O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI IQTISODIYOT VA MOLIYA VAZIRINING
buyrug‘i
O‘zbekiston Respublikasi buxgalteriya hisobining milliy standarti (12-sonli BHMS) “Moliyaviy investitsiyalarni hisobga olish”ni tasdiqlash haqida
[O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2024-yil 18-iyulda ro‘yxatdan o‘tkazildi, ro‘yxat raqami 3531]
O‘zbekiston Respublikasining “Buxgalteriya hisobi to‘g‘risida”gi Qonuniga muvofiq buyuraman:
1. O‘zbekiston Respublikasi buxgalteriya hisobining milliy standarti (12-sonli BHMS) “Moliyaviy investitsiyalarni hisobga olish” ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan 1998-yil 23-dekabrda 65-son bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi buxgalteriya hisobining milliy standarti 12-son BHMS “Moliyaviy investitsiyalarni hisobga olish” (ro‘yxat raqami 596, 1999-yil 16-yanvar) (O‘zbekiston Respublikasi vazirliklari, davlat qo‘mitalari va idoralarining normativ hujjatlari axborotnomasi, 1999-yil, 3-son) o‘z kuchini yo‘qotgan deb topilsin.
3. Mazkur buyruq rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
Vazir D. KUCHKAROV
Toshkent sh.,
2024-yil 14-iyun,
138-son
O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirining 2024-yil 14-iyundagi 138-son buyrug‘iga
ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Buxgalteriya hisobi milliy standarti (12-sonli BHMS) “Moliyaviy investitsiyalarni hisobga olish”
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Buxgalteriya hisobining milliy standarti (bundan buyon matnda BHMS deb yuritiladi) “Buxgalteriya hisobi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuniga asosan ishlab chiqilgan va O‘zbekiston Respublikasida buxgalteriya hisobini normativ tartibga solish elementi bo‘lib hisoblanadi.
2. Mazkur BHMSning maqsadi budjet, sug‘urta tashkilotlari, banklar va boshqa kredit tashkilotlaridan tashqari mulkchilik shaklidan qat’iy nazar O‘zbekiston Respublikasida faoliyat yuritayotgan barcha yuridik shaxslarda (bundan buyon matnda tashkilot deb yuritiladi) moliyaviy investitsiyalarini hisobga olish usulini aniqlash va ularni moliyaviy hisobotlarda aks ettirish tartibini belgilash hisoblanadi.
3. Mazkur BHMS tashkilotlar tomonidan moliyaviy investitsiyalarni va ular to‘g‘risidagi ma’lumotlarni buxgalteriya hisobida yoritib berish uchun qo‘llaniladi.
4. Tashkilot moliyaviy investitsiyalar hisobini mazkur BHMSning 7 — 28-bandlariga muvofiq yuritadi va ular quyidagi masalalarni o‘z ichiga oladi:
moliyaviy investitsiyalarni (qisqa muddatli va uzoq muddatli) toifalariga qarab tasniflash;
moliyaviy investitsiyalar qiymatini aniqlash va ularni moliyaviy hisobotlarda aks ettirish;
moliyaviy investitsiyalarni bir toifadan boshqasiga o‘tkazish;
moliyaviy investitsiyalar qiymatining qaytarilmaydigan pasayishi.
5. Mazkur BHMS quyidagilarga nisbatan tatbiq etilmaydi:
foizlar, royalti, dividendlar va ijara haqi shaklidagi investitsiyalar bo‘yicha olingan daromadlarni tan olish asoslari;
sho‘ba jamiyatlarga investitsiyalar;
birgalikda faoliyatga investitsiyalar;
gudvill, patentlar, savdo belgilari va boshqa nomoddiy aktivlar;
O‘zbekiston Respublikasi buxgalteriya hisobining milliy standarti (6-sonli BHMS) “Ijara hisobi”da (ro‘yxat raqami 1946, 2009-yil 24-aprel) keltirilgan ta’rifga mos keladigan moliyaviy lizing.
6. Mazkur BHMSda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
moliyaviy investitsiyalar — tashkilot tasarrufidagi daromad olishga (foiz, royalti, dividend va ijara haqi shaklida) mo‘ljallangan, investitsiya qilingan kapital qiymatining ortishi yoki investitsiya qiluvchi kompaniyaning boshqa naf olish uchun foydalanadigan aktivlar;
qisqa muddatli (joriy) moliyaviy investitsiyalar — muomalada bo‘lish muddati 12 oydan oshmaydigan oson realizatsiya qilinadigan moliyaviy investitsiyalar;
uzoq muddatli moliyaviy investitsiyalar — qisqa muddatli (joriy) moliyaviy investitsiyalardan tashqari barcha moliyaviy investitsiyalar;
ko‘chmas mulkka investitsiya — investitsiya qiluvchi tashkilotning yoki investitsiya qiluvchi tashkilot guruhiga kiruvchi boshqa tashkilotning ishlab chiqarish faoliyati davomida foydalanilmaydigan yer maydonlariga yoki imoratlarga moliyaviy investitsiyalar;
joriy qiymat — bir-biriga qaram bo‘lmagan, lekin sotib olishni xohlagan xabardor xaridor bilan sotishni xohlayotgan xabardor sotuvchi o‘rtasida aktiv almashtiriladigan summa;
bozor qiymati — moliyaviy investitsiyalarning aktiv bozorda aniqlanadigan summasi.
