Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 07.06.2022
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Aktuariy malaka sertifikatini berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 7-iyundagi 305-sonli “Aktuariy malaka sertifikatini berish boʻyicha davlat xizmatlarini koʻrsatishning maʼmuriy reglamentini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat xizmatlari koʻrsatish milliy tizimini yanada kompleks rivojlantirish choralari haqida” 2019-yil 15-fevraldagi PQ-4193-son hamda “Oʻzbekiston Respublikasining sugʻurta bozorini isloh qilish va uning jadal rivojlanishini taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 2019-yil 2-avgustdagi PQ-4412-son qarorlariga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Aktuariy malaka sertifikatini berish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
aktuariy malaka sertifikatini olish uchun taqdim etiladigan hujjatlar;
malaka imtihonini topshirishga ruxsat berish yoki ruxsat berishni rad etish toʻgʻrisida qarorlar qabul qilish tartibi;
malaka imtihonini oʻtkazish tartibi;
aktuariy malaka sertifikatini berish, uning amal qilish muddatini uzaytirish, uni qayta rasmiylashtirish va dublikatini berish tartibi;
aktuariy malaka sertifikatining amal qilishini toʻxtatib turish, uni tugatish va bekor qilish tartibi;
malaka sertifikatiga ega boʻlgan aktuariylar reyestrini yuritish.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari — iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vaziri J.A. Qoʻchqorov hamda Oʻzbekiston Respublikasi moliya vaziri T.A. Ishmetov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2020-yil 17-dekabr,
797-son
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 17-dekabrdagi 797-son qaroriga
ILOVA
Aktuariy malaka sertifikatini berish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom aktuariy malaka sertifikatini berish, uning amal qilish muddatini uzaytirish, amal qilishini tugatish va bekor qilish tartibini belgilaydi.
2. Mazkur Nizomda quyidagi tushunchalardan foydalaniladi:
aktuariy — Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Sugʻurta bozorini rivojlantirish agentligi (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) tomonidan belgilangan tartibda aktuariy malaka sertifikatini olgan va aktuar tashkilot shtatida turgan yoki aktuar tashkilot bilan fuqarolik-huquqiy shartnoma tuzgan jismoniy shaxs;
aktuar tashkilot — aktuar xizmatlarini koʻrsatuvchi va oʻz shtatida kamida bitta aktuariyga ega boʻlgan yuridik shaxs;
aktuariy malaka sertifikati — jismoniy shaxsga, agar u aktuar tashkilot shtatida boʻlsa yoki u bilan aktuar tashkilot oʻrtasida fuqarolik-huquqiy tusdagi shartnoma tuzilgan boʻlsa, aktuar xizmatlarini koʻrsatish huquqini beruvchi hujjat;
daʼvogar — aktuariy malaka sertifikatini olishga daʼvogar boʻlgan jismoniy shaxs.
3. Daʼvogar malaka imtihonini muvaffaqiyatli topshirgan taqdirda, aktuariy malaka sertifikati Agentlik tomonidan beriladi. Mazkur Nizom bilan belgilangan malaka talablariga javob beradigan daʼvogar malaka imtihonini topshirishga qoʻyiladi.
4. Aktuariy malaka sertifikatini berish, uning amal qilish muddatini uzaytirish, uni qayta rasmiylashtirish uchun, shuningdek, uning dublikatini berish uchun mazkur Nizomda belgilangan miqdorlarda yigʻim undiriladi.
Koʻrsatilgan mablagʻlar Agentligining budjetdan tashqari Jamgʻarmasi hisobvaragʻiga oʻtkaziladi va ulardan malaka imtihonlarini oʻtkazish, aktuariy malaka sertifikatlarini rasmiylashtirish bilan bogʻliq xarajatlarni qoplash uchun foydalaniladi.
5. Aktuariy malaka sertifikatini berish ushbu Nizomga 1-ilovadagi sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
2-bob. Malaka talablari
6. Aktuariy malaka sertifikatini olish uchun daʼvogar quyidagi talablarga javob berishi kerak:
