Hujjat yangi tahrirda qabul qilingan
O‘zbekiston Respublikasining qonuni
SUDLAR TO‘G‘RISIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur Qonun O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 28-iyuldagi O‘RQ-703-sonli “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonuniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
 LexUZ sharhi
Ushbu Qonunning yangi tahriri O‘zbekiston Respublikasining 2000-yil 14-dekabrdagi “Sudlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi Qonuni bilan tasdiqlangan.
BIRINChI BO‘LIM. UMUMIY QOIDALAR
1-modda. Sud tizimi
Oldingi tahrirga qarang.
O‘zbekiston Respublikasida besh yil muddatga saylanadigan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oliy sudi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xo‘jalik sudi, shu muddatga tayinlanadigan viloyat sudlari, Toshkent shahar sudi, tuman (shahar) sudlari, harbiy sudlar, viloyat va Toshkent shahar xo‘jalik sudlari faoliyat ko‘rsatadilar.
(1-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 1996-yil 27-dekabrdagi 357-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1997-y., 2-son, 56-modda)
Konstitutsiyaviy sudni tashkil etish va uning faoliyat tartibi alohida Qonun bilan belgilanadi.
2-modda. Odil sudlovning faqat sud tomonidan amalga oshirilishi. Sud hokimiyatining mustaqilligi
O‘zbekiston Respublikasida odil sudlovni faqat sud amalga oshiradi.
Sudyalar mustaqildirlar, faqat qonunga bo‘ysunadilar. Sudyalarning odil sudlovni amalga oshirish borasidagi faoliyatiga biron-bir tarzda aralashishga yo‘l qo‘yilmaydi va bunday aralashuv qonunga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘ladi.
O‘zbekiston Respublikasida sud hokimiyati qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyatlardan, siyosiy partiyalardan va boshqa jamoat birlashmalaridan mustaqil holda ish yuritadi.
3-modda. Sud hujjatlarining majburiyligi
Sud chiqargan hujjatlar barcha davlat organlari, jamoat birlashmalari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar uchun majburiy.
4-modda. Sudning vazifalari
O‘zbekiston Respublikasida sudning faoliyati O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va boshqa qonunlarda hamda inson huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro hujjatlarda e’lon qilingan fuqarolarning huquq va erkinliklariga, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning huquqlari hamda qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlariga rioya etilishini kafolatlashga qaratilgan.
Sudning faoliyati ijtimoiy adolatni, tinchlik va totuvlikni ta’minlashga, huquqiy tartib va qonuniylikni barcha choralar bilan mustahkamlashga qaratilgan.
5-modda. Fuqarolarning qonun va sud oldida tengligi
O‘zbekiston Respublikasining barcha fuqarolari jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqeyidan qat’iy nazar qonun va sud oldida tengdirlar.
6-modda. Sudlovning oshkoraligi
Hamma sudlarda ishlar ochiq ko‘riladi. Ishlarni yopiq majlisda tinglashga qonunda belgilangan hollardagina yo‘l qo‘yiladi.
7-modda. Sudlov olib boriladigan til
O‘zbekiston Respublikasida sud ishlari o‘zbek tilida, qoraqalpoq tilida yoki muayyan joydagi ko‘pchilik aholi so‘zlashadigan tilda yuritiladi.
Sudlov olib borilayotgan tilni bilmaydigan sudda qatnashuvchi shaxslarning tarjimon orqali ish materiallari bilan to‘la tanishish va sudlov harakatlarida ishtirok etish huquqi hamda sudda ona tilida so‘zlash huquqi ta’minlanadi.
8-modda. Sud himoyasida bo‘lish huquqi
O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari davlat boshqaruv idoralari va mansabdor shaxslarning har qanday g‘ayriqonuniy xatti-harakatlaridan, shuningdek sha’ni va qadr-qimmati, hayoti va sog‘lig‘i, shaxsiy erkinligi va mulki, boshqa huquq va erkinliklariga tajovuzlardan sud himoyasida bo‘lish huquqiga ega. Korxona, muassasa va tashkilotlar ham sud himoyasida bo‘lishga haqli.
9-modda. Himoya huquqini ta’minlash. Aybsizlik prezumpsiyasi
Ayblanuvchiga, sudlanuvchiga himoya huquqi ta’minlanadi.Sudlovning har qanday bosqichida malakali yuridik yordam olish huquqi kafolatlanadi.
Ayblanuvchi, uning aybi qonunda nazarda tutilgan tartibda isbotlanmaguncha va sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi bilan aniqlanmaguncha, aybsiz hisoblanadi.
Hech kim qiynoqqa solinishi, zo‘ravonlikka, shafqatsiz yoki inson qadr-qimmatini kamsituvchi boshqa tarzdagi tazyiqqa duchor etilishi mumkin emas.
10-modda. Sudlar faoliyatini tashkiliy jihatdan ta’minlash
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oliy sudi, viloyatlar, Toshkent shahar sudi, tuman(shahar) sudlarining faoliyatini tashkiliy jihatdan ta’minlash, sudyalarning mustaqilligi va ularning faqat qonunga bo‘ysunishi qoidasiga qat’iy rioya qilingan holda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi:
sudlarni tashkil etish masalalari bo‘yicha takliflar ishlab chiqadi va ularni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti muhokamasiga kiritadi;
sudyalikka nomzodlarni tanlaydi va ularni tayyorlaydi;
sudyalarning malakasini oshirish bilan shug‘ullanadi;
sudlarning moddiy-texnika ta’minoti va ularning faoliyati uchun zarur sharoitlarni yaratish ishlarini tashkil etadi;
sudlarning tashkiliy ishlarini tekshiradi;
xalq maslahatchilari saylovini o‘tkazishni tashkil etadi;
sudlar tomonidan o‘tkazilayotgan sud amaliyotini umumlashtirish ishida qatnashadi;
sud statistikasini yuritish va sud qarorlarini ijro qilish ishini tashkil etadi;
sudyalarning mustaqilligini mustahkamlashga qaratilgan tadbirlarni ishlab chiqadi va amalga oshiradi.
Xo‘jalik sudlarini tashkiliy jihatdan ta’minlash O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudi tomonidan amalga oshiriladi.
11-modda. Qonunchilik tashabbusi
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi va Oliy xo‘jalik sudi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisida qonunchilik tashabbusi huquqiga ega.
IKKINChI BO‘LIM. UMUMIY SUDLAR
1-BOB. O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY SUDI
12-modda. Oliy sudning vakolatlari
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi — fuqarolik, jinoiy va ma’muriy sudlov sohasida sud hokimiyatining oliy organi hisoblanadi. U tomonidan qabul qilingan hujjatlar qat’iy va O‘zbekiston Respublikasining barcha hududida bajarilishi majburiy.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi — Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oliy sudi, viloyatlar, shahar, tuman va harbiy sudlarning sudlov faoliyati ustidan nazorat olib borish huquqiga ega.
Oliy sud ishlarni birinchi instansiyada, kassatsiya tartibida va nazorat tartibida ko‘radi.
Birinchi instansiya bo‘yicha ishlar Oliy sudning uch sudyasidan iborat tarkibda ko‘riladi.
Oliy sud — Oliy sud Plenumining dasturiy ko‘rsatmalari sudlar tomonidan bajarilishi ustidan nazorat olib boradi.
13-modda. Oliy sud tarkibi
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi — Rais, uning birinchi o‘rinbosari, o‘rinbosarlari, sudlov hay’atlari raislari, Oliy sud sudyalaridan iborat bo‘lib:
Oliy sud Plenumi;
Oliy sud Rayosati;
Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati;
Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati;
Harbiy hay’atdan iborat tarkibda ish olib boradi.
14-modda. Oliy sud Plenumi
Oliy sud Plenumi eng yuqori sud instansiyasi bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi sudyalari va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oliy sudining raisidan iborat tarkibda ish olib boradi.
Plenum majlisida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori, Adliya vaziri qatnashadi. Oliy sud Raisining taklifiga binoan Plenum majlisida sudyalar, Oliy sud huzuridagi ilmiy-maslahat kengashi a’zolari, vazirliklar, idoralar, ilmiy muassasalar, boshqa davlat organlari va jamoat birlashmalari vakillari ishtirok etishlari mumkin.
15-modda. Oliy sud Plenumini chaqirish tartibi
Oliy sud Plenumi to‘rt oyda kamida bir marta chaqiriladi. Muhokama qilinadigan umumiy masalalar bo‘yicha hujjatlarning loyihasi Plenum a’zolariga, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuroriga, Adliya vaziriga Plenum yig‘ilishidan yigirma kun ilgari yuboriladi.
16-modda. Oliy sud Plenumining vakolatlari
Oliy sud Plenumi, Plenum a’zolarining kamida uchdan ikki qismi ishtirok etgan taqdirda vakolatli hisoblanadi.
