Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasining maʼmuriy-hududiy birliklari davlat reyestrini yuritish va maʼmuriy-hududiy tuzilish masalalari boʻyicha komissiyalar faoliyatini tashkil etish tartiblarini belgilash toʻgʻrisida
“Oʻzbekiston Respublikasining maʼmuriy-hududiy tuzilishi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Qonunlarning ijtimoiy munosabatlarni tartibga solishdagi rolini hamda norma ijodkorligi jarayoni sifatini yanada oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2024-yil 19-fevraldagi PQ-75-son qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasining maʼmuriy-hududiy birliklari davlat reyestrini yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;
Oʻzbekiston Respublikasining maʼmuriy-hududiy tuzilishi masalalari boʻyicha respublika komissiyasi tarkibi 2-ilovaga muvofiq;
Oʻzbekiston Respublikasining maʼmuriy-hududiy tuzilishi masalalari boʻyicha hududiy komissiyasining namunaviy tarkibi 3-ilovaga muvofiq;
Oʻzbekiston Respublikasining maʼmuriy-hududiy tuzilishi masalalari boʻyicha respublika komissiyasi toʻgʻrisidagi nizom 4 ilovaga muvofiq;
Oʻzbekiston Respublikasining maʼmuriy-hududiy tuzilishi masalalari boʻyicha hududiy komissiyalar toʻgʻrisidagi namunaviy nizom 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Belgilansinki:
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligi (keyingi oʻrinlarda — Kadastr agentligi) Oʻzbekiston Respublikasining maʼmuriy-hududiy birliklari davlat reyestrini (keyingi oʻrinlarda — Reyestr) shakllantirish va yuritish uchun masʼul organ hisoblanadi;
Kadastr agentligi Reyestrni ishlab chiqish va axborot tizimini qoʻllab-quvvatlashda buyurtmachi hisoblanadi;
Oʻzbekiston Respublikasining maʼmuriy-hududiy tuzilishi masalalariga doir hujjatlarni, shu jumladan, xaritalar va chegaralar chizigʻi tavsifini tayyorlash, maʼmuriy-hududiy birliklarning navbatchi xaritalarini va maʼmuriy-hududiy birliklarning davlat reyestrini ishlab chiqish va yuritish ishlari Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti parametrlarida Kadastr agentligi uchun budjetdan ajratiladigan mablagʻlar doirasida moliyalashtiriladi.
3. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:
respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari davlat xizmatlarini koʻrsatishda hamda idoralararo elektron oʻzaro hamkorlik qilishda Reyestrdan foydalanishi shart;
respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlari Reyestrga kiritiladigan axborotning oʻz vaqtida taqdim etilishi va ishonchliligi uchun javobgar hisoblanadi.
4. Kadastr agentligi Oʻzbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda Reyestrning axborot tizimini ishlab chiqish va joriy etish boʻyicha texnik topshiriq tasdiqlanishini hamda 2025-yil 1-fevralga qadar Reyestrning axborot tizimi toʻliq ishga tushirilishini taʼminlasin.
Bunda Reyestrdan foydalanish orqali idoralararo oʻzaro hamkorlik tizimini takomillashtirish uchun shart-sharoitlar yaratilishi hamda maʼlumotlarni real vaqt rejimida foydalanish nazarda tutilsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ikki oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.J. Ramatov hamda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazir oʻrinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri J.A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2024-yil 10-dekabr,
832-son
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 10-dekabrdagi 832-son qaroriga
1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasining maʼmuriy-hududiy birliklari davlat reyestrini yuritish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasining maʼmuriy-hududiy birliklari davlat reyestrini (keyingi oʻrinlarda — Reyestr) shakllantirish va yuritish tartibini belgilaydi.
2. Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar va qisqartmadan foydalaniladi:
maʼmuriy-hududiy birliklar — viloyatlar, tumanlar, shaharlar, shaharchalar, qishloqlar, ovullar, shuningdek, Qoraqalpogʻiston Respublikasi;
maʼmuriy-hududiy tuzilish masalalari — maʼmuriy-hududiy birliklarni tuzish, tugatish va ularning chegaralarini oʻzgartirish, maʼmuriy-hududiy birliklarning maʼmuriy markazlarini belgilash va koʻchirish, maʼmuriy-hududiy birliklarning boʻysunuvini oʻzgartirish;
Oldingi tahrirga qarang.
maʼmuriy-hududiy obyektni belgilash tizim kodi (keyingi oʻrinlarda — MHOBT kodi) — maʼmuriy-hududiy birlik mansubligini aniqlash boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy statistika qoʻmitasi tomonidan beriladigan kod.
(2-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 6-oktabrdagi 627-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.10.2025-y., 09/25/627/0901-son)
3. Maʼmuriy-hududiy birliklar davlat roʻyxatidan ularni Reyestrga kiritish yoʻli bilan oʻtkaziladi.
4. Reyestrga kiritilgan maʼmuriy-hududiy birlik davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan deb hisoblanadi.
5. Reyestr davlat yer kadastrining bir qismi hisoblanadi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligi (keyingi oʻrinlarda — Kadastr agentligi) tomonidan yuritiladi.
6. Reyestr ushbu Nizomga 1-ilovada keltirilgan sxemaga muvofiq davlat tilida elektron shaklda yuritiladi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi hududi boʻyicha maʼlumotlar qoraqalpoq va davlat tilida kiritiladi.
7. Reyestr quyidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga oladi:
maʼmuriy-hududiy birliklarning toifalari va nomlari;
MHOBT kodi;
maʼmuriy-hududiy birliklarning maʼmuriy markazlari;
maʼmuriy-hududiy birliklarning tavsiflari va kartografik chizmalari;
maʼmuriy-hududiy birliklarni tuzish, tugatish va ularning chegaralarini oʻzgartirish, maʼmuriy-hududiy birliklarning maʼmuriy markazlarini belgilash va koʻchirish, maʼmuriy-hududiy birliklar boʻysunuvini oʻzgartirish sanalari;
maʼmuriy-hududiy birlik tarkibiga kiruvchi maʼmuriy-hududiy birliklarning MHOBT kodi koʻrsatilgan roʻyxati;
maʼmuriy-hududiy birlikning muayyan maʼmuriy-hududiy birlik tarkibiga mansubligi;
maʼmuriy-hududiy birliklar maydoni har yili 1-yanvar holatiga koʻra tayyorlanadigan Yer resurslarining holati toʻgʻrisidagi milliy hisobot asosida shakllantiriladi;
Oldingi tahrirga qarang.
maʼmuriy-hududiy birliklar hududida yashaydigan doimiy aholi soni hamda MHOBT kodi Oʻzbekiston Respublikasi Milliy statistika qoʻmitasining (keyingi oʻrinlarda — Milliy statistika qoʻmitasi) maʼlumotlari asosida kiritiladi.
(7-bandning oʻninchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 6-oktabrdagi 627-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.10.2025-y., 09/25/627/0901-son)
Reyestr ushbu Nizomga 2-ilovaga muvofiq shakllantiriladi.
8. Davlat kartografiya-geodeziya fondi, davlat arxivlari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining arxiv maʼlumotlari hamda Kadastr agentligining yer hisoboti va maʼmuriy-hududiy birliklari chegaralarini belgilash (tiklash) boʻyicha bajarilgan ishlarning natijalari asosida birlamchi roʻyxat va hisobot hujjatlari shakllantiriladi.
9. Hisobot hujjatlari hududiy birlikning har bir maʼmuriy-hududiy birligiga nisbatan shakllantiriladi va ushbu Nizomning 7-bandida belgilangan maʼlumotlarni tasdiqlovchi hujjatlarni oʻz ichiga oladi.
2-bob. Reyestrni yuritish tartibi
10. Reyestr:
yangi maʼmuriy-hududiy birliklar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni kiritish;
maʼmuriy-hududiy birliklar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarga oʻzgartirishlar kiritish;
tugatilgan va maʼlumotlari oʻzgartirilgan maʼmuriy-hududiy birliklar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni arxivlash orqali yuritiladi.
11. Reyestrni yuritish doirasida oʻzgartirish va qoʻshimchalar faqat Oʻzbekiston Respublikasining maʼmuriy-hududiy tuzilishi masalalari boʻyicha qaror qabul qilishga vakolatli davlat organlarining qarorlari asosida kiritiladi.
12. Maʼmuriy-hududiy tuzilish masalalari boʻyicha taklif yoki iltimosnomalar taqdim etgan davlat organlari vakolatli davlat organlari tomonidan ijobiy qaror qabul qilinganidan keyin oʻn ish kunida tegishli hujjatlarni Reyestrga kiritish uchun Kadastr agentligiga ushbu Nizomning 7-bandida belgilangan maʼlumotlarni tasdiqlovchi hujjatlarni elektron hamkorlik orqali taqdim etishi shart.
Yangi maʼmuriy-hududiy birliklarni tuzish va ayrim hududlarni bir maʼmuriy-hududiy birlikdan boshqasiga oʻtkazish paytida, yangi tuzilgan va tugatilgan hududlarga rejalashtirish va kartografik materiallar (elektron raqamli xaritalar) masshtabi va tafsilotlari bilan kiritiladi.
Bunda maʼmuriy-hududiy birliklar chegaralarining burilish nuqtalari koordinatalarining kataloglari va ular orasidagi masofalar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar ilova qilingan holda, maʼmuriy chegaralarni aniq belgilash imkonini beradigan, shuningdek, maʼmuriy chegaralarning chegara chiziqlari va doimiy aholining aniq soni toʻgʻrisidagi maʼlumotlar kiritiladi.
13. Davlat organlari tomonidan maʼmuriy-hududiy tuzilish masalalari boʻyicha Kadastr agentligiga taqdim etilgan hujjatlar uch ish kunida koʻrib chiqiladi va tegishli maʼmuriy-hududiy birliklarning hisobot hujjatlari toʻplamiga tikiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
14. Taqdim etilgan hujjatlar koʻrib chiqilishi natijasi boʻyicha ushbu Nizomning 12-bandi talablariga mos kelsa, Kadastr agentligi bir ish kunida MHOBT kodini belgilash yoki aniqlik kiritish uchun Milliy statistika qoʻmitasiga yuboradi.
(14-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 6-oktabrdagi 627-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.10.2025-y., 09/25/627/0901-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Milliy statistika qoʻmitasi maʼmuriy-hududiy tuzilish masalalari boʻyicha taqdim etilgan hujjatlar qabul qilingan kundan boshlab ikki ish kunida maʼmuriy-hududiy birliklarning MHOBT kodini belgilaydi yoki aniqlik kiritadi va maʼlumotlarni Kadastr agentligiga yuboradi.
(14-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 6-oktabrdagi 627-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.10.2025-y., 09/25/627/0901-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Kadastr agentligi Milliy statistika qoʻmitasidan maʼlumotlar qabul qilingan kundan boshlab oʻn ish kunida maʼlumotlarni Reyestrga kiritadi hamda bu haqda vakolatli davlat organini xabardor qiladi.
(14-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 6-oktabrdagi 627-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.10.2025-y., 09/25/627/0901-son)
15. Taqdim etilgan hujjatlar koʻrib chiqilishi natijasi boʻyicha ushbu Nizomning 12-bandi talablariga mos kelmasa, Kadastr agentligi bir ish kunida sabablarini koʻrsatgan holda hujjatlarni qayta koʻrib chiqish uchun qaytaradi.
Maʼmuriy-hududiy tuzilish boʻyicha hujjatlarni kiritgan davlat organlari oʻn kun muddat ichida qaytarilgan hujjatlarning kamchiliklarini bartaraf etib, qayta kiritadi.
Qayta kiritilgan hujjatlar ushbu Nizomning 13-bandiga muvofiq koʻrib chiqiladi.
16. Reyestr Kadastr agentligining rasmiy veb-saytida onlayn rejimda joylashtiriladi.
Veb-saytda maʼmuriy-hududiy birliklar soni toʻgʻrisidagi maʼlumotlar ushbu Nizomga 3-ilovaga muvofiq shaklda hududlar kesimida joylashtiriladi.
17. Ushbu Nizom kuchga kirguniga qadar shakllantirilgan maʼmuriy-hududiy birliklar davlat roʻyxatidan Kadastr agentligi tomonidan Davlat kartografiya-geodeziya fondi, davlat arxivlari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining arxiv maʼlumotlari, shuningdek, Kadastr agentligining soʻroviga asosan vazirlik va idoralar hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari tomonidan taqdim etilgan maʼmuriy-hududiy birlikni shakllantirish uchun asos boʻlgan hujjatlar asosida oʻtkaziladi.
18. Reyestrni shakllantirish va yuritishi Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti mablagʻlari va qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.
3-bob. Yakunlovchi qoidalar
19. Ushbu Nizomni qoʻllash boʻyicha yuzaga keladigan nizolar qonunchilikda belgilangan tartibda hal etiladi.
20. Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilikka muvofiq javob beradilar.
Oʻzbekiston Respublikasining maʼmuriy-hududiy birliklari davlat reyestrini yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasining maʼmuriy-hududiy birliklari davlat reyestrini yuritish
SXEMASI
Oldingi tahrirga qarang.

