1.16.00.00.00 Xavfsizlik va huquq tartibot muhofazasi / 16.02.00.00 Xavfsizlikni taʼminlash kuchlari / 16.02.01.00 Umumiy qoidalar]
[TSZ:
1.Odil sudlov. Huquq-tartibotni muhofaza qilish. Adliya / Umumiy masalalar;
2.Odil sudlov. Huquq-tartibotni muhofaza qilish. Adliya / Jamoat tartibi va jamoat xavfsizligini muhofaza qilish]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Mahalla huquq-tartibot maskanlari faoliyatini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida
LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 15-dekabrdagi 791-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi jamoat xavfsizligi konsepsiyasini tasdiqlash va uni amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2021-yil 29-noyabrdagi PF-27-son Farmoni ijrosini taʼminlash, shuningdek, mahalla huquq-tartibot maskanlari faoliyatini yanada takomillashtirish maqsadida, Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Ichki ishlar organlarining jamoat xavfsizligini taʼminlash va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasidagi faoliyatini yanada takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2021-yil 2-apreldagi PQ-5050-son qaroriga muvofiq ichki ishlar organlarining quyi boʻgʻinidagi tarkibiy tuzilmasi hisoblanadigan mahalla huquq-tartibot maskanlari (keyingi oʻrinlarda — maskanlar) tashkil etilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Belgilansinki, maskanlar mahallalarda jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklarning oldini olish hamda ichki ishlar organlari, boshqa huquq-tartibot organlari va jamoat tuzilmalarining faoliyatini muvofiqlashtirish maqsadida Toshkent shahri tumanlarida, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar markazlarida hamda yirik tuman va shaharlarda har beshta mahalladan bittasidagi ichki ishlar organlari tayanch punktlari negizida, shuningdek, mavjud boʻsh turgan binolardan samarali foydalangan holda tashkil etiladi va ichki ishlar organlariga tegishli boʻladi.
Mahalla huquq-tartibot maskanining namunaviy loyihasi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Toshkent shahar hamda viloyatlar hokimliklari Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda mahalliy budjet mablagʻlari hisobidan maskanlarni 2023 — 2025-yillarda tashkil etish va joylashtirish, ularni taʼmirlash, mukammal taʼmirlash va mebel bilan jihozlash dasturini tasdiqlasin va ijrosini taʼminlasin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Ichki ishlar vazirligi tomonidan kiritiladigan roʻyxatga muvofiq bino bilan taʼminlangan maskanlarni belgilangan tartibda Internet jahon axborot tarmogʻiga ulash choralarini koʻrsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda:
mahalla huquq-tartibot maskanlarida ichki ishlar organlarining boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda jamoat tuzilmalari bilan mahallalar boʻyicha birgalikda faoliyat olib borishi tartibini tasdiqlasin;
oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish ichki ishlar vaziri P.R. Bobojonov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2022-yil 23-iyun,
343-son
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 23-iyundagi 343-son qaroriga 1-ILOVA
Mahalla huquq-tartibot maskani
TUZILMASI
Profilaktika katta inspektori
(Maskan rahbari)
Kunlik xizmatni bevosita tashkil etuvchi masʼul xodimlar
Xizmatni hamkorlikda tashkil etishda qatnashuvchi davlat organlari masʼullari
Xizmatni tashkil etishga koʻmaklashuvchi ichki ishlar organlari masʼul xizmatlari
↓
↓
↓
Profilaktika inspektori
Hududda jamoat tartibini saqlash va huquqbuzarliklar profilaktikasiga koʻmaklashish uchun yuborilgan Milliy gvardiya boʻlinmasi, boshqa vakolatli davlat organlarining xodimlari va jamoat tuzilmalarining vakillari
Patrul-post xizmati xodimi
Voyaga yetmaganlar boʻyicha inspektor-psixolog
Xotin-qizlar masalalari boʻyicha inspektor
Profilaktika inspektorining jamoat tartibini saqlash boʻyicha yordamchisi
Tezkor vakil
“Fidokor yoshlar” jamoatchilik guruhi aʼzolari
Probatsiya inspektori
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 23-iyundagi 343-son qaroriga 2-ILOVA
Mahalla huquq-tartibot maskanining
NAMUNAVIY LOYIHASI
1. Mahalla huquq-tartibot maskani (keyingi oʻrinlarda-maskan) oʻzi joylashgan fuqarolar yigʻinidagi ichki ishlar organlari tayanch punkti yoxud kamida yetti xonadan iborat alohida binoda tashkil etiladi.
