O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Tadbirkorlik subyektlari faoliyatida tekshiruvlar o‘tkazishni muvofiqlashtirish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida
Joriy yilning 22-avgust kuni o‘tkazilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti doirasida belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlash, shuningdek, tadbirkorlik subyektlari faoliyatiga asossiz aralashuvlarning oldini olish, nazorat qiluvchi organlarning mas’uliyatini oshirish va faoliyati ochiqligini ta’minlash maqsadida:
1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 15-sentabrdagi PF-6314-son Farmoniga muvofiq Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil (keyingi o‘rinlarda — Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil) tomonidan tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tekshirish jarayonlarini muvofiqlashtirish va ularning ochiqligini ta’minlash, shuningdek, davlat nazorati funksiyalari, majburiy talablar va tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tekshirish huquqiga ega mansabdor shaxslarning elektron reyestrlarini yuritish imkonini beruvchi “Yagona davlat nazorati” axborot tizimi ishga tushirilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2. Belgilansinki, nazorat qiluvchi organlar tomonidan 2022-yil 1-noyabrdan boshlab:
tadbirkorlik subyektlari faoliyatida o‘tkaziladigan barcha tekshiruvlar “Yagona davlat nazorati” axborot tizimida ro‘yxatga olinadi. Bunda, tadbirkorlik subyektlari faoliyatida mazkur tizimda ro‘yxatga olinmagan tekshiruvlarni o‘tkazish noqonuniy hisoblanadi;
tadbirkorlik subyektlari faoliyatida o‘tkazilgan tekshiruvlarning natijalari hamda profilaktika tadbirlari to‘g‘risida ma’lumot tekshiruv yoki profilaktika tadbirlari tugagan kundan boshlab uch kun muddatda “Yagona davlat nazorati” axborot tizimiga kiritiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
(2-bandning to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 14-noyabrdagi PF-184-sonli Farmoniga asosan chiqarilish sanasi 2025-yil 1-yanvar — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 23.11.2024-y., 06/24/184/0954-son)
3. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq:
a) nazorat qiluvchi organlar:
Oldingi tahrirga qarang.
“xavfni tahlil etish” tizimi natijalariga asosan o‘tkaziladigan tekshiruvlarning boshlanishi haqida kamida 10 ish kuni oldin tadbirkorlik subyektini xabardor qiladi, bundan Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan o‘tkaziladigan tekshiruvlar hamda “Soliq xavfini aniqlash, tahlil qilish va baholash” avtomatlashtirilgan dasturi natijalariga asosan soliq bazasini yashirish (kamaytirib ko‘rsatish) holatlari bo‘yicha o‘tkaziladigan soliq tekshiruvlari mustasno;
(3-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 26-sentabrdagi PF-176-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 29.09.2025-y., 06/25/176/0878-son)
Oldingi tahrirga qarang.
tadbirkorlik subyektining ilgari tekshirilgan faoliyat davridagi predmeti va obyekti bo‘yicha qayta tekshiruv o‘tkazishga va tadbirkorlik subyekti tomonidan avval taqdim etilgan hujjatlarni talab qilishga haqli emas, tibbiy va farmatsevtika faoliyatni litsenziyalash talab va shartlariga rioya qilinishi hamda tibbiy xizmatlar sifat nazorati bo‘yicha o‘tkaziladigan tekshiruvlar, shuningdek, davlat yong‘in nazorati organlari tomonidan o‘tkaziladigan nazorat tekshiruvlari bundan mustasno;
(3-band “a” kichik bandining uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-maydagi PF-74-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 07.05.2026-y., 06/26/74/0453-son)
Oldingi tahrirga qarang.
tadbirkorlik subyektlari uchun profilaktika tadbirlarini tadbirkorlik subyektlari moliya-xo‘jalik faoliyatiga aralashmagan holda seminarlar, ommaviy muhokamalar, ommaviy axborot vositalarida chiqishlar, “ochiq eshiklar kuni” tadbirlarini tashkil etish, shuningdek, tarqatma material va qo‘llanmalar bilan ta’minlash, tavsiya va xabarlar yuborish shakllarida yoxud cheklist to‘ldirilishi natijalari bo‘yicha tadbirkorlik subyektlari faoliyatida qonunbuzilishlarga olib kelishi mumkin bo‘lgan kamchiliklarni bartaraf etishga ko‘maklashish orqali amalga oshiradi;
(3-band “a” kichik bandining to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 14-noyabrdagi PF-184-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 23.11.2024-y., 06/24/184/0954-son. Kuchga kirish sanasi — 2025-yil 1-yanvar)
b) tadbirkorlik subyektlari nazorat qiluvchi organlarning mansabdor shaxslarini quyidagi hollarda tekshiruv o‘tkazish uchun o‘z hududiga qo‘ymaslik huquqiga ega:
tekshiruv o‘tkazish to‘g‘risidagi buyruq o‘rnatilgan tartibda rasmiylashtirilmaganda;
Oldingi tahrirga qarang.
Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil belgilangan tartibda xabardor etilmaganda;
(3-band “b” kichik bandining uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 14-noyabrdagi PF-184-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 23.11.2024-y., 06/24/184/0954-son. Kuchga kirish sanasi — 2025-yil 1-yanvar)
Qarang: O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil to‘g‘risida”gi Qonuni, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 27-iyuldagi PF-5490-son “Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi Farmoni.
tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tekshirish huquqini beruvchi maxsus guvohnoma mavjud bo‘lmaganida;
ular Tekshiruvlarni ro‘yxatga olish kitobiga ma’lumotlarni kiritishdan bosh tortganida;
v) 2023-yil 1-yanvardan boshlab nazorat qiluvchi organlarga “Yagona davlat nazorati” axborot tizimidagi davlat nazorati funksiyalari reyestriga kiritilmagan funksiyalar bo‘yicha tadbirkorlik subyektlari faoliyatida tekshiruvlar o‘tkazish taqiqlanadi.