2-bob. Moliyaviy investitsiyalarni tasniflash
7. O‘zining moliyaviy hisobotlarida aylanma mablag‘lar va uzoq muddatli aktivlar o‘rtasidagi tafovutni ko‘rsatuvchi tashkilotlar muomalada bo‘lish muddati 1 yilgacha bo‘lgan qisqa muddatli (joriy) moliyaviy investitsiyalarni aylanma mablag‘ sifatida, muomalada bo‘lish muddati 1 yildan oshadigan uzoq muddatli moliyaviy investitsiyalarni esa uzoq muddatli aktivlar sifatida ko‘rsatishlari kerak.
8. O‘zining balanslarida qisqa muddatli va uzoq muddatli moliyaviy investitsiyalarni farqlamaydigan tashkilotlar mazkur BHMSning 13 va 15-bandlariga muvofiq moliyaviy investitsiyalarni baholash va balansdagi qiymatni aniqlash maqsadlarida ushbu farqlashni amalga oshirishlari kerak.
3-bob. Moliyaviy investitsiyalarni baholash
9. Xarid qilinganda moliyaviy investitsiyalar sotib olish qiymati bo‘yicha baholanadi va bu qiymatga brokerlar xizmati uchun to‘langan haq, bank xizmati uchun to‘lovlar, bojlar va boshqa xarajatlar kiritiladi.
10. Agar moliyaviy investitsiya to‘laligicha yoki qisman aksiyalarni emissiya qilish yoki boshqa qimmatli qog‘ozlar chiqarish yo‘li bilan xarid qilinayotgan bo‘lsa, xarid qilish qiymati chiqarilgan qimmatli qog‘ozlarning nominal qiymatiga emas, balki ularni joriy qiymatiga teng bo‘ladi. Agar investitsiya to‘laligicha yoki qisman boshqa aktivga almashtirish yo‘li bilan xarid qilinayotgan bo‘lsa, uning xarid qiymati berilayotgan aktivning joriy qiymati bo‘yicha aniqlanadi.
11. Xarid qilingan paytgacha bo‘lgan davr uchun foizlar ulushi hisoblangan dividendlarni o‘z ichiga olgan qiymat bo‘yicha xarid qilingan moliyaviy investitsiyalar xaridor tomonidan sotuvchiga to‘langan foizlar summasini chegirib tashlab, xarid qiymati bo‘yicha hisobga olinadi.
12. Qarz qimmatli qog‘ozlarga investitsiyalarning xarid qiymati bilan to‘lash qiymati o‘rtasidagi tafovut (diskont yoki xarid qilishdagi mukofot) investitsiyalar bo‘yicha doimiy daromad mavjud bo‘lishi uchun investor tomonidan xarid qilingan paytdan boshlab qarz to‘langunga qadar hisobdan chiqarib boriladi.
4-bob. Moliyaviy investitsiyalarning balans qiymati
1-§. Qisqa muddatli (joriy) moliyaviy investitsiyalar
13. Qisqa muddatli (joriy) aktivlar sifatida tasnif qilingan moliyaviy investitsiyalar buxgalteriya balansida quyidagi usullar orqali hisobga olinadi:
bozor qiymati;
xarid qiymati va bozor qiymatidan iborat ikki qiymatning eng kichigi bo‘yicha.
Agar qisqa muddatli moliyaviy investitsiyalar xarid qiymati va bozor qiymatlaridan eng kichigi bahosi bo‘yicha hisobga olinadigan bo‘lsa, balans qiymati investitsiya portfelining umumiy qiymati asosida yoki investitsiyalar turlari bo‘yicha yoxud alohida investitsiyalar asosida aniqlanadi.
14. Qisqa muddatli investitsiyalar bozor qiymatining o‘zgarishidan keladigan daromad yoki zarar o‘zgarish sodir bo‘lgan hisobot davrida tan olinadi.
2-§. Uzoq muddatli moliyaviy investitsiyalar
15. Uzoq muddatli aktivlar sifatida tasnif qilingan moliyaviy investitsiyalar buxgalteriya balansida quyidagi usullar orqali hisobga olinadi:
xarid qiymati;
qayta baholashni hisobga olgan qiymat bo‘yicha;
investitsiya portfeli usuli bo‘yicha aniqlangan, xarid qiymati va bozor qiymatidan eng kichigi bahosi bo‘yicha.
