O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Iqtisodiyot tarmoqlarida kamida besh yil ish stajiga ega bo‘lgan fuqarolarni sirtqi va kechki ta’lim shakliga suhbat natijalariga ko‘ra tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2021/2022 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasining oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari to‘g‘risida” 2021-yil 22-iyundagi PQ-5157-son qarori ijrosini ta’minlash hamda vazirliklar, idoralar va yirik xo‘jalik birlashmalarida oliy ma’lumotli kadrlar ulushini yanada oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Iqtisodiyot tarmoqlarida kamida besh yil ish stajiga ega bo‘lgan fuqarolarni sirtqi va kechki ta’lim shakliga suhbat natijalariga ko‘ra tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin va 2022-yil 1-maydan boshlab kuchga kiritilsin:
kamida besh yil ish stajiga ega bo‘lgan fuqarolarga suhbat natijalariga ko‘ra tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga kirishi uchun tavsiyanoma beruvchi vazirlik, idora va yirik xo‘jalik birlashmalari ro‘yxatini O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha davlat komissiyasi tomonidan har yili 1-iyulgacha bo‘lgan muddatda tasdiqlash;
tegishli tavsiyanomaga ega bo‘lgan fuqarolarni har yili 20-iyuldan 10-avgustgacha bo‘lgan muddatda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazining maxsus elektron tizimi orqali ro‘yxatdan o‘tkazish;
oliy ta’lim muassasasi qabul komissiyasi raisi buyrug‘i bilan tashkil etiladigan alohida suhbat komissiyasi tomonidan har yili 20-avgustdan 30-avgustgacha bo‘lgan muddatda tavsiyanomaga ega bo‘lgan abituriyentlar bilan suhbat o‘tkazish;
suhbat natijalariga ko‘ra 100 ballik baholash mezoni bo‘yicha 55 ball va undan yuqori ball to‘plagan abituriyentlarni oliy ta’lim muassasasi rektorining (direktorining) buyrug‘i bilan tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida talabalikka tavsiya etish.
2. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining ijtimoiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari B.A. Musayev hamda O‘zbekiston Respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri A.X. Toshkulov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2021-yil 4-noyabr,
675-son
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 4-noyabrdagi 675-son qaroriga
ILOVA
Iqtisodiyot tarmoqlarida kamida besh yil ish stajiga ega bo‘lgan fuqarolarni sirtqi va kechki ta’lim shakliga suhbat natijalariga ko‘ra tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom iqtisodiyot tarmoqlarida kamida besh yil ish stajiga ega bo‘lgan fuqarolarni sirtqi va kechki ta’lim shakliga kirish imtihonlarisiz, suhbat natijalariga ko‘ra tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilish tartibini belgilaydi.
Bunda, o‘qishga qabul qilish tegishli ish beruvchi vazirlik, idora va yirik xo‘jalik birlashmalarining tavsiyanomasi asosida kamida besh yil ish stajiga ega bo‘lgan xodimlar (keyingi o‘rinlarda — tavsiyanomaga ega bo‘lgan abituriyentlar) hisobidan, keyinchalik ushbu tizimda besh yil ishlab berish sharti bilan ish faoliyatiga mos bo‘lgan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga suhbat natijalariga asosan amalga oshiriladi.
Mazkur Nizom oliy harbiy va harbiylashtirilgan ta’lim muassasalariga, O‘zbekistonda faoliyat olib borayotgan xorijiy va nodavlat oliy ta’lim tashkilotlari hamda ularning filiallariga nisbatan tatbiq etilmaydi.
2. Kamida besh yil ish stajiga ega bo‘lgan fuqarolarga sirtqi va kechki ta’lim shakliga suhbat natijalariga ko‘ra tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga kirishi uchun mazkur Nizomga 1-ilovada keltirilgan namunaviy shaklga muvofiq tavsiyanoma beruvchi vazirlik, idora va yirik xo‘jalik birlashmalari ro‘yxati hamda tavsiyanomaga ega bo‘lgan abituriyentlar uchun tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt miqdorlari har yili 1-iyulgacha O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha davlat komissiyasi (keyingi o‘rinlarda — Davlat komissiyasi) tomonidan tasdiqlanadi hamda ommaviy axborot vositalari orqali e’lon qilinadi.
