1.01.00.00.00 Konstitutsiyaviy tuzum / 01.07.00.00 Referendum. Saylov. Saylov tizimi / 01.07.01.00 Referendum]
[TSZ:
1.Davlat va jamiyat qurilishi / Referendumlar. Saylovlar. Saylov tizimi. Deputat]
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasining xorijiy davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida referendum uchastkalari hamda referendum oʻtkazuvchi uchastka komissiyalarini tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
“Oʻzbekiston Respublikasining referendumi toʻgʻrisida”gi Qonunning 18-moddasiga hamda Oʻzbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 16-moddasiga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasining xorijiy davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida referendum uchastkalari hamda referendum oʻtkazuvchi uchastka komissiyalarini tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining rasmiy veb-saytida eʼlon qilinsin.
3. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisining oʻrinbosari B. Kuchkarov zimmasiga yuklansin.
Rais Z. NIZAMXODJAYEV
Toshkent sh.,
2022-yil 13-iyul,
1178-son
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2022-yil 13-iyuldagi 1178-son qaroriga ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasining xorijiy davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida referendum uchastkalari hamda referendum oʻtkazuvchi uchastka komissiyalarini tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining referendumi toʻgʻrisida”gi Qonuniga va Oʻzbekiston Respublikasi Konsullik ustaviga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasining xorijiy davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari, konsullik muassasalari (bundan buyon matnda diplomatik vakolatxona deb yuritiladi) huzurida referendum uchastkalarini tuzish, referendum oʻtkazuvchi uchastka komissiyalarini shakllantirish va ularning faoliyati tartibini belgilaydi.
I bob. Diplomatik vakolatxonalar huzuridagi referendum uchastkalarini tuzish tartibi
1. Referendum davrida diplomatik vakolatxonalar huzurida referendum uchastkalari (bundan buyon matnda xorijdagi referendum uchastkasi deb yuritiladi) tuzilishi mumkin.
2. Xorijdagi referendum uchastkasi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi (bundan buyon matnda MSK deb yuritiladi) tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi (bundan buyon matnda TIV deb yuritiladi) joylashgan hududdagi referendum okrugiga biriktiriladi.
3. TIV xorijdagi referendum uchastkasini tuzish toʻgʻrisida taqdimnomani MSKga referendum tayinlash toʻgʻrisidagi qaror eʼlon qilinganidan keyin oʻn kundan kechikmay, ayrim hollarda esa istisno tariqasida referendum oʻtkazishga kamida oʻn kun qolguniga qadar kiritadi.
Xorijdagi referendum uchastkasini tuzish toʻgʻrisida taqdimnoma referendum kuniga kamida oʻn kun qolguniga qadar kiritilgan taqdirda ushbu taqdimnoma bilan bir vaqtda tegishli referendum oʻtkazuvchi okrug komissiyasiga diplomatik vakolatxonalar huzuridagi referendum oʻtkazuvchi uchastka komissiyasi (bundan buyon matnda xorijdagi uchastka komissiyasi deb yuritiladi) aʼzoligiga nomzodlar ham tavsiya etiladi.
4. Xorijdagi referendum uchastkasi referendum tayinlash toʻgʻrisidagi qaror eʼlon qilinganidan keyin oʻn besh kundan kechikmay (ayrim hollarda esa istisno tariqasida referendum oʻtkazishga kamida besh kun qolganda), qoida tariqasida, referendumda ovoz beruvchi fuqarolarning soni kamida yigirma nafardan va koʻpi bilan uch ming nafardan oshmagan holda MSK tomonidan tuziladi.
Zarur hollarda xorijdagi referendum uchastkalarida ovoz beruvchi fuqarolar roʻyxatidagi ovoz beruvchi fuqarolar soni belgilangan miqdordan kam yoki ortiq boʻlishi mumkin.
5. Diplomatik vakolatxonalar rahbarlari tomonidan xorijdagi uchastka komissiyasiga ovoz berish xonalari bepul taqdim etiladi.
6. Diplomatik vakolatxonalar tomonidan xorijdagi uchastka komissiyasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar mahalliy sharoitlardan kelib chiqqan holda jamoatchilikka eʼlon qilib boriladi.
Ushbu maʼlumotlarda quyidagilar aks etgan boʻlishi lozim:
xorijdagi uchastka komissiyasining tartib raqami;
xorijdagi uchastka komissiyasi joylashgan manzil;
xorijdagi uchastka komissiyasining telefon raqami.
