Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
qarori
Notariat institutini yanada rivojlantirish hamda sohaga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-maydagi “Maʼmuriy islohotlar doirasida adliya organlari va muassasalarining masʼuliyatini yanada oshirish hamda ixcham boshqaruv tizimini shakllantirish toʻgʻrisida”gi PF-80-son Farmoniga muvofiq hamda fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarining huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishda notariat institutining rolini oshirish, shuningdek, notariuslar faoliyatini raqamlashtirish bilan bogʻliq ishlarni izchil davom ettirish maqsadida qaror qilaman:
1. 2026-yil 1-martdan boshlab bazaviy hisoblash miqdorining ming baravarigacha boʻlgan quyidagi fuqarolik-huquqiy nizosiz talablar boʻyicha notariuslar tomonidan ijro xatlarini yozish tartibi joriy etilsin:
(a) notarial tasdiqlangan bitimlarga asoslangan talab;
(b) yozma va notarial tasdiqlangan bitim mavjud boʻlgan taqdirda, undiruvni qarzdorning majburiyatlari bajarilishining taʼminoti boʻlgan koʻchar mol-mulkka qaratish toʻgʻrisida talab;
(v) ijara toʻlovlari, koʻp kvartirali uylardagi joylarning mulkdorlaridan majburiy badallar va toʻlovlar, kommunal va aloqa xizmatlari boʻyicha qarzdorlikni undirish toʻgʻrisida talablar.
2. Adliya vazirligi va Oʻzbekiston Notarial palatasining 2026-yil 1-apreldan boshlab notariuslar faoliyatiga quyidagilarni joriy etish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin:
(a) Oʻzbekiston Respublikasida notarius lavozimida boʻlishning eng yuqori yosh chegarasini oltmish besh yoshdan yetmish yoshga oshirish.
Bunda Adliya vazirligi huzuridagi Oliy malaka komissiyasi (keyingi oʻrinlarda — Oliy malaka komissiyasi) tomonidan oʻtkaziladigan suhbat natijasiga koʻra notarius oʻz roziligi bilan ish faoliyatini yetmish yoshgacha amalga oshirishi mumkin;
(b) davlat notarial idorasi notariusini lavozimiga tayinlash boʻyicha tanlov va xususiy notarial faoliyat bilan shugʻullanish huquqini berish boʻyicha malaka imtihoni oʻrniga axborot texnologiyalari imkoniyatlaridan foydalangan holda quyidagi ikki bosqichdan iborat boʻlgan yagona tanlov tartibini joriy etish:
(i) birinchi bosqichda talabgorlar davlat va jamiyat boshqaruvi hamda korrupsiyaga qarshi kurashish, fuqarolik huquqi, notariat va vorislik huquqi sohalari boʻyicha test sinovlaridan oʻtadi. Bunda test sinovlari axborot texnologiyalaridan foydalangan holda Adliya vazirligi hamda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan tashkil etiladi;
(ii) ikkinchi bosqichda test sinovlaridan muvaffaqiyatli oʻtgan talabgorlar Oliy malaka komissiyasi tomonidan oʻtkaziladigan amaliy imtihonda notarial harakatlarning loyihalarini maxsus elektron platformada tayyorlaydi va muammoli masalaga (kazusga) javob beradi;
(v) mazkur bandning “b” kichik bandida nazarda tutilgan yagona tanlovda ishtirok etishga faqat Adliya vazirligi huzuridagi Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutida tashkil etiladigan kurslarni muvaffaqiyatli tamomlagan shaxslarga ruxsat berish;
(g) xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notarius oʻz kasbiy faoliyatini uzrli sabablarga koʻra bajara olmagan taqdirda, uning arizasiga asosan litsenziyasining amal qilish muddatini toʻxtatib turish;
(d) xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notarius litsenziyasining amal qilishini toʻxtatib turish yoki tugatishdan tashqari ogohlantirish va jarima koʻrinishidagi muqobil taʼsir choralarini qoʻllash mexanizmini joriy etish;