3. Tavsiyanomalar Davlat komissiyasi tomonidan ro‘yxati tasdiqlangan vazirlik, idora va yirik xo‘jalik birlashmalarining birinchi rahbari tomonidan, birinchi rahbar lavozimi vakant bo‘lganda va/yoki uning vazifalarini bajarish boshqa shaxsga yuklatilganda esa — ushbu rahbar tomonidan beriladi.
Vazirlik, idora va yirik xo‘jalik birlashmalari har bir o‘quv yili uchun markaziy va hududiy tuzilmalari hamda tizim tashkilotlaridan 100 nafargacha talabgorga tavsiyanoma berishi mumkin.
Kamida besh yil ish stajiga ega bo‘lgan fuqarolarga sirtqi va kechki ta’lim shakliga suhbat natijalariga ko‘ra tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga kirishi uchun vazirlik, idora va yirik xo‘jalik birlashmalari tomonidan beriladigan tavsiyanomalar (keyingi o‘rinlarda — tavsiyanomalar) faqatgina berilgan o‘quv yili uchun amal qiladi.
4. Iqtisodiyot tarmoqlarida kamida besh yil ish stajiga ega bo‘lgan fuqarolarni sirtqi va kechki ta’lim shakliga suhbat natijalariga ko‘ra tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilish mazkur Nizomga 2-ilovada keltirilgan sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
2-bob. Abituriyentlarni ro‘yxatdan o‘tkazish
5. Tavsiyanomaga ega bo‘lgan abituriyentlarni ro‘yxatdan o‘tkazish har yili 20-iyuldan 10-avgustgacha bo‘lgan muddatda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazining (keyingi o‘rinlarda — Davlat test markazi) maxsus elektron tizimi orqali amalga oshiriladi.
Bunda:
Davlat test markazi tomonidan tavsiyanoma berish huquqiga ega bo‘lgan vazirlik, idora va yirik xo‘jalik birlashmalariga maxsus elektron tizimga kirish bo‘yicha login va parollar beriladi;
tavsiyanoma berish huquqiga ega bo‘lgan vazirlik, idora va yirik xo‘jalik birlashmalari tomonidan Davlat test markazining maxsus elektron tizimiga tavsiyanomaga ega bo‘lgan xodimlarning shaxsiy ma’lumotlari kiritiladi.
6. Ro‘yxatdan o‘tgan tavsiyanomaga ega bo‘lgan abituriyentlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar Davlat test markazi tomonidan har yili 15-avgustga qadar O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi orqali tegishli oliy ta’lim muassasalariga yetkaziladi.
3-bob. Suhbat jarayonini o‘tkazish
7. Oliy ta’lim muassasasi qabul komissiyasi raisi tomonidan tavsiyanomaga ega bo‘lgan abituriyentlar bilan suhbat o‘tkazish bo‘yicha alohida Suhbat komissiyasi tashkil etiladi.
Suhbat komissiyasi 7 nafardan kam bo‘lmagan tarkibda tuziladi va uning tarkibiga soha bo‘yicha yuqori malakali professor-o‘qituvchilar, soha mutaxassislari hamda ish beruvchi tashkilotlar va oliy ta’lim muassasasi bo‘ysunuvi bo‘yicha vazirlik va idoralardan vakillar kiritiladi.
8. Suhbat komissiyasi tomonidan tavsiyanomaga ega bo‘lgan abituriyentning ish faoliyati u hujjat topshirgan bakalavriat ta’lim yo‘nalishiga mos kelishi imtihon boshlanishidan 10 kun avval aniqlanadi.
Tavsiyanomaga ega bo‘lgan abituriyent tanlagan bakalavriat ta’lim yo‘nalishi uning ish faoliyatiga mos emas deb topilgan taqdirda, u imtihonga qo‘yilmaydi va oliy ta’lim muassasasi bu haqda ish beruvchini xabardor qiladi.
Bunda:
abiturentning arizasiga muvofiq tavsiyanoma bergan vazirlik, idora yoki yirik xo‘jalik birlashmasining murojaati asosida Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan xodimning ish faoliyatiga mos bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha suhbat jarayonida ishtirok etishga ruxsat beriladi;
bakalavriat ta’lim yo‘nalishini o‘zgartirishga ruxsat berilgan abituriyentlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining murojaatiga asosan Davlat test markazi tomonidan maxsus elektron tizimga kiritiladi.
9. Tavsiyanomaga ega bo‘lgan abituriyentlar bilan suhbat jarayoni to‘liq videokuzatuv ostida o‘tkaziladi va jarayonlar kuzatuvchilar uchun ajratilgan alohida kutish joyiga onlayn translyatsiya qilib boriladi.