Ushbu maʼlumotlar MSK va diplomatik vakolatxonalarning rasmiy veb-saytlari hamda ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida joylashtiriladi.
II bob. Xorijdagi uchastka komissiyasini tuzish tartibi
7. TIV xorijdagi uchastka komissiyasi aʼzoligiga nomzodlarni referendum uchastkasi biriktirilgan tegishli referendum oʻtkazuvchi okrug komissiyasiga tasdiqlash uchun referendum tayinlash toʻgʻrisidagi qaror eʼlon qilinganidan keyin yigirma kundan kechikmay tavsiya etadi.
8. Tegishli referendum oʻtkazuvchi okrug komissiyasi besh kunlik muddatda TIV taqdim etgan nomzodlarni koʻrib chiqadi va xorijdagi tegishli uchastka komissiyasini besh — oʻn toʻqqiz nafar aʼzodan, shu jumladan rais, rais oʻrinbosari va kotibdan iborat tarkibda tuzish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
Xorijdagi uchastka komissiyasi raisining vazifalarini diplomatik vakolatxonalarning rahbarlari, rahbar tayinlanmagan boʻlsa, diplomatik xodimi amalga oshiradi.
Xorijdagi uchastka komissiyasi aʼzolarining soni zarur hollarda (ish yuklamasi oʻzgarganda, xususan, chet davlatlarning aholi zich joylashgan hududlarida fuqarolarning turgan joyida muddatidan oldin ovoz berishni tashkil etish uchun va boshqa hollarda) koʻpaytirilishi yoki kamaytirilishi mumkin.
9. Xorijdagi uchastka komissiyasi shakllantirilgandan soʻng ularga MSK referendumni tashkil etish uchun zarur boʻlgan referendumga oid hujjatlarni, xususan, ovoz berish byulletenlari (bundan buyon matnda byulleten deb yuritiladi), ovoz berish qutilari, yashirin ovoz berish kabinalari, xorijdagi uchastka komissiyasining muhri, plastmassali plombalar va boshqa jihozlarni TIV orqali yetkazib berish hamda topshirishni tashkil etadi.
III bob. Xorijdagi fuqarolarni ovoz beruvchi fuqarolarning roʻyxatiga kiritish
10. Xorijdagi referendum uchastkalari boʻyicha ovoz beruvchi fuqarolarning roʻyxatlari diplomatik vakolatxonalar rahbarlari tomonidan taqdim etilgan maʼlumotlar asosida tuziladi.
Shuningdek, xorijda vaqtincha yoki doimiy yashayotgan fuqarolar, ularning murojaatlariga asosan xorijdagi referendum uchastkalaridagi ovoz beruvchi fuqarolarning roʻyxatiga kiritiladi.
11. Ovoz beruvchi fuqarolarning roʻyxatiga har bir fuqaroning familiyasi, ismi, otasining ismi, tugʻilgan sanasi va yashash joyi manzili (vaqtincha yoki doimiy yashash manzili) kiritiladi.
12. Har bir fuqaro faqat bitta ovoz beruvchi fuqarolarning roʻyxatiga kiritilishi mumkin.
13. Xorijiy davlatlarda turgan fuqarolar oʻzini ovoz beruvchi fuqarolarning roʻyxatiga kiritish toʻgʻrisida referendum kuniga kamida oʻn besh kun qolguniga qadar xorijdagi uchastka komissiyasiga yozma shaklda yoki TIVning rasmiy veb-sayti orqali elektron shaklda murojaat qilishi mumkin.
14. Ovoz beruvchi fuqarolarning roʻyxatiga kiritish toʻgʻrisidagi murojaatida fuqaro quyidagi maʼlumotlarni koʻrsatishi lozim:
familiya, ismi, otasining ismi;
jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami (mazkur Nizomning 1-ilovasiga muvofiq pasport raqamidan aniqlashtiriladi);
tugʻilgan sanasi;
Oʻzbekiston Respublikasidagi oxirgi doimiy yashash manzili (agar mavjud boʻlsa);
xorijiy davlatdagi yashash manzili;
bogʻlanish uchun telefon raqamlari.
Murojaatga Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi pasportining (nobiometrik, biometrik, xorijga chiqish va diplomatik), fotosurati boʻlgan va manzili (agar mavjud boʻlsa) koʻrsatilgan varaqlari nusxasi ilova qilinadi.
