O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan yollangan xodimlarni davlat soliq xizmati organlarida hisobga qo‘yish hamda soliq solinadigan daromadlar va chegiriladigan xarajatlar hisobini yuritishni tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholi va tadbirkorlik subyektlariga davlat xizmatlaridan foydalanishda yanada qulay sharoitlar yaratish, bu borada byurokratik to‘siqlarni qisqartirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2021-yil 23-martdagi PF-6191-son Farmoni ijrosini ta’minlash, shuningdek, yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan soliq solinadigan daromadlarning va xarajatlarning hisobini yuritish tartibini belgilash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Belgilansinki:
yakka tartibdagi tadbirkorlarga qonunchilik hujjatlarida belgilangan faoliyat turlari bo‘yicha besh nafargacha xodimlarni yollash huquqi beriladi;
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 7-yanvardagi 6-son qarori bilan tasdiqlangan Yakka tartibdagi tadbirkorlar shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat turlari ro‘yxati.
Oldingi tahrirga qarang.
yakka tartibdagi tadbirkor tomonidan yollangan xodimlar elektron tartibda shaxsiy kabinet yoki mobil ilova, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali va Davlat xizmatlari markazlari orqali davlat soliq organlarida ro‘yxatga qo‘yiladi;
(1-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 24-dekabrdagi 821-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 25.12.2025-y., 09/25/821/1211-son)
yakka tartibdagi tadbirkor tomonidan mehnat daftarchasi yuritilmaydi;
yakka tartibdagi tadbirkor bilan mehnat munosabatlariga kirishgan jismoniy shaxslarga yakka tartibdagi tadbirkor sifatida qaralmaydi va ular yakka tartibdagi tadbirkor nomidan huquqiy hujjatlarni imzolash huquqiga ega emas;
xodimlarni yollagan holda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiradigan yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan faoliyat faqat bitta manzil bo‘yicha shoxobchada amalga oshiriladi;
yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan soliq solinadigan daromadlar va chegiriladigan xarajatlarning hisobini yuritish soliq bazasini hisoblab chiqarishning soddalashtirilgan tartibini tanlagan yakka tartibdagi tadbirkorlarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
2. Quyidagilarni nazarda tutuvchi:
Yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan yollangan xodimlarni davlat soliq xizmati organlarida hisobga qo‘yish tartibi to‘g‘risidagi nizom 1-ilovaga muvofiq:
yakka tartibdagi tadbirkorlar belgilangan tartibda bank hisobvarag‘i ochgandan so‘ng xodimlarni yollash huquqiga ega bo‘lishi;
yakka tartibdagi tadbirkor va xodim o‘rtasida yozma shakldagi mehnat shartnomasini tuzish tartibi;
mehnat shartnomasining amal qilish muddati va xodimning mehnat stajini hisoblash tartibi;
davlat soliq xizmati organi tomonidan yakka tartibdagi tadbirkor yollagan xodimni hisobga qo‘yish kartochkasini yuritish tartibi;
xodimlarni yollagan holda faoliyatni amalga oshirayotgan yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan to‘lanadigan soliqlarni hisoblash tartibi.
Yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan soliq solinadigan daromadlar va chegiriladigan xarajatlarning hisobini yuritish tartibi to‘g‘risidagi nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
daromadlar va tovar operatsiyalarini hisobga olish registrlari yuritilishi, ularda yakka tartibdagi tadbirkor to‘g‘risidagi ma’lumotlar aks ettirilishi;
tovar cheklari daftarchasi yakka tartibdagi tadbirkorning arizasiga asosan u ro‘yxatdan o‘tkazilgan joydagi davlat soliq xizmati organlarida ro‘yxatdan o‘tkazilishi;
daromadlarni va tovar operatsiyalarini hisobga olish registrlarini tasdiqlash, registrlarni saqlash muddati;
davlat soliq xizmati organlari tomonidan yakka tartibdagi tadbirkorlarning soliq solinadigan daromadlarini aniqlash hamda yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan daromad solig‘ini to‘lash tartibi.
3. Vazirlar Mahkamasining “Xususiy tadbirkorlar yuridik shaxs tashkil etmasdan shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat turlari ro‘yxatini tasdiqlash to‘g‘risida” 2011-yil 7-yanvardagi 6-son qaroriga (O‘zbekiston Respublikasi QT, 2011-y., 1-son, 3-modda) 3-ilovaga muvofiq o‘zgartirishlar kiritilsin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining 4-ilovaga muvofiq ayrim qarorlari o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ikki oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
6. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari — iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri J.A. Qo‘chqorov va O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi raisi Sh.D. Kudbiyev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2021-yil 22-noyabr,
707-son
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-noyabrdagi 707-son qaroriga
1-ILOVA
Yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan yollangan xodimlarni davlat soliq xizmati organlarida hisobga qo‘yish tartibi to‘g‘risida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan yollangan xodimlarni (keyingi o‘rinlarda — xodim) davlat soliq xizmati organlarida hisobga qo‘yish tartibini belgilaydi.
Mazkur Nizomning amal qilishi yuridik shaxs tashkil etmagan oilaviy tadbirkorlik subyektlariga tatbiq etilmaydi.
2. Yakka tartibdagi tadbirkorlar belgilangan tartibda bank hisobvarag‘i ochgandan so‘ng xodimlarni yollash huquqiga ega bo‘ladi.
3. Yakka tartibdagi tadbirkorlar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda xodimlarni yollash huquqiga ega.
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksi 29-bobinig 2-paragrafi.
4. Yakka tartibdagi tadbirkor bilan mehnat munosabatlariga kirishgan jismoniy shaxslarga yakka tartibdagi tadbirkor sifatida qaralmaydi va ular yakka tartibdagi tadbirkor nomidan huquqiy hujjatlarni imzolash huquqiga ega emas.
2-bob. Yakka tartibdagi tadbirkor va yollangan xodim o‘rtasida mehnat shartnomasini tuzish hamda mehnat stajini hisoblash tartibi
5. Yakka tartibdagi tadbirkor va uning yollangan xodimi o‘rtasidagi mehnat munosabatlari ushbu Nizomda nazarda tutilgan yakka tartibdagi tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish xususiyatlarini hisobga olgan holda mehnat to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari bilan tartibga solinadi.
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksi 29-bobinig 2-paragrafi.
6. Yakka tartibdagi tadbirkor xodimlarning qonunchilik hujjatlarida belgilangan mehnat huquqlariga rioya etilishini ta’minlashi shart.
7. Xodimni yollashda (ishga qabul qilishda) yakka tartibdagi tadbirkor ushbu Nizomga 1-ilovada keltirilgan shaklga muvofiq yozma mehnat shartnomasini tuzadi.
Xodim ahvolini qonunchilikda belgilangan normalarga nisbatan yomonlashtiradigan mehnat shartnomasi shartlari haqiqiy hisoblanmaydi.
8. Mehnat shartnomasining amal qilish muddati yakka tartibdagi tadbirkorni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risidagi guvohnomaning amal qilish muddatidan oshmasligi kerak.
9. Mehnat shartnomasi ikki nusxada tuziladi. Shartnomaning bir nusxasi yakka tartibdagi tadbirkorda va ikkinchi nusxasi xodimda qoladi.
10. Mehnat shartnomasida yakka tartibdagi tadbirkorning imzosini muhr bilan tasdiqlash va ishga qabul qilish to‘g‘risida buyruq rasmiylashtirilishi talab qilinmaydi.
11. Xodimning mehnat stajini hisoblash uning uchun O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga ijtimoiy soliq to‘langanligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar asosida amalga oshiriladi.
3-bob. Yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan xodimlarni davlat soliq xizmati organlarida hisobga qo‘yish
12. Yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan xodimlarni davlat soliq xizmati organlarida hisobga qo‘yish ushbu Nizomga 2-ilovada keltirilgan sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