(j) notarial harakatlarni rasmiylashtirishda foydalaniladigan gerbli (maxsus) blankalarni unifikatsiya qilish orqali yagona shakldagi gerbli (maxsus) blankani joriy etish. Bunda:
(i) notarial harakatlarni maxsus gerbli blankada rasmiylashtirish taraflarning xohishiga koʻra amalga oshirilishi mumkin;
(ii) videokonferensaloqa rejimida amalga oshirilgan notarial harakatlar gerbli (maxsus) blankalarda rasmiylashtirilishi talab etilmaydi;
(z) notarial rasmiylashtirilgan barcha hujjatlarni notariusning imzosi, muhri va/yoki QR kod (matrik shtrixli kod) bilan tasdiqlash.
3. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq notarial xizmatlar koʻrsatishda quyidagi talablar bekor qilinadi:
(a) 2025-yil 1-dekabrdan boshlab:
(i) respublika hududida notarial tasdiqlangan nikoh shartnomalari nusxasini “Notarius” avtomatlashtirilgan axborot tizimiga (keyingi oʻrinlarda — Tizim) majburiy yuklash tartibini joriy etish orqali ularning aslini notariuslar tomonidan talab qilish;
(ii) notarial harakatlarni amalga oshirish jarayoni qayd etilgan audio va videoyozuv fayllarini elektron qurilmalarda saqlash. Bunda ushbu turdagi audio va videoyozuvlar fayllarini Tizimda toʻgʻridan-toʻgʻri notarial harakatga biriktirish va saqlash imkoniyati yaratiladi;
(b) 2026-yil 1-yanvardan boshlab notarial harakatlarni amalga oshirish uchun notariusga Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining shaxsini tasdiqlovchi hujjatning aslini taqdim etish. Bunda fuqarolarning shaxsi ularning shaxsini tasdiqlovchi hujjat rekvizitlari orqali zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalangan holda identifikatsiya qilinadi hamda biometrik maʼlumotlar (barmoq izi va Face-ID) orqali verifikatsiya qilinadi.
4. Adliya vazirligiga notariat sohasida davlat siyosatini amalga oshirishda quyidagi qoʻshimcha vakolatlar berilsin:
(a) muayyan hududdagi (notarial okrugdagi) notarius lavozimlarining eng koʻp sonini belgilash;
(b) olis (chekka) va notarius lavozimiga talab yuqori boʻlmagan hudud (notarial okrug)larda davlat notarial idorasi notariusi lavozimiga talabgorlarni yagona tanlovda ishtirok etmagan holda Oliy malaka komissiyasi tomonidan oʻtkaziladigan suhbat asosida tayinlash.
5. Quyidagilar:
(a) Davlat notarial idorasi notariusi lavozimiga yagona tanlovda ishtirok etmagan holda suhbat asosida notariuslar tayinlanishi mumkin boʻlgan olis (chekka) va notarius lavozimiga talab yuqori boʻlmagan hudud (notarial okrug)lar roʻyxati 1-ilovaga muvofiq;
(b) Notariuslar tomonidan kompozit shaklda koʻrsatiladigan davlat xizmatlari roʻyxati 2-ilovaga muvofiq;
(v) 2025 — 2027-yillarda masofadan turib videokonferensaloqa rejimi orqali rasmiylashtirilishi yoʻlga qoʻyiladigan notarial harakatlar reja-grafigi 3-ilovaga muvofiq;
(g) 2025 — 2027-yillarda notariat institutini yanada rivojlantirish hamda sohaga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish boʻyicha “yoʻl xaritasi” 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
6. Belgilansinki, mazkur qarorning 1-ilovasida koʻrsatilgan olis (chekka) va notarius lavozimiga talab yuqori boʻlmagan hudud (notarial okrug)larda:
(a) kamida uch yil davomida notariuslik faoliyatini amalga oshirgan notariuslarga Oliy malaka komissiyasi xulosasi asosida xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notarius sifatida oʻzlari tanlagan respublikaning istalgan boshqa hududida faoliyatini davom ettirish huquqi beriladi;
(b) davlat notarial idorasi notariusi lavozimi joriy etilganida har bir davlat notarial idorasi uchun kamida bir nafardan notarius yordamchisi va notarius kotibi shtat birliklarini majburiy tarzda joriy etish haqidagi talab tatbiq etilmaydi.
7. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq 2026-yil 1-apreldan boshlab koʻchmas mulk va undagi ulushlar bilan bogʻliq barcha bitimlar notarius tomonidan Tizim orqali davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun yuborilib, koʻchmas mulk obyekti davlat roʻyxatidan oʻtkazilganda uning yangi mulkdori haqidagi maʼlumotlar kommunal xizmatlar tashkilotlarining elektron axborot tizimlariga avtomatik tarzda yuboriladi va maʼlumotlar bazalarida yangilanadi.
8. Kadastr agentligi, Energetika vazirligi, Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi, Soliq qoʻmitasi va “Oʻzsuvtaʼminot” AJ 2026-yil 1-aprelga qadar oʻz axborot tizimlarining belgilangan tartibda toʻliq integratsiyasini taʼminlab, maʼlumotlar avtomatik tarzda yangilanishini yoʻlga qoʻysin.
9. Manfaatdor vazirlik va idoralar uch oy muddatda 2022-yil 1-oktabrga qadar jismoniy va yuridik shaxslarning mol-mulklarini boshqa shaxsga oʻtkazishga nisbatan qoʻyilgan taqiqlarni tegishliligi boʻyicha xatlovdan oʻtkazsin va saqlab qolinishi lozim boʻlgan taqiqlar roʻyxatini jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami, soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami va mol-mulk haqidagi maʼlumotlar (identifikator) asosida shakllantirib, Adliya vazirligiga taqdim etsin.
10. Adliya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan kelishgan holda oʻz ahamiyatini yoʻqotgan taqiq (xatlov)lar roʻyxatini shakllantirsin va ularni bekor qilish choralarini koʻrsin.
11. Adliya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda Vazirlar Mahkamasiga quyidagilarni kiritsin:
(a) uch oy muddatda yangi tahrirdagi “Notariat toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini. Bunda, shu jumladan, quyidagi yangi notarial harakatlar joriy etilishi nazarda tutilsin:
(i) vasiyat qiluvchi vafot etganda notarius tomonidan merosxoʻrlarga vasiyatnomani eʼlon qilish;
(ii) er-xotinning birgalikdagi vasiyatnomasini notarial tasdiqlash;
(iii) meros shartnomasini notarial tasdiqlash;
(iv) mualliflik huquqi va turdosh huquqlar hamda sanoat mulki obyektlari bilan bogʻliq merosni notarius tomonidan rasmiylashtirish tartibini belgilash;
(b) ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida takliflarni.
12. Adliya vazirligi (A. Tashkulov) 2026-yil 1-mayga qadar quyidagilarni tasdiqlasin:
(a) davlat notarial idorasi notariusi lavozimiga hamda xususiy notarial faoliyat bilan shugʻullanish huquqini beruvchi litsenziya olishga talabgorlar uchun yagona tanlov oʻtkazish tartibi va baholash mezonlarini;
(b) muayyan hudud (notarial okrug)dagi notarius lavozimlarining eng koʻp sonini belgilash tartibini;
(v) notariuslar tomonidan ijro xatlarini yozish, nikoh shartnomalari, videokonferensaloqa rejimi orqali notarial harakatlarni rasmiylashtirish boʻyicha maʼmuriy reglamentlarni.
13. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib adliya vaziri A.D. Tashkulov belgilansin.
14. Qaror ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Huquqiy ekspertiza va kompleks tahlil qilish departamenti boshligʻi A.B. Samadov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2025-yil 9-sentabr,
PQ-280-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 9-sentabrdagi PQ-280-son qaroriga
1-ILOVA
Davlat notarial idorasi notariusi lavozimiga yagona tanlovda ishtirok etmagan holda suhbat asosida notariuslar tayinlanishi mumkin boʻlgan olis (chekka) va notarius lavozimiga talab yuqori boʻlmagan hudud (notarial okrug)lar
ROʻYXATI