Ovoz beruvchi fuqarolarning roʻyxatiga kiritish toʻgʻrisida TIVning rasmiy veb-sayti orqali murojaat qilinganda fuqarolar elektron shaklda koʻrsatilgan maʼlumotlarni kiritadi.
15. Xorijdagi uchastka komissiyasi aʼzosi fuqaroning ovoz beruvchi fuqarolarning roʻyxatiga kiritish toʻgʻrisidagi murojaatida koʻrsatilgan shaxsga doir maʼlumotlarni uch kun ichida tekshiradi va fuqaroni ovoz beruvchi fuqarolar roʻyxatiga kiritish haqidagi masalani hal qiladi.
Fuqaro mazkur Nizomning 14-bandida nazarda tutilgan maʼlumotlarni toʻliq taqdim etmagan taqdirda, xorijdagi uchastka komissiyasi fuqaroga maʼlumotlarni toʻldirish imkonini beradi. Agar fuqaro ushbu maʼlumotlarni toʻliq taqdim etmasa, xorijdagi uchastka komissiyasi fuqaroni ovoz beruvchi fuqarolarning roʻyxatiga kiritilmaganligi haqida xabardor qilish choralarini koʻradi.
16. Xorijdagi uchastka komissiyasi ovoz beruvchi fuqarolarning roʻyxatiga qoʻshimcha kiritilgan fuqarolar haqidagi maʼlumotlarni darhol TIVga taqdim etadi.
TIV oʻz navbatida ovoz beruvchi fuqarolarning roʻyxatiga kiritilgan fuqarolar haqidagi maʼlumotlarni umumlashtirgan holda darhol Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markaziga Saylovchilarning yagona elektron roʻyxatiga tegishli tuzatishlar kiritish uchun taqdim qiladi.
17. TIV Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markaziga xorijdagi referendum uchastkasining ovoz beruvchi fuqarolarning roʻyxatiga qoʻshimcha kiritilgan fuqarolar haqidagi maʼlumotlarni, yaʼni elektron shaklda jismoniy shaxsning identifikatsiya raqamini (u mavjud boʻlmaganda – fuqaro pasportining seriyasi va tartib raqamini, shuningdek fuqaroning tugʻilgan sanasi (yyyy.oo.kk), jinsi, millati), familiyasi, ismi va otasining ismini (davlat tilida, lotin yozuvida), fuqaroning xorijdagi yashash manzili toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni yuboradi.
18. Xorijdagi uchastka komissiyasi roʻyxat bilan tanishish usullari, joyi va vaqti toʻgʻrisida referendumda ovoz beruvchi fuqarolarni xabardor etadi.
19. Har bir fuqaro ovoz beruvchi fuqarolarning roʻyxatidagi xato yoki noaniqlik toʻgʻrisida xorijdagi uchastka komissiyasiga arz qilishi mumkin. Xorijdagi uchastka komissiyasi 24 soat ichida murojaatni tekshirishi, xato va noaniqliklarni bartaraf etishi yoki murojaat qiluvchiga uning murojaati rad etilganligi toʻgʻrisida asoslangan javob berishi shart.
20. Xorijdagi uchastka komissiyasi ovoz berish kuniga yetti kun qolganida oʻz hududidagi ovoz beruvchi fuqarolarning roʻyxatini chop etadi va fuqarolar tanishib chiqishi uchun taqdim etadi. Ushbu roʻyxatda faqat ovoz beruvchi fuqarolarning familiyasi, ismi, otasining ismi va tugʻilgan yili koʻrsatiladi.
21. Fuqarolarga TIV va diplomatik vakolatxonalarning rasmiy veb-saytlari va binolarida ularning ichki tartib qoidalari va rejimini inobatga olgan holda ovoz beruvchi fuqarolarning roʻyxati bilan tanishish imkoniyati taʼminlanadi.
IV bob. Referendum oʻtkazuvchi komissiyalar faoliyatining oshkoraligini taʼminlash
22. Referendumga tayyorgarlik koʻrish hamda uni oʻtkazishga doir barcha tadbirlarda, shuningdek referendum kuni ovoz berish xonalarida va ovozlarni sanab chiqishda siyosiy partiyalardan, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlaridan, fuqarolarning tashabbuskor guruhlaridan kuzatuvchilar, ommaviy axborot vositalari vakillari, boshqa davlatlardan, xalqaro tashkilotlardan kuzatuvchilar ishtirok etish huquqiga ega. Ularning vakolatlari tegishli hujjatlar bilan tasdiqlangan boʻlishi kerak.
