Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining
Qarori
Sudlar tomonidan soliq qonunchiligini qoʻllashning ayrim masalalari haqida
Sud amaliyotini oʻrganish natijalari sudlar soliq qonunchiligini ayrim xatolarni inobatga olmaganda, asosan toʻgʻri qoʻllayotganliklarini koʻrsatdi. Soliq nizolarini koʻrishda sudlar tomonidan qonunchilik hujjatlarini toʻgʻri va bir xilda qoʻllanilishini taʼminlash maqsadida “Sudlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 22-moddasiga asoslanib, Oliy sud Plenumi qaror qiladi:
I bob. Umumiy masalalar
1. Sudlarning eʼtibori soliq qonunchiligining doirasi Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining (bundan buyon matnda Soliq kodeksi, Soliq kodeksining, Soliq kodeksida deb yuritiladi) 2-moddasi bilan belgilanganligiga qaratilsin.
soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar boʻyicha imtiyozlarning amal qilish muddati OʻRQ-599-sonli Qonunning 4-moddasida nazarda tutilganligiga;
yangi tahrirdagi Soliq kodeksi 2020-yil 1-yanvardan eʼtiboran kuchga kirganligiga va uning qoidalarini qoʻllash tartibi OʻRQ-599-sonli Qonuni 6-moddasida belgilanganligiga;
maxsus iqtisodiy zonalarning ishtirokchilari bilan bogʻliq soliq nizolarini koʻrishda Soliq kodeksining 68-bobida nazarda tutilgan normalar qoʻllanilishiga eʼtibor qaratsin.
3. Sudlar Soliq kodeksining 13-moddasida belgilangan soliq toʻlovchining haqligi prezumpsiyasi prinsipini qoʻllashda soliqlarni hisoblash, undirish, toʻlash yoki soliq organi va soliq toʻlovchi oʻrtasidagi munosabatlarda vujudga kelgan qarama-qarshiliklar va noaniqliklarga emas, balki aniq qonunchilik hujjatlaridagi bartaraf etib boʻlmaydigan qarama-qarshiliklar va noaniqliklarga baho berishi lozim.
4. Sudlar shuni nazarda tutishi lozimki, soliq nizolarining taraflari sifatida Soliq kodeksida nazarda tutilgan subyektlar hamda boshqa qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan davlat organlari va boshqa shaxslar ishtirok etishi mumkin.
Shuningdek, ixtiyoriy tugatish jarayonida boʻlgan yuridik shaxslar nomidan tugatuvchi, toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisida ish qoʻzgʻatilgan shaxslar nomidan esa sud boshqaruvchisi sudga murojaat qilishga haqli.
5. Soliq kodeksi 88-moddasining toʻrtinchi qismiga koʻra, soliq majburiyati boʻyicha daʼvo qilish muddatining oʻtishi Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 156, 157 va 159-moddalariga muvofiq toʻxtatib turilishi, uzilishi va qayta tiklanishi mumkin.
6. Soliq kodeksining 110-moddasiga asosan hisoblangan va belgilangan muddatda toʻlanmagan penya ham Soliq kodeksining 55-moddasiga muvofiq, soliq qarzi deb eʼtirof etilishini eʼtiborga olgan holda sudlar shuni nazarda tutishi lozimki, hisoblangan penyadan soliq toʻlovchini ozod etishga yoki penya miqdorini kamaytirishga yoʻl qoʻyilmaydi, bundan qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan holatlar mustasno.
7. Oʻzbekiston Respublikasi tomonlardan biri boʻlgan, ikkiyoqlama soliq solishning oldini olish va soliqlarni toʻlashdan boʻyin tovlashni bartaraf etish masalalarini tartibga soladigan xalqaro shartnoma qoidalari shunday shartnomani tuzgan bir yoki ikkala davlatning soliq rezidentlariga nisbatan qoʻllaniladi.
Shunga koʻra, bunday toifadagi ishlarni koʻrishda sudlar zarur hollarda Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi yoki Adliya vazirligiga murojaat qilib, sudda koʻrilayotgan nizoga doir masala yuzasidan xalqaro shartnomalar mavjud yoki mavjud emasligini aniqlash chorasini koʻrish kerakligiga eʼtibor qaratilsin.
