Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni
Qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish toʻgʻrisida
Qonunchilik palatasi tomonidan 2021-yil 24-sentabrda qabul qilingan
Senat tomonidan 2021-yil 30-sentabrda maʼqullangan
1-bob. Umumiy qoidalar
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonunning maqsadi qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
2-modda. Qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish toʻgʻrisidagi qonunchilik
Qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish toʻgʻrisidagi qonunchilik ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.
Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida Oʻzbekiston Respublikasining qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish toʻgʻrisidagi qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.
3-modda. Asosiy tushunchalar
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
boʻsh turgan yer uchastkasi — binolar va inshootlar joylashmagan, hech qanday majburiyatlar yoki taqiqlar oʻrnatilmagan hamda jismoniy va yuridik shaxslarga qonunchilikka muvofiq ajratib berilmagan, davlat mulki boʻlgan, qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkasi;
davlat koʻchmas mulk obyektlari — davlat mulki boʻlgan mulkiy majmualar (korxonalar), binolar va inshootlar, qurilishi tugallanmagan obyektlar;
yer uchastkasini xususiylashtirish — davlat mulki boʻlgan qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkasini Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining va (yoki) yuridik shaxslarining mulkiga oʻtkazish;
elektron onlayn-auksion — auksion shaklidagi elektron savdolarni oʻtkazish usuli boʻlib, bunda qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkalari Internet jahon axborot tarmogʻidagi ixtisoslashtirilgan elektron savdo maydonchasida auksiondan potensial xaridorlarning teng ravishda foydalanishi asosida realizatsiya qilinadi;
qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkasi (bundan buyon matnda yer uchastkasi deb yuritiladi) — qishloq xoʻjaligi ehtiyojlari uchun berilmagan yoki ushbu maqsadlar uchun moʻljallanmagan yer uchastkasi.
4-modda. Yer uchastkalarini xususiylashtirishning asosiy prinsiplari
Yer uchastkalarini xususiylashtirishning asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat:
qonuniylik;
ixtiyoriylik;
haq toʻlash;
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining XVI boʻlimi.
xususiylashtiriladigan yer uchastkalarining va ularda joylashgan koʻchmas mulk obyektlarining yaxlitligi;
ochiqlik va shaffoflik.
5-modda. Qonuniylik prinsipi
Yer uchastkalarini xususiylashtirish ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlari talablariga qatʼiy muvofiq tarzda amalga oshirilishi kerak.
6-modda. Ixtiyoriylik prinsipi
Yer uchastkalarini xususiylashtirish ixtiyoriylik asosida amalga oshiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolari va yuridik shaxslari yer uchastkalarini xususiylashtirishga boʻlgan oʻz huquqlarini oʻz ixtiyoriga koʻra hamda oʻz manfaatlaridan kelib chiqqan holda amalga oshiradi.
Yer uchastkalarini xususiylashtirish uchun majburlash taqiqlanadi.
7-modda. Haq toʻlash prinsipi
Yer uchastkalarini xususiylashtirish pulli asosda amalga oshiriladi.
8-modda. Xususiylashtiriladigan yer uchastkalarining va ularda joylashgan koʻchmas mulk obyektlarining yaxlitligi prinsipi
Yer uchastkalarini va ularda joylashgan davlat koʻchmas mulk obyektlarini xususiylashtirish bir vaqtning oʻzida amalga oshiriladi.
9-modda. Ochiqlik va shaffoflik prinsipi
Yer uchastkalarini xususiylashtirish jarayoni ochiq va shaffof boʻlishi kerak.
Davlat organlari va tashkilotlari yer uchastkalarini xususiylashtirish toʻgʻrisidagi axborotdan davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi toʻgʻrisidagi qonunchilikda belgilangan usullar orqali erkin foydalanilishini taʼminlashi shart.
10-modda. Xususiylashtirish obyektlari
Xususiylashtirish obyektlari quyidagilardan iborat:
Oldingi tahrirga qarang.
yuridik shaxslarga tadbirkorlik, shaharsozlik faoliyatini va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa faoliyatni amalga oshirish uchun berilgan yer uchastkalari;
(10-modda birinchi qismining ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2023-yil 23-oktabrdagi OʻRQ-871-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.10.2023-y., 03/23/871/0797-son)
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariga yakka tartibda uy-joy qurish va uy-joyni obodonlashtirish, shuningdek tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun berilgan yer uchastkalari;
xususiylashtirilishi lozim boʻlgan davlat koʻchmas mulk obyektlari joylashgan yer uchastkalari;
boʻsh turgan yer uchastkalari.
11-modda. Yer uchastkalarini xususiylashtirishga doir shaharsozlik talablari
Oldingi tahrirga qarang.
Yer uchastkalarini xususiylashtirish aholi punktlarining bosh rejalariga, aholi punktlari qismlarini batafsil rejalashtirish loyihalariga yoki hududlarni kompleks rivojlantirish va rejalashtirish boʻyicha boshqa hujjatlarga muvofiq amalga oshiriladi, bundan ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan hollar mustasno.
(11-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 5-maydagi OʻRQ-1061-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.05.2025-y., 03/25/1061/0409-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Ushbu Qonun kuchga kirguniga qadar vujudga kelgan doimiy foydalanish (egalik qilish), ijara yoxud meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi asosida xususiylashtirish subyektlariga tegishli boʻlgan yer uchastkalari, shuningdek xususiylashtirilishi lozim boʻlgan davlat koʻchmas mulk obyektlari joylashgan yer uchastkalari ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan shaharsozlik hujjatlari tasdiqlanguniga qadar xususiylashtirilishi mumkin.
