|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 01.09.2024
|
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING 2005 YIL 11 AVGUSTDAGI PQ-154-SON QARORINING BAJARILIShINI TAShKIL ETISh ChORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 6-maydagi 266-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida”gi qaroriga asosan 2024-yil 1-sentabrdan o‘z kuchini yo‘qotadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2005-yil 11-avgustdagi PQ-154-son qarorini bajarish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
g‘o‘za defoliatsiyasini o‘tkazishni tashkil qilish bo‘yicha Respublika ekspert komissiyasi tarkibi 1-ilovaga muvofiq;
g‘o‘za defoliatsiyasi o‘tkazilishini nazorat qilish va sifatini aniqlash tartibi to‘g‘risidagi nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Respublika ekspert komissiyasi (Ismoilov):
uch kun muddatda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va tumanlarda ana shunday ekspert komissiyalari tuzilishini ta’minlasin;
joylarda g‘o‘zani defoliatsiya qilish tadbirlarining butun kompleksi o‘tkazilishini tashkil etsin;
g‘o‘zani defoliatsiya qilishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishning borishi, defoliatsiyani o‘tkazish uchun jalb etilgan texnikadan samarali foydalanilishi yuzasidan kundalik monitoring o‘rnatsin.
g‘o‘za defoliatsiyasining borishi to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga muntazam ravishda axborot berib borilsin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vaziri S.U. Ismoilov zimmasiga hamda Qishloq va suv xo‘jaligi, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash hamda iste’mol tovarlari masalalari axborot-tahlil departamentiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2005-yil 15-avgust,
199-son
G‘o‘za defoliatsiyasini o‘tkazishni tashkil qilish bo‘yicha Respublika ekspert komissiyasi
tarkibi
| Ismoilov S.U. | — | Qishloq va suv xo‘jaligi vaziri, ekspert komissiya raisi |
| Ibragimov G‘.I. | — | “O‘zkimyosanoat” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi raisi, ekspert komissiya raisining o‘rinbosari |
| Xonazarov A. | — | Qishloq va suv xo‘jaligi vazirining o‘rinbosari, O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi ilmiy-ishlab chiqarish markazining bosh direktori |
| Mengliyev E. | — | Bosh prokuratura bo‘lim boshlig‘i (kelishuv bo‘yicha) |
| Qo‘ldoshev I. | — | Ichki ishlar vazirining o‘rinbosari |
| Niyozmatov B. | — | Sog‘liqni saqlash vazirining o‘rinbosari, bosh sanitariya vrachi |
| Polvonov E. | — | “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi bosh direktorining birinchi o‘rinbosari |
| Bo‘riyev R. | — | “O‘zstandart” agentligining bosh direktori |
| Dyachkov V.V. | — | “O‘zpaxtasanoat” uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari |
| Ustyugin V.E. | — | O‘zbekiston “Sifat” markazining bosh direktori |
| Solihboyev D. | — | “O‘zagromashservis” uyushmasining raisi |
| Matchonov R.D. | — | “O‘zqishloqxo‘jalikmash-xolding” kompaniyasi raisi |
| Sattorov T. | — | Respublika o‘simliklarni himoya qilish va agrokimyo markazi bosh direktori |
G‘o‘za defoliatsiyasi o‘tkazilishini nazorat qilish va sifatini aniqlash tartibi to‘g‘risida
NIZOM
1. Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2005-yil 11-avgustdagi PQ-154-son qaroriga muvofiq ishlab chiqilgan va 2005-yilda g‘o‘za defoliatsiyasi o‘tkazilishini tizimli nazorat qilishni tashkil etish va uning sifatini aniqlash tartibini belgilaydi.
2. G‘o‘za defoliatsiyasi o‘tkazilishini nazorat qilish, ishlatiladigan eritma tayyorlash va defoliantlarni qo‘llashning belgilangan normalariga rioya qilish uchun har bir viloyat va tumanda hokim boshchiligida, Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, Respublika o‘simliklarni himoya qilish va agrokimyo markazi, “O‘zpaxtasanoat” uyushmasi, O‘zbekiston “Sifat” markazi hamda “Qishloqxo‘jalikkimyo” hududiy aksiyadorlik jamiyatlarining mutaxassislari ishtirokida ekspert komissiyalari tashkil etiladi.
3. 2005-yil 20-avgustgacha tuman hokimi tomonidan ekspert komissiyasi bilan kelishgan holda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2005-yil 11-avgustdagi PQ-154-son qarori bilan tasdiqlangan muddatlardan kelib chiqib joylardagi harorat sharoitlarini, g‘o‘zaning yetilish davri, navi va boshqa xususiyatlarini hisobga olgan holda har bir qishloq xo‘jaligi korxonasi bo‘yicha g‘o‘za defoliatsiyasini o‘tkazish muddatlari tasdiqlanadi.