T/r

Hudud nomi

Qoraqalpogʻiston Respublikasi

1.

Boʻzatov tumani

2.

Moʻynoq tumani

Andijon viloyati

3.

Ulugʻnor tumani

Qashqadaryo viloyati

4.

Dehqonobod tumani

Buxoro viloyati

5.

Qorovulbozor tumani

Jizzax viloyati

6.

Zafarobod tumani

7.

Yangiobod tumani

Navoiy viloyati

8.

Tomdi tumani

9.

Gʻozgʻon shahri

Sirdaryo viloyati

10.

Sardoba tumani

11.

Shirin shahri

Samarqand viloyati

12.

Qoʻshrabot tumani

Surxondaryo viloyati

13.

Bandixon tumani

Toshkent viloyati

14.

Bekobod tumani

Fargʻona viloyati

15.

Soʻx tumani

Xorazm viloyati

16.

Tuproqqalʼa tumani

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 9-sentabrdagi PQ-280-son qaroriga
2-ILOVA
Notariuslar tomonidan kompozit shaklda koʻrsatiladigan davlat xizmatlari
ROʻYXATI

T/r

Notariuslar tomonidan koʻrsatiladigan xizmat turlari

Ariza beruvchilar toifasi

Xizmat koʻrsatish shakli

Xizmat koʻrsatish natijasida beriladigan hujjat

Xizmat koʻrsatish muddati

1.

Notarial rasmiylashtirilgan va idoraviy notarial arxivga topshirilgan hujjatlarning dublikatini berish

Jismoniy va yuridik shaxslar

Anʼanaviy shaklda

Notarial rasmiylashtirilgan hujjatlarning dublikati

5 ish kuni

2.

Idoraviy notarial arxivga topshirilgan notarial harakatlarni roʻyxatga olish reyestr kitobidan koʻchirma berish

Jismoniy va yuridik shaxslar

Anʼanaviy va elektron shaklda

Reyestr kitobidan koʻchirma

2 ish kuni

3.

Notarial rasmiylashtirilgan va idoraviy notarial arxivga topshirilgan arxiv hujjatlaridan nusxa berish

Jismoniy va yuridik shaxslar

Anʼanaviy va elektron shaklda

Arxiv hujjatlaridan nusxa

2 ish kuni

4.

Idoraviy notarial arxivda saqlanayotgan hujjatlar boʻyicha arxiv maʼlumotnomasini berish

Jismoniy va yuridik shaxslar

Anʼanaviy va elektron shaklda

Arxiv maʼlumotnomasi

1 ish kuni

5.

Doimiy yashash joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtish uchun ariza yuborish

Jismoniy shaxslar

Anʼanaviy va elektron shaklda

Ariza yuborilganligi haqida maʼlumot

1 kun

6.

Tugʻilish, nikoh tuzish, nikohdan ajralish va oʻlim holati fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlarida qayd etilgani boʻyicha maʼlumotnoma berish

Jismoniy shaxslar

Anʼanaviy va elektron shaklda

Maʼlumotnoma

2 kun

7.

Otalik belgilanganligi haqida maʼlumotnoma berish

Jismoniy shaxslar

Anʼanaviy va elektron shaklda

Maʼlumotnoma

2 kun

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 9-sentabrdagi PQ-280-son qaroriga
3-ILOVA
2025 — 2027-yillarda masofadan turib videokonferensaloqa rejimi orqali rasmiylashtirilishi yoʻlga qoʻyiladigan notarial harakatlar
REJA-GRAFIGI

T/r

Notarial harakat nomi

Ijro muddati

Masʼul ijrochilar

1.

