OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY SUDI PLENUMINING
Qarori
Sudlar tomonidan iqtisodiy ishlarni taftish tartibida koʻrishning ayrim masalalari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilganligi munosabati bilan hamda qonun normalarini bir xilda va toʻgʻri qoʻllanilishini taʼminlash maqsadida, “Sudlar toʻgʻrisida”gi Qonunning 22-moddasiga asoslanib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi qaror qiladi:
1. Tushuntirilsinki, iqtisodiy ishlarni taftish tartibida qayta koʻrish quyi instansiya sudlari hujjatlarining qonuniyligi va asosliligi, ular tomonidan moddiy huquq normalari toʻgʻri qoʻllanilishini va protsessual qonun talablariga rioya etilishini taʼminlovchi muhim huquqiy institut hisoblanadi.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksi (bundan buyon matnda IPK deb yuritiladi)ning 307-moddasida keltirilgan, sud hujjati ustidan taftish tartibida shikoyat qilish (protest keltirish) huquqiga ega boʻlgan shaxslar roʻyxati tugal hisoblanib, uni kengaytirilgan tarzda talqin etilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Agar ishda ishtirok etuvchi shaxslardan biri nizoli yoki sud hujjati bilan aniqlangan huquqiy munosabatdan chiqib ketgan boʻlsa (yuridik shaxsning qayta tashkil etilishi, talab qilish huquqidan boshqa shaxs foydasiga voz kechish, qarzning boshqa shaxsga oʻtkazilishi, fuqaroning oʻlimi va majburiyatlardagi shaxslar oʻzgarishining boshqa hollarida), ushbu shaxsning huquqiy vorisi ham taftish tartibidagi shikoyat bilan murojaat qilish huquqiga ega. Bunda, huquqiy voris tomonidan berilgan taftish tartibidagi shikoyatga huquq va burchlar oʻtganligi faktini tasdiqlovchi hujjatlar ilova qilinishi kerak.
3. Sudlarga tushuntirilsinki, IPK 50-moddasining birinchi qismiga muvofiq, davlat organlari va boshqa shaxslar (masalan, adliya organlari, fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashlari va hokazo.) daʼvo ular tomonidan taqdim etilgan holdagina sud hujjati ustidan taftish tartibida shikoyat berishlari mumkin.
Qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil tadbirkorlik subyektlari manfaatida va Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi, uning hududiy boshqarmalari Palata aʼzolarining huquqlari va qonuniy manfaatini koʻzlab, ular sudga daʼvo arizasi (ariza) bilan murojaat qilgan yoki qilmaganligidan qatʼiy nazar sud hujjati ustidan taftish tartibida shikoyat berishi mumkin.
4. IPKning 308-moddasiga koʻra, taftish tartibidagi shikoyat (protest):
Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlarining iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼati;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼati;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Rayosati tomonidan koʻriladi.
Apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida koʻrilgan ishlar boʻyicha tumanlararo, tuman, shahar iqtisodiy sudlarining qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarorlari, ajrimlari, qarorlari, shuningdek apellyatsiya yoki kassatsiya instansiyasi sudining qarorlari ustidan berilgan taftish tartibidagi shikoyatlar (protestlar) Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlarining iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼati tomonidan taftish tartibida koʻriladi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari tomonidan taftish tartibida koʻrilgan ishlar boʻyicha qabul qilgan sud hujjatlari, ushbu sudlarning taftish tartibida qabul qilgan sud hujjatlari va ushbu sudlar tomonidan birinchi instansiya boʻyicha qabul qilingan, apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida koʻrilgan sud hujjatlari, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan birinchi instansiya boʻyicha qabul qilingan, apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida koʻrilgan sud hujjatlari ustidan berilgan taftish tartibidagi shikoyatlar (protestlar) Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼati tomonidan koʻriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Rayosati Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatida taftish tartibida koʻrilgan ishlar boʻyicha sud hujjatlari, shuningdek, taftish tartibida qabul qilingan sud hujjatlari ustidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining raisi, Oʻzbekiston Respublikasining Bosh prokurori tomonidan keltirilgan protestlarni koʻradi.
Bunda, taftish tartibida koʻrilgan ishlar boʻyicha sud hujjatlari deganda, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatining ishni mazmunan koʻrish natijasi boʻyicha qabul qilgan sud hujjatlari tushunilishi lozim.
Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼati tomonidan taftish tartibida qabul qilingan sud hujjatlari deganda, taftish tartibidagi shikoyatni (protestni) koʻrmasdan qoldirish, taftish tartibidagi shikoyat (protest) boʻyicha ish yuritishni tugatish, ish yuritishni toʻxtatib turish, qonuniy kuchga kirgan sud hujjatini yangi ochilgan holatlar boʻyicha qayta koʻrish toʻgʻrisidagi ajrimlar va IPKda shikoyat qilinishi mumkin boʻlgan boshqa ajrimlar tushunilishi lozim. Taftish tartibidagi shikoyatni bergan shaxsning arizasiga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining raisi yoki uning oʻrinbosari tomonidan bekor qilinishi mumkin boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi sudyasining taftish tartibidagi shikoyatni qaytarish, ish yuritishga qabul qilishni rad etish va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatiga koʻrib chiqish uchun oʻtkazishni rad etish toʻgʻrisidagi ajrimlar bundan mustasno.
Ushbu bandning beshinchi va oltinchi xatboshilarida koʻrsatilgan sud hujjatlari bilan birga Oʻzbekiston Respublikasining Bosh prokurori tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi sudyasining taftish tartibidagi protestni ish yuritishga qabul qilishni rad etish va qaytarish toʻgʻrisidagi ajrimlari ustidan ham Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Rayosatiga protest keltirilishi mumkin (IPK 32412-moddasining uchinchi qismi).
5. Qonunga muvofiq Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari nomiga yoʻllanadigan taftish tartibidagi shikoyat (protest) hal qiluv qarorini qabul qilgan sudga beriladi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatiga yoʻllanadigan taftish tartibidagi shikoyat (protest) hamda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Rayosatiga yoʻllanadigan protest bevosita Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudiga beriladi (IPKning 309-moddasi).
