Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 23.05.2017
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
RESPUBLIKA BAYNALMILAL MADANIYAT MARKAZINING FAOLIYATI MASALALARI TOʻGʻRISIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 23-maydagi PQ-2993-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Millatlararo munosabatlar sohasida faoliyatni muvofiqlashtirishni yanada takomillashtirish, oʻsib kelayotgan avlodni milliy mustaqillik gʻoyalariga sodiqlik ruhida tarbiyalash, xalqlar oʻrtasida doʻstlikni mustahkamlash, Oʻzbekistonda yashovchi har xil millatlar va elatlar vakillarining madaniy va maʼnaviy ehtiyojlari qondirilishiga koʻmaklashish, milliy madaniyat markazlarini rivojlantirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Respublika baynalmilal madaniyat markazi toʻgʻrisidagi Nizomning yangi tahriri hamda uning tuzilmasi 1 va 2-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.
2. Belgilansinki, Respublika baynalmilal madaniyat markazi xodimlari mehnatga haq toʻlash shartlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi davlat qoʻmitalari xodimlarining tegishli toifalariga tenglashtiriladi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Respublika baynalmilal madaniyat markazi toʻgʻrisida” 1992-yil 13-yanvardagi 10-son qarorining 2 va 3-bandlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari H.S. Karomatov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Oʻ. SULTONOV
Toshkent sh.,
2003-yil 8-aprel,
180-son
Vazirlar Mahkamasining 2003-yil
8-apreldagi 180-son qaroriga
1-ILOVA
Respublika baynalmilal madaniyat markazi toʻgʻrisida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Respublika baynalmilal madaniyat markazi (keyingi oʻrinlarda matnda “Markaz” deb yuritiladi) millatlararo munosabatlar, Oʻzbekiston Respublikasida yashovchi har xil millatlar va elatlar vakillarining totuvligi va hamkorligini taʼminlash, ularning oʻziga xos madaniyatlari va maʼnaviy qadriyatlarini rivojlantirishni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash sohasidagi siyosatni amalga oshirishda davlat organlariga va jamoat tashkilotlariga koʻmaklashuvchi mustaqil muassasa hisoblanadi.
2. Markaz oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlariga, boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga, mazkur Nizomga amal qiladi va oʻz faoliyati toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga hisobot beradi.
3. Markaz maslahat, ekspert va axborot-tahlil funksiyalarini amalga oshiradi, milliy madaniyat markazlari, uyushmalar, jamiyatlar, shuningdek etnik asosda tashkil etilgan boshqa tashkilotlar va ular huzurida tuzilgan tarkibiy boʻlinmalar (keyingi oʻrinlarda matnda “madaniyat markazlari” deb yuritiladi) monitoringini olib boradi va ular faoliyatini muvofiqlashtiradi.
Ushbu sohada joylarda amalga oshirilayotgan ishlarni muvofiqlashtirish va Markaz bilan aloqalar oʻrnatish Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining oʻrinbosarlaridan biriga yuklanadi.