Oliy sud Plenumi:
ishlarni nazorat tartibida ko‘radi;
sud amaliyotini umumlashtirish natijalarini ko‘rib chiqadi va qonun hujjatlarini qo‘llash masalalari yuzasidan dasturiy ko‘rsatmalar beradi;
Oliy sud Raisining taqdimiga binoan Oliy sud Rayosatini, sudlov hay’atlarining raislarini, shuningdek Oliy sud Plenumi kotibini tasdiqlaydi;
Oliy sud Raisining taqdimiga binoan Oliy sud huzuridagi ilmiy-maslahat kengashi tarkibini tasdiqlaydi;
Rayosat ishi to‘g‘risidagi va Oliy sud sudlov hay’atlari raislarining hay’atlar faoliyati haqidagi axborotlarini tinglaydi;
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Raisi va Adliya vazirining qo‘shma taqdimnomasiga binoan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oliy sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari rayosati tarkibini va sudlov hay’atlari raislarini tasdiqlaydi;
cudyalar oliy malaka hay’atini saylaydi va uning faoliyati to‘g‘risidagi axborotni tinglaydi;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oliy sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari, Qurolli Kuchlar harbiy sudi raislarining qonun hujjatlarini qo‘llash amaliyoti to‘g‘risida, shuningdek Oliy sud Plenumi dasturiy ko‘rsatmalarining bajarilishi to‘g‘risida axborotlarini tinglaydi;
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi matbuot organining tahrir hay’atini tasdiqlaydi;
qonun hujjatlarida o‘ziga berilgan boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
17-modda. Oliy sud Plenumida sud ishlarini ko‘rish tartibi
Oliy sud Plenumi ishni nazorat tartibida ko‘rish chog‘ida Oliy sud sudyasining ish holatlari va protest vajlari haqidagi ma’ruzasini tinglaydi. So‘ngra Respublika Bosh prokurorining xulosasi eshitiladi. Muhokamadan so‘ng protest ovozga qo‘yiladi. Plenum a’zolari ovoz berishda betaraf qolishga haqli emaslar.
Protest yuzasidan qaror Plenum a’zolarining ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Ishni birinchi instansiyada, kassatsiya yoki nazorat tartibida ko‘rishda qatnashgan sudya ovoz berishda ishtirok etishga haqli emas.
Ko‘pchilikning ovozini olmagan protest rad qilingan hisoblanadi. Shundan so‘ng navbatiga qarab boshqa takliflar ovozga qo‘yiladi.
Qabul qilingan qarorga qarshi Plenum a’zosi o‘z mulohazalarini yozma ravishda bildirish huquqiga ega bo‘lib, bu fikr Plenum majlisi yozma bayoniga qo‘shib qo‘yiladi.
18-modda. Oliy sud Plenumining qarori va yig‘ilishi bayoni
Oliy sud Plenumining muayyan sud ishlari bo‘yicha qarori qabul qilingan paytdan boshlab qonuniy kuchga kiradi va O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual hamda Jinoyat-protsessual kodekslarida ko‘zda tutilgan tartibda ijro qilinadi.
Plenum yig‘ilishida yozma bayon yuritiladi. Plenum qarorlari va bayoni Oliy sud Raisi va Plenum kotibi tomonidan imzolanadi.
19-modda. Oliy sud Plenumida muayyan sud ishlarini hal qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan masalalarning ko‘rilishi
Muayyan sud ishlarini hal etish bilan bog‘liq bo‘lmagan, ushbu Qonunga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining Raisi, Bosh prokurori yoki Adliya vaziri tomonidan Oliy sud Plenumining muhokamasiga kiritilgan masalalar tegishli ravishda ularning ma’ruzalari bo‘yicha yoki ular vakolat bergan shaxslarning ma’ruzalari bo‘yicha tinglanadi.
Oliy sud Plenumi majlisiga taklif qilingan shaxslar ham ushbu masalalarni muhokama qilishda qatnashishlari mumkin.
Plenum qarori majlisda ishtirok etayotgan Plenum a’zolarining ko‘pchiligi tomonidan ochiq ovoz berish yo‘li bilan qabul qilinadi va qabul qilingan paytdan kuchga kiradi.
Plenumning qonunlarni qo‘llash masalalari bo‘yicha dasturiy ko‘rsatmalari sudlar, ushbu ko‘rsatmalar berilgan qonunni qo‘llayotgan boshqa organlar va mansabdor shaxslar uchun majburiy.
20-modda. Oliy sud Plenumi kotibi
Oliy sud Plenumining kotibi Oliy sud a’zosi vazifasini bajarish bilan birga Plenum yig‘ilishini tayyorlashga, majlis bayonini yuritishga doir ishlarni tashkiliy jihatdan ta’minlaydi, Plenum qabul qilgan qarorlarning ijrosi uchun zarur bo‘lgan harakatlarni amalga oshiradi.
21-modda. Oliy sud Rayosatining tarkibi
Oliy sud Rayosati Oliy sud sudyalaridan Oliy sud Plenumi belgilagan miqdorda tuziladi.
Oliy sud Raisi, uning birinchi o‘rinbosari, o‘rinbosarlari Rayosat tarkibiga lavozimlari bo‘yicha kiradilar.
Rayosat yig‘ilishi oyida kamida bir marta o‘tkaziladi va Rayosat a’zolarining ko‘pchiligi ishtirok etgan taqdirda vakolatli hisoblanadi.
Rayosat qarori mazkur Qonunning 17-moddasida belgilangan tartibda qabul qilinadi va raislik qiluvchi tomonidan imzolanadi.
22-modda. Oliy sud Rayosatining vakolatlari
Oliy sud Rayosati:
ishlarni nazorat tartibida ko‘radi;
sud amaliyotini umumlashtirish natijalarini ko‘radi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oliy sudi, viloyat sudlari, Toshkent shahar sudi va Qurolli Kuchlar harbiy sudi raislarining qonun hujjatlarini qo‘llash amaliyoti to‘g‘risidagi ma’ruzalarini tinglaydi;
sudlov hay’atlari va Oliy sud apparati ishini tashkil qilishga oid masalalarni ko‘radi;
qonun hujjatlarida o‘ziga berilgan boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
23-modda. Oliy sudning sudlov hay’atlari
Oliy sudning sudlov hay’atlari ishlarni birinchi instansiyada, kassatsiya va nazorat tartibida O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual, Jinoyat-protsessual kodekslarida va ushbu Qonunda ko‘zda tutilgan qoidalarga binoan ko‘radi.
24-modda. Oliy sud Raisi
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining Raisi:
Oliy sud faoliyatiga tashkiliy rahbarlik qiladi;
O‘zbekiston Respublikasi sudlarining hal qiluv qarorlari, hukmlari, ajrimlari va qarorlari ustidan protest kiritadi;
ishlarni nazorat tartibida tekshirish uchun talab qilib oladi;
qonunda belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi sudlarining hal qiluv qarorlari, hukmlari, ajrimlari va qarorlarining ijrosini to‘xtatib turadi;
sud amaliyotini umumlashtirish, shuningdek Oliy sud Plenumi dasturiy ko‘rsatmalarining bajarilishi yuzasidan nazoratni amalga oshirish ishlarini tashkil etadi;
ishlarni respublikaning bir sudidan ikkinchi sudiga olib berish masalasini hal qiladi;
Oliy sud Plenumi va Rayosatini chaqiradi, ularning majlisida raislik qiladi;
zarur hollarda bir hay’at tarkibiga kiruvchi sudyalarni boshqa hay’at tarkibida ish ko‘rishga jalb etadi;
Oliy sud Plenumining dasturiy ko‘rsatmalari O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq emasligi haqida Oliy sud Plenumiga taqdimnoma kiritadi;
O‘zbekiston Respublikasi qonunlarini sharhlab berish va normativ hujjatlarning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga mos kelmasligi haqida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudiga taqdimnoma kiritadi;
Oliy sud Plenumiga sudlov hay’atlarining tarkibi, ularning raislari haqida, Oliy sud Rayosati va Sudyalarning oliy malaka hay’ati tarkibi to‘g‘risida taqdimnoma kiritadi;
viloyatlar, Toshkent shahar, tumanlar (shaharlar) va harbiy sudlar sudyaligiga nomzodlar yuzasidan keyinchalik ular xususida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga taqdimnomalar kiritish uchun O‘zbekiston Respublikasi Adliya vaziriga xulosalar yuboradi;
O‘zbekiston Respublikasi sudlari sudyalarini intizomiy javobgarlikka tortish haqida ish qo‘zg‘atadi;
Rais o‘rinbosarlari o‘rtasida vazifalarni taqsimlaydi;
Oliy sud xodimlarini ishga qabul qiladi va ishdan bo‘shatadi;
Oliy sudning shtatlar jadvalini tasdiqlaydi;
fuqarolarni shaxsan qabul qiladi;
qonun hujjatlarida o‘ziga berilgan boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
25-modda. Oliy sud Raisining birinchi o‘rinbosari, o‘rinbosarlari
Oliy sud Raisining birinchi o‘rinbosari, o‘rinbosarlari:
Oliy sud Plenumi qarorlaridan tashqari barcha instansiya sudlarining hukmlari, hal qiluv qarorlari, ajrimlari va qarorlari ustidan protest kiritadilar;
Oliy sud sudlov hay’atlarining majlislarida raislik qilishlari mumkin;
ishlarni nazorat tartibida tekshirish uchun talab qilib oladilar;
O‘zbekiston Respublikasi sudlari tomonidan chiqarilgan, o‘zlari protest kiritish huquqiga ega bo‘lgan hal qiluv qarorlari, hukmlar, ajrimlar va qarorlarning ijrosini to‘xtatib turadilar;
fuqarolarni shaxsan qabul qiladilar;
vazifa taqsimotiga muvofiq Oliy sudning tarkibiy bo‘linmalari ishiga rahbarlik qiladilar;
qonun hujjatlarida o‘zlariga berilgan boshqa vakolatlarni amalga oshiradilar.
Oliy sud Raisining yo‘qligida uning vakolatini Raisning birinchi o‘rinbosari, birinchi o‘rinbosar yo‘qligida esa Rais o‘rinbosari amalga oshiradi.
26-modda. Oliy sud sudlov hay’atlari raislari
Oliy sud sudlov hay’atlarining raislari:
sudlov hay’atlari ishini tashkil etadilar va ularning majlislarida raislik qiladilar;
Oliy sud Rayosati va Plenumida sudlov hay’atlarining faoliyati to‘g‘risida ma’ruza qiladilar;
sud amaliyotini umumlashtirish uchun sud ishlarini talab qilib oladilar;
tegishli sudlov hay’ati sudyalarining malakasini oshirish ishlarini tashkil etadilar;
qonun hujjatlarida o‘zlariga berilgan boshqa vakolatlarni amalga oshiradilar.
