1.02.00.00.00 Davlat boshqaruvi asoslari / 02.08.00.00 Iqtisodiyot, ijtimoiy-madaniy qurilish sohasidagi davlat boshqaruvining umumiy masalalari / 02.08.05.00 Mahsulot sifati. Standartlashtirish. Sertifikatlashtirish. Metrologiya. Tovarlar markirovkasi. Aksizlar (shuningdek, 09.07.00.00ga qarang);
2.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xoʻjalik faoliyati / 09.14.00.00 Qishloq xoʻjaligi / 09.14.02.00 Agrosanoat ishlab chiqarishning davlat boshqaruvi / 09.14.02.01 Boshqaruv va tartibga solishning umumiy masalalari]
Mineral oʻgʻitlar xavfsizligi toʻgʻrisidagi texnik reglamentni tasdiqlash haqida
(qaror nomi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 25-martdagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.03.2024-y., 09/24/153/0241-son)
“Texnik jihatdan tartibga solish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq, shuningdek, mineral oʻgʻitlar xavfsizligi boʻyicha yagona talablarni belgilash hamda xalqaro andozalarga uygʻunlashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Mineral oʻgʻitlar xavfsizligi toʻgʻrisidagi texnik reglament va uni joriy etish sxemasi 1 va 2-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin:
(1-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 25-martdagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.03.2024-y., 09/24/153/0241-son)
mineral oʻgʻitlar xavfsizligi talablari, shuningdek, ularni saqlash, tashish va tamgʻalash jarayonlariga qoʻyiladigan talablar;
mineral oʻgʻitlarni identifikatsiyalash, ularning muvofiqligini baholash, ularni milliy muvofiqlik belgisi bilan tamgʻalash va bozorda muomalaga chiqarish qoidalari.
2. Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi kimyolashtirish hamda oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini sinovdan oʻtkazish va roʻyxatga olish boʻyicha vakolatli davlat organi etib belgilansin.
3. Qishloq xoʻjaligi vazirligi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi, “Oʻzkimyosanoat” AJ, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi bilan birgalikda Mineral oʻgʻitlar xavfsizligi toʻgʻrisidagi texnik reglamentning maqsadlari, mazmuni va uni qoʻllash tartibi toʻgʻrisida aholi, vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlar hamda tadbirkorlik subyektlarining keng xabardor qilinishini taʼminlasin.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 1-iyuldagi 371-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.07.2024-y., 09/24/371/0499-son)
4. Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
5. Mineral oʻgʻitlar xavfsizligi toʻgʻrisidagi texnik reglament rasmiy eʼlon qilingan kundan boshlab olti oy oʻtgandan keyin amalga kiritilsin.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 25-martdagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.03.2024-y., 09/24/153/0241-son)
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari S.U. Umurzakov, Sh.M. Gʻaniyev, Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi bosh direktori D.N. Sattarov va “Oʻzkimyosanoat” AJ boshqaruvi raisi J.T. Mirzamahmudov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2022-yil 1-mart,
91-son
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 1-martdagi 91-son qaroriga 1-ILOVA
Mineral oʻgʻitlar xavfsizligi toʻgʻrisidagi texnik reglament
(1-ilova nomi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 25-martdagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.03.2024-y., 09/24/153/0241-son)
1. Mineral oʻgʻitlar xavfsizligi toʻgʻrisidagi texnik reglament (keyingi oʻrinlarda — Texnik reglament) Oʻzbekiston Respublikasi hududida insonlar hayoti va (yoki) sogʻligʻi, hayvonlar va oʻsimliklar, atrof muhitni, mulkni himoya qilish, mineral oʻgʻitlarning qoʻllanilishi va xavfsizligi xususida isteʼmolchilarni chalgʻituvchi harakatlarning oldini olish maqsadida ishlab chiqilgan.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 25-martdagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.03.2024-y., 09/24/153/0241-son)
2. Mazkur Texnik reglament Texnik reglamentga 1-ilovaga muvofiq roʻyxatda keltirilgan, Oʻzbekiston Respublikasi hududida ishlab chiqariladigan, olib kiriladigan (import qilinadigan) mineral oʻgʻitlarga hamda mineral oʻgʻitlarni saqlash, tashish va tamgʻalash jarayonlariga nisbatan qoʻllaniladi.
3. Texnik reglament talablari organik va organik-mineral oʻgʻitlarga nisbatan qoʻllanilmaydi.
4. Quyidagi xavfli omillar mineral oʻgʻitlar va ularning tarkibiy qismlariga xos hisoblanadi:
yongʻin va portlash xavfi;
oksidlovchi xususiyatlar;
korroziya xususiyatlari;
inson uchun xavflar: peroral, dermal va ingalyatsion toksiklik, teri va shilliq qatlamlarga yaligʻlantiruvchi taʼsir, teri-rezorbtiv taʼsir, allergenlik, inson organizmida bioakkumulyatsiya va atrof muhit obyektlarida (suv, tuproq, oʻsimliklar) toʻplanish xususiyatlari;
radioaktiv xavflilik;
ekotizimga taʼsir.