II bob. Protsessual qonunchilikni qoʻllash
8. Soliq nizolari sudga taalluqlilik va sudlovga tegishlilikning umumiy qoidalariga asosan tumanlararo, tuman (shahar) sudlari tomonidan birinchi instansiya sudi sifatida koʻriladi (bundan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi, viloyat va unga tenglashtirilgan sudlar tomonidan koʻriladigan ishlar mustasno).
9. Sudlarga tushuntirilsinki, jismoniy va yuridik shaxslarning huquq va erkinliklari himoya qilinishi lozim boʻlgan sud ishi yurituvi turini toʻgʻri aniqlash (daʼvo ish yurituvi yoki ommaviy huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ish yurituvi) sud himoyasi uchun murojaat qilgan shaxsning talabidan kelib chiqqan huquqiy munosabatlarga bogʻliqdir.
Oldingi tahrirga qarang.
10. Sudlarning eʼtibori shunga qaratilsinki, soliq qarzdorligini undirish, soliq toʻlovchilarning budjetdan pul summalarini qaytarish, huquqiy taʼsir choralarini qoʻllash toʻgʻrisidagi ishlar tegishliligicha iqtisodiy sudlar va fuqarolik ishlari boʻyicha sudlarning sudloviga, soliq organlarining qarorlari va ular mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi), soliq organi tomonidan soliq toʻlovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhini tashkil etish toʻgʻrisidagi shartnomani roʻyxatdan oʻtkazishni rad etish ustidan ariza (shikoyat) maʼmuriy sudlarning sudloviga taalluqli, bundan soliq toʻlovchini soliqqa oid huquqbuzarlik sodir etganlik uchun maʼmuriy javobgarlikka tortish boʻyicha qabul qilgan qarorlari mustasno.
(10-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023-yil 20-noyabrdagi 34-sonli qarori tahririda)
Soliq organining normativ xarakterga ega boʻlgan hujjatlari boʻyicha manfaatdor shaxs Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy sud ishlarini yuritish toʻgʻrisidagi kodeksining (bundan buyon matnda MSIYUtK, MSIYUtKning deb yuritiladi) 22-bobi tartibida nizolashishi mumkin.
11. Soliq qarzini undirish soliq organi tomonidan toʻgʻridan-toʻgʻri yoki sud orqali amalga oshirilishini inobatga olib, sudlar bu toifadagi ishlarni koʻrishda Soliq kodeksining 15-bobida nazarda tutilgan tartibga rioya qilinganligiga eʼtibor qaratishi lozim.
12. Sudlarning eʼtibori daʼvo arizasi, ariza (shikoyat) protsessual qonunchilikning tegishli normalari — Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksining 189-moddasi, Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksining 149, 218-moddalari, MSIYUtK 128-moddasi, shuningdek Soliq kodeksining maxsus normalarida qayd etilgan talablarga javob berishi lozimligiga qaratilsin.
Masalan, soliq organi tomonidan berilgan daʼvo arizasida undirilishi soʻralgan soliq turi, davri, summasi, soliq organining fikri boʻyicha huquqni suiisteʼmol qilinganligini, bitim qalbakiligini (koʻzboʻyamachilik uchun tuzilganligini) tasdiqlovchi va talabni asoslantiruvchi boshqa holatlar koʻrsatilishi kerak.
13. Ishni sud muhokamasiga tayyorlash jarayonida sudya tegishli protsessual qonunchilikda belgilangan harakatlarni amalga oshirishi, jumladan, daʼvoni taʼminlash yoki dastlabki himoya choralarini qoʻllash, zarur dalillarni olish choralarini koʻrishi lozim.
14. Ishda ishtirok etuvchi shaxslarning vakilligiga oid masalalarni hal qilishda sudlar shuni nazarda tutishi lozimki, “Soliq maslahatiga oid faoliyat toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuniga koʻra, soliq maslahatchilari tashkilotining yuridik va jismoniy shaxslarga shartnoma asosida xizmatlar koʻrsatishga doir faoliyatiga soliq maslahatchisining soliqqa oid huquqiy munosabatlar bilan bogʻliq boʻlgan iqtisodiy, fuqarolik hamda maʼmuriy ishlarni koʻrib chiqishda vakillik qilish ham kiradi. Bunday vakolat ishonch bildiruvchi tomonidan protsessual qonunchilikda belgilangan tartibda berilgan ishonchnoma, soliq maslahatchilari tashkiloti bilan tuzilgan soliq maslahati boʻyicha xizmatlar koʻrsatish toʻgʻrisida shartnoma (undan koʻchirma) va malaka sertifikati asosida tasdiqlanadi.
