Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Xususiy mulkdorlar buyurtmasi asosida ularning mulklarini soddalashtirilgan tartib va muddatlarda sotish va ijaraga berish boʻyicha savdolarni oʻtkazish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat aktivlarini boshqarish agentligi faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2023-yil 24-martdagi PQ-101-son qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Xususiy mulkdorlar buyurtmasi asosida ularning mulklarini soddalashtirilgan tartib va muddatlarda sotish maqsadida “E-auksion” elektron savdo platformasida “E-auksion shop” elektron savdo doʻkoni faoliyati yoʻlga qoʻyilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 12-yanvardagi 18-son qarori bilan tasdiqlangan “E-auksion” elektron savdo platformasida elektron onlayn-auksion va tanlovlarni tashkil etish hamda oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi Nizom.
2. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Xususiy mulkdorlar buyurtmasi asosida ularning mulklarini soddalashtirilgan tartib va muddatlarda “E-auksion shop” elektron savdo doʻkoni orqali sotish va ijaraga berish boʻyicha savdolar oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
buyurtmachi va talabgorning (ishtirokchining) huquq va majburiyatlari, buyurtmani yaratish va joylashtirish;
narxni oshirib borish tamoyili asosida savdolar oʻtkazilishi toʻgʻrisidagi xabarnomani joylashtirish, savdolarni va takroriy savdolarni oʻtkazish;
narxni oshirib borish tamoyili asosida oʻtkaziladigan savdolarda hisob-kitob qilish;
eʼlon qilingan narxda sotish;
savdolar obyektini topshirish va qabul qilish.
3. Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 12-yanvardagi 18-son qarori bilan tasdiqlangan “E-auksion” elektron savdo platformasida elektron onlayn-auksion va tanlovlarni tashkil etish hamda oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 1-bandining ikkinchi va uchinchi xatboshilari quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Mazkur Nizom talablari xususiy mulkdorlar buyurtmasi asosida ularning mulklarini soddalashtirilgan tartib va muddatlarda sotish hamda ijaraga berishga, shuningdek, mazkur Nizomning elektron tanlov oʻtkazish qismi dehqon xoʻjaligini yuritish va yuridik shaxslarga qishloq xoʻjaligi maqsadlari uchun yer uchastkalarini elektron tanlov orqali ijaraga berishga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Xususiy mulkdorlar buyurtmasi asosida ularning mulklarini soddalashtirilgan tartib va muddatlarda sotish va ijaraga berish, shuningdek, dehqon xoʻjaligini yuritish va yuridik shaxslarga qishloq xoʻjaligi maqsadlari uchun yer uchastkalarini elektron tanlov orqali ijaraga berish tartibi Vazirlar Mahkamasining alohida qarorlari bilan belgilanadi”.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori A.J. Ortiqov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2023-yil 16-oktabr,
540-son
Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 16-oktabrdagi 540-son qaroriga
ILOVA
Xususiy mulkdorlar buyurtmasi asosida ularning mulklarini soddalashtirilgan tartib va muddatlarda “E-auksion shop” elektron savdo doʻkoni orqali sotish va ijaraga berish boʻyicha savdolar oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom xususiy mulkdorlar buyurtmasiga asosan ularning mulklarini soddalashtirilgan tartib va muddatlarda “E-auksion shop” elektron savdo doʻkoni orqali sotish va ijaraga berish boʻyicha savdolar oʻtkazish tartibini belgilaydi.
Mazkur Nizom talablari budjet tashkilotlari va ustav fondida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq boʻlgan yuridik shaxslar, shuningdek, ustav fondining 50 foizi va undan ortigʻi 50 foiz va undan ortiq miqdorda davlat ulushiga ega yuridik shaxsga tegishli boʻlgan yuridik shaxslar, toʻlovga qobiliyatsizlik tartib-taomillari qoʻllanilayotgan yuridik va jismoniy shaxslarning mol-mulklarini, shuningdek, davlatga tegishli boʻlgan mol-mulklarni sotish hamda ijaraga berishga nisbatan tatbiq etilmaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
“E-auksion shop” elektron savdo doʻkoni (keyingi oʻrinlarda — elektron doʻkon) — xususiy mulkdorlar mulklarining elektron savdolarini tashkil etish va oʻtkazishni taʼminlaydigan “E-auksion” elektron savdo platformasidagi (keyingi oʻrinlarda — savdo platformasi) elektron doʻkon;