2-BOB. QORAQALPOG‘ISTON RESPUBLIKASI OLIY SUDI, VILOYAT SUDI, TOShKENT ShAHAR SUDI
27-modda. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oliy sudi, viloyat sudi, Toshkent shahar sudi tarkibi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oliy sudi, viloyat sudi, Toshkent shahar sudi — rais, rais o‘rinbosarlari, sudlov hay’ati raislari, sudyalar, xalq maslahatchilardan iborat bo‘lib, quyidagi tarkibda ish olib boradi:
sud rayosati;
fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati;
jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati.
28-modda. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oliy sudi, viloyat sudi, Toshkent shahar sudining vakolatlari
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oliy sudi, viloyat sudi, Toshkent shahar sudi:
o‘z vakolatlari doirasida ishlarni birinchi instansiya sudi sifatida, kassatsiya va nazorat tartibida ko‘radi;
tuman (shahar) sudlarining sudlov faoliyati ustidan nazorat olib boradi, sud amaliyotini umumlashtiradi;
qonun hujjatlarida o‘ziga berilgan boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
29-modda. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oliy sudi, viloyat sudi, Toshkent shahar sudining rayosati
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oliy sudi, viloyat sudi, Toshkent shahar sudining rayosati — rais, rais o‘rinbosarlari va sudyalardan iborat tarkibda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi belgilagan miqdorda tuziladi.
Rayosat yig‘ilishlari oyida kamida ikki marta o‘tkaziladi va rayosat a’zolarining ko‘pchiligi hozir bo‘lgan taqdirda vakolatli hisoblanadi.
Rayosat qarorlari ovoz berishda qatnashgan rayosat a’zolaridan ko‘pchiligining ovozi bilan mazkur Qonunning 17-moddasida belgilangan tartibda qabul qilinadi va tegishli sud raisi tomonidan imzolanadi.
30-modda. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oliy sudi, viloyat sudi, Toshkent shahar sudi rayosatining vakolatlari
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oliy sudi, viloyat sudi, Toshkent shahar sudining rayosati:
o‘z vakolatlari doirasida ishlarni nazorat tartibida ko‘radi;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oliy sudi, viloyat sudi, Toshkent shahar sudi raisining taqdimiga binoan fuqarolik va jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atlari tarkiblarini tasdiqlaydi;
sud amaliyotini umumlashtirish natijalarini ko‘rib chiqadi;
sudlov hay’atlari raislarining hay’atlar faoliyati to‘g‘risidagi, tuman (shahar) sudlari raislarining qonun hujjatlarini qo‘llash amaliyoti to‘g‘risidagi ma’ruzalarini tinglaydi;
qonun hujjatlarida o‘ziga berilgan boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
31-modda. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oliy sudi, viloyat sudi, Toshkent shahar sudi sudlov hay’atlari
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oliy sudi, viloyat sudi, Toshkent shahar sudining sudlov hay’atlari o‘z vakolatlari doirasida ishlarni birinchi instansiyada va kassatsiya tartibida ko‘radilar.
Sudlov hay’atlari sud amaliyotini umumlashtiradilar va qonun hujjatlarida o‘zlariga berilgan boshqa vakolatlarni amalga oshiradilar.
Z2-modda. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oliy sudi, viloyat sudi, Toshkent shahar sudining raisi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oliy sudi, viloyat sudi, Toshkent shahar sudining raisi:
sud ishlari bo‘yicha chiqarilgan hal qiluv qarorlari, hukmlar, ajrimlar va qarorlar ustidan qonunda belgilangan doirada va tartibda protestlar kiritadi;
ishlarni nazorat tartibida tekshirish uchun talab qilib oladi;
o‘zi protest kiritish huquqiga ega bo‘lgan fuqarolik ishlari bo‘yicha sud hal qiluv qarorlarining ijrosini to‘xtatib turadi;
sud rayosatini chaqiradi va uning majlislarida raislik qiladi;
zarur hollarda bir hay’at tarkibiga kiruvchi sudyalarni boshqa hay’at tarkibida ishlarni ko‘rib chiqish uchun jalb etadi;
rais o‘rinbosarlari o‘rtasida vazifalarni taqsimlaydi;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar sudyalarini intizomiy javobgarlikka tortish haqida ish qo‘zg‘atadi;
sudyalar, sudning boshqa xodimlari hamda xalq maslahatchilarining malakasini oshirishga doir ishlarni tashkil etadi;
sud amaliyotini umumlashtirish, sud statistikasini yuritish ishlarini uyushtiradi;
fuqarolarni shaxsan qabul qiladi, ularni qabul qilish, ariza va shikoyatlarni ko‘rib chiqish ishini uyushtiradi;
sudyalarning malaka hay’ati qarori ustidan Oliy malaka hay’atiga taqdimnomalar kiritadi;
sud idorasi ishlariga rahbarlik qiladi, sud xodimlarini ishga qabul qiladi va ishdan bo‘shatadi;
qonun hujjatlarida o‘ziga berilgan boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
33-modda. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oliy sudi, viloyat sudi, Toshkent shahar sudi raisining o‘rinbosarlari
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oliy sudi, viloyat sudi, Toshkent shahar sudi raisining o‘rinbosarlari:
vazifalar taqsimotiga muvofiq sud ishiga rahbarlik qiladilar;
sudlov hay’ati majlislarida raislik qilishlari mumkin;
fuqarolarni shaxsan qabul qiladilar;
sud raisi yo‘qligida uning vakolatini amalga oshiradilar;
qonun hujjatlarida o‘ziga berilgan boshqa vakolatlarni amalga oshiradilar.
34-modda. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oliy sudi, viloyat sudi, Toshkent shahar sudi sudlov hay’ati raislari
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oliy sudi, viloyat sudi, Toshkent shahar sudining sudlov hay’ati raislari:
sudlov hay’ati ishini tashkil qiladilar;
sudlov hay’ati majlislarida raislik qiladilar;
sudlov hay’ati faoliyati to‘g‘risida rayosatga ma’ruzalar taqdim etadilar;
qonun hujjatlarida o‘zlariga berilgan boshqa vakolatlarni amalga oshiradilar.
3-BOB. TUMAN (ShAHAR) SUDI
35-modda. Tuman (shahar) sudining tarkibi
Tuman (shahar) sudi — sud raisi, sudyalar va xalq maslahatchilaridan iborat bo‘ladi.
Tuman (shahar) sudida beshtadan ortiq sudya bo‘lsa, shu sud tarkibida rais o‘rinbosari bo‘ladi.
Tuman (shahar) sudi tarkibida ma’muriy ishlar bo‘yicha sudyalar bo‘ladi.
36-modda. Tuman (shahar) sudining vakolatlari
Tuman (shahar) sudi qonun bilan o‘z huquq doirasiga berilgan fuqarolik, jinoyat va ma’muriy ishlarni ko‘radi.
37-modda. Tuman (shahar) sudi raisi
Tuman (shahar) sudining raisi:
sud majlislarida raislik qiladi, sudyalar o‘rtasida sud ishlarini taqsimlaydi;
fuqarolarni shaxsan qabul qiladi, ularni qabul qilish, ariza va shikoyatlarni ko‘rib chiqish ishini uyushtiradi;
sud amaliyotini umumlashtirish va sud statistikasini yuritish ishiga rahbarlik qiladi, qonun buzilishini, huquqbuzarlik sodir etilishiga olib kelgan sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish xususida davlat organlari, jamoat birlashmalari va mansabdor shaxslarga taqdimnoma kiritadi;
sud xodimlari, shuningdek xalq maslahatchilarining malakasini oshirish ishlarini tashkil etadi;
sud apparati ishiga rahbarlik qiladi, sud xodimlarini ishga qabul qiladi va ishdan bo‘shatadi;
qonun hujjatlarida o‘ziga berilgan boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
38-modda. Tuman (shahar) sudi raisining o‘rinbosari
Tuman (shahar) sudi raisining o‘rinbosari:
vazifalar taqsimotiga muvofiq sud ishiga rahbarlik qiladi;
sud majlislarida raislik qiladi;
fuqarolarni shaxsan qabul qiladi;
sud raisining topshirig‘iga muvofiq raisning ayrim vazifalarini bajaradi va rais yo‘qligida uning vakolatini amalga oshiradi.
Rais o‘rinbosari yo‘qligida tuman (shahar) sudi raisining vakolatini amalga oshirish Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vaziri, tegishli adliya boshqarmasi boshliqlari tomonidan sudyalardan biriga yoki ma’muriy ishlar bo‘yicha sudya zimmasiga yuklatilishi mumkin.
4-BOB. HARBIY SUDLAR
39-modda. Harbiy sudlar tizimi
O‘zbekiston Respublikasida harbiy sudlar tizimi — O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Harbiy hay’ati, Qurolli Kuchlar harbiy sudi va garnizon harbiy sudlaridan iborat.
40-modda. Harbiy sudlarga taalluqli ishlar
O‘zbekiston Respublikasi harbiy sudlariga:
Qurolli Kuchlar safida, chegara qo‘shinlarida, Milliy xavfsizlik xizmati organlarida, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining ichki qo‘shinlarida va O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq tashkil etilgan boshqa harbiy tuzilmalarda xizmat qilayotgan shaxslar, shuningdek o‘quv yig‘inlari vaqtida harbiy xizmatga majburlar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi hududida sodir etilgan jinoyatlar to‘g‘risidagi ishlar;
O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiy qismlari, qo‘shilmalari va birlashmalarining qo‘mondonlariga nisbatan harbiy xizmatchilarning da’vosi bo‘yicha fuqarolik ishlari va mazkur mansabdor shaxslarning g‘ayriqonuniy harakatlari ustidan beriladigan shikoyatlar, shuningdek, favqulodda holatlarga ko‘ra umumiy sudlar faoliyat ko‘rsatmayotgan joylarda — barcha fuqarolik va jinoyat ishlari, davlat sirlariga daxldor boshqa ishlar taalluqlidir.
