Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat chegarasi orqali jismoniy shaxslar harakatlanishi hamda ular tomonidan tovar va transport vositalarini olib oʻtish jarayonlarini yanada soddalashtirish toʻgʻrisida
Soʻnggi yillarda mamlakatimizning turizm jozibadorligini oshirish, fuqarolar va avtotransport vositalarini bojxona rasmiylashtiruvidan oʻtkazish sharoitlarining jahon standartlariga muvofiqligini taʼminlash, bojxona tartib-taomillarini soddalashtirishda raqamli ilgʻor texnologiyalarni keng joriy etish natijasida bojxona nazoratidan oʻtish jarayonini keskin qisqartirishga erishildi.
Shu bilan birga, chegara oʻtkazish punktlarida fuqarolarning harakatlanish oqimi oshib borayotganligidan kelib chiqib va bojxona nazorati tartibotlarini xalqaro standartlarga moslashtirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasining bojxona chegarasi orqali oʻtkazish punktlarida ikki yoʻlakli tizimni qoʻllash tartibi joriy etilgan.
Chegara oʻtkazish punktlari orqali jismoniy shaxslarning harakatlanishi, ular tomonidan tovar va transport vositalarini olib oʻtish jarayonlarini avtomatlashtirish hamda chegara oʻtkazish punktlari oldida avtotransport vositalari tirbandligining oldini olish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
“Elektron navbat” avtomatlashtirilgan axborot tizimidan foydalangan holda, avtotransport vositalarining Davlat chegarasi orqali oʻtkazish punktidan harakatlanish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga;
Jismoniy shaxslarning Davlat chegarasi orqali oʻtkazish punktidan harakatlanishida “Fast-track” xizmatidan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 2-ilovaga;
“Elektron navbat” avtomatlashtirilgan axborot tizimi birinchi navbatda joriy etiladigan Davlat chegarasi orqali oʻtkazish punktlari roʻyxati 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Belgilansinki, 2025-yil 1-maydan:
jismoniy shaxslar uchun “Fast-track” xizmati mazkur qarorga 3-ilovada qayd etilgan chegara oʻtkazish punktlarida amaliyotga joriy etiladi;
avtotransport vositalari uchun “Elektron navbat” avtomatlashtirilgan axborot tizimi mazkur qarorga 3-ilovada qayd etilgan chegara oʻtkazish punktlarida, respublikaning qolgan chegara oʻtkazish punktlarida esa avtotransport vositalarining harakatlanish oqimidan kelib chiqib, bosqichma-bosqich joriy etiladi.
3. Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qoʻmitasi 2025-yil 1-mayga qadar barcha zarur axborot tizimlarini Bojxona qoʻmitasining “Bojxona-servis” davlat muassasasini yagona operator etib belgilagan holda, ishga tushirish choralarini koʻrsin.
4. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari ikki oy muddatda Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qoʻmitasi bilan kelishgan holda, mazkur qarorga 3-ilovada qayd etilgan chegara oʻtkazish punktlari yaqinida avtoturargohlar tashkil etilishi uchun boʻsh turgan va zaxiraga olingan yer maydonlarini belgilangan tartibda elektron onlayn-auksion savdolariga chiqarish choralarini koʻrsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qoʻmitasi doimiy foydalanish huquqi asosida ajratilgan yer maydonlarida toʻgʻridan-toʻgʻri muzokaralar natijalari boʻyicha aniqlanadigan xususiy sherik bilan davlat-xususiy sheriklik asosida avtoturargohlarni tashkil etish choralarini koʻrsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qoʻmitasi bilan birgalikda diplomatik kanallar orqali mazkur qarorga muvofiq amaliyotga joriy etilayotgan tartib toʻgʻrisida xorijiy davlatlarni xabardor etish choralarini koʻrsin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qoʻmitasi raisi A.Yu. Mavlonov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2025-yil 29-yanvar,
44-son
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 29-yanvardagi 44-son qaroriga
1-ILOVA
“Elektron navbat” avtomatlashtirilgan axborot tizimidan foydalangan holda, avtotransport vositalarining Davlat chegarasi orqali oʻtkazish punktidan harakatlanish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom “Elektron navbat” avtomatlashtirilgan axborot tizimidan foydalangan holda, avtotransport vositalarining Davlat chegarasi orqali oʻtkazish punktidan (keyingi oʻrinlarda — oʻtkazish punkti) harakatlanish tartibini belgilaydi.
2. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
avtotransport vositasi — avtomobil yoʻllari hamda ularda joylashgan oʻtkazish punktlari orqali tovarlar va yoʻlovchilarni tashishga moʻljallangan barcha turdagi avtotransport vositalari;
kutish zonasi — navbatlarni boshqarish tizimi joriy etilgan hamda mazkur Nizom talablariga javob beradigan avtoturargohlar yoki bojxona terminallari;
nazorat tartib-taomillari — davlat nazorati organlari tomonidan Davlat chegarasi orqali oʻtadigan shaxslar, transport vositalari va tovarlarga nisbatan oʻz vakolatlari doirasida amalga oshiriladigan chora-tadbirlar;
navbat varaqasi — mazkur Nizomga asosan transport vositasi uchun navbat olingan vaqtda taqdim etiladigan maxsus shtrix kod, ID-raqam va boshqa maʼlumotlar aks etgan elektron varaqa;
navbatlarni boshqarish tizimi — chegara oʻtkazish punktlari orqali respublika hududidan chiqib ketayotgan avtotransport vositalariga markazlashgan holda navbatlarni shakllantirish imkonini beruvchi “Elektron navbat” avtomatlashtirilgan axborot tizimi;
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qoʻmitasining yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimi (keyingi oʻrinlarda — YAAAT)bojxona chegarasi orqali olib oʻtiladigan tovar va transport vositalarining bojxona nazoratini amalga oshirish uchun ularga doir hujjatlar va maʼlumotlarning kiritilishini, hisobga olinishini hamda monitoring qilinishini nazarda tutuvchi Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qoʻmitasining avtomatlashtirilgan axborot tizimi.
3. “Elektron navbat” avtomatlashtirilgan axborot tizimi joriy etilgan Davlat chegarasi orqali oʻtkazish punktidan avtotransport vositalari respublika hududidan chiqish yoʻnalishida faqatgina “Elektron navbat” avtomatlashtirilgan axborot tizimida qayd etilgan navbatlar asosida harakatlanadi.
4. Ushbu Nizomga muvofiq koʻrsatiladigan xizmatdan foydalanish uchun vakolatli shaxs Internet jahon axborot tarmogʻidan foydalangan holda, Bojxona qoʻmitasining rasmiy veb-sayti yoki navbatlarni boshqarish tizimi joriy etilgan kutish zonalarida navbat olishi mumkin.
5. Navbatlarni boshqarish tizimi orqali berilgan navbat varaqasi avtotransport vositasini oʻtkazish punktiga kiritish uchun asos boʻladi. Ushbu avtotransport vositasi navbatlarni boshqarish tizimida belgilangan vaqtda yetib kelmaganda, olingan elektron navbat oʻz kuchini yoʻqotadi.
Belgilangan vaqtda oʻtkazish punktiga yetib kelmagan avtotransport vositasi uchun takroran navbat olinishi mumkin. Takroran navbat umumbelgilangan tartibda olinadi.
2-bob. Navbatlarni boshqarish hamda muvofiqlashtirib borish
6. Navbatlar YAAAT orqali nazorat qilinadi, avtotransport vositasi va tashilayotgan tovarlardan kelib chiqib, YAAATdagi algoritm asosida muvofiqlashtirilib boriladi.
Bunda amaldagi qonunchilik hujjatlariga muvofiq Davlat chegarasidan ustuvor tartibda oʻtkaziladigan tovarlar va avtotransport vositalari inobatga olinadi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 21-fevraldagi PQ-137-son “Avtotransport vositalarining ichki bozorini rivojlantirishni ragʻbatlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori.
7. Avtotransport vositasiga elektron navbat berishda YAAAT Bojxona qoʻmitasining idoralararo axborot almashinuv bazasida quyidagi maʼlumotlarning mavjudligini taqqoslaydi:
murojaat qilgan shaxsning maʼlumotlari;
murojaatda qayd etilgan transport vositasining maʼlumotlari;
murojaatda qayd etilgan transport vositasi va murojaatchining qidiruvda boʻlmasligi;
murojaatchiga rasmiylashtirilgan avtotransport vositasiga egalik qilish yoki undan foydalanish yoxud uni tasarruf etish huquqini beruvchi hujjatning mavjudligi;
fuqarolik-huquqiy javobgarlikning sugʻurtalanganligi;
murojaat qilgan shaxsda soliqlar, bojxona toʻlovlari va boshqa majburiy toʻlovlar boʻyicha qarzdorlikning mavjud emasligi;
taqdim etilgan mobil telefon raqamning mavjudligi.
Mazkur bandning ikkinchi, uchinchi va beshinchi xatboshilaridagi talablar xorijiy fuqarolarga nisbatan qoʻllanilmaydi.