15. Sudlarga tushuntirish lozimki, soliq qonunchiligiga koʻra, soliq toʻlovchilardan undirilgan soliqlar va yigʻimlar belgilangan tartibda budjet tizimiga (budjetga va davlat maqsadli jamgʻarmalariga) yoʻnaltirilishi sababli, ortiqcha toʻlangan yoki ortiqcha undirilgan soliqlarni qaytarish yoki undirish toʻgʻrisidagi daʼvo qanoatlantirilganda hal qiluv qarorida undiriladigan summa budjet tizimidan qaytarilishi koʻrsatilishi lozim.
Bunday holatda sudlar Soliq kodeksining 12-bobida nazarda tutilgan normalar qoʻllanilishiga eʼtibor qaratsin.
Shu munosabat bilan soliq toʻlovchilar tomonidan ortiqcha toʻlangan yoki soliq organi ortiqcha undirgan pul mablagʻlarini budjetdan qaytarish toʻgʻrisida daʼvo arizalari berilganda sudlar Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi va (yoki) uning hududiy organlarini nizo predmetiga nisbatan javobgar tarafida mustaqil talablar bilan arz qilmaydigan uchinchi shaxs sifatida ishda ishtirok etishga jalb qilish masalasini muhokama qilishi lozim.
16. Soliq kodeksining 14-moddasiga asosan soliq organlari soliq solish maqsadida barcha bitimlar va soliq toʻlovchi kirishadigan boshqa iqtisodiy munosabatlar, ularning yuridik jihatdan rasmiylashtirilishi usulidan yoki shartnomaning nomlanishidan qatʼi nazar, oʻzining haqiqiy iqtisodiy mazmunidan kelib chiqqan holda hisobga olish vakolatiga ega.
Bunda qoʻshimcha soliq hisoblanishi natijasida hosil boʻlgan soliq qarzi soliq organlarining soliq tekshiruvi boʻyicha huquqni suiisteʼmol qilishning, bitim qalbakiligining (koʻzboʻyamachilik uchun tuzilganligining) holatlarini aniqlash, shuningdek ularning oqibatlarini qoʻllashga asoslangan va bunga soliq toʻlovchi norozi boʻlgan taqdirda soliq organi hosil boʻlgan soliq qarzini undirish haqidagi daʼvo arizasi bilan fuqarolik ishlari boʻyicha sudga yoki iqtisodiy sudga murojaat qilishi lozim.
Soliq toʻlovchining yuqorida qayd etilgan noroziligi soliq tekshiruvi yakuni boʻyicha tekshiruv materiallarini koʻrib chiqish bosqichi tugagunga qadar bildirilmagan boʻlsa, soliq organining soliqni qoʻshib hisoblash toʻgʻrisida qabul qilgan qarori yuzasidan maʼmuriy sudda nizolashish mumkin.
Sudlarning eʼtibori soliq organining huquqni suiisteʼmol qilish yoki bitim qalbakiligining (koʻzboʻyamachilik uchun tuzilganligining) holatlari boʻyicha soliq qarzini sud orqali undirish haqida qabul qilgan qarori soliq toʻlovchi uchun huquqiy oqibat keltirib chiqarmasligi sababli, uni haqiqiy emas deb topish haqidagi talab sudga taalluqli emasligiga qaratilsin.
III bob. Soliq nizolarini sudlarda koʻrishning oʻziga xos xususiyatlari
Maʼmuriy sudlarda koʻriladigan soliqqa oid nizolar boʻyicha
Maʼmuriy sudlarda koʻriladigan soliqqa oid nizolar boʻyicha
17. Soliq organining, ular mansabdor shaxslarining qarorlari, harakatlari (harakatsizligi) ustidan shikoyat qilish toʻgʻrisidagi ishlar MSIYUtKning 23-bobi tartibida koʻrib chiqiladi.
18. Soliq organining sayyor soliq tekshiruvi va soliq auditi natijalari boʻyicha qabul qilingan qarori ustidan berilgan shikoyat yuqori turuvchi soliq organi tomonidan qonunda belgilangan muddatlarda koʻrib chiqilmaganligi, soliq toʻlovchining belgilangan muddat oʻtgandan keyin soliq organining qarorini sudda nizolashish huquqini istisno qilmaydi.
