Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Ijtimoiy himoya sohasidagi ayrim tibbiy-ijtimoiy muassasalar faoliyatini tartibga soluvchi nizomlarni tasdiqlash haqida
(qaror nomi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 15-dekabrdagi 665-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.12.2023-y., 09/23/665/0942-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, “Saxovat” va “Muruvvat” internat uylari tizimini yanada rivojlantirish toʻgʻrisida” 2021-yil 25-martdagi PF-6195-son Farmoni hamda “Oʻzbekiston Respublikasi Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida” 2021-yil 25-martdagi PQ-5038-son qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
Oldingi tahrirga qarang.
1. Quyidagilarni nazarda tutuvchi nizomlar tasdiqlansin:
(1-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 15-dekabrdagi 665-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.12.2023-y., 09/23/665/0942-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(1-bandning “a” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 31-maydagi 316-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 31.05.2024-y., 09/24/316/0385-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(1-bandning “b” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 21-maydagi 271-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.05.2026-y., 09/26/271/0529-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(1-bandning “v” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 21-maydagi 271-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.05.2026-y., 09/26/271/0529-son)
g) Keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslar, urush va mehnat faxriylari uchun sanatoriylar toʻgʻrisidagi nizom 4-ilovaga muvofiq:
Agentlik tomonidan sanatoriylarni (respublika sanatoriylaridan tashqari) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan kelishgan holda tashkil etish, qayta tashkil etish va tugatish tartibi;
sanatoriylarning asosiy vazifalari va funksiyalari, ularning huquqlari va javobgarligi, sanatoriylar faoliyatini tashkil etish, sanatoriylarni boshqarish, shuningdek sanatoriylar faoliyatini moliyalashtirish tartibi.
Oldingi tahrirga qarang.
(1-bandning “d” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 31-maydagi 316-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 31.05.2024-y., 09/24/316/0385-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 15-dekabrdagi 665-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.12.2023-y., 09/23/665/0942-son)
3. Vazirlar Mahkamasining “Odam savdosi jabrdiydalariga yordam berish boʻyicha respublika reabilitatsiya markazini tashkil etish toʻgʻrisida” 2008-yil 5-noyabrdagi 240-son qaroriga 6-ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 7-ilovaga muvofiq ayrim qarorlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
5. Agentlik manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining ijtimoiy rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari B.A. Musayev va Oʻzbekiston Respublikasi Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi direktori A.K. Inakov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2021-yil 17-sentabr,
575-son
Oldingi tahrirga qarang.
(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 31-maydagi 316-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 31.05.2024-y., 09/24/316/0385-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 21-maydagi 271-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.05.2026-y., 09/26/271/0529-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(3-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 21-maydagi 271-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.05.2026-y., 09/26/271/0529-son)
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 17-sentabrdagi 575-son qaroriga
4-ILOVA
Keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslar, urush va mehnat faxriylari uchun sanatoriylar toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
Oldingi tahrirga qarang.
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligining (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslar, urush va mehnat faxriylari uchun sanatoriylarining (keyingi oʻrinlarda — sanatoriylar) maqomi, asosiy vazifalari va funksiyalari, shuningdek, ularning faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 15-dekabrdagi 665-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.12.2023-y., 09/23/665/0942-son)
2. Sanatoriylar keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslar, urush va mehnat faxriylarini (keyingi oʻrinlarda — dam oluvchilar) sogʻlomlashtirish va ularning dam olishi uchun moʻljallangan davlat muassasalari hisoblanadi.
3. Sanatoriylar oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, Agentlikning buyruqlariga, boshqa qonunchilik hujjatlariga, ushbu Nizomga, shuningdek oʻz ustavlariga amal qiladilar.
4. Sanatoriylar, respublika ahamiyatidagi sanatoriylardan tashqari, Agentlik tomonidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan kelishgan holda belgilangan tartibda tashkil etilishi, qayta tashkil etilishi yoki tugatilishi mumkin.
Respublika sanatoriylari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda tashkil etiladi, qayta tashkil etiladi yoki tugatiladi.
Sanatoriylarning, shu jumladan respublika sanatoriylarining ustavlari Agentlik tomonidan tasdiqlanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
5. Sanatoriylar faoliyati Agentlikning Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalari (keyingi oʻrinlarda — hududiy boshqarmalar) tomonidan muvofiqlashtiriladi.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 15-dekabrdagi 665-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.12.2023-y., 09/23/665/0942-son)
6. Nogironligi boʻlgan shaxslar va keksalarni bepul sanatoriy-kurort yoʻllanmalari bilan taʼminlash tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
7. Sanatoriylar davlat tibbiy-ijtimoiy muassasasi sifatida Davlat xizmatlari markazlarida davlat roʻyxatidan oʻtkaziladi.
2-bob. Sanatoriylarning asosiy vazifalari va funksiyalari
8. Quyidagilar sanatoriylarning asosiy vazifalari hisoblanadi:
davolash-reabilitatsiya xizmatlari koʻrsatishga zamonaviy yondashuvlarni joriy etish va ularning xalqaro darajasini taʼminlash yoʻli bilan tibbiyot fani va amaliyotining zamonaviy talablarini hisobga olgan holda dam oluvchilarni toʻlaqonli sanatoriy-kurort sharoitida davolash, sogʻlomlashtirish va ularning dam olishini tashkil etish;
dam oluvchilarni sogʻlomlashtirishda tabiiy davolash omillaridan eng yuqori darajada foydalanish;
sanatoriy faoliyatini tashkil etish doirasida bozor mexanizmlarini qoʻllash;
dam oluvchilarga koʻrsatiladigan sanatoriy-kurort xizmatlari roʻyxatini kengaytirish;
moddiy va moliyaviy resurslardan oqilona va samarali foydalanish, dam oluvchilar uchun eng yuqori darajada sogʻlomlashtiruvchi natijani taʼminlash imkonini beradigan sanatoriylar faoliyat koʻrsatishi darajasiga erishish.
