|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 28.05.2002
|
O‘zbekiston Respublikasining qonuni
SUG‘URTA TO‘G‘RISIDA
Mazkur Qonun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 2002-yil 5-apreldagi 359-II-sonli “Sug‘urta faoliyati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini amalga kiritish haqida”gi Qaroriga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan.
Ushbu Qonun sug‘urtani rivojlantirishning, sug‘urta bozorini shakllantirishning huquqiy asoslarini, respublikani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda sug‘urtaning mavqei va o‘rnini belgilab beradi, fuqarolar va yuridik shaxslarning sug‘urta xizmatlariga bo‘lgan talablari to‘liqroq qondirilishini kafolatlaydi, sug‘urta munosabatlari barcha ishtirokchilarining manfaatlari himoya qilinishi va majburiyatlariga rioya etilishini ta’minlaydi.
I bob. UMUMIY QOIDALAR
1-modda. Ushbu Qonun bilan tartibga solib turiladigan munosabatlar
1. “Sug‘urta to‘g‘risida”gi Qonun sug‘urta tashkilotlari bilan fuqarolar, yuridik shaxslar, chet el fuqarolari va yuridik shaxslari, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar o‘rtasidagi, sug‘urta tashkilotlari o‘rtasidagi o‘zaro sug‘urtaga doir munosabatlarni tartibga soladi, shuningdek sug‘urta faoliyati davlat tomonidan tartibga solinishining asosiy qoidalarini belgilaydi.
2. Tomonlarning sug‘urtaga doir huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan talablari ushbu Qonunda, O‘zbekiston Respublikasining boshqa qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qarab chiqiladi.
3. Ushbu Qonun davlat ijtimoiy sug‘urtasiga nisbatan tatbiq etilmaydi.
4. Qoraqalpog‘iston Respublikasida sug‘urta faoliyati ushbu Qonun hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasining qonunlari bilan tartibga solib turiladi.
2-modda. Sug‘urta tushunchasi
Sug‘urta – inson faoliyatining turli sohalarida sodir bo‘ladigan tabiiy ofatlar, favqulodda hodisa va boshqa voqealar natijasida yetkazilgan zarar hamda talafotlarni jismoniy va yuridik shaxslar to‘lagan sug‘urta badallari (sug‘urta puli)dan hosil qilinadigan pul fondlari hisobidan to‘liq yoki qisman qoplash yo‘li bilan jismoniy va yuridik shaxslar manfaatlari sug‘urtalanishini ta’minlashga doir munosabatlar dyemakdir.
3-modda. Sug‘urta obyektlari va shakllari
Fuqarolarning hayoti, sog‘lig‘i, mehnat qobiliyati, fuqarolar va yuridik shaxslarning mol-mulki, moddiy boyliklari, javobgarlik majburiyatlari, mulkiy hamda mulkka oid bo‘lmagan huquqlari yoki manfaatlari sug‘urta obyektlari hisoblanadi. Sug‘urta ixtiyoriy va majburiy shakllarda amalga oshirilishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
G‘ayrihuquqiy manfaatlarni sug‘urtalashga yo‘l qo‘yilmaydi. O‘yinlarda, lotereyalarda ishtirok etishdan hamda garov o‘ynashdan ko‘riladigan zararlarni sug‘urtalashga, shuningdek garovga olingan odamlarni qutqarish maqsadida shaxs majburan to‘lashi mumkin bo‘lgan pulni sug‘urtalashga yo‘l qo‘yilmaydi.
(3-modda O‘zbekiston Respublikasining 1997-yil 26-dekabrdagi 549-I-son Qonuniga muvofiq ikkinchi qism bilan to‘ldirilgan — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1998-y., 3-son, 38-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
4-modda. Majburiy sug‘urta hamda davlat majburiy sug‘urtasi
1. Majburiy sug‘urta hamda davlat majburiy sug‘urtasi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
2. Davlat majburiy sug‘urtasi davlat budjeti mablag‘lari hisobiga amalga oshiriladi.
3. Majburiy sug‘urta hamda davlat majburiy sug‘urtasining shartlari, sug‘urta tariflari hamda ularni o‘tkazish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
4. Majburiy sug‘urtani o‘tkazish huquqiga tegishli sug‘urta turini amalga oshirish uchun litsenziyasi bo‘lgan har qanday sug‘urta tashkiloti ega bo‘lishi mumkin.
Davlat majburiy sug‘urtasi davlat sug‘urta tashkilotlari yoki davlatga qarashli boshqa tashkilotlar tomonidan qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
5. Sug‘urta tashkilotlari majburiy sug‘urtalanishi hamda davlat tomonidan majburiy sug‘urtalanishi kerak bo‘lgan obyektlar saqlanishini nazorat qilishga haqlidir.
(4-modda O‘zbekiston Respublikasining 1997-yil 26-dekabrdagi 549-I-son Qonuni tahririda— Oliy Majlis Axborotnomasi, 1998-y., 3-son, 38-modda)
5-modda. Ixtiyoriy sug‘urta
1. Tomonlarning xohish-irodasiga ko‘ra amalga oshiriladigan sug‘urta ixtiyoriy sug‘urta hisoblanadi.
2. Ixtiyoriy sug‘urtaning shartlari tomonlarning kelishuviga muvofiq belgilanadi.
3. Sug‘urtalanuvchi va sug‘urtalovchining huquqlari hamda burchlari, shuningdek, har bir sug‘urta turining aniq shartlari tegishli sug‘urta shartnomalari bilan belgilab qo‘yiladi.
6-modda. Sug‘urta munosabatlarining subyektlari
1. Sug‘urtalanuvchilar va sug‘urtalovchilar sug‘urta munosabatlarining subyektlari hisoblanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
2. O‘zbekiston Respublikasi hududida turgan bo‘lib, sug‘urta to‘lovlarini to‘layotgan va sug‘urtalovchilar bilan muayyan sug‘urta munosabatlariga kirishayotgan, fuqarolik salohiyatiga to‘liq ega bo‘lgan jismoniy shaxslar yoki yuridik shaxslar sug‘urtalanuvchilar deb hisoblanadi.
