O‘zbekiston RespublikasiNINg
Qonuni
Geodeziya va kartografiya faoliyati to‘g‘risida
Qonunchilik palatasi tomonidan 2020-yil 18-fevralda qabul qilingan
Senat tomonidan 2020-yil 19-iyunda ma’qullangan
Senat tomonidan 2020-yil 19-iyunda ma’qullangan
1-bob. Umumiy qoidalar
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonunning maqsadi geodeziya va kartografiya faoliyati sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
Oldingi tahrirga qarang.
2-modda. Geodeziya va kartografiya faoliyati to‘g‘risidagi qonunchilik
Geodeziya va kartografiya faoliyati to‘g‘risidagi qonunchilik ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.
Agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida O‘zbekiston Respublikasining geodeziya va kartografiya faoliyati to‘g‘risidagi qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llaniladi.
(2-modda O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
3-modda. Asosiy tushunchalar
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:
geografik axborot tizimi — geografik obyektlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni to‘plash, ularga ishlov berish, ularni tahlil qilish, saqlash, modellashtirish va aks ettirish uchun, shuningdek kartografiyaga oid axborotdan foydalangan holda umumdavlat ahamiyatiga yoki tarmoq ahamiyatiga molik axborotga va hisob-kitobga doir vazifalarni hal etish uchun mo‘ljallangan avtomatlashtirilgan tizim;
geodeziya — Yer shaklini, tashqi gravitatsiya maydonini, yer sathining koordinata nuqtalarini va ularning vaqt bo‘yicha o‘zgarishlarini aniqlash bo‘yicha ilmiy, ta’lim, ishlab chiqarish hamda boshqa faoliyat jarayonida yuzaga keladigan munosabatlar sohasi;
geodeziya va kartografiya faoliyati — Yer shaklining, tashqi gravitatsiya maydonining parametrlarini, yer sathining koordinata nuqtalarini va ularning vaqt bo‘yicha o‘zgarishlarini aniqlashga, davlat geodeziya, gravimetriya va nivelir tarmoqlarini, doimiy faoliyat ko‘rsatadigan sun’iy yo‘ldosh orqali kuzatish stansiyalari tarmog‘ini yaratish, rivojlantirish va ishlash holatida saqlab turishga, davlat kadastrlari, geofazoviy ma’lumotlar banklari (bazalari) va geoaxborot tizimlari uchun topografik, tematik xaritalar, rejalarni va kartografik asosni yaratishga hamda yangilashga qaratilgan ilmiy, ishlab chiqarish va boshqaruv faoliyati;
geodeziya va kartografiyaga doir materiallar (ma’lumotlar) — axborotni qayd etish turi va usulidan qat’i nazar, geodeziya va kartografiya faoliyati amalga oshirilayotganda olingan geodeziya, nivelir, gravimetriya o‘lchovlarining, aerokosmik va kartografik tasvirlarning barcha yakuniy va oraliq natijalari;
gravimetriya tarmog‘i — yer sathidagi og‘irlik kuchining miqdorlari ma’lum bo‘lgan geodeziya punktlari tizimi;
Oldingi tahrirga qarang.
