Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 09.10.2025
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Qishloq xoʻjaligi sohasida statistik maʼlumotlar bazasini kengaytirish va takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 7-oktabrdagi 629-sonli “Oʻzbekiston Respublikasida aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olish tadbirini oʻtkazish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligini rivojlantirishning 2020 — 2030-yillarga moʻljallangan strategiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida” 2019-yil 23-oktabrdagi PF-5853-son Farmoni hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 2-martdagi PF-5953-son Farmoni bilan tasdiqlangan “2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturining ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasida 2024-yilda qishloq xoʻjaligi sohasida roʻyxatdan oʻtkazish amalga oshirilsin.
2. Qishloq xoʻjaligi sohasida roʻyxatdan oʻtkazishni tashkil etish, bevosita qishloq xoʻjaligi sohasida roʻyxatdan oʻtkazish, yakuniy natijalarni eʼlon qilish quyidagi asosiy vazifalarni nazarda tutgan holda uch bosqichda amalga oshirilsin:
birinchi bosqich (2022 — 2024-yillar):
roʻyxatdan oʻtkazishni tashkil etish va amalga oshirish tamoyillari hamda metodik asoslari, roʻyxatdan oʻtkazishga doir boshqa masalalarni tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatni ishlab chiqish;
avtomatlashtirilgan axborot tizimini yaratish;
sinov asosida qishloq xoʻjaligi sohasida roʻyxatdan oʻtkazishga tayyorgarlik koʻrish va uni amalga oshirish, natijalarini tahlil qilish;
roʻyxatdan oʻtkazish tadbirlarida ishtirok etuvchi xodimlarni oʻqitish;
qishloq xoʻjaligi sohasida roʻyxatdan oʻtkazishga tayyorgarlik koʻrish bilan bogʻliq boshqa ishlarni amalga oshirish;
ikkinchi bosqich (2024-yil) — bevosita qishloq xoʻjaligi sohasida roʻyxatdan oʻtkazish tadbirini amalga oshirish;
uchinchi bosqich (2024 — 2026-yillar) — roʻyxatdan oʻtkazishga doir maʼlumotlarni qayta ishlash, dastlabki va yakuniy natijalarni olish hamda eʼlon qilish.
3. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Oʻzbekiston Respublikasida 2024-yilda qishloq xoʻjaligi sohasida roʻyxatdan oʻtkazish konsepsiyasi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
qishloq xoʻjaligi statistikasi koʻrsatkichlarining sifati, ishonchliligi va shaffofligini yanada oshirish;
qishloq xoʻjaligining tarkibiy holatini baholash, sohani xalqaro tajribalarda foydalaniladigan statistik maʼlumotlar bilan taqqoslash imkoniyatini yaratish;
qishloq xoʻjaligi sohasida roʻyxatdan oʻtkazish davrlari oraligʻida dastlabki sinov tariqasida roʻyxatdan oʻtkazishni tashkil etish, tanlanma kuzatuvlarni amalga oshirish uchun statistik maʼlumotlar bazasini yaratish.
4. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasida 2024-yilda qishloq xoʻjaligi sohasida roʻyxatdan oʻtkazishga doir chora-tadbirlar rejasi 2-ilovaga muvofiq;
Oʻzbekiston Respublikasida 2024-yilda qishloq xoʻjaligi sohasida roʻyxatdan oʻtkazishga koʻmaklashish boʻyicha respublika komissiyasining tarkibi 3-ilovaga muvofiq;
Oʻzbekiston Respublikasida 2024-yilda qishloq xoʻjaligi sohasida roʻyxatdan oʻtkazishga koʻmaklashish boʻyicha hududiy komissiyalarning namunaviy tarkibi 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
5. Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Davlat statistika qoʻmitasi ommaviy axborot vositalarida ushbu qarorning maqsad va vazifalarini keng yoritish boʻyicha chiqishlar va mavzuga oid koʻrsatuvlarni tashkil qilib borsin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari Sh.M. Gʻaniyev, Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligi vaziri J.A. Xodjayev va Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi raisi B.A. Begalov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2021-yil 26-fevral,
104-son
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 26-fevraldagi 104-son qaroriga
1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasida 2024-yilda qishloq xoʻjaligi sohasida roʻyxatdan oʻtkazish
konsepsiyasi
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Oʻzbekiston Respublikasida 2024-yilda qishloq xoʻjaligi sohasida roʻyxatdan oʻtkazish konsepsiyasi (keyingi oʻrinlarda — Konsepsiya) qishloq xoʻjaligi sohasida roʻyxatdan oʻtkazishning maqsadi, asosiy vazifalari va bosqichlarini belgilaydi.
2. Qishloq xoʻjaligi sohasida roʻyxatdan oʻtkazish aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlash, uning turmush darajasi va farovonligini oshirish, mamlakat oziq-ovqat xavfsizligi bilan bogʻliq statistik maʼlumotlarni yigʻish, umumlashtirish, baholash, tahlil qilish va eʼlon qilish jarayonlarini oʻz ichiga oladi.
Roʻyxatdan oʻtkazishda mamlakat qishloq xoʻjaligi sohasining haqiqiy holati baholanadi.
3. Roʻyxatdan oʻtkazish qishloq xoʻjaligi faoliyatining quyidagi asosiy koʻrsatkichlarini hisobga olish orqali amalga oshiriladi:
qishloq xoʻjaligi obyektlarining iqtisodiy faoliyat turlari;
mehnat resurslari va ularning demografik tavsiflari;
yer resurslari va ulardan foydalanish holati;
qishloq xoʻjaligi ekinlari maydoni,
koʻp yillik daraxtzorlar va tokzorlar maydoni;
issiqxonalar maydoni;
mineral va organik oʻgʻitlar solish miqdori;
chorva mollari va parrandalar bosh soni;
qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini sotish hajmi;
qishloq xoʻjaligi texnikalari, mashina va uskunalari soni;
ishlab chiqarish infratuzilmasi, texnika vositalari va texnologiyalar holati;
maxsus omborxonalar va saqlash joylarining soni, sigʻimi;
mavjud qayta ishlash quvvatlari va ulardan foydalanish holati;
qishloq xoʻjaligida koʻrsatilayotgan xizmatlar turi, hajmi va boshqa koʻrsatkichlar.
Roʻyxatdan oʻtkazishda yakka tartibda hisobga olish va batafsil tavsiflashning universal usulidan foydalangan holda rasmiy statistik maʼlumotlarning shaffofligi, ishonchliligi va aniqligini taʼminlash kerak.
4. Qishloq xoʻjaligi sohasida roʻyxatdan oʻtkazish:
respublika;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri;
