|
Hujjat 20.06.2000 00 sanasi holatiga
Amaldagi versiyaga o‘tish |
Oʻzbekiston Respublikasining qonuni
“OʻZBEKISTON RESPUBLIKASINING TASHQI IQTISODIY FAOLIYATI TOʻGʻRISIDA”GI OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNIGA OʻZGARTISHLAR VA QOʻSHIMCHALAR KIRITISH HAQIDA
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi qaror qiladi:
1991-yil 14-iyunda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining tashqi iqtisodiy faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1991-yil, № 8, 182-modda, 1992-yil, № 9, 335-modda) oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar kiritilib, uning yangi tahriri tasdiqlansin (ilova qilinmoqda).
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2000-yil 26-may,
77-II-son
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASINING QONUNI
TASHQI IQTISODIY FAOLIYAT TOʻGʻRISIDA
(yangi tahriri)
1-modda. Ushbu Qonunning asosiy vazifalari
Ushbu Qonun tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirish bilan bogʻliq munosabatlarni tartibga soladi. Ushbu Qonunning asosiy vazifalari tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirishda Oʻzbekiston Respublikasining iqtisodiy xavfsizligini taʼminlash, uning iqtisodiy suvereniteti va iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish, milliy iqtisodiyot rivojini ragʻbatlantirish, mamlakat iqtisodiyotining jahon iqtisodiy tizimiga integratsiyalashuvi uchun shart-sharoitlar yaratishdan iboratdir.
2-modda. Tashqi iqtisodiy faoliyat toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari
Tashqi iqtisodiy faoliyat toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlaridan iboratdir.
Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida Oʻzbekiston Respublikasining tashqi iqtisodiy faoliyat toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.
Keyingi tahrirga qarang.
3-modda. Tashqi iqtisodiy faoliyat
Tashqi iqtisodiy faoliyat deganda Oʻzbekiston Respublikasi yuridik va jismoniy shaxslarining xorijiy davlatlarning yuridik va jismoniy shaxslari, shuningdek xalqaro tashkilotlar bilan oʻzaro foydali iqtisodiy aloqalarni oʻrnatish va rivojlantirishga qaratilgan faoliyati tushuniladi.
Oʻzbekiston Respublikasida roʻyxatga olingan yuridik shaxslar, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasining hududida doimiy yashash joyiga ega boʻlgan va yakka tartibdagi tadbirkor sifatida roʻyxatga olingan jismoniy shaxslar tashqi iqtisodiy faoliyat bilan shugʻullanishga haqlidir.
Oʻzbekiston Respublikasining davlat organlari, agar qonun hujjatlarida boshqacha qoida belgilanmagan boʻlsa, tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirishlari mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
4-modda. Tashqi iqtisodiy faoliyatning asosiy prinsiplari
Tashqi iqtisodiy faoliyatning asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat:
tashqi iqtisodiy faoliyat subyektlarining erkinligi va iqtisodiy mustaqilligi;
tashqi iqtisodiy faoliyat subyektlarining tengligi;
savdo-iqtisodiy munosabatlarni amalga oshirishda kamsitishlarga yoʻl qoʻyilmasligi;
tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirishdan oʻzaro manfaatdorlik;
tashqi iqtisodiy faoliyat subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlari davlat tomonidan himoya qilinishi.
5-modda. Tashqi iqtisodiy faoliyat subyektlari
Tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirayotgan Oʻzbekiston Respublikasining yuridik va jismoniy shaxslari tashqi iqtisodiy faoliyat subyektlari hisoblanadilar.
6-modda. Tashqi iqtisodiy faoliyat obyektlari
Oldi-sotdi yoki ayirboshlash obyekti hisoblangan tovarlar (ishlar, xizmatlar), har qanday mol-mulk, shu jumladan, qimmatli qogʻozlar, valyutalar va valyuta qimmatliklari, elektr, issiqlik energiyasi va energiyaning boshqa turlariga, transport vositalariga, intellektual mulk obyektlariga (bundan keyin matnda — tovarlar deb yuritiladi) nisbatan tashqi iqtisodiy faoliyat amalga oshirilishi mumkin, tashqi iqtisodiy faoliyatda foydalanilishi qonun hujjatlari bilan taqiqlangan tovarlar bundan mustasno.
Keyingi tahrirga qarang.