delimitatsiya qilish — O‘zbekiston Respublikasi va chegaradosh davlatlar o‘rtasida tuzilgan O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq O‘zbekiston Respublikasining Davlat chegarasi chizig‘ini aniqlash, uning o‘tishini tavsiflash va uni xaritada grafik tarzda aks ettirish;
demarkatsiya qilish — O‘zbekiston Respublikasi va chegaradosh davlatlar o‘rtasida tuzilgan delimitatsiya qilish to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalariga muvofiq chegara belgilarini o‘rnatish yo‘li bilan joylarda O‘zbekiston Respublikasining Davlat chegarasi chizig‘ini belgilash;
(3-modda O‘zbekiston Respublikasining 2024-yil 10-oktabrdagi O‘RQ-974-sonli Qonuniga asosan yettinchi va sakkizinchi xatboshilar bilan to‘ldirilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 10.10.2024-y., 03/24/974/0804-son)
Yerni masofadan turib zondlash — Yer sathi haqidagi, undagi yoki uning qa’ridagi obyektlar to‘g‘risidagi axborotni kontaktsiz usullar orqali olish jarayoni;
kartografiya — fazoviy (geofazoviy) ma’lumotlarni, shu jumladan axborot (geoaxborot) tizimlaridan foydalangan holda o‘rganish, yaratish, ulardan foydalanish, ularni o‘zgartirish va aks ettirish bo‘yicha ilmiy, ta’lim, ishlab chiqarish hamda boshqa faoliyat jarayonida yuzaga keladigan munosabatlar sohasi;
kartografik monitoring — joyning holatini kartografik jihatdan o‘rganish maqsadida yer yuzasini uzluksiz kuzatish tizimi;
tematik xarita, reja, atlas — asosiy mazmuni aniq mavzu, syujet, tabiiy yoki ijtimoiy hodisalar yoxud ularning birikuvi bilan belgilanadigan kartografiyaga doir materiallar;
Oldingi tahrirga qarang.
redemarkatsiya qilish — chegaradosh davlatlar bilan kelishuvga ko‘ra maxsus tashkil etilgan hukumatlararo komissiyalar tomonidan O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq tegishli hujjatlarni rasmiylashtirgan holda, joylarda O‘zbekiston Respublikasining Davlat chegarasi chizig‘ini tiklash va uni chegara belgilari bilan belgilash, shuningdek yo‘qotilgan chegara belgilarini tiklash, qo‘shimcha chegara belgilarini o‘rnatish;
(3-modda O‘zbekiston Respublikasining 2024-yil 10-oktabrdagi O‘RQ-974-sonli Qonuniga asosan o‘n uchinchi xatboshi bilan to‘ldirilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 10.10.2024-y., 03/24/974/0804-son)
topografik xarita — joyning muayyan masshtabdagi batafsil kartografik tasviri bo‘lib, u yer yuzasida nuqtalarning ham rejadagi, ham balandlikdagi holatini aniqlash imkonini beradi;
topografik tasvirga olish jarayoni — topografik xaritaning yoki rejaning tasvirga olingan asl nusxasini olish maqsadida bajariladigan ishlar majmui;
topografik reja — joyning cheklangan uchastkasini tekis yuzada ortogonal proyeksiyada, yirik masshtabda kartografik jihatdan tasvirlash bo‘lib, uning chegarasidagi tekislangan sathning egriligi hisobga olinmaydi;
fazoviy ma’lumotlar infratuzilmasi — bazaviy va ixtisoslashgan fazoviy ma’lumotlarning, metama’lumotlarning, standartlarning va reglamentlarning, axborot uzatish tarmoqlarining, geoservislarning geografik axborot resurslaridan foydalanish va ularni almashish tizimi;
Oldingi tahrirga qarang.