tuman va shaharlar;
shaharchalar, qishloqlar va ovullar;
mahalla fuqarolar yigʻinlari, fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari, qishloq xoʻjaligi faoliyatini amalga oshiruvchi tashkilotlar (klaster va boshqalar), bogʻdorchilik, polizchilik va uzumchilik shirkatlari darajasida tashkil etiladi.
2-bob. Qishloq xoʻjaligi sohasida roʻyxatdan oʻtkazishning maqsadi va asosiy vazifalari
5. Roʻyxatdan oʻtkazish Oʻzbekiston Respublikasi hududida yaxlit va har bir maʼmuriy-hududiy birlik boʻyicha aniq bir vaqtda, qishloq xoʻjaligi faoliyatining turli tavsiflari toʻgʻrisida xalqaro taqqoslanadigan ishonchli, xolis va yaxlit maʼlumotlarni yagona statistik metodlar asosida yigʻish maqsadida amalga oshiriladi.
6. Roʻyxatdan oʻtkazishning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
qishloq xoʻjaligi statistikasi koʻrsatkichlarining sifati, ishonchliligi va shaffofligini yanada oshirish;
hududlarda qishloq xoʻjaligining tarkibiy holatini baholash va qishloq joylarni rivojlantirish dasturini ishlab chiqishga koʻmaklashish maqsadida quyi maʼmuriy-hududiy tavsifga ega aniq statistik maʼlumotlar bazasini kengaytirish va takomillashtirish;
qishloq xoʻjaligi sohasini xalqaro tajribalarda foydalaniladigan statistik maʼlumotlar bilan taqqoslash imkoniyatiga ega boʻlish;
qishloq xoʻjaligi sohasiga xizmat qiluvchi infratuzilmani rivojlantirish, resurslardan samarali foydalanish va ularni joylashtirish boʻyicha qisqa, oʻrta va uzoq muddatli prognozlar, dasturlar tayyorlash va indikativ rejalashtirish;
milliy barqaror rivojlanish maqsadlarini shakllantirish va ularning amalga oshirilishini monitoring qilib borish;
roʻyxatdan oʻtkazish davrlari oraligʻida dastlabki sinov tariqasida roʻyxatdan oʻtkazishni tashkil etish, tanlanma kuzatuvlarni amalga oshirish uchun statistik maʼlumotlar bazasini yaratish;
qishloq xoʻjaligi sohasining muammoli masalalari boʻyicha ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirish.
3-bob. Qishloq xoʻjaligi sohasida roʻyxatdan oʻtkazishga tayyorgarlik koʻrish va uni amalga oshirish bosqichlari
7. Roʻyxatdan oʻtkazishga tayyorgarlik koʻrish va uni amalga oshirish ishlari uch bosqichda oʻtkaziladi. Ular doirasidagi tadbirlar bosqichma-bosqich va bir vaqtning oʻzida oʻtkazilishi mumkin.
Birinchi bosqichda (2022 — 2024-yillar) quyidagilar amalga oshiriladi:
Roʻyxatdan oʻtkazishni tashkil etish va amalga oshirish, ularning natijalarini olish, qayta ishlash va eʼlon qilish, vaqtincha jalb etiladigan xodimlarni yollash va ularning mehnatiga haq toʻlash tamoyillari hamda metodik asoslari, moliyalashtirish manbalarini aniqlash va roʻyxatdan oʻtkazishga oid boshqa masalalarni tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatni ishlab chiqish;
sinov asosida qishloq xoʻjaligi sohasida roʻyxatdan oʻtkazishga tayyorgarlik koʻrish va uni amalga oshirishni tashkil etish, uning natijalarini tahlil qilish va shu asosda metodik hujjatlarni takomillashtirish;
dehqon, fermer xoʻjaliklari va qishloq xoʻjaligi faoliyatini amalga oshiruvchi boshqa tashkilotlar, bogʻdorchilik, polizchilik va uzumchilik shirkatlari roʻyxatini shakllantirish, xaritalash va qishloq xoʻjaligi sohasida roʻyxatdan oʻtkazishning tashkiliy rejalarini tuzish;
zamonaviy axborot texnologiyalaridan keng foydalangan holda roʻyxatdan oʻtkazishga tayyorgarlik koʻrish, uning amalga oshirilishini nazorat qilish, yakuniy natijalarni olish va eʼlon qilishning avtomatlashtirilgan axborot tizimini yaratish;
axborot-tushuntirish ishlarini olib borish;
roʻyxatdan oʻtkazish soʻrovnomalari va boshqa hujjatlarni chop etish;
moddiy-texnik vositalarni tayyorlash yoki xarid qilish, shuningdek, ularni roʻyxatdan oʻtkazish uchastkalariga yetkazish;
roʻyxatdan oʻtkazish uchastkalarini bino, transport va aloqa vositalari bilan taʼminlash;
roʻyxatdan oʻtkazish tadbirlarida ishtirok etuvchi vaqtincha xodimlarni oʻqitish;
qishloq xoʻjaligi sohasida roʻyxatdan oʻtkazishga tayyorgarlik koʻrish bilan bogʻliq boshqa ishlarni amalga oshirish.
Ikkinchi bosqichda (2024-yil) bevosita qishloq xoʻjaligi sohasida roʻyxatdan oʻtkazish tadbiri amalga oshiriladi, yaʼni qishloq xoʻjaligi faoliyati toʻgʻrisidagi birlamchi maʼlumotlar yigʻiladi.
Uchinchi bosqichda (2024 — 2026-yillar) quyidagilar amalga oshiriladi:
roʻyxatdan oʻtkazishga doir birlamchi maʼlumotlarni qayta ishlash uchun avtomatlashtirilgan axborot tizimida qabul qilib olish;
maʼlumotlarini avtomatlashtirilgan axborot tizimida qayta ishlashga tayyorlash;
birlamchi maʼlumotlarni kiritish, kodlashtirish, nazorat va tahrir qilish;
roʻyxatdan oʻtkazish boʻyicha dastlabki natijalarni olish;
roʻyxatdan oʻtkazish natijalarini eʼlon qilish va tarqatish.
4-bob. Qishloq xoʻjaligi sohasida roʻyxatdan oʻtkazishga masʼul boʻlgan tashkilotlarning vazifalari
8. Qishloq xoʻjaligi sohasida roʻyxatdan oʻtkazishga tayyorgarlik koʻrish va uni amalga oshirish bilan bogʻliq tadbirlarning oʻz vaqtida va sifatli oʻtkazilishi Oʻzbekiston Respublikasida 2024-yilda qishloq xoʻjaligi sohasida roʻyxatdan oʻtkazishga koʻmaklashish boʻyicha respublika komissiyasi (keyingi oʻrinlarda — Respublika komissiyasi) tomonidan taʼminlanadi.
Quyidagilar Respublika komissiyasining asosiy vazifalari hisoblanadi:
qishloq xoʻjaligi sohasida roʻyxatdan oʻtkazishga tayyorgarlik koʻrish, uni tashkil etish va amalga oshirish, uning natijalarini shakllantirish, chop etish, eʼlon qilish bilan bogʻliq tadbirlarning oʻz vaqtida va sifatli oʻtkazilishini taʼminlash;
qishloq xoʻjaligi sohasida roʻyxatdan oʻtkazish boʻyicha vakolatli organ hamda boshqa davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlikni muvofiqlashtirish;
qishloq xoʻjaligi sohasida roʻyxatdan oʻtkazishga tayyorgarlik koʻrish va uni amalga oshirish jarayonlarini nazoratga olish;
qishloq xoʻjaligi sohasida roʻyxatdan oʻtkazishga tayyorgarlik koʻrish va uni amalga oshirishni moliyalashtirish, birlamchi maʼlumotlarni qayta ishlashni tashkil etish va yakuniy natijalarni eʼlon qilish masalalari boʻyicha takliflarni koʻrib chiqish;
