1.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xoʻjalik faoliyati / 09.16.00.00 Aloqa / 09.16.03.00 Pochta aloqasi]
[TSZ:
1.Iqtisodiyot / Aloqa]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Xalqaro pochta va kuryerlik joʻnatmalarini bojxona nazorati va rasmiylashtiruvidan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 6-noyabrdagi 700-sonli “Bojxona sohasidagi ayrim tartib-taomillarni yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan 2026-yil 8-fevraldan oʻz kuchini yoʻqotadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat huquqiy siyosatini amalga oshirishda adliya organlari va muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 19-maydagi PF-5997-son Farmoniga muvofiq, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasiga xorijiy davlatlardan keltiriladigan va Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqariga joʻnatiladigan xalqaro pochta va kuryerlik joʻnatmalarining bojxona nazorati va rasmiylashtiruvi tartib-taomillarini yanada takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasiga xorijiy davlatlardan keltiriladigan va Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqariga joʻnatiladigan xalqaro pochta va kuryerlik joʻnatmalarining bojxona nazorati va rasmiylashtiruvi tartibini nazarda tutuvchi Xalqaro pochta va kuryerlik joʻnatmalarini bojxona nazorati va rasmiylashtiruvidan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ikki oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari — iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vaziri J.A. Qoʻchqorov, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi raisi A.Yu. Mavlonov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2021-yil 21-dekabr,
767-son
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 21-dekabrdagi 767-son qaroriga 1-ILOVA
Xalqaro pochta va kuryerlik joʻnatmalarini bojxona nazorati va rasmiylashtiruvidan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi bojxona hududiga xorijiy davlatlardan keltiriladigan va Oʻzbekiston Respublikasi bojxona hududidan tashqariga joʻnatiladigan xalqaro pochta va kuryerlik joʻnatmalarining bojxona nazorati va rasmiylashtiruvi tartibini belgilaydi.
2. Mazkur Nizomning qoidalari yozma xat-xabarlar (mayda paketlardan tashqari), diplomatik va konsullik pochta qoplariga nisbatan tatbiq etilmaydi, qonunchilik hujjatlarida belgilangan hollar bundan mustasno.
3. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
pochta aloqasi operatori — mulk huquqi yoki boshqa ashyoviy huquqlar asosida pochta aloqasi tarmogʻiga egalik qiluvchi va faoliyatning asosiy turi sifatida pochta aloqasi xizmatlarini koʻrsatish huquqiga ega boʻlgan yuridik shaxs;
pochta aloqasi provayderi — foydalanuvchilarga pochta aloqasi operatorlarining tarmogʻi orqali pochta, kuryerlik xizmatlarini koʻrsatuvchi yuridik shaxs;
xalqaro kuryerlik joʻnatmalari — qisqa muddatlarda qoʻldan-qoʻlga yetkazib berilgan (topshirilgan) holda amalga oshiriladigan pochta varaqchalari, xatlar, banderollar, bosma nashrlar va boshqa joʻnatmalar;
xalqaro pochta almashinuvi joyi — kiruvchi va chiquvchi xalqaro pochta joʻnatmalariga toʻliq qayta ishlov beruvchi, shuningdek, ularni manzil boʻyicha joʻnatuvchi milliy pochta aloqa operatorining alohida boʻlinmasi;
xalqaro pochta va kuryerlik joʻnatmalari boʻyicha bojxona nazorati va rasmiylashtiruvi — Oʻzbekiston Respublikasining qonunchilik hujjatlari va xalqaro shartnomalariga rioya etilishini taʼminlash maqsadida davlat bojxona xizmati organlari (keyingi oʻrinlarda — bojxona organlari) tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi bojxona hududiga xorijiy davlatlardan keltiriladigan va Oʻzbekiston Respublikasi bojxona hududidan tashqariga joʻnatiladigan joʻnatmalar nazorati va rasmiylashtiruvini xavfni boshqarish tizimidan foydalangan holda amalga oshirish boʻyicha chora-tadbirlar majmui;
xalqaro pochta joʻnatmalari — manzili koʻrsatilgan tegishli qadoqdagi yozma xat-xabarlar, bosma nashrlar va boshqa joʻnatmalar;
shaxsiy ehtiyojlar uchun tovarlar — jismoniy shaxslar tomonidan bojxona chegarasi orqali olib oʻtiladigan shaxsiy, oilaviy (ota-onasi, turmush oʻrtogʻi va farzandlari) ehtiyojlari uchun moʻljallangan hamda tadbirkorlik yoki boshqa tijorat faoliyatini amalga oshirish bilan bogʻliq boʻlmagan tovarlar;
tijorat maqsadlari uchun tovarlar — bojxona chegarasi orqali olib oʻtiladigan ishlab chiqarish, tadbirkorlik yoki boshqa tijorat faoliyati uchun moʻljallangan tovarlar.
