Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“Kichik biznesni uzluksiz qoʻllab-quvvatlash” kompleks dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan 2023-yildagi ochiq muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2023-yil 4-sentabrdagi PQ-292-son hamda “Kichik biznesni rivojlantirishni moliyaviy va institutsional qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2023-yil 14-sentabrdagi PQ-306-son qarorlari ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Kichik biznesni rivojlantirishni moliyaviy va institutsional qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2023-yil 14-sentabrdagi PQ-306-son qaroriga muvofiq:
“Kichik biznesni uzluksiz qoʻllab-quvvatlash” kompleks dasturi (keyingi oʻrinlarda — Dastur) amalga oshirilishi;
tashabbuskorlar qisqa va oʻrta muddatli amaliy oʻquv kurslarda biznes koʻnikmalariga oʻqitilishi;
amaliy oʻquv kurslarini muvaffaqiyatli tugatib, sertifikat olgan tashabbuskorlar Dastur doirasida moliyaviy va konsultativ qoʻllab-quvvatlanishi;
“Biznesni rivojlantirish banki” ATB Dasturni samarali amalga oshirish va doimiy ravishda takomillashtirib borish boʻyicha asosiy tayanch bank etib belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 14-sentabrdagi PQ-306-sonli “Kichik biznesni rivojlantirishni moliyaviy va institutsional qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori.
2. Quyidagilarni nazarda tutuvchi “Kichik biznesni uzluksiz qoʻllab-quvvatlash” kompleks dasturi tashabbuskorlarini tanlash, ularning loyihalarini qoʻllab-quvvatlash va moliyalashtirish toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
Dastur ishtirokchilarini tanlab olish tartibi;
Kichik biznesga koʻmaklashish markazlari tomonidan oʻqitish jarayonini tashkil etish;
moliyaviy qoʻllab-quvvatlash vositalaridan foydalanish yoʻnalishlari va tartibi;
tashabbuskorlarga konsultativ xizmatlar koʻrsatish tartibi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 10-noyabrdagi PF-193-sonli “Kichik va oʻrta biznesni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni.
3. Belgilansinki:
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi Dastur doirasida oʻquv jarayonlarini tashkil etish, oʻquv dasturlarini zamonaviy yondashuvlar asosida ishlab chiqish, oʻqitish boʻyicha trenerlarni tanlash va Kichik biznesga koʻmaklashish markazlarining (keyingi oʻrinlarda — markazlar) rahbar va xodimlari malakasini oshirishga masʼul hisoblanadi;
markazlar oʻquv jarayonlarini Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi, uning hududiy filiallari, oliy taʼlim muassasalari, “Ishga marhamat” monomarkazlari, kasb-hunarga oʻqitish markazlari, sanoat korxonalari, erkin iqtisodiy zonalari va kichik sanoat zonalari, texnoparklar hamda sanoat klasterlari bilan oʻzaro hamkorlikda amalga oshiradi;
Dasturda ishtirok etadigan tijorat banklari tomonidan amaliy oʻquv kurslarini muvaffaqiyatli tugatib, sertifikat olgan tashabbuskorlar loyihalari mazkur qarorga 1-ilovaga muvofiq tartibda moliyalashtiriladi;
Dasturda ishtirok etish, moliyaviy va konsultativ qoʻllab-quvvatlash vositalaridan foydalanish borasidagi barcha jarayonlar, shu jumladan, tijorat banklari tomonidan soddalashtirilgan tartibda qaror qabul qilish, kredit shartnomalarini rasmiylashtirish va loyihalarni monitoring qilish Biznes portal orqali amalga oshiriladi.
4. Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda tijorat banklarining quyidagi takliflariga rozilik berilsin:
a) “Biznesni rivojlantirish banki” ATBga joylashtirilgan:
223 mlrd soʻm miqdoridagi subordinar qarzning asosiy qarz toʻlovini 2030-yildan boshlab 5 yil davomida teng ulushlarda qaytarish;
320,9 mlrd soʻm miqdoridagi kredit liniyasi mablagʻlarini qaytarishning soʻnggi muddatini oʻzgartirmagan holda, asosiy qarz toʻlovini 2030-yildan boshlab teng ulushlarda toʻlab berish sharti bilan subordinar qarz sifatida qayta rasmiylashtirish;
b) “Mikrokreditbank” ATBga 977 mlrd soʻm miqdoridagi resurs joylashtirish maqsadida tuzilgan kredit va depozit shartnomalari boʻyicha qoldiq summasini shartnomalarning dastlabki shartlarini oʻzgarishsiz qoldirgan holda subordinar qarz sifatida qayta rasmiylashtirish;
v) “Har bir oila — tadbirkor” dasturi doirasida “Mikrokreditbank” ATBga joylashtirilgan 425 mlrd soʻm miqdoridagi depozit mablagʻlarni qaytarish muddatini 7 yilga uzaytirish.
Bunda mazkur bandning “a” va “b” kichik bandlarida nazarda tutilgan mablagʻlar Dastur doirasidagi loyihalarni moliyalashtirishga yoʻnaltiriladi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi ikki hafta muddatda tegishli shartnomalarga ushbu banddan kelib chiqib oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishini taʼminlasin.
Oldingi tahrirga qarang.
(Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 25-dekabrdagi PQ-455-sonli qaroriga asosan 5-bandning oʻz kuchini yoʻqotish sanasi — 2025-yil 1-yanvar — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2024-y., 07/24/455/1092-son)
6. 2024-yil 1-fevraldan boshlab shunday tartib oʻrnatilsinki, unga koʻra:
Soliq qoʻmitasi Biznes portaldagi maʼlumotlar asosida Dastur doirasida moliyaviy qoʻllab-quvvatlash vositalaridan foydalanishni boshlagan kichik tadbirkorlik subyektlari toʻlagan soliq summasining ikki yil davomida alohida hisobini yuritadi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligiga har oyda maʼlumot taqdim etib boradi;
Iqtisodiyot va moliya vazirligi har yarim yillik yakunlari boʻyicha Soliq qoʻmitasi maʼlumotlari asosida mazkur tadbirkorlik subyektlari tomonidan toʻlangan soliqlar hajmiga teng miqdorda “Biznesni rivojlantirish banki” ATBga foizsiz budjet ssudasi ajratadi.
7. “Biznesni rivojlantirish banki” ATB:
ikki oy muddatda xalqaro moliya institutlari, konsalting kompaniyalari va ekspertlarni jalb etgan holda bankning aktivlari, operatsion va biznes jarayonlarini toʻliq xatlovdan oʻtkazib, samarasiz xarajatlarni qisqartirish va bank tashkiliy tuzilmasini optimallashtirish chora-tadbirlarini;
2024-yil 1-aprelga qadar 2024 — 2026-yillarda bankni rivojlantirish va raqamli transformatsiya qilish strategiyasini tasdiqlasin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Kichik biznesni rivojlantirishni moliyaviy va institutsional qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2023-yil 14-sentabrdagi PQ-306-son qaroriga muvofiq “Biznesni rivojlantirish banki” ATBning 1,14 trln soʻmlik qoʻshimcha aksiyalarni chiqarish toʻgʻrisidagi qarori Istiqbolli loyihalar milliy agentligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
Istiqbolli loyihalar milliy agentligiga Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi tomonidan “Biznesni rivojlantirish banki” ATB ustav kapitalini oshirish uchun ajratilgan 75,0 mln AQSH dollari miqdoridagi mablagʻlar hisobidan “Biznesni rivojlantirish banki” ATBning qoʻshimcha aksiyalar chiqarish toʻgʻrisidagi qaroriga tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi munosabati bilan uni davlat roʻyxatidan oʻtkazish tavsiya etilsin.
9. “Mikrokreditbank” ATB hamda Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligining:
aholini kasb-hunarga oʻqitish va malakasini oshirish, kasanachilarga kompleks yordam berish, kasanachilar va faoliyatini kasanachilik asosida tashkil etmoqchi boʻlgan tadbirkorlik subyektlariga bepul maslahat, konsalting xizmatlarini koʻrsatishga ixtisoslashgan “Kasanachilar maktabi”ni tashkil etish;
tajribali kasanachilarni “Kasanachilar maktabi”da muassis sifatida ishtirok etishga jalb qilish;
har yili oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida “Mikrokreditbank” ATBga ajratilgan resurslarning kamida 100 mlrd soʻm qismini kasanachilik loyihalarini moliyalashtirishga yoʻnaltirish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.
10. Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi:
“Mikrokreditbank” ATBga “Kasanachilar maktabi” faoliyatini tashkil etish va oʻquv dasturlarini ishlab chiqishga uslubiy koʻmaklashsin;
Oldingi tahrirga qarang.
“Kasanachilar maktabi”da ishsiz va band boʻlmagan fuqarolarni oʻqitish, kasanachilarga asbob-uskunalar va xom ashyo xarid qilish xarajatlari belgilangan tartibda Kambagʻallikni qisqartirish davlat maqsadli jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan qoplab berilishini taʼminlasin.
(10-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 7-noyabrdagi 709-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.11.2025-y., 09/25/709/1027-son)
11. Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 22-fevraldagi 86-son qarori bilan tasdiqlangan Maxsus elektron tizim orqali ruxsat etish xususiyatiga ega ayrim hujjatlarni berish tartib-taomillari toʻgʻrisidagi yagona nizomga 2-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
12. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri J.A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2024-yil 20-yanvar,
37-son

Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 20-yanvardagi 37-son qaroriga

1-ILOVA
“Kichik biznesni uzluksiz qoʻllab-quvvatlash” kompleks dasturi tashabbuskorlarini tanlash, ularning loyihalarini qoʻllab-quvvatlash va moliyalashtirish toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom “Kichik biznesni uzluksiz qoʻllab-quvvatlash” kompleks dasturida ishtirok etish huquqiga ega tashabbuskorlar loyihalarini tanlab olish, moliyalashtirish hamda monitoring qilish tartibini belgilaydi.
2. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
Dastur — kichik biznes subyektlarini moliyaviy va konsultativ qoʻllab-quvvatlashni nazarda tutuvchi “Kichik biznesni uzluksiz qoʻllab-quvvatlash” kompleks dasturi;
Jamgʻarma — Dasturni amalga oshirishni tashkil etish hamda “Kichik biznesga koʻmaklashish markazi” MCHJlar faoliyatini muvofiqlashtirib borishga masʼul “Kichik biznesni rivojlantirish jamgʻarmasi” MCHJ;
markazlar — Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida Dastur doirasida tashabbuskorlarni oʻqitish, loyihalarni amalga oshirishga koʻmaklashish va ularning monitoringini yuritishga masʼul boʻlgan “Kichik biznesga koʻmaklashish markazi” MCHJlar;
hamkor banklar — Dastur doirasida loyihalarni moliyalashtirishda ishtirok etuvchi AT “Xalq banki”, “Mikrokreditbank” ATB va boshqa tijorat banklari;
hokim yordamchisi — mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha tuman (shahar) hokimi yordamchisi;
moliyaviy qoʻllab-quvvatlash vositalari — Dastur doirasida kredit ajratish, lizing berish, foizsiz boʻlib toʻlash sharti bilan qarz ajratish, loyihalarda ulushdor boʻlib ishtirok etish va grant mablagʻlari taqdim etish orqali koʻrsatiladigan qoʻllab-quvvatlash choralari;
konsultativ qoʻllab-quvvatlash choralari — Dastur doirasida litsenziya, ruxsatnoma va sertifikatlar olish, soliq, bojxona, tashqi savdo faoliyati, davlat xaridlari, yer uchastkalari va bino-inshootlar ajratish masalalarida koʻmaklashish, shuningdek, imtiyoz va preferensiyalar, boshqa yengilliklar va imkoniyatlar boʻyicha maʼlumot va maslahatlar berish;
baholash guruhi — istiqbolli loyihalarni tanlab olish, toifalarga ajratish va biznes loyihani baholashga masʼul markazlar huzuridagi Loyihalarni baholash va tanlash guruhi;
loyiha tashabbuskori — kamida 1 yil uzluksiz faoliyat yuritib kelayotgan yakka tartibdagi tadbirkorlar, dehqon xoʻjaliklari, oʻzini oʻzi band qilganlar, hunarmandlar, kasanachilar, shuningdek, uch va undan ortiq kishini doimiy ish bilan taʼminlab kelayotgan kichik tadbirkorlik subyektlari va nodavlat taʼlim tashkilotlari hamda oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida oʻz biznes loyihalarini muvaffaqiyatli amalga oshirib, ijobiy kredit tarixiga ega yuridik va jismoniy shaxslar;
vakolatli organlar — Dastur doirasida loyiha tashabbuskorlarini tanlash, oʻqitish, loyihalarni baholash va amalga oshirish bilan bogʻliq jarayonlarda oʻzaro hamkorlik qiluvchi tashkilotlar;
Biznes portal — Dasturda ishtirok etish bilan bogʻliq biznes jarayonlarni avtomatlashtirilgan holda tashkil etish va muvofiqlashtirib borish imkonini beradigan elektron platforma;
sertifikat — amaliy oʻquv kursini muvaffaqiyatli tugatib, biznes rejasini himoya qilgan loyiha tashabbuskoriga markazlar tomonidan taqdim qilinadigan va Dastur doirasida moliyaviy qoʻllab-quvvatlash vositalaridan foydalanish huquqini beruvchi QR-kodli (shtrixli) hujjat;
yuqori texnologik startap — soʻnggi texnologiyalar va ilm-fan yutuqlariga asoslangan innovatsion mahsulotlarni (xizmatlarni) ishlab chiqarish (koʻrsatish) va tijoratlashtirish, yangi yechimlarni joriy etish yoki mavjudlarini yaxshilashga qaratilgan tavakkalchiligi yuqori boʻlgan loyiha;
ulushga konvertatsiya qilinadigan investitsiya — investor, jumladan, venchur fondi tomonidan startap loyihaga kelgusida uning negizida tashkil etiladigan yuridik shaxs ustav kapitalidagi ulushga konvertatsiya qilish sharti bilan yoʻnaltiriladigan investitsiyalar.
3. Dasturda ishtirok etish va moliyaviy qoʻllab-quvvatlash choralaridan Biznes portal orqali foydalaniladi va shu bilan bogʻliq biznes jarayonlarining har bir bosqichini onlayn kuzatish imkoniyati yaratiladi.
4. Dastur doirasida loyiha tashabbuskorlarini baholash, oʻqitish, moliyaviy, konsultativ qoʻllab-quvvatlash va loyiha monitoringini yuritish ushbu Nizomga 1-ilovadagi sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
2-bob. Dastur ishtirokchilarini tanlab olish tartibi
5. Loyiha tashabbuskori Dasturda ishtirok etish uchun Biznes portal orqali onlayn tarzda ikki bosqichda murojaat qiladi:
1-bosqichda — loyihani tanlab olish va amaliy oʻquv kursida ishtirok etish uchun loyihaning dastlabki hisob-kitoblari hamda foydalanish rejalashtirilgan moliyaviy qoʻllab-quvvatlash vositalari koʻrsatilgan ariza yuboriladi;
2-bosqichda — sertifikat olgandan soʻng zarur hujjatlarni ilova qilgan holda moliyaviy qoʻllab-quvvatlash vositalaridan foydalanish uchun ariza yuboriladi.
Dastur doirasida grant mablagʻlarini taqdim etish vositasidan foydalanish uchun loyiha tashabbuskorlari mazkur Nizom 4-bobining 6-paragrafida belgilangan tartibda Biznes portal orqali murojaat qiladi.
6. Loyihani tanlab olish va amaliy oʻquv kursida ishtirok etish uchun ariza berilgandan soʻng Biznes portal orqali loyiha tashabbuskori ikki ish kunida skoringdan oʻtkaziladi.