4. Tuman ekspert komissiyasi tomonidan 2005-yil 22-avgustgacha g‘o‘za defoliatsiyasini o‘tkazishda qatnashuvchi mutaxassislarga texnikani tayyorlash, dalalarni tanlash, ishlatiladigan eritmalar tayyorlashga, defoliantlarni solish normalariga qo‘yiladigan talablar, ulardan foydalanish, xavfsizlik qoidalari, signal beruvchilar ishini tashkil etish va boshqa chora-tadbirlar bo‘yicha yo‘l-yo‘riqlar beriladi va ular ushbu ishlarga o‘qitiladi.
5. Har kuni defoliatsiya o‘tkazilishidan oldin qishloq xo‘jaligi hududiy organlari hamda “Qishloqxo‘jalikkimyo” hududiy aksiyadorlik jamiyatlari mutaxassislari tomonidan mexanizatorlar, samolyot ekipaji va signal beruvchilarga dalalarning relyefi, konturi va boshqa xususiyatlarini hisobga olgan holda agrotexnika tadbirlarini sifatli o‘tkazish bo‘yicha yo‘l-yo‘riqlar beriladi.
6. Tayyorlangan defoliantning ishlatiladigan eritmasidan foydalanishdan oldin o‘simliklarni himoya qilish va agrokimyo markazi, shuningdek “O‘zstandart” agentligi organlari mutaxassislari tomonidan majburiy tartibda ishlatiladigan eritmaning sifati va uning qo‘yiladigan talablarga muvofiqligi tezkor tahlil qilinadi. Eritmaning jihozlanmagan joylarda va mutaxassislar ishtirokisiz tayyorlanishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
7. Tuman ekspert komissiyasi tomonidan kun mobaynida defoliatsiyani o‘tkazish tanlab tekshiriladi, amalga oshirilgan ishlar sifatiga, ishlatiladigan eritma tayyorlashning to‘g‘riligiga va uni qo‘llash normalariga baho beriladi. g‘o‘za defoliatsiyasini o‘tkazishda qo‘pol kamchiliklar aniqlangan taqdirda ekspert komissiyasi tomonidan agrotexnika tadbirlarini o‘z vaqtida o‘tkazish uchun, kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha mutaxassislar jalb etilgan holda, shoshilinch chora-tadbirlar ko‘riladi.
8. Tuman ekspert komissiyasi tomonidan defoliatsiya belgilangan muddatlarda va hajmda o‘tkazilishining kundalik monitoringi belgilanadi, bunda jalb etilgan texnika (purkagichlar va samolyotlar)dan samarali foydalanilishi qat’iy nazorat qilinadi.
9. Nazarda tutilgan jadvaldan orqada qolish holatlari aniqlangan taqdirda mavjud resurslar safarbar qilingan, texnika va boshqalardan yanada samarali foydalanilgan holda qoloqlikni tugatish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar ko‘riladi.
10. Defoliatsiya o‘tkazilgandan keyin bir hafta muddatda tuman ekspert komissiyasi tomonidan har bir konturda amalga oshirilgan agrotexnika tadbirining sifati aniqlanadi. Bunda quyidagilar hisobga olinadi:
defoliatsiyani o‘tkazish muddatlariga va dalalar konturi to‘liq qamrab olinishiga rioya qilish;
defoliant sarflash normasi va uning foydalaniladigan turi;
g‘o‘za barglarining bir tekis to‘kilishi foizi (kamida 75%).
11. Defoliatsiyani o‘tkazish shartlari va amalga oshirilgan ishlar sifatini baholash qishloq xo‘jaligi korxonalari bilan tegishli shartnomalar tuzishda qat’iy belgilab qo‘yiladi.
12. Viloyat ekspert komissiyasi g‘o‘za defoliatsiyasini o‘tkazish va uning sifati ustidan umumiy nazoratni amalga oshiradi, tasdiqlangan muddatlardan orqada qolishni bartaraf etishga doir zarur tashkiliy chora-tadbirlar ko‘radi, joylarda texnikadan samarali foydalanilishi nazorat qilinishini ta’minlaydi, defoliatsiyani o‘tkazish jarayonida paydo bo‘ladigan kompleks masalalarni, shu jumladan moddiy-texnik va moliyaviy ta’minlash masalalarini tezkor hal etadi hamda amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida har kuni Respublika ekspert komissiyasiga axborot beradi.
13. G‘o‘zani defoliatsiya qilishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishning borishi to‘g‘risidagi hisobot tizimi quyidagi tartib bo‘yicha amalga oshiriladi: tuman ekspert komissiyasi — viloyat ekspert komissiyasi — Respublika ekspert komissiyasi — O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi.
14. Mazkur Nizomning amalga oshirilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vaziri zimmasiga yuklanadi.
(O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari to‘plami, 2005-y., 32-33-son, 254-modda)