|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 12.06.2007
|
O‘zbekiston Respublikasi
Markaziy banki
Boshqaruvi tomonidan
(16/4-son bayonnoma)
2000-yil 2-sentabrda
479-son bilan
“TASDIQLANGAN”
“KELIShILGAN”
O‘zbekiston Respublikasi
Vazirlar Mahkamasi
huzuridagi bosh arxiv
boshqarmasi boshlig‘i
P.N. Nig‘matov
2000-yil 18-avgust
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI BANK TIZIMIDA ELEKTRON ARXIV IShLARINI YURITISh TO‘G‘RISIDA
Yo‘riqnoma
[O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2000-yil 15-sentabrda 970-son bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan]
Mazkur Yo‘riqnoma O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2007-yil 14-apreldagi 11/3-sonli “O‘zbekiston Respublikasi banklarida elektron arxiv ishlarini yuritish tartibi to‘g‘risidagi Yo‘riqnomani tasdiqlash haqida”gi qaroriga (ro‘yxat raqami 1685, 02.06.2007y.) muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan.
1. Umumiy qoidalar
1.1. Mazkur Yo‘riqnoma O‘zbekiston Respublikasining “Arxivlar to‘g‘risida”gi, “Axborotlashtirish to‘g‘risida”gi, “EHM dasturlar ta’minoti va ma’lumotlar bazasini huquqiy muhofazalash to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki to‘g‘risida”gi va “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi qonunlariga hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 30-oktabrdagi 482-sonli “Arxiv ishi bo‘yicha me’yoriy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq ishlab chiqilgan bo‘lib, u O‘zbekiston Respublikasi banklarida, Markaziy bank Hisob-kitob-kassa markazlarida hamda Markaziy bank Axborotlashtirish Bosh markazida va Hududiy axborotlashtirish markazlarida elektron arxiv ishlarini yuritish, arxiv hujjatlarini saqlash va ulardan foydalanishning umumiy tartibini belgilaydi.
Elektron arxiv — elektron ko‘rinishda bo‘lgan hujjatlar, elektron to‘lov tizimi ma’lumotlari, EHM dasturlari va boshqa elektron ma’lumotlarni kompyuter xotirasiga va tashqi saqlovchi vositalarga yozib, ma’lum muddatga olib qo‘yish, saqlash va ulardan foydalanish tushuniladi.
Arxiv ishlarini olib boruvchi ma’muriy bo‘linmalar faoliyat ko‘rsatish xususiyatlariga ko‘ra arxiv ishlarini yuritish tartibini mazkur Yo‘riqnomaga binoan ishlab chiqishlari lozim.
1.2. O‘zbekiston Respublikasi tijorat banklarida va ularning filiallarida, Markaziy bankning Hisob-kitob-kassa markazlarida (keyingi o‘rinlarda HKKM), Axborotlashtirish Bosh Markazida (keyingi o‘rinlarda ABM) va Hududiy Axborotlashtirish Markazlarida (keyingi o‘rinlarda HAM) elektron arxiv ishlarini yuritishni amalga oshirish va ularni takomillashtirish bo‘yicha javobgarlik tijorat banklari va ularning filiallari hamda HKKM, ABM va HAM rahbarlari zimmasiga yuklatiladi.
1.3. Tijorat banklari va ularning filiallari, HKKM rahbarlarining yozma buyrug‘iga asosan javobgarlik bosh muhosib yoki uning o‘rinbosari zimmasiga yuklatilishi mumkin.
1.4. ABM, HAMlarda rahbarlarning yozma buyrug‘iga asosan javobgarlik mas’ul xodimlar zimmasiga yuklatiladi. Bu esa ABM va HAMlari rahbarlarini umumiy javobgarlikdan ozod etmaydi.
2. O‘zbekiston Respublikasi banklarida hamda markaziy bankning hisob-kitob-kassa markazlarida elektron arxiv ishlarini yuritish bo‘yicha talablar
2.1. Elektron arxiv ishlarini yuritish uchun tijorat banklari va ularning filiallari hamda HKKMlari rahbarlari tomonidan mas’ul javobgar xodim yozma buyruq asosida tayinlanadi va ishdan bo‘shatiladi.
2.2. Tijorat banklarining Bosh banklari va ularning filiallarida hamda HKKMlari kompyuterlashtirish shu’balarida elektron to‘lov hujjatlarini va elektron to‘lov hujjatlari bo‘lmagan elektron hujjatlarni arxivlashtirish ishlari olib boriladi.
