O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Kompleks tadbirkorlik litsenziyasi (franshizing) shartnomalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatishning ma’muriy reglamentini tasdiqlash to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksiga hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholiga davlat xizmatlari ko‘rsatishning milliy tizimini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2017-yil 12-dekabrdagi PF-5278-son Farmoniga muvofiq tadbirkorlik subyektlari faoliyati uchun yanada kulay shart-sharoitlar yaratish, shuningdek, kompleks tadbirkorlik litsenziyasi (franshizing) shartnomalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tizimini avtomatlashtirish va elektron shaklga o‘tkazish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. 2022-yil 1-iyuldan boshlab kompleks tadbirkorlik litsenziyasi (franshizing) shartnomalarini davlat xizmatlari markazlari yoki O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida (keyingi o‘rinlarda — YIDXP) davlat ro‘yxatidan o‘tkazishning soddalashtirilgan elektron tartibi joriy etilsin.
2. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Kompleks tadbirkorlik litsenziyasi (franshizing) shartnomalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti (keyingi o‘rinlarda — Ma’muriy reglament) 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
kompleks tadbirkorlik litsenziyasi (franshizing) shartnomalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun davlat xizmatlari markazlariga bevosita yoki O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali murojaat qilish tartibi;
franshizing to‘g‘risidagi shartnomalarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish holatlari;
franshizing to‘g‘risidagi shartnomalarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishning yagona davlat reyestrini yuritish tartibi.
3. Adliya vazirligi ikki oy muddatda:
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda ushbu qaror bilan tasdiqlangan Ma’muriy reglament bo‘yicha davlat xizmatlarini YIDXP orqali Tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va hisobga qo‘yishning avtomatlashtirilgan tizimi yordamida joriy etilishini;
davlat xizmatlari markazlari xodimlari ishtirokida ushbu qaror bilan tasdiqlangan Ma’muriy reglamentni amalda qo‘llashning samaradorligi va natijadorligi darajasini oshirishga yo‘naltirilgan o‘quv-seminarlar tashkil etilishi va o‘tkazilishini ta’minlasin.
4. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Adliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda YIDXPda davlat xizmatlari ko‘rsatilishining har bir bosqichida murojaatlar ko‘rib chiqilishini monitoring qilib borish tartibini joriy etsin.
5. Adliya vazirligi boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining 2-ilovaga muvofiq ayrim qarorlari o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari — iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri J.A. Qo‘chqorov hamda O‘zbekiston Respublikasi adliya vaziri R.Q. Davletov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2022-yil 24-iyun,
346-son
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 24-iyundagi 346-son qaroriga
1-ILOVA
Kompleks tadbirkorlik litsenziyasi (franshizing) shartnomalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatishning
MA’MURIY REGLAMENTI
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Ma’muriy reglament kompleks tadbirkorlik litsenziyasi (franshizing) shartnomalarini (keyingi o‘rinlarda — Franshizing shartnomasi) davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, ularga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish tartibini belgilaydi.
