|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 21.03.2025
|
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida
(qaror nomi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 25-dekabrdagi PF-214-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2023-y., 06/23/214/0984-son)
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-martdagi PF-52-sonli “Umummilliy totuvlik va xorijdagi vatandoshlar bilan aloqalarni mustahkamlashni yangi bosqichga olib chiqishga oid chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 19-maydagi PF-5046-son Farmoni ijrosi yuzasidan:
l. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik alokalari qoʻmitasi (keyingi oʻrinlarda Qoʻmita deb ataladi) tugrisidagi Nizom 1-ilovata muvofiq.
(1-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 25-dekabrdagi PF-214-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2023-y., 06/23/214/0984-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(1-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 25-dekabrdagi PF-214-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2023-y., 06/23/214/0984-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(1-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 25-dekabrdagi PF-214-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2023-y., 06/23/214/0984-son)
2. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, Madaniyat vazirligi, milliy madaniy markazlar va doʻstlik jamiyatlarining Qoʻmita huzurida tarkibiga milliy madaniy markazlar, doʻstlik jamiyatlari, ijodiy uyushmalar, davlat va nodavlat tashkilotlari vakillari kiritiladigan Jamoatchilik kengashini tuzish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.
Qoʻmita bir oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasi huzuridagi Jamoatchilik kengashi toʻgʻrisidagi Nizom loyihasini va Jamoatchilik kengashining shaxsiy tarkibi toʻgʻrisidagi takliflarni ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
(2-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 25-dekabrdagi PF-214-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2023-y., 06/23/214/0984-son)
21. Belgilab qoʻyilsinki:
Qoʻmita boshqaruv xodimlariga yagona tarif setkasi boʻyicha mehnatga haq toʻlash razryadlariga koʻra tarif koeffitsiyentlari va bazaviy lavozim maoshlari 2 baravar miqdorda qoʻllaniladi;
Qoʻmita xodimlari oylik maoshining 50 foizi miqdorida Qoʻmita xodimlarining moddiy ragʻbatlantirish maxsus jamgʻarmasi shakllantiriladi;
Qoʻmita boshqaruv xodimlari uchun avvalgi ish joyida harbiy va maxsus unvonlar (martaba darajalari, malaka toifalari, diplomatik darajalar va boshqalar) uchun berilgan ustamalar va qoʻshimcha toʻlovlar saqlab qolinadi;
Qoʻmitada ishlangan davr harbiy va maxsus unvonlarni (martaba darajalari, malaka toifalari, diplomatik darajalar va boshqalarni) olish uchun zarur boʻlgan ish stajiga qoʻshiladi;
Qoʻmita boshqaruv xodimlarining lavozim maoshiga ragʻbatlantirish koeffitsiyenti hisobga olingan holda, davlat organlaridagi koʻp yillik mehnati uchun 2 yildan 5 yilgacha — 0,1; 5 yildan 10 yilgacha — 0,2; 10 yildan 15 yilgacha — 0,3; 15 yildan 20 yilgacha — 0,4; 20 yildan ortiq — 0,5 koeffitsiyentlarda har oylik ustamalar toʻlanadi;
Qoʻmita boshqaruv xodimlarining lavozim maoshiga fan nomzodi yoki falsafa doktori (PhD) yoxud xorijiy mamlakatlarda ularga tenglashtirilgan boshqa ilmiy darajaga ega shaxslar uchun — lavozim maoshining 30 foizigacha, fan doktori (Doctor of Science) yoki xorijiy mamlakatlarda unga tenglashtirilgan ilmiy darajaga ega shaxslar uchun — lavozim maoshining 60 foizigacha har oylik qoʻshimcha haq toʻlanadi.
(21-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 21-apreldagi PF-6212-sonli Farmoniga asosan kiritilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 22.04.2021-y., 06/21/6212/0358-son)
3. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, vazirliklar va idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari Qoʻmitaning samarali tashkil etilishi va toʻlaqonli faoliyat yuritishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratishda belgilangan tartibda koʻmaklashsin.
