|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 15.03.2012
|
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
KINOVIDEOMAHSULOTLARNI IShLAB ChIQARISh, KO‘PAYTIRISh, DUBLYaJ QILISh, SOTISh VA ULARNING PROKATI BO‘YIChA FAOLIYAT TURLARINI LITSENZIYALASh TO‘G‘RISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASh HAQIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 15-martdagi 72-sonli “O‘zbekiston Respublikasining “Intellektual mulk to‘g‘risidagi qonun hujjatlari takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonunlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida” 2011-yil 26-dekabrdagi O‘RQ-312-son Qonunini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
“Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 5-moddasiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Kinovideomahsulotlarni ishlab chiqarish, ko‘paytirish, dublyaj qilish, sotish va ularning prokati bo‘yicha faoliyat turlarini litsenziyalash to‘g‘risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Oldingi tahrirga qarang.
2. Respublika “Ma’naviyat va ma’rifat” kengashining litsenziya berish to‘g‘risidagi qarorlari protokolini rasmiylashtirish, litsenziyalar o‘z vaqtida berilishini nazorat qilish va ularning hisobini olib borish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Ta’lim, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy muhofaza masalalari axborot-tahlil departamenti tomonidan amalga oshirilishi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
(2-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 22-fevraldagi 73-son qarori tahririda — O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari to‘plami, 2005-y., 8-9-son, 67-modda)
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.A. Azizxo‘jayev zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2004-yil 22-mart,
135-son
Kinovideomahsulotlarni ishlab chiqarish, ko‘paytirish, dublyaj qilish, sotish va ularning prokati bo‘yicha faoliyat turlarini litsenziyalash to‘g‘risida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom kinovideomahsulotlarni ishlab chiqarish, ko‘paytirish, dublyaj qilish, sotish va ularning prokati bo‘yicha faoliyat turlarini litsenziyalash tartibini belgilaydi.
2. Quyidagilar kinovideomahsulotlarni ishlab chiqarish, ko‘paytirish, dublyaj qilish, sotish va ularning prokati bo‘yicha litsenziyalanadigan faoliyat turlari hisoblanadi:
badiiy va xronikal-hujjatli, ilmiy-ommabop, tasviriy, multiplikatsion kinovideofilmlar hamda dasturlar ishlab chiqarish;
kinovideofilmlarni hamda dasturlarni ko‘paytirish, dublyaj qilish va sotish;
kinovideomahsulotlar prokati.
3. Litsenziya berish, litsenziyaning amal qilishini to‘xtatib turish yoki tugatish, shuningdek uni bekor qilish va qayta rasmiylashtirish to‘g‘risidagi qarorlar Respublika “Ma’naviyat va ma’rifat” kengashi (keyingi o‘rinlarda Kengash deb ataladi) xulosalari asosida Vazirlar Mahkamasi (litsenziyalovchi organ) tomonidan qabul qilinadi.
(3-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 1-fevraldagi 26-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2012-y., 6-son, 57-modda)
Vazirlar Mahkamasining hujjatlar qabul qilish, ular yuzasidan ekspert xulosalar tayyorlash, litsenziyalar berish va qayta rasmiylashtirish, litsenziatlar tomonidan litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishini nazorat qilish bo‘yicha ishchi organ funksiyasini “O‘zbekkino” Milliy agentligi (keyingi o‘rinlarda ishchi organ deb ataladi) amalga oshiradi.
Oldingi tahrirga qarang.
Respublika “Ma’naviyat-ma’rifat” kengashining qarori protokolini rasmiylashtirish, ishchi organ tomonidan litsenziyalarni o‘z vaqtida berilishi va ularning hisobi olib borilishi yuzasidan nazoratni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Ta’lim, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy muhofaza masalalari kompleksi amalga oshiradi.