Suhbat jarayoni to‘liq videokuzatuv ostida o‘tkazilishi va videoyozuvlarning kamida uch yil oliy ta’lim muassasasida saqlanishini ta’minlash mas’uliyati shaxsan oliy ta’lim muassasasi rektori (direktori) zimmasiga yuklanadi.
10. Suhbat jarayoni har yili 20-avgustdan 30-avgustgacha, oliy ta’lim muassasasi tomonidan belgilangan muddatda, Suhbat komissiyasi tarkibining kamida uchdan ikki qismi ishtirok etgan taqdirda o‘tkaziladi.
Suhbat o‘tkazish dasturi oliy ta’lim muassasasi tomonidan ishlab chiqiladi va oliy ta’lim muassasasi kengashi qarori bilan tasdiqlanadi.
Suhbat o‘tkazish jadvali oliy ta’lim muassasasi rasmiy veb-saytida suhbat o‘tkazilishidan kamida 5 kun avval joylashtiriladi.
Suhbat jarayoniga jamoatchilik vakillari ham xolis kuzatuvchi sifatida jalb etilishi mumkin.
11. Uzrli sabablarga ko‘ra (sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra, belgilangan shakldagi tibbiy xulosa asosida) suhbatga kelmagan abituriyentlar uchun takroriy suhbat muddati oliy ta’lim muassasasi tomonidan belgilanadi hamda oliy ta’lim muassasasining rasmiy veb-saytida takroriy suhbat o‘tkazilishidan kamida 5 kun avval e’lon qilinadi.
12. Suhbat jarayonida abituriyentlarning har biriga quyidagi mavzular bo‘yicha bittadan jami to‘rtta savol beriladi:
mamlakatda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarning mohiyati va ahamiyati;
belgilangan bakalavriat ta’lim yo‘nalishini tanlashdan asosiy maqsad;
belgilangan bakalavriat ta’lim yo‘nalishiga mos mehnat faoliyati davomida erishgan yutuq va natijalari;
belgilangan bakalavriat ta’lim yo‘nalishi sohasida bilim va kasbiy ko‘nikmalarning mavjudligi.
Har bir savolga 25 balldan ajratilib, jami to‘plash mumkin bo‘lgan eng yuqori ball 100 ballni tashkil etadi.
13. Savollar oliy ta’lim muassasasi qabul komissiyasi tomonidan ishlab chiqilib, qabul komissiyasi raisi tomonidan tasdiqlanadi.
14. Muayyan ta’lim yo‘nalishi (guruh) bo‘yicha suhbat jarayoni yakunlangach, Suhbat komissiyasi a’zolari tomonidan qo‘yilgan ballar hisoblab chiqiladi va Suhbat komissiyasi tomonidan tasdiqlanadigan qaydnomaga kiritib boriladi.
Suhbat komissiyasi tomonidan tasdiqlangan qaydnomaga asosan Suhbat komissiyasining ishtirok etgan a’zolari tomonidan qo‘yilgan ballarning o‘rtachasi 55 balldan yuqori bo‘lganda abituriyent suhbatdan o‘tgan hisoblanadi.
Muayyan ta’lim yo‘nalishi (guruh) bo‘yicha o‘tkazilgan suhbat natijalariga ko‘ra suhbatdan o‘tganlar ro‘yxati shu kunning o‘zida abituriyentlarga o‘qib eshittiriladi.
15. Oliy ta’lim muassasasida suhbatlar o‘tkazilishi davrida belgilangan tartibda apellyatsiya shikoyatlarini ko‘rib chiqish uchun apellyatsiya komissiyasi tashkil etiladi.
Apellyatsiya shikoyatlari suhbat natijalari e’lon qilingan vaqtdan boshlab 24 soat ichida qabul qilinadi va apellyatsiya komissiyasi tomonidan murojaat qilganlarning sonidan kelib chiqqan holda bir kundan uch kungacha bo‘lgan muddatda ko‘rib chiqiladi.
Apellyatsiya komissiyasi tarkibiga qabul komissiyasi faoliyatida ishtirok etmagan oliy ta’lim muassasasi xodimlari orasidan komissiya raisi va to‘rt nafar a’zo kiritiladi.
Abituriyent apellyatsiyani ko‘rib chiqishda ishtirok etishi mumkin.
Apellyatsiya komissiyasi abituriyentning apellyatsiyasini ko‘rib chiqib, uning natijasi bo‘yicha tegishli qaror qabul qiladi hamda uning qabul komissiyasi va abituriyentga yetkazilishini ta’minlaydi.
16. Suhbat natijalariga ko‘ra talabalikka tavsiya etilganlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar natijalar e’lon qilingan kundan boshlab uch kun muddatda oliy ta’lim muassasasi rektori (direktori) tomonidan bo‘ysunuvi bo‘yicha vazirlik, idora va yirik xo‘jalik birlashmasiga taqdim etiladi.
17. Suhbat komissiyasining suhbat natijalarini qayd etish hamda suhbatning yakuniy natijalarini qayd etish varaqlari uch yil oliy ta’lim muassasasida saqlanadi.
4-bob. To‘lov-kontrakt asosida talabalikka qabul qilish