13. Yakka tartibdagi tadbirkor xodimini hisobga qo‘yish to‘g‘risidagi arizani xodim bilan mehnat shartnomasi tuzilgan sanadan boshlab uch ish kunidan kechikmay soliq bo‘yicha hisobga qo‘yish joyidagi davlat soliq xizmati organiga ushbu Nizomga 3-ilovada keltirilgan shaklga muvofiq shaxsiy kabineti yoki mobil ilovasi shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (keyingi o‘rinlarda — YIDXP) va Davlat xizmatlari markazlari orqali eksterritorial tarzda taqdim etadi.
(13-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 24-dekabrdagi 821-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 25.12.2025-y., 09/25/821/1211-son)
14. Xodimni hisobga qo‘yish to‘g‘risidagi arizaga yakka tartibdagi tadbirkor va xodim o‘rtasida tuzilgan mehnat shartnomasining nusxasi ilova qilinadi.
Oldingi tahrirga qarang.
15. Davlat soliq xizmati organi tomonidan xodimni hisobga qo‘yish to‘g‘risidagi ariza olingan sanadan boshlab bir ish kunidan kechikmay mazkur Nizomga 4-ilovada keltirilgan shakl bo‘yicha QR-kod qo‘yilgan xodimni hisobga qo‘yish kartochkasi (keyingi o‘rinlarda — hisobga qo‘yish kartochkasi) yakka tartibdagi tadbirkorning shaxsiy kabinetiga yoki mobil ilovasiga shuningdek, YIDXPdagi shaxsiy kabinetiga yoki Davlat xizmatlari markazlariga (o‘zi kelib murojaat qilganda) jo‘natiladi.
(15-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 24-dekabrdagi 821-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 25.12.2025-y., 09/25/821/1211-son)
16. Hisobga qo‘yish kartochkasi xodim va yakka tartibdagi tadbirkor o‘rtasida tuzilgan mehnat shartnomasining amal qilish muddatiga beriladi.
17. Amal qilish muddati tugagan hisobga qo‘yish kartochkasi o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
O‘z kuchini yo‘qotgan hisobga qo‘yish kartochkasini qayta tiklash uchun yakka tartibdagi tadbirkor tomonidan ushbu Nizomning 14-bandiga muvofiq shaxsiy kabinet yoki mobil ilova shuningdek, YIDXP va Davlat xizmatlari markazlari orqali eksterritoriallik tamoyili asosida ariza jo‘natiladi.
(17-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 24-dekabrdagi 821-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 25.12.2025-y., 09/25/821/1211-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Mazkur arizaga asosan davlat soliq xizmati organi tomonidan bir ish kunidan kechiktirmasdan yakka tartibdagi tadbirkorning shaxsiy kabinetiga yoki mobil ilovasiga shuningdek, YIDXPdagi shaxsiy kabinetiga yoki Davlat xizmatlari markazlariga (o‘zi kelib murojaat qilganda) ushbu Nizomning 16-bandiga muvofiq hisobga qo‘yish kartochkasi jo‘natiladi.
(17-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 24-dekabrdagi 821-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 25.12.2025-y., 09/25/821/1211-son)
Oldingi tahrirga qarang.
18. Xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasi muddatidan oldin bekor qilingan taqdirda, yakka tartibdagi tadbirkor shaxsiy kabineti yoki mobil ilovasi shuningdek, YIDXP va Davlat xizmatlari markazlari orqali soliq bo‘yicha hisobga qo‘yish joyidagi davlat soliq xizmati organiga xodim bilan mehnat shartnomasi bekor qilinganligi to‘g‘risidagi xabarnomani ushbu Nizomga 5-ilovaga muvofiq shaklda bir ish kunidan kechiktirmasdan eksterritorial tarzda yuboradi.
(18-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 24-dekabrdagi 821-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 25.12.2025-y., 09/25/821/1211-son)
Davlat soliq xizmati organi xabarnoma qabul qilingan kunning o‘zida xodimni hisobga qo‘yish kartochkasini bekor qiladi.
Mehnat shartnomasi bekor qilinganligi to‘g‘risidagi xabarnomani o‘z vaqtida yubormaslik, yakka tartibdagi tadbirkorning majburiyatlari bo‘yicha jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini va ijtimoiy soliqni hisoblashni to‘xtatib turishga asos bo‘lmaydi.
19. Hisobga qo‘yish kartochkasi yo‘qolgan yoki yaroqsiz bo‘lib qolgan hollarda davlat soliq xizmati organi tomonidan yakka tartibdagi tadbirkorning shaxsiy kabinetiga yoki mobil ilovasiga jo‘natilgan kartochkadan qayta chop etish orqali foydalanilishi mumkin.
20. Davlat soliq xizmati organlari yakka tartibdagi tadbirkorlarning yollangan xodimlari hisobini belgilangan tartibda yuritadi.
4-bob. Xodimlarni yollagan holda faoliyatni amalga oshiradigan yakka tartibdagi tadbirkorlarga soliqlarni hisoblash
21. Yakka tartibdagi tadbirkorlarga xodim uchun O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga muvofiq jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i va ijtimoiy soliq to‘lash majburiyati yuklanadi.
22. Xodimlarni yollagan holda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiradigan yakka tartibdagi tadbirkor faoliyatini faqat bitta manzil bo‘yicha shoxobchada amalga oshirish huquqiga ega.
23. Ijtimoiy soliqni O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga to‘lashda to‘lov topshiriqnomasi (kirim orderi)da xodimning familiyasi, ismi, otasining ismi, jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami va to‘lovning qaysi davr uchun to‘lanayotgani majburiy tartibda ko‘rsatilgan bo‘lishi shart.
Bunda, har bir xodim bo‘yicha to‘lov topshiriqnomasi (kirim orderi) alohida yoziladi.
24. Agar yakka tartibdagi tadbirkorning faoliyati vaqtinchalik yoki butunlay to‘xtatilsa, o‘zining shaxsiy kabineti yoki mobil ilovasi orqali soliq bo‘yicha hisobga qo‘yish joyidagi davlat soliq xizmati organiga ushbu Nizomning 19-bandiga muvofiq yuborgan xabarnomasi asosida xodimga jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i va ijtimoiy soliq hisoblanishi to‘xtatiladi.
Faoliyatini vaqtinchalik to‘xtatgan yakka tartibdagi tadbirkor faoliyati qayta tiklangan sanadan boshlab hisobga qo‘yish kartochkasining muddati o‘tmagan bo‘lsa, belgilangan tartibda xodimga jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i va ijtimoiy soliq hisoblanadi.
Faoliyatini vaqtinchalik to‘xtatgan yakka tartibdagi tadbirkor faoliyati qayta tiklangan sanadan boshlab hisobga qo‘yish kartochkasining muddati o‘tgan bo‘lsa, ushbu Nizomning 14-bandiga asosan shaxsiy kabinet yoki mobil ilova orqali eksterritorial tarzda ariza jo‘natadi.
Mazkur ariza tushgan sanadan boshlab davlat soliq xizmati organi ushbu Nizomning 16-bandiga asosan yakka tartibdagi tadbirkorning shaxsiy kabineti yoki mobil ilovasiga hisobga qo‘yish kartochkasini jo‘natishi lozim.
5-bob. Yakunlovchi qoidalar
25. Yakka tartibdagi tadbirkor bilan mehnat shartnomasini tuzmasdan faoliyat ko‘rsatayotgan xodimlar aniqlangan taqdirda, yakka tartibdagi tadbirkor xodimlar sonini yashirganligi uchun ma’muriy javobgarlikka tortiladi.
26. Xodimlarni ishga jalb qiladigan yakka tartibdagi tadbirkorlar ushbu Nizom talablarini hisobga olgan holda soliqlar va yig‘imlarni hisoblashning to‘g‘riligi hamda ularning qonunchilikka muvofiq o‘z vaqtida to‘lanishi yuzasidan javobgardirlar.
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksi 29-bobinig 2-paragrafi.
27. Yakka tartibdagi tadbirkorning xodimi savdo va xizmatlar ko‘rsatish qoidalarini buzgan taqdirda, unga nisbatan qonunda belgilangan tartibda javobgarlik choralari tatbiq etiladi. Bunda, moliyaviy sanksiya xodimni ishga jalb qilgan yakka tartibdagi tadbirkorga nisbatan qo‘llaniladi.
28. Davlat soliq xizmati organlari qonunchilikka muvofiq soliqlar va yig‘imlarni hisoblash va to‘lashning to‘g‘riligi yuzasidan nazoratni amalga oshiradilar.
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 2 va 51-boblari.
Oldingi tahrirga qarang.
(1-ilova O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 14-noyabrdagi 758-sonli qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 15.11.2024-y., 09/24/758/0926-son)
Yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan yollangan xodimlarni davlat soliq xizmati organlarida hisobga qo‘yish tartibi to‘g‘risidagi nizomga
2-ILOVA
Yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan yollangan xodimlarni davlat soliq xizmati organlarida hisobga qo‘yish
SXEMASI
Oldingi tahrirga qarang.