23. Xorijdagi uchastka komissiyasi diplomatik vakolatxonalarining maʼmuriyatiga mazkur Nizomning 22-bandida koʻrsatilgan shaxslar haqidagi maʼlumotlarni (ularning familiyasi, ismi, otasining ismi, tugʻilgan yili, referendumda kim sifatida ishtirok etishi) taqdim etadi.
V bob. Xorijdagi referendumning borishi haqida xabardor qilish
24. Xorijdagi uchastka komissiyasi fuqarolarni ommaviy axborot vositalari yoki boshqa yoʻllar bilan (mahalliy sharoitni inobatga olgan holda):
referendum eʼlon qilinganligi;
referendumga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish jarayonlari;
referendum kuni, muddatidan oldin ovoz berish kunlari, vaqti va joyi;
xorijdagi referendum uchastkasi manzili;
Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqarida yashayotgan fuqarolarni tegishli xorijdagi referendum uchastkasi ovoz beruvchi fuqarolarning roʻyxatiga kiritish tartibi va muddatlari;
referendumga qoʻyilgan masalalar;
referendum toʻgʻrisidagi qonunchilik haqida xabardor qilishni amalga oshiradi.
25. Xorijdagi uchastka komissiyasi fuqarolarni referendum kuni, vaqti va joyi haqida referendumga kamida oʻn kun qolganda, muddatidan oldin ovoz berish boshlanishi haqida esa muddatidan oldin ovoz berish boshlanishiga besh kun qolganida ommaviy axborot vositalari orqali yoki boshqa yoʻllar bilan xabardor qiladi.
Fuqarolarni xabardor qilish uchun MSKning rasmiy veb-sayti, diplomatik vakolatxonalarning rasmiy veb-saytlari va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari hamda xorijdagi mahalliy ommaviy axborot vositalaridan (mahalliy sharoitni inobatga olgan holda) foydalaniladi.
26. Referendum kuni va referendumni oʻtkazishga bir kun qolganida tashviqot yuritishga yoʻl qoʻyilmaydi.
VI bob. Byulleten
27. Xorijdagi referendum uchastkalaridagi fuqarolar soni haqida TIV tomonidan taqdim etilgan maʼlumotlar asosida MSK byulletenlarning tayyorlanishi va yetkazib berilishini taʼminlaydi.
Byulletenlarning topshirilgani hamda qabul qilingani toʻgʻrisida referendum oʻtkazuvchi okrug komissiyasi raisi yoki rais oʻrinbosari yoxud kotibi va TIVning masʼul xodimi mazkur Nizomning 2-ilovasiga muvofiq shakldagi dalolatnomada oʻz imzosi bilan tasdiqlaydi.
MSK TIV orqali xorijdagi uchastka komissiyasiga byulletenlarni muddatidan oldin ovoz berish kuniga qadar ovoz beruvchi fuqarolar roʻyxatining umumiy sonidan kelib chiqqan holda 100,5 foizda yetkazib beradi.
28. Byulleten oʻng tomonining yuqori burchagiga xorijdagi uchastka komissiyasining ikki nafar aʼzosi imzo qoʻyadi va imzolar xorijdagi uchastka komissiyasining muhri bilan tasdiqlanadi.
29. Xorijdagi uchastka komissiyasi tomonidan tasdiqlanmagan byulletenlari ovozlarni sanab chiqishda hisobga olinmaydi.
30. Xorijdagi uchastka komissiyasi byulletenlarning saqlanishiga masʼuldir.
VII bob. Fuqarolarning turgan joyida muddatidan oldin ovoz berish
31. Muddatidan oldin ovoz berish referendumga oʻn kun qolganida boshlanadi va referendumga uch kun qolganida tugallanadi.
32. Muddatidan oldin ovoz berishni oʻtkazish vaqti MSK tomonidan belgilanadi va fuqarolarning, kuzatuvchilarning eʼtiboriga ommaviy axborot vositalari yoki boshqa manbalar orqali yetkaziladi.
33. Xorijdagi uchastka komissiya fuqarolar soni koʻpligini inobatga olgan holda va referendum kuni ovoz berish binosida navbatlarning oldini olish maqsadida fuqarolarga muddatidan oldin ovoz berishni taklif qilishi mumkin.
34. Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga va xorijiy davlatlarning vakolatli davlat hokimiyati organlari bilan kelishuvlarga muvofiq xorijiy davlatlarning aholi (fuqarolar) zich joylashgan hududlarida muddatidan oldin ovoz berish fuqarolarning turgan joyida oʻtkazilishi mumkin.
Xorijdagi uchastka komissiyasi fuqarolarning turgan joyida ovoz berish vaqti hamda joyi toʻgʻrisida qaror qabul qiladi va bu haqda fuqarolarni, kuzatuvchilarni ommaviy axborot vositalari yoki boshqa manbalar orqali xabardor etadi.
35. Fuqarolarning turgan joyida muddatidan oldin ovoz berishi koʻchma ovoz berish qutilari va kabinalaridan foydalanilgan holda oʻtkaziladi.
Xorijdagi uchastka komissiyasi koʻchma ovoz berish qutilari va kabinalarining zaruriy soni haqida TIVga referendumga kamida oʻn besh kun qolguniga qadar maʼlum qiladi.
TIV zarur boʻlgan koʻchma ovoz berish qutilari va kabinalarining soni haqidagi umumlashtirilgan maʼlumotni MSKga taqdim etadi.
MSK TIV yordamida xorijdagi uchastka komissiyasini muddatidan oldin ovoz berish boshlanguniga qadar zarur koʻchma ovoz berish qutilari va kabinalari bilan taʼminlaydi.
36. Fuqarolarning turgan joyida muddatidan oldin ovoz berish xorijdagi uchastka komissiyasining kamida ikki nafar aʼzosi hozirligida oʻtkaziladi.
Bunda, oldindan plombalangan koʻchma ovoz berish qutilari, koʻchma ovoz berish kabinalari, maxsus qoplar, bir marotaba ishlatiladigan plastmassa plombalar, belgilangan shakldagi byulletenlar, ovoz beruvchi fuqarolarning roʻyxati koʻchirmasi yoki ovoz beruvchi fuqarolarning roʻyxati, shuningdek fuqaro tomonidan byulleten toʻldirilishi uchun ruchkalar boʻlishi lozim.
37. Fuqaro xorijdagi uchastka komissiyasining aʼzosiga oʻz shaxsini tasdiqlovchi hujjatni koʻrsatadi (pasport — nobiometrik, biometrik, xorijga chiqish va diplomatik, identifikatsiya ID-kartasi; harbiy guvohnoma; Oʻzbekiston Respublikasiga qaytish guvohnomasi) hamda ovoz beruvchi fuqarolarning roʻyxatiga yoki ovoz beruvchi fuqarolarning roʻyxati koʻchirmasiga imzo qoʻyadi. Shundan keyin unga byulleten beriladi.
Byulleten fuqaro tomonidan yashirin ovoz berish kabinasi (koʻchma ovoz berish kabinasi) yoki xonasida toʻldiriladi. Byulletenni toʻldirish vaqtida ovoz beruvchidan boshqa shaxslarning hozir boʻlishi taqiqlanadi.
Ovoz beruvchi fuqarolar tomonidan byulletenni toʻgʻri toʻldirish tartibi byulletenda aks ettiriladi.
Fuqaro toʻldirilgan byulletenni koʻchma ovoz berish qutisiga tashlaydi.
Fuqarolarning turgan joyida muddatidan oldin ovoz berish jarayonida koʻchma ovoz berish qutisi toʻlib qolgan taqdirda, uchastka komissiyasi aʼzosi koʻchma ovoz berish qutisini ochadi va uning ichidagi byulletenlarni sanamasdan maxsus qopga joylaydi, qopni plombalaydi va mazkur Nizomning 3-ilovasiga muvofiq dalolatnoma tuzadi.
Shundan soʻng koʻchma ovoz berish qutisini plombalaydi va bu toʻgʻrisida mazkur Nizomning 4-ilovasiga muvofiq dalolatnoma tuzadi.
38. Tegishli hududda fuqarolarning turgan joyida ovoz berish tugaganidan keyin xorijdagi uchastka komissiyasi aʼzolari koʻchma ovoz berish qutisini ochadi, uning ichidagi byulletenlarni sanamasdan maxsus qopga joylaydi, qopni bir marotaba ishlatiladigan plastmassa plomba bilan plombalaydi va bu haqda mazkur Nizomning 5-ilovasiga muvofiq shakldagi dalolatnomani rasmiylashtiradi.