a) iqtisodiyot yoki matematika taʼlim sohalarining oliy taʼlim yoʻnalishlari va ixtisosliklaridan biri boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim muassasalarida olingan oliy maʼlumotga yoki xorijiy davlatlarning oliy taʼlim muassasalarida olingan hamda qonun hujjatlariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasida tan olingan oliy maʼlumotga ega boʻlish yoxud Oʻzbekiston Respublikasida yoki xorijiy davlatlarda (qonunchilik hujjatlariga muvofiq tan olishdan oʻtgan taqdirda) olingan fizika-matematika yoki iqtisodiyot fanlari boʻyicha ilmiy darajaga ega boʻlish;
(6-bandning “a” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
b) soʻnggi oʻn yil ichida kamida besh yil sugʻurta, matematika, statistika, axborotlashtirish sohalarida ish (jumladan, oʻrindoshlik asosida) yoki pedogogik stajga ega boʻlish.
3-bob. Aktuariy malaka sertifikatini olish uchun taqdim etiladigan hujjatlar
7. Aktuariy malaka sertifikatini olish uchun daʼvogar Agentlikka mazkur Nizomga 2-ilovadagi shaklga muvofiq malaka imtihonini topshirishga ruxsat berish toʻgʻrisidagi arizani quyidagi hujjatlarni ilova qilgan holda topshiradi:
mazkur Nizomga 3-ilovadagi shaklga muvofiq toʻldirilgan anketa;
pasport nusxasi;
oliy maʼlumot toʻgʻrisidagi diplom yoki fizika-matematika, iqtisodiyot fanlari boʻyicha ilmiy daraja olganligi toʻgʻrisidagi hujjat (nusxasi olinib, asli qaytariladi) yoxud oliy maʼlumot yoki ilmiy daraja haqidagi xorijiy hujjatni tan olish toʻgʻrisida vakolatli davlat organning guvohnomasi (nusxasi olinib, asli qaytariladi);
mehnat daftarchasining nusxasi (mehnat stajini tasdiqlovchi “Elektron mehnat daftarchasi” tizimidan koʻchirma);
3 x 4 hajmdagi ikki dona fotosurat;
aktuariy malaka sertifikatini berish uchun tegishli yigʻim toʻlanganligini tasdiqlovchi bank toʻlov hujjati nusxasi.
Koʻrsatilgan hujjatlar bitta nusxadan taqdim qilinadi.
4-bob. Malaka imtihonini topshirishga ruxsat berish yoki ruxsat berishni rad etish toʻgʻrisida qarorlar qabul qilish tartibi
8. Agentlik ariza kelib tushgan kundan boshlab oʻn kun muddatda daʼvogarga malaka imtihonini topshirishga ruxsat berish yoki ruxsat berishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi. Rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan taqdirda, Agentlik daʼvogarni uch kun muddatda rad etish uchun asoslarni koʻrsatgan holda, qabul qilingan qaror toʻgʻrisida yozma ravishda xabardor qiladi. Malaka imtihonini topshirishga rad toʻgʻrisidagi xabarnomada koʻrsatilgan muddat kamchiliklarni bartaraf etish uchun zarur boʻlgan vaqtga mutanosib boʻlishi shart.
Daʼvogarning arizasini qayta koʻrib chiqishda ilgari malaka imtihoni topshirishga ruxsat berishni rad etish toʻgʻrisidagi xabarnomada koʻrsatilmagan yangi asoslar boʻyicha malaka imtihonini topshirishni rad etishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Malaka imtihonini topshirishga ruxsat berish toʻgʻrisidagi qaror qabul qilinganda, Agentlik malaka imtihonini topshirishga ruxsat berilgan daʼvogarlarning roʻyxatini imtihon komissiyasiga topshiradi.
9. Malaka imtihonini topshirishga ruxsat berilgan daʼvogarlar malaka imtihonini oʻtkazish sanasi, vaqti va joyi toʻgʻrisida imtihon oʻtkazilishidan kamida oʻn kun oldin yozma ravishda xabardor qilinadi.
10. Agentlik daʼvogar tomonidan tegishlicha rasmiylashtirilmagan hujjatlar taqdim qilinishi, shuningdek, daʼvogarning mazkur Nizomning 6-bandida bayon etilgan malaka talablariga muvofiq kelmasligi sababli daʼvogarga malaka imtihonini topshirishga ruxsat berishni rad etishga haqlidir.
Malaka imtihonini topshirishga ruxsat berish rad etilgan daʼvogar Agentlik tomonidan koʻrsatilgan kamchiliklarni bartaraf etgandan keyingina ariza bilan qayta murojaat qilishi yoki qarordan norozi boʻlgan taqdirda, sudga murojaat qilishi mumkin.
Malaka imtihonini topshirishga ruxsat berish rad etilgandan soʻng daʼvogar bir yil ichida qayta murojaat etsa, malaka sertifikatini rasmiylashtirish va berish uchun toʻlov qayta toʻlamaydi.
5-bob. Imtihon komissiyasi
11. Malaka imtihonini tashkil etish va oʻtkazish uchun Agentlik tomonidan imtihon komissiyasi tashkil qilinadi. Imtihon komissiyasi rais, rais oʻrinbosari, kotib va kamida uch aʼzodan iborat boʻladi.
