O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirining
buyrug‘i
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI BUXGALTERIYA HISOBINING MILLIY STANDARTI (6-SONLI BHMS) “IJARA HISOBI”NI TASDIQLASH TO‘G‘RISIDA
[O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2009-yil 24-aprelda 1946-son bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan]
Oldingi tahrirga qarang.
(muqaddima O‘zbekiston Respublikasi moliya vazirining 2017-yil 9-iyundagi 71-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 1946-1, 16.06.2017-y.) tahririda — O‘R QHT, 2017-y., 24-son, 512-modda)
1. O‘zbekiston Respublikasi Buxgalteriya hisobining milliy standarti (6 - sonli BHMS) “Ijara hisobi” ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirining 2004-yil 12-maydagi 75-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Buxgalteriya hisobining milliy standarti (6-sonli BHMS) “Ijara hisobi”ni tasdiqlash to‘g‘risida”gi buyrug‘i (ro‘yxat raqami 1374, 2004-yil 22-iyun, O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2004-yil, 25-son, 292-modda) o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
3. Mazkur buyruq O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan kundan boshlab o‘n kun o‘tgandan keyin kuchga kiradi.
Moliya vaziri R. AZIMOV
Toshkent sh.,
2009-yil 6-aprel,
41-son
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirining 2009-yil 6-apreldagi 41- sonli buyrug‘i bilan
TASDIQLANGAN
TASDIQLANGAN
O‘zbekiston Respublikasi buxgalteriya hisobining milliy standarti (6-sonli BHMS) “Ijara hisobi”
Oldingi tahrirga qarang.
Mazkur Buxgalteriya hisobining milliy standarti (BHMS) O‘zbekiston Respublikasining “Buxgalteriya hisobi to‘g‘risida”gi, “Lizing to‘g‘risida”gi Qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga asosan ishlab chiqilgan va O‘zbekiston Respublikasida buxgalteriya hisobini me’yoriy tartibga solish tizimining elementi hisoblanadi.
(muqaddima O‘zbekiston Respublikasi moliya vazirining 2017-yil 9-iyundagi 71-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 1946-1, 16.06.2017-y.) tahririda — O‘R QHT, 2017-y., 24-son, 512-modda)
§ 1. Umumiy qoidalar
Oldingi tahrirga qarang.
1. Mazkur BHMSning maqsadi xo‘jalik yurituvchi subyektlarda (bundan budjet tashkilotlari, banklar va nobank kredit tashkilotlari mustasno) ijara operatsiyalarini buxgalteriya hisobida va moliyaviy hisobotlarda aks ettirishning yagona uslubiy asosini belgilash hisoblanadi.
(1-band O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirining 2025-yil 26-avgustdagi 281-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 1946-2, 24.09.2025-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 24.09.2025-y., 10/25/1946-2/0870-son)
Oldingi tahrirga qarang.
11. Ijara operatsiyalarini buxgalteriya hisobining hisobvaraqlarida aks ettirish tartibi O‘zbekiston Respublikasi buxgalteriya hisobining milliy standarti (21-sonli BHMS) “Xo‘jalik yurituvchi subyektlarda buxgalteriya hisobining hisobvaraqlar rejasi va uni qo‘llash bo‘yicha yo‘riqnoma”ga (ro‘yxat raqami 3593, 2024-yil 27-dekabr) muvofiq amalga oshiriladi.
(11-band O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirining 2025-yil 26-avgustdagi 281-sonli buyrug‘iga (ro‘yxat raqami 1946-2, 24.09.2025-y.) asosan kiritilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 24.09.2025-y., 10/25/1946-2/0870-son)
2. Mazkur BHMS quyidagi obyektlar va operatsiyalarga qo‘llanilmaydi:
a) tabiat resurslari, shu jumladan neft, tabiiy gaz va boshqa qayta tiklanmaydigan resurslarni qidiruv va foydalanish bilan bog‘liq bo‘lgan ijara kelishuvlari;
b) intellektual mulk obyektlari bo‘yicha litsenziya kelishuvlari.
§ 2. Mazkur BHMSda qo‘llaniladigan asosiy atamalar
3. Ijara – kelishuvga binoan bir tomon (ijaraga beruvchi) boshqa tomonga (ijaraga oluvchiga) haq evaziga vaqtinchalik egalik qilish va foydalanish yoki kelishilgan muddat davomida mulkdan foydalanish huquqini berishdir.