16. Uzoq muddatli moliyaviy investitsiyalarni qayta baholash uchun qayta baholashni amalga oshirish davriyligini, shu jumladan uzoq muddatli investitsiyalar toifalarini aniqlash zarur.
17. Uzoq muddatli moliyaviy investitsiyalar qiymati pasayganda barcha uzoq muddatli moliyaviy investitsiyalarning balans qiymati pasaytiriladi, bundan balans qiymatining vaqtincha pasayishi mustasno. Bunday pasaytirish har bir alohida moliyaviy qo‘yilma bo‘yicha aniqlanadi va tayyorlanadi.
18. Uzoq muddatli investitsiyalar xarid qiymati bo‘yicha hisobga olinganda, uzoq muddatli moliyaviy investitsiyalar qiymati qaytarib bo‘lmaydigan darajada pasaygan taqdirda, bu investitsiyalarning balans qiymati har bir investitsiya bo‘yicha alohida kamaytirilishi kerak. Bunda, xatarning turlari, investitsiya qilinayotgan tashkilotda investorning ulushi e’tiborga olinadi.
19. Uzoq muddatli moliyaviy investitsiyalar balans qiymatining vaqtincha pasayishi hisobda aks ettirilmaydi. Moliyaviy investitsiyalar qiymati pasayishining boshqa hollari mazkur BHMSning 21-bandiga muvofiq ko‘rib chiqiladi.
5-bob. Moliyaviy investitsiyalar balans qiymatini qayta baholash
20. Qisqa muddatli (joriy) moliyaviy investitsiyalarni bozor qiymati bo‘yicha hisobga oluvchi tashkilot hisob siyosatida investitsiyalar balans qiymatining kamayishi yoki ko‘payishini quyidagicha aks ettiradi:
daromad yoki xarajat sifatida;
mazkur BHMSning 21-bandiga muvofiq ravishda.
21. Uzoq muddatli moliyaviy investitsiyalarni qayta baholash natijasidagi qo‘shimcha baholash summasi xususiy kapitalga qayta baholashdan daromad sifatida qo‘shiladi. Moliyaviy investitsiyalar qiymati pasayganda kamaytirish xususiy kapitalda aks ettirilgan o‘sha investitsiyalarni qo‘shimcha baholash summasi hisobidan amalga oshiriladi. Agar moliyaviy investitsiyalar qiymatini kamaytirish summasi qayta baholashdan olingan daromad summasidan oshsa, bu farq xarajat sifatida tan olinishi kerak. Qiymati pasaytirilgan investitsiyalarni qo‘shimcha baholash miqdori shu investitsiyalardan kelgan zarar qoplangandan so‘ng xususiy kapital ko‘payishiga kiritiladi.
6-bob. Moliyaviy investitsiyalarni sotish va ularni bir toifadan boshqasiga o‘tkazish
22. Moliyaviy investitsiyalarni sotishda sotishdan olingan tushum bilan balans qiymati o‘rtasidagi farq tegishli xarajatlarni (broker yoki diler xizmati haqi) chegirib tashlangandan so‘ng daromad yoki xarajat sifatida tan olinadi.
Agar qisqa muddatli moliyaviy investitsiyalar balansda portfel usuli bo‘yicha, xarid qiymati yoki bozor qiymatidan iborat ikki qiymatning eng pastida hisobga olingan bo‘lsa, qisqa muddatli moliyaviy investitsiyalarni sotishdan daromad yoki xarajat ularni realizatsiya qilish narxi bilan xarid qilish narxi o‘rtasidagi farq sifatida aniqlanadi.
Agar investitsiya ilgari qayta baholangan yoki bozor qiymati bo‘yicha hisobga olingan, balans qiymati esa qo‘shimcha baholash qiymatini hisobga olgan holda ko‘paytirilgan bo‘lsa, tashkilot qo‘shimcha baholashni qoldiq summasini daromad hisobvarag‘iga kreditlashi yoki uni taqsimlanmagan foyda hisobiga o‘tkazishini hisob siyosatida tasdiqlashi kerak.
23. Agar qisqa muddatli moliyaviy investitsiyalar xarid qiymati va bozor qiymatining eng kichigi bo‘yicha hisobga olinadigan bo‘lsa, uzoq muddatli moliyaviy investitsiyalarni qisqa muddatli (joriy) investitsiyalarga o‘tkazish ham xarid qiymati va balans qiymatining eng kichigi bo‘yicha amalga oshiriladi.