Imtihon komissiyasi tarkibiga Agentlik xodimlari, aktuar hisob-kitoblar va sugʻurta sohalaridagi mutaxassislar kiritiladi. Imtihon komissiyasi tarkibi har bir malaka imtihoni uchun alohida tuziladi va doimiy hisoblanmaydi.
12. Malaka imtihoni komissiyasining soni va shaxsiy tarkibi, shuningdek, ish reglamenti Agentlik tomonidan tasdiqlanadi.
Imtihon komissiyasining uchdan ikki qismi ishtirok etgan tarkibda va rais yoki rais oʻrinbosarining majburiy ishtirokida malaka imtihonini oʻtkazishga haqlidir.
13. Imtihon komissiyasining ishi bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi. Bayonnoma imtihon komissiyasining raisi tomonidan tasdiqlanadi va ishtirok etgan barcha aʼzolar tomonidan imzolanadi.
6-bob. Malaka imtihonini oʻtkazish tartibi
14. Daʼvogarlarga pasporti yoki ularning shaxsini tasdiqlovchi boshqa hujjatlar taqdim etilgan taqdirda, malaka imtihonini topshirish uchun ruxsat beriladi. Yonida pasport yoki ularning shaxsini tasdiqlovchi boshqa hujjatlari boʻlmagan yoki malaka imtihoniga kechikkan daʼvogarlar imtihonga kelmagan hisoblanadi va navbatdagi malaka imtihonini topshirishga ruxsat berilgan shaxslar roʻyxatiga kiritiladi.
15. Malaka imtihoni kamida uch kishidan iborat guruhning shakllanishiga koʻra, lekin kamida uch oyda bir marta oʻtkaziladi. Malaka imtihonining oʻtkazish sanasi Agentlik tomonidan belgilanadi.
16. Malaka imtihoni ikki bosqichda oʻtkaziladi:
test sinovi (uch akademik soat davomida yozma shaklda). Uning natijasiga koʻra daʼvogarga yozma-ogʻzaki imtihonni topshirish uchun ruxsat beriladi;
imtihon biletlari boʻyicha yozma-ogʻzaki imtihon (masalalarni yechish va ogʻzaki javobga tayyorlanish uchun uch akademik soat beriladi).
Malaka imtihonining ikkala bosqichini bir kun davomida oʻtkazishga ruxsat berilmaydi.
17. Test va imtihon biletlari Agentlik tomonidan ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi.
Test va imtihon savollariga kiritilgan fanlar boʻyicha mavzular Agentlikning veb-saytiga joylashtiriladi.
Imtihon komissiyasi raisining imzosi qoʻyilmagan test blankalari va imtihon biletlari haqiqiy emas deb hisoblanadi.
Testlar va imtihon biletlari mazmuni qonunchilik hujjatlariga kiritiladigan oʻzgartirish va qoʻshimchalarni hisobga olgan holda davriy ravishda qayta koʻrib chiqiladi.
(17-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
18. Malaka imtihonini oʻtkazishga ajratilgan vaqt ichida daʼvogarlar imtihon komissiyasiga test, imtihon biletlari va javoblarni topshirishlari shart. Ushbu talablarni buzgan daʼvogarlar malaka imtihonini topshirmagan deb hisoblanadi.
19. Imtihon testlari quyidagi taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha 40 ta nazariy savollardan iborat:
aktuar matematika (10 ta savol);
statistika va ehtimollar nazariyasi (10 ta savol);
sugʻurta ishi va tavakkalchilik nazariyasi (10 ta savol);
investitsiya faoliyati va moliyani boshqarish (10 ta savol).
Har bitta toʻgʻri javob uchun bir ball beriladi.
Test sinovlari natijalarini ijobiy deb eʼtirof etish uchun asos boʻladigan toʻplangan ballar yigʻindisi 30 balldan kam boʻlmasligi kerak.
Test sinovlari natijalari salbiy deb eʼtirof etilganda (30 balldan kam toʻplangan ball), daʼvogar yozma-ogʻzaki imtihonni topshirishga qoʻyilmaydi.
20. Imtihon bileti quyidagi taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha 4 ta nazariy savol va 4 ta amaliy masalalardan iborat:
aktuar matematika;
statistika va ehtimollar nazariyasi;
sugʻurta ishi va tavakkalchilik nazariyasi;
investitsiya faoliyati va moliyani boshqarish.
Imtihon biletining har bir nazariy savoli va amaliy masalasi 5 ballik tizim boʻyicha baholanadi.
Imtihon bileti boʻyicha kamida 30 ball toʻplagan daʼvogarlar malaka imtihonini muvaffaqiyatli topshirgan hisoblanadi.
21. Malaka imtihoni oʻtkazilayotgan vaqtda qonunchilik hujjatlari va yoʻriqnoma materiallaridan, maʼlumotnomalardan va maxsus adabiyotlardan foydalanish, boshqa daʼvogarlar bilan gaplashish, shuningdek, aloqa vositalaridan foydalanish man qilinadi. Ushbu talablarni buzgan daʼvogarlar malaka imtihonini oʻtkazish tartibi buzilganligi boʻyicha dalolatnoma rasmiylashtirilib, auditoriyadan chiqarib yuboriladi va malaka imtihonini topshirmagan deb hisoblanadi.