4. Ijara subyektlari bo‘lib quyidagilar hisoblanadi:
a) ijaraga beruvchi – mulkning egasi yoki qonunchilikka muvofiq yoki mulkdor tomonidan mulkni ijaraga berish uchun vakolatlangan shaxslar;
b) ijaraga oluvchi (ijarachi) — ijara shartnomasi asosida mulkni ijaraga oluvchi yuridik va jismoniy shaxslar.
5. Mazkur BHMS maqsadlariga ko‘ra ijara quyidagilarga ajratiladi:
a) moliyaviy ijara (lizingni qamrab olgan holda);
b) operativ ijara.
Oldingi tahrirga qarang.
51. Ijarani tasniflash ijara munosabatlari boshlangan sanada amalga oshiriladi va ijara shartnomasiga o‘zgartirishlar qilinganda ijaraning tasniflanishi qayta ko‘rib chiqiladi. Hisob baholaridagi o‘zgarishlar (masalan, tayanch aktivning iqtisodiy xizmat muddati yoki tugatish qiymati bo‘yicha hisob baholaridagi o‘zgarishlar) yoki holatlardagi o‘zgarishlar (masalan, ijarachining o‘z majburiyatlarini bajarmasligi) hisobga olish maqsadlarida ijarani qayta tasniflash zaruratini keltirib chiqarmaydi.
(51-band O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirining 2025-yil 26-avgustdagi 281-sonli buyrug‘iga (ro‘yxat raqami 1946-2, 24.09.2025-y.) asosan kiritilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 24.09.2025-y., 10/25/1946-2/0870-son)
6. Moliyaviy ijara — mulkni (moliyaviy ijara obyektini) shartnomaga binoan o‘n ikki oydan ortiq muddatga egalik qilish va foydalanish huquqini berishda yuzaga keladigan ijaraviy munosabatlar. Bunda moliyaviy ijara shartnomasi quyidagi shartlardan biriga javob berishi kerak:
moliyaviy ijara shartnomasining muddati tugagach, moliyaviy ijara obyekti ijaraga oluvchining mulki bo‘lib o‘tishi;
moliyaviy ijara shartnomasining muddati moliyaviy ijara obyekti xizmat muddatining 80 foizidan ortiq bo‘lsa yoki moliyaviy ijara obyektining moliyaviy ijara shartnomasi tugaganidan keyingi qoldiq qiymati uning boshlang‘ich qiymatining 20 foizidan kamrog‘ini tashkil qilishi;
moliyaviy ijara shartnomasining muddati tugagach, ijaraga oluvchi moliyaviy ijara obyektini ushbu huquq sotilish kunidagi bozor qiymatidan ancha past narxda sotib olish huquqiga ega bo‘lishi va bunda ijara muddatining boshida ushbu huquqning sotilishiga asoslangan ishonchning mavjud bo‘lishi;
moliyaviy ijara shartnomasi amal qiladigan davr uchun ijara to‘lovlarining diskontlangan joriy qiymati, moliyaviy ijara obyektini ijaraga berish paytidagi joriy qiymatining 90 foizidan ortiq bo‘lishi.
7. Operativ ijara — moliyaviy ijara shartnomasi hisoblanmaydigan mulkiy ijarasi shartnomasiga binoan mulkni vaqtinchalik egalik qilishga va foydalanishga yoki foydalanishga berish.
8. Lizing — moliyaviy ijara munosabatlarining alohida turi bo‘lib, unda bir taraf (lizingga beruvchi) ikkinchi tarafning (lizingga oluvchining) topshirig‘iga binoan uchinchi tarafdan (sotuvchidan) lizing shartnomasida shartlashilgan mol-mulkni (lizing obyektini) sotib oladi va uni shu shartnomada belgilangan shartlarda haq evaziga egalik qilish va foydalanish uchun lizingga oluvchiga o‘n ikki oydan ortiq muddatga beradi. Bunda lizing shartnomasi mazkur BHMSning 6-bandida keltirilgan shartlardan biriga javob berishi kerak.
9. Lizing subyektlari bo‘lib quyidagilar hisoblanadi:
a) lizingga beruvchi — lizing shartnomasi bo‘yicha lizingga oluvchiga kelgusida berish maqsadida lizing obyektini mulk qilib sotib oluvchi shaxs;
b) lizingga oluvchi — egalik qilish va foydalanish uchun lizing shartnomasi bo‘yicha lizing obyektini olayotgan shaxs;
v) sotuvchi — lizingga beruvchiga lizing obyektini sotayotgan shaxs.