(6-moddaning 2-bandi O‘zbekiston Respublikasining 1997-yil 26-dekabrdagi 549-I-son Qonuni tahririda— Oliy Majlis Axborotnomasi, 1998-y., 3-son, 38-modda)
3. Chet el fuqarolari, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar va chet el yuridik shaxslari O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari va yuridik shaxslari bilan teng ravishda sug‘urtalanish huquqidan foydalanadilar.
Oldingi tahrirga qarang.
(6-moddaning 4-bandi O‘zbekiston Respublikasining 1997-yil 26-dekabrdagi 549-I-son Qonuniga muvofiq chiqarib tashlangan — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1998-y., 3-son, 38-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
4. Sug‘urta qildiruvchilar uchinchi shaxslar foydasiga sug‘urta shartnomalari tuzishga haqlidirlar.
(6-moddaning 5-bandi O‘zbekiston Respublikasining 1997-yil 26-dekabrdagi 549-I-son Qonuniga muvofiq 4-band bilan almashtirilgan— Oliy Majlis Axborotnomasi, 1998-y., 3-son, 38-modda) 7-modda.
Oldingi tahrirga qarang.
5. Tijorat tashkiloti bo‘lgan hamda tegishli turdagi sug‘urtani amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyasi bor yuridik shaxslar, agar qonunlarda boshqa qoida nazarda tutilgan bo‘lmasa, sug‘urtalovchi sifatida sug‘urta shartnomasini tuzishi mumkin.
(6-moddaning 6-bandi O‘zbekiston Respublikasining 1997-yil 26-dekabrdagi 549-I-son Qonuniga muvofiq 5-band bilan almashtirilgan— Oliy Majlis Axborotnomasi, 1998-y., 3-son, 38-modda)
7-modda. Sug‘urta vakillari va sug‘urta brokerlari
1. Sug‘urtalovchilar sug‘urta faoliyatini sug‘urta vakillari va sug‘urta brokerlari orqali amalga oshirishlari mumkin.
2. Sug‘urta vakillari o‘zlariga berilgan vakolatlarga muvofiq sug‘urtalovchi nomidan va uning topshirig‘i asosida ish ko‘radigan jismoniy yoki yuridik shaxslardir.
3. Sug‘urta brokerlari belgilangan tartibda tadbirkor sifatida ro‘yxatga olingan, sug‘urtalanuvchi yoki sug‘urtalovchining topshirig‘i asosida sug‘urta bo‘yicha o‘z nomidan vositachilik faoliyatini amalga oshirishuvchi yuridik yoki jismoniy shaxslardir.
4. O‘zbekiston Respublikasi hududida chet el sug‘urta tashkilotlari nomidan sug‘urta shartnomalarini tuzish bilan bog‘liq vositachilik faoliyatini amalga oshirishga, basharti, O‘zbekiston Respublikasi ishtirokidagi davlatlararo bitimlarda o‘zga qoidalar nazarda tutilmagan bo‘lsa, yo‘l qo‘yilmaydi.
8-modda. Sug‘urta tavakkalchiligi, sug‘urta hodisasi, sug‘urta to‘lovi
1. Sug‘urta tavakkalchiligi – taxmin qilingan voqea bo‘lib, ana shu voqea yuz berishidan ehtiyoti shart sug‘urta qilish amalga oshiriladi.
2. Sug‘urta shartnomasida yoki qonunda nazarda tutilgan voqeaning yuz berganligi sug‘urta hodisasi hisoblanadi. Bunday hodisa yuz berganda sug‘urtalovchining sug‘urtalanuvchiga, sug‘urta qilingan shaxsga yoki boshqa uchinchi shaxslarga sug‘urta haqi to‘lash majburiyati yuzaga keladi.
3. Mol-mulkka daxldor sug‘urta hodisasi yuz berganda sug‘urta to‘lovi sug‘urta tovoni sifatida, sug‘urtalanuvchining yoki uchinchi shaxsning shaxsiga daxldor sug‘urta hodisasi yuz berganida esa – sug‘urta ta’minoti sifatida amalga oshiriladi.
9-modda. Sug‘urta puli, sug‘urta tovoni, sug‘urta ta’minoti
Oldingi tahrirga qarang.
1. Sug‘urta summasi – muayyan summa bo‘lib, ana shu miqdorda sug‘urtalovchi mol-mulk sug‘urta shartnomasi bo‘yicha sug‘urta tovonini to‘lash majburiyatini oladi yoki u shaxsiy sug‘urta shartnomasi bo‘yicha summani to‘lash majburiyatini oladi.
(9-moddaning 1-bandi O‘zbekiston Respublikasining 1997-yil 26-dekabrdagi 549-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1998-y., 3-son, 38-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
2. Mol-mulkni yoki tadbirkorlik xavfini sug‘urta qilishda sug‘urta summasi, agar sug‘urta shartnomasida boshqa qoida nazarda tutilgan bo‘lmasa, sug‘urtalanayotgan obyektning sug‘urta qiymatidan (sug‘urta bahosidan) ortiq bo‘lmasligi kerak.
(9-moddaning 2-bandi O‘zbekiston Respublikasining 1997-yil 26-dekabrdagi 549-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1998-y., 3-son, 38-modda)
3. Sug‘urta tovoni sug‘urta hodisasi yuz berganda sug‘urtalanuvchiga yetkazilgan zararni qoplash uchun sug‘urta puli doirasida to‘lanadigan pul mablag‘laridir.
4. Tibbiyot, huquqni muhofaza qilish, sud, meteorologiya, veterinariya muassasalari, kommunal muassasalar sug‘urta tashkilotlarining so‘rovlariga ko‘ra sug‘urta puli yoki sug‘urta tovoni to‘lash masalalarini hal etish uchun ularga kerakli hujjatlar va xulosalarni taqdim etishlari shart.
Oldingi tahrirga qarang.