2. Franshizing shartnomasini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish hamda unga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish davlat xizmatlari markazlari (keyingi o‘rinlarda — ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ) tomonidan Tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va hisobga qo‘yishning avtomatlashtirilgan tizimi (keyingi o‘rinlarda — Tizim) orqali amalga oshiriladi.
Ushbu qoidaga rioya qilmaslik shartnomaning haqiqiy hisoblanmasligiga sabab bo‘ladi.
3. Ushbu Ma’muriy reglamentda quyidagi tushunchalardan foydalaniladi:
ariza beruvchi — litsenziat, litsenziar yoki ularning vakili;
litsenziar — franshizing shartnomasi bo‘yicha taraf, litsenziatga kompleks mutlaq huquqlarni haq evaziga foydalanish uchun beruvchi kompleks mutlaq huquqlar (litsenziya kompleksi)ning huquqiy egasi;
litseiziat — franshizing shartnomasi bo‘yicha taraf, litsenziarning kompleks mutlaq huquqlaridan tadbirkorlik faoliyati uchun huquqiy foydalanuvchi;
franshizing shartnomasi — bir taraf (litsenziar) ikkinchi tarafga (litsenziatga) haq evaziga litsenziarning firma nomidan hamda qo‘riqlanadigan tijorat axborotidan, shuningdek, shartnomada nazarda tutilgan mutlaq huquqlarga kiruvchi boshqa obyektlardan (tovar belgisi, xizmat ko‘rsatish belgisi va ixtirolar hamda boshqalardan) litsenziatning tadbirkorlik faoliyatida foydalanish huquqini o‘z ichiga oladigan mutlaq huquqlar kompleksini (litsenziya kompleksi) berish majburiyatini yuklaydigan shartnoma;
kompleks tadbirkorlik bo‘yicha qo‘shimcha litsenziya shartnomasi (keyingi o‘rinlarda — qo‘shimcha litsenziya shartnomasi) — bu litsenziat tomonidan unga berilgan litsenziya kompleksidan yoki uning qismidan litsenziar bilan kelishilgan yoxud franshizing shartnomasida belgilangan shartlarda foydalanish huquqini boshqa shaxslarga berish to‘g‘risidagi shartnoma;
franshizing shartnomasiga muhim o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish — shartnoma predmeti, yetkazib beriladigan tovar (ishlar, xizmatlar)ning miqdori, sifati, turi, narxi, bajarish muddatlari, hisob-kitob tartibi, taraflarning rekvizitlari, shartnoma tuzilgan sana va joy, shuningdek, franshizing shartnomasi uchun qonunchilik hujjatlarida belgilangan yoki unga nisbatan taraflardan biri tomonidan berilgan ariza bo‘yicha bitimga erishilishi kerak bo‘lgan boshqa muhim shartlar bo‘yicha o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish.
4. Agar franshizing shartnomasida tashqi savdo operatsiyalari (tovarlar, ishlar va xizmatlar eksporti-importi) nazarda tutiladigan bo‘lsa, u holda bunday operatsiyalarga nisbatan qonunchilik hujjatlarida belgilangan talablarga ham rioya qilinishi kerak.
O‘zbekiston Respublikasi qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda intellektual mulk obyektlariga nisbatan mutlaq huquqlarni o‘z ichiga oladigan franshizing shartnomasi (litsenziya shartnomasi)ning tegishli qismi O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining Intellektual mulk departamentida ham ro‘yxatdan o‘tkazilishi kerak.
Bunda litsenziya shartnomasi franshizing shartnomasining ajralmas qismi hisoblanadi. Ushbu talabga rioya qilinmagan taqdirda, agar shartnomaning boshqa shartlari bevosita o‘z kuchini saqlab qolishi mumkin bo‘lsa, litsenziya shartnomasining tegishli qismi yoxud franshizing shartnomasi umuman tuzilmagan va haqiqiy emas deb hisoblanadi. Agar intellektual mulk obyekti O‘zbekiston Respublikasi hududida ro‘yxatdan o‘tkazilmagan bo‘lsa, intellektual mulk huquqini ro‘yxatdan o‘tkazish va franshizing shartnomasi bo‘yicha berish taraflarning xohishiga ko‘ra amalga oshiriladi.
5. Franshizing shartnomasi davlat ro‘yxatidan ushbu Ma’muriy reglamentga 1-ilovadagi sxemaga muvofiq o‘tkaziladi.
2-bob. Franshizing shartnomasini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish
6. Ariza beruvchi franshizing shartnomasini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organga o‘zi kelib murojaat etadi yoki YIDXP orqali Tizimda ro‘yxatdan o‘tadi.