2. Maskanda quyidagi xizmat va yordamchi xonalar boʻlishi talab etiladi:
a) maskanga kirishda uning foye (kamida toʻrt kishiga moʻljallangan, divan yoki stullar bilan jihozlangan kutish joyi) qismi;
b) onlayn sud majlislari oʻtkaziladigan xona (kamida sakkiz kishi uchun stul, videokonferensaloqa seansini oʻtkazish uchun moʻljallangan qurilmalar bilan taʼminlangan boʻlishi lozim);
v) profilaktika (katta) inspektori xizmat xonasi (tezkor yigʻilish oʻtkazish uchun kamida olti kishilik stol va stullar bilan jihozlangan, shuningdek, profilaktik tadbirlarni oʻtkazish uchun kelgan shaxslarga moʻljallangan kamida toʻrtga stul, xizmat stoli, bir dona kreslo hamda divan, hujjatlar va kiyim shkaflari hamda seyf bilan jihozlangan boʻlishi lozim);
g) xotin-qizlar masalalari boʻyicha inspektor hamda voyaga yetmaganlar masalalari boʻyicha inspektor-psixolog xizmat xonasi (profilaktik tadbirlarni oʻtkazish uchun kelgan shaxslarga moʻljallangan kamida toʻrtta stul, xizmat stoli, bir dona kreslo va divan, hujjatlar saqlanadigan javon bilan jihozlangan boʻlishi lozim);
d) ichki ishlar organlarining sohaviy xizmatlari xodimlari tomonidan olib kelingan shaxslarga nisbatan tergovga qadar tekshiruvni amalga oshirish uchun moʻljallangan tezkor vakil va surishtiruvchi xonasi (tergovga qadar tekshiruvlarni oʻtkazish uchun kelgan shaxslarga moʻljallangan kamida toʻrtta stul, ikkitadan xizmat stoli va kreslo, hujjatlar saqlanadigan javon bilan jihozlangan boʻlishi lozim);
e) probatsiya inspektori hamda profilaktika (katta) inspektorining yordamchisi xizmat xonasi (belgilangan tadbirlarni oʻtkazish maqsadida chaqirtirilgan shaxslarga moʻljallangan toʻrtta stul, ikkitadan xizmat stoli va kreslo, hujjatlar saqlanadigan javon bilan jihozlangan boʻlishi lozim);
j) dam olish xonasi (kamida toʻrt kishiga moʻljallangan divan va ovqatlanish uchun stol hamda stullardan iborat boʻlgan, televizor, sovitkich, mikrotoʻlqinli pech bilan taʼminlangan boʻlishi lozim) hamda hojatxona.
3. Maskan zamonaviy kompyuter toʻplami, mebel jihozlari (televizor, divan, stol-stul, kitob javoni, hujjatlar saqlanadigan javon) va temir seyflar bilan jihozlangan, shuningdek, telefon aloqasi va Internet jahon axborot tarmogʻiga ulangan hamda tegishli aloqa vositalari bilan taʼminlangan boʻlishi shart.
4. Maskan xizmat koʻrsatadigan hududning chegaralari tuman (shahar) ichki ishlar organlari boshligʻi tomonidan mazkur tuman (shahar) hokimi bilan kelishgan holda chegara hududi uzviy bir-biri bilan bogʻliq boʻlgan beshta mahalla (qishloq, ovul)ning hududi miqyosida belgilanib, Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimligining qarori bilan tasdiqlanadi hamda ularning tartib raqami mazkur qaror bilan belgilanadi.
5. Maskanda ichki ishlar organlarining sohaviy xizmatlari tomonidan biriktirilgan xodimlar belgilangan tartibda xizmat olib boradi. Hududda xizmat olib borishga biriktirilgan xodimlar belgilangan tartibda maskanda yuritiladigan daftarda qayddan oʻtadi.
6. Maskanning kirish joyida ushbu namunaviy loyihaga ilovaga muvofiq tuman (shahar) boʻyicha bir xil namunadagi balandligi 80 sm, eni 60 sm oʻlchamda, toʻq koʻk fonga oq rangda yozilgan peshlavha oʻrnatiladi.
7. Peshlavhada ichki ishlar organi nomi, maskan raqami, xizmat koʻrsatadigan mahalla (qishloq, ovul)lar nomlari, profilaktika (katta) inspektorlari va hududiy ichki ishlar organi navbatchilik qismi telefonlarini aks ettiruvchi yozuv boʻladi.
8. Maskan foyesida fuqarolar uchun ariza, shikoyat va takliflar yozish namunalari, profilaktika (katta) inspektorlarining faoliyatini tartibga soluvchi qonunchilik hujjatlari normalaridan koʻchirmalar, davlat ramzlariga, huquqbuzarliklar profilaktikasiga oid plakatlar va eslatmalar joylashtiriladi.
9. Maskanda profilaktika inspektorining xizmat xonasi devoriga maʼmuriy hududning 130 sm x 200 sm oʻlchamli xaritasi osib qoʻyiladi.
Ushbu xaritada korxonalar, tashkilotlar va muassasalar joylashgan binolar, shuningdek, koʻchalar, mavzelar, bozorlar, internet-kafelar, umumiy ovqatlanish shoxobchalari, tungi koʻngilochar (dam olish) joylar, taʼlim, madaniy-koʻngilochar, sport-sogʻlomlashtirish muassasalari, ommaviy tadbirlar oʻtkaziladigan joylar, turar joy binolari raqamlari maxsus belgilar bilan aks ettiriladi.
Xaritaning pastki qismida tashkilotlar nomi koʻrsatiladi.
10. Maskan Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan belgilangan tartibda aloqa vositalari, videokuzatuv kameralari uchun monitor, Ichki ishlar vazirligi Raqamli texnologiyalar va huquqiy statistika departamenti Huquqiy statistika bosh markazi bilan bevosita aloqa qilish imkonini beradigan maʼlumotlar bazasining dasturiy taʼminoti, kompyuter texnikasi bilan taʼminlanadi.
(10-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 30-apreldagi PQ-155-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 06.05.2025-y., 07/25/155/0412-son)