4. Adliya vazirligi Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil, Savdo-sanoat palatasi va nazorat qiluvchi organlar bilan birgalikda 2022-yil 1-noyabrga qadar davlat nazorati funksiyalari va tekshiruvlarni qisqartirish bo‘yicha takliflarni Strategik islohotlar agentligining kengashiga kiritsin.
5. Nazorat qiluvchi organlar Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakilga:
bir oy muddatda tegishli normativ-huquqiy hujjatlar va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarga havola qilgan holda majburiy talablar ro‘yxatini;
majburiy talablar o‘zgargan taqdirda, o‘zgartirish kiritilgan sanadan boshlab bir hafta muddatda yangilangan majburiy talablar ro‘yxatini taqdim etsin.
6. Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 15-sentabrdagi PF-6314-son Farmoni talablariga muvofiq, “Yagona davlat nazorati” tizimida davlat nazorati funksiyalari, majburiy talablar, tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tekshirish huquqiga ega mansabdor shaxslarning elektron reyestrlari lozim darajada (dolzarb) va barcha uchun ochiq holatda yuritilishini ta’minlasin.
7. Nazorat qiluvchi organlar tomonidan tadbirkorlik subyektlari faoliyatida tekshiruvlar va profilaktika tadbirlarini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
8. Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda Tekshiruvlarni ro‘yxatga olish kitobini to‘ldirish tartibini, shuningdek, nazorat qiluvchi organlarning “xavfni tahlil etish” tizimlariga qo‘yiladigan minimal talablarni tasdiqlasin.
9. Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil ikki oy muddatda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
10. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil D.S. Qosimov hamda nazorat qiluvchi organlar rahbarlari belgilansin.
Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari S.U. Umurzakov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2022-yil 13-sentabr,
PQ-374-son
Oldingi tahrirga qarang.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 13-sentabrdagi PQ-374-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Nazorat qiluvchi organlar tomonidan tadbirkorlik subyektlari faoliyatida tekshiruvlar va profilaktika tadbirlarini o‘tkazish tartibi to‘g‘risida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom nazorat qiluvchi organlar va ularning tarkibiy hamda hududiy bo‘linmalari (keyingi o‘rinlarda — nazorat qiluvchi organlar) tomonidan tadbirkorlik subyektlari faoliyatida tekshiruvlar va profilaktika tadbirlarini o‘tkazish tartibini belgilaydi.
Soliq organlari tomonidan tadbirkorlik subyektlarining faoliyatiga nisbatan amalga oshiriladigan soliq tekshiruvlarini o‘tkazish tartibining ushbu Nizom bilan tartibga solinmagan qismi O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksida belgilanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Markaziy bank tomonidan nazorat qilinishi lozim bo‘lgan shaxslarni inspeksiyadan (tekshiruvdan) o‘tkazish “O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki to‘g‘risida”gi Qonunda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
(1-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 23-iyundagi PF-96-sonli Farmoniga asosan uchinchi xatboshi bilan to‘ldirilgan)
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:
vakolatli organ — qonunchilik bilan tadbirkorlik subyektlari faoliyatida tekshiruvlarni muvofiqlashtirish hamda nazorat qiluvchi organlar tomonidan tadbirkorlik subyektlari faoliyatida tekshiruvlar o‘tkazilishining qonuniyligi ustidan nazoratni amalga oshirishga vakolat berilgan tashkilot;
nazorat qiluvchi organlar — tadbirkorlik subyektlari faoliyatini davlat tomonidan nazorat qilishga qonunchilik bilan vakolat berilgan davlat organlari va tashkilotlari;
nazorat qiluvchi organ mansabdor shaxsi — vaqtincha yoki maxsus vakolat bo‘yicha tadbirkorlik subyektlari faoliyatini nazorat qiluvchi, tadbirkorlik subyektlarida yuridik ahamiyatga ega harakatlarni hamda ma’muriy yoki sud organlarida mazkur vazifalarni amalga oshiruvchi shaxs;
tadbirkorlik subyektlari — belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tgan hamda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan yuridik va jismoniy shaxslar;
tekshiruv — tadbirkorlik subyekti tomonidan faoliyatini tartibga soluvchi qonunchilikka qay darajada rioya etilayotganligini tekshirish uchun kerakli materiallar, hujjatlar yoki ularning faoliyatiga doir ma’lumotlarni olish hamda muayyan harakatlarni amalga oshirish orqali nazorat qiluvchi organlar tomonidan o‘tkaziladigan nazorat tadbiri;
cheklist — profilaktika tadbiri doirasida tadbirkorlik subyekti tomonidan to‘ldiriladigan namunaviy shakldagi savolnoma;
“xavfni tahlil etish” elektron tizimi — nazorat qiluvchi organlar tomonidan tegishli nazorat sohasi bo‘yicha aniq mezonlarga asoslanib, tadbirkorlik subyekti faoliyatida qonunchilik buzilish xavfi darajasini aniqlash elektron tizimi;
tekshiruv dasturi — tadbirkorlik subyektlari faoliyatida o‘tkaziladigan tekshiruvning nazorat savolnomasi;
“Yagona davlat nazorati” axborot tizimi (keyingi o‘rinlarda — Axborot tizimi) — tadbirkorlik sohasida davlat nazorati bilan bog‘liq katta hajmdagi ma’lumotlarni yig‘ish, tahlil qilish va qayta ishlash imkonini beruvchi hamda nazorat qiluvchi organlar tomonidan tadbirkorlik subyektlari faoliyatida o‘tkaziladigan tekshiruvlarni (xabardor etish yoki tekshiruv boshlangandan so‘ng xabardor etish orqali) va ular natijalarini ro‘yxatga olishni ta’minlovchi elektron axborot tizimi.
Oldingi tahrirga qarang.
3. Tekshiruvlar vakolatli organni xabardor etish yoki tekshiruv boshlangandan so‘ng 24 soat ichida xabardor etgan holda Axborot tizimida ro‘yxatga olish orqali o‘tkaziladi, bundan tezkor-qidiruv tadbirlari, jinoyat-protsessual qonunchiligi asosida o‘tkaziladigan taftish va kameral soliq tekshiruvlari hamda bojxona nazorati shakllari mustasno.