5. Sug‘urta tashkilotlari to‘laydigan sug‘urta tovon summalariga soliq solinmaydi.
(9-moddaning 5-bandi O‘zbekiston Respublikasining 1997-yil 26-dekabrdagi 549-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1998-y., 3-son, 38-modda)
6. Sug‘urta ta’minoti sug‘urtalanuvchiga yoki uchinchi shaxsga boshqa sug‘urta shartnomalari bo‘yicha, shuningdek ijtimoiy sug‘urta, ijtimoiy ta’minot bo‘yicha va zararni qoplash tartibiga ko‘ra ularga tegishli bo‘lgan puldan qat’i nazar to‘lanadi. Bunda sug‘urtalanuvchi vafot etgan taqdirda shaxsiy sug‘urta bo‘yicha naf ko‘ruvchiga tegishli bo‘lgan sug‘urta ta’minoti meros qolgan mol-mulk tarkibiga kirmaydi.
10-modda. Sug‘urta to‘lovlari va tariflari
Oldingi tahrirga qarang.
1. Sug‘urta to‘lovlari (sug‘urta mukofotlari) – sug‘urtalanuvchi sug‘urtalovchiga to‘laydigan badallar bo‘lib, ularni hisoblab chiqarish tartibi va ularning miqdori sug‘urta shartnomasida belgilab qo‘yiladi hamda ular so‘mda ham, chet el valyutasida ham to‘lanishi mumkin.
(10-modda 1-bandining birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 1994-yil 23-sentabrdagi 2022-XII-son Qonuni tahririda— Oliy Kengash Axborotnomasi, 1994-y., 11-12-son, 285-modda)
Sug‘urta shartnomasi amal qilgan davrda to‘langan sug‘urta to‘lovi (sug‘urta mukofotlari)ga jarima solinishi mumkin emas, qonunlarda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
2. Sug‘urta tariflari sug‘urtaga doir to‘lovlar stavkalari bo‘lib, ular sug‘urta tashkilotini sug‘urta puli (sug‘urta tovoni) to‘lash, zaxira fondi va boshqa fondlar hosil qilish uchun moliyaviy mablag‘ bilan ta’minlaydigan miqdorlarda belgilanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
(10-moddaning 3-bandi O‘zbekiston Respublikasining 1994-yil 23-sentabrdagi 2022-XII-son Qonuniga muvofiq chiqarib tashlangan— Oliy Kengash Axborotnomasi, 1994-y., 11-12-son, 285-modda)
4. Ixtiyoriy sug‘urta turlariga doir sug‘urta tariflarining miqdori tomonlarning kelishuviga muvofiq belgilanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
11-modda. Qayta sug‘urta qilish, birgalikda sug‘urta qilish, qo‘shaloq sug‘urta va ikki tomonlama sug‘urta
1. Qayta sug‘urta qilish – sug‘urtalovchining sug‘urta tovon pulini yoki sug‘urta summasini to‘lash xavfini butunlay yoki qisman boshqa sug‘urta tashkilotiga (tashkilotlariga) ular o‘rtasida tuzilgan qayta sug‘urta qilish shartnomasi bo‘yicha topshirishdir.
O‘zbekiston Respublikasining sug‘urta tashkilotlari chet elda o‘z tavakkalchiliklarini qayta sug‘urta qilish uchun chet el sug‘urta va brokerlik tashkilotlarining xizmatlaridan bevosita foydalanishlari mumkin.
Qayta sug‘urta qilishda sug‘urta tovon pulini yoki sug‘urta summasini to‘lash uchun asosiy sug‘urta shartnomasi bo‘yicha sug‘urta qildiruvchi oldida ushbu shartnoma bo‘yicha sug‘urtalovchi javobgar bo‘lib qolaveradi.
2. Birgalikda sug‘urta qilish deb bitta sug‘urtalanayotgan obyekt bo‘yicha ikki yoki undan ortiq sug‘urtalovchining bitta sug‘urta shartnomasini tuzishiga aytiladi.
Sug‘urtalovchilarning har biri sug‘urta shartnomasi bo‘yicha sug‘urta qildiruvchi (naf oluvchi) oldida, agar shartnomada boshqa qoida nazarda tutilgan bo‘lmasa, solidar javobgar bo‘ladi.
3. Qo‘shaloq sug‘urta deb umumiy sug‘urta summasi sug‘urtalanayotgan obyektning sug‘urta qiymatidan (bahosidan) oshib ketganda, aynan bir sug‘urtalanayotgan obyektni ikki yoki undan ortiq sug‘urtalovchida sug‘urtalashga aytiladi.
Mol-mulk yoki tadbirkorlik xavfi qo‘shaloq sug‘urta qilinganda sug‘urta tovon pulining umumiy summasi haqiqiy zarardan ortiq bo‘lishi mumkin emas, qo‘shaloq shaxsiy sug‘urta qilish hollari bundan mustasno.
4. Ikki tomonlama sug‘urta – sug‘urta himoyasining shunday shakllaridan biriki, unda sug‘urta qildiruvchilar (fuqarolar va yuridik shaxslar) zarur mablag‘larni kiritish yo‘li bilan ikki tomonlama sug‘urta qilish jamiyatlariga birlashadilar.
Ikki tomonlama sug‘urta qilish jamiyati o‘z a’zolarining mol-mulki hamda boshqa mulkiy manfaatlarini sug‘urta qilishni amalga oshiradi va tijoratchi bo‘lmagan tashkilot hisoblanadi
(11-modda O‘zbekiston Respublikasining 1997-yil 26-dekabrdagi 549-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1998-y., 3-son, 38-modda)
II bob. SUFURTA ShARTNOMASI
12-modda. Sug‘urta shartnomasi tushunchasi
Oldingi tahrirga qarang.
1. Sug‘urta shartnomasi yozma ravishdagi bitim bo‘lib, unga ko‘ra sug‘urta tashkiloti ko‘zda tutilgan voqea (sug‘urta hodisasi) yuz berganda sug‘urtalanuvchiga yoki sug‘urta pulini olishga haqli bo‘lgan boshqa kishiga yetkazilgan zararni qoplash yoxud sug‘urta puli to‘lash majburiyatini, sug‘urtalanuvchi esa belgilangan muddatda sug‘urta to‘lovlarini (sug‘urta mukofotini) to‘lash majburiyatini oladi.
(12-moddaning 1-bandi O‘zbekiston Respublikasining 1997-yil 26-dekabrdagi 549-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1998-y., 3-son, 38-modda)
2. Sug‘urta shartnomasida sug‘urtalanuvchi va uning huquqiy vorisi, sug‘urtalovchi, sug‘urta puli hamda sug‘urta badalining miqdorlari, shartnomaning amal qilish muddati ko‘rsatiladi, sug‘urta hodisasining tavsifi beriladi va boshqa shartlar qayd etiladi.