(21-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Malaka imtihonida begona shaxslarning ishtirok etishiga ruxsat berilmaydi.
Malaka imtihonining shaffofligi va xolisligini taʼminlash maqsadida malaka imtihonini oʻtkazish jarayoni uzluksiz ravishda videoyozuvga (ovozli) tushiriladi.
22. Malaka imtihoni natijalari imtihon komissiyasi tomonidan imtihon oʻtkazilgandan soʻng ikki kundan kechiktirilmagan holda eʼlon qilinadi.
Malaka imtihoni natijalari imtihon komissiyasining bayonnomasi bilan rasmiylashtiriladi va malaka imtihoni oʻtkazilgan sanadan soʻng uch kun muddat ichida Agentlikka topshiriladi.
Imtihon komissiyasi bayonnomasida quyidagilar koʻrsatiladi:
imtihon komissiyasi tarkibi;
malaka imtihonining birinchi bosqichida ishtirok etgan daʼvogarlarning ular toʻplagan ballar koʻrsatilgan roʻyxati;
malaka imtihonining birinchi bosqichiga kelmagan daʼvogarlar roʻyxati;
malaka imtihonining ikkinchi bosqichida ishtirok etish uchun ruxsat berilgan daʼvogarlar roʻyxati;
malaka imtihonining ikkinchi bosqichida ishtirok etgan daʼvogarlarning ular toʻplagan ballar koʻrsatilgan roʻyxati;
malaka imtihonining ikkinchi bosqichiga kelmagan daʼvogarlar roʻyxati;
malaka imtihonini muvaffaqiyatli topshirgan daʼvogarlar roʻyxati;
malaka imtihonini topshira olmagan daʼvogarlar roʻyxati.
23. Malaka imtihonini topshirish boʻyicha yozma ishlar (testlar, biletlar va ularga javoblar), shuningdek, imtihon komissiyasining bayonnomalari Agentlikda besh yil mobaynida saqlanadi.
24. Malaka imtihonini topshira olmagan daʼvogar malaka sertifikatini olish uchun yigʻimni toʻlash sharti bilan malaka sertifikatini olish uchun hujjatlarni qayta taqdim etishga haqlidir.
Malaka imtihonini topshira olmagan daʼvogarlarga yigʻim qaytarilmaydi.
7-bob. Apellatsiyalarni koʻrib chiqish
25. Malaka imtihoni natijalariga koʻra salbiy qaror chiqarilgan daʼvogarlar malaka imtihoni natijalari eʼlon qilingan sanadan boshlab oʻttiz kalendar kuni mobaynida Agentlikka apellatsiya berish huquqiga egadir. Apellatsiya yozma shaklda taqdim etiladi. Apellatsiyani koʻrib chiqish muddati oʻn besh kundan oshmasligi lozim.
26. Apellatsiyani koʻrib chiqish uchun Agentlik tomonidan Apellatsiya komissiyasi tashkil qilinadi. Apellatsiya komissiyasi tarkibi Agentlikning buyrugʻi bilan tasdiqlanadi. Apellatsiyani komissiyasi tarkibiga imtihon komissiyasi tarkibiga kirgan shaxslar kiritilmaydi.
Apellatsiya komissiyasi besh kun muddat ichida berilgan apellatsiyani daʼvogar ishtirokida koʻrib chiqadi. Apellatsiya komissiyasining ishi bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi. Bayonnoma apellatsiya komissiyasining barcha aʼzolari va daʼvogar tomonidan imzolanadi.
Apellatsiya komissiyasi apellatsiyani koʻrib chiqish natijalari boʻyicha quyidagi qarorlardan birini qabul qiladi:
imtihon komissiyasining qarorini oʻzgarishsiz qoldirish va apellatsiyani qanoatlantirishni rad etish;
imtihon komissiyasining qarorini bekor qilish va malaka sertifikatini berish toʻgʻrisida.
27. Imtihon komissiyasining qarorini oʻzgarishsiz qoldirish va apellatsiyani qanoatlantirishni rad etish toʻgʻrisidagi qaror quyidagi hollarda qabul qilinadi:
apellatsiya mazkur Nizom talablari buzilgan holda taqdim etilgan boʻlsa;
apellatsiyada keltirilgan sabablar oʻz tasdigʻini topmasa.
28. Imtihon komissiyasining qarorini bekor qilish va malaka sertifikatini berish toʻgʻrisidagi qaror malaka imtihoni mazkur Nizom talablari buzilgan holda oʻtkazilgan taqdirda qabul qilinadi.
29. Malaka sertifikatini berish toʻgʻrisidagi qaror qabul qilingandan soʻng Agentlik daʼvogarga aktuariy malaka sertifikatini beradi.
30. Qayta apellatsiyaga yoʻl qoʻyilmaydi.
8-bob. Aktuariy malaka sertifikatini berish, uning amal qilish muddatini uzaytirish, uni qayta rasmiylashtirish va dublikatini berish tartibi