Dalolatnomada fuqarolarning turgan joyida ovoz berish oʻtkazilgan kun va joy, byulletenni olgan fuqarolar soni, xorijdagi uchastka komissiyasi aʼzolari va ovoz berish jarayonida ishtirok etuvchi boshqa shaxslarning familiyalari koʻrsatiladi.
Mazkur dalolatnomaga ovoz beruvchi fuqarolarning roʻyxati yoki ovoz beruvchi fuqarolarning roʻyxati koʻchirmasi ilova qilinadi.
39. Byulletenlar solingan qop plombalangan holda dalolatnoma bilan birga xorijdagi referendum uchastkasiga olib boriladi va referendum kuni ovozlarni sanab chiqish jarayoni boshlanguniga qadar saqlanadi.
Byulletenlar solingan qop(lar) va dalolatnoma(lar)ni saqlash xorijdagi uchastka komissiyasi kotibi tomonidan taʼminlanadi.
VIII bob. Referendum kuni ovoz berish
40. Xorijdagi uchastka komissiyasi referendum kuni ovoz berish jarayonini ushbu komissiya joylashgan hududdagi mahalliy vaqt bilan soat 8:00 dan 20:00 ga qadar amalga oshiradi.
41. Xorijdagi uchastka komissiyasi ovoz berishni diplomatik vakolatxonalardagi ichki tartib-qoidalari, rejimi va ularning boshqa oʻziga xos xususiyatlarini inobatga olgan holda tashkil etadi.
42. Fuqarolar diplomatik vakolatxona ichki-tartib qoidalari va rejimidan kelib chiqqan holda, ovoz berish xonasiga kiritiladi.
43. Ovoz berish binosiga kelgach, fuqaro xorijdagi uchastka komissiyasi aʼzosiga oʻz shaxsini tasdiqlovchi hujjatni koʻrsatadi (pasport — nobiometrik, biometrik, xorijga chiqish va diplomatik; identifikatsiya ID-kartasi; harbiy guvohnoma; Oʻzbekiston Respublikasiga qaytish guvohnomasi) hamda ovoz beruvchi fuqarolarning roʻyxatiga imzo qoʻyadi. Shundan keyin unga byulleten beriladi.
44. Byulleten fuqaro tomonidan yashirin ovoz berish kabinasi yoki xonasida toʻldiriladi. Byulletenni toʻldirish vaqtida fuqarodan boshqa shaxslarning hozir boʻlishi taqiqlanadi.
45. Toʻldirilgan byulletenni fuqaro ovoz berish qutisiga tashlaydi.
46. Xorijdagi referendum uchastkalarida ovoz berish qutilarini mahalliy vaqt bilan soat 20:00 dan oldin ochish va ovozlarni sanab chiqishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Xorijdagi referendum uchastkalarida roʻyxatga kiritilgan barcha fuqarolar ovoz berib boʻlgan boʻlsa, xorijdagi uchastka komissiyasi ovoz berish tugaganligini istalgan vaqtda eʼlon qilishi mumkin.
47. Xorijdagi uchastka komissiyasi tomonidan ovozlarni sanab chiqish natijalari toʻgʻrisidagi bayonnomaning koʻchirma nusxasi axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda darhol tegishli referendum oʻtkazuvchi okrug komissiyasiga taqdim etiladi.
Bayonnomaning asl nusxasini pochta aloqa vositalaridan foydalangan holda diplomatik vakolatxonalar orqali referendum oʻtkazuvchi okrug komissiyasiga yetkazib berish taʼminlanadi.
48. MSK xorijdagi uchastka komissiyasi tomonidan bayonnoma nusxalarini tegishli referendum oʻtkazuvchi okrug komissiyasiga yetkazib berilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi.
IX bob. Yakuniy qoidalar
49. Ushbu Nizom bilan tartibga solinmagan masalalar Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligida va MSKning 2022-yil 28-iyundagi 1172-son qarori bilan tasdiqlangan Referendum uchastkalari hamda referendum oʻtkazuvchi uchastka komissiyalari toʻgʻrisidagi nizomda belgilangan tartibda hal etiladi.
50. Xorijdagi uchastka komissiyasining referendum oʻtkazish bilan bogʻliq barcha hujjatlari, jumladan byulletenlar diplomatik vakolatxonalarga topshiriladi.