(3-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 25-martdagi PF-57-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 01.04.2025-y., 06/25/57/0291-son)
Axborot tizimi texnik sabablarga ko‘ra ishlamagan taqdirda tekshiruv o‘tkazish to‘g‘risida xabardor etish yoki tekshiruv boshlangandan so‘ng xabardor etish keyinchalik Axborot tizimga kiritish sharti bilan qog‘oz shaklida rasmiylashtirilishi mumkin. Bunda texnik nosozlik Vakolatli organ tomonidan rasman tasdiqlangan bo‘lishi lozim.
Oldingi tahrirga qarang.
Nazorat qiluvchi organ va vakolatli organ o‘rtasidagi davlat sirlari bilan bog‘liq bo‘lgan tekshiruvlarni o‘tkazishga oid axborot almashinuvi davlat sirlari sohasidagi qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi hamda bunday tekshiruvlar Axborot tizimida ro‘yxatga olinmaydi.
(3-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 11-sentabrdagi PF-171-sonli Farmoni tahririda)
2-bob. Tekshiruv ishtirokchilarining huquq va majburiyatlari
4. Tekshiruv o‘tkazishda tadbirkorlik subyektlari quyidagi huquqlarga ega:
nazorat qiluvchi organlar mansabdor shaxsining tekshiruv masalalariga aloqasi bo‘lmagan talablarini bajarmaslik;
tekshiruv o‘tkazishda shaxsan yoki o‘z vakili orqali ishtirok etish;
talab qilib olinayotgan hujjatlarni, agar ushbu hujjatlar yoki ularning nusxalari tadbirkorlik subyekti tomonidan nazorat qiluvchi organga oldingi o‘tkazilgan tekshiruvlarda taqdim etilgan bo‘lsa, taqdim etmaslik;
nazorat qiluvchi organ mansabdor shaxsining ruxsati bilan ekspertiza o‘tkazishda ishtirok etish va ekspertga tushuntirishlar berish, ekspertning xulosasi bilan tanishish;
ekspertni rad etish va ekspertni o‘zi ko‘rsatgan shaxslar orasidan tayinlash to‘g‘risida iltimos qilish;
tekshiruv materiallari bilan tanishish va tekshiruv dalolatnomasini olish;
nazorat qiluvchi organ mansabdor shaxsining noqonuniy xatti-harakatlari yuzasidan, shuningdek, belgilangan tartibda tekshiruv natijalari ustidan shikoyat qilish;
tekshiruvni o‘tkazish to‘g‘risidagi buyruq (qaror, farmoyish) belgilangan tartibda rasmiylashtirilmagan va buyruq nusxasi tadbirkorlik subyektiga berilmagan, tekshiruv to‘g‘risida vakolatli organ belgilangan tartibda xabardor etilmagan (tekshiruv boshlangandan so‘ng 24 soat ichida xabardor etish tartibi bundan mustasno), nazorat qiluvchi organ mansabdor shaxsida tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tekshirish huquqini beruvchi maxsus guvohnoma mavjud bo‘lmagan, Tekshiruvlarni ro‘yxatga olish kitobiga ma’lumotlarni kiritishdan bosh tortilgan hollarda, nazorat qiluvchi organ mansabdor shaxsini tekshiruv o‘tkazish uchun o‘z hududi va binolariga qo‘ymaslik.
Tadbirkorlik subyektlari qonunchilikda belgilangan boshqa huquqlarga ham ega.
5. Tekshiruvlarni o‘tkazishda tadbirkorlik subyektlarining majburiyatlari quyidagilardan iborat:
nazorat qiluvchi organlar mansabdor shaxsining qonuniy faoliyatiga to‘sqinlik qilmaslik, uning tekshiruv bilan bog‘liq qonuniy talablarini bajarish;
tekshiruvni o‘tkazayotgan nazorat qiluvchi organning mansabdor shaxsiga tekshiruv bilan bog‘liq, shu jumladan, elektron axborot tashuvchi vositalarda saqlanadigan hujjatlar va axborotni o‘rganish hamda tahlil qilish imkoniyatini ta’minlash.
Tadbirkorlik subyektlari zimmasida qonunchilikda belgilangan boshqa majburiyatlar ham bo‘lishi mumkin.
6. Tekshiruvlarni o‘tkazishda nazorat qiluvchi organ mansabdor shaxsi quyidagi huquqlarga ega:
tadbirkorlik subyektining tekshiruv bilan bog‘liq, shu jumladan, elektron axborot tashuvchi vositalarda saqlanadigan hujjatlari va ma’lumotlarini talab qilib olish va o‘rganish;
qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda tadbirkorlik subyektining hududlari va binolarini ko‘zdan kechirish;
tadbirkorlik subyektiga aniqlangan qoidabuzarliklarni bartaraf etish to‘g‘risida bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar berish;
tekshiruvlar davomida tadbirkorlik subyektini yozma bildirish asosida nazorat qiluvchi organga tekshiruv bilan bog‘liq tushuntirishlar berish uchun chaqirish;
tekshiruvga auditorlik tashkilotlarini va (yoki) ekspertlarni belgilangan tartibda shartnoma asosida jalb etish.
Nazorat qiluvchi organlar qonunchilikda belgilangan boshqa huquqlarga ham ega.
7. Tekshiruvlarni o‘tkazishda nazorat qiluvchi organ mansabdor shaxsi quyidagilarga majbur:
tadbirkorlik subyektiga tekshiruv o‘tkazish huquqini beruvchi zarur hujjatlarni taqdim etish;
tadbirkorlik subyektini tekshiruv maqsadi, tadbirkorlik subyektining huquqlari va majburiyatlari bilan tanishtirish;
Tekshiruvlarni ro‘yxatga olish kitobiga qonunchilikda belgilangan tartibda tekshiruvlar haqidagi yozuvlarni kiritish;
tadbirkorlik subyekti faoliyatiga tekshiruv predmetiga taalluqli bo‘lmagan masalalar bo‘yicha aralashmaslik;
davlat siri, tijorat yoki boshqa sirlar saqlanishini ta’minlash;
tekshiruv natijalarini dalolatnoma bilan rasmiylashtirib, uning bir nusxasini tekshiruv tugagan kuni tadbirkorlik subyektiga taqdim etish;
tekshiruv natijalarini Axborot tizimiga kiritish;
profilaktika tadbirlarini o‘tkazish;
huquqbuzarlik holatlari aniqlangan taqdirda qonunchilikda nazarda tutilgan choralarni ko‘rish.
