O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirining
buyrug‘i
O‘zbekiston Respublikasi buxgalteriya hisobining milliy standarti (8-sonli BHMS) “Konsolidasiyalashgan moliyaviy hisobotlar va shu’ba xo‘jalik jamiyatlariga investitsiyalar hisobi”ni tasdiqlash haqida
[O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2024-yil 26-iyulda ro‘yxatdan o‘tkazildi, ro‘yxat raqami 3537]
O‘zbekiston Respublikasining “Buxgalteriya hisobi to‘g‘risida”gi Qonuniga muvofiq buyuraman:
1. O‘zbekiston Respublikasi buxgalteriya hisobining milliy standarti (8-sonli) BHMS “Konsolidatsiyalashgan moliyaviy hisobotlar va sho‘ba xo‘jalik jamiyatlariga investitsiyalar hisobi” ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan 1998-yil 14-oktabr 50-son bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi buxgalteriya hisobi milliy standarti (8-son BHMS) “Konsolidatsiyalashgan moliyaviy hisobotlar va sho‘ba xo‘jalik jamiyatlariga investitsiyalar hisobi” (ro‘yxat raqami 580, 1998-yil 28-dekabr) (O‘zbekiston Respublikasi vazirliklari, davlat qo‘mitalari va idoralarining me’yoriy hujjatlari axborotnomasi, 1999-y., 6-son, 150-modda) o‘z kuchini yo‘qotgan deb topilsin.
3. Mazkur buyruq rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
Vazir D. KUCHKAROV
Toshkent sh.,
2024-yil 14-iyun,
135-son
O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirining 2024-yil 14-iyundagi 135-son buyrug‘iga
ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi buxgalteriya hisobining milliy standarti (8-sonli BHMS) “Konsolidatsiyalashgan moliyaviy hisobotlar va shu’ba xo‘jalik jamiyatlariga investitsiyalar hisobi”
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Buxgalteriya hisobining milliy standarti (bundan buyon matnda BHMS deb yuritiladi) “Buxgalteriya hisobi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuniga asosan ishlab chiqilgan va O‘zbekiston Respublikasida buxgalteriya hisobini normativ tartibga solish elementi bo‘lib hisoblanadi.
2. Mazkur BHMSning maqsadi xo‘jalik yurituvchi jamiyat (bundan buyon matnda bosh tashkilot deb yuritiladi) tomonidan u nazorat qiladigan xo‘jalik yurituvchi jamiyatlar (bundan buyon matnda shu’ba xo‘jalik jamiyati deb yuritiladi) guruhining konsolidatsiyalashgan moliyaviy hisobotini tuzish va taqdim etish tartibini belgilab berish hisoblanadi.
Mazkur BHMSda shu’ba xo‘jalik jamiyatlarga investitsiyalarni bosh tashkilotning alohida moliyaviy hisobotida hisobga olish tartibi ham ko‘rib chiqiladi.
3. Ushbu BHMS quyidagilarga nisbatan qo‘llanilmaydi:
birgalikda faoliyatdagi investitsiyalarni hisobga olishga;
ta’sir ostidagi (qaram) tashkilotlarga investitsiyalarni hisobga olishga;
vazirliklar, idoralar va budjet tashkilotlarining jamlanma moliyaviy hisobotiga.
4. Ushbu BHMSda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:
bosh tashkilot — bir yoki bir nechta shu’ba xo‘jalik jamiyatlarni nazorat qiluvchi xo‘jalik yurituvchi subyekt. Bunda, nazorat qilish deganda shu’ba xo‘jalik jamiyatidagi ishtirokidan daromadlar o‘zgarishi riskiga moyil bo‘lgan yoki bunday daromadlarni olish huquqiga ega bo‘lgan bosh tashkilotning shu’ba xo‘jalik jamiyatiga bo‘lgan vakolatlarini amalga oshirish natijasida ushbu daromadlarga ta’sir ko‘rsatishi tushuniladi;
shu’ba xo‘jalik jamiyati — agar bir (bosh) xo‘jalik jamiyati yoki shirkati ikkinchi xo‘jalik jamiyatining ustav fondida undan ustunlik mavqeyiga ega bo‘lgan holda ishtirok etishi tufayli yoxud ular o‘rtasida tuzilgan shartnomaga muvofiq yo bo‘lmasa boshqacha tarzda ikkinchi xo‘jalik jamiyati tomonidan qabul qilinadigan qarorlarni belgilab berish imkoniga ega bo‘lsa, ushbu ikkinchi xo‘jalik jamiyati shu’ba xo‘jalik jamiyati hisoblanadi.