Shu bilan birga, sudlarning eʼtibori soliq toʻlovchi sudga yuqori turuvchi soliq organi mansabdor shaxsining shikoyatni muddatida koʻrib chiqmaslikda ifodalangan harakatsizligi ustidan ariza (shikoyat) bilan murojaat qilishi mumkinligiga qaratilsin.
Oldingi tahrirga qarang.
(19-band Oʻzbekiston Respublikasi sudi Plenumining 2024-yil 16-dekabrdagi 39-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan)
Oldingi tahrirga qarang.
20. Soliq kodeksi 231-moddasining sakkizinchi qismida soliq organlarining qarorlari, mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan shikoyat qilish qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda amalga oshirilishi qayd etilganligi sababli, bunday arizalar (shikoyatlar) MSIYUtK 186-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan muddatda berilishi mumkin.
(20-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2024-yil 16-dekabrdagi 39-sonli qarori tahririda)
Soliq toʻlovchi nizolashilayotgan qaror haqida bilgan payt deganda, qaror belgilangan tartibda topshirilmagan boʻlsa-da, u nizoli qarordan amalda xabardor boʻlgan vaqt (masalan, soliq organining qarori asosida soliq toʻlovchidan soliqni undirishga qaratilgan harakatlar va hokazo) tushuniladi.
Yuqori turuvchi soliq organiga shikoyat qilinganida soliq organining qarorlari ustidan sudga shikoyat qilish muddati, quyi turuvchi soliq organining qarori qabul qilingan kundan eʼtiboran oʻta boshlaydi (Soliq kodeksining 234-moddasi tartibida koʻrmasdan qoldirilgan shikoyatlar bundan mustasno).
21. MSIYUtK 186-moddasining uchinchi qismiga koʻra, sud ariza (shikoyat) berishning uzrli sabablarga koʻra, oʻtkazib yuborilgan muddatini tiklashga haqli.
Sudga murojaat qilishning oʻtkazib yuborilgan muddatini tiklash haqidagi masalani hal qilishda, sudlar arizachining nizolashilayotgan qaror yoki harakat (harakatsizlik) haqida bilgan yoxud bilmaganligi, arizachi oʻzining buzilgan huquqlarini tiklash borasida qanday choralar amalga oshirganligiga eʼtibor qaratishi lozim.
Masalan, favqulodda holatlar, karantin, fuqaroning ogʻir va davomli kasalligi, shaxsning soliq qarori haqida bexabarligi sudga murojaat qilishga obyektiv toʻsqinlik qiluvchi holatlar sifatida ariza berishning muddati uzrli sabablarga koʻra oʻtkazib yuborilgan deb topilishi uchun asos boʻlishi mumkin.
Sud har bir ish boʻyicha arizachi tomonidan qonun bilan belgilangan sudga murojaat qilish muddatlariga rioya qilinganligini aniqlashi, mazkur muddatlar buzilganda esa, manfaatdor shaxsning muddatni oʻtkazib yuborilishiga sabab sifatida keltirilgan vajlarini muhokama qilishi lozim.
22. Soliq kodeksi 231-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan shikoyat yuqori turuvchi soliq organi tomonidan koʻrib chiqilganidan soʻng sud tartibida shikoyat qilinganda sud tegishli tartibda yuqori turuvchi soliq organini ishga jalb qilishi lozim, bundan Soliq kodeksi 235-moddasi toʻrtinchi qismining ikkinchi xatboshisida koʻrsatilgan holat mustasno.
23. Sudlarning eʼtibori shunga qaratilsinki, “Jamoatchilik nazorati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 4-moddasiga asosan soliqlar va yigʻimlarni belgilash, joriy etish va bekor qilishga, hisoblab chiqarish hamda toʻlashga doir munosabatlar jamoatchilik nazoratining obyekti hisoblanmasligi, MSIYUtKning 23-bobi tartibida soliq organlarining individual xarakterga ega boʻlgan qarorlari (mansabdor shaxsning harakati, harakatsizligi) nizolashishi mumkinligidan kelib chiqqan holda sudga yuqorida qayd etilgan Qonun asosida murojaat qilgan jamoatchilik nazorati subyektining arizasini sudya MSIYUtK 134-moddasi birinchi qismining 3-bandiga asosan qaytarishga haqli.