10. Ijara (lizing) obyektlari — iste’mol qilinmaydigan har qanday buyumlar, shu jumladan korxonalar, mulkiy komplekslar, alohida binolar, inshootlar, uskunalar, transport vositalari hamda boshqa ko‘char va ko‘chmas mulklar (muomaladan chiqarilgan yoki muomalada bo‘lishi cheklangan mol-mulklar bundan mustasno).
11. Ikkilamchi ijara (ikkilamchi lizing) — ijarachi (lizingga oluvchi) ijaraga (lizingga) beruvchining roziligi bilan, ijaraga (lizingga) beruvchining oldida ijara (lizing) shartnomasi yuzasidan javobgarlikni saqlagan holda ijaraga olingan mulkni (lizing obyektini) boshqa shaxsga ikkilamchi ijara (ikkilamchi lizing)ga topshiradigan shartnoma munosabati.
12. Ijaraning (lizingning) boshlanish muddati — ijara shartnomasining shartlariga muvofiq ijarachi ijaraga olingan ijara obyektiga egalik qilish va foydalanish yoki foydalanish huquqini amalga oshirishni boshlagan sana. Bu ijarani (lizingni) dastlabki (boshlang‘ich) tan olish sanasi (ya’ni ijarani (lizingni) amalga oshirish natijasida tegishli aktiv va majburiyatlarning tan olinishi).
13. Ijara (lizing) muddati — bekor qilinmaydigan ijara (lizing) kelishuvi amal qiladigan davr, shuningdek har qanday keyingi davrlar bo‘lib, bu davrlar mobaynida ijarachi (lizingga oluvchi) ijara (lizing) shartnomasi tuzilganda aytib o‘tilgandek, mazkur kelishuvni uzaytirishi mumkin.
14. Ijara (lizing) to‘lovi — tuzilgan ijara (lizing) shartnomasi asosida ijarachi (lizingga oluvchi) tomonidan ijaraga (lizingga) beruvchiga to‘lab beradigan summa.
15. Ijaraga (lizingga) beruvchining foizli daromadi — ijara (lizing) to‘lovlari bilan qoplanadigan lizing obyekti qiymati o‘rtasidagi farq sifatida aniqlanadigan, ijara (lizing) to‘lovlarining qismidir.
16. Ijara (lizing) obyektlarining joriy qiymati — ijara (lizing) obyektining muayyan bir sanadagi bozor baholari bo‘yicha qiymati yoki mazkur ijara (lizing) obyektini sotib olish uchun yoki ushbu bitimni amalga oshirishni xohlovchi bir-biriga bog‘liq bo‘lmagan xabardor tomonlar o‘rtasidagi majburiyatni bajarish uchun yetarli bo‘lgan summa.
17. Kafolatlangan qoldiq qiymat — ijara (lizing) shartnomasining boshlanishida aniqlangan ijara (lizing) obyekti qiymatining bir qismi bo‘lib, ijarachi (lizingga oluvchi) tomonidan yoki unga bog‘liq uchinchi taraf tomonidan kafolatlanadi (majburiyat sifatida berkitiladi).
18. Kafolatlanmagan qoldiq qiymat — ijara (lizing) obyekti qiymatining bir qismi bo‘lib, (ijara (lizing) shartnomasining boshlanishida aniqlangan), uning sotilishini ijaraga beruvchi (lizingga beruvchi) kafolatlamaydi yoki u ijaraga beruvchi (lizingga beruvchi) bilan bog‘liq taraf tomonidangina kafolatlanadi.
19. Minimal ijara (lizing) to‘lovlari — ijarachi (lizingga oluvchi) tomonidan ijara muddati davomida to‘lanadigan ijara (lizing) to‘lovlari va ijara (lizing) obyektining kafolatlangan qoldiq qiymati summasi.
20. Diskontlash — kelajakda aniq bir vaqtda olinishi kutilayotgan pul mablag‘larining joriy ekvivalentini aniqlash.
21. Diskont stavkasi — turli xil vaqtdagi davrlarga tegishli bo‘lgan pul mablag‘lari summasini bir paytga keltirish uchun foydalanadigan stavka.
22. Minimal ijara (lizing) to‘lovlarining diskontlangan qiymati — ijara (lizing) shartnomasida ko‘zda tutilgan foiz stavkasi yoki qarz kapitalining o‘sib boruvchi foiz stavkasiga teng diskont stavkasi bo‘yicha tuzatilgan ijara (lizing) muddatining boshlanishidagi minimal ijara (lizing) to‘lovlarining joriy qiymati.