41-modda. Harbiy sudlar tarkibi va ularning vakolatlari
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining Harbiy hay’ati — Harbiy hay’at raisi, rais o‘rinbosari va sudyalaridan tarkib topadi.Harbiy hay’at raisi lavozimi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Raisining o‘rinbosari hisoblanadi.
Qurolli Kuchlar harbiy sudi viloyat sudi huquq doirasida faoliyat olib boradi va rais, rais o‘rinbosarlari, sudyalar va xalq maslahatchilaridan iborat bo‘ladi.
Garnizon harbiy sudi tuman sudi huquq doirasida faoliyat olib boradi va rais, harbiy sudyalar hamda xalq maslahatchilaridan iborat bo‘ladi. Zarur hollarda garnizon sudida rais o‘rinbosari ham bo‘lishi mumkin.
Harbiy sudlar faoliyatini tashkil etish O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan tasdiqlanadigan Nizom bilan belgilanadi.
UChINChI BO‘LIM. XO‘JALIK SUDLARI
1-BOB. O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY XO‘JALIK SUDI
42-modda. Oliy xo‘jalik sudining vakolatlari
O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudi xo‘jalik sudlov sohasida sud hokimiyatining eng yuqori organi hisoblanadi. U tomonidan qabul qilingan hujjatlar qat’iy va O‘zbekiston Respublikasining barcha hududida bajarilishi majburiy.
Oldingi tahrirga qarang.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudi — Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xo‘jalik sudi, viloyatlar va Toshkent shahar xo‘jalik sudlarining sudlov faoliyati ustidan nazorat olib borish huquqiga ega.
(42-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 1996-yil 27-dekabrdagi 357-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1997-y., 2-son, 56-modda)
Oliy xo‘jalik sudi Plenumning dasturiy ko‘rsatmalari xo‘jalik sudlari tomonidan bajarilishini nazorat qiladi, quyi xo‘jalik sudlari faoliyatini tekshiradi, xo‘jalik sudlarining ishlarni tashkil etish borasidagi ijobiy tajribani o‘rganadi, umumlashtiradi va ommalashtiradi.
43-modda. Oliy xo‘jalik sudining tarkibi
Oldingi tahrirga qarang.
Oliy xo‘jalik sudi — Rais, uning birinchi o‘rinbosari, o‘rinbosarlari, sudlov hay’atlari raislari, Oliy xo‘jalik sudi sudyalaridan iborat bo‘ladi.
(43-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 1995-yil 31-avgustdagi 118-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1995-y., 9-son, 193-modda)
Oliy xo‘jalik sudida:
Oliy xo‘jalik sudining Plenumi;
Oliy xo‘jalik sudining Rayosati;
Nizolarni hal etish bo‘yicha sudlov hay’ati;
Xo‘jalik sudlari qarorlarining qonuniyligini va asosliligini tekshirish bo‘yicha sudlov hay’ati faoliyat ko‘rsatadi.
44-modda. Oliy xo‘jalik sudining Plenumi
Oldingi tahrirga qarang.
Oliy xo‘jalik sudi Plenumi — Oliy xo‘jalik sudi sudyalari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar va Toshkent shahar xo‘jalik sudlari raislaridan iborat tarkibda ish olib boradi.
(44-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 1996-yil 27-dekabrdagi 357-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1997-y., 2-son, 56-modda)
Plenum majlisida Bosh prokuror qatnashadi.Oliy xo‘jalik sudi Raisining taklifiga binoan Plenum majlisida Adliya vaziri, sudyalar, Oliy xo‘jalik sudi huzuridagi ilmiy-maslahat kengashi a’zolari, vazirliklar, idoralar, ilmiy muassasalar, boshqa davlat va xo‘jalik boshqaruv organlari, jamoat birlashmalarining vakillari ishtirok etishlari mumkin.
45-modda. Oliy xo‘jalik sudi Plenumini chaqirish tartibi
Oliy xo‘jalik sudi Plenumi bir yilda kamida ikki marta chaqiriladi. Muhokama qilinadigan umumiy masalalarga doir hujjatlar loyihasi Plenum a’zolariga va Bosh prokurorga Plenum majlisidan yigirma kun ilgari yuboriladi.
46-modda. Oliy xo‘jalik sudi Plenumining vakolatlari
Oliy xo‘jalik sudi Plenumi, Plenum a’zolarining kamida uchdan ikki qismi ishtirok etgan taqdirda vakolatli hisoblanadi.
Oliy xo‘jalik sudi Plenumi:
ishlarni nazorat tartibida ko‘radi;
sud amaliyotini umumlashtirish natijalarini ko‘rib chiqadi va qonun hujjatlarini qo‘llash masalalari yuzasidan ko‘rsatmalar beradi;
Oliy xo‘jalik sudi Raisining tavsiyasiga binoan Oliy xo‘jalik sudi Rayosatini, sudlov hay’atlarining raislarini, shuningdek Plenum kotibini tasdiqlaydi;
Oliy xo‘jalik sudi Raisining tavsiyasiga binoan Oliy xo‘jalik sudi huzuridagi ilmiy-maslahat kengashi tarkibini tasdiqlaydi;
Rayosat ishi to‘g‘risidagi axborotni va Oliy xo‘jalik sudi sudlov hay’atlari raislarining hay’atlar faoliyati haqidagi ma’ruzalarini tinglaydi;
Oldingi tahrirga qarang.
qonun hujjatlarini qo‘llash amaliyoti, shuningdek, Oliy xo‘jalik sudi Plenumi dasturiy ko‘rsatmalarining bajarilishi to‘g‘risida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xo‘jalik sudi, viloyatlar va Toshkent shahar xo‘jalik sudlari raislarining ma’ruzalarini tinglaydi;
(46-moddaning ikkinchi qismi yettinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 1996-yil 27-dekabrdagi 357-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1997-y., 2-son, 56-modda)
sudyalar malaka hay’atini saylaydi va uning faoliyati to‘g‘risidagi axborotni tinglaydi;
Oliy xo‘jalik sudi matbuot organining tahrir hay’ati tarkibini tasdiqlaydi;
qonun hujjatlarida o‘ziga berilgan boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
47-modda. Oliy xo‘jalik sudi Plenumida sud ishlarini ko‘rish tartibi
Oliy xo‘jalik sudi Plenumi ishni nazorat tartibida ko‘rish chog‘ida, Oliy xo‘jalik sudi sudyasining ish holatlari va protest vajlari haqidagi ma’ruzasini tinglaydi.So‘ngra Respublika Bosh prokurorining xulosasi eshitiladi.Shundan so‘ng Plenum protestni muhokama qilishga kirishadi.
Muhokamadan so‘ng protest ovozga qo‘yiladi.Plenum a’zolari ovoz berishda betaraf qolishga haqli emaslar.
Protest yuzasidan qaror sudyalarning ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilinadi.Ishni ilgari ko‘rishda qatnashgan sudya ovoz berishda ishtirok etishga haqli emas.
Ko‘pchilik ovoz olmagan protest rad qilingan hisoblanadi.Shundan so‘ng navbatiga qarab boshqa takliflar ovozga qo‘yiladi.
Qabul qilingan qarorga qarshi Plenum a’zosi o‘z mulohazalarini yozma ravishda bildirish huquqiga ega bo‘lib, bu fikr Plenum majlisi yozma bayoniga qo‘shib qo‘yiladi.
48-modda. Oliy xo‘jalik sudi Plenumining qarori va yig‘ilishi bayoni
Oliy xo‘jalik sudi Plenumining muayyan sud ishlari bo‘yicha qarori qabul qilingan paytdan boshlab qonuniy kuchga kiradi va O‘zbekiston Respublikasi Xo‘jalik protsessual Kodeksida ko‘zda tutilgan tartibda ijro qilinadi. Plenum yig‘ilishida yozma bayon yuritiladi. Plenum qarori va bayoni Oliy xo‘jalik sudi Raisi va Plenum kotibi tomonidan imzolanadi.
49-modda. Oliy xo‘jalik sudi Plenumida muayyan sud ishlarini hal qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan masalalarning ko‘rilishi
Plenumning muhokamasiga ushbu Qonunga muvofiq Oliy xo‘jalik sudi Raisi, Bosh prokuror yoki Adliya vaziri tomonidan kiritilgan, muayyan sud ishlarini hal etish bilan bog‘liq bo‘lmagan masalalar tegishli ravishda ularning ma’ruzalari bo‘yicha yoki ular vakolat bergan shaxslarning ma’ruzalari bo‘yicha tinglanadi.
Mazkur masalalarni muhokama qilishda Oliy xo‘jalik sudi Plenumi yig‘ilishiga taklif qilingan shaxslar ham qatnashishlari mumkin.
Plenum qarori yig‘ilishda ishtirok etayotgan Plenum a’zolarining ko‘pchiligi tomonidan ochiq ovoz berish yo‘li bilan qabul qilinadi va qabul qilingan paytdan kuchga kiradi.
Plenumning qonunlarni qo‘llash masalalari bo‘yicha dasturiy ko‘rsatmalari xo‘jalik sudlari, tashkilotlar, ushbu ko‘rsatmalar berilgan qonunlarni qo‘llayotgan boshqa organlar va mansabdor shaxslar uchun majburiy.
