Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
Iqtidorli mutaxassislarning xorijda taʼlim olishini qoʻllab-quvvatlash, ularda kasbiy koʻnikmalarini rivojlantirish va ragʻbatlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Iqtidorli yoshlar va mutaxassislarni xorijdagi nufuzli taʼlim, ilmiy va boshqa tashkilotlarda taʼlim olishini tashkil etish hamda davlat xizmatchilarini xorijiy mamlakatlarda oʻqitish va stajirovkasini tashkil etish orqali ularning kasbiy koʻnikmalari, bilimi va tajribasini yanada oshirish maqsadida qaror qilaman:
I. Faoliyatni samarali tashkil qilish va transformatsiya qilish
1. Mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot qilish boʻyicha “El-yurt umidi” jamgʻarmasi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Istiqbolli kadrlarni tayyorlash boʻyicha “El-yurt umidi” jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda — “El-yurt umidi” jamgʻarmasi) etib qayta tashkil etilsin.
2. Belgilansinki, “El-yurt umidi” jamgʻarmasi mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot qilish boʻyicha “El-yurt umidi” jamgʻarmasining huquq va majburiyatlari boʻyicha uning huquqiy vorisi hisoblanadi.
3. “El-yurt umidi” jamgʻarmasining asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:
(a) professional, chuqur bilimga ega, zamonaviy fikrlaydigan va vatanparvarlik ruhida tarbiyalangan kadrlarga boʻlgan talabni oʻrganib borish asosida iqtidorli va istiqbolli mutaxassislarni tizimli ravishda aniqlash, tanlash va ularning xorijdagi davlat va nodavlat muassasalari hamda ilmiy-taʼlim tashkilotlarda taʼlim olishini tashkil etish;
(b) vazirlik, idora, iqtisodiyot tarmoqlari strategik korxonalari, shuningdek, yetakchi oliy taʼlim muassasalari, tadqiqot va tahliliy markazlari istiqbolli mutaxassislarining rivojlangan mamlakatlardagi yetakchi universitetlar, ilmiy markazlar, turli kompaniya va tashkilotlarda maqsadli stajirovkasini tashkil etish;
(v) nomzodlarni vazirlik, idora va iqtisodiyot tarmoqlarining strategik korxonalari ehtiyojlariga mos holda professional yoʻnaltirish chora-tadbirlarini amalga oshirish;
(g) vazirlik, idora va iqtisodiyot tarmoqlarining strategik korxonalari tomonidan foydalaniladigan stipendiatlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bazasini shakllantirib borish;
(d) stipendiatlarning Oʻzbekistonga qaytgandan soʻng mehnat faoliyati va ijtimoiy himoyasi uchun munosib shart-sharoitlar yaratish hamda ularni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha takliflar kiritish;
(e) mamlakatimizning xalqaro maydondagi ijobiy imijini yanada oshirish uchun stipendiatlar salohiyatidan samarali foydalanish;
(j) davlat tilining xalqaro miqyosdagi obroʻ-eʼtiborini oshirish, unib-oʻsib kelayotgan yoshlarimizni vatanparvarlik, milliy anʼana va qadriyatlarga sadoqat ruhida tarbiyalash, xorijda oʻzbek tili va Oʻzbekiston tarixini oʻrganish uchun shart-sharoitlar yaratish va bu bilan bogʻliq xarajatlarni moliyalashtirishga koʻmaklashish;
(z) xorijiy universitetlar, ilmiy markazlar, turli kompaniya va tashkilotlar (keyingi oʻrinlarda — xorijiy tashkilotlar) bilan taʼlim, tadqiqot va boshqa sohalarda hamkorlik aloqalarini oʻrnatish;
(i) Tashqi ishlar vazirligi bilan hamkorlikda xorijdagi nufuzli ilmiy-tadqiqot, taʼlim va tibbiyot muassasalari, iqtisodiyotning istiqbolli tarmoqlarida faoliyat yuritayotgan, qimmatli ilmiy va amaliy tajribaga ega vatandoshlarimiz bilan aloqalar oʻrnatish hamda ularni Oʻzbekistonda faoliyat yuritish uchun jalb qilishga koʻmaklashish;
(k) oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlikda xorijiy mamlakatlarda faoliyat yuritayotgan, Scopus tizimida “Xirsh” indeksi (h-indeks) yuqori boʻlgan olim, professor-oʻqituvchi va tadqiqotchilarni oʻquv kurs va fanlarni oʻqitish hamda tadqiqotlar olib borish uchun jalb etishga koʻmaklashish;
(l) oliy taʼlim muassasalarining asoslantirilgan takliflari boʻyicha QS (Quacquarelli Symonds) hamda THE (The Times Highe Education) xalqaro reyting tashkilotlarining global reytingida birinchi 300 talikka kiritilgan xorijiy oliy taʼlim muassasalari bilan qoʻshma taʼlim dasturlarini amalga oshirish, ularning Oʻzbekiston hududidagi filiallarini ochish boʻyicha xarajatlarini hamda xorijiy mamlakatlar yoshlarini milliy oliy taʼlim muassasalarida oʻqishini moliyalashtirishga koʻmaklashish.
4. “El-yurt umidi” jamgʻarmasi faoliyatini samarali yoʻlga qoʻyish va muvofiqlashtirish maqsadida “El-yurt umidi” jamgʻarmasining Boshqaruv kengashi (keyingi oʻrinlarda — Boshqaruv kengashi) tuzilsin va uning tarkibi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
5. Belgilansinki, Boshqaruv kengashi “El-yurt umidi” jamgʻarmasi faoliyatiga quyidagi ustuvor masalalarda koʻmaklashadi va tegishli qarorlar qabul qiladi:
(a) “El-yurt umidi” jamgʻarmasi faoliyatini strategik rivojlantirish, uning xalqaro nufuzini yanada oshirish, moddiy-texnik salohiyatini kuchaytirish va ushbu jarayonlarga grantlarni jalb etish;
(b) taʼlim sohalari kesimida stipendiyalarning hamda maqsadli stajirovkaning yoʻnalishlari va kvotalarini tasdiqlash, shuningdek, tanlovda raqobat darajasini eʼtiborga olgan holda, mazkur kvotalarga oʻzgartirishlar kiritish;
(v) maqsadli stajirovka hamda “El-yurt umidi” jamgʻarmasi taʼlim dasturlari boʻyicha stipendiya tanlovlari natijalariga asosan gʻoliblar roʻyxatini tasdiqlash;
(g) “El-yurt umidi” jamgʻarmasi orqali xorijda taʼlim olgan stipendiatlar va maqsadli stajirovka oʻtagan mutaxassislarni munosib ishga joylashtirish, vazirlik, idora va tashkilotlarning ehtiyojlarini eʼtiborga olgan holda qayta taqsimlash hamda kasbiy va karyeraviy oʻstirish yuzasidan nazorat qilishni tashkil etish;
(d) maqsadli stajirovkani oʻtash hamda bakalavriat, magistratura va doktorantura dasturlarida taʼlim olish yoʻnalishlari boʻyicha xarajatlar miqdorini belgilash va taqsimlash;
(e) “El-yurt umidi” jamgʻarmasining tuzilmasini tasdiqlash, budjetdan tashqari mablagʻlar hisobidan shartnoma asosida mutaxassislarni ushbu jamgʻarma faoliyatiga jalb qilish, shuningdek, budjetdan tashqari mablagʻlarni sarflash va ulardan xodimlarni moddiy ragʻbatlantirish tartibini belgilash.
II. Xorijiy stajirovka va taʼlim dasturlarini takomillashtirish
6. “El-yurt umidi” jamgʻarmasi tomonidan tashkil etiladigan iqtidorli mutaxassislarning xorijiy stajirovka va taʼlim dasturlari tizimi quyidagi tartibda joriy etilsin:
(a) istiqbolli va talab yuqori boʻlgan mutaxassisliklar boʻyicha vazirlik, idora, iqtisodiyot tarmoqlarining strategik korxonalari, shuningdek, yetakchi oliy taʼlim muassasalari, tadqiqot va tahliliy markazlari xodimlarining 1 oydan 6 oyga qadar muddatga maqsadli stajirovka oʻtashi;
(b) ochiq stipendiya tanlovlariga asoslangan xorijiy nufuzli oliy taʼlim, ilmiy va boshqa tashkilotlarning bakalavriat, magistratura va doktorantura dasturlari boʻyicha taʼlim olish.
7. Belgilansinki, 2025-yil 1-sentabrdan boshlab iqtisodiyotning muhim tarmoqlari va boshqa yoʻnalishlarda “El-yurt umidi” jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan maqsadli stajirovka dasturi quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
(a) vazirlik, idora, iqtisodiyot tarmoqlarining strategik korxonalari, yetakchi oliy taʼlim muassasalari, tadqiqot va tahliliy markazlari xodimlari, shuningdek, Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablari oʻqituvchi va mutaxassislari orasidan maqsadli stajirovkaga yuboriladigan nomzodlar roʻyxati shakllantiriladi hamda ular tegishli tashkilotga qaytgandan soʻng keyingi ikki yil davomida bajarishi lozim boʻlgan aniq vazifalar boʻyicha maqsadli koʻrsatkichlar ishlab chiqiladi;
Oldingi tahrirga qarang.
(b) har yili 1-fevralga qadar vazirliklar, idoralar va iqtisodiyot tarmoqlarining strategik korxonalari, yetakchi oliy taʼlim muassasalari, tadqiqot va tahliliy markazlari kadrlar tayyorlashga boʻlgan ehtiyojlar toʻgʻrisida lavozim va yoʻnalishlar kesimida, tanlangan nomzodlarning stajirovkasini tashkil qilish mumkin boʻlgan xorijiy tashkilotlar va stajirovka muddati boʻyicha asoslantirilgan maʼlumotlarni, shuningdek, nomzodlar stajirovkani tamomlagach bajaradigan vazifalari va erishishi lozim boʻlgan maqsadli koʻrsatkichlar roʻyxatini Boshqaruv samaradorligi agentligiga taqdim etadi;
(7-bandning “b” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 29-oktabrdagi PF-197-sonli Farmoni tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
(v) tarmoq yoʻnalishlari boʻyicha stajirovka dasturining xorijiy mamlakatlar kesimidagi kvotalari har yili vazirlik, idora va iqtisodiyot tarmoqlarining strategik korxonalari, shuningdek, yetakchi oliy taʼlim muassasalari, tadqiqot va tahliliy markazlari maʼlumotlari va Boshqaruv samaradorligi agentligining takliflari asosida “El-yurt umidi” jamgʻarmasi Boshqaruv kengashi tomonidan belgilanadi hamda har yili 1-aprelga qadar Agentlik tomonidan oʻtkaziladigan tanlov natijalari asosida gʻoliblar aniqlanadi;
(7-bandning “v” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 29-oktabrdagi PF-197-sonli Farmoni tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
(g) stajirovka tashkil etiladigan xorijiy tashkilotlar va stajirovka muddati buyurtmachilar, Boshqaruv samaradorligi agentligi va “El-yurt umidi” jamgʻarmasi tomonidan belgilanadi;
(7-bandning “g” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 29-oktabrdagi PF-197-sonli Farmoni tahririda)
(d) maqsadli stajirovkaga yuboriladigan mutaxassislarning stajirovka oʻtashda zarur boʻladigan xorijiy tilni oʻrganishi uchun vazirlik, idora va iqtisodiyot tarmoqlarining strategik korxonalari tomonidan tegishli sharoitlar yaratib beriladi, shu jumladan, xorijiy tilni oʻrganish bilan bogʻliq xarajatlar qoplanadi.
8. Vazirlik, idora va iqtisodiyot tarmoqlarining strategik korxonalari, shuningdek, yetakchi oliy taʼlim muassasalari, tadqiqot va tahliliy markazlari xodimlarining maqsadli stajirovkasini tashkil etishda:
(a) stajirovka dasturlari, ularni oʻtkazish davriyligi, muddatlari, xorijda amaliyot oʻtash joyi va xarajatlar boʻyicha maʼlumotni xalqaro tashkilotlar, xorijiy mamlakatlar davlat tuzilmalari va nodavlat tashkilotlari bilan aloqa oʻrnatgan holda tayyorlaydi;
(b) Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari bilan birgalikda stajirovkaga yuborilgan mutaxassisning konsullik hisobida turishini taʼminlaydi, xorijdagi hayoti va sogʻligʻidan, shuningdek, ularning stajirovkasi, moddiy va maishiy ahvolidan xabardor boʻlib boradi hamda “El-yurt umidi” jamgʻarmasi bilan hamkorlikda uning muammolarini bartaraf etish choralarini koʻradi;
(v) “El-yurt umidi” jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan maqsadli stajirovkaga yuborilgan xodimning stajirovka muddati davomida egallab turgan lavozimi va oʻrtacha oylik ish haqi saqlanishini taʼminlaydi, shuningdek, xizmat boʻyicha birinchi navbatda oʻstirish choralarini koʻradi.
9. “El-yurt umidi” jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan xorijiy nufuzli taʼlim, ilmiy va boshqa tashkilotlarining bakalavriat, magistratura va doktorantura dasturlari boʻyicha taʼlim olish uchun eng munosib nomzodlarni saralash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “El-yurt umidi” stipendiyasi joriy etilsin.
10. Belgilansinki:
(a) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “El-yurt umidi” stipendiyasi gʻoliblari ochiq tanlov asosida test sinovlari va suhbat oʻtkazish orqali aniqlanadi;
(b) test sinovlari Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan tashkillashtiriladi hamda mazkur jarayonga autsorsing asosida ixtisoslashtirilgan mahalliy yoki chet el nodavlat tashkiloti jalb qilinadi;
(v) test sinovlarida nomzodlarning intellektual, tahlil qilish va kreativlik qobiliyatlari, psixologik barqarorligi baholanadi;
(g) ochiq stipendiya tanlovini Boshqaruv kengashi tomonidan tashkil etiladigan hamda ish reglamenti tasdiqlanadigan tanlov komissiyasi oʻtkazadi. Bunda:
(i) tanlov komissiyasi tarkibiga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasi, vazirlik va idoralar masʼul xodimlari, jamoatchilik faollari, nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari, mustaqil ekspertlar, “El-yurt umidi” jamgʻarmasi orqali xorijda oʻqib qaytib kelgan stipendiatlar kiritiladi;
(ii) tanlov komissiya aʼzolarining kamida 50 foizi nodavlat tashkilotlar vakillari boʻlishi talab etiladi va uning tarkibi har yili kamida 30 foizga yangilab boriladi;
(d) tanlovlardagi suhbat jarayonlari yozib olinadi va onlayn ovozli translyatsiya qilinadi hamda kelgusi nomzodlar tayyorgarlik koʻrishi uchun imkoniyat yaratish maqsadida maxsus platformada joylashtiriladi;
(e) bakalavriat boʻyicha QS (Quacquarelli Symonds) hamda magistratura va doktorantura boʻyicha THE (The Times Highe Education) xalqaro reyting tashkilotlarining global reytingi natijalariga koʻra:
(i) birinchi 100 talikka kiritilgan xorijiy oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalari taʼlim dasturlari boʻyicha oʻqish xarajatlari (tuition fee) toʻliq qoplanadigan grant asosida qabul qilingan nomzodlarga “El-yurt umidi” jamgʻarmasi stipendiyalari tanlovlarsiz ajratiladi;
(ii) birinchi 300 talikka kiritilgan xorijiy oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalari taʼlim dasturlari boʻyicha oʻqish xarajatlari (tuition fee) toʻliq qoplanadigan grant asosida qabul qilingan nomzodlarga xalqaro transport va turarjoy xarajatlari uchun “El-yurt umidi” jamgʻarmasi stipendiyalari tanlovlarsiz ajratiladi;