buyurtmachi — oʻziga mulk huquqi asosida tegishli boʻlgan savdolar obyektini elektron doʻkon orqali sotish yoki ijaraga berish uchun buyurtma yuborgan jismoniy yoki yuridik shaxs, shuningdek, mulkdorning ishonchnomasi orqali uchinchi shaxs (budjet tashkilotlari va ustav fondida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq boʻlgan yuridik shaxslar, shuningdek, ustav fondining 50 foizi va undan ortigʻi 50 foiz va undan ortiq miqdorda davlat ulushiga ega yuridik shaxsga tegishli boʻlgan yuridik shaxslar, toʻlovga qobiliyatsizlik tartib-taomillari qoʻllanilayotgan yuridik va jismoniy shaxslar bundan mustasno);
elektron onlayn-savdolar (keyingi oʻrinlarda — savdolar) — elektron doʻkon orqali mulkdorning xohishiga koʻra savdolar obyektining narxini oshirib borish tamoyilida yoki eʼlon qilingan narxda sotish orqali oʻtkaziladigan elektron savdo usuli;
lot — buyurtmachi tomonidan sotish yoki ijaraga berish uchun elektron doʻkonga qoʻyilgan savdolar obyekti;
operator — elektron doʻkonda savdoni tashkil etish va oʻtkazish vakolatiga ega yuridik shaxs — “Elektron onlayn-auksionlarni tashkil etish” AJ;
savdolar obyekti — elektron doʻkon orqali sotiladigan xususiy mulkdorlarga tegishli mol-mulklar, shu jumladan, ijaraga beriladigan koʻchmas mulk, maxsus texnika va avtotransport vositalari (oziq-ovqat mahsulotlari, tez buziladigan tovarlar, yengil alangalanuvchi va yonuvchi suyuqliklar, termik ishlov berilmagan, shu jumladan, kelib chiqishi hayvonotga mansub mahsulot va xomashyolar, alkogol va tamaki mahsulotlari, giyohvandlik moddalari, pestitsidlar va agroximikatlar, kimyoviy moddalar va zaharlar, dori vositalari hamda diniy mazmundagi materiallar bundan mustasno);
savdo qadami — savdolar obyekti boshlangʻich narxiga nisbatan belgilanadigan foiz;
savdo ishtirokchisi (keyingi oʻrinlarda — ishtirokchi) — elektron doʻkon orqali savdoda ishtirok etish uchun elektron ariza bergan yuridik yoki jismoniy shaxs;
savdo platformasidagi texnik uzilish — savdo jarayonida bir yoki bir nechta ishtirokchining qatnashishini yoki mazkur Nizom talablari asosida operatorning xizmat koʻrsatish imkoniyatini cheklaydigan savdo platformasidagi, shu jumladan, elektron doʻkondagi texnik nosozliklar;
talabgor — savdolarda ishtirok etish istagini bildirgan va operatorning savdo platformasida ushbu Nizom bilan belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazilgan yuridik yoki jismoniy shaxs;
xabarnoma — elektron doʻkonda muayyan lot boʻyicha savdo oʻtkazilishi toʻgʻrisidagi maʼlumot;
xaridor — eʼlon qilingan narx boʻyicha savdolar obyekti qiymatini toʻliq toʻlagan talabgor;
shaxsiy kabinet — buyurtmachi yoki ishtirokchiga savdo platformasidagi savdolarda buyurtma berish, ularda qatnashish, shaxsiy hisobvaraqni boshqarish, uning holati va boshqa statistik maʼlumotlarni koʻrish hamda operator tomonidan yuborilayotgan xabarlar bilan tanishib borish imkonini beruvchi savdo platformasining maxsus boʻlimi.
3. Xususiy mulkdorlar buyurtmasiga asosan ularning mulklarini soddalashtirilgan tartib va muddatlarda sotish va ijaraga berish boʻyicha elektron savdolarni tashkil etish hamda oʻtkazish mazkur Nizomga ilovada keltirilgan sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
4. Savdolar ushbu Nizom talablariga muvofiq elektron doʻkonda buyurtmachining buyurtmasi asosida quyidagi tartibda oʻtkaziladi:
narxni oshirib borish tamoyili asosida oʻtkaziladigan elektron onlayn-savdo orqali;
eʼlon qilingan narxda sotish orqali.
5. Savdolarni tashkil etish hamda oʻtkazish doirasida operator quyidagi majburiyatlarni zimmasiga oladi:
savdolarni belgilangan tartibda va vaqtda tashkil etish va oʻtkazish;
elektron doʻkonda savdolar inson omili aralashuvisiz oʻtkazilishini taʼminlash.
6. Savdoda ishtirok etish uchun buyurtmachi va talabgor savdo platformasida roʻyxatdan oʻtadi.
Savdo platformasidan roʻyxatdan oʻtishda buyurtmachi va talabgorning pasport yoki ID-karta maʼlumotlari, STIRi, yuridik manzili, bank rekvizitlari, buyurtmachi va talabgor rahbari (yoki vakolatli shaxs)ning pasport yoki ID-karta maʼlumotlari hamda aloqa maʼlumotlari koʻrsatiladi.
Roʻyxatdan oʻtish va shaxsni identifikatsiya qilish maʼlumotlarni toʻldirib ularni elektron raqamli imzo (keyingi oʻrinlarda — ERI) yoki savdo platformasida yaratilgan maxsus identifikatsiyalash imkoniyati yordamida tasdiqlangandan soʻng amalga oshiriladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 10-maydagi 348-sonli qarori bilan tasdiqlangan Davlat xizmatlari markazlari yoki onlayn tarzda (masofadan turib) rasmiy axborot resurslari orqali elektron raqamli imzo kalitini roʻyxatga olish va elektron raqamli imzo kalitining sertifikatini berish boʻyicha davlat xizmatlari koʻrsatishning maʼmuriy reglamenti.