9. Sanatoriylar ularga yuklangan vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni bajaradilar:
a) davolash-reabilitatsiya xizmatlari koʻrsatishga zamonaviy yondashuvlarni joriy etish va ularning xalqaro darajasini taʼminlash yoʻli bilan tibbiyot fani va amaliyotining zamonaviy talablarini hisobga olgan holda dam oluvchilarni toʻlaqonli sanatoriy-kurort sharoitda davolash, sogʻlomlashtirish va ularning dam olishini tashkil etish sohasida:
dam oluvchilarni shinam, yashash uchun qulay turli toifalardagi xonalarga joylashtirishni tashkil etadi;
dam oluvchilarning oʻz sogʻligʻi holatidan xabardorligini, kasalliklar yuzaga kelishi tavakkalchiligi omillari mavjudligini, ularni bartaraf etish usullarini va organizmning fiziologik xususiyatlarini hisobga olgan holda tiklovchi tibbiyotning zamonaviy davolash texnologiyalariga asoslanadigan kasalliklar profilaktikasini amalga oshirish uchun shart-sharoitlarni taʼminlaydi, dam oluvchilar uchun oʻzini oʻzi nazorat qilish usullari boʻyicha oʻqish tashkil etadi;
dam oluvchilarga zamonaviy tibbiyot apparatlari, asbob-uskunalar va anjomlar bilan jihozlangan davolash, diagnostika, fizioterapevtik, muolaja xonalari va boshqa xonalari xizmatlarini taqdim etadi;
sogʻliqni tuzatishning kompleks avtomatlashtirilgan usullari negizida zamonaviy tiklovchi tibbiyot texnologiyalarini ishlab chiqadi va joriy etadi;
b) dam oluvchilarni sogʻlomlashtirishda tabiiy davolash omillaridan eng yuqori darajada foydalanish sohasida:
dam oluvchilarni oqilona va muvozanatli ovqat bilan taʼminlaydi, dam oluvchilarning tibbiy koʻrsatkichlar boʻyicha parhezli ovqatlanishini tashkil etadi;
jismoniy tarbiya va sport bilan fiziologik asoslangan mashgʻulot olib borish, dam oluvchilarda jismoniy yuklamaga moyillik va moslashish darajasini bosqichma-bosqich oshirish uchun shart-sharoitlar yaratadi, maqbul harakatlanish faolligi koʻnikmalarini singdiradi;
zararli odatlardan voz kechishni hamda bexatar xulq-atvor haqidagi bilimlar, koʻnikmalar va andozalar shakllantirilishini taqozo etadigan muhit, sogʻlom turmush tarzining ruhiy dominantalari yaratilishini taʼminlaydi;
v) sanatoriy faoliyatini tashkil etishning bozor mexanizmlarini qoʻllash sohasida:
kishi sogʻlom turmush tarziga rioya qilganda organizmning funksional rezervlari koʻrsatkichlari dinamikasini aks ettirish maqsadida dam oluvchining sogʻligʻi “pasporti”ni shakllantirish va yuritishni tashkil etadi;
dam oluvchilarning ijodiy salohiyatini namoyon qilishga, ularni estetik kamolga yetkazishga yoʻnaltirilgan turli madaniy-koʻngilochar tadbirlar tizimini ishlab chiqadi;
musiqiy, raqsli, koʻngilochar dasturlar oʻtkazilishini, tomosha tadbirlariga borishni, Oʻzbekiston Respublikasidagi tarixiy obyektlarga va boshqa obyektlarga ekskursiyalarni tashkil etadi;
g) dam oluvchilarga koʻrsatiladigan sanatoriy-kurort xizmatlari roʻyxatini kengaytirish sohasida:
nogironligi boʻlgan shaxslarni reabilitatsiya qilishning yakka tartibdagi dasturiga oʻzgartirishlar kiritadi, sanatoriylar sharoitida sogʻlomlashtirish boʻyicha tadbirlar turlari, shakllari, muddatlari va hajmini belgilaydi;
dam oluvchilar orasida kasallanish holati va sabablarini oʻrganadi, davolash-profilaktika muassasalari bilan birgalikda keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslar kasalliklari profilaktikasi va ularni sogʻlomlashtirish boʻyicha chora-tadbirlarni ishlab chiqishda qatnashadi, mahalliy davlat hokimiyati organlari hamda sogʻliqni saqlash organlariga sogʻlomlashtirish va kasalliklar profilaktikasining dolzarb masalalari boʻyicha axborot taqdim etadi;
rejali asosda sanitariya-epidemiyaga qarshi tadbirlarni oʻtkazadi;
davolash-profilaktika muassasalari, tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish boʻlimlari bilan birgalikda seminarlar, konferensiyalar hamda boshqa tadbirlarni tashkil etadi va oʻtkazadi;
d) moddiy va moliyaviy resurslardan oqilona va samarali foydalanish, dam oluvchilar uchun eng yuqori darajada sogʻlomlashtiruvchi natijani taʼminlash imkonini beradigan sanatoriylar faoliyat koʻrsatishi darajasiga erishish sohasida:
qonunchilik hujjatlariga muvofiq va smetada nazarda tutilgan mablagʻlar doirasida xoʻjalik faoliyatini, sanatoriylarning kapital qoʻyilmalari boʻyicha joriy sarflar va xarajatlarni amalga oshiradi;
binolar, inshootlar, muhandislik tarmoqlari va kommunikatsiyalarini, asbob-uskunalar va anjomlarga ega boʻlgan boshqa obyektlarni joriy saqlash, ulardan foydalanish va ularni taʼmirlashni, shuningdek xodimlar tomonidan sanitariya-gigiyena talablariga, mehnatni muhofaza qilish va yongʻin xavfsizligi talablariga rioya qilinishini, buxgalteriya hisobi toʻgʻri yuritilishini va qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan hisobotning oʻz vaqtida taqdim etilishini taʼminlaydi;
dam oluvchilar va sanatoriylarga keluvchilarga telefon aloqasi xizmatlari, maishiy xizmatlar koʻrsatadi;
yilning har choragida Agentlikka sanatoriylarning faoliyati, sogʻlomlashtirishning moddiy-texnika bazasi toʻgʻrisidagi hisobotni taqdim etadi;
qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa funksiyalarni bajaradi.
