktiviga aylantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni.
5. Qishloq xoʻjaligi maqsadlaridagi yerlarda aloqa kommunikatsiyalari qurilishiga, qoidaga koʻra, hosil yigʻib-terib olingandan keyingina ruxsat etiladi. Bunda yer ajratish, uni qayta obod qilish shartlariga rioya qilinishi kerak. Agar aloqa kommunikatsiyalari qurilishi qishloq xoʻjaligi ehtiyojlari uchun yerdan foydalanishning ekinlar oʻsadigan davriga moʻljallanayotgan boʻlsa, bu yerlar ekin bilan band qilinmasligi kerak. Bunday hollarda yerdan majburiy ravishda foydalanilmaganligi bilan bogʻliq zararni kompensatsiya qilish nazarda tutilishi kerak.
Yerni ekinlar bilan band qilmaslik toʻgʻrisidagi masala qurilish buyurtmachisi va yer egasi (yerdan foydalanuvchi, shu jumladan, ijarachi) ning birgalikdagi shartnomasi asosida hal etilishi kerak. Shartnoma ekish ishlari boshlanishidan kamida 6 oy oldin tuziladi.
6. Mavjud aloqa kommunikatsiyalari muhofaza qilinadigan hududlari yer maydonlari yer uchastkalari egalaridan, yerga egalik qiluvchilardan (yerdan foydalanuvchi, shu jumladan ijarachidan) olib qoʻyilmaydi va koʻrsatib oʻtilgan kommunikatsiyalarni saqlashni taʼminlash sharti bilan ulardan foydalanilishi mumkin.
Aloqa kommunikatsiyalari egalari yer uchastkalari egalarini, yerga egalik qiluvchilarni, yerdan foydalanuvchilarni, shu jumladan, ijarachilarni aloqa kommunikatsiyalari mavjudligi va ularning saqlanishini taʼminlash yuzasidan chora-tadbirlar qurish toʻgʻrisida yozma shaklda ogohlantipadilap.
7. Xizmat koʻrsatilmaydigan yer usti va yer osti kuchaytiruvchi (regeneratsiya qiluvchi) punktlarni qurish uchun loyihalashga texnologik meʼyorlar bilan belgilanadigan hajmlarda doimiy ravishda yer ajratiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
8. Alohida hollarda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan Davlat tabiatni muhofaza qilish qoʻmitasi bilan kelishilgan holda muhofaza etiladigan tabiiy hududlarda aloqa kommunikatsiyalari qurilishiga yoʻl qoʻyiladi, davlat qoʻriqxonalari, tabiiy bogʻlar va davlat biosfera rezervatlarining qoʻriqxona hududlari bundan mustasno.
(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 1-apreldagi 95-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2005-y., 14-son, 103-modda)
9. Aloqa kommunikatsiyalari trassalarida muhofaza hududlari belgilanishi munosabati bilan mulk egalaridan, yer egalaridan va undan foydalanuvchilardan yerlar olib qoʻyilgan yoki ularning huquqlari chegaralangan hollarda jismoniy yoki yuridik shaxslar — kommunikatsiyalar egalari tomonidan ularga Oʻzbekiston Respublikasi va Qoraqalpogʻiston Respublikasi qonunchiligi bilan belgilangan tartibda kompensatsiya toʻlanadi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyish tartib-taomillari toʻgʻrisida”gi Qonuni.
II. Aloqa kommunikatsiyalarini muhofaza qilish
10. Aloqa kommunikatsiyalari saqlanishini taʼminlash uchun:
a) quyidagi maqsadlar uchun muhofaza hududlari belgilanadi:
kabel va havo kommunikatsiyalari uchun — shu kommunikatsiyalar boʻylab oʻtgan, yer osti kabel trassasidan yoki havo liniyalarining chekka simlaridan har qaysi tomondan 2 metr masofadagi toʻgʻri chiziqqa parallel ravishda belgilangan yer uchastkasidan iborat muhofaza hududi;
daryolar, koʻllar, suv omborlari, kanallardan oʻtganda — suv sathidan to tubigacha har qaysi tomondan 100 metr, dengiz kabeli liniyalari uchun esa — 0,25 milya masofada suv sathining butun chuqurligi uchastkasidan iborat muhofaza hududi;
kuchaytirgich va regeneratsiya punktlari xizmatlari koʻrsatilmaydigan yer usti va yer osti aloqa kommunikatsiyalari uchun — kuchaytirgich va regeneratsiya punktlaridan yoki ularni oʻragan chegaradan 3 metr naridagi uzluksiz chiziq bilan belgilab qoʻyiladigan yer uchastkasidan iborat muhofaza hududi.
Shahar chekkasidan tashqaridagi yer osti kommunikatsiyalari trassalarida, shuningdek aholi yashash joylarida yer osti kommunikatsiyalari oʻtgan joy ekanligini koʻrsatuvchi temir-beton oʻlchov ustunlari oʻrnatiladi. Elektr uzatish liniyalari, toʻsiqlar va uylarning devorlariga mahkamlab qoʻyiladigan koʻrsatkichlar ham shunday joylarni koʻrsatuvchi hisoblanadi. Shaharlarda yer osti kommunikatsiyalarining qayerdan oʻtganligi texnik hujjatlarda belgilanadi.