2.3. Tijorat banklarida va ularning filiallarida hamda HKKMlarida quyidagi elektron ma’lumotlar arxivga olinishi shart:
to‘liq bank amaliyoti kuni elektron ma’lumotlari;
barcha kiruvchi va chiquvchi to‘lov hujjatlari fayllari, shifratsiya kalitlari bilan birgalikda (shifrlangan va shifrlanmagan);
bank amaliyot kuni dasturlari va boshqa alohida foydalanilayotgan dasturlar majmuasi;
elektron tarzidagi me’yoriy-so‘rov ma’lumotlar majmuasi;
elektron to‘lov hujjatlarini qabul qilish-uzatish jarayoni bo‘yicha elektron jurnal-bayonnomalari.
2.4. Tijorat banklari va ularning filiallari hamda HKKMlari elektron arxiv ishlarini yuritishlari uchun kerakli dasturlar va texnik vositalar bilan ta’minlangan bo‘lishi kerak.
2.5. Tijorat banklarining filiallari elektron arxiv hujjatlarining nusxalarini saqlashlari uchun kamida ikkita (bir binoda bo‘lmagan) elektron arxiv hujjatlarini saqlash punktlari tashkil etadilar:
a) birinchisi — o‘sha bank bo‘limida;
b) ikkinchisi — viloyat hududiy boshqarmasida.
Tijorat banklarining viloyat hududiy boshqarmalari yig‘ilgan elektron arxivlarni har olti oyda o‘zining Bosh banklariga belgilangan tartibda topshiradilar.
2.6. Tijorat banklarining Bosh banklari, HKKMlar va filiallari bo‘lmagan tijorat banklari o‘z binosida bir-biridan ajratilgan alohida xonalarda ikkita elektron arxiv punktlarini tashkil etadilar. Bu xonalarning yonma-yon joylashishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
2.7. 2.3-bandda ko‘rsatilgan elektron to‘lov ma’lumotlar har kuni dasturiy ravishda arxivlanib, ikki nusxada tashqi saqlovchi vositalarga yoziladi hamda mas’ul javobgar xodim birinchi shaklda ko‘rsatilgan ko‘rinishda maxsus yuritilgan daftarga qayd qilib boradi. Maxsus daftar sahifalari raqamlangan, ish o‘tkazilib tikilgan, rahbar tomonidan imzolangan va muhrlangan bo‘lishi lozim.
|
№ |
Sana |
Arxiv |
Arxiv |
Saqlovchi |
Arxivga |
Imzo |
| | | | | | | |
2.8. Arxiv yozilgan tashqi saqlovchi vositalar yonmaydigan va muhrlanadigan seyfda saqlanishi shart.
2.9. Tijorat banklari va ularning filiallari hamda HKKMlar rahbarlari, bosh muhosiblari va mas’ul javobgar xodim ma’lumotlarning to‘g‘ri arxivlashtirilishi hamda to‘liqligi, ishonchliligi uchun shaxsan javob beradilar.
2.10. Barcha kiruvchi va chiquvchi (shifrlangan va shifrlanmagan) elektron to‘lov hujjatlari har kuni tijorat banklari va HKKMlar tomonidan daxl etilishiga ruxsat berilmaydigan ko‘rinishda arxivlanadi.
Zarur hollarda avtomatlashtirilgan bank texnologiyasi tizimida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar va qoidabuzarliklarning sababini aniqlash uchun komissiya tuziladi va tijorat banklari, HKKMlar tomonidan daxl etilishga ruxsat berilmaydigan arxiv hujjatlari batafsil tekshirib chiqiladi.
Komissiya tarkibiga: Markaziy bankning vakolatli vakillari, Tijorat banki (HKKM) rahbari, bosh muhosibi, arxiv ishi uchun javobgar mas’ul xodim va lokal tarmoq ma’muri kiritilishi shart.
2.11. Tijorat banklari va HKKMlar tomonidan daxl etilishiga ruxsat berilmaydigan arxiv hujjatlarini har kuni dasturiy ravishda tashqi saqlovchi vositaga ko‘chirilishi (nusxalanishi) va bunda arxivga olingan axborotlar ro‘yxatining qog‘ozdagi yozuvi chiqarilishi shart. Yozma shaklda chiqarilgan arxiv yozuvi 2-shaklda ko‘rsatilgan ma’lumotlarni o‘z ichiga oladi va u seyfda saqlanadi.