6. IPK 310-moddasining birinchi qismiga koʻra, taftish tartibidagi shikoyat (protest) birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori, ajrimi, qarori qonuniy kuchga kirgan kundan eʼtiboran bir yil ichida beriladi.
Agar bir yillik muddatning tugashi tegishli sanasi boʻlmagan oyga toʻgʻri kelsa, muddat shu oyning oxirgi kunida tamom boʻladi. Agar oxirgi kuni ish kuni boʻlmagan kunga toʻgʻri kelsa, muddat undan keyin keladigan birinchi ish kunida tamom boʻladi.
Hal qiluv qarori u qabul qilingan kundan eʼtiboran bir oylik muddat oʻtgach, soddalashtirilgan ish yuritish tartibidagi, huquqiy taʼsir chorasini qoʻllash toʻgʻrisidagi ish boʻyicha hal qiluv qarori esa u qabul qilingan kundan eʼtiboran oʻn kunlik muddat oʻtgach qonuniy kuchga kiradi, agar uning ustidan apellyatsiya tartibida shikoyat qilinmagan (protest keltirilmagan) boʻlsa. Apellyatsiya tartibida shikoyat (protest) berilgan hal qiluv qarori, agar u bekor qilinmagan boʻlsa, apellyatsiya instansiyasi sudining qarori qabul qilingan kundan eʼtiboran qonuniy kuchga kiradi (IPKning 192, 2035, 222-moddalari, 262-moddasining ikkinchi qismi).
Hal qiluv qarori, ajrimining ustidan apellyatsiya tartibida shikoyat qilingan (protest keltirilgan) boʻlsa, IPK 310-moddasining birinchi qismida belgilangan taftish tartibida shikoyat berish muddati apellyatsiya instansiyasi sudining qarori qabul qilingan sanadan hisoblanadi.
Agar hal qiluv qarori ustidan apellyatsiya tartibida shikoyat qilinmagan boʻlsa, kassatsiya instansiyasi sudi tomonidan hal qiluv qarori oʻzgartirilganligi yoki bekor qilinganligi va yangi qaror qabul qilinganligidan qatʼiy nazar taftish tartibida shikoyat berishning bir yillik muddati hal qiluv qarori qonuniy kuchga kirgan kundan boshlab hisoblanadi.
Sudlarning eʼtibori shunga qaratilsinki, birinchi instansiya sudining apellyatsiya tartibida shikoyat qilinmagan (protest keltirilmagan) ajrimlari, qarorlari ham chiqarilgan kundan eʼtiboran bir oylik muddat oʻtgach qonuniy kuchga kiradi, chiqarilgan kundan eʼtiboran oʻn kunlik muddat oʻtgach qonuniy kuchga kiradigan ijro ishini yuritishni toʻxtatib turish yoki tugatish toʻgʻrisidagi ajrim va toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisidagi ishda kelishmovchiliklarni koʻrib chiqish natijalari boʻyicha chiqarilgan ajrim bundan mustasno (IPKning 345-moddasi, “Toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni 61-moddasining ikkinchi qismi).
Agar taftish tartibidagi shikoyat (protest) pochta orqali protsessual muddatning oxirgi kuni soat yigirma toʻrtga qadar joʻnatilgan boʻlsa, muddat oʻtmagan hisoblanadi. Bunday holda shikoyat (protest) berish sanasi aloqa xati qabul qilinganligini tasdiqlovchi konvertdagi shtamp, buyurtma xat qabul qilinganligi haqidagi kvitansiya yoxud boshqa hujjat boʻyicha belgilanadi.
Agar shikoyat va unga ilova qilingan hujjatlar elektron hujjat tarzida yuborilgan, tegishli organga yoxud ularni qabul qilib olish vakolatiga ega boʻlgan shaxsga protsessual muddatning oxirgi kuni soat yigirma toʻrtga qadar berilgan boʻlsa, muddat oʻtkazib yuborilgan hisoblanmaydi.
6.1. Inobatga olish lozimki, agar Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudiga, viloyatlar va Toshkent shahar sudlariga taftish tartibidagi shikoyat (protest) berish muddati kassatsiya instansiyasi sudi tomonidan qaror qabul qilinguniga qadar oʻtgan boʻlsa, taftish tartibidagi shikoyat (protest) kassatsiya instansiyasi sudining qarori qabul qilgan kundan eʼtiboran uch oy ichida berilishi mumkin. Agar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatiga taftish tartibida shikoyat (protest) berish muddati Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari tomonidan ishni taftish tartibida koʻrish natijalari boʻyicha qaror qabul qilinguniga qadar oʻtgan boʻlsa, shikoyat (protest) ushbu sudlar tomonidan ishni koʻrish natijalari boʻyicha qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran uch oy ichida berilishi mumkin (IPK 310-moddasining ikkinchi va uchinchi qismlari).
6.2. Taftish tartibidagi shikoyat (protest) berishning oʻtkazib yuborilgan muddati taftish instansiyasi sudi sudyasi tomonidan manfaatdor shaxsning iltimosnomasi boʻyicha, basharti u taftish tartibidagi shikoyat (protest) berish muddati oʻtgan kundan eʼtiboran uch oydan kechiktirmay berilgan va muddat oʻtkazib yuborilishi sabablari uzrli deb topilgan boʻlsa, tiklanishi mumkin (IPK 310-moddasining beshinchi qismi).
Sudlarning eʼtibori qaratilsinki, agar taftish tartibidagi shikoyat hal qiluv qarori (ajrim, qaror) qonuniy kuchga kirgan kundan boshlab bir yildan keyin berilgan boʻlsa, IPK 310-moddasining ikkinchi va uchinchi qismlarida belgilangan hollarda esa, kassatsiya yoki taftish instansiyasi sudlari tomonidan qaror qabul qilgan kundan boshlab uch oydan keyin berilganda muddat oʻtkazib yuborilgan hisoblanadi.