(iii) birinchi 20 talikka kiritilgan xorijiy oliy taʼlim muassasalarining bakalavriat taʼlim dasturlari boʻyicha oʻqish xarajatlari (tuition fee) kamida 50 foiz qoplanadigan grant asosida qabul qilingan Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablari bitiruvchilariga “El-yurt umidi” jamgʻarmasi stipendiyalari tanlovlarsiz ajratiladi.
11. Belgilab qoʻyilsinki, bakalavriat, magistratura va doktorantura dasturlari boʻyicha taʼlim olish uchun stipendiya kvotalarini ajratishda STEM yoʻnalishlari (ilm-fan, texnologiya, muhandislik va matematika) hamda iqtisodiyotning drayver sohalariga (energetika, transport, urbanizatsiya, arxitektura va qurilish, qishloq va suv xoʻjaligi, geodeziya, yer munosabatlari), shuningdek, davlat boshqaruvi va boshqa dolzarb ijtimoiy yoʻnalishlarga (tibbiyot, taʼlim) maqsadli asosda ustuvorlik beriladi.
12. Shunday tartib oʻrnatilsinki, 2025-yil 1-iyuldan boshlab:
(a) “El-yurt umidi” jamgʻarmasi taʼlim dasturlarini muvaffaqiyatli tamomlagan stipendiatlar Oʻzbekistonning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi uchun ustuvor hisoblangan sohalar boʻyicha yetakchi xalqaro tashkilotlar, xorijiy muassasalar va yirik kompaniyalarida stajirovka oʻtashiga yoki amaliy faoliyat bilan shugʻullanishiga ruxsat beriladi. Bunda:
(i) stipendiatning xorijda stajirovka oʻtashi yoki amaliy faoliyat bilan shugʻullanishi shartlari “El-yurt umidi” jamgʻarmasi, stipendiat va ish beruvchi tashkilot oʻrtasida tuziladigan shartnoma bilan belgilanadi hamda stajirovka vaqti majburiy tartibda ishlab berish muddatiga kiritilmaydi;
(ii) xorijda stajirovka oʻtash yoki amaliy faoliyat bilan shugʻullanish mumkin boʻlgan xorijiy tashkilotlar roʻyxati hamda uning muddati vazirlik, idora, iqtisodiyot tarmoqlari strategik korxonalari va boshqa buyurtmachilarning asoslantirilgan tavsiyalariga muvofiq “El-yurt umidi” jamgʻarmasi Boshqaruv kengashi tomonidan tasdiqlanadi;
(b) stipendiatning asoslantirilgan taklifiga koʻra Boshqaruv kengashi tomonidan uning uzluksiz ishlab berish majburiyatini taʼlim, ilmiy-tadqiqotlar va sogʻliqni saqlash tizimlaridagi yoki davlat-xususiy sheriklik sharti asosida tashkil etilgan hamda jamiyatda muhim ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyatga ega boʻlgan xususiy korxonalar va nodavlat tashkilotlarida oʻtashga ruxsat berilishi mumkin.
13. “El-yurt umidi” jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan maqsadli stajirovka oʻtagan mutaxassislar va oʻqishni yakunlagan stipendiatlarning ishlab berish majburiyati boʻyicha quyidagi tartib oʻrnatilsin:
(a) olingan bilim va amaliy koʻnikmalarni ish beruvchi tashkilotlarda tatbiq qilish maqsadida quyidagi muddatlarda toʻliq bandlik rejimida uzluksiz ishlab berish majburiyati yuklanadi:
(i) maqsadli stajirovka uchun — 2 yil;
(ii) bakalavriat uchun — 5 yil;
(iii) magistratura uchun — 3 yil;
(iv) doktorantura uchun — 5 yil;
Oldingi tahrirga qarang.
(b) maqsadli stajirovkani oʻtagan mutaxassislar va oʻqishni yakunlagan stipendiatlarning qaytgandan soʻng, xorijda olgan ilgʻor nazariy bilim va tajribalarini amaliyotga joriy etishi hamda xizmat boʻyicha oʻsishiga zarur sharoitlar yaratib borishga tegishli vazirlik, idora, iqtisodiyot tarmoqlarining strategik korxonalari va boshqa ish beruvchi tashkilotlar rahbarlari masʼul hisoblanadi. Bunda mazkur jarayonlar Boshqaruv samaradorligi agentligi tomonidan muvofiqlashtiriladi va monitoring qilib boriladi;
(13-bandning “b” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 29-oktabrdagi PF-197-sonli Farmoni tahririda)
(v) shartnoma shartlari bajarilmagan taqdirda, sarflangan barcha xarajatlarning ikki barobari miqdorida maqsadli stajirovka oʻtagan mutaxassisning yoki stipendiatning oʻzi va moliyaviy (qoʻshimcha) kafillari tomonidan qoplanadi.
III. Tashkiliy chora-tadbirlar
14. Quyidagilar:
(a) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Istiqbolli kadrlarni tayyorlash boʻyicha “El-yurt umidi” jamgʻarmasi toʻgʻrisida nizom 2-ilovaga muvofiq;
(b) “El-yurt umidi” jamgʻarmasining istiqbolli kadrlarni xorijda maqsadli tayyorlashga qaratilgan taʼlim dasturlari boʻyicha ochiq stipendiya tanlovini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida nizom 3-ilovaga muvofiq;
(v) Iqtidorli mutaxassislarning xorijda taʼlim olishini qoʻllab-quvvatlash va ularning mamlakat ijtimoiy hayotidagi faolligini oshirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar yuzasidan “yoʻl xaritasi” 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
15. Belgilansinki:
(a) stipendiatlarning xorijda taʼlim olganligi toʻgʻrisidagi hujjatlari va ilmiy darajalari maxsus sinovlarsiz toʻgʻridan-toʻgʻri tan olinadi;
(b) stipendiatlarning taʼlim olish xarajatlari boʻyicha “El-yurt umidi” jamgʻarmasi tashabbusi bilan xorijiy hamkorlardan stipendiatlarning oʻqish xarajatlari uchun olingan chegirma natijasida tejalgan mablagʻlarning 5 foizi ushbu jamgʻarmaning budjetdan tashqari hisobvaragʻiga yoʻnaltiriladi hamda Jamgʻarma xodimlarini moddiy ragʻbatlantirishga va moddiy-texnika bazasini rivojlantirishga sarflanadi;
(v) erishilgan chegirma miqdorini aniqlash, shuningdek, xodimlarning eng muhim samaradorlik koʻrsatkichlari hamda ularni ragʻbatlantirish tartibi Boshqaruv kengashi tomonidan belgilanadi.
16. Belgilab qoʻyilsinki:
(a) “El-yurt umidi” jamgʻarmasi faoliyatiga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimiga tayinlanadigan va lavozimidan ozod qilinadigan ijrochi direktor rahbarlik qiladi;
(b) “El-yurt umidi” jamgʻarmasi boshqaruv xodimlarining umumiy cheklangan soni 28 nafardan iborat boʻladi;
(v) “El-yurt umidi” jamgʻarmasining ijrochi direktori uning tavsiyasiga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi tomonidan lavozimiga tayinlanadigan va lavozimidan ozod etiladigan ikki nafar oʻrinbosarga, shu jumladan, bir nafar birinchi oʻrinbosarga ega boʻladi;
(g) “El-yurt umidi” jamgʻarmasining ijrochi direktori maqomi, tibbiy va transport xizmatlari koʻrsatish hamda mehnatga haq toʻlash sharoitlariga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining oʻrinbosariga, uning oʻrinbosarlari esa — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi shoʻba mudiriga tenglashtiriladi;
Oldingi tahrirga qarang.
(d) “El-yurt umidi” jamgʻarmasi xodimlariga Boshqaruv samaradorligi agentligi xodimlari uchun belgilangan moddiy ragʻbatlantirish, ijtimoiy himoya, mehnatga haq toʻlash hamda tibbiy xizmat koʻrsatish shartlari tatbiq etiladi.
(16-bandning “d” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 29-oktabrdagi PF-197-sonli Farmoni tahririda)
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 3-oktabrdagi PP-4472-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi toʻgʻrisidagi nizomning 9-bobi.
17. “El-yurt umidi” jamgʻarmasi stipendiatlarini xorijdagi taʼlim va tadqiqot davrida doimiy qoʻllab-quvvatlash boʻyicha quyidagi tizim joriy etilsin:
(a) “El-yurt umidi” jamgʻarmasi tomonidan:
(i) maxsus onlayn platforma orqali tizimli ravishda stipendiatlar orasida soʻrovnoma oʻtkazish va ularning tashabbuslarini oʻrganish tizimi yoʻlga qoʻyiladi;
(ii) taʼlim va tadqiqot tashkilotlari bilan bevosita hamkorlik oʻrnatish orqali stipendiatlarning oʻzlashtirish koʻrsatkichlari va hamkor tashkilot maʼmuriyatining stipendiatlar toʻgʻrisidagi fikrlari oʻrganib boriladi;
(iii) stipendiatlarning taʼlim va tadqiqot natijalari hamda muvaffaqiyatlari toʻgʻrisida ularning ota-onasi yoki oʻrnini bosuvchi shaxslarni xabardor qilib boriladi;
(b) Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik va konsullik muassasalari rahbarlari tomonidan:
(i) stipendiatlar bilan muntazam uchrashuvlar oʻtkazib boriladi hamda ularning xorijdagi kundalik hayotida mavjud muammolarni hal qilish va taʼlim dasturlarini muvaffaqiyatli yakunlashi uchun har tomonlama huquqiy va tashkiliy koʻmak koʻrsatiladi;
(ii) stipendiatlar bilan bogʻliq holatlar toʻgʻrisida “El-yurt umidi” jamgʻarmasi xabardor qilib boriladi;
(v) stipendiatlarning ota-onasi yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar ishtirokida quyidagi masalalar uchun masʼul boʻlgan hamda maslahat organi sifatida oʻz faoliyatini jamoatchilik asosida olib boradigan “El-yurt umidi” jamgʻarmasi stipendiatlarining ota-onalar kengashi tashkil etiladi:
(i) tanlovlarni oʻtkazishda adolatlilik va shaffoflik prinsiplari taʼminlanishini yanada takomillashtirish boʻyicha tavsiya va takliflar berish, shu jumladan, Boshqaruv kengashining tegishli yigʻilishlarida ishtirok etish;
(ii) xorijda taʼlim olayotgan stipendiatlar bilan doimiy muloqotni taʼminlash, ularning ehtiyojlarini aniqlash hamda duch kelayotgan muammolariga birgalikda yechim izlash, shuningdek, taʼlim va tarbiya jarayonlarida “El-yurt umidi” jamgʻarmasiga koʻmaklashish;
(iii) stipendiatlarga yaratilgan shart-sharoitlar, ular erishayotgan yutuqlarni jamoatchilikka yetkazish, yoshlar va ota-onalar oʻrtasida bilim olish va nufuzli oliy taʼlim muassasalarida oʻqishni keng targʻib qilish.
18. “El-yurt umidi” jamgʻarmasi stipendiatlari sonining oshib borishini eʼtiborga olib, 2025-yil 1-avgustdan Oʻzbekiston Respublikasining AQSH (Vashington shahri) hamda Buyuk Britaniyadagi (London shahri) diplomatik vakolatxonalari boshqaruv tuzilmasidagi mavjud shtat birliklari doirasida “El-yurt umidi” jamgʻarmasi stipendiatlari bilan ishlash boʻyicha masʼul hisoblanadigan birinchi kotib shtat birligi joriy etilsin.
IV. Farmon ijrosini tashkil etish, taʼminlash va nazorat
19. “El-yurt umidi” jamgʻarmasi:
(a) oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlikda Scopus tizimining “Xirsh” indeksi (h-indeks) beshdan yuqori boʻlgan olim, professor-oʻqituvchi va tadqiqotchilarni tinglovchilar, talabalar hamda Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablari oʻquvchilariga oʻquv kurslari va fanlarni oʻqitish uchun jalb etish va moliyalashtirish yuzasidan zarur choralarni koʻrib borsin;
(b) Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan birgalikda 2025-yil 1-noyabrga qadar nufuzli xorijiy oliy taʼlim muassasalari bilan qoʻshma taʼlim dasturlari, ularning Oʻzbekiston hududidagi filiallarini ochish, nufuzli olimlarni Oʻzbekistonda faoliyat olib borish uchun jalb qilish boʻyicha xarajatlarni hamda xorijiy mamlakatlar yoshlarining milliy oliy taʼlim muassasalarida oʻqishini moliyalashtirish tartibi toʻgʻrisidagi Hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
(v) Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi bilan birgalikda 2025-yil 1-avgustga qadar:
(i) vazirlik, idora, iqtisodiyot tarmoqlari strategik korxonalari, shuningdek, yetakchi oliy taʼlim muassasalari, tadqiqot va tahliliy markazlari istiqbolli mutaxassislarining rivojlangan mamlakatlardagi yetakchi universitetlar, ilmiy markazlar, turli kompaniya va tashkilotlarda maqsadli stajirovkasini tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizom loyihasini;
(ii) bakalavriat, magistratura va doktorantura bitiruvchilarini munosib ishga joylashtirish va tashkilotlarga qayta taqsimlash tartibi toʻgʻrisidagi nizom loyihasini tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin. Bunda bitiruvchilarni tavsiyanoma va ularning kompetensiyalarini baholash natijalariga koʻra munosib ishga joylashtirish va tashkilotlarga qayta taqsimlashning aniq mexanizmlari nazarda tutilsin;
(g) Maktab va maktabgacha taʼlim vazirligi hamda Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan birgalikda stipendiatlar bilan doimiy muloqot maydonini yaratish maqsadida 2025-yil 1-avgustga qadar Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarining “Prezident oltin fondi” platformasiga integratsiya qilinadigan “Yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimi” elektron portali ishga tushirilishini taʼminlasin;
(d) ikki oy muddatda Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi bazasida davlat organlari va tashkilotlaridagi isteʼdodli kadrlarning nufuzli xalqaro akademik reytinglarning eng yuqori 100 talik roʻyxatidagi taʼlim muassasalari magistraturasida oʻqitish xarajatlarini toʻliq qoplaydigan xorijiy grantlarni qoʻlga kiritishga qaratilgan maxsus kurslarda tayyorlash hamda ularni taʼlim olish davrida qoʻllab-quvvatlash mexanizmlari boʻyicha takliflarini Boshqaruv kengashiga kiritsin;
(e) uch oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisidagi takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
(j) Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi va Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi bilan birgalikda har yili Boshqaruv kengashi tomonidan tasdiqlanadigan mediarejaga muvofiq ommaviy axborot vositalarida “El-yurt umidi” jamgʻarmasi faoliyati, stipendiatlarning erishgan yutuqlari va ushbu Farmonning mohiyati va ahamiyati boʻyicha chiqishlar va tematik telekoʻrsatuvlar tashkil etsin.
20. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi Gʻ.Gʻ. Mirzayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2025-yil 5-may,
PF-77-son
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 5-maydagi PF-77-son Farmoniga
1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Istiqbolli kadrlarni tayyorlash boʻyicha “El-yurt umidi” jamgʻarmasining boshqaruv kengashi
TARKIBI