Bosqichlar

Subyektlar

Tadbirlar

Bajarish muddatlari

1-bosqich

Yakka tartibdagi tadbirkor

Yakka tartibdagi tadbirkor xodim bilan mehnat shartnomasi tuzgandan so‘ng uch ish kunidan kechikmay xodimni hisobga qo‘yish to‘g‘risidagi arizani soliq bo‘yicha hisobga qo‘yish joyidagi davlat soliq xizmati organiga shaxsiy kabineti yoki mobil ilova shuningdek, YIDXP va Davlat xizmatlari markazlari orqali eksterritorial tarzda yuboradi.

3 ish kunidan kechiktirmasdan

2-bosqich

Davlat soliq xizmati organi

Davlat soliq xizmati organi yakka tartibdagi tadbirkorning xodimni hisobga qo‘yish to‘g‘risidagi arizasini olgan sanadan boshlab bir ish kunidan kechikmay QR-kod qo‘yilgan xodimni hisobga qo‘yish kartochkasini yakka tartibdagi tadbirkorning shaxsiy kabinetiga yoki mobil ilovasiga shuningdek, YIDXPdagi shaxsiy kabinetiga yoki Davlat xizmatlari markazlariga (o‘zi kelib murojaat qilganda) jo‘natadi.

1 ish kunidan kechiktirmasdan

3-bosqich

Yakka tartibdagi tadbirkor

Xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasi muddatidan oldin bekor qilingan taqdirda, yakka tartibdagi tadbirkor yollangan xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilinganligi to‘g‘risidagi xabarnomani bir ish kunidan kechiktirmasdan soliq bo‘yicha hisobga qo‘yish joyidagi davlat soliq xizmati organiga shaxsiy kabineti yoki mobil ilova shuningdek, YIDXP va Davlat xizmatlari markazlari orqali eksterritorial tarzda yuboradi.

1 ish kunidan kechiktirmasdan

4-bosqich

Davlat soliq xizmati organi

Davlat soliq xizmati organi yakka tartibdagi tadbirkorning xodimi bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilinganligi to‘g‘risidagi xabarnomasini qabul qilgan kunning o‘zida xodimni hisobga qo‘yish kartochkasini bekor qiladi.