qishloq xoʻjaligi sohasida roʻyxatdan oʻtkazishda ishtirok etish uchun jismoniy va yuridik shaxslarni ularning mehnatiga haq toʻlash masalalarini hal qilgan holda jalb etishni tashkil etish.
9. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzurida Oʻzbekiston Respublikasida 2024-yilda qishloq xoʻjaligi sohasida roʻyxatdan oʻtkazishga koʻmaklashish boʻyicha hududiy komissiyalar (keyingi oʻrinlarda — hududiy komissiyalar) tuziladi.
Quyidagilar hududiy komissiyalarning asosiy vazifalari hisoblanadi:
hududlarda qishloq xoʻjaligi sohasida roʻyxatdan oʻtkazishga tayyorgarlik koʻrish va uni amalga oshirish boʻyicha ishlarni aniq chora-tadbirlar va masʼul ijrochilarni koʻrsatgan holda tashkil etish;
hududlarda qishloq xoʻjaligi sohasida roʻyxatdan oʻtkazishga tayyorgarlik koʻrish va uni amalga oshirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish bilan bogʻliq masalalar yuzasidan, shuningdek, qishloq xoʻjaligi sohasida roʻyxatdan oʻtkazish boʻyicha vakolatli organ hududiy boʻlinmalari va bu jarayonlarga jalb qilingan boshqa tashkilotlar moddiy-texnik taʼminlanganligini mustahkamlash masalalari toʻgʻrisida takliflar ishlab chiqish;
hududlarda qishloq xoʻjaligi sohasida roʻyxatdan oʻtkazishga tayyorgarlik koʻrish va uni amalga oshirish boʻyicha kompleks ishlar bajarilishini nazorat qilish;
hududlarda qishloq xoʻjaligi sohasida roʻyxatdan oʻtkazishga tayyorgarlik koʻrish va uni amalga oshirishga jismoniy va yuridik shaxslarni jalb etish hamda ishtirok etganlarni ragʻbatlantirish.
Hududiy komissiyalar normativ-huquqiy va metodik hujjatlar asosida aniq chora-tadbirlar va masʼul ijrochilarni koʻrsatgan holda, tayyorgarlik tadbirlarini tashkil etish va qishloq xoʻjaligi sohasida roʻyxatdan oʻtkazish boʻyicha tegishli qarorlar qabul qiladi.
10. Qishloq xoʻjaligi sohasida roʻyxatdan oʻtkazish boʻyicha vakolatli organ — Oʻzbekiston Respublikasi Milliy statistika qoʻmitasi (keyingi oʻrinlarda — Milliy statistika qoʻmitasi) Respublika komissiyasining ishchi organi hisoblanadi.
(10-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 6-oktabrdagi 627-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.10.2025-y., 09/25/627/0901-son)
11. Milliy statistika qoʻmitasi:
(11-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 6-oktabrdagi 627-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.10.2025-y., 09/25/627/0901-son)
ilmiy va oliy taʼlim muassasalari ishtirokida roʻyxatdan oʻtkazish boʻyicha ilmiy-metodik qoʻllanma va materiallar tayyorlaydi;
har bir aholi punktida roʻyxatdan oʻtkazishni muvofiqlashtiruvchi uchastka rahbarlari, shuningdek, davlat statistika organlari xodimlari orasidan supervayzerlar (nazoratchi instruktorlar) tayinlanishini taʼminlaydi;
tuman va shaharlar hokimliklari bilan birgalikda joylarda roʻyxatdan oʻtkazuvchi xodimlarni oʻqitadi va roʻyxatdan oʻtkazish soʻrovnomalarini toʻldirish boʻyicha amaliy mashgʻulotlarni tashkil etadi, oʻqitish jarayonida xatoliklarni tahlil qiladi, yuzaga kelgan tushunmovchiliklarni tushuntiradi va kamchiliklarni bartaraf etadi;
Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi bilan birgalikda qishloq xoʻjaligi sohasida roʻyxatdan oʻtkazish haqida aholini va fermer xoʻjaliklari hamda qishloq xoʻjaligi faoliyatini amalga oshiruvchi boshqa tashkilotlarni xabardor qilish ishlarini ((roʻyxatdan oʻtkazishda faol ishtirok etish boʻyicha targʻibot ishlari, SMS-xabarnoma, reklama roliklari, shiorlar chiqarish va boshqa shu kabi tadbirlar) muvofiqlashtiradi.
12. Milliy statistika qoʻmitasi Oʻzbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan birgalikda:
(12-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 6-oktabrdagi 627-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.10.2025-y., 09/25/627/0901-son)
moddiy-texnik vositalarni, jumladan, roʻyxatdan oʻtkazish soʻrovnomalarini avtomatik tarzda qayta ishlash uchun moddiy-texnik vositalarni sotib olish, roʻyxatdan oʻtkazish natijalarini qayta ishlash tuzilmalarini, server uskunalari, skanerlar va boshqa ofis texnikalari bilan taʼminlash uchun tenderlar tashkil etadi;
roʻyxatdan oʻtkazish soʻrovnomalarini kiritish va qayta ishlash boʻyicha avtomatlashtirilgan axborot tizimi yaratilishini taʼminlaydi;
avtomatlashtirilgan axborot tizimida dehqon, fermer xoʻjaliklari hamda qishloq xoʻjaligi faoliyatini amalga oshiruvchi boshqa tashkilotlar haqida maʼlumot (qishloq xoʻjaligiga oid barcha maʼlumotlar) olishni taʼminlaydi;
qishloq xoʻjaligi sohasida roʻyxatdan oʻtkazish natijalarini olish boʻyicha dasturiy vositalar tayyorlanishini taʼminlaydi.
13. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligi Milliy statistika qoʻmitasining buyurtmanomalari asosida bosqichma-bosqich qishloq xoʻjaligi sohasida roʻyxatdan oʻtkazish uchun zarur kartografik materiallar (tuman, shahar va qishloq aholi punktlarining sxematik xaritalari, maʼmuriy tumanlar xaritalari) tayyorlanishini taʼminlaydi.
(13-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 6-oktabrdagi 627-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.10.2025-y., 09/25/627/0901-son)
14. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi “Oʻzarxiv” agentligi roʻyxatdan oʻtkazish soʻrovnomalarini va boshqa hujjatlarni saqlash ishlarini belgilangan tartibda muvofiqlashtiradi, shuningdek, davlat arxivlari tomonidan qishloq xoʻjaligi sohasida roʻyxatdan oʻtkazishning yigʻma hujjatlari qayta ishlanib, tartibga keltirilgandan soʻng ularni doimiy saqlovga qabul qilishni tashkil etadi.
(14-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 1-martdagi 135-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.03.2025-y., 09/25/135/0208-son)
15. Quyidagilar Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar (shaharlar) hokimliklari vazifalari hisoblanadi:
qishloq xoʻjaligi sohasida roʻyxatdan oʻtkazishga jalb etilgan shaxslarning oʻqishi va ishlashi uchun yaroqli boʻlgan mebellar va aloqa vositalari bilan jihozlangan vaqtincha binolar ajratish;