31. Davlat organlari va tashkilotlari, shuningdek, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari Qoʻmitaning soʻroviga binoan Qoʻmita zimmasiga yuklangan vazifalarni amalga oshirish uchun zarur boʻlgan tegishli axborot va statistik maʼlumotlar taqdim etilishini taʼminlasinlar.
(31-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 15-noyabrdagi PF-5876-sonli Farmoniga asosan kiritilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 16.11.2019-y., 06/19/5876/4029-son)
4. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi xorijiy mamlakatlarda faoliyat olib borayotgan turdosh tashkilotlar, oʻzbek madaniy markazlari va jamiyatlari haqida maʼlumotlar bazasini shakllantirish va yuritishda, shuningdek xorijiy mamlakatlarda faoliyat olib borayotgan tegishli tashkilotlar bilan oʻzaro hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻyishda va rivojlantirishda Qoʻmitaga amaliy yordam koʻrsatsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Fanlar akademiyasi, Jismoniy tarbiya va sport davlat qoʻmitasi, Tashqi ishlar vazirligi, Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi respublikada va xorijiy davlatlarda oʻtkaziladigan ilm-fan, madaniyat, iqtisodiyot, turizm, savdo, taʼlim va boshqa sohalardagi tadbirlarga Qoʻmitani belgilangan tartibda jalb etsin.
6. Qoʻmita Toshkent shahri, Bobur koʻchasi, 45-uyda joylashtirilsin.
Belgilansinki, Toshkent shahrida faoliyat yurituvchi milliy madaniy markazlar va doʻstlik jamiyatlari Toshkent shahri, Bobur koʻchasi, 45-uy manzilidagi binoning Qoʻmita tomonidan belgilanadigan joylariga ijara haqining “nol stavkasi” boʻyicha joylashtiriladi.
7. Qoʻmita Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan birgalikda Qoʻmita binosini qayta taʼmirlash, uni zamonaviy asbob-uskunalar, kompyuter texnikasi va mebel bilan jixozlash yuzasidan zarur chora-tadbirlarni amalga oshirsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi belgilangan tartibda Qoʻmitani zarur aloqa vositalari, shu jumladan Hukumat aloqa vositalari bilan taʼminlashga koʻmaklashsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:
Qoʻmitaga 3 ta yengil avtotransport vositasini sotib olish va ularni saqlash uchun limit ajratsin;
ushbu qaror talablaridan kelib chiqqan holda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining 2017-yil xarajatlari parametrlariga tegishli oʻzgartirishlar kiritsin.
“Oʻzbekiston” jurnalini nashr etish bilan bogʻliq boʻlgan Qoʻmitaning oʻz mablagʻlari hisobidan qoplanmagan xarajatlar qismini qoplash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti hisobidan mablagʻ ajratilishini nazarda tutsin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 3-ilovaga muvofiq ayrim qarorlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
11. Qoʻmita Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chikadigan oʻzgargirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida takliflar kiritsin.
12. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi R.T. Kamilov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2017-yil 23-may,
PQ-2993-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 23-maydagi PQ-2993-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasi toʻgʻrisida
NIZOM
(1-ilovaning nomi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 25-dekabrdagi PF-214-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2023-y., 06/23/214/0984-son)
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasi (keyingi oʻrinlarda Qoʻmita deb ataladi) millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari sohasida yagona davlat siyosatining amalga oshirilishini taʼminlovchi davlat boshqaruvi organi hisoblanadi.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 25-dekabrdagi PF-214-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2023-y., 06/23/214/0984-son)
2. Qoʻmita oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiya va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, shuningdek ushbu Nizomga amal qiladi.