7. Roʻyxatdan oʻtish jarayonida buyurtmachi va talabgor savdolar oʻtkazish tartibi bilan tanishgani, savdo platformasining, shu jumladan, elektron doʻkonning oʻziga xos jihatlari va tartib-taomillarini qabul qilganligi toʻgʻrisida operator bilan elektron savdolarni tashkil etish va oʻtkazish boʻyicha elektron shartnoma (oferta)ni ERI yoki maxsus identifikatsiyalash imkoniyati orqali imzolaydi.
Savdo platformasida roʻyxatdan oʻtmagan shaxs savdoni oʻtkazish uchun buyurtma bera olmaydi va savdolarda ishtirok eta olmaydi.
Roʻyxatdan oʻtgan buyurtmachi va talabgorga savdo platformasida shaxsiy kabinet ochiladi.
8. Savdolarda ishtirok etish uchun zakalat puli mol-mulk boshlangʻich narxining 5 foizi miqdorida belgilanadi va operatorning bank hisobvaragʻiga oʻtkaziladi (eʼlon qilingan narxda sotish bundan mustasno).
2-bob. Buyurtmachi va talabgorning (ishtirokchining) huquq va majburiyatlari
9. Buyurtmachi operator bilan elektron doʻkonda savdolar oʻtkazish boʻyicha xizmatlar koʻrsatish yuzasidan savdo platformasi orqali shartnoma tuzishga haqli.
10. Buyurtmachi quyidagilarga majbur:
savdolar obyektini elektron doʻkonga joylashtirgan vaqtdan boshlab mol-mulkning butligi va soz holatda saqlanishini taʼminlash;
savdolar obyektini talabgorga (ishtirokchiga) koʻrsatish uchun sharoit yaratish;
savdolar obyektini gʻolibga (xaridorga) zarar yetkazilmagan holda topshirish;
maʼlumotlarning haqiqiyligini taʼminlash.
11. Talabgor (ishtirokchi) quyidagi huquqlarga ega:
operator bilan elektron doʻkonda sotib (ijaraga) olish boʻyicha xizmatlar koʻrsatish yuzasidan savdo platformasi orqali shartnoma tuzish;
savdolar obyektini sotib (ijaraga) olishdan avval borib koʻrish va savdolar obyektiga oid maʼlumotlar bilan tanishish;
savdolar obyektiga oid eʼtirozlar mavjud boʻlganda, sotib (ijaraga) olgunga qadar ushbu eʼtirozlar yuzasidan buyurtmachiga murojaat qilish.
12. Talabgor (ishtirokchi) savdo platformasi va/yoki elektron doʻkon orqali oʻtkaziladigan savdolarda qatnashish boʻyicha tuziladigan shartnoma shartlarini bajarishga majbur.
13. Operator savdolar obyektini saqlash, topshirish-qabul qilish jarayonida ishtirok etmaydi va uning oqibatlari uchun javobgar hisoblanmaydi.
3-bob. Buyurtmani yaratish va joylashtirish tartibi
14. Savdolar obyekti savdolarga buyurtmachi tomonidan savdo platformasi orqali yuborilgan buyurtma asosida chiqariladi.
15. Buyurtmaga quyidagi maʼlumotlar va hujjatlar ilova qilinadi:
savdolar oʻtkazish shakli (narxni oshirib borish yoki eʼlon qilingan narxda);
savdolar obyekti nomi;
savdolar obyektining boshlangʻich narxi (eʼlon qilingan narxda sotishda baholangan narxi);
savdolar obyektini tavsiflovchi (koʻchmas mulkda — yer va qurilish maydoni, maxsus texnika, avtotransport hamda maishiy texnika vositalarida — texnik xususiyatlari va boshqalar) maʼlumotlar va hujjatlar;
buyurtmachining manzili va telefon (mobil, mavjud boʻlganda — statsionar) raqami;
savdolar obyekti joylashgan manzil, fotosurat (kamida 3 ta) va geolokatsiyasi;
savdolar obyektiga boʻlgan egalik huquqini belgilovchi hujjatlar (koʻchmas mulk obyektlari boʻyicha mulk huquqini tasdiqlovchi hujjat);
ijaraga berilganda — ijaraga berish muddati;
sertifikatlanishi shart boʻlgan tovarlar boʻyicha — muvofiqlik sertifikatlari;
hisob-kitob qilish tartibi;
buyurtmachi tomonidan taqdim etilgan qoʻshimcha maʼlumotlar (agar mavjud boʻlsa);
operator tomonidan taqdim etilishi soʻralgan savdo obyektiga taalluqli boshqa hujjatlar.
16. Agar buyurtmaga ushbu Nizomning 15-bandida nazarda tutilgan maʼlumotlar kiritilmagan va/yoki hujjatlar ilova qilinmagan, buyurtmachi mazkur Nizomda buyurtmachi uchun belgilangan mezonlarga nomuvofiqligi haqida maʼlumot kelib tushgan boʻlsa, operator buyurtmani olgan kunidan keyingi ikki ish kunidan kechiktirmay buyurtmani savdo platformasi orqali buyurtmachiga qaytaradi. Buyurtmachi operator tomonidan koʻrsatilgan kamchiliklarni bartaraf etib, buyurtmani qayta yuborishga haqli.
17. Buyurtmachi buyurtmani ishtirokchi tomonidan narx tasdiqlangunga (savdolar obyekti sotib yoki ijaraga olingunga) qadar savdo platformasi orqali elektron soʻrov berish yoʻli bilan savdodan olishi mumkin. Bunda, savdodan olish avtomatik tarzda amalga oshiriladi. Savdolarda narx tasdiqlangandan (savdolar obyekti sotib yoki ijaraga olingandan) soʻng elektron soʻrov qabul qilinmaydi va savdoni oʻtkazish tartib-taomillari davom ettiriladi.