Bosqichlar

Masʼullar

Tadbirlar

Muddat

1-bosqich

Vazirlar Mahkamasi,

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari

Maʼmuriy-hududiy tuzilish masalalari boʻyicha qaror qabul qilinganidan keyin qarorga tegishli hujjatlarni (Nizomning 7-bandida belgilangan maʼlumotlarni) Reyestrga kiritish uchun Kadastr agentligiga taqdim etadi.

Oʻn ish kunida

2-bosqich

Kadastr agentligi

1. Maʼmuriy-hududiy tuzilish masalalari boʻyicha kiritilgan hujjatlarni koʻrib chiqadi va tegishli maʼmuriy-hududiy birliklarning hisobot hujjatlari toʻplamiga kiritadi.

2. Taqdim etilgan hujjatlarda kamchiliklar aniqlanmagan taqdirda, maʼlumotlarni Milliy statistika qoʻmitasiga yuboradi.

3. Taqdim etilgan hujjatlar belgilangan talablarga mos kelmagan taqdirda hujjatlar sabablari koʻrsatilgan holda qayta koʻrib chiqish uchun qaytariladi.

Uch ish kuni

3-bosqich

Milliy statistika qoʻmitasi

1. Maʼmuriy-hududiy birliklarning MHOBT kodini belgilaydi.

2. Maʼlumotlarni Kadastr agentligiga yuboradi.

Ikki ish kunida

4-bosqich

Kadastr agentligi

1. Maʼmuriy-hududiy tuzilish masalalari boʻyicha taqdim etilgan hujjatlarni Reyestrga kiritadi hamda bu haqda vakolatli davlat organini xabardor qiladi.

2. Kadastr agentligining rasmiy veb-saytida onlayn rejimida joylashtiriladi.

Oʻn ish kunida

(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 6-oktabrdagi 627-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.10.2025-y., 09/25/627/0901-son)
Oʻzbekiston Respublikasining maʼmuriy-hududiy birliklari davlat reyestrini yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasining maʼmuriy-hududiy birliklari davlat
REYESTRI

T/r

MHOBT kodi

Maʼmuriy-hududiy birlik nomi

Maʼmuriy-hududiy birlik toifasi (maqomi)*

Maʼmuriy-hududiy birlik maʼmuriy markazi

Tashkil etilishi

Oʻzgartirilishi

Tugatilishi

Tarkibiy mansubligi ***

Umumiy maydoni, ga

Aholisi

Davlat roʻyxatidan oʻtkazish

sanasi

qisqacha tavsifi**

sanasi

qisqacha tavsifi**

sanasi

qisqacha tavsifi**

soni

roʻyxatdan oʻtgan sanasi

sanasi

raqami

1

2

3

4

5

6

7

8

9

10

11

12

13

14

15

16

17

* toifa tushunchasi maʼmuriy-hududiy birlik (poytaxt, viloyat markazi, tuman markazi) maqomini va boʻysunishini anglatadi;
** tashkil etilishi (oʻzgartirilishi, tugatilishi) haqida qisqacha tavsifda yangi maʼmuriy-hududiy birliklarning tuzilishi, tugatilganligi, markazining belgilanganligi, chegaralarining oʻzgartirilishi, ayrim hududlarning bir maʼmuriy-hududiy birlikdan boshqasiga oʻtkazilishi toʻgʻrisida maʼlumotlar.
*** tarkibiy mansubligida — qaysi maʼmuriy-hududiy birlik tarkibiga kirishini anglatadi.
Oʻzbekiston Respublikasining maʼmuriy-hududiy birliklari davlat reyestrini yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
3-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasining maʼmuriy-hududiy birliklari davlat reyestridan ochiq portalga joylashtiriladigan
MAʼLUMOTLAR

