Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishda ilmiy yondashuvlarni kengaytirish va boshqaruv kadrlarini tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2023-yil 4-apreldagi PQ-108-son qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilarni nazarda tutuvchi:
a) Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq:
institutning asosiy vazifalari va funksiyalari;
institut faoliyatini tashkil etish;
institutning huquqlari va majburiyatlari;
institutning mol-mulki va moliyaviy mablagʻlari;
b) Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar institutining Tadqiqotlarni qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish jamgʻarmasi toʻgʻrisidagi nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish manbalari va ulardan foydalanish maqsadlari;
jamgʻarma faoliyatini boshqarish tartibi;
jamgʻarma mablagʻlaridan foydalanish hisobini yuritish.
2. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri J.A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2025-yil 21-fevral,
104-son
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 21-fevraldagi 104-son qaroriga

1-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar institutining (keyingi oʻrinlarda — Institut) maqomi, vazifalari va funksiyalari, huquqlari, javobgarligi hamda faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.
2. Institut davlat ilmiy-tadqiqot muassasasi boʻlib, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tizimiga kiradi.
3. Institut oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, qonunlari va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari, ushbu Nizom hamda boshqa qonunchilik hujjatlariga amal qiladi.
4. Institut davlat muassasasi shaklidagi yuridik shaxs boʻlib, oʻz faoliyati boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi oldida hisobdordir.
Institut mustaqil balansga, Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Gʻaznachilik xizmati qoʻmitasida ochilgan shaxsiy gʻazna hisobvaraqlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va oʻz nomi davlat tilida yozilgan muhrga va blankalarga ega boʻladi.
5. Institutning rasmiy nomi:
a) davlat tilida:
toʻliq nomi — Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti, qisqartirilgan nomi — Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI);
b) ingliz tilida:
toʻliq nomi — Institute for macroeconomic and regional studies under the Cabinet of Ministers of the Republic of Uzbekistan, qisqartirilgan nomi — Institute for macroeconomic and regional studies (IMRS);
v) rus tilida:
toʻliq nomi — Institut makroekonomicheskix i regionalnix issledovaniy pri Kabinete Ministrov Respubliki Uzbekistan, qisqartirilgan nomi — Institut makroekonomicheskix i regionalnix issledovaniy (IMRI).
6. Institutning joylashgan joyi (pochta manzili): Toshkent shahri, Xadra mavzesi, 33-uy.
2-bob. Institutning asosiy vazifalari va funksiyalari
7. Quyidagilar Institutning asosiy vazifalari hisoblanadi:
makroiqtisodiy tahlil, makroiqtisodiy siyosat samaradorligini baholash, uzoq muddatli iqtisodiy oʻsish drayverlarini aniqlash, makroiqtisodiy muvozanatni taʼminlash shart-sharoitlarini oʻrganish asosida ilmiy asoslangan takliflar tayyorlash;
inflyatsiya jarayonlarini tahlil qilish, narxlar oʻzgarishiga taʼsir qiluvchi monetar va nomonetar omillar, muqobil maʼlumotlarning manbalarini shakllantirgan holda, davriy ravishda asosiy isteʼmol mahsulotlari va uy-joy narxlari oʻzgarishi bilan bogʻliq narxlar monitoringini olib borish;
iqtisodiyotning barqaror oʻsishini taʼminlashga qaratilgan faol investitsiya siyosatini amalga oshirishning oʻrta va uzoq muddatli strategiyasi ustuvor yoʻnalishlarini asoslab berish, turli manbalardan investitsiyalarni jalb qilish va ulardan foydalanish samaradorligini baholash asosida investitsiya siyosatini takomillashtirish boʻyicha takliflarni ishlab chiqish;
sanoat sohasidagi holatni chuqur oʻrganish, tarkibiy oʻzgarishlarni tahlil qilish hamda boshqa mamlakatlar tajribasini oʻrganish asosida sanoat siyosatini shakllantirish, shuningdek, sanoat tarmoqlarini isloh qilish va samarali rivojlantirish boʻyicha ilmiy asoslangan takliflarni ishlab chiqish;
sanoat tarmoqlarni rivojlantirish muammolari va tendensiyalarining chuqur tahlili asosida sanoat siyosatini takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish, xorijiy davlatlarning milliy ustuvor yoʻnalishlari va tajribasini inobatga olib, sanoatni barqaror rivojlantirish hamda samaradorligini oshirish mexanizmlarini shakllantirish boʻyicha ilmiy asoslangan takliflarni ishlab chiqish;
hududlarni (shahar va tumanlar) qisqa, oʻrta va uzoq muddatli rivojlantirish boʻyicha turli ilmiy va amaliy qarashlarni oʻrganish, hududlarning tabiiy va raqobatbardosh ustunliklarini aniqlash, hududlar boʻyicha davlat siyosati samaradorligini oshirish toʻgʻrisida takliflar tayyorlash;
hududlar va sohalarni rivojlantirishga taʼsir qiluvchi tashqi xavflarni oʻrganish va ularning salbiy taʼsirini kamaytirish boʻyicha takliflarni ishlab chiqish, hududlar kesimida aholi tomorqalaridan samarali foydalanish holati toʻgʻrisida maʼlumotlarni tayyorlash;
iqtisodiyotda mehnat unumdorligi, kapital qiymati samaradorligi, energiya, suv va boshqa resurslar tejamkorligini baholash hamda barqaror rivojlanishga qaratilgan milliy maqsad va vazifalarni amalga oshirish samaradorligini oʻrganish;
iqtisodiyotning transformatsiyasi sharoitida urbanizatsiya tendensiyalari va muammolarini oʻrganish, shaharlarni rejalashtirish va ularning mobilligini oshirish boʻyicha tadqiqotlar oʻtkazish va shu asosda hududlarda urbanizatsiyani rivojlantirish boʻyicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqish;
qishloq xoʻjaligini rivojlantirishning joriy holati va omillarini baholash, aholining oziq-ovqat mahsulotlariga boʻlgan ehtiyojini qondirishni hisobga olgan holda mamlakatning barqaror oziq-ovqat xavfsizligiga erishish, qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishi samaradorligini oshirishning zaxiralari va yangi manbalarini aniqlash, qishloq xoʻjaligi tarmoqlarini rivojlantirish boʻyicha asoslantirilgan tavsiya va takliflarni ishlab chiqish;
xizmat koʻrsatish va servis sohasida tarkibiy tarmoqlarni isloh qilish va samarali rivojlantirish boʻyicha takliflarni ishlab chiqish hamda asoslash, shuningdek, xizmat koʻrsatish va servis sohasining joriy holatini tahlil qilish, anʼanaviy va yangi xizmat koʻrsatish sohalarini rivojlantirish muammolari hamda boshqa mamlakatlar tajribasini oʻrgangan holda ilmiy asoslangan takliflarni ishlab chiqish;
iqtisodiy bilimlarni shakllantirish tendensiyalari va iqtisodiyotni raqamlashtirish jarayonlarini tahlil qilish, shuningdek, mamlakatning yashil transformatsiyasi sharoitida ularning tarmoqlar va hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga taʼsirini baholash;
