Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil toʻgʻrisida
Qonunchilik palatasi tomonidan 2017-yil 14-avgustda qabul qilingan
Senat tomonidan 2017-yil 24-avgustda maʼqullangan
Senat tomonidan 2017-yil 24-avgustda maʼqullangan
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonunning maqsadi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakilning faoliyatini tartibga solishdan iborat.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 5-maydagi PF-5037-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakili institutini taʼsis etish toʻgʻrisida”gi Farmoni.
Oldingi tahrirga qarang.
2-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil toʻgʻrisidagi qonunchilik
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil toʻgʻrisidagi qonunchilik ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.
(2-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 14-iyuldagi 584-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori.
3-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil (bundan buyon matnda Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil deb yuritiladi) mansabdor shaxs boʻlib, u tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish kafolatlarini, mazkur huquqlar va qonuniy manfaatlarga davlat organlari, shu jumladan huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlar (bundan buyon matnda davlat organlari deb yuritiladi) tomonidan rioya etilishini taʼminlaydi.
Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil oʻz vakolatlarini mustaqil hamda davlat organlariga, ularning mansabdor shaxslariga tobe boʻlmagan tarzda amalga oshiradi va oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga hisobot beradi.
4-modda. Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakilni lavozimga tayinlash va lavozimidan ozod etish
Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.
Tayinlanish kuni oʻttiz yoshga toʻlgan, oliy maʼlumotli, davlat tilini biladigan, tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish sohasidagi faoliyatda yoxud tadbirkorlik faoliyatida tajribaga ega boʻlgan, bevosita tayinlanishidan oldin kamida besh yil Oʻzbekiston Respublikasi hududida muqim yashayotgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil etib tayinlanishi mumkin.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 109-moddasi.
5-modda. Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil lavozimiga mos kelmaydigan faoliyat
Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil oʻzining siyosiy partiyaga aʼzoligini oʻz vazifalarini bajarayotgan davrda toʻxtatib turishi yoki tugatishi shart. Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil ilmiy, pedagogik va ijodiy faoliyatdan tashqari haq toʻlanadigan boshqa turdagi faoliyat bilan shugʻullanishi mumkin emas.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi “Davlat fuqarolik xizmati toʻgʻrisida”gi Qonunining 13-moddasi.
6-modda. Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil faoliyatining asosiy prinsiplari
Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil faoliyatining asosiy prinsiplari qonuniylik, mustaqillik, adolatparvarlik, insonparvarlik, oshkoralik, ochiqlik, tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlari ustuvorligidan iboratdir.
7-modda. Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil faoliyatining asosiy vazifalari va yoʻnalishlari
Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil faoliyatining asosiy vazifalari va yoʻnalishlari quyidagilardan iborat:
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 14-avgustdagi 385-son “Tadbirkorlik sohasidagi majburiy talablar yagona elektron reyestrini shakllantirish va yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori.
tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish, tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish sohasida davlat siyosatini shakllantirish hamda amalga oshirishda ishtirok etish;
davlat organlari tomonidan tadbirkorlik subyektlarining huquqlari hamda qonuniy manfaatlariga rioya etilishi yuzasidan nazoratni amalga oshirish;
tadbirkorlik subyektlarining faoliyatini tekshirish amalga oshirilayotganda ularni huquqiy jihatdan qoʻllab-quvvatlash;
Oldingi tahrirga qarang.
tadbirkorlik subyektlari faoliyatining tekshiruvlarini muvofiqlashtirishni hamda nazorat qiluvchi organlar tomonidan tadbirkorlik subyektlari faoliyati tekshiruvlari oʻtkazilishining qonuniyligi ustidan nazoratni amalga oshirish;
(7-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 12-noyabrdagi OʻRQ-583-sonli Qonuniga asosan beshinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.11.2019-y., 03/19/583/4016-son)
Oldingi tahrirga qarang.
tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari toʻgʻrisidagi qonunchilik normalari va talablarining amalda roʻyobga chiqarilishini oʻrganish;
(7-moddaning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarning tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishga taʼsiri samaradorligini baholash;
Oldingi tahrirga qarang.