18. Suhbat komissiyasi tomonidan tasdiqlangan qaydnomaga asosan o‘tish balidan yuqori ball to‘plagan abituriyentlar oliy ta’lim muassasasi rektori (direktori) tomonidan talabalikka tavsiya etiladi.
19. Talabalikka tavsiya etilganlarning umumiy ro‘yxati suhbat jarayoni to‘liq yakunlangandan so‘ng bir kun muddatda oliy ta’lim muassasasining rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi va shu kundan boshlab ularga belgilangan namunadagi to‘lov-kontrakt blankalari oliy ta’lim muassasasi qabul komissiyasi tomonidan beriladi.
20. Talabalikka tavsiya etilganlar oliy ta’lim muassasasi qabul komissiyasiga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
talabaning ishlab turgan joyi bo‘ysunuvchi vazirlik, idora yoki yirik xo‘jalik birlashmasidan belgilangan shakldagi tavsiyanoma;
talabaning ishlab turgan joyi bo‘ysunuvchi vazirlik, idora yoki yirik xo‘jalik birlashmasi tomonidan talabaning butun o‘qish davri uchun to‘lov-kontrakt mablag‘larini o‘z vaqtida to‘lab berish bo‘yicha kafolat xati.
21. Talabalikka tavsiya etilganlar uchun tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosidagi to‘lov har yili shartnoma shartlarida ko‘rsatilgan muddatlarda xodim ishlayotgan vazirlik, idora, yirik xo‘jalik birlashmasi yoki ularning tizimidagi tashkilotlar tomonidan amalga oshiriladi.
Xodimi talabalikka tavsiya etilgan yoki qabul qilingan budjet mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan vazirlik, idora yoki ularning tizimidagi tashkilotlar tomonidan to‘lovni amalga oshirish imkoniyati bo‘lmagan holatlarda, istisno tariqasida, Davlat komissiyasi tomonidan ularning o‘qishi uchun to‘lov-kontrakt mablag‘lari to‘lov manbai va boshqa shartlar bo‘yicha vazirlik, idora yoki ular tizimidagi tashkilotlarning xodim bilan kelishilgan shartnomasiga muvofiq belgilangan shaklda amalga oshirilishiga ruxsat berilishi mumkin.
Shartnoma shartlari, tomonlarning huquqlari va majburiyatlari, ularni amalga oshirish tartibi qonunchilik hujjatlariga muvofiq belgilanadi.
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 27-bobi.
22. Oliy ta’lim muassasasi qabul komissiyasiga tegishli hujjatlar taqdim etilib, tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt shartlari bajarilgandan so‘ng oliy ta’lim muassasasi rektorining (direktorining) abituriyentni talabalikka qabul qilish to‘g‘risidagi buyrug‘i rasmiylashtiriladi.
5-bob. Yakunlovchi qoidalar
23. Ushbu toifadagi talabalar tavsiyanoma berilgan tashkilot bilan mehnat shartnomasini tashkilot yoki o‘z tashabbusi bilan bekor qilgan taqdirda, tavsiyanoma bergan tashkilot tomonidan oliy ta’lim muassasasiga bu borada bildirgi yuboriladi.
Tavsiyanoma bergan tashkilot tomonidan yuborilgan bildirgi oliy ta’lim muassasasi rektorining (direktorining) ushbu talabani talabalar safidan chetlatish to‘g‘risidagi buyrug‘ini rasmiylashtirish uchun asos bo‘ladi va uning o‘qishini qayta tiklashga ruxsat etilmaydi.
Tashkilot tugatilgan yoki qayta tashkil etilgan taqdirda, u tomonidan berilgan tavsiyanoma asosida oliy ta’lim muassasasida tahsil olayotgan talaba uning o‘qishi uchun belgilangan tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt qiymatini o‘z hisobidan to‘lab o‘qishini davom ettirishi mumkin.
24. Tavsiyanoma asosida o‘qishga qabul qilingan talabalarning o‘qishini ko‘chirishga ruxsat etilmaydi.
25. Mazkur Nizomni qo‘llashda yuzaga keladigan nizolar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 17-iyundagi PQ-4754-sonli “Nizolarni muqobil hal etishning mexanizmlarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori.
26. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonunchilikka muvofiq javob beradilar.
Iqtisodiyot tarmoqlarida kamida besh yil ish stajiga ega bo‘lgan fuqarolarni sirtqi va kechki ta’lim shakliga suhbat natijalariga ko‘ra tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomga
1-ILOVA
TAVSIYANOMA BLANKASINING NAMUNAVIY SHAKLI

