O‘zbekiston respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining
buyrug‘i
Shaxslarni ishsiz deb e’tirof etish va ularga ishsizlik nafaqasini tayinlash bo‘yicha elektron davlat xizmatini ko‘rsatish to‘g‘risidagi reglamentni tasdiqlash haqida
[O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2023-yil 31-oktabr kuni ro‘yxatdan o‘tkazildi, ro‘yxat raqami 3472]
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 24-maydagi PQ-162-son “Raqamli xizmatlar qamrovi va sifatini oshirish hamda soha, tarmoq va hududlarni raqamli transformatsiya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori va Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 15-sentabrdagi 728-son “O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali elektron davlat xizmatlari ko‘rsatish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq buyuraman:
1. Shaxslarni ishsiz deb e’tirof etish va ularga ishsizlik nafaqasini tayinlash bo‘yicha elektron davlat xizmatini ko‘rsatish to‘g‘risidagi reglament ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan kelishilgan.
3. Ushbu buyruq rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi Qonunning 40-moddasi.
Vazir B. MUSAYEV
Toshkent sh.,
2023-yil 6-oktabr,
75/2023-son
Kelishildi:
Raqamli texnologiyalar vaziri Sh. SHERMATOV
2023-yil 26-sentabr
O‘zbekiston Respublikasi kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining 2023-yil 6-oktabrdagi 75/2023-son buyrug‘iga
ILOVA
Shaxslarni ishsiz deb e’tirof etish va ularga ishsizlik nafaqasini tayinlash bo‘yicha elektron davlat xizmatini ko‘rsatish to‘g‘risidagi
REGLAMENT
Mazkur Reglament shaxslarni (bundan buyon matnda ariza beruvchi deb yuritiladi) ishsiz deb e’tirof etish va ularga ishsizlik nafaqasini tayinlash bo‘yicha elektron davlat xizmati (bundan buyon matnda davlat xizmati deb yuritiladi) ko‘rsatish tartibini belgilaydi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 2-iyundagi 184-son qarori bilan tasdiqlangan Elektron davlat xizmatlari ko‘rsatish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlarini amalga oshirish to‘g‘risidagi nizom.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Davlat xizmati O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (bundan buyon matnda YIDXP deb yuritiladi) orqali O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligining tuman, shahar bo‘linmalari — Kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limlari (bundan buyon matnda mahalliy mehnat organlari deb yuritiladi) tomonidan ko‘rsatiladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 15-sentabrdagi 728-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali to‘g‘risidagi nizom.
2. Davlat xizmatini ko‘rsatish mazkur Reglamentning 1-ilovasidagi sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
2-bob. Mahalliy mehnat organlari tomonidan ariza beruvchiga davlat xizmatini YIDXP orqali ko‘rsatish
3. Ariza beruvchi davlat xizmatidan foydalanish uchun YIDXPdan ro‘yxatdan o‘tadi.
4. Ariza beruvchi davlat xizmatidan foydalanish uchun ushbu Reglamentning 2-ilovasiga muvofiq shakldagi so‘rovnomani to‘ldiradi.
5. Ariza beruvchi YIDXP orqali so‘rovnomani to‘ldirgandan so‘ng ma’lumotlarning to‘g‘riligini tekshiradi. Bunda, so‘rovnomani elektron raqamli imzo bilan tasdiqlash talab etilmaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
Ariza beruvchi tomonidan to‘ldirilgan so‘rovnoma YIDXP orqali avtomatik ravishda yashash joyi yoki turgan joyidagi mahalliy mehnat organiga yuboriladi.
(5-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining 2025-yil 25-dekabrdagi 32-2025/B-son buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3472-1, 19.01.2026-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 20.01.2026-y., 10/26/3472-1/0054-son)
6. Mahalliy mehnat organi so‘rovnoma kelib tushgan kundan e’tiboran bir ish kuni ichida ariza beruvchini ish qidirayotgan shaxs sifatida ro‘yxatga oladi hamda O‘zbekiston Respublikasining “Aholi bandligi to‘g‘risida”gi Qonunining 45-moddasi birinchi qismi to‘rtinchi — o‘ninchi xatboshilariga muvofiq ariza beruvchini ishsiz deb e’tirof etish bo‘yicha rad qilish uchun asoslar mavjud yoki mavjud emasligini “Bandlik xizmati” axborot tizimi orqali vazirlik va idoralarning axborot tizimlari ma’lumotlari asosida tekshiradi.
Bunda, quyidagilar ariza beruvchini ishsiz deb e’tirof etishni rad qilish uchun asos bo‘ladi:
ariza beruvchi ta’lim muassasalarida va tashkilotlarida ishlab chiqarishdan ajralgan holda tahsil olayotgan bo‘lsa, bundan ta’limning sirtqi shaklida tahsil olish mustasno;
qonunchilikka muvofiq pensiya ta’minoti huquqiga ega bo‘lsa (pensiya turidan qat’i nazar);
bola ikki yoshga to‘lguniga qadar uni parvarish qilayotgan, ishlamayotgan ayol bo‘lsa;
ishini o‘zgartirmoqchi bo‘lgan, lekin mahalliy mehnat organlarida ro‘yxatdan o‘tish paytida, tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’i nazar, tashkilotlarda ishlovchi bo‘lsa yoki ularning shtatida hisobda turgan bo‘lsa;
sudning hukmi bilan ozodlikdan mahrum etish yoki axloq tuzatish ishlari tarzidagi jazoga hukm qilingan bo‘lsa;
fermer xo‘jaligining rahbari yoki xodimi, oilaviy korxonaning ishtirokchisi, dehqon xo‘jaligining rahbari yoki a’zosi, shuningdek yakka tartibdagi tadbirkor bo‘lsa;
o‘zini o‘zi band qilgan shaxs bo‘lsa.
7. Ishsiz deb e’tirof etishni rad qilish uchun mazkur Reglamentning 6-bandi ikkinchi — to‘qqizinchi xatboshilarida belgilangan asoslar mavjud bo‘lmagan taqdirda, ariza beruvchi mahalliy mehnat organiga kelishi lozimligi to‘g‘risida yozma yoki elektron shaklda u ish qidirayotgan shaxs sifatida ro‘yxatga olingan kundan boshlab bir ish kunida mahalliy mehnat organi tomonidan xabardor qilinadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Bunda, ariza beruvchi ish qidirayotgan shaxs sifatida ro‘yxatga olingan kundan e’tiboran o‘n kun ichida mahalliy mehnat organiga maqbul keladigan ish (fuqaro bajarishga qodir bo‘lgan, fuqaroning olgan ma’lumoti yo‘nalishi va ixtisosligiga, malakasiga, kasbiy tayyorgarligiga, ish tajribasiga, sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra mos keladigan, yashash joyini o‘zgartirishini nazarda tutmaydigan, uning yashash joyidan unchalik uzoq bo‘lmagan hamda mehnatga haq to‘lashning belgilangan eng kam miqdoridan kam bo‘lmagan ish haqini kafolatlaydigan ish) yuzasidan taklif olish uchun borishi kerak.
(7-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining 2025-yil 25-dekabrdagi 32-2025/B-son buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3472-1, 19.01.2026-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 20.01.2026-y., 10/26/3472-1/0054-son)
8. Mahalliy mehnat organi tomonidan ariza beruvchini ishsiz deb e’tirof etish to‘g‘risidagi qaror u ish qidirayotgan shaxs sifatida ro‘yxatga olingan kundan e’tiboran o‘n birinchi kundan kechiktirmay quyidagi asoslarga ko‘ra qabul qilinadi:
ariza beruvchi ish qidirayotgan shaxs sifatida ro‘yxatga olingan kundan e’tiboran o‘n kun ichida maqbul keladigan ish yuzasidan taklif olish uchun mahalliy mehnat organiga kelsa;
taklif etilgan maqbul keladigan ishni ish qidirayotgan shaxs sifatida ro‘yxatga olingan kundan e’tiboran o‘n kun ichida uzrli sababsiz (kasallik yoki hujjatlar bilan tasdiqlangan boshqa holatlar mavjud bo‘lmaganda) ikki marta rad etmasa;
ariza beruvchiga u ish qidirayotgan shaxs sifatida ro‘yxatga olingan kundan e’tiboran dastlabki o‘n kun ichida maqbul keladigan ish taklif etilmagan bo‘lsa;
mahalliy mehnat organi ariza beruvchi ishga joylashtirish uchun yuborilgan tashkilotdan rad javobini olgan bo‘lsa.
9. Mahalliy mehnat organi ariza beruvchini ishsiz deb e’tirof etish va unga ishsizlik nafaqasini tayinlash to‘g‘risida qaror qabul qilinganligi haqida QR-kod qo‘yilgan xabarnomani mazkur Reglamentning 3-ilovasiga muvofiq, shuningdek ariza beruvchini ishsiz deb e’tirof etish rad etilganligi to‘g‘risida QR-kod qo‘yilgan xabarnomani mazkur Reglamentning 4-ilovasiga muvofiq rasmiylashtiradi.
Bunda, mahalliy mehnat organi xabarnomani qaror qabul qilingan kundan e’tiboran ikki kundan kechiktirmay ariza beruvchining YIDXP dagi shaxsiy kabinetiga yuboradi.
10. Davlat xizmati ko‘rsatilganligi uchun to‘lov undirilmaydi.
3-bob. Yakunlovchi qoidalar
11. Mahalliy mehnat organlari o‘z faoliyatini amalga oshirishi natijasida olingan ma’lumotlarning maxfiyligini ta’minlaydi.
12. Ariza beruvchilar mahalliy mehnat organlari xodimlarining xatti-harakatlari yoki harakatsizligi yuzasidan yuqori turuvchi tashkilotlarga yoki sudga shikoyat qilishga haqli.
13. Ushbu Reglament talablarining buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javob beradi.
Shaxslarni ishsiz deb e’tirof etish va ularga ishsizlik nafaqasini tayinlash bo‘yicha elektron davlat xizmatini ko‘rsatish to‘g‘risidagi reglamentga
1-ILOVA
Shaxslarni ishsiz deb e’tirof etish va ularga ishsizlik nafaqasini tayinlash bo‘yicha elektron davlat xizmatini ko‘rsatish
SXEMASI