guruh — bosh tashkilot va unga qarashli barcha shu’ba xo‘jalik jamiyatlaridir;
konsolidatsiyalashgan moliyaviy hisobotlar — hisobot davri uchun tuziladigan guruhning moliyaviy hisobotlaridir;
alohida moliyaviy hisobotlar — konsolidatsiyalanishi lozim bo‘lgan har bir guruh a’zosining hisobotidir;
nazorat kuchiga ega bo‘lmagan ulush — shu’ba xo‘jalik jamiyati xususiy kapitalining bevosita yoki bilvosita bosh tashkilotga tegishli bo‘lmagan ulushi.
2-bob. Konsolidatsiyalashgan moliyaviy hisobotlarni taqdim etish
5. Bosh tashkilot konsolidatsiyalashgan moliyaviy hisobotlarni taqdim etishi lozim, bundan mazkur BHMSning 6-bandida nazarda tutilgan holat mustasno.
6. Boshqa bir jamiyatga shu’ba bo‘lgan va boshqa jamiyat mulki hisoblangan bosh tashkilot, agar o‘zining bosh tashkiloti konsolidatsiyalashgan hisobot taqdim etishni talab qilmasa va bunga nazorat kuchiga ega bo‘lmagan ulush egalarining roziligi bo‘lsa, konsolidatsiyalashgan hisobot taqdim etmasligi mumkin.
Bunday bosh tashkilot o‘zining alohida moliyaviy hisobotlariga izohlarda quyidagilarni yoritib berishi lozim:
a) konsolidatsiyalashgan moliyaviy hisobot taqdim etilmagani sababini;
b) shu’ba xo‘jalik jamiyatiga kiritilgan investitsiyalarni hisobga olish usulini;
v) konsolidatsiyalashgan moliyaviy hisobot taqdim etadigan o‘zining bosh tashkiloti nomi va uning ro‘yxatga olingan joyini.
7. Konsolidatsiyalashgan moliyaviy hisobot tuzadigan bosh tashkilot barcha xorijiy va mahalliy shu’ba xo‘jalik jamiyatlarining konsolidatsiyasini amalga oshirishi lozim.
3-bob. Konsolidatsiyalashgan hisobotlarni tuzish uslubi
8. Konsolidatsiyalashgan moliyaviy hisobotlarni tayyorlashda bosh tashkilot va uning barcha konsolidatsiya qilinadigan shu’ba xo‘jalik jamiyatlari moliyaviy hisobotlari aktivlar, majburiyatlar, xususiy kapital, daromadlar va xarajatlarning bir xil moddalarini satrma-satr qo‘shish yo‘li bilan birlashtiriladi.
Konsolidatsiyalashgan moliyaviy hisobotlarni tuzish uchun:
a) quyidagilar chiqarib tashlanishi:
har bir shu’ba xo‘jalik jamiyatiga bosh tashkilot investitsiyalarining balans qiymati va bosh tashkilotning har bir shu’ba xo‘jalik jamiyati xususiy kapitalidagi ulushi;
bosh tashkilot va shu’ba xo‘jalik jamiyatlari o‘rtasida o‘zaro hisob-kitob qilish schyotlari bo‘yicha saldolar;
daromadlar, xarajatlar, dividendlar bo‘yicha guruh ichidagi hisob-kitob operatsiyalari, shuningdek ushbu operatsiyalar natijasida yuzaga kelgan realizatsiya qilinmagan foyda va zararlar, bundan qoplanishi mumkin bo‘lmagan zararlar mustasno;
b) bosh tashkilotga tegishli sof daromad summasini aniqlashda guruhning daromadini kamaytiradigan shu’ba xo‘jalik jamiyatining sof daromadida nazorat kuchiga ega bo‘lmagan ulushi aniqlanishi;
v) quyidagilarni qo‘shgan holda shu’ba xo‘jalik jamiyati sof aktivlaridagi nazorat kuchiga ega bo‘lmagan ulushni aniqlanishi va uni hisobot davri uchun konsolidatsiyalashgan buxgalteriya balansida bosh tashkilotning majburiyatlari va xususiy kapitalidan alohida ko‘rsatilishi lozim:
sho‘ba tashkilot dastlab xarid qilingan paytda hisoblangan nazorat kuchiga ega bo‘lmagan ulush summasi;
sho‘ba tashkilot xarid qilingan paytdan hisobot sanasigacha bo‘lgan davrda uning xususiy kapitali o‘zgarishida nazorat kuchiga ega bo‘lmagan ulushning salmog‘i.