Nazorat qiluvchi organlar mansabdor shaxslarining zimmasida qonunchilikda belgilangan boshqa majburiyatlar ham bo‘lishi mumkin.
3-bob. Vakolatli organni tekshiruv o‘tkazish to‘g‘risida xabardor etish
8. Nazorat qiluvchi organ tadbirkorlik subyekti faoliyatida quyidagilar asosida tekshiruv o‘tkazishni tashabbus qilishga haqli:
“Xavfni tahlil qilish” elektron tizimi natijalari;
aniq fakt va hollar bo‘yicha fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘iga, jamoat xavfsizligi, atrof-muhitga, jismoniy va yuridik shaxslarning hamda davlat manfaatlariga zarar yetkazish xavfining oldini olish yoki bartaraf etish uchun (jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari, davlat organlari va tashkilotlari ma’lumotlari, ommaviy axborot vositalari va boshqa axborot manbalaridan olingan ma’lumotlar).
Tadbirkorlik subyekti faoliyatida tekshiruv o‘tkazishni tashabbus qilishda, dastlab nazorat qiluvchi organ tomonidan tekshiruv o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan tadbirkorlik subyektining amalda faoliyat ko‘rsatayotganligi o‘rganib chiqilishi lozim.
9. Tadbirkorlik subyekti faoliyatida tekshiruv o‘tkazish to‘g‘risidagi xabarnoma Axborot tizimiga nazorat qiluvchi organning markaziy apparati tomonidan kiritiladi. Bunda bir kunlik muddatda tekshiruv o‘tkazish to‘g‘risidagi xabarnoma nazorat qiluvchi organning hududiy bo‘linmasi tomonidan kiritilishi mumkin.
10. Vakolatli organni tekshiruv boshlangandan so‘ng xabardor etish tartibida o‘tkaziladigan tekshiruvlar ro‘yxatida (keyingi o‘rinlarda — Ro‘yxat) nazarda tutilgan tekshiruv o‘tkazish to‘g‘risidagi xabarnoma tekshiruv boshlangandan so‘ng 24 soat ichida Axborot tizimiga kiritilishi shart.
11. Nazorat qiluvchi organ rahbari (yoki rahbar o‘rinbosari) tomonidan tekshiruv to‘g‘risida xabardor qilish uchun Axborot tizimiga quyidagi ma’lumotlarni ko‘rsatgan holda tasdiqlangan xabarnoma kiritiladi:
tekshiruv o‘tkazadigan nazorat qiluvchi organ nomi;
tekshiruv o‘tkaziladigan tadbirkorlik subyektining nomi (filiali yoki shoxobchasi), soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami yoki jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami, IFUT kodi, yuridik va tekshiruv o‘tkazish manzili;
tekshiruv o‘tkazish uchun asos bo‘lgan hujjat yoki ma’lumot;
tekshiruv o‘tkazish muddati;
tekshiruv predmeti;
tekshiruvda qamrab olinadigan faoliyat davri.
12. Ushbu Nizomning 8-bandida ko‘rsatilgan asos bo‘yicha batafsil ma’lumotlar va tasdiqlovchi hujjatlar nusxalari, profilaktika tadbirlari o‘tkazilganligi bo‘yicha tasdiqlovchi hujjatlar nusxalari (o‘tkazilgan bo‘lsa) hamda tekshiruv dasturi xabarnomaga ilova sifatida Axborot tizimiga kiritiladi.
Tekshiruv dasturi ushbu Nizomning 8-bandida ko‘rsatilgan asos doirasida tuzilishi va nazorat qiluvchi organ rahbari tomonidan tasdiqlanishi shart.
13. Nazorat qiluvchi organ tekshiruvni o‘tkazish to‘g‘risida xabardor qilingan kundan boshlab uch ish kuni ichida tekshiruv o‘tkazish to‘g‘risida buyruq (qaror, farmoyish) qabul qiladi hamda bir ish kunida Axborot tizimiga kiritadi.
Buyruqda (qarorda, farmoyishda) tekshiruv o‘tkazish uchun mazkur Nizomning 8-bandida nazarda tutilgan asos, nazorat qiluvchi organning mansabdor shaxslari tarkibi, tadbirkorlik subyektining nomi (filiali yoki shoxobchasi), soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami yoki jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami, manzili, tekshiruv maqsadi, muddati, tekshiruvda qamrab olinadigan faoliyat davri va tekshiruv Axborot tizimida ro‘yxatga olinganligini tasdiqlovchi maxsus kod ko‘rsatiladi hamda tekshiruv dasturi ilova qilinadi.
4-bob. Tekshiruvlarni o‘tkazish
Oldingi tahrirga qarang.
14. Nazorat qiluvchi organ “Xavfni tahlil qilish” elektron tizimi natijalariga asosan o‘tkaziladigan tekshiruvlarning boshlanishi haqida qonunchilikda belgilangan muddatlarda tadbirkorlik subyektini uning Axborot tizimidagi shaxsiy kabineti yoki pochta aloqasi (agar elektron shaklda xabardor etishning texnik imkoniyati mavjud bo‘lmasa) orqali xabardor qiladi, Ro‘yxatda nazarda tutilgan hamda davlat yong‘in nazorati organlari, Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan o‘tkaziladigan tekshiruvlar, tibbiy va farmatsevtika faoliyatini litsenziyalash talab va shartlariga rioya qilinishi hamda tibbiy xizmatlar sifat nazorati bo‘yicha tekshiruvlar hamda “Soliq xavfini aniqlash, tahlil qilish va baholash” avtomatlashtirilgan dasturi natijalariga asosan soliq bazasini yashirish (kamaytirib ko‘rsatish) holatlari bo‘yicha o‘tkaziladigan soliq tekshiruvlari bundan mustasno.