2-bob. Atamalar va taʼriflar
5. Texnik reglamentni qoʻllash maqsadida quyidagi atamalar va taʼriflardan foydalaniladi:
vakolatli organ — kimyolashtirish va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini sinovdan oʻtkazish va roʻyxatga olish boʻyicha vakolatli davlat organi;
identifikatsiya — muvofiqlikni baholash maqsadida taqdim etilgan mineral oʻgʻitlarning tamgʻasida koʻrsatilgan muhim belgilarga aynan mosligini aniqlash;
import qiluvchi — norezident boʻlgan xorijiy hamkorlardan olingan mineral oʻgʻitlarni Oʻzbekiston Respublikasi hududida erkin muomalaga chiqaruvchi va ushbu oʻgʻitlarning Texnik reglament talablariga muvofiqligi uchun javobgar hisoblangan Oʻzbekiston Respublikasi rezidenti boʻlgan xoʻjalik yurituvchi subyekt;
ishlab chiqaruvchi — Oʻzbekiston Respublikasi hududida oʻz nomidan mineral oʻgʻitlarni ishlab chiqarish yoki ishlab chiqarish va muomalaga kiritish bilan shugʻullanuvchi hamda ushbu mineral oʻgʻitlarning Texnik reglament talablariga muvofiqligi uchun javobgar boʻlgan yuridik shaxs, jumladan, yakka tartibdagi yoki xorijiy tadbirkor;
ishlab chiqaruvchining vakolatli vakili — ishlab chiqaruvchi, shu jumladan, xorijiy ishlab chiqaruvchi bilan tuzilgan shartnoma asosida muvofiqlikni baholashda va mineral oʻgʻitlarni Oʻzbekiston Respublikasi hududida muomalaga chiqarishda ushbu ishlab chiqaruvchi nomidan ish yuritadigan hamda mineral oʻgʻitlarning ularga nisbatan qoʻllaniladigan boshqa texnik reglament talablariga nomuvofiqligi uchun javobgar hisoblangan va Oʻzbekiston Respublikasi hududida belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtgan yuridik shaxs yoki yakka tartibdagi tadbirkor hisoblangan jismoniy shaxs;
kimyoviy xavfsizlik — zararli kimyoviy moddalar miqdorining (konsentratsiyasining) oshib ketishi natijasida foydalanuvchi (isteʼmolchi) hayotiga xavf soladigan yoki sogʻligʻiga zarar yetkazadigan yoʻl qoʻyib boʻlmaydigan xavf-xatar mavjud boʻlmagan mahsulot holati;
yumshoq konteyner — avtomobil, temir yoʻl, dengiz va havo transportida quruq (qattiq) mineral oʻgʻitlarni tashish va saqlash uchun moʻljallangan polimer qadoq (“big bag”);
mikroelementli oʻgʻit — tarkibida makro va mikroelementlar boʻlgan mineral oʻgʻit;
mikrooʻgʻit — oziqlantiruvchi elementlari mikroelementlar hisoblangan mineral oʻgʻit;
mineral oʻgʻit — tarkibida mineral shaklidagi oziqlantiruvchi elementlar boʻlgan, ishlab chiqarish yoki qazib olish yoʻli bilan olingan oʻgʻit;
mineral oʻgʻitlarning xavfsizligi — mineral oʻgʻitlar xavfli xususiyatlarining odamga, atrof muhitga va mulkka yoʻl qoʻyib boʻlmaydigan xavfli taʼsiri paydo boʻlishini istisno qiladigan ogohlantiruvchi choralar tizimi;
mineral oʻgʻit turlari — taʼsir etuvchi moddasi boʻyicha aniqlanadigan mineral oʻgʻit toifalari;
oziqlantiruvchi element, taʼsir etuvchi modda — oʻsimliklarning oʻsishi va rivojlanishi uchun zarur boʻlgan oʻgʻitning kimyoviy elementi;
ogohlantiruvchi tamgʻa — oʻzida axborotlar (qisqa matn, alohida grafik yoki rangli belgilar va ularning kombinatsiyasi koʻrinishidagi) majmuini ifodalaydigan, qadoqqa yoki yorliqqa tushirilgan maʼlumotlarning tarkibiy qismi;
polimer qobiq (qatlam, qoplama) — yumshoq qadoqning (konteynerning) qattiq mineral mahsulotni chang va namdan, ifloslanish hamda toʻkilishdan (sochilish, changish) himoyalovchi ichki plyonkasimon polimer qatlami;
tamgʻa — mahsulotni identifikatsiyalash va u haqidagi maʼlumotlarni isteʼmolchiga yetkazish maqsadida qadoqqa yoki yorliqqa bosiladigan matn, shartli belgi va (yoki) grafik tasvir koʻrinishidagi maʼlumot;
xavfsizlik pasporti — mineral oʻgʻitning xavfli xususiyatlari, ishlab chiqaruvchi (ishlab chiqaruvchining vakolatli vakili), ushbu mineral oʻgʻitning importchisi toʻgʻrisidagi axborotlar, Oʻzbekiston Respublikasi hududida mineral oʻgʻitlardan xavfsiz foydalanish uchun ogohlantiruvchi choralar va xavfsizlik talablari toʻgʻrisidagi axborotlardan iborat boʻlgan belgilangan shakldagi hujjat;
oʻgʻit — oʻsimliklarni oziqlantiradigan va tuproq hosildorligini oshiradigan modda.