13-modda. Sug‘urta shartnomasi tuzish
1. Sug‘urta shartnomasi tuzish uchun sug‘urtalanuvchi sug‘urtalovchiga belgilangan shaklda yozma ariza taqdim etadi yoki sug‘urta shartnomasi tuzish niyatida ekanligi haqida mumkin bo‘lgan boshqa usulda ma’lum qiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
2. Sug‘urtalovchining sug‘urta shartnomasi bo‘yicha sug‘urta tovon pulini yoki sug‘urta summasini to‘lash majburiyati, agar shartnomada boshqa qoida nazarda tutilgan bo‘lmasa, sug‘urta mukofoti yoki uning birinchi badali to‘langan paytdan boshlab kuchga kiradi.
(13-moddaning 2-bandi O‘zbekiston Respublikasining 1997-yil 26-dekabrdagi 549-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1998-y., 3-son, 38-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
3. Sug‘urta shartnomasi tuzilganligi fakti sug‘urta qildiruvchiga sug‘urta polisi (kvitansiyasi, sertifikati, shahodatnomasi) berish orqali tasdiqlanadi.
(13-moddaning 3-bandi O‘zbekiston Respublikasining 1997-yil 26-dekabrdagi 549-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1998-y., 3-son, 38-modda)
14-modda. Tomonlarning huquqlari va burchlari
1. Sug‘urta shartnomasi amal qilayotgan davrda sug‘urtalanuvchi:
a) sug‘urta to‘lovlarini belgilangan tartibda to‘lab borishi;
b) sug‘urta obyektining but bo‘lishi uchun qo‘lidan kelgan choralarni ko‘rishi;
Oldingi tahrirga qarang.
v) sug‘urtalangan mol-mulkda yuz bergan jiddiy o‘zgarishlar, xususan uning shikastlanish yoki yo‘q bo‘lish xavfini oshiruvchi, tabiiy ofat xavfidan tashqari, har qanday o‘zgarish haqida sug‘urtalovchiga xabar berishi;
(14-modda 1-bandining “v” kichik bandi O‘zbekiston Respublikasining 1997-yil 26-dekabrdagi 549-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1998-y., 3-son, 38-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
g) sug‘urtalovchini sug‘urta hodisasi yuz berganligi to‘g‘risida shartlashilgan muddatda va shartnomada ko‘rsatilgan usulda xabardor qilishi shart. Agar naf oluvchi o‘zining foydasiga tuzilgan shartnoma bo‘yicha sug‘urta tovon pulini olish huquqidan foydalanmoqchi bo‘lsa, yuqoridagi majburiyat uning zimmasida ham bo‘ladi.
(14-modda 1-bandi O‘zbekiston Respublikasining 1997-yil 26-dekabrdagi 549-I-son Qonuniga muvofiq “g” kichik bandi bilan to‘ldirilgan— Oliy Majlis Axborotnomasi, 1998-y., 3-son, 38-modda)
2. Sug‘urta shartnomasi amal qilayotgan davrda sug‘urtalanuvchi:
a) agar sug‘urtaning muayyan turi shartlarida nazarda tutilgan bo‘lsa, shartnomaning amal qilish muddatiga, sug‘urta puli miqdoriga o‘zgartirish kiritilganligini ma’lum qilib qo‘yishga;
b) agar shartnoma shartlarida nazarda tutilgan bo‘lsa, tovon pulini olib sug‘urta shartnomasini muddatidan avval bekor qilishga (tovon pulining miqdori sug‘urtaning ushbu turi shartlari bilan belgilanadi);
v) o‘zi vafot etgan taqdirda sug‘urta pulini oladigan istalgan kishini tayinlab qo‘yishga haqlidir. Ushbu shaxs olgan sug‘urta puli meros qolgan mulk tarkibiga kirmaydi.
3. Qonun yoki sug‘urta shartnomasida nazarda tutilgan sug‘urta hodisasi yuz berganda sug‘urtalovchi shartnomada qayd etilgan shaxsga sug‘urta shartnomasida belgilangan muddatda sug‘urta pulini (sug‘urta tovonini) to‘lashi shart.
Oldingi tahrirga qarang.
4. Sug‘urtalovchi qoplashi lozim bo‘lgan zararni kamaytirish maqsadida qilingan xarajatlar, agar bunday xarajatlar zarur bo‘lgan bo‘lsa yoki sug‘urtalovchining ko‘rsatmalarini bajarish uchun qilingan bo‘lsa, tegishli choralar muvaffaqiyatsiz bo‘lib chiqsa ham, sug‘urtalovchi tomonidan qoplanishi lozim. Bunday xarajatlar boshqa zararlarni qoplash xarajatlari bilan birgalikda sug‘urta pulidan oshib ketishi mumkinligidan qat’i nazar, sug‘urta summasining sug‘urta qiymatiga nisbatiga mutanosib ravishda qoplanadi.
(14-moddaning 4-bandi O‘zbekiston Respublikasining 1997-yil 26-dekabrdagi 549-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1998-y., 3-son, 38-modda)
5. Agar sug‘urta shartnomasiga ko‘ra tomonlar qo‘llayotgan huquqlar uchinchi tomon manfaatlariga daxl etsa, tomonlarning barcha xatti-harakatlari manfaatdor uchinchi tomon bilan kelishilishi kerak.
15-modda. Sug‘urta tovoni to‘lashni rad etish
1. Basharti sug‘urta hodisasi:
a) sug‘urtalanuvchining yoki nomiga sug‘urta shartnomasi tuzilgan shaxsning sug‘urta hodisasini keltirib chiqarish uchun ataylab qilgan xatti-harakatlari natijasida (o‘zining fuqarolik burchini bajarish yoki sug‘urtalanuvchi yoxud uchinchi shaxslarning hayoti, sog‘lig‘i, sha’ni va obro‘sini himoya qilish bilan bog‘liq xatti-harakatlar bundan mustasno);
b) sug‘urta tashkilotiga sug‘urta obyekti haqida atayin soxta ma’lumotlar xabar qilinishi oqibatida;
Oldingi tahrirga qarang.
v) sug‘urta shartnomasida va qonunlarda nazarda tutilgan boshqa hollar tufayli yuz bergan bo‘lsa, sug‘urta tashkiloti sug‘urtalanuvchiga sug‘urta pulini (sug‘urta tovonini) to‘liq yoki qisman to‘lashni rad etishga haqlidir.
