|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 28.11.1997
|
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASIDA INVESTITSIYaLARNING SUGʻURTA HIMOYaSINI TAʼMINLAShGA OID ChORA-TADBIRLAR TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 28-noyabrdagi 524-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining baʼzi qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi qarori asosida oʻz kuchini yoʻqotgan .
“Oʻzbekiston Respublikasida chet el investitsiyalari toʻgʻrisida”, “Sugʻurta toʻgʻrisida” Oʻzbekiston Respublikasining qonunlariga, “Iqtisodiy islohotlarni yanada chuqurlashtirish, xususiy mulk manfaatlarini himoya qilish va tadbirkorlikni rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoniga muvofiq hamda vatanimizdagi va chet ellik mulkchilikning barcha shakllaridagi investorlarning investitsiyalarini, ularning iqtisodiy manfaatlarini hamda turli xil sugʻurtali voqea-hodisalardan sugʻurta himoyasini amalga oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “Oʻzbekinvest” Milliy sugʻurta kompaniyasi tashkil qilinsin.
2. Belgilab qoʻyilsinki, Oʻzbekiston Respublikasiga xorijiy investitsiyalarni faollik bilan jalb etish bosqichida vatanimizdagi va chet ellik mulkchilikning barcha shakllaridagi investorlar Oʻzbekiston Respublikasining iqtisodiyotiga qoʻyayotgan investitsiyalarni, shuningdek, Oʻzbekiston investorlari va chet mamlakatlardagi eksporterlarning iqtisodiy manfaatlarini sugʻurta yoʻli bilan himoya qilish “Oʻzbekinvest” Milliy sugʻurta kompaniyasi faoliyatining maqsadidir.
3. “Oʻzbekinvest” Milliy sugʻurta kompaniyasining ustav jamgʻarmasi 10 (oʻn) million AQSh dollari va 200 million soʻm;
(3-bandning birinchi xatboshi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1996-yil 24-may 191-sonli qarori tahririda)
sugʻurta jamgʻarmasi 500 (besh yuz) million AQSh dollari va 500 (besh yuz) milliard milliy valyuta miqdorida belgilansin.
Moliya vazirligi bir oy muddatda respublika valyuta jamgʻarmasi va budjetidan ustav jamgʻarmasini hamda sugʻurta jamgʻarmasining 1/5 qismini toʻlasin va sugʻurta jamgʻarmasining qolgan qismini toʻlash muddatlari boʻyicha takliflar kiritsin.
4. Belgilab qoʻyilsinki, direktorlar Kengashi “Oʻzbekinvest” sugʻurta kompaniyasini boshqarishning yuqori organi hisoblanadi va unga quyidagilar lavozimiga koʻra aʼzo boʻladilar:
Moliya vaziri — direktorlar Kengashining raisi;
Tashqi iqtisodiy aloqalar vaziri;
Markaziy bank Boshqaruvi raisi;
Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy banki Boshqaruvi raisi;
Istiqbolni belgilash va statistika davlat qoʻmitasi raisi;
“Oʻzbekinvest” kompaniyasining bosh direktori.
5. Belgilab qoʻyilsinki, “Oʻzbekinvest” sugʻurta kompaniyasi sugʻurta jamgʻarmasining bir qismi oʻz zimmasiga qabul qilgan sugʻurta majburiyatlariga qarab Kuzatuvchi Kengash kuzatuvi ostida birinchi darajali chet el banklarida joylashtirilishi mumkin. Ana shu Kengashning tarkibiga Oʻzbekiston vakillaridan tashqari birinchi darajali chet el banklarining, sugʻurta va yuridik kompaniyalarning rahbariyatidan vakillar kiritiladi.
Moliya vazirligi bir oy muddatda “Oʻzbekinvest” kompaniyasi Kuzatuvchi Kengashining tarkibi boʻyicha takliflar kiritsin.
6. “Oʻzbekinvest” Milliy sugʻurta kompaniyasining Ustavi tasdiqlansin (ilova qilinadi).