4. Xalqaro pochta joʻnatmalariga ishlov berish, ularni bojxona organlari tomonidan nazorat qilish, shuningdek, tayinlangan joyga joʻnatish pochta aloqasi sohasidagi maxsus vakolatli organ tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi bilan kelishilgan holda belgilanadigan xalqaro pochta almashinuvi joylarida amalga oshiriladi.
Xalqaro kuryerlik joʻnatmalariga ishlov berish, ularni bojxona organlari tomonidan nazorat qilish, shuningdek, tayinlangan joyga joʻnatish:
temir yoʻl va avtomobil transporti orqali yetkazishda — maxsus belgilangan bojxona postlarida;
havo transporti orqali yetkazishda — xalqaro aeroportlar yoki ularga yaqin hududlarda joylashgan bojxona postlarida amalga oshiriladi.
5. Xalqaro pochta va kuryerlik joʻnatmalarida (keyingi oʻrinlarda — joʻnatmalar) yuboriladigan tovarlarning bojxona rasmiylashtiruvi qabul qiluvchilar yoki joʻnatuvchilar qaysi bojxona organining faoliyat koʻrsatish zonasida turgan boʻlsa, oʻsha bojxona organi tomonidan amalga oshirilishi mumkin.
Bojxona rasmiylashtiruvidan oʻtishi lozim boʻlgan joʻnatmalar ushbu bojxona organigacha bojxona nazorati ostida yetkaziladi.
6. Barcha joʻnatmalarga Oʻzbekiston Respublikasining tashqi iqtisodiy faoliyat sohasidagi qonunchilik hujjatlari talablari, ushbu Nizom qoidalari va Umumjahon pochta ittifoqi aktlari asosida belgilangan tartiblar, taqiqlar va cheklovlar tatbiq etiladi.
7. Bojxona chegarasi orqali olib oʻtiladigan joʻnatmalarda yuboriladigan tovarlar bojxona nazoratidan oʻtkaziladi. Joʻnatmalarni bojxona nazoratidan oʻtkazmasdan qabul qiluvchilarga berish yoki bojxona hududidan tashqariga joʻnatish taʼqiqlanadi.
8. Joʻnatmalarning bojxona nazorati keltiriladigan joʻnatmalar uchun bojxona chegarasini kesib oʻtishi bilan, olib chiqiladigan joʻnatmalar uchun esa bojxona deklaratsiyasi qabul qilingan vaqtdan boshlangan hisoblanadi.
Joʻnatmalarning bojxona nazorati olib kirishda bojxona organlari tomonidan chiqarishga ruxsat berilganda yoki olib chiqishda bojxona chegarasini kesib oʻtish vaqtida yakunlanadi.
9. Chetdan keltiriladigan joʻnatmalar bojxona nazorati zonasiga Oʻzbekiston Respublikasi Bojxona kodeksining 218-moddasida belgilangan tartibda yetkazilishi lozim.