10. Tibbiyot xodimlari tarkibini qayta tayyorlash va malakasini oshirish tibbiyot xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimi talablariga muvofiq amalga oshiriladi.
Malaka toifalarini berish (tasdiqlash) belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
11. Sanatoriylarning asosiy fondlarini qurish, rekonstruksiya qilish, shuningdek mukammal va joriy taʼmirlash belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
12. Dam oluvchilarni oziq-ovqat va yumshoq anjomlar bilan taʼminlash normalari Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Agentlik bilan kelishgan holda Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan belgilanadi.
3-bob. Sanatoriylarning huquq va majburiyatlari
13. Sanatoriylar quyidagi huquqlarga ega:
davolash-profilaktika muassasalari, sogʻliqni saqlash organlaridan sanatoriylarning faoliyati uchun zarur boʻlgan, shu jumladan dam oluvchilarning kasalliklari xususiyati va kechishi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni olish;
davolash-profilaktika muassasalariga va boshqa manfaatdor tashkilotlarga dam oluvchilarning kasalliklari profilaktikasi va ularni sogʻlomlashtirish masalalari boʻyicha tavsiyalar berish;
Oldingi tahrirga qarang.
Agentlikning hududiy boshqarmalariga sanatoriylarning ishini yaxshilash, dam oluvchilarning kasalliklari profilaktikasi va ularni sogʻlomlashtirish yuzasidan takliflar kiritish;
(13-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 15-dekabrdagi 665-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.12.2023-y., 09/23/665/0942-son)
sanatoriylar xodimlarining qonuniy manfaatlarini belgilangan tartibda himoya qilish.
14. Sanatoriylar xodimlari oʻzlariga yuklangan vazifalar va funksiyalarning bajarilishi, shu jumladan amalga oshiriladigan davolash-sogʻlomlashtirish tadbirlari sifati uchun javob beradi.
15. Davolash-sogʻlomlashtirish muolajalarini tashkil etish, amalga oshiriladigan davolash va sogʻlomlashtirish tadbirlarining sifati va asoslanganligi yuzasidan nazorat qilish sanatoriylarning bosh vrachlari tomonidan amalga oshiriladi.
4-bob. Sanatoriylar faoliyatini tashkil etish
16. Sanatoriyga ishga qabul qilish qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda bosh vrach tomonidan amalga oshiriladi.
17. Tibbiy xizmat koʻrsatish va sogʻlomlashtirish sanatoriylarning tibbiyot xodimlari tomonidan amalga oshiriladi, ular (maʼmuriyat bilan birgalikda) dam oluvchilarning sogʻligʻi, ovqatlanish rejimi va sifati, davolash-profilaktika tadbirlari oʻtkazilishi va sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga rioya qilinishi uchun javob beradilar.
18. Sanatoriylar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda pullik xizmatlar koʻrsatishi mumkin.
Sanatoriylar tomonidan koʻrsatilgan jami pullik xizmatlar uchun tushumlarning 2 foizi miqdoridagi mablagʻlar Agentlikning budjetdan tashqari hisobvaragʻiga yoʻnaltiriladi.
19. Sanatoriylar maʼmuriyatlari oʻz xodimlarining bilimi va kasb mahorati doimiy ravishda takomillashtirib borilishi uchun javob beradilar.
20. Sanatoriylar xodimlari:
ushbu Nizom talablariga va ichki mehnat tartibiga rioya qilishga, kasb odob-axloq qoidalariga qatʼiy amal qilishga;
dam oluvchilarga tibbiy-sogʻlomlashtirish yordamining, ijtimoiy-psixologik va tibbiy kuzatuvning yuqori samaradorligini taʼminlashga;
oʻz kasbiy bilim-malakasini muntazam ravishda oshirib borishga majbur.
Sanatoriylar xodimlari:
ushbu Nizomda va sanatoriy ustavida belgilanadigan tartibda sanatoriyni boshqarishda qatnashish;
kasb shaʼni va qadr-qimmatini himoya qilish;
qonunchilik hujjatlarida belgilangan ijtimoiy imtiyozlar va kafolatlardan foydalanish huquqiga ega.