Dengiz kabel liniyalari trassalarida, daryolar, koʻllar, suv omborlari va kanallar orqali oʻtish joylaridagi aloqa kabellari trassalarida muhofaza qilish hududlari chegaralari chiqish joyidagi signal belgilari bilan birga belgilanadi. Dengiz kabel aloqa kommunikatsiyalari trassalari “Dengizda suzuvchilarga xabarnomalar”da koʻrsatiladi va dengiz xaritalariga kiritiladi;
b) oʻrmon massivlarida va daraxtzorlarda havo aloqa kommunikatsiyalari uchun quyidagicha ochiq joylar qoldiriladi:
boʻyi 4 metrdan baland boʻlmagan daraxtlardan iborat daraxtzorlarda — eni chekkadagi simlar oʻrtasidagi masofadan kam boʻlmagan kenglikka yana 4 metr (har qaysi tomonning eng chekkasidagi simlardan daraxtlarning shoxigacha 2 metrdan iborat) masofa qoʻshilgan ochiq joy qoldiriladi;
boʻyi 4 metrdan baland boʻlmagan daraxtzorlarda — eng chekkadagi simlar oʻrtasidagi masofadan kam boʻlmagan yana 6 metr (har qaysi tomonining eng chekkasidagi simlardan daraxtlarning shoxigacha 3 metrdan iborat) masofa qoʻshilgan ochiq joy qoldiriladi.
Daraxtlarning agʻdarilib tushishi tez-tez sodir boʻladigan daraxtzorda ochiq joylarning kengligi eng chekkadagi simlar oʻrtasidagi masofaga hamda ikkala tomondagi daraxtlarning oʻrtacha balandligi qoʻshilgan masofaga teng boʻlishi kerak. Bunday hollarda ochiq joyning chekkasida oʻsgan ayrim daraxtlar yoki daraxtlar guruhining balandligi daraxtzorning oʻrtacha balandligidan yuqori boʻlsa, ular kesib tashlanishi lozim. Ochiq joylardagi daraxtlarni parvarish qilishda xaridorgir daraxtlar ochiq joylar oʻtgan xoʻjaliklar ixtiyorida qoldiriladi. Xaridorgir boʻlmagan daraxtlar oʻrmon xoʻjaligi hududidan chiqarib tashlanadi va yoʻq qilinadi.
Aloqa kommunikatsiyalari parklar, bogʻlar orasidan oʻtgan hollarda tegishli tashkilotlar, korxonalar, myaccacalap bilan oʻzaro kelishilib, ochiq joylarning kengligini kamroq qilib belgilashga yoʻl qoʻyiladi.
Oʻrmon massivlari va daraxtzorlar orasidan oʻtgan aloqa kommunikatsiyalari uchun ajratilgan ochiq joylar aloqa kommunikatsiyasi egalari kuchlari bilan yongʻin chiqishiga yoʻl qoʻyilmaydigan xavfsiz holatda saqlanishi kerak.
Parklarda, bogʻlarda, oʻrmon daraxtzorlarida, shaharlar va aholi yashash joylari atrofidagi daraxtzorlarda, ihota daraxtzorlarida, avtomobil va temir yoʻllar boʻylaridagi ihota oʻrmonzorlarida, daryolar, kanallar boʻylaridagi, koʻllar va suv havzalari atrofidagi taqiqlangan oʻrmonzorlarda, qimmatli daraxtlardan iborat oʻrmonzorlarda ochiq joylar shunday qoldirilishi kerakki, ularni ochish chogʻida daraxtzorlarga eng kam zarar yetadigan boʻlsin va shu daraxtlarning himoya xususiyati yoʻqolishiga yoʻl qoʻyilmasin. Jumladan, bunda butalar va yosh daraxtlar kesib tashlanmasligi, tuprogʻi yumshoq tik (15 gradusdan yuqori) qiyaliklardagi eroziya jarayonlaridan zararlangan joylardagi toʻnkalar kovlab olinmasligi kerak.
Ochiq qoldiriladigan joylardagi daraxtlarni kesish aloqa kommunikatsiyalari egalari tomonidan oʻrmon xoʻjaligi tashkilotlarining shartlariga koʻra amalga oshiriladi. Daraxtzorlarni kesish qoidalari buzilishiga yoʻl qoʻygan aloqa kommunikatsiyalari egalari buning uchun Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligi bilan belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladilar;
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 79-moddasi.
v) aloqa kommunikatsiyalari bilan boshqa inshootlar oʻrtasida tegishli inshootlarni qurish qoidalari bilan belgilanadigan eng kam miqdorda yoʻl qoʻyiladigan masofa (oraliq)lar qoldiriladi.
11. Radiorele aloqa liniyalari trassalarida radio toʻlqinlari tarqalishiga toʻsqinlik qilishining oldini olish maqsadida binolar va inshootlar qurish, shuningdeq daraxtlar oʻtqazish taqiqlangan alohida yer uchastkalari belgilab qoʻyiladi Bu uchastkalarning joylashishi va chegaralari radiorele liniyalarini qurish loyihalarida nazarda tutiladi va loyihalash tashkilotlari tomonidan tegishli viloyatlar, tumanlar, shaharlar arxitektura boshqarmalari (boʻlimlari) ga maʼlum qilinadi
12. Aloqa kommunikatsiyalari trassalaridagi muhofaza hududlari va ochiq joylar doirasida ushbu kommunikatsiyalar egalarining yozma ravishdagi roziligisiz:
a) 0,3 metrdan ortiq chuqurlikda har qanday qurilish, yer qazish, montaj va portlatish ishlari, qishloq xoʻjaligi dalalarida qishloq xoʻjaligi zarurati uchun yerni yumshatish, shuningdeq sugʻorish tarmoqlarini tozalashni amalga oshirish;
b) xoʻjalik uylari va boshqa inshootlar barpo etish, daraxtlar va toklar ekish, dala shiyponlarini joylashtirish, chorva mollari boqish, materiallar, yem-xashak va oʻgʻitlarni toʻplab qoʻyish, gulxanlar yoqish, oʻq otish maydonlari tashkil qilish;
v) aloqa kommunikatsiyalarini muhofaza qilish boʻyicha maxsus chora-tadbirlarsiz avtotransportlar, traktor va mexanizatsiyalarning oʻtishini va toʻxtab turish joylarini tashkil qilish, havo aloqa kommunikatsiyalari simlari ostidan gabaritsiz yuklarni tashish;
g) quduqlar, shurflar qazish va tuproqdan namunalar olish bilan bogʻliq boʻlgan geologik-rasmga olish, geodeziya, qidiruv va boshqa izlash ishlarini bajarish;
d) kemalar, barjalar va suzuvchi kranlar toʻxtab turishi uchun prichallar qurish, yuk ortish-tushirish, suv tagini chuqurlashtirish va yer qazish ishlarini bajarish, langar tashlash, tashlangan langarlar, zanjirlar, lotlar, volokushalar va trallar bilan oʻtish, baliq ovlaydigan uchastkalar ajratib berish, baliq, shuningdeq boshqa suv jonivorlarini va oʻsimliklarini suv tagiga borib yetadigan asboblar yordamida ovlash, chorva mollari sugʻoriladigan joylar qurish, muzlarni teshish va muz tayyorlash taqiqlanadi.