1.

S.Sh. Mirziyoyeva

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari, Boshqaruv kengashi raisi

2.

X.U. Umarova

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining taʼlimni isloh qilish boʻyicha oʻrinbosari, Boshqaruv kengashi raisi oʻrinbosari

3.

S.S. Safoyev

Oliy Majlis Senati Raisining birinchi oʻrinbosari

4.

U.Sh. Xusainov

Boshqaruv samaradorligi agentligi direktori v.b.

5.

J.A. Qoʻchqorov

Bosh vazir oʻrinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri

6.

K.A. Sharipov

oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri

7.

N.E. Davletova

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining inson kapitalini rivojlantirish boʻyicha konsultanti

8.

E.G. Karimova

maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri

9.

A.E. Burxanov

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori

10.

B.G. Yuldashev

Taʼlim sifatini taʼminlash milliy agentligi direktori

11.

B.J. Aʼloyev

tashqi ishlar vazirining birinchi oʻrinbosari

12.

M.M. Karimov

Bilim va malakalarni baholash agentligi direktori

13.

G.S. Ismailova

“El-yurt umidi” jamgʻarmasi ijrochi direktori.

(1-ilovaning matni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 29-oktabrdagi PF-197-sonli Farmoni tahririda)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 5-maydagi PF-77-son Farmoniga
2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Istiqbolli kadrlarni tayyorlash boʻyicha “El-yurt umidi” jamgʻarmasi toʻgʻrisida
nizom
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Istiqbolli kadrlarni tayyorlash boʻyicha “El-yurt umidi” jamgʻarmasining (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) maqsadlari, asosiy vazifalari va faoliyat yoʻnalishlari, shuningdek, uning faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.
2. Jamgʻarma Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida hisoblanadi va uning faoliyati Boshqaruv kengashi tomonidan muvofiqlashtiriladi.
3. Jamgʻarma oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining hujjatlari hamda boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga, shuningdek, ushbu Nizomga amal qiladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot qilish boʻyicha “El-yurt umidi” jamgʻarmasi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi 2018-yil 25-sentabrdagi PF-5545-son Farmoni.
4. Jamgʻarma davlat muassasasi shaklidagi yuridik shaxs hisoblanib, oʻz mustaqil balansi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Gʻaznachilik xizmati qoʻmitasidagi shaxsiy hisobvaraqlari, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri va davlat tilidagi oʻz nomi tushirilgan muhr, shtamp va boshqa belgilariga ega.
5. Jamgʻarmaning rasmiy nomi:
a) davlat tilida:
toʻliq — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Istiqbolli kadrlarni tayyorlash boʻyicha “El-yurt umidi” jamgʻarmasi;
qisqartirilgan — “El-yurt umidi” jamgʻarmasi;
b) rus tilida:
toʻliq — Fond “El-yurt umidi” po podgotovke perspektivnix kadrov pri Prezidente Respubliki Uzbekistan;
qisqartirilgan — Fond “El-yurt umidi”;
v) ingliz tilida:
toʻliq — “El-Yurt Umidi” Foundation for the Training of Prospective Personnel under the President of the Republic of Uzbekistan;
qisqartirilgan — “El-yurt umidi” Foundation.
2-bob. Jamgʻarmaning asosiy vazifalari
6. Quyidagilar “El-yurt umidi” jamgʻarmasining asosiy vazifalari hisoblanadi:
professional, chuqur bilimga ega, zamonaviy fikrlaydigan va vatanparvarlik ruhida tarbiyalangan kadrlarga boʻlgan talabni oʻrganib borish asosida iqtidorli va istiqbolli mutaxassislarni tizimli ravishda aniqlash, tanlash va ularning xorijdagi davlat va nodavlat muassasalari hamda ilmiy-taʼlim tashkilotlarda taʼlim olishini tashkil etish;
vazirlik, idora, iqtisodiyot tarmoqlari strategik korxonalari, shuningdek, yetakchi oliy taʼlim muassasalari, tadqiqot va tahliliy markazlari istiqbolli mutaxassislarining rivojlangan mamlakatlardagi yetakchi universitetlar, ilmiy markazlar, turli kompaniya va tashkilotlarda maqsadli stajirovkasini tashkil etish;
nomzodlarni vazirlik, idora va iqtisodiyot tarmoqlarining strategik korxonalari ehtiyojlariga mos holda professional yoʻnaltirish chora-tadbirlarini amalga oshirish;
vazirlik, idora va iqtisodiyot tarmoqlarining strategik korxonalari tomonidan foydalaniladigan stipendiatlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bazasini shakllantirib borish;
stipendiatlarning Oʻzbekistonga qaytgandan soʻng mehnat faoliyati va ijtimoiy himoyasi uchun munosib shart-sharoitlar yaratish hamda ularni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha takliflar kiritish;
mamlakatimizning xalqaro maydondagi ijobiy imijini yanada oshirish uchun stipendiatlar salohiyatidan samarali foydalanish;
davlat tilining xalqaro miqyosdagi obroʻ-eʼtiborini oshirish, unib-oʻsib kelayotgan yoshlarimizni vatanparvarlik, milliy anʼana va qadriyatlarga sadoqat ruhida tarbiyalash, xorijda oʻzbek tili va Oʻzbekiston tarixini oʻrganish uchun shart-sharoitlar yaratish va bu bilan bogʻliq xarajatlarni moliyalashtirishga koʻmaklashish;
xorijiy universitetlar, ilmiy markazlar, turli kompaniya va tashkilotlar bilan taʼlim, tadqiqot va boshqa sohalarda hamkorlik aloqalarini oʻrnatish;
Tashqi ishlar vazirligi bilan hamkorlikda xorijdagi nufuzli ilmiy-tadqiqot, taʼlim va tibbiyot muassasalari, iqtisodiyotning istiqbolli tarmoqlarida faoliyat yuritayotgan, qimmatli ilmiy va amaliy tajribaga ega vatandoshlarimiz bilan aloqalar oʻrnatish hamda ularni Oʻzbekistonda faoliyat yuritish uchun jalb qilishga koʻmaklashish;
oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlikda xorijiy mamlakatlarda faoliyat yuritayotgan, Scopus tizimida “Xirsh” indeksi (h-indeks) yuqori boʻlgan olim, professor-oʻqituvchi va tadqiqotchilarni oʻquv kurs va fanlarni oʻqitish hamda tadqiqotlar olib borish uchun jalb etishga koʻmaklashish;
oliy taʼlim muassasalarining asoslantirilgan takliflari boʻyicha QS (Quacquarelli Symonds) hamda THE (The Times Highe Education) xalqaro reyting tashkilotlarining global reytingida birinchi 300 talikka kiritilgan xorijiy oliy taʼlim muassasalari bilan qoʻshma taʼlim dasturlarini amalga oshirish, ularning Oʻzbekiston hududidagi filiallarini ochish boʻyicha xarajatlarini hamda xorijiy mamlakatlar yoshlarini milliy oliy taʼlim muassasalarida oʻqishini moliyalashtirishga koʻmaklashish.
3-bob. Jamgʻarma faoliyatining asosiy yoʻnalishlari
7. Jamgʻarma faoliyatining asosiy yoʻnalishlari quyidagilardan iborat:
istiqbolli va talab yuqori boʻlgan mutaxassisliklar boʻyicha vazirlik, idora, iqtisodiyot tarmoqlari strategik korxonalari, shuningdek, yetakchi oliy taʼlim muassasalari, tadqiqot va tahliliy markazlari xodimlari, shuningdek, Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablari oʻqituvchi va mutaxassislarining muddati 1 oydan 6 oyga qadar boʻlgan maqsadli stajirovkadan oʻtish dasturlarini tashkil etish va moliyalashtirish;
xorijiy nufuzli taʼlim, ilmiy va boshqa tashkilotlarining bakalavriat, magistratura va doktoranturasida taʼlim olish dasturlari boʻyicha ochiq stipendiya tanlovlarini tashkil etish va moliyalashtirish;
iqtidorli va istiqbolli kadrlarni ilgʻor xorijiy taʼlim va ilmiy muassasalar, kompaniyalar va boshqa tashkilotlar faoliyati bilan tanishtirish maqsadida xalqaro konferensiyalar, forumlar, koʻrgazmalar, seminarlar va boshqa ilmiy-amaliy tadbirlar, shu jumladan onlayn shaklda tashkil etish va moliyalashtirish;
Jamgʻarma stipendiatlarining xorijda taʼlim olishi yoki stajirovka oʻtashini tashkil etish va moliyalashtirish, mazkur jarayonlar monitoringini yuritish, stipendiatlarga zarur tashkiliy-uslubiy yordam koʻrsatib borish;
Jamgʻarma stipendiatlari bilan muntazam aloqalarni yoʻlga qoʻyish, ularning xorijda olgan bilim va koʻnikmalarini amaliyotga joriy etishga hamda kasbiy kamolotiga koʻmaklashish maqsadida har yili kamida bir marotaba stipendiatlar va bitiruvchilar forumini oʻtkazib borish;
xorijiy olimlar, oʻqituvchilar, muhandislar va boshqa mutaxassislarni, shu jumladan vatandoshlarni taʼlim, sogʻliqni saqlash, iqtisodiyot va davlat boshqaruvi sohalariga, ayniqsa, yangi, istiqbolli tarmoqlarga jalb etish, ular uchun qulay sharoitlar yaratish, dolzarb muammolarini hal etish, ularning salohiyatidan samarali foydalanishni taʼminlash boʻyicha takliflar ishlab chiqish va tadbirlarni amalga oshirish;
taʼlim, ilmiy tadqiqotlar, sogʻliqni saqlash, iqtisodiyot, davlat boshqaruvi va ijtimoiy sohalar uchun istiqbolli mutaxassislarni tayyorlash maqsadida xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan aloqalarni hamda oʻzaro manfaatli loyihalarni amalga oshirish.
Oldingi tahrirga qarang.
41. Jamgʻarma Toshkent shahri Yakkasaroy tumani Bobur koʻchasi 30-uy manzilidagi binoga tekin foydalanish huquqi asosida joylashtiriladi.
(71-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 23-oktabrdagi PF-190-sonli Farmoniga asosan kiritilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.10.2025-y., 06/25/190/0985-son)
4-bob. Jamgʻarmaning huquqlari
8. Jamgʻarma unga yuklatilgan vazifalar va faoliyatining asosiy yoʻnalishlariga muvofiq quyidagi huquqlarga ega:
davlat organlari va boshqa tashkilotlardan kadrlarning xorijda taʼlim olishi boʻyicha ishlar holati, xorijiy mutaxassislarga boʻlgan ehtiyoj va ularni, xususan vatandoshlar orasidan jalb etish, shuningdek, ayniqsa davlat xizmatiga jalb etilgan mutaxassislar faoliyati samaradorligiga doir tegishli axborotni soʻrab olish;
stipendiatlarning nufuzli xorijiy taʼlim, ilmiy va boshqa muassasalarda taʼlim dasturlarida taʼlim olishi boʻyicha monitoringini yuritish masalalarida tegishli xorijiy va mahalliy tashkilotlar, Oʻzbekiston xorijiy vakolatxonalari bilan hamkorlik qilish;
Oldingi tahrirga qarang.
Boshqaruv samaradorligi agentligiga stipendiatlar xorijda oʻqishni tugatganidan soʻng ularning respublikadagi professional faoliyati monitoringini oʻtkazishga, ularni Oʻzbekistonda munosib ishga joylashtirishga, kasbiy va mansab pogʻonalarida koʻtarilishi masalalari boʻyicha koʻmaklashish hamda bu borada vazirlik, idora va boshqa tashkilotlar bilan oʻzaro hamkorlik qilish;
(8-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 29-oktabrdagi PF-197-sonli Farmoni tahririda)
Oʻzbekiston Respublikasi va xorijiy mamlakatlar hududida oʻz nomidan va oʻz vakolatlari doirasida jismoniy va yuridik shaxslar bilan shartnomalar hamda boshqa hujjatlarni ishlab chiqish va imzolash;
oliy taʼlim muassasalarining taʼlim jarayonlari, ilmiy tashkilotlarda tadqiqotchilik faoliyati, shuningdek, vazirlik, idora va boshqa tashkilotlarda amaliy faoliyatda ishtirok etishi uchun xorijlik yetakchi oʻqituvchilar, olimlar, muhandis-texnik kadrlar hamda mutaxassislarni respublikaga belgilangan tartibda taklif etish hamda bu boradagi xarajatlarni (transport, uy-joy ijarasi, tibbiy sugʻurta, oylik maosh va boshqalar) toʻliq yoki qisman moliyalashtirish;
xorijiy oliy taʼlim muassasalari bilan qoʻshma taʼlim dasturlarini amalga oshirish, ularning Oʻzbekiston hududidagi filiallarini ochish boʻyicha xarajatlarini hamda xorijiy mamlakatlar yoshlarini milliy oliy taʼlim muassasalarida oʻqishini moliyalashtirishga koʻmaklashish;
Jamgʻarma taʼlim dasturlarini va maqsadli stajirovkalarini tashkil etish, shu jumladan respublikaga xorijiy olimlar va mutaxassislarni, xususan vatandoshlarni jalb qilish uchun hamkorlar bilan birja tanlovlari va vakolatli organlarda kontraktlar (shartnomalar) ekspertizasini oʻtkazmagan holda toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar tuzish;
Oʻzbekiston Respublikasi va xorijiy mamlakatlar hududida turli koʻrgazmalar, tanlovlar, konferensiyalar va boshqa ilmiy hamda taʼlim tadbirlarini tashkil etish;
Jamgʻarma faoliyatiga vazirliklar, idoralar, taʼlim, ilmiy va boshqa muassasalar, shu jumladan xorijiy mamlakatlarning ilmiy-pedagogik kadrlari hamda mutaxassislarini shartnoma asosida jalb etish;
belgilangan tartibda respublika hududida va uning tashqarisida tashkil etiladigan xalqaro taʼlim hamda ilmiy tashkilotlar, turli nodavlat notijorat tashkilotlari, tadbirkorlik subyektlarining muassisi va hammuassisi boʻlish;
shartnoma asosida taʼlim, ilmiy, maslahat va boshqa xizmatlar koʻrsatish.
Jamgʻarma taʼlim dasturlarini va maqsadli stajirovkalarni amalga oshirish boʻyicha tuziladigan import kontraktlarini amalga oshirish muddatlari aynan ushbu kontraktlarda belgilangan muddatlar hisoblanadi.
Jamgʻarma qonun hujjatlariga zid boʻlmagan boshqa faoliyat bilan ham shugʻullanish huquqiga ega.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasida kadrlar siyosati va davlat fuqarolik xizmati tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 2019-yil 3-oktabrdagi PF-5843-son Farmonining 7-bandi, Vazirlar Mahkamasining “Umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida xorijiy tillarni oʻqitishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 2019-yil 21-avgustdagi 701-son qarorining 6-bandi.
5-bob. Jamgʻarma faoliyatini tashkil etish
9. Jamgʻarmaning oliy boshqaruv organi Boshqaruv kengashi hisoblanadi.
Boshqaruv kengashi tarkibi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadi.
Boshqaruv kengashining majlislari rais yoki uning topshirigʻiga koʻra rais oʻrinbosari rahbarligida oʻtkaziladi.
Boshqaruv kengashining majlislari zarurat boʻyicha, ammo bir yilda kamida bir marta oʻtkaziladi. Boshqaruv kengashining qarorlari bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi.
Boshqaruv kengashining oʻz vakolatlari doirasida qabul qilgan qarorlari barcha manfaatdor vazirlik, idora va boshqa tashkilotlar, Stipendiatlar, shuningdek, Jamgʻarmaning taʼlim dasturlarida ishtirok etayotgan jismoniy shaxslar uchun majburiy hisoblanadi.
10. Boshqaruv kengashi:
Jamgʻarma faoliyatini tashkil etish va uni strategik rivojlantirish, moddiy-texnik salohiyatini kuchaytirish va ushbu jarayonlarga investitsiyalarni jalb etish, Jamgʻarmaning taʼlim va boshqa dasturlari boʻyicha mablagʻlarini taqsimlash va foydalanishga oid masalalar boʻyicha qarorlar qabul qiladi;
taʼlim dasturlari hamda tanlov oʻtkazish yoʻnalishlari boʻyicha talab yuqori boʻlgan sohalarni hisobga olgan holda taʼlim sohalari kesimida stipendiyalarning va maqsadli stajirovkaning kvotalarini tasdiqlaydi, shuningdek, tanlovda raqobat darajasini eʼtiborga olgan holda, mazkur kvotalarga oʻzgartirishlar kiritadi;
taʼlim dasturlari boʻyicha umumiy belgilangan kvotalar va tanlov talablari doirasida respublika hududlarining xorijda taʼlim olgan yuqori malakali kadrlarga boʻlgan ehtiyojidan kelib chiqib, ayrim hududlar yosh mutaxassislarini qoʻllab-quvvatlash uchun ushbu hududda mehnat faoliyatini olib borish sharti bilan maqsadli kvotalar ajratadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining maqsadli buyurtmalari asosida kadrlarni xorijda tayyorlash yoki stajirovkasini amalga oshirish, shuningdek, davlat ahamiyatiga molik xalqaro tadbirlarni tashkil etish yoki muayyan yoʻnalishlarda amalga oshiriladigan islohotlar yuzasidan takliflar ishlab chiqish boʻyicha tuzilgan ishchi guruhlarning xorijiy tajribani oʻrganish bilan bogʻliq xarajatlarini moliyalashtirish yuzasidan qarorlar qabul qiladi;