10. Pochta aloqasi operatorlari va provayderlari xodimlari tomonidan transport tashkilotlari vakillariga joʻnatmalar topshirilishi va transport tashkilotlari vakillaridan pochta aloqasi operatorlari va provayderlari xodimlari tomonidan joʻnatmalar qabul qilinishi bojxona organining mansabdor shaxsi ishtirokida amalga oshiriladi.
11. Quyidagi hujjatlarga joʻnatmalar boʻyicha bojxona deklaratsiyasi sifatida qaraladi:
jismoniy shaxslarning manziliga notijorat maqsadlarda, shuningdek, yuridik shaxslar manziliga qiymati bazaviy hisoblash miqdorining oʻttiz baravarigacha boʻlgan miqdordagi xalqaro pochta joʻnatmalarida yuboriladigan tovarlar uchun — Umumjahon pochta ittifoqining aktlarida nazarda tutilgan hujjatlar;
(11-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 5-sentabrdagi 487-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.09.2022-y., 09/22/487/0794-son)
jismoniy shaxslarning manziliga notijorat maqsadlarda, shuningdek, yuridik shaxslar manziliga qiymati bazaviy hisoblash miqdorining oʻttiz baravarigacha boʻlgan miqdordagi xalqaro kuryerlik joʻnatmalarida yuboriladigan tovarlar uchun — tijorat hujjatlari.
(11-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 5-sentabrdagi 487-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.09.2022-y., 09/22/487/0794-son)
Boshqa hollarda joʻnatmalarda yuboriladigan tovarlarni deklaratsiyalash bojxona yuk deklaratsiyasini berish orqali amalga oshiriladi.
Joʻnatmalarda olib chiqiladigan, bojxona yuk deklaratsiyasi berilishi lozim boʻlgan tovarlarni deklaratsiyalash mazkur tovarlar pochta aloqasi tashkilotlariga topshirilayotganda amalga oshiriladi.
12. Har bir xalqaro kuryerlik joʻnatmalari boʻyicha pochta aloqasi operatorlari yoki provayderlari tomonidan bojxona organlariga bojxona deklaratsiyasi (bevosita xalqaro kuryerlik joʻnatmasiga yopishtirilgan boʻlishi lozim), mazkur Nizomga 1-ilovada keltirilgan shaklda manifest hamda qonunchilik hujjatlarida belgilangan dastlabki elektron shakldagi axborot (keyingi oʻrinlarida — dastlabki axborot) taqdim etiladi.
Dastlabki axborotning bojxona deklaratsiyasida koʻrsatilgan maʼlumotlar bilan muvofiqligiga xalqaro kuryerlik joʻnatmalari boʻyicha pochta aloqasi operatorlari va provayderlari masʼul hisoblanadi.
Dastlabki axborotning bojxona deklaratsiyasida koʻrsatilgan maʼlumotlar bilan nomuvofiqligi aniqlanganda yoxud dastlabki axborot mavjud boʻlmaganda, bojxona qonunchilik hujjatlarida belgilangan bojxona nazorati shakllari qoʻllaniladi.
Dastlabki axborot mavjud boʻlmaganda yoki qisman taqdim etilganda, xalqaro kuryerlik joʻnatmalarning bojxona nazorati va rasmiylashtiruvi axborot bojxona organlariga pochta aloqasi operatorlari yoki provayderlari tomonidan toʻliq taqdim etilgandan soʻng amalga oshiriladi.
Dastlabki axborot mavjud boʻlganda va ular bojxona deklaratsiyasida koʻrsatilgan maʼlumotlar bilan muvofiq boʻlsa hamda bojxona nazoratini amalga oshirgandan soʻng biror-bir tafovut aniqlanmasa, bojxona rasmiylashtiruvi bojxona organlarining axborot tizimlari orqali elektron ravishda amalga oshiriladi.
13. Keltirilgan joʻnatmalar pochta aloqasi operatorlari va provayderlari tomonidan bojxona organining mansabdor shaxsi ishtirokida ochiladi.