(3-bandning uchinchi xatboshi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 22-fevraldagi 73-son qarori tahririda — O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari to‘plami, 2005-y., 8-9-son, 67-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
4. Kinovideomahsulotlarni ishlab chiqarish, ko‘paytirish, dublyaj qilish, sotish va ularning prokati bo‘yicha faoliyat turlari yuridik shaxslar tomonidan amalga oshirilishi mumkin.
(4-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 9-iyuldagi 190-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2009-y., 29-son, 332-modda)
5. Kinovideomahsulotlarni ishlab chiqarish, ko‘paytirish, dublyaj qilish, sotish va ularning prokati bo‘yicha faoliyat turlarini amalga oshirish uchun namunaviy (oddiy) litsenziya beriladi.
Litsenziya talabgorining arizasiga ko‘ra litsenziyalar umuman faoliyat turiga yoxud uning bir qismiga beriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
6. Kinovideomahsulotlarni ishlab chiqarish, ko‘paytirish, dublyaj qilish, sotish va ularning prokati bo‘yicha faoliyat turlarini amalga oshirishga litsenziya 5 yil muddatga beriladi.
(6- bandning ikkinchi gapi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 22-maydagi 92-sonli qaroriga muvofiq chiqarib tashlandi — O‘R QHT, 2006-y., 20-21-son, 181- modda)
II. Litsenziya talablari va shartlari
7. Quyidagilar kinovideomahsulotlarni ishlab chiqarish, ko‘paytirish, dublyaj qilish, sotish va ularning prokati bo‘yicha faoliyat turlarini amalga oshirishning litsenziya talablari va shartlari hisoblanadi:
zo‘ravonlikni, mamlakat xavfsizligi va ijtimoiy-siyosiy barqarorlikni, fuqarolar tinchligining, millatlararo va dinlararo totuvlikning buzilishini, O‘zbekiston to‘g‘risida noto‘g‘ri axborotlar tarqatilishini hamda uning tarixiy, madaniy va ma’naviy boyliklarining buzib ko‘rsatilishini targ‘ib qilish uchun foydalanadigan mahsulotlarni ishlab chiqarish, ko‘paytirish hamda tarqatishga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan litsenziatning majburiyati;
a) badiiy va xronikal-hujjatli, ilmiy-ommabop, tasviriy, multiplikatsion kinovideofilmlar hamda dasturlar ishlab chiqarishda:
kinovideofilmlar hamda dasturlar ishlab chiqarish sohasidagi qonun hujjatlariga, normativ-texnik talablarga majburiy tarzda rioya qilinishi;
kinovideofilmlar hamda dasturlar ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan tegishli moddiy-texnika bazasining, asbob-uskunalar va boshqa texnik vositalarning mavjud bo‘lishi;
b) kinovideofilmlarni hamda dasturlarni ko‘paytirish va dublyaj qilishda:
kinovideofilmlarni hamda dasturlarni ko‘paytirish va dublyaj qilish sohasidagi qonun hujjatlariga, kinovideomahsulotlar nusxalari texnik sifatiga qo‘yiladigan talablarga, shuningdek kinovideomahsulotlarni ko‘paytirish va dublyaj qilishda ularning bezatilishiga oid talablarga majburiy tarzda rioya qilinishi;
mahsulotni ko‘paytirish huquqiga ega bo‘lgan shaxs yoxud kino va video asarlarni ko‘paytirish va dublyaj qilishga huquqi bo‘lgan shaxsning roziligi bo‘lgan boshqa buyurtmachi tomonidan buyurtmani tasdiqlovchi hujjatlar mavjudligi;
litsenziat tomonidan kino va video asarning mahsulotning nomi, ushbu mahsulot tarkibiga kirgan asarlar nomi, tayyorlangan nusxalar soni ko‘rsatilgan holdagi tayyorlangan nusxalarining, shuningdek litsenziat yoki tiraj buyurmachisining kino va video asarni ko‘paytirish va dublyaj qilish huquqini tasdiqlovchi hujjatlarning hisob-kitobi yuritilishi;
litsenziat tomonidan kino va video asarni ko‘paytirish va dublyaj qilishga doir ishlab chiqarish faoliyatining yong‘in xavfsizligi qoidalari va sanitariya-gigiyena normalari talablariga javob beruvchi, ular to‘g‘risida litsenziyalovchi organga axborot taqdim etilgan binolar va xonalarda amalga oshirilishi;