Fazoviy ma’lumotlarning milliy infratuzilmasi — tashkiliy tuzilma, ilmiy-texnika siyosati, texnik va dasturiy vositalar, bazaviy va sohaga oid fazoviy ma’lumotlar, metama’lumotlar hamda metama’lumotlar bazalarini, fazoviy ma’lumotlar servislarini, normativ-huquqiy hujjatlarni, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi hududida foydalanilishi mumkin bo‘lgan fazoviy ma’lumotlarni ishlab chiqish, yangilash, ularga ishlov berish, ularni saqlash, berish, integratsiyalash hamda ulardan foydalanish masalalari bo‘yicha texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarni o‘z ichiga oladigan tizim;
(3-moddaning o‘n beshinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2022-yil 3-noyabrdagi O‘RQ-800-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 04.11.2022-y., 03/22/800/0990-son — 2023-yil 5-noyabrdan kuchga kiradi)
fazoviy (geofazoviy) ma’lumotlar — joydagi obyektlarning joylashgan yeri to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan, muayyan shaklda hamda koordinatalar tizimlarida ifodalangan axborot;
O‘zbekiston Respublikasining navbatchi ma’lumotnoma tarzidagi xaritasi — navbatchi kartografiya hujjati sifatida xaritalar va rejalarni yaratish hamda yangilash chog‘ida foydalaniladigan topografik xarita bo‘lib, unda ma’muriy-hududiy birliklar chegaralarining joylashuvida ro‘y berayotgan o‘zgarishlar, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi hududining yangilab boriladigan hamda yangidan yaratiladigan xaritalari va rejalarida hisobga olinishi hamda aks ettirilishi lozim bo‘lgan geografik obyektlardagi va ularning nomlaridagi o‘zgarishlar muntazam ravishda aks ettirib boriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
(3-moddaning yigirma birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2024-yil 10-oktabrdagi O‘RQ-974-sonli Qonuniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 10.10.2024-y., 03/24/974/0804-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(3-moddaning yigirma ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2024-yil 10-oktabrdagi O‘RQ-974-sonli Qonuniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 10.10.2024-y., 03/24/974/0804-son)
4-modda. Geodeziya va kartografiya faoliyatini amalga oshirishning asosiy prinsiplari
Geodeziya va kartografiya faoliyatini amalga oshirishning asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat:
geodeziya va kartografiya faoliyatining tizimliligi hamda uzluksizligi;
geodeziya va kartografiyaga doir materiallarning (ma’lumotlarning) to‘liqligi, ishonchliligi hamda dolzarbligi;
geodeziya va kartografiyaga oid ishlarni bajarish chog‘ida o‘lchovlarning birligi;
xaritalar va rejalarni yaratish hamda yangilashda shartli belgilarni birxillashtirish va geografik obyektlarning nomlaridan bir xilda foydalanish.
5-modda. Geodeziya va kartografiya faoliyatining tizimliligi hamda uzluksizligi
Geodeziya va kartografiya faoliyatining tizimliligi prinsipi fazoviy ma’lumotlarni yig‘ish va ularga ishlov berish chog‘ida davlat geodeziya koordinatalarining, balandliklarining, gravimetriya o‘lchovlarining tizimlarini hamda davlat topografik xaritalari va rejalarining masshtab qatorini ishlab chiqish hamda qo‘llashdan iboratdir.
Geodeziya va kartografiya faoliyatining uzluksizligi prinsipi davlat topografik xaritalari va rejalarini uzluksiz ravishda yangilab borish yo‘li bilan ta’minlanadi.
6-modda. Geodeziya va kartografiyaga doir materiallarning (ma’lumotlarning) to‘liqligi, ishonchliligi hamda dolzarbligi
Geodeziya va kartografiyaga doir materiallarning (ma’lumotlarning) to‘liqligi, ishonchliligi hamda dolzarbligi davlat geodeziya, nivelir va gravimetriya tarmoqlarini, geodezik zichlashtirish tarmoqlarini ishlash holatida saqlab turish, davlat topografik xaritalari va rejalarini kartografik monitoring qilish hamda uzluksiz ravishda yangilab borish tizimini joriy etish yo‘li bilan ta’minlanadi.
7-modda. Geodeziya va kartografiyaga oid ishlarni bajarishda o‘lchovlarning birligi
Geodeziya va kartografiyaga oid ishlarni bajarishda o‘lchovlarning birligiga geodeziya va kartografiyaga doir materiallarni (ma’lumotlarni) metrologik jihatdan ta’minlash hamda standartlashtirish, sertifikatlashtirish, shuningdek metrologiya nazoratini o‘tkazish orqali erishiladi.