8. Navbatlarni boshqarish tizimi orqali elektron navbat olgan avtotransport vositasi haydovchisi navbatlarni boshqarish tizimi tomonidan oʻtkazish punktiga borishi mumkin boʻlgan vaqtdan 20 daqiqadan avval navbatlarni boshqarish tizimi joriy etilgan kutish zonasiga yetib kelib, bu haqida kutish zonasi operatorini ogohlantirishi lozim. Agar mazkur bandda qayd etilgan muddatda elektron navbat olgan avtotransport vositasi navbatlarni boshqarish tizimi joriy etilgan kutish zonasiga yetib kelmasa olingan elektron navbat oʻz kuchini yoʻqotadi.
Elektron navbat olish uchun avtotransport vositalari maxsus tashkil etilgan kutish zonasiga joylashtirilganda, tegishli toʻlovlar undirilishi mumkin. Bunda undirilgan toʻlovlar quyidagi miqdorda navbatlarni boshqarish tizimi tomonidan avtomatik tarzda taqsimlanadi:
undirilgan toʻlovlarning 80 foizi kutish zonasi hisobiga;
undirilgan toʻlovlarning 20 foizi navbatlarni boshqarish tizimi operatoriga.
Agarda avtotransport vositasi haydovchisi navbatlarni boshqarish tizimi joriy etilgan kutish zonasi hududida 30 daqiqadan kam muddat turgan boʻlsa, ushbu davr uchun mazkur bandda koʻrsatilgan toʻlovlar undirilmaydi.
9. Olingan navbat buyurtma qilingan vaqtga qadar bekor qilinishi mumkin.
10. Amaldagi qonunchilik hujjatlarida oʻtkazish punktini ustuvor tartibda kesib oʻtishi belgilangan shaxslar, ular ketayotgan avtotransport vositalari elektron navbatdan foydalanmagan holda, ustuvor tartibda oʻtkazish punktiga kiritiladi.
11. Oʻtkazish punktida texnik, tabiiy va boshqa turdagi sabablarga koʻra jismoniy shaxslar va transport vositalarini nazoratdan oʻtkazish vaqtincha toʻxtatilgan taqdirda, elektron navbatlar oʻzgarmagan holda saqlanib qoladi hamda mutanosib ravishda ortga suriladi, bu toʻgʻrisida navbat olishda roʻyxatdan oʻtkazilgan telefon raqami yoki elektron pochta manziliga oʻzbek, rus va ingliz tillarida xabar yuboriladi.
Tabiiy ofat, yengib boʻlmas kuch taʼsirida yoki boshqa hollarda oʻtkazish punkti faoliyati toʻxtatilganda yoxud tugatilganda, mazkur oʻtkazish punktidan harakatlanish maqsadida olingan navbatlar bojxona organi tomonidan bekor qilinadi va bu toʻgʻrisida navbat olishda roʻyxatdan oʻtkazilgan telefon raqami yoki elektron pochta manziliga oʻzbek, rus va ingliz tillarida xabar yuboriladi.
3-bob. Navbatlarni boshqarish tizimi joriy etilgan kutish zonalariga qoʻyiladigan minimal talablar
12. Navbatlarni boshqarish tizimi joriy etiladigan kutish zonalari oʻtkazish punkti yaqinida yoki unga eltuvchi yoʻl boʻylarida tashkil etiladi va bir vaqtda kamida 100 ta avtotransport vositasini saqlash imkoniyatiga ega boʻlishi lozim.
13. Kutish zonalari hududida yuk ortilgan avtotransport vositalarining bojxona nazorati ostida saqlanishini taʼminlash maqsadida zarur shart-sharoit yaratiladi.
14. Navbatlarni boshqarish tizimi yoʻlga qoʻyiladigan kutish zonasiga qoʻyiladigan minimal talablar:
Oʻzbekiston Respublikasining qonunchilik hujjatlarida belgilangan texnik, sanitariya qoidalari va meʼyorlariga javob berishi;
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 4-iyuldagi 191-son “Avtotransport vositalari konstruksiyasining foydalanish shartlari boʻyicha xavfsizligi toʻgʻrisida”gi umumiy texnik reglamentni tasdiqlash haqida”gi qarori.
yongʻin xavfsizligi talablariga mos boʻlgan yongʻinni oʻchirish tizimi qonunchilikda belgilangan hollarda yongʻin nazorati signalizatsiyalari va vositalariga ega boʻlishi;
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 4-iyuldagi 191-son “Avtotransport vositalari konstruksiyasining foydalanish shartlari boʻyicha xavfsizligi toʻgʻrisida”gi umumiy texnik reglamentni tasdiqlash haqida”gi qarori.
transport vositalari va ularda tashilayotgan tovarlar hamda bojxona identifikatsiya vositalari butligi va xavfsizligini taʼminlash;
yoritish vositalari bilan toʻliq taʼminlanishi;
avtotransport vositalari manyovr qilishi uchun shart-sharoitlar boʻlishi;
zamonaviy tablo, monitor va belgilar bilan jihozlanishi;
kutish zonasi butun hududi perimetri balandligi 3 metrdan kam boʻlmagan qatʼiy oʻrnatilgan yaxlit toʻsiqlar bilan aylantirib toʻsilishi, avtotransport vositalari harakatlanishi va saqlanishi moʻljallangan hududlarga qattiq (asfalt/beton) qoplama yotqizilishi, suvni tindiradigan yomgʻir kanalizatsiyasi va axlat toʻplash uchun konteynerlar mavjudligi;