3-bob. Mineral oʻgʻitlarni identifikatsiyalash qoidalari
6. Mineral oʻgʻitlarni ishlab chiqaruvchi (ishlab chiqaruvchining vakolatli vakili), import qiluvchi, davlat nazorati organi hamda boshqa manfaatdor shaxslar tomonidan identifikatsiyalanadi.
7. Mineral oʻgʻitlar mineral oʻgʻitning tashqi koʻrinishi va tarkibi, oziqlantiruvchi elementlari miqdori, jumladan, makro va mikroelementlar qadogʻida yoki yorligʻida va kuzatuv hujjatlaridagi maʼlumotlarga, mineral oʻgʻit namunasini laboratoriya sinovlaridan oʻtkazishda olingan maʼlumotlarga muvofiqligini aniqlash orqali identifikatsiyalanadi.
4-bob. Mineral oʻgʻitlarni bozorda muomalaga chiqarish qoidalari
8. Mineral oʻgʻitlar Texnik reglament talablariga muvofiq boʻlganda hamda ularning ushbu Texnik reglament 10-bobiga asosan muvofiqligi baholanganda, Oʻzbekiston Respublikasi bozorida muomalaga chiqariladi.
Bunda Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kiriladigan (import qilinadigan) mineral oʻgʻitlarni bojxonada rasmiylashtirishda deklaratsiya bilan birga roʻyxatga olinganlik toʻgʻrisida guvohnoma taqdim etish talab etiladi (sinovlar va roʻyxatdan oʻtkazish uchun olib kirilgan mineral oʻgʻitlar bundan mustasno).
9. Texnik reglament talablariga muvofiqligi tasdiqlanmagan mineral oʻgʻitlar milliy muvofiqlik belgisi bilan tamgʻalanmasligi lozim.
10. Milliy muvofiqlik belgisi bilan tamgʻalanmagan mineral oʻgʻitlarning Oʻzbekiston Respublikasi bozorida muomalaga chiqarilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
5-bob. Mineral oʻgʻitlarning xavfsizlik talablari
11. Mineral oʻgʻitlar ushbu bobda belgilangan xavfsizlik talablari va Texnik reglamentga 2-ilovaga muvofiq radiatsiyaviy va kimyoviy xavfsizlik normalariga javob berishi kerak.
12. Mineral oʻgʻitlar xavfsizlik pasporti va ogohlantiruvchi tamgʻada keltirilgan xavfli omillar boʻyicha tasniflanishi lozim.
13. Savdo tarmoqlarida (ulgurji va chakana savdo korxonalari va tashkilotlarida sotish uchun moʻljallangan mineral oʻgʻitlar qadoqlangan boʻlishi lozim. Chakana savdoda isteʼmol qadogʻi buzilgan mineral oʻgʻitlarni sotishga yoʻl qoʻyilmaydi.
6-bob. Mineral oʻgʻitlarni saqlash jarayonlariga qoʻyiladigan talablar
14. Mineral oʻgʻitlar muayyan oʻgʻit turiga berilgan xavfsizlik pasportida koʻrsatilgan saqlash sharoitlariga qoʻyiladigan oʻziga xos talablarga muvofiq saqlanadi.
15. Qadoqlanmagan mineral oʻgʻitlarni saqlash uchun maxsus yopiq binolar (omborxonalar) yoki sigʻimlardan (siloslar, omborxonalardan) foydalanish lozim.
Qadoqlangan (idishga solingan) mineral oʻgʻitlarni qattiq qoplamali ochiq maydonlarda yoki bostirmalar ostida saqlashga ruxsat etiladi.
Atrof muhit muhofazasi talablariga amal qilinishi va oʻgʻitlarning fizik-mexanik va kimyoviy xususiyatlari saqlanishi sharti bilan mineral oʻgʻitlarning sutkalik zaxirasini vaqtincha maydonchalarda (dalada) saqlashga ruxsat etiladi.