T/r

MHOBT kodi

Maʼmuriy-hududiy birlik nomi

Maʼmuriy-hududiy birlik toifasi (maqomi)*

Maʼmuriy-hududiy birlik maʼmuriy markazi

Umumiy maydoni, ga

Aholisi

Tashkil etilishi

Oʻzgartirilishi

Tugatilishi

Davlat roʻyxatidan oʻtkazish

Izoh

soni

roʻyxatdan oʻtgan sanasi

sanasi

qisqacha tavsifi**

sanasi

qisqacha tavsifi**

sanasi

qisqacha tavsifi**

sanasi

raqami

1

2

3

4

5

6

7

8

9

10

11

12

13

14

15

16

17

1.

...

Respublika boʻysunuvidagi

1.1.

...

Viloyat boʻysunuvidagi

1.1.1.

...

Tuman boʻysunuvidagi

* toifa tushunchasi maʼmuriy-hududiy birlik (poytaxt, viloyat markazi, tuman markazi) maqomini va boʻysunishini anglatadi;
** oʻzgarishlarning qisqacha mazmunida yangi maʼmuriy-hududiy birliklarning yangi tuzilishi va ayrim hududlarni bir maʼmuriy-hududiy birlikdan boshqasiga oʻtkazilishi va oʻtkazilgan hududlarning maydoni toʻgʻrisida maʼlumotlar.
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 10-dekabrdagi 832-son qaroriga
2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasining maʼmuriy-hududiy tuzilishi masalalari boʻyicha respublika komissiyasi
TARKIBI
Oldingi tahrirga qarang.

1.

A.J. Ramatov

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari, komissiya raisi

2.

J.A. Qoʻchqorov

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri, komissiya raisi oʻrinbosari

3.

A.D. Tashkulov

adliya vaziri

4.

Sh.S. Xidoyatov

qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vaziri

5.

J.T. Mirzamaxmudov

energetika vaziri

6.

I.R. Maxkamov

transport vaziri

7.

I.Yu. Abdurahmanov

qishloq xoʻjaligi vaziri

8.

Sh.X. Shermatov

raqamli texnologiyalar vaziri

9.

A.A. Abduxakimov

ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri

10.

B.S. Hamrayev

Oʻzbekiston Respublikasi Milliy statistika qoʻmitasi raisi

11.

I.I. Norqulov

iqtisodiyot va moliya vazirining birinchi oʻrinbosari

12.

F.J. Pulatov

Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligi direktori

13.

T.M. Abdullayev

Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligi direktori oʻrinbosari, komissiya kotibi

Izoh.
1. Komissiya aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga koʻrsatilgan lavozimlarga yangi tayinlangan shaxslar yoki zimmasiga tegishli funksiyalarni bajarish yuklangan shaxslar kiritiladi.
2. Koʻrib chiqiladigan masalalar mazmuniga qarab, ushbu komissiya tarkibiga boshqa davlat organlari va tashkilotlari, shuningdek, fuqarolik jamiyati institutlarining vakillari ham kiritilishi mumkin.
(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 6-oktabrdagi 627-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.10.2025-y., 09/25/627/0901-son)
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 10-dekabrdagi 832-son qaroriga
3-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasining maʼmuriy-hududiy tuzilishi masalalari boʻyicha hududiy komissiyaning
NAMUNAVIY TARKIBI

1.

Lavozimiga koʻra

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari, komissiya raisi

2.

Lavozimiga koʻra

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari — iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasi boshliqlari, komissiya raisi oʻrinbosari

3.

Lavozimiga koʻra

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining qurilish, toʻsiqlarsiz muhit yaratish, kommunikatsiyalarni rivojlantirish, ekologiya va koʻkalamzorlashtirish masalalari boʻyicha oʻrinbosarlari, komissiya raisi oʻrinbosari

4.

Lavozimiga koʻra

Qoraqalpogʻiston Respublikasi adliya vaziri, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari boshliqlari

5.

Lavozimiga koʻra

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosarlari — iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasi boshligʻining birinchi oʻrinbosarlari

6.

Lavozimiga koʻra

Qoraqalpogʻiston Respublikasi qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vaziri, viloyatlar va Toshkent shahar qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi bosh boshqarmalari boshliqlari

7.

Lavozimiga koʻra

Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar statistika boshqarmalari boshliqlari

8.

Lavozimiga koʻra

Kadastr agentligining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarma boshliqlari

9.

Lavozimiga koʻra

Kadastr agentligi Davlat kadastrlari palatasining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalari boshliqlari, komissiya kotibi