3. Qoʻmita oʻziga yuklangan vazifalarni amalga oshirish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi, Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi, Badiiy akademiya, “Tasviriy oyina” ijodiy uyushmasi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi va “Nuroniy” jamgʻarmasi, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, taʼlim muassasalari hamda boshqa davlat va nodavlat tashkilotlari bilan oʻzaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyadi.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 11-yanvardagi PF-1-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.01.2025-y., 06/25/1/0022-son)
4. Qoʻmita faoliyatini moliyalashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeta mablagʻlari, jismoniy va yuridik shaxslarning grantlari va homiylik mablagʻlari hamda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga amalga oshiriladi.
5. Qoʻmita yuridik shaxs hisoblanadi, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va oʻzining nomi davlat tilida yozilgan muhrga ega boʻladi.
2-bob. Qoʻmitaning vazifalari va funksiyalari
6. Quyidagilar Qoʻmitaning asosiy vazifalari hisoblanadi:
jamiyatda millatlararo hamjihatlik va bagʻrikenglikni taʼminlashga qaratilgan davlat siyosatini izchil amalga oshirish, doʻstlik va koʻpmillatli yagona oila tuygʻusi muhitini mustahkamlash, yoshlarni milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash;
doʻstona xalqaro aloqalarni yoʻlga qoʻyish, oʻzaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish, xorijiy mamlakatlarning fuqarolik hamjamiyatlari, shu jumladan chet ellarda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz bilan doʻstlikni mustahkamlash borasidagi ishlarni samarali muvofiqlashtirish;
xorijiy mamlakatlarda davlatimiz va jamiyatimiz tomonidan erishilayotgan yutuqlarni keng targʻib etishda, mamlakatimiz va jamiyatimiz rivojining hozirgi bosqichi va bosib oʻtgan tarixiy yoʻli haqidagi obyektiv tasavvurlarni shakllantirishda koʻmaklashish;
millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari masalalarini tartibga soluvchi qonun hujjatlari loyihalarini ishlab chiqish va ekspertiza qilishda ishtirok etish;
millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalarini yanada rivojlantirish va uygʻunlashtirishga bagʻishlangan ilmiy-tadqiqot ishlarini tashkil qilishda koʻmaklashish va bevosita qatnashish.
7. Qoʻmita oʻziga yuklangan vazifalarni bajarish uchun quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
milliy madaniy markazlarga amaliy va uslubiy yordam koʻrsatadi;
millatlararo totuvlikning oliyjanob anʼanalarini, jamiyatda doʻstlik va hamjihatlik muhitini asrab-avaylashni, millati, irqi va diniy eʼtiqodidan qatʼi nazar har bir fuqaro ongida koʻpmillatli yagona oila tuygʻusini mustahkamlashni taʼminlaydi;
yoshlarni turli millatlarga mansub keksa avlod vakillari, milliy madaniy markazlar rahbarlari, olimlar va mutaxassislarning salohiyatidan samarali foydalangan holda milliy va umuminsoniy kadriyatlar ruhida tarbiyalash, ularni avloddan avlodga oʻtib kelayotgan umummilliy qadriyatlar, anʼana va urf-odatlarni saqlash va rivojlantirishga undash, millatchilik va ekstremistik gʻoyalarga nisbatan mafkuraviy immunitetga ega boʻlgan istiqlol gʻoyalariga sadoqatli, barkamol, maʼnaviy boy, mukammal avlodni shakllantirishda qoʻmaklashish;