TAVSIYANOMA
‎№ AA 000000

‎‎______________ yilda tug‘ilgan, ____________ yildan buyon ____________________________________da
‎‎(tashkilot nomi)
‎‎___________________________ lavozimida ishlovchi fuqaro _______________________________________ga

‎‎(familiyasi, ismi, otasining ismi)‎

‎‎____________________________________ ____________________________________________ yo‘nalishiga

‎‎(OTM nomi)

‎‎(ta’lim yo‘nalishi nomi)

‎‎o‘qishga topshirish uchun berildi.
‎‎Ushbu tavsiyanoma fuqaro ______________________________________ga (_________________________)

‎‎(familiyasi, ismi, otasining ismi)‎

‎‎(pasport seriyasi va raqami)‎

‎‎O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 17-iyundagi PQ-4359-son hamda 2021-yil 22-iyundagi PQ-5157-son qarorlariga muvofiq oliy ta’lim muassasalarining sirtqi va kechki ta’lim shakliga suhbat natijalariga ko‘ra tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilish uchun berildi.

‎‎Tavsiyanoma __________________________________________________________________ rahbarining

‎‎(vazirlik, idora, yirik xo‘jalik birlashmasi nomi)‎

‎‎20___ yil “_____”_________________dagi ______________-son buyrug‘iga asosan berildi.