Ariza beruvchi o‘zi kelib murojaat etgan taqdirda, ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ xodimi ariza beruvchi nomidan, YIDXP orqali murojaat etgan taqdirda esa, ariza beruvchi mustaqil ravishda ushbu Ma’muriy reglamentga 2-ilovaga muvofiq shakldagi so‘rovnomani elektron ravishda to‘ldiradi.
7. Ariza beruvchi so‘rovnomani shakllantirishni istalgan bosqichda to‘xtatish huquqiga ega, bunda to‘langan yig‘im qaytarilmaydi.
8. So‘rovnoma to‘ldirilgandan so‘ng ariza beruvchi ma’lumotlarning to‘g‘riligini tekshirib, so‘rovnomani identifikatsiya qilishning zamonaviy vositalari (elektron raqamli imzo, mobil-ID tizimi, elektron imzo, daktiloskopiya va boshqalar) bilan tasdiqlaydi.
Ariza beruvchi tomonidan so‘rovnomani elektron raqamli imzo bilan tasdiqlash talab etilmaydi.
9. Ariza beruvchi tomonidan so‘rovnomaga quyidagi hujjatlar elektron shaklda (pdf formatda) ilova qilinadi:
a) ro‘yxatdan o‘tkazishda:
franshizing shartnomasi;
xorijiy litsenziar uchun — xorijiy davlatning tegishli davlat reyestridan ko‘chirma yoki uning o‘rnini bosuvchi tegishli hujjatlar;
b) muhim o‘zgartirish va qo‘shimchalarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda:
franshizing shartnomasiga kiritilayotgan muhim o‘zgartirish va qo‘shimchalarning nusxasi;
sud organining qarori asosida franshizing shartnomasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishda — ushbu hujjatning nusxasi taqdim etiladi.
Bunda mazkur holatlarda ariza beruvchi ishonchnoma asosida ish ko‘radigan shaxs bo‘lsa, ko‘rsatib o‘tilgan shaxsning vakolatini tasdiqlaydigan, belgilangan tartibda tasdiqlangan hujjatning nusxasi ham taqdim etiladi.
Ariza beruvchidan ushbu bandda ko‘rsatilmagan ma’lumotlarni, shuningdek, boshqa hujjatlarni taqdim etishni talab etish qat’iyan taqiqlanadi.
Taqdim etilgan hujjatlar davlat tili yoki rus tiliga notarial tartibda tarjima qilingan bo‘lishi talab etiladi.
10. Franshizing shartnomasini davlat ro‘yxatidan (qayta ro‘yxatdan) o‘tkazganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining uchdan bir miqdorida yigim undiriladi.
YIDXP orqali murojaat qilinganda, ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organga o‘zi kelib murojaat etganda to‘lanadigan summaning 90 foizi miqdorida yig‘im undiriladi.
Yig‘im to‘langanligi axborot-kommunikatsiya tizimlari orqali tasdiqlanadi.
Davlat ro‘yxatidan (qayta ro‘yxatdan) o‘tkazish rad etilgan taqdirda, to‘langan yig‘im qaytarilmaydi.
11. Yig‘im summasi quyidagi tartibda taqsimlanadi:
a) ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organga o‘zi kelib murojaat etganda:
0,5 foizi — Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamg‘armasining elektron hukumat va raqamli iqtisodiyotning idoralararo loyihalarini moliyalashtirish bo‘yicha maxsus hisobvarag‘iga;
qolgan mablag‘lar — O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining Davlat xizmatlarini rivojlantirish jamg‘armasining shaxsiy hisobvarag‘iga;
b) YIDXP orqali murojaat etilganda:
11,75 foizi — Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamg‘armasining Elektron hukumat va raqamli iqtisodiyotning idoralararo loyihalarini moliyalashtirish bo‘yicha maxsus hisobvarag‘iga (shu jumladan, 0,5 foizi yig‘im to‘langanligi Yagona billing tizimi orqali tasdiqlangani uchun);
qolgan mablag‘lar — O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining Davlat xizmatlarini rivojlantirish jamg‘armasining shaxsiy hisobvarag‘iga o‘tkaziladi.
12. Quyidagi hollarda yig‘im to‘lanmaydi:
sud hujjati asosida franshizing shartnomasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda;
franshizing shartnomasi (muhim o‘zgartirishlar, qo‘shimchalar)ni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bo‘yicha hujjatlar takroran ko‘rib chiqilganda.
13. Ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ taqdim etilgan hujjatlarni kelib tushgan sanadan boshlab bir ish kuni davomida ko‘rib chiqadi hamda ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha franshizing shartnomasini davlat ro‘yxatidan (qayta ro‘yxatdan) o‘tkazish haqida yoki mazkur Ma’muriy reglamentning 15-bandida belgilangan holatlar mavjud bo‘lganda, davlat ro‘yxatidan (qayta ro‘yxatdan) o‘tkazishni rad etish haqida qaror qabul qiladi.
14. Agar taqdim qilingan hujjatlar mazkur Ma’muriy reglament talablariga muvofiq bo‘lsa, ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ xodimi:
yagona davlat reyestriga avtomatik tarzda tegishli yozuvlar kiritish yo‘li bilan franshizing shartnomasini davlat ro‘yxatidan o‘tkazadi, franshizing shartnomalariga o‘zgartirish, qo‘shimchalar kiritadi;
franshizing shartnomasi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi xabarnomani Tizim yordamida avtomatik tarzda Adliya vazirligining Intellektual mulk departamentiga yuboradi;
mazkur Ma’muriy reglamentga 3-ilovaga muvofiq QR-kod (matrik shtrixli kod) qo‘yilgan franshizing shartnomasini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish haqdagi guvohnomani shakllantiradi;
franshizing shartnomasini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish haqdagi guvohnomani ariza beruvchiga taqdim qiladi (o‘zi kelib murojaat etgan taqdirda) yoki ariza beruvchining YIDXPdagi shaxsiy kabinetiga yuboradi.
15. Quyidagilar franshizing shartnomasini davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni rad etish uchun asos bo‘ladi:
kompleks mutlaq huquqlarning muvofiq bo‘lmagan huquq egalari (huquqdan foydalanuvchilar) tomonidan murojaat qilinganda;
hujjatlar to‘liq bo‘lmagan hajmda taqdim etilganda yoki qasddan soxta hujjatlar yoki ma’lumotlar taqdim etilganda;
taqdim etilgan hujjatlarning O‘zbekiston Respublikasi qonunchilik hujjatlari talablariga nomuvofiqligi;
faoliyatning tegishli turini amalga oshirish huquqini beruvchi zarur ruxsatnomalar (litsenziyalar)ning mavjud emasligi, agar bunday ruxsatnoma (litsenziya) O‘zbekiston Respublikasining qonunchilik hujjatlariga muvofiq talab etilsa.
16. Davlat ro‘yxatidan o‘tkazishga to‘sqinlik qiluvchi holatlar mavjud bo‘lganda, ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ xodimi mazkur Ma’muriy reglamentga 4-ilovaga muvofiq franshizing shartnomasini davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni rad etish haqida qaror qabul qilinganligi to‘g‘risidagi xabarnomani rasmiylashtiradi hamda uni ariza beruvchiga taqdim qiladi (o‘zi kelib murojaat etgan taqdirda) yoki ariza beruvchining YIDXPdagi shaxsiy kabinetiga yuboradi.
17. Franshizing shartnomasi davlat ro‘yxatidan o‘tkazish rad etilgan taqdirda, ariza beruvchi bu haqdagi xabarnomani olgan vaqtdan boshlab uch oy ichida tegishli kamchiliklarni bartaraf qilgan holda yig‘imni to‘lamasdan, qayta murojaat qilish huquqiga ega.
Bunda franshizing shartnomasi davlat ro‘yxatidan mazkur bobda belgilangan tartibda o‘tkaziladi.
Ariza beruvchi tomonidan ushbu bandning birinchi xatboshida belgilangan muddatdan keyin berilgan so‘rovnomalar yangidan berilgan hisoblanadi hamda belgilangan tartibda davlat xizmati uchun yig‘im undiriladi.
3-bob. Yakunlovchi qoidalar
18. Ariza beruvchi ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organga taqdim etilgan ma’lumotlarning to‘g‘riligi, aniqligi, buzib ko‘rsatilganligi uchun javobgar hisoblanadi.
19. Ushbu Ma’muriy reglament talablarining buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
Kompleks tadbirkorlik litsenziyasi (franshizing) shartnomalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatishning ma’muriy reglamentiga
1-ILOVA
Kompleks tadbirkorlik litsenziyasi (franshizing) shartnomalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish
SXEMASI