qishloq xoʻjaligi sohasida roʻyxatdan oʻtkazish soʻrovnoma blankalari va boshqa hujjatlarni vaqtincha saqlash uchun zarur shart-sharoitga ega boʻlgan bino (xona) ajratish;
zarur transport va aloqa vositalarini taqdim etish;
tuman (shahar) mahalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash boʻlimlari bilan birgalikda tomorqa yer maydonlari mavjud boʻlgan dehqon xoʻjaliklari sonini koʻrsatgan holda, fuqarolar yigʻinlarining toʻliq roʻyxatini tuzish;
(15-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 9-avgustdagi 438-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.08.2022-y., 09/22/438/0726-son)
tuman (shahar) statistika boʻlimlari va davlat xizmatlari markazlari bilan birgalikda mavjud fermer xoʻjaliklari hamda qishloq xoʻjaligi faoliyatini amalga oshiruvchi boshqa tashkilotlar, bogʻdorchilik, polizchilik va uzumchilik shirkatlari sonini koʻrsatib, ularning toʻliq roʻyxatini shakllantirish.
16. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va Milliy gvardiyasi qishloq xoʻjaligi sohasida roʻyxatdan oʻtkazish jarayonida:
roʻyxatdan oʻtkazishga tayyorgarlik koʻrish va uni amalga oshirish davrida hududlarda tinchlik va osoyishtalikni, jamoat tartibini, fuqarolar xavfsizligini;
roʻyxatdan oʻtkazishga jalb etilgan shaxslarga nisbatan huquqbuzarliklar sodir etilishiga yoʻl qoʻymaslik;
zarur hollarda, roʻyxatdan oʻtkazish uchun korxona va tashkilotlar hududiga kirishga toʻsqinlik qilmaslik;
roʻyxatdan oʻtkazish davrida roʻyxatdan oʻtkazish materiallarining saqlanishini hamda qishloq xoʻjaligi sohasida roʻyxatdan oʻtkazuvchi organlarning binolari va yuklari qoʻriqlanishini taʼminlaydi.
17. Qishloq xoʻjaligi sohasida roʻyxatdan oʻtkazishga tayyorgarlik koʻrish va uni amalga oshirish boʻyicha alohida ishlar jalb etilgan pudratchi tashkilotlar tomonidan bajariladi va ularga quyidagilar kiradi:
aholi va fermer xoʻjaliklari hamda qishloq xoʻjaligi faoliyatini amalga oshiruvchi boshqa tashkilotlar oʻrtasida axborot-tushuntirish ishlarini olib borish;
kartografik materiallarni chop etish;
roʻyxatdan oʻtkazish hujjatlarini chop etish;
moddiy-texnik taʼminlash;
roʻyxatdan oʻtkazish materiallarini yetkazish;
texnologik-loyiha ishlarini oʻtkazish va dasturiy taʼminotni ishlab chiqish;
roʻyxatdan oʻtkazish soʻrovnomalaridagi maʼlumotlarni kiritish va avtomatlashtirilgan holda qayta ishlash.
18. Zarur hollarda, qishloq xoʻjaligi sohasida roʻyxatdan oʻtkazishga tayyorgarlik koʻrish va uni amalga oshirish doirasidagi ayrim ishlar va tadbirlarni bajarishga koʻmaklashish uchun boshqa vazirliklar, idoralar va tashkilotlar asosiy vazifa va funksiyalaridan kelib chiqib, oʻz ixtiyoriga koʻra qoʻshimcha ravishda jalb etilishi mumkin.
5-bob. Qishloq xoʻjaligi sohasida roʻyxatdan oʻtkazish ishlariga jalb etiladigan xodimlar toifalari
19. Respublika miqyosida roʻyxatdan oʻtkazishga tayyorgarlik koʻrish va uni amalga oshirishda Milliy statistika qoʻmitasi markaziy apparatining xodimlari ishtirok etadi.
(19-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 6-oktabrdagi 627-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.10.2025-y., 09/25/627/0901-son)
Hududlarda ishlarni tashkil etish va muvofiqlashtirish, materiallarni avtomatlashtirilgan holda qayta ishlash, dastlabki yakunlarni sarhisob qilish va natijalarni eʼlon qilish uchun Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar statistika boshqarmalari, tumanlar va shaharlar statistika boʻlimlari xodimlari jalb etiladi.
20. Tuman va shahar miqyosida roʻyxatdan oʻtkazish, instruktorlik, hisob va statsionar uchastkalarda ishlarni tashkil etish va muvofiqlashtirish uchun toʻlov-shartnoma asosida xodimlar jalb etilishi mumkin.
21. Registratorlar (uy-joy roʻyxatini tuzuvchilar), qishloq xoʻjaligi sohasida roʻyxatdan oʻtkazishning tayyorgarlik bosqichida avval tuzilgan roʻyxatlarni va kartografik materiallarni aniqlash (aniq hududdagi, dehqon xoʻjaliklarining haqiqatda mavjudligini xatlovdan oʻtkazish) uchun toʻlov-shartnoma asosida jalb etiladi.
Registratorlarni Oʻzbekiston Respublikasi Milliy statistika qoʻmitasi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligi, Oʻzbekiston fermerlari kengashi hududiy organlari xodimlari orasidan tanlab olish mazkur vazirliklar va idoralar hamda tumanlar va shaharlar hokimliklari bilan birgalikda tashkil etiladi.
(21-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 6-oktabrdagi 627-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.10.2025-y., 09/25/627/0901-son)
22. Oʻzbekiston Respublikasi Milliy statistika qoʻmitasi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligi, Oʻzbekiston fermerlari kengashi hududiy organlari xodimlari orasidan roʻyxatdan oʻtkazish uchastkalari rahbarlari, instruktorlar va roʻyxatdan oʻtkazuvchilarni tanlab olish masalasi mazkur vazirliklar va idoralar hamda tumanlar va shaharlar hokimliklari bilan birgalikda tashkil etiladi.
(22-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 6-oktabrdagi 627-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.10.2025-y., 09/25/627/0901-son)
Zarur hollarda, boshqa toifadagi shaxslar, jumladan, oʻrta maxsus (kasb-hunar taʼlimi) yoki oliy maʼlumotga ega, aholi bilan muloqotga kirisha oladigan, aniq va tushunarli yoza oladigan shaxslar, aholini roʻyxatga olish tadbirlarida ishtirok etgan roʻyxatga oluvchilar ham oʻz roziligiga koʻra roʻyxatdan oʻtkazish ishlariga shartnoma asosida jalb qilinishi mumkin.
Vaqtincha jalb etiladigan xodimlarga ismlari yozilgan nishonlar (guvohnomalar) beriladi.
Bunda xodimning yashash joyi roʻyxatdan oʻtkazish amalga oshiriladigan fuqarolar yigʻiniga qatnash uchun qulay boʻlishi kerak.
6-bob. Qishloq xoʻjaligi sohasida roʻyxatdan oʻtkazishga tayyorgarlik koʻrish va uni amalga oshirish jarayonlarini axborot-kommunikatsiya texnologiyalari asosida avtomatlashtirish
23. Roʻyxatdan oʻtkazish soʻrovnomalaridagi maʼlumotlarni kiritish, ularni qayta ishlash va natijalarini eʼlon qilishni avtomatlashtirish maqsadida avtomatlashtirilgan axborot tizimi yaratiladi.