millatlararo totuvlik, doʻstlik va hamjihatlik, millatlararo munosabatlar madaniyatining qaror topishiga yoʻnaltirilgan ijtimoiy tashabbuslarni ragʻbatlantirish, muvofiqlashtirish va taqdirlash boʻyicha chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish;
davlat organlarida milliy madaniy markazlar va doʻstlik jamiyatlari manfaatlarini ifodalaydi, ularning faoliyatini muvofiklashtiradi, yurtimizda yashovchi turli millat va elatlar vakillarining oʻziga xos milliy anʼanalari, urf-odatlari va rasm-rusumlarini asrab-avaylash va rivojlantirishga koʻmaklashadi;
xorijiy davlatlar bilan madaniy-maʼrifiy aloqalarni rivojlantirish, chet eldagi vatandoshlarimiz, ular tomonidan tuzilgan tashkilotlar, shuningdek chet eldagi turdosh tashkilotlar bilan mustahkam aloqalarni yoʻlga qoʻyishga koʻmaklashadi;
xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalarini rivojlantirish boʻyicha dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirishda bevosita ishtirok etadi;
xorijiy mamlakatlar hamda chet elda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz bilan axborot almashinuvi va hamkorlik orqali madaniy-maʼrifiy aloqalarni kengaytirishga yordam beradi;
mamlakatimizda faoliyat koʻrsatayotgan xorijiy tashkilotlar va diplomatik vakolatxonalar, xorijiy davlatlardagi turdosh tashkilotlar bilan “xalq diplomatiyasi” asosida doʻstona munosabatlarni oʻrnatish va rivojlantirishga qaratilgan tizimli ishlarni olib boradi;
millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari masalalariga tegishli qonun hujjatlari loyihalarini ishlab chiqish va ekspertiza qilishda ishtirok etadi;
jahon hamjamiyatida mamlakatimizning oʻtmish boy tarixi hamda mamlakatimiz rivojining bugungi bosqichidagi ijobiy yutuqlar haqida haqqoniy tasavvur hosil boʻlishiga koʻmaklashadi;
xorijiy mamlakatlarda davlatimizning tinchliksevar siyosati, demokratik huquqiy davlat, kuchli fuqarolik jamiyati qurish borasida Oʻzbekistonning maqsad va vazifalarini, shuningdek bugungi kunda mamlakat hayotining barcha sohalarida erishilayotgan muvaffaqiyatlarni keng targʻib kilish boʻyicha tizimli ishlarni amalga oshiradi;
jahon hamjamiyatida Oʻzbekiston Respublikasining nufuzini va maqomini yanada oshirishga, bagʻrikeng, mehmondoʻst oʻzbek xalqining boy tarixiy anʼanalari va urf-odatlarini, mustaqil davlat barpo etish yoʻlida koʻrsatgan tengsiz jasorati va izchilligini keng jamoatchilik eʼtiboriga yetkazishga qaratilgan choralarni amalga oshiradi;
xalqimizning boy tarixi, madaniyati, qadriyati va anʼanalarini, oʻzbek zaminida tugʻilgan buyuk olim va mutafakkirlarning barhayot merosini, ularning jahon madaniyati rivojiga qoʻshgan hissasini keng namoyon etish boʻyicha chora-tadbirlarni tashkil etadi va oʻtkazadi;
oʻzbek xalqining mamlakatimiz tashqarida mavjud boʻlgan moddiy-madaniy merosi obyektlarini asrab-avaylashni taʼminlash maqsadida davlat hamda nodavlat tashkilotlar bilan faol hamkorlik qiladi;
madaniy markazlar va doʻstlik jamiyatlari faoliyatining qonuniyligini taʼminlashda adliya organlari bilan hamkorlik qiladi.