II. Markazning asosiy vazifalari
4. Quyidagilar Markazning asosiy vazifalari hisoblanadi:
tegishli vazirliklar va idoralar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, shaharlar va tumanlar hokimliklari, shuningdek jamoat tashkilotlari bilan birgalikda millatlararo munosabatlar sohasida yagona davlat siyosati amalga oshirilishida qatnashish;
millatlararo totuvlik prinsiplari qaror topishiga yoʻnaltirilgan ijtimoiy tashabbuslarni ragʻbatlantirish, muvofiqlashtirish va taqdirlash, millatlararo munosabatlar madaniyatini rivojlantirish;
davlat organlarida madaniyat markazlarining manfaatlarini ifodalash, Nizomda qayd etilgan vazifalar amalga oshirilishi masalalari boʻyicha ular faoliyatini muvofiqlashtirish, Oʻzbekiston Respublikasida yashovchi har xil millatlar va elatlar vakillarining oʻziga xos milliy anʼanalari, urf-odatlari va rasm-rusumlarini tiklash va rivojlantirish;
turdosh xorijiy tashkilotlar bilan aloqalar oʻrnatilishida madaniyat markazlari faoliyatini muvofiqlashtirish, ushbu masalada ularga har tomonlama koʻmaklashish, millatlararo munosabatlarni tartibga solishga taalluqli xalqaro huquqiy hujjatlar maʼlumotlari bankini barpo etish;
millatlararo munosabatlar masalalariga tegishli qonun hujjatlari va normativ hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish va ekspertiza qilishda ishtirok etish;
madaniyat markazlariga amaliy va metodik yordam koʻrsatish;
adliya organlaridan roʻyxatdan oʻtishda madaniyat markazlari tomonidan kiritiladigan hujjatlar yuzasidan xulosalar tayyorlash;
jamoat tashkilotlariga millatlararo totuvlikni qoʻllab-quvvatlash masalalari boʻyicha maslahatlar berish, Oʻzbekiston Respublikasida yashovchi har xil millatlar va elatlar vakillarining madaniyati va maʼnaviy qadriyatlarini rivojlantirish;
millatlararo munosabatlar sohasida ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirishda tashkiliy, huquqiy, metodik yordam koʻrsatish, konferensiyalar, seminarlar va “davra suhbatlari” tashkil etish;
har xil millatlar va elatlar vakillarining madaniy ehtiyojlarini qondirishga, millatlararo munosabatlarni uygʻunlashtirishga qaratilgan teleradio koʻrsatuvlar va eshittirishlar tayyorlashda, kitoblar, risolalar, maʼlumotnomalar, prospektlar, bukletlar va bosma mahsulotlarning boshqa turlarini tayyorlashda qatnashish;
madaniyat markazlarining faoliyati toʻgʻrisida axborot-tahlil ishlarini yuritish va ushbu masala boʻyicha zarur maʼlumotlar bankini barpo etish.
III. Markazning vakolatlari
5. Markaz oʻziga yuklangan vazifalarga muvofiq quyidagi huquqlarga ega:
madaniyat markazlari oʻz faoliyatini amalga oshirishiga tashkiliy-metodik va amaliy yordam berish, ular ishini muvofiqlashtirish, ular tomonidan oʻtkazilayotgan tadbirlarda qatnashish, masalalarning davlat organlari bilan oʻzaro hamkorlikda hal etilishiga koʻmaklashish;
millatlararo munosabatlar masalalari boʻyicha materiallarni koʻrib chiqish va zarur chora-tadbirlar koʻrish uchun boshqaruvning tarmoq va hududiy organlariga yuborish;
oʻz funksiyalarini bajarish uchun zarur boʻlgan tegishli axborotni davlat organlari va boshqa organlardan, muassasalar, korxonalar va tashkilotlardan, madaniyat markazlaridan soʻrab olish;
oʻz oldiga qoʻyilgan vazifalarni bajarish maqsadida muvofiqlashtiruvchi kengashlar va boshqa kengashlar, jamgʻarmalar, komissiyalar va ishchi guruhlar tashkil etish;
xorijiy davlatlar, xalqaro va boshqa tashkilotlarning Oʻzbekiston Respublikasida akkreditatsiya qilingan vakolatxonalari bilan millatlararo munosabatlar masalalari boʻyicha hamkorlikni amalga oshirish;
belgilangan tartibda matbuot organi taʼsis etish.
IV. Markazning tuzilmasi va uni boshqarish
6. Markazning tuzilmasi va xodimlarining cheklangan soni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
7. Markazni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tayinlanadigan direktor boshqaradi.
Direktor Markaz faoliyatiga rahbarlik qiladi, shtatlar roʻyxatini tasdiqlaydi, Markaz xodimlarini, shu jumladan jalb etiladigan budjetdan tashqari mablagʻlar hisobiga xodimlarning tasdiqlangan sonidan ortiqcha xodimlarni ishga qabul qiladi, oʻz vakolatiga taalluqli boʻlgan masalalar boʻyicha boshqa qarorlar qabul qiladi, Markazga yuklangan vazifalarning bajarilishi uchun shaxsan javob beradi.