Bosqichlar

Subyektlar

Tadbirlar

Bajarish muddatlari

1-bosqich

Ariza beruvchi

Davlat xizmatidan foydalanish uchun YAIXDP orqali ro‘yxatdan o‘tadi

O‘z xohishiga ko‘ra

2-bosqich

Mahalliy mehnat organi

Ariza beruvchini ish qidirayotgan shaxs sifatida ro‘yxatga oladi. Ishsiz deb e’tirof etishni rad qilish uchun asoslar mavjudligini tekshiradi. Ariza beruvchini ishsiz deb e’tirof etishni rad qilish uchun asoslar mavjud bo‘lmasa, ariza beruvchi mahalliy mehnat organiga maqbul keladigan ish yuzasidan taklif olish uchun ish qidirayotgan shaxs sifatida ro‘yxatga olingan kundan e’tiboran o‘n kun ichida kelishi lozimligi to‘g‘risida yozma yoki elektron shaklda ariza beruvchini xabardor qiladi.

Murojaat kelib tushgandan so‘ng bir ish kuni ichida

Ariza beruvchi ish qidirayotgan shaxs ro‘yxatga olingan olingan kundan boshlab bir ish kunida

3-bosqich

Ariza beruvchi

Mahalliy mehnat organiga maqbul keladigan ish yuzasidan taklif olish uchun boradi.

Ariza beruvchi ish qidiruvchi shaxs sifatida ro‘yxatga olingan kundan boshlab o‘n kun ichida

4-bosqich

Mahalliy mehnat organi

O‘zbekiston Respublikasining “Aholi bandligi to‘g‘risida”gi Qonuni talablariga muvofiq ariza beruvchini ishsiz deb e’tirof etish va unga ishsizlik nafaqasini tayinlash yoki rad etish (agar asoslar mavjud bo‘lganda) bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshiradi.