24. Ariza (shikoyat) soliq toʻlovchi yoki uning vakili tomonidan imzolanib, kamchiliklar bartaraf etilganidan soʻng qoʻzgʻatilgan maʼmuriy ishni koʻrishda sud, arizachining iltimosiga koʻra jamoatchilik nazorati subyektini mustaqil talab bilan arz qilmaydigan uchinchi shaxs sifatida jalb qilish masalasini hal qiladi.
25. Sudlarga tushuntirilsinki, MSIYUtKning 79-moddasida koʻrsatilgan masalalar yuzaga kelganda, sud tomonidan ekspertiza tayinlanishi mumkin.
Soliqqa oid nizolar yuzasidan tayinlanadigan ekspertiza turini aniqlashda sudlar ekspert tekshiruvi obyektining xususiyatidan kelib chiqishi lozim (masalan, sud-soliq, sud-buxgalteriya va hokazo).
Sudlar maʼmuriy ish boʻyicha tayinlangan ekspertizani oʻtkazish uchun toʻlov undirilishi masalasini “Sud ekspertizasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 25-moddasi talablari asosida hal etishi lozim.
Sudlar ishlarni koʻrishda sansalorlik va ishlarni koʻrish muddati choʻzilib ketishining oldini olish maqsadida oʻz vaqtida ekspertga zarur hujjatlarni taqdim etish boʻyicha choralar koʻrishi lozim.
Ekspert xulosasi sud uchun oldindan belgilangan kuchga ega emas va ish boʻyicha boshqa dalillarning yigʻindisi bilan baholanishi lozim. Sudning ekspertiza xulosasiga qoʻshilmaganligi sud qarorida asoslantirilishi shart.
26. Soliq organi qarori, mansabdor shaxsining harakati (harakatsizligi) ustidan berilgan ariza (shikoyat)ni koʻrishda maʼmuriy sudlar quyidagilarni tekshirishi kerak:
soliq tekshiruvini oʻtkazish haqidagi qaror vakolatli shaxs tomonidan qabul qilinganligi;
soliq tekshiruvini oʻtkazishda qonunchilikda belgilangan tartib-taomillarga amal qilinganligi;
tekshiruv roʻyxatga olinganligi holatlari.
27. Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 1878-moddasi surishtiruvchining, tergovchining, prokurorning qarori yoki sudning ajrimi asosida tayinlangan taftish natijalari toʻgʻrisidagi dalolatnoma nusxasi qonuniy choralar koʻrish uchun tegishli vakolatli organga yuborilishini ham nazarda tutadi.
Taftish natijalari ustidan tekshirilayotgan subyektning mansabdor shaxslari yoki vakillari Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 18710-moddasiga asosan surishtiruvchiga, tergovchiga, prokurorga yoki sudga qoʻshimcha yoki qayta taftish tayinlash toʻgʻrisida shikoyat qilishga haqli ekanligi belgilangan.
Vakolatli organ tomonidan qonuniy choralar koʻrish yuzasidan qabul qilingan qaror maʼmuriy hujjat hisoblanadi va uning ustidan sudga shikoyat qilinishi mumkin.
Maʼmuriy hujjat uni qabul qilishning qonunchilikda belgilangan tartib-taomillari buzilganligi asosida haqiqiy emas deb topilgan taqdirda, sud qarori bilan vakolatli organ zimmasiga tekshirish natijalarini qayta koʻrib chiqish majburiyati yuklanishi lozim.
Maʼmuriy ishni tergov harakatlari olib borilayotgan yoki jinoyat ishlari boʻyicha sudda koʻrilayotgan jinoyat ishi yuzasidan qaror qabul qilinguniga qadar koʻrish mumkin boʻlmaganda (nizolashilayotgan qarorda koʻrsatilgan hisob-kitoblarga eʼtiroz bildirilgan hollarda) sud MSIYUtK 99-moddasining 1-bandiga asosan ish yuritishni toʻxtatishi shartligiga eʼtibor qaratilishi lozim.