16. Yongʻin-portlash xavfi mavjud boʻlgan oʻgʻitlar (selitra va ular asosidagi oʻgʻitlar) qadogʻi (idish) borligidan qatʼi nazar, alohida omborxonalarda yoki omborxonaning yon tomoniga joylashtirilgan va omborxonaning qolgan qismidan yongʻinga qarshi yaxlit devor bilan ajratilgan mineral oʻgʻitlar omborxonalarining seksiyalarida saqlanadi.
Mineral oʻgʻitlar portlovchi materiallar omborxonalarida sanoat maqsadidagi portlovchi materiallar muomalasi sohasidagi qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda saqlanadi.
17. Mineral oʻgʻitlar omborxonalar va sigʻimlarda saqlash meʼyorlari qadoq (idish) turiga va saqlanadigan oʻgʻitlarning xususiyatlariga qarab, texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar bilan belgilanadi.
18. Saqlanadigan mineral oʻgʻitlar miqdori omborxonalar va sigʻimlarning loyihada nazarda tutilgan sigʻimidan oshmasligi kerak.
19. Mineral oʻgʻitlarni saqlaganda, quyidagi chora-tadbirlar nazarda tutilishi zarur:
ularning butligini (miqdori va isteʼmolchilik xususiyatlarining oʻzgarmasligini) taʼminlash;
inson organizmiga zararli taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan saqlanayotgan moddalar bilan xodimlarning aloqasini bartaraf etish yoki uni minimumga yetkazish;
xavfli va zararli ishlab chiqarish omillarining manbai boʻlgan chiqindilarni oʻz vaqtida utilizatsiya qilish, atrof muhitga zarar yetkazilishiga yoʻl qoʻymaslik;
yongʻin-portlash xavfi mavjud boʻlgan oʻgʻitlarni saqlaganda, yongʻin xavfsizligining yuqori darajadagi choralarini taʼminlash: dvigatellarning chiqindi gazlarni chiqarish quvurlarida uchqun soʻndirgichlardan foydalanish, ochiq olovdan foydalanish imkoniyatini taqiqlash va bartaraf qilish, omborxonalar va ish joylarini yongʻinni oʻchirishning birlamchi vositalari hamda yongʻinga qarshi texnik himoya vositalari bilan jihozlash.
20. Suyuq oʻgʻitlarni sigʻimlarda (siloslar, omborxonalarda) saqlaganda, sigʻimlar (germetik tagliklar yoki boshqa vositalar) avariyali yemirilgan taqdirda, toʻkilgan mahsulot hajmini cheklashga yoʻnaltirilgan tegishli qoʻshimcha texnik choralar va vositalarni nazarda tutish lozim.
21. Omborxolarda mineral oʻgʻitlar bilan bogʻliq ishlar individual himoya vositalarini qoʻllagan holda amalga oshiriladi.
22. Mineral oʻgʻitlar omborxonalaridan oziq-ovqat mahsulotlari, yem-xashak, xoʻjalik va maishiy maqsadda qoʻllanadigan turli buyumlar va texnikani saqlash uchun foydalanishga yoʻl qoʻyilmaydi.
23. Shaxsiy tomorqalarda va kundalik turmushda qoʻllash uchun xarid qilingan mineral oʻgʻitlar ishlab chiqaruvchining idishida (qadogʻida), hayvonlar va bolalar ololmaydigan joyda, oziq-ovqat mahsulotlari, ichimlik suv va boshqa xalq isteʼmoli tovarlari saqlanadigan joylardan izolyatsiyalangan xoʻjalik qurilmalarida (yordamchi xonalarda) saqlanishi shart.
7-bob. Mineral oʻgʻitlarni tashish jarayonlariga qoʻyiladigan talablar
24. Qattiq mineral oʻgʻitlar yopiq va yarim ochiq temir yoʻl vagonlarida, kemalarning yopiq transport sigʻimlarida (tryum, tanklarida) va avtomobil transportida majburiy tarzda borti yopilgan holda tashiladi.
Polimer qoplamali yumshoq konteynerlarga qadoqlangan qattiq mineral oʻgʻitlarni yarim ochiq vagonlarda, kemalarning ochiq palubalarida va avtomobil transportida bortini yopmagan holda tashishga ruxsat etiladi.
Qadoqlanmagan qattiq mineral oʻgʻitlarni faqat sanoatda qayta ishlaydigan va ishlab chiqarish jarayonida reagent/material sifatida foydalanadigan ishlab chiqarish korxonalariga maxsus sochiluvchan moddalarni tashishga moʻljallangan vagonlar va avtomobil transportida tashishga ruxsat etiladi.
Polimer qoplarga qadoqlangan qattiq mineral oʻgʻitlarni avtomobil transporti bortini yopmagan holda tashishga ruxsat etiladi.