Izoh:
1. Komissiya aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga koʻrsatilgan lavozimlarga yangi tayinlangan shaxslar yoki zimmasiga tegishli funksiyalarni bajarish yuklangan shaxslar kiritiladi.
2. Koʻrib chiqiladigan masalalar mazmuniga qarab, komissiya tarkibiga boshqa davlat organlari va tashkilotlari, shuningdek, fuqarolik jamiyati institutlarining vakillari ham kiritishi mumkin.
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 10-dekabrdagi 832-son qaroriga
4-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasining maʼmuriy-hududiy tuzilishi masalalari boʻyicha respublika komissiyasi faoliyatini tashkil etish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasining maʼmuriy-hududiy tuzilishi masalalari boʻyicha respublika komissiyasining (keyingi oʻrinlarda — Respublika komissiyasi) maqomi, asosiy vazifalari, funksiyalari, huquq va majburiyatlari, shuningdek, uning faoliyatini tashkil etish, qayta tuzish yoki tugatish tartibini belgilaydi.
2. Respublika komissiyasi maʼmuriy-hududiy tuzilish masalalari yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining (keyingi oʻrinlarda — Vazirlar Mahkamasi) takliflarini hamda viloyatlar, Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar hokimlarining iltimosnomalarini koʻrib chiquvchi hamda davlat ekspertizasidan oʻtkazuvchi idoralararo kollegial organ hisoblanadi.
3. Respublika komissiyasi oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, shuningdek, ushbu Nizomga amal qiladi.
4. Respublika komissiyasida maʼmuriy-hududiy tuzilish masalalarini koʻrib chiqish va davlat ekspertizasidan oʻtkazish ushbu Nizomga ilovada keltirilgan sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
Respublika komissiyasi belgilangan namunadagi, oʻz nomi yozilgan blankalarga ega boʻladi va Vazirlar Mahkamasining muhridan foydalanadi.
2-bob. Respublika komissiyasining asosiy vazifalari
5. Quyidagilar Respublika komissiyasining asosiy vazifalari hisoblanadi:
tegishli hududning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish darajasini va demografik koʻrsatkichlarini hisobga olgan holda, maʼmuriy-hududiy tuzilish masalalariga doir takliflar va iltimosnomalarni, shuningdek takliflar va iltimosnomalar tegishli hududlarni kompleks rivojlantirishning istiqbolli rejalariga muvofiqligini davlat ekspertizasidan oʻtkazish;
maʼmuriy-hududiy tuzilish masalalarini hal qilishda hududning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish darajasi hisobga olinishini taʼminlash;
maʼmuriy-hududiy tuzilish masalalarini hal qilishda xizmat mavqeyini suiisteʼmol qilish va boshqa huquqbuzarliklar holatlarining oldini olish;
maʼmuriy-hududiy tuzilish masalalarini koʻrib chiqishda asossiz qarorlar qabul qilinishiga yoʻl qoʻymaslik.
3-bob. Respublika komissiyasining huquqlari va javobgarligi
6. Respublika komissiyasi oʻziga yuklangan vazifalarning bajarilishini taʼminlash uchun quyidagi huquqlarga ega:
zaruratga koʻra respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda boshqa tashkilotlardan maʼmuriy-hududiy tuzilish masalalari toʻgʻrisidagi taklif yoki iltimosnomalarni atroflicha oʻrganish uchun zarur boʻlgan maʼlumotlarni belgilangan tartibda soʻrash va olish;
respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda boshqa tashkilotlar mutaxassislarini, shuningdek tegishli faoliyat sohalarida maxsus bilimlarga ega boʻlgan boshqa shaxslarni maʼmuriy-hududiy tuzilish masalalari toʻgʻrisidagi taklif va iltimosnomalarni puxta oʻrganish uchun jalb etish;
oʻz vakolatiga kiruvchi masalalar boʻyicha respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda hududiy komissiyalar rahbarlarining hisobotlarini eshitish;
hududiy komissiyalar qarorlarining qabul qilinishi va ijro etilishining monitoringini amalga oshirish hamda ularga aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha yozma koʻrsatmalar kiritish;
maʼmuriy-hududiy tuzilish masalalarini hal qilishda ustuvor ravishda hududlarning yaxlitligini saqlash va anklav hududlarni qoldirmaslik choralarini koʻrish.
7. Respublika komissiyasi oʻziga yuklangan vazifalar va funksiyalar samarali bajarilishini taʼminlaydi.
4-bob. Respublika komissiyasining faoliyatini tashkil qilish
8. Respublika komissiyasiga uning raisi hisoblanadigan Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari rahbarlik qiladi.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligi Respublika komissiyasining ishchi organi (keyingi oʻrinlarda — Ishchi organ) hisoblanadi.
10. Respublika komissiyasi oʻziga yuklangan vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni bajaradi:
Respublika komissiyasi maʼmuriy-hududiy tuzilish masalalari boʻyicha kelib tushgan taklifni yoki iltimosnomani bir oy ichida koʻrib chiqadi hamda davlat ekspertizasidan oʻtkazadi;
zaruratga koʻra respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda boshqa tashkilotlardan maʼmuriy-hududiy tuzilish masalalari toʻgʻrisidagi taklif yoki iltimosnomalarni puxta oʻrganish uchun zarur boʻlgan maʼlumotlarni belgilangan tartibda olish uchun soʻrov yuboradi;
tegishli faoliyat sohalarida maxsus bilimlarga ega boʻlgan mutaxassislarni jalb etadi;
oʻz vakolatiga kiruvchi masalalar boʻyicha respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, hududiy komissiyalar rahbarlarining hisobotlarini eshitadi.
Respublika komissiyasi “Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy-hududiy tuzilishi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuniga asosan oʻtkazilgan ekspertiza natijasi boʻyicha xulosa ijobiy boʻlganda, xulosa Vazirlar Mahkamasi Rayosatida koʻrib chiqiladi hamda qaror qabul qilish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga taqdim etadi.
Respublika komissiyasi tomonidan “Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy-hududiy tuzilishi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuniga asosan oʻtkazilgan ekspertiza natijasi boʻyicha xulosa salbiy boʻlganda, taqdim etilgan yigʻma materiallar toʻplamini maʼmuriy-hududiy tuzilish masalalari boʻyicha taklif yoki iltimosnoma tayyorlagan davlat organiga maromiga yetkazish uchun qaytaradi.
Respublika komissiyasining xulosasida maʼmuriy-hududiy tuzilish masalalariga doir takliflarning yoki iltimosnomalarning asoslantirilganligi tahlili tegishli hududning ijtimoiy-iqtisodiy koʻrsatkichlarini, joriy va istiqboldagi demografik koʻrsatkichlarni, shuningdek, kompleks rivojlantirishning istiqbolli rejalarini hisobga olgan holda aks ettirilishi kerak.
11. Respublika komissiyasining raisi:
Respublika komissiyasi faoliyatiga umumiy rahbarlik qiladi va unga yuklangan vazifalarning bajarilishini taʼminlaydi;
Respublika komissiyasi aʼzolarining vazifalarini belgilaydi va ularga yuklangan vazifalarni bajarish ishlarini muvofiqlashtiradi;
Respublika komissiyasining ish rejalarini, koʻrib chiqish uchun tushgan hujjatlarni koʻrib chiqish jadvallarini tasdiqlaydi;
Respublika komissiyasi majlislarining kun tartibini va chaqirilishini belgilaydi;
Respublika komissiyasi tomonidan qabul qilingan qarorlarning bajarilishi yuzasidan nazoratni tashkil etadi;
Respublika komissiyasining samarali ishlashini taʼminlash boʻyicha boshqa ishlarni amalga oshiradi.
12. Respublika komissiyasining aʼzolari:
Respublika komissiyasi majlislarida koʻrib chiqiladigan masalalarni muhokama qilishda va hal etishda ishtirok etadi;
Respublika komissiyasiga maʼmuriy-hududiy tuzilish masalalari toʻgʻrisidagi taklif yoki iltimosnomalar boʻyicha takliflar kiritadi;
Respublika komissiyasi muhokama qiladigan masalalar boʻyicha xulosalar taqdim etadi.
Respublika komissiyasi aʼzolari oʻz faoliyatini jamoatchilik asosida amalga oshiradi va tegishli davr mobaynida asosiy ish joyidagi ular uchun qonunchilikda belgilangan barcha shart-sharoitlar saqlab qolinadi.
13. Ishchi organ:
Respublika komissiyasining navbatdagi majlisiga barcha zarur hujjatlarning oʻz vaqtida tayyorlanishini taʼminlaydi;
kun tartibidagi masalalar boʻyicha Respublika komissiyasining majlislari oʻtkazilishini tashkil etadi;
majlislarning oʻtkaziladigan vaqti va joyini, shuningdek, taklif etiladiganlar kontingentni Respublika komissiyasining raisi bilan kelishadi;
Respublika komissiyasining aʼzolarini va taklif etilgan shaxslarni majlislarning oʻtkaziladigan sanasi, vaqti, joyi toʻgʻrisida xabardor qiladi;
Respublika komissiyasi qarorlarining bajarilishi monitoringini yuritadi va uning natijalarini Respublika komissiyasiga koʻrib chiqish uchun taqdim etadi;
Respublika komissiyasining xulosalarini rasmiylashtiradi va tasdiqlangan xulosalarni zaruratga koʻra Respublika komissiyasining aʼzolariga hamda boshqa manfaatdor tashkilotlarga yuboradi.
5-bob. Respublika komissiyasi tomonidan qarorlar qabul qilish va ularning bajarilishini tashkil etish
14. Respublika komissiyasi oʻz ishini oʻzi tasdiqlagan rejalar asosida tashkil qiladi va majlislarini zaruratga koʻra har chorakda kamida bir marotaba oʻtkazadi. Komissiya raisi tomonidan navbatdan tashqari majlislar chaqirilishi mumkin.
15. Respublika komissiyasining majlisini uning raisi, rais boʻlmagan taqdirda, uning oʻrinbosari olib boradi.
Respublika komissiyasining majlisi oʻz aʼzolarining kamida uchdan ikki qismi qatnashganda, haqiqiy hisoblanadi.
Majlisni oʻtkazish uchun kvorum yigʻilmagan taqdirda, Respublika komissiyasining yangi majlisi oʻtkaziladigan sana eʼlon qilinadi.
16. Respublika komissiyasining majlisiga koʻrib chiqiladigan masalalarning xususiyatiga qarab, respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari, xoʻjalik birlashmalari va boshqa tashkilotlarning rahbarlari hamda mutaxassislari taklif etilishi mumkin.
17. Respublika komissiyasi qarorlarni tezkor qabul qilish maqsadida Respublika komissiyasining qarorlarini uning aʼzolari bilan oʻz vakolatlari doirasida soʻrov oʻtkazish orqali tasdiqlashi mumkin.
18. Respublika komissiyasi xulosasining asli va unga tegishli materiallar Vazirlar Mahkamasiga taqdim etiladi.
19. Respublika komissiyasi qabul qilingan qarorlarning bajarilishini muntazam ravishda oʻz majlislarida koʻrib chiqadi.
6-bob. Respublika komissiyasida maʼmuriy-hududiy tuzilish masalalarini koʻrib chiqish va davlat ekspertizasidan oʻtkazish tartibi
20. Oʻzbekiston Respublikasining maʼmuriy-hududiy tuzilishi masalalariga doir iltimosnomalar viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan Vazirlar Mahkamasiga kiritiladi.
21. Vazirlar Mahkamasi oʻttiz kun muddatda maʼmuriy-hududiy tuzilish masalalari boʻyicha kiritilgan iltimosnomani ishchi organ bilan birgalikda koʻrib chiqadi, Respublika komissiyasiga davlat ekspertizasidan oʻtkazish uchun kiritadi va Respublika komissiyasining xulosasiga koʻra iltimosnomani maʼqullaydi yoki rad etadi.
Bunda Respublika komissiyasi tomonidan maʼmuriy-hududiy tuzilish masalalari boʻyicha kelib tushgan taklif davlat ekspertizasidan oʻtkaziladi, natijasi yuzasidan xulosa qabul qilinadi va Vazirlar Mahkamasiga taqdim etiladi.
Taklif va iltimosnomalarda keltirilgan maʼlumotlarni qoʻshimcha oʻrganish talab etilgan hollarda, Respublika komissiyasi davlat ekspertizasini bir oydan koʻp boʻlmagan muddatga uzaytirishi mumkin.
22. Maʼmuriy-hududiy tuzilishi masalalariga doir taklifga Respublika komissiyasi tomonidan ijobiy xulosa taqdim etilgan taqdirda, Vazirlar Mahkamasi iltimosnomani maʼqullaydi va maʼqullangan taklifni oʻn kun muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga koʻrib chiqish uchun kiritadi.
Maʼmuriy-hududiy tuzilishi masalalariga doir taklifga Respublika komissiyasi tomonidan salbiy xulosa taqdim etilganda, Vazirlar Mahkamasi taqdim etilgan materiallarni maʼmuriy-hududiy tuzilish masalalari boʻyicha iltimosnoma tayyorlagan davlat organiga maromiga yetkazish uchun qaytaradi.
7-bob. Yakunlovchi qoida
23. Respublika komissiyasi qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasi tomonidan tugatiladi yoki qayta tuziladi.
Oʻzbekiston Respublikasining maʼmuriy-hududiy tuzilishi masalalari boʻyicha respublika komissiyasi toʻgʻrisidagi nizomga
ILOVA
Respublika komissiyasida maʼmuriy-hududiy tuzilish masalalarini koʻrib chiqish hamda davlat ekspertizasidan oʻtkazish
SXEMASI