Skoring uchun zarur maʼlumotlar davlat organlari va tashkilotlari hamda tijorat banklaridan elektron axborot almashinuvi orqali olinadi.
Loyiha tashabbuskori skoring natijalari toʻgʻrisida Biznes portal orqali xabardor qilinadi.
7. Hokim yordamchisi uch kun muddatda bevosita joyiga chiqqan holda skoringdan oʻtgan loyiha tashabbuskori bilan uchrashib, uning ushbu Nizomga 2-ilovadagi savolnoma asosida belgilangan mezonlarga muvofiqligini oʻrganadi hamda natijalari toʻgʻrisidagi xulosani Biznes portalga joylashtiradi.
Hokim yordamchisining ijobiy xulosalari asosida Biznes-portalda avtomatik ravishda tashabbuskorlarning dastlabki roʻyxati shakllantiriladi.
8. Markazlar huzurida ushbu Nizomga 3-ilovaga muvofiq namunaviy tarkibda loyihalarni baholash va tanlash guruhlari tashkil qilinadi.
Loyiha tashabbuskorlarining faoliyat davri, pul aylanmasi va ishchilar soniga qarab, ularning tadbirkorlik koʻnikmasi va biznes-rejalarining yashovchanligi samaradorligi Jamgʻarma tomonidan tasdiqlanadigan metodika asosida baholanadi. Baholash metodikasi Biznes portalga joylashtiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
9. Baholash guruhlari uch ish kunida dastlabki roʻyxatga kiritilgan loyiha tashabbuskorlarining istiqbolli loyihalarini tanlab oladi va ushbu Nizomga 4-ilovaga muvofiq ularni toifalarga ajratadi.
Baholash guruhining har bir aʼzosi loyihalarni tanlab olish va toifalarga ajratish masalalarida uch ish kunida oʻz fikr va mulohazalarini berishi shart. Guruh aʼzosi ushbu muddat davomida munosabat bildirmagan taqdirda, u tomonidan ijobiy xulosa berilgan deb hisoblanadi.
(9-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 30-martdagi 181-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.04.2024-y., 09/24/181/0259-son)
3-bob. Markazlar tomonidan oʻqitish jarayonini tashkil etish
10. Markazlar loyiha tashabbuskorlarini oʻqitish uchun Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi va uning hududiy filiallari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Innovatsion rivojlanish agentligi, oliy taʼlim muassasalari, “Ishga marhamat” monomarkazlari, kasb-hunarga oʻqitish markazlari, sanoat korxonalari, erkin iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalari, texnoparklar hamda sanoat klasterlari bilan hamkorlikda qisqa va oʻrta muddatli amaliy oʻquv kurslarini tashkil qiladi.
Oʻquv kurslarini samarali tashkil qilish maqsadida shartnoma asosida nodavlat taʼlim tashkilotlari ham jalb qilinishi mumkin.
11. Loyiha tashabbuskorlari amaliy oʻquv kurslarida kichik tadbirkorlik subyektlarining loyihalari boʻyicha biznes-rejalarni ishlab chiqish, moliyalashtirish va ishga tushirish, sotuv bozorlarini kengaytirish, xususiy investitsiya sheriklarini jalb qilish, biznesni tashkil etish hamda yuritish bilan bogʻliq boshqa yoʻnalishlar boʻyicha oʻqitiladi.
12. Loyiha tashabbuskorlari amaliy oʻquv kurslari yakunlarida biznes-rejasini himoya qiladi.
13. Qisqa va oʻrta muddatli amaliy oʻquv kurslarini muvaffaqiyatli tugatgan va oʻz loyihasini himoya qilgan loyiha tashabbuskorlariga bir kun muddatda markazlar tomonidan Dastur doirasidagi qoʻllab-quvvatlash mexanizmlaridan foydalanish huquqini beradigan sertifikat taqdim etiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Bunda oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar, hunarmandlar, kasanachilar va oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida oʻz biznes loyihalarini muvaffaqiyatli amalga oshirgan jismoniy shaxslar moliyaviy instrumentlardan foydalanish huquqini qoʻlga kiritganda belgilangan tartibda tadbirkorlik subyekti sifatida davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi lozim.
(13-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 30-martdagi 181-sonli qaroriga asosan xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.04.2024-y., 09/24/181/0259-son)
4-bob. Moliyaviy qoʻllab-quvvatlash vositalaridan foydalanish tartibi
14. Moliyaviy qoʻllab-quvvatlash vositalaridan foydalanish boʻyicha ariza loyiha tashabbuskori tomonidan mustaqil ravishda yoki markazlarning koʻmagi bilan Biznes portal orqali taqdim etiladi.
15. Loyiha tashabbuskori oʻz arizasida quyidagi moliyaviy qoʻllab-quvvatlash vositalaridan birini yoki bir nechtasini koʻrsatishi mumkin:
100,0 mln soʻmgacha garovsiz kredit;
150,0 mln soʻmgacha garov talabi pasaytirilgan revolver kredit;
Oldingi tahrirga qarang.
500,0 mln soʻmgacha kredit;
(15-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 30-martdagi 181-sonli qaroriga asosan toʻrtinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.04.2024-y., 09/24/181/0259-son)
1,0 mlrd soʻmgacha kredit;
1,5 mlrd soʻmgacha kredit;
1,5 mlrd soʻmgacha lizing xizmati;
1,5 mlrd soʻmgacha foizsiz boʻlib toʻlash sharti bilan qarzga asosiy vosita olib berish;
loyiha qiymatining 20 foizigacha qismiga, biroq 1,0 mlrd soʻmgacha boʻlgan miqdorda ulushdor boʻlib ishtirok etish;
2,0 mlrd soʻmgacha grant mablagʻlari taqdim etish.
Oldingi tahrirga qarang.
151. Oʻzini oʻzi band qilgan shaxslarga tadbirkorlik faoliyatini boshlash uchun 100 mln soʻmgacha garovsiz kreditlarning 50 foiz qismi ularning bank kartasiga oʻtkazib berilishi mumkin.
(151-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 30-martdagi 181-sonli qaroriga asosan kiritilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.04.2024-y., 09/24/181/0259-son)