Tashqi saqlovchi vositaning ustiga quyidagi yozuvlar yozilgan bo‘lishi shart:
a) saqlovchi vositaning shartli raqami;
b) yozuvning boshlangan sanasi;
v) elektron arxivning nomi;
g) saqlovchi vositaga yozuv yozish to‘xtatilgan vaqt.
|
№ |
Sana |
Faylning nomi |
Faylning hajmi |
| | | | |
| Tashqi saqlovchi vositaning nomi | ________________________________________________________ | ||
Tashqi saqlovchi vositaning nomi _______________ Arxivga oluvchining F.I.Sh. ____________ Sana _________ Imzo ___________
2.12. Tashqi saqlovchi vositaning texnik tavsifiga binoan tashqi saqlovchi vositaga yozilgan elektron ma’lumotlarni qayta o‘qilishi tekshirilib turilishi shart. Texnik tavsifda tashqi saqlovchi vositani qayta o‘qilishini tekshirish davri ko‘rsatilmagan bo‘lsa tashqi saqlovchi vositani bir yilda kamida ikki marta (har 6 oyda) ochib qayta o‘qilishini tekshirib turiladi. Agar elektron arxiv ma’lumotlarning tashqi ta’sirlar natijasida qisman yoki umuman yo‘qolib ketganligi aniqlansa, yo‘qolgan arxiv ma’lumotlar tiklanishi zarur. Bu haqda dalolatnoma tuzilishi va maxsus yuritilgan daftarga qayd etilishi lozim.
2.13. Elektron arxiv ma’lumotlarni Tijorat bank filiallari tomonidan har chorakning boshida tijorat bankining hududiy boshqarmasi arxiviga va joriy yil tamom bo‘lganidan so‘ng o‘z arxiv bo‘limiga belgilangan tartibda topshiriladi.
2.14. Tijorat banklari va HKKMlarning arxiv bo‘linmalari tashqi saqlovchi vositaga yozilgan arxiv ma’lumotlarining butligini tekshirib ko‘rib, o‘z arxiv bo‘limiga olib qo‘yadi va o‘n yil saqlaydi.
2.15. Tijorat banklari va HKKMlari saqlanish muddati o‘n yildan yuqori bo‘lgan elektron arxivni doimiy saqlash uchun belgilangan tartibda Davlat arxiviga topshiradi.
2.16. Tijorat banklarining filiali faoliyati tugatilganda elektron arxivini hududiy boshqarmasiga, hududiy boshqarmasi bo‘lmaganlari Bosh boshqarmasiga belgilangan tartibda topshiradi. Tijorat banki faoliyati tugatilib boshqa tijorat bankka qo‘shib yuborilganda, o‘sha bank arxiviga belgilangan tartibda topshiradi.
2.17. Bosh tijorat banklari faoliyati tugatilganda elektron arxiv hujjatlarini belgilangan tartibda Davlat arxiviga topshiradilar.
3. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki axborotlashtirish bosh markazi va uning hududiy axborotlashtirish markazlarida elektron arxiv ishlarini yuritish bo‘yicha talablar
3.1. Elektron arxiv ishlarini yuritish bo‘yicha ABM va HAMlarda hamda ularning bo‘limlarida rahbarlarning yozma buyrug‘iga asosan mas’ul javobgar xodimlar tayinlanadi.
3.2. ABM tarkibida “Elektron to‘lov” tizimi elektron arxivining markazlashtirilgan elektron arxiv ishlari olib boriladi:
3.3. ABM va HAMlarida elektron to‘lov tizimi ma’lumotlari asosida elektron arxiv olinishi shart:
elektron to‘lov hujjatlarining kiruvchi va chiquvchi ma’lumotlari (shifrlangan holda);
elektron to‘lov hujjatlarining kiruvchi va chiquvchi ma’lumotlarini qabul qilish — uzatish telekommunikatsion jurnal bayonnomalari;
elektron to‘lov hujjatlari ishlovi amaliyot kuni elektron ma’lumotlari;
elektron to‘lov hujjatlari ishlovi amaliyot kuni dasturlarining barcha turlari va boshqa alohida dasturlar majmuasi;
elektron tarzidagi me’yoriy-so‘rov ma’lumotlar bazasi.