Barcha turdagi ishonchnomalarni bekor qilish

2025-yil dekabr

Adliya vazirligi

2.

Ijro xatlarini yozish

3.

Nikoh shartnomasini tasdiqlash

2026-yil iyun

Adliya vazirligi,

Ichki ishlar vazirligi

4.

Boshqa turdagi arizalardagi imzoning haqiqiyligini shahodatlash

5.

Avtomototransport vositasini ijaraga berish shartnomasini tasdiqlash

6.

Er-xotinning umumiy mol-mulkidagi ulushga mulk huquqi toʻgʻrisida guvohnomalar berish

2026-yil dekabr

Adliya vazirligi,

Kadastr agentligi,

Ichki ishlar vazirligi,

Markaziy bank

7.

Marhum erdan (xotindan) keyin xotinning (erning) arizasiga koʻra umumiy mol-mulkdagi ulushga boʻlgan mulk huquqi toʻgʻrisida guvohnoma berish

8.

Ipoteka shartnomasini tasdiqlash

9.

Turar joyning oldi-sotdi shartnomasini tasdiqlash

2027-yil mart

Adliya vazirligi,

Kadastr agentligi,

Ichki ishlar vazirligi

10.

Turar joyning hadya shartnomasini tasdiqlash

11.

Qarz shartnomasini tasdiqlash

12.

Avtomototransport vositasini ayirboshlash shartnomasini tasdiqlash

13.

Vasiyatnomalarni tasdiqlash

14.

Aliment toʻlash toʻgʻrisidagi kelishuvni tasdiqlash

15.

Koʻchmas mulkni ayirboshlash toʻgʻrisidagi shartnomani tasdiqlash

2027-yil sentabr

Adliya vazirligi,

Kadastr agentligi,

Ichki ishlar vazirligi,

Markaziy bank

16.

Turar joyning ijara shartnomasini tasdiqlash

17.

Noturar joyning ijara shartnomasini tasdiqlash

18.

Shartnomani bekor qilish toʻgʻrisidagi kelishuvni tasdiqlash

19.

Koʻchmas mulkdan tekin foydalanish shartnomasini tasdiqlash

20.

Avtomototransport vositasidan tekin foydalanish shartnomasini tasdiqlash

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 9-sentabrdagi PQ-280-son qaroriga
4-ILOVA
2025 — 2027-yillarda notariat institutini yanada rivojlantirish hamda sohaga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish boʻyicha
“YOʻL XARITASI”

T/r

Chora-tadbirlar nomi

Amalga oshirish shakli

Bajarish muddati

Masʼul ijrochilar

I. Notariat sohasining normativ-huquqiy bazasini takomillashtirish

1.

“Notariat toʻgʻrisida”gi Qonunning yangi tahriri loyihasini ishlab chiqish va unda quyidagilarni nazarda tutish:

yangi notarial harakatlarni joriy etish, shu jumladan, vasiyat qiluvchi vafot etganda notarius tomonidan merosxoʻrlarga vasiyatnomani eʼlon qilish, er-xotinning birgalikdagi vasiyatnomasini notarial tasdiqlash, meros shartnomasini notarial tasdiqlash, mualliflik huquqi va turdosh huquqlar hamda sanoat mulki obyektlari bilan bogʻliq merosni notarius tomonidan rasmiylashtirish tartibini belgilash;

fuqarolik-huquqiy nizosiz talablar boʻyicha qarz undirishni notariusning ijro xatlariga asosan amalga oshirish, bunda qarzdordan eʼtiroz kelib tushganda notarius tomonidan ijro xatini bekor qilish hamda ijro xatidagi xatolarni va ochiq koʻrinib turgan arifmetik xatolarni tuzatish;

notariuslik lavozimida boʻlishning eng yuqori yosh chegarasini oltmish besh yoshdan yetmish yoshga oshirish;

xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notariusning ixtiyoriy arizasiga asosan uning litsenziyasining amal qilish muddatini toʻxtatib turish;

xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notariuslarga ular tomonidan yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar yoki sodir etilgan qoidabuzarliklar uchun mutanosib ravishda qoʻllaniladigan taʼsir choralari (ogohlantirish va jarima), ularning miqdorlari, muddatlari va qoʻllash tartibini belgilash;

notarial rasmiylashtiriladigan barcha hujjatlarni notariusning imzosi, muhri va/yoki QR kod (matrik shtrixli kod) bilan tasdiqlashni yoʻlga qoʻyish.