50-modda. Oliy xo‘jalik sudi Plenumi kotibi
Oliy xo‘jalik sudi Plenumining kotibi sudyalik vazifasini bajarish bilan birga Plenum yig‘ilishini tayyorlashga, majlis bayoni yuritishga doir ishlarni tashkiliy jihatdan ta’minlaydi, Plenum qabul qilgan qarorlarning ijrosi uchun zarur bo‘lgan harakatlarni amalga oshiradi.
51-modda. Oliy xo‘jalik sudi Rayosatining tarkibi
Oliy xo‘jalik sudi Rayosati Oliy xo‘jalik sudi sudyalaridan Oliy xo‘jalik sudi Plenumi belgilagan miqdorda tuziladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Oliy xo‘jalik sudi Raisi, uning birinchi o‘rinbosari, o‘rinbosarlari Rayosat tarkibiga lavozimlari bo‘yicha kiradilar.
(51-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 1995-yil 31-avgustdagi 118-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1995-y., 9-son, 193-modda)
Rayosatning yig‘ilishi oyida kamida bir marta o‘tkaziladi va Rayosat a’zolarining ko‘pchiligi ishtirok etgan taqdirda vakolatli hisoblanadi.
52-modda. Oliy xo‘jalik sudi Rayosatining vakolatlari
Oliy xo‘jalik sudi Rayosati:
ishlarni nazorat tartibida ko‘radi;
Oldingi tahrirga qarang.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xo‘jalik sudi, viloyatlar va Toshkent shahar xo‘jalik sudlari raislarining xo‘jalik sudlari ishlarini tashkil qilish haqidagi ma’ruzalarini eshitadi;
(52-moddaning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 1996-yil 27-dekabrdagi 357-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1997-y., 2-son, 56-modda)
xo‘jalik sudlari, Oliy xo‘jalik sudi sudlov hay’atlari va apparati ishini tashkil qilishga oid masalalarni ko‘radi;
qonun hujjatlarida o‘ziga berilgan boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
53-modda. Oliy xo‘jalik sudining sudlov hay’atlari
Oliy xo‘jalik sudining sudlov hay’atlari ishlarni birinchi instansiyada va qarorlarning qonuniyligi va asosliligini tekshirish tartibida Xo‘jalik protsessual kodeksi va ushbu Qonunda nazarda tutilgan qoidalarga binoan ko‘radi.
54-modda. Oliy xo‘jalik sudi Raisi
O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudi Raisi:
Oliy xo‘jalik sudi faoliyatiga tashkiliy rahbarlik qiladi;
O‘zbekiston Respublikasi xo‘jalik sudlarining hal qiluv qarorlari, ajrimlari va qarorlari ustidan protestlar kiritadi;
ishlarni nazorat tartibida tekshirish uchun talab qilib oladi;
qonunda belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi xo‘jalik sudlarining hal qiluv qarorlari, ajrimlari, qarorlarining ijrosini to‘xtatib turadi;
sud amaliyotini umumlashtirish, shuningdek Oliy xo‘jalik sudi Plenumi dasturiy ko‘rsatmalarining bajarilishi yuzasidan nazoratni amalga oshirish ishlarini tashkil qiladi;
ishlarni respublikaning bir xo‘jalik sudidan ikkinchi xo‘jalik sudiga olib berish masalasini hal qiladi;
Oliy xo‘jalik sudi Plenumi va Rayosatini chaqiradi, ularning majlisida raislik qiladi;
zarur hollarda bir hay’at tarkibiga kiruvchi sudyalarni boshqa hay’at tarkibida ish ko‘rishga jalb etadi;
Oliy xo‘jalik sudi Plenumining dasturiy ko‘rsatmalari O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunlariga muvofiq emasligi haqida Oliy xo‘jalik sudi Plenumiga taqdimnoma kiritadi;
O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarini sharhlab berish va normativ hujjatlarning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga mos kelmasligi haqida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudiga taqdimnoma kiritadi;
Oliy xo‘jalik sudi Plenumiga sudlov hay’atlarining tarkibi, ularning raislari haqida, Oliy xo‘jalik sudi Rayosati hamda Sudyalarning malaka hay’ati tarkibi to‘g‘risida taqdimnoma kiritadi;
xo‘jalik sudlari sudyaligiga nomzodlar haqida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga taqdimnomalar kiritadi;
O‘zbekiston Respublikasi xo‘jalik sudlari sudyalarini intizomiy javobgarlikka tortish haqida ish qo‘zg‘atadi;
Rais o‘rinbosarlari o‘rtasida vazifalarni taqsimlaydi;
Oliy xo‘jalik sudi xodimlarini ishga qabul qiladi va ishdan bo‘shatadi;
fuqarolarni va korxona, muassasa, tashkilotlarning vakillarini shaxsan qabul qiladi;
qonun hujjatlarida o‘ziga berilgan boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
55-modda. Oliy xo‘jalik sudi Raisining birinchi o‘rinbosari, o‘rinbosarlari
Oliy xo‘jalik sudi Raisining birinchi o‘rinbosari, o‘rinbosarlari:
Oliy xo‘jalik sudining, xo‘jalik sudlarining xo‘jalik nizolarni hal etish bo‘yicha sudlov hay’atlari chiqargan hal qiluv qarorlari, ajrimlari va qarorlari ustidan protest kiritadilar;
Oliy xo‘jalik sudi sudlov hay’atlarining majlislarida raislik qilishlari mumkin;
ishlarni nazorat tartibida tekshirish uchun talab qilib oladilar;
O‘zbekiston Respublikasi xo‘jalik sudlari tomonidan chiqarilgan, o‘zlari protest kiritish huquqiga ega bo‘lgan hal qiluv qarorlari, ajrimlar va qarorlarning ijrosini to‘xtatib turadilar;
fuqarolarni va korxona, muassasa, tashkilotlarning vakillarini shaxsan qabul qiladilar;
vazifa taqsimotiga muvofiq Oliy xo‘jalik sudining tarkibiy bo‘linmalari ishiga rahbarlik qiladilar;
qonun hujjatlarida o‘zlariga berilgan boshqa vakolatlarni amalga oshiradilar.
Oliy xo‘jalik sudining Raisi yo‘qligida uning vakolatini Raisning birinchi o‘rinbosari, birinchi o‘rinbosar ham yo‘qligida esa, Raisning o‘rinbosari amalga oshiradi.
(55-modda O‘zbekiston Respublikasining 1995-yil 31-avgustdagi 118-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1995-y., 9-son, 193-modda)
56-modda. Oliy xo‘jalik sudi sudlov hay’atlari raislari
Oliy xo‘jalik sudi sudlov hay’atlarining raislari:
sudlov hay’atlari ishini tashkil etadilar va ularning majlislarida raislik qiladilar;
Oliy xo‘jalik sudi Rayosati va Plenumiga sudlov hay’atlarining faoliyati to‘g‘risida ma’ruzalar taqdim etadilar;
sud amaliyotini umumlashtirish uchun sud ishlarini talab qilib oladilar;
sudyalarning malakasini oshirish bo‘yicha ishlarni tashkil etadilar;
qonun hujjatlarida o‘zlariga berilgan boshqa vakolatlarni amalga oshiradilar.
2-BOB. QORAQALPOG‘ISTON RESPUBLIKASI XO‘JALIK SUDI, VILOYATLAR VA TOShKENT ShAHAR XO‘JALIK SUDLARI
57-modda. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xo‘jalik sudi, viloyatlar va Toshkent shahar xo‘jalik sudlarining tarkibi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xo‘jalik sudi, viloyatlar va Toshkent shahar xo‘jalik sudlari — rais, rais o‘rinbosarlari, sudyalardan iborat.
Zarur hollarda sudlov hay’atlari tuzilishi mumkin.
Oliy xo‘jalik sudi Raisining taqdimnomasiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan boshqa shaharlarning ham xo‘jalik sudlari tashkil etilishi mumkin.
58-modda. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xo‘jalik sudi, viloyat va Toshkent shahar xo‘jalik sudi vakolatlari
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xo‘jalik sudi, viloyat va Toshkent shahar xo‘jalik sudi:
o‘z vakolatlari doirasida ishlarni birinchi instansiyada va nazorat tartibida ko‘radi;
sud amaliyotini umumlashtiradi;
qonun hujjatlarida o‘ziga berilgan boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
59-modda. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xo‘jalik sudining, viloyat va Toshkent shahar xo‘jalik sudining raisi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xo‘jalik sudining, viloyat va Toshkent shahar xo‘jalik sudining raisi:
sud faoliyatiga rahbarlik qiladi;
sud ishlari bo‘yicha chiqarilgan hal qiluv qarorlari, ajrimlar va qarorlar ustidan qonunda belgilangan doirada va tartibda protestlar kiritadi;
sudlov hay’atlari majlislarida raislik qilishi mumkin;
zarur hollarda bir hay’at tarkibiga kiruvchi sudyalarni boshqa hay’at tarkibida ish ko‘rishga jalb etadi;
sudlov hay’atlari bo‘lmagan xo‘jalik sudlarida qarorlarning qonuniyligi va asosliligini tekshiradi;
rais o‘rinbosarlari o‘rtasida vazifalarni taqsimlaydi;
sudyalar o‘rtasida ishlarni taqsimlaydi;
sudyalar va sudning boshqa xodimlari malakasini oshirishga doir ishlarni tashkil etadi;
sud amaliyotini umumlashtirish va sud statistikasini yuritish ishlarini uyushtiradi;
fuqarolarni va korxona, muassasa, tashkilotlarning vakillarini shaxsan qabul qiladi;
xo‘jalik sudining xodimlarini ishga qabul qiladi va ishdan bo‘shatadi;
qonun hujjatlarida o‘ziga berilgan boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
60-modda. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xo‘jalik sudi, viloyat va Toshkent shahar xo‘jalik sudi raisining o‘rinbosari
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xo‘jalik sudi, viloyat va Toshkent shahar xo‘jalik sudi raisining o‘rinbosari:
taqsimotga muvofiq sud ishiga rahbarlik qiladi;
sudlov hay’ati majlislarida raislik qilishi mumkin;
fuqarolarni va korxona, muassasa, tashkilotlarning vakillarini shaxsan qabul qiladi;
sudlov hay’atlari bo‘lmagan xo‘jalik sudlarida qarorlarning qonuniyligi va asosliligini tekshiradi;
sud raisi yo‘qligida uning vakolatini amalga oshiradi;
qonun hujjatlarida o‘ziga berilgan boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
(III bo‘limning 2-bobi O‘zbekiston Respublikasining 1996-yil 27-dekabrdagi 357-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1997-y., 2-son, 56-modda)
TO‘RTINChI BO‘LIM. SUDYALAR MAQOMI
1-BOB. SUDYALAR, ULARNING HUQUQ VA BURChLARI
61-modda. Sudyalar maqomining birligi
O‘zbekiston Respublikasida barcha sudyalar bir xil maqomga egadirlar va faqat vakolatlari hamda huquq doirasi bo‘yicha o‘zaro farqlanadilar.