(11-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 5-maydagi OʻRQ-1061-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.05.2025-y., 03/25/1061/0409-son)
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 1115-moddasi.
12-modda. Xususiylashtirilmaydigan yer uchastkalari
Quyidagi yer uchastkalari xususiylashtirilmaydi:
Oldingi tahrirga qarang.
foydali qazilma konlari joylashgan yer uchastkalari, bundan zaxiralari foydali qazilmalar zaxiralari davlat balansi hisobiga olinmagan keng tarqalgan foydali qazilmalar mustasno;
(12-modda birinchi qismining ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2023-yil 23-oktabrdagi OʻRQ-871-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.10.2023-y., 03/23/871/0797-son)
Oldingi tahrirga qarang.
tabiatni muhofaza qilish, sogʻlomlashtirish, rekreatsiya maqsadlari va tarixiy-madaniy maqsadlar uchun moʻljallangan yerlar tarkibiga kiruvchi yer uchastkalari, shuningdek oʻrmon hamda suv fondlarining, shaharlar va shaharchalarning umumiy foydalanishdagi yerlari (maydonlar, koʻchalar, tor koʻchalar, yoʻllar, sohil boʻylari, skverlar, istirohat bogʻlari, xiyobonlar, sayilgohlar);
(12-modda birinchi qismining uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 5-maydagi OʻRQ-1061-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.05.2025-y., 03/25/1061/0409-son)
Oldingi tahrirga qarang.
qonunchilikka muvofiq xususiylashtirilmaydigan davlat mulki obyektlari joylashgan yer uchastkalari;
shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun qonunchilikda cheklovlar oʻrnatilgan hududlardan foydalanish zonalarida joylashgan yer uchastkalari;
(12-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2023-yil 23-oktabrdagi OʻRQ-871-sonli Qonuniga asosan toʻrtinchi va beshinchi xatboshilar bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.10.2023-y., 03/23/871/0797-son)
xavfli moddalar bilan zararlangan va biogen zaharlanishga duchor boʻlgan yer uchastkalari;
qonunchilikda belgilangan tartibda maxsus iqtisodiy zonalar ishtirokchilariga taqdim etilgan yer uchastkalari — maxsus iqtisodiy zona faoliyat koʻrsatadigan davrda;
koʻp kvartirali uylar joylashgan, shuningdek koʻp kvartirali uylarga tutash yer uchastkalari;
Oldingi tahrirga qarang.
davlat-xususiy sheriklik loyihalarini, ijtimoiy sheriklik toʻgʻrisidagi kelishuvlar va shartnomalarni amalga oshirish uchun berilgan, shuningdek yuridik shaxslarga jamoat ehtiyojlari uchun berilgan yer uchastkalari.
(12-modda birinchi qismining yettinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2022-yil 29-iyundagi OʻRQ-782-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.06.2022-y., 03/22/782/0576-son — 2022-yil 1-oktabrdan kuchga kiradi)
Yer uchastkalarini xususiylashtirishda fuqarolik qonunchiligida nazarda tutilgan tartibda oʻzganing yer uchastkasidan cheklangan tarzda foydalanish (servitut) huquqi belgilanishi mumkin.
 LexUZ sharhi
Qarang: Uzbekiston Respublikasining yer kodeksining 8-moddasi.
13-modda. Xususiylashtirish subyektlari
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari va yuridik shaxslari xususiylashtirish subyektlaridir.
Oldingi tahrirga qarang.
Chet ellik fuqarolar, fuqaroligi boʻlmagan shaxslar, chet el yuridik shaxslari, chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar, shuningdek davlat organlari, muassasalari, korxonalari va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari xususiylashtirish subyektlari boʻlmaydi.
(13-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2023-yil 23-oktabrdagi OʻRQ-871-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.10.2023-y., 03/23/871/0797-son)
14-modda. Yer uchastkalarini xususiylashtirish shakllari
Yer uchastkalarini xususiylashtirish quyidagi shakllarda amalga oshiriladi:
xususiylashtirish subyektlari tomonidan oʻziga doimiy foydalanish (egalik qilish), ijara yoxud meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi asosida tegishli boʻlgan yer uchastkalarini sotib olish;
yer uchastkalarini elektron onlayn-auksion orqali sotib olish.
15-modda. Yer uchastkalarini xususiylashtirishdan tushadigan mablagʻlarni yoʻnaltirish
Yer uchastkalarini xususiylashtirishdan tushadigan mablagʻlar roʻyxati va miqdorlari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan xarajatlar chegirib tashlangan holda Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjetiga yoʻnaltiriladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 14-fevraldagi 71-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari va yuridik shaxslariga doimiy foydalanish (egalik qilish), ijara va meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi asosida tegishli boʻlgan yer uchastkalarini xususiylashtirish boʻyicha davlat xizmatlari koʻrsatishga doir maʼmuriy reglamentining 25-bandi.