hududga kirish va undan chiqish uchun maxsus ajratilgan joylar mavjudligi. Kirish (chiqish) joylari yoʻl harakati xavfsizligi talablarini taʼminlash hisobga olingan holda ajratilishi kerak;
agar hudud bir necha qatorga joylashtiriladigan transport vositalarini saqlash imkonini bersa, u holda hudud ichida transport vositalarining xavfsiz harakatlanishi uchun polosalar ajratilishi kerak;
kirish (chiqish)ning ajratilgan joyiga nazoratchi operatorning xonasi tutashgan boʻlishi kerak, u yerda koʻrinarli joyda tashqi tomonga transport vositalarini saqlash xizmatlarini koʻrsatishning tariflari va shartlari toʻgʻrisida yirik harflarda (harflarning kattaligi kamida 3 sm boʻlishi kerak) maʼlumot joylashtiriladi;
nogironligi boʻlgan shaxslar uchun maxsus jihozlangan transport vositalari uchun kamida ikkita toʻxtash joyi mavjudligi;
bitta transport vositasining toʻxtash joyi uchun hisoblangan maydon 20 kv metrga teng deb qabul qilinadi;
binolar va saqlanayotgan transport vositalari oʻrtasidagi yongʻinga qarshi oraliq loyihalashtirish normalari talablariga muvofiq, biroq kamida 6 metr boʻlishi kerak;
avtotransport vositalarining kutish zonasiga yetib kelganligini tasdiqlash uchun maʼlumotlarni navbatlarni boshqarish tizimiga uzatish imkoniga ega boʻlgan, avtotransport vositasining davlat raqami belgisini aniqlash tizimi bilan jihozlanishi;
kutish zonasi hududi bojxona organlari tomonidan onlayn kuzatish va nazorat qilish imkonini beruvchi hamda uzluksiz videoyozuvlarning uch oy davomida saqlanishini taʼminlaydigan videokuzatuv tizimi bilan jihozlanishi;
kuzatuv kameralari, yoritish qurilmalari va boshqa tizimlarning doimiy ishlab turishini taʼminlovchi muqobil manbalar (elektr generator, quyosh batareyalari va boshqalar) bilan taʼminlanishi lozim.
Mazkur talablarga javob bergan kutish zonasida navbatlarni boshqarish tizimini joriy qilish boʻyicha ushbu qaror bilan tasdiqlangan yagona operator bilan shartnoma tuziladi. Ushbu shartnoma asosida yagona operator tomonidan kutish zonasiga “Elektron navbat” avtomatlashtirilgan axborot tizimi foydalanish uchun taqdim etiladi.
15. Navbatlarni boshqarish tizimi yoʻlga qoʻyiladigan kutish zonasida haydovchilar uchun sanitariya qoidalari va meʼyorlariga javob beradigan quyidagi minimal shart-sharoitlar yaratiladi:
dam olish xonasi;
ovqatlanish xonasi;
yuvinish xonasi;
savdo shoxobchalari;
birinchi tez tibbiy yordam koʻrsatish uchun zarur vositalar bilan taʼminlangan xona;
sanuzellar (erkaklar va ayollar uchun alohida);
avtotransport vositalarini birlamchi taʼmirlash imkoniyatiga ega ustaxona va avtoyuvish joylari, namozxona hamda bepul “Wi-Fi” hududlari.
16. Navbatlarni boshqarish tizimi yoʻlga qoʻyilgan kutish zonalari “Elektron navbat” avtomatlashtirilgan axborot tizimiga integratsiya qilingan elektron tablo va monitorlar hamda ularga eltuvchi yoʻlboʻylariga navbatlarni boshqarish tizimi joriy etilganligini bildiruvchi belgilar kutish zonalarini tashkil etgan xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan oʻrnatiladi.
4-bob. Navbatlarni boshqarish tizimi orqali oldindan navbat buyurtma qilish
17. Elektron navbat olish jarayoni ushbu Nizomga ilovadagi sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
18. Oldindan elektron navbat olish uchun jismoniy shaxs yoki yuridik shaxsning vakili Internet jahon axborot tarmogʻi orqali Bojxona qoʻmitasining rasmiy veb-saytida roʻyxatdan oʻtishi va elektron navbat olishi mumkin.
5-bob. Davlat nazorat organlari tomonidan nazorat tartib-taomillaridan oʻtkazish tartibi
19. Oʻtkazish punkti orqali elektron navbat asosida harakatlanayotgan avtotransport vositalari hamda ularda tashilayotgan tovarlar amaldagi normativ-huquqiy hujjatlar talablariga muvofiq nazorat tartib-taomillaridan oʻtkaziladi.
6-bob. Yakunlovchi qoida
20. Ushbu Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 227-moddasi.
“Elektron navbat” avtomatlashtirilgan axborot tizimidan foydalangan holda, avtotransport vositalarining Davlat chegarasi orqali oʻtkazish punktidan harakatlanish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
ILOVA
“Elektron navbat” tizimidan foydalanish
SXEMASI