3.4. ABM va HAMlari elektron arxiv ishlarini olib borishlari uchun asosiy talablarga javob beruvchi yetarli maxsus ish joylari hamda texnik qurilma-vositalari, dasturlar ta’minoti bilan ta’minlangan bo‘lishi kerak.
3.5. ABM va HAMlari tashqi saqlash vositalarida jamlangan elektron arxiv hujjatlari nusxalarini saqlashlari uchun kamida ikkita (bir binoda bo‘lmagan) elektron arxiv saqlash punktlari tashkil etadilar:
a) birinchisi — ish joylarida;
b) ikkinchisi — hududiy uzoqlashtirilgan joylarda:
3.6. HAMlari bank amaliyot kunining oxirida elektron arxivlarini ABMning markazlashtirilgan elektron arxiviga uzatadilar.
3.7. Har kuni ABM va HAMlar 3.3-bandda ko‘rsatilgan elektron to‘lov tizimi ma’lumotlarini dasturiy ravishda arxivlab (arj.exe dasturining 2.39, 2.41 va undan yuqori turi bilan), ikki nusxada tashqi saqlovchi vositalarga yoziladi va maxsus daftarlarda qayd etiladi. Maxsus daftarlar sahifalari raqamlangan, ip o‘tkazilib tikilgan va muhrlangan bo‘lishi lozim.
3.8. Elektron arxiv yozilgan tashqi saqlovchi vositalari yonmaydigan va muhrlanadigan seyfda saqlanishi shart.
3.9. ABM va HAMlarda elektron arxiv ma’lumotlar bilan ishlash, ya’ni statistik va analitik tahlil hamda elektron to‘lovni aniqlashtirish uchun ma’lumotnomalarni olish bo‘yicha so‘rov ishlari O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki va ABM tomonidan ishlab chiqilgan tartib va qoida hamda yo‘riqnoma va ko‘rsatmalarga binoan amalga oshiriladi.
3.10. ABM va HAMlarda elektron arxiv ma’lumotlar xavfsizligini va daxlsizligini, to‘liqliligini, ishonchliligini, tozaligini va haqiqiyligini elektron arxiv ishlarini yuritish bo‘yicha mas’ul javobgar xodimlar tomonidan ta’minlanadi.
3.11. ABM va HAMlaridagi jamlangan elektron arxiv ma’lumotlari va ularni tashuvchi tashqi saqlash vositalari davriy ravishda tekshirib boriladi. Ushbu tekshirish natijalari maxsus daftarda qayd etiladi. ABMda ishlab chiqilgan tekshirish uslub va usullardan foydalaniladi.
3.12. ABMda elektron arxivlar saqlash muddati 10 yildan oshishi bilan elektron arxiv hujjatlari doimiy saqlash uchun belgilangan tartibda Davlat arxiviga topshiriladi.
3.13. HAM tarkibiy o‘zgarishi (faoliyati o‘zgarishi, tugatilishi, yangilanishi) ro‘y bergan hollarda yuqori tashkilot ABMga elektron arxivini o‘rnatilgan tartib asosida topshiradi.
3.14. Elektron arxiv ishlarini yuritish borasida texnologik jarayonlar o‘zgarishi, texnik qurilma va vositalarni mukammallashib borishi asosida elektron arxiv ishlarini yuritish uslub hamda usullari takomillashtirilib boriladi.
Elektron to‘lov tizimi tarkibiga kiruvchi barcha turdagi elektron arxivlarning saqlanishi muddati 10 yil.
Mazkur Yo‘riqnoma kuchga kirishi bilan Markaziy bankning 1999-yil 21-avgustdagi 147-sonli (Adliya vazirligidan 1999-yil 25-noyabrda 841-son bilan ro‘yxatdan o‘tgan) “O‘zbekiston Respublikasi banklarida arxiv ishlarini yuritish to‘g‘risidagi” qoidasining “7-bob. Bank tizimida elektron hujjatlarni arxivlash va ularni saqlash bo‘yicha talablar” bo‘limi o‘z kuchini yo‘qotadi.
Markaziy bank raisi F. MULLAJONOV
(O‘zbekiston Respublikasi vazirliklari, davlat qo‘mitalari va idoralarining me’yoriy hujjatlari axborotnomasi, 2000-y.,17-son)