(14-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-maydagi PF-74-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 07.05.2026-y., 06/26/74/0453-son)
Bunda tekshiruv o‘tkazish muddati va predmeti, taraflarning qonunchilikda belgilangan huquq va majburiyatlari, korrupsiyaviy huquqbuzarliklar uchun taraflarning javobgarligi, korrupsiya alomatlari vujudga kelganda xabar berish tartibi, mansabdor shaxslarning harakatlari ustidan shikoyat berish tartibi va manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq masalalar ko‘rsatilishi lozim.
Tekshiruv boshlanishi haqida xabarnomani olgan tadbirkorlik subyekti tekshiruv o‘tkazilishidan oldin yuridik manzilini o‘zgartirgan yoki u qayta tashkil etilgan hollarda tekshiruv nazorat qiluvchi organ tomonidan qayta xabardor qilmasdan o‘tkaziladi.
Tadbirkorlik subyekti Axborot tizimi yoki pochta aloqasi orqali yuborilgan tekshiruv boshlanishi haqida xabarnomani shaxsan olmaganligi tekshiruv o‘tkazishga to‘sqinlik qilmaydi.
15. Nazorat qiluvchi organning mansabdor shaxsi tekshiruv boshlanishidan oldin tadbirkorlik subyekti rahbarini (rahbar vazifasini bajaruvchi shaxsni) tekshiruv maqsadi bilan tanishtiradi, unga o‘z xizmat guvohnomasi va tekshiruv o‘tkazish huquqini beruvchi maxsus guvohnomani ko‘rsatadi, tekshiruvni o‘tkazishga asos bo‘lgan hujjatlar (nazorat qiluvchi organning tekshiruv o‘tkazish to‘g‘risidagi buyrug‘i va tekshiruv dasturi) nusxalarini tilxat olgan holda taqdim qiladi, shuningdek, Axborot tizimiga tekshiruvning maxsus kodini kiritish orqali tekshiruvga doir ma’lumotlarni olish huquqini tushuntiradi, Ro‘yxatda nazarda tutilgan tekshiruvlar bundan mustasno.
Tadbirkorlik subyekti o‘z so‘roviga ko‘ra o‘tkazilayotgan tekshiruv haqidagi axborotni Axborot tizimidan bepul real vaqt rejimida Internet tarmog‘i orqali yoki qisqa xabar (SMS) ko‘rinishida olishi mumkin.
16. Tekshiruv o‘tkazish uchun asos bo‘lgan hujjatlar nusxasi tadbirkorlik subyektiga tilxat olingan holda topshirilgan kun tekshiruvni o‘tkazish boshlangan kun hisoblanadi.
Tadbirkorlik subyektining tekshiruv o‘tkazish uchun asos bo‘lgan hujjatlarni olishdan bosh tortganligi tekshiruvni bekor qilish uchun asos bo‘lmaydi.
Tadbirkorlik subyekti mazkur hujjatlarni olishdan bosh tortgan taqdirda, bu haqda nazorat qiluvchi organning mansabdor shaxsi tomonidan dalolatnoma tuziladi. Bunda dalolatnoma rasmiylashtirilgan vaqt tekshiruvni o‘tkazish boshlangan vaqt hisoblanadi.
17. Nazorat qiluvchi organning mansabdor shaxsi tadbirkorlik subyekti tomonidan taqdim etilgan Tekshiruvlarni ro‘yxatga olish kitobini qonunchilikda belgilangan tartibda to‘ldirishi shart.
18. Tekshiruvni faqat tekshiruv o‘tkazishga ruxsat berilgan nazorat qiluvchi organ va uning tekshiruv o‘tkazish huquqini beruvchi maxsus guvohnomaga ega bo‘lgan mansabdor shaxslari o‘tkazishga haqli.
Nazorat qiluvchi organning tegishli tarkibiy bo‘linmasi tomonidan o‘tkaziladigan tekshiruvga uning boshqa tarkibiy bo‘linmalarining tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tekshirish huquqiga ega bo‘lgan mansabdor shaxslari jalb etilishi mumkin.
Nazorat qiluvchi organ tekshiruvni o‘zining hududiy bo‘linmalariga yuklatishga haqli.
19. Nazorat qiluvchi organning mansabdor shaxsi Tekshiruvlarni ro‘yxatga olish kitobini to‘ldirishdan bosh tortgan taqdirda yoki mazkur Nizomning 15-bandida ko‘rsatilgan hujjatlarni to‘liq taqdim etmagan hamda tekshiruvga nazorat qiluvchi organning buyrug‘ida (qarori, farmoyishi) ko‘rsatilmagan boshqa shaxslarni jalb etish holatlarida, tekshiruvga shartnoma asosida auditorlik tashkilotlari va (yoki) ekspertlarni jalb etish holatlari bundan mustasno, tadbirkorlik subyekti tekshiruv o‘tkazilishiga yo‘l qo‘ymaslikka hamda ushbu holat haqida vakolatli organga, Savdo-sanoat palatasiga va prokuratura organlariga xabar berishga haqli.
20. Nazorat qiluvchi organ tomonidan tadbirkorlik subyekti faoliyatida o‘tkaziladigan tekshiruv qonunchilik hujjatlarida belgilangan muddatlardan oshmasligi lozim.
21. Tekshiruv o‘tkazish jarayonida nazorat qiluvchi organning mansabdor shaxslari o‘z vakolatlari va tekshiruv dasturida belgilangan masalalar doirasidan chetga chiqmasligi lozim.