24. Agar uzoq muddatli moliyaviy investitsiyalar ilgari qayta baholangan bo‘lsa, ularni qisqa muddatli (joriy) investitsiyalar toifasiga o‘tkazishda va bu qisqa muddatli (joriy) moliyaviy investitsiyalar bozor qiymati bo‘yicha hisobga olingan bo‘lsa, qayta baholash qiymati balans qiymatidan chiqarib tashlanishi kerak.
Agar qisqa muddatli moliyaviy investitsiyalarning bozor qiymatidagi o‘zgarish daromadga kiritiladigan bo‘lsa, qo‘shimcha baholashning qolgan har qanday miqdori daromadga o‘tkazilishi kerak.
25. Qisqa muddatli moliyaviy investitsiyalarni uzoq muddatli moliyaviy investitsiyalar toifasiga o‘tkazish xarid qilish qiymati va bozor qiymatidan eng kichigi yoki bozor qiymati bo‘yicha, agar investitsiya ilgari shu qiymat bo‘yicha hisobga olingan bo‘lsa, amalga oshiriladi.
7-bob. Moliyaviy investitsiyalar bo‘yicha operatsiyalardan moliyaviy natijalar
26. Moliyaviy natijalarga quyidagilar kiritiladi:
a) moliyaviy investitsiyalar bo‘yicha quyidagi ko‘rinishdagi daromadlar/xarajatlar:
uzoq muddatli va joriy investitsiyalar bo‘yicha foizlar, royalti, dividendlar va ijara to‘lovlari;
qisqa muddatli moliyaviy investitsiyalarni sotishdan daromadlar va zararlar;
mazkur BHMSning 20-bandiga muvofiq bozor qiymati bo‘yicha hisobga olingan qisqa muddatli (joriy) moliyaviy investitsiyalar bo‘yicha realizatsiya qilinmagan daromadlar va zararlar;
xarid qiymati va bozor qiymatidan iborat ikki qiymatning eng kichigi bo‘yicha baholangan qisqa muddatli moliyaviy investitsiyalarni taqdim qilish uchun talab qilinadigan bozor qiymatining kamaytirilishi va bunday kamaytirishning qaytadan tiklanishi;
b) uzoq muddatli moliyaviy investitsiyalar qiymatining vaqtinchalik kamayishidan tashqari balans qiymatining pasayishi va bunday pasayishlar qoplanishi;
v) mazkur BHMSning 22-bandiga muvofiq hisoblangan uzoq muddatli moliyaviy investitsiyalarni sotishdan daromadlar va zararlar.
27. Mazkur BHMSni qo‘llanish natijasida yuzaga keladigan soliq oqibatlarini hisobga olish O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga muvofiq amalga oshiriladi.
8-bob. Yoritib berish
28. Moliyaviy hisobotlarda quyidagilar yoritib berilishi lozim:
a) hisob siyosatida:
moliyaviy investitsiyalarning balans qiymatini aniqlash;
bozor qiymati bo‘yicha hisobga olingan qisqa muddatli (joriy) moliyaviy investitsiyalarning bozor qiymatidagi o‘zgarishlarni aks ettirish;
qayta baholangan moliyaviy investitsiyalarni sotishda qo‘shimcha baholash summasini aks ettirish;
b) quyidagi ko‘rinishda olingan daromadga kiritilgan katta miqdordagi summalar:
uzoq muddatli va qisqa muddatli (joriy) moliyaviy investitsiyalar bo‘yicha foizlar, royalti, dividendlar va ijara haqlari;
qisqa muddatli moliyaviy investitsiyalarni sotishdagi daromadlar va zararlar;
bunday moliyaviy investitsiyalar qiymatidagi o‘zgarishlar;
v) realizatsiya qilinayotgan investitsiyalarning bozor qiymati, agar ular balansda bozor qiymati bo‘yicha hisobga olinmagan bo‘lsa;
g) ko‘chmas mulkka moliyaviy investitsiyalarning joriy qiymati, agar ular uzoq muddatli investitsiya sifatida hisobga olingan bo‘lsa va joriy qiymati bo‘yicha aks ettirilmasa;
d) investitsiyalarga muhim cheklashlar yoki investitsiyalarni realizatsiyasidan daromad va tushumni o‘tkazish;
j) qayta baholash summasi bo‘yicha hisobga olingan uzoq muddatli investitsiyalar:
qayta baholash o‘tkazilishini davriyligini aniqlash siyosati;
so‘nggi marta qayta baholangan sana;
qayta baholash asosi va tashqi baholovchini jalb etish fakti;
z) davr ichida bahosining oshirilishi summasidagi o‘zgarishlar hamda bu o‘zgarishlarning tavsifi;
i) asosiy faoliyati investitsiya faoliyatidan iborat bo‘lgan tashkilotlar uchun investitsiya portfelini tahlil qilish.
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 18.07.2024-y., 10/24/3531/0528-son)