9. Bir xil hisobot davri uchun va bir xil hisobot sanasiga tuzilgan bosh tashkilotning va shu’ba xo‘jalik jamiyatlarning moliyaviy hisobotlari hamda nazorat kuchiga ega bo‘lmagan ulushlari konsolidatsiyalashgan moliyaviy hisobotda birlashtiriladi.
Agar bosh tashkilot hisobot davrining oxiri shu’ba xo‘jalik jamiyatlari hisobot davrining oxiridan farq qilsa, bosh tashkilot shu’ba xo‘jalik jamiyatlarning moliyaviy ma’lumotlarini konsolidatsiyalash imkoniyatiga ega bo‘lishi uchun qo‘shimcha moliyaviy ma’lumotlarni bosh tashkilotning moliyaviy hisoboti bilan ayni bir sanaga tayyorlaydi.
Agar buni bajarishning imkoni bo‘lmasa, bosh tashkilot shu’ba xo‘jalik jamiyatlarning moliyaviy ma’lumotlarini konsolidatsiyalashni mazkur subyektning eng so‘nggi moliyaviy hisobotiga, ularning tuzilgan sanasi va konsolidatsiyalashgan moliyaviy hisobot sanasi oralig‘idagi davrda sodir bo‘lgan ahamiyatli hodisalar yoki operatsiyalarning ta’sirini hisobga olib, tuzatishlar kiritgan holda amalga oshirishi lozim. Har qanday holda ham shu’ba xo‘jalik jamiyatlarning moliyaviy hisoboti sanasi va konsolidatsiyalashgan moliyaviy hisobot sanasi o‘rtasidagi farq uch oydan oshmasligi, hisobot davrlari muddati hamda moliyaviy hisobotlar sanalari o‘rtasidagi farq esa davrdan davrga mos kelishi lozim.
10. Konsolidatsiyalashgan moliyaviy hisobotlar tayyorlanishi uchun bosh tashkilot va shu’ba xo‘jalik jamiyatlari o‘xshash operatsiyalar va moliya-xo‘jalik faoliyatining boshqa hodisalari uchun yagona hisob siyosatidan foydalanishi lozim.
Agar guruh ishtirokchilaridan biri o‘xshash operatsiyalar bo‘yicha konsolidatsiyalashgan moliyaviy hisobot tuzishda qabul qilingan hisob siyosatidan farq qiladigan hisob siyosatidan foydalansa, u xolda ushbu moliyaviy hisobotlarga konsolidatsiyalash jarayonida tegishli tuzatishlar kiritiladi. Agar konsolidatsiyalashgan moliyaviy hisobotlarni tayyorlashda yagona hisob siyosatidan foydalanishning imkoniyati bo‘lmasa, ushbu fakt konsolidatsiyalashgan moliyaviy hisobotga izohlar qismida yoritib berilishi lozim.
11. Shu’ba xo‘jalik jamiyatlari xo‘jalik faoliyatining natijalari u xarid qilingan sanadan boshlab, ya’ni xarid qilingan shu’ba xo‘jalik jamiyati ustidan nazorat qilish xaridorga haqiqatda berilgan sanadan boshlab, chiqib ketgan shu’ba xo‘jalik jamiyatlari bo‘yicha esa chiqib ketgan sanagacha konsolidatsiyalashgan moliyaviy hisobotga kiritiladi.