Avtomobil yoʻllari va temir yoʻllar oʻtgan joylardagi aloqa kommunikatsiyalarining muhofaza qilinadigan hududlari yoʻl va temir yoʻllar organlari tomonidan oʻz ehtiyojlari uchun, lekin kommunikatsiyalarning saqlanishini albatta taʼminlagan holda, foydalanilishi mumkin.
Aloqa kommunikatsiyalari saqlanishini taʼminlash uchun mazkur qoidalarning V boʻlimiga muvofiq ushbu kommunikatsiyalarning trassalari muhofaza hududlari va ochiq joylar doirasida ishlarni amalga oshirish shartlari belgilanadi.
13. Aloqa kommunikatsiyalari ishini buzishi mumkin boʻlgan har qanday harakatlarni amalga oshirish taqiqlanadi, jumladan:
a) aloqa kommunikatsiyalari oʻtkazilgan, ushbu kommunikatsiyalarning havo tirgovuchlari oʻrnatilgan, kabel qutilari va taqsimlagich qutichalar joylashtirilgan yerlarda ushbu inshootlar va qurilmalar egalari bilan kelishib olingan loyiha boʻyicha aloqa kommunikatsiyalarini quruvchilar tomonidan oldindan olib chiqib ketmasdan binolarni, koʻpriklarni buzish va rekonstruksiya qilish, zovurlarni, metropoliten va temir yoʻllarning yer osti yoʻllarini qayta qurish;
b) oʻlchov va signal belgilarini koʻmib yuborish va sindirish, ogʻir (5 tonnadan koʻp) narsalarni tashlash, aloqa kommunikatsiyalari trassalarida kislotalar, tuzlar, ishqorlar va boshqa suyuqliklar oqiziladigan ariqlar barpo etish;
v) xizmat koʻrsatilmaydigan kuchaytirgich (regeneratsiya) joylarining kabel kanalizatsiyalari qopqoqlarini tuproq, axlat, qurilish materiallari bilan koʻmib tashlash, beton yoki asfalt yotqizish;
g) xizmat koʻrsatilmaydigan (yer osti va yer usti) kuchaytirgich (regeneratsiya) joylarining va radiorele stansiyalarining, telefon kanalizatsiyasi kabel hududlarining, taqsimlash shkaflari va kabel qutilarining eshiklarini va qopqoqlarini ochish, shuningdeq xizmat koʻrsatish uchun aloqasi boʻlmagan shaxslarni ushbu aloqa kommunikatsiyalariga jalb qilish;
d) daryolarning qayirlarida va oʻzanida oqimi boʻyicha kabel oʻtgan joylardan 2,5 km yaqin masofada balandda yoki quyida shagʻal yoki qumni saralab olish uchun ochiq kon qazish;
e) oldindan chuqurlashtirmasdan yoki yer osti aloqa kommunikatsiyalarini chiqarib olmasdan yerni tekislash;
j) bir joʻyakning oʻzi boʻylab yer yumshatish traktorlarini bir necha bor oʻtkazish va aloqa kommunikatsiyalarining muhofaza qilinadigan hududlarida joʻyaklarda yer yumshatish traktorlarini burib olish;
z) aloqa kommunikatsiyalariga shikast yetkazishi mumkin boʻlgan boshqa (masalan, havo aloqasi liniyalari tirgovuchlari va armaturasini shikastlantirish, simlarni uzib yuborish, ularga boshqa narsalarni tashlab yuborish) harakatlarni qilish;
i) amalda boʻlish muddati oʻtib ketgan ruxsatnomalar boʻyicha ishlarni amalga oshirish.
14. Shaharlarda va boshqa aholi yashaydigan joylarda aloqa kommunikatsiyalarining saqlanishini taʼminlash uchun ushbu kommunikatsiyalar tasarrufida boʻlgan jismoniy va yuridik shaxslar topogeofizika-geodeziya bajarish rasmlari materiallarini yer ishlarini olib borishga ruxsatnomalar beradigan hokimiyat organiga taqdim etishlari shart.
15. Kema langari yoki baliq ovlash asbobi kabelni ilib koʻtarib chiqqan taqdirda, kemalarning kapitanlari (kemalarning komandirlari) langarlari yoki ov asboblari nobud boʻlishi bilan hisoblashmay, kabelga shikast yetkazmagan holda, uni langardan yoki ov asbobidan ajratib olish uchun hamma choralarni koʻrishga majburdirlar. Kabel ilinib koʻtarib chiqilganligi toʻgʻrisida kemalarning kapitanlari (kemalarning komandirlari) kabel koʻtarilgan joyning koordinatlarini, shuningdek kabel koʻtarilgan vaqtni koʻrsatib, eng yaqin joydagi portga radio orqali darhol xabar qiladilar. Tasodifiy ravishda kabel koʻtarilib qolganligi toʻgʻrisidagi xabarni qabul qili6 olgan port bu haqda yaqinroqdagi aloqa korxonasi (tashkiloti)ga maʼlum qiladi.