Bosqichlar

Subyektlar

Tadbirlar

Bajarish muddatlari

1-bosqich

“Elektron navbat” avtomatlashtirilgan axborot tizimidan foydalanadigan shaxs

1. Tartib bilan tanishib chiqadi.

1. Xohishiga koʻra

2. “Elektron navbat” avtomatlashtirilgan axborot tizimidan foydalanish uchun Bojxona qoʻmitasining rasmiy veb-saytida roʻyxatdan oʻtadi.

2. Murojaat qilganda

2-bosqich

“Elektron navbat” avtomatlashtirilgan axborot tizimidan foydalanadigan shaxs

1. Elektron soʻrovnoma bandlarini toʻldiradi.

2. Elektron navbat olish uchun oferta shartnomasi bilan tanishadi va tasdiqlaydi.

Elektron navbat olayotganda

3-bosqich

“Elektron navbat” avtomatlashtirilgan axborot tizimi

1. Tizimga yuborilgan elektron murojaat bandlaridagi maʼlumotlar toʻliq koʻrsatilganligi YAAATdagi formatli-mantiqiy nazoratdan oʻtkazadi.

2. YAAATdagi formatli-mantiqiy nazoratdan ijobiy oʻtgan murojaatni qabul qiladi, nomuvofiq boʻlganda shaxsga toʻgʻrilash uchun qaytaradi.

Avtomatik ravishda

4-bosqich

“Elektron navbat” avtomatlashtirilgan axborot tizimi

1. Qabul qilingan murojaat boʻyicha elektron navbatga qoʻyilganligi toʻgʻrisida maxsus shtrix kod aks etgan “Navbat varaqasi”ni yuboradi.

Avtomatik ravishda

2. Elektron navbat olgan shaxs bojxona chegarasini kesib oʻtishi belgilangan vaqtga qadar olgan navbatini bekor qilishi mumkin.