28. Sudlarning eʼtibori qoʻshilgan qiymat soligʻi summasini hisobga olish bekor qilinganligi natijasida hisoblangan soliq summasini undirish toʻgʻrisidagi qarorni nizolashish boʻyicha ishlarni koʻrishda Soliq kodeksining 267-moddasida nazarda tutilgan asoslarni tasdiqlovchi dalillar mavjudligiga qaratilishi lozim (masalan, soliq toʻlovchi tomonidan yengil avtomobillar, mototsikllar, vertolyotlar, motorli qayiqlar, samolyotlar, shuningdek motorli vositalarning boshqa turlari va ular uchun yoqilgʻi sotib olinganda, ushbu tovarlarning yuridik shaxs amalga oshirayotgan faoliyat turiga bogʻliqligiga aniqlik kiritish uchun faoliyatni amalga oshirish uchun berilgan litsenziyalar, transport vositasini boshqarish uchun haydovchini (pilotni) biriktirish haqida buyruq, transport vositasini boshqaruvchi shaxsga berilgan sugʻurta polisi, transport vositasi ekspluatatsiyasiga oid hujjatlar yoxud alkogol va tamaki mahsulotlari sotib olinganida, ularga aksiz markasi mavjudligi va hokazo).
29. Soliq bazasini yashirish (kamaytirib koʻrsatish) bilan bogʻliq nizolarni koʻrishda, soliq toʻlovchining harakatlarida Soliq kodeksining 223-moddasida nazarda tutilgan, soliq bazasini yashirish (kamaytirib koʻrsatish) deb baholanadigan holatlar mavjud yoki mavjud emasligiga eʼtibor qaratish lozim.
Soliqni (yigʻimni) notoʻgʻri hisoblab chiqarish deganda — soliq summasini hisoblashdagi xatoliklar tushuniladi (masalan, soliq summasini hisoblashda soliq toʻlovchi tomonidan soliq stavkalarining notoʻgʻri qoʻllanilishi).
Soliq kodeksining 223, 226 va 227-moddalarida nazarda tutilgan soliqqa oid huquqbuzarliklar alomatlari soliqni (yigʻimni) notoʻgʻri hisoblab chiqarish sifatida baholanmaydi.
30. Tushuntirilsinki, soliq tekshiruvi jarayonida inventarizatsiya oʻtkazilganda, inventarizatsiyani oʻtkazish uchun soliq organi rahbari (rahbar oʻrinbosari) buyruq chiqarishi, inventarizatsiya oʻtkazish jarayoni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 7-yanvardagi 1-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Soliq tekshiruvlarini tashkil etish va oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizom 5-bobining 11-paragrafi hamda 6-bobining 7-paragrafida belgilangan qoidalarga mos boʻlishi kerak.
31. Sudlar soliq toʻlovchi ishchi-xodimlarining haqiqiy soni va soliq hisobotida aks ettirilgan ishchi-xodimlar soniga muvofiqligi bilan bogʻliq holatlarga baho berishda, soliq organi tomonidan tekshirishda soliq toʻlovchining haqiqatda faoliyat yuritayotgan ishchi-xodimlari soni aniqlanganligi va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 7-yanvardagi 1-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Soliq tekshiruvlarini tashkil etish va oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomning 11-ilovasiga muvofiq shaklda bayonnoma tuzilganligi, soliq hisobotlarida mavjud boʻlmagan ishchi-xodimlardan ularning ishlash davri hamda olayotgan daromadlari summasi (ish haqi) toʻgʻrisida yozma ravishda tushuntirishlar yoki boshqa dalillar olinganligiga eʼtibor qaratishi lozim.
32. Soliq organi qarori haqiqiy emas, mansabdor shaxsining harakati (harakatsizligi) qonunga xilof deb topilgan taqdirda, sudlar MSIYUtK 189-moddasining beshinchi qismiga muvofiq, tegishli soliq organi yoki mansabdor shaxsning zimmasiga soliq tekshiruvi materiallarini qayta koʻrib chiqish yoxud shaxsning buzilgan huquq va qonuniy manfaatlarni tiklash uchun qonunda nazarda tutilgan harakatlarni amalga oshirish majburiyatini yuklash masalasini muhokama qilishi lozim.
Masalan, soliq tekshiruvi materiallarini koʻrib chiqishning tartib-taomilining muhim shartlarini (soliq tekshiruvi materiallarini koʻrib chiqish jarayonida soliq toʻlovchi shaxsan va (yoki) oʻz vakili orqali ishtirok etish imkoniyati taʼminlanmaganligi, soliq toʻlovchiga tushuntirishlar berish imkoni yaratilmaganligi, soliq tekshiruvi materiallari vakolatsiz shaxs tomonidan koʻrilganligi) buzilishiga yoʻl qoʻyilganda, soliq tekshiruvi materiallarini qayta koʻrib chiqish majburiyati yuklanishi lozim.