iqtisodiyotda biznes va raqobat muhitini tahlil qilish, tadbirkorlik subyektlari faoliyatini rivojlantirish va samarali tashkil qilish uchun biznes muhitini yaxshilashga doir ilmiy tadqiqot ishlarini olib borish hamda taklif va tavsiyalar ishlab chiqish;
tadbirkorlik subyektlariga bevosita va bilvosita taʼsir etuvchi hukumat qarorlarining ijobiy va salbiy taʼsiri hamda aholi turmush darajasini baholab borish maqsadida hududlarda yuzma — yuz va onlayn soʻrovlar oʻtkazish va ularning natijalarini tahlil qilish asosida taklif va tavsiyalar ishlab chiqish;
kambagʻallik va ijtimoiy tabaqalashuvni aniqlash milliy uslubini ilmiy asoslash, mamlakat, viloyatlar, tumanlar va shaharlar darajasida baholash va tahlil qilish, erishilayotgan natijalar asosida kambagʻallikni qisqartirish va aholi daromadini oshirish borasida ilmiy va amaliy tadqiqotlarni olib borish hamda shular asosida sohadagi ustuvor yoʻnalishlarni belgilash va samarasi yuqori boʻlgan moliyaviy mexanizmlarni ishlab chiqish, asosiy yoʻnalishlar boʻyicha qonuniy-huquqiy, tashkiliy va iqtisodiy mexanizmlarni takomillashtirish boʻyicha takliflar tayyorlash;
inson kapitali va uning tarkibiy komponentlarining hududiy tafovutlarini oʻrganish va tahlil etish, demografik tendensiyalardan kelib chiqib, inson salohiyatini rivojlantirish, hududlar imkoniyatini oʻrganish, rivojlangan mamlakatlar tajribasini hududlarda joriy etish, shu jumladan, aholi bandligini taʼminlash uchun noanʼanaviy va innovatsion yondashuvlarni ishlab chiqish va qoʻllash;
yer resurslaridan unumli foydalanish va ularni optimal taqsimlash orqali bandlikni taʼminlash, aholi daromadlarini oshirish yuzasidan muammolarni oʻrganish va amaliy takliflar tayyorlash.
8. Institut oʻziga yuklangan vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
a) makroiqtisodiy tahlil, makroiqtisodiy siyosat samaradorligini baholash, uzoq muddatli iqtisodiy oʻsish drayverlarini aniqlash, makroiqtisodiy muvozanatni taʼminlashning shart-sharoitlarini oʻrganish asosida ilmiy asoslangan takliflar tayyorlash sohasida:
mamlakatdagi joriy makroiqtisodiy vaziyatni, shu jumladan, iqtisodiy oʻsish surʼatlarini, inflyatsiya surʼatlarini, iqtisodiyotga kreditlar va investitsiyalar hajmi, soliq yukini va boshqalarni oʻrganadi;
makroiqtisodiy siyosat islohotlari natijalarini tahlil qiladi;
asosiy savdo hamkorlaridagi makroiqtisodiy koʻrsatkichlarni tahlil qilib boradi va Oʻzbekiston uchun taʼsirini baholaydi;
mamlakatning barqaror iqtisodiy rivojlanishini yanada ragʻbatlantirish boʻyicha takliflar ishlab chiqadi;
asosiy savdo hamkorlari bilan eksport-import operatsiyalarining dinamikasi va tarkibini tahlil qiladi;
tashqi savdo koʻrsatkichlarini takomillashtirishga qaratilgan takliflar ishlab chiqishda ishtirok etadi;
b) inflyatsiya jarayonlarini tahlil qilish, narxlar oʻzgarishiga taʼsir qiluvchi monetar va nomonetar omillar, muqobil maʼlumotlarning manbalarini shakllantirgan holda, davriy ravishda asosiy isteʼmol mahsulotlari va uy-joy narxlari oʻzgarishi bilan bogʻliq narxlar monitoringini olib borish sohasida:
narxlar, iqtisodiy koʻrsatkichlar hamda inflyatsiya jarayonlariga taʼsir qiluvchi monetar va nomonetar omillar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni tizimli ravishda toʻplaydi va tadqiq qiladi;
ichki va tashqi omillar, jumladan, makroiqtisodiy koʻrsatkichlar va global tendensiyalarni tahlil qilish asosida inflyatsiyaga taʼsir qiluvchi xatarlarni aniqlaydi;
iqtisodiy modellar asosida inflyatsiyaga ichki va tashqi omillarning taʼsirini baholaydi;
asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining oʻzgarishini hududlar kesimida har haftada monitoring qiladi;
asosiy turdagi import qilinadigan oziq-ovqat mahsulotlarni xalqaro bozorda va asosiy import qiluvchi mamlakatlarning ichki bozordagi narxlarining oʻzgarishini har chorakda monitoring va tahlilini oʻtkazadi;
hududlar kesimida uy-joy narxlarining oʻzgarishini har chorakda hamda ularning ijara narxlarining oʻzgarishini har oyda tahlil qiladi;
inflyatsiya xatarlarini boshqarish va narxlar barqarorligini taʼminlash boʻyicha takliflar ishlab chiqadi;
v) iqtisodiyotning barqaror oʻsishini taʼminlashga qaratilgan faol investitsiya siyosatini amalga oshirishning oʻrta va uzoq muddatli strategiyasi ustuvor yoʻnalishlarini asoslab berish, turli manbalardan investitsiyalarni jalb qilish va ulardan foydalanish samaradorligini baholash asosida investitsiya siyosatini takomillashtirish boʻyicha takliflarni ishlab chiqish sohasida:
jahondagi toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar oqimlari tendensiyalarini monitoring qilish orqali xorijda investitsiya siyosatini shakllantirishni tahlil qiladi;
mamlakat, hududlar, sohalar va tarmoqlarni rivojlantirishga investitsiyalarni jalb qilish boʻyicha mexanizmlar va vositalarni ishlab chiqishda ishtirok etadi;
hududlar, sohalar va tarmoqlar boʻyicha investitsiyalar, shu jumladan, xorijiy investitsiyalar va kreditlar hamda toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar taqsimlanishi va ulardan unumli foydalanishni tahlil qiladi va baholaydi;
g) sanoat sohasidagi holatni chuqur oʻrganish, tarkibiy oʻzgarishlarni tahlil qilish hamda boshqa mamlakatlar tajribasini oʻrganish asosida sanoat siyosatini shakllantirish, shuningdek, sanoat tarmoqlarini isloh qilish va samarali rivojlantirish boʻyicha ilmiy asoslangan takliflarni ishlab chiqish sohasida:
sanoat siyosatini shakllantirish boʻyicha ilgʻor xorijiy tajribani oʻrganadi;
sanoatda mehnat unumdorligi va energiya samaradorligi tendensiyalarini hamda boshqa ishlab chiqarish samaradorlik koʻrsatkichlarini tahlil qiladi;
sanoat sohasiga salbiy taʼsir etishi mumkin boʻlgan tashqi va ichki omillarni aniqlaydi;
sanoat siyosatini yanada takomillashtirishga qaratilgan ilmiy asoslangan takliflar ishlab chiqadi;
d) sanoat tarmoqlarni rivojlantirish muammolari va tendensiyalarining chuqur tahlili asosida sanoat siyosatini takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish, xorijiy davlatlarning milliy ustuvor yoʻnalishlari va tajribasini inobatga olib, sanoatni barqaror rivojlantirish hamda samaradorligini oshirish mexanizmlarini shakllantirish boʻyicha ilmiy asoslangan takliflarni ishlab chiqish sohasida:
sanoat siyosatining ustuvor yoʻnalishlarini hisobga olgan holda togʻ-kon va energetika tarmoqlarini rivojlantirish boʻyicha amaliy hamda tahliliy tadqiqotlar oʻtkazadi;
tarmoq dasturlarining bajarilishini monitoring qilish, oʻsishni taʼminlash uchun belgilangan maqsadli koʻrsatkichlarga erishishdagi muammolar hamda toʻsiq boʻlayotgan omillarni aniqlaydi;
dunyodagi global tendensiyalar va “yashil” iqtisodiyotga oʻtish yoʻnalishlarini hisobga olgan holda, togʻ-kon va energetika sanoatida faoliyat samaradorligini oshirish boʻyicha chora-tadbirlar va mexanizmlarni ishlab chiqishda ishtirok etadi;
sanoat va energetika siyosatini takomillashtirish boʻyicha ilmiy tadqiqot natijalarini hamda takliflarning tahliliy ishlanmalar, maʼruza maʼlumotnomalari shaklida tayyorlaydi.