21. Sanatoriylar xodimlari va rahbarlarining lavozim huquq va majburiyatlari qonunchilik hujjatlarida, mazkur Nizom, shuningdek sanatoriy ustavida belgilanadi.
5-bob. Sanatoriylarni boshqarish
22. Bosh vrach sanatoriyga bevosita rahbarlik qiladi. Bosh vrachni lavozimga tayinlash va lavozimdan ozod etish qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda Agentlik direktori tomonidan amalga oshiriladi.
23. Sanatoriyning bosh vrachi lavozimiga oliy tibbiy maʼlumotga, oʻz mutaxassisligi boʻyicha yoki rahbarlik lavozimlarida kamida 5 yil ish stajiga ega boʻlgan vrach tayinlanadi.
24. Bosh vrach sanatoriy faoliyatini tashkil etadi va unga yuklangan vazifalar bajarilishi uchun javob beradi.
25. Sanatoriyning bosh vrachi:
sanatoriyning butun faoliyatiga rahbarlik qiladi va sanatoriyga yuklangan vazifalar va funksiyalar bajarilishi uchun shaxsan javob beradi;
kadrlarni tanlash, joy-joyiga qoʻyish, ularning malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash ishlarini tashkil etadi;
sanatoriy faoliyati masalalari boʻyicha sanatoriyning barcha xodimlari uchun majburiy boʻlgan buyruqlar chiqaradi va koʻrsatmalar beradi, xodimlarni ishga qabul qiladi va egallab turgan lavozimlaridan ozod qiladi, xodimlarni ragʻbatlantirish choralarini qoʻllaydi;
sanatoriy ish tartibi va rejimini, xodimlarning lavozim majburiyatlarini belgilaydi va majburiyatlar muvaffaqiyatli bajarilishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratadi;
xodimlar tomonidan moliya va mehnat intizomiga, ichki mehnat tartibi, ijro intizomi, mehnatni muhofaza qilish va texnika xavfsizligi qoidalariga rioya etilishini taʼminlaydi;
sanatoriyning mulkiy kompleksi, moddiy va moliyaviy resurslari, asbob-uskunalari, anjomlari, boshqa moddiy boyliklaridan oqilona va samarali foydalanishni, ularning saqlanishini taʼminlaydi;
dam oluvchilarning murojaatlari jadal va har tomonlama koʻrib chiqilishini, qonunchilik hujjatlariga muvofiq munosabat bildirishning zarur choralari koʻrilishini va ariza beruvchilarning ulardan oʻz vaqtida xabardor qilinishini taʼminlaydi;
sanatoriylar faoliyatining iqtisodiy samaradorligi va uning ishlari rentabelli boʻlishiga erishish uchun shaxsan javob beradi.
6-bob. Moliya-xoʻjalik faoliyati
Oldingi tahrirga qarang.
26. Sanatoriylar faoliyatini moliyalashtirish Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjetidan ajratiladigan mablagʻlar, jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari va qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
(26-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 15-dekabrdagi 665-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.12.2023-y., 09/23/665/0942-son)
27. Sanatoriylar belgilangan tartibda tashkilot tomonidan tasdiqlangan va tegishli moliya organlarida roʻyxatdan oʻtkazilgan xarajatlar smetasi asosida moliyalashtiriladi.
28. Budjet va budjetdan tashqari mablagʻlarni sarflash qonunchilik hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
29. Shtatlar jadvali Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishgan holda Agentlik tomonidan belgilanadigan namunaviy shtatlarga muvofiq tasdiqlanadi.
30. Sanatoriylar qonunchilik hujjatlarida belgilangan moliya va statistika hisobotlarini yuritadi.
31. Sanatoriylarning moliya-xoʻjalik faoliyatini nazorat qilish belgilangan tartibda tegishli moliya organlari tomonidan amalga oshiriladi.
7-bob. Yakunlovchi qoida
32. Sanatoriylarni qayta tashkil etish va tugatish qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
(5-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 31-maydagi 316-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 31.05.2024-y., 09/24/316/0385-son)
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 17-sentabrdagi 575-son qaroriga
6-ILOVA
Vazirlar Mahkamasining “Odam savdosi jabrdiydalariga yordam berish boʻyicha respublika reabilitatsiya markazini tashkil etish toʻgʻrisida” 2008-yil 5-noyabrdagi 240-son qaroriga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. 2-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“2. Quyidagilar Odam savdosi jabrdiydalariga yordam berish boʻyicha respublika reabilitatsiya markazining asosiy vazifalari etib belgilansin:
odam savdosidan jabrlanganlar, odam savdosidan jabrlangan deb taxmin qilinayotganlarni qulay yashash va shaxsiy gigiyena shart-sharoitlari, shuningdek, oziq-ovqat, dori vositalari va tibbiyot buyumlari bilan taʼminlash;
odam savdosidan jabrlanganlarni, odam savdosidan jabrlangan deb taxmin qilinayotganlarni ijtimoiy moslashtirish sohasida xorijiy mamlakatlarning ilgʻor metodikalarini oʻrganish hamda amaliyotga tatbiq etish;
odam savdosidan jabrlanganlarga, odam savdosidan jabrlangan deb taxmin qilinayotganlarga oʻz qiziqishlaridan kelib chiqib kasb-hunar oʻrgatish, ularning bandligini taʼminlashga koʻmaklashish;
nodavlat notijorat tashkilotlari va ommaviy axborot vositalari bilan birgalikda keng miqyosda oldini olish-profilaktika ishlarini tashkil qilish;
odam savdosidan jabrlanganlarni, odam savdosidan jabrlangan deb taxmin qilinayotganlarni ijtimoiy reabilitatsiya qilishda koʻmaklashish”.