Pochta aloqasi operatorlari va provayderlari bojxona koʻzdan kechiruvini hamda bojxona koʻrigini oʻtkazish uchun bojxona organlariga joʻnatmalarni taqdim etadi.
Bojxona organlariga bojxona koʻzdan kechiruvi va bojxona koʻrigi uchun xatlar, pochta kartochkalari va sekogrammalar taqdim etilmaydi, xalqaro joʻnatmalarda tegishincha bojxona hududiga olib kirilishi yoki ushbu hududdan olib chiqilishi qonunchilik hujjatlarida taqiqlangan yoki cheklangan tovarlar mavjud deb hisoblash uchun bojxona organlarida yetarli asoslar mavjud boʻlgan hollar bundan mustasno.
Bojxona nazoratiga taqdim etilgan joʻnatmalarni ochish, hujjatli solishtirish, tortish, qadoqlash hamda yuborilayotgan buyumlarni pochta aloqasi operatorlari va provayderlari xodimlari tomonidan sanash, oʻlchash hamda tortish bojxona organi mansabdor shaxsi ishtirokida amalga oshiriladi.
14. Joʻnatmalarni ochish orqali bojxona koʻrigidan oʻtkazish bojxona organining mansabdor shaxsi va pochta aloqasi operatori yoki provayderining ikki nafar xodimi tomonidan amalga oshiriladi.
Joʻnatmalar bojxona koʻrigidan oʻtkazilayotganda, ularning miqdorida farqlar, joylanmalarida nomuvofiqliklar hamda bojxona toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlari buzilishining boshqa hollari aniqlangan taqdirda, belgilangan tartibda shakllantirilib, toʻldirilgan bojxona koʻrigi dalolatnomasi bojxona koʻrigini amalga oshirgan pochta aloqasi operatori yoki provayderining xodimlari hamda bojxona organi mansabdor shaxsi tomonidan imzolanib rasmiylashtiriladi.
15. Oʻzbekiston Respublikasi bojxona hududiga kiritilgan va respublika bojxona hududidan olib chiqilgan, muayyan sabablarga koʻra orqaga qaytarilgan joʻnatmalar bojxona organi tomonidan majburiy tartibda bojxona koʻrigidan oʻtkaziladi.
16. Oʻzbekiston Respublikasi hududi orqali tranzit harakatlanayotgan joʻnatmalarning bojxona nazorati Oʻzbekiston Respublikasi Bojxona kodeksining 116 — 120-moddalariga muvofiq amalga oshiriladi.
17. Boshqa davlat organlarining (veterinar, karantin va boshqalar) nazoratidan oʻtishi lozim boʻlgan joʻnatmalarning bojxona rasmiylashtiruvi tegishli kuzatuv hujjatlariga ushbu organlarning chiqarish toʻgʻrisidagi belgisi qoʻyilgandan keyin yoki ruxsat etuvchi hujjat taqdim etilgandan soʻng yakunlanadi.
18. Bojxona nazorati zonasidan bojxona chegarasi tashqarisiga chiqarilayotgan joʻnatmalar bojxona organi tomonidan kuzatuv hujjatlariga shtamp va muhr bosish orqali amalga oshiriladi.
19. Oʻzbekiston Respublikasi bojxona hududiga xorijiy davlatlardan keltiriladigan va Oʻzbekiston Respublikasi bojxona hududidan tashqariga joʻnatiladigan xalqaro pochta va kuryerlik joʻnatmalarining bojxona nazorati va rasmiylashtiruvi ushbu Nizomga 2 va 3-ilovalarda keltirilgan sxemalarga muvofiq yuboriladi.