25. Bitta vagonda, kemalarning yopiq transport sigʻimlarida (tryum, tanklarida) va avtomobil transporti bortida mineral oʻgʻitlar bilan bir vaqtda boshqa yuklarni tashishga yoʻl qoʻyilmaydi.
26. Xavfli yuklar sifatida tasniflanuvchi, jumladan, yongʻin va portlash xususiyatlariga ega boʻlgan mineral oʻgʻitlar Oʻzbekiston Respublikasi hududida amalda boʻlgan xavfli yuklarni tashish normalari va qoidalariga muvofiq tashilishi lozim.
27. Suyuq mineral oʻgʻitlar (ammiakli suv, ugleammiakat, suyuq kompleks mineral oʻgʻitlar) xavfsizlik pasportida keltirilgan qoidalarga muvofiq suyuq holda, konteyner va idishlarda temir yoʻl va avtomobil transportida tashiladi.
Suyuq mineral oʻgʻitlar suyuq holda suv transportida muayyan mineral oʻgʻit turi uchun texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarda keltirilgan talablarga muvofiq tashiladi.
Isteʼmolchi qadogʻiga qadoqlangan suyuq kompleks mineral oʻgʻitlar transport oʻramlarida taglikda, konteynerlar yoki idishlarda xavfsizlik pasportida keltirilgan qoidalarga muvofiq temir yoʻl va avtomobil transportida tashiladi.
28. Suyuq mineral oʻgʻitlarni tashish uchun sigʻimlarni toʻldirish darajasi yoʻl davomida haroratning ehtimoliy oʻzgarishi natijasida mahsulot hajmining kengayishi inobatga olingan holda hisoblanadi.
29. Mineral oʻgʻitlar havo transportida muayyan mineral oʻgʻit turi uchun texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarda keltirilgan talablarga muvofiq tashiladi.
8-bob. Mineral oʻgʻitlarni tamgʻalashga qoʻyiladigan talablar
30. Mineral oʻgʻitlarning tamgʻasi quyidagi maʼlumotlardan iborat boʻlishi kerak:
mineral oʻgʻitning nomi va qoʻllanish maqsadi;
oziqlantiruvchi elementlarning nomi va miqdori, jumladan, mikro va makroelementlar;
ishlab chiqaruvchining nomi (firma nomi) va joylashgan joyi (yuridik shaxs uchun — yuridik shaxsning manzili, amaldagi manzili, jismoniy shaxs uchun — familiyasi, ismi va otasining ismi (mavjud boʻlsa), yashash manzili, yakka tartibdagi tadbirkor sifatida roʻyxatdan oʻtgan jismoniy shaxsning davlat roʻyxatidan oʻtganligi haqida maʼlumot), mineral oʻgʻit ishlab chiqarilgan mamlakat nomi;
ishlab chiqaruvchining tovar belgisi (mavjud boʻlsa);
mineral oʻgʻitni ishlab chiqarish va yetkazib berish uchun asos boʻlgan hujjatning ifodalanishi;
mineral oʻgʻitning markasi va (yoki) navi (mavjud boʻlsa);
partiya raqami (qadoqlangan mineral oʻgʻit uchun);
mineral oʻgʻitning nominal miqdori (ogʻirligi yoki hajmi) (qadoqlangan mineral oʻgʻit uchun);
mineral oʻgʻitni tashish, qoʻllash va saqlash boʻyicha tavsiyalar;
Oʻzbekiston Respublikasida roʻyxatga olingan mineral oʻgʻitning roʻyxatga olish raqami;
mineral oʻgʻit ishlab chiqarilgan sana yoki yuklangan (ortilgan) sana;
qadoqlash sanasi (oy, yil — qadoqlangan mineral oʻgʻit uchun, agar ularning qadoqlanishi ushbu mineral oʻgʻitning ishlab chiqaruvchisi boʻlmagan shaxs tomonidan amalga oshirilgan boʻlsa);
mineral oʻgʻitni saqlash shartlari;
mineral oʻgʻitning kafolatlangan saqlash muddati;
mineral oʻgʻitning identifikatsiya shtrixli kodi (koʻndalang skanerlash orqali optik oʻqiladigan, har xil qalinlik va oraliqdagi parallel shtrixlar yordamida terilgan belgilarni ifodalovchi kod) — chakana savdo tarmogʻi orqali sotiladigan mineral oʻgʻitlar uchun;
mineral oʻgʻitni qoʻllash boʻyicha cheklovlar (oʻsimliklarni himoya qilish vositalari bilan mosligi, fitotoksiklik);
mineral oʻgʻit bilan ishlashda, uni tashish va saqlashda ehtiyot choralari, shu jumladan, toʻkilgan va sochilgan mineral oʻgʻitni zararsizlantirish usullari;
mineral oʻgʻitning idishlarini zararsizlantirish va utilizatsiya qilish usullari;
oʻtkir zaharlanishning klinik koʻrinishi tavsifi (maʼlumotlar mavjud boʻlsa), tibbiy tavsiyalar, jumladan, zaharlanishda antidot (mavjud boʻlsa) va birinchi yordam choralarini koʻrsatgan holda.