7. “Oʻzbekinvest” kompaniyasi Moliya vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi, Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki va Adliya vazirligi bilan birgalikda:
ikki oy muddatda “Oʻzbekinvest” Milliy sugʻurta kompaniyasi amalga oshiradigan siyosiy va tijorat sohasidagi tavakkalchiliklarni sugʻurta qilish asoslarini ishlab chiqsin va tasdiqlasin, unda xorijiy investorlarga eng koʻp qulay shart-sharoitlar yaratib berilishi nazarda tutilsin;
bir oy muddatda sarmoya eksport qiluvchi mamlakatlar bilan ikki tomonlama shartnomalar tuzish hamda xalqaro konvensiyalarga (“Investitsiyalarga oid nizolarni hal qilish toʻgʻrisida” 1965-yilgi Vashington konvensiyasi, “Chet el investitsiyalarini sugʻurta qilish boʻyicha xalqaro agentlikni tashkil etish toʻgʻrisida” 1985-yilgi Seul konvensiyasi) qoʻshilish haqidagi takliflarni kiritsin;
Jahon bankining investitsiyalarni kafolatlash boʻyicha Koʻp tomonlama agentligi bilan amaliy hamkorlik oʻrnatish choralarini koʻrsin.
8. Toshkent shahri hokimligi “Oʻzbekinvest” Milliy sugʻurta kompaniyasining markaziy apparatini Mustaqillik maydonidagi 20 qavatli maʼmuriy binoda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi huzuridagi “Oʻzboshekspertiza” egallab turgan maydonni boʻshatish hisobiga joylashtirsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Aloqa vazirligi “Oʻzbekinvest” Milliy sugʻurta kompaniyasiga zarur miqdordagi telefon aloqa vositalarini jumladan, xalqaro va hukumat aloqa vositalarini ajratib bersin.
10. Moliya vazirligi va Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki ikki oy muddatda vatanimizdagi va chet ellik investorlarni nosiyosiy tusdagi sugʻurtali voqea-hodisalardan, shuningdek, sheriklarning shartnoma majburiyatlarini buzishlari bilan bogʻliq tijorat sohasidagi tavakkalchiliklardan sugʻurta yoʻli bilan himoya qilinishini taʼminlash uchun chet ellardagi yetakchi sugʻurta va moliya kompaniyalarining ishtirokida sugʻurta kompaniyasini tashkil etish toʻgʻrisida takliflar kiritsinlar.
11. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazir oʻrinbosari B.S. Hamidov zimmasiga yuklatilsin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1994-yil 13-aprel,
206-son
“Oʻzbekinvest” Milliy sugʻurta kompaniyasining
USTAVI
I. Umumiy qoidalar
2. Kompaniya davlat sugʻurta kompaniyasi boʻlib, Oʻzbekiston Respublikasining mulki hisoblanadi.
3. Kompaniya faoliyatining asosiy vazifasi Hukumatning investitsiyalarni Oʻzbekiston Respublikasiga jalb qilish boʻyicha siyosatini amalga oshirish, respublikaning eksport imkoniyatlarini kengaytirish, investorlarning Oʻzbekiston Respublikasidagi manfaatlarini, oʻzbekistonlik investorlar va eksporterlarning xorijiy mamlakatlardagi manfaatlarini ishonchli himoya qilishni taʼminlash, xalqaro sugʻurta agentliklari bilan hamkorlikni rivojlantirish va mustahkamlashdir.
4. Kompaniya oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlariga, Vazirlar Mahkamasining qaror va farmoyishlariga, shuningdek, mazkur Ustavga amal qiladi.
5. Kompaniya yuridik shaxsdir, alohida ajratilgan mulkka egalik qiladi, mustaqil balansga, bank muassasalarida schyotlarga ega, oʻz nomidan shartnomalar tuzishga, mulkiy va shaxsiy nomulkiy huquqlarni xarid qilishga hamda majburiyatlar olishga, sudlarda daʼvogar va javobgar boʻlishga haqlidir.
6. Kompaniya Oʻzbekiston Respublikasining Davlat gerbi tasvirlangan, oʻz nomi oʻzbek va ingliz tillarida qayd etilgan muhrga, blanklarga va tovar belgisi (xizmat koʻrsatish belgisi)ga ega.
7. Kompaniya oʻz majburiyatlari boʻyicha amaldagi qonunchilik hujjatlariga koʻra daʼvo qilinishi mumkin boʻlgan oʻziga tegishli barcha mol-mulk bilan javob beradi.
8. Kompaniya Oʻzbekiston Respublikasi majburiyatlari boʻyicha javob bermaydi. Oʻzbekiston Respublikasi Kompaniya majburiyatlari boʻyicha javob bermaydi, bundan tomonlar bitimida belgilangan hollar mustasno.