8-modda. Xaritalar va rejalarni yaratish hamda yangilashda birxillashtirilgan shartli belgilarni qo‘llash va geografik obyektlarning nomlaridan bir xilda foydalanish
Xaritalar va rejalarni yaratish hamda yangilashda geofazoviy obyektlarni va ularning tavsiflarini aks ettirish uchun birxillashtirilgan shartli belgilar, shuningdek Geografik obyektlar nomlarining davlat reyestrida ro‘yxatga olinishi lozim bo‘lgan yoki ro‘yxatga olingan geografik obyektlarning me’yorlashtirilgan nomlari qo‘llaniladi.
9-modda. Geodeziya va kartografiya faoliyatining obyektlari
O‘zbekiston Respublikasi hududi, yer shari hududi, kosmik fazo, shu jumladan tabiiy hamda sun’iy osmon jismlari geodeziya va kartografiya faoliyatining obyektlaridir.
10-modda. Geodeziya va kartografiya faoliyatining subyektlari
Geodeziya va kartografiya faoliyatining subyektlari quyidagilardan iborat:
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi;
Oldingi tahrirga qarang.
Kadastr agentligi;
(10-moddaning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2025-yil 30-dekabrdagi O‘RQ-1109-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 30.12.2025-y., 03/25/1109/1241-son)
O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi;
Oldingi tahrirga qarang.
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va xo‘jalik boshqaruvi organlari;
(10-moddaning beshinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2025-yil 30-dekabrdagi O‘RQ-1109-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 30.12.2025-y., 03/25/1109/1241-son)
mahalliy davlat hokimiyati organlari;
Oldingi tahrirga qarang.
geodeziya va kartografiya faoliyatini xabardor qilish tartibida amalga oshiradigan yuridik shaxslar;
(10-moddaning yettinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 12-oktabrdagi O‘RQ-721-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 12.10.2021-y., 03/21/721/0952-son)
geodeziya va kartografiyaga doir materiallarni (ma’lumotlarni) saqlovchi yuridik va jismoniy shaxslar.
2-bob. Geodeziya va kartografiya faoliyati sohasini davlat tomonidan tartibga solish
11-modda. Geodeziya va kartografiya faoliyati sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari
Geodeziya va kartografiya faoliyati sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari quyidagilardan iborat:
geodeziya va kartografiya faoliyati sohasidagi davlat dasturlarini hamda boshqa dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirish;
geodeziya koordinatalarining, balandliklarining, gravimetriya o‘lchovlarining yagona davlat tizimini rivojlantirish va takomillashtirish;
Oldingi tahrirga qarang.
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining, xo‘jalik boshqaruvi organlarining, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining, yuridik shaxslarning geodeziya va kartografiyaga oid ishlarni bajarish bilan bog‘liq faoliyatini muvofiqlashtirish;
(11-moddaning to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2025-yil 30-dekabrdagi O‘RQ-1109-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 30.12.2025-y., 03/25/1109/1241-son)
Oldingi tahrirga qarang.
xabardor qilish tartibida amalga oshiriladigan faoliyatga (harakatlarga) doir talablari va shartlariga, geodeziya va kartografiyaga doir materiallardan (ma’lumotlardan) foydalanish qoidalariga rioya etilishi ustidan davlat geodeziya nazoratini amalga oshirish;
(11-moddaning beshinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 12-oktabrdagi O‘RQ-721-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 12.10.2021-y., 03/21/721/0952-son)
geodeziya va kartografiyaga oid ishlarning, geodeziya punktlarining hisobga olinishini ta’minlash;
xalqaro hamkorlikni rivojlantirish.