22. Tekshiruv tadbirkorlik subyektining ish vaqti davomida o‘tkaziladi.
23. Tadbirkorlik subyekti faoliyatida o‘tkaziladigan tekshiruvda, shuningdek, profilaktika tadbirlarida uning so‘roviga ko‘ra Savdo-sanoat palatasining vakillari, tadbirkorlik subyektlari birlashmalarining a’zosi bo‘lgan tadbirkorlik subyektining faoliyatida tekshiruv o‘tkazishda esa mazkur birlashmalar vakillari ishtirok etishi mumkin.
Tekshiruv davomida tadbirkorlik subyektiga soliq maslahatchilari, tarjimon va (yoki) advokatlar tomonidan shartnoma asosida tegishli xizmatlar ko‘rsatilishi mumkin.
Nazorat qiluvchi organning mansabdor shaxsi tekshiruv boshlanishidan oldin tadbirkorlik subyekti rahbariga (rahbar vazifasini bajaruvchi shaxsga) mazkur bandning birinchi va ikkinchi xatboshilarida nazarda tutilgan shaxslarni tekshiruvda ishtirok etishga jalb qilish huquqini tushuntiradi hamda bu haqda tadbirkorlik subyekti rahbari (rahbar vazifasini bajaruvchi shaxs) tomonidan tekshiruv o‘tkazishga asos bo‘lgan hujjatlar nusxalari olinganligini tasdiqlovchi tilxatda ma’lumot qayd etiladi.
Tadbirkorlik subyekti tomonidan ma’lum qilingan mazkur bandning birinchi va ikkinchi xatboshilarida nazarda tutilgan shaxslarning tekshiruvda ishtirok etish uchun yetib kelmasligi tekshiruv o‘tkazilishiga to‘sqinlik qilmaydi.
24. Tekshiruv bilan tadbirkorlik subyektining bevosita tekshiruv predmeti bilan bog‘liq bo‘lgan faoliyat davri qamrab olinadi. Bunda:
tekshiruv o‘tkazish vaqtidan oldingi uch kalendar yildan ko‘p bo‘lmagan muddatdagi faoliyat qamrab olinishi mumkin;
Oldingi tahrirga qarang.
tekshiruvni o‘tkazayotgan nazorat qiluvchi organ tomonidan ilgari tekshirilgan faoliyat davri, predmeti va obyekti bo‘yicha qayta tekshiruv o‘tkazilmaydi, tibbiy va farmatsevtika faoliyatini litsenziyalash talab va shartlariga rioya qilinishi hamda tibbiy xizmatlar sifat nazorati bo‘yicha o‘tkaziladigan tekshiruvlar, shuningdek, davlat yong‘in nazorati organlari tomonidan o‘tkaziladigan nazorat tekshiruvlari bundan mustasno.
(24-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-maydagi PF-74-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 07.05.2026-y., 06/26/74/0453-son)
25. Tadbirkorlik subyekti rahbari (rahbar vazifasini bajaruvchi shaxs) tekshiruvda ishtirok eta olmagan, talab etilgan hujjatlar taqdim etilmagan yoki sohaviy mutaxassislar mavjud bo‘lmagan taqdirda, tekshiruv nazorat qiluvchi organning buyrug‘i (qarori, farmoyishi) asosida to‘xtatilishi hamda nazorat qiluvchi organning asoslantirilgan murojaatiga ko‘ra yoki nazorat qiluvchi organ tomonidan asoslantiruvchi hujjatlar bilan keyinchalik vakolatli organni xabardor qilgan holda tekshiruv boshqa vaqtga ko‘chirilishi mumkin.
Muddati ko‘chirilgan tekshiruvni o‘tkazish tekshiruv to‘xtatilgan oydan keyingi oyning so‘nggi kunidan kechiktirmasdan ta’minlanishi lozim. Ushbu muddatda o‘tkazilmagan tekshiruv o‘tkazilmagan deb hisoblanadi. Bunday tekshiruv keyinchalik umumiy tartibda o‘tkazilishi mumkin.
26. Tekshiruv muddatini maksimal uzaytirish nazorat qiluvchi organning asoslantirilgan so‘roviga muvofiq vakolatli organni xabardor qilgan holda faqatgina bir marta va dastlab belgilangan tekshiruv muddatidan oshmagan muddatga amalga oshirilishi mumkin. Bunda dastlab o‘tkazilgan va uzaytirilayotgan tekshiruvlarning jami muddatlari qonunchilikda belgilangan tekshiruvlarni o‘tkazish muddatlaridan oshmasligi kerak.
27. Tekshiruvni tadbirkorlik subyekti ro‘yxatdan o‘tgan yoki faoliyat yuritayotgan manzilda o‘tkazish imkoniyati bo‘lmagan taqdirda, uni tadbirkorlik subyektining yozma roziligi bilan ushbu subyekt ro‘yxatdan o‘tgan yoki faoliyat yuritayotgan hududdagi nazorat qiluvchi organ binosida o‘tkazish mumkin.
28. Tekshiruvlar natijalari tekshiruv dalolatnomasi bilan rasmiylashtiriladi. Tekshiruv dalolatnomasi kamida ikki nusxada tuziladi.
Bir kunlik muddatda o‘tkaziladigan tekshiruv dalolatnomasi tekshiruv o‘tkazilgan kunda, muddati bir kundan ortiq bo‘lgan tekshiruv bo‘yicha esa, tekshiruv muddatining oxirgi kunidan kechiktirmasdan rasmiylashtirilishi shart.
Bunda tekshiruv dalolatnomasining nusxalari nazorat qiluvchi organning mansabdor shaxsi va tadbirkorlik subyektining rahbari (rahbar vazifasini bajaruvchi shaxs) tomonidan imzolanadi, bir nusxasi tadbirkorlik subyekti rahbariga (rahbar vazifasini bajaruvchi shaxsga) uni olgan sanani ko‘rsatgan holda imzo qo‘ydirib topshiriladi.
29. Tadbirkorlik subyekti o‘tkazilgan tekshiruv natijasi bo‘yicha o‘z e’tirozlarini dalolatnomada yozma ravishda aks ettirishi mumkin.