3-bob. Qoʻmitaning huquqlari va javobgarligi
8. Qoʻmita oʻziga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish uchun quyidagi huquqlarga ega:
vazirliklar, davlat qoʻmitalari, idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlaridan millatlararo munosabatlar, milliy madaniy markazlar faoliyati, millatlararo totuvlikni taʼminlash borasida davlat siyosatini amalga oshirish, koʻp millatli yagona oila tuygʻusini mustahkamlash, xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik va madaniy-maʼrifiy aloqalarga taalluqli boʻlgan qonun hujjatlarining ijrosini taʼminlash masalalariga doir maʼlumotlar va materiallarni soʻrash va olish;
oʻz vakolati doirasida milliy madaniy markazlar, doʻstlik jamiyatlarining faoliyatini muvofiqlashtirish, ularga ushbu faoliyatni amalga oshirishda tashkiliy, huquqiy, metodik yordam koʻrsatish;
yuklangan vazifalarni bajarish va faoliyatini zamonaviy talablarga muvofiq takomillashtirish uchun belgilangan tartibda muvofiqlashtiruvchi kengashlar, komissiyalar, ishchi guruhlar va jamgʻarmalar tashkil etish;
ilmiy markazlar, studiyalar, nashriyotlar, bosmaxonalar va boshqa tuzulmalar tashkil etish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritish;
tegishli vazirliklar va idoralar bilan hamkorlikda xorijiy mamlakatlarda faoliyat olib borayotgan turdosh tashkilotlar, oʻzbek madaniyat markazlari va jamiyatlari haqida maʼlumotlar bazasini yaratish va yuritish;
madaniy markazlar va doʻstlik jamiyatlarining roʻyxatdan oʻtishda taqdim etadigan hujjatlari boʻyicha adliya organlari soʻrovlariga muvofiq xulosalar kiritish;
yangi madaniy markazlar va doʻstlik jamiyatlari tashkil etish doirasida tashabbuskor guruhlarga amaliy yordam koʻrsatish;
Qoʻmita qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
9. Qoʻmita oʻz vakolatlari doirasida belgilangan tartibda:
vazirliklar, idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari bajarishi majburiy boʻlgan normativ-huquqiy hujjatlarni;
boshqa vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralar bilan birgalikda qoʻshma qarorlar hamda boshqa hujjatlarni qabul qilishga haqlidir.
Qoʻmita oʻziga yuklangan vazifa va funksiyalarning samarali bajarilishi uchun javob beradi.
4-bob. Qoʻmita faoliyatini tashkil etish
10. Qoʻmitaga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod qilinadigan rais boshchilik qiladi.
Raisning Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Maxkamasi tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod qilinadigan ikki nafar oʻrinbosari boʻladi.
11. Qoʻmita raisi maqomi, maishiy taʼminoti, tibbiy va transport xizmatidan foydalanish borasidagi shart-sharoitlariga koʻra ― vazirning birinchi oʻrinbosariga, uning oʻrinbosarlari ― vazir oʻrinbosarlariga tenglashtiriladi.
12. Rais:
Qoʻmita faoliyatiga umumiy rahbarlik qiladi, Qoʻmitaga yuklangan vazifalar va funksiyalarning sifatli bajarilishi uchun shaxsan javob beradi;
oʻz oʻrinbosarlari, Qoʻmita tizimining boshqa mansabdor shaxslari vakolatlarini belgilaydi;
xodimlarning belgilangan cheklangan umumiy shtatlar soni doirasida Qoʻmita tuzilmasiga oʻzgartirishlar kiritadi, shtatlar jadvalini va xarajatlar smetasini tasdiqlaydi;
Qoʻmita xodimlarini lavozimga tayinlaydi va lavozimdan ozod qiladi.
Rais qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshiradi.
13. Qoʻmitada rais (hayʼat raisi), uning oʻrinbosarlari (lavozimiga koʻra), shuningdek Qoʻmita faoliyatining asosiy yoʻnalishlarini muvofiqlashtiruvchi tuzilmaviy boʻlimlar rahbarlaridan iborat tarkibda hayʼat tashkil etiladi.
Hayʼat aʼzolarining soni va shaxsiy tarkibi Qoʻmita raisi taqdimnomasiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
14. Hayʼat:
vazirliklar, davlat qoʻmitalari, idoralar, mahalliy davlat boshqaruvi organlaridan millatlararo munosabatlar, milliy madaniy markazlar faoliyatini muvofiqlashtirish, millatlararo totuvlikni taʼminlash borasida davlat siyosatini amalga oshirish, koʻp millatli yagona oila tuygʻusini mustahkamlash, xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik va madaniy-maʼrifiy aloqalarga taalluqli boʻlgan qonun hujjatlarining ijrosi hamda chet eldagi vatandoshlar va turdosh tashkilotlar bilan hamkorlik masalalarini yoʻlga qoʻyish va rivojlantirish boʻyicha ushbu Nizomda belgilangan asosiy yoʻnalishlarni amalga oshirish yuzasidan soʻrovlarni tayyorlash, yuborish va olish;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlarida, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarorlari va farmoyishlarida belgilangan vazifalarni amalga oshirish boʻyicha ijro intizomini mustahkamlash, ularning oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirilishini soʻzsiz taʼminlash uchun Qoʻmita rahbarlari va xodimlarining shaxsiy javobgarligini oshirish boʻyicha chora-tadbirlarni koʻrish.