2-bob. Yer uchastkalarini xususiylashtirish sohasida davlat boshqaruvi
16-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining yer uchastkalarini xususiylashtirish sohasidagi vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
yer uchastkalarini xususiylashtirish sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshiradi;
aholi punktlarini va hududlarni rejalashtirish hamda rivojlantirish toʻgʻrisidagi shaharsozlik hujjatlarining ishlab chiqilishini, tasdiqlanishi va eʼlon qilinishini tashkil etadi;
yer uchastkalarini elektron onlayn-auksion orqali xususiylashtirish tartibini belgilaydi;
xususiylashtiriladigan yer uchastkalari sotib olish qiymati miqdorini, shuningdek uni toʻlash tartibini belgilaydi;
yer uchastkalaridan ruxsat etilgan foydalanish turlari klassifikatorini tasdiqlaydi;
Yer uchastkalarini xususiylashtirish boʻyicha davlat xizmatlari koʻrsatishga doir maʼmuriy reglamentni tasdiqlaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
17-modda. Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining yer uchastkalarini xususiylashtirish sohasidagi vakolatlari
(17-moddaning nomi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 30-dekabrdagi OʻRQ-1109-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2025-y., 03/25/1109/1241-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari:
(17-moddaning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 30-dekabrdagi OʻRQ-1109-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2025-y., 03/25/1109/1241-son)
xususiylashtirish maqsadida boʻsh turgan yer uchastkalarining aniqlanishi va elektron-onlayn auksionga qoʻyilishini taʼminlaydi;
yer uchastkalarini xususiylashtirishdan tushgan mablagʻlardan hududlarni rivojlantirish uchun maqsadli ravishda foydalanilishini taʼminlaydi;
elektron onlayn-auksionga qoʻyilayotgan boʻsh turgan yer uchastkalari toʻgʻrisidagi axborotni oʻz rasmiy veb-saytlariga joylashtiradi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida” qonunining 10-moddasi.
18-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligining yer uchastkalarini xususiylashtirish sohasidagi vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligi:
keyinchalik elektron onlayn-auksion orqali xususiylashtirish uchun boʻsh turgan yer uchastkalarini aniqlaydi;
yer uchastkalarining xaritalarini tuzadi;
xususiylashtiriladigan yer uchastkalarining maydoni va chegaralarini belgilaydi;
xususiylashtirilishi lozim boʻlgan boʻsh turgan yer uchastkalari boʻyicha materiallar tayyorlaydi;
yer uchastkalariga boʻlgan mulk huquqining davlat roʻyxatiga olinishini amalga oshiradi.
19-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligining yer uchastkalarini xususiylashtirish sohasidagi vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi:
Oldingi tahrirga qarang.
xususiylashtirilishi lozim boʻlgan davlat koʻchmas mulk obyektlarining aniqlanishini va ularning mazkur obyektlar joylashgan yer uchastkalari bilan birga qonunchilikda belgilangan tartibda ommaviy savdolarga qoʻyilishini;
(19-moddaning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 14-fevraldagi OʻRQ-907-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.02.2024-y., 03/24/907/0127-son — 2024-yil 16-maydan kuchga kiradi)
yer uchastkasiga boʻlgan mulk huquqi uchun davlat orderi berilishini va tegishli reyestr yuritilishini;
savdolar tashkilotchisi orqali yer uchastkalarini xususiylashtirishning ochiq va shaffof mexanizmini;
Internet jahon axborot tarmogʻida ixtisoslashtirilgan elektron savdo maydonchasining faoliyat koʻrsatishini va elektron onlayn-auksionlar oʻtkazilishini tashkil etishni taʼminlaydi.
20-modda. Davlat organlarining hamkorligi
Davlat organlari yer uchastkalarini xususiylashtirish masalalariga taalluqli qism boʻyicha axborot almashish va maʼlumotlar bazalaridan zaruriy foydalanish imkoniyatini berish orqali hamkorlikni amalga oshiradi.
3-bob. Xususiylashtirish subyektlariga doimiy foydalanish (egalik qilish), ijara yoxud meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqlari asosida tegishli boʻlgan yer uchastkalarini xususiylashtirish
21-modda. Yer uchastkalarini xususiylashtirishga doir arizani berish va koʻrib chiqish tartibi
Yer uchastkalarini xususiylashtirishga doir ariza (bundan buyon matnda ariza deb yuritiladi):
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasining yuridik shaxsi tomonidan — tadbirkorlik, shaharsozlik faoliyatini va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa faoliyatni amalga oshirish uchun oʻziga berilgan va doimiy foydalanish (egalik qilish) yoki ijara huquqi asosida oʻziga tegishli boʻlgan yer uchastkalariga nisbatan;
(21-modda birinchi qismining ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2023-yil 23-oktabrdagi OʻRQ-871-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.10.2023-y., 03/23/871/0797-son)
Oʻzbekiston Respublikasining fuqarosi tomonidan — yakka tartibda uy-joy qurish va uy-joyni obodonlashtirish, shuningdek tadbirkorlik hamda shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun oʻziga berilgan va meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish, doimiy foydalanish yoki ijara huquqi asosida oʻziga tegishli boʻlgan yer uchastkalariga nisbatan beriladi.
Yer uchastkasiga boʻlgan doimiy foydalanish (egalik qilish), meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish yoki ijara huquqi tegishli ravishda Oʻzbekiston Respublikasining yuridik va jismoniy shaxslariga oʻtganda ularga mazkur yer uchastkasini xususiylashtirishga boʻlgan huquq ham oʻtadi.
Agar yer uchastkasi bir nechta xususiylashtirish subyektining birgalikdagi egaligida yoki foydalanishida boʻlsa, ariza barcha subyektlarning fuqarolik qonunchiligiga muvofiq tuziladigan kelishuviga koʻra, bunday kelishuvga erishilmagan taqdirda sud tomonidan belgilanadigan tartibda beriladi.
Ariza davlat xizmatlari markazlari yoki Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali beriladi.