9. Kompaniya oʻz faoliyatini toʻliq xoʻjalik mustaqilligi shartlarida amalga oshiradi.
II. Asosiy vazifalari va xizmatlari
10. Kompaniya jalb etilayotgan investitsiyalarni himoya qilish va kafolatlarni taʼminlash boʻyicha Kompaniya zimmasiga yuklatilgan vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyotiga mulkchilikning barcha shakllaridagi mamlakatdagi va xorijdagi investorlar tomonidan qoʻyilayotgan investitsiyalarni siyosiy tavakkalchiliklardan sugʻurta himoyasi bilan taʼminlaydi. Siyosiy tavakkalchiliklar deganda quyidagilar tushuniladi:
a) mulkdan mahrum qilish, shuningdek, mamlakat tomonidan joriy qilinadigan mulkning tortib olinishiga, mulk yoki undan olinadigan daromadlar ustidan nazoratning yoʻqotilishiga olib keladigan har qanday qonunchilik hujjatlari va maʼmuriy chora-tadbirlar; bundan mamlakat oʻz hududidagi iqtisodiy faoliyatni tartibga solish maqsadida joriy qiladigan, umumiy qoʻllaniladigan haq-huquqni cheklamaydigan chora-tadbirlar mustasnodir;
b) urush yoki fuqarolar gʻalayonlari;
v) sugʻurta tashkiloti va investorning kontrakt munosabatlariga mamlakat hokimiyatining aralashuvi;
g) mamlakat hokimiyati tomonidan milliy valyutani boshqa zarur valyutalarga ayirboshlash hamda uni mamlakat chegarasidan tashqariga yuborishlarga cheklashlarning joriy qilinishi;
d) investorlarning ayrim guruhlariga nisbatan haq-huquqlarni cheklash tusida boʻlgan yangi qonun-qoidalarning joriy qilinishi;
oʻzbekistonlik investor va eksportyorlarga xorijiy mamlakatlardagi siyosiy tavakkalchiliklar boʻyicha ham, tijorat va tabiiy tavakkalchiliklar boʻyicha ham sugʻurta xizmatlari koʻrsatadi;
mamlakatdagi, xorijdagi xalqaro, davlat va xususiy sugʻurta tashkilotlari bilan ishga oid aloqalarni hamda hamkorlikni rivojlantiradi, ular bilan birgalikdagi sugʻurta faoliyatini va qayta sugʻurta qilish ishlarini amalga oshiradi;
maʼlumotlarning sugʻurta axborot bankini tashkil qiladi, reklama faoliyatini amalga oshiradi, sugʻurta sohasida auditor hamda konsalting xizmatlarini koʻrsatadi;
sugʻurta zaxiralarini iqtisodiyotning yuqori rentabelli tarmoqlariga joylashtirish shaklida, shuningdek, qoʻshma va boshqa ishlab chiqarish hamda tijorat tuzilmalarini tashkil etishda qatnashish yoʻli bilan amalga oshirilishi mumkin boʻlgan investitsiya va tijorat faoliyatini amalga oshiradi;
belgilangan tartibga muvofiq sugʻurta toʻlovlari va sugʻurta summalari hajmini aniqlaydi va toʻlaydi;
sugʻurta qilinadigan holatlarning oldini olishga yoʻllangan ogohlantirish (prevent) chora-tadbirlarini oʻtkazadi;
vazirliklar, davlat qoʻmitalari, idoralar, uyushmalar, korporatsiyalar, sugʻurta tashkilotlari bilan ishga oid aloqalarni hamda hamkorlikni rivojlantiradi;
sugʻurta qilish shartlari va tartibini aniqlaydi, sugʻurtaning ixtiyoriy turlari tariflarini belgilaydi;
shartnomalar tuzadi va hisob-kitoblar qiladi, agentlarni tayinlaydi, hamda ularga komission taqdirlash pullarini toʻlaydi;
falokat komissari funksiyasini bajaradi;
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankida milliy hamda xorijiy valyutadagi schyotlarni ochadi va yopadi hamda uning korrespondentlik schyotlari tarmogʻidan xorijdagi banklar va mijozlar bilan ishlashda foydalanadi;
maslahat, marketing, reklama, auditor va trast xizmatlarini koʻrsatadi;
operativ va buxgalteriya hisobini yuritadi. Tegishli hisobotni tuzadi;
zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarish uchun zarur boʻlgan, Oʻzbekiston Respublikasi qonunchilik hujjatlariga zid boʻlmagan hamda faoliyat maqsadiga muvofiq keluvchi boshqa faoliyatni amalga oshiradi.