Qonun loyihasi

2025-yil dekabr

Adliya vazirligi

(Tashkulov),

Oliy sud

(Islamov),

Notarial palata

(Ashurov),

manfaatdor vazirlik va idoralar

2.

Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga fuqarolik qonunchiligini takomillashtirishni nazarda tutuvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish boʻyicha qonun loyihasini ishlab chiqish va unda quyidagilarni nazarda tutish:

vasiyat qiluvchi vafot etganda notarius tomonidan merosxoʻrlarga vasiyatnomani eʼlon qilish;

er-xotinning birgalikdagi vasiyatnomasini notarial tasdiqlash;

meros shartnomasini notarial tasdiqlash;

mualliflik huquqi va turdosh huquqlar hamda sanoat mulki obyektlari bilan bogʻliq merosni notarius tomonidan rasmiylashtirish tartibini belgilash.

Qonun loyihasi

2025-yil dekabr

Adliya vazirligi

(Tashkulov),

manfaatdor vazirlik va idoralar

3.

Notariuslar tomonidan amalga oshiriladigan notarial harakatlar boʻyicha maʼmuriy reglamentlarni xatlovdan oʻtkazgan holda ularning yangilangan loyihalarini ishlab chiqish.

Bunda ijro xatlarini yozish, vasiyatnomalar, meros shartnomalari va nikoh shartnomalarini tasdiqlash hamda notarial harakatlarni masofadan turib videokonferensaloqa rejimi orqali amalga oshirish tartiblari belgilanadi.

Adliya vazirining buyrugʻi

2026-yil aprel

Adliya vazirligi

(Tashkulov),

Notarial palata

(Ashurov),

manfaatdor vazirlik va idoralar

4.

Davlat notarial idorasi notariusi lavozimiga hamda xususiy notarial faoliyat bilan shugʻullanish huquqini olishga talabgorlar uchun tanlov oʻtkazish tartibi va baholash mezonlarini tasdiqlash.

Adliya vazirining buyrugʻi

2026-yil aprel

Adliya vazirligi

(Tashkulov),

Bilim va malakalarni baholash agentligi

(Karimov),

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi

(Burxanov),

Notarial palata

(Ashurov),

manfaatdor vazirlik va idoralar

5.

Muayyan hududdagi (notarial okrugdagi) notariuslar lavozimlarining eng koʻp sonini belgilash tartibini tasdiqlash.

Olis (chekka) va notariuslik lavozimiga talab yuqori boʻlmagan hududlarda (notarial okrugda) davlat notarial idorasi notariusi lavozimini tashkil etish va davlat notarial idorasi notariusi lavozimiga tanlovda ishtirok etmagan holda Oliy malaka komissiyasi tomonidan oʻtkaziladigan suhbat asosida notariusni tayinlash tartibini joriy etish.

Adliya vazirining buyrugʻi

2026-yil aprel

Adliya vazirligi

(Tashkulov),

Notarial palata

(Ashurov),

manfaatdor vazirlik va idoralar

6.

Notarial harakatlarni rasmiylashtirishda foydalaniladigan yagona shakldagi gerbli (maxsus) blankani joriy etish.

Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi

2026-yil mart

Adliya vazirligi

(Tashkulov),

Notarial palata

(Ashurov),

manfaatdor vazirlik va idoralar

7.