Taftish tartibidagi shikoyat (protest) berishning oʻtkazib yuborilgan muddatini tiklash haqidagi iltimosnoma taftish tartibidagi shikoyat (protest) bilan birga beriladi. Protsessual muddatni tiklash haqidagi iltimosnoma bevosita taftish tartibidagi shikoyatda (protestda) ham koʻrsatilishi mumkin.
IPK 310-moddasining beshinchi qismida belgilangan uch oylik muddat oʻtkazib yuborilgan holda iltimosnoma berilganligi oʻtkazib yuborilgan taftish tartibidagi shikoyat (protest) berish muddatini tiklashni rad etish uchun asos boʻladi. Agar taftish tartibidagi shikoyat (protest) berishning muddatini tiklash rad etilgan boʻlsa, taftish tartibidagi shikoyatni (protestni) ish yuritishga qabul qilish rad etilishi lozim (IPK 316-moddasi birinchi qismining 6-bandi).
Agar taftish tartibidagi shikoyat (protest) qonunda belgilangan shikoyat (protest) berish muddati oʻtganidan keyin berilgan va u taftish instansiyasi sudi tomonidan xatoga yoʻl qoʻyilib ish yuritishga qabul qilingan boʻlsa, shikoyat (protest) boʻyicha ish yuritish IPK 3242-moddasi birinchi qismining 2-bandiga mos holda tugatiladi.
6.3. Nazarda tutish lozimki, protsessual harakatlarni amalga oshirishga toʻsqinlik qilgan obyektiv holatlar oʻtkazib yuborilgan shikoyat (protest) berishning uzrli sabablariga kiritilishi mumkin (masalan, ishda ishtirok etuvchi jismoniy shaxsning ogʻir kasallikka chalinganligi, favqulodda holatlar, suv toshqinlari, epidemiyalar, pandemiya, karantin, ishda ishtirok etishga jalb qilinmagan, ammo huquq va majburiyatlari haqida sud qaror qabul qilgan shaxsning sud hujjatidan bexabarligi).
Yuridik shaxs vakilining xizmat safarida, mehnat taʼtilida boʻlishi, yuridik xizmat xodimining boʻlmasligi, davlat bojini toʻlash uchun pul mablagʻlarining mavjud emasligi va hokazolar yuridik shaxs tomonidan shikoyat berish muddati oʻtkazilganligining uzrli sabablari sifatida koʻrilishi mumkin emas.
6.4. Taftish tartibidagi shikoyat (protest) berishning oʻtkazib yuborilgan muddatini tiklash yoki tiklashni rad etish haqidagi masala taftish tartibidagi shikoyatni (protestni) ish yuritishga qabul qilish jarayonida hal qilinadi.
Shikoyat (protest) berishning muddati oʻtkazib yuborilganligi munosabati bilan taftish tartibidagi shikoyatni (protestni) qabul qilishni rad etish haqidagi ajrim ustidan IPKning 32412-moddasida nazarda tutilgan tartibda shikoyat (protest) berilishi mumkin.
6.5. IPK 310-moddasining toʻrtinchi qismiga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Rayosatiga Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining, Bosh prokurorining protesti ushbu Kodeks 307-moddasi birinchi qismining ikkinchi va uchinchi xatboshilarida koʻrsatilgan shaxslarning murojaati kelib tushgan kundan eʼtiboran uch oy ichida, lekin Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼati tomonidan ishni taftish tartibida koʻrish natijalari boʻyicha qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran olti oydan ortiq boʻlmagan muddatda kiritilishi mumkin.
7. IPKning 311-moddasida taftish tartibidagi shikoyatning (protestning) shakli va mazmuniga doir talablar belgilanganligi sababli, sudya har bir holatda taftish tartibidagi shikoyat (protest) bergan shaxs tomonidan qonunda koʻrsatilgan talablarga rioya qilinganligini tekshirishi lozim.
7.1. Shuni inobatga olish kerakki, qonun bilan taftish tartibidagi shikoyat (protest) va unga ilova qilingan hujjatlar nusxalarini ishda ishtirok etuvchi shaxslarga yuborish yoki topshirish taftish tartibidagi shikoyat (protest) bergan shaxs zimmasiga yuklatilgan boʻlib, bu buyurtma xat yuborilganligi haqidagi kvitansiya, ular qabul qilinganligi haqidagi tilxat va boshqalar bilan tasdiqlanishi lozim.
7.2. IPK 311-moddasining uchinchi qismiga koʻra, ishda ishtirok etmagan shaxsning taftish tartibidagi shikoyatida qonuniy kuchga kirgan sud hujjati bilan mazkur shaxsning qanday huquqlari, erkinliklari yoki qonuniy manfaatlari buzilganligi koʻrsatilishi kerak.
Ushbu talabga rioya qilmaslik IPK 317-moddasi birinchi qismining 2-bandiga asosan taftish tartibidagi shikoyatni qaytarish uchun asos boʻladi.
Ishda ishtirok etmagan shaxsning taftish tartibidagi shikoyatida qonuniy kuchga kirgan sud hujjati bilan uning qanday huquqlari, erkinliklari yoki qonuniy manfaatlari buzilganligi koʻrsatilgan boʻlib, ushbu shaxs bunday buzilish mavjud deb hisoblasa-da, ammo, aslida sud hujjati bilan ular buzilmagan boʻlsa, shikoyatni ish yuritishga qabul qilish IPK 316-moddasi birinchi qismining 1-bandiga asosan rad etiladi.
Agar ushbu holat shikoyatni ish yuritishga qabul qilinganidan keyin aniqlansa, IPK 3242-moddasi birinchi qismining 1-bandiga asosan shikoyat boʻyicha ish yuritish tugatiladi.
7.3. Shikoyatni imzolashda faksimiledan foydalanishga yoʻl qoʻyilmaydi, qonun hujjatlarida belgilangan hollar bundan mustasno.