Bosqichlar

Subyektlar

Tadbirlar

Bajarish muddatlari

1-bosqich

Ariza beruvchi

(franshizing shartnomasi bo‘yicha litsenziat, litsenziar yoki ularning vakillari)

Kompleks tadbirkorlik litsenziyasi (franshizing) shartnomalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organga murojaat qiladi yoki Internet jahon axborot tarmog‘i orqali YIDXPda ro‘yxatdan o‘tadi.

Xohishiga ko‘ra

(shartnomaga asosan faoliyat boshlash oldidan)

2-bosqich

Ariza beruvchi

(franshizing shartnomasi bo‘yicha litsenziat, litsenziar yoki ularning vakillari)

Franshizing shartnomasini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun bazaviy hisoblash miqdorining uchdan bir miqdorida yig‘im to‘laydi.

(YIDXP orqali murojaat etilganda summaning 90 foizi undiriladi)

Murojaat qilingan vaqtda

3-bosqich

Ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ

(Davlat xizmatlari markazi)

Taqdim qilingan hujjatlar mazkur Ma’muriy reglament talablariga muvofiq bo‘lganda, davlat ro‘yxatidan (qayta ro‘yxatdan) o‘tkazadi.

Taqdim qilingan hujjatlar mazkur Reglament talablariga nomuvofiq bo‘lganda franshizing shartnomasini davlat ro‘yxatidan (qayta ro‘yxatdan) o‘tkazishni rad qiladi, bu haqida ariza beruvchini xabardor qiladi.

Bir ish kuni mobaynida

4-bosqich

Ariza beruvchi

(franshizing shartnomasi bo‘yicha litsenziat, litsenziar yoki ularning vakillari)

Franshizing shartnomasini davlat ro‘yxatidan (qayta ro‘yxatdan) o‘tkazish rad etilgan taqdirda, tegishli kamchiliklarni bartaraf qilgan holda qayta murojaat qiladi.

Xabarnoma olgan vaqtdan boshlab uch oy mobaynida

5-bosqich

Ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ

(Davlat xizmatlari markazi)

Franshizing shartnomasi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi haqidagi guvohnomani ariza beruvchiga taqdim qiladi (o‘zi kelib murojaat etgan taqdirda) yoki ariza beruvchining YIDXPdagi shaxsiy kabinetiga yuboradi.

Davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilinganidan so‘ng real vaqt rejimida

Kompleks tadbirkorlik litsenziyasi (franshizing) shartnomalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatishning ma’muriy reglamentiga
2-ILOVA
Kompleks tadbirkorlik litsenziyasi (franshizing) shartnomalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bo‘yicha
SO‘ROVNOMA

I. Ariza beruvchi jismoniy shaxs to‘g‘risida ma’lumot:

1. F.I.O.:

2. JSHSHIR:

II. Ariza beruvchi yuridik shaxs to‘g‘risida ma’lumot:

1. Firma nomi, tashkiliy-huquqiy shakli:

2. STIR:

III. Franshizing shartnomasi to‘g‘risidagi ma’lumot:

So‘rovnomani to‘ldirish sababi:

yangi ro‘yxatdan o‘tish;

muhim o‘zgartirish va qo‘shimchalarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish.

3. Litsenziarning intellektual mulkka oid litsenziatga beriladigan:

intellektual mulk obyekti davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi yoki davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun talabnoma berilganligi to‘g‘risidagi;

intellektual mulk obyekti egasi to‘g‘risidagi;

intellektual mulk obyektining davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi muhofaza hujjati haqidagi ma’lumotlar.

4. Franshizing shartnomasini amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan boshqa ma’lumotlar:

5. Elektron pochta manzili, veb-sayti manzili (agar mavjud bo‘lsa):

IV. Ilova qilinadigan hujjatlar:

a) Ro‘yxatdan o‘tkazishda:

franshizing shartnomasi;

xorijiy litsenziar uchun — xorijiy davlatning tegishli davlat reyestridan ko‘chirma yoki uning o‘rnini bosuvchi tegishli hujjatlar;

ishonchnoma (zaruratga ko‘ra).

b) Muhim o‘zgartirish va qo‘shimchalarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda:

franshizing shartnomasiga kiritilayotgan muhim o‘zgartirish va qo‘shimchalarning nusxasi;

sud organining qarori asosida franshizing shartnomasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishda — ushbu hujjatning nusxasi;

ishonchnoma (zaruratga ko‘ra).