Buyurtmachi buyurtmani ishtirokchi tomonidan narx tasdiqlangunga (savdolar obyekti sotib yoki ijaraga olingunga) qadar savdo platformasi orqali elektron soʻrov berish yoʻli bilan savdodan olish holatlari 2-marta takrorlangan taqdirda, operator hisobiga:
3-martadan boshlab bazaviy hisoblash miqdorining 1 baravari miqdorida;
5-martadan boshlab bazaviy hisoblash miqdorining 3 baravari miqdorida;
7-martadan boshlab bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravari miqdorida buyurtmachidan qoʻshimcha toʻlov undiriladi.
Bunda mazkur toʻlovni undirish toʻgʻrisidagi ogohlantirish buyurtmachi oʻz buyurtmasini qaytarib olish istagini bildirgan vaqtda unga savdo platformasi orqali maʼlum qilinadi.
4-bob. Narxni oshirib borish tamoyili asosida oʻtkaziladigan savdolar oʻtkazilishi toʻgʻrisidagi xabarnomani joylashtirish
18. Buyurtmachi tomonidan taqdim etilgan buyurtma va unga ilova qilingan maʼlumot hamda hujjatlar belgilangan talablarga muvofiq deb eʼtirof etilgan taqdirda, operator buyurtmani olgan kundan keyingi ikki ish kunidan kechiktirmay savdolar oʻtkazilishi toʻgʻrisidagi xabarnomani elektron doʻkonda eʼlon qiladi.
Operator buyurtmada koʻrsatilgan maʼlumotlarning va unga ilova qilingan hujjatlarning haqiqiyligi uchun javobgar hisoblanmaydi.
19. Tegishli lot boʻyicha savdolar boshlanganidan soʻng elektron doʻkonda savdolar boshlanganligi haqidagi maʼlumotlar avtomatik ravishda eʼlon qilinadi.
Elektron doʻkonda savdolar yakunlangandan soʻng savdolar yakunlangan vaqt va uning natijalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar avtomatik ravishda eʼlon qilinadi.
20. Xabarnoma quyidagilarni oʻz ichiga olishi zarur:
savdolar oʻtkaziladigan sana;
lot raqami, undagi savdo obyektlari soni va nomlanishi;
lotning boshlangʻich narxi;
boshlangʻich narxga nisbatan foiz koʻrinishida ifodalangan savdo qadami;
zakalat pulining boshlangʻich narxga nisbatan foiz koʻrinishida va qatʼiy summada ifodalangan miqdori;
buyurtmachining manzili va telefon (mavjud boʻlganda mobil) raqami;
savdolar obyektini tavsiflovchi maʼlumotlar;
buyurtmachi tomonidan taqdim etilgan qoʻshimcha maʼlumotlar (agar mavjud boʻlsa);
ijaraga berilganda ijaraga berish muddati;
savdolar obyekti joylashgan manzil, fotosurat va geolokatsiyasi;
hisob-kitob qilish tartibi.
Operator tomonidan elektron doʻkonda savdo oʻtkazilishi toʻgʻrisida xabarnoma eʼlon qilingandan keyin savdo oʻtkazish shartlarini oʻzgartirishga yoʻl qoʻyilmaydi. Buyurtmachi tomonidan buyurtmani savdolardan olish hamda savdolar oʻtkazish shartlari oʻzgartirilgan holda buyurtmani qayta yuborish holatlari bundan mustasno.
21. Operator tomonidan savdo platformasida savdolar oʻtkazish qoidalari bilan tanishish imkoniyati taʼminlanadi.
5-bob. Narxni oshirib borish tamoyili asosida savdolar oʻtkazish tartibi
22. Ishtirokchilarning savdolarda ishtirok etish boʻyicha arizalari elektron doʻkonda xabarnoma joylashtirilgan kundan boshlab savdolar yakunlangunga qadar avtomatik tarzda qabul qilinadi.
Ishtirokchi oʻz arizasini savdolar yakunlangunga qadar chaqirib olishga va takroran yuborishga haqli, savdolar jarayonida oxirgi va oxiridan oldingi narx tasdiqlagan ishtirokchilar bundan mustasno.
23. Operator barcha ishtirokchilar uchun savdolarga kirishish va qatnashishda imkoniyatlar tengligini taʼminlaydi.
Ishtirokchilarga savdoda ishtirok etish uchun shaxsiy raqamlar beriladi.
24. Savdolarda ishtirok etish uchun arizalar berish va savdolar jarayonida ishtirokchilar toʻgʻrisida maʼlumotlar elektron doʻkonda aks ettirilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
25. Savdolar xabarnomada keltirilgan kun va vaqtda boshlanadi.
26. Savdolar har bitta lot uchun alohida oʻtkaziladi.
27. Savdolar kamida ikki nafar ishtirokchi mavjud boʻlganda oʻtkaziladi.
28. Boshlangʻich narx buyurtmachining buyurtmasiga asosan belgilanadi.
29. Savdo qadami:
birinchi toʻrtta qadamda — savdolar obyekti boshlangʻich narxining 5 foizi miqdorida;
beshinchi va undan keyingi qadamlarda — savdolar obyekti boshlangʻich narxining 3 foizi miqdorida belgilanadi.
Boshlangʻich narxi xabarnoma joylashtirish paytida bazaviy hisoblash miqdorining ikki ming baravaridan yuqori boʻlgan savdolar obyekti realizatsiya qilingan taqdirda, savdoning barcha qadami savdolar obyekti boshlangʻich narxining 2 foizi miqdorida belgilanadi.