2. 3-bandning toʻrtinchi xatboshida “Sogʻliqni saqlash vaziriga” soʻzlari “Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi direktoriga” soʻzlari bilan almashtirilsin.
3. 4-bandda “Sogʻliqni saqlash vaziri” soʻzlari “Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi direktori” soʻzlari bilan almashtirilsin.
4. 5-band oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
5. 2-ilova (Odam savdosi jabrdiydalariga yordam berish boʻyicha respublika reabilitatsiya markazi toʻgʻrisidagi nizom)ning matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Odam savdosi jabrdiydalariga yordam berish boʻyicha respublika reabilitatsiya markazi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Odam savdosi jabrdiydalariga yordam berish boʻyicha respublika reabilitatsiya markazining (keyingi oʻrinlarda — Markaz) maqomi, faoliyatining asosiy tamoyillari, vazifalari va funksiyalari, shuningdek, uning faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.
2. Markaz Oʻzbekiston Respublikasi Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) tizimida odam savdosi jabrdiydalariga yordam berish boʻyicha reabilitatsiya tashkiloti hisoblanadi.
3. Markaz davlat muassasasi shaklidagi yuridik shaxs hisoblanadi.
4. Markaz oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, Agentlikning buyruqlariga, boshqa qonunchilik hujjatlariga, ushbu Nizomga, shuningdek oʻz Ustaviga amal qiladi.
5. Markaz Agentlik bilan kelishgan holda oʻz faoliyatini davlat boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, jamoat birlashmalari va boshqa tashkilotlar bilan oʻzaro hamkorlikda amalga oshiradi.
6. Odam savdosidan jabrlanganlar, odam savdosidan jabrlangan deb taxmin qilinayotganlar Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari, xorijiy fuqarolar va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar boʻlishi mumkin hamda ular Markaz xizmatlaridan foydalanuvchilar hisoblanadi.
7. Markaz oʻz faoliyatini quyidagi asosiy tamoyillar asosida amalga oshiradi:
odam savdosidan jabrlanganlarning, odam savdosidan jabrlangan deb taxmin qilinayotganlarning kamsitilishiga yoʻl qoʻymaslik;
odam savdosidan jabrlanganlarning, odam savdosidan jabrlangan deb taxmin qilinayotganlarning shaxsi va shaxsiy hayoti maxfiyligiga rioya qilish;
odam savdosidan jabrlanganlarni, odam savdosidan jabrlangan deb taxmin qilinayotganlarni ijtimoiy, psixologik va huquqiy jihatdan qoʻllab-quvvatlash hamda yakka tartibda parvarish qilish.
2-bob. Markazning asosiy vazifalari va funksiyalari
8. Quyidagilar Markazning asosiy vazifalari hisoblanadi:
odam savdosidan jabrlanganlarni, odam savdosidan jabrlangan deb taxmin qilinayotganlarni qulay yashash va shaxsiy gigiyena shart-sharoitlari, shuningdek, oziq-ovqat, dori vositalari va tibbiyot buyumlari bilan taʼminlash;
odam savdosidan jabrlanganlarni, odam savdosidan jabrlangan deb taxmin qilinayotganlarni ijtimoiy moslashtirish sohasida xorijiy mamlakatlarning ilgʻor metodikalarini oʻrganish hamda amaliyotga tatbiq etish;
odam savdosidan jabrlanganlarga, odam savdosidan jabrlangan deb taxmin qilinayotganlarga ularning qiziqishlaridan kelib chiqib kasb-hunar oʻrgatish, ularning bandligini taʼminlashga koʻmaklashish;
nodavlat notijorat tashkilotlari va ommaviy axborot vositalari bilan birgalikda keng miqyosda oldini olish-profilaktika ishlarini tashkil qilish;
odam savdosidan jabrlanganlarni, odam savdosidan jabrlangan deb taxmin qilinayotganlarni ijtimoiy reabilitatsiya qilishda koʻmaklashish.