30. Tadbirkorlik subyekti tekshiruv dalolatnomasini olishdan va (yoki) uni imzolashdan bosh tortganda, nazorat qiluvchi organning mansabdor shaxsi bu haqda dalolatnomada qayd etadi va shu paytdan e’tiboran tekshiruv tugagan hisoblanadi.
Bu holda tekshiruv dalolatnomasining bir nusxasi u tuzilgan kundan keyingi ish kunidan kechiktirmasdan tadbirkorlik subyektiga pochta orqali buyurtma xat bilan yoki qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda va tartibda elektron shaklda tuzilib yuboriladi.
31. Tekshiruv natijalari bo‘yicha tuzilgan dalolatnoma, qayd etilgan qonunbuzilish holatlari va tekshiruv o‘tkazish haqida tadbirkorlik subyekti xabardor etilganligini tasdiqlovchi hujjatlar (pochta kvitansiyasi va elektron axborot tizimlarining ma’lumotlari) tekshiruv yakunlangandan so‘ng uch ish kuni ichida, tadbirkorlik subyektiga nisbatan qo‘llanilgan ta’sir choralari to‘g‘risidagi ma’lumotlar (yozma ko‘rsatma, ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnoma, jarimalarni qo‘llash to‘g‘risida qarorlar va sud qarorlari) mazkur choralar qo‘llanilgandan so‘ng bir ish kunidan kechiktirilmasdan nazorat qiluvchi organlar tomonidan Axborot tizimiga kiritilishi lozim.
32. Tekshiruv natijasida aniqlangan bank siri va qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirlarga oid ma’lumotlar Axborot tizimiga kiritilmaydi.
Tekshiruvda jinoyat alomatlari aniqlangan taqdirda, nazorat qiluvchi organ darhol huquqni muhofaza qiluvchi organga xabar berishi hamda tekshiruv yakunlangan vaqtdan boshlab o‘n kun ichida ushbu holat bo‘yicha barcha hujjatlarni yuborishi shart.
Soliq tekshiruvida jinoyat alomatlari aniqlangan taqdirda esa, bu haqda xabar berish soliq qonunchiligiga muvofiq amalga oshiriladi.
5-bob. Tekshiruvlar o‘tkazilishini monitoring qilish va jamoatchilik nazoratini amalga oshirish
33. Vakolatli organ nazorat qiluvchi organlar tomonidan tekshiruvlar belgilangan tartibda o‘tkazilganligini doimiy ravishda monitoring qilib boradi.
34. Monitoring natijalariga ko‘ra nazorat qiluvchi organlarning mansabdor shaxslari tadbirkorlik subyektlari faoliyatida noqonuniy tekshiruv o‘tkazganligi yoki tekshiruv davomida qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘yganligi aniqlanganda vakolatli organ tomonidan ularni belgilangan tartibda javobgarlikka tortish choralari ko‘riladi.
35. Tekshiruvlarning qonuniyligi ustidan jamoatchilik nazorati Savdo-sanoat palatasi va uning hududiy boshqarmalari hamda qonunchilikda belgilangan shaxslar tomonidan amalga oshiriladi.
6-bob. Profilaktika tadbirlarini o‘tkazish
36. Profilaktika tadbiri nazorat qiluvchi organlarning mansabdor shaxslari tomonidan tadbirkorlik subyektlariga amaldagi qonunchilik hujjatlari va ularga kiritilgan o‘zgartirishlarni tushuntirish, ularning talablari buzilishining oldini olishga qaratilgan tavsiyalar, shuningdek, tadbirkorlik subyektining faoliyat xususiyatlaridan kelib chiqqan holda unga soliq, bojxona va boshqa imtiyozlar va preferensiyalar haqida tushuntirishlar berish, shuningdek, qonunbuzilishlarga olib kelishi mumkin bo‘lgan kamchiliklarni bartaraf etishga ko‘maklashish maqsadida o‘tkaziladi.
37. Profilaktika tadbirlari quyidagi shakllarda amalga oshiriladi:
bevosita joyiga chiqmagan va tadbirkorlik subyektlari faoliyatiga aralashmagan holda huquqiy targ‘ibot, seminarlar, tushuntirish ishlari va amaliy mashg‘ulotlar tashkil etish;
tadbirkorlik subyektlariga pochta aloqasi yoki elektron axborot tizimlari orqali ularning faoliyati yuzasidan qonunchilik talablari buzilishining oldini olishga qaratilgan tavsiyalar, tadbirkorlik subyekti faoliyat yuritayotgan sohada sodir etilayotgan tizimli huquqbuzarliklarning sabablari va ularga imkon beruvchi shart-sharoitlar bo‘yicha xabarnomalar yuborish;
amaldagi qonunchilik talablarini tushuntirish yuzasidan ommaviy axborot vositalarida chiqishlar qilish;
tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishda yuzaga kelayotgan muammolarni ommaviy muhokama qilish maqsadida Internet jahon axborot tarmog‘ida veb-saytlar, shu jumladan, ijtimoiy tarmoqlarda blog va chatlarni tashkil etish;
“ochiq eshiklar kuni” tadbirlarini tashkil etish va ularda qatnashish;
tadbirkorlik subyektlarini qonunchilik talablariga oid ma’lumotlar aks ettirilgan tarqatma materiallar va boshqa qo‘llanmalar bilan ta’minlash;
tadbirkorlik subyektlariga o‘rnatilgan tartibda tasdiqlangan cheklist taqdim etish, cheklist to‘ldirilishi natijalari bo‘yicha ular faoliyatida qonunbuzilishlarga olib kelishi mumkin bo‘lgan kamchiliklarni bartaraf etishga ko‘maklashish.
Oldingi tahrirga qarang.
Yong‘in xavfsizligini, fuqaroviy va xizmat quroli hamda uning o‘q-dorilari, sanoat uchun mo‘ljallangan portlovchi materiallar, pirotexnika buyumlari, giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar, ularning analoglari va prekursorlar saqlanadigan joylar (obyektlar)ning texnik mustahkamligini, obyekt ichki va ruxsat berish rejimini ta’minlash maqsadida o‘tkaziladigan, shuningdek, tibbiy va farmatsevtika faoliyatini litsenziyalash talab va shartlariga rioya qilinishi hamda tibbiy xizmatlar sifatini ta’minlash bo‘yicha profilaktika tadbirlari tadbirkorlik subyektlariga tegishli obyektlarni ko‘zdan kechirish orqali amalga oshirilishi mumkin.