Ariza beruvchi ish qidiruvchi shaxs sifatida ro‘yxatga olingan kundan boshlab o‘n bir kun ichida

5-bosqich

Mahalliy mehnat organi

Ariza beruvchini ishsiz deb e’tirof etish va unga ishsizlik nafaqasini tayinlash to‘g‘risida qaror qabul qilinganligi yoki uni ishsiz deb e’tirof etish rad etilganligi (agar asoslar mavjud bo‘lganda) to‘g‘risida QR-kod qo‘yilgan xabarnomani ariza beruvchiga elektron tarzda YIDXP orqali yuboradi.

Ariza beruvchini ishsiz deb e’tirof etish va unga ishsizlik nafaqasini tayinlash to‘g‘risida qaror qabul qilingandan so‘ng ikki kun ichida

Shaxslarni ishsiz deb e’tirof etish va ularga ishsizlik nafaqasini tayinlash bo‘yicha elektron davlat xizmatini ko‘rsatish to‘g‘risidagi reglamentga
2-ILOVA
Shaxslarni ishsiz deb e’tirof etish va ularga ishsizlik nafaqasini tayinlash bo‘yicha davlat xizmatidan foydalanish uchun
SO‘ROVNOMA
Oldingi tahrirga qarang.

‎‎Ariza beruvchi to‘g‘risidagi ma’lumotlar

1. Jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami (JSHSHIR):‎

2. Familiyasi‎

3. Ismi:‎

4. Otasining ismi:‎

5. Tug‘ilgan yili va sanasi:‎

6. Yashash manzili:‎

7. Ma’lumoti (umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, kasbiy va oliy):‎

8. Tugallagan ta’lim muassasasining nomi:‎

9. Mutaxassisligi (mavjud bo‘lsa):‎

10. Kasbi (mavjud bo‘lsa):‎

11. Oxirgi ish joyi:‎

12. Telefon raqami:‎

13. Elektron pochta manzili (mavjud bo‘lsa):‎

(2-ilova O‘zbekiston Respublikasi kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining 2025-yil 25-dekabrdagi 32-2025/B-son buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3472-1, 19.01.2026-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 20.01.2026-y., 10/26/3472-1/0054-son)
Shaxslarni ishsiz deb e’tirof etish va ularga ishsizlik nafaqasini tayinlash bo‘yicha elektron davlat xizmatini ko‘rsatish to‘g‘risidagi reglamentga
3-ILOVA
Oldingi tahrirga qarang.

Shaxsni ishsiz deb e’tirof etish va unga ishsizlik nafaqasini tayinlash bo‘yicha qaror qabul qilinganligi to‘g‘risida

XABARNOMA

Elektron hujjatning identifikatsiya raqami

O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri

(vakolatli organning nomi)

belgilangan tartibda va muddatlarda Sizning 20__ yil “___” ___________dagi

___________________________________________________(yil, kun, oy)

____________________-son so‘rovnomangizni ko‘rib chiqib, O‘zbekiston Respublikasining “Aholi bandligi to‘g‘risida”gi Qonunining 44-moddasiga muvofiq, ________________________ tuman (shahar) Kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limining ________ -yildagi _______-son buyrug‘i bilan (ariza beruvchining F.I.O.)ni ishsiz deb e’tirof etish va unga ishsizlik nafaqasini tayinlash to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Ishsiz deb e’tirof etilgan shaxs uchun zarur bo‘lgan axborotlar:

1. Ishsizlik nafaqasi ______sanadan boshlab hisoblanadi va uning miqdori _______ so‘mni tashkil etadi.

2. Ishsiz deb e’tirof etilgan shaxsning ________________________ tuman (shahar) Kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limiga qayta ro‘yxatdan o‘tish uchun majburiy kelish sanasi — kk.oo.yyyy gacha.

3. Ishsiz deb e’tirof etilgan shaxsning huquq va majburiyatlari:

ishsiz deb e’tirof etilgan shaxs ishsizlik nafaqasini har oyda va mahalliy mehnat organining buyrug‘ida belgilangan miqdorda olish;

ishsizlik nafaqasini olish davrida ishsiz shaxs kasal bo‘lgan taqdirda ishsizlik nafaqasini ishsiz shaxsning qarindoshlari (otasi, onasi, eri (xotini), voyaga yetgan bolalari) yoki belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan ishonchnoma asosida ishsiz shaxsning boshqa ishonchli shaxslari tomonidan olishga yo‘l qo‘yiladi;

ishsizlik nafaqasini olish davrida ishsiz shaxs ish qidirishi va ishga joylashtirishga doir yo‘llanma yoxud kasbga tayyorlashga, qayta tayyorlashga yoki malakasini oshirishga yo‘llanma olish uchun ikki haftada kamida bir marta mahalliy mehnat organiga murojaat qilishi shart.