Jamgʻarma stipendiyalarini olish uchun tegishli yoʻnalishlar boʻyicha kalendar yil davomida davriy ravishda, ajratilgan moliyaviy resurslar doirasida ochiq saralash tanlovlarini eʼlon qiladi;
maqsadli stajirovka hamda Jamgʻarma taʼlim dasturlari boʻyicha stipendiya tanlovlari natijalariga asosan gʻoliblar roʻyxatini tasdiqlaydi;
Jamgʻarma taʼlim dasturlarini muvaffaqiyatli tamomlagan stipendiatlarning stajirovka oʻtashi yoki amaliy faoliyat bilan shugʻullanishi mumkin boʻlgan yetakchi xalqaro tashkilotlar, xorijiy muassasalar va yirik kompaniyalari roʻyxatini va stajirovka yoki amaliy faoliyat bilan shugʻullanish muddatlarini tasdiqlaydi;
Jamgʻarma taʼlim dasturlarini muvaffaqiyatli tamomlagan stipendiatlarning asoslantirilgan taklifiga koʻra uning uzluksiz ishlab berish majburiyatini taʼlim, ilmiy-tadqiqotlar va sogʻliqni saqlash tizimlaridagi yoki davlat-xususiy sheriklik sharti asosida tashkil etilgan hamda jamiyatda muhim ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyatga ega boʻlgan xususiy korxonalar va nodavlat tashkilotlarida oʻtashiga ruxsat beradi;
Jamgʻarma stipendiyalari orqali xorijda taʼlim olgan mutaxassislarni munosib ishga joylashtirish, vazirlik va idora ehtiyojlarini eʼtiborga olgan holda ularni qayta taqsimlash hamda mansab pogʻonalarida oʻstirish yuzasidan qarorlar qabul qiladi;
Jamgʻarmaning tanlov jarayonlariga jalb etilgan xorijiy olimlar va ekspertlar mehnatiga haq toʻlash miqdorlari va tartibini belgilaydi;
Jamgʻarma taʼlim dasturlari va maqsadli stajirovkani oʻtagan bitiruvchilarning vazirlik, idora va iqtisodiyot tarmoqlarining strategik korxonalarida kasbiy va karyeraviy oʻsishining monitoringi natijalarini tahlil qilib boradi;
Jamgʻarmaning tuzilmasini tasdiqlaydi, shuningdek, budjetdan tashqari mablagʻlar hisobidan shartnoma asosida mutaxassislarni Jamgʻarma faoliyatiga jalb qilish va budjetdan tashqari mablagʻlar hisobidan xodimlarni moddiy ragʻbatlantirish tartibini belgilaydi;
Jamgʻarma mablagʻlari orqali maqsadli stajirovkani oʻtash hamda bakalavriat, magistratura va doktorantura dasturlarida taʼlim olish yoʻnalishlari boʻyicha xarajatlar miqdorini belgilaydi va taqsimlaydi;
Jamgʻarmaning yillik daromad va xarajatlari, Jamgʻarma tomonidan xorijiy va mahalliy taʼlim, ilmiy va boshqa muassasalar bilan birgalikda tashkil etiladigan taʼlim, tadqiqot va boshqa loyihalarni moliyalashtirish uchun Jamgʻarma sarf-xarajatlarini tasdiqlaydi;
mamlakatda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning tobora ortib borayotgan talablarini hisobga olgan holda xorijiy olimlar, tadqiqotchilar, muhandis-texnik kadrlar va boshqa mutaxassislarni, shu jumladan, vatandoshlarni doimiy va vaqtinchalik asosda ishga jalb etish bilan bogʻliq xarajatlarning cheklangan miqdorini tasdiqlaydi;
davlat xizmatchilari va boshqa toifa xodimlari salohiyatini oshirishda koʻmaklashish, iqtidorli va istiqbolli yoshlarni ragʻbatlantirish maqsadida ilgʻor xorijiy hamda mahalliy olimlar va ekspertlarni, shu jumladan vatandoshlarni jalb etgan holda oʻquv kurslari, ilmiy-maʼrifiy va boshqa tadbirlarni tashkil etishni moliyalashtirish boʻyicha qarorlar qabul qiladi;
Jamgʻarma faoliyatiga aloqador boshqa masalalarni koʻrib chiqadi va ular boʻyicha qarorlar qabul qiladi.
Boshqaruv kengashi aʼzolari Jamgʻarmani boshqarish boʻyicha majburiyatlarini jamoatchilik asosida bajaradilar.
6-bob. Jamgʻarma faoliyatini boshqarish
11. Jamgʻarmaga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimidan ozod qilinadigan ijrochi direktor rahbarlik qiladi.
Jamgʻarmaning ijrochi direktori Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimidan ozod etiladigan ikki nafar oʻrinbosarga, shu jumladan, bir nafar birinchi oʻrinbosarga ega boʻladi.
Jamgʻarmaning ijrochi direktori maqomi, tibbiy va transport xizmatlari koʻrsatish hamda mehnatga haq toʻlash sharoitlariga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining oʻrinbosariga, uning oʻrinbosarlari esa — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi shoʻba mudiriga tenglashtiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
12. Jamgʻarmaning boshqaruv, texnik va xizmat koʻrsatuvchi xodimlariga Boshqaruv samaradorligi agentligining tegishli xodimlari uchun belgilangan moddiy ragʻbatlantirish, imtiyozlar, ijtimoiy himoya, mehnatga haq toʻlash hamda tibbiy xizmat koʻrsatish shartlari tatbiq etiladi.
(12-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 29-oktabrdagi PF-197-sonli Farmoni tahririda)
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 3-oktabrdagi PP-4472-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi toʻgʻrisidagi nizomning 9-bobi.
13. Jamgʻarmaning boshqaruv xodimlari avvalgi ish joyida xodimlar uchun nazarda tutilgan barcha imtiyozlar, ustamalar va qoʻshimcha toʻlovlar, moddiy va ijtimoiy himoya choralaridan, Jamgʻarmada amalda boʻlgan mehnat sharoitlarini hisobga olgan va lavozim maoshi hamda boshqa toʻlovlar saqlangan holda foydalanadi.
14. Jamgʻarma boshqaruv xodimlarining umumiy cheklangan soni 28 tani tashkil etadi.
15. Jamgʻarma ijrochi direktori:
Jamgʻarma oldiga qoʻyilgan maqsad va vazifalarga erishishni taʼminlashga hamda Jamgʻarma mablagʻlarining maqsadli va samarali sarflanishiga shaxsan javobgar hisoblanadi;
Jamgʻarmaning joriy faoliyatini tashkil etadi va uning zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarish choralarini koʻradi;
Jamgʻarma Boshqaruv kengashi tomonidan belgilab berilgan yoʻnalishlarga muvofiq Jamgʻarma faoliyatiga umumiy rahbarlikni amalga oshiradi;
Jamgʻarma Boshqaruv kengashi qarorlari bajarilishini taʼminlaydi;
Jamgʻarma xodimlarini lavozimga tayinlaydi va lavozimidan ozod etadi hamda ish beruvchi sifatida boshqa vakolatlarni amalga oshiradi;
Jamgʻarma direktori oʻrinbosarlari oʻrtasida vazifalar taqsimotini, xodimlarning lavozim yoʻriqnomasi va boshqa ichki hujjatlarni tasdiqlaydi;
Jamgʻarma xodimlarini ragʻbatlantirish va intizomiy javobgarlikka tortish masalalarini hal etadi, oʻzining oʻrinbosarlarini ragʻbatlantirish va intizomiy javobgarlikka tortish, shu jumladan, ularning egallab turgan lavozimida qolishining maqsadga muvofiqligi masalasini koʻrib chiqish boʻyicha takliflarni kiritadi, ularning shaxsiy masʼuliyatini oshirish boʻyicha tizimli chora-tadbirlar koʻradi;
davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarida, boshqa tashkilotlarda, shu jumladan xorijiy mamlakatlarda, shuningdek, xalqaro tashkilotlarda Jamgʻarma vakili hisoblanadi;
Boshqaruv Kengashi tasdiqlagan tuzilmaga muvofiq Jamgʻarmaning shtatlar jadvali, shuningdek, imzo namunalari va xarajatlar smetasini tasdiqlaydi;
boʻsh turgan moliyaviy resurslarning amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq samarali boshqarilishini taʼminlaydi;
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 11-fevraldagi PF-6168-son Farmoni bilan tasdiqlangan Mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot qilish boʻyicha “El-yurt umidi” jamgʻarmasi toʻgʻrisidagi nizom 11-bandining toʻqqizinchi xatboshisi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat moliyaviy nazorati tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 2021-yil 27-avgustdagi PF-6300-son Farmoni.
qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda ishonchnomalar beradi;
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 134 — 144-moddalari.
Jamgʻarma nomidan shartnomalar tuzadi va Jamgʻarma xodimlari tomonidan bajarilishi majburiy boʻlgan buyruqlar chiqaradi.
Ijrochi direktor amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquq va majburiyatlarga ham ega boʻlishi mumkin.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 11-fevraldagi PF-6168-son Farmoni bilan tasdiqlangan Mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot qilish boʻyicha “El-yurt umidi” jamgʻarmasi toʻgʻrisidagi nizomning 3-bobi.
Jamgʻarma ijrochi direktori ishda boʻlmagan davrda uning vakolatlari vazifalar taqsimotiga muvofiq oʻrinbosarlaridan biri tomonidan amalga oshiriladi.
16. Jamgʻarma xodimlariga ilgari ishlagan joyida koʻp yillik mehnati uchun berilgan ustamalar va qoʻshimcha haq, harbiy va maxsus unvonlar (martaba va malaka darajalari, diplomatik darajalar va boshqalar) saqlanib qoladi.
Jamgʻarmada ishlagan vaqt harbiy va maxsus unvonlarni (martaba va malaka darajalari, diplomatik darajalar va boshqalar) olish uchun zarur boʻlgan ish stajiga kiritiladi.
Jamgʻarmaga lavozimga tayinlangan (yuborilgan) huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari oʻz majburiyatlarini bajarish davrida pul taʼminoti saqlanmagan holda tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlar kadrlarining amaldagi zaxirasiga toʻgʻridan-toʻgʻri kiritiladi.
17. Jamgʻarma xodimlari mehnat faoliyatini toʻxtatganlaridan soʻng ularga avvalgi ish joyi boʻyicha egallagan yoki unga teng boʻlgan lavozim berish kafolatlari taʼminlanadi, xodimning malakasi yetarli emasligi yoki sogʻligʻi tufayli yoxud oʻz majburiyatlarini buzganligi oqibatida bajariladigan ishga nomuvofiqligi uchun mehnat faoliyati toʻxtatilgan hollar bundan mustasno.
7-bob. Jamgʻarmaning mulki, moliyaviy mablagʻlari, hisobi va hisoboti
18. Jamgʻarmaning mulki asosiy vositalar, binolar, inshootlar, uskunalar, aylanma mablagʻlar va mablagʻlarni shakllantirishning barcha manbalari hisobidan xarid qilingan boshqa moddiy qimmatliklar, shuningdek, Jamgʻarmaning moliyaviy resurslaridan iborat.
19. Jamgʻarma toʻrtta, shu jumladan uchta biriktirilgan va bitta navbatchi yengil avtotransport vositalarini saqlash limitiga ega.
20. Jamgʻarma mulkining qiymati uning mustaqil balansida aks ettiriladi.
21. Quyidagilar Jamgʻarma xarajatlarini moliyalashtirish manbalari hisoblanadi:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari;
Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi mablagʻlari;
xoʻjalik faoliyati va shartnoma asosida xizmatlar koʻrsatishdan olingan tushumlar;
jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;
xalqaro moliyaviy institutlar va xorijiy tashkilotlarning grantlari;
Jamgʻarma bilan imzolangan toʻrt tomonlama shartnomalar boʻyicha oʻz majburiyatini bajarmagan stipendiatlardan sudgacha va sud tartibida hamda shartnomaviy-huquqiy va talabnoma-daʼvo ishlari yuzasidan Jamgʻarma foydasiga hal qilingan barcha turdagi mablagʻlar va jarimalar;
qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 11-fevraldagi PF-6168-son Farmoni bilan tasdiqlangan Mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot qilish boʻyicha “El-yurt umidi” jamgʻarmasi toʻgʻrisidagi nizomning 6-bobi.
22. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti hisobidan Jamgʻarmaga ajratilgan moliyaviy mablagʻlar quyidagi xarajatlarni qoplashga yoʻnaltiriladi:
a) taʼlim dasturlari, xorijiy olimlar va ekspertlarni, shuningdek, davlat xizmatchilari va boshqaruv kadrlari salohiyatini oshirishga koʻmaklashish boʻyicha tadbirlarni moliyalashtirish uchun ajratilgan mablagʻlar qismida:
Jamgʻarma taʼlim dasturlari boʻyicha ochiq saralash tanlovini oʻtkazishni moliyalashtirishga;
saralash tanlovi yoʻnalishlari boʻyicha stipendiyalar kvotalari va bir stipendiatga mablagʻlar sarfining cheklangan meʼyorlariga muvofiq ravishda Jamgʻarmaning taʼlim dasturlarini amalga oshirishni moliyalashtirishga;
xorijda Oʻzbekistonning ijobiy imijini shakllantirish va faol ilgari surish, nufuzli taʼlim, ilmiy va boshqa muassasalar bilan hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan xalqaro forumlar, konferensiyalar va boshqa tadbirlarni oʻtkazishni moliyalashtirishga;
davlat xizmatchilari va boshqa toifa xodimlarning salohiyatini oshirishga koʻmaklashish hamda maqsadli stajirovkasini tashkil qilish, iqtidorli va istiqbolli yoshlarni ragʻbatlantirish maqsadida xorijiy hamda mahalliy olimlar va ekspertlarni jalb etgan holda oʻquv kurslari, ilmiy-maʼrifiy va boshqa tadbirlar tashkil etishni moliyalashtirishga;
oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlikda xorijiy mamlakatlarda faoliyat yuritayotgan, Scopus tizimida “Xirsh” indeksi (h-indeks) yuqori boʻlgan olim, professor-oʻqituvchi va tadqiqotchilarni oʻquv kurs va fanlarni oʻqitish hamda tadqiqotlar olib borish uchun jalb etishni moliyalashtirishga;
QS (Quacquarelli Symonds) hamda THE (The Times Highe Education) xalqaro reyting tashkilotlarining global reytingida birinchi 300 talikka kiritilgan xorijiy oliy taʼlim muassasalari bilan qoʻshma taʼlim dasturlarini amalga oshirish, ularning Oʻzbekiston hududidagi filiallarini ochish boʻyicha xarajatlarini hamda xorijiy mamlakatlar yoshlarini milliy oliy taʼlim muassasalarida oʻqishini moliyalashtirishga;
b) joriy taʼminot, shu jumladan boshqaruv va boshqa toifa xodimlari mehnatiga haq toʻlash, Jamgʻarmaga yuklatilgan bevosita vazifalarni bajarish uchun ajratilgan mablagʻlar qismida:
joriy taʼminot, shu jumladan boshqaruv va boshqa toifa xodimlari mehnatiga haq toʻlash va ularni moddiy ragʻbatlantirish, ularning salohiyatini oshirish, Jamgʻarmaning axborot va moddiy-texnika bazasini rivojlantirishga;
v) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasining maqsadli buyurtmalari asosida kadrlarni xorijda tayyorlash yoki stajirovkadan oʻtashini, shuningdek, dolzarb ijtimoiy-iqtisodiy masalar, davlat ahamiyatiga molik xalqaro tadbirlarni tashkil etish boʻyicha tuzilgan ishchi guruhlarning mazkur yoʻnalishda xorijiy tajribani oʻrganish bilan bogʻliq xarajatlarini moliyalashtirishga;
Jamgʻarma zimmasiga yuklatilgan boshqa vazifalarni bajarishga.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 11-fevraldagi PF-6168-son Farmoni bilan tasdiqlangan Mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot qilish boʻyicha “El-yurt umidi” jamgʻarmasi toʻgʻrisidagi nizomning 16-bandi.
Stipendiatlarning taʼlim olish xarajatlari boʻyicha Jamgʻarma tashabbusi bilan xorijiy hamkorlardan stipendiatlarning oʻqish xarajatlari uchun olingan chegirma natijasida tejalgan mablagʻlarning 5 foizi Jamgʻarmaning budjetdan tashqari hisobvaragʻiga yoʻnaltiriladi hamda eng muhim samaradorlik koʻrsatkichlaridan kelib chiqib, xodimlarni moddiy ragʻbatlantirish va Jamgʻarma moddiy-texnika bazasini rivojlantirishga sarflanadi.
Bunda, erishilgan chegirma miqdorini va xodimlarning eng muhim samaradorlik koʻrsatkichlarini aniqlash hamda mazkur mablagʻlardan xodimlarni moddiy ragʻbatlantirish va Jamgʻarma moddiy-texnika bazasini mustahakamlash uchun foydalanish tartibi Boshqaruv kengashi tomonidan belgilanadi.
23. Jamgʻarma oʻz majburiyatlari boʻyicha qonun hujjatlariga muvofiq unga tegishli boʻlgan barcha mol-mulk bilan javobgar boʻladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 48-moddasi.