Agar shikoyatni qabul qilishda sudyada shikoyatni imzolagan shaxsda taʼsis hujjatlariga muvofiq uni imzolash huquqi mavjudligi borasida shubha tugʻilsa, sudya taftish tartibidagi shikoyatni ish yuritishga qabul qiladi va shikoyat bergan shaxsga uning shikoyatni imzolashga vakolatini tasdiqlovchi dalillarni taqdim etishni taklif qiladi. Agar bunday dalillar taqdim etilmaganda taftish instansiyasi sudi shikoyatni IPK 3241-moddasining birinchi qismiga asosan koʻrmasdan qoldiradi.
7.4. IPK 311-moddasining mazmuniga koʻra, taftish tartibidagi shikoyat (protest) bitta ish doirasida qabul qilingan sud hujjatlari ustidan beriladi.
Shunga koʻra, agar taftish tartibidagi shikoyat (protest) bir nechta ish boʻyicha qabul qilingan sud hujjatlari ustidan berilgan boʻlsa, shikoyat (protest) IPK 317-moddasi birinchi qismining 2-bandiga asosan qaytariladi.
8. Taftish tartibidagi shikoyatni bergan shaxs tomonidan davlat boji toʻlashning qonun bilan belgilangan tartibi va miqdorlariga rioya qilinganligi haqidagi masalani hal qilishda sudya “Davlat boji toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni 5-moddasining 2-bandi, 9-moddasi va qayd etilgan Qonunga ilova “Davlat boji stavkalarining miqdorlari”da belgilangan normalarni inobatga olishi lozim.
Oldingi tahrirga qarang.
Davlat boji toʻlashni kechiktirish haqidagi iltimosnoma sudya tomonidan taftish tartibidagi shikoyatni ish yuritishga qabul qilishda hal qilinadi.
(8-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2025-yil 29-apreldagi 10-sonli qarori tahririda)
9. Taftish tartibidagi shikoyatni (protestni) ish yuritishga qabul qilish, qabul qilishni rad etish yoki qaytarish toʻgʻrisidagi masala Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari sudyasi tomonidan yakka tartibda shikoyat (protest) ish hujjatlari bilan birga sudga kelib tushgan kundan eʼtiboran besh kundan kechiktirmay hal qilinadi (IPKning 314-moddasi).
Taftish tartibidagi shikoyatni (protestni) ish yuritishga qabul qilishni rad etish va qaytarish toʻgʻrisidagi ajrimda IPK 316-moddasining birinchi qismi va 317-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan aniq asoslar koʻrsatilishi kerak.
IPKning 316 va 317-moddalarida nazarda tutilmagan asoslar boʻyicha taftish tartibidagi shikoyatni (protestni) ish yuritishga qabul qilishni rad etish yoki qaytarishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Prokurorning taftish tartibidagi protestiga sud xarajatlari toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjatlar ilova qilinmasligi inobatga olinishi lozim.
Taftish tartibidagi shikoyatni (protestni) ish yuritishga qabul qilishni rad etish yoki qaytarish toʻgʻrisidagi ajrim bekor qilingan taqdirda, u sudga dastlab taqdim etilgan kunda berilgan hisoblanadi.
10. Tushuntirilsinki, davlat organlari va boshqa shaxslarning taftish tartibidagi shikoyatini ish yuritishga qabul qilish, agar ish ularning daʼvo arizasi asosida qoʻzgʻatilgan boʻlmasa, IPK 316-moddasi birinchi qismining 1-bandiga asosan rad etilishi kerak, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil va Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi bundan mustasno.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil tomonidan tadbirkorlik subyektlari oʻrtasida yuzaga kelgan nizo yuzasidan, shuningdek, tadbirkorlik faoliyati bilan bogʻliq boʻlmagan nizo yuzasidan qabul qilingan sud hujjati ustidan berilgan taftish tartibidagi shikoyatni ish yuritishga qabul qilish ham shu asoslar boʻyicha rad etilishi lozim.
IPK 50-moddasi birinchi qismining mazmuniga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi va uning hududiy boshqarmalari oʻz aʼzolarining manfaatini koʻzlab kiritgan daʼvo boʻyicha daʼvogarning barcha huquqlaridan foydalanishi va majburiyatini oʻz zimmasiga olishi sababli, sudlarning eʼtibori Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi va uning hududiy boshqarmalari oʻzlari kiritgan daʼvolar boʻyicha nizodagi javobgarning manfaatida taftish tartibida shikoyat taqdim eta olmasligiga qaratilishi lozim. Bunda shikoyatni qabul qilish IPK 316-moddasi birinchi qismining 1-bandiga mos holda rad etiladi.
11. Tushuntirilsinki, taftish tartibidagi shikoyatda (protestda) uni imzolagan shaxsning familiyasi koʻrsatilib, ismi yoki otasining ismi koʻrsatilmaganligi shikoyatni (protestni) IPK 317-moddasi birinchi qismining 1-bandiga asosan qaytarish uchun asos boʻlmaydi.
Taftish tartibidagi shikoyat (protest) elektron raqamli imzo bilan tasdiqlanishi mumkin.
12. Taftish tartibidagi shikoyat qilinishi (protest keltirilishi) mumkin boʻlmagan sud hujjati ustidan berilgan taftish tartibidagi shikoyatni (protestni) ish yuritishga qabul qilish IPK 316-moddasi birinchi qismining 2-bandiga asosan rad etiladi.
13. Taftish tartibidagi shikoyatni (protestni) ish yuritishga qabul qilish va uni koʻrib chiqish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatiga oʻtkazish toʻgʻrisidagi ajrimda sud majlisini oʻtkazish vaqti va joyi koʻrsatiladi.
Agar sud majlisi videokonferensaloqa rejimida oʻtkaziladigan boʻlsa, bu haqda taftish tartibidagi shikoyatni (protestni) ish yuritishga qabul qilish va sud muhokamasida koʻrib chiqish uchun tayinlash toʻgʻrisidagi ajrimda koʻrsatiladi hamda u ishda ishtirok etuvchi shaxslarga va videokonferensaloqa oʻtkazishga koʻmaklashadigan tegishli sudga yuboriladi (IPK 166-moddasining ikkinchi qismi).