7-modda. Tashqi iqtisodiy faoliyat subyektlarining huquqlari
Tashqi iqtisodiy faoliyat subyektlari bunday faoliyatni amalga oshirishda teng huquqlarga egadir.
Tashqi iqtisodiy faoliyat subyektlari quyidagi huquqlarga ega:
qonun hujjatlari doirasida tashqi iqtisodiy faoliyatda qatnashish shakllarini mustaqil belgilash, tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirish uchun oʻz xohishiga koʻra boshqa yuridik va jismoniy shaxslarni shartnoma asosida belgilangan tartibda jalb qilish;
tashqi iqtisodiy faoliyat natijalariga, shu jumladan milliy va chet el valyutasidagi daromadga qonun hujjatlariga muvofiq mustaqil ravishda egalik qilish, undan foydalanish va uni tasarruf etish.
Keyingi tahrirga qarang.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 182-moddasi, “Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari toʻgʻrisida”gi Qonuni.
Tashqi iqtisodiy faoliyat subyektlari qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
8-modda. Tashqi iqtisodiy faoliyat subyektlarining majburiyatlari
Tashqi iqtisodiy faoliyat subyektlari:
tashqi iqtisodiy faoliyat toʻgʻrisidagi hisobotni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda taqdim etishi;
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirilayotgan tovarlarning Oʻzbekistonda belgilab qoʻyilgan texnikaviy, farmakologiya, sanitariya, veterinariya, fitosanitariya, ekologiya standartlari va talablariga muvofiqligini tasdiqlovchi hujjatlarni belgilangan tartibda taqdim etishi shart.
Keyingi tahrirga qarang.
Tashqi iqtisodiy faoliyat subyektlari zimmasida qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
9-modda. Tashqi iqtisodiy faoliyatning asosiy yoʻnalishlari
Tashqi iqtisodiy faoliyatning asosiy yoʻnalishlari quyidagilardir:
xalqaro iqtisodiy va moliyaviy hamkorlik;
tashqi savdo faoliyati;
chet el investitsiyalarini jalb qilish;
Oʻzbekiston Respublikasidan tashqaridagi investitsiya faoliyati.
10-modda. Xalqaro iqtisodiy va moliyaviy hamkorlik
Xalqaro iqtisodiy va moliyaviy hamkorlik ishlab chiqarish, moliya, bank va sugʻurta faoliyati, taʼlim va kadrlarni tayyorlash, turizm, sogʻliqni saqlash, ilmiy-texnikaviy, madaniy, ekologiya, gumanitar va boshqa sohalarda qonun hujjatlarida belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi tashqi iqtisodiy faoliyat subyektlarining xorijiy davlatlarning yuridik va jismoniy shaxslari, shuningdek xalqaro tashkilotlar bilan oʻzaro foydali aloqalarni oʻrnatishi va kengaytirishga qaratilgan tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirishdir.
Keyingi tahrirga qarang.
11-modda. Tashqi savdo faoliyati
Xalqaro tovarlar ayirboshlash sohasidagi tadbirkorlik faoliyati tashqi savdo faoliyati hisoblanadi.
Tashqi savdo faoliyati tovarlarni eksport va import qilish yoʻli bilan amalga oshiriladi.
Tovarlarning Oʻzbekiston Respublikasining bojxona hududidan tashqariga, ularni qayta olib kirish majburiyatini olmasdan, olib chiqib ketilishi, agar qonun hujjatlarida boshqacha qoidalar belgilanmagan boʻlsa, eksport deb eʼtirof etiladi.
Tovarlarni Oʻzbekiston Respublikasining bojxona hududiga, ularni qayta olib chiqib ketish majburiyatini olmasdan, olib kirish import deb eʼtirof etiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
12-modda. Chet el investitsiyalarini jalb qilish
Chet ellik investorlar tomonidan tadbirkorlik faoliyati obyektlariga hamda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan faoliyatning boshqa turlariga kiritilayotgan moddiy va nomoddiy neʼmatlarning barcha turlari hamda ularga boʻlgan huquqlar, shu jumladan intellektual mulkka boʻlgan huquqlar, shuningdek chet el investitsiyalaridan olinadigan har qanday daromad Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi chet el investitsiyalari deb eʼtirof etiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi hududida chet el investitsiyalarini amalga oshirish shakllari va tartibi qonun hujjatlari bilan belgilanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
13-modda. Oʻzbekiston Respublikasidan tashqaridagi investitsiya faoliyati
Oʻzbekiston Respublikasidan tashqaridagi tadbirkorlik va boshqa faoliyat obyektlariga moddiy va nomoddiy neʼmatlarni hamda ularga boʻlgan huquqlarni qoʻyish bilan bogʻliq tashqi iqtisodiy faoliyat subyektlari harakatlarining yigʻindisi Oʻzbekiston Respublikasidan tashqaridagi investitsiya faoliyati deb eʼtirof etiladi.