16. Aloqa kommunikatsiyalari oʻtgan yer uchastkalari mulkiga berilgan, tasarrufida, foydalanishida boʻlgan yuridik va jismoniy shaxslar:
a) ushbu kommunikatsiyalarning buzilmay saqlanishini taʼminlashga yordam beradigan va oʻzlariga bogʻliq boʻlgan barcha chora-tadbirlarni koʻrishlari;
b) aloqa kommunikatsiyalari egalari bilan ishni boshlash muddatlarini va ushbu ishlar qayerda olib borilishini oldindan kelishib olmay turib geologiya-suratga olish, qidirish, geodeziya va boshqa qidiruv ishlarining amalga oshirilishiga, binolar va inshootlar qurilishiga yoʻl qoʻymasliklari;
v) kommunikatsiyalarni chuqurlashtirish uchun ishchi kuchi va mexanizmlarni ajratgan holda, pulga, agar bu qandaydir ishlarni amalga oshirish uchun zarur boʻlsa, aloqa kommunikatsiyalari egalariga yordam koʻrsatishlari shart.
17. Yangi qurilishlar, shaharlarni, aholi yashaydigan boshqa joylarni va alohida binolarni rekonstruksiya qilish, yoʻllar va koʻpriklarni qayta qurish, qishloq xoʻjaligi dalalarini qayta rejalashtirish sababli aloqa kommunikatsiyalarini qayta qurish va oʻtkazish asosiy qurilish yoki ishlarni amalga oshirish ishlarini tashkil etuvchilar, yer uchastkalari egalari, yerdan foydalanuvchilar, yer egalarining kapital qoʻyilmalari va moddiy resurslari hisobidan aloqa kommunikatsiyalari va inshootlari egalari bilan kelishgan holda texnik shartlar boʻyicha amalga oshiriladi. Mavjud aloqa kommunikatsiyalari va inshootlarini ushbu kommunikatsiya va inshootlar egalari bilan kelishmasdan boshqa joyga koʻchirish taqiqlanadi.
Asosiy qurilishlar va ishlarni olib boruvchi tashkilotlar va shaxslar ushbu kommunikatsiyalar boʻyicha ularning joyini oʻzgartirishda yoki qayta qurishda aloqa ishlarining toʻxtab qolishidan yetkazilgan zararlarni aloqa kommunikatsiyalari egalariga toʻlashga majburdirlar.
Aloqa kommunikatsiyalarini boshqa joyga oʻtkazish nazarda tutilgan loyiha boʻyicha ishlarni amalga oshirish faqat ushbu kommunikatsiyalar qayta ulangandan keyin boshlanishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
18. Qurilish uchun yer uchastkalarini ajratish ushbu kommunikatsiyalar egalarining xulosalarini hisobga olgan holda hal etilishi kerak.
(18-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 8-iyundagi PF-6243-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.06.2021-y., 06/21/6243/0540-son — 2021-yil 1-avgustdan kuchga kiradi)
19. Loyihalashtirilayotgan binolar, inshootlarning qurilish maydonchalari hududlari orqali aloqa kommunikatsiyalari trassalari oʻtadigan hollarda, ushbu obyektlarni qurish loyihalari va smetalarida shu telekommunikatsiyalar egalari bilan kelishuv boʻyicha kommunikatsiyalarning saqlanishini taʼminlashning zarur chora-tadbirlari nazarda tutilishi kerak.
20. Aloqa kommunikatsiyalari trassalaridagi muhofaza hududlari va ochiq joylar yaqinida mazkur kommunikatsiyalarga shikast yetkazishi mumkin boʻlgan ishlarni tashkil etuvchilar:
aloqa kommunikatsiyalari egalari bilan shu ishlarni amalga oshirish tartibini nazarda tutgan hamda aloqa kommunikatsiyalari saqlanishini taʼminlaydigan, ishlarni bajaruvchilar amalga oshirishi lozim boʻlgan tadbirlarni koʻzda tutgan bitimlar tuzishlari;
ishlarni amalga oshirish vaqti va joyi hamda ularning olib borilishini kuzatish tartibi toʻgʻrisida aloqa kommunikatsiyalari egalarini xabardor qilishlari shart.
21. Yer ishlarini amalga oshiruvchilar shu ishlarni bajarish toʻgʻrisidagi texnik hujjatlarda qayd etilmagan yer osti kabellariga duch kelib qolganlarida kabellar uchragan joylar atrofidagi ishlarni darhol toʻxtatishlari, ularning saqlanishini taʼminlash chora-tadbirlarini qurishlari va bu toʻgʻrida mahalliy hokimlikning arxitektura boʻlimi (boshqarmasi) ga xabar qilishlari shart.
III. Muhofaza qilinadigan hududlarda aloqa kommunikatsiyalaridan foydalanish
22. Aloqa kommunikatsiyalari egalarining texnik xodimlariga aloqa kommunikatsiyalarining muhofaza hududlaridan va ochiq joylardan bemalol oʻtish, avariya-tiklash ishlarini bajarayotganlarida esa, oʻz mashinalarida bemalol oʻtib ketish huquqi beriladi. Agar koʻrsatib oʻtilgan kommunikatsiyalar taqiqlangan hududlar va maxsus obyektlar hududidan oʻtgan boʻlsa, unda tegishli tashkilotlar kunning har qanday vaqtida nazorat qilib turish va ishlarni bajarish uchun aloqa kommunikatsiyalari egalariga ruxsatnomalar berib qoʻyishlari kerak.