(15-modda “v” kichik bandi O‘zbekiston Respublikasining 1997-yil 26-dekabrdagi 549-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1998-y., 3-son, 38-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
16-modda. Naf oluvchini, sug‘urtalangan shaxsni, sug‘urta qildiruvchini almashtirish
1. Sug‘urta qildiruvchi sug‘urta shartnomasida ko‘rsatilgan naf oluvchini sug‘urtalovchiga yozma ravishda ma’lum qilgan holda boshqa shaxs bilan almashtirishga haqlidir. Shaxsiy sug‘urta shartnomasiga binoan, sug‘urtalangan shaxs roziligi bilan tayinlangan naf oluvchi sug‘urtalangan shaxs roziligi bilan o‘zgartirilishi mumkin
Naf oluvchi sug‘urta shartnomasidagi biron-bir majburiyatni bajarganidan yoxud sug‘urtalovchiga sug‘urta tovon pulini yoki sug‘urta summasini to‘lash to‘g‘risidagi talabni taqdim etganidan keyin, u boshqa shaxs bilan almashtirilishi mumkin emas.
2. Keltirilgan zarar uchun javbgarlik xavfini sug‘urta qilish shartnomasi bo‘yicha sug‘urta qildiruvchidan boshqa shaxsning javobgarligi sug‘urtalangan holda, shartnomada boshqa qoida nazarda tutilmaganligi sababli sug‘urta qildiruvchi sug‘urta hodisasi yuz bergunga qadar istalgan paytda bu shaxsni boshqasiga almashtirib, sug‘urtalovchiga buni yozma ravishda ma’lum qilishga haqlidir.
3. Mol-mulkni sug‘urta qilish shartnomasi tuzgan sug‘urta qildiruvchi vafot etgan taqdirda, sug‘urta qildirgan shaxsning huquq va majburiyatlari ushbu mol-mulkni meros tartibida qabul qilib olgan shaxsga o‘tadi. Mulk huquqi o‘tgan boshqa hollarda sug‘urta qildiruvchining huquq va majburiyatlari, agar shartnomada yoki qonun hujjatlarida boshqa qoida belgilangan bo‘lmasa, sug‘urtalovchining roziligi bilan yangi mulkdorga o‘tadi.
4. Shaxsiy sug‘urta shartnomasini sug‘urtalangan shaxs foydasiga tuzgan sug‘urta qildiruvchi vafot etgan taqdirda, ushbu shartnomada belgilab qo‘yiladigan huquq va majburiyatlar sug‘urtalangan shaxsning roziligi bilan unga o‘tadi.
Agar sug‘urta shartnomasi amal qilib turgan davrda sug‘urta qildiruvchi sud tomonidan muomalaga layoqatsiz yoxud muomala layoqati cheklangan deb topilsa, bunday sug‘urta qildiruvchining huquq va majburiyatlarini uning vasiysi yoki homiysi oladi.
5. Sug‘urta qildiruvchining uchinchi shaxslar oldidagi javobgarligi sug‘urta qilingan hollarda sug‘urta shartnomasi sug‘urta qildiruvchining muomala layoqati tugagan yoki cheklangan paytdan boshlab tugaydi.
6. Yuridik shaxs bo‘lgan sug‘urta qildiruvchi sug‘urta shartnomasi davrida qayta tashkil etilgan taqdirda uning ushbu shartnoma bo‘yicha huquq va majburiyatlari sug‘urtalovchining roziligi bilan tegishli huquqiy vorisga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda o‘tadi.
(16-modda O‘zbekiston Respublikasining 1997-yil 26-dekabrdagi 549-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1998-y., 3-son, 38-modda)
17-modda. Sug‘urta shartnomasini to‘xtatish
1. Sug‘urta shartnomasi:
a) amal qilish muddati tugaganda;
b) sug‘urtalovchi shartnoma bo‘yicha sug‘urtalanuvchi oldidagi majburiyatlarini bajarib bo‘lganda;
v) sug‘urtalanuvchi sug‘urta badallarini shartnomada belgilangan muddatlarda to‘lamaganda;
g) yuridik shaxs hisoblangan sug‘urtalanuvchi tugatilganda yoki jismoniy shaxs hisoblangan sug‘urtalanuvchi vafot etganda, ushbu Qonunning 11-moddasida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno;
d) sug‘urtalovchi O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tugatilganda;
e) sud sug‘urta shartnomasini haqiqiy emas deb topish haqida qaror qabul qilganda;
j) O‘zbekiston Respublikasi qonunlarida nazarda tutilgan boshqa hollarda to‘xtatiladi.
2. Basharti, sug‘urta shartnomasining shartlarida nazarda tutilgan bo‘lsa, sug‘urtalanuvchi yoki sug‘urtalovchining talabi bilan, shuningdek tomonlarning kelishuviga binoan sug‘urta shartnomasi muddatidan ilgari to‘xtatilishi mumkin, shartnomaning to‘xtatilishi uchinchi tomon manfaatlariga daxl etadigan hollar bundan mustasnodir.
3. Basharti, shartnomada o‘zga qoidalar nazarda tutilmagan bo‘lsa, sug‘urta shartnomasini muddatidan ilgari to‘xtatish niyatini tomonlar bir-biriga sug‘urta shartnomasini to‘xtatish mo‘ljallanayotgan paytdan kamida o‘ttiz kun oldin xabar qilishi shart.
Oldingi tahrirga qarang.
Sug‘urta qildiruvchi (naf oluvchi) sug‘urta shartnomasidan muddatidan ilgari voz kechgan taqdirda sug‘urtalovchiga to‘langan sug‘urta mukofoti, agar shartnomada boshqa qoida nazarda tutilgan bo‘lmasa, qaytarib berilmaydi. Basharti, sug‘urtalanuvchining bunday talabiga sug‘urtalovchining sug‘urta qoidalarini buzishi sabab bo‘lgan bo‘lsa, sug‘urtalovchi sug‘urtalanuvchiga u to‘lagan sug‘urta badallarini to‘liq qaytaradi.
