O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Fuqaro aviatsiyasi agentligi direktorining
buyrug‘i
“Fuqaro havo kemalariga ro‘yxat belgisini va davlat tanish belgisini hamda boshqa belgilarni qayd etish” O‘zbekiston Respublikasi aviatsiya qoidalarini (AR-AIR-002) tasdiqlash to‘g‘risida
[O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2025-yil 19-fevralda ro‘yxatdan o‘tkazildi, ro‘yxat raqami 3608]
O‘zbekiston Respublikasi Havo kodeksining 41-moddasiga va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 14-iyundagi PF-94-son “Ma’muriy islohotlar doirasida transport sohasida davlat boshqaruvini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq buyuraman:
1. “Fuqaro havo kemalariga ro‘yxat belgisini va davlat tanish belgisini hamda boshqa belgilarni qayd etish” O‘zbekiston Respublikasi aviatsiya qoidalari (AR-AIR-002) 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Ayrim idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar 2-ilovaga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan deb topilsin.
3. Mazkur buyruq O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil va O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi bilan kelishilgan.
4. Mazkur buyruq rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
Direktor T. NAZAROV
Toshkent sh.,
2025-yil 22-yanvar,
3196-son
Kelishildi:
Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil D. KASIMOV
2025-yil 21-yanvar
Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri B. ZAXIDOV
2025-yil 9-yanvar
Transport vaziri I. MAXKAMOV
2025-yil 8-yanvar
Savdo-sanoat palata raisi D. VAXABOV
2025-yil 4-yanvar
O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Fuqaro aviatsiyasi agentligi direktorining 2025-yil 22-yanvardagi 3196-son buyrug‘iga
1-ILOVA
1-ILOVA
“Fuqaro havo kemalariga ro‘yxat belgisini va davlat tanish belgisini hamda boshqa belgilarni qayd etish” O‘zbekiston Respublikasi aviatsiya qoidalari (AR-AIR-002)
Mazkur Qoidalar fuqaro havo kemalariga ro‘yxat belgisini va davlat tanish belgisini hamda boshqa belgilarni qayd etish tartibini belgilaydi.
Ushbu Qoidalar O‘zbekiston Respublikasi fuqaro havo kemalarining davlat reyestrida ro‘yxatga olingan fuqaro havo kemalariga nisbatan tatbiq etiladi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Qoidalarda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:
avtojir — vertikal holatda joylashgan o‘qlar atrofida erkin aylanadigan bitta yoki bir nechta tashuvchi (asosiy) vintlarning havo bilan reaksiyalari hisobiga parvozni amalga oshiradigan havodan og‘ir havo kemasi;
aerostat — dvigatel yordamida harakatga keltirilmaydigan havodan yengil havo kemasi;
vertolyot — dvigatel yordamida vertikal holatda joylashgan o‘qlar atrofida aylantiriladigan bitta yoki bir nechta tashuvchi (asosiy) vintlarning havo bilan reaksiyalari hisobiga parvozni amalga oshiradigan havodan og‘ir havo kemasi;
vint motorli qurilma — dvigatel yordamida harakatga keltiriladigan va bitta yoki bir nechta tashuvchi (asosiy) vintlarning havo bilan reaksiyalari hisobiga parvozni amalga oshiradigan havodan og‘ir havo kemasi;
havo kemasi — havo bilan o‘zaro ta’sir hisobiga, yer sathidan qaytgan havo bilan o‘zaro ta’sirdan tashqari, atmosferada harakatlanadigan uchish apparati;
dirijabl — dvigatel yordamida harakatga keltiriladigan havodan yengil havo kemasi;
havodan yengil havo kemasi — aerostatik ko‘tarish kuchi hisobiga havoda ushlab turiladigan har qanday uchish apparati;
havodan og‘ir havo kemasi — parvozda ko‘tarish kuchi aerodinamik kuchlar hisobiga paydo bo‘ladigan har qanday uchish apparati;
ornitopter — qanot qoqish hisobiga qanot yuzlari havo bilan o‘zaro ta’sir natijasida parvozni amalga oshiradigan havodan og‘ir havo kemasi;
planer — dvigatel yordamida harakatga keltirilmaydigan va parvozdagi ko‘tarish kuchi harakatlanmaydigan qanot yuzlarida aerodinamik reaksiyalar hisobiga paydo bo‘ladigan havodan og‘ir havo kemasi;
samolyot — dvigatel yordamida harakatga keltiriladigan va parvozdagi ko‘tarish kuchi harakatlanmaydigan qanot yuzlarida aerodinamik reaksiyalar hisobiga paydo bo‘ladigan havodan og‘ir havo kemasi;
davlat tanish belgisi — Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkiloti (IKAO) veb-saytidagi “Davlat tanish belgilar, milliy gerblar va umumiy havo kemalar belgilari” ro‘yxatida O‘zbekiston Respublikasi uchun nazarda tutilgan lotin alifbosining “UK” ikkita harfidan iborat bo‘lgan belgi;
ro‘yxat belgisi — havo kemasiga “O‘zaviatsiya” agentligi tomonidan belgilanadigan besh arab raqamlaridan tashkil topgan belgi.