Taftish tartibidagi shikoyat (protesti) ish yuritishga qabul qilinganidan soʻng barcha sud hujjatlari hayʼat tomonidan qabul qilinadi yoki chiqariladi.
14. Sudlarning eʼtibori qaratilsinki, Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlaridan farqli ravishda, taftish tartibidagi shikoyatni (protestni) ish yuritishga qabul qilishni rad etish yoki uni qaytarish haqidagi masala Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining sudyasi tomonidan yakka tartibda shikoyat sudga kelib tushgan kundan eʼtiboran besh kundan kechiktirmay, taftish tartibidagi shikoyatni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatiga koʻrib chiqish uchun oʻtkazishni rad etish toʻgʻrisida yoki taftish tartibidagi shikoyatni ish yuritishga qabul qilish va uni koʻrib chiqish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatiga oʻtkazish toʻgʻrisidagi masalasi esa shikoyat Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudiga kelib tushgan kundan eʼtiboran oʻttiz kundan kechiktirmay hal qilinadi (IPKning 319-moddasi).
Taftish tartibidagi protest ish hujjatlari bilan kelib tushgan taqdirda, protestni ish yuritishga qabul qilishni rad etish, uni qaytarish yoki ish yuritishga qabul qilish va koʻrib chiqish uchun ish bilan birga Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatiga oʻtkazish toʻgʻrisidagi masala Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining sudyasi tomonidan protest kelib tushgan kundan eʼtiboran besh kundan kechiktirmay yakka tartibda hal qilinadi.
15. Taftish tartibidagi shikoyatni ish yuritishga qabul qilishni rad etish yoki uni qaytarish uchun asos boʻlmagan taqdirda, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining sudyasi taftish tartibidagi shikoyatni unga ilova qilingan hujjatlar bilan birga oʻrganadi. Zarur boʻlgan hollarda sudya shikoyat sudga kelib tushgan kundan eʼtiboran besh kundan kechiktirmay ishni tegishli suddan talab qilib oladi va bu haqda soʻrovnoma yuboradi (IPKning 318 va 319-moddalari).
Taftish tartibidagi shikoyatni (protestni) oʻrganish natijalari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining sudyasi sud hujjatlarini taftish tartibida tekshirish uchun asoslar mavjud boʻlmasa, shikoyatni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatiga koʻrib chiqish uchun oʻtkazishni rad etish toʻgʻrisida yoki shikoyatni (protestni) ish yuritishga qabul qilish va uni koʻrib chiqish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatiga oʻtkazish toʻgʻrisida ajrim chiqaradi.
Sudlarning eʼtibori qaratilsinki, shikoyatni ish yuritishga qabul qilish va uni koʻrib chiqish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatiga oʻtkazish yoki oʻtkazishni rad etish masalasi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining sudyasi tomonidan ish kelib tushgan kundan emas, balki shikoyat Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudiga kelib tushgan kundan eʼtiboran oʻttiz kundan kechiktirmay hal qilinadi (IPK 319-moddasining toʻrtinchi qismi).
16. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi sudyasining shikoyatni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatiga koʻrib chiqish uchun oʻtkazishni rad etish toʻgʻrisidagi ajrimi IPK 320-moddasining birinchi qismida belgilangan talablarga mos boʻlishi kerak.
Taftish tartibidagi shikoyatni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatiga koʻrib chiqish uchun oʻtkazishni rad etish sabablari asoslantirilgan boʻlishi kerak, ajrimda shikoyatda keltirilgan har bir vaj boʻyicha sudyaning xulosasi aks ettirilishi lozim.
IPK 320-moddasining uchinchi qismiga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining raisi yoki uning oʻrinbosari taftish tartibidagi shikoyatni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatiga koʻrib chiqish uchun oʻtkazishni rad etish toʻgʻrisidagi sudyaning ajrimiga qoʻshilmaslikka hamda taftish tartibidagi shikoyatni bergan shaxsning arizasi asosida uni bekor qilish, shikoyatni ish yuritishga qabul qilish va ish bilan birga koʻrib chiqish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatiga oʻtkazish haqida ajrim chiqarishga haqli.
Taftish tartibidagi shikoyatni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatiga oʻtkazishni rad etish toʻgʻrisidagi sudyaning ajrimi bekor qilinib, shikoyatni ish yuritishga qabul qilish va ish bilan birga koʻrib chiqish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatiga oʻtkazish haqida ajrim chiqarilganda, Oliy sud sudyasi ushbu ajrim chiqarilgan kunning ertasidan kechiktirmay ishni sud muhokamasida koʻrib chiqish uchun tayinlash haqida IPKning 321-moddasi tartibida ajrim chiqaradi.
Oliy sud sudyasining taftish tartibidagi shikoyatni sudlov hayʼatiga koʻrib chiqish uchun oʻtkazishni rad etish toʻgʻrisidagi ajrimini bekor qilishga asoslar mavjud boʻlmaganda, bu haqda ajrimni bekor qilish toʻgʻrisidagi arizani bergan shaxsga yozma xabar beriladi.
17. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi sudyasining taftish tartibidagi shikoyatni (protestni) ish yuritishga qabul qilish va uni koʻrib chiqish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatiga oʻtkazish toʻgʻrisidagi ajrimida IPKning 321-moddasida belgilangan maʼlumotlar aks ettirilgan boʻlishi lozim.
Eʼtibor qaratilsinki, bunday ajrim, taftish tartibidagi shikoyatni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatiga koʻrib chiqish uchun oʻtkazish asoslarining asoslantirilgan bayonini oʻz ichiga olgan boʻlishi kerak.
18. IPK 323-moddasining birinchi qismiga muvofiq, sudya ishda ishtirok etuvchi shaxslarning iltimosnomasiga koʻra, sud hujjatlari ijrosini ish boʻyicha taftish instansiyasi sudida ish yuritish tamomlanguniga qadar toʻxtatib turishga haqli.
