Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Auditorlik tashkilotini Auditorlik tashkilotlarining reyestriga kiritish boʻyicha davlat xizmatlarini koʻrsatishning maʼmuriy reglamentini tasdiqlash toʻgʻrisida
Mamlakatimizda auditorlik xizmatlari bozorini yanada rivojlantirish borasida izchil chora-tadbirlar amalga oshirilib, auditorlik faoliyati sohasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi qonunchilik tizimini takomillashtirish yuzasidan tizimli oʻzgarishlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, auditorlik tashkilotini Auditorlik tashkilotlarining reyestriga kiritishda yangicha tartibni joriy qilish, shuningdek, ushbu davlat xizmatini koʻrsatish tartibotlarini yanada soddalashtirish talab etilmoqda.
Tadbirkorlik subyektlarining masofadan turib elektron davlat xizmatlaridan mustaqil foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, byurokratik va eskirgan talablarni bekor qilish, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Tadbirkorlik faoliyatini davlat tomonidan tartibga solishni soddalashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2022-yil 9-noyabrdagi PF-244-son Farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Auditorlik tashkilotini Auditorlik tashkilotlarining reyestriga kiritish boʻyicha davlat xizmatlarini koʻrsatishning maʼmuriy reglamenti 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
auditorlik tashkilotini Auditorlik tashkilotlarining reyestriga kiritish uchun arizalarni davlat xizmatlari markazi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (keyingi oʻrinlarda — YIDXP) orqali taqdim etish;
yuridik shaxslarni auditorlik tashkiloti sifatida qayta roʻyxatdan oʻtkazishda, ariza beruvchilarning xohishiga koʻra ularni Auditorlik tashkilotlarining reyestriga kiritish uchun arizalarni kompozit tarzda vakolatli organga yuborish;
auditorlik tashkilotini Auditorlik tashkilotlarining reyestriga kiritish boʻyicha davlat xizmatini bepul koʻrsatish.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi “Auditorlik faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonunining 7-bobi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 15 sentyabrdagi 728-sonli qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali toʻgʻrisidagi nizom.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi Raqamli texnologiyalar vazirligi hamda Adliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda:
mazkur davlat xizmati davlat xizmatlari markazi va YIDXP orqali koʻrsatilishini taʼminlasin;
YIDXPda davlat xizmatlarini koʻrsatishning har bir bosqichida ariza beruvchilarning murojaatlari koʻrib chiqilishini kuzatib borish imkoniyatini joriy etsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi:
vakolatli davlat organi tomonidan davlat xizmatlarini koʻrsatishning belgilangan tartibi bajarilishi yuzasidan ularning faoliyati boʻyicha, shu jumladan, YIDXP orqali doimiy nazorat oʻrnatsin;
auditorlik tashkilotlari faoliyat turi oʻzgarishi munosabati bilan qayta roʻyxatdan oʻtkazilganda yoki tugatilganda, bu haqda Tadbirkorlik subyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish va hisobga qoʻyishning avtomatlashtirilgan tizimi orqali Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligiga maʼlumot taqdim etib borsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 2-ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri J.A. Kuchkarov hamda Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziri A.J. Tashkulov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2023-yil 15-avgust,
387-son
Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 15-avgustdagi 387-son qaroriga
1-ILOVA
Auditorlik tashkilotini Auditorlik tashkilotlarining reyestriga kiritish boʻyicha davlat xizmatlarini koʻrsatishning