24. Roʻyxatdan oʻtkazish soʻrovnomalaridagi qishloq xoʻjaligi faoliyati toʻgʻrisidagi shaxsiy maʼlumotlar foydalanilishi cheklangan maxfiy axborot hisoblanadi, ularni tarqatishga yoʻl qoʻyilmaydi va faqat statistik maqsadlarda qayta ishlanadi.
25. Quyidagilar avtomatlashtirilgan axborot tizimining vazifalari hisoblanadi:
roʻyxatdan oʻtkazish soʻrovnomalari maʼlumotlarini kiritish, toʻplash va saqlash;
maʼlumotlarni qayta ishlash, almashish jarayonlarini va ushbu jarayonlarni metodik qoʻllab-quvvatlash monitoringini olib borish;
roʻyxatdan oʻtkazish boʻyicha shaxsiy maʼlumotlarni avtomatik qayta ishlash;
shaxsiy maʼlumotlarga ruxsatsiz kirish, ulardan foydalanish, ularni buzish yoki yoʻqotishlardan himoya qilish;
maʼlumotlarning maxfiyligini taʼminlash sharti bilan qoʻshimcha soʻrovlarni shakllantirish uchun shaxsiy boʻlmagan maʼlumotlar bazasiga ayrim tadqiqotchilarning belgilangan tartibda kirishiga imkoniyat berish;
roʻyxatdan oʻtkazishning yakuniy maʼlumotlaridan foydalanishni boshqarish.
7-bob. Qishloq xoʻjaligi sohasida roʻyxatdan oʻtkazishga tayyorgarlik koʻrish va uni amalga oshirish xarajatlarini moliyaviy taʼminlash
26. Roʻyxatdan oʻtkazish tadbirlarini amalga oshirish bilan bogʻliq xarajatlar tegishli yillar uchun Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti toʻgʻrisidagi Qonunda Oʻzbekiston Respublikasi Milliy statistika qoʻmitasi uchun belgilangan tadbirlarni amalga oshirish maqsadida nazarda tutilgan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari va qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa mablagʻlar hisobidan moliyalashtiriladi.
(26-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 6-oktabrdagi 627-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.10.2025-y., 09/25/627/0901-son)
27. Moliyalashtirish uchun zarur mablagʻlar hajmi Oʻzbekiston Respublikasi Milliy statistika qoʻmitasi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligi va boshqa masʼul idoralarning asoslangan hisob-kitoblari asosida, shuningdek, tender savdolarini oʻtkazish va tender hujjatlarini rasmiylashtirish natijalari boʻyicha aniqlanadi.
(27-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 6-oktabrdagi 627-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.10.2025-y., 09/25/627/0901-son)
28. Roʻyxatdan oʻtkazishga tayyorgarlik koʻrish va uni amalga oshirishga, uning materiallarini qayta ishlashga, natijalarini olish va eʼlon qilishga jalb etilgan xodimlarning mehnatiga haq toʻlash maxsus ishlab chiqilgan va tasdiqlangan normativlar asosida amalga oshiriladi.
8-bob. Qishloq xoʻjaligi sohasida roʻyxatdan oʻtkazish jarayoni
29. Roʻyxatdan oʻtkazish soʻrovnomasi roʻyxatdan oʻtkazish dasturi asosida mulkchilik shaklidan kelib chiqqan holda, dehqon, fermer xoʻjaliklari va qishloq xoʻjaligi faoliyatini amalga oshiruvchi boshqa tashkilotlar, bogʻdorchilik, polizchilik va uzumchilik shirkatlari uchun alohida ishlab chiqiladi hamda tasdiqlanadi.
30. Dehqon xoʻjaliklari, dala hovli uchastkalari egalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar ular yashaydigan xoʻjaliklarga borib, respondentlar bilan soʻrov oʻtkazish va roʻyxatdan oʻtkazish soʻrovnomalarini toʻldirish orqali toʻplanadi. Roʻyxatdan oʻtkazish soʻrovnomasi roʻyxatdan oʻtkazuvchi shaxslar tomonidan soʻrov oʻtkazilayotgan shaxsning ogʻzaki javoblari asosida toʻldiriladi.
Roʻyxatdan oʻtkazish vaqtida xoʻjalik boshligʻi oʻzi hozir boʻlmaganda, xoʻjalikka doir maʼlumotlar ushbu xoʻjalikning voyaga yetgan aʼzosi tomonidan maʼlum qilinadi.
Agar respondent roʻyxatdan oʻtkazish soʻrovnomasiga javob berishdan bosh tortsa, soʻrovnomalar fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlaridagi mavjud maʼlumotlar asosida toʻldiriladi.
31. Fermer xoʻjaliklari va qishloq xoʻjaligi faoliyatini amalga oshiruvchi boshqa tashkilotlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar xoʻjalik faoliyat yuritayotgan hududga borib, respondentlar bilan soʻrov oʻtkazish va roʻyxatdan oʻtkazish soʻrovnomalarini toʻldirish orqali toʻplanadi. Roʻyxatdan oʻtkazish soʻrovnomasi roʻyxatdan oʻtkazuvchi shaxslar tomonidan soʻrov oʻtkazilayotgan shaxsning ogʻzaki javoblari asosida toʻldiriladi.
9-bob. Qishloq xoʻjaligi sohasida roʻyxatdan oʻtkazish yakunlari va ularni eʼlon qilish
32. Roʻyxatdan oʻtkazish yakunlari bosqichma-bosqich shakllantiriladi, jumladan:
tuman va shaharda roʻyxatdan oʻtkazilgan dehqon, fermer xoʻjaliklari, qishloq xoʻjaligi faoliyatini amalga oshiruvchi boshqa tashkilotlar, bogʻdorchilik, polizchilik va uzumchilik shirkatlarining qishloq xoʻjaligi faoliyati boʻyicha dastlabki natijalar shahar va tumanga ajratilgan holda tuziladi;
yakuniy natijalar qishloq xoʻjaligi sohasida roʻyxatdan oʻtkazish natijalarini eʼlon qilish dasturiga asosan maxsus jadval boʻyicha shakllantiriladi;
soʻrovlar tushishiga koʻra qoʻshimcha maʼlumotlar maʼlumotlar bazasi asosida shakllantiriladi.
33. Roʻyxatdan oʻtkazish natijalari rasmiy, bosma, mavzuli nashrlar koʻrinishida, shuningdek, elektron manbalarda (oʻzbek, rus va ingliz tillarida), foydalanuvchilarning keng ommasi uchun ommabop nashrlarda (risolalar, press-relizlar, atlaslar, taqdimot materiallarida) eʼlon qilinadi.
34. Qayta ishlangan va tartibga keltirilgan qogʻoz koʻrinishidagi qishloq xoʻjaligi sohasida roʻyxatdan oʻtkazish soʻrovnomalari Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi “Oʻzarxiv” agentligi tizimidagi tegishli davlat arxivlari tomonidan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda doimiy saqlanadi.
(34-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 1-martdagi 135-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.03.2025-y., 09/25/135/0208-son)
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 26-fevraldagi 104-son qaroriga
2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasida 2024-yilda qishloq xoʻjaligi sohasida roʻyxatdan oʻtkazishga doir
chora-tadbirlar rejasi