e) hududlarni (shahar va tumanlar) qisqa, oʻrta va uzoq muddatli rivojlantirish boʻyicha turli ilmiy va amaliy qarashlarni oʻrganish, hududlarning tabiiy va raqobatbardosh ustunliklarini aniqlash, hududlar boʻyicha davlat siyosati samaradorligini oshirish toʻgʻrisida takliflar tayyorlash sohasida:
ixtisoslashuv va transformatsiya omillarini hisobga olgan holda mamlakatimizning (viloyatlar, shaharlar, tumanlar) hududiy mutanosibliklarini baholaydi;
hududlar raqobat ustunliklarini baholash, “yashil” iqtisodiyot, innovatsion rivojlanish yoʻli, iqtisodiyotni raqamlashtirishga oʻtishni hisobga olgan holda rivojlanishning yangi drayverlarini aniqlashda ishtirok etadi;
joylarga chiqib va anketa soʻrovi usulidan foydalangan holda hududiy nomutanosiblik va muammolarni, yuzaga kelishi mumkin boʻlgan xavf-xatarlarni baholaydi;
mahalliy resurslar va imkoniyatlardan maksimal darajada foydalanishni hisobga olgan holda, hududlarni mutanosib va barqaror rivojlantirish boʻyicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqadi;
j) hududlar va sohalarni rivojlantirishga taʼsir qiluvchi tashqi xavflarni oʻrganish va ularning salbiy taʼsirini kamaytirish boʻyicha takliflarni ishlab chiqish, hududlar kesimida aholi tomorqalaridan samarali foydalanish holati toʻgʻrisida maʼlumotlarni tayyorlash sohasida:
hududlar va sohalarning rivojlanishiga taʼsir qiluvchi tashqi omillarni aniqlash va tahlil qilishda ishtirok etadi;
hududlar va sohalarning rivojlanishiga taʼsir qiluvchi xavflarni kamaytirish boʻyicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqadi;
aholini tomorqalardan samarali foydalanishga toʻsqinlik qilayotgan omillarni aniqlashda ishtirok etadi;
aholi tomorqalari samaradorligi boʻyicha hududlar kesimida maʼlumotnomalar tayyorlab boradi;
aholini tomorqalardan yanada samaraliroq foydalanishga qaratilgan ilmiy asoslangan taklif va tavsiyalar ishlab chiqadi;
z) iqtisodiyotda mehnat unumdorligi, kapital qiymati samaradorligi, energiya, suv va boshqa resurslar tejamkorligini baholash hamda barqaror rivojlanishga qaratilgan milliy maqsad va vazifalarni amalga oshirish samaradorligini oʻrganish sohasida:
tarmoq va sohalar kesimida mehnat unumdorligi, kapital qiymat samaradorligi, energosamaradorlikni aniqlashda va tahlili qilishda ishtirok etadi;
suv va boshqa qayta tiklanmaydigan tabiiy resurslardan samarali foydalanishni baholovchi indikatorlarini ishlab chiqishda ishtirok etadi;
barqaror rivojlanish milliy maqsadlari doirasida iqtisodiy samaradorlik koʻrsatkichlari parametrlarini ilmiy asoslanishida qatnashadi;
barqaror rivojlanish milliy maqsad va vazifalarini amalga oshirish samaradorligini doimiy monitoring qilishda qatnashadi;
iqtisodiyotda mehnat unumdorligi, kapital qiymati samaradorligi, energiya, suv va boshqa resurslar tejamkorligini taʼminlash boʻyicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqadi;
barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yuzasidan tahliliy maʼlumotnomalar tayyorlab boradi;
i) iqtisodiyotning transformatsiyasi sharoitida urbanizatsiya tendensiyalari va muammolarini oʻrganish, shaharlarni rejalashtirish va ularning mobilligini oshirish boʻyicha tadqiqotlar oʻtkazish va shu asosda hududlarda urbanizatsiyani rivojlantirish boʻyicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqish sohasida:
urbanizatsiya jarayonlariga taʼsir etuvchi omillarni aniqlash va tahlil qilishda ishtirok etadi;
shaharlarda zamonaviy bozor xizmatlarining rivojlanish holatini tahlil qiladi;
shaharlarda yashash qulayligini oshirish boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqadi;
hududlarda urbanizatsiyani rivojlantirish konsepsiyasini ishlab chiqishda ishtirok etadi;
k) qishloq xoʻjaligini rivojlantirishning joriy holati va omillarini baholash, aholining oziq-ovqat mahsulotlariga boʻlgan ehtiyojini qondirishni hisobga olgan holda mamlakatning barqaror oziq-ovqat xavfsizligiga erishish, qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishi samaradorligini oshirishning zaxiralari va yangi manbalarini aniqlash, qishloq xoʻjaligi tarmoqlarini rivojlantirish boʻyicha asoslantirilgan tavsiya va takliflarni ishlab chiqish sohasida:
qishloq xoʻjaligini rivojlantirish koʻrsatkichlari boʻyicha muntazam monitoring va tahlillar olib boradi hamda davlat strategiyalarining maqsadli koʻrsatkichlariga erishishdagi muammolarni aniqlash va kelgusida ularning yechimlarini ishlab chiqadi;
qishloq xoʻjaligida islohotlarni amalga oshirish va agrar sektorning ishlab chiqarish va eksport salohiyatini oshirish boʻyicha xorijiy tajribani oʻrganadi, shu jumladan, Qishloq xoʻjaligi vazirligi va boshqa davlat organlari, xalqaro tashkilotlar va muassasalar koʻmagida qishloq xoʻjaligida ishlab chiqarish boʻyicha yetakchi mamlakatlarga xizmat safarlarini amalga oshiradi;
jahon oziq-ovqat bozoridagi tendensiyalarni muntazam oʻrganadi, shu jumladan, Toshkent shahrida va xorijiy mamlakatlar poytaxtlarida asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining har oy qiyosiy monitoringini yuritadi;
qishloq xoʻjaligining eksport salohiyatini rivojlantirish va oziq-ovqat mahsulotlari importini diversifikatsiya qilish imkoniyatlarini baholaydi;
davlat organlari va boshqa tashkilotlardan qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat bozorini rivojlantirish masalalari boʻyicha tadqiqotlar oʻtkazish uchun zarur boʻlgan statistika, tahliliy va boshqa maʼlumotlarni soʻraydi;
l) xizmat koʻrsatish va servis sohasida tarkibiy tarmoqlarini isloh qilish va samarali rivojlantirish boʻyicha takliflarni ishlab chiqish hamda asoslash, shuningdek, xizmat koʻrsatish va servis sohasining joriy holatini tahlil qilish, anʼanaviy va yangi xizmat koʻrsatish sohalarini rivojlantirish muammolari hamda boshqa mamlakatlar tajribasini oʻrgangan holda ilmiy asoslangan takliflarni ishlab chiqish sohasida:
xizmat koʻrsatish sohasini rivojlantirishiga oid jahon tendensiyalarini oʻrganadi;
xizmat koʻrsatish sohasini rivojlantirish davlat strategiyalarining maqsadli koʻrsatkichlarini muntazam monitoring va tahlil qiladi, muammolarni aniqlaydi va hal etish yoʻllarini ishlab chiqadi;
m) iqtisodiy bilimlarni shakllantirish tendensiyalari va iqtisodiyotni raqamlashtirish jarayonlarini tahlil qilish, shuningdek, mamlakatning yashil transformatsiyasi sharoitida ularning tarmoqlar va hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga taʼsirini baholash sohasida:
“yashil” va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish boʻyicha statistika hamda boshqa maʼlumotlarni toʻplash, jamlash, qayta ishlash va tahlil qilishni taʼminlaydi;
“yashil” va raqamli iqtisodiyot boʻyicha tahliliy eslatmalarni tayyorlaydi va taqdim etadi;
n) iqtisodiyotda biznes va raqobat muhitini tahlil qilish, tadbirkorlik subyektlari faoliyatini rivojlantirish va samarali tashkil qilish uchun biznes muhitini yaxshilashga doir ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish hamda taklif va tavsiyalar ishlab chiqish sohasida:
kichik va oʻrta biznesning rivojlanish holatini tahlil qilish, ularning samaradorligini va iqtisodiy salohiyatini oshirishga doir taklif va tavsiyalarni ishlab chiqadi;
ilgʻor xorijiy mamlakatlar tajribasiga tayanib va mahalliy biznes muhitidan kelib chiqib, tadbirkorlikni rivojlantirishga doir qoʻllab-quvvatlash mexanizmlarini takomillashtirishda ishtirok etadi;
tadbirkorlik subyektlari oʻrtasida raqobat muhitini shakllantirishga qaratilgan, ilmiy asoslangan chora-tadbirlarni ishlab chiqishda ishtirok etadi.
o) tadbirkorlik subyektlariga bevosita va bilvosita taʼsir etuvchi hukumat qarorlarining ijobiy va salbiy taʼsiri hamda aholi turmush darajasini baholab borish maqsadida hududlarda yuzma — yuz va onlayn soʻrovlar oʻtkazish va ularning natijalarini tahlil qilish asosida taklif va tavsiyalar ishlab chiqish sohasida:
aholi turmush darajasini va tadbirkorlik faoliyatini oʻrganish boʻyicha soʻrovnomalar oʻtkazishning jahon andozalariga muvofiq metodologiyasini ishlab chiqish va uni tatbiq etgan holda, tadqiqot natijalarini aniq tavsiyalar bilan tahlil qiladi;
hududlarda soʻrovlarni (onlayn va yuzma-yuz) tashkil etgan holda, iqtisodiyot sohasida qabul qilinayotgan qarorlar va amalga oshirilayotgan islohotlarning tadbirkorlik subyektlari faoliyatiga taʼsirini miqdoriy baholaydi;
soʻrovnomalarni internet tarmoqlariga joylashtirish, bevosita oʻtkazilgan soʻrovnomalar bazasini yangi raqamli texnologiyalar tizimini tatbiq etgan holda shakllantiradi va qayta ishlaydi;
p) kambagʻallik va ijtimoiy tabaqalashuvni aniqlash milliy uslubini ilmiy asoslash, mamlakat, viloyatlar, tumanlar va shaharlar darajasida baholash va tahlil qilish, erishilayotgan natijalar asosida kambagʻallikni qisqartirish va aholi daromadini oshirish borasida ilmiy va amaliy tadqiqotlarni olib borish hamda shular asosida sohadagi ustuvor yoʻnalishlarni belgilash va samarasi yuqori boʻlgan moliyaviy mexanizmlarni ishlab chiqish, asosiy yoʻnalishlar boʻyicha qonuniy-huquqiy, tashkiliy va iqtisodiy mexanizmlarni takomillashtirish boʻyicha takliflar tayyorlash sohasida:
hududlarda kambagʻallikni qisqartirish hamda aholi farovonligini oshirish boʻyicha tanlama soʻrovlarni tashkil etish, aholining ijtimoiy-iqtisodiy holatini oʻrganishga qaratilgan tadqiqotlar oʻtkazadi;
kambagʻallikni qisqartirishning yangi mexanizmlarini shakllantirishga qaratilgan ilmiy tadqiqotlar oʻtkazadi;
mamlakat, viloyat, tuman va shaharlar kesimida kambagʻallik, tabaqalashuv va ijtimoiy xavf-xatarlarni qisqartirish, ijtimoiy himoyani kuchaytirish hamda farovonlikni oshirishga qaratilgan strategiya, konsepsiya va dasturlar ishlab chiqilishida faol ishtirok etish, asoslantirilgan ilmiy taklif va tavsiyalar ishlab chiqish, amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarda belgilangan maqsadli koʻrsatkichlar ijrosi boʻyicha tahlillar oʻtkazadi;
hududlarda kambagʻallikni qisqartirish va aholi farovonligini oshirishga taʼsir etuvchi omillarni oʻrganish, kutiladigan xavf-xatarlarni tahlil va prognoz qilish orqali hukumatga tahliliy maʼlumotnomalar kiritib boradi;
r) yer resurslaridan unumli foydalanish va ularni optimal taqsimlash orqali bandlikni taʼminlash, aholi daromadlarini oshirish yuzasidan muammolarni oʻrganish va amaliy takliflar tayyorlash sohasida:
yerdan foydalanishning joriy holatini baholash, yer maydonlaridan samarali foydalanishni ragʻbatlantiruvchi mexanizmlarga oid tavsiyalarni ishlab chiqish, rivojlangan mamlakatlarning yer islohotlari tajribalarini oʻrganish asosida sohani rivojlantirish boʻyicha tavsiyalarni ishlab chiqish;
elektron-onlayn auksion savdolari orqali sotilgan yer uchastkalarini, xususiylashtirilayotgan yer uchastkalarining dinamikasini tahlil qilish hamda “Yerelektron”, “E-ijara” va “Yerxususiylashtirish” avtomatlashtirilgan axborot tizimlarini takomillashtirish yuzasidan tegishli takliflarni ishlab chiqishda ishtirok etadi;
yer uchastkalarini sotish hamda yerlarni xususiylashtirish yuzasidan shakllantirilgan tahliliy maʼlumotlarni OAV orqali yoritish ishlarini amalga oshirishda ishtirok etadi;
qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerdan foydalanishning joriy holatini baholash, ragʻbatlantiruvchi mexanizmlariga oid tavsiyalarni ishlab chiqish, degradatsiya holatidagi sugʻoriladigan yerlarni tiklash va foydalanishga kiritish mexanizmlarini taklif qiladi.