MAʼMURIY REGLAMENTI
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur maʼmuriy reglament (keyingi oʻrinlarda — Reglament) auditorlik tashkilotini Auditorlik tashkilotlarining reyestriga kiritish boʻyicha davlat xizmatlarini (keyingi oʻrinlarda — davlat xizmati) koʻrsatish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Reglamentda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
auditorlik tashkiloti — auditorlik tekshiruvlarini oʻtkazish va turdosh xizmatlarni koʻrsatish boʻyicha auditorlik faoliyatini amalga oshiruvchi tijorat tashkiloti;
Auditorlik tashkilotlarining reyestri — auditorlik tashkilotlarining auditorlik faoliyati sohasidagi vakolatli davlat organi rasmiy veb-saytiga joylashtirilgan roʻyxati;
ariza beruvchi — Auditorlik tashkilotlarining reyestriga kirish uchun murojaat etgan auditorlik tashkiloti (rahbari yoki vakili);
vakolatli organ — Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi.
3. Davlat xizmati Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (keyingi oʻrinlarda — YIDXP) va davlat xizmatlari markazlari orqali koʻrsatiladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 15 sentyabrdagi 728-sonli qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali toʻgʻrisidagi nizom.
4. Davlat xizmatini koʻrsatganlik uchun toʻlov undirilmaydi.
5. Davlat xizmati ushbu Reglamentga 1-ilovadagi sxemaga muvofiq koʻrsatiladi.
2-bob. Davlat xizmatini koʻrsatish tartibi
6. Ariza beruvchi davlat xizmatidan foydalanish uchun davlat xizmatlari markaziga oʻzi kelib murojaat etadi yoki davlat xizmatlaridan elektron shaklda foydalanish uchun YIDXPda roʻyxatdan oʻtadi.
7. Oʻzi kelib murojaat etgan taqdirda, davlat xizmatlari markazi xodimi ariza beruvchi nomidan, YIDXP orqali murojaat etganda esa — ariza beruvchi mustaqil ravishda ushbu Reglamentga 2-ilovada keltirilgan shaklga muvofiq davlat xizmatidan foydalanish uchun soʻrovnomani elektron shaklda toʻldiradi.
Ariza beruvchi davlat xizmatidan foydalanish uchun oʻzining vakolatliligini tasdiqlovchi hujjatni (shaxsni tasdiqlovchi hujjat va (yoki) ishonchnoma) taqdim etadi.
Davlat xizmatlari markazi tomonidan ariza beruvchidan ushbu band va ushbu Reglamentga 2-ilovada koʻrsatilmagan maʼlumotlarni hamda boshqa hujjatlarni talab qilish qatʼiyan taqiqlanadi.
Yuridik shaxsni auditorlik tashkiloti sifatida qayta roʻyxatdan oʻtkazishda, ariza beruvchi xohishiga koʻra mazkur davlat xizmatidan kompozit tarzda foydalanishi mumkin.
8. Zarur maʼlumotlar soʻrovnomaga kiritilgandan soʻng ariza beruvchi maʼlumotlarning toʻgʻriligini tekshiradi va imzolarni identifikatsiya qilishning tegishli vositalari (daktiloskopiya, elektron raqamli imzo, Mobil-ID va boshqalar) bilan tasdiqlaydi.
Ariza beruvchi YIDXP orqali murojaat etgan taqdirda, soʻrovnomani elektron raqamli imzo bilan tasdiqlaydi.
9. Auditorlar mehnat daftarchalarining koʻchirma nusxalari vakolatli organ tomonidan “Yagona milliy mehnat tizimi” orqali mustaqil olinadi.
10. Ariza beruvchi davlat xizmatidan foydalanishdan uni koʻrsatishning har qanday bosqichida bosh tortish huquqiga ega.
Ariza beruvchi davlat xizmatidan foydalanishdan bosh tortgan taqdirda, uning soʻrovnomasi koʻrilmasdan qoldiriladi.
11. Oʻzi kelib murojaat etganda, davlat xizmatlari markazi soʻrovnoma toʻldirilgan vaqtdan boshlab real vaqt rejimida uni vakolatli organga yuboradi.
YIDXP orqali murojaat etilganda esa, soʻrovnoma avtomatik tarzda vakolatli organga yuboriladi.
12. Vakolatli organ soʻrovnoma tushgan kundan boshlab besh ish kuni ichida auditorlik tashkilotini Auditorlik tashkilotlarining reyestriga kiritadi hamda auditorlik tashkiloti Auditorlik tashkilotlarining reyestriga kiritilganligi toʻgʻrisida mazkur Reglamentga 3-ilovaga muvofiq QR-kod (matrik shtrixli kod) qoʻyilgan maʼlumotnomani ariza beruvchi oʻzi kelib murojaat etgan taqdirda, davlat xizmatlari markaziga, YIDXP orqali murojaat etilganda — ariza beruvchining shaxsiy kabinetiga yuboradi.