III. Mablagʻlar, mol-mulk va foydani taqsimlash
11. Kompaniyaning mablagʻlari daromaddan, shu jumladan, xorijiy valyutadagi daromaddan tashkil etilgan ustav, sugʻurta va boshqa jamgʻarmalardan iborat boʻladi.
Oldingi tahrirga qarang.
12. Ustav jamgʻarmasining ish faoliyatini taʼminlashga moʻljallangan dastlabki hajmi 10 (oʻn) million AQSh dollari va 200 million soʻm belgilanadi va Respublika valyuta fondi hamda respublika budjeti mablagʻlaridan shakllantiriladi. Ustav jamgʻarmasining hajmi kompaniya direktorlar kengashi taqdimi asosida respublika Hukumati qaroriga binoan oʻzgartirilishi mumkin.
(band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1996-yil 24-may 191-sonli qarori tahririda)
13. Kompaniyaning sugʻurta ishlari boʻyicha ehtimol tutilgan zararlarini qoplashga moʻljallangan sugʻurta jamgʻarmasi 500 (besh yuz) million AQSh dollari va 500 (besh yuz) milliard milliy valyuta hajmida belgilanadi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan shakllantiriladi. Zaxira jamgʻarmaning muayyan qismi (Kompaniya beradigan sugʻurta toʻloviga koʻra) birinchi darajali chet el banklarida) joylashtiriladi hamda birinchi darajali chet el banklarining sugʻurta va yuridik kompaniyalarning rahbariyatidan vakillar qatnashadigan Kuzatuvchi Kengash kuzatuvi va nazorati ostida boʻladi.
14. Kompaniya boshqa jamgʻarmalarni ham tashkil qiladi, ularni shakllantirish va sarflash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tasdiqlaydi.
15. Kompaniya moliyaviy xoʻjalik faoliyatining asosiy umumlashtiruvchi koʻrsatkichi olingan daromadlar va qilingan xarajatlar (sugʻurta toʻlovlari, oldini olish chora-tadbirlari xarajatlari, sugʻurta va boshqa zaxiralarga ajratmalar, ishlarni yuritishga qilingan xarajatlar va boshqa xarajatlar) oʻrtasidagi farq sifatida aniqlanadigan daromad (foyda)dir.
Budjetga soliqlar toʻlangandan soʻng qoladigan daromad (foyda) Kompaniyaning daromadi (foydasi) hisoblanadi, undan maxsus maqsadli jamgʻarmalar va boshqa jamgʻarmalar shakllantiriladi.
Xoʻjalik faoliyati natijasida yaratilgan yoki qonun bilan yoʻl qoʻyiladigan boshqa asoslarda xarid qilingan mol-mulk Kompaniya mulki hisoblanadi.
IV. Kompaniyani boshqarish
16. Kompaniya Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga hisob beradi.
17. Kompaniyaning yuqori boshqaruv organi direktorlar Kengashi boʻlib, uning tarkibiga lavozimiga koʻra quyidagilar kiradilar:
Moliya vaziri — Kengash raisi;
Tashqi iqtisodiy aloqalar vaziri;
Markaziy bank Boshqaruvi raisi;
Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki Boshqaruvi raisi;
Istiqbolni belgilash va statistika davlat qoʻmitasi raisi;
Kompaniyaning Bosh direktori.
18. Kompaniyaning direktorlar Kengashi:
Kompaniya faoliyatining asosiy yoʻnalishlarini belgilaydi;
Kompaniya Ustavini unga oʻzgartirish va qoʻshimchalarni tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritadi;
ustav va sugʻurta jamgʻarmasini oʻzgartirish toʻgʻrisida takliflar kiritadi;
Kuzatuvchi Kengash tarkibi va Kuzatuvchi Kengash boshqaruviga sugʻurta jamgʻarmasining berilayotgan qismi boʻyicha takliflarni Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritadi;
limitlarni va Kompaniya Bosh direktori vakolatiga berilayotgan sugʻurta qoplashlarini taqdim etish tartibini tasdiqlaydi;
Kompaniya Bosh direktori vakolati limitidan ortiq summada sugʻurta qoplashlarini taqdim etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi;
Kompaniya Bosh direktorining taqdimiga koʻra daromadni taqsimlash, shuningdek, zararlarni qoplash tartibini tasdiqlaydi;
Bosh direktor hisobotlarini tinglaydi.