s) inson kapitali va uning tarkibiy komponentlarining hududiy tafovutlarini oʻrganish va tahlil etish, demografik tendensiyalardan kelib chiqib, inson salohiyatini rivojlantirish, hududlar imkoniyatini oʻrganish, rivojlangan mamlakatlar tajribasini hududlarda joriy etish, shu jumladan, aholi bandligini taʼminlash uchun noanʼanaviy va innovatsion yondashuvlarni ishlab chiqish va qoʻllash sohasida:
inson salohiyatini rivojlantirish uchun ilgʻor xorijiy tajribani oʻrganish, Oʻzbekiston ijtimoiy sohasini rivojlantirish boʻyicha muqobil variantlarni respublikada tatbiq etadi;
sogʻliqni saqlash, taʼlim va mehnat bozoridagi muammolarni aniqlash boʻyicha tanlama soʻrovlarni tashkil etish, aniqlangan toʻsiq va muammolarni bartaraf etishga doir noanʼanaviy va innovatsion yechimlarni ishlab chiqadi;
respublika va hududlar kesimida mehnat bozoridagi talab va taklif oʻrtasidagi muvozanatni aniqlash, norasmiy bandlikning sabab va oqibatlarini aniqlash, mehnat bozoridagi kamsitish holatlarini oʻrganish va mehnat migratsiyasini chuqur tahlil qiladi;
taʼlim tizimi sifatini hududlar kesimida baholash boʻyicha tadqiqot va tahlillar oʻtkazish, taʼlim sifatiga taʼsir etuvchi omillarni aniqlash hamda bartaraf etish boʻyicha ilmiy asoslangan takliflar tayyorlaydi;
aholi oʻrtasida sogʻliqni saqlash xizmatlaridan qoniqish darajasini soʻrovlar asosida oʻrganish, eng koʻp tarqalgan kasalliklar, shifokorlar bilan taʼminlanish darajalarini hududlar kesimida doimiy ravishda baholab boradi;
Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM) va “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi asosidagi koʻrsatkichlar va yutuqlar monitoringini yuritadi, kamchiliklarni aniqlab, tegishli tavsiyalar ishlab chiqadi.
3-bob. Institutning huquqlari va majburiyatlari
9. Institut oʻziga yuklangan vazifalarni amalga oshirish uchun quyidagi huquqlarga ega:
Institut tomonidan olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlarni ommalashtirish maqsadida axborot-tahliliy sharhlar va boshqa materiallarni tayyorlash, chop etish hamda mahalliy va xorijiy olimlar, mutaxassislarni, vazirlik va idoralarning vakillarini jalb qilgan holda davra suhbatlari, seminarlar, konferensiyalar va forumlar oʻtkazish;
xalqaro moliya institutlari, xalqaro tashkilotlar, xorijiy tadqiqot va taʼlim muassasalari bilan ilmiy hamda amaliy aloqalar oʻrnatish, rivojlantirish va mustahkamlash, ular bilan hamkorlik toʻgʻrisida memorandum va shartnomalar tuzish;
oʻz nomidan Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligi va xalqaro shartnomalarida koʻzda tutilgan huquqiy munosabatlarga kirishish;
oʻz vakolati kiruvchi, Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligi va ushbu Nizomga zid boʻlmagan zarur qarorlar qabul qilish va harakatlarni amalga oshirish, oʻz faoliyatining iqtisodiy, ijtimoiy va tashkiliy masalalarini hal qilish;
respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, xoʻjalik birlashmalariga shartnoma asosida konsalting xizmatlarini koʻrsatish;
xalqaro va amaliy hamkorlikni amalga oshirish, olim va mutaxassislarni xorijiy mamlakatlarga xizmat safariga yuborish, xorijlik olimlar, xalqaro jamoat, moliya va iqtisodiyot tashkilotlari vakillarini, xorijiy firmalar, banklar va kompaniyalarni taklif etish va qabul qilish;
iqtisodiy yoʻnalishlar boʻyicha doktorantura (DSc) va tayanch doktoranturada (PhD) ilmiy-pedagog kadrlarni tayyorlash;
vakolatli respublika ijro etuvchi hokimiyat organlaridan tadqiqotlar oʻtkazish uchun zarur rasmiy va tarmoqlar boʻyicha statistika va boshqa maʼlumotlarni soʻrash;
tegishli mol-mulk, intellektual va boshqa mulk, xoʻjalik hamda boshqa faoliyat natijasida olingan mahsulot va foyda, shuningdek, qonunda koʻzda tutilgan boshqa asoslar boʻyicha orttirilgan mol-mulkka egalik qilish, foydalanish va boshqarish;
manfaatdor vazirlik va idoralardan statistik va axborot byulletenlari, tegishli sohaga oid tahliliy maʼlumotlar hamda tadqiqotlar olib borish uchun boshqa zarur maʼlumotlarni (shu jumladan, egasizlantirilgan shaxsda doir maʼlumotlar) bepul tartibda olish, shuningdek, axborot almashinuvi va maʼlumotlar bazalari bilan integratsiya qilish;
oʻzining faoliyati doirasida ishlarni (xizmatlarni) shartnoma (pulli) asosida bajarish.