2. Fuqaro havo kemasiga uning ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomada ko‘rsatilgan ro‘yxat belgisi va davlat tanish belgisi qayd etiladi.
3. Ro‘yxat belgisi va davlat tanish belgisidan tashqari fuqaro havo kemalariga boshqa belgilar (ramzlar, yozuvlar, nishonlar) qo‘yilishi mumkin.
4. Havo kemalari mazkur Qoidalarning 1-ilovasiga muvofiq tasniflanadi.
2-bob. Ro‘yxat belgisi va davlat tanish belgisi
5. Davlat tanish belgisi lotin alifbosining “UK” ikkita harfidan, ro‘yxat belgisi besh arab raqamlaridan tashkil topadi.
6. Davlat tanish belgisi ro‘yxat belgisidan oldin qayd etiladi.
7. Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkiloti (IKAO) veb-saytidagi “Davlat tanish belgilar, milliy gerblar va umumiy havo kemalar belgilari” ro‘yxatida davlat tanish belgisi nazarda tutiladi.
8. Fuqaro havo kemasiga davlat tanish va ro‘yxat belgilari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 22-fevraldagi 86-son “Maxsus elektron tizim orqali ruxsat etish xususiyatiga ega ayrim hujjatlarni berish tartib-taomillari to‘g‘risidagi yagona nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga muvofiq tayinlanadi.
3-bob. Fuqaro havo kemasiga ro‘yxat belgisini va davlat tanish belgisini qayd etish
9. Fuqaro havo kemasiga ro‘yxat belgisini va davlat tanish belgisini qayd etishda saqlanish xususiyatini yo‘qotmaydigan bo‘yoq yoki shunga o‘xshash vositalardan foydalaniladi.
10. Ro‘yxat belgisi va davlat tanish belgisi havodan yengil havo kemalariga:
dirijablning korpusi bo‘ylab ikki tomoniga hamda simmetriya chizig‘i bo‘ylab ustki yuzasiga;
shar shaklidagi aerostatning maksimal gorizontal aylanasiga yaqin ikki diametral qarama-qarshi tomoniga;
shar shakliga ega bo‘lmagan aerostat chizig‘ining maksimal ko‘ndalang kesimiga yaqin bevosita osma belbog‘i ustida yoki savatning osma arqonlarini qotirish nuqtalari ustida ikki tomoniga qayd etilishi kerak.
Yon tomondagi belgilar havodan yengil havo kemalariga ikkala tomondan va yerdan ko‘rinadigan tarzda qayd etilishi kerak.
11. Ro‘yxat belgisi va davlat tanish belgisi havodan og‘ir havo kemalariga:
fuqaro havo kemasi chap qanoti konstruksiyasi pastki yuzasining chap tomoniga (bunda, ro‘yxat belgisi va davlat tanish belgisi qanotning old qismiga parallel holda joylashtirilishi kerak);
fuqaro havo kemasi fyuzelyajining qanotlari va dum qanotlari orasidagi qismining yon tomonlari yuzasiga gorizontal yo‘nalish bo‘yicha qat’iy perpendikulyar;
fuqaro havo kemasi fyuzelyajining qanotlari va dum qanotlari orasidagi qismining yon tomonlari yuzasida ro‘yxat belgisi va davlat tanish belgisini qayd etish uchun bo‘sh joy bo‘lmaganda, fuqaro havo kemasi vertikal dum qanoti yuzasining pastki qismiga har ikki tomonidan;
vertolyotda uning dum balkasining har ikki tomoniga qayd etiladi.
4-bob. Ro‘yxat belgisining va davlat tanish belgisining o‘lchamlari
12. Har bir ro‘yxat belgisi va davlat tanish belgisi guruhidagi harflar va raqamlar bir xil balandlikka ega bo‘lishi kerak.
13. Havodan yengil havo kemalaridagi qayd etiladigan harf va raqamlarning balandligi 50 sm dan kam bo‘lmasligi lozim.
14. Havodan og‘ir havo kemalarining qanotlaridagi qayd etiladigan harf va raqamlarning balandligi 50 sm dan kam bo‘lmasligi lozim.
Havodan og‘ir havo kemalarining fyuzelyajidagi hamda vertikal dum qanoti yuzasidagi (shu jumladan, vertolyot dum balkasidagi) qayd etiladigan harf va raqamlarning balandligi 30 sm dan kam bo‘lmasligi lozim.