Arizaga ilova qilinadigan hujjatlar roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Ariza yer uchastkasini xususiylashtirish toʻgʻrisidagi masalani koʻrib chiqish uchun asos boʻladi.
Arizani koʻrib chiqish Yer uchastkalarini xususiylashtirish boʻyicha davlat xizmatlari koʻrsatishga doir maʼmuriy reglamentga muvofiq avtomatlashtirilgan axborot tizimidan foydalangan holda amalga oshiriladi.
Arizani koʻrib chiqish natijasi ijobiy yoki salbiy qarorni oʻz ichiga olishi mumkin boʻlgan xabarnomadan iborat boʻladi.
Ijobiy qaror mavjud boʻlgan xabarnoma xususiylashtiriladigan yer uchastkasining sotib olish qiymatini arizachi tomonidan toʻlash uchun asosdir.
Salbiy qaror mavjud boʻlgan xabarnomada yer uchastkasini xususiylashtirish mumkin emasligining asoslantirilgan sabablari shaharsozlik hujjatlarining aniq talablariga yoki qonunchilik normalariga havola qilingan holda koʻrsatiladi.
Arizani koʻrib chiqish natijalari ustidan sud tartibida shikoyat qilinishi mumkin.
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 14-fevraldagi 71-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari va yuridik shaxslariga doimiy foydalanish (egalik qilish), ijara va meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi asosida tegishli boʻlgan yer uchastkalarini xususiylashtirish boʻyicha davlat xizmatlari koʻrsatishga doir maʼmuriy reglamentining 6-bandi.
22-modda. Xususiylashtiriladigan yer uchastkasining maydoni va chegaralarini aniqlash
Xususiylashtirish subyektlariga doimiy foydalanish (egalik qilish), ijara yoki meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi asosida tegishli boʻlgan yer uchastkalarini xususiylashtirish Koʻchmas mulk obyektlariga boʻlgan huquqlar davlat reyestrida koʻrsatilgan maydon va chegaralar doirasida amalga oshiriladi. Mazkur yer uchastkalarini xususiylashtirishda ularning maydoni va chegaralariga oʻzgartishlar kiritishga yoʻl qoʻyilmaydi.
23-modda. Yer uchastkalarini xususiylashtirishni rad etish uchun asoslar
Yer uchastkalarini xususiylashtirishni rad etish uchun asoslar quyidagilardan iborat:
yer uchastkalarini xususiylashtirish uchun ushbu Qonunda nazarda tutilgan asoslarning mavjud emasligi;
xususiylashtiriladigan yer uchastkasiga nisbatan tugallanmagan sud ishlarining mavjudligi;
xususiylashtiriladigan yer uchastkalarida joylashgan koʻchmas mulk obyektlariga nisbatan qoʻyilgan taqiqning yoki belgilangan xatlovning mavjudligi;
Oldingi tahrirga qarang.
aholi punktlarining tasdiqlangan bosh rejalarida, aholi punkti qismlarini batafsil rejalashtirish loyihalarida, hududlarni kompleks rivojlantirish va qurishga doir boshqa hujjatlarda yer uchastkalarini xususiylashtirishga bevosita monelik qiladigan maʼlumotlarning mavjudligi;
(23-modda birinchi qismining beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 5-maydagi OʻRQ-1061-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.05.2025-y., 03/25/1061/0409-son)
Oldingi tahrirga qarang.
yer uchastkalarini jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyish toʻgʻrisida ariza topshirilguniga qadar qabul qilingan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarining qarorlari mavjudligi;
(23-modda birinchi qismining oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2022-yil 29-iyundagi OʻRQ-782-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.06.2022-y., 03/22/782/0576-son — 2022-yil 1-oktabrdan kuchga kiradi)
xususiylashtiriladigan yer uchastkasini sotishga yoki boshqacha tarzda oʻzga shaxsga oʻtkazishga nisbatan taqiqning mavjudligi;
arizada notoʻgʻri, bir-biriga zid boʻlgan yoki buzib koʻrsatilgan maʼlumotlar aniqlanganligi;
xususiylashtiriladigan yer uchastkasining sotib olish qiymatini toʻlash ushbu Qonunda belgilangan muddatda amalga oshirilmaganligi yoki toʻliq amalga oshirilmaganligi.
Yer uchastkalarini xususiylashtirishni boshqa sabablarga koʻra rad etishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Yer uchastkalarini xususiylashtirishni rad etish uchun asos boʻlib xizmat qilgan sabablar bartaraf etilgan taqdirda, rad javobi olingan kundan eʼtiboran bir oy ichida arizachi davlat xizmatlari koʻrsatilishi uchun yigʻimni toʻlamasdan qayta ariza berish huquqiga ega boʻladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 14-fevraldagi 71-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari va yuridik shaxslariga doimiy foydalanish (egalik qilish), ijara va meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi asosida tegishli boʻlgan yer uchastkalarini xususiylashtirish boʻyicha davlat xizmatlari koʻrsatishga doir maʼmuriy reglamentining 20-bandi.
24-modda. Xususiylashtiriladigan yer uchastkasining sotib olish qiymatini aniqlash va toʻlash
Xususiylashtirish subyektiga doimiy foydalanish (egalik qilish), ijara yoxud meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi asosida tegishli boʻlgan xususiylashtiriladigan yer uchastkasining sotib olish qiymati yuridik va jismoniy shaxslardan olinadigan, tegishli yerlar uchun xususiylashtirish paytida belgilangan yer soligʻi bazaviy stavkasining karrali miqdorlarida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 14-fevraldagi 71-son “Qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini amalga oshirish chora-tadbirlari haqida”gi qarori.