62-modda. Sudyalikka nomzod va xalq maslahatchiligiga nomzodga qo‘yiladigan talablar
O‘zbekiston Respublikasining 25 yoshga to‘lgan, oliy yuridik ma’lumotli, huquq ixtisosi bo‘yicha kamida ikki yillik mehnat stajiga ega bo‘lgan, malaka imtihonini topshirgan fuqarosi tuman (shahar) sudi, xo‘jalik sudi sudyasi etib tayinlanishi mumkin.
Oliy yuridik ma’lumotli, huquq ixtisosi bo‘yicha kamida besh yillik, jumladan, odatda sudyalik lavozimida kamida ikki yillik mehnat stajiga ega bo‘lgan va malaka imtihonini topshirgan O‘zbekiston Respublikasining fuqarosi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oliy sudi, viloyat sudi, Toshkent shahar sudi, Qurolli Kuchlar harbiy sudi sudyasi etib tayinlanishi mumkin.
Oliy yuridik ma’lumotli, huquq ixtisosi bo‘yicha kamida yetti yillik, jumladan, odatda sudyalik lavozimida kamida besh yillik mehnat stajiga ega bo‘lgan va malaka imtihonini topshirgan O‘zbekiston Respublikasining fuqarosi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, Oliy xo‘jalik sudi sudyasi etib saylanishi mumkin.
Haqiqiy harbiy xizmatni o‘tayotgan, ofitserlik tarkibidagi harbiy unvonga ega, ushbu modda talablariga javob beruvchi O‘zbekiston Respublikasining fuqarosi harbiy sud sudyasi etib tayinlanishi mumkin.
Harbiy sudlar sudyalariga O‘zbekiston Respublikasining “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida”gi Qonuni, harbiy nizomlar, harbiy xizmatchilar uchun belgilangan va mazkur Qonunda ko‘zda tutilgan huquqiy va ijtimoiy himoya choralari tadbiq qilinadi.
Fuqarolarning yashash yoki ish joylaridagi yig‘ilishlarda ochiq ovoz berish yo‘li bilan ikki yarim yil muddatga saylangan O‘zbekiston Respublikasining 25 yoshga to‘lgan fuqarosi xalq maslahatchisi bo‘lishi mumkin.
Haqiqiy harbiy xizmatni o‘tayotgan, saylov kuniga 18 yoshga to‘lgan O‘zbekiston Respublikasining fuqarosi harbiy sud xalq maslahatchisi bo‘lishi mumkin.Xalq maslahatchilari harbiy qism xizmatchilarining yig‘ilishlarida ochiq ovoz berish yo‘li bilan bir yarim yil muddatga saylanadilar.
Har bir sud uchun xalq maslahatchilari soni O‘zbekiston Respublikasi Adliya vaziri tomonidan belgilanadi.
Xalq maslahatchilari sudlarga o‘z vazifalarini bajarish uchun yiliga ko‘pi bilan ikki haftaga navbatma-navbat chaqiriladilar, ularning ishtirokida boshlangan sudlov ishini ko‘rib chiqishni tugallash zarurati tug‘ilganida bu muddatni uzaytirish hollari bundan mustasnodir. Shu davrda ularning ish joyidagi o‘rtacha ish haqi korxona, tashkilot, muassasaning mulkchilik shaklidan qat’i nazar, saqlab qolinadi.
6Z-modda. Sudyalarni saylash va tayinlash tartibi
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi va Oliy xo‘jalik sudi sudyalari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti taqdimiga binoan Oliy Majlis tomonidan saylanadi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudyalari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisining O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti bilan kelishilgan taqdimnomasiga binoan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi tomonidan saylanadilar yoki tayinlanadilar.
Viloyat sudlari, Toshkent shahar sudi, tuman(shahar) sudlari sudyalari — O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Raisining xulosasiga asoslangan O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirining taqdimnomasiga binoan, xo‘jalik sudlari sudyalari esa — Oliy xo‘jalik sudi Raisining taqdimnomasiga binoan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tayinlanadilar.
Qurolli Kuchlar harbiy sudi va garnizon harbiy sudlarining sudyalari O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Raisining taqdimnomasiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tayinlanadilar.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, Oliy xo‘jalik sudi sudyalarining soni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimnomasiga binoan Oliy Majlis tomonidan belgilanadi.
Viloyat sudlari, Toshkent shahar sudi, tuman(shahar), harbiy, xo‘jalik sudlari sudyalarining soni tegishlicha O‘zbekiston Respublikasi Adliya vaziri, Oliy sudi Raisi, Oliy xo‘jalik sudi Raisi taqdimnomasiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilanadi.
64-modda. Sudyalar qasamyodi
Ilk bor sudyalik lavozimiga tayinlangan (saylangan) shaxs quyidagi mazmunda qasamyod qiladi:
“Zimmamga yuklatilgan vazifalarni halol va vijdonan bajarishga, odil sudlovni faqat qonunga bo‘ysungan holda amalga oshirishga, sudyalik burchim va vijdonim buyurganidek beg‘araz, odil, haqqoniy bo‘lishga tantanali qasamyod qilaman”.
Sudyalar qasamyodi tantanali vaziyatda O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i, Qoraqalpog‘iston Respublikasida esa, shuningdek Qoraqalpog‘iston Respublikasining Davlat bayrog‘i oldida qilinadi.
Sudyalar quyidagi tartibda qasamyod qiladilar:
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi sudyalari, viloyatlar, Toshkent shahar, tuman (shahar) va harbiy sudlar sud’yalari — O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi majlisida;
xo‘jalik sudlari sudyalari — O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudi Plenumi majlisida;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oliy sudi, tuman (shahar) sudlari sudyalari — Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oliy sudi Rayosati majlisida.
65-modda. Sudyalarning huquqlari
Sudyalar:
odil sudlovni amalga oshirish bilan bog‘liq bo‘lgan o‘z farmoyishlarining bajarilishini mansabdor shaxslar va fuqarolardan talab qilishga;
davlat idoralari va jamoat birlashmalari, ilmiy muassasalar va axborot markazlaridan ma’lumotlar talab qilib olishga haqli.
Davlat idoralari, jamoat birlashmalari, mansabdor shaxslar, boshqa yuridik va jismoniy shaxslar sudyaning odil sudlovni amalga oshirish bilan bog‘liq bo‘lgan talab va farmoyishlarini so‘zsiz bajarishlari shart. Odil sudlovni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlar, hujjatlar va ularning nusxalari sudyaning so‘roviga muvofiq bepul beriladi.Sudyaning talab va farmoyishlarini bajarmaslik qonunda belgilangan javobgarlikka sabab bo‘ladi.
66-modda. Sudyalarning burchlari
Sudyalar fuqarolik, jinoiy, xo‘jalik va ma’muriy ishlarni ko‘rish chog‘ida O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga va boshqa qonunlariga so‘zsiz rioya qilishlari, fuqarolarning huquq va erkinliklari, sha’ni, qadr-qimmati va mulklari, korxona, muassasa va tashkilotlarning huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlari himoya qilinishini ta’minlashlari, beg‘araz va odil bo‘lishlari shart.
Sudyalar o‘z vazifalarini bajarish chog‘ida, shuningdek xizmatdan tashqari munosabatlarda odil sudlovning obro‘sini to‘kadigan, sudyalik qadr-qimmatiga yoki uning xolisligiga shubha tug‘diradigan har qanday xatti-harakatdan o‘zlarini tiyishlari kerak.
Sudyalar o‘zaro maslahat sirini hamda yopiq sud majlislari o‘tkazish vaqtida olingan ma’lumotlarni oshkor qilishga haqli emaslar.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi va Oliy xo‘jalik sudi sudyalari Oliy Majlis deputati bo‘lolmaydilar.
Sudyalar siyosiy partiyalar va harakatlarning a’zosi bo‘lishlari hamda boshqa haq to‘lanadigan lavozimni egallashlari mumkin emas.