19. Kompaniyaga operativ rahbarlikni Moliya vazirligining tavsiyasiga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tayinlaydigan Bosh direktor amalga oshiradi.
Kompaniya Bosh direktorining Direktorlar Kengashi tomonidan tasdiqlanadigan oʻrinbosarlari boʻladi.
20. Kompaniya tuzilmasi va shtati, shuningdek, lavozim oylik maoshlar sxemasi, mehnatga haq toʻlash va mukofotlash tartibi Kompaniya Bosh direktori tomonidan tasdiqlanadi.
21. Kompaniya Bosh direktori kompaniya faoliyatiga Kompaniya Ustavi bilan unga berilgan vakolatga muvofiq rahbarlik qiladi va Kompaniya zimmasiga yuklatilgan vazifalarning bajarilishi uchun shaxsan javob beradi.
22. Kompaniyaning Bosh direktori:
Kompaniya faoliyatining barcha masalalarini hal qiladi, bundan mazkur Ustav bilan Vazirlar Mahkamasi, Direktorlar Kengashi, Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Kompaniyaning Kuzatuvchi Kengashi vakolatiga kiritilgan masalalar bundan mustasno;
Kompaniya nomidan ishonchnomasiz ish yuritadi, respublikadagi barcha organlarda, respublika korxonalari va tashkilotlarida, shuningdek, boshqa davlatlarda sugʻurta faoliyati masalalari boʻyicha Kompaniyaning vakili boʻladi;
Kompaniya mulkini tasarruf etadi;
shartnomalar, bitimlar, shu jumladan, mehnat shartnomalari tuzadi;
ishonchnomalar beradi;
Kompaniyaning barcha xodimlari uchun majburiy boʻlgan buyruqlar va farmoyishlar chiqaradi;
Kompaniya faoliyatining boshqa masalalarini koʻrib chiqadi va hal etadi.
V. Kompaniyaning kuzatuvchi Kengashi
23. Kompaniyaning Kuzatuvchi Kengashi Oʻzbekiston Respublikasining rasmiy vakillaridan, shuningdek, birinchi darajali chet el banklari, sugʻurta va yuridik kompaniyalarining rahbarlaridan tashkil etiladi.
Kompaniyaning Kuzatuvchi Kengashi:
Kompaniyaning sugʻurta toʻlovlari boʻyicha majburiyatlari ijrosining kafolatchisi hisoblanadi;
Kompaniya Direktorlar Kengashi topshirigʻiga koʻra sugʻurta jamgʻarmasining chet elga joylashtiriladigan qismini boshqaradi;
Kompaniya sugʻurta jamgʻarmasining chet elga joylashtiriladigan hajmi toʻgʻrisida Kompaniya Direktorlar Kengashining koʻrib chiqishi uchun takliflar kiritadi;
Kompaniya sugʻurta majburiyatlari shartlariga koʻra oʻziga boshqarish uchun berilgan mablagʻlardan sugʻurta toʻlovlari boʻyicha hakamlik qarorlarini ijro qiladi.
Kompaniya Kuzatuvchi Kengashini shakllantirish va uning ishlash tartibini, shaxsiy tarkibini Direktorlar Kengashi belgilaydi va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
VI. Hisob, hisobot va faoliyatni taftish qilish
24. Kompaniya amalga oshirilayotgan faoliyat boʻyicha hisob va hisobotni Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq taʼminlaydi.
25. Kompaniyada hisobot yili 1-yanvarda boshlanib 31-dekabrda tugaydi. Har bir yil yakunida matbuotda eʼlon qilinadigan foyda va zararlar balansi hamda schyoti tuziladi.
26. Kompaniya faoliyatini taftish qilish va tekshirishni Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Nazorat-taftish boshqarmasi, mustaqil auditor tashkilotlari va qonunchilik hujjatlariga koʻra bunday tekshirishlarni amalga oshirish vakolati berilgan boshqa nazorat organlari amalga oshiradilar.
VII. Faoliyatni toʻxtatish
27. Kompaniyaning faoliyati Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining qaroriga binoan toʻxtatiladi.