31. Aktuariy malaka sertifikati mazkur Nizomga 4-ilovadagi shaklga muvofiq sertifikatning maxsus blankasida rasmiylashtiriladi va Oʻzbekiston Respublikasining butun hududida yuridik kuchga ega boʻladi.
Aktuariy malaka sertifikati blankalari hisobga olish seriyasi, raqami va himoya darajasiga ega boʻlgan qatʼiy hisobotdagi hujjatlar hisoblanadi va Agentlik buyurtmasi boʻyicha “Davlat belgisi” davlat-ishlab chiqarish birlashmasida bosma usulda tayyorlanadi.
Aktuariy malaka sertifikati besh yil muddatga beriladi.
Aktuariy malaka sertifikatini berish uchun daʼvogar tomonidan toʻlov kunidagi bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida yigʻim toʻlanadi.
32. Aktuariy malaka sertifikati Agentlik tomonidan imtihon komissiyasining bayonnomalari tuzilgan va imzolangan sanadan oʻn kun muddat mobaynida rasmiylashtiriladi va malaka sertifikatining egasiga yoxud notarial tasdiqlangan ishonchnoma asosida boshqa shaxsga aktuariylar reyestriga imzo chektirib beriladi.
33. Aktuariy malaka sertifikatining egasi aktuariy malaka sertifikatining amal qilish muddati tugashidan uch oy oldin, biroq aktuariy malaka sertifikatining amal qilish muddati tugashidan olti oydan koʻp boʻlmagan muddatda Agentlikka aktuariy malaka sertifikatining amal qilish muddatini uzaytirish toʻgʻrisidagi arizani quyidagi hujjatlarni ilova qilgan holda taqdim etadi:
mazkur Nizomga 2-ilovadagi shaklga muvofiq ariza;
mazkur Nizomga 3-ilovadagi shaklga muvofiq anketa;
aktuariy malaka sertifikatining amal qilish muddatini uzaytirish uchun mazkur Nizomning 34-bandida koʻrsatilgan yigʻim toʻlanganligini tasdiqlovchi bank toʻlov hujjati.
34. Aktuariy malaka sertifikatining amal qilish muddati mazkur Nizomning 33-bandida koʻrsatilgan talablarga rioya qilingan va aktuariy malaka sertifikatining egasi tomonidan malaka imtihoni muvaffaqiyatli topshirilgan taqdirda uzaytiriladi.
Aktuariy malaka sertifikatining amal qilish muddati daʼvogar arizasida koʻrsatilgan va besh yildan oshmagan muddatga uzaytiriladi. Aktuariy malaka sertifikatining amal qilish muddati aktuariy malaka sertifikati blankasida koʻrsatilgan amal qilish muddati tugagan sanadan uzaytiriladi.
Aktuariy malaka sertifikati muddatini uzaytirish uchun daʼvogar tomonidan toʻlov kunidagi bazaviy hisoblash miqdorining 0,5 baravari miqdorida yigʻim toʻlanadi.
35. Aktuariy malaka sertifikatining amal qilish muddati dastlab berilgan aktuariy malaka sertifikati blankasiga maxsus belgi qoʻyish yoʻli bilan uzaytiriladi.
Malaka sertifikati blankasining amal qilish muddatini uzaytirishga tegishli boʻlgan rekvizitlar toʻlgan taqdirda, aktuariy malaka sertifikatining egasiga reyestr boʻyicha dastlab berilgan tartib raqam bilan yangi aktuariy malaka sertifikati beriladi. Dastlab berilgan aktuariy malaka sertifikatining blankasi belgilangan tartibda yoʻq qilinadi.
36. Familiyasi, ismi, otasining ismi yoki pasport maʼlumotlari oʻzgargan taqdirda, aktuariy malaka sertifikatining egasi darhol, ammo uch kundan kechikmagan holda, Agentlikka qayta rasmiylashtiriladigan aktuariy malaka sertifikatini va tegishli oʻzgarishlarni tasdiqlovchi hujjatlarning asl nusxalarini, shuningdek, malaka sertifikatini qayta rasmiylashtirish uchun yigʻim toʻlanganligini tasdiqlovchi bank toʻlov hujjatini ilova qilgan holda aktuariy malaka sertifikatini qayta rasmiylashtirish toʻgʻrisidagi arizani topshirishi shart.
37. Aktuariy malaka sertifikati aktuariy malaka sertifikati egasi tomonidan tegishli ariza topshirilgan sanadan boshlab besh kun davomida qayta rasmiylashtiriladi. Bunda dastlab belgilangan amal qilish muddati bilan yangi aktuariy malaka sertifikati blankasi beriladi.
Dastlab berilgan aktuariy malaka sertifikatining blankasi belgilangan tartibda yoʻq qilinadi.
Aktuariy malaka sertifikatini qayta rasmiylashtirish uchun daʼvogar tomonidan toʻlov kunidagi bazaviy hisoblash miqdorining 0,5 baravari miqdorida yigʻim toʻlanadi.