16. Loyiha tashabbuskoriga bir vaqtning oʻzida bir nechta moliyaviy qoʻllab-quvvatlash vositalari taqdim qilinganda, ularning umumiy miqdori 2 mlrd soʻmdan oshmasligi lozim.
Tadbirkorlik subyektlari ushbu limit doirasida mavjud kreditga qoʻshimcha ravishda moliyaviy qoʻllab-quvvatlash vositalaridan takroran foydalanishlariga ruxsat etiladi.
17. Moliyalashtirish maʼqullangan arizalar mavjud resurs mablagʻlari doirasida roʻyxatga olingan identifikatsiya raqami ketma-ketligi asosida moliyalashtirib boriladi.
18. Dastur boʻyicha taqdim qilinadigan moliyaviy qoʻllab-quvvatlash vositalari tijorat banklarida buxgalteriya hisobining hisobvaraqlar rejasiga muvofiq alohida hisobvaraqlarda yuritiladi.
1-§. Kredit va lizing ajratish
19. Loyiha tashabbuskori kredit (yoki lizing) xizmatidan foydalanish uchun Biznes portal orqali oʻz arizasiga xizmat koʻrsatuvchi tijorat bankining ichki kredit siyosatidan kelib chiqib tegishli hujjatlarni ilova qiladi.
Talab etiladigan hujjatlar roʻyxati tayanch bank va hamkor banklar tomonidan Biznes portalga joylashtiriladi.
20. Loyiha tashabbuskorlaridan qoʻshimcha hujjatlar talab qilishga yoʻl qoʻyilmaydi. Tijorat banklari boshqa idoralarda mavjud axborot va maʼlumotlarni Biznes portal orqali idoralararo elektron hamkorlik yoʻli bilan mustaqil ravishda oladi.
21. Arizalar besh ish kunidan oshmagan muddatda koʻrib chiqilib, natijasi boʻyicha kredit (lizing) ajratish yoki uni rad etish haqida qaror qabul qilinadi.
Bunda 1 mlrd soʻmgacha kredit (lizing) ajratish toʻgʻrisidagi qaror tijorat banklarining hududiy filiallari tomonidan qabul qilinadi.
22. Tegishli hujjatlar toʻliq taqdim etilmagan yoki yolgʻon maʼlumotlar taqdim etilgan hollarda, arizani koʻrib chiqish rad etiladi. Boshqa sabablarga koʻra arizani koʻrib chiqishni rad etish taqiqlanadi.
2-§. Foizsiz boʻlib toʻlash sharti bilan qarzga asosiy vosita olib berish
23. Loyiha tashabbuskori Biznes portal orqali oʻz arizasiga Jamgʻarma qarori asosida belgilangan hujjatlarni ilova qiladi. Bunda mazkur hujjatlar roʻyxati Biznes portalda ochiq-oshkora eʼlon qilinadi va unda nazarda tutilmagan hujjatlarni talab qilish taqiqlanadi.
24. Arizalar besh ish kunidan oshmagan muddatda koʻrib chiqilib, natijasi boʻyicha markazlar tomonidan mazkur moliyaviy yordam instrumentini taqdim etish yoki uni rad etish haqida qaror qabul qilinadi.
25. Tegishli hujjatlar toʻliq taqdim etilmagan yoki yolgʻon maʼlumotlar taqdim etilgan, shuningdek, talabgor belgilangan talablarga nomuvofiq boʻlgan hollarda moliyaviy yordam vositasini taqdim etish rad etiladi. Boshqa sabablarga koʻra, arizani koʻrib chiqishni rad etish taqiqlanadi.
3-§. Loyihalarda davlat mulki obyekti bilan ulushdor boʻlib ishtirok etish vositasi
26. Loyiha tashabbuskori yangi loyihalarga va mavjud ishlab chiqarishni kengaytirishga oid loyihalariga boʻsh turgan davlat mulki obyektlari (keyingi oʻrinlarda — obyekt) bilan mazkur loyiha amalga oshirilayotgan tadbirkorlik subyektining ustav kapitaliga ulushdor boʻlib kirish toʻgʻrisidagi arizani Biznes portal orqali quyidagilarni ilova qilgan holda markazlarga yuboradi:
aniq obyektga doir tegishli maʼlumotlar;
loyiha qiymati, shu jumladan, loyiha tashabbuskori tomonidan moliyalashtiriladigan qismining manbalari.
27. Markazlar tomonidan loyiha tashabbuskori hisoblangan tadbirkorlik subyekti ustav kapitalida ishtirok etishi quyidagilar orqali amalga oshiriladi:
savdoda turgan obyektni sotib olish toʻlovlarini amalga oshirish uchun Markazlar tomonidan mazkur toʻlov summasini (yoki uning bir qismini) maqsadli ravishda Markazlar ulushi sifatida rasmiylashtirish sharti bilan loyiha tashabbuskoriga oʻtkazib berish orqali;
savdoga qoʻyilmagan obyektlarni Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) tomonidan markazlar ulushi sifatida loyiha tashabbuskoriga ustav kapitaliga kiritish orqali. Bunda mazkur obyektning baholash tashkiloti tomonidan aniqlangan qiymati (yoki uning bir qismi) markazlar tomonidan Agentlikka bir oy muddatda oʻtkazib beriladi.
3.1-§. Savdoda turgan obyekt qiymati toʻlovlarini amalga oshirish
28. Savdoda turgan obyekt qiymati toʻlovlarini amalga oshirish uchun loyiha tashabbuskori tomonidan markazlarga quyidagilar taqdim etiladi:
auksion natijalari toʻgʻrisidagi bayonnoma;
loyiha tashabbuskorining ustav kapitalida shakllanadigan markazlarga tegishli ulush miqdori hamda tadbirkorlik subyekti taʼsischilari safiga kiritilishini maʼqullash toʻgʻrisidagi Ishtirokchilar umumiy yigʻilishi qarori;
loyihani amalga oshirish biznes-rejasi.
29. Markazlar bir hafta muddatda taqdim etilgan hujjatlar toʻliqligi, biznes-rejaning Baholash metodikasiga muvofiqligini oʻrganib chiqib, loyiha tashabbuskoriga moliyaviy yordam vositasini taqdim etish yoki uni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
30. Markazlar oʻz qarorini qabul qilgandan keyin ikki kun muddatda loyiha tashabbuskori bilan tadbirkorlik subyekti ustav kapitalida ishtirok etish toʻgʻrisidagi kelishuv loyihasini taqdim etadi.
Kelishuv tuzilgandan soʻng obyekt qiymati toʻlovlari summasi (summaning bir qismi) tadbirkorlik subyektiga oʻtkazib beriladi.
3.2-§. Savdoga qoʻyilmagan obyektlarni Agentlik tomonidan markazlar ulushi sifatida loyiha tashabbuskori ustav kapitaliga kiritish