23. Ijara (lizing) shartnomasida ko‘zda tutilgan foiz stavkasi — ijara (lizing) muddatining boshlanishida ijara (lizing) obyektining joriy qiymati bilan minimal ijara (lizing) to‘lovlari va kafolatlanmagan qoldiq qiymati summasi yig‘indisining diskontlangan qiymatining teng bo‘lishini ta’minlaydigan diskont stavkasidir.
24. Qarz kapitalining o‘sib boruvchi foiz stavkasi — bu xuddi shunday ijara (lizing) shartnomasi uchun ijarachi (lizingga oluvchi) to‘lashi lozim bo‘lgan foiz stavkasi yoki (agar ushbu ko‘rsatkichni aniqlash imkoni bo‘lmasa) ijarachi (lizingga oluvchi) ijara (lizing) muddati boshlanishida mol-mulkni (xuddi shunday muddatga va shunga o‘xshash ta’minot bilan) sotib olish uchun zarur bo‘lgan mablag‘larni qarzga olishda qabul qiladigan stavka yoki agarda ularni aniqlash imkoniyati bo‘lmasa, ijara (lizing) muddatining boshlanishidagi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining rasmiy qayta moliyalashtirish stavkasi.
§ 3. Moliyaviy ijara hisobi
25. Moliyaviy ijarada moliyaviy ijara obyektiga egalik qilish va foydalanish huquqi bilan bog‘liq barcha risklar ijarachiga (lizingga oluvchiga) o‘tkaziladi. Bunda, lizing bo‘yicha ijaraga olingan mol-mulkning tasodifan nobud bo‘lishi yoki tasodifan buzilishi xavfi, agar lizing shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, lizing oluvchiga bu mol-mulkni topshirish paytida o‘tadi. Ijarachining (lizingga oluvchining) buxgalteriya hisobida moliyaviy ijara aktiv va majburiyat sifatida moliyaviy ijara muddati boshlanishidagi moliyaviy ijara obyektining joriy qiymati yoki minimal ijara (lizing) to‘lovlarining diskontlangan qiymati bo‘yicha, agar u past bo‘lsa, tan olinishi lozim.
Oldingi tahrirga qarang.
251. Agar moliyaviy ijara shartnomasining sharti bo‘yicha moliyaviy ijara obyekti sotuvchi tomonidan ijaraga beruvchini (lizingga beruvchini) chetlab bevosita ijaraga oluvchiga (lizingga oluvchiga) yetkazib berilsa, ijaraga beruvchining (lizingga beruvchining) buxgalteriya hisobida moliyaviy ijara obyektining kirimi va chiqimi to‘g‘risidagi yozuvlar moliyaviy ijara obyektining harakatini tasdiqlovchi birlamchi hujjatlar asosida amalga oshiriladi.
252. Agar moliyaviy ijara shartnomasining sharti bo‘yicha ijaraga beruvchi (lizingga beruvchi) tomonidan moliyaviy ijara obyekti sotib olingan bo‘lsa, lekin ijaraga oluvchi (lizingga oluvchi) ma’lum sabablarga ko‘ra uni qabul qilishdan bosh tortsa, mazkur moliyaviy ijara obyekti undan foydalangunga yoki chiqib ketgunga qadar kapital qo‘yilmalarni hisobga oluvchi schyotlarda (0800) hisobga olinadi.
(251 va 252-bandlar O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirining 2025-yil 26-avgustdagi 281-sonli buyrug‘iga (ro‘yxat raqami 1946-2, 24.09.2025-y.) asosan kiritilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 24.09.2025-y., 10/25/1946-2/0870-son)
26. Agar ijarachi (lizingga oluvchi) ijara (lizing) obyektini uni sotib olish sanasidagi joriy qiymatidan past narxda sotib olmoqchi bo‘lgan hollarda, minimal ijara (lizing) to‘lovlari barcha ijara (lizing) muddati davomidagi ijara (lizing) to‘lovlari va ijara (lizing) shartnomasida ko‘zda tutilgan ijara (lizing) obyektini sotib olish summasidan tashkil topadi.
27. Minimal ijara (lizing) to‘lovlarining diskontlangan qiymatini hisoblashda diskontlaydigan omil bo‘lib moliyaviy ijara shartnomasida ko‘zda tutilgan foiz stavkasi hisoblanadi, agarda uni aniqlash imkoniyati bo‘lsa, aks holda ijarachining (lizingga oluvchining) qarz kapitali bo‘yicha o‘sib boruvchi foiz stavkasidan foydalaniladi.