38. Yoʻqolgan yoki yaroqsiz holga kelgan aktuariy malaka sertifikatining oʻrniga aktuariy malaka sertifikati egasining arizasiga koʻra dublikat berilishi mumkin. Bunda yoʻqolgan aktuariy malaka sertifikatining egasi matbuotda aktuariy malaka sertifikatining yoʻqolgani haqida eʼlon qilishi va nashr nusxasini Agentlikka taqdim qilishi shart.
Yaroqsiz holga kelgan aktuariy malaka sertifikati Agentlikka qaytarilishi va belgilangan tartibda yoʻq qilinishi kerak.
Aktuariy malaka sertifikatining dublikati reyestr boʻyicha dastlabki tartib raqami va amal qilish muddati hamda aktuariy malaka sertifikatining yangi blankasida “Dublikat” yozuvi qoʻyilgan holda beriladi.
Aktuariy malaka sertifikati dublikatini berish uchun daʼvogar tomonidan toʻlov kunidagi bazaviy hisoblash miqdorining 10 foizi miqdorida yigʻim toʻlanadi.
(38-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 28-oktabrdagi 661-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.10.2021-y., 09/21/661/0999-son)
9-bob. Aktuariy malaka sertifikatining amal qilishini toʻxtatib turish, uni tugatish va bekor qilish tartibi
39. Aktuariy malaka sertifikatining amal qilishini toʻxtatib turish, uni tugatish va bekor qilish “Tadbirkorlik faoliyati sohasidagi ruxsat berish tartib-taomillari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunida belgilangan hollarda va tartibda amalga oshiriladi.
Aktuariy malaka sertifikatining amal qilishini tugatishga asos boʻluvchi qoʻpol qoidabuzarliklarga quyidagilar kiradi:
aktuar xizmatlarni koʻrsatish davomida aktuariy tomonidan olingan maʼlumotlarni uchinchi shaxslarga aktuar xizmatlari buyurtmachisining ruxsatisiz taqdim etish holatining aniqlanishi, qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno;
(39-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
aktuariy malaka sertifikatini boshqa shaxsga oʻz nomidan aktuar xizmatlarni koʻrsatish uchun ushbu hujjatdan foydalanishi maqsadida berish holatining aniqlanishi.
40. Malaka sertifikatlarining amal qilishi qoʻpol qoidabuzarliklar uchun tugatilgan aktuariylar uning amal qilishi tugatilgan paytdan boshlab uch yil mobaynida aktuariy malaka sertifikatini qayta olish uchun malaka imtihonini topshirishga qoʻyilmaydi.
10-bob. Malaka sertifikatiga ega boʻlgan aktuariylar reyestrini yuritish
41. Agentlik malaka sertifikatiga ega boʻlgan aktuariylar reyestrini yuritadi va unda quyidagilar koʻrsatiladi:
aktuariy malaka sertifikatini olgan shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi, olgan sanasi va imzosi;
pasport maʼlumotlari va yashash joyi;
aktuariy malaka sertifikatining raqami, berilgan sanasi;
aktuariy malaka sertifikatining amal qilish muddatini uzaytirish, amal qilishini toʻxtatib turish, uni tugatish, bekor qilish, qayta rasmiylashtirish va dublikatini berish toʻgʻrisidagi maʼlumotlar.
42. Agentlik veb-saytida aktuariylar reyestri bilan tanishish uchun ochiq boʻlgan maʼlumotlar joylashtiriladi va unda quyidagilar koʻrsatiladi:
aktuariy malaka sertifikatini olgan shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi;
malaka sertifikatining raqami, berilgan sanasi;
malaka sertifikatining amal qilish muddati;
malaka sertifikatining amal qilishini tugatish, uni bekor qilish va dublikatini berish toʻgʻrisidagi maʼlumotlar.
11-bob. Yakunlovchi qoidalar
43. Agentlikning aktuariy malaka sertifikatini berish, uning amal qilishini tugatish va uni bekor qilish masalalari boʻyicha qarorlari boʻyicha manfaatdor shaxslar tomonidan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda shikoyat qilinishi mumkin.
(43-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
44. Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
(44-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
45. Mazkur Nizom bilan tartibga solinmagan munosabatlar Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi qonunchilik hujjatlari asosida hal qilinadi.
(45-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Aktuariy malaka sertifikatini berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
1-ILOVA
Aktuariy malaka sertifikatini berish
SXEMASI