23. Aloqa kommunikatsiyalari egalariga muhofaza qilinadigan hududlar va ochiq joylarda:
a) xizmat koʻrsatish uchun zarur boʻlgan yoʻllar, kirish yoʻlaklari, koʻpriklar va kommunikatsiyalardan foydalanish uchun zarur boʻlgan boshqa inshootlarni qurishga (yerlar ajratish va umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllariga qoʻshilish uchun qoʻshimcha kelishuvlar boʻyicha);
b) ushbu kommunikatsiyalarni tuzatish uchun oʻralar, xandaqlar va kotlovanlarni majburiy ravishda tuproq bilan qayta koʻmish va yerni qayta sozlab qoʻyish sharti bilan qazishga;
v) ochiq joylarning belgilangan kenglikda boʻlishini taʼminlash uchun daraxt shoxlarini kesishga ruxsat etiladi.
24. Qishloq xoʻjaligi uchun moʻljallangan yerlarda aloqa kommunikatsiyalaridan foydalanish maqsadida xizmat koʻrsatish va tuzatish (avariya-tuzatish ishlaridan boshqa) ishlarini, qoidaga koʻra, ushbu yerlar qishloq xoʻjaligi ekinlari bilan band boʻlmagan davrda bajarishga ruxsat etiladi.
Avariyalarni bartaraf etish ishlari har qanday vaqtda (ekinlar bor yoʻqligidan qatʼi nazar) bajarilishi mumkin. Koʻrsatib oʻtilgan ishlar bajarilgandan soʻng aloqa kommunikatsiyalari egalari qishloq xoʻjaligi maqsadlaridagi yerlarni qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishi uchun yaroqli holga keltirishlari, shuningdek yer egalariga, yerdan foydalanuvchilarga, shu jumladan, ijarachilarga avariya-tiklash ishlarini bajarishda yetkazilgan zararlarni, agar aloqa kommunikatsiyalari shikastlanishiga yer egalari, yerdan foydalanuvchilar, shu jumladan, ijarachilar tomonidan mazkur qoidalar talablari buzilishi sabab boʻlmagan boʻlsa, toʻlashlari kerak.
25. Aloqa kommunikatsiyalarini tuzatish boʻyicha (avariya-tiklash ishlaridan tashqari) yoʻlning ustki qatlamlarini olib tashlashni va yerni qazishni talab qiladigan ishlarni bajarish shart-sharoiti tegishli yoʻl organlari bilan, shaharlar va boshqa aholi yashash joylari doirasida esa — hokimliklar bilan kelishib olingandan keyin amalga oshirilishi mumkin. Koʻrsatilgan ishlarni bajarish shartlari toʻgʻrisida tegishli organ shunday ishlarni bajarish zarurligi toʻgʻrisida yozma xabar olgandan soʻng 3 kun muddatda aloqa kommunikatsiyalari egalariga maʼlum qilishi kerak. Ish joylarini oʻrab qoʻyish DAN organlari bilan kelishib olinadi.
Avariya-tiklash ishlari ularning shartlari oldindan kelishib olinmagan holda bajarilaveradi, ammo ish bajarilayotgan joyga yoʻl organi yoki hokimlik vakili albatta chaqirtirilishi kerak. Bunda mazkur ishlarni amalga oshiruvchi aloqa kommunikatsiyalari egalari transport va yoʻlovchilar uchun zarur ogohlantiruvchi belgilarni oʻrnatgan holda avariya boʻlgan joyni aylanib oʻtish yoʻllarini koʻrsatib qoʻyishlari kerak. Ustki qatlami olib tashlangan yoʻl ushbu qatlamni olib tashlagan aloqa kommunikatsiyalari egalari hisobidan, yoʻl organlari tomonidan tiklanadi.
26. Aloqa kommunikatsiyalari tosh yoʻl va temir yoʻllar, truboprovodlar, kema qatnaydigan daryolar, koʻllar, suv omborlari, kanallar, sanoat korxonalari hududlari, metropoliten tunnellarida kesishgan joylarda bunday kommunikatsiyalardan foydalanish tartibi aloqa kommunikatsiyalari egalari tomonidan transport, sanoat va boshqa tegishli tashkilotlar, muassasalar va shaxslar bilan kelishib olinishi kerak.
27. Hokimliklar, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar va milliy xavfsizlik organlari aloqa kommunikatsiyasi egalariga ushbu kommunikatsiyalarning shikastlanishining oldini olishda va barcha korxonalar, tashkilotlar, muassasalar va fuqarolar tomonidan mazkur Qoidalar talablarini taʼminlashda oʻz vakolatlari doirasida yordam beradilar.
IV. Aloqa kommunikatsiyalari trassalarida muhofaza qilinadigan hududlar va ochiq joylar doirasidagi ishlarni amalga oshirish shartlari
Oldingi tahrirga qarang.
28. Aloqa kommunikatsiyalari oʻtkazilgan yer uchastkalarini olgan yuridik va jismoniy shaxslar ulardan foydalanishni tegishli aloqa kommunikatsiyalari egalari bilan kelishib olishlari shart.
(28-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 8-iyundagi PF-6243-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.06.2021-y., 06/21/6243/0540-son — 2021-yil 1-avgustdan kuchga kiradi)
29. Aloqa kommunikatsiyalari mavjud boʻlgan yer uchastkalarida binolar va inshootlar qurish uchun quruvchi tomonidan loyiha koʻrsatilishi kerak.
Loyihasiz bajariladigan qurilish, tuzatish va boshqa ishlarni amalga oshirish uchun aloqa kommunikatsiyalari egalarining yozma ravishdagi roziligi olinishi kerak.