Oʻzbekiston Respublikasidan tashqaridagi investitsiya faoliyati qonun hujjatlarida belgilangan tartibda quyidagi yoʻllar bilan amalga oshirilishi mumkin:
Keyingi tahrirga qarang.
yuridik shaxslar tashkil etish yoki ustav fondlarida (kapitallarida) ulushbay asosda, shu jumladan mol-mulk va aksiyalar sotib olish yoʻli bilan qatnashish;
“Oʻzbekiston Respublikasi yuridik shaxslari tomonidan chet elda tashkilotlar tashkil etish yoki ularning ustav fondi (kapitali)da ulush bilan ishtirok etish toʻgʻrisida xabardor etish tartibi haqida”gi nizom (roʻyxat raqami 2457, 17.05.2013-y.)ga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida vakolatxonalar, filiallar va boshqa alohida boʻlinmalar taʼsis etish;
qimmatbaho qogʻozlarni, shu jumladan xorijiy davlatlarning rezidentlari tomonidan tasdiqlangan qarz majburiyatlarini sotib olish;
Keyingi tahrirga qarang.
konsessiyalarni, shu jumladan tabiiy resurslarni qidirish, izlab topish, qazib olish yoxud ulardan foydalanishga moʻljallangan konsessiyalarni qoʻlga kiritish;
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi “Davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisida”gi Qonuni.
mulk huquqini, shuningdek, yerga hamda boshqa tabiiy resurslarga egalik qilish va ulardan foydalanish huquqini qoʻlga kiritish.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 182-moddasi, “Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari toʻgʻrisida”gi Qonuni.
Oʻzbekiston Respublikasidan tashqaridagi investitsiya faoliyati xorijiy davlatning qonun hujjatlarida va Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa shakllarda ham amalga oshirilishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
14-modda. Xorijiy davlatlarning va ular yuridik shaxslarining Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi vakolatxonalari
Oʻzbekiston Respublikasida xorijiy davlatlarning savdo-iqtisodiy masalalar boʻyicha vakolatxonalari Oʻzbekiston Respublikasi tegishli xorijiy davlatlar bilan tuzadigan xalqaro shartnomalar asosida taʼsis etiladi.
Ajnabiy yuridik shaxslar Oʻzbekiston Respublikasi hududida Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga muvofiq vakolatxonalar ochishga haqlidirlar.
Keyingi tahrirga qarang.
15-modda. Tashqi iqtisodiy faoliyat subyektlari huquq va manfaatlarining kafolatlari
Oʻzbekiston Respublikasi tashqi iqtisodiy faoliyat subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlari taʼminlanishini kafolatlaydi.
Davlat organlari va ularning mansabdor shaxslari tashqi iqtisodiy faoliyat subyektlarining qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshirilayotgan faoliyatiga aralashishga haqli emas.
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasining davlat organlari tashqi iqtisodiy faoliyat subyektlarining ushbu Qonunda belgilangan huquqlarini buzuvchi hujjatlar qabul qilgan taqdirda, ularga yetkazilgan zararning oʻrni qonun hujjatlariga muvofiq qoplanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
16-modda. Axborot olish erkinligi
Tashqi iqtisodiy faoliyat subyektlari tashqi iqtisodiy faoliyat sohasidagi oʻz huquqlari va manfaatlariga daxldor boʻlgan va maxfiy tusda boʻlmagan axborotlarni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda davlat organlaridan olishga haqlidir. Axborotning maxfiyligi qonun hujjatlariga muvofiq aniqlanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
Tashqi iqtisodiy faoliyatni tartibga soluvchi va umummajburiy tusdagi qonun hujjatlari ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinishi va tashqi iqtisodiy faoliyat subyektlari ulardan erkin foydalana olishlari shart.
Keyingi tahrirga qarang.