litsenziat tomonidan kino va video asarni ko‘paytirish va dublyaj qilishga doir ishlab chiqarish faoliyatini manbalarning har qanday turida standartlar talablariga muvofiq keluvchi asbob-uskunalar va texnik vositalardan foydalangan holda amalga oshirish;
v) kinovideofilmlar va dasturlarni sotish hamda ularning prokati sohasida:
kinovideofilmlar va dasturlarni sotish hamda ularning prokati sohasidagi qonun hujjatlariga, kinovideomahsulotlarni sotish hamda ularning prokatiga qo‘yiladigan normativ-texnik talablarga majburiy tarzda rioya qilinishi;
kino va video asarlarga intellektual mulk egasi huquqlari buzilgan tarzda kinovideomahsulotlarning sotilishiga hamda ularning prokatiga yo‘l qo‘ymaslik;
litsenziat tomonidan kinovideomahsulotlarni sotish hamda ularning prokatiga doir faoliyatni yong‘in xavfsizligi qoidalari va sanitariya-gigiyena normalari talablariga javob beruvchi, ular to‘g‘risida litsenziyalovchi organga axborot taqdim etilgan binolar va xonalarda amalga oshirilishi;
har bir seans bo‘yicha mavjud va sotilgan pattalarning qat’iy ravishda alohida olib borilishi, kassa intizomi va pattalarni sotishdan tushgan tushumni inkassatsiya qilish qoidalariga rioya etilishi.
8. Litsenziya bitimida ushbu Nizomning 7-bandida sanab o‘tilgan litsenziya talablari va shartlaridan kelib chiquvchi aniq talablar va shartlar nazarda tutilishi mumkin.
III. Litsenziya olish uchun zarur bo‘lgan hujjatlar
9. Litsenziya talabgori litsenziya olish uchun ishchi organga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
a) litsenziya berish to‘g‘risida ariza, unda quyidagilar ko‘rsatiladi:
yuridik shaxsning nomi va tashkiliy-huquqiy shakli, joylashgan joyi (pochta manzili), xizmat ko‘rsatuvchi bankning nomi va bankdagi talab qilib olinadigan asosiy depozit hisob raqami;
litsenziyalanayotgan faoliyat turi (yoxud uning bir qismi);
b) yuridik shaxs davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomaning nusxasi;
(9-bandning “b” kichik bandi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 1-fevraldagi 26-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2012-y., 6-son, 57-modda)
v) ariza ko‘rib chiqilganligi uchun litsenziya talabgori tomonidan yig‘im to‘langanligini tasdiqlaydigan hujjat.
(9-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 9-iyuldagi 190-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2009-y., 29-son, 332-modda)
10. Litsenziya talabgori tomonidan ushbu Nizomning 9-bandida ko‘rsatilgan hujjatlarga qo‘shimcha ravishda quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:
a) badiiy va xronikal-hujjatli, ilmiy-ommabop, multiplikatsion, tasviriy kinovideofilmlar hamda dasturlar ishlab chiqarish faoliyatini amalga oshirish uchun — litsenziyalanadigan faoliyatni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan mavjud moddiy-texnik baza, asbob-uskunalar va boshqa texnik vositalar to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
b) kinovideofilmlarni hamda dasturlarni ko‘paytirish, dublyaj qilish faoliyatini amalga oshirish uchun:
litsenziyalanadigan faoliyat amalga oshiriladigan binolar va xonalarga mulk huquqi yoki boshqa ashyoviy huquqni tasdiqlovchi hujjat;
yong‘in nazorati va sanitariya-epidemiologiya nazorati organlarining mavjud binolar va xonalarning yong‘in xavfsizligi qoidalari va sanitariya-gigiyena normalari talablariga muvofiqligi to‘g‘risidagi xulosalari;
litsenziyalanadigan faoliyatni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan mavjud asbob-uskunalar va boshqa texnik vositalar to‘g‘risida ma’lumotlar;
v) kinovideofilmlar va dasturlarni sotish hamda ularning prokati faoliyatini amalga oshirish uchun:
litsenziyalanadigan faoliyat turi amalga oshiriladigan binolar va xonalarga mulk huquqi yoki boshqa ashyoviy huquqni tasdiqlovchi hujjat;
yong‘in nazorati va sanitariya-epidemiologiya nazorati organlarining mavjud binolar va xonalarning yong‘in xavfsizligi va sanitariya-gigiyena talablariga muvofiqligi to‘g‘risidagi xulosalari.