30. Savdolar elektron doʻkonda xabarnoma eʼlon qilingan kundan keyingi ish kuni soat 10:00 da boshlanadi va besh ish kuni davomida, oxirgi ish kuni soat 18:00 ga qadar oʻtkaziladi.
31. Savdolar ishtirokchilardan lotni uning boshlangʻich narxidan bir savdo qadamiga oshirilgan narxda sotib olish (ijaraga olish) boʻyicha taklifni tasdiqlashni soʻrashdan boshlanadi.
32. Agar lot narxini oshirish boʻyicha taklifni oxirgi tasdiqlagan ishtirokchi savdoni oʻtkazish vaqti yakunlanishiga oʻn daqiqadan kam qolganda amalga oshirgan boʻlsa, savdolarni oʻtkazish vaqti oxirgi taklif tasdiqlangan paytdan boshlab keyingi oʻn daqiqaga uzaytiriladi. Keyingi har bir taklif savdoni oʻtkazish vaqtini oʻn daqiqadan uzaytirib boradi.
Agar oxirgi tasdiqlangan taklifdan soʻng oʻn daqiqa davomida keyingi oshirilgan lot narxi boʻyicha taklif ishtirokchilarning birontasi tomonidan tasdiqlanmasa, savdolar yakunlanadi.
33. Oxirgi taklifni tasdiqlagan ishtirokchi savdo gʻolibi deb topiladi.
Buyurtmachi ixtiyoriga koʻra (buyurtma va xabarnomada koʻrsatilgan tartibda) lot qiymati toʻliq yoki boʻlib-boʻlib toʻlanadi. Savdo gʻolibiga tasdiqlangan lot qiymati toʻliq (buyurtmachining ixtiyoriga koʻra, boʻlib-boʻlib toʻlash nazarda tutilgan hollarda operator xizmat haqiga yetarli mablagʻ) u tomonidan toʻlanganidan soʻng keyingi ish kunidan kechiktirmay savdo natijalari toʻgʻrisidagi QR-kodli (matrik shtrixli kod) bayonnoma avtomatik tarzda rasmiylashtiriladi.
Boʻlib-boʻlib toʻlash mexanizmi orqali sotilgan (ijaraga berilgan) savdolar obyektining toʻliq qiymati savdo gʻolibi va buyurtmachi oʻrtasida tuziladigan shartnomaga asosan toʻlanadi.
34. Bayonnoma savdo gʻolibi va buyurtmachining shaxsiy kabinetlariga elektron shaklda yuboriladi.
Qiymati toʻliq toʻlangan savdo obyektlari boʻyicha bayonnoma oldi-sotdi (ijara) shartnomasi kuchiga ega boʻlib, mulk va mulkiy huquqni davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun asos hisoblanadi.
Qiymati boʻlib-boʻlib toʻlash nazarda tutilgan savdo obyektlari boʻyicha bayonnoma oldi-sotdi (ijara) shartnomasini tuzish uchun asos hisoblanadi.
Bunda shartnomalarni notarial tasdiqlash talab etilmaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
35. Savdo gʻolibidan bir qadam past narx taklifini tasdiqlagan ishtirokchi zaxiradagi gʻolib deb eʼtirof etiladi.
(35-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 21-apreldagi 247-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 23.04.2025-y., 09/25/247/0383-son)
Oldingi tahrirga qarang.
36. Savdo gʻolibi belgilangan muddatda lotni sotib (ijaraga) olishdan bosh tortsa yoki lot qiymatini muddatida yoxud boʻlib-boʻlib toʻlashda mablagʻ operator xizmat haqini yetarli toʻlamasa, operator keyingi ish kunidan kechiktirmay zaxiradagi gʻolibga u tasdiqlagan narxda lotni sotib olishni (ijaraga olishni) taklif qiladi.
(36-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 21-apreldagi 247-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 23.04.2025-y., 09/25/247/0383-son)
Oldingi tahrirga qarang.
37. Lot qiymatini toʻliq (buyurtmachining ixtiyoriga koʻra boʻlib-boʻlib toʻlash nazarda tutilgan hollarda operator xizmat haqiga yetarli mablagʻ) toʻlagan zaxiradagi gʻolib savdo gʻolibi deb topiladi va unga keyingi ish kunidan kechiktirmay savdo natijasi toʻgʻrisida bayonnoma taqdim etiladi.
(37-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 21-apreldagi 247-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 23.04.2025-y., 09/25/247/0383-son)
38. Savdo platformasida texnik uzilish sodir boʻlgan hollarda savdolar vaqtincha toʻxtatiladi hamda bu haqda ishtirokchining shaxsiy kabineti, elektron pochta manzili va/yoki mobil telefon raqamiga xabar yuboriladi hamda ushbu savdo texnik uzilish bartaraf qilingan kundan keyingi ish kuni soat 10:00 da oxirgi tasdiqlangan narxdan bir qadam oshirilgan narxni taklif etishdan davom ettiriladi.
Toʻxtatilgan lot boʻyicha savdo ishtirokchisi davom ettiriladigan savdo ishtirokchisi sifatida uning shaxsiy kabineti, elektron pochta manzili va/yoki mobil telefon raqami orqali xabardor qilinadi. Ishtirokchi xabar bilan oʻz vaqtida tanishmaganligi uchun operator javobgar hisoblanmaydi.