13. Ariza beruvchi tomonidan ushbu Reglamentda nazarda tutilgan maʼlumotlar toʻliq taqdim etilmaganda yoki ularda notoʻgʻri yoxud buzib koʻrsatilgan maʼlumotlar mavjud boʻlganda, vakolatli organ ariza beruvchiga kamchiliklarni toʻliq koʻrsatgan holda, xatolarni bartaraf etish va yetishmayotgan hujjatlarni taqdim etish uchun kamida besh ish kunidan iborat muddat (imkoniyat) beradi.
Davlat xizmatidan foydalanish boʻyicha soʻrovnomani koʻrib chiqish muddati xatolarni bartaraf etish va yetishmayotgan hujjatlarni taqdim etish vaqtida toʻxtatib turiladi.
14. Vakolatli organ quyidagi hollarda davlat xizmatini koʻrsatishni rad etadi:
ariza beruvchi tomonidan mazkur Reglamentning 13-bandida belgilangan muddatda soʻrovnomadagi kamchiliklar bartaraf etilmaganda;
auditorlik tashkiloti “Auditorlik faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonunning 27-moddasi talablariga muvofiq boʻlmaganda.
Davlat xizmatini koʻrsatishni boshqa asoslarga, shu jumladan, maqsadga muvofiq emasligi sabablariga koʻra rad etishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Davlat xizmatini koʻrsatish rad etilganda, vakolatli organ rad etishning aniq sabablarini va qonunchilik hujjatlari normalarini koʻrsatgan holda, mazkur Reglamentga 4-ilovaga muvofiq QR-kod (matrik shtrixli kod) qoʻyilgan xabarnomani ariza beruvchi oʻzi kelib murojaat etgan taqdirda, davlat xizmatlari markaziga, YIDXP orqali murojaat etilganda — ariza beruvchining shaxsiy kabinetiga yuboradi.
15. Davlat xizmatlari markazi davlat xizmatining natijasini u kelib tushgandan soʻng 10 daqiqa mobaynida ariza beruvchining elektron manziliga yuboradi va ariza beruvchini bu haqda axborot-kommunikatsiya tizimi orqali xabardor qiladi. Davlat xizmatlari markazi ariza beruvchi oʻzi kelib murojaat etgan taqdirda, ariza beruvchining soʻroviga koʻra unga maʼlumotnomani elektron yoki qogʻoz shaklda berishi shart.
16. Tadbirkorlik subyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish va hisobga qoʻyishning avtomatlashtirilgan tizimi tomonidan vakolatli organga auditorlik tashkiloti haqida quyidagi maʼlumotlar avtomatik tarzda yuboriladi:
auditorlik tashkiloti tugatilganligi;
auditorlik tashkilotining faoliyat turi oʻzgarganligi.
17. Auditorlik tashkiloti “Auditorlik faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonunning 43-moddasiga asosan Auditorlik tashkilotlarining reyestridan chiqarilganda, vakolatli organ bu haqda auditorlik tashkilotining YIDXPdagi shaxsiy kabinetiga xabarnoma yuboradi, auditorlik tashkiloti tugatilgan holatlar bundan mustasno.
3-bob. Yakunlovchi qoidalar
18. Davlat xizmatlari markazi va vakolatli organ oʻz faoliyatini amalga oshirishi natijasida olingan maʼlumotlarning sir saqlanishini taʼminlaydi.
19. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, uning hududiy organlari mazkur Reglament talablari ijrosi boʻyicha davlat organlari va boshqa tashkilotlarning faoliyatini, shu jumladan, YIDXP orqali doimiy nazorat va monitoring qilib boradi.
20. Ariza beruvchi davlat organlari va boshqa tashkilotlar xodimlarining xatti-harakatlari yuzasidan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda shikoyat qilishi mumkin.
21. Mazkur Reglament talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
Auditorlik tashkilotini Auditorlik tashkilotlarining reyestriga kiritish boʻyicha davlat xizmatlarini koʻrsatishning maʼmuriy reglamentiga
1-ILOVA
Auditorlik tashkilotini Auditorlik tashkilotlarining reyestriga kiritish
SXEMASI