17-modda. Tashqi iqtisodiy faoliyatni davlat tomonidan tartibga solish
Tashqi iqtisodiy faoliyatni davlat tomonidan tartibga solish quyidagi yoʻllar bilan amalga oshiriladi:
tashqi iqtisodiy faoliyatning qonunchilik negizini shakllantirish va takomillashtirish;
valyuta bilan tartibga solish;
soliq bilan tartibga solish;
tarif va notarif tartibga solish;
Oʻzbekiston Respublikasining iqtisodiy manfaatlariga rioya etilishi uchun himoya, kompensatsiya va dempingga qarshi choralarni qoʻllash;
tashqi savdo faoliyatini amalga oshirish tartibini belgilash, shu jumladan, miqdoriy cheklovlar oʻrnatish hamda tovarlarning ayrim turlari eksport va import qilinishi ustidan davlat monopoliyasini oʻrnatish;
Keyingi tahrirga qarang.
qurol-yarogʻlar, harbiy texnika, ikki xil maqsadda ishlatilishi mumkin boʻlgan tovarlar va texnologiyalarga nisbatan eksport nazoratini oʻrnatish;
Keyingi tahrirga qarang.
olib kiriladigan va olib chiqiladigan tovarlarni sertifikatlash;
texnikaviy, farmakologiya, sanitariya, veterinariya, fitosanitariya, ekologiya standartlari va talablarini belgilash;
Keyingi tahrirga qarang.
tashqi iqtisodiy faoliyat subyektlari uchun preferensiya va imtiyozlar berish.
Tashqi iqtisodiy faoliyatni davlat tomonidan tartibga solish qonun hujjatlariga muvofiq boshqacha usullarda ham amalga oshirilishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
18-modda. Tashqi iqtisodiy faoliyatni tartibga solish sohasida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
tashqi iqtisodiy faoliyatni rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqadi;
Oʻzbekiston Respublikasining iqtisodiy xavfsizligini, iqtisodiy mustaqilligi va iqtisodiy manfaatlari himoya qilinishini taʼminlaydi;
tashqi iqtisodiy faoliyat sohasida Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini tuzadi;
Oʻzbekiston Respublikasining toʻlov balansini ishlab chiqadi;
chet eldan olinadigan kreditlar uchun Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining kafolatlarini beradi;
Batafsil maʼlumot uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 28-noyabrdagi 534-son qarori bilan tasdiqlangan “Jalb etiladigan xorijiy kreditlar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi kafolatlarini berish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasining chet ellardagi mulkiga egalik qiladi, undan foydalanadi va uni tasarruf etadi;
qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
Keyingi tahrirga qarang.
19-modda. Tashqi iqtisodiy faoliyatni tartibga solish sohasidagi vakolatli davlat organi
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi tashqi iqtisodiy faoliyatni tartibga solish sohasidagi vakolatli davlat organi hisoblanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi:
Keyingi tahrirga qarang.
tashqi iqtisodiy faoliyat sohasida davlat siyosati olib borilishini, tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirishda Oʻzbekiston Respublikasining iqtisodiy manfaatlari himoya qilinishiga doir vazifalar bajarilishini taʼminlaydi;
tashqi iqtisodiy faoliyatning qonunchilik negizi takomillashtirilishiga doir takliflarni ishlab chiqadi;
qonun hujjatlarida belgilangan vakolatlari doirasida tashqi iqtisodiy faoliyat subyektlari faoliyatini muvofiqlashtiradi va tartibga solib turadi;
tashqi iqtisodiy faoliyatni tartibga solish sohasidagi davlat boshqaruv organlari ishini muvofiqlashtiradi;
qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
Keyingi tahrirga qarang.
20-modda. Eksport, importni taqiqlash hamda cheklash
Oʻzbekiston Respublikasida qonun hujjatlari bilan tovarlar eksporti, importini taqiqlash hamda cheklash belgilanishi mumkin va ular quyidagi maqsadlarni koʻzlaydi:
Keyingi tahrirga qarang.
milliy xavfsizlikni taʼminlash;
fuqarolar hayoti va sogʻligʻini muhofaza qilish, hayvonot va oʻsimlik dunyosini hamda atrof-muhitni muhofaza qilish;
ijtimoiy axloq-odobga va huquq-tartibotga rioya etish;
Oʻzbekiston Respublikasi xalqining madaniy merosini saqlash;
madaniy boyliklarni noqonuniy olib chiqish, olib kirish va ularga boʻlgan mulk huquqlarini boshqaga oʻtkazishdan himoya qilish;
Oʻzbekiston Respublikasining toʻlov balansini saqlab turish;
Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlarini bajarish;
tiklab boʻlmaydigan tabiiy resurslar tugatilishining oldini olish;
Oʻzbekiston Respublikasining boshqa manfaatlarini himoya qilish.