Xususiylashtiriladigan yer uchastkasining sotib olish qiymatini belgilashda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi yer uchastkalarining, shuningdek xususiylashtirish subyektlarining ayrim toifalariga, shu jumladan yer soligʻini toʻlashdan ozod qilingan shaxslarga nisbatan tabaqalashtirilgan koeffitsiyentlarni belgilashga haqli.
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 14-fevraldagi 71-son “Qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini amalga oshirish chora-tadbirlari haqida”gi qarori.
Xususiylashtiriladigan yer uchastkasining sotib olish qiymatini toʻlash ijobiy qarorga ega boʻlgan xabarnoma olinganidan keyin oʻn ish kuni ichida arizachi tomonidan amalga oshiriladi.
4-bob. Yer uchastkalarini elektron onlayn-auksion orqali xususiylashtirish
25-modda. Boʻsh turgan yer uchastkalarini xususiylashtirish
Oldingi tahrirga qarang.
Boʻsh turgan yer uchastkalari aholi punktlarining bosh rejalariga, aholi punktlari qismlarini batafsil rejalashtirish loyihalariga, hududlarni kompleks rivojlantirish va qurishga doir boshqa hujjatlarga muvofiq aniqlanadi.
(25-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 5-maydagi OʻRQ-1061-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.05.2025-y., 03/25/1061/0409-son)
Boʻsh turgan yer uchastkalari elektron onlayn-auksion orqali xususiylashtiriladi.
26-modda. Davlat koʻchmas mulk obyektlari joylashgan yer uchastkalarini xususiylashtirish
Xususiylashtirilishi lozim boʻlgan davlat koʻchmas mulk obyektlari joylashgan yer uchastkalari tasdiqlangan xususiylashtirish dasturlariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan aniqlanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Xususiylashtirilishi lozim boʻlgan davlat koʻchmas mulk obyektlari joylashgan yer uchastkalari mazkur koʻchmas mulk obyektlari bilan birga elektron onlayn-auksion yoki boshqa ommaviy savdolar orqali xususiylashtiriladi.
(26-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 14-fevraldagi OʻRQ-907-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.02.2024-y., 03/24/907/0127-son — 2024-yil 16-maydan kuchga kiradi)
27-modda. Yer uchastkalarini xususiylashtirish boʻyicha elektron onlayn-auksionda ishtirok etishga doir buyurtma
Yer uchastkalarini xususiylashtirish boʻyicha elektron onlayn-auksionda ishtirok etishga doir buyurtma:
Oldingi tahrirga qarang.
tadbirkorlik, shaharsozlik faoliyatini va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa faoliyatni amalga oshirish uchun — Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolari va yuridik shaxslari tomonidan;
(27-moddaning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2023-yil 23-oktabrdagi OʻRQ-871-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.10.2023-y., 03/23/871/0797-son)
yakka tartibda uy-joy qurish va uy-joyni obodonlashtirish uchun — Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari tomonidan beriladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 14-fevraldagi 71-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari va yuridik shaxslariga doimiy foydalanish (egalik qilish), ijara va meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi asosida tegishli boʻlgan yer uchastkalarini xususiylashtirish boʻyicha davlat xizmatlari koʻrsatishga doir maʼmuriy reglamentining 19-bandi.
28-modda. Xususiylashtiriladigan yer uchastkasining qiymati
Xususiylashtiriladigan yer uchastkasining qiymati oʻtkazilgan elektron onlayn-auksion natijalariga koʻra belgilanadi.
Elektron onlayn-auksionga qoʻyiladigan yer uchastkasining boshlangʻich narxi uning elektron onlayn-auksionga qoʻyilish paytidagi bozor qiymatidan kelib chiqib belgilanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Xususiylashtirilishi lozim boʻlgan davlat koʻchmas mulk obyektlari joylashgan yer uchastkasining boshlangʻich narxi mazkur koʻchmas mulk obyektlarining bozor qiymatini inobatga olgan holda belgilanadi.
(28-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2023-yil 23-oktabrdagi OʻRQ-871-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.10.2023-y., 03/23/871/0797-son)
Zakalat miqdori va qadam narxi boshlangʻich narxdan foizlarda va pulda ifodalangan tarzda belgilanadi.
5-bob. Xususiylashtirilgan yer uchastkalarining huquqiy maqomi
29-modda. Yer uchastkasiga boʻlgan mulk huquqi uchun davlat orderi
Yer uchastkasiga boʻlgan mulk huquqi uchun davlat orderi huquqni belgilovchi hujjat boʻlib, u xususiylashtiriladigan yer uchastkasining qiymatini toʻlash toʻliq va oʻz vaqtida amalga oshirilganidan keyin bir ish kuni ichida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan beriladi.
Yer uchastkasi unda joylashgan davlat koʻchmas mulk obyekti bilan bir vaqtda xususiylashtirilgan taqdirda, yer uchastkasiga va koʻchmas mulk obyektiga boʻlgan mulk huquqi uchun yagona davlat orderi rasmiylashtiriladi.
Davlat orderlari berilganligi uchun davlat boji undirilmaydi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 14-fevraldagi 71-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari va yuridik shaxslariga doimiy foydalanish (egalik qilish), ijara va meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi asosida tegishli boʻlgan yer uchastkalarini xususiylashtirish boʻyicha davlat xizmatlari koʻrsatishga doir maʼmuriy reglamentining 20-bandi.