2-bob. Oʻzbekiston Respublikasi bojxona hududiga keltirilayotgan joʻnatmalarni bojxona nazorati va rasmiylashtiruvidan oʻtkazish
20. Ushbu Nizomning 4-bandida koʻrsatilgan joylarda joʻnatmalarning bojxona nazoratini amalga oshirishda tovarlar qonunchilik hujjatlariga muvofiq bojxona toʻlovlariga tortilmaydigan boʻlsa, bojxona organi tomonidan bojxona deklaratsiyasi rasmiylashtiriladi va keyingi manzilga yoʻnaltirish hamda qabul qiluvchiga topshirish uchun pochta aloqasi operatori yoki provayderi xodimlariga topshiriladi.
21. Qabul qiluvchi shaxs joʻnatmani olishdan voz kechganda, koʻrsatilgan manzilda boʻlmaganda, saqlash muddati tugaganda, manzili toʻliq koʻrsatilmaganda yoki notoʻgʻri koʻrsatilganda, pochta aloqasi operatori yoki provayderi tomonidan ushbu joʻnatmalarni ortga qaytarish choralari koʻriladi.
22. Joʻnatmalar ichida tijorat maqsadida olib kelingan deb qaralgan tovarlar mavjud boʻlganda, bojxona rasmiylashtiruvi tegishli tartibda amalga oshiriladi.
23. Joʻnatmalar orqali yuborilgan tovarlar boʻyicha bojxona toʻlovlari vakolatli shaxs tomonidan toʻlanadi.
Joʻnatmalardagi tovarlar tadbirkorlik yoki boshqa tijorat maqsadlarida olib kelingan taqdirda, ularga nisbatan bojxona qonunchilik hujjatlarida belgilangan bojxona rasmiylashtiruvining umumiy qoidalari olib oʻtilayotgan tovarlarning umumiy miqdoriga nisbatan qoʻllaniladi.
Joʻnatmalardagi tovarlar miqdori yoki qiymati jismoniy shaxslar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi bojxona hududiga tovarlarni shaxsiy ehtiyojlar uchun bojxona toʻlovlari toʻlamasdan olib kirishning cheklangan meʼyorlaridan ortgan taqdirda, Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat tovar nomenklaturasi kodidan va kelib chiqish mamlakatidan qatʼi nazar, tovarlarning barcha toifalari boʻyicha bojxona qiymatidan va (yoki) ogʻirligidan kelib chiqib, olib kirish meʼyorlaridan ortiq qismiga nisbatan yagona bojxona toʻlovi undiriladi.
Tovarlarga nisbatan hisoblangan bojxona toʻlovlari toʻlangandan soʻng joʻnatmalar vakolatli shaxsga topshiriladi.
24. Bojxona yuk deklaratsiyasini taqdim etish talab qilinmaydigan tovarlar uchun bojxona toʻlovlari bojxona kirim orderidan foydalangan holda undiriladi. Bojxona toʻlovlarini hisoblash va bojxona kirim orderini toʻldirish bojxona organining mansabdor shaxsi tomonidan amalga oshiriladi.
25. Bojxona yuk deklaratsiyasini taqdim etish talab qilinmaydigan tovarlar uchun bojxona toʻlovlari summasini hisoblash bojxona maqsadlari uchun foydalaniladigan Umumjahon pochta ittifoqining aktlarida nazarda tutilgan hujjatlar hamda tijorat hujjatlari asosida amalga oshiriladi.
Tovarlarning qiymati toʻgʻrisida maʼlumot mavjud boʻlmaganda yoki tovarlarning narxi asossiz pasaytirilib koʻrsatilganda, tovarlarning bojxona qiymati bojxona organi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Bojxona kodeksining 164-moddasi talablariga muvofiq aniqlanadi hamda bojxona toʻlovlarini hisoblash va ularni toʻlash belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
26. Joʻnatmalarning bojxona rasmiylashtiruvi, bojxona organlari tomonidan qonunchilik hujjatlariga muvofiq hisoblangan bojxona toʻlovlari ushbu Nizom 23 — 25-bandlarida belgilangan tartibda bunday joʻnatmalarni qabul qilib oluvchilar tomonidan toʻlangandan keyin amalga oshiriladi.