Tekshirishlarni roʻyxatga olish kitobining hisobini elektron tarzda yuritish;
davlat organlari va tashkilotlar tomonidan oʻz vakolatlari doirasidagi sohalar boʻyicha belgilangan tartibda taqdim etilgan tadbirkorlik subyektlari faoliyatining qonunchilik talablariga muvofiqligi roʻyxati asosida shakllantiriladigan majburiy talablarning elektron reyestrini yuritish;
(7-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2023-yil 20-yanvardagi OʻRQ-815-sonli Qonuniga asosan sakkizinchi va toʻqqizinchi xatboshilar bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.01.2023-y., 03/23/815/0044-son)
Oldingi tahrirga qarang.
tadbirkorlik subyektlarining huquqiy kafolatlarini mustahkamlashga, ularni rivojlantirishni ragʻbatlantirishga qaratilgan qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan takliflar tayyorlash.
(7-moddaning sakkizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
8-modda. Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakilning huquqlari
Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil oʻz zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarish uchun quyidagi huquqlarga ega:
Oldingi tahrirga qarang.
tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishiga doir qonunchilikning davlat organlari tomonidan ogʻishmay ijro etilishini oʻrganish;
(8-moddaning birinchi qismi ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
tadbirkorlik subyektlarining faoliyati tekshiruvlarini oʻtkazishning qonuniyligi monitoringini amalga oshirish, tadbirkorlik subyektlarining faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashish faktlarining oldini olish yuzasidan kompleks chora-tadbirlar koʻrish boʻyicha takliflar kiritish;
Oldingi tahrirga qarang.
tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishiga doir qonunchilikning buzilishiga yoʻl qoʻyilmasligi toʻgʻrisida davlat organlarining hamda boshqa tashkilotlarning mansabdor shaxslariga yozma ravishda ogohlantirishlar eʼlon qilish;
(8-moddaning birinchi qismi toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Oldingi tahrirga qarang.
qonunchilikning aniqlangan buzilishlarini, ularga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish toʻgʻrisida davlat organlarining va boshqa tashkilotlarning rahbarlariga belgilangan muddatlarda bajarilishi majburiy boʻlgan taqdimnomalar kiritish;
(8-moddaning birinchi qismi beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Oldingi tahrirga qarang.
tadbirkorlik subyektlarining manfaatlarini koʻzlab arizalar, daʼvolar va shikoyatlar bilan sudlarga davlat boji toʻlamasdan murojaat etish;
(8-modda birinchi qismining oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 12-noyabrdagi OʻRQ-583-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.11.2019-y., 03/19/583/4016-son)
Oldingi tahrirga qarang.
davlat daromadiga undirishni nazarda tutuvchi ijro hujjatlari boʻyicha ijroni qarzdor tadbirkorlik subyektlarining manfaatlarini koʻzlab kechiktirish yoki boʻlib-boʻlib ijro etish toʻgʻrisidagi ariza bilan ijro hujjatini bergan sudga yoki boshqa organga murojaat qilish;
(8-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2022-yil 11-apreldagi OʻRQ-762-sonli Qonuniga asosan yettinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.04.2022-y., 03/22/762/0290-son)
davlat organlari va tashkilotlardan oʻz vakolatiga kiruvchi masalalar yuzasidan statistik, tahliliy materiallarni, xulosalarni va boshqa axborotni soʻrash hamda olish;
davlat organlarining tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish masalalarini koʻrib chiqish bilan bogʻliq majlislarida ishtirok etish;
zarur boʻlgan hollarda, oʻz zimmasiga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirish uchun davlat organlarining, ilmiy muassasalarning va boshqa tashkilotlarning rahbarlari hamda mutaxassislarini jalb etish, ishchi guruhlar tuzish;
tadbirkorlik faoliyati sohasidagi jinoyatlar toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha gumon qilinayotgan, ayblanayotgan va hukm qilingan tadbirkorlik subyektlari vakillari bilan uchrashish uchun qamoqda saqlash joylariga, jazoni ijro etish muassasalariga moneliksiz kirish;
Oldingi tahrirga qarang.
maʼmuriy javobgarlikni keltirib chiqaradigan qonunchilik buzilishi holatlari yuzasidan maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisida bayonnomalar tuzish.