Bosqichlar

Subyektlar

Tadbirlar

Bajarish muddatlari

1-bosqich

Viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari

Maʼmuriy-hududiy tuzilish masalalari boʻyicha iltimosnomalarni Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.

Zaruratga koʻra

2-bosqich

Vazirlar Mahkamasi

1. Kiritilgan iltimosnomani ishchi organ bilan birgalikda koʻrib chiqadi.

2. Respublika komissiyasiga maʼmuriy-hududiy tuzilish masalalariga doir takliflarni davlat ekspertizasidan oʻtkazish uchun kiritadi.

3. Respublika komissiyasi:

maʼmuriy-hududiy tuzilish masalalariga doir takliflar davlat ekspertizasidan oʻtkazadi;

davlat ekspertizasi natijasi yuzasidan xulosa qabul qiladi.

4. Respublika komissiyasining davlat ekspertizasi xulosasiga koʻra iltimosnomani maʼqullaydi yoki rad etadi.

Oʻttiz kun muddatda

(alohida hollarda bir oydan koʻp boʻlmagan muddatga uzaytiriladi)

3-bosqich

Vazirlar Mahkamasi

1. Respublika komissiyasi tomonidan ijobiy xulosa taqdim etilgan taqdirda iltimosnomani maʼqullaydi va maʼqullangan taklifni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga koʻrib chiqish uchun kiritadi.

2. Respublika komissiyasi tomonidan salbiy xulosa taqdim etilganda Vazirlar Mahkamasi taqdim etilgan yigʻma materiallar toʻplamini iltimosnoma tayyorlagan davlat organiga maromiga yetkazish uchun qaytaradi.

Oʻn kun muddatda

(zaruratga koʻra)

Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 10-dekabrdagi 832-son qaroriga
5-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasining maʼmuriy-hududiy tuzilishi masalalari boʻyicha hududiy komissiyalar toʻgʻrisida
NAMUNAVIY NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasining maʼmuriy-hududiy tuzilishi masalalari boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, tumanlar va shaharlar komissiyalarining (keyingi oʻrinlarda — hududiy komissiyalar) asosiy vazifalari, funksiyalari, huquq va majburiyatlari, shuningdek, uning faoliyatini tashkil etish, qayta tuzish yoki tugatish tartibini belgilaydi.
2. Hududiy komissiyalar maʼmuriy-hududiy tuzilish masalalari yuzasidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining, viloyatlar, Toshkent shahar, tuman va shahar hokimlarining takliflarini va iltimosnomalarini koʻrib chiquvchi hamda davlat ekspertizasidan oʻtkazuvchi idoralararo kollegial organ hisoblanadi.
3. Hududiy komissiyalar oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, shuningdek, ushbu Nizomga amal qiladilar.
4. Hududiy komissiyalar Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar hokimliklari tomonidan “Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy-hududiy tuzilishi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonunida belgilangan tarkibda tashkil etiladi.
5. Hududiy komissiyalarda maʼmuriy-hududiy tuzilish masalalarini koʻrib chiqish va ekspertizadan oʻtkazish ushbu Nizomga 1 va 2-ilovalarda keltirilgan sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
Hududiy komissiyalar belgilangan namunadagi, oʻz nomi yozilgan blankalarga ega boʻladilar va tegishli ravishda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, tumanlar, shaharlar hokimliklarining muhridan foydalanadilar.
2-bob. Hududiy komissiyalarning asosiy vazifalari, huquqlari va javobgarligi
6. Quyidagilar hududiy komissiyalarning asosiy vazifalari hisoblanadi:
hududning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish darajasini va demografik koʻrsatkichlarini hisobga olgan holda, maʼmuriy-hududiy tuzilish masalalariga doir taklif va iltimosnomalarni, shuningdek, taklif va iltimosnomalarning tegishli hududlarni kompleks rivojlantirishning istiqbolli rejalariga muvofiqligini ekspertizadan oʻtkazish;
maʼmuriy-hududiy tuzilish masalalarini hal qilishda hududning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish darajasi hisobga olinishini taʼminlash;
maʼmuriy-hududiy tuzilish masalalarini hal etishda xizmat mavqeyini suiisteʼmol qilish va boshqa huquqbuzarliklar holatlarining oldini olish;
maʼmuriy-hududiy tuzilish masalalarini koʻrib chiqishda asossiz qarorlar qabul qilinishiga yoʻl qoʻymaslik.
7. Hududiy komissiyalar oʻzlariga yuklangan vazifalarning ijro etilishini taʼminlash uchun quyidagi huquqlarga ega:
Zaruratga koʻra respublika va mahalliy davlat hokimiyati organlaridan hamda boshqa tashkilotlardan maʼmuriy-hududiy tuzilishi toʻgʻrisidagi takliflarni atroflicha oʻrganish uchun zarur boʻlgan maʼlumotlarni belgilangan tartibda soʻrash va olish;
respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda boshqa tashkilotlar mutaxassislarini, shuningdek, tegishli faoliyat sohalarida maxsus bilimlarga ega boʻlgan boshqa shaxslarni maʼmuriy-hududiy tuzilish masalalari toʻgʻrisidagi taklif va iltimosnomalarni puxta oʻrganish uchun jalb etish;
oʻz vakolatiga kiruvchi masalalar boʻyicha mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, hududiy komissiyalar rahbarlari va davlat boshqaruvi organlarining hududiy boʻlinmalari hisobotlarini eshitish.
8. Hududiy komissiyalar oʻzlariga yuklangan vazifalar va funksiyalarning samarali bajarilishi uchun javob beradilar.
Hududiy komissiyalar oʻz faoliyati toʻgʻrisida har yili tegishlicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyat, Toshkent shahar, tuman va shahar Kengashlariga hisobot beradilar.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar komissiyalari har chorakda oʻz faoliyati toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasining maʼmuriy-hududiy tuzilish masalalari boʻyicha Respublika komissiyasiga axborot taqdim etadilar.
Tumanlar va shaharlar komissiyalari har chorakda oʻz faoliyati toʻgʻrisida tegishlicha maʼmuriy-hududiy tuzilish masalalari boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar komissiyalariga axborot taqdim etadilar.
3-bob. Hududiy komissiyalarning faoliyatini tashkil qilish
9. Hududiy komissiyaga uning raisi hisoblanadigan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining Raisi, viloyat, Toshkent shahar, tuman va shahar hokimi rahbarlik qiladi.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligi Davlat kadastrlari palatasining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmasi va ularning tuman va shahar filiallari tegishincha hududiy komissiyalarning ishchi organlari (keyingi oʻrinlarda — Ishchi organ) hisoblanadi.
11. Hududiy komissiyalar:
maʼmuriy-hududiy tuzilish masalalari boʻyicha kelib tushgan taklif va iltimosnomani bir oy ichida koʻrib chiqadi hamda hududning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish darajasini va demografik koʻrsatkichlarini hisobga olgan holda ekspertizadan oʻtkazadi.
maʼmuriy-hududiy tuzilish masalalariga doir taklif va iltimosnomalarning asoslantirilganligi tahlili tegishli hududning ijtimoiy-iqtisodiy koʻrsatkichlarini, joriy va istiqboldagi demografik koʻrsatkichlarini, shuningdek, kompleks rivojlantirishning istiqbolli rejalari hisobga olinganligini aniqlaydi.
davlat ekspertizasi natijasi boʻyicha xulosa ijobiy boʻlganda, xulosani tegishincha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahar, tuman va shahar hokimliklariga taqdim etadi.
davlat ekspertizasi natijasi boʻyicha xulosa salbiy boʻlganda, maʼmuriy-hududiy tuzilish masalalari boʻyicha taklif va iltimosnomani tayyorlagan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahar, tuman va shahar hokimliklariga maromiga yetkazish uchun qaytaradi.
12. Hududiy komissiya raisi:
hududiy komissiya faoliyatiga umumiy rahbarlik qiladi va unga yuklangan vazifalarning bajarilishini taʼminlaydi;
hududiy komissiya aʼzolarining vazifalarini belgilaydi va ularga yuklangan vazifalarni bajarish ishlarini muvofiqlashtiradi;
hududiy komissiyaning ish rejalarini, tushgan hujjatlarni koʻrib chiqish jadvallarini tasdiqlaydi;
hududiy komissiya majlislarining kun tartibini va chaqirilishini belgilaydi;
hududiy komissiya tomonidan qabul qilingan qarorlarning bajarilishi yuzasidan nazoratni tashkil etadi;
hududiy komissiyaning samarali ishlashini taʼminlash boʻyicha boshqa ishlarni amalga oshiradi.
13. Hududiy komissiyaning aʼzolari:
hududiy komissiya majlislarida koʻrib chiqiladigan masalalarni muhokama qilishda va hal etishda ishtirok etadi;
hududiy komissiyaga maʼmuriy-hududiy tuzilishining dolzarb masalalari boʻyicha takliflar kiritadi;
hududiy komissiya tomonidan muhokama qilinadigan masalalar boʻyicha xulosalar taqdim etadi.
Hududiy komissiya aʼzolari oʻz faoliyatini jamoatchilik asosida amalga oshiradi va tegishli davr mobaynida asosiy ish joyidagi ular uchun qonunchilikda belgilangan barcha shart-sharoitlar saqlab qolinadi.
14. Ishchi organ:
hududiy komissiyaning navbatdagi majlisiga barcha zarur hujjatlarning oʻz vaqtida tayyorlanishini taʼminlaydi;
kun tartibidagi masalalar boʻyicha hududiy komissiyaning majlislari oʻtkazilishini tashkil etadi;
majlislarning oʻtkaziladigan sanasi, vaqti va joyini, shuningdek, taklif etiladiganlar kontingentini hududiy komissiya raisi bilan kelishadi;
hududiy komissiya aʼzolarini va taklif etilgan shaxslarni majlisning oʻtkaziladigan sanasi, vaqti, joyi toʻgʻrisida xabardor qiladi;
hududiy komissiya qarorlarining bajarilishi monitoringini yuritadi va uning natijalarini komissiya majlisida koʻrib chiqish uchun taqdim qiladi;
hududiy komissiyaning xulosasini rasmiylashtiradi va tasdiqlangan xulosalarni zaruratga koʻra hududiy komissiyaning aʼzolariga hamda boshqa manfaatdor tashkilotlarga joʻnatadi.
15. Hududiy komissiya oʻz ishini oʻzi tasdiqlagan rejalar asosida tashkil qiladi va oʻz majlislarini zaruratga koʻra har chorakda kamida bir marotaba oʻtkazadi. Komissiya raisi tomonidan navbatdan tashqari majlislar chaqirilishi mumkin.
16. Hududiy komissiyaning majlisini uning raisi, rais boʻlmagan taqdirda uning oʻrinbosari olib boradi.
Hududiy komissiyaning majlisi oʻz aʼzolarining kamida uchdan ikki qismi qatnashganda qonuniy hisoblanadi.
Majlisni oʻtkazish uchun kvorum yigʻilmagan taqdirda, hududiy komissiyaning yangi majlisi oʻtkaziladigan sana eʼlon qilinadi.
17. Hududiy komissiyaning majlisiga koʻrib chiqiladigan masalalarning xususiyatiga qarab, respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari, xoʻjalik birlashmalari, boshqa tashkilotlarning rahbarlari hamda mutaxassislari taklif etilishi mumkin.