31. Savdoga qoʻyilmagan obyektni Agentlik tomonidan markazlar ulushi sifatida loyiha tashabbuskori ustav kapitaliga kiritish uchun loyiha tashabbuskori tomonidan markazga biznes-reja taqdim etiladi.
32. Markazlar bir hafta muddatda biznes-rejaning Baholash metodikasiga muvofiqligini oʻrganib chiqib, loyiha tashabbuskoriga moliyaviy yordam vositasini taqdim etish yoki rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
33. Moliyaviy yordam vositasini taqdim etish toʻgʻrisida qaror qabul qilinganda:
markazlar tomonidan ikki kun muddatda Agentlikka obyektni loyiha tashabbuskorining ustav kapitaliga kiritish maqsadida uni baholash va ustav kapitaliga markazlar ulushi sifatida berish toʻgʻrisida qaror qabul qilish yuzasidan Biznes portal orqali murojaat yuboradi;
Agentlik ikki hafta muddatda obyektni tadbirkorlik subyekti ustav kapitaliga kiritish masalasini balansda saqlovchi bilan kelishadi.
Balansda saqlovchi roziligi olingan holda ikki hafta muddatda obyektni baholanishini tashkil etadi va baholash hisobotini markazlarga taqdim etadi. Bunda baholash xizmatlari haqi markazlar tomonidan Agentlikka qoplab beriladi;
Markaz tomonidan ikki kun muddatda obyektni baholash toʻgʻrisidagi hisobot loyiha tashabbuskoriga taqdim etiladi.
34. Loyiha tashabbuskori tomonidan markazlarga loyiha tashabbuskorining ustav kapitalida shakllanadigan Markazga tegishli ulush miqdori hamda tadbirkorlik subyekti taʼsischilari safiga kiritilishini maʼqullash toʻgʻrisidagi Ishtirokchilar umumiy yigʻilishi qarori taqdim etiladi.
35. Markazlar ikki kun muddatda loyiha tashabbuskori bilan tadbirkorlik subyekti ustav kapitalida ishtirok etish toʻgʻrisidagi kelishuv loyihasini taqdim etadi.
Kelishuv tuzilgandan soʻng Agentlik tomonidan obyektni loyiha tashabbuskori ustav kapitaliga markazlar ulushini shakllantirish hisobiga kiritish toʻgʻrisida buyruq qabul qilinadi va obyektni sotib olish toʻlovlari summasi (summasining bir qismi) markazlar tomonidan Agentlikka oʻtkazib beriladi. Bunda obyektning baholangan qiymati loyiha tashabbuskori ustav kapitalining 20 foizdan ortigʻini tashkil etsa, obyekt uchun toʻlovning qolgan qismi loyiha tashabbuskori tomonidan toʻlanadi.
4-§. Loyihalarda yer uchastkalari bilan ulushdor boʻlib ishtirok etish
36. Qishloq xoʻjaligida foydalanilmaydigan yer uchastkalariga (keyingi oʻrinlarda — yer uchastkalari) boʻlgan mulk huquqi va ijara huquqi loyiha tashabbuskori tomonidan elektron onlayn-auksion orqali loyihani amalga oshirishning ehtiyojidan kelib chiqib sotib olinadi.
Yer uchastkalarini sotib olish uchun loyiha tashabbuskori tomonidan markazlarga quyidagilar taqdim etiladi:
auksion natijalari toʻgʻrisidagi bayonnoma;
loyiha tashabbuskorining ustav kapitalida shakllanadigan markazlarga tegishli ulush miqdori hamda tadbirkorlik subyekti taʼsischilari safiga kiritilishini maʼqullash toʻgʻrisidagi Ishtirokchilar umumiy yigʻilishi qarori;
loyihani amalga oshirish biznes-rejasi.
37. Markazlar bir hafta muddatda taqdim etilgan hujjatlar toʻliqligi, biznes-rejaning Baholash metodikasiga muvofiqligini oʻrganib chiqib, loyiha tashabbuskoriga moliyaviy yordam vositasini taqdim etish yoki uni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
38. Markazlar oʻz qarorini qabul qilgandan keyin ikki kun muddatda loyiha tashabbuskori bilan tadbirkorlik subyekti ustav kapitalida ishtirok etish toʻgʻrisidagi kelishuv loyihasini taqdim etadi.
Kelishuv tuzilgandan soʻng obyekt qiymati summasi (summaning bir qismi) tadbirkorlik subyektiga oʻtkazib beriladi.
5-§. Loyihalarda asbob-uskunalar, bino va inshootlar hamda boshqa koʻrinishdagi moddiy aktivlar bilan ulushdor boʻlib ishtirok etish
39. Asbob-uskunalar, bino va inshootlar hamda boshqa koʻrinishdagi moddiy aktivlarni (keyingi oʻrinlarda — moddiy aktivlar) markazlar ulushi sifatida loyiha tashabbuskorining ustav kapitaliga kiritish uchun loyiha tashabbuskori Biznes portal orqali markazlarga ariza beradi.
Arizaga quyidagi maʼlumotlar ilova qilinadi:
bino va inshoot(lar) boʻyicha — joylashgan joyi, oʻlchamlari, konstruksiyalari, texnik holati, narxiga tegishli maʼlumotlar;
asbob-uskuna va boshqa koʻrinishdagi moddiy aktivlar boʻyicha — ularning xususiyati, texnologik vazifasi va narxiga tegishli maʼlumotlar;
loyihani amalga oshirish biznes-rejasi.
40. Markazlar bir hafta muddatda (baholash talab etilgan taqdirda bir oydan ortiq boʻlmagan muddatda) taqdim etilgan hujjatlarni toʻliqligi, biznes-rejaning Baholash metodikasiga muvofiqligini oʻrganib chiqib, loyiha tashabbuskoriga moliyaviy yordam vositasini taqdim etish yoki uni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
Bunda markazlar koʻchmas mulk obyektlari narxiga oid shakllangan bozor maʼlumotlari tahlilidan kelib chiqib, obyektning mulkdori bilan kelishuvga asosan obyektni baholashdan oʻtkazishi mumkin.
41. Moliyaviy yordam vositasini taqdim etish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan taqdirda, markazlar bir kun muddatda loyiha tashabbuskoriga kelishuv loyihasini yuboradi.
Bunda obyektni sotib olish shartlari, sotib olishdagi markazlarning hamda loyiha tashabbuskorining ulushi, oldi-sotdi shartnomasi loyihasi (mavjud boʻlsa) hamda bino va inshootni kiritish hisobiga tadbirkorlik subyektining ustav kapitalidagi ulushlar taqsimotiga oid hisob-kitoblar koʻrsatiladi.