Bosqichlar

Subyektlar

Tadbirlar

Bajarish muddatlari

1-bosqich

Daʼvogar

1. Aktuariy malaka sertifikatini berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomda nazarda tutilgan ariza va unga ilova hujjatlarni tayyorlaydi.

2. Daʼvogar ariza va unga ilova hujjatlarni Agentlikka bevosita yoki ularning olinganligi toʻgʻrisida bildirishnoma bilan pochta aloqasi orqali taqdim etadi.

Daʼvogarning xohishiga koʻra

2-bosqich

Agentlik

1. Agentlik ariza kelib tushgan kundan boshlab daʼvogarga malaka imtihonini topshirishga ruxsat berish yoki ruxsat berishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.

1. Oʻn kun muddatda;

2. Rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan taqdirda Agentlik daʼvogarni rad etish uchun asoslarni koʻrsatgan holda qabul qilingan qaror toʻgʻrisida yozma ravishda xabardor qiladi.

2. Uch kun muddatda

3-bosqich

Agentlik

Malaka imtihonini topshirishga ruxsat berilgan daʼvogarlarni malaka imtihonini oʻtkazish sanasi, vaqti va joyi toʻgʻrisida xabardor qiladi.

Malaka imtihoni oʻtkazilishidan kamida oʻn kun oldin muddatda

4-bosqich

Imtihon komissiyasi

Malaka imtihoni ikki bosqichda oʻtkaziladi:

test sinovi (uch akademik soat davomida yozma shaklda). Uning natijasiga koʻra daʼvogarga yozma-ogʻzaki imtihonni topshirish uchun ruxsat beriladi;

imtihon biletlari boʻyicha yozma-ogʻzaki imtihon (masalalarni yechish va ogʻzaki javobga tayyorlanish uchun uch akademik soat beriladi).

Ikki kun muddatda

5-bosqich

Imtihon komissiyasi

1. Malaka imtihoni natijalari imtihon komissiyasi tomonidan eʼlon qilinadi.

1. Ikki kun muddatda;

2. Malaka imtihoni natijalari imtihon komissiyasining bayonnomasi bilan rasmiylashtiriladi va Agentlikka topshiriladi.

2. Uch kun muddatda

6-bosqich

Agentlik

Aktuariy malaka sertifikati Agentlik tomonidan rasmiylashtiriladi va malaka sertifikatining egasiga yoxud notarial tasdiqlangan ishonchnoma asosida boshqa shaxsga aktuariylar reyestriga imzo qoʻydirib beriladi.

Imtihon komissiyasining bayonnomasi rasmiylashtirilgandan sanadan boshlab oʻn kun muddatda

Aktuariy malaka sertifikatini berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
2-ILOVA

‎‎Oʻzbekiston Respublikasi
‎Moliya vazirligi huzuridagi Sugʻurta
‎ bozorini rivojlantirish agentligiga ___________________________
‎ _______________________ dan

ARIZA‎

‎‎Meni aktuariy malaka sertifikatini olish, uning amal qilish muddatini uzaytirish (keraksizi oʻchirilsin) uchun malaka imtihoniga kiritishingizni soʻrayman.
‎Arizaga ilova qilinadi:
‎1.
‎2.
‎3.
‎va boshqalar

‎‎20____ y. “_____” ______________ Shaxsiy imzo ____________________________
Aktuariy malaka sertifikatini berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
3-ILOVA

‎‎ANKETA
‎Daʼvogar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar
‎Birinchi qism.
‎Anketani toʻldirish qoidalari

‎‎Anketa qoʻlyozma ravishda, tushunarli yozuv, qora, koʻk yoki siyohrang rangdagi ruchka bilan toʻldiriladi. Barcha sanalar arab sonlarida keltirilishi lozim. Anketaning barcha savollariga toʻliq javob berilishi lozim. Anketaning birorta ham qatorlari toʻldirilmasdan qolmasligi kerak. Bitta toʻldirilmagan qatorning mavjudligi butun anketaning toʻldirilmaganligini anglatadi va u daʼvogarga toʻliq toʻldirish uchun qaytarib beriladi. Zaruratga koʻra anketa savollari boʻyicha batafsil maʼlumot berish uchun anketaga qoʻshimcha varaqlar ilova qilinishi mumkin.




‎‎‎Fotosurat
‎uchun


‎ ‎‎

‎‎Ikkinchi qism. Anketa
‎1. ‎Daʼvogar shaxsi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar

Kod‎

Savollar‎‎

Javoblar‎‎

‎1.