Xabarnoma qabul qilingan kunning o‘zida

(2-ilova O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 24-dekabrdagi 821-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 25.12.2025-y., 09/25/821/1211-son)
Yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan yollangan xodimlarni davlat soliq xizmati organlarida hisobga qo‘yish tartibi to‘g‘risidagi nizomga
3-ILOVA
‎‎________________________________________________________________________________________dan

(yakka tartibdagi tadbirkorning F.I.O. )‎‎

_____________________________________________________________________________ga taqdim etiladi‎‎

‎‎(soliq bo‘yicha hisobga qo‘yish joyidagi davlat soliq xizmati organi)

‎‎

Yollanadigan xodimni hisobga qo‘yish to‘g‘risida
‎ARIZA ‎‎

‎‎_________________________________________________________________________________________ni

‎‎(xodimning F.I.O.)

_______________________________________________________________________ni amalga oshirish uchun

‎‎(faoliyat turi)

_________________________________________________________________________________________ga

‎‎(faoliyat amalga oshiriladigan joy)

‎‎_________________________________________________ muddatga yakka tartibdagi tadbirkorning yollanma xodimi sifatida hisobga qo‘yishingizni so‘rayman.

‎‎
‎‎Xodim to‘g‘risidagi ma’lumotlar:
‎‎F.I.O. _____________________________________________________________________________________
‎‎ID-karta ma’lumoti yoki pasport seriyasi ___________ raqami __________ ____________ tomonidan berilgan
‎‎Uy manzili: ________________________________________________________________________________
‎Soliq to‘lovchining JSHSHIR:__________________________________________________________________
‎‎

‎‎Yakka tartibdagi tadbirkor to‘g‘risidagi ma’lumotlar:
‎ID-karta ma’lumoti yoki pasporti ma’lumotlari: __________________________________________________

‎‎
Uy manzili: ________________________________________________________________________________ Pochta indeksi: __________________________ Bog‘lanish telefoni: ___________________________________ Soliq to‘lovchining JSHSHIR:___________________________________________________________________ Arizaga qo‘shimcha ravishda ilova qilinadigan hujjatlar:
‎1. _________________________________________________________________________________________
‎2. _________________________________________________________________________________________
3. _________________________________________________________________________________________ ‎‎
‎‎
__‎‎_________________________________‎‎ ‎‎_______________________

(to‘ldirilgan sanasi va vaqti)‎‎

(YTT imzosi)‎‎

Yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan yollangan xodimlarni davlat soliq xizmati organlarida hisobga qo‘yish tartibi to‘g‘risidagi nizomga
4-ILOVA

YOLLANGAN XODIMNI HISOBGA QO‘YISH
‎KARTOCHKASI ‎‎

‎‎

‎‎№ __________

‎‎20__ yil “___”___________

Xodim to‘g‘risidagi ma’lumotlar:
‎F.I.O. _____________________________________________________________________________________
‎Uy manzili: ________________________________________________________________________________
‎Soliq to‘lovchining JSHSHIR:___________________________________________________________________ ‎‎
‎‎

___________________ tumani (shahri) davlat soliq inspeksiyasi tomonidan yakka tartibdagi tadbirkorning yollangan xodimi sifatida hisobga qo‘yilgan.‎‎

‎‎
‎‎Ish beruvchi (yakka tartibdagi tadbirkor) to‘g‘risidagi ma’lumotlar:
‎‎F.I.O. _____________________________________________________________________________________
‎Uy manzili:________________________________________________________________________________
‎Soliq to‘lovchining JSHSHIR: __________________________________________________________________
‎Amalga oshiriladigan faoliyat turi:_____________________________________________________________
‎Faoliyatni amalga oshirish joyi:_______________________________________________________________
‎20__ yil “___” ___________ gacha haqiqiydir.
‎‎
‎‎



‎QR kod‎‎

DSI rahbari (o‘rinbosari)‎‎

‎‎
Yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan yollangan xodimlarni davlat soliq xizmati organlarida hisobga qo‘yish tartibi to‘g‘risidagi nizomga
5-ILOVA

JSHSHIR‎

□□‎‎□‎‎□‎‎□‎‎□‎‎□‎‎□‎‎□‎‎□‎‎□‎‎□‎‎□‎‎□‎‎‎‎

Xodim bilan mehnat shartnomasi bekor qilinganligi to‘g‘risida
‎ XABARNOMA

‎‎

‎‎Yakka tartibdagi tadbirkor ___________________________________________ bilan fuqaro ________________________________o‘rtasida 20__ yil “___” ____________da tuzilgan “___”-sonli mehnat shartnomasi 20__ yil “___” ____________dan bekor qilinganligi sababli 20__ yil “__”_________da berilgan ____-sonli xodimning hisobga qo‘yish kartochkasini bekor qilishingizni so‘rayman.

‎‎
_______________________‎‎ _______________________‎‎

‎‎(to‘ldirilgan sanasi va vaqti)