42. Loyiha tashabbuskori bir oy muddatdan kechikmay kelishuv loyihasini maʼqullaydi yoki rad etadi. Kelishuv maʼqullanganda, markazlarning tadbirkorlik subyekti taʼsischilari safiga kiritilishini maʼqullash toʻgʻrisidagi qaror ilova qilinadi.
43. Bino va inshoot markazlar tomonidan sotib olinganda oldi-sotdi shartnomasi ikki tomonlama tarzda, markazlar tomonidan loyiha tashabbuskori ishtirokida sotib olinganda uch tomonlama tarzda rasmiylashtiriladi.
Sotib olingan bino va inshootni loyiha tashabbuskori hisoblangan tadbirkorlik subyekti ustav kapitaliga kiritish masalasi u sotib olingandan keyin uch kundan kechiktirmay tadbirkorlik subyektining tegishli boshqaruv organi muhokamasiga kiritilishi lozim.
6-§. Loyihalar uchun grant mablagʻlarini taqdim etish
44. Loyiha tashabbuskori Biznes portal orqali markazlarga ariza taqdim etadi va unga Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 9-martdagi 133-son qarori bilan tasdiqlangan “Startap” loyihalarni tasdiqlash, moliyalashtirish va amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom talablari asosida ishlab chiqilgan loyiha hujjatlarini ilova qiladi.
45. Arizalarga muvofiq loyiha hujjatlari besh ish kunida baholash guruhlari tomonidan quyidagi mezonlar asosida 100 ballik shkala boʻyicha baholanadi:
innovatsionligi;
ijtimoiy qiymati va taʼsiri;
asoschi va jamoaning salohiyati;
yechimning maqsadga muvofiqligi;
amaldagi holati;
amalga oshirish samaradorligi;
loyihaning mavjud analoglaridan farqi xamda mavjud raqobatchilardan afzalligi;
loyihaning investitsion jozibadorligi hamda yuqori oʻsish salohiyatiga ega ekanligi;
loyihaning amalga oshirilishidan kutilayotgan natija;
moliyaviy koʻrsatkichlar tahlili.
Bunda 70 balldan yuqori baholangan loyihalar tanlab olinadi va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Innovatsion rivojlanish agentligiga yuboriladi.
46. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Innovatsion rivojlanish agentligi oʻn besh ish kunida taqdim etilgan loyiha hujjatlarini koʻrib chiqib, maʼqullangan loyihalarni markazlarga taqdim etadi. Bunda Innovatsion rivojlanish agentligi:
loyihalarni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Ilmiy-texnik kengash muhokamasiga kiritilishini;
Ilmiy-texnik kengash muhokamasidan muvaffaqiyatli oʻtgan loyihalarni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Ilm-fan va innovatsiyalar kengashi muhokamasida startap loyihani moliyalashtirish toʻgʻrisida qaror qabul qilinishini tashkil qiladi.
47. Markazlar maʼqullangan loyiha tashabbuskorlarini mazkur Nizomning 3-bobida belgilangan tartibda maxsus dasturlar asosida oʻqitadi va sertifikat olgan tashabbuskorlarni grant mablagʻlari ajratish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Innovatsion rivojlanish agentligiga yoʻnaltiradi.
48. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Innovatsion rivojlanish agentligi mazkur loyihalarni oʻn besh kun muddatda belgilangan tartibda moliyalashtirishni boshlaydi.
49. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Innovatsion rivojlanish agentligi davlat ilmiy dasturlari doirasida moliyalashtirilgan tijoratlashtirish va startap loyihalari roʻyxatini amaliyotga joriy qilish va kengaytirishni qoʻllab-quvvatlash maqsadida markazlarga taqdim etib boradi.
5-bob. Maslahat xizmatlarini koʻrsatish tartibi
50. Loyiha tashabbuskorlari soʻroviga koʻra, markazlar tomonidan quyidagi masalalar boʻyicha maʼlumot va maslahatlar beriladi:
litsenziya, ruxsatnoma va sertifikatlar olish, bojxona hamda soliq maʼmuriyatchiligi, eksport va import operatsiyalari, shartnomalarni rasmiylashtirish;
davlat xaridlarida ishtirok etish, shuningdek, yer uchastkalari, bino va inshootlarni sotib olish yoki ijaraga olish va loyihalashtirish;
tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha amaldagi imtiyoz va preferensiyalar, mavjud boshqa yengilliklar va imkoniyatlar.
51. Markazlar zarur hollarda loyiha tashabbuskorlariga davlat organlaridan tegishli hujjatlarni olish, shuningdek, imtiyoz va preferensiyalar qoʻllanilishini taʼminlashda koʻmaklashadi.
6-bob. Yakunlovchi qoidalar
52. Ushbu Nizom talablarini buzganlikda aybdor shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
53. Dastur doirasida loyiha tashabbuskori yoki ishtirokchilar vakolatli organlarning, Jamgʻarma, markazlar va tijorat banklari masʼul xodimlarining, hokim yordamchisining harakatlari (harakatsizligi) ustidan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda shikoyat qilishi mumkin.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 55-moddasi, “Sudlar toʻgʻrisida”gi Qonunning 14-moddasi, “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi Qonuni.
54. Davlat organlari va ularning mansabdor shaxslariga markazlar faoliyatiga, shu jumladan, ularning loyiha tashabbuskorlarini tanlab olish, loyihalarni baholash va moliyalashtirish, rahbar xodimlarini tayinlashga aralashish, shuningdek, markazlar mablagʻlari hisobidan turli xil xayriya (homiylik) toʻlovlar va badallar talab qilish taqiqlanadi.
“Kichik biznesni uzluksiz qoʻllab-quvvatlash” kompleks dasturi tashabbuskorlarini tanlash, ularning loyihalarini qoʻllab-quvvatlash va moliyalashtirish toʻgʻrisidagi nizomga
1-ILOVA
Dastur doirasida loyiha tashabbuskorlarini baholash, oʻqitish, moliyaviy va konsultativ qoʻllab-quvvatlash va loyiha monitoringini yuritish
SXEMASI