28. Moliyaviy ijarada, ijara (lizing) to‘lovlari ijaraga beruvchi (lizingga beruvchi)ga moliyaviy ijara obyekti qiymatining ijarachi (lizingga oluvchi) tomonidan qoplanishidan, hamda ijaraga beruvchi (lizingga beruvchi)ning foizli daromadidan iborat bo‘ladi.
29. Moliyaviy ijara muddatining boshlanish paytida ijarachi (lizingga oluvchi) va ijaraga beruvchi (lizingga beruvchi) ijara (lizing) to‘lovlarini to‘lash jadvalini (tartibini) kelishib oladi va unda ijaraga (lizingga) beruvchining foizli daromadi, moliyaviy ijara obyektining qiymatini qoplash bo‘yicha majburiyatlar va ularning moliyaviy ijara muddati davomida taqsimlanishi ko‘rsatiladi.
30. Moliyaviy ijara bo‘yicha foizlar moliyaviy ijara shartnomasi muddati davomida davrlar bo‘yicha taqsimlangan bo‘lishi va har bir davrda qoplanmagan majburiyatlar qoldig‘iga doimiy foiz stavkasini o‘rnatish maqsadida ijara (lizing) to‘lovlarini to‘lash jadvali (tartibi)da aks ettirilishi kerak.
31. Ijarachi (lizingga oluvchi) tomonidan amalga oshirilgan moliyaviy ijara obyektini sotib olish, yetkazib berish yoki belgilangan maqsadda foydalanish uchun yaroqli holga keltirish bilan bog‘liq xarajatlar moliyaviy ijara obyektining qiymatiga qo‘shiladi.
32. Ijarachining (lizingga oluvchining) moliyaviy ijara obyektini yaxshilash (obodonlashtirish, qo‘shimcha qurish, qo‘shimcha asbob-uskunalar bilan ta’minlash, rekonstruksiya, modernizatsiya qilish, texnik qayta qurollantirish va shunga o‘xshash boshqa) xarajatlari moliyaviy ijara obyekti qiymatini ko‘paytiruvchi kapital quyilmalar sifatida aks ettiriladi.
Korxonani ijaraga olish shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, korxonani ijaraga oluvchi ijaraga beruvchining ruxsatidan qat’i nazar, ijaraga olingan mol-mulkni ajratib bo‘lmaydigan tarzda yaxshilash qiymatini olishga haqli.
Agar moliyaviy ijara obyekti, ijaraga (lizingga) beruvchining ruxsati bilan yaxshilangan bo‘lsa, shartnomaning amal qilish muddati tugagandan so‘ng yoki shartnoma bekor qilingach, ijarachi (lizingga oluvchi) ana shu maqsad yo‘lida sarflagan barcha xarajatlarining qoplanishini talab qilish huquqiga ega, agarda moliyaviy ijara shartnomasida o‘zgacha shartlar ko‘zda tutilmagan bo‘lsa.
Ijaraga (lizingga) beruvchining ruxsatisiz amalga oshirilgan moliyaviy ijara obyektini yaxshilashga sarflangan mablag‘lar (qo‘yilmalar) va ularni moliyaviy ijara obyektiga zarar yetkazmagan holda ajratib olish imkoniyati bo‘lmasa, moliyaviy ijara shartnomasining amal qilish muddati tugagach yoki shartnoma bekor qilingach, ular ijaraga (lizingga) beruvchiga tekinga o‘tadi, agarda moliyaviy ijara shartnomasida o‘zgacha shartlar ko‘zda tutilmagan bo‘lsa. Biroq, agarda ularni moliyaviy ijara obyektiga zarar yetkazmagan holda ajratib olish mumkin bo‘lsa va agar ijaraga (lizingga) beruvchi ularning qiymatini to‘lashga rozi bo‘lmasa, bunday hollarda ijarachi (lizingga oluvchi) ularni ajratib olishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
33. Moliyaviy ijarada har bir hisobot davri uchun moliyaviy ijara obyekti bo‘yicha amortizatsiya ajratmasi kabi xarajatlar yuzaga keladi. Moliyaviy ijara obyektlari bo‘yicha amortizatsiyani hisoblash ijarachi (lizingga oluvchi) tomonidan Buxgalteriya hisobining milliy standarti (5-sonli BHMS) “Asosiy vositalar”ga (ro‘yxat raqami 3546, 2024-yil 9-avgust) muvofiq amalga oshiriladi.