Texnik uzilishni bartaraf etish davrida ishtirokchi tomonidan oʻz tasdiqlangan takliflari qaytarib olinishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Ishtirokchining kompyuter va (yoki) telekommunikatsiya jihozlarida texnik uzilish boʻlganda, bu holat savdo platformasidagi texnik uzilish deb hisoblanmaydi va savdo davom ettiriladi.
39. Savdolar quyidagi hollarda oʻtkazilmagan deb topiladi:
savdolarda qatnashish uchun bironta ham talabgordan ariza kelib tushmagan boʻlsa;
savdolar kuni ishtirokchilar tomonidan bironta ham taklif tasdiqlanmasa;
Oldingi tahrirga qarang.
mazkur Nizomning 42-bandida belgilangan tartibda savdo gʻolibi va zaxiradagi gʻolib tomonidan tasdiqlangan lot qiymati belgilangan muddatda toʻlanmasa.
(39-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 21-apreldagi 247-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 23.04.2025-y., 09/25/247/0383-son)
Savdolar oʻtkazilmagan deb topilganda, savdolar obyekti mazkur Nizomda belgilangan tartibda takroriy savdoga chiqariladi.
6-bob. Narxni oshirib borish tamoyili asosida takroriy savdolar oʻtkazish tartibi
40. Takroriy savdolar oʻtkazilishi toʻgʻrisidagi xabarnoma savdolar oʻtkazilmagan deb topilgandan soʻng avtomatik tarzda elektron doʻkonga joylashtiriladi.
Bunda takroriy savdolar savdolar oʻtkazilmagan deb topilgan kundan keyingi ish kuni soat 10:00 dan 18:00 ga qadar oʻtkaziladi.
Dastlabki savdolar oʻtkazilishi toʻgʻrisidagi xabarnoma joylashtirilgan vaqtdan boshlab 30 kalendar kun davomida sotilmagan (ijaraga berilmagan) savdo obyektlari avtomatik tarzda buyurtmachiga qaytariladi.
Qaytarilgan buyurtma buyurtmachining qayta savdolarga chiqarish toʻgʻrisidagi soʻroviga asosan takroriy savdolarga chiqarilishi mumkin.
41. Savdolar obyekti buyurtmachiga qaytarilganda buyurtmachining soʻroviga koʻra savdolar obyektini takroriy savdolarga chiqarish mazkur Nizomda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
7-bob. Narxni oshirib borish tamoyili asosida oʻtkaziladigan savdolarda hisob-kitob qilish va zakalat pulini qaytarish tartibi
42. Savdo gʻolibi lot qiymatini qoida tariqasida uch ish kunidan kechiktirmay toʻlaydi. Buyurtmachi ixtiyoriga koʻra lot qiymati toʻliq toʻlanadigan savdolarda ushbu muddat savdolarga qadar xabarnomada eʼlon qilish orqali uzogʻi bilan oʻn ish kuniga qadar kechiktirib belgilanishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
Zaxiradagi gʻolibga sotib olish (ijaraga olish) boʻyicha taklif kelib tushgan kundan boshlab lot qiymatini toʻlash uchun uch ish kunlik (buyurtmachi tomonidan boshqa muddat belgilangan holatlar bundan mustasno) muddat beriladi.
(42-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 21-apreldagi 247-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 23.04.2025-y., 09/25/247/0383-son)
Oldingi tahrirga qarang.
43. Belgilangan muddatlarda toʻlovlarni toʻlamagan savdo gʻolibi (zaxiradagi gʻolib)ning zakalat miqdori qaytarilmaydi.
(43-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 21-apreldagi 247-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 23.04.2025-y., 09/25/247/0383-son)
Qaytarilmagan zakalat miqdori operator tasarrufida qoladi.
44. Savdolarni tashkil etish va oʻtkazish xizmatlari uchun operator savdolar obyektining sotilgan (ijaraga berilgan) qiymatidan 1 foiz miqdorida xizmat haqi oladi.
45. Ishtirokchi tomonidan savdo platformasi orqali ariza chaqirib olingan taqdirda, operatorga xabarnoma yuborish hamda ishtirokchining soʻroviga koʻra zakalat summasi ishtirokchining bankdagi hisobvaragʻiga (plastik kartasiga) qaytarilishi savdo platformasi orqali avtomatik tarzda amalga oshiriladi.
46. Savdolar boshlangandan soʻng oxirgi va oxiridan oldingi narxni tasdiqlagan ishtirokchining arizasi va kiritgan zakalati qaytarib olinishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
47. Zakalat puli ishtirokchining savdo platformasidagi shaxsiy hisobvaragʻiga kirim qilinadi, bunda uning soʻroviga koʻra bankdagi hisobvaragʻi (plastik kartasi)ga savdolar yakunlangan deb topilgan kundan soʻng quyidagi tartibda qaytariladi:
Oldingi tahrirga qarang.
zaxiradagi gʻolibga — savdolar yakunlangandan soʻng gʻolib tomonidan lot qiymati toʻlangandan boshlab uch ish kuni ichida;
(47-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 21-apreldagi 247-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 23.04.2025-y., 09/25/247/0383-son)
qolgan ishtirokchilarga — savdolar yakunlangan yoki oʻtkazilmagan deb topilgan kundan boshlab uch ish kuni ichida.