Bosqichlar

Subyektlar

Tadbirlar

Bajarish muddatlari

1-bosqich

Ariza beruvchi

Davlat xizmatidan foydalanish uchun davlat xizmatlari markaziga oʻzi kelib murojaat etadi yoki YIDXPda roʻyxatdan oʻtadi.

Xohishiga koʻra

2-bosqich

1. Davlat xizmatlari markazi.

1. Soʻrovnomani toʻldirib, vakolatli organga yuboradi.

1. Soʻrovnoma toʻldirilgandan keyin 10 daqiqada.

2. YIDXP

2. Toʻldirilgan soʻrovnomani avtomatik tarzda vakolatli organga yuboradi.

2. Avtomatik ravishda

3-bosqich

Vakolatli organ

Auditorlik tashkilotini Auditorlik tashkilotlarining reyestriga kiritadi yoki qonunchilik hujjatlari normalarini va aniq sabablarni koʻrsatgan holda reyestrga kiritishni rad etadi.

Soʻrovnoma tushgan kundan boshlab 5 ish kuni mobaynida

4-bosqich

Davlat xizmatlari markazi

QR-kod (matrik shtrixli kod) qoʻyilgan maʼlumotnomani ariza beruvchiga taqdim etadi.

10 daqiqa ichida

Auditorlik tashkilotini Auditorlik tashkilotlarining reyestriga kiritish boʻyicha davlat xizmatlarini koʻrsatishning maʼmuriy reglamentiga
2-ILOVA
Auditorlik tashkilotini Auditorlik tashkilotlarining reyestriga kiritish boʻyicha
SOʻROVNOMA

I. Ariza beruvchi toʻgʻrisida maʼlumot:

1. F.I.O.:

2. JShShIR:

3. Shaxsni tasdiqlovchi hujjat seriya va raqami:

4. Vakilning vakolatini tasdiqlovchi ishonchnoma:

II. Auditorlik tashkiloti toʻgʻrisida maʼlumot:

1. Auditorlik tashkilotining nomi va joylashgan joyi (pochta manzili):

2. Bogʻlanish uchun telefon raqami:

3. Elektron manzili va rasmiy veb-sayti (mavjud boʻlgan taqdirda):

4. Soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami:

5. Auditorlik tashkiloti rahbarining va auditorlarining familiyasi, ismi, otasining ismi, sertifikatlarining raqami hamda olingan sanasi

Auditorlik tashkilotini Auditorlik tashkilotlarining reyestriga kiritish boʻyicha davlat xizmatlarini koʻrsatishning maʼmuriy reglamentiga
3-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri

Auditorlik tashkiloti Auditorlik tashkilotlarining reyestriga kiritilganligi toʻgʻrisida

MAʼLUMOTNOMA

Reyestrga kiritilgan sana

Kun, oy, yil:

Auditorlik tashkilotining nomi:

Pochta manzili:

Tashkiliy-huquqiy shakli:

STIR:

Maʼlumotnomani bergan vakolatli organning nomi:

QR-kod

Auditorlik tashkilotini Auditorlik tashkilotlarining reyestriga kiritish boʻyicha davlat xizmatlarini koʻrsatishning maʼmuriy reglamentiga
4-ILOVA

Elektron hujjatning identifikatsiya raqami

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri

___________________________________________________________________________________ qonunchilik hujjatlarida

(vakolatli organning nomi)

belgilangan tartibda va muddatlarda Sizning 20______ yil “___________________________________________________dagi

(yil, kun, oy)

_______________________________-son soʻrovnomangizni koʻrib chiqib,

____________________________________________________________________________ rad etilganligini maʼlum qiladi.

(reyestrga kiritish)

Rad etish asoslari:

1.

2.

3.

_________________________________

_____________________________________

(masʼul shaxsning lavozimi)

(F.I.O.)

QR-kod

Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 15-avgustdagi 387-son qaroriga
2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim hujjatlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 9-fevraldagi 66-son qarori bilan tasdiqlangan Tadbirkorlik subyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomda:
quyidagi mazmundagi toʻrtinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Bunda ariza beruvchi xohishiga koʻra tadbirkorlik subyekti boʻlgan yuridik shaxsni auditorlik tashkiloti sifatida qayta roʻyxatdan oʻtkazishda, auditorlik tashkilotini Auditorlik tashkilotlarining reyestriga kiritish boʻyicha arizani kompozit tarzda vakolatli organga yuborishi mumkin”;
toʻrtinchi — oʻn oltinchi xatboshilar tegishlicha beshinchi — oʻn yettinchi xatboshilar deb hisoblansin;
b) 9-ilova quyidagi mazmundagi IX1 boʻlim bilan toʻldirilsin:

IX1.

Auditorlik tashkilotiga doir oʻzgarishlar

Auditorlik tashkiloti rahbarining va auditorlarining familiyasi, ismi, otasining ismi, sertifikatlarining raqami hamda olingan sanasi

.

2. Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 21-avgustdagi 704-son qarori bilan tasdiqlangan Tadbirkorlik subyektlarini ixtiyoriy tugatish va ularning faoliyatini toʻxtatish tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 37-bandida:
quyidagi mazmundagi beshinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“tijorat tashkiloti (auditorlik tashkiloti boʻlganda) tugatilganligi toʻgʻrisida Iqtisodiyot va moliya vazirligini Tizim orqali xabardor qiladi”;
beshinchi xatboshi oltinchi xatboshi deb hisoblansin.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.08.2023-y., 09/23/387/0621-son)