Institut qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
10. Institut quyidagi majburiyatlarga ega:
Vazirlar mahkamasi tomonidan har yili tasdiqlanadigan ilmiy tadqiqotlar rejasiga asosan tadqiqot va oʻrganishlar olib borish;
Tadqiqot natijalarini davriy ravishda sharhlar (qoʻllanma, maʼlumotnoma) chop etib borish;
Institut faoliyati natijalari boʻyicha yillik (choraklik) hisobotlarini internet veb-sayt va boshqa ommaviy axborot vositalarida chop etib borish;
Institut tomonidan yaratilgan ishlanma, ilmiy yangilik va yutuqlarning amaliyotga joriy qilinganligi hamda buning natijasida erishilgan (erishilayotgan) koʻrsatkichlarni ochiq eʼlon qilib borish;
ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishini kompleks baholagan holda asoslangan ekspert xulosalarini tayyorlash va natijalarini davriy chop etib borish;
ilmiy tadqiqotlar va sifatli tahliliy maʼlumotnomalar bilan taʼminlash hamda ularning keng qoʻllanilishiga faol ravishda koʻmaklashish;
Vazirlar Mahkamasi tomonidan makroiqtisodiy va hududiy strategik rivojlanishga oid normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari Institutga taqdim etilgan taqdirda, ular boʻyicha xulosa (munosabat) berish;
ish yuritishni tashkil etish, rasmiy hujjatlarni tuzish, ijro etish va saqlash boʻyicha belgilangan talablarga rioya qilish;
oʻz faoliyati natijalari boʻyicha statistika hisoboti va buxgalteriya hisobini yuritish.
Institut qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlarga ham ega boʻlishi mumkin.
11. Institut direktori funksional majburiyatlari va samaradorlikning muhim koʻrsatkichlari Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
Institutning ilmiy-tadqiqot faoliyati samaradorligi quyidagi asosiy mezonlarni asosida baholanadi:
tasdiqlangan ilmiy-tadqiqot rejasining oʻz vaqtida sifatli bajarilishi (tahliliy maʼlumotnoma va sharh, uslubiy qoʻllanma, axborotnoma, strategiya, konsepsiya, davlat dasturlari);
tadqiqot natijalarining ilmiy jurnallarda nashr etilishi;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Oliy Majlis palatalari va Vazirlar Mahkamasi topshiriqlarining oʻz vaqtida bajarilishi (tahliliy maʼlumotnoma va sharh, axborotnoma);
islohotlarning ustuvor yoʻnalishlari va natijalarini, ilmiy ishlanmalarning natijalarini OAV (ijtimoiy tarmoqlar, televideniya va radio) orqali keng jamoatchilikka yetkazish va targʻib qilish (press-reliz, infografika, post, videorolik);
Institut huzuridagi “Iqtisodiyot: tahlillar va prognozlar” jurnalining chop etilishi;
Institut xodimlarining malakasini oshirish uchun respublika va xalqaro miqyosidagi ilmiy anjuman va konferensiyalarda, treninglar va seminarlarda ishtirok etishi.
Direktor Institut faoliyatining natijadorligi boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga hisobot beradi va samaradorlikning muhim koʻrsatkichlarini sifatli bajarish uchun shaxsiy javobgarlikni oʻz zimmasiga oladi.
4-bob. Institut faoliyatini tashkil etish
12. Institutga Vazirlar Mahkamasining qarori bilan lavozimga tayinlanadigan va lavozimidan ozod etiladigan direktor rahbarlik qiladi.
Institut direktori:
Institut faoliyatiga umumiy rahbarlik qiladi va unga yuklangan vazifalarning bajarilishi uchun shaxsan javobgar boʻladi, shuningdek, faoliyatidagi zaruratdan kelib chiqib, direktor oʻrinbosarlari va Institut xodimlari oʻrtasida majburiyatlarni taqsimlaydi, ularning vakolatlarini belgilaydi;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti hujjatlari va topshiriqlari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining tegishli topshiriqlari oʻz vaqtida ijro etilishini, ularning ustidan taʼsirchan nazorat amalga oshirilishini hamda bu boradagi ishlar holati tizimli tahlil qilinishini tashkil etadi;
Vazirlar Mahkamasi bilan kelishgan holda Institutning doimiy tadqiqot va tahliliy dasturlarini, ish rejalarini hamda davriy chop etiladigan qoʻllanma (sharh) maʼlumotnomalarini tasdiqlaydi;
oʻz vakolati kiruvchi zarur qarorlar qabul qilish va harakatlarni amalga oshirish, oʻz faoliyatining iqtisodiy, ijtimoiy va tashkiliy masalalarini hal qiladi;
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari mutaxassislarini, ilmiy-tadqiqot muassasalari xodimlarini, oliy oʻquv yurtlari, shu jumladan xalqaro va xorijiy oʻquv yurtlari olimlari va oʻqituvchilarini shartnoma asosida, ekspert sifatida tadqiqotlarga jalb etadi;
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarida, shuningdek, xalqaro tashkilotlarda institut nomidan ish koʻradi, shuningdek, xoʻjalik birlashmalariga shartnoma asosida konsalting xizmatlarini koʻrsatishi mumkin;
xalqaro hamkorlikni amalga oshirish, olim va mutaxassislarni xorijiy mamlakatlarga xizmat safariga yuborish, xorijlik olimlar, xalqaro jamoat, moliya va iqtisodiyot tashkilotlari vakillarini, xorijiy firmalar, banklar va kompaniyalarni taklif etish va qabul qilish;
Institut nomidan shartnomalar va bitimlar tuzadi, shunday shartnomalar tuzishga ishonchnomalar beradi;
Institut xodimlari bilan qonunchilikda belgilangan tartibda mehnat shartnomalarini tuzadi va bekor qiladi, ularni lavozimdan lavozimga oʻtkazadi;
 LexUZ sharhi
Qarang: Mehnat kodeksning 12 bob 5-paragrafi (“Mehnat shartnomasini bekor qilish”).
zarurat tugʻilganda, xodimlarning tasdiqlangan soni va ish haqi fondi doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bilan kelishgan holda Institut tuzilmasiga oʻzgartirishlar kiritadi;
lavozim maoshlariga ustama va qoʻshimcha toʻlovlarni belgilaydi, xodimlarga moddiy yordam koʻrsatish boʻyicha qarorlar qabul qiladi;
amaldagi qonunchilikka muvofiq Institut faoliyatining boshqa masalalarini koʻrib chiqadi va hal qiladi;
direktor oʻrinbosarlari oʻzlariga topshirilgan faoliyat sohasi uchun javobgar hisoblanadi, direktor joyida boʻlmagan taqdirda birinchi oʻrinbosar unga yuklangan vazifalarini amalga oshiradi;
oʻzining baʼzi funksiyalarini, ularning bajarilish natijalariga javobgarlikni birgalikda olib borgan holda, direktor oʻrinbosarlariga yuklash huquqiga ega.