(YTT)‎‎

Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-noyabrdagi 707-son qaroriga
2-ILOVA
Yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan soliq solinadigan daromadlar va chegiriladigan xarajatlarning hisobini yuritish tartibi to‘g‘risida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan soliq solinadigan daromadlar va chegiriladigan xarajatlarning hisobini yuritish tartibini belgilaydi.
Ushbu Nizomning amal qilishi qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda ayrim yakka tartibdagi tadbirkorlarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
2. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:
tovarlar (xizmatlar)ni realizatsiya qilishdan olingan daromad — hisobot davrida tovarlar (xizmatlar)ni realizatsiya qilishdan tushgan jami tushum summasi;
sof daromad — tovarlar (xizmatlar)ni realizatsiya qilishdan olingan daromaddan ushbu tovarlarning (xom ashyoning) hujjatlar bilan tasdiqlangan tannarxi, ularni sotib olish, saqlash, sotish va ma’muriy xarajatlar chegirilgan holda yakka tartibdagi tadbirkorning ixtiyorida qolgan daromad (foyda) summasi.
2-bob. Yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun daromadlarni va tovar operatsiyalarini hisobga olish registrlari
3. Yakka tartibdagi tadbirkorlar soliq solinadigan daromadlarni va xarajatlarni hisobga olish registrlarida daromadlar va xarajatlar hisobini yuritishi shart.
Daromadlar va xarajatlarni hisobga olish registrlari quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
yakka tartibdagi tadbirkorning daromadlari va xarajatlarini hisobga olish daftari;
tovar cheklari daftari yoki nazorat-kassa texnikasi cheki.
Bunda, daromadlar va tovar operatsiyalarini hisobga olish registrlari daftar shaklida (keyingi o‘rinlarda — hisobga olish daftari) tikiladi, uning birinchi varag‘i yakka tartibdagi tadbirkor to‘g‘risidagi ma’lumotlar bilan to‘ldiriladi.
Hisobga olish daftarining keyingi varaqlarida faoliyat turidan kelib chiqib:
chakana savdo faoliyati bilan shug‘ullanuvchi yakka tartibdagi tadbirkorlarning daromadlarini hisobga olish registrlari;
xizmat ko‘rsatish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi yakka tartibdagi tadbirkorlarning daromadlarini hisobga olish registrlari;
xarajatlarni hisobga olish registrlari o‘z faoliyati uchun lozim bo‘ladigan miqdorda (varaqda) tikiladi.
4. Aholi bilan pullik hisob-kitoblarni nazorat-kassa texnikasini qo‘llamasdan amalga oshirishi mumkin bo‘lgan faoliyat turlari bilan shug‘ullanadigan yakka tartibdagi tadbirkor tovar cheklari daftarini davlat soliq xizmati organlariga ro‘yxatdan o‘tkazish uchun taqdim etishi lozim.
Tovar cheklari daftari yakka tartibdagi tadbirkorning arizasiga asosan u ro‘yxatdan o‘tkazilgan joydagi davlat soliq xizmati organlarida ro‘yxatdan o‘tkaziladi.
Yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan soliq solinadigan daromadlar va chegiriladigan xarajatlarning hisobini yuritish ushbu Nizomga ilovada keltirilgan sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
5. Daromadlarni va tovar operatsiyalarini hisobga olish registrlari raqamlar qo‘yilgan, ip o‘tkazib bog‘langan holda tegishli davlat soliq xizmati organlarining muhri bilan tasdiqlanadi va yakka tartibdagi tadbirkorga bir ish kunidan kechiktirmay taqdim qilinadi.
Daromadlarni va tovar operatsiyalarini hisobga olish registrlari yakka tartibdagi tadbirkorda oxirgi yozuv kiritilgan paytdan e’tiboran besh yil mobaynida saqlanadi.
3-bob. Yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan daromadlar va tovar operatsiyalari hisobini yuritish
6. O‘z faoliyatining xususiyatiga ko‘ra aholi bilan pullik hisob-kitoblarni nazorat-kassa texnikasini qo‘llamasdan amalga oshirishi mumkin bo‘lgan yakka tartibdagi tadbirkorlar tovar cheklari daftarini yuritishlari shart.
Aholi bilan pulli hisob-kitoblarni nazorat-kassa texnikasini qo‘llagan holda amalga oshiradigan yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan tovar cheklari daftari yuritilmaydi.
7. Hisobga olish daftaridagi yozuvlar ularning to‘g‘riligini tasdiqlash uchun u bilan birga saqlanadigan hujjatlar asosida yuritiladi.
Quyidagilar yakka tartibdagi tadbirkor tomonidan xarid qilingan tovarlar (xizmatlar) manbaini tasdiqlaydigan hujjatlar hisoblanadi:
shartnoma;
hisobvaraq-faktura;
bankdagi hisobvarag‘idan tovarlar (xizmatlar)ni pul o‘tkazish yo‘li bilan sotib olganligi to‘g‘risidagi to‘lov topshiriqnomasi;
tovarlar (xizmatlar) sotib olinganligini tasdiqlovchi boshqa hujjatlar.
8. Quyidagilar tovarlar (xizmatlar) realizatsiya qilinganligini tasdiqlaydigan hujjat hisoblanadi:
nazorat-kassa texnikasi cheklari nusxalari — nazorat-kassa texnikasi qo‘llanilishi orqali tovarlar sotilganda (shu jumladan, virtual kassa);
bank plastik kartalaridan foydalangan holda to‘lovlar qabul qilish bo‘yicha hisob-kitob terminallari cheklari nusxalari — hisob-kitob terminali qo‘llanilganda;
bankdagi hisobvarag‘iga tushgan pul mablag‘lari — tovarlar (xizmatlar) pul o‘tkazish yo‘li bilan sotilganligi to‘g‘risidagi to‘lov topshiriqnomasi;
tovar cheklari daftari — tovar cheki berilganda;
tovarlar (xizmatlar) realizatsiya qilinganligini tasdiqlovchi boshqa hujjatlar.
9. Sotilgan tovarlar va ko‘rsatilgan xizmatlar rekvizitlari (tovarlar, xizmatlar nomi, o‘lchov birligi, tovarlarni xarid qilish, sotish va ko‘rsatilgan xizmatlar summasi) to‘g‘risidagi ma’lumotlar hisobga olish daftarida kalendar oy yakunlanganidan so‘ng keyingi oyning uchinchi kunidan kechiktirmasdan tegishli yozuvlar bilan qayd etiladi.
Kalendar oy davomida sotilgan tovarlar va ko‘rsatilgan xizmatlar summasi nazorat-kassa texnikasi ko‘rsatkichi, bank plastik kartalaridan foydalangan holda to‘lovlar qabul qilish bo‘yicha hisob-kitob terminallari cheklari, yozilgan tovar cheklari summasi hamda bankdagi hisobvaraqqa pul ko‘chirish orqali tushgan pul mablag‘larining umumiy summasi bilan mos tushishi kerak.