(8-modda birinchi qismining oʻn birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
(8-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
9-modda. Ogohlantirish
Oldingi tahrirga qarang.
Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishiga doir qonunchilikning buzilishiga yoʻl qoʻyilmasligi toʻgʻrisidagi ogohlantirish Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil tomonidan davlat organlari hamda boshqa tashkilotlarning mansabdor shaxslariga yozma ravishda eʼlon qilinadi.
(9-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil ogohlantirish toʻgʻrisida yuqori turuvchi organga yoki mansabdor shaxsga xabar qilishga haqli.
10-modda. Taqdimnoma
Oldingi tahrirga qarang.
Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishiga doir qonunchilikning aniqlangan buzilishlarini, ularga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish toʻgʻrisidagi taqdimnoma Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil tomonidan davlat organlarining va boshqa tashkilotlarning qonunchilik buzilishlarini bartaraf etish yuzasidan vakolat berilgan rahbarlariga kiritiladi.
(10-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Taqdimnoma kechiktirmay bajarilishi va koʻrilgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakilga, agar boshqa muddat belgilanmagan boʻlsa, oʻn besh kundan kechiktirmay yozma ravishda xabar qilinishi lozim.
(10-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 12-noyabrdagi OʻRQ-583-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.11.2019-y., 03/19/583/4016-son)
11-modda. Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakilning majburiyatlari
Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil oʻz faoliyatini amalga oshirishda:
Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlariga rioya etishi, oʻz zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarishi;
davlat organlari va boshqa tashkilotlarning, ular mansabdor shaxslarining oʻz vakolatlari doirasida amalga oshirilayotgan faoliyatiga aralashmasligi;
davlat organlarining va boshqa tashkilotlarning faoliyatiga toʻsiqlarni vujudga keltirmasligi;
Oldingi tahrirga qarang.
davlat sirlarini yoki qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sirni tashkil etuvchi maʼlumotlarni muhofaza qilish toʻgʻrisidagi qonunchilikning talablariga rioya etishi;
(11-moddaning birinchi qismi beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
arz qiluvchilarni shikoyatlarni koʻrib chiqish natijalari toʻgʻrisida xabardor etishi shart.
Oldingi tahrirga qarang.
Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakilning zimmasida qonunchilikka muvofiq boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
(11-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
12-modda. Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakilning tadbirkorlik subyektlarining shikoyatlarini va boshqa murojaatlarini koʻrib chiqish tartibi
Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil tadbirkorlik subyektlarining oʻz huquqlari va qonuniy manfaatlarini buzayotgan davlat organlarining va boshqa tashkilotlarning qarorlari, ular mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan bergan shikoyatlarini koʻrib chiqadi.
Tadbirkorlik subyektlari oʻrtasida yuzaga keladigan iqtisodiy nizolarni, tadbirkorlik faoliyati bilan bogʻliq boʻlmagan, oilaga, mehnatga doir va boshqa huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan nizolarni hal etishga taalluqli shikoyatlar Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakilning koʻrib chiqish doirasiga kirmaydi.
Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil sudlarning, tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlarning, tergov, surishtiruv va jazoni ijro etish organlarining vakolatiga kiritilgan masalalarni koʻrib chiqmaydi.
Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil shikoyatlarni koʻrib chiqayotganda oʻz vakolatlari doirasida:
masalani uning mohiyatiga koʻra hal qilishi;
arz qiluvchi oʻz huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish uchun foydalanishi mumkin boʻlgan vositalar va shakllarni koʻrsatishi;
shikoyatni uning mohiyatiga koʻra hal qilishga vakolatli boʻlgan tashkilotga yoki mansabdor shaxsga yuborishi;
arz qiluvchini uning huquqlari va qonuniy manfaatlariga daxldor hujjatlar, qarorlar va boshqa materiallar bilan tanishtirishi;
sababini albatta koʻrsatgan holda shikoyatni koʻrib chiqishni rad etishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil qonunchilikka muvofiq boshqa chora-tadbirlarni ham koʻrishi mumkin.
(12-moddaning beshinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakilga shikoyat bergan shaxs, shuningdek Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil tomonidan oʻziga axborot toʻplash va uni tahlil etish yoki ekspert bahosi berish vazifasi topshirilgan shaxslarning bunday harakatlar uchun taʼqib qilinishi yoki huquqlari boshqacha tarzda cheklanishi mumkin emas.
Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil nomiga tadbirkorlik subyektlarining tadbirkorlik faoliyati sohasidagi jinoyatlar toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha gumon qilinayotgan, ayblanayotgan yoki hukm qilingan va qamoqda saqlash joylarida, jazoni ijro etish muassasalarida turgan vakillari tomonidan yuborilgan shikoyatlar, shuningdek maʼmuriy qamoqqa olingan hamda maxsus qabulxonada saqlanayotgan shaxslarning shikoyatlari ular saqlanayotgan joylarning maʼmuriyati tomonidan koʻzdan kechirilishi mumkin emas hamda Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakilga yigirma toʻrt soatdan kechiktirmay yuboriladi. Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakilning javobi koʻzdan kechirilishi mumkin emas va arz qiluvchiga darhol yetkazib beriladi.
Davlat organlarining va boshqa tashkilotlarning rahbarlari hamda mansabdor shaxslari Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakilning murojaatiga yozma shaklda javob yuborishi, shuningdek soʻralayotgan maʼlumotlarni, hujjatlarni va materiallarni tegishli murojaat qabul qilingan kundan eʼtiboran oʻn kundan oshmagan muddatda Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakilga taqdim etishi shart.
Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakilning murojaatiga javob murojaat bevosita qaysi davlat organi rahbariga yoʻllangan boʻlsa, oʻsha davlat organi rahbarining yoki uning oʻrinbosarining imzosi bilan yuboriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil tomonidan tadbirkorlik subyektlarining boshqa murojaatlarini koʻrib chiqish qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
(12-moddaning oʻninchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi Qonuni.
13-modda. Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakilning shikoyatlarni koʻrib chiqish yakunlariga doir xulosasi
Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil qaysi davlat organining yoki boshqa tashkilotning, uning mansabdor shaxsining qarorlari yoki harakatlari (harakatsizligi) tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini buzgan boʻlsa, oʻsha davlat organiga yoki boshqa tashkilotga, uning mansabdor shaxsiga tadbirkorlik subyektlarining buzilgan huquqlarini va qonuniy manfaatlarini tiklash yuzasidan oʻz xulosasini yuboradi.
Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakilning xulosasida quyidagi tavsiyalar nazarda tutilishi mumkin:
ishning davlat organi yoki boshqa tashkilot yoxud mansabdor shaxs tomonidan nihoyasiga yetkazilishi zarurligi;
davlat organining yoki boshqa tashkilotning yoxud mansabdor shaxsning qarori oʻzgartirilishi yoxud bekor qilinishi kerakligi;
davlat organining yoki boshqa tashkilotning yoxud mansabdor shaxsning qarorini asoslantirish zarurligi;
davlat organining yoki boshqa tashkilotning yoxud mansabdor shaxsning qoʻshimcha qaror qabul qilishi kerakligi.
Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakilning xulosasida boshqa tavsiyalar ham boʻlishi mumkin.
14-modda. Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil tomonidan shikoyatlarni koʻrib chiqish shartlari
Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil arz qiluvchiga oʻz huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilganligi maʼlum boʻlib qolgan paytdan eʼtiboran yoki arz qiluvchi, agar u huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishning boshqa vositalaridan foydalangan hamda qabul qilingan qarorlardan qanoatlanmagan boʻlsa, oʻz shikoyati boʻyicha qabul qilingan oxirgi qarordan xabar topgan paytdan eʼtiboran bir yil ichida berilgan shikoyatlarni koʻrib chiqadi.