13. Direktor Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining tegishli oʻrinbosari bilan kelishilgan holda, Institut direktori tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan bir nafar birinchi oʻrinbosar va ikki nafar oʻrinbosarga ega.
14. Direktor oʻrinbosarlari:
Institut faoliyatining oʻzlari mutasaddi boʻlgan funksional yoʻnalishlari boʻyicha oʻtkazilayotgan tadqiqotlarga tashkiliy va uslubiy rahbarlik qiladi;
oʻzlariga biriktirilgan, Institutning asosiy tuzilmaviy boʻlimlari, tadqiqot loyihalarini boshqaradi;
mutasaddi boʻlimlarining tadqiqot dasturlari, rejalarini koʻrib chiqadi va direktorga tasdiqlash uchun kiritadi;
xodimlarni moddiy ragʻbatlantirish va taqdirlashning tizimlari, shakllari va miqdorlarini aniqlash, lavozim maoshlariga ustama va qoʻshimcha toʻlovlarni belgilashda ishtirok etadi;
direktor topshirigʻi boʻyicha, respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari, yuridik shaxslar va fuqarolar bilan oʻzaro munosabatlarda Institut manfaatlarini ifodalaydi;
Oʻzbekiston Respublikasining qonunlari, Oliy Majlis palatalarining qarorlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti hujjatlari va topshiriqlari, Vazirlar Mahkamasi hujjatlari va topshiriqlari sifatli va oʻz vaqtida bajarilishini taʼminlaydi;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining alohida topshiriqlari bilan zimmasiga yuklangan boshqa vazifalarni bajaradilar;
yuklangan funksional majburiyatlarning sifatli bajarilishi uchun shaxsan javobgardirlar.
15. Institutning yetuk olimlari hamda boshqa tashkilotlarning jami 9 nafar malakali mutaxassislaridan iborat tarkibda Ilmiy kengash tuziladi.
Ilmiy kengash:
Institutda amalga oshiriladigan ilmiy-tadqiqot ishlarining dasturlari va rejalarini koʻrib chiqadi va maʼqullaydi;
Ilmiy loyihalar rahbarlarining ishlari va ularning natijalari toʻgʻrisidagi hisobotlarini eshitadi, oʻtkazilgan tadqiqotlarning natijalari va sifatiga yil yakuni boʻyicha baho beradi;
hisobot yilida loyihalar natijalarini baholash ushbu loyihalar doirasida tadqiqotlar davom ettirilishi yoki loyihalarni yopish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
16. Institut Ilmiy kotibi:
Ilmiy kengash faoliyatini muvofiqlashtirish va axborot-tahliliy taʼminotini amalga oshiradi;
ilmiy-tadqiqot ishlarining dasturlari va rejalari ishlab chiqilishini tashkil etadi, tadqiqotlarning oʻz vaqtida va sifatli tayyorlanishini joriy nazorat qiladi;
Institutning mamlakatdagi va xorijiy tadqiqot muassasalari bilan munosabatlarini taʼminlaydi;
Institut xodimlari ishtirokida tahliliy va axborot materiallari bilan ishlash uslubiyoti boʻyicha mashgʻulotlar oʻtkazilishini tashkil etadi;
Ilmiy kotib Institut direktori tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod qilinadi.
17. Institut tarkibida ixtisoslashgan boʻlimlar bilan bir qatorda, yordamchi, texnik, maʼmuriy va xoʻjalik faoliyati boʻlinmalari va boshqa xizmatlar faoliyat yuritadi.
18. Institut oʻz faoliyati natijalarining operativ va buxgalteriya hisobini amalga oshiradi, statistika hisobotini yuritadi, hisobot maʼlumotlari va balans hisoblarining ishonchliligini taʼminlaydi.
5-bob. Institutning mol-mulki va moliyaviy mablagʻlari
19. Institut mol-mulki asosiy fondlar (binolar, inshootlar, uskunalar, transport vositalari va boshqalar), aylanma mablagʻlar hamda moliyaviy resurslar va barcha moliyaviy manbalar hisobidan xarid qilinadigan boshqa moddiy boyliklardan iborat.
Institut mol-mulkining bahosi uning mustaqil balansida aks ettiriladi.
20. Institut oʻziga biriktirilgan mol-mulkka egalik qilish, undan foydalanish va uni boshqarish huquqini belgilangan tartibda amalga oshiradi.
21. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan ajratiladigan mablagʻlar, xoʻjalik faoliyatidan, shartnoma asosida tadqiqotlar oʻtkazishdan, xalqaro tashkilotlar va boshqa tashkilotlar grantlaridan hamda qonunchilik bilan taqiqlanmagan boshqa manbalardan tushgan tushumlar Institutning moliyaviy manbalari hisoblanadi.
22. Xoʻjalik, ilmiy-texnik va boshqa xoʻjalik hisobidagi faoliyatlardan tushgan daromadlardan, shuningdek, homiylik, va begʻaraz yordamlar hisobidan tushgan tushumlar hisobidan xarid qilingan mol-mulk va vositalar Institutning mulki hisoblanadi.
23. Institut ixtiyorida tejab qolingan mablagʻlar muassisning koʻrsatmasiga muvofiq Institut moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va zarur fondlarni tuzishga yoʻnaltiriladi.
6-bob. Yakunlovchi qoidalar
24. Institut qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda tugatiladi va qayta tashkil etiladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 49, 55-moddalari.
25. Ushbu Nizomning talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javob beradilar.
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 21-fevraldagi 104-son qaroriga

2-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar institutining Tadqiqotlarni qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish jamgʻarmasi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar institutining Tadqiqotlarni qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.
2. Jamgʻarma yuridik shaxs hisoblanmaydi, uning mablagʻlari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar institutining (keyingi oʻrinlarda — Institut) Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Gʻaznachilik xizmati qoʻmitasida ochilgan alohida shaxsiy gʻazna hisobvaragʻida jamlanadi hamda belgilangan tartibda buxgalteriya hisobi yuritiladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Buxgalteriya hisobi toʻgʻrisida”gi Qonuni.