Bunday ishlarga:
— yer osti kabel liniyalari trassalarida — chuqurlar qazish, yoʻllardan vaqtincha burilish joylari ochish, transport oʻtadigan yoʻlni yopish va suv oʻtkazish uchun yer qazish, dalalarni tekislash, qoziq qoqish, toʻsiq uchun tirgovuch oʻrnatish, tuproq namunasini olish, turli maqsadlar uchun xandaqlar qazish va boshqalar;
— havo aloqasi liniyalari trassalarida tirgovuch, tortqi, tambadan 2 metrdan kam masofada kamida 0,3 metrdan ortiq chuqurlikda yer ishlari olib borish; simlar va osilib turgan kabellar ostidan gabariti osilib turgan simlar bilan teng yoki undan baland boʻlgan transport va mexanizmlarni vaqtincha oʻtkazish joyini qurish, yiqilayotganda simlarni shikastlantirishi mumkin boʻlgan daraxtlarni yiqitish va boshqalar;
— binolarning tomlari boʻylab oʻtkaziladigan tirab qoʻyiladigan liniyalarda simlarni shikastlashi mumkin boʻlgan tirab va tortib turadigan va boshqa mustahkamlash bilan bevosita bogʻliq boʻlgan tomlar va cherdaklarni almashtirish yoki tuzatish ishlari kiradi.
30. Loyihasiz amalga oshiriladigan ishlarni bajarish hududida yer osti kommunikatsiyalari mavjudligini aniqlash uchun ishlarni bajaruvchilar tomonidan tuman (shahar) arxitektura boshqarmasi (boʻlimi) dan maʼlumot olinishi kerak.
31. Aloqa kommunikatsiyalari muhofaza qilinadigan hududda ishlarni amalga oshiradigan buyurtmachi (quruvchi) ish boshlangunga qadar 3 sutkadan kechikmasdan texnik hujjatlar boʻyicha va yer osti kommunikatsiyalari (shu jumladan, yer osti kuchaytirgich joylarining, kuzatish qurilmalari boʻlgan kabel kanalizatsiyasi, yerga ulanish konturlari va boshqalar) ning aniq joylashgan oʻrnini shurflagan holda belgilash, ularning yotqizilish chuqurligini va qurilayotgan obyektlarning inshootlar bilan oʻzaro joylashuvini aniqlash uchun kommunikatsiya egasining vakilini chaqirishi shart.
32. Yer osti aloqa kommunikatsiyalarining aniq joylashuvini aniqlash amalga oshirilayotgan ishlar hududida ularning butun uzunligi boʻyicha bajariladi va buning uchun ushbu kommunikatsiyalarning egalari javob beradilar.
Qurilish uzoq muddat olib borilganda amalga oshirilayotgan ishlar hududida aniqlangan yer osti kommunikatsiyalari trassasi balandligi 1,5 — 2 metr boʻlgan nishon qoziqlari bilan belgilanishi kerak. Nishon qoziqlari trassaning 0,5 metrdan koʻp boʻlgan toʻgʻri chiziqli oʻqidan barcha ogʻish nuqtalarida, trassaning barcha muyulishlarida, shuningdek ishlar qoʻlda bajariladigan yer qazish chegaralarida, trassaning toʻppa-toʻgʻri uchastkalarida 15 — 20 m oraliqda oʻrnatiladi.
Nishon qoziqlari oʻrnatish va shurflar ochish ishlari aloqa kommunikatsiyasi egasining vakili ishtirokida quruvchining kuchi va mablagʻlari bilan bajariladi.
Trassalar nishon qoziqlari bilan belgilab chiqilmagungacha yer ishlarini bajarishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Qurilish uzoq muddat olib borilganda ham aloqa kommunikatsiyasi egalari tomonidan zarur miqdordagi namunaviy ogohlantiruvchi belgilar oʻrnatiladi.
33. Yer osti aloqa kommunikatsiyalari trassasini aniqlash boʻyicha amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisida quruvchi (buyurtmachi) vakili, ish bajaruvchi va yer osti kommunikatsiyasi egasi ishtirokida dalolatnoma tuziladi. Dalolatnomada qanday va nechta quduq qazilganligi, nishon qoziqlari va belgilar oʻrnatilganligi, muhofaza qilinadigan hududdagi ishlarning qaysi bosqichida aloqa kommunikatsiyasi egasi qatnashishi kerakligi koʻrsatiladi.
Dalolatnoma imzolangandan keyin aloqa kommunikatsiyalari va oʻrnatilgan belgilarning saqlanishi uchun ishlarni amalga oshiruvchi javob beradi.
34. Ish bajaruvchilar — ustalar, brigadirlar, yer kavlagich va qoziq qoquvchi va boshqa qurilish mexanizmlari hamda mashinalarning mashinistlari aloqa kommunikatsiyalari muhofaza qilinadigan hududlarda ish boshlangunga qadar yer osti kommunikatsiyalari trassalarining joylanishi, ularning joylardagi belgilanishi bilan tanishib chiqishlari kerak. Ular bilan aloqa kommunikatsiyalari saqlanishini taʼminlovchi qoʻlda va mexanizatsiyalashgan usul bilan yer ishlarini bajarish tartibi toʻgʻrisida ham instruktaj oʻtkazilishi kerak. Bundan tashqari, ular aloqa kommunikatsiyalarida odamlarning hayoti uchun xavfli boʻlgan kuchlanish borligini hisobga olib, elektr toki bilan shikastlanish xavfi toʻgʻrisida, shuningdek koʻrsatib oʻtilgan kommunikatsiyalarning shikastlanishi uchun javobgarligi toʻgʻrisida ogohlantirilishlari kerak.