11. Litsenziya talabgoridan mazkur Nizomda nazarda tutilmagan hujjatlarning taqdim etilishini talab qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.
12. Hujjatlar litsenziya talabgori tomonidan ishchi organga bevosita yoxud olinganligi to‘g‘risidagi bildirishnoma bilan pochta aloqa vositasi orqali yetkazib beriladi.
Hujjatlar ishchi organ tomonidan ro‘yxat bo‘yicha qabul qilinadi, ro‘yxatning nusxasi hujjatlar qabul qilib olingan sana to‘g‘risida belgi qo‘yilgan holda litsenziya talabgoriga yuboriladi (topshiriladi).
Noto‘g‘ri yoki buzilgan ma’lumotlar taqdim etilganligi uchun litsenziya talabgori qonun hujjatlariga muvofiq javob beradi.
IV. Arizalarni ko‘rib chiqish va litsenziya berish yoki litsenziya berishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilish
13. Litsenziya talabgori arizasi ko‘rib chiqilganligi uchun qonun hujjatlarida to‘lov kunida belgilangan eng kam oylik ish haqining to‘rt baravari miqdorida yig‘im undiriladi.
(13-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 1-fevraldagi 26-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2012-y., 6-son, 57-modda)
Ariza ko‘rib chiqilganligi uchun yig‘im summasi ishchi organning hisob raqamiga o‘tkaziladi.
Litsenziya talabgori berilgan arizadan voz kechgan taqdirda to‘langan yig‘im summasi qaytarilmaydi.
14. Kinovideomahsulotlarni ishlab chiqarish, ko‘paytirish, dublyaj qilish, sotish va ularning prokati bo‘yicha faoliyat turlarini litsenziyalash ushbu Nizomga ilova qilinayotgan sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
Litsenziya talabgoriga litsenziya berish yoki litsenziya berishni rad etish to‘g‘risida qaror litsenziya talabgorining arizasi olingan kundan boshlab o‘ttiz kundan ortiq bo‘lmagan muddatda qabul qilinadi.
Ishchi organ ariza olingan kundan boshlab o‘n besh kundan ortiq bo‘lmagan muddatda hujjatlarni ko‘rib chiqadi va ular bo‘yicha Kengash yig‘ilishida ko‘rib chiqish uchun ekspert xulosasi tayyorlaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
Kengash ishchi organning taklifi olingan kundan boshlab o‘n kundan ortiq bo‘lmagan muddatda uni ko‘rib chiqadi hamda litsenziya talabgoriga litsenziya berish yoki litsenziya berishni rad etish to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritadi. Vazirlar Mahkamasi Ta’lim, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy muhofaza masalalari kompleksi tomonidan Kengash yig‘ilishi protokoli rasmiylashtiriladi, protokol Kengash raisi (uning o‘rinbosari) tomonidan imzolanadi. Zarur hollarda Kengash qarori so‘rov yo‘li bilan qabul qilinishi mumkin.
