Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 28.09.2020
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
2005 YILDA GʻOʻZANI DEFOLIATSIYA QILISh ChORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-sonli “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Gʻoʻzani oʻz vaqtida va sifatli defoliatsiya qilish, dalalarni paxta hosilini yigʻishtirib olishga, shu jumladan paxta terish mashinalari bilan yigʻishtirib olishga tayyorlash maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligining Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan kelishilgan 2005-yilda gʻoʻza defoliatsiya qilinadigan 1-ilovaga muvofiq maydonlar va uning maqbul muddatlari toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin. Gʻoʻza defoliatsiya qilinadigan maydonlarni aniqlashda urugʻlik ekin maydonlari hisobga olinmasin.
2. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va tumanlar hokimliklari gʻoʻzaning yetilish davri, navi, ekilgan muddatlarini hamda joylardagi harorat sharoitlarini hisobga olgan holda, tumanlar va paxta yetishtiruvchi xoʻjaliklar boʻyicha gʻoʻzani 1-ilovaga muvofiq muddatlarda defoliatsiya qilish yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilsinlar.
Gʻoʻza oʻz vaqtida va sifatli defoliatsiya qilishni, belgilangan muddatlar va tegishli maydonlarda defoliantlarni ishlatish normalariga qatʼiy rioya etilishi uchun shaxsiy javobgarlik Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisiga, viloyatlar va tumanlar hokimlariga, Oʻzbekiston Respublikasi qishloq va suv xoʻjaligi vaziriga yuklansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev:
15-avgustgacha respublika ekspert komissiyasini, shuningdek Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va tumanlarda ekspert komissiyalari tashkil qilsin, ularning tarkibiga Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, Respublika oʻsimliklarni himoya qilish va agrokimyo markazi, “Oʻzpaxtasanoat” uyushmasi, Oʻzbekiston “Sifat” markazi, “Qishloqxoʻjalikkimyo” hududiy aksiyadorlik jamiyatlari mutaxassislarini kiritib, ularning zimmasiga joylarda defoliatsiyaga oid jami ishlar kompleksi olib borilishi ustidan muntazam nazoratni amalga oshirish vazifasini yuklasin;
uch kun muddatda gʻoʻza defoliatsiyasini nazorat qilish va sifatini belgilash Tartibini tasdiqlasin;
defoliatsiya ishlari oʻtkazilishi ustidan qattiq nazoratni taʼminlasin va agrotexnika tadbirlarni oʻtkazish borasida belgilangan muddatlar va normalarga rioya etishni taʼminlamayotgan mansabdor shaxslarga nisbatan qattiq javobgarlik choralarini koʻrsin.
4. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari, Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, “Oʻzkimyosanoat” va “Oʻzqishloqxoʻjalikmashxolding” kompaniyalari, “Qishloqxoʻjalikkimyo” hududiy aksiyadorlik jamiyatlari, “Oʻzagromashservis” uyushmasi joriy yilning 20-avgustigacha:
paxta yetishtiruvchi xoʻjaliklarga zarur miqdordagi defoliantlar yetkazib berilishini taʼminlasinlar;
defoliatsiyani yerda bajariladigan usullar bilan oʻtkazish uchun texnik vositalar va apparatlar tayyorlanishini tugallasinlar;
maydonchalarni tayyorlashni taxt qilib qoʻysinlar va ularda defoliantlar eritmasini tayyorlash uchun zarur idishlar va boshqa texnik vositalar mavjud boʻlishini taʼminlasinlar.
5. “Oʻzbekiston havo yoʻllari” milliy aviakompaniyasi Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligining buyurtmanomalarni boʻyicha gʻoʻza defoliatsiyasini oʻtkazish uchun samolyotlar ajratsin va ularning mintaqalarga 2-ilovaga muvofiq 2005-yil 22-avgustgacha yetib borishini taʼminlasin.
Viloyatlar hokimliklari maxsus aerodromlar tayyorlanishini, shu jumladan uchuvchilar uchun zarur maishiy shart-sharoitlar yaratilishini tugallasinlar.
6. “Oʻzneftmahsulot” kompaniyasi yonilgʻi-moylash materiallarining zarur zaxirasini yaratsin hamda purkagichlar va samolyotlar ishini taʼminlash uchun gʻoʻzani defoliatsiya qilish davrida ularning belgilangan tartibda uzluksiz yetkazib berilishini tashkil etsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Davlat ehtiyojlari uchun xarid qilinadigan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining hisob-kitob jamgʻarmasi bir hafta muddatda, asosli buyurtmanomalarga binoan tijorat banklariga qishloq xoʻjaligi korxonalari uchun gʻoʻza defoliatsiyasini oʻtkazishga zarur kredit mablagʻlarini, kelgusida ulardan defoliantlar xarid qilish hamda “Qishloqxoʻjalikkimyo” hududiy aksiyadorlik jamiyatlari va “SAR” aviakompaniyasi xizmatlariga haq toʻlash uchun foydalanish maqsadida, belgilangan tartibda ajratib bersin.
8. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2005-yil 11-avgust,
PQ-154-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2005-yil 11-avgustdagi PQ-154-son qaroriga
1-ILOVA
2005-yilda Oʻzbekiston Respublikasida gʻoʻza defoliatsiya qilinadigan maydonlar va uning maqbul
MUDDATLARI
‎‏ Defoliatsiya qilinadigan maydon, ming ga Defoliatsiyani oʻtkazish muddatlari*
boshlanishi tugallanishi davom etishi, kun
Qoraqalpogʻiston Respublikasi‎ 75,0‎ 3-sentabr‎ 17-sentabr‎ 15‎
viloyatlar:
Andijon‎ 80,0‎ 5-sentabr‎ 19-sentabr‎ 15‎
Buxoro‎ 90,0‎ 27-avgust‎ 10-sentabr‎ 15‎
Jizzax‎ 91,0‎ 1-sentabr‎ 14-sentabr‎ 15‎
Qashqadaryo‎ 130,0‎ 27-avgust‎ 10-sentabr‎ 15‎
Navoiy‎ 26,0‎ 1-sentabr‎ 14-sentabr‎ 15‎
Namangan‎ 70,0‎ 5-sentabr‎ 19-sentabr‎ 15‎
Samarqand‎ 81,0‎ 3-sentabr‎ 17-sentabr‎ 15‎
Surxondaryo‎ 90,0‎ 27-avgust‎ 10-sentabr‎ 15‎
Sirdaryo‎ 100,0‎ 3-sentabr‎ 17-sentabr‎ 15‎
Toshkent‎ 90,0‎ 3-sentabr‎ 17-sentabr‎ 15‎
Fargʻona 90,0‎ 5-sentabr‎ 19-sentabr‎ 15‎‎
Xorazm‎ 50,0‎ 3-sentabr‎ 17-sentabr‎ 15‎‎‎
JAMI 1063,0 27-avgust 19-sentabr
* Defoliatsiya chanoq ochilishi surʼatlaridan kelib chiqib tabaqalashtirib oʻtkaziladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2005-yil 11-avgustdagi PQ-154-son qaroriga
2-ILOVA
2005-yilda gʻoʻzani defoliatsiya qilishda qatnashadigan samolyotlarni
taqsimlash
Viloyatlar Samolyotlar soni
Buxoro viloyati‎ 5‎
Jizzax viloyati‎ 8‎
Qashqadaryo viloyati‎ 12‎
Surxondaryo viloyati‎ 8‎
Sirdaryo viloyati‎ 10‎
JAMI 43‎