Aloqa kommunikatsiyalari muhofaza qilinadigan hududlarda ishlarni bajarish topshiriqnomalarida yer osti va havo aloqa inshootlari mavjudligi, ushbu inshootlar egasi vakili chaqirilishi koʻrsatilishi, zarur boʻlgan hollarda esa qoʻlda bajariladigan ishlarni amalga oshirish chizmasi berilishi kerak.
Aloqa kommunikatsiyalari muhofaza qilinadigan hududlardagi ishlar prorab yoki master kuzatuvida bajarilishi kerak.
35. Aloqa kommunikatsiyasi muhofaza qilinadigan hududda ishlarni tashkil etuvchilar ish boshlanishidan kamida bir sutka oldin aloqa kommunikatsiyasi egalariga ishni boshlash sanasi va soati, ishlarni bajarishda ularning vakili ishtirok etishi zarurligi toʻgʻrisida telefonogramma bilan yoki shaxsan borib xabar beradi.
Aloqa kommunikatsiyasi egalari ushbu kommunikatsiyalarning saqlanishini taʼminlovchi chora-tadbirlarga rioya qilinishi uchun texnik nazoratni amalga oshirish maqsadida ish joyiga oʻzlarining vakillarini oʻz vaqtida, koʻrsatilgan muddatda kelishlarini taʼminlashga majburdirlar.
Koʻrsatib oʻtilgan vakillar belgilangan joyga yetib kelmagan hollarda ish bajaruvchilar bir sutka mobaynida bu toʻgʻrida aloqa kommunikatsiyasi egalariga xabar berishga majburdirlar.
Koʻrsatib oʻtilgan vakillar hozir boʻlmagan taqdirda aloqa kommunikatsiyasi muhofaza qilinadigan hududda yer ishlarini olib borish taqiqlanadi Aloqa kommunikatsiyasi egalari vakillari kelmaganligi sababli paydo boʻlgan zararlarni qoplash masalalari qonun bilan belgilangan tartibda hal qilinadi.
36. Aloqa kommunikatsiyalari muhofaza qilinadigan hududda yoki trassalardagi ochiq joylarda ishlarni olib borishga yozma holdagi rozilik mavjud boʻlmagan, mazkur Qoidalarning talablari buzilgan hollarda aloqa kommunikatsiyasi egasi ishlarni toʻxtatishni talab qilishga va bu haqda tegishli bayonnoma tuzishga haqlidir.
37. Aloqa kommunikatsiyalari muhofaza qilinadigan hududda yoki ochiq joyda kechiktirib boʻlmaydigan tuzatish-tiklash ishlarini talab qiluvchi avariya holatlarida bunday ishlarni koʻrsatib oʻtilgan kommunikatsiya egalari bilan oldindan kelishuvsiz bajarishga, quyidagi talablarni bajarish sharti bilan yoʻl qoʻyiladi:
a) sutkaning qaysi vaqtida boʻlishidan qatʼi nazar, avariya sodir boʻlgan joyga ishchilarni joʻnatish bilan bir vaqtda aloqa kommunikatsiyalari egalariga ular vakillarining hozir boʻlishi zarurligi toʻgʻrisida telefonogramma orqali xabar beriladi;
b) avariya ishlarini bajarish joyida mazkur boʻlimning 7-bandiga muvofiq instruktaj oʻtkazishi kerak boʻlgan, bu ishlar uchun masʼul shaxs hech qayoqqa ketmasdan turishga majburdir;
v) aloqa kommunikatsiyalari egalarining vakillari avariya joyiga yetib kelgunga qadar muhofaza qilinadigan hududdagi yer ishlari qoʻlda olib borilishi kerak. Aloqa kabeliga duch kelinganda uning saqlanishi taʼminlanishi lozim;
g) avariya joyiga yetib kelgan aloqa kommunikatsiyalari egasining vakili ushbu kommunikatsiyalar joylashgan joyni koʻrsatishga, ularning saqlanishini taʼminlash chora-tadbirlarini koʻrishga va ishlar tugallangunga qadar shu yerda boʻlishga majburdir.
38. Loyihada koʻzda tutilgan aloqa kommunikatsiyalarining joyi oʻzgartiriladigan joylarda ishlarni bajarish (ish vaqtida yoki doimo) ishlab turgan aloqa kommunikatsiyalari koʻchirilgandan keyingina boshlanishi mumkin.
Ishlab turgan aloqa kommunikatsiyalarini yangidan qurilganlariga koʻchirish ishlari ushbu kommunikatsiyalar egalari tomonidan topshiriqnoma boʻyicha va quruvchi hisobiga kommunikatsiyalarning joyini oʻzgartirish ishlari tugallanganidan keyin besh sutkadan kechikmay amalga oshiriladi.
39. Yer osti aloqa kommunikatsiyalari trassalari boʻyicha bevosita qurilish mexanizmlari va transportning harakat qilishi uchun vaqtinchalik oʻtish yoʻllari ochish zarur boʻlganda ishlarni tashkil etuvchilar bilan kelishuv boʻyicha koʻrsatilgan kommunikatsiyalarni yogʻoch yoki beton plitalar toʻshash, shagʻal, qum va boshqalar toʻkish yoʻli bilan mexanik shikastlanishdan himoyalash amalga oshiriladi.
Havo aloqa kommunikatsiyalari simlari ostidan gabaritsiz yuklarni olib oʻtishda simlarni uzib yubormaslik uchun travers yoki balandroq tirgovuch oʻrnatish, simlar bilan yukning (mexanizmning) eng yuqori nuqtasi oʻrtasida kamida 200 mm tirqish qoldirgan holda ular vaqtincha koʻtarib qoʻyiladi. Bu ishlar aloqa kommunikatsiyalari egalari tomonidan quruvchi yoki ishni amalga oshiruvchining ishchi kuchi bilan va mablagʻlari hisobidan bajariladi.