(14-bandning to‘rtinchi xatboshi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 22-fevraldagi 73-son qarori tahririda — O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari to‘plami, 2005-y., 8-9-son, 67-modda)
Vazirlar Mahkamasi Kengashning taklifi olingan kundan boshlab besh kundan ortiq bo‘lmagan muddatda uni ko‘rib chiqadi hamda litsenziya berish yoki litsenziya berishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qiladi.
15. Ishchi organ tegishli qaror qabul qilingandan keyin uch kun muddatda litsenziya talabgorini qabul qilingan qaror to‘g‘risida yozma ravishda xabardor qiladi.
Litsenziya berishga qaror qabul qilinganligi to‘g‘risidagi bildirishnoma litsenziya talabgoriga bank hisob raqami rekvizitlari, davlat boji to‘lash muddati ko‘rsatilgan holda yozma shaklda yuboriladi (topshiriladi).
Litsenziya bitimi ishchi organ bilan litsenziat o‘rtasida tuziladi, unda quyidagilar bo‘lishi kerak:
bitimni imzolagan shaxslarning familiyasi, ismi, otasining ismi, egallab turgan lavozimi;
tomonlarning rekvizitlari;
amalga oshirilishiga litsenziya berilayotgan faoliyatning aniq turi;
litsenziyaning amal qilish muddati;
litsenziatga qo‘yiladigan litsenziya talablari va shartlari;
litsenziya bitimi talablari va shartlari buzilganligi uchun tomonlarning javobgarligi;
litsenziat tomonidan litsenziya bitimi talablari va shartlari bajarilishini ishchi organ tomonidan nazorat qilish tartibi.
Litsenziya bitimi ikki nusxada — litsenziat va litsenziyalovchi organ uchun bir nusxadan tuziladi.
16. Litsenziyalar ishchi organ tomonidan belgilangan shakldagi blankalarda rasmiylashtiriladi Litsenziyalar blankalari qat’iy hisobda turadigan hujjatlar hisoblanadi, hisobga olish seriyasiga, tartib raqamiga va himoyalanganlik darajasiga ega bo‘ladi. Litsenziya blankalari namunalari Vazirlar Mahkamasi bilan kelishgan holda ishchi organ tomonidan ishlab chiqiladi. Litsenziya blankalari ishchi organ buyurtmanomasiga ko‘ra “Davlat belgisi” davlat-ishlab chiqarish birlashmasida bosmaxona usulida tayyorlanadi. Ishchi organ rahbari litsenziyalar blankalari hisobga olinishi, saqlanishi va ulardan maqsadli foydalanilishi uchun shaxsan javob beradi.
Oldingi tahrirga qarang.
Ishchi organ tomonidan litsenziyalarni rasmiylashtirish va berish muddatlariga rioya etilishi, shuningdek berilgan litsenziyalar hisobini olib borilishi yuzasidan nazoratni Vazirlar Mahkamasi Ijtimoiy Ta’lim, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy muhofaza masalalari kompleksi tomonidan amalga oshiriladi.
(16-bandning ikkinchi xatboshi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 22-fevraldagi 73-son qarori tahririda — O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari to‘plami, 2005-y., 8-9-son, 67-modda)
Litsenziyalar O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari — Vazirlar Mahkamasining Ta’lim, sog‘liqni saqlash, ijtimoiy muhofaza, axborot tizimlari va telekommunikatsiyalar masalalari kompleksi rahbari tomonidan imzolanadi.
(16-bandning uchinchi xatboshi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 10-noyabrdagi 293-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2009-y., 46-son, 498-modda)
17. Litsenziya litsenziya talabgori tomonidan davlat boji to‘langanligini tasdiqlovchi hujjat taqdim etilgandan va litsenziya bitimi imzolangandan keyin uch kun muddatda beriladi.
18. Agar litsenziat litsenziya berish to‘g‘risida qaror qabul qilinganligi haqidagi bildirishnoma yuborilgan (topshirilgan) vaqtdan boshlab uch oy mobaynida ishchi organga litsenziya berilganligi uchun davlat boji to‘langanligini tasdiqlovchi hujjatni taqdim etmasa yoxud litsenziya bitimini imzolamasa, Vazirlar Mahkamasi litsenziyani bekor qilish to‘g‘risida qaror qabul qilishga haqlidir.