30-modda. Xususiylashtirilgan yer uchastkasiga boʻlgan xususiy mulk huquqi
Xususiylashtirilgan yer uchastkalari xususiy mulk va fuqarolik muomalasi obyektlaridir.
Xususiylashtirilgan yer uchastkasiga boʻlgan xususiy mulk huquqi unga boʻlgan huquq Koʻchmas mulk obyektlariga boʻlgan huquqlarning davlat reyestriga tegishli maʼlumotlarni elektron tarzda kiritish orqali davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan paytdan eʼtiboran yuzaga keladi.
Xususiylashtirilgan yer uchastkalariga boʻlgan xususiy mulk huquqi daxlsizdir va qonunga muvofiq davlat tomonidan himoya qilinadi.
31-modda. Xususiylashtirilgan yer uchastkalari mulkdorlarining huquqlari
Xususiylashtirilgan yer uchastkalarining mulkdorlari quyidagi huquqlarga ega:
xususiylashtirilgan yer uchastkasiga yuridik va jismoniy shaxslarning, davlatning huquqlarini hamda qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini buzmagan holda, oʻz xohishiga koʻra va oʻz manfaatlarini koʻzlab erkin egalik qilish, undan foydalanish va uni tasarruf etish, shu jumladan undan garov predmeti sifatida foydalanish, yuridik shaxsning ustav kapitaliga (ustav fondiga) hissa sifatida kiritish, ijaraga berish;
xususiylashtirilgan yer uchastkasiga boʻlgan mulk huquqining har qanday buzilishlari bartaraf etilishini talab qilish;
xususiylashtirilgan yer uchastkasida mustaqil ravishda xoʻjalik yuritish;
uy-joy, ishlab chiqarish, madaniy-maishiy imoratlar va inshootlarni hamda boshqa imoratlar va inshootlarni qurish, ularni qayta qurish va buzishni amalga oshirish.
32-modda. Xususiylashtirilgan yer uchastkalari mulkdorlarining majburiyatlari
Xususiylashtirilgan yer uchastkalarining mulkdorlari:
Oldingi tahrirga qarang.
yer uchastkasidan foydalanishda shaharsozlik toʻgʻrisidagi qonunchilik, texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga rioya etishi;
(32-moddaning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2023-yil 23-oktabrdagi OʻRQ-871-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.10.2023-y., 03/23/871/0797-son)
boshqa yer uchastkalarining mulkdorlariga yetkazilgan zararning oʻrnini belgilangan tartibda qoplashi shart.
33-modda. Xususiylashtirish subyektlari boʻlmagan shaxslarda yer uchastkalariga boʻlgan mulk huquqining vujudga kelishi
Chet el fuqarolari, fuqaroligi boʻlmagan shaxslar, chet ellik yuridik shaxslar, chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar, agar qonunda boshqa narsa nazarda tutilmagan boʻlsa, xususiylashtirilgan yer uchastkalarini olish huquqiga ega emas.
Agar chet el fuqarosi, fuqaroligi boʻlmagan shaxs, chet ellik yuridik shaxs, chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonada yer uchastkalariga mulk huquqi vujudga kelsa, ushbu yer uchastkalari bunday holat yuz bergan paytdan eʼtiboran olti oy ichida begonalashtirilishi lozim.
Agar yer uchastkalari ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan muddatda begonalashtirilmasa, ushbu moddada koʻrsatilgan shaxslarda ularni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ijaraga olishda ustun huquq saqlab qolingan holda yer uchastkalari davlat mulkiga oʻtkaziladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining Yer kodeksi, Oʻzbekiston Respublikasining “Ijara toʻgʻrisida”gi Qonuni.
Oldingi tahrirga qarang.
34-modda. Yuridik va jismoniy shaxslarning xususiy mulki boʻlgan yer uchastkasiga mulk huquqining bekor qilinishi
Yuridik va jismoniy shaxslarning xususiy mulki boʻlgan yer uchastkasiga mulk huquqi quyidagi hollarda bekor qilinadi:
yer uchastkasiga, shuningdek binolar, inshootlar yoki boshqa koʻchmas mulkka boʻlgan mulk huquqi ular joylashgan yer uchastkasi bilan birga fuqarolik qonunchiligida nazarda tutilgan tartibda boshqa shaxsga oʻtkazilganda;
jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalari, shuningdek binolar, inshootlar yoki boshqa koʻchmas mulk ular joylashgan yer uchastkalari bilan birga qayta sotib olinganda;
qonunda belgilangan hollarda yer uchastkasi, shuningdek binolar, inshootlar yoki boshqa koʻchmas mulk ular joylashgan yer uchastkalari bilan birga musodara qilinganda;
qonunchilikda belgilangan hollarda yer uchastkasi, binolar, inshootlar yoki boshqa koʻchmas mulk ular joylashgan yer uchastkalari bilan birga rekvizitsiya qilinganda;
ijro hujjatlari boʻyicha undiruv yer uchastkasiga qaratilganda.
(34-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2023-yil 23-oktabrdagi OʻRQ-871-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.10.2023-y., 03/23/871/0797-son)
Oldingi tahrirga qarang.
35-modda. Undiruv qaratilgan yuridik va jismoniy shaxslarning xususiy mulki boʻlgan yer uchastkasining qiymatini aniqlash
Yuridik va jismoniy shaxslarning xususiy mulki boʻlgan yer uchastkasiga mulkdorning majburiyatlari boʻyicha undiruv qaratilganda ushbu yer uchastkasining qiymati qonunga muvofiq aniqlanadi.