Ishtirokchiga zakalat puli qaytarilganda bank hisobvaragʻi (plastik karta raqamlari) notoʻgʻri koʻrsatilganligi yoki boshqa sabablarga koʻra toʻlov operatorning bank hisobvaragʻiga qaytib tushgan taqdirda, operator ishtirokchini bu haqda savdo platformasi orqali ogohlantiradi. Bunda zakalat puli ishtirokchining shaxsiy hisobvaragʻiga biriktiriladi. Ishtirokchi bank hisobvaragʻi (plastik karta) raqami toʻgʻri koʻrsatilgan holda zakalat pullarini qaytarish yuzasidan soʻrov yuborishi mumkin.
8-bob. Eʼlon qilingan narxda sotish tartibi
48. Buyurtmachi tomonidan taqdim etilgan buyurtma va unga ilova qilingan maʼlumot hamda hujjatlar belgilangan talablarga muvofiq deb eʼtirof etilgan taqdirda, operator buyurtmani olgan kundan keyingi ikki ish kunidan kechiktirmay savdolar obyekti sotilishi (ijaraga berilishi) toʻgʻrisidagi eʼlonni elektron doʻkonda joylashtiradi.
Bunda, koʻchmas mulk, maxsus texnika va avtotransport vositalari, shuningdek, savdolar obyektining eʼlon qilingan narxi buyurtma qabul qilingan kundagi bazaviy hisoblash miqdorining 60 baravaridan yuqori boʻlgan savdo obyektlari eʼlon qilingan narxda sotish tartibi qoʻllanilmaydi.
Operator buyurtmada koʻrsatilgan maʼlumotlarning va unga ilova qilingan hujjatlarning haqiqiyligi uchun javobgar hisoblanmaydi.
49. Eʼlon buyurtmachining ixtiyoriga koʻra belgilangan muddat va/yoki sotilgunga (ijaraga berilgunga) qadar elektron doʻkonga joylashtiriladi.
50. Eʼlon quyidagilarni oʻz ichiga olishi zarur:
savdolar obyekti nomi;
savdolar obyektining eʼlon qilingan narxi (ijara narxi);
buyurtmachining manzili va telefon (mavjud boʻlganda mobil) raqami;
savdolar obyektini tavsiflovchi maʼlumotlar;
buyurtmachi tomonidan taqdim etilgan qoʻshimcha maʼlumotlar (agar mavjud boʻlsa);
ijaraga berilganda ijaraga berish muddati;
savdolar obyekti joylashgan manzil, fotosurat va geolokatsiyasi;
hisob-kitob qilish tartibi.
51. Talabgor savdolar obyektini eʼlon qilingan (ijara) narxini elektron doʻkonda operatorga toʻliq (buyurtmachining ixtiyoriga koʻra boʻlib-boʻlib toʻlash nazarda tutilgan hollarda operator xizmat haqiga yetarli mablagʻ) toʻlash orqali sotib (ijaraga) oladi.
Bunda talabgorning shaxsiy kabinetida savdolar obyektini sotib (ijaraga) olishga yetarli pul mablagʻlari mavjud boʻlishi talab etiladi.
Boʻlib-boʻlib toʻlash mexanizmi orqali sotilgan (ijaraga berilgan) savdolar obyektining toʻliq qiymati savdo gʻolibi va buyurtmachi oʻrtasida tuziladigan shartnomaga asosan toʻlanadi.
52. Savdolar obyektining eʼlon qilingan narxi (ijara narxi) toʻlangandan soʻng xaridorga operator tomonidan keyingi ish kunidan kechiktirmay bayonnoma avtomatik tarzda rasmiylashtiriladi.
9-bob. Savdolar obyektini topshirish-qabul qilish tartibi
53. Savdolar natijalari boʻyicha pul mablagʻlari operatorning maxsus hisobvaragʻida yigʻiladi va savdo gʻolibi (xaridor) tomonidan shaxsiy kabineti orqali savdolar obyektini qabul qilib olganligini tasdiqlaganidan soʻng ular buyurtmachi hisobvaragʻiga (operator xizmat haqi chegirilgan holda) oʻtkaziladi.
Savdo gʻolibi (xaridor) lot rekvizitlarida koʻrsatilgan barcha parametrlarga toʻliq mos keluvchi savdolar obyektini qabul qilishdan bosh tortgan taqdirda, taraflar (gʻolib, buyurtmachi va operator)ning kelishuviga asosan toʻlangan pul mablagʻlari ushbu Nizomda belgilangan tartibda (operator xizmat haqi chegirilgan holda) savdo gʻolibiga (xaridorga) qaytariladi. Bunda buyurtma operator tomonidan buyurtmachiga avtomatik tarzda qaytariladi.
Taraflar kelishuvga erishmagan taqdirda, ushbu nizoli masala sud tartibida koʻrib chiqiladi.
Nizoli masala hal etilmagunga qadar savdo gʻolibi (xaridor) tomonidan toʻlangan pul mablagʻlari operatorning maxsus hisobvaragʻida saqlanadi.
10-bob. Yakunlovchi qoidalar
54. Buyurtmachi lotda koʻrsatilgan savdo obyekt(lar)ini toʻliq va but holatda saqlash, savdo jarayoni yakunlangandan hamda xaridor tomonidan tegishli toʻlovlar amalga oshirilgandan keyin bir ish kunidan oshmagan muddatda xaridorga topshirilishini taʼminlash uchun javobgar hisoblanadi.
55. Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 189-moddasi.
Xususiy mulkdorlar buyurtmasi asosida ularning mulklarini soddalashtirilgan tartib va muddatlarda sotish va ijaraga berish boʻyicha savdolar oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
ILOVA
Xususiy mulkdorlar buyurtmasi asosida ularning mulklarini soddalashtirilgan tartib va muddatlarda sotish va ijaraga berish boʻyicha savdolar oʻtkazish
SXEMASI