Oflayn ravishda

Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 29-yanvardagi 44-son qaroriga
2-ILOVA
Jismoniy shaxslarning Davlat chegarasi orqali oʻtkazish punktidan harakatlanishida “Fast-track” xizmatidan foydalanish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom jismoniy shaxslarning Davlat chegarasi orqali oʻtkazish punktidan (keyingi oʻrinlarda — oʻtkazish punkti) harakatlanishida “Fast-track” xizmatidan (keyingi oʻrinlarda — xizmat) foydalanish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomga muvofiq koʻrsatiladigan xizmatdan foydalanish uchun jismoniy shaxslar yoki yuridik shaxsning vakili Bojxona qoʻmitasining rasmiy veb-sayti yoki elektron toʻlov tizimlari orqali harakatlanishdan oldin elektron yoki oʻtkazish punktiga harakatlanish chogʻida ogʻzaki ravishda murojaat qiladi.
3. Xizmatdan foydalanadigan shaxslar hamda ularning qoʻl yuki va bagajlari nazorati ushbu xizmat uchun ajratilgan alohida joylarda (yoʻlak, VIP zal va boshqalar) davlat nazorati organlari tomonidan navbatsiz amalga oshiriladi, mazkur xizmatdan foydalanayotgan jismoniy shaxslar navbati bundan mustasno.
4. Xizmatdan foydalanganlik uchun toʻlov 18 yoshga toʻlgan har bir jismoniy shaxs uchun navbat olinadigan kundagi bazaviy hisoblash miqdorining oʻn besh foizi miqdorida toʻlanadi, toʻlovlar ushbu xizmatdan foydalanishdan oldin mobil ilovalar orqali yoki oʻtkazish punktida mavjud tijorat banklari shoxobchasida amalga oshirilishi mumkin.
Xizmatdan foydalanuvchi shaxslar hamrohligida harakatlanayotgan 18 yoshga toʻlmagan shaxslar, shuningdek, kuzatuvchisiz harakatlana olmaydigan aqli zaif yoki jismoniy imkoniyati cheklangan (nogiron) jismoniy shaxslar ushbu xizmat uchun toʻlov toʻlamagan holda harakatlanadi.
5. Xizmatni kengaytirish hamda oʻtkazish punktlarida jismoniy shaxslarga qulay shart-sharoitlar yaratish uchun oʻtkazish punktlarini zamonaviy nazorat-texnik vositalar bilan taʼminlash maqsadida ushbu xizmatdan foydalanganlik uchun undiriladigan toʻlovlarning:
80 foizi — Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qoʻmitasining Moddiy yordam, ijtimoiy himoya, bojxona organlarini rivojlantirish va koʻzda tutilmagan xarajatlar maxsus jamgʻarmasi hisobiga;
20 foizi — Davlat xavfsizlik xizmatining Chegara qoʻshinlari hisobiga oʻtkaziladi.
6. Xizmat doirasida jismoniy shaxslarga quyidagi qulayliklar yaratiladi:
avtotransport vositalarida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat chegarasini kesib oʻtayotgan jismoniy shaxslarning navbatdan tashqari pasport va bojxona nazorati jarayonlarini tezlashtirgan tartibda amalga oshirish uchun alohida yoʻlak;
bank shoxobchasi;
ona-bola xonasi;
namozxona;
sanuzel (erkaklar va ayollar uchun alohida);
taom va ichimliklar xarid qilish burchagi (bar);
shaxslarning dam olishi va ovqatlanishi uchun “VIR” zal (yumshoq oʻrindiq va stol-stullar, televizor, bepul “Wi-Fi” hududlari hamda boshqalar bilan jihozlangan);
chegaradosh davlatlar, ularning geografik-etnik joylashuvi hamda oʻtkazish punktidagi mavjud shart-sharoitni inobatga olgan holda, jismoniy shaxslarga yanada qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida boshqa xonalar va xizmatlar tashkil etilishi mumkin.
Mazkur bandda nazarda tutilgan xizmatlarni tashkil etish bilan bogʻliq xarajatlar Davlat budjetidan ajratilgan mablagʻlar va (yoki) Bojxona qoʻmitasining budjetdan tashqari jamgʻarmasi hamda qonunchilikda taqiqlanmagan manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.
2-bob. Xizmatdan foydalanishni bekor qilish va toʻlangan toʻlovlarni qaytarib olish tartibi
7. Jismoniy shaxslar oʻtkazish punkti orqali belgilangan harakatlanish vaqtiga qadar oʻtkazish punkti orqali harakatlanish uchun buyurtmani bekor qilishlari mumkin.
Buyurtma qilingan vaqtga qadar elektron navbat bekor qilinganda, amalga oshirilgan toʻlov murojaatda keltirilgan bank rekvizitlari yoki toʻlov kartalariga avtomatik tarzda qaytariladi. Ushbu Nizomning 10-bandida koʻrsatilgan holatlar bundan mustasno.
8. Toʻlangan toʻlov buyurtma qilingan vaqtga qadar buyurtma bergan shaxs tomonidan toʻlov qaytariladigan bank rekvizitlari, toʻlov kartalari hamda elektron navbatni bekor qilish sababini koʻrsatgan holda, Bojxona qoʻmitasining rasmiy veb-saytiga murojaat qilish orqali qaytariladi. Murojaat YAAATdagi formatli-mantiqiy nazoratdan ijobiy oʻtganda, toʻlangan toʻlov avtomatik qaytariladi.
9. Xizmatdan foydalanadigan shaxslar oʻtkazish punktida mavjud xizmatdan foydalanayotgan jismoniy shaxslarning navbati doirasida oʻtkaziladi.
10. Agarda oʻtkazish punktida yuzaga kelgan texnik, tabiiy va boshqa turdagi sabablarga koʻra jismoniy shaxslarni nazoratdan oʻtkazish vaqtincha toʻxtatilgan taqdirda, xizmatdan foydalanish uchun olingan varaqalar saqlanib qoladi.
Tabiiy ofat, yengib boʻlmas kuch taʼsirida yoki boshqa hollarda oʻtkazish punkti faoliyati toʻxtatilganda yoki yopilgan taqdirda, mazkur oʻtkazish punktidan harakatlanish maqsadida olingan navbatlar bojxona organi tomonidan bekor qilinadi va bu toʻgʻrisida navbat olishda roʻyxatdan oʻtkazilgan telefon raqami yoki elektron pochta manziliga oʻzbek, rus va ingliz tillarida xabar yuboriladi.
Bunday xollarda toʻlangan toʻlovlar navbat olgan jismoniy shaxslar tomonidan yuborilgan elektron ariza asosida ushbu Nizomga muvofiq qaytariladi.
3-bob. Xizmatdan foydalanish uchun zarur hujjatlar
11. Xizmatdan foydalanish imkoniyatiga ega boʻlish uchun jismoniy shaxs yoki yuridik shaxsning vakolat berilgan vakili Bojxona qoʻmitasining rasmiy veb-saytida quyidagi maʼlumotlarni koʻrsatgan holda, roʻyxatdan oʻtadi va toʻlovni amalga oshiradi:
jismoniy shaxs oʻzi va hamrohligidagi shaxslar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar (F.I.O, telefon raqamlari);