‎‎M.O‘. _______________________________________________________________________________

(vazirlik, idora, yirik xo‘jalik birlashmasi rahbarining lavozimi, imzosi,
‎familiyasi, ismi, otasining ismi)‎‎

‎‎20____ yil “_____”______________‎

Iqtisodiyot tarmoqlarida kamida besh yil ish stajiga ega bo‘lgan fuqarolarni sirtqi va kechki ta’lim shakliga suhbat natijalariga ko‘ra tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomga
2-ILOVA
Iqtisodiyot tarmoqlarida kamida besh yil ish stajiga ega bo‘lgan fuqarolarni sirtqi va kechki ta’lim shakliga suhbat natijalariga ko‘ra tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilishni tashkil etish
SXEMASI

Bosqich

Mas’ullar

Tadbirlar

Muddatlar

I. Abituriyentlarni ro‘yxatdan o‘tkazish

1-bosqich

O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha davlat komissiyasi

Kamida besh yil ish stajiga ega bo‘lgan fuqarolarga sirtqi va kechki ta’lim shakliga suhbat natijalariga ko‘ra tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga kirishi uchun tavsiyanoma beruvchi vazirlik, idora va yirik xo‘jalik birlashmalari ro‘yxatini va tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt miqdorlarini tasdiqlash.

Har yili 1-iyulgacha

2-bosqich

Davlat test markazi

Maxsus elektron tizimi orqali tavsiyanomaga ega bo‘lgan abituriyentlarni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun tavsiyanoma berish huquqiga ega bo‘lgan vazirlik, idora va yirik xo‘jalik birlashmalariga maxsus elektron tizimga kirish bo‘yicha login va parollar berish.

Har yili 20-iyuldan 10-avgustgacha

3-bosqich

Tavsiyanoma berish huquqiga ega bo‘lgan vazirlik, idora va yirik xo‘jalik birlashmalari

Davlat test markazining maxsus elektron tizimiga tavsiyanomaga ega bo‘lgan xodimlarning shaxsiy ma’lumotlarini kiritish.

Har yili 20-iyuldan 10-avgustgacha

4-bosqich

Davlat test markazi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi

Ro‘yxatdan o‘tgan tavsiyanomaga ega bo‘lgan abituriyentlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi orqali tegishli oliy ta’lim muassasalariga yetkazish.

Har yili 15-avgustgacha

II. Suhbat jarayonini o‘tkazish va talabalikka qabul qilish

5-bosqich

Oliy ta’lim muassasasi qabul komissiyasi

Oliy ta’lim muassasasi qabul komissiyasi raisi tomonidan tavsiyanomaga ega bo‘lgan abituriyentlar bilan suhbat o‘tkazish bo‘yicha 7 nafardan kam bo‘lmagan tarkibda alohida Suhbat komissiyasini tashkil etish.

Har yili 15-avgustgacha

6-bosqich

Oliy ta’lim muassasasi suhbat komissiyasi

Suhbat jarayonini o‘tkazish.

Har yili 20-avgustdan 30-avgustgacha

7-bosqich

Oliy ta’lim muassasasi qabul komissiyasi

O‘tkazilgan suhbat natijalariga ko‘ra suhbatdan o‘tganlar ro‘yxatini shu kunning o‘zida abituriyentlarga o‘qib eshittirish.

Suhbat o‘tkazilgan kuni

8-bosqich

Oliy ta’lim muassasasi rektori (direktori)

Suhbat natijalariga ko‘ra talabalikka tavsiya etilganlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni bo‘ysunuvi bo‘yicha vazirlik, idora, yirik xo‘jalik birlashmasiga taqdim etish.

Natijalar e’lon qilingan kundan boshlab uch kun muddatda

9-bosqich

Oliy ta’lim muassasasi qabul komissiyasi

Talabalikka tavsiya etilganlarning umumiy ro‘yxatini oliy ta’lim muassasasining rasmiy veb-saytida e’lon qilish hamda ularga belgilangan namunadagi to‘lov-kontrakt blankalarini berish.

Suhbat jarayoni to‘liq yakunlangandan so‘ng bir kun muddatdan boshlab

10-bosqich

Oliy ta’lim muassasasi rektori (direktori)

Oliy ta’lim muassasasi rektorining (direktorining) abituriyentni talabalikka qabul qilish to‘g‘risidagi buyrug‘ini rasmiylashtirish.

Tegishli hujjatlar taqdim etilib, tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt shartlari bajarilgandan so‘ng

(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 04.11.2021-y., 09/21/675/1030-son)