Adliya vazirligi huzuridagi Oliy malaka komissiyasi vakolatlarini qayta koʻrib chiqish. Bunda Oliy malaka komissiyasi tomonidan:

amaliy imtihonni oʻtkazish;

notarius lavozimida boʻlishning eng yuqori yoshini 70 yoshgacha uzaytirish masalasini koʻrib chiqish;

olis (chekka) va notariuslik lavozimiga talab yuqori boʻlmagan hududlar (notarial okrug) uchun davlat notarial idorasi notariusi lavozimiga suhbat asosida notariusni tayinlash nazarda tutiladi.

Adliya vazirining buyrugʻi

2026-yil mart

Adliya vazirligi

(Tashkulov)

8.

Talabgorlar uchun Adliya vazirligi huzuridagi Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutida majburiy oʻquv kurslarini tashkil etish tartibini belgilash.

Adliya vazirining buyrugʻi

2026-yil mart

Adliya vazirligi

(Tashkulov)

9.

Koʻchmas mulkni boshqa shaxsga oʻtkazish bilan bogʻliq bitimlarni notarial tasdiqlash jarayonini majburiy audio va video yozuvga qayd etish va “Notarius” AATga yuklash talabini belgilash.

Normativ-huquqiy hujjat loyihasi

2025-yil noyabr

Adliya vazirligi

(Tashkulov),

Notarial palata

(Ashurov)

10.

Merosxoʻrlarni qasddan yashirish holatlariga yoʻl qoʻygan fuqarolarni noloyiq merosxoʻr deb topish va ularga nisbatan javobgarlikni kuchaytirish.

Normativ-huquqiy hujjat loyihasi

2027-yil dekabr

Adliya vazirligi

(Tashkulov),

Oliy sud

(Islamov),

Bosh prokuratura

(Yoʻldoshev),

manfaatdor vazirlik va idoralar

11.

Adliya organlari balansida boʻlgan va xususiy notariuslar ijara huquqi asosida foydalanib kelayotgan binolarni ularga auksion orqali sotish tartibini belgilash.

Normativ-huquqiy hujjat loyihasi

2026-yil aprel

Adliya vazirligi

(Tashkulov),

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi

(Ortikov),

manfaatdor vazirlik va idoralar

II. Notariuslar faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish

12.

Notarial harakatlarni amalga oshirishda biometrik maʼlumotlar (barmoq izi va Face-ID) orqali fuqarolarning shaxsini verifikatsiya qilish mexanizmini yaratish.

Amaliy chora-tadbirlar

2025-yil dekabr

Adliya vazirligi

(Tashkulov),

Raqamli texnologiyalar vazirligi

(Shermatov)

13.

Barcha notarial idoralarga optik tolali aloqa tarmogʻini oʻrnatish choralarini koʻrish.

Amaliy chora-tadbirlar

2026-yil yanvar

Adliya vazirligi

(Tashkulov),

Raqamli texnologiyalar vazirligi

(Shermatov)

14.

“E-notarius.uz” axborot portalining mobil ilovasini yaratish.

Amaliy chora-tadbirlar

2026-yil mart

Adliya vazirligi

(Tashkulov),

Raqamli texnologiyalar vazirligi

(Shermatov)

15.

Notariusning ijro xatlarini elektron hujjat sifatida shakllantirish hamda undiruvchi va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi organlariga elektron hujjat aylanish tizimi orqali yuborish amaliyotini joriy etish.

Amaliy chora-tadbirlar

2026-yil mart

Adliya vazirligi

(Tashkulov),

Bosh prokuratura

(Yoʻldoshev),

manfaatdor vazirlik va idoralar

16.

Sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan shaxslar boʻyicha elektron maʼlumot bazasini toʻliq shakllantirish va “Notarius” AATga integratsiya qilish.

Amaliy chora-tadbirlar

2026-yil aprel

Oliy sud

(Islamov),

Adliya vazirligi

(Tashkulov)

17.