8. Markaz direktorining oʻrinbosari oʻziga birkitilgan tarkibiy boʻlinmalar ishlarini muvofiqlashtiradi.
9. Markazning boʻlim mudirlari oʻzlari boshqaradigan boʻlinmalar ishlariga tasdiqlangan lavozim vazifalariga muvofiq rahbarlik qiladilar.
V. Jamoatchilik kengashi
10. Markaz huzurida Jamoatchilik kengashi faoliyat koʻrsatadi, u milliy madaniyat markazlari, manfaatdor vazirliklar, idoralar va boshqa davlat organlari, jamoatchilik va ijodiy tashkilotlar rahbarlaridan, millatlararo munosabatlar muammolari boʻyicha mutaxassislardan tuziladi. Jamoatchilik kengashining shaxsiy tarkibi va Jamoatchilik kengashi toʻgʻrisidagi Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Madaniyat, taʼlim, sogʻliqni saqlash va ijtimoiy muhofaza masalalari kompleksi rahbari tomonidan tasdiqlanadi.
(10-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 6-sentabrdagi 261-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2012-y., 36-son, 412-modda)
11. Markazning Jamoatchilik kengashi:
millatlararo munosabatlarni uygʻunlashtirishga, Markaz ishlarini takomillashtirishga yoʻnaltirilgan tadbirlarni tayyorlash va oʻtkazishda qatnashadi;
Markaz tomonidan madaniyat markazlari bilan birgalikda oʻtkaziladigan madaniy-ommaviy tadbirlar dasturlarini tasdiqlaydi;
madaniyat markazlari faoliyatini oʻrganish va ularning ijobiy ish tajribasini ommalashtirish uchun maxsus komissiyalar, ishchi guruhlar tuzadi, zaruriyat boʻlganda madaniyat markazlariga oʻtkazilgan oʻrganishlar materiallarini koʻrib chiqish va zarur chora-tadbirlar koʻrish uchun kiritadi;
madaniyat markazlari rahbarlarining ular faoliyati yoʻnalishlari boʻyicha axborotlarini eshitadi;
Markazning moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga koʻmaklashadi.
12. Jamoatchilik kengashi qarorlari va tavsiyalari ayni bir vaqtda Jamoatchilik kengashi raisi hisoblanadigan Markaz direktori buyrugʻi bilan amalga oshiriladi.
VI. Markazning mol-mulki va moliyaviy mablagʻlari
13. Asosiy fondlar (binolar, imoratlar, asbob-uskunalar, transport vositalari va boshqalar), shuningdek moliyaviy resurslar va mablagʻ bilan taʼminlashning barcha manbalari hisobiga sotib olingan boshqa moddiy boyliklar Markazning mol-mulkini tashkil qiladi.
14. Markaz mablagʻlari:
budjet mablagʻlari;
ilmiy-tadqiqot, noshirlik ishlarini va boshqa tadbirlarni oʻtkazishdan tushadigan budjetdan tashqari tushumlar;
xayriya badallari;
amaldagi qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga shakllantiriladi.
15. Markazning oʻz nomi yozilgan va Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan muhri, shtamplari, blankalari va boshqa rekvizitlari boʻladi.
Vazirlar Mahkamasining 2003-yil
8-apreldagi 180-son qaroriga
2-ILOVA
Respublika baynalmilal madaniyat markazi
TUZILMASI
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2003-y., 7-8-son, 60-modda; 2005-y., 8-9-son, 67-modda; 2009-y., 46-son, 498-modda; 2012-y., 36-son, 412-modda)