Oldingi tahrirga qarang.
Shu bilan birga sudlarning eʼtibori qonun hujjatlarida soliq organlarining zimmasiga tadbirkorlik subyektlarida qayta tekshirish oʻtkazish majburiyatini yuklash nazarda tutilmaganligiga qaratilsin.
(32-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2024-yil 16-dekabrdagi 39-sonli qaroriga asosan uchinchi xatboshi bilan toʻldirilgan)
33. Sudlarning eʼtibori soliq nizolari yuzasidan qabul qilingan hal qiluv qarorining xulosa qismida haqiqiy emas deb topilgan soliq organi qarori haqida batafsil maʼlumotlar, jumladan qarorning nomi, sanasi, raqami, bandi hamda mansabdor shaxsning harakati (harakatsizligi) nimada ifodalanganligi aniq aks ettirilgan boʻlishi lozimligiga qaratilsin.
Iqtisodiy sudlarda koʻriladigan soliqqa oid nizolar boʻyicha
34. Sudlarga tushuntirilsinki, sudga soliq organi Soliq kodeksida nazarda tutilgan soliqqa oid huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha moliyaviy sanksiya qoʻllash toʻgʻrisida ariza bilan murojaat etganda, moliyaviy sanksiya qoʻllash soliq organining vakolatiga kirishi sababli, bunday arizani Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksi 154-moddasi birinchi qismining 1-bandiga asosan qabul qilish rad etilishi, agar ariza ish yuritishga qabul qilingan boʻlsa, Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksi 110-moddasi birinchi qismining 1-bandiga asosan ish yuritish tugatilishi lozim.
Soliq organi tomonidan soliq toʻlovchining (soliq agentining) bankdagi hisobvaraqlari boʻyicha operatsiyalarni toʻxtatib turish toʻgʻrisida ariza bilan murojaat etilganda sudlar soliq toʻlovchining (soliq agentining) bankdagi hisobvaraqlari boʻyicha operatsiyalarni toʻxtatib turish uchun Soliq kodeksi 111-moddasining uchinchi qismida koʻrsatib oʻtilgan asoslar mavjudligini hamda soliq organi tomonidan soliq toʻlovchining (soliq agentining) bankdagi hisobvaraqlari boʻyicha operatsiyalarni soliq organining rahbari (rahbar oʻrinbosari) tomonidan oʻn kundan koʻp boʻlmagan muddatga toʻxtatib turish toʻgʻrisidagi qarori mavjudligini oʻrganishi lozim.
35. Sudning qaroriga asosan toʻlovga qobiliyatsiz deb topilgan va tugatishga doir ish yuritish davom etayotgan yuridik shaxs yoki yakka tartibdagi tadbirkorga nisbatan soliq organi tomonidan moliyaviy jarima qoʻllash yoxud banklardagi hisobvaraqlari boʻyicha operatsiyalarni toʻxtatib turish haqidagi ariza bilan murojaat qilingan boʻlsa, ushbu talablar toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisidagi ish doirasida koʻrilmasligi sababli ariza sudda mazmunan koʻrib chiqilishi lozim.
Biroq, sudning qaroriga asosan toʻlovga qobiliyatsiz deb topilgan va tugatishga doir ish yuritish davom etayotgan yuridik shaxsga nisbatan soliq organi tomonidan banklardagi hisobvaraqlari boʻyicha operatsiyalarni toʻxtatib turish haqidagi ariza bilan murojaat qilinganda, “Toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 148-moddasiga binoan tugatish boshqaruvchisi tomonidan qarzdorning barcha hisobvaraqlari yopilishi va yagona hisobvaraq ochilishini inobatga olib, ushbu arizani qanoatlantirish rad etilishi lozim.
36. Soliq kodeksi 269-moddasi birinchi qismining 3-bandida yetkazib beruvchi tomonidan taqdim etilgan hisobvaraq-fakturalar qonunchilikda belgilangan tartibda haqiqiy emas deb eʼtirof etilishi nazarda tutilgan boʻlib, bu oʻz navbatida hisobvaraq-fakturalarni haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisidagi nizo sudga taalluqli ekanligini anglatmaydi.