(26-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 5-sentabrdagi 487-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.09.2022-y., 09/22/487/0794-son)
Bojxona toʻlovlari hisoblangan xalqaro kuryerlik joʻnatmalarini qabul qiluvchilar bojxona nazorati amalga oshirilayotgan hududdan boshqa hududda joylashgan taqdirda, bunday joʻnatmalar bojxona nazorati ostida qabul qiluvchining joylashgan hududidagi bojxona organiga belgilangan tartibda yetkazib beriladi.
3-bob. Oʻzbekiston Respublikasidan yuborilayotgan joʻnatmalarni bojxona nazorati va rasmiylashtiruvidan oʻtkazish
27. Yuboriladigan joʻnatmalarga ishlov berish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi hududida ular joʻnatuvchilardan bojxona nazorati zonalarida qabul qilib olinishida boshlanadi.
28. Har bir joʻnatuvchi joʻnatmalarni pochta aloqasi operatorlari va provayderlariga topshirishdan oldin amaldagi qoidalar bilan tanishib chiqishga va yuk kuzatuv hujjatlarini belgilangan shaklda toʻldirishga majbur.
Joʻnatmalar joʻnatuvchi tomonidan amaldagi qoidalarga binoan ushbu jarayonlarni nazorat qilish yuklatilgan pochta aloqasi operatorlari yoki provayderlari xodimi ishtirokida qadoqlanadi.
29. Pochta aloqasi operatorlari va provayderlari tomonidan qabul qilingan chiquvchi joʻnatmalar kuzatuv hujjatlari bilan birga bojxona nazorat zonasiga tushadi va ularni tortish, dastlabki ajratish va yukxati yozish boʻlinmalariga topshiriladi.
Ajratish boʻlinmalaridan joʻnatmalar kuzatuv hujjatlari bilan birga bojxona nazoratidan oʻtkazish uchun qabul qilinadi.
30. Pochta aloqasi operatorlari va provayderlari xodimlari tomonidan bojxona organi xodimi bilan birgalikda joʻnatmalarning kuzatuv hujjatlari oldindan tekshirib chiqiladi va joʻnatish taqiqlangan buyumlar egasiga qaytarish uchun ajratiladi. Ushbu joʻnatmalarning kuzatuv hujjatlarida qaytarish sabablari koʻrsatilgan holda tegishli xizmatlar tomonidan belgi qoʻyiladi.
31. Oʻzbekiston Respublikasi bojxona hududidan joʻnatilayotgan joʻnatmalar yuridik shaxslar, pochta aloqasi operatorlari va provayderlari tomonidan bojxona rasmiylashtiruvi tugagandan soʻng qabul qilinadi.
32. Eksport qiluvchilar Oʻzbekiston Respublikasining banklaridagi oʻz hisobvaraqlariga toʻliq toʻlov kelib tushgandan keyin va ushbu maʼlumotlarni Tashqi savdo operatsiyalarning yagona elektron axborot tizimiga kiritgandan soʻng eksport shartnomalari tuzmasdan, internet-doʻkonlari orqali tovarlar, ishlar va xizmatlarni eksport qilish huquqiga ega boʻladi, qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Bunda xalqaro toʻlov tizimi orqali toʻlangan holda Internet butunjahon axborot tarmogʻi orqali bitta invoys boʻyicha qiymati 5 000 AQSH dollarigacha boʻlgan tovar (xizmat)larni eksport qilishda, xaridor bilan yozma shartnoma tuzish talab etilmaydi hamda barcha yuridik va jismoniy shaxslarga Tashqi savdo operatsiyalarining yagona elektron axborot tizimiga axborot kiritmasdan hamda bojxona yuk deklaratsiyasini rasmiylashtirmasdan tovarlar eksportini amalga oshirishga ruxsat etiladi.