2-bob. Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi
3. Quyidagilar Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish manbalari hisoblanadi:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan har yili Institutning bir yillik mehnatga haq toʻlash jamgʻarmasining 40 foizi miqdorida ajratiladigan mablagʻlar;
Qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
4. Jamgʻarma mablagʻlari:
Institut xodimlarining respublika hududlariga chiqib ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni oʻrganish, aholi va tadbirkorlar oʻrtasida soʻrovlar oʻtkazish bilan bogʻliq xarajatlarni moliyalashtirish;
Oʻzbekiston iqtisodchilari forumini tashkil etish;
shartnoma asosida yuqori malakali mutaxassislar, shu jumladan, xorijiy ekspertlarni Institutda mehnat faoliyati bilan shugʻullanish uchun jalb etish;
Institut xodimlarini bayram kunlarida bir oylik mehnatga haq toʻlash jamgʻarmasining bir baravari miqdorigacha ragʻbatlantirish;
Institut xodimlariga asosiy turdagi qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini kuz-qish mavsumiga zaxiraga jamgʻarish uchun mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining 10 baravaridan oshmagan miqdorda moddiy yordam berish;
Institutda alohida xizmat koʻrsatgan xodimlarga har oyda bir oylik mehnatga haq toʻlash jamgʻarmasining bir baravari miqdorigacha ustamalar, mukofotlar va boshqa ragʻbatlantiruvchi toʻlovlar toʻlash;
Institut xodimlarini ilmiy salohiyatini oshirish, shu jumladan, stajirovkasi bilan bogʻliq xarajatlarini moliyalashtirish;
Institut faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan boshqa tadbirlarni amalga oshirish uchun yoʻnaltiriladi.
Xodimga nisbatan intizomiy jazo amal qilib turgan davr mobaynida ushbu xodimga Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan ragʻbatlantirish choralari, shu jumladan, mehnatga haq toʻlash tizimiga kirmaydigan va mehnat natijalariga asoslanmagan mukofotlar ham (bayramlar, shu jumladan, kasb bayramlari, yubileylar munosabati bilan va boshqalar) qoʻllanilmaydi.
5. Jamgʻarmaga tushadigan xorijiy valyutadagi mablagʻlar har bir xorijiy valyuta turi boʻyicha ochilgan gʻazna hisobvaragʻida jamlanadi va mazkur mablagʻlar qonunchilikda belgilangan tartibda ishlatiladi.
3-bob. Jamgʻarma faoliyatini boshqarish
6. Jamgʻarma faoliyatini boshqarish va uning mablagʻlarini maqsadli taqsimlash Jamgʻarma faoliyatini boshqarish kengashi (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma kengashi) tomonidan amalga oshiriladi. Institut direktori Jamgʻarma kengashi raisi hisoblanadi.
Jamgʻarma kengashi Institut direktorining buyrugʻi bilan kamida 7 nafar kishidan iborat tarkibda tasdiqlanadi va direktor oʻrinbosarlari, Institutning tegishli boʻlinma rahbarlari kiritiladi.
Jamgʻarma kengashi oʻz faoliyatini mazkur Nizomga muvofiq yuritadi hamda aʼzolari oʻz majburiyatlarini jamoatchilik asosida bajaradi.
Jamgʻarma kengashi majlisi aʼzolarning yarmidan koʻpi qatnashgan taqdirda, vakolatli hisoblanadi.
Koʻrib chiqilayotgan masalalar boʻyicha qarorlar oddiy koʻpchilik ovoz bilan qabul qilinadi.
Qabul qilingan qaror bayonnoma shaklida rasmiylashtiriladi.
7. Jamgʻarma kengashi majlisi har chorakda oʻtkaziladi. Bunda navbatdan tashqari tartibda Jamgʻarma kengashi majlislari oʻtkazilishi mumkin.
8. Jamgʻarma kengashi:
har yili 1-aprelga qadar Jamgʻarmaning joriy yil uchun daromadlar va xarajatlar smetasini tasdiqlaydi;
zarur hollarda, tasdiqlangan daromadlar va xarajatlar smetasiga tegishli oʻzgartirishlar kiritadi;
ushbu Nizomning 4-bandiga muvofiq Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladigan tadbirlarni belgilaydi;
Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan Institut xodimlarining oylik ish haqiga ustamalar, mukofotlar va boshqa ragʻbatlantiruvchi toʻlovlar hamda moddiy yordam pullarini toʻlash shartlarini belgilaydi va tartiblarini tasdiqlaydi;
Jamgʻarma mablagʻlaridan maqsadli foydalanilishini nazorat qilish ishlarini muvofiqlashtiradi;
ishchi organ tomonidan yil choraklari yakuni boʻyicha tayyorlanadigan Jamgʻarma mablagʻlaridan foydalanish toʻgʻrisidagi hisobotlarni koʻrib chiqadi va tasdiqlaydi;
Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish bilan bogʻliq boshqa ishlarni amalga oshiradi.
9. Institutning Moliya-iqtisod boʻlimi Jamgʻarma kengashining ishchi organi hisoblanadi.
10. Ishchi organ:
Jamgʻarmaning faoliyatini tashkil etadi hamda uning yillik daromadlari va xarajatlari prognoz koʻrsatkichlarini ishlab chiqadi;
Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish manbalari va sarflash yoʻnalishlari boʻyicha daromad va xarajatlari hisobini yuritadi;
Jamgʻarma mablagʻlarini maqsadli ishlatilishi boʻyicha nazorat ishlarini tashkillashtiradi;
har chorakda kamida bir marta Jamgʻarma mablagʻlaridan foydalanilishi toʻgʻrisida hisobot tayyorlaydi va Jamgʻarma kengashiga taqdim etadi;
Jamgʻarma kengashining qarorlariga asosan Jamgʻarma faoliyati bilan bogʻliq boshqa ishlarni amalga oshiradi.
4-bob. Jamgʻarma mablagʻlaridan foydalanish hisobini yuritish va nazorat qilish
11. Jamgʻarma Institutning budjetdan tashqari ochilgan alohida shaxsiy gʻazna hisobvaragʻida yuritiladi.
12. Jamgʻarmaning daromadlar va xarajatlar smetasi budjet tashkilotlari uchun budjetdan tashqari mablagʻlar boʻyicha qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda tuziladi (choraklar, tushumlar manbalari va ulardan foydalanish yoʻnalishlari boʻyicha) va Jamgʻarma kengashi tomonidan tasdiqlanadi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Budjet kodeksining 18-bobi.
13. Jamgʻarmaning daromadlari va xarajatlari smetasining bajarilishi boʻyicha yillik hisobot har yili 15-martga qadar Jamgʻarma kengashi tomonidan tasdiqlanadi.
14. Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish manbalari hisobi va hisobotlari Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Gʻaznachilik xizmati qoʻmitasida belgilangan tartibda ochiladigan quyidagi hisobvaraqlar orqali amalga oshiriladi:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan har yili ajratiladigan mablagʻlar boʻyicha hisobvaraq;
boshqa manbalardan tushumlar boʻyicha ochilgan hisobvaraq.
15. Institut tomonidan Jamgʻarma mablagʻlaridan foydalanish, shu jumladan, Jamgʻarma daromadlari va xarajatlari boʻyicha har chorakda Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligiga hisobot kiritib boradi.
5-bob. Yakunlovchi qoidalar
16. Jamgʻarma kengashi aʼzolari Jamgʻarma mablagʻlarining maqsadli va samarali taqsimlanishi uchun shaxsan masʼul hisoblanadi.
17. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 1751, 1752-moddalari.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 24.02.2025-y., 09/25/104/0172-son)