Yuridik va jismoniy shaxslarning xususiy mulki boʻlgan, olib qoʻyilayotgan yer uchastkasining baholovchi tashkilot tomonidan aniqlangan qiymati yuzasidan sudda nizolashilishi mumkin.
(35-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2022-yil 29-iyundagi OʻRQ-782-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.06.2022-y., 03/22/782/0576-son — 2022-yil 1-oktabrdan kuchga kiradi)
Oldingi tahrirga qarang.
36-modda. Yuridik va jismoniy shaxslarning xususiy mulki boʻlgan yer uchastkasini jamoat ehtiyojlari uchun qayta sotib olish
Yuridik va jismoniy shaxslarning xususiy mulki boʻlgan yer uchastkasini jamoat ehtiyojlari uchun qayta sotib olish:
faqat yer uchastkasi mulkdorining yozma roziligi olinganda amalga oshiriladi;
yer uchastkasining mulkdori hamda tegishincha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari nomidan teng shartlar asosida tuziladigan yer uchastkasining oldi-sotdi shartnomasi bilan rasmiylashtiriladi;
basharti yer uchastkasining shartnoma qiymati davlat tomonidan oldindan toʻlansa, amalga oshiriladi.
Yuridik va jismoniy shaxslarning xususiy mulki boʻlgan yer uchastkasini jamoat ehtiyojlari uchun qayta sotib olishga faqat quyidagi maqsadlarda yoʻl qoʻyiladi:
mudofaa va davlat xavfsizligi ehtiyojlari, muhofaza etiladigan tabiiy hududlar ehtiyojlari, erkin iqtisodiy zonalarni, erkin savdo zonalarini tashkil etish va ularning faoliyat koʻrsatishi uchun yerlar berish;
Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalaridan kelib chiqadigan majburiyatlarni bajarish;
foydali qazilmalar konlarini qidirish va qazib olish (bundan keng tarqalgan foydali qazilmalar konlari mustasno);
respublika ahamiyatiga hamda mahalliy ahamiyatga molik avtomobil va temir yoʻllarni, aeroportlarni, aerodromlarni, aeronavigatsiya obyektlarini hamda aviatexnika markazlarini, temir yoʻl transporti obyektlarini, koʻpriklar, metropolitenlar, tunnellarni, energetika va aloqa tizimining muhandislik obyektlari hamda tarmoqlarini, kosmik faoliyat obyektlarini, magistral quvurlarni, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini, irrigatsiya va melioratsiya tizimlarini qurish (rekonstruksiya qilish);
tasdiqlangan aholi punktlari bosh rejalarining obyektlarni Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan qurishga oid qismini bajarish;
davlat investitsiya dasturlarida koʻrsatilgan davlat taʼlim, sogʻliqni saqlash, madaniyat va tibbiy-ijtimoiy xizmat koʻrsatish muassasalarining binolari hamda inshootlarini markazlashtirilgan investitsiyalar hisobidan qurishni nazarda tutuvchi loyihalarni amalga oshirish.
Yuridik va jismoniy shaxslarning xususiy mulki boʻlgan yer uchastkalarini jamoat ehtiyojlari uchun qayta sotib olish faqat yer uchastkalari mulkdorlari bilan qayta sotib olishning shartnoma narxi va qayta sotib olish shartlari ochiq muhokama qilinganidan keyin, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan majburiy ravishda kelishilganidan keyin amalga oshiriladi.
Yuridik va jismoniy shaxslarning xususiy mulki boʻlgan yer uchastkasini qayta sotib olish bilan bogʻliq xarajatlarning oʻrni quyidagi manbalar hisobidan qoplanadi:
davlat boshqaruvi organlarining tashabbusiga koʻra — Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qoʻyilishi munosabati bilan jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlarning oʻrnini qoplash boʻyicha markazlashtirilgan respublika jamgʻarmasi;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining tashabbusiga koʻra — tegishincha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzuridagi jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qoʻyilishi munosabati bilan jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlarning oʻrnini qoplash boʻyicha markazlashtirilgan hududiy jamgʻarmalar.
Yuridik va jismoniy shaxslarning xususiy mulki boʻlgan yer uchastkasining qayta sotib olish qiymatini toʻlash yer uchastkasiga boʻlgan mulk huquqi davlatga oʻtkaziladigan paytga qadar toʻliq hajmda amalga oshiriladi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari hamda xususiy mulk boʻlgan yer uchastkasining mulkdori oʻrtasidagi yer uchastkasining oldi-sotdi shartnomasini tuzish boʻyicha kelishmovchiliklar sud tartibida hal etiladi.
(36-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2022-yil 29-iyundagi OʻRQ-782-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.06.2022-y., 03/22/782/0576-son — 2022-yil 1-oktabrdan kuchga kiradi)
Oldingi tahrirga qarang.
37-modda. Yuridik va jismoniy shaxslarning xususiy mulki boʻlgan yer uchastkasini rekvizitsiya qilish
(37-moddaning nomi Oʻzbekiston Respublikasining 2022-yil 29-iyundagi OʻRQ-782-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.06.2022-y., 03/22/782/0576-son — 2022-yil 1-oktabrdan kuchga kiradi)
Oldingi tahrirga qarang.