T/r

Amalga oshiriladigan tadbirlar

Amalga oshirish mexanizmi

Bajarish muddati

Ijro uchun masʼullar

I. Qishloq xoʻjaligi sohasida roʻyxatdan oʻtkazishga tayyorgarlik koʻrish va uni amalga oshirish boʻyicha tashkiliy-huquqiy tadbirlar

1.

Qishloq xoʻjaligida sohasida roʻyxatdan oʻtkazishga tayyorgarlik koʻrish va amalga oshirish, ularning natijalarini olish, qayta ishlash va eʼlon qilish, jalb etiladigan vaqtinchalik xodimlarni yollash va mehnatiga haq toʻlash tamoyillari hamda uslubiy asoslari va roʻyxatdan oʻtkazishga oid boshqa masalalarni tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqish.

Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi

2022-yil yanvar

Davlat statistika qoʻmitasi,
Qishloq xoʻjaligi vazirligi,
Moliya vazirligi,
Bandlik va mehnatmunosabatlari vazirligi,
Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligi,
manfaatdor vazirlik va idoralar

2.

Manfaatdor vazirliklar va idoralar mutaxassislari uchun qishloq xoʻjaligi sohasida roʻyxatdan oʻtkazish boʻyicha xorijiy davlatlar tajribalarini oʻrganish yuzasidan xorijiy mamlakatlarga, shu jumladan, ushbu masalalar yuzasidan tajribaga ega boʻlgan MDH davlatlariga xizmat safarlarini tashkil etish.

Xorijiy davlatlar tajribalarini oʻrganish maqsadida xizmat safarlarini tashkil etish

2022 — 2024-yillar

Davlat statistika qoʻmitasi,
Qishloq xoʻjaligi vazirligi,
BMTning Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkilotining Toshkentdagi vakolatxonasi,
xalqaro tashkilotlar

3.

Maʼmuriy-hududiy birliklar roʻyxati va chegaralarini aniqlashtirish, shahar va qishloq aholi punktlari hamda koʻchalar nomlari, xonadon va uylar raqamlari koʻrsatilgan koʻrsatkichlarning mavjudligini taʼminlash

Tashkiliy tadbirlar, ijrochilarning qoʻshma harakatlar rejasi

2022-yil 1-fevralgacha

(sinov)
 

2024-yil 1-fevralgacha

(asosiy)

Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligi,
Qishloq xoʻjaligi vazirligi,
hududiy komissiyalar,
shahar va tuman hokimliklari

4.

Qishloq xoʻjaligi sohasida roʻyxatdan oʻtkazishga tayyorgarlik koʻrish va uni amalga oshirish uchun ishtirokchilarni kartografik materiallar (sxematik xarita) bilan taʼminlash.

Sxematik xaritalar

2022-yil 1-fevralgacha

(sinov)
 

2024-yil 1-fevralgacha

(asosiy)

Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligi,
Qishloq xoʻjaligi vazirligi,
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi,
viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari,
hududiy komissiyalar

5.

Quyidagilarni taʼminlovchi “Qishloq xoʻjaligi sohasida roʻyxatdan oʻtkazish” axborot tizimini ishlab chiqish va joriy etish:

roʻyxatdan oʻtkazish soʻrovnomalaridagi maʼlumotlarni kiritish, toʻplash va saqlash usuli;

maʼlumotlarni qayta ishlash va tahlil qilish jarayonlari monitoringini olib borish;

qishloq xoʻjaligi sohasida roʻyxatdan oʻtkazishning shaxsiy maʼlumotlarini avtomatlashgan tarzda tahlil qilish;

shaxsiy maʼlumotlarga ruxsatsiz kirish, ulardan foydalanish, ularni buzish yoki yoʻqotishdan himoya qilishni taʼminlash;

qishloq xoʻjaligi sohasida roʻyxatdan oʻtkazishning yakuniy maʼlumotlaridan foydalanishni boshqarish.

Avtomatlashtirilgan axborot tizimini ishlab chiqish

2022-yil 1-maygacha

Davlat statistika qoʻmitasi,
Qishloq xoʻjaligi vazirligi,
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi,
Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligi,
Davlat xizmatlari agentligi

6.

Respublika va mahalliy ommaviy axborot vositalarida (televideniye, radio, bosma nashrlarda) qishloq xoʻjaligi sohasida roʻyxatdan oʻtkazish masalalari boʻyicha axborot-targʻibot ishlarini olib borish, jamoat joylarida (vokz?llar, aeroportlar, metropoliten va boshqalarda) qishloq xoʻjaligini roʻyxatdan oʻtkazish toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni joylashtirish.

SMS-xabarnoma yuborish, videoroliklar, ijtimoiy reklamalar, koʻrgazmali qurollar tayyorlash,boshqa axborot-targʻibot ishlari

Roʻyxatdan oʻtkazishga tayyorgarlik koʻrish va uni amalga oshirish davrida

Davlat statistika qoʻmitasi,
Qishloq xoʻjaligi vazirligi,
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi,
Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi,
Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, hududiy komissiyalar,
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi,
viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari

7.