2-BOB. SUDYALAR MUSTAQILLIGINING ASOSIY KAFOLATLARI
67-modda. Sudyalarning mustaqilligini ta’minlash
Sudyalarning mustaqilligi:
ularni qonun bilan belgilangan tartibda saylash, tayinlash va ozod qilish;
sudyalar daxlsizligi;
odil sudlov qat’iy tartibda amalga oshirilishi;
qaror chiqarish chog‘ida sudyalar maslahatining sir tutilishi va uni oshkor qilishni talab etishning taqiqlanishi;
sudga hurmatsizlik yoki muayyan ishlarni hal qilishga aralashish, sudyalar daxlsizligini buzganlik uchun javobgarlik;
sudyaga uning oliy maqomiga munosib ravishda davlat hisobidan moddiy va ijtimoiy ta’minot belgilash orqali ta’minlanadi.
68-modda. Sudyaga nisbatan qilingan hurmatsizlik uchun javobgarlik
Davlat idoralari va boshqa tashkilotlar, muassasalar, mansabdor shaxslar, fuqarolar sudyalar mustaqilligini hurmat qilishlari va shunga rioya etishlari shart.
Sudyaga hurmatsizlik bildirish, shuningdek uni ochiqdan-ochiq mensimaslikdan dalolat beruvchi harakatlar qilish O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga binoan javobgarlikka sabab bo‘ladi.
69-modda.Sud ishlarini hal qilishda aralashuvga yo‘l qo‘yilmasligi
Sudyalarning odil sudlovni amalga oshirish borasidagi faoliyatiga aralashishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Muayyan ishni har tomonlama, to‘la va xolisona ko‘rishga to‘sqinlik qilish yoki g‘ayriqonuniy sud qarori chiqarilishiga erishish maqsadida sudyalarga qanday tarzda bo‘lmasin ta’sir o‘tkazish O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Sudyadan ko‘rilgan yoki sudlovida bo‘lgan ishlar mohiyati bo‘yicha tushuntirishlar berishni, shuningdek qonun hujjatlarida ko‘zda tutilgan hollardan tashqari, kimga bo‘lmasin, ishni tanishib chiqish uchun taqdim etishni talab etish taqiqlanadi.
Ommaviy axborot vositalari o‘z xabarlarida muayyan ish yuzasidan sud muhokamasi natijalarini oldindan bashorat qilishga yoki sudga boshqacha tarzda ta’sir etishga haqli emas.
70-modda. Sudyalar daxlsizligi
Sudyalarning shaxsi daxlsiz. Sudya daxlsizligi uning turar joyiga, xizmat xonasiga, foydalanadigan transport va aloqa vositalariga, uning xat-xabarlariga, unga tegishli mulklar va hujjatlarga ham taalluqlidir.
Sudyalarning shaxsiy xavfsizligini ta’minlash maqsadida ularga tegishlicha O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Raisi, Oliy xo‘jalik sudi Raisi, Adliya vaziri tomonidan belgilangan ro‘yxatga binoan o‘qotar qurol beriladi. Zarur hollarda esa, tegishli sud raisining qaroriga binoan ichki ishlar organi unga va uning oilasi uchun qurolli soqchilar ajratadi.
Sudyaga nisbatan jinoyat ishi faqat O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori tomonidan qo‘zg‘atilishi mumkin.
Sudya, tegishlicha, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining, O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudi Plenumining roziligisiz jinoiy javobgarlikka tortilishi, hibsga olinishi mumkin emas.
Sudyani tegishli malaka hay’atining roziligi bo‘lgan taqdirdagina ma’muriy huquqbuzarlik uchun javobgarlikka tortishga yo‘l qo‘yiladi.
Sudyaning turar joyiga yoki xizmat xonasiga, uning shaxsiy yoki foydalanadigan transportiga kirish, ularni ko‘zdan kechirish, tintuv o‘tkazish yoki ashyoni olish, telefonda so‘zlashuvini eshitish, sudyani ko‘zdan kechirish va uni shaxsiy tintuv qilish, shuningdek, unga tegishli mulklari va hujjatlarini, uning xat-xabarlarini ko‘zdan kechirish yoki olishga faqat Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokurorining, viloyatlar, Toshkent shahar prokurorining, Qurolli Quchlar harbiy prokurorining ruxsatiga yoki sudning qaroriga asosan yo‘l qo‘yiladi.
Tuman (shahar) sudi, garnizon harbiy sudi sudyasiga nisbatan jinoyat ishi — yuqori turuvchi sud sudloviga, boshqa sudlar sudyalariga nisbatan esa — O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi sudloviga tegishli.
Xalq maslahatchilari sudda o‘z vazifalarini bajarayotgan davrda sudyalar daxlsizligining barcha kafolatlaridan foydalanadilar.
71-modda. Sudyaning vakolatlarini to‘xtatish
Sudya jinoiy javobgarlikka tortilgan taqdirda uning vakolati to‘xtatiladi.
Sudyaning vakolati O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Raisi va Adliya vazirining birgalikdagi taqdimnomasiga binoan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi sudyalari va harbiy sudlar sudyalarining vakolati — O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Raisining, xo‘jalik sudlari sudyalarining vakolati esa — Oliy xo‘jalik sudi Raisining taqdimnomasiga binoan quyidagi hollarda sudyalarning tegishli malaka hay’ati qaroriga asosan to‘xtatiladi, agar:
sudya lavozimiga zid faoliyat bilan shug‘ullanayotgan bo‘lsa;
sudya tibbiy tartibdagi majburiy davolash choralariga tortilgan yoki qonuniy kuchga kirgan sud qarori yoki ajrimi bilan uning muomala layoqati cheklansa;
sudya qonuniy kuchga kirgan sud qarori bilan bedarak yo‘qolgan deb topilsa.
Sudyaning vakolati uni to‘xtatishga sabab bo‘lgan asos tugagunga qadar to‘xtatiladi.
Sudya malaka hay’atining qarori ustidan O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda shikoyat qilishi mumkin.
Sudyalik vakolatining to‘xtatilishi unga ish haqi to‘lamay qo‘yishga yoki uning miqdorini kamaytirishga, ta’minotini pasaytirishga va sudyani ushbu Qonunda belgilangan shaxsiy daxlsizlik kafolatlaridan mahrum qilishga sabab bo‘lmaydi, ehtiyot chorasi sifatida sudya hibsga olingan hollar bundan mustasno.
72-modda. Sudya vakolatining tugatilishi
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, Oliy xo‘jalik sudi sudyasining vakolatlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimnomasiga binoan Oliy Majlis tomonidan; viloyatlar, Toshkent shahar, tuman (shahar) sudlari, harbiy sudlar sudyasining vakolatlari — O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirining O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Raisining xulosasiga asoslangan taqdimnomasiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan; xo‘jalik sudlari sudyasining vakolatlari — Oliy xo‘jalik sudi Raisining taqdimnomasiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan; Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudlari sudyasining vakolatlari — Qoraqalpog‘iston Respublikasi Joqarg‘i Kengesi Raisining belgilangan tartibdagi taqdimnomasiga binoan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Joqarg‘i Kengesi tomonidan quyidagi hollarda tugatiladi:
a) sudyalik qasamyodini buzganda;
b) uning yozma arizasiga ko‘ra;
v) tegishli sudyalar malaka hay’ati tomonidan qilingan ogohlantirish yoki vakolatining to‘xtatilishiga qaramasdan o‘z lavozimiga zid faoliyat bilan shug‘ullanishni davom ettirgan taqdirda;
g) sudning qonuniy kuchga kirgan qaroriga asosan muomalaga layoqatsiz deb topilsa;
d) sudya O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligini yo‘qotgan taqdirda;
e) unga nisbatan sudning qonuniy kuchga kirgan ayblov hukmi mavjud bo‘lsa;
j) sudning qonuniy kuchga kirgan qaroriga ko‘ra o‘lgan deb e’lon qilingan taqdirda;
z) salomatligi yoki boshqa uzrli sabablarga ko‘ra uzoq vaqt davomida sudyalik vazifasini bajarolmay qolgan bo‘lsa;
i) vafot etishi munosabati bilan.
Sudyaning vakolati ushbu moddaning “a”, “v”, “z” bandlarida ko‘zda tutilgan hollarda tegishli sudyalar malaka hay’atining qarori asosida tugatilishi mumkin.
Sudya malaka hay’atining qarori ustidan O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda shikoyat qilishga xaqli.
Xalq maslahatchilarining vakolati shu moddada ko‘rsatilgan asoslar bo‘yicha tugatiladi, “a” bandida nazarda tutilgan hol bundan mustasno.
73-modda. Sudyalarning intizomiy javobgarligi
Sudya faqat sudyalar malaka hay’atining qaroriga asosan quyidagi hollarda intizomiy javobgarlikka tortilishi mumkin:
odil sudlovni amalga oshirish chog‘ida qonunlarni buzganligi uchun;
sud ishini tashkil etishda beparvoligi yoki intizomsizligi oqibatida yo‘l qo‘ygan kamchiliklari, xizmat sohasida yoki boshqa obro‘sini to‘kadigan xatti-harakati uchun.
Harbiy sudning sudyasi, shuningdek harbiy intizomni buzganligi uchun ham intizomiy javobgarlikka tortilishi mumkin.
Sud qarorining bekor qilinishi yoki o‘zgartirilishining o‘zi, shu qarorni chiqarishda qatnashgan sudya qonunni bila turib buzmagan yoki jiddiy oqibatlarga olib kelgan diyonatsizlikka yo‘l qo‘ymagan bo‘lsa, uning intizomiy javobgar bo‘lishiga sabab bo‘lmaydi.
Sudyalarni intizomiy javobgarlikka tortish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan tasdiqlanadigan Nizom bilan belgilanadi.
74-modda.Sudyalar malaka hay’ati
Sudyalar Oliy malaka hay’ati va sudyalar malaka hay’ati:
sudyalik lavozimiga nomzodlarni tanlash;
sudyaning intizomiy javobgarligi;
sudyaning vakolatini to‘xtatib turish yoki tugatish;
sudyaning daxlsizligini ta’minlash;
sudyani malaka imtihonidan o‘tkazish va unga malaka darajasi berish masalalarini ko‘rish uchun tuziladi.