Bosqichlar

Masʼul ijrochilar

Tadbirlar

Muddatlar

1-bosqich

Loyiha tashabbuskori

1. Dasturda ishtirok etish uchun Biznes portalda roʻyxatdan oʻtib, moliyaviy vositani koʻrsatgan holda ariza yuboradi.

Oʻz xohishiga koʻra

Biznes portal

(inson omilisiz)

2. Ariza beruvchi onlayn skoringdan oʻtkaziladi hamda natijasi Markazga yuboriladi.

Avtomatik tarzda

Kichik biznesga koʻmaklashish markazi

3. Onlayn skoringda ijobiy deb baholanganda, loyiha joyiga chiqqan holda namunaviy shakldagi elektron savolnoma asosida oʻrganish uchun masʼul hokim yordamchisiga yuboriladi.

Kelib tushgan kundan kechiktirmasdan

Hokim yordamchisi

4. Oʻrganish natijalarini Biznes portal orqali markazga yuboradi.

Uch kun muddatda

Biznes portal

(inson omilisiz)

5. Tashabbuskorlarning dastlabki roʻyxati shakllantiriladi.

Avtomatik tarzda

2-bosqich

Kichik biznesga koʻmaklashish markazi huzuridagi Loyihalarni baholash va tanlash guruhlari

1. Dastlabki roʻyxatga kiritilgan tashabbuskorlarning tadbirkorlik koʻnikmasi va biznes-rejalarining yashovchanligini baholash asosida istiqbolli loyihalar tanlab olinadi va ularning faoliyat davri, pul aylanmasi va ishchilar soniga qarab toifaga ajratiladi hamda oʻqitish uchun yoʻnaltiriladi.

Uch kun muddatda

Kichik biznesga koʻmaklashish markazi

2. Tavsiya etilgan loyiha tashabbuskorlari qisqa va oʻrta muddatli amaliy oʻquv kurslarida (masofaviy yoki anʼanaviy) oʻqitiladi.

Tanlangan oʻquv dasturiga muvofiq

Kichik biznesga koʻmaklashish markazi

3. Test (imtihon) sinovlarini muvaffaqiyatli topshirgan hamda tayyorlagan biznes-rejasini muvaffaqiyatli himoya qilgan tashabbuskorga sertifikat beriladi.

Bir kun muddatda

3-bosqich

Loyiha tashabbuskori

1. Sertifikat olgan tashabbuskor kompleks dastur doirasidagi qoʻllab-quvvatlash mexanizmlaridan foydalanishi uchun xizmat koʻrsatayotgan hamkor bankiga moliyaviy vositalardan foydalanish boʻyicha Biznes portal orqali onlayn ariza bilan murojaat qiladi. Loyiha tashabbuskori kredit (yoki lizing) xizmatidan foydalanish uchun Biznes portal orqali oʻz arizasiga xizmat koʻrsatuvchi tijorat bankining ichki kredit siyosatidan kelib chiqib, tegishli hujjatlarni ilova qiladi

Oʻz xohishiga koʻra

2. Ariza va taqdim etilgan tegishli hujjatlar koʻrib chiqilib, natijasi boʻyicha quyidagi mos holdagi vakolatli idoralar moliyaviy vositalardan foydalanish yoki uni rad etish haqida qaror qabul qilinadi. Bunda:

Tijorat banki

kredit (lizing)

Besh kun muddatda

Kichik biznesga koʻmaklashish markazi

boʻlib toʻlash sharti bilan qarz

Besh kun muddatda

ulush kiritish

Kiritilayotgan ulush shaklidan kelib chiqib belgilanadi

Innovatsion rivojlanish agentligi

grant

15 ish kunida

4-bosqich

Kichik biznesga koʻmaklashish markazi, tijorat banklari

1. Ishtirokchilar loyihalarining muntazam monitoringi yuritiladi.

Har chorakda

2. Markaz loyihaga ulushdor boʻlib kirgan loyihalardagi oʻz ulushini bozor tamoyillari asosida belgilangan tartibda sotadi.

Belgilangan tartib hamda muddatlarda

Kichik biznesni uzluksiz qoʻllab-quvvatlash” kompleks dasturi tashabbuskorlarini tanlash, ularning loyihalarini qoʻllab-quvvatlash va moliyalashtirish toʻgʻrisidagi nizomga

2-ILOVA

Oldingi tahrirga qarang.
“Kichik biznesni uzluksiz qoʻllab quvvatlash” kompleks dasturi loyiha tashabbuskori _________________ning faoliyat yuritish joyiga chiqib oʻrganish
SAVOLNOMASI
(2-ilovaning nomi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 30-martdagi 181-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.04.2024-y., 09/24/181/0259-son)

Tashkilot nomi/FIO

*

STIR/PINFL

*

Telefon raqami

*

Tadbirkorlik faoliyat turi

*

Loyiha maqsadi

*

Qaysi bank mijozi

**

Loyihani amalga oshirish joyi

*

Kadastr yoki ijara shartnomasi raqami

*

Soʻralayotgan moliyaviy vosita nomi

*

Miqdori

*

Taʼminot turi

*

Soni

*

Rekvizitlari

*

Oxirgi 12 oylik pul aylanmasi

**

(mavjud boʻlsa)

Oilaviy tadbirkorlik dasturida ishtirok etgan

Mavjud kredit qoldigʻi

**

Kredit mablagʻining maqsadli ishlatilgani

Ha

Yoʻq

Yaratilgan ishchi oʻrinlari

Jami ishchilar soni

**

Xulosa

Loyiha tashabbuskorini dastlabki roʻyxatga kiritish tavsiya etiladimi?

Ha

Yoʻq

Izoh

Hokim

yordamchisi

Izoh. * Ushbu maʼlumotlar Biznes portal orqali avtomatik ravishda toʻldiriladi.
** Ushbu maʼlumotlar tegishli tashkilotlar bilan integratsiya qilinguniga qadar maʼlumotlar anʼanaviy shaklda olinib, soʻrovnomaga kiritiladi va bu toʻgʻrisida izoh katakchasida bayon qiladi.
“Kichik biznesni uzluksiz qoʻllab-quvvatlash” kompleks dasturi tashabbuskorlarini tanlash, ularning loyihalarini qoʻllab-quvvatlash va moliyalashtirish toʻgʻrisidagi nizomga
3-ILOVA
Loyihalarni baholash va tanlash guruhining
NAMUNAVIY TARKIBI

1.