24. Jamgʻarma belgilangan tartibda buxgalteriya hisobini olib boradi, moliyaviy va statistika hisobotini yuritadi.
 LexUZ sharhi
Qarang: “Buxgalteriya hisobi toʻgʻrisida”gi Qonun.
8-bob. Yakunlovchi qoida
25. Jamgʻarmani qayta tashkil etish va uni tugatish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 49 — 56-moddalari.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 5-maydagi PF-77-son Farmoniga
3-ILOVA
“El-yurt umidi” jamgʻarmasining istiqbolli kadrlarni xorijda maqsadli tayyorlashga qaratilgan taʼlim dasturlari boʻyicha ochiq stipendiya tanlovini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida
nizom
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Istiqbolli kadrlarni tayyorlash boʻyicha “El-yurt umidi” jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) tomonidan xorijda bakalavriat, magistratura va doktoranturada taʼlim olish dasturlari (keyingi oʻrinlarda — taʼlim dasturlari) yuzasidan nomzodlarni saralashga qaratilgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “El-yurt umidi” stipendiyasi gʻoliblarini aniqlash boʻyicha tanlovlarni (keyingi oʻrinlarda — ochiq stipendiya tanlovi) tashkil etish va oʻtkazish tartibini belgilaydi.
2. Ochiq stipendiya tanlovi kalendar yil davomida davriy ravishda, qoida tariqasida, bir yilda kamida ikki marotaba oʻtkaziladi.
3. Ochiq stipendiya tanlovini tashkil etish va oʻtkazish Jamgʻarmaning Boshqaruv kengashi tomonidan tashkil etiladigan va ish reglamenti tasdiqlanadigan Tanlov komissiyasiga yuklatiladi.
Tanlov komissiyasi tarkibiga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasi, vazirlik va idoralar masʼul xodimlari, jamoatchilik faollari, nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari, mustaqil ekspertlar, Jamgʻarma orqali xorijda oʻqib kelgan stipendiatlar kiritiladi.
Tanlov komissiyasi aʼzolarining kamida 50 foizi nodavlat tashkilotlar vakillari boʻlishi zarur.
Tanlov komissiyasi tarkibi har yili kamida 30 foizga yangilab boriladi.
Tanlov komissiyasi aʼzolariga Boshqaruv kengashi tomonidan tasdiqlanadigan miqdorlarda haq toʻlanadi.
Suhbat jarayonida nomzodlar bilimini baholash tartibi, shu jumladan, baholash uslubiyoti va qoidalari Tanlov komissiyasi tomonidan ishlab chiqiladi va suhbat boshlanishidan bir oy oldin eʼlon qilinadi.
4. Ochiq stipendiya tanlovida Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari, ularning ish yoki oʻqish joyidan qatʼiy nazar, ushbu Nizomda belgilangan qoida va shartlar asosida ishtirok etishlari mumkin.
Nomzodning nazariy bilimi va (yoki) amaliy tajribasi, xorijda taʼlim olish uchun xorijiy taʼlim, ilmiy yoki boshqa muassasa tomonidan nomzodga taklif etilgan grantlar (stipendiya yoki boshqa moliyaviy imtiyoz) miqdori yoxud taʼlim muddatining qisqaligi tanlovda ustunlik beruvchi holat sifatida eʼtiborga olinishi mumkin.
5. Ochiq stipendiya tanlovida quyidagi shaxslar ishtirok eta olmaydi:
a) bakalavriat taʼlim dasturi boʻyicha 30 yoshdan katta boʻlgan, shuningdek, avval oʻxshash mutaxassislik boʻyicha xorijda bakalavriatda taʼlim olganlar;
b) magistratura taʼlim dasturi boʻyicha — 22 yoshdan kichik va 40 yoshdan katta boʻlgan, shuningdek, avval ayni yoki turdosh mutaxassislik boʻyicha xorijda magistraturada taʼlim olganlar;
v) doktorantura taʼlim dasturi boʻyicha (shu jumladan, aspirantura orqali falsafa doktori (PhD) yoki fan doktori (DSc) ilmiy darajasini olish uchun) — 25 yoshdan kichik va 45 yoshdan katta boʻlgan, shuningdek, avval falsafa doktori (PhD), fan nomzodi yoki fan doktori (DSc) ilmiy darajasini xorijda olganlar, Oʻzbekistonda fan doktori (DSc) ilmiy darajasini olganlar;
g) magistratura taʼlim dasturiga hujjat topshirishda 1 yildan kam, doktorantura taʼlim dasturiga esa 2 yildan kam mehnat stajiga ega boʻlganlar;
d) oliy maʼlumotga ega boʻlmaganlar (mazkur talab bakalavriat taʼlim yoʻnalishi boʻyicha nomzodlarga tatbiq etilmaydi);
e) xorijiy mamlakatlarda taʼlim olishi bilan bogʻliq xarajatlari xalqaro yoki xorijiy tashkilotlar, xorijiy oliy taʼlim va ilmiy muassasalar tomonidan, shu jumladan, Chevening, Fullbright, Erasmus Mundus, DAAD, KOICA, JICE va shunga oʻxshash boshqa dasturlar asosida ajratiladigan grantlar yoki stipendiyalar orqali toʻliq moliyalashtiriladiganlar;
j) xorijda sirtqi va onlayn dasturlar orqali taʼlim oladiganlar;
z) jinoyat sodir etganlik uchun sudlanganligi tugallanmagan yoxud sudlanganligi olib tashlanmaganlar.
2-bob. Jamgʻarma stipendiyalari
6. Jamgʻarma stipendiyalari yetakchi xorijiy taʼlim, ilmiy va boshqa muassasalarda quyidagi taʼlim dasturlari boʻyicha taʼlim olish uchun ajratiladi:
bakalavriatda — 3-4 yilga qadar;
magistratura (ordinatura) — 1-2 yilga qadar;
doktorantura (aspirantura) — 3-4 yilga qadar.
Boshqaruv kengashi qarori bilan:
ayrim rivojlangan davlatlar taʼlim muassasalarida bir yilgacha bakalavriatga tayyorlov kurslari (Foundation year/course) xarajatlari tayyorlov kursi va bakalavriatda oʻqishning umumiy muddati 4 yildan oshmasligi sharti bilan Jamgʻarma tomonidan moliyalashtirilishi;
stipendiatning sogʻligʻi holati, oilaviy sharoiti yoki boshqa uzrli sabablarga koʻra xorijiy hamkor taʼlim yoki ilmiy muassasasi roziligiga asosan unga bir yilga qadar akademik taʼtil berilishi;
sogʻliqni saqlash yoʻnalishi boʻyicha bakalavriat va magistraturada oʻqish muddati qoʻshimcha 1 yilga uzaytirilishi mumkin.
Jamgʻarma buyurtmachi tashkilotning asoslangan taklifiga muvofiq, istisno tariqasida, xorijiy oliy taʼlim, ilmiy va boshqa muassasalarning murojaatlari asosida bakalavriat, magistratura va doktoranturada taʼlim olish muddatini, qoʻshimcha moliyalashtirish huquqisiz, bir yilgacha uzaytirish toʻgʻrisida qaror qabul qilish huquqiga ega.
7. Jamgʻarma stipendiyalari ushbu Nizom talablari asosida ochiq stipendiya tanlovidan muvaffaqiyatli oʻtgan shaxslarga (keyingi oʻrinlarda — Stipendiatlar) xorijda taʼlim olish maqsadida quyidagi xarajatlarni qoplash uchun ajratiladi:
xorijiy taʼlim, ilmiy va boshqa muassasalarda Stipendiatlarning bakalavriat, magistratura va doktoranturada taʼlim olish dasturlarida oʻquv toʻlovlari (tuition fees) boʻyicha;
viza olish boʻyicha;
xorijda taʼlim olish davrida tibbiy sugʻurtalash boʻyicha;
Stipendiatlarning barcha turdagi transport vositalarida taʼlim olish joyiga yetib borishi va qaytib kelishi bilan bogʻliq yoʻlkira xarajatlari (bir oʻquv yilida bir marta);
yashash uchun (shu jumladan, turarjoy ijarasi boʻyicha) va kunlik xarajatlar (jamgʻarma, stipendiat, ish beruvchi va kafillar oʻrtasida imzolanadigan toʻrt tomonlama shartnomada koʻrsatilgan muddatlarda);
zarur oʻquv va ilmiy adabiyotlarni xarid qilish, shu jumladan darsliklar sotib olish;
Jamgʻarma Boshqaruv kengashi qaroriga koʻra Stipendiatlarning xorijda taʼlim olishi bilan bevosita bogʻliq boʻlgan boshqa xarajatlari.
Har bir taʼlim dasturi boʻyicha bir nafar Stipendiatga ajratiladigan xarajatlarning (shu jumladan, taʼlim olish dasturlarida oʻquv toʻlovlari) cheklangan miqdori Jamgʻarma Boshqaruv kengashi tomonidan belgilanadi.
Boshqaruv kengashining tanlov gʻoliblari roʻyxatini tasdiqlash boʻyicha qarori qabul qilingan kundan boshlab Stipendiatning xorijda taʼlim olish bilan bogʻliq qilgan tegishli xarajatlari Jamgʻarma tomonidan moliyalashtirilib boriladi.
3-bob. Ochiq stipendiya tanlovida ishtirok etish uchun kvotalarni shakllantirish va hujjatlarni qabul qilish tartibi
8. Vazirliklar, idoralar va boshqa manfaatdor tashkilotlar har yili 1-sentabrga qadar Jamgʻarma taʼlim dasturlari boʻyicha xorijda taʼlim olish uchun istiqbolli va talab yuqori boʻlgan mutaxassisliklar boʻyicha real ehtiyoj toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni Jamgʻarmaga kiritib boradi.
9. Jamgʻarma Boshqaruv kengashi tomonidan taʼlim dasturlari hamda tanlov oʻtkazish yoʻnalishlari boʻyicha istiqbolli va talab yuqori boʻlgan mutaxassisliklar roʻyxati ishlab chiqiladi hamda taʼlim sohalari kesimida stipendiya kvotalari quyidagi turlarga boʻlingan holda tasdiqlanadi:
bakalavriat boʻyicha QS (Quacquarelli Symonds) hamda magistratura va doktorantura boʻyicha THE (The Times Higher Education) xalqaro reyting tashkilotlari global reytingining eng yuqori 100 talik xorijiy oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalariga oʻqish xarajatlari (tuition fee) toʻliq qoplanadigan grant asosida qabul qilingan nomzodlar uchun imtihonlarsiz kvotalar;
bakalavriat boʻyicha QS (Quacquarelli Symonds) hamda magistratura va doktorantura boʻyicha THE (The Times Higher Education) xalqaro reyting tashkilotlari global reytingining eng yuqori 300 talik xorijiy oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalari taʼlim dasturlariga oʻqish xarajatlari (tuition fee) toʻliq qoplanadigan grant asosida qabul qilingan nomzodlar uchun imtihonlarsiz kvotalar;
xalqaro QS (Quacquarelli Symonds) reyting tashkiloti global reytingining eng yuqori 20 talik xorijiy oliy taʼlim muassasalarining bakalavriat taʼlim dasturlariga oʻqish xarajatlari (tuition fee) kamida 50 foiz qoplanadigan grant asosida qabul qilingan Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablari bitiruvchilari uchun imtihonlarsiz kvotalar;
xalqaro reyting tashkilotlari QS (Quacquarelli Symonds) yoki THE (The Times Higher Education) global reytingining eng yuqori 300 talik xorijiy oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalari taʼlim dasturlariga qabul qilingan nomzodlar uchun ochiq stipendiya tanlovlari asosida kvotalar.
Bakalavriat, magistratura va doktorantura dasturlari boʻyicha taʼlim olish uchun stipendiya kvotalarini ajratishda STEM yoʻnalishlari (ilm-fan, texnologiya, muhandislik va matematika) hamda iqtisodiyotning drayver sohalariga (energetika, transport, urbanizatsiya, arxitektura va qurilish, qishloq va suv xoʻjaligi, geodeziya, yer munosabatlari), shuningdek, davlat boshqaruvi va boshqa dolzarb ijtimoiy yoʻnalishlarga (tibbiyot, taʼlim) maqsadli asosda ustuvorlik beriladi.
10. Vazirliklar, idoralar va boshqa manfaatdor tashkilotlarning tavsiyasiga asosan Boshqaruv kengashi tomonidan stipendiyalar ajratilishi ruxsat beriladigan xalqaro reyting tashkilotlarining eng yuqori 300 talik xorijiy oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalari roʻyxatiga kirmagan, sohaviy yetakchi oliy taʼlim muassasalari roʻyxati har yili shakllantirib boriladi va tasdiqlanadi.
11. Jamgʻarma tomonidan Boshqaruv kengashi qaroriga muvofiq taʼlim dasturlari boʻyicha oʻtkaziladigan ochiq stipendiya tanlovi (shu jumladan, taʼlim sohalari kesimidagi kvotalar) haqidagi eʼlon hujjatlarni qabul qilish muddati boshlanishidan kamida bir hafta oldin ommaviy axborot vositalari, shu jumladan internet nashrlar va Jamgʻarmaning rasmiy veb-saytiga joylashtiriladi.
Ochiq saralash tanlovi oʻtkazish toʻgʻrisidagi eʼlon quyidagi maʼlumotlardan iborat boʻlishi lozim:
arizalarni qabul qilish muddati va tartibi;
zarur hujjatlar roʻyxati;
tanlov ishtirokchilariga qoʻyiladigan talablar (yoshi, mutaxassislik boʻyicha ish staji, xorijiy tilni bilish darajasi hamda xorijda oʻqishga kirishga qoʻyiladigan talablar, ilmiy maqolalar mavjudligi va boshqalar);
saralash tanlovini oʻtkazish joyi va muddatlari;
aloqa telefonlari va elektron manzillar.
Nomzodlar tomonidan hujjatlar bir oyga qadar muddatda onlayn platformaga elektron shaklda yuklanadi.
12. Barcha taʼlim dasturlari boʻyicha ochiq stipendiya tanlovlari uchun nomzodlar Jamgʻarmaga quyidagi hujjatlarni taqdim qiladilar:
a) taʼlim dasturi, shu jumladan oʻqiydigan mutaxassisligi, tanlangan mamlakat, taʼlim, ilmiy yoki boshqa muassasa koʻrsatilgan holda belgilangan shaklda Jamgʻarma ijrochi direktori nomiga ariza;
b) pasport (ID-karta) nusxasi;
v) xorijiy tilni bilish darajasini belgilovchi xalqaro sertifikat.
Bunda:
International English Language Testing System (IELTS) Academic xalqaro sertifikati boʻyicha bakalavriat bosqichi uchun kamida 6 ball, magistratura va doktorantura bosqichlari uchun kamida 7 ball (yoki shunga teng darajada boshqa xalqaro imtihon tizimlari boʻyicha tillarni bilish darajasi sertifikati) boʻlishi talab etiladi;
Boshqaruv kengashi xorijiy tilni bilish darajasini tasdiqlash uchun talab etiladigan ballarni qayta koʻrib chiqish va tasdiqlash huquqiga ega;
xorijiy taʼlim, ilmiy yoki boshqa muassasaga shartsiz qabul qilinganligi toʻgʻrisidagi taklifnoma-xatni (Letter of acceptance/Letter of admission) taqdim etgan nomzodlar xorijiy tilni bilish darajasini belgilovchi xalqaro sertifikatni taqdim etishi talab qilinmaydi;
g) xorijiy taʼlim, ilmiy yoki boshqa muassasaga oʻqishga qabul qilinganligi yoki shartli qabul qilinganligi toʻgʻrisidagi amalda kuchga ega boʻlgan, taʼlim yoʻnalishi yoki mutaxassisligi aniq koʻrsatilgan taklifnoma-xat (Letter of acceptance/Letter of admission yoki Letter of conditional acceptance/Letter of conditional admission, yoki ularga tenglashtirilgan boshqa rasmiy hujjat).
Bunda nomzod oʻqishga qabul qilingan xorijiy taʼlim, ilmiy yoki boshqa muassasasi tegishli kvotalarga belgilangan talabdan kelib chiqqan holda tanlov oʻtkaziladigan kalendar yil (undan oldingi yoki keyingi yil) uchun amalda boʻlgan TNE (The Times Higher Education World University Rankings) yoki QS (Quacquarelli Symonds World University Rankings) akademik reytingining global reytingida eng ilgʻor taʼlim va ilmiy muassasalar roʻyxatidan joy olgan boʻlishi lozim.
Mazkur Nizomning 10-bandiga muvofiq yuqoridagi reytinglarga kiritilmagan, biroq muayyan yoʻnalish yoki sohada xalqaro akademik miqyosda eʼtirof etilgan nufuzli taʼlim, ilmiy va boshqa muassasalarga oʻqishga qabul qilingan nomzodlar tanlovda ishtirok etishi mumkin;
d) Jamgʻarma tomonidan belgilangan shaklda nomzodning shaxsiy, akademik va kasbiy muvaffaqiyatlari aks ettirilgan maʼlumotnoma;
e) grant asosida (taʼlim xarajatlarining faqatgina oʻqish uchun toʻlov qismi xorijiy davlatlar, tashkilotlar, taʼlim yoki ilmiy muassasalar tomonidan toʻliq qoplanadigan) oʻqishga qabul qilinganligini tasdiqlovchi hujjat (xalqaro reytinglardagi eng yuqori 100 talik va 300 talik taʼlim muassasasiga grant asosida oʻqishga qabul qilingan nomzodlar uchun);
j) qisman grant asosida (taʼlim xarajatlarining faqatgina oʻqish uchun toʻlov qismi xorijiy davlatlar, tashkilotlar, taʼlim yoki ilmiy muassasalar tomonidan kamida 50 foizi qoplanadigan) oʻqishga qabul qilinganligini tasdiqlovchi hujjat (QS reyting tashkiloti global reytingining eng yuqori 20 talik taʼlim muassasasiga oʻqishga qabul qilingan Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablari bitiruvchilari uchun).
13. Bakalavriat taʼlim dasturlari boʻyicha nomzodlar mazkur Nizomning 12-bandida belgilangan hujjatlarga qoʻshimcha quyidagilarni taqdim qiladi:
a) umumiy oʻrta yoki oʻrta maxsus taʼlim tashkilotini tugatganlik toʻgʻrisida belgilangan shakldagi diplom yoki shahodatnoma (attestat);