Sudyalar Oliy malaka hay’ati O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi tomonidan, Xo‘jalik sudlari sudyalarining malaka hay’ati esa — Oliy xo‘jalik sudi Plenumi tomonidan besh yil muddatga saylanadilar.
Qoraqalog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar sudyalarining malaka hay’atlari tegishli joylardagi sudyalar yig‘ilishida, harbiy sudlar sudyalarining malaka hay’atlari esa — harbiy sudlar sudyalari yig‘ilishida shu muddatga saylanadilar.
Sudyalar malaka hay’atini tashkil etish va uning faoliyat tartibi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan tasdiqlanadigan Nizom bilan belgilanadi.
3-BOB. SUDYALARNI MODDIY VA IJTIMOIY TA’MINLASh
75-modda. Sudyalarning moddiy ta’minoti
Sudyalarning ish haqi ularning lavozimi bo‘yicha belgilangan maoshdan, shuningdek malaka darajasi, xizmat muddati uchun to‘lanadigan qo‘shimcha haqlardan iborat bo‘lib, uning miqdori O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilanadi.
Sudyalarga har yili Z6 ish kunidan iborat haq to‘lanadigan mehnat ta’tili beriladi.
Sudya saylangan (tayinlangan) kundan boshlab olti oy ichida uy-joy hamda shaxsiy telefon bilan ta’minlanadi.
76-modda. Sudyalarni va ularning oila a’zolarini ijtimoiy himoyalash choralari
Sudyalarning hayoti va sog‘ligi davlatning maxsus muhofazasida bo‘ladi hamda respublika budjetidan davlat tomonidan majburiy tartibda sug‘urta qilinadi.
Quyidagi hollarda davlat sug‘urta organlari sug‘urta summalarini to‘laydi:
sudya o‘z vazifasini bajarish davrida yoki lavozimidan bo‘shaganidan so‘ng halok bo‘lsa (vafot etsa), basharti bu voqea sudya o‘z xizmat vazifasini ado etish paytida olgan tan jarohati yoki sog‘lig‘ining boshqacha shikastlanishi oqibatida ro‘y bersa, uning vorislariga sudyaning 50 oylik ish haqi miqdorida;
sudya xizmat vazifasini bajarish paytida kelajakda o‘z kasbida ishlash imkoniyatidan mahrum qiladigan darajada mayib bo‘lib qolsa yoki salomatligiga boshqacha shikast yetkazilganida — sudyaning 25 oylik ish haqi miqdorida;
sudya xizmat vazifasini bajarish paytida kelajakda o‘z kasbida ishlash imkoniyatidan mahrum etmaydigan va uzoq muddatga mehnat faoliyatini to‘xtatishga olib kelmaydigan tan jarohati yoki salomatligiga boshqa shikast yetkazilganida — sudyaning 5 oylik ish haqi miqdorida.
Sudya xizmat vazifasini bajarish paytida kelajakda o‘z kasbida ishlash imkoniyatidan mahrum qiladigan darajada mayib bo‘lib qolganida yoki salomatligiga boshqacha shikast yetkazilganida, davlat sug‘urta to‘lovlarini hisobga olmagan holda, unga oylik ish haqi bilan tayin etilgan nafaqa o‘rtasidagi farq har oyda to‘lanadi.
Sudya o‘z xizmat vazifasini ado etish paytida olgan tan jarohati yoki sog‘lig‘iga boshqacha shikast yetkazilishi oqibatida halok bo‘lsa (vafot etsa), uning qaramog‘ida bo‘lgan mehnatga qobiliyatsiz oila a’zolariga sudya ish haqining ularning hissasiga to‘g‘ri keladigan qismi bilan boquvchisini yo‘qotganligi munosabati bilan tayinlangan pensiya o‘rtasidagi farq har oyda, davlat sug‘urta to‘lovlarini hisobga olmagan holda to‘lanadi.
Sudyaning xizmat vazifasini bajarishi bilan bog‘liq ravishda unga tegishli mulkni yo‘q qilish yoki shikastlash oqibatida yetkazilgan zarar sudyaga yoki uning oila a’zolariga to‘laligicha qoplanadi.
Mazkur moddada ko‘rsatilgan zarar bo‘yicha to‘lovlar O‘zbekiston Respublikasi budjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi va qonunda ko‘zda tutilgan tartibda aybdor shaxslardan undirib olinadi.
BEShINChI BO‘LIM. YAKUNLOVChI QOIDALAR
77-modda. Sud ijrochisi
Sud qarorlarini majburiy ijro etish uchun sudlarda sud ijrochilari bo‘ladi. Sudda ikki va undan ko‘proq sud ijrochisi bo‘lganda ulardan biri katta ijrochi hisoblanadi.
Sud ijrochisining shaxsiy xavfsizligini ta’minlash maqsadida, sud qarori bo‘yicha ijro harakatlari o‘tkazish vaqtida, zarur hollarda, unga belgilangan tartibda qurol yoki tegishli sud raisining qaroriga binoan ichki ishlar organi tomonidan soqchilar ajratiladi.
Sud qarorini ijro etish tartibi O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari bilan belgilanadi.
78-modda. Sud apparati
Sud apparati uning odil sudlovni amalga oshirish, sud amaliyotini umumlashtirish, sud statistikasini tahlil qilish, shuningdek sudning boshqa vazifalarini bajarishga doir ishlarini ta’minlaydi. Shu maqsadda Oliy sudda, Oliy xo‘jalik sudida boshqarmalar, bo‘limlar va boshqa bo‘linmalar tashkil etiladi.
Boshqarmalar, bo‘limlar rahbarlari va ularning o‘rinbosarlari, yordamchilar, sudlarning bosh va katta konsultantlari, konsultantlari O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Raisi, Oliy xo‘jalik sudi Raisi, Adliya vaziri belgilagan tartibda malaka sinovidan o‘tadilar.
Mansab darajasini belgilash va berish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan tasdiqlanadigan Nizom bilan belgilanadi.
79-modda. Sudlarning tuzilishi va shtatlari
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, harbiy sudlar, xo‘jalik sudlarining tuzilishi va umumiy soni tegishlicha Oliy sud Raisi, Oliy xo‘jalik sudi Raisining taqdimnomasiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oliy sudi, viloyat va Toshkent shahar sudining, tuman (shahar) sudining tuzilishi va umumiy soni O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirining taqdimnomasiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadi.
Sudlarning shtatlar jadvali tegishlicha O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Raisi, Oliy xo‘jalik sudi Raisi va Adliya vaziri tomonidan tasdiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Raisi, Oliy xo‘jalik sudi Raisi, Adliya vaziri, zarur hollarda sudlarning shtatlar jadvaliga ularning umumiy soni va mehnatga haq to‘lash fondi doirasida o‘zgartirishlar kiritadi.
80-modda. Sudlarning moliyaviy va moddiy-texnika ta’minoti
Har bir sud alohida bino va avtotransport bilan ta’minlanadi.
Sudlarni moliyaviy, moddiy-texnikaviy va o‘zgacha ta’minoti, ularning binolarini qo‘riqlash va saqlash respublika budjetidan ajratiladigan mablag‘ hisobidan amalga oshiriladi. Mablag‘ning miqdori O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
Ajratilgan mablag‘ni taqsimlashni:
tuman (shahar), viloyat sudlari, Toshkent shahar sudi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oliy sudi uchun — O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi;
harbiy sudlar uchun — O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi;
Oldingi tahrirga qarang.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, Oliy xo‘jalik sudi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar xo‘jalik sudlari uchun — tegishlicha O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi hamda Oliy xo‘jalik sudi amalga oshiradi.
(80-moddaning uchinchi qismi to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 1996-yil 27-dekabrdagi 357-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1997-y., 2-son, 56-modda)
81-modda. Oliy sud va Oliy xo‘jalik sudining matbuot organi
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi va Oliy xo‘jalik sudi o‘z matbuot organiga ega.
82-modda. Oliy sud va Oliy xo‘jalik sudi huzuridagi ilmiy-maslahat kengashi
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, Oliy xo‘jalik sudi huzurida maslahat ovoziga ega bo‘lgan, jamoatchilik asosida ishlaydigan ilmiy-maslahat kengashi tashkil etiladi.Uning vazifasiga sud amaliyotida kelib chiqadigan qonunlarni qo‘llashga doir masalalar bo‘yicha ilmiy asoslangan tavsiyalar berish kiradi.
83-modda. Sudlar muhri
Sudlar O‘zbekiston Respublikasining Davlat gerbi tasviri va o‘zining nomi ifodalangan muhriga ega.
Oldingi tahrirga qarang.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, Oliy xo‘jalik sudi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oliy sudi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xo‘jalik sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari, Toshkent shahar sudi, Qurolli Kuchlar harbiy sudi, viloyatlar va Toshkent shahar xo‘jalik sudlari yuridik shaxs hisoblanadilar.
(83-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 1996-yil 27-dekabrdagi 357-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1997-y., 2-son, 56-modda)
84-modda. Sud hokimiyatining ramzlari
Sud binosi ustida O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i, sud majlisi zallarida esa O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri o‘rnatiladi.
Sudyalar sudlov ishini maxsus kiyimda olib boradilar. Bu kiyimning tavsifi va namunasi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan tasdiqlanadi.
Sudyalarga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan guvohnoma beriladi.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1993-yil 2-sentabr,
924-XII-son
(O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-y., 10-son, 367-modda; O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1995-y., 9-son, 193-modda; 1997-y., 2-son, 56-modda; 2001-y., 1-2-son, 10-modda)