Yuridik va jismoniy shaxslarning xususiy mulki boʻlgan yer uchastkasi tabiiy ofatlar, falokatlar, epidemiyalar, epizootiyalar hollarida va favqulodda xususiyatga ega boʻlgan boshqa holatlarda uning mulkdoridan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga muvofiq olib qoʻyilishi (rekvizitsiya qilinishi) mumkin, bunda xususiy mulk boʻlgan yer uchastkasining mulkdoriga yetkazilgan zararlarning oʻrni qoplanib, unga rekvizitsiya toʻgʻrisida hujjat beriladi.
(37-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2022-yil 29-iyundagi OʻRQ-782-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.06.2022-y., 03/22/782/0576-son — 2022-yil 1-oktabrdan kuchga kiradi)
Oldingi tahrirga qarang.
Yuridik va jismoniy shaxslarning xususiy mulki boʻlgan yer uchastkasini rekvizitsiya qilish faqat Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining, jamiyat va davlatning huquqlari va qonuniy manfaatlarini favqulodda holatlar munosabati bilan yuzaga keladigan tahdidlardan himoya qilish maqsadida amalga oshiriladi.
(37-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2022-yil 29-iyundagi OʻRQ-782-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.06.2022-y., 03/22/782/0576-son — 2022-yil 1-oktabrdan kuchga kiradi)
Rekvizitsiya amalga oshirilishi bilan bogʻliq boʻlgan holatlarning amal qilishi tugagach, rekvizitsiya qilingan yer uchastkasining sobiq mulkdori saqlanib qolgan mol-mulkini oʻziga qaytarishni talab qilishga haqli.
Oldingi tahrirga qarang.
Ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan holatlar yuzaga kelgan taqdirda, yer uchastkasini rekvizitsiya qilish zarurati mavjud boʻlmaganda yer uchastkasi ushbu holatlarning amal qilish davrida vaqtincha foydalanish uchun egallanishi mumkin va yer uchastkasining mulkdoriga uning huquqlari vaqtincha cheklanganligi munosabati bilan yetkazilgan zararlarning oʻrni qoplanadi.
(37-moddaning toʻrtinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2023-yil 23-oktabrdagi OʻRQ-871-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.10.2023-y., 03/23/871/0797-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Vaqtincha egallangan yer uchastkasini qaytarishning imkoni boʻlmagan taqdirda, uning mulkdoriga shu yer uchastkasining bozor qiymati va yer uchastkasini qaytarib berishning imkoni yoʻqligi munosabati bilan yetkazilgan boshqa zararlarning oʻrni qoplanadi.
(37-moddaning beshinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2023-yil 23-oktabrdagi OʻRQ-871-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.10.2023-y., 03/23/871/0797-son)
Rekvizitsiya qilingan yer uchastkasining bozor qiymati oʻrni yer uchastkasi mulkdoriga qaysi baholashga muvofiq qoplangan boʻlsa, oʻsha baholash, yer uchastkasini rekvizitsiya qilish yoki yer uchastkasi mulkdorining huquqlarini vaqtincha cheklash munosabati bilan yetkazilgan zararlar yuzasidan mulkdor tomonidan sud tartibida nizolashilishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
38-modda. Yuridik va jismoniy shaxslarning xususiy mulki boʻlgan yer uchastkasini musodara qilish
Yuridik va jismoniy shaxslarning xususiy mulki boʻlgan yer uchastkasi jinoyat-protsessual qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda mulkdordan sud qarori asosida olib qoʻyilishi (musodara qilinishi) mumkin.
(38-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2022-yil 29-iyundagi OʻRQ-782-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.06.2022-y., 03/22/782/0576-son — 2022-yil 1-oktabrdan kuchga kiradi)
6-bob. Yakunlovchi qoidalar
39-modda. Nizolarni hal etish
Oldingi tahrirga qarang.
Yer uchastkalarini xususiylashtirish sohasida yuzaga keladigan nizolar qonunchilikda belgilangan tartibda hal etiladi, bunda davlatga tegishli yer uchastkalarini xususiylashtirish boʻyicha tuzilgan shartnomalar doirasida yuzaga keladigan nizolar va daʼvolarga nisbatan mediatsiya tartib-taomili amalga oshirilishi mumkin.
(39-moddaning matni Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 17-martdagi OʻRQ-1122-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.03.2026-y., 03/26/1122/0250-son)
40-modda. Qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik
Qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
41-modda. Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish
Quyidagilar oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin:
1) Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 13-avgustda qabul qilingan “Qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish toʻgʻrisida”gi OʻRQ-552-sonli Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2019-yil, № 8, 463-modda);
2) Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-aprelda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisida”gi OʻRQ-683-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2021-yil, 4-songa ilova) 272-moddasi;
3) Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 16-avgustda qabul qilingan “Yer uchastkalarini ajratish va ulardan foydalanish, shuningdek yerlarni hisobga olish va davlat yer kadastrini yuritish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi OʻRQ-708-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2021-yil, № 8, 800-modda) 14-moddasi.
42-modda. Ushbu Qonunning ijrosini, yetkazilishini, mohiyati va ahamiyati tushuntirilishini taʼminlash
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi hamda boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi oʻrtasida tushuntirilishini taʼminlasin.
43-modda. Qonunchilikni ushbu Qonunga muvofiqlashtirish
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin.
44-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi
Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2021-yil 15-noyabr,
OʻRQ-728-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.11.2021-y., 03/21/728/1046-son; 30.06.2022-y., 03/22/782/0576-son; 25.10.2023-y., 03/23/871/0797-son; 15.02.2024-y., 03/24/907/0127-son; 05.05.2025-y., 03/25/1061/0409-son; 30.12.2025-y., 03/25/1109/1241-son; 17.03.2026-y., 03/26/1122/0250-son)