10. Har bir mijozga tovarlar (xizmatlar)ning realizatsiya qilinganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar tovar cheklari daftarining alohida varag‘ida aks ettiriladi. Tovar cheklari daftaridagi varaqa ikki nusxada to‘ldiriladi, bir nusxasi qirqib olinadi va xaridorga beriladi, ikkinchi nusxasi tovar cheklari daftarida tikilgan holda qoladi.
Bunda, xaridorga beriladigan va o‘zida qoladigan tovar cheklari daftaridagi varaqda barcha yozuvlar aynan bir xil bo‘lishi kerak.
11. Tovar cheklari daftaridagi varaqlarda quyidagi yozuvlar:
yakka tartibdagi tadbirkor tomonidan jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami, familiyasi, ismi, otasining ismi va imzosi — tovar cheklari daftarini davlat soliq xizmati organida ro‘yxatdan o‘tkazish uchun taqdim etilgunga qadar barcha varaqlarda yakka tartibdagi tadbirkor tomonidan mustaqil ravishda kiritiladi;
qolgan yozuvlar — tovar cheki xaridorga berilgunga qadar sotish, xizmat ko‘rsatish va buyurtmalarni bajarish paytida kiritiladi.
12. Tovar cheklari daftarining varaqlari to‘ldirilganda:
xaridorga sotiladigan tovarlar va ko‘rsatiladigan xizmatlar uchun to‘lovning umumiy summasi aks ettiriladi;
bitta xaridorga sotiladigan tovarlar va ko‘rsatiladigan xizmatlar uchun tovar cheki bitta varaqda rasmiylashtirib beriladi;
tovarlar (xizmatlar) narxi, o‘lchami, soni va jami summasi to‘g‘risidagi ma’lumotlar raqamlar bilan kiritiladi.
Tovar cheklari daftari to‘lishiga qadar yakka tartibdagi tadbirkor davlat soliq xizmati organlarida qo‘shimcha faqat bitta yangi tovar cheklari daftarini ro‘yxatdan o‘tkazishi mumkin.
4-bob. Soliq organlari tomonidan yakka tartibdagi tadbirkorlarning soliq solinadigan daromadlarini aniqlash mezonlari
13. Yakka tartibdagi tadbirkorning tovarlar (xizmatlar)ni realizatsiya qilishdan olingan daromadi quyidagi mezonlar asosida aniqlanishi mumkin:
taqdim etiladigan hisobot ma’lumotlari;
tijorat banklarida ochilgan bank hisobvaraqlarida amalga oshirilgan tovar aylanmalari to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
taqdim etilgan soliq hisoboti kameral soliq tekshiruvi orqali tahlil qilinganda qo‘shimcha aniqlangan daromadlar;
sayyor soliq tekshiruvini o‘tkazish davomida haqiqatda olingan daromadlar hamda ularning shakllanishi manbalari va xarajatlarni tahlil qilish natijalari.
Yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan davlat soliq xizmati organlariga hisobot taqdim etish qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
14. Yakka tartibdagi tadbirkorning tovarlar (xizmatlar)ni realizatsiya qilishdan olingan daromadi bir kalendar yildagi oylar davomida o‘sib boruvchi tushumdan kelib chiqib aniqlanadi.
15. Yakka tartibdagi tadbirkorlarning tovarlar (xizmatlar)ni realizatsiya qilishdan olingan daromadi miqdori faoliyatning bir necha turi bilan shug‘ullanuvchi yakka tartibdagi tadbirkor uchun barcha faoliyatidan tovarlar (xizmatlar)ni realizatsiya qilishdan olingan jami tushumidan kelib chiqib aniqlanadi.
5-bob. Yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan deklaratsiya asosida daromad solig‘ini to‘lashning o‘ziga xos xususiyatlari
16. Kalendar yilda tovarlar (xizmatlar)ni realizatsiya qilishdan olingan daromadi yuz million so‘mdan oshmaydigan yakka tartibdagi tadbirkorlar jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini (keyingi o‘rinlarda — daromad solig‘i) qat’iy belgilangan miqdorda yoki jami yillik daromadi to‘g‘risidagi deklaratsiya asosida to‘lashni tanlashga haqli.
Yakka tartibdagi tadbirkorlar soliq to‘lash tartibini quyidagilar orqali tanlashga haqli:
tadbirkorlik subyektining davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi chog‘ida tanlangan soliq to‘lash tartibini ko‘rsatish;
doimiy yashash joyi bo‘yicha soliq organlariga joriy yilning 25-yanvaridan kechiktirmasdan tanlangan soliq to‘lash tartibi to‘g‘risida bildirish xati taqdim etish.
Yakka tartibdagi tadbirkor tomonidan bildirish xati belgilangan muddatda taqdim etilmasligi uning soliqni qat’iy belgilangan miqdorda to‘lashga roziligini bildiradi.
17. Konsert-tomosha faoliyatini amalga oshirish bilan shug‘ullanuvchi yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan daromad solig‘i faqat jami yillik daromadi to‘g‘risidagi deklaratsiya asosida to‘lanadi.
18. Daromad solig‘ini jami yillik daromadi to‘g‘risidagi deklaratsiya asosida to‘lashni tanlagan yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan doimiy yashash joyidagi soliq organiga:
joriy yilning 1-fevralidan kechiktirmay;
yangi ro‘yxatdan o‘tgan yoki tadbirkorlik faoliyatini qayta boshlagan tadbirkorlik subyektlari tomonidan ro‘yxatdan o‘tkazilgan oyning oxiriga qadar dastlabki tarzdagi deklaratsiya taqdim etiladi.
19. Daromad solig‘i yakka tartibdagi tadbirkor tomonidan taqdim etilgan dastlabki deklaratsiya yoki soliq organining xabarnomasi asosida, har oyda daromad olingan oydan keyingi oyning 15-kuniga qadar to‘lanadi.
Yakka tartibdagi tadbirkorning faoliyati qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda vaqtincha to‘xtatilgan davrda dastlabki deklaratsiya asosida daromad solig‘ining hisoblanishi to‘xtatib turiladi.
20. Yakka tartibdagi tadbirkorlar jami yillik daromadi to‘g‘risidagi deklaratsiyani ro‘yxatdan o‘tkazilgan joydagi davlat soliq xizmati organiga hisobot yilidan keyingi yilning 1-aprelidan kechiktirmay taqdim etadi.
Bunda, yakka tartibdagi tadbirkor tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish bilan bog‘liq bo‘lgan haqiqatda amalga oshirilgan va hujjatlar bilan tasdiqlangan xarajatlarni tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan daromaddan chegirib tashlash huquqiga ega.
Yakka tartibdagi tadbirkor tadbirkorlik faoliyatini butunlay to‘xtatmoqchi bo‘lsa, faoliyatini to‘xtatishidan o‘n kun oldin ro‘yxatdan o‘tkazilgan joyidagi davlat soliq xizmati organiga jami yillik daromadi to‘g‘risidagi deklaratsiyani taqdim etadi.