(37-bandning to‘qqizinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-maydagi PF-74-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 07.05.2026-y., 06/26/74/0453-son)
Profilaktika tadbirlari tadbirkorlik subyektlari faoliyatida huquqbuzarlik sodir etish xavfi darajasidan kelib chiqib ishlab chiqilgan va tasdiqlangan choraklik reja-grafiklar asosida o‘tkaziladi.
O‘tkazilgan profilaktika tadbirlari bo‘yicha bayonnoma yuritilib, qayd etilgan muammolarni bartaraf etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqiladi.
38. Profilaktika tadbirini o‘tkazish natijasi bo‘yicha nazorat qiluvchi organ Axborot tizimga quyidagi ma’lumotlarni kiritadi:
profilaktika tadbirini o‘tkazgan nazorat qiluvchi organ va uning tegishli tarkibiy bo‘linmasi nomi;
profilaktika tadbirining shakli;
profilaktika tadbiri ommaviy ravishda o‘tkazilgan taqdirda unda ishtirok etgan tadbirkorlik subyektlarining umumiy soni, o‘tkazilgan tadbir bayoni;
profilaktika tadbiri manzilli amalga oshirilganda unda qatnashgan tadbirkorlik subyektlari soni va ularga berilgan tavsiya va xabarnomalar soni va mazmuni;
ommaviy axborot vositalarida chiqishlar, Internet jahon axborot tarmog‘ida veb-saytlar, shu jumladan, ijtimoiy tarmoqlarda blog va chatlar orqali o‘tkazilgan muhokamalar, ular o‘tkazilgan sana, manzili (ommaviy axborot vositalaridagi ko‘rsatuv yoki loyiha nomi, muhokamaning Internet jahon axborot tarmog‘idagi manzili).
39. Nazorat qiluvchi organlar har chorak yakunlari bo‘yicha keyingi oyning 10-sanasigacha mazkur Nizomning 38-bandida belgilangan ma’lumotlarni Axborot tizimga kiritib boradi.
40. Tadbirkorlik subyektlari faoliyatida ko‘p takrorlanuvchi qonunbuzilish holatlarining oldini olish maqsadida:
nazorat qiluvchi organlar har yarim yil yakunlari bo‘yicha 1-avgustga qadar, yil yakunlari bo‘yicha 1-fevralga qadar ular tomonidan amalga oshirilgan tekshiruv va profilaktika tadbirlari tahlilini vakolatli organga kiritadi;
vakolatli organ har yarim yil yakunlari bo‘yicha 1-sentabrga qadar, yil yakunlari bo‘yicha 1-martga qadar tadbirkorlik subyektlari faoliyatida ko‘p takrorlanuvchi huquqbuzarliklar hamda ular sodir etilishining oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida ma’lumotni Axborot tizimiga joylashtiradi va jamoatchilikka e’lon qiladi.
7-bob. Yakuniy qoidalar
41. Vakolatli organ va nazorat qiluvchi organlarning mansabdor shaxslari mazkur Nizom talablariga rioya etilishi, tekshiruv munosabati bilan o‘ziga ma’lum bo‘lgan tijorat siri, xizmat siri va qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirlar, shuningdek, oshkor etilmaydigan axborotlar muhofaza qilinishini ta’minlashi shart.
42. Nazorat qiluvchi organlarning:
rahbarlari tekshiruv o‘tkazish to‘g‘risida xabardor etish yoki vakolatli organni tekshiruv boshlangandan so‘ng xabardor etish uchun taqdim etilgan ma’lumotlarning ishonchliligi va to‘liqligi hamda tekshiruvlar qonunchilikda belgilangan tartibda Axborot tizimida ro‘yxatdan o‘tkazilgan holda amalga oshirilishi uchun;
mansabdor shaxslari o‘z vakolatlari va nazorat sohasidan tashqari masalalar bo‘yicha har qanday tekshiruv o‘tkazilmasligi hamda tekshiruvlar qonunchilikda belgilangan tartibda Axborot tizimida ro‘yxatdan o‘tkazilgan holda amalga oshirilishi, shuningdek, o‘tkazilgan tekshiruvlar bo‘yicha zarur hujjatlarning o‘z vaqtida Axborot tizimiga kiritilishi uchun javobgardir.
43. Tadbirkorlik subyektlari ularda o‘tkazilayotgan tekshiruv haqidagi hamda ularning faoliyatini tekshirayotgan nazorat qiluvchi organlar to‘g‘risidagi ma’lumotni vakolatli organdan yozma shaklda yoki axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan, shu jumladan Axborot tizimidan foydalangan holda elektron shaklda bepul olishga haqlidir.
44. O‘tkazilgan tekshiruvdan norozi bo‘lgan tadbirkorlik subyektlari nazorat qiluvchi organlarning yuqori tashkilotlariga, vakolatli organga, Savdo-sanoat palatasiga yoki belgilangan tartibda sudga murojaat qilish huquqiga ega.
45. Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonunchilikda belgilangan tartibda javob beradilar.
(ilova O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 14-noyabrdagi PF-184-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 23.11.2024-y., 06/24/184/0954-son. Kuchga kirish sanasi — 2025-yil 1-yanvar)
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 14.09.2022-y., 07/22/374/0821-son; 21.07.2023-y., 06/23/110/0506-son; 03.08.2023-y., 06/23/125/0553-son; 16.02.2024-y., 06/24/36/0130-son; 24.10.2024-y., 06/24/164/0843-son; 23.11.2024-y., 06/24/184/0954-son; 01.04.2025-y., 06/25/57/0291-son; 08.08.2025-y., 06/25/126/0704-son; 29.09.2025-y., 06/25/176/0878-son; 07.05.2026-y., 06/26/74/0453-son)