9. Markaz zimmasiga yuklangan asosiy vazifalariga muvofiq quyidagi funksiyalarni bajaradi:
a) odam savdosidan jabrlanganlarni, odam savdosidan jabrlangan deb taxmin qilinayotganlarni qulay yashash va shaxsiy gigiyena shart-sharoitlari, shuningdek, oziq-ovqat, dori vositalari va tibbiyot buyumlari bilan taʼminlash sohasida:
yashash uchun boshpana bilan taʼminlaydi;
belgilangan tartibda va meʼyorlarga muvofiq oziq-ovqat bilan taʼminlaydi;
belgilangan tartibda tibbiy yordam va tibbiy buyumlar bilan taʼminlaydi;
b) odam savdosidan jabrlanganlarni, odam savdosidan jabrlangan deb taxmin qilinayotganlarni ijtimoiy moslashtirish sohasida xorijiy mamlakatlarning ilgʻor metodikalarini oʻrganish hamda amaliyotga tatbiq etish sohasida:
tibbiy, ijtimoiy reabilitatsiya qilishning yangi uslub va mexanizmlarini ishlab chiqadi va tatbiq qiladi;
ishlab chiqilgan uslub va mexanizmlarini xorijiy mamlakatlarning ilgʻor metodikalari asosida doimiy ravishda yangilaydi;
v) odam savdosidan jabrlanganlarga, odam savdosidan jabrlangan deb taxmin qilinayotganlarga ularning qiziqishlaridan kelib chiqib kasb-hunar oʻrgatish, bandligini taʼminlashga koʻmaklashish sohasida:
odam savdosidan jabrlanganlarning, odam savdosidan jabrlangan deb taxmin qilinayotganlarning ijtimoiy reabilitatsiyasiga va moslashuviga koʻmaklashadi;
kasbga oʻrgatish va ularning bandligini taʼminlashni tashkillashtiradi;
g) nodavlat notijorat tashkilotlari va ommaviy axborot vositalari bilan birgalikda keng miqyosda oldini olish-profilaktika ishlarini tashkil qilish sohasida:
ommaviy axborot vositalari bilan birgalikda keng miqyosda oldini olish-profilaktika ishlarini tashkil qiladi;
nodavlat notijorat tashkilotlari bilan birgalikda odam savdosidan jabrlanganlarni, odam savdosidan jabrlangan deb taxmin qilinayotganlarni tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya qilish tadbirlarini ishlab chiqadi va amalga oshiradi;
d) odam savdosidan jabrlanganlarni, odam savdosidan jabrlangan deb taxmin qilinayotganlarni ijtimoiy reabilitatsiya qilishda koʻmaklashish sohasida:
odam savdosidan jabrlanganlarning, odam savdosidan jabrlangan deb taxmin qilinayotganlarning xavfsizligini taʼminlaydi;
odam savdosidan jabrlanganlarning, odam savdosidan jabrlangan deb taxmin qilinayotganlarning qarindoshlari bilan muloqot oʻrnatishiga koʻmaklashadi;
odam savdosidan jabrlanganlarga, odam savdosidan jabrlangan deb taxmin qilinayotganlarga ularning qarindoshlariga va vasiylariga odam savdosidan jabrlanganlarning, odam savdosidan jabrlangan deb taxmin qilinayotganlarining huquqlari va qonuniy manfaatlari toʻgʻrisida axborot beradi.
3-bob. Markaz faoliyatini tashkil etish
10. Markaz odam savdosidan jabrlanganlarga, odam savdosidan jabrlangan deb taxmin qilinayotganlarga kompleks xizmatlar koʻrsatadi.
11. Markaz qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda pullik xizmatlar koʻrsatishi mumkin.
Markaz tomonidan koʻrsatilgan jami pullik xizmatlar uchun tushumlarning 2 foizi miqdoridagi mablagʻlar Agentlikning budjetdan tashqari hisobvaragʻiga yoʻnaltiriladi.
12. Odam savdosidan jabrlanganlarni, odam savdosidan jabrlangan deb taxmin qilinayotganlarni Markazga joylashtirish odam savdosidan jabrlanganlarning, odam savdosidan jabrlangan deb taxmin qilinayotganlarning oʻz xohishi hamda Markaz direktori, ichki ishlar organlari hamda vasiylik va homiylik organlari vakillari tomonidan qabul qilingan qoʻshma qaror asosida amalga oshiriladi.
13. Odam savdosidan jabrlanganlar, odam savdosidan jabrlangan deb taxmin qilinayotganlar Markazda oʻttiz kungacha muddatga joylashtiriladi. Tibbiy, ijtimoiy va kasbiy reabilitatsiya jarayonlari davom ettirilishi talab etilgan hollarda odam savdosidan jabrlanganlarning, odam savdosidan jabrlangan deb taxmin qilinayotganlarning Markazda boʻlishi muddati uch oygacha muddatga uzaytirilishi mumkin. Agar odam savdosidan jabrlanganlarning, odam savdosidan jabrlangan deb taxmin qilinayotganlarning hayoti va sogʻligʻiga xavf tugʻilsa, yashash muddati koʻrsatib oʻtilgan jabrdiydalarni himoya qilish uchun zarur deb hisoblangan davrga uzaytiriladi.
14. Odam savdosidan jabrlanganlar, odam savdosidan jabrlangan deb taxmin qilinayotganlar Markazni ularning shaxsan yozma murojaatlariga muvofiq oʻz xohishi bilan tark etish huquqiga ega.
15. Markazda odam savdosidan jabrlanganlari, odam savdosidan jabrlangan deb taxmin qilinayotganlari boʻlgan erkaklar va ayollar, shuningdek bolalar alohida-alohida joylashtiriladi.
16. Markaz odam savdosidan jabrlanganlarga, odam savdosidan jabrlangan deb taxmin qilinayotganlarga:
samarali ijtimoiy reabilitatsiya qilinishiga koʻmaklashadi;
huquqlari va qonuniy manfaatlari toʻgʻrisida axborot taqdim etadi;
xavfsizligini taʼminlaydi;
ovqatlanish, dori vositalari va tibbiy buyumlar bilan taʼminlaydi;
qulay yashash sharoitlari va shaxsiy gigiyena vositalari bilan taʼminlaydi;
qarindoshlari bilan aloqa oʻrnatishga koʻmaklashadi;
odam savdosi jabrdiydalari ijtimoiy reabilitatsiya qilinishiga koʻmaklashadi.
17. Odam savdosining har bir jabrdiydasiga uning sogʻligʻi holatini kompleks tekshirib chiqish va baholash natijalari, ijtimoiy, psixologik, yuridik va boshqa yordam zarurligi yuzasidan ishlab chiqiladigan shaxsiy reabilitatsiya qilish rejasi asosida yordam koʻrsatiladi. Har bir odam savdosidan jabrlanganlarning, odam savdosidan jabrlangan deb taxmin qilinayotganlarning shaxsiy reabilitatsiya qilish rejasining namunaviy shakli Markaz tomonidan ishlab chiqiladi hamda Agentlik tomonidan tasdiqlanadi.