Fuqarolik ishlari boʻyicha sudlarda koʻriladigan soliqqa oid nizolar boʻyicha
37. Fuqarolar va soliq organlari oʻrtasidagi soliqlar hamda boshqa majburiy toʻlovlar boʻyicha har qanday nizo fuqarolik ishlari boʻyicha sudlar tomonidan hal qilinadi.
Sudlar shuni nazarda tutishi lozimki, Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksi 171-moddasi birinchi qismining 6-bandiga muvofiq, soliq organining fuqarolardan soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar boʻyicha qarzdorlikni undirish toʻgʻrisidagi talab fuqarolik ishlari boʻyicha sudlar tomonidan sud buyrugʻi berish orqali hal qilinadi.
Soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni toʻlash hamda ushbu toʻlovlar miqdori toʻgʻrisida taraflar oʻrtasida nizo vujudga kelgan taqdirda, ushbu masala daʼvo ishini yuritish tartibida hal qilinadi.
38. Soliq organining fuqarolardan soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni undirish yoki fuqarolarning soliq organidan ortiqcha miqdorda toʻlangan toʻlovlarni qaytarish yoxud uni qayta hisoblash toʻgʻrisidagi ishlarni hal qilishda, sudlar fuqarolarning qarzdorligi yoki toʻlovlarni ortiqcha toʻlanganligi qaysi soliq turidan kelib chiqqanligini hamda uning miqdori toʻgʻri hisoblanganligini tekshirishi lozim.
39. Sudlar fuqarolardan mulkni realizatsiya qilishdan olingan daromadlardan hisoblangan soliqni undirish haqidagi talablarni koʻrib chiqishda, Soliq kodeksi 375-moddasining 4-bandidan kelib chiqib, ushbu daromadlar mazkur mol-mulkni realizatsiya qilish summasining hujjatlar bilan tasdiqlangan uni olish qiymatidan oshgan qismi sifatida aniqlanishiga, mazkur qiymatni tasdiqlovchi hujjatlar mavjud boʻlmagan taqdirda, mol-mulkni realizatsiya qilish qiymati, koʻchmas mulk boʻyicha esa — kadastr qiymati hamda realizatsiya qilish narxi oʻrtasidagi ijobiy farq daromad deb eʼtirof etilishini inobatga olishi kerak.
Sudlarga tushuntirilsinki, realizatsiya qilingan koʻchmas mulkning kadastr qiymati aniqlanmagan (nol qiymatda belgilangan) taqdirda, mazkur soliqning miqdori faqat kadastr organi tomonidan ushbu koʻchmas mulkning kadastr qiymati belgilangandan keyingina hisoblanishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
Ayni vaqtda, olingan daromad Soliq kodeksining 54-bobida nazarda tutilgan soliqqa tortilmaydigan daromad turlari (soliq imtiyozlari) roʻyxatiga kiritilgan-kiritilmaganligini sudlar sinchkovlik bilan tekshirishlari zarur.
(39-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2024-yil 16-dekabrdagi 39-sonli qaroriga asosan uchinchi xatboshi bilan toʻldirilgan)
Yakunlovchi qoidalar
40. Sudlar soliqqa oid nizolarni koʻrib chiqish natijasi boʻyicha qonunchilik buzilgan har bir holat boʻyicha mansabdor shaxslarning javobgarligi masalalarini hal etib, huquqbuzarlikni keltirib chiqargan sabab va shart-sharoitlarni puxta oʻrganib, xususiy ajrim chiqarish yoʻli bilan ularni bartaraf etish choralarini koʻrishi lozim.
41. Yuqori instansiya sudlari soliq munosabatlaridan kelib chiqadigan ishlar boʻyicha birinchi instansiya sudlari chiqargan sud qarorlarining qonuniyligi va asosliligini tegishli tartibda tekshirilishini taʼminlashi, yoʻl qoʻyilgan qonun buzilishlarini oʻz vaqtida aniqlashi va bartaraf etishi lozim.
42. Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi maʼmuriy sudi, viloyatlar va Toshkent shahar maʼmuriy sudlari soliq qonunchiligini qoʻllashga doir ishlar boʻyicha sud amaliyotini muntazam ravishda umumlashtirib borishi va mazkur toifadagi ishlar koʻrilishida sud xatolarining oldini olish yuzasidan choralar koʻrishi lozim.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi B. ISLAMOV
Plenum kotibi, Oliy sud sudyasi I. ALIMOV
Toshkent sh.,
2023-yil 20-fevral,
4-son