4-bob. Hududiy komissiya tomonidan qarorlar qabul qilish va ularning bajarilishini tashkil etish
18. Hududiy komissiya qarorlarni tezkor qabul qilish maqsadida hududiy komissiyaning qarorlarini uning aʼzolari bilan oʻz vakolatlari doirasida soʻrov oʻtkazish orqali tasdiqlashi mumkin.
19. Hududiy komissiya xulosasining asl nusxasi va unga tegishli materiallar tegishlicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, tumanlar, shaharlar hokimliklariga yuboriladi.
20. Hududiy komissiya qabul qilingan qarorlarning bajarilishini muntazam ravishda oʻz majlislarida koʻrib chiqadi.
5-bob. Hududiy komissiyada maʼmuriy-hududiy tuzilish masalalarini koʻrib chiqish va ekspertizadan oʻtkazish tartibi
21. Tegishli viloyat va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan maʼmuriy-hududiy tuzilish masalalari boʻyicha quyidagi takliflar tayyorlanadi va hududiy komissiyaga davlat ekspertizasidan oʻtkazish uchun kiritiladi:
viloyat va tuman boʻysunuvidagi shaharlarni, viloyatlar tumanlarini, Toshkent shahar tumanlarini va viloyat boʻysunuvidagi shaharlar tumanlarini tuzish hamda tugatish, ularning chegaralarini oʻzgartirish;
viloyatlarning maʼmuriy markazlarini belgilash va koʻchirish;
shaharlarni viloyat va shaharchalarni tuman boʻysunuvidagi shaharlar toifasiga kiritish.
Hududiy komissiya tomonidan maʼmuriy-hududiy tuzilish masalalari boʻyicha kelib tushgan taklif ekspertizadan oʻtkaziladi, natijasi yuzasidan xulosa qabul qilinib, viloyatlar va Toshkent shahar hokimiga taqdim etiladi.
Taklif va iltimosnomalarda keltirilgan maʼlumotlarni qoʻshimcha oʻrganish talab etilgan hollarda, hududiy komissiya ekspertizani bir oydan koʻp boʻlmagan muddatga uzaytirishi mumkin.
Viloyatlar va Toshkent shahar hokimi oʻn kun muddatda maʼqullangan xulosa va tegishli hujjatlarni viloyatlar va Toshkent shahar xalq deputatlari Kengashiga koʻrib chiqish uchun kiritadi.
Viloyatlar va Toshkent shahar xalq deputatlari Kengashi kiritilgan taklifni koʻrib chiqadi va natijasi yuzasidan qaror qabul qiladi. Qabul qilingan qaror viloyatlar va Toshkent shahar hokimligiga taqdim etiladi.
Viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari Vazirlar Mahkamasiga oʻn kun muddatda maʼmuriy-hududiy tuzilish masalalariga oid iltimosnomani, viloyatlar va Toshkent shahar xalq deputatlari Kengashi qarorini, hududiy komissiyaning xulosasi va boshqa tegishli hujjatlarni taqdim etadi.
22. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi tomonidan maʼmuriy-hududiy tuzilishi masalalari boʻyicha quyidagi takliflar tayyorlanadi va hududiy komissiyaga davlat ekspertizasidan oʻtkazish uchun kiritiladi:
Qoraqalpogʻiston Respublikasining poytaxtini belgilash va koʻchirish;
Qoraqalpogʻiston Respublikasida tumanlarni, Qoraqalpogʻiston Respublikasi boʻysunuvidagi shaharlarni va shaharlarda tumanlarni tuzish hamda tugatish;
Qoraqalpogʻiston Respublikasining tuman boʻysunuvidagi shaharlarini Qoraqalpogʻiston Respublikasi boʻysunuvidagi shaharlar toifasiga kiritish.
Hududiy komissiya tomonidan maʼmuriy-hududiy tuzilish masalalari boʻyicha kelib tushgan taklif ekspertizadan oʻtkaziladi, natijasi yuzasidan xulosa qabul qilinib, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashiga taqdim etiladi.
Taklif va iltimosnomalarda keltirilgan maʼlumotlarni qoʻshimcha oʻrganish talab etilgan hollarda, hududiy komissiya davlat ekspertizasini bir oydan koʻp boʻlmagan muddatga uzaytirishi mumkin.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesiga oʻn kun muddatda maʼmuriy-hududiy tuzilish masalalariga oid taklifni, hududiy komissiyaning xulosasi va boshqa tegishli hujjatlarni taqdim etadi.
23. Qoraqalpogʻiston Respublikasi tuman hokimliklari tomonidan maʼmuriy-hududiy tuzilishi masalalari boʻyicha quyidagi takliflar tayyorlanadi va hududiy komissiyaga davlat ekspertizasidan oʻtkazish uchun kiritiladi:
shaharchalarni, qishloqlarni va ovullarni tuzish hamda tugatish va ularning chegaralarini oʻzgartirish;
viloyat tumanlarining maʼmuriy markazlarini belgilash va koʻchirish;
qishloqlar va ovullarni shaharchalar toifasiga kiritish.
Hududiy komissiya tomonidan maʼmuriy-hududiy tuzilish masalalari boʻyicha kelib tushgan taklif ekspertizadan oʻtkaziladi, natijasi yuzasidan xulosa qabul qilinib, tuman hokimligiga taqdim etiladi.
Taklif va iltimosnomalarda keltirilgan maʼlumotlarni qoʻshimcha oʻrganish talab etilgan hollarda, hududiy komissiya davlat ekspertizasi bir oydan koʻp boʻlmagan muddatga uzaytirishi mumkin.
Tuman hokimi oʻn kun muddatda maʼqullangan xulosa va tegishli hujjatlarni tuman xalq deputatlari Kengashiga koʻrib chiqish uchun kiritadi.
Tuman xalq deputatlari Kengashi kiritilgan taklifni koʻrib chiqadi va natijasi yuzasidan qaror qabul qiladi. Qabul qilingan qaror tuman, shahar hokimligiga taqdim etiladi.
Tuman hokimi xalq deputatlari viloyat Kengashiga oʻn kun muddatda maʼmuriy-hududiy tuzilish masalalariga oid iltimosnomani, tuman xalq deputatlari Kengashi qarorini, tuman hududiy komissiyasining xulosasi va boshqa tegishli hujjatlarni taqdim etadi.
Xalq deputatlari viloyat Kengashi tegishli tuman hokimining iltimosnomasini iltimosnoma kelib tushganidan keyin oʻttiz kun ichida koʻrib chiqadi va uni maʼqullash yoki rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
24. Qoraqalpogʻiston Respublikasida tuman va shahar hokimliklari tomonidan maʼmuriy-hududiy tuzilishi masalalari boʻyicha tegishincha quyidagi takliflar tayyorlanadi va hududiy komissiyaga davlat ekspertizasidan oʻtkazish uchun kiritiladi:
Qoraqalpogʻiston Respublikasida tuman boʻysunuvidagi shaharlarni, shaharchalarni, qishloqlarni va ovullarni tuzish hamda tugatish va ularning chegaralarini oʻzgartirish;
Qoraqalpogʻiston Respublikasida tumanlarning maʼmuriy markazlarini belgilash va koʻchirish;
Qoraqalpogʻiston Respublikasining qishloqlari va ovullarini shaharchalar toifasiga kiritish.
Qoraqalpogʻiston Respublikasida tumanlarning, Qoraqalpogʻiston Respublikasi boʻysunuvidagi shaharlarning va shaharlarda tumanlarning chegaralarini oʻzgartirish;
Qoraqalpogʻiston Respublikasida tuman boʻysunuvidagi shaharlar, shaharchalar, qishloqlar va ovullarning chegaralarini oʻzgartirish;
Qoraqalpogʻiston Respublikasining shaharchalarini tuman boʻysunuvidagi shaharlar toifasiga kiritish;
Hududiy komissiya tomonidan maʼmuriy-hududiy tuzilish masalalari boʻyicha kelib tushgan taklif ekspertizadan oʻtkaziladi, natijasi yuzasidan xulosa qabul qilinib, tuman hokimligiga taqdim etiladi.
Taklif va iltimosnomalarda keltirilgan maʼlumotlarni qoʻshimcha oʻrganish talab etilgan hollarda, hududiy komissiya ekspertizani bir oydan koʻp boʻlmagan muddatga uzaytirishi mumkin.
Tuman hokimi oʻn kun muddatda maʼqullangan xulosa va tegishli hujjatlarni tuman xalq deputatlari Kengashiga koʻrib chiqish uchun kiritadi.
Tuman xalq deputatlari Kengashi kiritilgan taklifni koʻrib chiqadi va natijasi yuzasidan qaror qabul qiladi. Qabul qilingan qaror tuman, shahar hokimligiga taqdim etiladi.
Tuman hokimi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashiga oʻn kun muddatda maʼmuriy-hududiy tuzilish masalalariga oid iltimosnomani, tuman xalq deputatlari Kengashi qarorini, tuman hududiy komissiyasining xulosasi va boshqa tegishli hujjatlarni taqdim etadi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi tegishli tuman hokimining iltimosnomasi kelib tushgan sanadan boshlab oʻttiz kun ichida koʻrib chiqadi va uni maʼqullash yoki rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
Iltimosnoma maʼqullangan taqdirda, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi oʻn kun ichida taklif tayyorlaydi hamda maʼmuriy-hududiy tuzilish masalalariga oid iltimosnomani, tuman xalq deputatlari Kengashi qarorini, tuman hududiy komissiyasining xulosasini boshqa tegishli hujjatlar bilan birga Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesiga koʻrib chiqish uchun kiritadi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Raisi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining taklifini koʻrib chiqadi va natijasi yuzasidan tegishli qaror qabul qiladi.
25. Maʼmuriy-hududiy tuzilishi masalalariga doir taklif va iltimosnomalar koʻrib chiqilib, xulosa beruvchilar tomonidan salbiy xulosa taqdim etilgan taqdirda, taqdim etilgan yigʻma materiallar toʻplamini tegishincha maʼmuriy hududiy tuzilish masalalari boʻyicha taklif yoki iltimosnoma tayyorlagan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyat, Toshkent shahar, tuman, shahar hokimligiga maromiga yetkazish uchun qaytariladi.
6-bob. Yakunlovchi qoida
26. Hududiy komissiyani tugatish yoki qayta tuzish qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasining maʼmuriy-hududiy tuzilishi masalalari boʻyicha hududiy komissiyalar toʻgʻrisida namunaviy nizomga
1-ILOVA
Viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari hududiy komissiyasida maʼmuriy-hududiy tuzilish masalalarini koʻrib chiqish ekspertizadan oʻtkazish
SXEMASI