Fermer xoʻjaliklari va qishloq xoʻjaligi faoliyatini amalga oshiruvchi tashkilotlarning roʻyxatini shakllantirish.

Xoʻjalik yurituvchi subyektlar roʻyxati

2022-yil mart

(sinov)
 

2023-yil dekabr

(asosiy)

Davlat statistika qoʻmitasi,
Davlat xizmatlari agentligi,
hududiy komissiyalar

8.

Aholi punktlari, koʻchalar nomlari, uy va xonadon raqamlarining mavjudligiga hamda fuqarolar yigʻinlarida mavjud dehqon xoʻjaliklari soniga aniqlik kiritish.

Tashkiliy-amaliy tadbirlar

2021-yil dekabr

(sinov)
 

2023-yil dekabr

(asosiy)

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi,
viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari,
Qishloq xoʻjaligi vazirligi,
Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligi,
Davlat statistika qoʻmitasi,
fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari

9.

Qishloq xoʻjaligi sohasida roʻyxatdan oʻtkazishga tayyorgarlik koʻrish va uni amalga oshirish uchun vaqtinchalik jalb etiladigan xodimlarni tanlab olish, roʻyxatini shakllantirish va tasdiqlash.

Roʻyxatdan oʻtkazuvchi xodimlarning tasdiqlangan roʻyxati

2022-yil 1-maygacha

(sinov)
 

2024-yil 1-maygacha

(asosiy)

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi,
viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari,
Davlat statistika qoʻmitasi,
Qishloq xoʻjaligi vazirligi,
hududiy komissiyalar

10.

Quyidagi ishlar uchun aloqa vositalari bilan jihozlangan binolar bilan taʼminlashni tashkil etish:

qishloq xoʻjaligi sohasida roʻyxatdan oʻtkazuvchi vaqtinchalik xodimlarni oʻqitish uchun;

tuman (shahar) qishloq xoʻjaligi sohasida roʻyxatdan oʻtkazish boʻlimlari, roʻyxatdan oʻtkazish instruktorlik va statsionar uchastkalari uchun;

qishloq xoʻjaligi sohasida roʻyxatdan oʻtkazish materiallarini qayta ishlash uchun;

qishloq xoʻjaligi sohasida roʻyxatdan oʻtkazish uchun moʻljallangan moddiy-texnik vositalarni saqlash uchun;

roʻyxatdan oʻtkazish va boshqa hujjatlarni vaqtinchalik saqlash va qoʻriqlash uchun.

Tashkiliy-amaliy tadbirlar

2022 — 2026-yillarda

Hududiy komissiyalar,
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi,
viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari

11.

Tumanlar (shaharlar) roʻyxatdan oʻtkazish boʻlimlari, roʻyxatdan oʻtkazish va instruktorlik uchastkalarini zarur hollarda transport vositalari bilan taʼminlash.

Tashkiliy-amaliy tadbirlar

2022 — 2026-yillarda

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi,
viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari

12.

Har bir aholi punkti hududini roʻyxatdan oʻtkazish, instruktorlik va hisob uchastkalariga boʻlish, har bir roʻyxatdan oʻtkazuvchilar uchun ish hajmini aniqlash.

Tashkiliy-amaliy tadbirlar

2022-yil 1-martgacha

(sinov)
 

2023-yil 1-avgustgacha

(asosiy)

Hududiy komissiyalar,
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi,
viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari,
Davlat statistika qoʻmitasi va uning hududiy organlari,
Mahalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash vazirligi va uning hududiy organlari

13.

Roʻyxatdan oʻtkazish hujjatlarini chop etish.

Roʻyxatdan oʻtkazish soʻrovnomalari va boshqa hujjatlar

2022-yil 1-maygacha

(sinov)
 

2024-yil 1-maygacha

(asosiy)

Davlat statistika qoʻmitasi,
Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi

14.

Roʻyxatdan oʻtkazish hujjatlarini tuman (shahar) roʻyxatdan oʻtkazish boʻlimlari, roʻyxatdan oʻtkazish va instruktorlik uchastkalariga yetkazib berish.

Tadbirlar jadvali

2022-yil 1-iyungacha

(sinov)
 

2024-yil 1-iyungacha

(asosiy)

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi,
viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari,
Davlat statistika qoʻmitasi

15.

Qishloq xoʻjaligi sohasida roʻyxatdan oʻtkazishga jalb etiladigan xodimlarni roʻyxatdan oʻtkazishga tayyorgarlik koʻrish va uni amalga oshirish masalalari boʻyicha oʻqitishni tashkil etish.

Oʻquv seminarlari

Tasdiqlangan jadvalga asosan

Hududiy komissiyalar,
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi,
viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari,
Davlat statistika qoʻmitasi,
Qishloq xoʻjaligi vazirligi,
Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligi

16.

Qishloq xoʻjaligi sohasida roʻyxatdan oʻtkazish tadbiri sifatli oʻtkazilishini taʼminlash.

Ijrochilarning tashkiliy rejasi

2022-yil belgilangan

muddatlarda

(sinov)
 

2024-yil belgilangan muddatlarda

(asosiy)

Respublika komissiyasi,
hududiy komissiyalar,
Davlat statistika qoʻmitasi,
Qishloq xoʻjaligi vazirligi,
Ichki ishlar vazirligi,
Milliy gvardiya,
Mahalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash vazirligi,
Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi,

Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligi,

Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi,

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi,

viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari

III. Moliyaviy va moddiy-texnika taʼminot

17.

Qishloq xoʻjaligi sohasida roʻyxatdan oʻtkazishni tashkil etish va amalga oshirish, yakuniy maʼlumotlarni tahlil qilish hamda eʼlon qilish tadbirlari uchun xarajatlar smetasini ishlab chiqish va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritish.

Xarajatlar smetasi

Budjet kodeksiga muvofiq belgilangan muddatlarda

Milliy statistika qoʻmitasi,
Qishloq xoʻjaligi vazirligi,
Moliya vazirligi,

manfaatdor vazirliklar va idoralar

18.

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti, shuningdek, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlari parametrlarini shakllantirish boʻyicha qarorda koʻzda tutilgan qishloq xoʻjaligi sohasida roʻyxatdan oʻtkazishni tashkil etish va amalga oshirish, yakuniy maʼlumotlarni tahlil qilish va eʼlon qilish tadbirlarini moliyalashtirish uchun mablagʻ ajratish.

Xarajatlar smetasi

2022 — 2026-yillarda

Milliy statistika qoʻmitasi,

Moliya vazirligi,
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi,
viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari

19.

Qishloq xoʻjaligi sohasida roʻyxatdan oʻtkazishni tashkil etish va amalga oshirish, yakuniy maʼlumotlarni tahlil qilish va eʼlon qilish tadbirlari uchun zarur tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni sotib olishni amalga oshirish.