Sud hujjati ijrosini toʻxtatib turish yoki uning ijrosini toʻxtatib turishni rad etish haqida sudya taftish tartibidagi shikoyatni (protestni) ish yuritishga qabul qilish toʻgʻrisidagi ajrimda yoxud alohida ajrimda koʻrsatadi.
Agar shikoyatni (protestni) koʻrib chiqish natijasida sud hujjati oʻz kuchida qoldirilgan boʻlsa, uning ijrosini tiklash haqida alohida protsessual hujjat qabul qilinishi talab qilinmaydi va yozma koʻrsatma yuborilishi yetarli hisoblanadi.
Yozma koʻrsatmaning nusxasi taraflar va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosiga yuboriladi.
Zarur hollarda sudya (sud) ishda ishtirok etuvchi shaxsning iltimosnomasiga koʻra, IPKning 93-moddasida koʻrsatilgan asoslar mavjud boʻlgan taqdirda, taftish instansiyasi sudida ish yuritish tamomlanguniga qadar IPKning 94-moddasida nazarda tutilgan daʼvoni taʼminlash choralarini koʻrishga haqli.
19. Shuni nazarda tutish lozimki, qonunda taftish tartibidagi shikoyatni (protestni) koʻrmasdan qoldirish va taftish tartibidagi shikoyat (protest) boʻyicha ish yuritishni tugatish uchun turlicha asoslar nazarda tutilgan boʻlib, ularning huquqiy oqibatlari ham jiddiy farq qiladi.
Taftish tartibidagi shikoyat (protest) IPKning 3241-moddasida nazarda tutilgan asoslar boʻyicha koʻrmasdan qoldirilganda, uni koʻrmasdan qoldirish uchun asos boʻlgan holatlar bartaraf qilinganidan soʻng, shikoyat (protest) yangidan berilishi mumkin. IPK 3242-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan asoslarga koʻra shikoyat (protest) boʻyicha ish yuritish tugatilganda, ayni bir shaxs tomonidan va ayni shu asoslar boʻyicha takroran berilgan taftish tartibidagi shikoyat (protest)ni ish yuritishga qabul qilish IPK 316-moddasi birinchi qismining 5-bandiga mos holda rad etiladi.
Taftish tartibidagi shikoyatni (protestni) koʻrmasdan qoldirish toʻgʻrisida, taftish tartibidagi shikoyat (protest) boʻyicha ish yuritishni tugatish toʻgʻrisida sud ajrim chiqaradi.
Taftish tartibidagi shikoyat (protest)dan voz kechilganligi munosabati bilan shikoyat (protest) boʻyicha ish yuritish tugatilganligi sud hujjati ustidan shikoyat (protest) berish huquqi mavjud boʻlgan boshqa shaxslarning taftish tartibida shikoyat (protest) bilan murojaat qilishiga toʻsqinlik qilmaydi.
Sudlarning eʼtibori qaratilsinki, IPK 307-moddasining ikkinchi qismiga muvofiq Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlarining birinchi instansiya boʻyicha qabul qilingan va apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida koʻrilgan sud hujjatlari ustidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatiga taftish tartibida shikoyat qilinishi (protest keltirilishi) mumkin. Shuning uchun, bunday sud hujjatlari ustidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlariga taftish tartibidagi shikoyat (protest) bilan murojaat qilganda, shikoyatni (protestni) ish yuritishga qabul qilish IPK 316-moddasi birinchi qismining 3-bandiga mos holda rad etiladi, agar shikoyat (protest) ish yuritishga qabul qilingan boʻlsa, shikoyat (protest) boʻyicha ish yuritish IPK 3242-moddasi birinchi qismining 2-bandiga mos holda tugatiladi.
20. Taftish instansiyasi sudi tomonidan ish IPKning 3244-moddasida nazarda tutilgan tartibda koʻrib chiqiladi.
Taftish instansiyasi sudida ishni koʻrish jarayonida, jumladan, boshqa javobgarni ishda ishtirok etish uchun jalb qilish (IPKning 44-moddasi), ishga daxldor boʻlmagan javobgarni almashtirish (IPKning 45-moddasi), uchinchi shaxslarni ishda ishtirok etishga jalb qilish (IPKning 47, 48-moddalari), daʼvoning predmeti yoki asosini oʻzgartirish, daʼvo talablari miqdorini oʻzgartirish (IPKning 157-moddasi), ishlarni bitta ish yuritishga birlashtirish (IPKning 158-moddasi), talablarning bir qismini alohida ish yuritishga ajratish (IPKning 159-moddasi), qarshi daʼvo taqdim etish (IPKning 161-moddasi), shuningdek, qonunda faqat birinchi instansiya sudi uchun belgilangan boshqa qoidalar qoʻllanilmaydi.
Qonunda ishni taftish tartibida koʻrish vaqti va joyi haqida sudning ishda ishtirok etuvchi shaxslarni xabardor qilish majburiyati belgilanganligi sababli, ushbu talabning bajarilmaganligi sud muhokamasi keyinga qoldirilishiga olib keladi. Ishni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Rayosatida taftish tartibida koʻrish bundan mustasno.
Sud muhokamasini oʻtkazish vaqti va joyi haqida tegishli tarzda xabardor qilingan, shikoyat (protest) bergan shaxsning va ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarning sud majlisiga kelmaganligi ishni ularning ishtirokisiz koʻrishga toʻsqinlik qilmaydi.
21. IPKning 3245-moddasiga muvofiq, taftish tartibida shikoyat bergan shaxs ishni koʻrish yakuni boʻyicha sud hujjati chiqarilguniga qadar shikoyatdan voz kechishga, protest keltirgan prokuror, shuningdek yuqori turuvchi prokuror, protestni chaqirib olishga haqli.
Shikoyatdan voz kechilganligi (protest chaqirib olinganligi) munosabati bilan shikoyat (protest) boʻyicha ish yuritishni tugatish masalasi shikoyatni (protestni) koʻrish uchun tayinlangan sud majlisida hal qilinadi va bunda shikoyatdan voz kechgan (protestni chaqirib olgan) shaxsning vakolati tekshirilishi zarur.