31. Agar mineral oʻgʻit xavfli mineral oʻgʻit sifatida tavsiflansa, mineral oʻgʻitning tamgʻasi shunga mos ogohlantiruvchi tamgʻani oʻz ichiga olgan boʻlishi kerak.
32. Qadoqlangan mineral oʻgʻitlarning tamgʻalari ularning butligini taʼminlaydigan biriktirish usulida qadoqqa yoki yorliqqa tushiriladi.
Tamgʻani toʻliq hajmda tushirish uchun qadoqda yoki yorliqda joy yetarli boʻlmasa, maʼlumotlarning bir qismi qadoqning yoki yorliqning har bir birligiga ilova qilinadigan va Texnik reglamentning 30-bandiga muvofiq maʼlumotlar keltirilgan ilova-varaqqa tushiriladi yoki tamgʻa qadoqning ikkala tomoniga tushiriladi.
33. Qadoqlanmagan mineral oʻgʻitlarni yetkazib berishda Texnik reglamentning 30-bandida koʻrsatilgan maʼlumotlar (partiya raqami, nominal miqdori, qadoqlash sanasi va mineral oʻgʻitning identifikatsiya shtrixli kodi bundan mustasno) kuzatuv hujjatlari toʻplamida taqdim etiladi.
34. Mineral oʻgʻitlarning transport tamgʻasi Oʻzbekiston Respublikasi hududida amalda boʻlgan xavfli yuklarni tashish normalari va qoidalariga muvofiq boʻlishi lozim.
35. Mineral oʻgʻitlarning tamgʻasidagi maʼlumotlar davlat tilida bayon etilishi kerak. Davlat tilida bayon etilgan maʼlumotlar bilan aynan bir xil boʻlganda, maʼlumotlarning boshqa tillarda takrorlanishiga ruxsat beriladi.
36. Mineral oʻgʻitlarning tamgʻasi aniq, tushunarli, oson oʻqiladigan, yuvilib ketmaydigan, iqlim omillarining taʼsiriga chidamli harflar yoki ramzlar bilan tushirilgan boʻlishi va koʻz tushadigan joyga joylashtirilishi kerak.
9-bob. Mineral oʻgʻitlarning xavfsizlik talablariga muvofiqligini taʼminlash
37. Mineral oʻgʻitlarning Texnik reglamentga muvofiqligi uning talablarini bevosita bajarish orqali yoki ixtiyoriy ravishda qoʻllash natijasida Texnik reglament talablariga rioya qilishni taʼminlaydigan standartlar roʻyxatiga kiritilgan standartlar talablarini bajarish orqali taʼminlanadi.
38. Mineral oʻgʻitlarni sinash va oʻlchash usullari Texnik reglament talablarini qoʻllash va bajarish hamda texnik jihatdan tartibga solish obyektlarining muvofiqligini baholash uchun zarur sinash, oʻlchash qoidalari va usullari, jumladan, namunalarni olish qoidalarini oʻz ichiga olgan standartlar roʻyxatiga kiritilgan standartlarda belgilanadi.
10-bob. Mineral oʻgʻitlar muvofiqligini baholash (tasdiqlash)
39. Mineral oʻgʻitlarning Texnik reglament talablariga muvofiqligi sertifikatlashtirish shaklida baholanadi (tasdiqlanadi).
40. Muvofiqlikni baholash (tasdiqlash) mineral oʻgʻitlar vakolatli organ tomonidan Kimyolashtirish va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini sinovdan oʻtkazish va roʻyxatga olish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga asosan sinovdan oʻtkazilib, roʻyxatga olingandan keyin amalga oshiriladi.
41. Mineral oʻgʻitlarni sinovdan oʻtkazish va roʻyxatga olishda ishlab chiqaruvchilar yoki ularning vakolatli vakillari yoki import qiluvchilar vakolatli organga ariza bilan murojaat qilishi mumkin.
42. Vakolatli organ arizaga asosan:
taqdim etilgan hujjatlarni va ulardagi maʼlumotlarni koʻrib chiqadi va tekshiradi;
mineral oʻgʻitlarni sinovdan oʻtkazadi;
mineral oʻgʻitni roʻyxatga olish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi;
mineral oʻgʻitga individual roʻyxatga olish raqamini beradi;
mineral oʻgʻitni Oʻzbekiston Respublikasi bozorida muomalaga chiqarish uchun ruxsat berilgan mineral oʻgʻitlarning yagona reyestriga kiritadi hamda Kimyolashtirish va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini sinovdan oʻtkazish va roʻyxatga olish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ilovaga muvofiq shaklda mineral oʻgʻit roʻyxatga olinganligi toʻgʻrisida guvohnoma beradi.