(17-modda 3-bandining ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 1997-yil 26-dekabrdagi 549-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1998-y., 3-son, 38-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
Sug‘urta shartnomasi sug‘urtalovchining talabi bilan muddatidan ilgari to‘xtatilgan taqdirda, sug‘urtalovchi sug‘urtalanuvchiga u to‘lagan sug‘urta badallarini to‘liq qaytaradi, agar sug‘urta shartnomasida boshqacha qoida nazarda tutilgan bo‘lmasa. Basharti sug‘urtalovchining bunday talabiga sug‘urtalanuvchining sug‘urta qoidalarini bajarmaganligi sabab bo‘lsa, sug‘urtalovchi to‘langan sug‘urta badallarining shartnoma tugamagan muddatiga tegishli qismini ketgan sarf-xarajatlarni chegirib tashlagan holda sug‘urtalanuvchiga qaytarib beradi.
(17-modda 3-bandining uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 1997-yil 26-dekabrdagi 549-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1998-y., 3-son, 38-modda)
18-modda. Sug‘urta shartnomasining haqiqiy emasligi
1. Basharti sug‘urta shartnomasi:
a) fuqarolik salohiyatiga ega bo‘lmagan yoki salohiyati cheklangan shaxslar bilan, shuningdek yuridik shaxs huquqlariga ega bo‘lmagan tashkilotlar bilan tuzilgan bo‘lsa;
b) salohiyatli, lekin shartnoma tuzish paytida o‘z xatti-harakatining mohiyatini tushuna olmaydigan holatdagi shaxs bilan tuzilgan bo‘lsa;
v) jinoiy yo‘l bilan qo‘lga kiritilgan, ro‘yxatga olingan, xatlangan yoki sud hukmi bilan musodara qilinishi zarur bo‘lgan mulkka nisbatan tuzilgan bo‘lsa;
g) sug‘urtalanuvchi shartnoma tuzish chog‘ida atayin noqonuniy yo‘l bilan foyda ko‘rishni ko‘zlagan hollarda, shuningdek sug‘urta hodisasi yuz berganidan keyin foyda ko‘rish maqsadida tuzilgan bo‘lsa;
d) shartnomaning yozma shakliga amal qilinmasdan tuzilgan bo‘lsa, haqiqiy emas deb topiladi.
2. Yuqorida aytib o‘tilgan hollarda sug‘urta shartnomasi sud tartibida haqiqiy emas deb topiladi.
III bob. SUFURTALOVChILARNING MOLIYAVIY BARQARORLIGINI TA’MINLASh
19-modda. Sug‘urtalovchilarning moliyaviy barqarorligini ta’minlash shartlari
Sug‘urtalovchilarda qiymati to‘langan ustav kapitalining va sug‘urta zaxiralarining mavjud bo‘lishi, shuningdek qayta sug‘urta qilish tizimi sug‘urtalovchilar moliyaviy barqarorligining negizi hisoblanadi.
20-modda. Sug‘urtalovchilarning sug‘urta zaxiralari va fondlari
1. Sug‘urtalovchilar zimmalariga olgan sug‘urta majburiyatlarini bajarishni ta’minlash maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi qonunlari bilan belgilangan tartibda va shartlarda olingan sug‘urta badallaridan bo‘lg‘usi to‘lovlar uchun shaxsiy sug‘urta, mulkiy sug‘urta hamda javobgarlik sug‘urtasi bo‘yicha sug‘urta zaxiralarini vujudga keltiradilar.
Sug‘urtalovchilar vujudga keltirgan sug‘urta zaxiralari musodara qilinishi mumkin emas.
2. Sug‘urtalovchilar soliqlar to‘langanidan keyin qoladigan va o‘z ixtiyorlariga kelib tushadigan daromadlardan o‘z faoliyatlarini ta’minlash uchun zarur bo‘lgan fondlar hosil qilishlari mumkin.
3. Sug‘urta tashkiloti o‘z balansini har yili O‘zbekiston Respublikasi qonunlarida belgilangan tartibda e’lon qilib turishi shart
21-modda. Sug‘urta tashkilotlarining sug‘urta hodisalarining oldini olish yo‘sinidagi tadbirlari
Oldingi tahrirga qarang.
1. Sug‘urta tashkilotlari fuqarolar hayoti va salomatligini muhofaza qilishni ta’minlaydigan shart-sharoit yaratishga yoki sug‘urta hodisalarining oldini olishga qaratilgan ogohlantirish yo‘sinidagi tadbirlarni o‘z mablag‘lari hisobidan moliyalashlari mumkin.
(21-modda 1-bandi O‘zbekiston Respublikasining 1997-yil 26-dekabrdagi 549-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1998-y., 3-son, 38-modda)
2. Ogohlantirish yo‘sinidagi tadbirlarni amalga oshirish maqsadida ajratiladigan majburiy sug‘urta badallarining miqdori O‘zbekiston Respublikasi qonunlari bilan belgilab qo‘yiladi.
Ixtiyoriy sug‘urta badallarining ana shu tadbirlarga mo‘ljallangan qismini sug‘urta tashkilotlarining o‘zi belgilaydi. Ana shu maqsadlar uchun ajratiladigan mablag‘lar sug‘urta tashkilotlarining xarajatlariga kiritiladi.
22-modda. Sug‘urtalovchilar to‘lov qobiliyatining kafolatlari
Oldingi tahrirga qarang.
1. Sug‘urtalovchilar o‘z to‘lov qobiliyatlarini ta’minlash va sug‘urta qildiruvchilarning manfaatlarini himoya qilish uchun Davlat sug‘urta nazorati tomonidan belgilanadigan iqtisodiy normativlarga rioya etishlari shart.
(22-modda 1-bandi O‘zbekiston Respublikasining 1997-yil 26-dekabrdagi 549-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1998-y., 3-son, 38-modda)
2. O‘z mablag‘lari va sug‘urta zaxiralari hisobidan to‘lash imkoniyatlaridan ortiqcha hajmlarda majburiyatlar olgan sug‘urtalovchilar tegishli majburiyatlar ijrosi tavakkalini qayta sug‘urta qiluvchilarda sug‘urta qilishlari shart.