21-modda. Tovarlar ayrim turlarining eksport va importini litsenziyalash hamda kvotalash
Tovarlarning ayrim turlarini eksport va import qilish faqat ularni olib kirish yoki olib chiqish uchun tegishli ruxsatnoma (litsenziya) olinganidan keyin amalga oshiriladi. Tovarlar ayrim turlarining eksporti va importini amalga oshirish uchun litsenziyalar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi vakolat bergan organlar tomonidan beriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ayrim tovarlar turlarini eksport va import qilishga nisbatan miqdoriy cheklovlar (kvotalar) belgilashi mumkin.
Kvotalarni taqsimlash, qoida tariqasida, tanlov yoki kim oshdi savdosi asosida amalga oshiriladi.
Eksport va import qilinishi, litsenziyalanishi hamda kvotalanishi zarur boʻlgan tovarlar ayrim turlarining roʻyxati, shuningdek, litsenziyalarni berish va kvotalarni taqsimlash tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
22-modda. Eksport nazorati
Qurol-yarogʻlar, harbiy texnika, ikki xil maqsadda ishlatilishi mumkin boʻlgan tovarlar va texnologiyalarga nisbatan tashqi iqtisodiy faoliyat amalga oshirilayotganda Oʻzbekiston Respublikasining milliy manfaatlarini himoya qilish, shuningdek xalqaro majburiyatlarga rioya etish maqsadlarida Oʻzbekiston Respublikasida eksport nazorati tizimi amal qiladi. Eksport nazoratiga tushadigan tashqi iqtisodiy faoliyat obyektlarining roʻyxati, shuningdek ularni olib chiqish yoki tranzit tarzida olib oʻtish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
23-modda. Oʻzbekiston Respublikasining hamda tashqi iqtisodiy faoliyat subyektlarining iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish
Xorijiy davlat tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining va tashqi iqtisodiy faoliyat subyektlarining iqtisodiy manfaatlarini buzuvchi choralar qabul qilingan taqdirda, shuningdek ushbu davlat xalqaro shartnomalarga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi oldida qabul qilgan oʻz majburiyatlarini bajarmagan taqdirda, Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro huquqning umum eʼtirof etilgan normalari va prinsiplariga muvofiq tashqi iqtisodiy faoliyat sohasida javob choralarini kiritishga haqlidir.
24-modda. Himoya choralari
Agar biror-bir tovar xuddi shunday tovarni yoki unga bevosita raqobat qiluvchi tovarni Oʻzbekiston Respublikasi ishlab chiqaruvchilariga zarar yetkazadigan yoki shunday zarar yetkazish xavfini yuzaga keltiradigan miqdorlarda va (yoki) shunday shartlar asosida olib kirilsa, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi xalqaro huquqning umum eʼtirof etilgan normalariga muvofiq shunday zarar yetkazilishi xavfining oldini olish yoki bunday zararni bartaraf etish uchun zarur boʻladigan darajadagi hamda zarur boʻladigan muddatdagi himoya choralarini koʻrishga haqlidir.
Himoya choralarini qoʻllash tartibi qonun hujjatlari bilan belgilanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
25-modda. Kompensatsiya choralari
Oʻzbekiston Respublikasining hududiga bevosita yoki bilvosita subsidiyalangan tovarlar olib kirilgan taqdirda, agar bunday olib kirish Oʻzbekiston Respublikasining xuddi shunday tovarlarni yoki unga bevosita raqobat qiluvchi tovarlarni ishlab chiqaruvchilariga zarar yetkazsa yoki zarar yetkazish xavfini yuzaga keltirsa yoxud Oʻzbekiston Respublikasida xuddi shunday tovarlarni ishlab chiqarishni tashkil etish va (yoki) kengaytirishga toʻsiq boʻluvchi shart-sharoitlarni yuzaga keltirsa, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi xalqaro huquqning umum eʼtirof etilgan normalari va prinsiplariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasining bojxona hududiga bunday tovarlarni olib kirish orqali yetkazilgan zararni yoki zarar xavfini bartaraf etish uchun kompensatsiya choralarini qoʻllash toʻgʻrisida qaror qabul qilishga haqlidir.