Bosqichlar

Subyektlar

Tadbirlar

Muddatlar

1-bosqich

Buyurtmachi

(oʻziga mulk huquqi asosida tegishli boʻlgan savdo obyektini elektron doʻkon orqali sotish yoki ijaraga berish uchun buyurtma yuborgan jismoniy yoki yuridik shaxs, shuningdek, mulkdorning ishonchnomasi orqali uchinchi shaxs)

1. Buyurtmachi elektron savdo platformasidan roʻyxatdan oʻtishi.

1. Elektron buyurtma berish sanasiga qadar.

2. “Elektron onlayn-auksionlarni tashkil etish” AJ (keyingi oʻrinlarda — operator) bilan xususiy mulkdorlarning mulklari boʻyicha “E-auksion shop” elektron savdo doʻkoni orqali sotish, ijaraga berish boʻyicha xizmat koʻrsatishga shartnoma tuzish.

2. Elektron buyurtma berish sanasiga qadar.

3. Obyektni “E-auksion shop” elektron savdo doʻkoni orqali sotish uchun operatorga elektron buyurtma berish.

3. Xabarnoma “E-auksion shop” elektron savdo doʻkonida joylashtirilgunga qadar.

2-bosqich

Operator

(“Elektron onlayn-auksionlarni tashkil etish” AJ)

1. “E-auksion shop” elektron savdo doʻkoni orqali savdo oʻtkazilishi haqida “E-auksion shop” elektron savdo doʻkoniga xabarnoma joylashtirish.

1. Buyurtma olingan kundan keyingi ikki ish kunidan kechiktirmay.

2. Talabgorlardan ariza qabul qilish.

2. Xabarnoma “E-auksion shop” elektron savdo doʻkonida eʼlon qilingan kundan boshlab savdo yakunlangunga qadar.

3-bosqich

Talabgor

(jismoniy va yuridik shaxslar)

1. Savdo platformasidan roʻyxatdan oʻtish va savdo qoidalari, savdo platformasining tartib-taomillarini qabul qilgani yuzasidan elektron shartnoma imzolash.

1. “E-auksion shop” elektron savdo doʻkoni orqali savdoda ishtirok etish uchun ariza berish sanasiga qadar.

2. Shaxsiy hisobvaraqni zakalat pulini oʻtkazishga talab etiladigan miqdordagi pul mablagʻlari bilan toʻldirish.

2. Xabarnoma “E-auksion shop” elektron doʻkonida eʼlon qilingan kundan boshlab savdo yakunlangunga qadar.

3. Ariza yuborish.

3. Xabarnoma “E-auksion shop” elektron doʻkonida eʼlon qilingan kundan boshlab savdo yakunlangunga qadar.

4. Ishtirokchi shaxsiy kabineti orqali zakalat pulini toʻlashi.

4. “E-auksion shop” elektron savdo doʻkoni orqali savdoda ishtirok etish uchun ariza berguniga qadar.

4-bosqich

Operator

(“Elektron onlayn-auksionlarni tashkil etish” AJ)

Savdo “E-auksion shop” elektron savdo doʻkonida avtomatik tarzda oʻtkaziladi.

Savdo xabarnoma elektron doʻkonda eʼlon qilingan kundan keyingi ish kuni soat 10:00 da boshlab, besh ish kuni davomida, oxirgi ish kuni soat 18:00 ga qadar.

5-bosqich

Savdo gʻolibi

Lot qiymatini toʻlash.

Uch ish kuni ichida toʻlovni toʻliq amalga oshirish.

6-bosqich

Operator

(“Elektron onlayn-auksionlarni tashkil etish” AJ)

1. Savdo natijalari operatorning savdo platformasida eʼlon qilish.

1. Savdo yakunlanishi bilan.

2. QR-kodini qoʻllash savdo natijalari toʻgʻrisidagi elektron bayonnomani rasmiylashtirish.

2. Lot qiymati (operator xizmat haqiga yetarli mablagʻ) toʻlangandan soʻng keyingi ish kunidan kechiktirmay.

3. Bayonnomani savdo gʻolibining va Buyurtmachining kabinetiga yuborish.

3. Bayonnoma rasmiylashtirilgandan soʻng.

4. Kelib tushgan pul mablagʻlarini taqsimlash.

4. Savdo gʻolibi tomonidan obyekt qabul qilinganligi tasdiqlangandan soʻng uch ish kuni ichida.

(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.10.2023-y., 09/23/540/0777-son; 23.04.2025-y., 09/25/247/0383-son)