(42-bandning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 6-martdagi 115-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.03.2024-y., 09/24/115/0189-son — 2024-yil 8-iyundan kuchga kiradi)
43. Mineral oʻgʻit roʻyxatga olinganligi toʻgʻrisidagi guvohnomaning amal qilish muddati cheklanmagan.
11-bob. Mineral oʻgʻitlarni milliy muvofiqlik belgisi bilan tamgʻalash
44. Texnik reglament talablariga muvofiq ishlab chiqariladigan hamda import orqali olib kelinadigan, Texnik reglamentning 10-bobiga asosan muvofiqligi baholangan mineral oʻgʻitlar milliy muvofiqlik belgisi bilan tamgʻalanadi.
45. Mineral oʻgʻitlar Oʻzbekiston Respublikasi bozorida muomalaga chiqarilishidan oldin milliy muvofiqlik belgisi bilan tamgʻalanadi.
46. Milliy muvofiqlik belgisi mineral oʻgʻitning har bir qadogʻiga yoki yorligʻiga (belgini qadoqqa tushirish imkoni boʻlmaganda) tushiriladi hamda mineral oʻgʻit partiyasiga ilova qilinadigan kuzatuv hujjatlarida ham koʻrsatiladi.
47. Milliy muvofiqlik belgisi mineral oʻgʻitdan toʻliq foydalanish yoki uni utilizatsiya qilish paytigacha saqlanib turadigan, aniq va tushunarli tasvirni taʼminlaydigan har qanday usulda tushiriladi.
48. Texnik reglament talablariga amal qilish boʻyicha davlat nazorati Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi, Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qoʻmitasi, Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi, Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi, shuningdek, boshqa vakolatli davlat organlari tomonidan oʻz vakolatlari doirasida amalga oshiriladi.
(48-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 1-apreldagi 197-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 02.04.2025-y., 09/25/197/0299-son)
49. Texnik reglament talablariga amal qilinishi boʻyicha davlat nazorati qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
50. Texnik reglament talablariga rioya qilish ustidan davlat nazoratini amalga oshiruvchi organlarning talablariga muvofiq boʻlmagan mineral oʻgʻitlarni Oʻzbekiston Respublikasi bozorida muomalaga chiqarishni chegaralash va taqiqlash, shuningdek, ularni muomaladan chiqarish uchun qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda barcha choralarni qoʻllaydi.
(50-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 6-martdagi 115-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.03.2024-y., 09/24/115/0189-son — 2024-yil 8-iyundan kuchga kiradi)
13-bob. Yakunlovchi qoidalar
51. Texnik reglament kuchga kirgan paytdan boshlab, Oʻzbekiston Respublikasi hududida mineral oʻgʻitlar xavfsizligiga qoʻyiladigan talablarni belgilaydigan amaldagi texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar Texnik reglamentga muvofiqlashtirilgunga qadar Texnik reglamentga zid boʻlmagan qismida qoʻllaniladi.
52. Mineral oʻgʻitga berilgan muvofiqlik sertifikati Texnik reglament kuchga kirgunga qadar haqiqiy hisoblanadi.
53. Texnik reglament talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar Oʻzbekiston Respublikasi qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
Mineral oʻgʻitlar xavfsizligi toʻgʻrisidagi texnik reglamentga
1-ILOVA
(1-ilova belgisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 25-martdagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.03.2024-y., 09/24/153/0241-son)
Texnik reglament talablari qoʻllaniladigan mineral oʻgʻitlar
ROʻYXATI
Mineral oʻgʻitlar nomi
TIF TN kodi
1. Azotli oʻgʻitlar
2814 20 000 0 dan
2827 10 000 0 dan
2834 29 800 0 dan
3102 dan
2. Fosforli oʻgʻitlar
2510 20 000 0 dan
2835 25 000 0 dan
2835 26 000 0 dan
3103 dan
3. Kaliyli oʻgʻitlar
2827 39 850 0 dan
2833 29 800 0 dan
3104 dan
4. Tarkibida bir nechta asosiy oziqaviy elementlar, jumladan, makroelementlar va mikroelementlar boʻlgan kompleks mineral oʻgʻitlar
2834 21 000 0 dan
2835 24 000 0 dan
3105 dan
5. Mikrooʻgʻitlar
2810 00 dan
2827 dan
2833 dan
2840 dan
2841 70 000 0 dan
Izoh. Mazkur roʻyxatni qoʻllash maqsadida mineral oʻgʻitlar nomidan, shuningdek, TIF TN kodlaridan birdek foydalanish lozim.