(33-band O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirining 2025-yil 26-avgustdagi 281-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 1946-2, 24.09.2025-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 24.09.2025-y., 10/25/1946-2/0870-son)
34. Ijarachi (lizingga oluvchi) moliyaviy ijara shartnomasi muddati tugagandan keyin moliyaviy ijara obyektiga mulkiy egalik qilish huquqini olishiga ishonchi bo‘lmasa, u holda u quyidagilardan qaysi biri qisqaligidan kelib chiqib: moliyaviy ijara shartnomasi muddati davomida yoki moliyaviy ijara obyektining xizmat qilish muddati davomida to‘liq amortizatsiya qilishi mumkin.
35. Ijarachining (lizingga oluvchining) aniq bir davrdagi moliyaviy ijara obyekti bo‘yicha amortizatsiya ajratmasi va moliyaviy xarajatlari (moliyaviy ijara bo‘yicha foizlari) summasi mazkur davrda to‘lanishi lozim bo‘lgan ijara (lizing) to‘lovlari summasiga teng bo‘lmasligi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
(36-band O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirining 2025-yil 26-avgustdagi 281-sonli buyrug‘iga (ro‘yxat raqami 1946-2, 24.09.2025-y.) asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 24.09.2025-y., 10/25/1946-2/0870-son)
37. Moliyaviy ijara shartnomasi tugatilganda ijarachi (lizingga oluvchi) tomonidan moliyaviy ijara obyektini qaytarish munosabati bilan balansdan chiqarish, moliyaviy ijara shartnomasiga muvofiq moliyaviy ijara to‘xtatilgan sanadagi moliyaviy ijara obyektining qoplanmagan qiymati summasi bo‘yicha amalga oshiriladi.
Moliyaviy ijara obyektining chiqib ketishidan moliyaviy natija (foyda yoki zarar) moliyaviy ijara obyektining qoldiq (balans) qiymati bilan ijara (lizing) to‘lovlari jadvali (tartibi) bo‘yicha qolgan qarz o‘rtasidagi farq sifatida moliyaviy ijara obyektining chiqib ketishi bilan bog‘liq bo‘lgan xarajatlar summasini hisobga olgan holda aniqlanadi.
Moliyaviy ijara obyektining chiqib ketishidan moliyaviy natija (foyda yoki zarar)ni aniqlaganda, oldingi qayta baholashlardagi moliyaviy ijara obyekti qiymatining ko‘paygan qoldiq summasi, ya’ni oldingi baholashlardagi qiymatining ko‘payish summasining oldingi baholashlardagi qiymatining kamayish summasidan ortgan qismi moliyaviy ijara obyektining chiqib ketishidan ko‘rilgan daromad tarkibiga qo‘shiladi va bir vaqtning o‘zida “Mulkni qayta baholash bo‘yicha tuzatishlar” schyoti bo‘yicha rezerv kapitalini kamaytiradi.
38. Ijaraga (lizingga) beruvchining buxgalteriya hisobida moliyaviy ijara aktiv (debitorlik qarzi) sifatida moliyaviy ijara muddati boshlanishidagi moliyaviy ijara obyektining joriy qiymati yoki minimal ijara (lizing) to‘lovlarining diskontlangan qiymati bo‘yicha, agar u past bo‘lsa, tan olinishi lozim.
39. Ijaraga (lizingga) beruvchining foizli daromadi moliyaviy ijara shartnomasi muddati davomida davrlar bo‘yicha taqsimlangan bo‘lishi va moliyaviy ijara shartnomasining har bir davrida qoplanmagan majburiyatlar qoldig‘iga doimiy foiz stavkasini o‘rnatish maqsadida ijara (lizing) to‘lovlarini to‘lash jadvali (tartibi)da aks ettirilishi kerak.
40. Ijaraga (lizingga) beruvchi tomonidan amalga oshirilgan va moliyaviy ijara shartnomasiga muvofiq ijarachi (lizingga oluvchi) tomonidan qoplanadigan moliyaviy ijara obyektini yetkazib berish va belgilangan maqsadda foydalanish uchun uni yaroqli holga keltirish bilan bog‘liq bo‘lgan xarajatlar moliyaviy ijara obyektining qiymatiga qo‘shiladi. Bunda, agar moliyaviy ijara shartnomasiga muvofiq yuqoridagi xarajatlar ijarachi (lizingga oluvchi) tomonidan qoplanmaydigan bo‘lsa, ular yuzaga kelgan paytdagi tegishli hisobot davri xarajatlari sifatida tan olinadi.
41. Moliyaviy ijara obyektini berish (olish) paytida ijaraga (lizingga) beruvchining foizli daromadi (ijarachining (lizingga oluvchining) moliyaviy ijara foizi bo‘yicha xarajatlari) buxgalteriya hisobida aks ettirilmaydi.