‎Familiya

2.‎

Ism‎‎ ‎‎

3.‎

Otasining ismi‎‎ ‎‎

4.‎

Oldingi familiya (agar familiya oʻzgargan boʻlsa)‎‎ ‎‎

5.‎

Tugʻilgan sana‎‎ ‎‎

‎‏6.

Pasport seriyasi va raqami ‎‎‎ ‎‎
Pasportning berilgan vaqti va kim tomonidan berilganligi‎‎ ‎‎

7.‎

Turar joyi (pasportdagi qayd boʻyicha)‎‎ ‎‎
Turar joyi (yashash manzili boʻyicha)‎‎ ‎‎

‎‏8.

Telefon: aloqa uchun: ‎‎ ‎‎
uy:‎‎ ‎‎

‎‎
‎2. Maʼlumoti toʻgʻrisidagi maʼlumotlar (faqat oliy taʼlim muassasalaridagi taʼlim koʻrsatiladi, har bir OTM boʻyicha alohida)

Kod‎

Savollar‎‎‎

Javoblar‎‎

7.‎

‎‎Oliy taʼlim muassasasi nomi ‎‎

8.‎

‎‎Ushbu oliy taʼlim muassasasining daʼvogarga maʼlum boʻlgan soʻnggi manzili ‎‎

9.‎

‎‎Taʼlim shakli (keraklisining tagiga chizilsin) ‎‎a) kunduzgi
‎b) sirtqi
‎ v) kechki

10.‎

‎‎Oʻqishga kirish sanasi ‎‎

11.‎

‎‎Oʻqishni tugatish sanasi ‎‎

12.‎

‎‎Olingan daraja ‎‎

13.‎

‎‎Olingan m�taxassislik ‎‎

14.‎

‎‎Diplom yoki oliy taʼlim muassasasini bitirganlik toʻgʻrisidagi boshqa hujjat seriyasi va raqami ‎‎Seriya ___________
‎Raqam ____________


‎3. Ish staji toʻgʻrisidagi maʼlumotlar (mehnat daftarchasidan)

T/r‎‏

Davr‎‎

Ish joyi‎‎‏

Lavozim

kirish‎‎

ketish‎‎

1.‎

‎‎ ‎‎ ‎‎ ‎‎

2.‎

‎‎ ‎‎ ‎‎ ‎‎

3.‎

‎‎ ‎‎ ‎‎ ‎‎

4.‎

‎‎ ‎‎ ‎‎ ‎‎

...‎

‎‎ ‎‎ ‎‎ ‎‎
‎‎Men ushbu anketada keltirilgan maʼlumotlarning haqiqiyligi va toʻliqligini tasdiqlayman.

‎Anketani toʻldirilgan sana: 20___ y. “____” __________________
‎Shaxsiy imzo _____________
Aktuariy malaka sertifikatini berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
4-ILOVA

‎‎NAMUNA

‎‎Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi

‎OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MOLIYA VAZIRLIGI
‎HUZURIDAGI SUGʻURTA BOZORINI RIVOJLANTIRISh
‎AGENTLIGINING AKTUARIY MALAKA SERTIFIKATI

‎‎Seriya: AF

‎‎№ __________




‎Fotosurat‎‎



‎‎Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Sugʻurta bozorini rivojlantirish agentligining 20___ yil “____” __________ dagi ____-son buyrugʻiga muvofiq ushbu sertifikat bilan _________________________________________________________________________________________ ga

‎‎(aktuariy F.I.O.)

‎‎________________________________________________________________________________
‎(pasport raqami va seriyasi, kim tomonidan va qachon berilgan)

‎‎
‎Oʻzbekiston Respublikasi hududida roʻyxatdan oʻtgan aktuar tashkilot nomidan aktuar xizmatlarni koʻrsatish huquqi tasdiqlanadi. Mazkur sertifikat berilgan sanadan boshlab besh yil davomida haqiqiydir. Sertifikat berilgan sana: 20___ yil “____” _____________
‎Reyestr boʻyicha tartib raqam: ____________________________

‎‎Vakolatli shaxs: ___________________________________________________________

‎‎_____________

‎‎(F.I.O.)

(imzo)

M.Oʻ.‎

‎‎
‎Aktuariy malaka sertifikatining amal qilish muddati uzaytirildi:

‎20___y. “____” _____________ dan 20__y. “____” ____________gacha.
Vakolatli shaxs: ___________________________________________________________‎‎

_____________‎‎

‎‎(F.I.O.)

(imzo)‎‎

M.Oʻ.‎

‎‎20___y. “____” ______________dan 20___y. “____” _____________gacha.
‎‎Vakolatli shaxs: ___________________________________________________________

_____________‎‎

‎‎(F.I.O.)

(imzo)‎‎

M.Oʻ.‎

(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 18.12.2020-y., 09/20/797/1640-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.10.2021-y., 09/21/661/0999-son, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)