Ushbu bandning ikkinchi xatboshida koʻrsatilgan tovarlarni oʻz ichiga olgan joʻnatmalar qonunchilikda belgilangan tartibda joʻnatiladi.
4-bob. Yakunlovchi qoidalar
33. Mazkur Nizom talablarini bajarishda kelib chiqadigan nizolar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
34. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
Xalqaro pochta va kuryerlik joʻnatmalarini bojxona nazorati va rasmiylashtiruvidan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasiga olib kiriladigan xalqaro kuryerlik joʻnatmalari boʻyicha
MANIFEST
Izoh. Manifestda koʻrsatilgan maʼlumotlarni oʻzgartirmagan holda jadvalni qayta shakllantirishga yoʻl quyiladi.
Xalqaro pochta va kuryerlik joʻnatmalarini bojxona nazorati va rasmiylashtiruvidan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi hududiga keltirilayotgan xalqaro pochta va kuryerlik joʻnatmalarini bojxona nazorati va rasmiylashtiruvidan oʻtkazish
SXEMASI
Bosqichlar
Subyektlar
Tadbirlar
Muddat
1-bosqich
Pochta aloqasi operatorlari va provayderlari
Oʻzbekiston Respublikasi bojxona nazorati hududiga xalqaro kuryerlik joʻnatmalari orqali kelayotgan tovarlar toʻgʻrisida davlat bojxona xizmati organlarining avtomatlashtirilgan tizimiga Yagona davlat interaktiv xizmatlari portali (YADIXP) orqali dastabki axborotni yuborish.
Xalqaro kuryerlik joʻnatmalarining bojxona nazorati amalga oshirilgunga qadar
2-bosqich
Bojxona organi xodimi
1. Oldindan kelib tushgan dastabki axborotni bojxona deklaratsiyasida koʻrsatilgan maʼlumotlar bilan taqqoslash va joʻnatmaning qanday maqsadlarda olib kirilayotganligini aniqlash.
Har bir xalqaro kuryerlik joʻnatmasi uchun 20 daqiqa
2. Joʻnatmalarning bojxona nazoratini amalga oshirishda tovarlar qonunchilik hujjatlariga muvofiq bojxona toʻlovlariga tortilmaydigan boʻlsa, bojxona rasmiylashtiruvi, shu jumladan, xavfni boshqarish tizimini qoʻllagan holda amalga oshirish.
Har bir xalqaro pochta va kuryerlik joʻnatmasi uchun 20 daqiqa
3. Joʻnatmani keyingi manzilga yoki qabul qiluvchiga yetkazish uchun pochta aloqasi operatorlari va provayderlariga topshirish.
Bojxona nazorati yakuni bilan
Xalqaro pochta va kuryerlik joʻnatmalarini bojxona nazorati va rasmiylashtiruvidan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 3-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi hududidan chiqib ketayotgan xalqaro pochta va kuryerlik joʻnatmalarini bojxona nazorati va rasmiylashtiruvidan oʻtkazish
SXEMASI
Bosqichlar
Subyektlar
Tadbirlar
Muddat
1-bosqich
Pochta aloqasi operatorlari va provayderlari
Oʻzbekiston Respublikasi bojxona nazorati hududiga xalqaro pochta va kuryerlik joʻnatmalarini yetkazish.
Xalqaro pochta va kuryerlik joʻnatmalarining bojxona nazorati amalga oshirilgunga qadar
2-bosqich
Bojxona organi xodimi
1. Joʻnatmalarni bojxona nazorati va rasmiylashtiruvi, shu jumladan, xavfni boshqarish tizimini qoʻllagan holda amalga oshirish.
Har bir xalqaro pochta va kuryerlik joʻnatmasi uchun 20 daqiqa
2. Joʻnatmalarni keyingi manzilga yetkazish uchun pochta aloqasi operatorlari va provayderlariga topshirish.
Bojxona nazorati yakuni bilan
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.12.2021-y., 09/21/767/1179-son; 05.09.2022-y., 09/22/487/0794-son)