Oldingi tahrirga qarang.
3. Sug‘urta zaxiralarini joylashtirish sug‘urtalovchilar tomonidan diversifikatsiya, qaytariluvchanlik, foydadorlik va tugatiluvchanlik shartlarida amalga oshirilishi lozim.
(22-modda 3-bandi O‘zbekiston Respublikasining 1994-yil 23-sentabrdagi 2022-XII-son Qonuni tahririda— Oliy Kengash Axborotnomasi, 1994-y., 11-12-son, 285-modda)
23-modda. Sug‘urtalovchilarning birlashmalari
1. Sug‘urtalovchilar o‘z faoliyatlarini muvofiqlashtirib borish, o‘z a’zolari manfaatlarini himoya qilish va qo‘shma dasturlarni amalga oshirish uchun uyushmalar, assotsiatsiyalar va boshqa birlashmalar tashkil etishlari (basharti, ularni tuzish O‘zbekiston Respublikasi qonunlari talablariga zid bo‘lmasa) mumkin. Bu birlashmalar sug‘urta faoliyati bilan bevosita shug‘ullanishga haqli emaslar.
2. Sug‘urtalovchilarning birlashmalari ustavlar asosida ishlaydi va Davlat sug‘urta nazoratida davlat ro‘yxatidan o‘tganidan keyin yuridik shaxs huquqini oladi.
24-modda. Uchinchi shaxslardan undirish huquqining o‘tishi
Sug‘urta tashkiloti sug‘urta tovonini qancha to‘lagan bo‘lsa, sug‘urta tovonini olgan sug‘urtalanuvchining yoki o‘zga shaxsning yetkazilgan zarar uchun javobgar shaxsdan talab qilish huquqi shu summa doirasida sug‘urta tashkilotiga o‘tadi.
25-modda. Sug‘urta tashkilotlarining investitsiya va tijorat faoliyati
Sug‘urta tashkilotlari o‘z moliyaviy ahvollarini barqaror saqlab turish maqsadida investitsiya berishga yoki sug‘urta zaxiralari va o‘zga mablag‘lardan boshqa yo‘l bilan foydalanishga haqlidir.
Tijorat faoliyatini qo‘shma va boshqa xil ishlab chiqarish hamda tijorat tuzilmalarini tashkil qilishda qatnashish yo‘li bilan ham amalga oshirish mumkin.
IV bob. SUFURTA FAOLIYATI USTIDAN DAVLAT NAZORATI
26-modda. Sug‘urta tashkilotlarining faoliyatini tartibga solish
1. Sug‘urta tashkilotlarining faoliyatini davlat tomonidan tartibga solish sug‘urta munosabatlari barcha ishtirokchilarining huquqlari va qonuniy manfaatlari muhofaza etilishini ta’minlashga qaratilgandir. Davlat sug‘urta nazorati (“O‘zdavsug‘urtanazorat”) sug‘urta tashkilotlarining ushbu Qonun talablariga rioya etishlarini ta’minlaydi va ularning faoliyatini nazorat qilib boradi.
O‘zdavsug‘urtanazorat:
a) O‘zbekiston Respublikasi hududida faoliyat yuritadigan sug‘urta tashkilotlarini ro‘yxatga oladi va ularga sug‘urta faoliyatining muayyan turlari uchun ruxsatnomalar beradi;
b) sug‘urta tashkilotlari sug‘urta to‘g‘risidagi amaldagi qonunlar talablariga rioya etishlarini nazorat qilib boradi;
v) hisob-kitobni yuritish, hisobotlar tuzish, rezerv va zaxira fondlar hosil qilishning bir xilda bo‘lishini ta’minlaydi;
g) sug‘urta ishi tajribasini umumlashtiradi, sug‘urtaga oid amaldagi qonunlarni tatbiq etish masalalari yuzasidan sug‘urta tashkilotlariga tushuntirishlar beradi, bu qonunlarni takomillashtirishga doir takliflar ishlab chiqadi;
d) sug‘urta faoliyatini yaxshilash yuzasidan tavsiyalar kiritadi;
e) sug‘urtalovchilarning, sug‘urtalovchilar birlashmalarining yagona davlat ro‘yxatini, shuningdek sug‘urta brokerlari ro‘yxatini yuritadi.
2. Sug‘urta tashkiloti faoliyati to‘xtatilgan taqdirda O‘zdavsug‘urtanazorat ana shu tashkilot bilan tuzilgan sug‘urta shartnomalari amal qilishini davom ettirish choralarini ko‘radi.
3. O‘zdavsug‘urtanazorat faoliyatining tashkiliy tuzilishini O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilaydi.
27-modda. Davlat sug‘urta nazoratining huquqlari
1. O‘zdavsug‘urtanazorat o‘ziga yuklatilgan vazifalarni ado etishda:
a) ushbu Qonun asosida o‘ziga berilgan huquqlar doirasida sug‘urta tashkilotlari faoliyatini tartibga solib turuvchi uslubiy va me’yoriy hujjatlar ishlab chiqish;
b) sug‘urta tashkilotlarining pul mablag‘lari ular qabul qilgan majburiyatlarga muvofiqligini, ularning sug‘urtaga oid amaldagi qonunlar talablarini bajarishlarini tekshirish, xato va kamchiliklar aniqlangan taqdirda farmoyishlar chiqarish, farmoyishlar belgilangan tartibda bajarilmagan taqdirda ruxsatnomalarning amal qilishini to‘xtatib turish yoki cheklab qo‘yish yoxud ruxsatnomalarni qaytarib olish to‘g‘risida qarorlar qabul qilish huquqiga ega.
2. Davlat sug‘urta nazoratining mansabdor shaxslari sug‘urtalovchining tijorat siri bo‘lgan ma’lumotlardan g‘arazli maqsadda foydalanishga va ularni biron bir tarzda oshkor qilishga haqli emaslar.
28-modda. Sug‘urta tashkilotlarini ro‘yxatga olish
Oldingi tahrirga qarang.