jismoniy shaxs oʻzi va hamrohligidagi shaxsning shaxsini tasdiqlovchi hujjati toʻgʻrisidagi (pasport yoki tugʻilganlik toʻgʻrisidagi guvohnoma raqami, berilgan sanasi) maʼlumotlar;
jismoniy shaxs oʻzi va hamrohligidagi shaxsning tugʻilgan sanasi;
xizmatdan foydalanishning taxminiy vaqti (oʻtkazish punktini kesib oʻtish sanasi) toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
aynan qaysi oʻtkazish punkti orqali harakatlanishi;
oʻtkazish punktini kesib oʻtishda taqdim etilishi zarur boʻlgan boshqa hujjatlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar.
12. Taqdim etilgan maʼlumotlar notoʻgʻri yoki buzib koʻrsatilganligi aniqlangan taqdirda, ushbu Nizomning 15-bandiga muvofiq murojaat rad etiladi.
Bunday hollarda shaxslar xizmatdan foydalanish uchun takroran murojaat etishlari mumkin.
Xizmatdan foydalanishda soʻrovnoma maʼlumotlaridagi xatoliklar xizmatdan foydalanish vaqtiga qadar oʻzgartirilishi yoki ularga qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
4-bob. Xizmatdan foydalanish tartibi
13. Xizmatdan foydalanish jarayoni ushbu Nizomga ilovadagi sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
14. Xizmatdan foydalanish uchun Bojxona qoʻmitasining rasmiy veb-sayti yoki elektron toʻlov tizimlari orqali roʻyxatdan oʻtib va toʻlovni amalga oshirib, xizmatdan foydalanish uchun navbat olish mumkin.
15. Bojxona qoʻmitasining rasmiy veb-sayti yoki toʻlov tizimlari orqali murojaatga kiritilgan maʼlumotlar avtomatik tarzda YAAATdagi formatli-mantiqiy nazoratdan oʻtadi va nomuvofiqliklar aniqlangan taqdirda, murojaat rad etiladi.
YAAATdagi formatli-mantiqiy nazoratdan ijobiy oʻtgan murojaatlar belgilangan toʻlovlar toʻlanganidan soʻng inson omilisiz xizmatdan foydalanish navbatiga qoʻshiladi va soʻrovnoma avtomatik tarzda vakolatli organga kelib tushadi, foydalanuvchiga maxsus shtrix kodli elektron koʻrinishdagi xizmatdan foydalanish varaqasi oʻzbek, rus va ingliz tillarida avtomatik tarzda shakllanadi va taqdim etiladi.
Xizmatdan foydalanish uchun olingan elektron navbat bir martalik hisoblanib, navbat olingan kundan eʼtiboran bir yil davomida amal qiladi.
16. Xizmatdan foydalanish uchun oʻtkazish punktiga kelgandan soʻng murojaat qilinganda, shaxslar oʻtkazish punktlarida mavjud tijorat banklari shoxobchalari orqali toʻlovni amalga oshiradi va toʻlov varaqasi asosida harakatlanadilar.
Turli sabablarga koʻra xizmatdan foydalanish uchun toʻlov amalga oshirilmagan taqdirda, shaxslar ortga qaytariladi va umumiy belgilangan tartibda oʻtkaziladi.
5-bob. Xizmatdan foydalanadigan shaxslarni davlat nazorat organlari tomonidan nazorat tartib-taomillaridan oʻtkazish tartibi
17. Xizmatdan foydalangan holda harakatlanadigan shaxslar hamda ular harakatlanadigan avtotransport vositasi oʻtkazish punkti hududiga ustuvor tartibda kiritiladi.
Xizmatdan foydalangan holda harakatlanadigan shaxs oʻz boshqaruvidagi avtotransport vositasida elektron navbatga moʻljallagan alohida yoʻlaklar orqali harakatlanishi mumkin.
18. Oʻtkazish punkti orqali xizmatdan foydalangan holda oʻtadigan shaxslar va ular tomonidan olib oʻtiladigan tovarlar hamda transport vositalari amaldagi normativ-huquqiy hujjatlar talablariga muvofiq tegishli nazorat tartib-taomillaridan oʻtkaziladi.
19. Oʻtkazish punkti orqali xizmatdan foydalangan holda harakatlanadigan shaxslar hamda ularning qoʻl yuki va bagajlari nazorat tartib-taomillaridan tezkor ravishda quyidagi ustuvor tartibda oʻtkaziladi:
a) bojxona organlari tomonidan xizmatdan foydalanish uchun Bojxona qoʻmitasining rasmiy veb-sayt orqali toʻldirilgan soʻrovnoma asosida tegishli maʼlumotlar hamda xizmatdan foydalanish uchun toʻlanishi lozim boʻlgan toʻlovlar toʻlanganligi tekshiriladi;
b) chegara nazorati boʻlinmalari tomonidan Davlat chegarasini kesib oʻtish huquqini beruvchi hujjatlar mavjudligi tekshiriladi va pasport nazoratidan oʻtkaziladi;
v) sanitariya-karantin boʻlinmasi tomonidan nazoratdan oʻtkaziladi;
g) bojxona nazoratidan oʻtkazish jarayonida bojxona organlari fitosanitariya va veterinariya nazorati organlarining quyidagi vazifalarini ham amalga oshiradi:
fitosanitariya va veterinariya nazorati predmetlari mavjudligi toʻgʻrisida ogʻzaki soʻrovni amalga oshirish;
fitosanitariya va veterinariya nazorati talab qilinadigan tovarlarni olib oʻtish uchun ruxsat etuvchi hujjatlar mavjudligini oʻrganish;
qoʻl yuki va bagajni nazorat qilish jarayonida fitosanitariya va veterinariya nazorati obyektlari hamda olib oʻtilishi taqiqlangan tovarlarning mavjudligini nazorat texnik vositalari yordamida koʻzdan kechirish;
fitosanitariya va veterinariya nazorati obyektlarining hujjatlari nazoratini amalga oshirish.
Yoʻlovchilarning qoʻl yuki va bagajini bojxona nazoratidan oʻtkazish jarayonida bojxona organi tomonidan fitosanitariya hamda veterinariya nazoratiga tushadigan obyektlar aniqlanganda, nazorat tartib-taomillarini amalga oshirish uchun tegishli davlat nazorat organi jalb qilinadi. Ushbu holatda bojxona organining talabiga asosan fitosanitariya va veterinariya nazorati xodimlari bojxona nazorati jarayonida ishtirok etadi.
20. Xizmatdan foydalangan holda ustuvor tartibda harakatlanayotgan shaxslar tomonidan qonunchilik hujjatlarining buzilish holatlari aniqlanganda, amaldagi qonunchilik hujjatlariga muvofiq ular javobgarlikka tortiladi, bunday hollarda xizmatdan foydalanish uchun toʻlangan toʻlov summasi qaytarilmaydi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 227-moddasi.
6-bob. Yakunlovchi qoida
21. Ushbu Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
Jismoniy shaxslarning Davlat chegarasi orqali oʻtkazish punktidan harakatlanishida “Fast-track” xizmatidan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
ILOVA
Davlat chegarasini “Fast-track” xizmatidan foydalangan holda kesib oʻtish
SXEMASI