19. Litsenziya berish “Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 17-moddasida nazarda tutilgan asoslar bo‘yicha rad etilishi mumkin.
Litsenziya talabgori ishchi organning litsenziya berishni rad etilishi to‘g‘risidagi qarori, shuningdek ishchi organ mansabdor shaxsining xatti-harakati (harakatsizligi) yuzasidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda shikoyat qilish huquqiga egadir.
20. Litsenziya berish rad etilishi to‘g‘risida qaror qabul qilingan taqdirda rad etish to‘g‘risidagi bildirishnoma litsenziya talabgoriga rad etishning aniq sabablari va litsenziya talabgori ko‘rsatib o‘tilgan sabablarni bartaraf etib hujjatlarni takroran ko‘rib chiqishga taqdim etishi uchun yetarli bo‘lgan muddat ko‘rsatilgan holda yozma shaklda yuboriladi (topshiriladi). Litsenziya berishni rad etish haqidagi xabarnomada ko‘rsatilgan muddat kamchiliklarni bartaraf etish uchun zarur bo‘lgan vaqtga mutanosib bo‘lishi kerak.
(20-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 1-fevraldagi 26-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2012-y., 6-son, 57-modda)
21. Litsenziya talabgori tomonidan litsenziya berish rad etilishiga asos bo‘lgan sabablar bartaraf etilgan taqdirda, hujjatlarni takroran ko‘rib chiqish litsenziya talabgorining arizasi barcha zarur hujjatlar bilan birgalikda olingan kundan boshlab o‘n kundan ortiq bo‘lmagan muddatda amalga oshiriladi.
Bunda ishchi organ hujjatlar takroran taqdim etilgandan keyin uch kun mobaynida ular yuzasidan Kengash yig‘ilishida ko‘rib chiqish uchun ekspert xulosasi tayyorlaydi.
Kengash ekspert xulosasi olingandan keyin to‘rt kun muddatda uni ko‘rib chiqadi va litsenziya talabgoriga litsenziya berish yoki litsenziya berishni rad etish to‘g‘risidagi taklifni Kengashning tegishli qaror protokoli bilan birga Vazirlar Mahkamasiga taqdim etadi.
Vazirlar Mahkamasi Kengash taklifi olingandan keyin uch kundan ortiq bo‘lmagan muddatda uni ko‘rib chiqadi va litsenziya berish yoki litsenziya berishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qiladi.
Litsenziya talabgorlarining arizalari takroran ko‘rib chiqilganligi uchun yig‘im undirilmaydi.
Litsenziya berish rad etilganligi to‘g‘risidagi bildirishnomada ko‘rsatilgan muddat o‘tgandan keyin berilgan ariza yangidan berilgan ariza hisoblanadi.
V. Litsenziyalarni qayta rasmiylashtirish, ularning amal qilish muddatini uzaytirish, dublikat berish
22. Yuridik shaxs — litsenziat qayta tashkil etilgan, uning nomi yoki joylashgan joyi (pochta manzili) o‘zgargan taqdirda, litsenziat yoki uning huquqiy vorisi qayta ro‘yxatdan o‘tkazilgandan keyin bir oy muddatda ishchi organga ko‘rsatib o‘tilgan ma’lumotlarni tasdiqlovchi tegishli hujjatlar ilova qilingan holda litsenziyani qayta rasmiylashtirish to‘g‘risida ariza berishi shart.
(22-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 1-fevraldagi 26-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2012-y., 6-son, 57-modda)
23. Litsenziat litsenziya qayta rasmiylashtirilgunga qadar unda ko‘rsatilgan faoliyatni ilgari berilgan litsenziya asosida amalga oshiradi.