IPKning 63-moddasi mazmuniga koʻra, ishda ishtirok etuvchi shaxsning vakili, agar ishonchnomada uning bunday huquqi maxsus koʻrsatilmagan boʻlsa, taftish tartibidagi shikoyatdan voz kechishga haqli emas.
Tushuntirilsinki, taftish tartibidagi shikoyatdan voz kechilganda (protest chaqirib olinganda) taftish tartibidagi shikoyat (protest) boʻyicha ish yuritish tugatiladi, taftish tartibidagi boshqa shikoyat (protest) mavjud boʻlgan hollar bundan mustasno.
22. Taftish instansiyasi sudining sud hujjatlarini toʻliq tekshirish vakolatidan kelib chiqib, ushbu instansiya sudi qoʻshimcha va yangi dalillarni tekshirishga hamda yangi faktlarni aniqlashga haqli.
Birinchi instansiya sudida koʻrib chiqish predmeti boʻlmagan yangi talablar taftish instansiyasi sudi tomonidan koʻrib chiqilmaydi va bu haqda qarorning asoslantiruvchi qismida koʻrsatiladi (IPK 3246-moddasining ikkinchi qismi).
Bunda, yangi talablar deganda, daʼvo predmeti boʻlmagan, javobgarga yoki boshqa ishda ishtirok etuvchi shaxslarga yoxud ishda ishtirok etmagan shaxslarga nisbatan qaratilgan talab tushuniladi.
23. Qonunga koʻra, ishni taftish tartibida koʻrish chogʻida quyi instansiya sudlari tomonidan moddiy huquq normalari toʻgʻri qoʻllanilganligi va protsessual qonun talablariga rioya etilganligi ish materiallari boʻyicha tekshirilishi lozim.
Moddiy huquq normalarini buzish yoki notoʻgʻri qoʻllash deganda, quyi instansiya sudlari tomonidan qoʻllanilishi lozim boʻlgan qonun yoki boshqa qonunchilik hujjatini qoʻllamaslik yoxud qoʻllanilishi lozim boʻlmagan qonun yoki boshqa qonunchilik hujjatini qoʻllash yoxud qonunni yoki boshqa qonunchilik hujjati notoʻgʻri talqin qilinganligi tushunilishi kerak.
Protsessual huquq normalarining buzilishi yoki notoʻgʻri qoʻllanilishi, agar bu ishning notoʻgʻri hal etilishiga olib kelgan boʻlsa, shuningdek, IPK 302-moddasi beshinchi qismining 3 va 6-bandlarida nazarda tutilgan asoslar mavjud boʻlganda sud hujjatlarini bekor qilish uchun asos boʻladi.
Sudning mazmunan toʻgʻri boʻlgan hal qiluv qarori, qarori yoki ajrimi faqat yuzaki asoslar boʻyichagina bekor qilinishi mumkin emas. Bunda, yuzaki asoslar deganda protsessual huquq normalarining buzilganligi yoki notoʻgʻri qoʻllanilganligi holatlari tushuniladi. IPKning 279 va 302-moddalarida sud hujjatini bekor qilish asoslari bundan mustasno.
Shuni nazarda tutish lozimki, agar qonun huquqiy munosabatlar vujudga kelgan paytda amalda boʻlgan qonunchilik hujjati qoʻllanilishiga yoʻl qoʻysa, quyi instansiyasi sudlari tomonidan oʻz kuchini yoʻqotgan qonunchilik hujjati qoʻllanilganligi sud qarorlarini bekor qilish uchun asos boʻlmaydi.
24. Taftish instansiyasi sudi tomonidan ish yuritishni toʻxtatib turish IPKning 9-bobida nazarda tutilgan asoslar va tartibda amalga oshiriladi.
IPK 101-moddasi birinchi qismining 1-bandida belgilangan normani qoʻllashda shuni nazarda tutish kerakki, agar koʻrsatilgan holatlar ishni koʻrishga toʻsqinlik qilmasa, taftish tartibida ish yuritishni toʻxtatib turish mumkin emas.
Ish yuritish tiklanganligi toʻgʻrisida taftish instansiyasi sudi ajrim chiqaradi hamda ishni koʻrish vaqti va joyi toʻgʻrisida ishda ishtirok etuvchi shaxslarni xabardor qiladi.
25. Taftish tartibidagi shikoyatni (protestni) mazmunan koʻrish natijalari boʻyicha taftish instansiyasi sudi qaror qabul qiladi.
Taftish instansiyasi sudi qarori sud majlisi tugashi bilanoq darhol qabul qilinadi. Ayrim hollarda asoslantirilgan qarorni tayyorlash besh kungacha boʻlgan muddatga kechiktirilishi mumkin, biroq uning qaror qismi sud tomonidan taftish tartibidagi shikoyat (protest) muhokamasi tamomlangan majlisning oʻzida eʼlon qilinishi kerak.
Taftish instansiyasi sudi qarori qabul qilingan kundan eʼtiboran qonuniy kuchga kiradi.
26. Taftish instansiyasi sudi oʻzining qarorida taftish tartibidagi shikoyatda (protestda) bildirilgan har bir vajni koʻrsatishi, uning asosli yoxud asossizligi haqidagi xulosani bayon etgan holda muhokama qilishi shart.
Taftish instansiyasi sudi qarorining xulosa qismida ishni shikoyat (protest) boʻyicha koʻrish natijalari toʻgʻrisidagi xulosalar, shuningdek, sud xarajatlarining taqsimlanishi koʻrsatilishi kerak.
Raislik qiluvchi qarorning xulosa qismi eʼlon qilinganidan keyin ishda ishtirok etuvchi shaxslarga qabul qilingan qarorning mazmun-mohiyati, qarorning toʻliq hajmda tuzish va uni ularga yuborish muddatini tushuntiradi.