4. Ishsizlik nafaqasini olish shartlari va joyi:

ishsizlik nafaqasi o‘n ikki oylik davr ichida ko‘pi bilan yigirma olti kalendar hafta davomida to‘lanadi;

ishsizlik nafaqasining eng kam miqdori — mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining kamida yetmish besh foiziga teng;

ishsizlik nafaqasi ishsiz deb e’tirof etilgan shaxsga u mahalliy mehnat organida ish qidirayotgan shaxs sifatida ro‘yxatga olingan birinchi kundan e’tiboran hisoblanadi va to‘lanadi.

Joriy oyda ishsizlik nafaqasini to‘lash o‘tgan oy uchun amalga oshiriladi.

Ishsizlik nafaqasiga soliq solinmaydi.

Ma’sul ijrochi F.I.O:

Tuman (shahar) Kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limi nomi va telefon raqami:
 

QR-kod

Eslatma: Mazkur xabarnoma bo‘yicha e’tirozlaringiz bo‘lsa, yashash joyi yoki turgan joyingizdagi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limiga murojaat qilishingiz mumkin!
(3-ilova O‘zbekiston Respublikasi kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining 2025-yil 25-dekabrdagi 32-2025/B-son buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3472-1, 19.01.2026-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 20.01.2026-y., 10/26/3472-1/0054-son)
Shaxslarni ishsiz deb e’tirof etish va ularga ishsizlik nafaqasini tayinlash bo‘yicha elektron davlat xizmatini ko‘rsatish to‘g‘risidagi reglamentga
4-ILOVA
Oldingi tahrirga qarang.

Shaxsni ishsiz deb e’tirof etish rad qilinganligi to‘g‘risida

XABARNOMA

Elektron hujjatning identifikatsiya raqami

O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri

________________________________________________________________ qonunchilik hujjatlarida

(vakolatli organning nomi)

belgilangan tartibda va muddatlarda Sizning 20__ yil “___” _________________dagi

___________________________________________________________(yil, kun, oy)

____________________-son so‘rovnomangizni ko‘rib chiqib,

_______________________________________________________ rad etilganligini ma’lum qiladi.

________________(Shaxsni ishsiz deb e’tirof etish)

Rad etish asoslari (O‘zbekiston Respublikasining “Aholi bandligi to‘g‘risida”gi Qonunining 45-moddasi birinchi qismida belgilangan holatlar):

1.

2.

3.

Axborot tariqasida ma’lum qilinadiki, O‘zbekiston Respublikasining “Aholi bandligi to‘g‘risida”gi Qonunining 45-moddasi ikkinchi qismiga muvofiq ishsiz shaxs deb etirof etish rad qilingan shaxs taklif etilgan ishni rad etgan paytdan yoki maqbul kyeladigan ish bo‘yicha taklif olish uchun mahalliy myehnat organiga uzrli sababsiz kelmagan paytdan etiboran o‘ttiz kalendar kun o‘tganidan keyingina ish qidirayotgan shaxs sifatida takroran ro‘yxatdan o‘tish huquqiga ega.

_______________________________

___________________________________

(mas’ul shaxsning lavozimi)

(F.I.O)

QR-kod

Eslatma: Mazkur xabarnoma bo‘yicha e’tirozlaringiz bo‘lsa, yashash joyi yoki turgan joyingizdagi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limiga murojaat qilishingiz mumkin!
(4-ilova O‘zbekiston Respublikasi kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining 2025-yil 25-dekabrdagi 32-2025/B-son buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3472-1, 19.01.2026-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 20.01.2026-y., 10/26/3472-1/0054-son)
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 01.11.2023-y., 10/23/3472/0820-son; 20.01.2026-y., 10/26/3472-1/0054-son)