Hayʼat oʻz vakolatlari doirasida boshqa masalalarni ham koʻrib chiqish huquqiga ega.
Hayʼat majlisiga Hayʼat vakolatiga kiradigan masalalar boʻyicha vazirliklar, davlat qoʻmitalari, idoralar, mahalliy davlat boshqaruvi organlari, korxonalar, muassasalar va boshqa tashkilotlar rahbarlari taklif etilishi mumkin.
Hayʼat majlisi uning tarkibining yarmidan koʻpi qatnashgan taqdirda vakolatli boʻladi. Koʻrib chiqilayotgan masalalar boʻyicha qarorlar oddiy koʻpchilik ovoz bilan qabul qilinadi.
Hayʼat qarorlari Qoʻmita qarorlari va rais buyruqlari bilan amalga oshiriladi. Rais va Hayʼat aʼzolari oʻrtasida fikrlar xilma-xilligi yuzaga kelgan taqdirda rais Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasini xabardor qilgan holda mustaqil qaror qabul qiladi. Xayʼat aʼzolari ham oʻz fikrlarini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Maxkamasiga maʼlum qilishlari mumkin.
Hayʼat faoliyati tartibi uning hayʼat tasdiqlaydigan reglamentida belgilanadi.
15. Qoʻmita faoliyatining samaradorligini oshirish maqsadida uning huzurida milliy madaniy markazlar, doʻstlik jamiyatlari, manfaatdor vazirliklar va idoralar, ijodiy uyushmalar hamda boshqa davlat va nodavlat tashkilotlar rahbarlari tarkibida Jamoatchilik kengashi tashkil etiladi.
Qoʻmita raisi ayni paytda Kengash raisi ham hisoblanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasi huzuridagi Jamoatchilik kengashi toʻgʻrisidagi Nizom va uning shaxsiy tarkibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
(15-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 25-dekabrdagi PF-214-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2023-y., 06/23/214/0984-son)
5-bob. Yakunlovchi qoida
16. Qoʻmitani qayta tashkil etish va tugatish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 49 va 53-moddalari.
Oldingi tahrirga qarang.
(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 25-dekabrdagi PF-214-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2023-y., 06/23/214/0984-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 23-maydagi PQ-2993-son qaroriga
3-ILOVA
3-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz kuchini yoʻqotgan deb etirof etilayotgan ayrim hujjatlari
ROʻYXATI
1. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Respublika baynalmilal madaniyat markazi toʻgʻrisida”gi 1992-yil 13-yanvardagi 10-son qarori.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Xalqaro madaniy-maʼrifiy aloqalar milliy uyushmasini tashkil etish toʻgʻrisida”gi 1992-yil 25-martdagi 142-son va “Oʻzbekiston Respublikasi Xalqaro madaniy-maʼrifiy aloqalar milliy uyushmasini tashkil etish masalalari”ga oid 1992-yil 16-iyundagi 291-son qarorlari haqida”gi 1997-yil 27-maydagi 265-son qarori.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Respublika baynalmilal madaniyat markazining faoliyati masalalari toʻgʻrisida”gi 2003-yil 8-apreldagi 180-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2003-y., 4-son, 29-modda).
4. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash hamda baʼzilariga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi 2005-yil 22-fevraldagi 73-son qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2005-y., 2-son, 13-modda) 2-ilovaning 15-bandi.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi 2012-yil 6-sentabrdagi 261-son qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2012-y., 9-son, 64-modda) ilovaning 3-bandi.