1. Barcha sug‘urta tashkilotlarining, shu jumladan chet el investitsiyalari ishtirokidagi sug‘urta tashkilotlarining faoliyati Davlat sug‘urta nazoratida albatta ro‘yxatga olinishi va ularga ruxsatnoma berilishi shart.
(28-modda 1-bandi O‘zbekiston Respublikasining 1997-yil 26-dekabrdagi 549-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1998-y., 3-son, 38-modda)
2. Belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tmagan va qayta ro‘yxatga olinmagan hamda tegishli ruxsatnoma olmagan sug‘urta tashkilotlari O‘zbekiston Respublikasi hududida sug‘urta faoliyati bilan shug‘ullanish huquqiga ega emas va ularning ruxsatnomasiz sug‘urta faoliyatidan olgan hamma daromadi budjet foydasiga tortib olinadi.
3. Ta’sis hujjatlaridagi har qanday o‘zgarishlar albatta qayd qilinib, ro‘yxatga olish reyestriga zarur o‘zgartishlar kiritilishi lozim.
4. Sug‘urta tashkilotlari ro‘yxatga oluvchi organga taqdim etgan ma’lumotlarining to‘g‘ri bo‘lishi uchun javobgardir.
29-modda. Sug‘urta faoliyatiga ruxsatnoma berish
1. Sug‘urta faoliyati bilan shug‘ullanish uchun ruxsatnomani Davlat sug‘urta nazorati beradi.
2. Tegishli ruxsatnoma olmagan sug‘urta tashkilotlari sug‘urta va qayta sug‘urta qilish faoliyati bilan shug‘ullanish huquqiga ega emaslar.
3. Sug‘urtaning muayyan turini amalga oshirish huquqini beradigan ruxsatnomalar:
a) belgilangan hajmdagi ustav fondi mavjudligi haqida bank yoki o‘zga kredit muassasasi bergan ma’lumotnoma;
b) muayyan sug‘urta turining qoidalari yoki shartlari;
v) sug‘urta tarifining hisob-kitobi yoki asos-dalillari asosida beriladi.
4. Sug‘urta faoliyatini amalga oshirish uchun sug‘urta tashkilotiga ruxsatnoma berish tartibini Davlat sug‘urta nazorati belgilaydi.
5. Davlat sug‘urta nazorati barcha zarur hujjatlarni olganidan keyin o‘ttiz kun mobaynida ruxsatnoma berishi shart. Ruxsatnoma berish rad etilgan taqdirda xuddi shu muddat ichida rad etish sabablari sug‘urta tashkilotiga xabar qilinadi.
30-modda. Sug‘urta bozorida monopolistik faoliyatni va g‘irrom raqobatni barham toptirish
Oldingi tahrirga qarang.
Sug‘urta bozorida monopolistik faoliyatni va g‘irrom raqobatning oldini olish, uni cheklash va barham toptirish O‘zbekiston Respublikasining monopoliyaga qarshi qonunlariga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Monopoliyani yo‘qotish va raqobatni kuchaytirish qo‘mitasi tomonidan ta’minlanadi.
(30-moddaning matni O‘zbekiston Respublikasining 1997-yil 26-dekabrdagi 549-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1998-y., 3-son, 38-modda)
31-modda. Sug‘urta tashkilotining faoliyatini to‘xtatish
1. Sug‘urta tashkilotining faoliyatini to‘xtatish qonunda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
2. Sug‘urta tashkilotini tugatish uchun tugatish komissiyasi tuziladi.
Tugatish komissiyasi sug‘urta tashkiloti taqdim etgan e’tirozlarni ko‘rib chiqadi, sug‘urta badallarining sug‘urtalanuvchilarga qaytarilishi yoki sug‘urtalovchining majburiyatlari va huquqlari bilan birga boshqa sug‘urta tashkilotlariga o‘tkazilishi lozim bo‘lgan miqdorini aniqlaydi.
3. Sug‘urta faoliyatini to‘xtatishga doir qaror qabul qilgan tashkilot bu haqda sug‘urtalanuvchilarga xabar qiladi va vaqtli matbuotda e’lon beradi.
V bob. YAKUNLOVChI QOIDALAR
Oldingi tahrirga qarang.
32-modda. Chet el sug‘urta tashkilotlarining O‘zbekiston Respublikasi hududidagi faoliyati
Chet el sug‘urta tashkilotlari O‘zbekiston Respublikasi hududidagi sug‘urta faoliyatini O‘zbekiston Respublikasining yuridik shaxsi sifatida ro‘yxatdan o‘tganlaridan va ushbu Qonunda belgilangan tartibda litsenziya olganlaridan keyingina amalga oshirishga haqlidirlar.
Chet el yuridik va jismoniy shaxslari O‘zbekiston Respublikasida o‘zlarining ulushli yoki to‘liq qatnashishlariga asoslangan sug‘urta tashkilotlarini tuzishga haqlidir.
(32-modda O‘zbekiston Respublikasining 1997-yil 26-dekabrdagi 549-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1998-y., 3-son, 38-modda)
33-modda. Nizolarni qarab chiqish
Sug‘urta faoliyati bilan shug‘ullanishga ruxsatnoma berishning rad etilishi, berilgan ruxsatnomalar amal qilishining to‘xtatib qo‘yilishi va bekor qilinishi bilan bog‘liq nizolar, shuningdek, tomonlarning sug‘urtaga taalluqli munosabatlaridan kelib chiquvchi boshqa hamma nizolar sudlar tomonidan ularning vakolatiga muvofiq va O‘zbekiston Respublikasi qonunlarida belgilab qo‘yilgan tartibda hal etiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
34-modda. Xalqaro shartnomalar
Agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida sug‘urta to‘g‘risidagi qonun hujjatlaridagidan boshqacha qoidalar nazarda tutilgan bo‘lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llaniladi.
(34-modda O‘zbekiston Respublikasining 1997-yil 26-dekabrdagi 549-I-son Qonuni bilan kiritilgan — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1998-y., 3-son, 38-modda)
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1993-yil 6-may,
833-XII-son
(O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-y., 5-son, 217-modda; 1994-y., 11-12-son, 285-modda; O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi 1998-y., 3-son, 38-modda; 2002-y., 4-5-son, 69-modda)