27. Taftish instansiyasi sudi IPKning 190 va 191-moddalarida nazarda tutilgan hollarda:
qarorni tushuntirishga;
qaror matnida yoʻl qoʻyilgan yozuvdagi xatolarni, arifmetik (harfiy) xatolarni va hisob-kitobdagi yanglishishlarni yozuvning mazmunini oʻzgartirmagan holda, ishda ishtirok etuvchi shaxsning, davlat ijrochisining, sudning hal qiluv qarorining ijrosi zimmasiga yuklatilgan boshqa organlarning arizasiga koʻra yoki oʻz tashabbusi boʻyicha tuzatishga haqli.
Ushbu masalalar sud majlisida ishda ishtirok etuvchi shaxslarni sud majlisi oʻtkazilishi vaqti va joyi haqida xabardor qilingan holda koʻriladi. Biroq, mazkur shaxslarning kelmasligi bu masalalarni hal etish uchun toʻsqinlik qilmaydi.
Yoʻl qoʻyilgan yozuvdagi xatolar, harfiy xatolar va hisob-kitobdagi yanglishishlarni tuzatish sudning tashabbusi bilan amalga oshirilganda sud majlisini oʻtkazish talab etilmaydi.
28. IPKning 199 va 32411-moddalariga muvofiq, apellyatsiya yoki kassatsiya instansiyasi sudida koʻrilgan ish boʻyicha birinchi instansiya sudining ajrimi ustidan, agar bu qonunda nazarda tutilgan yoki ishning kelgusidagi harakatlanishiga toʻsqinlik qiladigan boʻlsa, taftish tartibida shikoyat qilinishi (protest keltirilishi) mumkin.
Apellyatsiya yoki kassatsiya instansiyasi sudida koʻrilgan ish boʻyicha birinchi instansiya sudining ajrimi ustidan taftish tartibida shikoyat (protest) berish va uni koʻrish, sudning hal qiluv qarori ustidan taftish tartibidagi shikoyat (protest) berish va koʻrish uchun nazarda tutilgan qoidalar boʻyicha amalga oshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
(28-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2025-yil 29-apreldagi 10-sonli qaroriga asosan chiqarilgan)
29. IPK 320-moddasining toʻrtinchi qismiga koʻra, taftish tartibidagi shikoyatni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatiga koʻrib chiqish uchun oʻtkazishni rad etish toʻgʻrisidagi ajrimini bekor qilish toʻgʻrisidagi ariza taftish tartibidagi shikoyatni berish muddati ichida berilishi mumkin.
Inobatga olish lozimki, taftish tartibidagi shikoyat bilan murojaat qilish uchun IPK 310-moddasining birinchi — uchinchi qismlarida belgilangan muddatlardan kelib chiqib, taftish tartibidagi shikoyatni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatiga koʻrib chiqish uchun oʻtkazishni rad etish toʻgʻrisidagi ajrim chiqarilgunga qadar taftish tartibidagi shikoyat berishning muddati oʻtib ketgan boʻlsa, ajrimni bekor qilish toʻgʻrisidagi ariza ajrim chiqarilgan kundan eʼtiboran uch oy ichida berilishi mumkin.
IPKning 32412-moddasida belgilangan muddat:
Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlarining taftish tartibidagi shikoyatni (protestni) ish yuritishga qabul qilishni rad etish va qaytarish, taftish tartibidagi shikoyat (protest) boʻyicha ish yuritishni tugatish, taftish tartibidagi shikoyatni (protestni) koʻrmasdan qoldirish toʻgʻrisidagi ajrim ustidan berilgan taftish tartibida shikoyat berish (protest keltirish);
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼati sudyasining taftish tartibidagi shikoyatni qabul qilishni rad etish va qaytarish toʻgʻrisidagi ajrimini bekor qilish haqidagi ariza berish;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼati sudyasining taftish tartibidagi protestni qabul qilishni rad etish va qaytarish toʻgʻrisidagi ajrimi ustidan Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Rayosatiga protest keltirish;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatining taftish tartibidagi shikoyat (protest) boʻyicha ish yuritishni tugatish, taftish tartibidagi shikoyatni (protestni) koʻrmasdan qoldirish toʻgʻrisidagi ajrimi, shuningdek ushbu Kodeksda ustidan shikoyat qilinishi (protest keltirilishi) nazarda tutilgan boshqa ajrimlari ustidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining raisi, Bosh prokurori tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Rayosatiga protest keltirishi uchun ham shu tartibda tatbiq etiladi.
Taftish instansiyasi sudining ajrimlari chiqarilgunga qadar taftish tartibidagi shikoyat berish muddati oʻtib ketgan boʻlsa, ajrimni bekor qilish toʻgʻrisidagi shikoyat (protest) ajrim chiqarilgan kundan eʼtiboran uch oy ichida berilishi mumkin.
30. Taftish instansiyasi sudi davlat organi yoki boshqa organ, tashkilot, mansabdor shaxs yoki fuqaroning faoliyatida qonun hujjatlari buzilishi fakti aniqlanganda, ularning sud protsessida ishtirokidan qatʼiy nazar, xususiy ajrim chiqarishga haqli. Agar sud ularning harakatlarida jinoyat alomatlarini aniqlasa, bu haqda jinoyat ishi qoʻzgʻatish masalasini hal qilish uchun sud tegishli materiallarni ilova qilgan holda prokurorga xabar beradi.
Xususiy ajrim chiqarilganligi va prokurorga xabarnoma yuborilganligi haqida sud majlisida eʼlon qilinadi va bu haqda sud majlisi bayonnomasida koʻrsatiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
31. Iqtisodiy ishlarni oʻz vaqtida va toʻgʻri hal etilishini taʼminlash maqsadida viloyat va unga tenglashtirilgan sudlar, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatiga ishlarni taftish tartibida koʻrish boʻyicha sud amaliyotini zaruratga qarab umumlashtirib borish tavsiya etilsin.
(31-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2025-yil 29-apreldagi 10-sonli qarori tahririda)
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi B. ISLAMOV
Plenum kotibi, Oliy sud sudyasi N. XAKIMOVA
Toshkent sh.,
2024-yil 25-iyun,
21-son