21. Jami yillik daromad to‘g‘risidagi deklaratsiya asosida hisoblab chiqarilgan daromad solig‘ining yillik summasi yakka tartibdagi tadbirkor tomonidan o‘tgan hisobot yili davomida to‘langan soliq summasidan qat’i nazar hisobot yilida haqiqiy olingan daromad miqdoridan kelib chiqqan holda aniqlanadi.
Bunda, hisoblanadigan soliq summasi hisobot yili davomida mazkur Nizomning 19-bandiga asosan to‘langan soliq summasiga nisbatan kamayishga hisoblanishi mumkin.
22. Yil yakuni bilan hisoblab chiqarilgan daromad solig‘ining yillik summasi bilan yil mobaynida to‘langan summalar o‘rtasidagi farq kelgusi yilning 1-iyunidan kechiktirmay soliq to‘lovchidan undirilishi yoki unga qaytarilishi lozim.
Faoliyatini butunlay to‘xtatmoqchi bo‘lgan yakka tartibdagi tadbirkorning jami yillik daromad to‘g‘risidagi deklaratsiyasi asosida hisoblab chiqarilgan daromad solig‘ining yillik summasi bilan yil mobaynida to‘langan summalar o‘rtasidagi farq faoliyatini to‘xtatguniga qadar soliq to‘lovchi tomonidan to‘lanishi yoki unga qaytarilishi lozim.
23. Agar soliq to‘lovchi jami yillik daromadi to‘g‘risidagi deklaratsiyani taqdim etmagan bo‘lsa, shuningdek, oldin taqdim etilgan deklaratsiyada noto‘g‘ri ma’lumotlar aniqlangan va soliq to‘lovchi tomonidan jami yillik daromadi to‘g‘risidagi deklaratsiyaning o‘zgarganligi haqidagi ariza belgilangan muddatlarda taqdim etilmagan taqdirda, soliq organi soliq summasini o‘zidagi mavjud axborot asosida hisoblashga va to‘lanishi lozim bo‘lgan, hisoblangan soliq summasi to‘g‘risida soliq to‘lovchiga o‘n kunlik muddatda to‘lov xabarnomasini topshirishga haqli.
Soliq to‘lovchi tomonidan jami yillik daromadi to‘g‘risidagi deklaratsiya yoki to‘g‘rilangan deklaratsiya taqdim etilgan taqdirda, soliqning yakuniy summasi ushbu deklaratsiyani hisobga olgan holda aniqlanadi.
24. Daromad solig‘ini jami yillik daromadi to‘g‘risidagi deklaratsiya asosida to‘lashga o‘tkazilgan yakka tartibdagi tadbirkor tomonidan Hisobga olish daftari yuritilmaganligi yoki belgilangan tartibda yuritilmaganligi aniqlangan taqdirda, soliq amalga oshirilgan faoliyat turlari uchun belgilangan qat’iy miqdordagi summadan kam bo‘lmagan miqdorda to‘lanadi.
6-bob. Sof daromadni aniqlash va jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini hisoblab chiqarish
25. Yakka tartibdagi tadbirkorning sof daromadi hisobot davrida tovarlar (xizmatlar)ni realizatsiya qilishdan olingan jami daromaddan ushbu tovarlar (xom ashyo)ning tannarxi va mazkur Nizomning 7-bobida ko‘rsatilgan tovarlar (xom ashyo)ni sotib olish, saqlash, sotish va ma’muriy xarajatlar chegirilgan holda aniqlanadi.
26. Daromad solig‘i yakka tartibdagi tadbirkorning sof daromadini O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga muvofiq belgilangan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i stavkasiga ko‘paytirish yo‘li bilan hisoblab chiqariladi.
7-bob. Tovarlar (xizmatlar)ni realizatsiya qilishdan olingan daromaddan chegiriladigan xarajatlar
27. Quyidagilar tovarlar (xom ashyo)ni sotib olish xarajatlari hisoblanadi:
tovarlar (xom ashyo)ni sotib olish narxi;
manzilga borish va kelish uchun yo‘l xarajatlari;
tovarlar (xom ashyo)ni olib kelish bo‘yicha transport xarajatlari;
mehmonxona xizmatidan foydalanish uchun qilingan xarajatlar.
28. Quyidagilar tovarlar (xom ashyo)ni saqlash xarajatlari hisoblanadi:
joy ijarasi (omborxona, ayvon va h.k.) uchun to‘lovlar;
tovarlarni qadoqlash xarajatlari;
kommunal to‘lovlar;
savdo (xizmat ko‘rsatish) obyektlarini isitish yoki sovitish moslamalarini xarid qilish yoki ta’mirlash xarajatlari.
29. Quyidagilar tovarlar (xizmatlar)ni sotish xarajatlari hisoblanadi:
tovarlar (xizmatlar)ni yetkazib berish bo‘yicha transport xarajatlari;
reklama xarajatlari;
savdo (xizmat ko‘rsatish) shoxobchasi uchun ijara shartnomasiga asosan to‘langan to‘lov.
30. Quyidagilar ma’muriy xarajatlar hisoblanadi:
tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishga ruxsat beruvchi hujjatlar uchun to‘lovlar;
tadbirkorlik faoliyati uchun soliq to‘lovlari;
ishchi va xodimlar uchun ish haqi to‘lovlari.
31. Mazkur bobda ko‘rsatilganlardan tashqari tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish bilan bog‘liq bo‘lgan va hujjatlar bilan tasdiqlangan boshqa xarajatlar ham tovarlar (xizmatlar)ni realizatsiya qilishdan olingan jami daromaddan chegiriladigan xarajatlar sifatida hisobga olinishi mumkin.
32. Shartnoma, hisobvaraq-faktura, to‘lov amalga oshirilganligi to‘g‘risidagi bank hujjatlari, nazorat-kassa texnikasi va to‘lov terminallari cheklari mazkur bobda ko‘rsatilgan tovarlar (xizmatlar)ni realizatsiya qilishdan olingan jami daromaddan chegiriladigan xarajatlarni tasdiqlovchi hujjatlar hisoblanadi.
33. Yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan soliq rejimini qo‘llashning o‘ziga xos xususiyatlari O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksi hamda boshqa qonunchilik hujjatlari bilan tartibga solinadi.
8-bob. Yakunlovchi qoidalar
34. Yakka tartibdagi tadbirkorlar ushbu Nizom talablarini hisobga olgan holda soliqlar va yig‘imlarni hisoblashning to‘g‘riligi hamda ularning qonunchilikka muvofiq o‘z vaqtida to‘lanishi yuzasidan javobgardir.
35. Yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan hisoblab chiqarilishi, to‘lanishi lozim bo‘lgan soliqlar va yig‘imlar ustidan nazorat hamda tegishli choralar davlat soliq xizmati organlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi qonunchilik hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 174-moddasi.
36. Ushbu Nizom talablarining buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning XVI-bobi.
Yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan soliq solinadigan daromadlar va chegiriladigan xarajatlarning hisobini yuritish tartibi to‘g‘risidagi nizomga
ILOVA
Yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan soliq solinadigan daromadlar va chegiriladigan xarajatlarning hisobini yuritish
SXEMASI