Mineral oʻgʻitlar xavfsizligi toʻgʻrisidagi texnik reglamentga
2-ILOVA
(2-ilova belgisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 25-martdagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.03.2024-y., 09/24/153/0241-son)
Mineral oʻgʻitlarning radiatsiyaviy va kimyoviy xavfsizlik normalari
1. Mineral oʻgʻitlarning radiatsiya xavfsizligi normalari:
a) mineral oʻgʻitlarda tabiiy radionuklidlarning solishtirma aktivligi quyidagi qiymatdan oshmasligi kerak:
AU + 1,5 ATh ≤ 1,0 kBq/kg,
bunda AU va ATh — mos ravishda uran va toriy qatorlarining boshqa aʼzolari bilan radioaktiv muvozanatda boʻlgan uran-238 (radiy-226) va toriy-232 (toriy-228)ning solishtirma aktivliklari;
b) kimyoviy sintez yoʻli bilan ishlab chiqariladigan azotli oʻgʻitlarda radioaktivlik normaga solinmaydi;
v) mineral oʻgʻitlarda kaliy-40 izotopining ruxsat etilgan miqdori belgilanmaydi.
2. Kimyoviy xavfsizlik normalari:
a) karbamidda biuretning massa ulushi — koʻpi bilan 1,4%;
b) ammiakli selitraning massa ulushi 10% boʻlgan suvli eritmaning pN qiymati — kamida 5,0;
v) ammiakli selitraning granulometrik tarkibi (fraksiyalarning massa ulushi):
1 mm kichik — koʻpi bilan 5%;
0,5 mm kichik — koʻpi bilan 3%;
g) 25 — 50°S haroratda ammiakli selitraning gʻovakliligi (yogʻni tutib qolish qobiliyati) — koʻpi bilan 4%;
d) ammiakli selitrada yonuvchi moddalar miqdori:
massa boʻyicha tarkibida kamida 31,5% azot boʻlgan mineral oʻgʻitlar uchun — koʻpi bilan 0,2%;
massa boʻyicha tarkibida 28 dan 31,5%gacha azot boʻlgan mineral oʻgʻitlar uchun — koʻpi bilan 0,4%;
e) ammiakli selitrada xlorning massa ulushi — koʻpi bilan 0,02%;
j) ammiakli selitrada mis miqdori — koʻpi bilan 10 mg/kg.
(3-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 6-martdagi 115-sonli qaroriga asosan 2024-yil 8-iyundan oʻz kuchini yoʻqotadi — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.03.2024-y., 09/24/115/0189-son)
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 1-martdagi 91-son qaroriga 2-ILOVA
Mineral oʻgʻitlar xavfsizligi toʻgʻrisidagi texnik reglamentni joriy etish
SXEMASI
(2-ilova nomi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 25-martdagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.03.2024-y., 09/24/153/0241-son)
Bosqichlar
Subyektlar
Tadbirlar
Muddatlar
I bosqich
Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi
Texnik reglamentni mineral oʻgʻitlar ishlab chiqaruvchilarga, sinov laboratoriyalari va vakolatli organga yetkazish.
uch kun muddatda
II bosqich
Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi, “Oʻzkimyosanoat” AJ
1. Mineral oʻgʻitlarga taalluqli texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar roʻyxatini shakllantirish va xatlovdan oʻtkazish.
bir oy muddatda
2. Mineral oʻgʻitlarning Texnik reglamentga muvofiqligi uning talablarini bevosita bajarish orqali yoki ixtiyoriy ravishda qoʻllash natijasida Texnik reglament talablariga rioya qilishni taʼminlaydigan standartlar roʻyxatini tasdiqlash boʻyicha qaror qabul qilish.
oʻn kun muddatda
3. Mineral oʻgʻitlarni sinash va oʻlchash usullari Texnik reglamentning talablarini qoʻllash va bajarish hamda texnik jihatdan tartibga solish obyektlarining muvofiqligini baholash uchun zarur sinash va oʻlchash qoidalari va usullari, jumladan, namunalarni olish qoidalarini oʻz ichiga olgan standartlar roʻyxatini tasdiqlash boʻyicha qaror qabul qilish.
oʻn kun muddatda
III bosqich
Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi
Mineral oʻgʻitlarning Texnik reglament talablariga muvofiqligi boʻyicha sinovlardan oʻtkazish uchun sinov laboratoriyalarining akkreditatsiya sohasini kengaytirish boʻyicha choralar koʻrish.
uch oy muddatda
IV bosqich
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi, “Oʻzkimyosanoat” AJ
Texnik reglamentning maqsadlari, mazmuni va uni qoʻllash tartibi toʻgʻrisida aholi, vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlar hamda tadbirkorlik subyektlarining keng xabardor qilinishini taʼminlash.
jadvalga muvofiq
V bosqich
Davlat nazorati organlari
Texnik reglament talablariga rioya etilishi boʻyicha davlat nazoratini taʼminlash.