Kompensatsiya choralarini qoʻllash tartibi qonun hujjatlari bilan belgilanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
26-modda. Dempingga qarshi choralar
Oʻzbekiston Respublikasining hududiga eksport qilgan mamlakatdagi real bahodan va (yoki) eksport qilish paytidagi ishlab chiqarish bahosidan koʻra past narxda tovarlar olib kirilgan taqdirda, agar bunday olib kirishlar Oʻzbekiston Respublikasining xuddi shunday tovarlarni ishlab chiqaruvchilariga zarar yetkazsa yoki zarar yetkazishi mumkin boʻlsa yoxud Oʻzbekiston Respublikasida xuddi shunday tovarlarni ishlab chiqarishni tashkil etish va (yoki) kengaytirishga toʻsqinlik qilsa, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi xalqaro huquqning umum eʼtirof etilgan normalari va prinsiplariga muvofiq dempingga qarshi choralarni qoʻllash toʻgʻrisida qaror qabul qilishga haqlidir.
Dempingga qarshi choralarni qoʻllash tartibi qonun hujjatlari bilan belgilanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
27-modda. Olib kirilayotgan tovarlarga qoʻyiladigan texnikaviy, farmakologiya, sanitariya, veterinariya, fitosanitariya va ekologiya standartlari hamda talablari
Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirilayotgan tovarlar Oʻzbekiston Respublikasida belgilangan texnikaviy, farmakologiya, sanitariya, veterinariya, fitosanitariya va ekologiya standartlari hamda talablariga muvofiq boʻlishi lozim.
Oʻzbekiston Respublikasining hududiga:
ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan standartlar va talablarga mos kelmaydigan;
qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda sertifikati, markirovkasi yoki muvofiqlik belgisiga ega boʻlmagan tovarlarni olib kirish taqiqlanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
28-modda. Erkin iqtisodiy zonalar
Oʻzbekiston Respublikasining hududida erkin iqtisodiy zonalar uchun tashqi iqtisodiy faoliyatning alohida tartibi (bojxona, valyuta, soliq va boshqalar) oʻrnatilishi mumkin boʻlib, u erkin iqtisodiy zonalar toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari bilan tartibga solib turiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
29-modda. Erkin savdo
Oʻzbekiston Respublikasi bojxona bojlari, soliqlar va ularga teng kuchga ega boʻlgan yigʻimlarni bekor qilishga, tovarlarni eksport va import qilishning miqdoriy cheklovlariga, tovarlarning erkin harakat qilishi yoʻlidagi boshqa toʻsiqlarni bekor qilishga qaratilgan erkin savdo toʻgʻrisida xorijiy davlatlar bilan xalqaro shartnomalar tuzishi mumkin.
30-modda. Nizolarni hal qilish
Tashqi iqtisodiy faoliyat toʻgʻrisidagi shartnomani amalga oshirish natijasida yuzaga keladigan nizolar shartnomada nazarda tutilgan tartibda hal qilinadi. Shartnomada nizolarni hal qilishni tartibga soluvchi qoidalar boʻlmagan taqdirda, qoʻllaniladigan huquq va hal qilinadigan joy xalqaro xususiy huquqning umum eʼtirof etilgan normalariga muvofiq belgilanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 1190-moddasiga qarang.
Tashqi iqtisodiy faoliyat subyektlarining davlat hokimiyati va boshqaruv organlari bilan nizolari Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga muvofiq hal qilinadi.
Keyingi tahrirga qarang.
31-modda. Tashqi iqtisodiy faoliyat toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik
Tashqi iqtisodiy faoliyat toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
Keyingi tahrirga qarang.
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2000-y., 5-6-son, 148-modda; 2003-y., 5-son, 67-modda; Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2004-y., 25-son, 287-modda; 51-son, 514-modda; 2005-y., 49-50-son, 365-modda; 2009-y., 37-son, 403-modda; 2015-y., 33-son, 439-modda; 2016-y., 52-son, 597-modda; 2017-y., 37-son, 978-modda; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son )