Kompleks tadbirkorlik litsenziyasi (franshizing) shartnomalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatishning ma’muriy reglamentiga
3-ILOVA
Oldingi tahrirga qarang.

Elektron hujjatning

identifikatsiya raqami

Kompleks tadbirkorlik litsenziyasi (franshizing) shartnomasi

davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risida

GUVOHNOMA

Ro‘yxatdan o‘tkazilgan sana

Kompleks tadbirkorlik litsenziyasi (franshizing)

shartnomasining amal qilish muddati

I. Litsenziat to‘g‘risidagi ma’lumotlar

1. Litsenziatning nomi:

2. Pochta manzili:

3. Tashkiliy-huquqiy shakli:

4. KTUT kodi:

5. STIR:

6. IFUT kodi:

7. Jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami:

II. Litsenziar to‘g‘risidagi ma’lumotlar

1. Litsenziarning nomi:

2. Pochta manzili:

3. Tashkiliy-huquqiy shakli:

4. KTUT kodi:

5. STIR:

6. IFUT kodi:

7. Jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami:

8. Franshiza obyekti:

Guvohnomani bergan ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ nomi:

QR-kod

(3-ilovaning matni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 30-dekabrdagi 840-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 06.01.2026-y., 09/26/840/0012-son)
Kompleks tadbirkorlik litsenziyasi (franshizing) shartnomalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatishning ma’muriy reglamentiga
4-ILOVA

‎‎Elektron hujjatning identiflkatsiya raqami

‎‎______________________________________________________________ qonun hujjatlarida belgilangan tartibda

‎‎(ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organning nomi)

‎‎va muddatlarda Sizning 20____-yil “____” _____________________ dagi _______________-son so‘rovnomangizni
(yil, kun, oy)‎
‎‎ko‘rib chiqib, ____________________________________________________ rad etilganligini ma’lum qiladi.

‎‎(davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, qayta ro‘yxatdan o‘tkazish)

‎‎Rad etish asoslari:
‎‎1. __________________________________________________________________________________________
‎‎2. __________________________________________________________________________________________
‎‎3. __________________________________________________________________________________________

‎‎Axborot tariqasida ma’lum qilinadiki, franshizing shartnomasini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish rad etilgan taqdirda, ariza beruvchi bu haqidagi xabarnomani olgan vaqtdan boshlab 5 ish kuni ichida tegishli kamchiliklarni bartaraf qilgan holda yig‘imni to‘lamasdan qayta murojaat qilish huquqiga ega.

‎‎Ariza beruvchi tomonidan belgilangan muddatdan keyin berilgan so‘rovnomalar yangidan berilgan hisoblanadi.

QR-kod‎

Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 24-iyundagi 346-son qaroriga
2-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblanayotgan ayrim qarorlari
RO‘YXATI
1. Vazirlar Mahkamasining “Kompleks tadbirkorlik litsenziyasi (franshizing) shartnomalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida” 2010-yil 4-noyabrdagi 244-son qarori.
2. Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida” 2011-yil 6-sentabrdagi 248-son qaroriga ilovaning 16-bandi.
3. Vazirlar Mahkamasining “Tadbirkorlik subyektlariga davlat xizmatlari ko‘rsatish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2014-yil 31-dekabrdagi 377-son qaroriga ilovaning 33-bandi.
4. Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida” 2017-yil 21-avgustdagi 651-son qaroriga ilovaning 13-bandi.
5. Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida” 2017-yil 20-dekabrdagi 1001-son qaroriga ilovaning 28-bandi.
6. Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida” 2019-yil 10-avgustdagi 661-son qaroriga ilovaning 18-bandi.
7. Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida” 2019-yil 28-dekabrdagi 1046-son qaroriga ilovaning 99-bandi.
8. Vazirlar Mahkamasining “Investitsiya va tashqi savdo sohasida boshqaruv tizimi tubdan takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirishlar kiritish, shuningdek, ba’zilarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida” 2021-yil 25-iyundagi 393-son qaroriga 1-ilovaning 9-bandi.
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 25.06.2022-y., 09/22/346/0566-son; 06.01.2026-y., 09/26/840/0012-son)