24. Litsenziyani qayta rasmiylashtirishda ishchi organ litsenziyalar reyestriga tegishli o‘zgartirishlar kiritadi. Litsenziyalarni qayta rasmiylashtirish ishchi organ tomonidan tegishli hujjatlar ilova qilingan holda litsenziyalarni qayta rasmiylashtirish to‘g‘risida ariza olingan kundan boshlab besh kun mobaynida amalga oshiriladi.
Litsenziyalarni qayta rasmiylashtirishda litsenziya talabgorining litsenziya berish to‘g‘risidagi arizasi ko‘rib chiqilganligi uchun to‘lanadigan summaning yarmi miqdorida yig‘im undiriladi. Yig‘im summasi ishchi organ hisob raqamiga o‘tkaziladi.
25. Litsenziyaning amal qilish muddatini uzaytirish litsenziatning arizasiga ko‘ra amalga oshiriladi.
Litsenziyaning amal qilish muddatini uzaytirish to‘g‘risidagi ariza ishchi organga litsenziyaning amal qilish muddati o‘tgunga qadar ikki oydan kechikmay berilishi kerak.
Litsenziyaning amal qilish muddatini uzaytirish litsenziya berish uchun nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi.
26. Amal qilish muddati o‘tmagan yo‘qolgan yoki yaroqsiz holga kelgan litsenziya o‘rniga litsenziatning arizasiga ko‘ra uning dublikati berilishi mumkin.
Litsenziya dublikati berishda litsenziya talabgorining litsenziya berish to‘g‘risidagi arizasi ko‘rib chiqilganligi uchun to‘lanadigan summaning yarmi miqdorida yig‘im undiriladi. Yig‘im summasi ishchi organ hisob raqamiga o‘tkaziladi.
VI. Litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishini nazorat qilish
27. Litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishi ustidan nazorat belgilangan tartibda ishchi organ tomonidan amalga oshiriladi.
28. Litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirishda ishchi organ o‘z vakolatlari doirasida quyidagi huquqlarga ega:
litsenziat tomonidan litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishini belgilangan tartibda rejali tekshirish;
litsenziya talablari va shartlari litsenziat tomonidan buzilganligidan dalolat beruvchi hollar mavjud bo‘lgan taqdirda litsenziatning ularga rioya etishini belgilangan tartibda rejadan tashqari tekshirish;
litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishini tekshirish chog‘ida paydo bo‘ladigan masalalar yuzasidan litsenziatdan zarur axborotni so‘rash va olish;
tekshirishlar natijalari asosida, litsenziya talablari va shartlarining aniq buzilishlarini ko‘rsatgan holda dalolatnomalar (ma’lumotnomalar) tuzish;
litsenziatga aniqlangan buzilishlarini bartaraf etish majburiyatini yuklovchi qarorlar chiqarish, bunday buzilishlarni bartaraf etish muddatlarini belgilash;
litsenziyaning amal qilishini to‘xtatib turish va to‘xtatish yoki uni bekor qilish to‘g‘risidagi taklifni ko‘rib chiqish uchun litsenziyalovchi organga kiritish;
xo‘jalik yurituvchi subyektlar tomonidan faoliyatni litsenziyasiz amalga oshirish hollari aniqlangan taqdirda materiallarni qonun hujjatlarida belgilangan choralar ko‘rish uchun belgilangan tartibda soliq organlariga yuborish.
29. Litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishini tekshirishda ishchi organ xodimlari tomonidan ikki nusxada dalolatnoma tuziladi, ularning bittasi litsenziatga beriladi, ikkinchi nusxasi litsenziyalovchi organda qoladi.
Kengash yoki ishchi organ qaroriga ko‘ra litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishi yuzasidan tekshirishlar o‘tkazish uchun tegishli tashkilotlar mutaxassislari jalb qilinishi mumkin.