18. Markaz yoki reabilitatsiya qilishda qatnashuvchi boshqa tashkilotlarning mutaxassislari, Markaz direktori, ichki ishlar organlari hamda vasiylik va homiylik organlari vakillari tomonidan qabul qilingan qoʻshma qaror asosida reabilitatsiya jarayonida odam savdosidan jabrlanganlarga, odam savdosidan jabrlangan deb taxmin qilinayotganlarga tibbiy, ijtimoiy, psixologik, yuridik va boshqa yordam koʻrsatish yuzasidan reabilitatsiya jarayoniga tuzatish kiritish maqsadida har bir shaxsni reabilitatsiya qilish rejasiga tegishli oʻzgartirishlar kiritishi mumkin.
Reabilitatsiya chora-tadbirlari bajarilgandan keyin Markaz rahbariyati tomonidan mutasaddi vrach bilan birgalikda har bir shaxsni reabilitatsiya qilish rejasiga muvofiq amalga oshirilgan reabilitatsiya natijalari baholanadi.
19. Tibbiy koʻrsatmaga muvofiq Markaz odam savdosidan jabrlanganlarni, odam savdosidan jabrlangan deb taxmin qilinayotganlarni davolash-profilaktika muassasalariga, shu jumladan ixtisoslashtirilgan tibbiyot muassasalariga belgilangan tartibda diagnostika, davolash-maslahat yordami koʻrsatish, shuningdek (atrofdagilar uchun xavf tugʻdiradigan narkologiya, psixiatriya, dermatovenerologiya, sil, yuqumli kasalliklar va boshqalar boʻyicha) statsionar tibbiy yordam koʻrsatish uchun yuboradi.
Markaz rahbariyati davolash-profilaktika muassasalariga odam savdosidan jabrlanganlarni, odam savdosidan jabrlangan deb taxmin qilinayotganlarni asoslangan ravishda yuborilishi uchun shaxsan javob beradi.
20. Odam savdosidan jabrlanganlar, odam savdosidan jabrlangan deb taxmin qilinayotganlar reabilitatsiya markazida boʻlgan davrda ularga, agar bu odam savdosidan jabrlanganlar, odam savdosidan jabrlangan deb taxmin qilinayotganlar manfaatlariga zid boʻlmasa, yaqin qarindoshlari, qonuniy vakillari bilan munosabatlar oʻrnatish va ularni saqlab turish uchun zarur shart-sharoitlari taʼminlanadi.
21. Odam savdosidan jabrlanganlarni, odam savdosidan jabrlangan deb taxmin qilinayotganlarni Markazdan chiqarishga tayyorlash ichki ishlar organlari, vasiylik va homiylik organlari bilan hamkorlikda Markazning masʼul xodimi kuzatuvi ostida amalga oshiriladi.
22. Odam savdosidan jabrlanganlar, odam savdosidan jabrlangan deb taxmin qilinayotganlar Markazdan chiqarilgandan keyin normal turmush tarziga toʻliq qaytgunlariga qadar yuridik maslahat olish, tibbiy jihatdan qoʻllab-quvvatlash boʻyicha Markaz xizmatlaridan foydalanishlari mumkin.
23. Odam savdosidan jabrlanganlarni, odam savdosidan jabrlangan deb taxmin qilinayotganlarni ijtimoiy reabilitatsiya qilish ichki ishlar organlari, vasiylik va homiylik organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi boʻlinmalari bilan hamkorlikda Markaz tomonidan taʼminlanadi.
24. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Agentlikning hududiy organlari hamda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari Markazning buyurtmanomalari boʻyicha odam savdosidan jabrlanganlarga, odam savdosidan jabrlangan deb taxmin qilinayotganlarga:
huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qiluvchi mavjud sud tartib-qoidalari va maʼmuriy tartib-qoidalar toʻgʻrisida maqbul shakldagi axborotni taqdim etadilar va boshqa zarur yuridik yordamni koʻrsatadilar;
uning farzandlari taʼlim muassasalariga qatnashi uchun zarur sharoitlarni taʼminlaydilar;
tibbiy koʻrikdan oʻtish va mutaxassis tomonidan koʻrik oʻtkazilib, maslahat olish orqali malakali psixologik va tibbiy yordam beradilar;
professional jihatdan reabilitatsiya qilinishda va ishga joylashishda koʻmaklashadilar.
25. Odam savdosidan jabrlanganlar, odam savdosidan jabrlangan deb taxmin qilinayotganlar qaytarilgan oila ustidan, ularga nisbatan odam savdosi takroran sodir etilishining oldini olish maqsadida, bir yil mobaynida monitoring olib borilishi kerak. Monitoring doirasida Markaz ichki ishlar organlari hamda vasiylik va homiylik organlari mutaxassislari tomonidan shaxs qaytgandan keyin uning oiladagi holati baholanadi.
4-bob. Markazni boshqarish
26. Markaz direktori Agentlik direktori tomonidan Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi (keyingi oʻrinlarda — Komissiya) bilan kelishilgan holda lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.