Bosqichlar

Subyektlar

Tadbirlar

Bajarish muddatlari

1-bosqich

Yakka tartibdagi tadbirkor

Yakka tartibdagi tadbirkorlar daromadlarni va tovar operatsiyalarini hisobga olish registrlarini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun davlat soliq xizmati organlariga ariza taqdim etadi.

Ro‘yxatdan o‘tgandan so‘ng 3 ish kunidan kechiktirmay

2-bosqich

Davlat soliq xizmati organi

Yakka tartibdagi tadbirkorning arizasiga asosan daromadlarni va tovar operatsiyalarini hisobga olish registrlarini u ro‘yxatdan o‘tkazilgan joydagi davlat soliq xizmati organlarida ro‘yxatdan o‘tkazadi va muhr bilan tasdiqlaydi.

1 ish kunidan kechiktirmay

3-bosqich

Yakka tartibdagi tadbirkor

Sotilgan tovarlar va ko‘rsatilgan xizmatlar rekvizitlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni hisobga olish daftarida tegishli yozuvlar bilan qayd etadi.

Keyingi oyning 3 kunidan kechiktirmay

4-bosqich

Davlat soliq xizmati organi

Yakka tartibdagi tadbirkorning tovarlar (xizmatlar)ni realizatsiya qilishdan olingan daromadini bir kalendar yildagi oylar davomida o‘sib boruvchi tushumdan kelib chiqib aniqlaydi.

Yil davomida

5-bosqich

Yakka tartibdagi tadbirkor

Daromad solig‘ini jami yillik daromadi to‘g‘risidagi deklaratsiya asosida to‘lashni tanlagan yakka tartibdagi tadbirkorlar doimiy yashash joyidagi soliq organiga yangi ro‘yxatdan o‘tgan yoki tadbirkorlik faoliyatini qayta boshlagan tadbirkorlik subyektlari tomonidan ro‘yxatdan o‘tkazilgan oyning oxiriga qadar dastlabki tarzdagi deklaratsiya taqdim etadi.

Joriy yilning 1-fevralidan kechiktirmay

6-bosqich

Yakka tartibdagi tadbirkor

1. Yakka tartibdagi tadbirkorlar daromad solig‘ini taqdim etilgan dastlabki deklaratsiya yoki soliq organining xabarnomasi asosida, har oyda daromad olingan oydan keyingi oyning 15-kuniga qadar to‘laydi.

Oyning 15 kuniga qadar

2. Yakka tartibdagi tadbirkorlar jami yillik daromadi to‘g‘risidagi deklaratsiyani ro‘yxatdan o‘tkazilgan joydagi davlat soliq xizmati organiga hisobot yilidan keyingi yilning 1-aprelidan kechiktirmay taqdim etadi.

Keyingi yilning 1-aprelidan kechiktirmay

Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-noyabrdagi 707-son qaroriga
3-ILOVA
Vazirlar Mahkamasining “Xususiy tadbirkorlar yuridik shaxs tashkil etmasdan shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat turlari ro‘yxatini tasdiqlash to‘g‘risida” 2011-yil 7-yanvardagi 6-son qaroriga kiritilayotgan o‘zgartirishlar
1. Qarorning nomi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Yakka tartibdagi tadbirkorlar shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat turlari ro‘yxatini tasdiqlash to‘g‘risida”.
2. Muqaddimadagi “Yuridik shaxs tashkil etmasdan xususiy” so‘zlari “Yakka tartibdagi” so‘zlari bilan almashtirilsin.
3. 1-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Yakka tartibdagi tadbirkorlar shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat turlari ro‘yxati 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Faoliyatning ushbu turlarini amalga oshiruvchi yakka tartibdagi tadbirkorlar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda xodimlarni yollash huquqiga ega”.
4. 3 va 4-bandlardagi “xususiy” so‘zi “yakka tartibdagi” so‘zlari bilan almashtirilsin.
ilovaning nomi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Yakka tartibdagi tadbirkorlar shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat turlari ro‘yxati”;
izoh qismining uchinchi xatboshisidagi “xususiy” so‘zi “yakka tartibdagi” so‘zlari bilan almashtirilsin.
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-noyabrdagi 707-son qaroriga
4-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining o‘z kuchini yo‘qotgan deb e’tirof etilayotgan qarorlari
RO‘YXATI
1. Vazirlar Mahkamasining “Xususiy tadbirkorlar tomonidan xodimlarni yollagan holda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida” 2015-yil 31-iyuldagi 219-son qarori (O‘zbekiston Respublikasi QT, 2015-y., 7-son, 65-modda).
2. Vazirlar Mahkamasining “Chet elda ishlayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari hamda ish vaqtini hisobga olib bo‘lmaydigan shaxslarning ayrim toifalari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga yagona ijtimoiy to‘lov to‘lash tartibini, shuningdek ularning pensiyani hisoblash uchun olinadigan ish stajini va ish haqi miqdorini hisobga olish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida” 2016-yil 22-fevraldagi 46-son qaroriga (O‘zbekiston Respublikasi QT, 2016-y., 2-son, 10-modda) 3-ilovaning 9-bandi.
3. Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va hisobga qo‘yish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida” 2016-yil 28-oktabrdagi PQ-2646-son qarorini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2017-yil 9-fevraldagi 66-son qaroriga (O‘zbekiston Respublikasi QT., 2017-y., 2-son, 5-modda) 5-ilovaning 36-bandi.
4. Vazirlar Mahkamasining “Oilaviy mehmon uylari faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida” 2018-yil 7-avgustdagi 631-son qaroriga 2-ilovaning 3-bandi.
5. Vazirlar Mahkamasining “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida” 2019-yil 21-oktabrdagi 889-son qaroriga ilovaning 6-bandi.
6. Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Mehnatga haq to‘lash, pensiyalar va boshqa to‘lovlar miqdorlarini aniqlash tartibini takomillashtirish to‘g‘risida” 2019-yil 21-maydagi PF-5723-son Farmoni)” 2019-yil 28-dekabrdagi 1046-son qaroriga ilovaning 144-bandi.
7. Vazirlar Mahkamasining “Soliq xavfini boshqarish, soliq xavfi mavjud soliq to‘lovchilarni (soliq agentlarini) aniqlash va soliq tekshiruvlarini tashkil etish va o‘tkazish to‘g‘risida” 2021-yil 7-yanvardagi 1-son qaroriga 3-ilovaning 4-bandi va 4-ilovaning 1-bandi.
8. Vazirlar Mahkamasining “Davlat xizmatlarini ko‘rsatishda agentlar faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2021-yil 19-apreldagi 221-son qaroriga 3-ilovaning 2-bandi.
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 23.11.2021-y., 09/21/707/1088-son; 15.11.2024-y., 09/24/758/0926-son; 25.12.2025-y., 09/25/821/1211-son)