Yuqorida koʻrsatib oʻtilgan ishlar qurilishni tashkil etish loyihasida nazarda tutilgan boʻlishi kerak.
40. Aloqa kommunikatsiyalarining muhofaza qilinadigan hududlari va ochiq joylaridagi ishlar amaldagi qurilish normalari va qoidalariga, yerni qazishda qiyaliklarning tik joylari va xandaqlar hamda kotlovanlarni mustahkamlash asosida, yer ishlari xususiyatlariga rioya qilingan holda bajarilishi kerak.
41. Yer osti aloqa kommunikatsiyalariga bevosita yaqin joylarda yer qazishga kuchli zarbalarsiz, faqat belkuraklar yordamida yoʻl qoʻyiladi; urib ishlatiladigan asboblar (lom, choʻkich, pona, pnevmatik asbob) dan foydalanish taqiqlanadi.
42. Ishlab turgan aloqa kommunikatsiyalari bilan kesishgan joylarda yer qazish ishlari eng qisqa muddatlarda bajarilishi kerak.
43. Kabelli aloqa kommunikatsiyasiga tegib ketadigan xandaqlar va kotlovanlar qazishda ish bajaruvchilar ularni shikastlanishdan quyidagi tartibda himoya qiladilar:
a) bevosita yerga yotqizilgan kabellar qoʻlda toʻliq qazib olinadi va yaxlit (yogʻochdan yoki boshqa materialdan yasalgan) qutiga kiritiladi, u zarur boʻlganda xandaqlarga kundalang holda qoʻyilgan tusin yoki xodalarga mahkam qilib osib qoʻyiladi. Qutilarning uchi xandaq chetlaridan kamida 0,5 metr chiqib turishi kerak. Quti simlardan tayyorlangan xomutlarga osib qoʻyiladi;
b) quvurlar yoki bloklarga yotqizilgan kabellar quvur (blok) ning yuqori chetigacha faqat qoʻlda qazib ochiladi. Keyin ularni osib qoʻyish uchun zarur boʻlgan toʻsinlar yotqiziladi. Undan keyin quvur (blok) ning pastki chetigacha qazish davom ettiriladi, ular osib qoʻyiladi va soʻngra yerni qazish yana davom ettiriladi;
v) agar xandaq yoki kotlovan kabel yotqizilgan joydan pastroq yoki unga bevosita yaqin joyda qazilsa, u holda tuproqning choʻkishi yoki siljishiga yoʻl qoʻymaslik chora-tadbirlari qoʻrilishi kerak;
g) kabel kanalizatsiyasining kabel yoki bloklari katta masofada ochilib qolgan hollarda, ularning muhofazasi ishlarni amalga oshirish loyihasida ishlab chiqilishi kerak.
Himoyalanmagan ochiq kabellarni qoʻriqlash kommunikatsiyalar egalari yoki ishni bajaruvchilarning kuchi bilan tashkil etilishi kerak.
44. Suv osti aloqa kommunikatsiyalarining muhofaza qilinadigan hududida ishlarni amalga oshirish shartlari bunday ishlarni ushbu kommunikatsiyalar egalari bilan kelishib olish chogʻida belgilanadi.
45. Aloqa kommunikatsiyalari joylashgan hududda muzlagan yerni qizdirish shunday olib borilishi kerakki, toki bunda tuproq harorati kabelning qobigʻini va izolyatsiya simlarining shikastlanishiga sabab boʻlmasin. Muzlagan yerni pona qoqish yordamida qazish taqiqlanadi.
46. Aloqa kommunikatsiyalari kesishgan joylarda xandaqlar tuproq qatlamini 0,1 metrdan koʻp boʻlmagan qalinlikda qilib, puxta zichlashtirilgan holda koʻmiladi. Qishki sharoitlarda ular qum yoki erigan yumshoq tuproq bilan koʻmiladi.
Xandaq toʻsiqlar va kabellar joylashtirilgan qutilar bilan birga koʻmiladi, ishning tugallanganligi toʻgʻrisida dalolatnoma tuziladi.
47. Aloqa kommunikatsiyalari shikastlangan hollarda ishni amalga oshiruvchi ushbu kommunikatsiya egalariga bu toʻgʻrida darhol xabar berishga hamda ishchi kuchi va mexanizmlar ajratgan holda shikastlanishni tezroq bartaraf etishda yordam koʻrsatishga majburdir.
Shikastlangan aloqa kommunikatsiyalari egalari shikastlanish sabablari toʻgʻrisida bayonnoma tuzishadi.
Bayonnomalar maʼmuriy jazolash, yetkazilgan zararni qoplash yoki jinoiy ish qoʻzgʻatish uchun tegishli organlarga taqdim etiladi.
V. Mazkur qoidalarga rioya etilishi bilan bogʻliq, shuningdek muhofaza qilinadigan hududda aloqa kommunikatsiyalarini qurish, muhofaza qilish va ulardan foydalanish tartibi buzilganda paydo boʻladigan baholarni koʻrib chiqish
Mazkur qoidalar talablariga rioya etilishi bilan bogʻliq, shuningdek muhofaza qilinadigan hududda aloqa kommunikatsiyalarini koʻrish, muhofaza qilish va ulardan foydalanish tartibi buzilganda paydo boʻladigan bahslar qonunchilikda belgilangan tartibda koʻrib chiqiladi.
VI. Mazkur qoidalarni buzganlik uchun javobgarlik
Mazkur qoidalarning talablarini buzgan shaxslar javobgarlikka tortiladilar va yetkazilgan zararni qonunchilikda belgilangan tartibda qoplaydilar.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 153-moddasi.
(Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati qarorlarining toʻplami,1998-y., 5-son, 19-modda; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.06.2021-y., 06/21/6243/0540-son)