b) xorijda taʼlim olishdan koʻzlangan maqsad va taʼlim olish tugagach olingan bilimlarini Oʻzbekistonda qoʻllash imkoniyatlari haqida yozma ish (motivatsion esse).
14. Magistratura taʼlim dasturlari boʻyicha nomzodlar mazkur Nizomning 12-bandida belgilangan hujjatlarga qoʻshimcha quyidagilarni taqdim qiladi:
a) bakalavriat taʼlim dasturini tugatganlik toʻgʻrisida belgilangan shakldagi diplom (ilovasi bilan);
b) mehnat daftarchasi nusxasi, bunda nomzod toʻgʻrisidagi maʼlumotlar “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksiga toʻliq kiritilgan boʻlishi shart;
v) nomzodning Oʻzbekistonda va xorijda (agar mavjud boʻlsa) eʼlon qilingan ilmiy maqolalari roʻyxati hamda ularning elektron shakllari;
g) xorijda taʼlim olishdan koʻzlangan maqsad va taʼlim olish tugagach olingan bilimlarini Oʻzbekistonda qoʻllash imkoniyatlari haqida yozma ish (motivatsion esse).
15. Doktorantura taʼlim dasturi boʻyicha nomzodlar mazkur Nizomning 12-bandidagi hujjatlarga qoʻshimcha ravishda quyidagilarni taqdim qiladi:
a) magistratura taʼlim dasturini tugatganlik toʻgʻrisida belgilangan shakldagi diplom (ilovasi bilan);
b) mehnat daftarchasi nusxasi, bunda nomzod toʻgʻrisidagi maʼlumotlar “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksiga toʻliq kiritilgan boʻlishi shart;
v) nomzodning Oʻzbekistonda va xorijdagi ilmiy jurnallarda eʼlon qilingan ilmiy maqolalari roʻyxati hamda ularning elektron variantlari;
g) tanlangan sohani rivojlantirish hamda uning natijalarini Oʻzbekistonda qoʻllash uchun nomzod tadqiqotining dolzarbligi toʻgʻrisida tegishli taʼlim, ilmiy yoki boshqa muassasa rahbarining tavsiya xati;
d) rejalashtirilayotgan ilmiy tadqiqotning maqsadlari, uslublari va natijalari, ularni Oʻzbekistonda qoʻllash imkoniyatlari haqidagi yozma ish (motivatsion esse).
16. Mazkur Nizomning 13 — 15-bandlarida belgilangan shahodatnoma (attestat) yoki diplom xorijiy davlatlarning milliy qonunchiligi asosida berilgan taʼlim olganlikni tasdiqlovchi rasmiy hujjat boʻlsa, nomzodlar Oʻzbekiston Respublikasining vakolatli davlat organlari tomonidan berilgan xorijiy davlatlarda olingan taʼlim malakasini rasman tan olinganligi boʻyicha tegishli hujjatni taqdim etishi lozim.
17. Ochiq stipendiya tanlovida ishtirok etish uchun arizalar nomzodlar tomonidan onlayn tarzda elektron shaklda topshiriladi.
Tanlovning barcha bosqichlaridan muvaffaqiyatli oʻtgandan soʻng nomzodlar ushbu Nizomning 12 — 16-bandlarida koʻrsatilgan tegishli hujjatlarni quyidagi hujjatlar bilan birgalikda chop etilgan shaklda Jamgʻarmaga taqdim etadilar:
Oldingi tahrirga qarang.
a) ish joyi va lavozimi saqlanishi yoki tegishli taʼlim dasturi tugaganidan soʻng ishga joylashtirish boʻyicha majburiyatlar aks etgan buyurtmachi tashkilotning kafolat xati (bakalavriatga oʻqishga yuboriladigan va ish joyiga ega boʻlmagan stipendiatlar uchun buyurtmachi tashkilot sifatida Boshqaruv samaradorligi agentligi tomonidan kafolat xati beriladi);
(17-bandning “a” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 29-oktabrdagi PF-197-sonli Farmoni tahririda)
b) uzrsiz sabablarga koʻra Stipendiat bilan tuzilgan shartnoma bekor qilingan taqdirda, Jamgʻarma moliyaviy xarajatlarini (Jamgʻarma tomonidan amalda sarflangan mablagʻlarning kamida ikki barobari miqdorida moliyaviy jarima bilan birgalikda) qoplash toʻgʻrisida manfaatdor vazirlik, idora, korxona va tashkilotlar — yuridik shaxslar va jismoniy shaxslar (ustuvor ravishda Stipendiatning ota-onasi, aka-ukasi yoki opa-singlisi, ular qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda kafil boʻla olmagan taqdirda ularga tenglashtirilgan shaxslar) tomonidan berilgan kafolat xati, bank kafolati yoki sugʻurta tashkilotining sugʻurta polisi.
Tanlov gʻoliblari tomonidan mazkur Nizom talablariga toʻgʻri kelmaydigan maʼlumotlar taqdim etilganligi, shuningdek, tegishli hujjatlar toʻliq topshirilmaganligi aniqlangan taqdirda Tanlov komissiyasi qarori bilan tanlov gʻoliblari roʻyxatidan chiqariladi.
18. Jamgʻarma xorijda taʼlim olish narxlari, muddatlari va shart-sharoitlarining maqsadga muvofiqligidan kelib chiqqan holda, tegishli taʼlim dasturi boʻyicha Stipendiatning taʼlim olishi uchun nisbatan afzal boʻlgan xorijiy taʼlim, ilmiy va boshqa muassasani tanlash huquqiga ega.
4-bob. Jamgʻarma taʼlim dasturlari boʻyicha saralash
19. Ochiq stipendiya tanlovi boʻyicha gʻoliblar 6 ta bosqichda saralanadi:
nomzodlarning hujjatlarini oʻrganish boʻyicha birinchi bosqich;
xalqaro reytinglarning eng yuqori 100 taligidagi universitetlarga grant asosida qabul qilinganlar orasidan imtihonlarsiz kvotalar doirasida gʻoliblarni aniqlash boʻyicha ikkinchi bosqich;
xalqaro reytinglarning eng yuqori 300 taligidagi universitetlarga grant asosida qabul qilinganlar orasidan imtihonlarsiz kvotalar doirasida gʻoliblarni aniqlash boʻyicha uchinchi bosqich;
xalqaro reytinglarning eng yuqori 20 taligidagi universitetlarga qisman grant asosida qabul qilinganlar orasidan imtihonlarsiz kvotalar doirasida gʻoliblarni aniqlash boʻyicha toʻrtinchi bosqich;
test sinovlarini oʻtkazish boʻyicha beshinchi bosqich;
suhbat oʻtkazish boʻyicha oltinchi bosqich.
20. Birinchi bosqichda nomzodlar taqdim etgan hujjatlar ushbu Nizom talablariga muvofiqligi oʻrganiladi, shuningdek, sanab oʻtilgan hujjatlarni toʻliq taqdim etmagan yoki taqdim etilgan hujjatlari belgilangan talablarga muvofiq boʻlmagan nomzodlar tanlovdan chiqariladi hamda bu haqda onlayn platforma orqali xabardor qilinadi.
21. Ikkinchi bosqichda bakalavriat taʼlim dasturi boʻyicha QS (Quacquarelli Symonds) hamda magistratura va doktorantura taʼlim dasturlari boʻyicha THE (The Times Higher Education) xalqaro reyting tashkilotlarining global reytingi natijalariga koʻra eng yuqori 100 talik roʻyxatiga kiritilgan xorijiy oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalari taʼlim dasturlariga oʻqish xarajatlari toʻliq qoplanadigan grant asosida (xorijiy davlatlar, tashkilotlar, taʼlim yoki ilmiy muassasalar tomonidan taʼlim xarajatlarining faqatgina oʻqish uchun (tuition fee) toʻlov qismi toʻliq qoplanadigan) qabul qilingan nomzodlar roʻyxati shakllantiriladi.
Shakllantirilgan roʻyxatga muvofiq sohalar kesimida ajratilgan “Xalqaro reytinglarning eng yuqori 100 talik xorijiy oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalari taʼlim dasturlariga grant asosida qabul qilingan nomzodlar uchun imtihonlarsiz kvotalar” miqdoridan kelib chiqib, birinchi navbatda tegishli xalqaro reytingdagi eng yuqori koʻrsatkichli universitetlarga qabul qilingan nomzodlar Jamgʻarma stipendiyalari gʻolibi deb topiladi.
Ushbu bosqichda gʻoliblarni aniqlashda ikki yoki undan ortiq nomzodlarning tanlagan universitetlari reytingdagi oʻrni bir xil boʻlgan taqdirda Boshqaruv kengashi qaroriga muvofiq imtihonlarsiz kvotalar soni koʻpaytirilishi mumkin.
22. Uchinchi bosqichda bakalavriat boʻyicha QS (Quacquarelli Symonds) hamda magistratura va doktorantura boʻyicha THE (The Times Higher Education) xalqaro reyting tashkilotlarining global reytingi natijalariga koʻra eng yuqori 300 talik roʻyxatiga kiritilgan xorijiy oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalari taʼlim dasturlariga oʻqish xarajatlari toʻliq qoplanadigan grant asosida (xorijiy davlatlar, tashkilotlar, taʼlim yoki ilmiy muassasalar tomonidan taʼlim xarajatlarining faqatgina oʻqish uchun (tuition fee) toʻlov qismi toʻliq qoplanadigan) qabul qilingan hamda ochiq stipendiyalar tanloviga hujjatlarni elektron platforma orqali topshirayotganda Jamgʻarma stipendiyalari faqatgina xalqaro transport va turarjoy xarajatlari uchun ajratilishiga rozilik bergan nomzodlar roʻyxati shakllantiriladi.
Shakllantirilgan roʻyxatga muvofiq sohalar kesimida ajratilgan “Xalqaro reytinglarning eng yuqori 300 talik xorijiy oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalari taʼlim dasturlariga grant asosida qabul qilingan nomzodlar uchun imtihonlarsiz kvotalar” miqdoridan kelib chiqib, birinchi navbatda tegishli xalqaro reytingdagi eng yuqori koʻrsatkichli universitetlarga qabul qilingan nomzodlar Jamgʻarma stipendiyalari gʻolibi (faqatgina xalqaro transport va turarjoy xarajatlari uchun) deb topiladi.
Ushbu bosqichda gʻoliblarni aniqlashda ikki yoki undan ortiq nomzodlarning tanlagan universitetlari reytingdagi oʻrni bir xil boʻlgan taqdirda Boshqaruv kengashi qaroriga muvofiq imtihonlarsiz kvotalar soni koʻpaytirilishi mumkin.
23. Toʻrtinchi bosqichda bakalavriat boʻyicha QS (Quacquarelli Symonds) xalqaro reyting tashkilotining global reytingi natijalariga koʻra eng yuqori 20 talik roʻyxatiga kiritilgan xorijiy oliy taʼlim muassasasi taʼlim dasturlariga oʻqish xarajatlari qisman qoplanadigan grant asosida (xorijiy davlatlar, tashkilotlar, taʼlim yoki ilmiy muassasalar tomonidan taʼlim xarajatlarining faqatgina oʻqish uchun (tuition fee) toʻlov qismi kamida 50 foizi qoplanadigan) qabul qilingan Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablari bitiruvchilari boʻlgan nomzodlar roʻyxati shakllantiriladi.
Shakllantirilgan roʻyxatga muvofiq sohalar kesimida ajratilgan “Xalqaro reytinglarning eng yuqori 20 talik xorijiy oliy taʼlim muassasalari taʼlim dasturlariga qisman grant asosida qabul qilingan Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablari bitiruvchilari uchun imtihonlarsiz kvotalar” miqdoridan kelib chiqib, birinchi navbatda QS (Quacquarelli Symonds) global reytingida eng yuqori koʻrsatkichli universitetlarga qabul qilingan nomzodlar Jamgʻarma stipendiyalari gʻolibi deb topiladi.
Ushbu bosqichda gʻoliblarni aniqlashda ikki yoki undan ortiq nomzodlarning tanlagan universitetlari reytingdagi oʻrni bir xil boʻlgan taqdirda Boshqaruv kengashi qaroriga muvofiq imtihonlarsiz kvotalar soni koʻpaytirilishi mumkin.
24. Beshinchi bosqichda yuqoridagi bosqichlarda gʻolib deb topilmagan va QS (Quacquarelli Symonds) yoki THE (The Times Higher Education) xalqaro reyting tashkilotlari global reytingining eng yuqori 300 taligiga kiritilgan universitetlar taʼlim dasturlariga qabul qilingan nomzodlarning intellektual, tahlil qilish va ijodiy qobiliyatlari hamda psixologik barqarorligi darajasini baholash boʻyicha test sinovlari Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan tashkillashtiriladi hamda mazkur jarayonga autsorsing asosida ixtisoslashtirilgan mahalliy yoki chet el nodavlat tashkiloti jalb qilinadi.
Nomzodlar tomonidan quyidagi xalqaro imtihon tizimlari boʻyicha amaldagi xalqaro sertifikat taqdim etilgan taqdirda, ular beshinchi bosqichdagi test sinovidan ozod etiladilar hamda mazkur bosqichda ularga eng yuqori ball qoʻyiladi:
Graduate Management Admission Test (GMAT) (imtihon natijalari (Verbal/Quantative) boʻyicha nisbat koʻrsatkichi (percentile) 75 va undan yuqori boʻlganda);
Graduate Record Examinations (GRE) (imtihon natijalarining har biri (Verbal, Quantative, Writing) boʻyicha nisbat koʻrsatkichi (percentile) 75 va undan yuqori boʻlganda);
Scholastic Assessment Test (SAT) (1300 ball va undan yuqori boʻlganda);
xalqaro darajadagi A-Level (Cambridge Assessment General Certificate of Education) (fanlar boʻyicha A (a) darajadan past boʻlmagan).
Beshinchi bosqichda test uchun belgilangan eng yuqori 100 balldan kamida 61 ball olgan nomzodlar keyingi bosqichdagi suhbatga oʻtkaziladi.
25. Oltinchi bosqichda nomzodlarning ona Vatanga, tanlagan kasbiga sadoqati, maʼnaviy-axloqiy tafakkuri, sogʻlom dunyoqarashi, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni anglab yetganligi darajasi, shuningdek, xorijda taʼlim olishdan koʻzlangan maqsad va taʼlim olish tugagach olingan bilim va malakalarini Oʻzbekistonda qoʻllash imkoniyatlari, tanlagan mutaxassisligi boʻyicha bilim va koʻnikmalari davlat tilida oʻtkaziladigan suhbat orqali aniqlanadi va baholanadi.
Suhbatda nomzodni baholashda uning xorijda taʼlim olishdan koʻzlangan maqsadi va taʼlim olish tugagach olingan bilimlarini Oʻzbekistonda qoʻllash imkoniyatlari haqidagi motivatsion essesi (yozma ishi) alohida inobatga olinadi.
Suhbatda ishtirokchilar uchun real vaqtda kuzatib turish imkoniyatini yaratish maqsadida suhbat jarayonlari yozib olinadi va onlayn ovozli translyatsiya qilinadi hamda maxsus platformada joylashtirib borilib, kelgusi nomzodlarga tayyorgarlik koʻrishi uchun imkoniyat yaratiladi.
Tanlov komissiyasi qaroriga muvofiq xorijda taʼlim olayotgan yoki xizmat safarida boʻlib turgan nomzodlar uchun ularning asoslantirilgan murojaatlariga koʻra tanlovning beshinchi va oltinchi bosqichlari (test va suhbat jarayonlari) onlayn videomuloqot shaklida tashkil etilishi mumkin.
Oltinchi bosqichda suhbat uchun belgilangan eng yuqori 100 balldan kamida 61 ball olgan nomzodlar “suhbatdan oʻtgan” deb eʼtirof etiladi.
26. Jamgʻarma Tanlov komissiyasi tomonidan “suhbatdan oʻtgan” deb eʼtirof etilgan nomzodlar orasidan beshinchi va oltinchi bosqichlar natijalariga asosan toʻplangan umumiy ballardan kelib chiqib, “Xalqaro reytinglarning eng yuqori 300 talik xorijiy oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalari taʼlim dasturlariga qabul qilingan nomzodlar uchun imtihonlar asosida kvotalar” doirasida tanlov gʻoliblari aniqlanadi.
27. Test va suhbat natijalari Tanlov komissiyasining imtihon qaydnomasi bilan rasmiylashtiriladi hamda ularning umumlashtirilgan natijalari Jamgʻarmaning Boshqaruv kengashiga taqdim etiladi.
28. Jamgʻarma taʼlim dasturlari boʻyicha stipendiya gʻoliblarining yakuniy roʻyxati tanlov yakunlangandan soʻng uzogʻi bilan bir oy muddat ichida Jamgʻarma Boshqaruv kengashi qarori bilan tasdiqlanadi hamda eʼlon qilinadi.
Jamgʻarma Boshqaruv kengashi tomonidan “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “El-yurt umidi” stipendiyasi sovrindori” deb eʼtirof etilgan Stipendiatlarga tantanali ravishda belgilangan shakldagi sertifikatlar topshiriladi hamda Stipendiat, Jamgʻarma, Ish beruvchi (Stipendiat tegishli taʼlim dasturini tugatib qaytganidan soʻng ishga joylashtirish majburiyatini olgan buyurtmachi tashkilot) va Moliyaviy kafillar oʻrtasida tuziladigan toʻrt tomonlama shartnoma rasmiylashtiriladi.
Bunda:
Oldingi tahrirga qarang.
Bakalavriat taʼlim dasturi boʻyicha oʻqishga yuboriladigan, biroq doimiy ish oʻrniga ega boʻlmagan stipendiatlar uchun Boshqaruv samaradorligi agentligi Ish beruvchi buyurtmachi tashkilot sifatida shartnoma tarafi boʻlib hisoblanadi;
(28-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 29-oktabrdagi PF-197-sonli Farmoni tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
Boshqaruv samaradorligi agentligining yuqorida qayd etilgan stipendiatlarni ishga joylashtirish boʻyicha koʻrsatmasi davlat organlari, tashkilotlari va muassasalari tomonidan ijro etilishi majburiy hisoblanadi.
(28-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 29-oktabrdagi PF-197-sonli Farmoni tahririda)
29. Boshqaruv kengashi qarori bilan quyidagi hollarda Stipendiatning stipendiyasi bekor qilinishi mumkin:
Stipendiat tanlangan mutaxassislik boʻyicha bakalavriat yoki magistratura dasturi uchun olti oy, doktorantura dasturi uchun esa bir kalendar yil mobaynida tanlangan xorijiy taʼlim, ilmiy va boshqa muassasaga shartsiz qabul qilinganligi toʻgʻrisidagi hujjatni (Letter of Unconditional acceptance/Letter of Unconditional admission) taqdim eta olmasa;
Stipendiat gʻolib deb topilganligi haqida qaror qabul qilingandan boshlab bir yil mobaynida tegishli taʼlim dasturi boʻyicha amalda oʻqishni boshlamasa.
5-bob. Jamgʻarmaning Apellyatsiya komissiyasi
30. Saralash tanlovining oʻtkazilishi bilan bevosita bogʻliq boʻlgan hamda suhbat va test sinovlarini oʻtkazish jarayonlarini tashkil etish natijalari boʻyicha tanlovda ishtirok etgan nomzodlar tomonidan berilgan shikoyat va arizalar Jamgʻarma Boshqaruv kengashining qarori bilan tasdiqlangan Apellyatsiya komissiyasi tomonidan koʻrib chiqiladi.
Saralash tanlovini oʻtkazish jarayonlaridan norozi boʻlgan nomzod test yoki suhbat natijasi eʼlon qilingan kundan boshlab 3 (uch) ish kuni davomida Apellyatsiya komissiyasiga belgilangan shaklda yozma yoki elektron tarzda apellyatsiya shikoyati berish huquqiga ega.
Apellyatsiya komissiyasi tomonidan qabul qilingan shikoyat 5 (besh) ish kuni davomida koʻrib chiqilishi va qabul qilingan tegishli qaror yuzasidan muallifga javob yuborilishi zarur.
31. Apellyatsiya komissiyasi apellyatsiya shikoyatini koʻrib chiqish jarayoniga tegishli masalalar boʻyicha Tanlov komissiyasi aʼzolarini, shuningdek, zarur hollarda, kelib tushgan arizalar soni va nomzodlar mutaxassisliklaridan kelib chiqib, tegishli soha boʻyicha tajribali mahalliy va xorijiy ekspertlarni jalb etishga haqli.
32. Apellyatsiya shikoyatini bergan nomzod Apellyatsiya komissiyasining ishida ishtirok etish uchun yoki Apellyatsiya komissiyasining qabul qilgan qarorini olish uchun pasporti (shaxsini tasdiqlovchi hujjat) bilan kelishi shart.
Apellyatsiya komissiyasi apellyatsiya shikoyatini koʻrib chiqishni onlayn ravishda oʻtkazish boʻyicha qaror qabul qilishi mumkin.
33. Apellyatsiya shikoyati Apellyatsiya komissiyasi tomonidan nomzod ishtirokida, uning shikoyatida keltirilgan vajlar va dalillar asosida koʻrib chiqiladi. Bunda Apellyatsiya komissiyasi:
nomzod tomonidan keltirilgan vajlar va dalillar oʻz tasdigʻini topmasa, test yoki suhbat natijasini oʻzgarishsiz qoldirish toʻgʻrisida;
nomzod tomonidan keltirilgan vajlar va dalillar oʻz tasdigʻini topgan taqdirda, test yoki suhbat natijasida nomzodning toʻplagan ballarini oʻzgartirish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
34. Apellyatsiya komissiyasi Jamgʻarma saytida va ijtimoiy tarmoqlarida apellyatsiya shikoyatlari koʻrib chiqiladigan joy va vaqt haqida kamida ikki kun oldin eʼlon berishi lozim.
Apellyatsiya komissiyasining apellyatsiya shikoyatini koʻrib chiqish jarayonida nomzodning ishtirok etmasligi yoki kelmaganligi uning apellyatsiya shikoyati koʻrib chiqilmasligi uchun asos boʻlishi mumkin.
35. Apellyatsiya komissiyasi qarori apellyatsiya jarayoni toʻliq yakunlangandan soʻng 3 (uch) ish kuni ichida Jamgʻarma Tanlov komissiyasiga taqdim etiladi.
Tanlov jarayonining barcha bosqichlari boʻyicha nomzodlarning qayta suhbatdan oʻtishi, test topshirishi yoki yozma ish yozishiga ruxsat etilmaydi.
6-bob. Stipendiatlarning majburiyatlari
36. Stipendiatlarning xorijda taʼlim olishlari, yashash va yurish-turish tartib-qoidalari hamda quyidagi majburiyatlari Stipendiat, Jamgʻarma, Ish beruvchi va Moliyaviy kafillar oʻrtasida tuziladigan toʻrt tomonlama shartnomada belgilab qoʻyiladi:
taʼlim oladigan davlatga yetib borishi bilan qonunchilikda belgilangan tartib va muddatlarda Oʻzbekiston Respublikasining elchixonasi yoki konsulligida roʻyxatdan oʻtish va bu haqda qayd etilgan kundan boshlab, 5 (besh) ish kuni davomida Jamgʻarmani xabardor qilish;
har bir oʻqish davrining (semestr, trimestr, yarim yillik va yillik) yakunlari boʻyicha akademik oʻzlashtirish natijalari toʻgʻrisidagi hujjatlarni, shu jumladan, taʼlim muassasasidan chetlashtirilganligi toʻgʻrisidagi rasmiy koʻchirmani 10 (oʻn) ish kuni ichida taʼlim tashkilotining rasmiy blankasida, akademik rahbar imzosi bilan tasdiqlangan holda Jamgʻarmaga taqdim etish;
Jamgʻarma tomonidan Stipendiatning taʼlim olish davridagi oʻqish qiymati va sugʻurta xarajati uchun Stipendiatning shaxsiy bank kartasiga oʻtkazilgan mablagʻlarni taʼlim olayotgan xorijiy hamkor tashkilotining hisobvaragʻiga 7 (yetti) kun ichida oʻtkazish;
taʼlim dasturi boʻyicha oʻquv mashgʻulotlarida ishtirok etish, berilgan topshiriqlarni oʻrnatilgan muddatlarda bajarish, imtihon, sinovlar va bilim olishning boshqa turdagi nazoratlarini oʻz vaqtida topshirish;
har bir akademik oʻquv yili boshlanishida xorijiy hamkor tashkilot yoki boshqa xorijiy tashkilotlar tomonidan Stipendiatga oʻqish xarajatlari (tuition fee, housing va shu kabi boshqa) uchun hamda taʼlim olish jarayoni bilan bogʻliq boshqa xarajatlar uchun qoʻshimcha grantlar olingan taqdirda, ushbu grantga ega boʻlgan kundan boshlab 5 (besh) kun ichida Jamgʻarmani xabardor etish;
taʼlim dasturini Boshqaruv kengashi tomonidan tasdiqlanadigan “Davlatlar va taʼlim dasturlari kesimida oʻzlashtirishning talab qilinadigan minimal miqdorlari (darajasi)”dan kam boʻlmagan miqdorda (darajada) oʻzlashtirish;
taʼlim olayotgan davlatning amaldagi normativ-huquqiy hujjatlariga, umumeʼtirof etilgan odob-axloq meʼyorlariga, xorijiy hamkor tashkilot tomonidan oʻrnatilgan ichki qoida va talablarga qatʼiy rioya etish, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi va “El-yurt umidi” jamgʻarmasi obroʻsiga putur yetkazishi mumkin boʻlgan xatti-harakatlardan tiyilish;
xorijiy hamkor tashkilotning professor-oʻqituvchilari, oʻquv-yordamchi xodimlari va boshqa talabalarga doimo hurmatda boʻlish, ularning gʻururi hamda qadrini kamsitmaslik, etika va estetika qoidalariga rioya qilish;
har bir akademik oʻquv yili yakunida Oʻzbekistonga qaytib kelish, belgilangan tartibda akademik va moliyaviy hisobotlarni Jamgʻarmaga taqdim etish hamda Jamgʻarma tomonidan tashkil etiladigan maxsus oʻquv-seminarlarida shaxsan ishtirok etish;
oʻzining xatti-harakatlari yoki harakatsizligi bilan xorijiy hamkor tashkilotga yoki uchinchi shaxslarga moddiy zarar yetkazgan hollarda, ushbu davlatning qonunchiligiga muvofiq yetkazilgan zararni belgilangan tartibda oʻz hisobidan qoplash;
mamlakatimizning ijobiy imijini yanada yuksaltirishga qaratilgan tadbirlarda faol ishtirok etish;
taʼlim olayotgan davlat hududidan boshqa davlatga amalga oshiriladigan safar va tashriflar boʻyicha Jamgʻarma masʼul xodimini kamida 15 (oʻn besh) kun oldin xabardor qilish;
xorijda taʼlim olish davrida oʻqishdan tashqari qoʻshimcha mehnat faoliyati bilan shugʻullanmaslik, bundan taʼlim olish bilan bogʻliq boʻlgan volontyorlik faoliyati mustasno;
taʼlim dasturining toʻliq kursini tamomlagach, uzogʻi bilan 1 (bir) oy davomida Oʻzbekiston Respublikasiga qaytib kelish, diplom hamda baholar toʻgʻrisidagi transkriptni (diplom ilovasini) Jamgʻarmaga topshirish;
Oldingi tahrirga qarang.
oʻqishni yakunlagandan soʻng vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlarda egallagan mutaxassisligi boʻyicha shartnomada belgilangan muddatlarda toʻliq bandlik rejimida uzluksiz ishlab berish, shu jumladan, Oʻzbekiston Respublikasiga qaytib kelganidan soʻng, uzogʻi bilan 1 (bir) oy mobaynida Ish beruvchi tashkilotida mehnat faoliyatini boshlash hamda tasdiqlovchi hujjatlarni Jamgʻarmaga va Boshqaruv samaradorligi agentligiga taqdim etish;
(36-bandning oʻn oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 29-oktabrdagi PF-197-sonli Farmoni tahririda)
taʼlim dasturlari orqali olgan ilgʻor bilimlari, malakasi va koʻnikmasi bilan vazirliklar, idoralar va boshqa davlat tashkilotlari yoki davlat ulushi mavjud boʻlgan tashkilotlarda samarali mehnat faoliyatini olib borish, shu jumladan oʻz faoliyati davomida erishgan yutuqlari va natijalari boʻyicha Jamgʻarmaga maʼlumot berib borish;
Oldingi tahrirga qarang.
mehnat faoliyatida boʻlgan oʻzgarishlar haqida Jamgʻarmaga va Boshqaruv samaradorligi agentligiga 5 (besh) ish kunidan kechiktirmagan holda taqdim etib borish.
(36-bandning oʻn sakkizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 29-oktabrdagi PF-197-sonli Farmoni tahririda)
Stipendiat, Jamgʻarma, Ish beruvchi va Moliyaviy kafillar oʻrtasida tuziladigan toʻrt tomonlama shartnomada Stipendiatlarning boshqa majburiyatlari ham belgilanishi mumkin.
37. Stipendiat tomonidan shartnomada belgilangan majburiyatlar bajarilmagan, shu jumladan, Boshqaruv kengashi tomonidan tasdiqlanadigan “Davlatlar va taʼlim dasturlari kesimida oʻzlashtirishning talab qilinadigan minimal miqdorlari (darajasi)”dan kam boʻlgan oʻzlashtirish natijalar qayd etilgan taqdirda Jamgʻarma tomonidan Boshqaruv kengashiga shartnomani muddatidan oldin bekor qilish toʻgʻrisida taklif kiritiladi.
38. Boshqaruv kengashi qaroriga asosan Stipendiatlar Jamgʻarma bilan tuzilgan shartnoma shartlariga yoki Jamgʻarmaning ichki-tartib qoidalariga rioya etmagan taqdirda Stipendiatlar safidan chiqarilishi mumkin.
Boshqaruv kengashi tomonidan Stipendiat oʻqiyotgan taʼlim tashkilotining nufuzi, taʼlim tashkiloti uchun belgilangan eng kam oʻzlashtirish koʻrsatkichlarini bajara olganligi, muayyan soha yoki tarmoqda salohiyatli kadrlarga boʻlgan ehtiyoj va boshqa shu kabi obyektiv sabablarni inobatga olgan holda shartnomaning oʻzlashtirish boʻyicha shartini bajara olmagan stipendiatning xorijda taʼlim olishini moliyalashtirishni toʻxtatmaslik va sarflangan mablagʻlarni qayta undirmaslik boʻyicha qaror qabul qilinishi mumkin.
39. Stipendiat bilan tuzilgan shartnoma Jamgʻarma tomonidan bir tomonlama bekor qilingan taqdirda, uni oʻqitish uchun Jamgʻarmadan sarflangan barcha moliyaviy xarajatlar Stipendiat va uning moliyaviy kafillari (yuridik va jismoniy shaxslar) tomonidan solidar tartibda qoplab beriladi.
Bunda Stipendiatlarga nisbatan Jamgʻarma tomonidan amalda sarflangan barcha mablagʻlarning ikki barobari miqdorida undiriladi.
40. Stipendiat va uning moliyaviy kafillari tomonidan Jamgʻarmaga qaytariladigan mablagʻ miqdori toʻlov kunidagi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining almashuv kursi boʻyicha milliy valyutada hisoblanadi.
Mazkur mablagʻlarning davlat budjeti xarajatlaridan tashqari qismi Jamgʻarma ixtiyoriga qoldiriladi hamda undan Jamgʻarmaning moddiy-texnika bazasini rivojlantirish, xodimlarni moddiy ragʻbatlantirish va Jamgʻarma faoliyatiga oid boshqa xarajatlar uchun ishlatishga ruxsat etiladi.
41. Xorijda taʼlim olishga ketayotgan Stipendiatlar quyidagi masalalar boʻyicha tashkil etiladigan oʻquv-seminarlarida shaxsan ishtirok etishi shart:
Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning mazmun-mohiyati, maqsad va vazifalari;
Oʻzbekiston tarixi, madaniyati, anʼanalari, turizm va investitsion salohiyati;
Vatanga va tanlagan kasbga mehr-muhabbat va sadoqat, yurtning tinchligi, xalq farovonligi va Vatan rivojiga masʼullik va daxldorlik;
maʼnaviy-axloqiy tafakkur, sogʻlom dunyoqarash, milliy va umuminsoniy qadriyatlar, davlat tiliga eʼtibor;
xalqaro etiket va protokol, Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi vakolatxonalari bilan hamkorlik hamda konsullik hisobida turish.
42. Stipendiat xohishiga koʻra xorijda taʼlim olish xarajatlarini moliyalashtirishda uning oʻzi yoki moliyaviy kafillari qisman ishtirok etgan taqdirda uning majburiy ishlab berish muddatiga oʻzgartirish kiritilmaydi.
43. Jamgʻarma taʼlim dasturlarini muvaffaqiyatli tamomlagan Stipendiatlarning kasbiy koʻnikmalarini shakllantirish maqsadida Oʻzbekistonning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi uchun ustuvor hisoblangan sohalar boʻyicha yetakchi xalqaro tashkilotlar, xorijiy davlatlar idora va tashkilotlari yoki yirik kompaniyalarida stajirovka oʻtashiga yoki amaliy faoliyat bilan shugʻullanishiga Jamgʻarma Boshqaruv kengashi tomonidan ruxsat beriladi. Bunda:
Stipendiatning xorijda stajirovka oʻtashi yoki amaliy faoliyat bilan shugʻullanishi shartlari Jamgʻarma, Stipendiat va ish beruvchi tashkilot oʻrtasida tuziladigan shartnoma bilan belgilanadi hamda stajirovka vaqti majburiy tartibda ishlab berish muddatiga kiritilmaydi;
xorijda stajirovka oʻtash yoki amaliy faoliyat bilan shugʻullanish mumkin boʻlgan yetakchi xalqaro tashkilotlar, xorijiy davlatlar idora va tashkilotlari yoki yirik kompaniyalar roʻyxati va uning muddati vazirlik, idora va iqtisodiyot tarmoqlari strategik korxonalarining asoslantirilgan tavsiyalariga muvofiq Jamgʻarma Boshqaruvi kengashi tomonidan tasdiqlanadi.
44. Stipendiatning bola parvarishlash taʼtilida boʻlgan davri uning majburiy tartibda ishlab berish muddatiga kiritilmaydi.
45. Respublika hududlarini yetakchi xorijiy taʼlim, ilmiy va boshqa muassasalarda Jamgʻarma taʼlim dasturlari boʻyicha taʼlim olgan yosh mutaxassislar bilan taʼminlash maqsadida Jamgʻarma Boshqaruv kengashi majburiy ishlab berish joyi sifatida respublikaning chekka hududlarida joylashgan davlat tashkilotlari yoki muassasalari hamda davlat ulushi mavjud boʻlgan tashkilotlarni tanlagan Stipendiatlarning majburiy ishlab berish muddatini qisqartirish boʻyicha qaror qabul qilish huquqiga ega.
46. Ayrim hududlar yosh mutaxassislarini qoʻllab-quvvatlash uchun ajratilgan maqsadli kvotalar doirasida xorijda taʼlim olgan stipendiatlarning toʻliq bandlik rejimida uzluksiz ishlab berish majburiyati boʻyicha mehnat faoliyati aynan maqsadli kvota ajratilgan hududda amalga oshiriladi.
47. Stipendiatning asoslantirilgan taklifiga koʻra Boshqaruv kengashi tomonidan uning uzluksiz ishlab berish majburiyatini taʼlim, ilmiy-tadqiqotlar va sogʻliqni saqlash tizimlari, davlat-xususiy sheriklik sharti asosida tashkil etilgan hamda jamiyat hayotida muhim ijtimoiy ahamiyatga ega xizmatlar koʻrsatadigan xususiy korxonalar va nodavlat tashkilotlarida oʻtashga ruxsat berilishi mumkin.
48. Jamgʻarmaning magistratura taʼlim dasturini muvaffaqiyatli tugatib, xalqaro reyting talablariga mos keluvchi nufuzli xorijiy universitet yoki ilmiy muassasa doktorantura (PhD) dasturi boʻyicha toʻliq grant asosida oʻqishga qabul qilingan Stipendiatlarga ularning Ish beruvchisi taklifiga asosan uzluksiz ishlab berish majburiyatini qoʻshimcha moliyalashtirishsiz hamda PhD (fan doktori) ilmiy darajasini olish sharti bilan Jamgʻarma Boshqaruv kengashi qarori bilan 4 yilga qadar kechiktirilishi mumkin.
7-bob. Yakunlovchi qoida
49. Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor deb topilgan shaxslar qonunchilikka muvofiq javobgarlikka tortiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 5-maydagi PF-77-son Farmoniga
4-ILOVA
Iqtidorli mutaxassislarning xorijda taʼlim olishini qoʻllab-quvvatlash va ularning mamlakat ijtimoiy hayotidagi faolligini oshirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar yuzasidan
“yoʻl xaritasi”
Oldingi tahrirga qarang.