Bunda ijaraga (lizingga) beruvchining foizli daromadi va ijarachining (lizingga oluvchining) moliyaviy ijara foizi bo‘yicha xarajatlari, pulni to‘lash vaqti va kelib tushishidan qat’iy nazar, tegishli hisobot davrlarida ijara (lizing) to‘lovlarini to‘lash jadvali (tartibi)ga muvofiq hisoblanadi.
42. Moliyaviy ijara obyektlari berilayotganda, ijaraga (lizingga) beruvchining buxgalteriya hisobida aktiv (debitorlik qarzi) sifatida tan olinadigan qiymat bilan uning boshlang‘ich qiymati (agar berilayotgan obyekt ishlatilmagan bo‘lsa) yoki qoldiq qiymati (agar obyekt berilishiga qadar ishlatilgan bo‘lsa) o‘rtasidagi farq, rezerv kapitalining “Mulkni qayta baholash bo‘yicha tuzatishlar” schyotida qayd qilingan moliyaviy ijara obyektlarini qayta baholashlar natijasini, ya’ni mazkur moliyaviy ijara obyektini oldingi baholashlardagi qiymatining ko‘payishi summasining oldingi baholashlardagi qiymatining kamayish summasidan ortgan summasini hisobga olgan holda, tuzatishlar kiritilgandan so‘ng kechiktirilgan daromad (xarajat) sifatida aks ettiriladi va ijara (lizing) to‘lovlarining hisoblanishiga qarab bir me’yorda (oyma-oy) asosiy faoliyatning boshqa daromadlari (boshqa operatsion xarajatlari) ga olib boriladi.
43. Ijaraga beruvchi tomonidan moliyaviy ijara shartnomasi tugatilganda moliyaviy ijara obyektini kirim qilish moliyaviy ijara shartnomasiga muvofiq moliyaviy ijarani tugatish kunidagi qarzdorlik (debitor qarzdorlik) summasi bo‘yicha amalga oshiriladi.
44. Lizing obyekti lizingga oluvchining krediti (qarzi) hisobidan olinayotgan hollarda, aniq bir lizing obyektiga nisbatan lizingga beruvchining kreditori va lizingga oluvchi sifatida bir shaxs ishtirok etishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
45. Ijaraga beruvchi ijara (lizing) obyektini bo‘lg‘usi foydalanuvchidan keyinchalik uni xuddi shu shaxsga ijaraga (lizingga) berish uchun sotib olgan hollarda, ijarachi va sotuvchi bir shaxs bo‘lishiga yo‘l qo‘yiladi.
§ 4. Operativ ijara hisobi
46. Operativ ijarada, ijara obyektiga egalik qilish bilan bog‘liq bo‘lgan barcha risklar ijarachiga o‘tmaydi va shuning uchun operativ ijara shartnomasi bo‘yicha olingan ijara obyektlari ijarachining balansida hisobga olinmasligi lozim.
47. Operativ ijara obyekti ijarachi tomonidan balansdan tashqari schyotlarda operativ ijara shartnomasida ko‘rsatilgan qiymatda, ijaraga beruvchida esa – asosiy vositalar tarkibida balans schyotlarida hisobga olinadi.
48. Operativ ijarada ijarachi tomonidan hisoblangan va to‘lanadigan ijara to‘lovlari, ularni foydalanish maqsadiga qarab mahsulot (ish, xizmat)larning ishlab chiqarish tannarxiga va (yoki) davr xarajatlariga olib boriladi.
49. Ijara beruvchining operativ ijara obyektlarini saqlab turish bilan bog‘liq xarajatlari (amortizatsiya ajratmalari, sug‘urtalash, kapital va joriy ta’mirlash, operativ ijara obyektlari bilan bog‘liq soliqlar va boshqa xarajatlar) ushbu xarajatlar yuzaga kelgan hisobot davrining joriy xarajatlari sifatida tan olinadi.
50. Operativ ijarada hisoblangan va ijaraga beruvchi tomonidan olinadigan ijara tushumlari daromad sifatida tan olinadi.
51. Operativ ijara shartnomasida ijara obyekti, ijara muddati tugashi yoki tugamasidan, agarda shartnomada shartlashilgan sotib olish narxining barchasi ijarachi tomonidan to‘langanda, ijarachining mulkiga o‘tishi ko‘zda tutilishi mumkin.