27. Markaz direktori:
Markazning faoliyatiga umumiy rahbarlik qiladi va Markazga yuklangan vazifalarning bajarilishi uchun shaxsan javob beradi;
xarajatlar smetasida nazarda tutilgan mablagʻlar doirasida belgilangan tartibda xodimlarning shtat jadvalini, ularni moddiy ragʻbatlantirish va taqdirlash miqdori va shakllarini tasdiqlaydi, taklif etiladigan mutaxassislarga haq toʻlash miqdorlarini belgilaydi;
Markaz xodimlarini lavozimga tayinlaydi va lavozimidan ozod qiladi;
qonunchilik hujjatlari talablariga muvofiq Markaz xodimlarining uzluksiz bilimlarini oshirib borishi va muntazam ravishda tibbiy koʻrikdan oʻtishini taʼminlaydi;
har yil yakunlari boʻyicha Komissiyaga Markazning faoliyati toʻgʻrisida hisobot taqdim etadi;
Markazning joriy faoliyati bilan bogʻliq boshqa masalalarni hal etadi.
28. Agentlik direktori Markazning tasdiqlangan tuzilmasiga xodimlarning belgilangan umumiy cheklangan soni doirasida oʻzgartirishlar kiritish huquqiga ega.
5-bob. Moliya-xoʻjalik faoliyati
29. Quyidagilar Markaz faoliyatini moliyalashtirish manbalari hisoblanadi:
Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjeti mablagʻlari;
jismoniy va yuridik shaxslarning xayriya mablagʻlari;
qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
30. Markazning mol-mulkini asosiy fondlar (binolar, inshootlar, asbob-uskunalar, transport vositalari va boshqalar), aylanma mablagʻlar, shuningdek qiymati Markazning mustaqil balansida aks ettiriladigan boshqa mol-mulk tashkil etadi.
31. Markaz belgilangan tartibda buxgalteriya hisobini yuritadi hamda buxgalteriya va statistika hisobotlarini tegishli organlarga taqdim etadi.
32. Markazning moliya-xoʻjalik faoliyatini taftish qilish belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.
6-bob. Yakunlovchi qoidalar
33. Markazning xodimlari odam savdosi jabrdiydalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar oshkor qilinganligi uchun qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
34. Markazni qayta tashkil etish va tugatish belgilangan tartibda amalga oshiriladi.”
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 17-sentabrdagi 575-son qaroriga
7-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz kuchini yoʻqotgan deb eʼtirof etilayotgan ayrim qarorlari
ROʻYXATI
1. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining tibbiy-ijtimoiy muassasalari toʻgʻrisidagi nizomlarni tasdiqlash haqida” 2011-yil 23-avgustdagi 240-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QHT, 2011-y., 34-35-son, 348-modda).
Oldingi tahrirga qarang.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 21-maydagi 271-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.05.2026-y., 09/26/271/0529-son)
3. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Yerlarni muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanish borasida nazoratni kuchaytirish, geodeziya va kartografiya faoliyatini takomillashtirish, davlat kadastrlari yuritishni tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 31-maydagi PF-5065-son Farmoni va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora -tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 31-maydagi PQ-3024-son qarori)” 2017-yil 29-avgustdagi 679-son qaroriga ilovaning 16-bandi (Oʻzbekiston Respublikasi QHT, 2017-y., 35-son, 931-modda).
4. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Bandlik sohasida davlat siyosatini yanada takomillashtirish va mehnat organlari faoliyati samaradorligini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 24-maydagi PF-5052-son Farmoni, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 24-maydagi PQ-3001-son qarori)” 2017-yil 8-sentabrdagi 703-son qarori 3-bandi (Oʻzbekiston Respublikasi QHT, 2017-y., 37-son, 990-modda).
5. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Odam savdosi jabrdiydalariga yordam berish va ularni himoya qilish boʻyicha respublika reabilitatsiya markazi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 24-oktabrdagi PQ-3352-son qarori)” 2018-yil 22-yanvardagi 39-son qarori.
6. Vazirlar Mahkamasining “Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining tibbiy-ijtimoiy muassasalari toʻgʻrisidagi nizomlarni tasdiqlash haqida” 2011-yil 23-avgustdagi 240-son qaroriga qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida” 2018-yil 30-iyuldagi 597-son qarori.
7. Vazirlar Mahkamasining “Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining tibbiy-ijtimoiy muassasalari toʻgʻrisidagi nizomlarni tasdiqlash haqida” 2011-yil 23-avgustdagi 240-son qaroriga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida” 2019-yil 4-sentabrdagi 729-son qarori.
8. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Mehnatga haq toʻlash, pensiyalar va boshqa toʻlovlar miqdorlarini aniqlash tartibini takomillashtirish toʻgʻrisida” 2019-yil 21-maydagi PF-5723-son Farmoni)” 2019-yil 28-dekabrdagi 1046-son qaroriga ilovaning 107-bandi.
9. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Byurokratik toʻsiqlarni yanada qisqartirish hamda davlat organlari va tashkilotlari faoliyatiga zamonaviy boshqaruv tamoyillarini joriy qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2019-yil 9-dekabrdagi PQ-4546-son qarori)” 2020-yil 7-iyuldagi 429-son qaroriga 1-ilovaning 10-bandi.
10. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasida chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarni roʻyxatga olish tartibini soddalashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 28-sentabrdagi 593-son qaroriga 4-ilovaning 11-bandi.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.09.2021-y., 09/21/575/0882-son; 18.12.2023-y., 09/23/665/0942-son; 12.03.2024-y., 09/24/123/0201-son, 31.05.2024-y., 09/24/316/0385-son; 08.10.2024-y., 09/24/640/0791-son; 01.03.2025-y., 09/25/126/0205-son; 22.05.2026-y., 09/26/271/0529-son)