Shikoyat berishning uzrli sababga koʻra oʻtkazib yuborilgan muddati Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil tomonidan tiklanishi mumkin.
15-modda. Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakilga beriladigan shikoyatlarga qoʻyiladigan talablar
Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakilga berilgan shikoyatda arz qiluvchining familiyasi (ismi, otasining ismi), uning yashash joyi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, shikoyat yuridik shaxs tomonidan berilgan taqdirda esa, uning toʻliq nomi, joylashgan yeri (pochta manzili) toʻgʻrisidagi maʼlumotlar koʻrsatilgan boʻlishi kerak.
Shikoyatda qarorlari, harakatlari yoki harakatsizligi ustidan shikoyat qilinayotgan davlat organining yoki boshqa tashkilotning nomi, mansabdor shaxsning familiyasi (ismi, otasining ismi) koʻrsatiladi, arz qiluvchining fikricha, uning huquqlarini buzgan qarorlarning, harakatlarning yoki harakatsizlikning mohiyati bayon etiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Elektron shaklda berilgan shikoyat qonunchilikda belgilangan talablarga muvofiq boʻlishi kerak.
(15-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Shikoyat boʻyicha ilgari qabul qilingan mavjud qarorlar yoki ularning koʻchirma nusxalari, shuningdek shikoyatni koʻrib chiqish uchun zarur boʻlgan boshqa hujjatlar unga ilova qilinishi mumkin boʻlib, mazkur hujjatlar qaytarilmaydi, arz qiluvchi ularni qaytarish haqida yozma ariza bergan hollar bundan mustasno.
Arz qiluvchilar va ularning vakillari shikoyatni u koʻrib chiqilguniga qadar va koʻrib chiqilayotgan paytda shikoyat yuzasidan qaror qabul qilinguniga qadar yozma yoki elektron shaklda ariza berish orqali qaytarib olishi mumkin. Shikoyatni qaytarib olish toʻgʻrisidagi ariza Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil tomonidan qonun buzilishlarini aniqlash va bartaraf etish yuzasidan chora-tadbirlar koʻrilishini istisno etmaydi.
Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakilga berilgan shikoyat uchun davlat boji undirilmaydi.
16-modda. Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakilning hisobdorligi
Oldingi tahrirga qarang.
Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil davlat organlari tomonidan tadbirkorlik subyektlarining huquqlarini va qonuniy manfaatlarini himoya qilish toʻgʻrisidagi qonunchilikka rioya etilishining holatiga doir axborotni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga tizimli asosda taqdim etadi.
(16-moddaning matni Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
17-modda. Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakilning davlat organlari, tadbirkorlik subyektlari va fuqarolik jamiyatining institutlari bilan hamkorligi
Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil davlat organlari, tadbirkorlik subyektlari, tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish sohasida oʻz faoliyatini amalga oshiruvchi nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan oʻz vakolatlari doirasida hamkorlikni amalga oshiradi.
Oldingi tahrirga qarang.
Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha mavjud materiallar toʻgʻrisida davlat organlari, tadbirkorlik subyektlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan qonunchilikda belgilangan tartibda axborot almashuvini, shu jumladan elektron shakldagi axborot almashuvini amalga oshiradi.
(17-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil davlat organlari, tadbirkorlik subyektlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari vakillarining Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil huzurida tashkil etilgan ishchi guruhlar va komissiyalar faoliyatida ishtirok etishi uchun zarur sharoitlar yaratadi.
Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil davlat organlari, tadbirkorlik subyektlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan birgalikda tadbirlar, maslahatlashuvlar va muzokaralar oʻtkazishi, shuningdek ijtimoiy sheriklik toʻgʻrisida bitimlar va shartnomalar tuzishi mumkin.
Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakolatli davlat organlarining faoliyatini muvofiqlashtirish maqsadida, shuningdek mazkur sohada ijtimoiy sheriklikni qoʻllab-quvvatlash uchun Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil huzurida Tadbirkorlarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishi boʻyicha komissiya tuzilishi mumkin. Komissiyani Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil boshqaradi.
18-modda. Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakilning faoliyatiga koʻmaklashish
Davlat organlari va boshqa tashkilotlar, ularning mansabdor shaxslari Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakilga uning faoliyatida koʻmaklashishi, u tomonidan soʻralayotgan, tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlariga taalluqli boʻlgan hujjatlar, materiallar hamda boshqa maʼlumotlarni, agar boshqa muddat belgilanmagan boʻlsa, soʻrov olingan kundan eʼtiboran oʻn kundan kechiktirmasdan taqdim etishi shart.
Davlat organlari va boshqa tashkilotlarning mansabdor shaxslari Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakilning tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish masalalariga doir soʻrovlari, xulosalari, takliflari va tavsiyalarini koʻrib chiqishi, shuningdek Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakilning qonuniy talablarini bajarishi hamda koʻrib chiqish natijalari va koʻrilgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida belgilangan muddatda uni xabardor qilishi shart.
Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil oʻz faoliyatiga doir masalalar boʻyicha davlat organlarining va boshqa tashkilotlarning mansabdor shaxslari tomonidan darhol qabul qilinish huquqidan foydalanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakilning va uning devoni xodimlarining faoliyatiga toʻsqinlik qilish belgilangan tartibda javobgarlikka sabab boʻladi.
(18-moddaning toʻrtinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 12-noyabrdagi OʻRQ-583-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.11.2019-y., 03/19/583/4016-son)
19-modda. Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakilning daxlsizlik huquqi
Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil daxlsizlik huquqidan foydalanadi va u Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining roziligisiz jinoiy javobgarlikka tortilishi, ushlab turilishi, qamoqqa olinishi yoki sud tartibida beriladigan maʼmuriy jazo choralariga tortilishi mumkin emas. Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakilni majburiy keltirishga, ushlab turishga, shuningdek uning shaxsiy buyumlari, yuki, transporti, turar joyi va xizmat xonasini, aloqa vositalari va hujjatlarini koʻzdan kechirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakilga nisbatan jinoyat ishi faqat Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori tomonidan qoʻzgʻatilishi mumkin.
20-modda. Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakilni lavozimidan muddatidan ilgari ozod qilish
Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil lavozimdan quyidagi hollarda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan muddatidan ilgari ozod qilinishi mumkin:
u oʻz vakolatlarini zimmasidan soqit qilish toʻgʻrisida yozma ravishda ariza bergan taqdirda;
u qonunga koʻra Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakilning vakolatlarini amalga oshirishga mos kelmaydigan lavozimga saylangan yoki tayinlangan taqdirda;
u sogʻligʻining holatiga yoki boshqa uzrli sabablarga koʻra Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil vazifasini bajarishga uzoq vaqt mobaynida qodir boʻlmagan taqdirda;
unga nisbatan sudning ayblov hukmi qonuniy kuchga kirgan taqdirda;
u oʻz majburiyatlarini muntazam ravishda, uzrli sabablarsiz bajarmagan taqdirda.
Oldingi tahrirga qarang.
21-modda. Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakilning oʻrinbosarlari
(21-moddaning nomi Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 12-noyabrdagi OʻRQ-583-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.11.2019-y., 03/19/583/4016-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakilning Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimidan ozod qilinadigan ikki nafar oʻrinbosari boʻladi.
(21-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 12-noyabrdagi OʻRQ-583-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.11.2019-y., 03/19/583/4016-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil oʻz lavozimidan muddatidan ilgari ozod qilingan taqdirda, Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha yangi vakil tayinlanguniga qadar uning vazifasini oʻrinbosarlaridan biri vaqtincha bajarib turadi va ana shu davrda unga nisbatan Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil uchun belgilangan kafolatlar tatbiq etiladi.