Lavozimi boʻyicha

“Kichik biznesga koʻmaklashish markazi” MCHJ direktori — Loyihalarni baholash va tanlash guruhi rahbari

2.

Lavozimi boʻyicha

Mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha tuman (shahar) hokimi yordamchisi

3.

Kelishuvga asosan

Loyiha tashabbuskoriga xizmat koʻrsatuvchi tijorat bankining ishonchli vakili

4.

Kelishuvga asosan

Ekspert

5.

Kelishuvga asosan

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Innovatsion rivojlanish agentligi vakili

“Kichik biznesni uzluksiz qoʻllab-quvvatlash” kompleks dasturi tashabbuskorlarini tanlash, ularning loyihalarini qoʻllab-quvvatlash va moliyalashtirish toʻgʻrisidagi nizomga

4-ILOVA

Tashabbuskorlarni toifalarga ajratish mezonlari
Oldingi tahrirga qarang.

T/r

Toifalar

1-toifa

2-toifa

3-toifa

4-toifa

1.

Moliyaviy vosita turi

100 million soʻmgacha garovsiz kreditlar

150 million soʻmgacha garov talabi pasaytirilgan revolver kreditlar

500 million soʻmgacha kreditlar

1 milliard soʻmgacha kreditlar

1,5 milliard soʻmgacha kreditlar

1,5 milliard soʻmgacha lizing xizmatlari koʻrsatish

1,5 milliard soʻmgacha foizsiz boʻlib toʻlash sharti bilan qarzga asosiy vosita olib berish

Loyihalarda 1 milliard soʻmgacha miqdorda ulushdor boʻlib ishtirok etish

2 milliard soʻmgacha grant mablagʻlari taqdim etish

2.

Vositani olish maqsadi

loyihani amalga oshirish

loyihani amalga oshirish

loyihani amalga oshirish

loyihani amalga oshirish

loyihani amalga oshirish

asbob-uskunalar, texnologik jihozlar va maxsus texnikalarni sotib olish

asbob-uskunalar, texnologik jihozlar va maxsus texnikalarni sotib olish

boʻsh turgan davlat mulki obyektlari va yer maydonlari, asbob-uskunalar, bino va inshootlar hamda boshqa koʻrinishdagi moddiy aktivlarni sotib olish

innovatsion ishlanmalarni tijoratlashtirish va yuqori texnologik startap loyihalarni moliyalashtirish

3.

Ishchi oʻrinlarning mavjudligi

yakka tartibdagi tadbirkorlar, dehqon xoʻjaliklari, oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar, hunarmandlar, kasanachilar, nodavlat taʼlim tashkilotlari, uch va undan ortiq kishini doimiy ish bilan taʼminlayotgan kichik tadbirkorlik subyektlari

kichik tadbirkorlik subyektlari-3 va undan ortiq kishini doimiy ish bilan taʼminlayotgan

kichik tadbirkorlik subyektlari — kamida 4 nafar kishini doimiy ish bilan taʼminlayotgan

kichik tadbirkorlik subyektlari-kamida 5 nafar kishini doimiy ish bilan taʼminlayotgan

kichik tadbirkorlik subyektlari-kamida 10 nafar kishini doimiy ish bilan taʼminlayotgan

kichik tadbirkorlik subyektlari-kamida 10 nafar kishini doimiy ish bilan taʼminlayotgan

kichik tadbirkorlik subyektlari-kamida 10 nafar kishini doimiy ish bilan taʼminlayotgan

kichik tadbirkorlik subyektlari-kamida 10 nafar kishini doimiy ish bilan taʼminlayotgan

kichik tadbirkorlik subyektlari-3 va undan ortiq kishini doimiy ish bilan taʼminlayotgan

4.

Pul aylanmasiga talab

talab mavjud emas

talab mavjud emas

oxirgi 12 oyda aylanma mablagʻlari miqdori 200 million soʻmdan ziyod boʻlgan

oxirgi 12 oyda aylanma mablagʻlari miqdori 500 mln soʻmdan 10 mlrd soʻmgacha

oxirgi 12 oyda aylanma mablagʻlari miqdori 1 mlrd soʻmdan 10 mlrd soʻmgacha

oxirgi 12 oyda aylanma mablagʻlari miqdori 1 mlrd soʻmdan 10 mlrd soʻmgacha

oxirgi 12 oyda aylanma mablagʻlari miqdori 1 mlrd soʻmdan 10 mlrd soʻmgacha

oxirgi 12 oyda aylanma mablagʻlari miqdori 1 mlrd soʻmdan 10 mlrd soʻmgacha

talab mavjud emas

(4-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 30-martdagi 181-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.04.2024-y., 09/24/181/0259-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 25-dekabrdagi PQ-455-sonli qaroriga asosan 11-ilovaning oʻz kuchini yoʻqotish sanasi — 2025-yil 1-yanvar — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2024-y., 07/24/455/1092-son)

Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 20-yanvardagi 37-son qaroriga

2-ILOVA

Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 22-fevraldagi 86-son qarori bilan tasdiqlangan Maxsus elektron tizim orqali ruxsat etish xususiyatiga ega ayrim hujjatlarni berish tartib-taomillari toʻgʻrisidagi yagona nizomga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
a) 7-pozitsiyaning uchinchi ustuni quyidagi mazmundagi toʻrtinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Kichik biznesga koʻmaklashish markazlari tomonidan yangi loyihalar uchun tadbirkorlik subyektlariga tor doiradagi mutaxassis sifatida jalb qilingan chet el fuqarolari uchun — bazaviy hisoblash miqdorining 1 baravari miqdorida”;
toʻrtinchi — oʻninchi xatboshilar tegishlicha beshinchi — oʻn birinchi xatboshilar deb hisoblansin;
b) 11-pozitsiyaning uchinchi ustuni quyidagi mazmundagi “a1” kichik bandi bilan toʻldirilsin:
“a1) Kichik biznesga koʻmaklashish markazlari tavsiyasiga asosan yangi loyihalar doirasida tor doiradagi mutaxassis sifatida jalb qilingan chet el fuqarolari uchun — tasdiqnomalar mehnat shartnomasi amal qiladigan muddatga, biroq uch yildan ortiq boʻlmagan muddatga cheksiz marta uzaytirish imkoniyati bilan, ammo har bir holatda uch yildan ortiq boʻlmagan muddatga”.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.01.2024-y., 09/24/37/0056-son; 01.04.2024-y., 09/24/181/0259-son; 15.05.2024-y., 09/24/282/0347-son; 30.12.2024-y., 07/24/455/1092-son; 10.11.2025-y., 09/25/709/1027-son)