Agar shartnomada ijara obyektini sotib olish ko‘zda tutilmagan bo‘lsa, u tomonlarning qo‘shimcha kelishuvi bilan o‘rnatilishi mumkin, unda ijara obyektidan foydalanish uchun oldin to‘langan to‘lovlar sotib olish bahosida hisobga olinishi haqida kelishish huquqiga ega.
Ijara muddatining tugashi yoki uning tugaguniga qadar shartnomada ko‘zda tutilgan sotib olish narxini ijarachi tomonidan to‘liq kiritilgan holda va ijara obyektiga egalik qilish huquqi unga o‘tganda, u buxgalteriya hisobida ijarachining mulki sifatida hisobga olinishi shart.
52. Ijarachining operativ ijara obyektini yaxshilash (obodonlashtirish, qo‘shimcha qurish, qo‘shimcha asbob-uskunalar o‘rnatish, rekonstruksiya, modernizatsiya qilish, texnik qayta qurollantirish va boshqa) xarajatlari operativ ijara obyekti qiymatini ko‘paytiruvchi kapital quyilmalar sifatida aks ettiriladi.
Agar operativ ijara obyekti ijaraga beruvchining ruxsati bilan yaxshilangan bo‘lsa, operativ ijara shartnomasining amal qilish muddati tugagandan so‘ng yoki operativ ijara shartnomasi bekor qilingach, ijarachi ana shu maqsad yo‘lida sarflagan barcha xarajatlarining qoplanishini talab qilish huquqiga ega, agarda operativ ijara shartnomasida o‘zgacha shartlar ko‘zda tutilmagan bo‘lsa.
Ijaraga beruvchining ruxsatisiz amalga oshirilgan operativ ijara obyektini yaxshilashga sarflangan xarajatlar (qo‘yilmalar) va ularni operativ ijara obyektiga zarar yetkazmagan holda ajratib olish imkoni bo‘lmasa, operativ ijara shartnomasining amal qilish muddati tugagach yoki shartnoma bekor qilingach, ular ijaraga beruvchiga tekinga o‘tadi, agarda operativ ijara shartnomasida o‘zgacha shartlar ko‘zda tutilmagan bo‘lsa. Biroq, agarda ularni operativ ijara obyektiga zarar yetkazmagan holda ajratib olish mumkin bo‘lsa va agar ijaraga beruvchi ularning qiymatini qoplashga rozi bo‘lmasa, bunday hollarda ijarachi ularni ajratib olishi mumkin.
§ 5. Ma’lumotlarni ochib berish
53. Moliyaviy hisobotlarda va unga tushuntirish xatida quyidagilar ochib berilishi lozim:
a) moliyaviy hisobotni taqdim qilish sanasida ijara (lizing) obyektlari hisoblangan aktivlar qiymati to‘g‘risida ma’lumotlar. Mazkur ijara mulklari bilan bog‘liq bo‘lgan qarzdorliklarni (debitorlik yoki kreditorlik) moliyaviy va operativga ajratgan holda boshqa qarzlardan alohida tan olinishi kerak;
b) moliyaviy ijara bo‘yicha ijara (lizing) to‘lovlariga taalluqli majburiyatlarni umumlashtirilgan shaklda, ularning summasi va to‘lash davri to‘g‘risidagi ma’lumotlarni keltirgan holda;
v) salmoqli moliyaviy cheklovlar, moliyaviy ijarani qayta tiklash huquqlari, moliyaviy ijara obyektlarini xarid qilish va moliyaviy ijara bilan bog‘liq bo‘lgan boshqa kutilmagan (tasodifiy) holatlar bo‘yicha ma’lumotlar;
g) har bir moliyaviy hisobotni tuzish sanasiga ijara (lizing) to‘lovlarining qoldiq summasi va ijaraga beruvchining (lizingga beruvchining) daromadi, hamda moliyaviy ijara obyektining kafolatlangan qoldiq qiymati;
d) moliyaviy ijara davri uchun qoplanmagan majburiyat qoldig‘iga doimiy foiz stavkasini olish uchun ijaraga beruvchining (lizingga beruvchining) daromadi (moliyaviy ijara bo‘yicha foizlar)ni taqsimlashda foydalaniladigan usul;
e) moliyaviy hisobotni tuzish sanasiga ikkilamchi ijara (ikkilamchi lizing)dan olinishi kutilayotgan kelgusi ijara (lizing) to‘lovlari summasi to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
j) ijara shartnomasining muhim shartlarining umumiy tavsifi.
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2009-y., 17-son, 220-modda; 2017-y., 24-son, 512-modda; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 24.09.2025-y., 10/25/1946-2/0870-son)