(21-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 12-noyabrdagi OʻRQ-583-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.11.2019-y., 03/19/583/4016-son)
22-modda. Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakilning devoni
Oldingi tahrirga qarang.
Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakilning faoliyatini taʼminlash uchun yuridik shaxs huquqlariga ega davlat organi boʻlgan Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakilning devoni (bundan buyon matnda Vakil devoni deb yuritiladi) tashkil etiladi.
(22-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 7-fevraldagi OʻRQ-905-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.02.2024-y., 03/24/905/0106-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakilning oʻrinbosarlaridan biri bir vaqtning oʻzida Vakil devonining rahbaridir.
(22-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 12-noyabrdagi OʻRQ-583-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.11.2019-y., 03/19/583/4016-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Vakil devoni xodimlari Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod qilinadi, ularga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi xodimlari uchun belgilangan tibbiy xizmat koʻrsatish, moddiy ragʻbatlantirish va mehnatga haq toʻlash shartlari tatbiq etiladi.
(22-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 12-noyabrdagi OʻRQ-583-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.11.2019-y., 03/19/583/4016-son)
Vakil devonining tuzilmasi va uning xodimlarining shtat birligi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadi.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 15-martdagi PF-5690-son Farmonining 1-ilovasi.
Oldingi tahrirga qarang.
Vakil devonining xodimlari maʼmuriy javobgarlikni keltirib chiqaradigan qonunchilik buzilishi holatlari yuzasidan maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisida bayonnomalar tuzish huquqiga egadir.
(22-moddaning beshinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Vakil devoni oʻzining bank hisob-kitob varagʻiga, oʻz nomi yozilgan hamda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbining tasviri tushirilgan muhrga va blankalarga ega boʻladi.
(22-moddaning oltinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 7-fevraldagi OʻRQ-905-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.02.2024-y., 03/24/905/0106-son)
Vakil devoni toʻgʻrisidagi nizom Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil tomonidan tasdiqlanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
23-modda. Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakilni va uning oʻrinbosarlarini ijtimoiy himoya qilish
Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil — maqomi, mehnatga haq toʻlash, tibbiy va transport taʼminoti shart-sharoitlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining oʻrinbosariga, Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil oʻrinbosarlari — maqomi, mehnatga haq toʻlash va tibbiy taʼminoti shart-sharoitlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining shuʼba mudiriga tenglashtiriladi.
(23-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 12-noyabrdagi OʻRQ-583-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.11.2019-y., 03/19/583/4016-son)
24-modda. Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakilning xalqaro aloqalari
Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish sohasida xorijiy mamlakatlarning xuddi shunday institutlari vakillari, xalqaro tashkilotlar, chet davlatlarning milliy organlari va boshqa muassasalar bilan xalqaro hamkorlikni amalga oshiradi.
25-modda. Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil faoliyatining moliyaviy, moddiy-texnika va boshqa taʼminoti
Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil, Vakil devoni faoliyatining moliyaviy, moddiy-texnika va boshqa taʼminoti Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 7-yanvardagi 6-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil devonining budjetdan tashqari jamgʻarmasini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarori.
Oldingi tahrirga qarang.
26-modda. Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik
Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
(26-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
27-modda. Ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini, mohiyati va ahamiyati tushuntirilishini taʼminlash
Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Adliya vazirligi va boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi oʻrtasida tushuntirilishini taʼminlasin.
Oldingi tahrirga qarang.
28-modda. Qonunchilikni ushbu Qonunga muvofiqlashtirish
(28-moddaning nomi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin.
29-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi
Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Ushbu Qonun “Xalq soʻzi” gazetasining 2017-yil 30-avgustdagi 172 (6866)-sonida eʼlon qilingan.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2017-yil 29-avgust,
OʻRQ-440-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2017-y., 35-son, 915-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.11.2019-y., 03/19/583/4016-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son, 12.04.2022-y., 03/22/762/0290-son; 21.01.2023-y., 03/23/815/0044-son; 07.02.2024-y., 03/24/905/0106-son)