Terrorchilik faoliyatida yoki ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishda ishtirok etayotgan yoki ishtirok etishda gumon qilinayotgan shaxslar roʻyxati boʻyicha Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining axborot tizimi va “Notarius” AATni oʻzaro integratsiya qilish.

Amaliy chora-tadbirlar

2025-yil dekabr

Adliya vazirligi

(Tashkulov),

Bosh prokuratura

(Xatamov)

III. Notarial idoralar faoliyati samaradorligini taʼminlash

18.

Notariuslar tomonidan kompozit shaklda quyidagi davlat xizmatlari koʻrsatilishini yoʻlga qoʻyish:

notarial rasmiylashtirilgan va idoraviy notarial arxivga topshirilgan hujjatlarning dublikatini berish;

notarial harakatlarni roʻyxatga olish reyestr kitobidan koʻchirma berish;

notarial rasmiylashtirilgan va idoraviy notarial arxivga topshirilgan arxiv hujjatlaridan nusxa berish;

idoraviy notarial arxivda saqlanayotgan hujjatlar boʻyicha arxiv maʼlumotnomasini berish;

doimiy yashash joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtish uchun ariza yuborish;

tugʻilganlik, oʻlim, nikoh tuzilganligi va nikohdan ajralishni fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlarida qayd etilganligi boʻyicha maʼlumotnoma berish;

otalik belgilanganligi haqida maʼlumotnoma berish.

Kompleks chora-tadbirlar

2026-yil fevral

Adliya vazirligi

(Tashkulov)

19.

Notariuslar tomonidan kompozit shaklda koʻrsatiladigan qoʻshimcha davlat xizmatlari sonini oshirish masalasini koʻrib chiqish.

Kompleks chora-tadbirlar

2026-yil may

Adliya vazirligi

(Tashkulov),

manfaatdor vazirlik va idoralar

20.

Oʻzbekiston Respublikasi konsullik muassasalari tomonidan tasdiqlanadigan ariza va ishonchnomalarni “Notarius” AATga yuborish tartibini joriy etish.

Kompleks chora-tadbirlar

2026-yil iyul

Adliya vazirligi

(Tashkulov),

Tashqi ishlar vazirligi

(Saidov)

21.

Koʻchmas mulk boshqa shaxsga oʻtkazilganda uning yangi mulkdori haqidagi maʼlumotlarni kommunal xizmat koʻrsatuvchi tashkilotlarda avtomatik tarzda oʻzgartirish tartibini joriy etish boʻyicha tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirish.

Kompleks chora-tadbirlar rejasini tasdiqlash

2025-yil dekabr

Kadastr agentligi

(Pulatov),

Adliya vazirligi

(Tashkulov),

Energetika vazirligi

(Mirzamahmudov),

Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi

(Xidoyatov),

Soliq qoʻmitasi

(Kudbiyev),

“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ

(Asqarov),

“Hududgaztaʼminot” AJ

(Xodjayev),

“Oʻzsuvtaʼminot” AJ

(Suvonqulov),

manfaatdor vazirlik va idoralar

Maʼlumotlarni avtomatik tarzda oʻzgartirish tartibini joriy etish

2026-yil 1-aprelga qadar

22.

2022-yil 1-oktabrga qadar jismoniy va yuridik shaxslarning mol-mulklarini boshqa shaxsga oʻtkazishga nisbatan qoʻyilgan taqiqlarni tegishliligi boʻyicha xatlovdan oʻtkazish va saqlanib qolinishi lozim boʻlgan taqiqlar roʻyxatini jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami, soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami va obyekt identifikatorlari asosida shakllantirib, Adliya vazirligiga taqdim etish.

Amaliy chora-tadbirlar

2025-yil dekabr

Manfaatdor vazirlik va idoralar,

Adliya vazirligi

(Tashkulov)

Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan taqiq (xatlov)lar roʻyxatini shakllantirish va taqiqdan chiqarish choralarini koʻrish.

2026-yil aprel

(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.09.2025-y., 07/25/280/0817-son)