15. Fuqaro havo kemasida uning ro‘yxat belgisi va davlat tanish belgisi qayd etilishi lozim bo‘lgan qismlari (fyuzelaj, qanot, vertikal dum qanot, balka) bo‘lmasa yoki mazkur qismlar o‘lchami tegishli o‘lchamdagi ro‘yxat belgisini va davlat tanish belgisini qayd qilish uchun kichik bo‘lsa, ushbu belgilar fuqaro havo kemasini tezda aniqlash imkonini beradigan o‘lchamlarda qayd etilishi lozim.
5-bob. Ro‘yxat belgisi va davlat tanish belgisini qayd etish uchun qo‘llaniladigan harf va raqamlar
16. Harflar lotin alifbosining bosh harflaridan, raqamlar esa, arab raqamlaridan tashkil topadi. Harf va raqamlar bir xil o‘lchamda, naqshlarsiz bo‘lishi lozim.
17. Harf va raqamlarning kengligi (“I” harfi va “1” raqamidan tashqari) hamda defisning (agar qo‘llanilsa) uzunligi harf va raqamlar balandligining uchdan ikki qismiga teng bo‘lishi lozim.
18. Harflar, raqamlar va defislar uzluksiz chiziq bilan fonning ravshanligini ta’minlovchi rangda (masalan, och fonda qora rang yoki qora fonda oq rangda) bo‘lishi lozim.
19. Harflar, raqamlar va defislar chizig‘ining qalinligi harf va raqamlar balandligining oltidan bir qismiga teng bo‘lishi kerak.
20. Harflar va raqamlarning orasidagi masofa harf va raqamlar kengligining to‘rtdan bir qismiga teng bo‘lishi kerak. Bunda, defis alohida harf sifatida qabul qilinadi.
6-bob. Tanituvchi tablo
21. Tanituvchi tabloda o‘yma usulda fuqaro havo kemasining turi, uning ro‘yxat belgisi va davlat tanish belgisi hamda seriya raqami davlat va ingliz tillarida ko‘rsatilishi lozim.
Tanituvchi tablo issiqlikka dosh beruvchi olovga chidamli materialdan mazkur Qoidalarning 2-ilovasida keltirilgan namunaga muvofiq tayyorlangan bo‘lishi lozim.
22. Tanituvchi tablo fuqaro havo kemasining asosiy kirish yo‘lagida ko‘rinadigan joyda o‘rnatilishi lozim.
7-bob. Fuqaro havo kemasiga boshqa belgilarni qayd etish
23. Fuqaro havo kemasining tashqi konstruksiyasi elementlariga boshqa belgilar (ramzlar, yozuvlar, nishonlar) qayd etiladi.
Bunda, ushbu belgilar fuqaro havo kemasining tashqi yuzasiga ro‘yxat belgisi va davlat tanish belgisi ko‘rinishini yomonlashtirmaydigan tarzda qayd etiladi.
24. Fuqaro havo kemasining tashqi va ichki konstruksiyasi elementlariga maxsus belgilar va tushuntiruvchi yozuvlar tarzida qo‘shimcha belgilar ham qayd etiladi.
“Fuqaro havo kemalariga ro‘yxat belgisini va davlat tanish belgisini hamda boshqa belgilarni qayd etish” O‘zbekiston Respublikasi aviatsiya qoidalariga (AR-AIR-002)
1-ILOVA
1-ILOVA
Havo kemasining tasnifi

“Fuqaro havo kemalariga ro‘yxat belgisini va davlat tanish belgisini hamda boshqa belgilarni qayd etish” O‘zbekiston Respublikasi aviatsiya qoidalariga (AR-AIR-002)
2-ILOVA
2-ILOVA
Tanituvchi tablo namunasi

O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Fuqaro aviatsiyasi agentligi direktorining 2025-yil 22-yanvardagi 3196-son buyrug‘iga
2-ILOVA
2-ILOVA
O‘z kuchini yo‘qotgan deb topilayotgan idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar
RO‘YXATI
1. O‘zbekiston Respublikasi Parvozlar xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshlig‘ining 2016-yil 27-iyundagi 81-N-son “Fuqaro havo kemalariga ro‘yxat belgisi va davlat tanish belgisini hamda boshqa belgilarni qayd etish aviatsiya qoidalarini (O‘zR AQ-44) tasdiqlash to‘g‘risida”gi buyrug‘i (ro‘yxat raqami 2811, 2016-yil 14-iyul) (O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2016-y., 28-son, 344-modda).
2. O‘zbekiston Respublikasi Parvozlar xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshlig‘ining 2017-yil 22-dekabrdagi 104-N-son “Fuqaro havo kemalariga ro‘yxat belgisi va davlat tanish belgisini hamda boshqa belgilarni qayd etish aviatsiya qoidalariga (O‘ZR AQ-44) o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi buyrug‘i (ro‘yxat raqami 2811-1, 2017-yil 29-dekabr) (Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 30.12.2017-y., 10/17/2811-1/0480-son).
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 20.02.2025-y., 10/25/3608/0162-son)