Diplomatik vakolatxonalar referendumga oid hujjatlarni tegishli referendum oʻtkazuvchi okrug komissiyasiga yetkazilishini taʼminlaydi.
51. Xorijdagi uchastka komissiyasi referendum yakunlari rasmiy eʼlon qilinganidan keyin oʻz faoliyatini tugatadi.
Oʻzbekiston Respublikasining xorijiy davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida referendum uchastkalari hamda referendum oʻtkazuvchi uchastka komissiyalarini tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasining xorijiy davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida referendum uchastkalari hamda referendum oʻtkazuvchi uchastka komissiyalarini tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
OVOZ BERISh BYuLLETENLARINI TOPShIRISh VA QABUL QILISh DALOLATNOMASI
20__yil “_____” ________________
________________________________
(manzil)
________________________________________________________okrug komissiyasi tomonidan
(okrug komissiyasining tartib raqami va nomi)
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining masʼul xodimiga
Oʻzbekiston Respublikasining xorijiy davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida referendum uchastkalari hamda referendum oʻtkazuvchi uchastka komissiyalarini tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 3-ILOVA
20__ yil “___” _______ kuni ______________________________________________________ da
(muddatidan oldin ovoz berish oʻtkazilgan joy nomi)
Ovoz beruvchi fuqarolarning turgan joyida muddatidan oldin ovoz berish jarayonida koʻchma ovoz berish qutisidagi ovoz berish byulletenlari maxsus qopga joylanganligi va plombalanganligi haqida ushbu dalolatnomani tuzdik.
Plomba raqami ____________________________
Ovoz beruvchi fuqarolarning turgan joyida muddatidan oldin ovoz berishni oʻtkazgan uchastka komissiyasi aʼzolari:
M.Oʻ.
_______________________
_______________________
(imzo)
(F.I.O.)
_______________________
_______________________
(imzo)
(F.I.O.)
Ovoz beruvchi fuqarolarning turgan joyida muddatidan oldin ovoz berishda qatnashganlar (agarda bor boʻlsa):
_______________________
_______________________
(imzo)
(F.I.O.)
_______________________
_______________________
(imzo)
(F.I.O.)
Oʻzbekiston Respublikasining xorijiy davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida referendum uchastkalari hamda referendum oʻtkazuvchi uchastka komissiyalarini tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 4-ILOVA
20__ yil “__” _______ kuni _______________________________________________________ da
(muddatidan oldin ovoz berish oʻtkazilgan joy nomi)
ovoz beruvchi fuqarolarning turgan joyida muddatidan oldin ovoz berishni tashkil etish uchun koʻchma ovoz berish qutisini plombalanganligi haqida ushbu dalolatnomani tuzdik.
Plomba raqami _________________; ___________________.
Ovoz beruvchi fuqarolarning turgan joyida muddatidan oldin ovoz berishni oʻtkazgan uchastka komissiyasi aʼzolari:
M.Oʻ.
______________________
______________________
(imzo)
(F.I.O.)
______________________
______________________
(imzo)
(F.I.O.)
Ovoz beruvchi fuqarolarning turgan joyida muddatidan oldin ovoz berishda qatnashganlar (agarda bor boʻlsa):
______________________
______________________
(imzo)
(F.I.O.)
______________________
______________________
(imzo)
(F.I.O.)
Oʻzbekiston Respublikasining xorijiy davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida referendum uchastkalari hamda referendum oʻtkazuvchi uchastka komissiyalarini tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 5-ILOVA
20__ yil “____” _______ kuni _____________________________________________________ da
(muddatidan oldin ovoz berish oʻtkazilgan joy nomi)
Ovoz beruvchi fuqarolarning turgan joyida muddatidan oldin ovoz berishni tashkil etilganligi va koʻchma ovoz berish qutisidagi ovoz berish byulletenlari maxsus qopga joylanganligi va plombalanganligi haqida ushbu dalolatnomani tuzdik.
Plomba raqami ____________________________
Ovoz beruvchi fuqarolarning turgan joyida muddatidan oldin ovoz berishni tashkil etish uchun:
___________________________________________ ovoz berish byulleteni olindi;
(soni raqam va yozma shaklda aks ettirilishi lozim)
__________________________________________ ovoz berish byulletenlari fuqarolarga berildi.
(soni raqam va yozma shaklda aks ettirilishi lozim)