Bosqichlar

Subyektlar

Tadbirlar

Bajarish muddatlari

Viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan koʻrib chiqiladigan maʼmuriy-hududiy tuzilish masalalari

1-bosqich

Viloyatlar va Toshkent shahar hokimligi

Maʼmuriy-hududiy tuzilish masalalariga oid takliflarni hududiy komissiyaga davlat ekspertizasidan oʻtkazish uchun kiritadi.

Zaruratga koʻra

2-bosqich

Hududiy komissiya

Ekspertizadan oʻtkazadi, natijasi yuzasidan xulosa qabul qilib, tegishli viloyatlar va Toshkent shahar hokimligiga taqdim etadi.

Oʻttiz kun muddatda

(alohida hollarda bir oydan koʻp boʻlmagan muddatga uzaytiriladi)

3-bosqich

Viloyatlar va Toshkent shahar hokimligi

Maʼqullangan xulosa va tegishli hujjatlarni viloyatlar va Toshkent shahar xalq deputatlari Kengashiga koʻrib chiqish uchun kiritadi.

Oʻn kun muddatda

4-bosqich

Viloyatlar va Toshkent shahar xalq deputatlari Kengashi

Kiritilgan taklifni koʻrib chiqadi va natijasi yuzasidan qaror qabul qiladi.

Qabul qilingan qarorni viloyatlar va Toshkent shahar hokimligiga taqdim etadi.

Reglament asosida

5-bosqich

Viloyatlar va Toshkent shahar hokimligi

Maʼmuriy-hududiy tuzilish masalalariga oid iltimosnomani, viloyatlar va Toshkent shahar xalq deputatlari Kengashi qarorini, hududiy komissiyaning xulosasi va boshqa tegishli hujjatlarni Vazirlar Mahkamasiga taqdim etadi.

Oʻn kun muddatda

Tuman (shahar) hokimliklari tomonidan kiritiladigan maʼmuriy-hududiy tuzilishi masalalari

1-bosqich

Tuman (shahar) hokimligi

Maʼmuriy-hududiy tuzilish masalalariga oid takliflarni hududiy komissiyaga davlat ekspertizasidan oʻtkazish uchun kiritadi.

Zaruratga koʻra

2-bosqich

Hududiy komissiya

Ekspertizadan oʻtkazadi, natijasi yuzasidan xulosa qabul qilib, tuman (shahar) hokimligiga taqdim etadi.

Reglament asosida

(alohida hollarda bir oydan koʻp boʻlmagan muddatga uzaytiriladi)

3-bosqich

Tuman (shahar) hokimligi

Maʼqullangan xulosa va tegishli hujjatlarni tuman (shahar) xalq deputatlari Kengashiga koʻrib chiqish uchun kiritadi.

Oʻn kun muddatda

4-bosqich

Tuman (shahar) xalq deputatlari Kengashi

Kiritilgan taklifni koʻrib chiqadi va natijasi yuzasidan qaror qabul qiladi.

Qabul qilingan qarorni tuman hokimligiga taqdim etadi.

Reglament asosida

5-bosqich

Tuman (shahar) hokimligi

Maʼmuriy-hududiy tuzilish masalalariga oid iltimosnomani, tuman xalq deputatlari Kengashi qarorini, tuman hududiy komissiyasining xulosasi va boshqa tegishli hujjatlarni xalq deputatlari viloyat, Toshkent shahar Kengashiga koʻrib chiqish uchun kiritadi.

Oʻn kun muddatda

6-bosqich

Xalq deputatlari viloyat Kengashi

Tegishli tuman (shahar) hokimining iltimosnomasini koʻrib chiqadi va uni maʼqullash yoki rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.

Oʻttiz kun muddatda

Oʻzbekiston Respublikasining maʼmuriy-hududiy tuzilishi masalalari boʻyicha hududiy komissiyalar toʻgʻrisida namunaviy nizomga
2-ILOVA
Qoraqalpogʻiston Respublikasi hududiy komissiyasida maʼmuriy-hududiy tuzilish masalalarini koʻrib chiqish hamda ekspertizadan oʻtkazish
SXEMASI

Bosqichlar

Subyektlar

Tadbirlar

Bajarish muddatlari

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi tomonidan koʻrib chiqiladigan maʼmuriy-hududiy tuzilish masalalari

1-bosqich

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi tomonidan maʼmuriy-hududiy tuzilish masalalariga oid takliflarni hududiy komissiyaga davlat ekspertizasidan oʻtkazish uchun kiritadi.

Zaruratga koʻra

2-bosqich

Hududiy komissiya

Ekspertizadan oʻtkazadi, natijasi yuzasidan xulosa qabul qilib, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashiga taqdim etadi.

Oʻttiz kun muddatda

(alohida hollarda bir oydan koʻp boʻlmagan muddatga uzaytiriladi)

3-bosqich

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi

Maʼmuriy-hududiy tuzilish masalalariga oid taklifni, hududiy komissiyaning xulosasi va boshqa tegishli hujjatlarni Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Raisiga taqdim etadi.

Oʻn kun muddatda

4-bosqich

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Qonunda nazarda tutilgan hollarda Prezidiumning qaroriga muvofiq taklifni va boshqa tegishli hujjatlarni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga kelishish uchun yuboradi.

Oʻn kun ichida

5-bosqich

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi

Maʼmuriy-hududiy tuzilish masalalariga oid taklifni va boshqa tegishli hujjatlarni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari bilan kelishgandan soʻng qaror qabul qiladi.

Reglament asosida

Tuman (shahar) hokimliklari tomonidan kiritiladigan maʼmuriy-hududiy tuzilish masalalari

1-bosqich

Tuman hokimligi

Maʼmuriy-hududiy tuzilish masalalariga oid takliflarni hududiy komissiyaga davlat ekspertizasidan oʻtkazish uchun kiritadi.

Zaruratga koʻra

2-bosqich

Hududiy komissiya

Ekspertizadan oʻtkazadi, natijasi yuzasidan xulosa qabul qilib, tuman hokimligiga taqdim etadi.

Reglament asosida

(alohida hollarda bir oydan koʻp boʻlmagan muddatga uzaytiriladi)

3-bosqich

Tuman hokimligi

Maʼqullangan xulosa va tegishli hujjatlarni tuman xalq deputatlari Kengashiga koʻrib chiqish uchun kiritadi.

Oʻn kun muddatda

4-bosqich

Tuman xalq deputatlari Kengashi

Kiritilgan taklifni koʻrib chiqadi va natijasi yuzasidan qaror qabul qiladi.

Qabul qilingan qarorni tuman hokimligiga taqdim etadi.

Reglament asosida

5-bosqich

Tuman hokimligi

Maʼmuriy-hududiy tuzilish masalalariga oid iltimosnomani, tuman xalq deputatlari Kengashi qarorini, tuman hududiy komissiyasining xulosasi va boshqa tegishli hujjatlarni Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashiga koʻrib chiqish uchun kiritadi.

Oʻn kun muddatda

6-bosqich

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi

Tegishli tuman hokimining iltimosnomasini koʻrib chiqadi va uni maʼqullash yoki rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.

Oʻttiz kun muddatda

7-bosqich

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi

Iltimosnoma maʼqullangan taqdirda, taklif tayyorlaydi hamda maʼmuriy-hududiy tuzilish masalalariga oid iltimosnomani, tuman xalq deputatlari Kengashi qarorini, tuman hududiy komissiyasining xulosasini boshqa tegishli hujjatlar bilan birga Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesiga koʻrib chiqish uchun kiritadi.

Oʻn kun ichida

8-bosqich

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining taklifini koʻrib chiqadi va natijasi yuzasidan tegishli qaror qabul qiladi.

Reglament asosida

(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 11.12.2024-y., 09/24/832/1015-son; 07.10.2025-y., 09/25/627/0901-son)