Ijrochilarning qoʻshma harakatlari rejasi

2022 — 2026-yillarda

Milliy statistika qoʻmitasi,

Moliya vazirligi

IV. Qishloq xoʻjaligi sohasida roʻyxatdan oʻtkazish ishlarini yakunlash

20.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar, tuman va shaharlar boʻyicha qishloq xoʻjaligi sohasida roʻyxatdan oʻtkazishning dastlabki maʼlumotlarini tayyorlash.

Tahliliy jadvallar

2025-yil 1-yanvargacha

Davlat statistika qoʻmitasi

21.

Maʼlumotlarni avtomatlashtirilgan holda tahlil qilish, maʼlumotlar kiritishni kodlashtirish, qishloq xoʻjaligi sohasida roʻyxatdan oʻtkazishning dastlabki maʼlumotlarini nazorat qilish va tahrir qilish, qishloq xoʻjaligi sohasida roʻyxatdan oʻtkazishda maʼlumotlar bazasini shakllantirish.

Tahliliy jadvallar

2025-yil 1-sentabrgacha

Davlat statistika qoʻmitasi

22.

Respublika va hududlar boʻyicha qishloq xoʻjaligi sohasida roʻyxatdan oʻtkazishning yakuniy natijalarini olish, rasmiy nashr etish, tarqatish, axborot bilan taʼminlash va eʼlon qilish, qishloq xoʻjaligi sohasida roʻyxatdan oʻtkazishning dastlabki va yakuniy maʼlumotlarini arxivda saqlashga tayyorlash va belgilangan tartibda davlat tomonidan saqlash uchun topshirishni amalga oshirish.

Tahliliy jadvallar

2026-yil 1-iyulgacha

Milliy statistika qoʻmitasi

(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 6-oktabrdagi 627-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.10.2025-y., 09/25/627/0901-son)
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 26-fevraldagi 104-son qaroriga
3-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasida 2024-yilda qishloq xoʻjaligi sohasida roʻyxatdan oʻtkazishga koʻmaklashish boʻyicha respublika komissiyasining
tarkibi

Sh.M. Gʻaniyev

Bosh vazirning agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari, Respublika komissiyasi raisi

J.A. Qoʻchqorov

Bosh vazir oʻrinbosari — iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vaziri

J.A. Xodjayev

qishloq xoʻjaligi vaziri, Respublika komissiyasi raisining oʻrinbosari

B.A. Begalov

Milliy statistika qoʻmitasi raisi, Respublika komissiyasi raisining oʻrinbosari

T.A. Ishmetov

moliya vaziri

P.R. Bobojonov

ichki ishlar vaziri

R.M. Djurayev

Milliy gvardiya qoʻmondoni

Sh.M. Sodiqov

axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri

N.B. Xusanov

bandlik va mehnat munosabatlari vaziri

A.X. Toshkulov

oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri

S. Turdiyev

mahalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash vazirining birinchi oʻrinbosari

I.R. Maxkamov

transport vaziri

B.T. Norqobilov

veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi

U.M. Yusupov

“Oʻzarxiv” agentligi direktori

F.K. Umarov

Davlat soliq qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari — Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligi direktori

A.A. Xaitov

Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi

lavozimi boʻyicha

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari

A.A. Xodjayev

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori

A.K. Koʻchimov

Milliy axborot agentligi bosh direktori

A.J. Xadjayev

Milliy teleradiokompaniya raisi

Sh.A. Gʻulomov

Davlat statistika qoʻmitasi Qishloq xoʻjaligi va ekologiya statistikasi boshqarmasi boshligʻi, komissiya kotibi

Izoh. Komissiya aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimlarga yangidan tayinlangan shaxslar yoki zimmasiga tegishli funksiyalar yuklangan shaxslar kiritiladi.
(3-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 6-oktabrdagi 627-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.10.2025-y., 09/25/627/0901-son)
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 26-fevraldagi 104-son qaroriga
4-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasida 2024-yilda qishloq xoʻjaligi sohasida roʻyxatdan oʻtkazishga koʻmaklashish boʻyicha hududiy komissiyalarning
namunaviy tarkibi
1. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari, komissiya raisi.
2. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining hamda viloyatlar va Toshkent shahar hokimining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosarlari — Qoraqalpogʻiston Respublikasi iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vaziri, viloyatlar va Toshkent shahar iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish bosh boshqarmalari boshliqlari, komissiya raisining oʻrinbosari.
3. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining va viloyatlar hokimlarining qishloq va suv xoʻjaligi masalalari boʻyicha oʻrinbosarlari, komissiya raisining oʻrinbosari.
4. Qoraqalpogʻiston Respublikasi qishloq xoʻjaligi vaziri, viloyatlar qishloq xoʻjaligi boshqarmalari boshliqlari.
5. Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar statistika boshqarmalari boshliqlari.
6. Qoraqalpogʻiston Respublikasi moliya vaziri, viloyatlar va Toshkent shahar moliya bosh boshqarmalari boshliqlari.
7. Qoraqalpogʻiston Respublikasi ichki ishlar vaziri, Toshkent shahar va Toshkent viloyati ichki ishlar bosh boshqarmalari hamda viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari boshliqlari.
8. Milliy gvardiyaning Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri boʻyicha boshqarmalari boshliqlari.
9. Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish boshqarmalari boshliqlari.
10. Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar Kasbiy taʼlimni rivojlantirish va muvofiqlashtirish hududiy boshqarmalari boshliqlari.
11. Qoraqalpogʻiston Respublikasi mahalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash vaziri, viloyatlar va Toshkent shahar mahalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash boshqarmalari boshliqlari.
(11-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 9-avgustdagi 438-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.08.2022-y., 09/22/438/0726-son)
12. Qoraqalpogʻiston Respublikasi bandlik va mehnat munosabatlari vaziri, viloyatlar va Toshkent shahar bandlik bosh boshqarmalari boshliqlari.
13. Qoraqalpogʻiston Respublikasi veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boshqarmalari boshliqlari.
14. Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar arxiv ishi hududiy boshqarmalari boshliqlari.
15. Kadastr agentligining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalari boshliqlari.
16. Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashlari raislari.
17. Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar davlat xizmatlari agentligi boshqarmalari boshliqlari.
18. Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar statistika boshqarmalari Qishloq xoʻjaligi va ekologiya statistikasi boʻlimi boshliqlari, komissiya kotibi.
Izoh. Komissiya aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, komissiya tarkibiga ushbu lavozimlarga yangidan tayinlangan shaxslar yoki zimmasiga tegishli funksiyalar yuklangan shaxslar kiritiladi.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 26.02.2021-y., 09/21/104/0160-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son; 10.08.2022-y., 09/22/438/0726-son; 03.03.2025-y., 09/25/135/0208-son; 07.10.2025-y., 09/25/627/0901-son)