Bosqichlar

Subyektlar

Tadbirlar

Bajarish muddatlari

1-bosqich

Xizmatdan foydalanadigan shaxs

1. Xizmatdan foydalanish uchun Bojxona qoʻmitasining rasmiy veb-saytda roʻyxatdan oʻtadi.

1. Xohishiga koʻra

2. Tartib bilan tanishib chiqadi.

2. Murojaat qilganda

2-bosqich

Xizmatdan foydalanadigan shaxs

1. Murojaat bandlarini soʻralgan maʼlumotlar bilan toʻldiradi.

2. Xizmatdan foydalanish uchun oferta shartnoma bilan tanishadi va tasdiqlaydi.

3. Toʻlanishi lozim boʻlgan toʻlovni toʻlaydi va murojaatni vakolatli organlar koʻrib chiqishi uchun yuboradi.

Murojaat qilganda

3-bosqich

Vakolatli organ

1. Yuborilgan murojaat bandlaridagi maʼlumotlar toʻgʻri shakllantirilganligi va toʻlov summasi toʻliq toʻlanganligi tizim tomonidan avtomatik tarzda YAAATdagi formatli-mantiqiy nazoratdan oʻtkaziladi.

2. YAAATdagi formatli-mantiqiy nazoratdan ijobiy oʻtkazilgan murojaatni qabul qiladi, nomuvofiq boʻlganda toʻgʻrilash uchun qaytaradi.

3. Qabul qilingan qaror toʻgʻrisida murojaatchiga Bojxona qoʻmitasining rasmiy veb-sayti orqali rad etilganligi sabablari koʻrsatilgan holda, onlayn rejimda avtomatik tarzda javob qaytaradi.

Avtomatik ravishda

4-bosqich

Xizmatdan foydalanish uchun toʻlangan toʻlovni qaytarish

1. Bojxona qoʻmitasining rasmiy veb-saytida elektron ariza bandlari toʻldiriladi.

2. Xizmatdan foydalanish uchun toʻlangan toʻlovni qabul qiluvchi bank rekvizitlari, toʻlov kartalari raqami aniq koʻrsatiladi va murojaat yuboriladi.

3. Murojaat YAAATdagi formatli-mantiqiy nazoratdan ijobiy oʻtganda, toʻlangan toʻlov avtomatik qaytariladi.

Avtomatik ravishda

Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 29-yanvardagi 44-son qaroriga
3-ILOVA
“Elektron navbat” avtomatlashtirilgan axborot tizimi birinchi navbatda joriy etiladigan Davlat chegarasi orqali oʻtkazish punktlari
ROʻYXATI

T/r

Chegara bojxona posti joylashgan hudud

Chegaradosh davlat

Chegara bojxona posti

Chegara oʻtkazish punkti

1.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi

Qozogʻiston

Dovut-ota

Daut-Ata

2.

Andijon viloyati

Qirgʻiziston

Doʻstlik

Doʻstlik

3.

Buxoro viloyati

Turkmaniston

Olot

Olot

4.

Sirdaryo viloyati

Qozogʻiston

Sirdaryo

Guliston

5.

Surxondaryo viloyati

Afgʻoniston

Ayritom

Termiz

6.

Surxondaryo viloyati

Tojikiston

Sariosiyo

Sariosiyo

7.

Toshkent viloyati

Qozogʻiston

Yallama

Yallama

8.

Toshkent viloyati

Qozogʻiston

S. Najimov

Toshkent

9.

Toshkent viloyati

Qozogʻiston

Navoiy

Zangiota

10.

Toshkent viloyati

Qozogʻiston

Gʻishtkoʻprik

Gʻishtkoʻprik

11.

Toshkent viloyati

Tojikiston

Oybek

Oybek

12.

Fargʻona viloyati

Qirgʻiziston

Oʻzbekiston

Oʻzbekiston

Izoh: Davlat chegarasi orqali oʻtkazish punktlarida avtotransport vositalari oqimi oʻzgarishi natijasida “Elektron navbat” avtomatlashtirilgan axborot tizimi ushbu qaror talablariga muvofiq Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qoʻmitasi raisining buyrugʻi bilan boshqa chegara oʻtkazish punktlarida ham tashkil etilishi mumkin.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.02.2025-y., 09/25/44/0101-son)