T/r

Chora-tadbirlar nomi

Amalga oshirish shakli

Ijro muddati

Moliyalashtirish manbalari

Masʼul ijrochilar

I. “El-yurt umidi” jamgʻarmasi faoliyatining tashkiliy-huquqiy va moddiy-texnik bazasini yanada rivojlantirish

1.

“El-yurt umidi” jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) stipendiatlari tomonidan oʻz majburiyatlarini bajarmaganligini oqibatida yetkazilgan zarar oʻrnini qoplash va oʻqitish xarajatlarini undirish toʻgʻrisidagi daʼvolar yuzasidan sudlarda davlat bojini toʻlashdan ozod qilish boʻyicha “Davlat boji toʻgʻrisida”gi Qonunga oʻzgartirish kiritish boʻyicha qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritish.

Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni loyihasi

2025-yil iyul

Talab etilmaydi

“El-yurt umidi” jamgʻarmasi,

Oliy sud,

Adliya vazirligi

2.

Jamgʻarma Boshqaruv kengashida tasdiqlash uchun quyidagilarni nazarda tutuvchi hujjatlar loyihalarini tayyorlash va kiritish:

Jamgʻarmaning bir stipendiatiga moʻljallangan stipendiyaning eng yuqori meʼyori hamda xorijdagi taʼlimni moliyalashtirish tartibi;

Jamgʻarma stipendiatlarining taʼlim olish jarayonlarini hamda taʼlim yakunlangandan keyingi mehnat faoliyatini monitoringini tashkil etish tartibi;

Jamgʻarma taʼlim dasturlarini muvaffaqiyatli tamomlagan stipendiatlarning kasbiy koʻnikmalarini shakllantirish maqsadida Oʻzbekistonning ijtimoiy-iqtisodiy rivoji uchun ustuvor hisoblangan sohalar boʻyicha yetakchi xalqaro tashkilotlar, xorijiy davlatlar idora va tashkilotlari yoki yirik kompaniyalarida stajirovka oʻtashi tartibi;

Jamgʻarma stipendiatlarining taklifiga asosan uzluksiz ishlab berish majburiyatini Oʻzbekistondagi davlat-xususiy sheriklik sharti asosida tashkil etilgan hamda jamiyat hayotida muhim ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyatga ega xizmatlar koʻrsatadigan xususiy korxonalar va nodavlat tashkilotlarida oʻtash tartibi;

Jamgʻarma stipendiatlarining xorijda taʼlim olishi boʻyicha toʻrt tomonlama shartnoma namunasi;

Jamgʻarma tashabbusi bilan xorijiy hamkorlardan stipendiatlarning oʻqish xarajatlari uchun erishilgan chegirma miqdorini aniqlash, shuningdek iqtisod qilingan mablagʻlar hisobidan xodimlarni  ragʻbatlantirish va Jamgʻarmaning boshqa xarajatlariga yoʻnaltirish tartibi;

Jamgʻarmaning shtatlar jadvali hamda tegishli yilga moʻljallangan daromadlar va xarajatlarining istiqbol koʻrsatkichlari, shuningdek, budjetdan tashqari mablagʻlarni sarflash va uning hisobidan xodimlarni moddiy ragʻbatlantirish tartibi.

Boshqaruv kengashi qarori

2025-yil iyul

Talab etilmaydi

“El-yurt umidi” jamgʻarmasi,

Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi,

Iqtisodiyot va moliya vazirligi,

Oliy taʼlim, fan
va innovatsiyalar vazirligi,

Adliya vazirligi

3.

Jamgʻarma stipendiyalari uchun onlayn hujjat topshirish, stipendiatlar bilan doimiy muloqot maydonini yaratish hamda ularning taʼlim jarayoni va mehnat faoliyati elektron monitoringini yuritish imkoniyatlarini beradigan “Yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimi” elektron portalini ishga tushirish.

Ijrochi vazirlik va idoralarning qoʻshma qarori

2025-yil iyul

“El-yurt umidi” jamgʻarmasi, Raqamli texnologiyalarni rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari

“El-yurt umidi” jamgʻarmasi,

Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi,

Raqamli texnologiyalar vazirligi,

Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi

 

4.

Jamgʻarmaning boshqaruv xodimlari salohiyatini va tajribasini oshirish maqsadida ularni xorijdagi yetakchi tashkilotlar, hamkor iniversitetlar va ilmiy markazlar, ilgʻor kompaniya va idoralarga malaka oshirish yoki stajirovkadan oʻtishga yuborishni tashkil etish.

Tashkiliy chora-tadbirlar

2025-2026-yillar davomida

“El-yurt umidi” jamgʻarmasi mablagʻlari, xorijiy hamkorlar grantlari va stipendiyalari

“El-yurt umidi” jamgʻarmasi,
Tashqi ishlar vazirligi

5.

Jamgʻarma imijini shakllantirish boʻyicha quyidagi tashkiliy choralarni koʻrish:

Jamgʻarma ramzlarini tasdiqlash va brendbukini yaratish;

Jamgʻarmaning rasmiy veb-saytini xalqaro standartlar asosida yangilash;

maqsadli stajirovkaga yuborilgan mutaxassislar va stipendiatlarning xorijdagi hayoti, tahsili va erishayotgan yutuqlarini ijtimoiy tarmoqlarda yoritib borish;

jamoatchilik bilan aloqalarni jadallashtirish va Jamgʻarma faoliyati haqidagi xolis maʼlumotlarni yetkazish.

Tashkiliy chora-tadbirlar

2025-yil davomida

“El-yurt umidi” jamgʻarmasining budjet va budjetdan tashqari mablagʻlari

“El-yurt umidi” jamgʻarmasi

6.

Jamgʻarmaga soʻnggi uch yilda ajratilgan budjet mablagʻlarining maqsadli sarflanishini oʻrganish va aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish.

Tashkiliy chora-tadbirlar

2025-yil iyun-iyul

Talab etilmaydi

“El-yurt umidi” jamgʻarmasi,

isob palatasi

7.

Jamgʻarma xodimlarining malakasi, bilim va koʻnikmalarini baholash orqali lavozimiga muvofiqligini aniqlash hamda xodimlar tarkibini qayta shakllantirish boʻyicha tegishli qarorlar qabul qilish.

Tashkiliy chora-tadbirlar

2025-yil avgust-sentabr

Talab etilmaydi

“El-yurt umidi” jamgʻarmasi

II. Xorijda maqsadli stajirovka dasturlarini va taʼlim olish uchun stipendiya tanlovlarini oʻtkazishni tashkil etish

8.

Istiqbolli mutaxassislarning xorijiy universitetlar, ilmiy markazlar, kompaniya va tashkilotlarda maqsadli stajirovkasini tashkil etish tartibini ishlab chiqish.

Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi

2025-yil iyul

Talab etilmaydi

“El-yurt umidi” jamgʻarmasi,

Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi,

Iqtisodiyot va moliya vazirligi,

Tashqi ishlar vazirligi,

Adliya vazirligi

9.

Jamgʻarmaning ochiq stipendiya tanlovlari tartibi bilan bogʻliq yangiliklarni vazirlik, idora va tashkilotlar, shuningdek, hududlardagi yoshlar orasida keng targʻib etishga qaratilgan hududiy amaliy-uslubiy seminarlar tashkil etish va oʻtkazish.

Amaliy seminarlar oʻtkazish grafigini ishlab chiqish va tasdiqlash

Muntazam ravishda tanlovlarga eʼlon berilgunga qadar

“El-yurt umidi” jamgʻarmasi, Yoshlar qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari

“El-yurt umidi” jamgʻarmasi,

Yoshlar ishlari agentligi,

Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi,

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari

10.

Jamgʻarma faoliyati, uning stipendiyalari uchun ochiq saralash tanlovlarini oʻtkazish tartibi va muddatlari yuzasidan turli videoroliklar tayyorlash hamda ularni OAV orqali hamda Jamgʻarmaning ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy kanallari orqali namoyish etish.

Mediadastur

2025-yildan boshlab har yili 1-iyulgacha

“El-yurt umidi” jamgʻarmasi, homiylar mablagʻlari

“El-yurt umidi” jamgʻarmasi,

Yoshlar ishlari agentligi,

Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi,

Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi

11.

Jamgʻarma stipendiatlari va ularning ota-onalari tomonidan yoʻllangan minnatdorlik xatlarini oʻz ichiga olgan “Minnatdorlik maktublari” kitob-albomini tayyorlash va chop etish.

Ijrochilarning qoʻshma qarori

2025-yil noyabr

“El-yurt umidi” jamgʻarmasi mablagʻlari va Maʼnaviyat va ijodni qoʻllab-quvvatlash maqsadli jamgʻarmasi mablagʻlari

“El-yurt umidi” jamgʻarmasi,

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi,

Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi,

“Maʼnaviyat” nashriyoti

12.

Jamgʻarma stipendiya tanlovlari jarayonlariga shartnoma asosida malakali olimlar va ekspertlarni, jumladan xorijda taʼlim olgan yoki tadqiqotlar oʻtkazgan tajribali vatandoshlarni jalb etish.

Jamgʻarma Tanlov komissiyasi qarori asosida

Stipendiya tanlovlari toʻgʻrisidagi nizomda belgilangan muddatlarda

“El-yurt umidi” jamgʻarmasi, homiylar mablagʻlari

“El-yurt umidi” jamgʻarmasi,

Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi

13.

Jamgʻarma stipendiya tanlovida gʻolib boʻlgan xorijga taʼlim olish uchun ketayotgan hamda xorijda oʻqishini davom ettirayotgan va taʼtil vaqtida mamlakatimizga qaytgan stipendiatlar uchun quyidagi yoʻnalishlarda oʻquv-seminarlarini tashkil etish:

Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning mazmun-mohiyati, maqsad va vazifalari;

Oʻzbekiston tarixi, madaniyati, xalqimiz anʼanalari va urf-odatlari;

yoshlarda davlatimiz rivojiga masʼullik va daxldorlik hissini shakllantirish;

maʼnaviy-axloqiy tafakkur, sogʻlom dunyoqarash, milliy va umuminsoniy qadriyatlar;

xalqaro etiket va protokol masalalari.

Boshqaruv kengashi qarori

2025-yildan boshlab har yili kamida bir marotaba

“El-yurt umidi” jamgʻarmasi, homiylar mablagʻlari

“El-yurt umidi” jamgʻarmasi,

Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi,

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi,

Yoshlar ishlari agentligi,

Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi

14.

Jamgʻarma stipendiya tanlovlari natijalarini ommaviy axborot vositalarida keng yoritish, stipendiya gʻoliblari uchun maxsus kiyim-bosh va koʻkrak nishonini tayyorlash, shuningdek, stipendiatlar tomonidan “El-yurt umidi stipendiati qasamyodi”ni qabul qilish va sertifikatlarni tantanali topshirish marosimini oʻtkazib borish.

Tashkiliy chora-tadbirlar

Tanlov yakunlari boʻyicha

“El-yurt umidi” jamgʻarmasi, homiylar mablagʻlari

“El-yurt umidi” jamgʻarmasi,

Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi,

Yoshlar ishlari agentligi

15.

Xorijda oʻqishini davom ettirayotgan
va taʼtil vaqtida mamlakatimizga qaytgan stipendiatlar uchun mutaxassisligi boʻyicha tegishli vazirlik, idora va boshqa tashkilotda stipendiatning amaliy koʻnikmalarini shakllantirish, ijobiy xorijiy tajribasidan foydalanish boʻyicha oʻz takliflarini taqdim etish imkoniyatini beradigan stajirovka oʻtab borishi amaliyotini yoʻlga qoʻyish.

Boshqaruv kengashi qarori

2025-yildan boshlab har yili kamida bir marotaba

Talab etilmaydi

“El-yurt umidi” jamgʻarmasi,

Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi,

manfaatdor vazirlik va idoralar

16.

Jamgʻarma taʼlim dasturlari va maqsadli stajirovkani oʻtagan bitiruvchilarning vazirlik, idora va iqtisodiyot tarmoqlarining strategik korxonalarida kasbiy va karyeraviy oʻsishini har yili kamida bir marotaba monitoring qilib borish.

Monitoring natijalarini Jamgʻarma Boshqaruv kengashi majlislarida muhokama qilib borish.

Tashkiliy chora-tadbirlar

2025-yildan boshlab har yili kamida bir marotaba

Talab etilmaydi

Boshqaruv samaradorligi agentligi,

“El-yurt umidi” jamgʻarmasi,

manfaatdor vazirlik va idoralar

17

Har chorakda Jamgʻarmaning xorijda taʼlim olayotgan stipendiatlari hamda taʼlimni muvaffaqiyatli yakunlagan mutaxassislar ishtirokida onlayn uchrashuvlar va davra suhbatlari tashkil etish.

Alohida reja-grafikka muvofiq

Har chorakda kamida bir marotaba

Talab etilmaydi

“El-yurt umidi” jamgʻarmasi, Boshqaruv samaradorligi agentligi

18.

Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi bazasida davlat organlari va tashkilotlaridagi isteʼdodli kadrlarning nufuzli xalqaro akademik reytinglarning birinchi 100 talik roʻyxatidagi taʼlim muassasalari magistraturasida oʻqitish xarajatlarini toʻliq qoplaydigan xorijiy  grantlarni yutish uchun maxsus kurslarda tayyorlash hamda ularni taʼlim olish davrida qoʻllab-quvvatlash boʻyicha quyidagi mexanizmlarni nazarda tutuvchi takliflarni Boshqaruv kengashiga kiritish:

davlat organlari va tashkilotlarida chet tillarni CEFR tizimi boʻyicha kamida S1 darajasida oʻzlashtirgan hamda oʻqish uchun toʻliq grantni yutib olish salohiyatiga ega mutaxassislar roʻyxatini Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan muntazam ravishda shakllantirib borish;

Jamgʻarma tomonidan Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi bazasida mazkur roʻyxatga muvofiq davlat xizmatchilarini grant yutish uchun zarur boʻlgan asosiy komponentlarni (motivatsion xatlar, tadqiqot loyihalari, suhbatlar va boshqalarni) shakllantirish boʻyicha alohida dasturga muvofiq tayyorlash;

toʻliq grant yutib olgan davlat xizmatchilarini amaldagi lavozimi va oʻrtacha ish haqi saqlangan holda oʻqishga yuborish hamda tuziladigan shartnomaga muvofiq ularga 3 yil ishlab berish majburiyatini yuklash;

davlat organlariga ish haqi fondi doirasida boshqa xodimni taʼlim yakuniga qadar boʻlgan muddatga ishga qabul qilish imkoniyatini berish;

oʻqishni muvaffaqiyatli yakunlagan mutaxassislarni xorijda olgan bilim va koʻnikmalarini samarali qoʻllay oladigan lavozimlarga tayinlash va Milliy kadrlar zaxirasiga toʻgʻridan-toʻgʻri kiritish.

Tashkiliy chora-tadbirlar

2025-yil iyul

Talab etilmaydi

“El-yurt umidi” jamgʻarmasi,

Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi,

Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi

19.

Jamgʻarma stipendiatlari hamda bitiruvchilari, shuningdek, Oʻzbekistonda va xorijiy davlatlarda istiqomat qilayotgan qimmatli ilmiy va amaliy tajribaga ega yetakchi xorijiy mutaxassislar, shu jumladan, vatandoshlar bilan muntazam aloqalarni yoʻlga qoʻyish, ularning xorijda olgan bilim va koʻnikmalarini amaliyotga joriy etishga hamda kasbiy kamolotiga koʻmaklashishga qaratilgan anʼanaviy xalqaro forum oʻtkazib borish.

Boshqaruv kengashi qarori

Har yili kamida bir marotaba

El-yurt umidi” jamgʻarmasining budjet va budjetdan tashqari mablagʻlari va homiy tashkilotlar mablagʻlari

“El-yurt umidi” jamgʻarmasi,

Boshqaruv samaradorligi agentligi,

Tashqi ishlar vazirligi,

manfaatdor vazirlik va idoralar

20.

Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro nufuzini yanada oshirish va Jamgʻarma stipendiatlarining oʻqish jarayonlarini monitoring qilish maqsadida xorijiy mamlakatlarda ijtimoiy-maʼrifiy va madaniy tadbirlar tashkil etib borish.

Ijrochi vazirlik va idoralarning qoʻshma qarori

Har yili kamida ikki marotaba

“El-yurt umidi” jamgʻarmasining budjet va budjetdan tashqari mablagʻlari

“El-yurt umidi” jamgʻarmasi,

Tashqi ishlar vazirligi,

manfaatdor vazirlik va idoralar

Izoh: “Yoʻl xaritasi”da nazarda tutilgan tadbirlarni amalga oshirishda ishlab chiqilayotgan hujjat shakli oʻzgartirilishi yoki ishlab chiqilayotgan hujjat boshqa bandlarda koʻzda tutilgan oʻzga hujjatlar bilan birlashtirilishi mumkin.
(4-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 29-oktabrdagi PF-197-sonli Farmoni tahririda)
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.05.2025-y., 06/25/77/0433-son; 28.10.2025-y., 06/25/190/0985-son)