VII. Litsenziyaning amal qilishini to‘xtatib turish, to‘xtatish, litsenziyani bekor qilish
30. Litsenziyaning amal qilishini to‘xtatib turish, to‘xtatish va litsenziyani bekor qilish “Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 22—24-moddasida nazarda tutilgan hollarda va tartibda litsenziyalovchi organ tomonidan amalga oshiriladi.
31. Litsenziyalovchi organning litsenziyaning amal qilishini to‘xtatib turish, to‘xtatish va litsenziyani bekor qilish to‘g‘risidagi qarori yuzasidan sudga shikoyat qilinishi mumkin. Litsenziyalovchi organ qarori asossiz ekanligi sud tomonidan e’tirof etilgan taqdirda, litsenziyalovchi organ litsenziat oldida litsenziat ko‘rgan zarar miqdorida javob beradi.
VIII. Litsenziyalar reyestri
32. Ishchi organ litsenziyalar reyestrini yuritadi.
Reyestrda quyidagilar ko‘rsatilishi kerak:
yuridik shaxsning nomi, uning tashkiliy-huquqiy shakli, pochta manzili, telefoni;
Oldingi tahrirga qarang.
(32-bandning to‘rtinchi xatboshi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 9-iyuldagi 190-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — O‘R QHT, 2009-y., 29-son, 332-modda)
litsenziyalanadigan faoliyat turining nomi;
litsenziyaning berilgan sanasi va tartib raqami;
litsenziyaning amal qilish muddati;
litsenziyaning umuman faoliyat turiga yoki uning bir qismiga berilganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
litsenziyani qayta rasmiylashtirish, ularning amal qilish muddatini uzaytirish, to‘xtatib turish va tiklashning asoslari va sanasi;
litsenziyaning amal qilishini to‘xtatish asoslari va sanasi;
litsenziyani bekor qilishning asoslari va sanasi;
dublikat berish asoslari va sanasi.
33. Litsenziyalarning reyestrlarida mavjud bo‘lgan ma’lumotlar litsenziyalovchi organning veb-saytida joylashtiriladi va tanishish uchun ochiq bo‘ladi.
(33-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 1-fevraldagi 26-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2012-y., 6-son, 57-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
(34-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 1-fevraldagi 26-sonli qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — O‘R QHT, 2012-y., 6-son, 57-modda)
IX. Davlat bojini to‘lash tartibi
35. Kinovideomahsulotlarni ishlab chiqarish, ko‘paytirish, dublyaj qilish, sotish va ularning prokati bo‘yicha faoliyat turlarini amalga oshirish huquqi uchun litsenziya berilganligi uchun to‘lov kunida qonun hujjatlarida belgilangan eng kam oylik ish haqining o‘n baravari miqdorida davlat boji undiriladi.
Litsenziya talabgorining arizasiga ko‘ra litsenziya besh yildan kam muddatga berilgan va besh yildan kam muddatga muddati uzaytirilgan taqdirda davlat boji miqdori litsenziyaning amal qilish muddatiga mutanosib ravishda kamayadi.
Litsenziya berilganligi uchun davlat boji mablag‘lari davlat budjeti daromadiga o‘tkaziladi.
Kinovideomahsulotlarni ishlab chiqarish, ko‘paytirish, dublyaj qilish, sotish va ularning prokati bo‘yicha faoliyat turlarini litsenziyalash to‘g‘risidagi nizomga
ILOVA
ILOVA
Kinovideomahsulotlarni ishlab chiqarish, ko‘paytirish, dublyaj qilish, sotish va ularning prokati bo‘yicha faoliyat turlarini litsenziyalash sxemasi
Oldingi tahrirga qarang.
(ilova O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 9-iyuldagi 190-sonli qarori tahririda— O‘R QHT, 2009-y., 29-son, 332-modda)
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2004-y., 12-son, 140-modda; 2005-y., 8-9-son, 67-modda; 2006-y., 20-21-son, 181-modda; 2009-y., 29-son, 332-modda, 46-son, 498-modda; 2012-y., 6-son, 57-modda; 12-son, 130-modda)