12. Shu’ba xo‘jalik jamiyatini sotishdan tushum va sotish sanasidagi majburiyatlarni ayirib tashlagan holda uning aktivlarining balans qiymati o‘rtasidagi farq konsolidatsiyalashgan moliyaviy natijalar to‘g‘risidagi hisobotda shu’ba xo‘jalik jamiyatini sotishdan olingan foyda va zarar sifatida aks ettiriladi.
13. Shu’ba xo‘jalik jamiyatiga kiritilgan investitsiyalar bosh tashkilot shu’ba xo‘jalik jamiyati ustidan nazoratni yo‘qotgan va shu’ba xo‘jalik jamiyati ta’rifiga mos kelmaydigan sanadan boshlab O‘zbekiston Respublikasi buxgalteriya hisobining milliy standarti (12-sonli BHMS) “Moliyaviy investitsiyalarni hisobga olish”ga (ro‘yxat raqami 3531, 2024-yil 18-iyul) muvofiq aks ettirilishi lozim.
14. Nazorat kuchiga ega bo‘lmagan ulush konsolidatsiyalashgan buxgalteriya balansida majburiyatlar va xususiy kapitaldan alohida ko‘rsatilishi lozim. Guruh daromadida ham nazorat kuchiga ega bo‘lmagan ulush alohida ko‘rsatilishi lozim.
4-bob. Shu’ba xo‘jalik jamiyatlariga investitsiyalarni bosh tashkilotning alohida moliyaviy hisobotida aks ettirish
15. Konsolidatsiyalashgan moliyaviy hisobotlarni tuzishda hisobga olingan shu’ba xo‘jalik jamiyatlariga investitsiyalar bosh tashkilotning alohida (mustaqil) moliyaviy hisobotlarida quyidagilardan foydalanib aks ettiriladi:
xususiy kapitalni hisobga olish usuli (ulushli qatnashish usuli);
uzoq muddatli investitsiyalar qiymatini hisobga olish bo‘yicha usuli.
16. Konsolidatsiyalashgan moliyaviy hisobotga kiritilmagan shu’ba xo‘jalik jamiyatlariga investitsiyalar bosh tashkilotning alohida moliyaviy hisobotida O‘zbekiston Respublikasi buxgalteriya hisobining milliy standarti (12-sonli BHMS) “Moliyaviy investitsiyalarni hisobga olish”ga (ro‘yxat raqami 3531, 2024-yil 18-iyul) muvofiq aks ettirilishi lozim.
5-bob. Ma’lumotlarni yoritib berish
17. Mazkur BHMSning 6 va 10-bandlarida yoritib berish talab qilingan axborotlarga qo‘shimcha ravishda quyidagi ma’lumotlarni ham yoritib berish lozim:
joylashgan joyi yoki ro‘yxatga olgan mamlakatlar nomini, mulkka egalik ulushini va ovoz berish huquqiga ega bo‘lgan aksiyalar sonini (agar ular mulkka egalik ulushiga mos kelmasa) ko‘rsatgan holda yirik shu’ba xo‘jalik jamiyatlari ro‘yxatini;
shu’ba xo‘jalik jamiyatining hisoboti konsolidatsiyalashgan hisobotga kiritilmaganligining sabablarini;
bosh tashkilot bevosita yoki bilvosita ovozlar sonining yarmidan ko‘prog‘iga ega bo‘lmagan hollarda, bosh tashkilotga shu’ba xo‘jalik jamiyati ustidan uni nazorat qilishga imkon beradigan o‘zaro munosabatlar tavsifini;
bevosita yoki bilvosita ovozlarning yarmidan ko‘prog‘iga egalik qiladigan, lekin nazorat yo‘qligi sababli shu’ba xo‘jalik jamiyati hisoblanmaydigan jamiyatlarning nomlarini;
jamiyatni xarid qilish (tashkil etish) va sotish (tugatish)ning hisobot yilidagi moliyaviy holatga, hisobot davridagi moliyaviy natijalarga va oldingi davrning tegishli summalariga ta’sirini;
bosh tashkilot alohida moliyaviy hisobotida shu’ba xo‘jalik jamiyatiga investitsiyalarni hisobga olish uchun foydalanadigan usulni.
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 26.07.2024-y., 10/24/3537/0561-son)