12-modda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining geodeziya va kartografiya faoliyati sohasidagi vakolatlari
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
geodeziya va kartografiya faoliyati sohasidagi yagona davlat siyosatining amalga oshirilishini ta’minlaydi;
geodeziya va kartografiya faoliyati sohasidagi davlat dasturlarini tasdiqlaydi va ularning ijrosini ta’minlaydi;
O‘zbekiston Respublikasi hududida geodeziya koordinatalarining, balandliklarining, gravimetriya o‘lchovlarining yagona davlat tizimlarini, davlat topografik xaritalari va rejalarining masshtab qatorini belgilaydi;
davlat geodeziya nazoratini amalga oshirish tartibini belgilaydi;
geodeziya va kartografiyaga doir materiallarni (ma’lumotlarni) ekspertizadan o‘tkazish tartibini belgilaydi;
geodeziya va kartografiyaga oid ishlarni ro‘yxatga olish tartibini belgilaydi;
kartografiya-geodeziya davlat kadastrini yuritish tartibini belgilaydi.
13-modda. Geodeziya va kartografiya faoliyati sohasidagi maxsus vakolatli davlat organi
Oldingi tahrirga qarang.
Kadastr agentligi geodeziya va kartografiya faoliyati sohasidagi maxsus vakolatli davlat organidir (bundan buyon matnda maxsus vakolatli davlat organi deb yuritiladi).
(13-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2025-yil 30-dekabrdagi O‘RQ-1109-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 30.12.2025-y., 03/25/1109/1241-son)
Maxsus vakolatli davlat organi:
geodeziya va kartografiya faoliyati sohasidagi yagona davlat siyosatini amalga oshiradi;
geodeziya va kartografiya faoliyati sohasidagi davlat dasturlarini ishlab chiqadi;
aerokosmik suratga olishga, topografiya-geodeziyaga, kartografiyaga oid va boshqa tekshiruvlarni hamda qidiruv ishlarini amalga oshiradi;
geodeziya va kartografiyaga doir materiallarni (ma’lumotlarni) ekspertizadan o‘tkazadi;
O‘zbekiston Respublikasi hududida geodeziya koordinatalarining, balandliklarining, gravimetriya o‘lchovlarining yagona davlat tizimlarini hamda davlat topografik xaritalari va rejalarining masshtab qatorini belgilash masalalari bo‘yicha takliflarni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritadi;
Oldingi tahrirga qarang.
geodeziya va kartografiya faoliyatini boshlaganlik yoki tugatganlik to‘g‘risidagi xabarnomani qabul qiladi hamda xabardor qiluvchilarning reyestrini yuritadi;
(13-modda ikkinchi qismining yettinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 12-oktabrdagi O‘RQ-721-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 12.10.2021-y., 03/21/721/0952-son)
Oldingi tahrirga qarang.
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining, xo‘jalik boshqaruvi organlarining, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining, yuridik shaxslarning geodeziya va kartografiyaga oid ishlarni bajarish bilan bog‘liq faoliyatini muvofiqlashtiradi;
(13-modda ikkinchi qismining sakkizinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2025-yil 30-dekabrdagi O‘RQ-1109-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 30.12.2025-y., 03/25/1109/1241-son)
umumdavlat ahamiyatiga molik geodeziya va kartografiyaga oid ishlarni ro‘yxatga olishni amalga oshiradi;
davlat geodeziya, nivelir, gravimetriya tarmoqlarining hamda geodezik zichlashtirish tarmoqlarining turlari va tarkibini, shuningdek ularni yaratish tartibini belgilaydi;
davlat geodeziya, nivelir, gravimetriya tarmoqlarini, geodezik zichlashtirish tarmoqlarini yaratadi, rivojlantiradi va ishlash holatida saqlab turadi;
grafik, raqamli, fotosurat shaklidagi hamda boshqa shakllardagi davlat topografik xaritalari va rejalarini yaratadi, yangilaydi hamda nashr etadi;
mahalliy koordinatalar tizimlarini belgilash va ulardan foydalanish tartibini aniqlaydi;
O‘zbekiston Respublikasi hududida geodeziya punktlarining joylashish zichligi normalarini belgilaydi hamda ularning joylashgan yerini aniqlaydi;
O‘zbekiston Respublikasi hududida geodeziya punktlarining hisobini yuritadi;
davlat topografik xaritalari va rejalarini yangilash davriyligi normalarini belgilaydi;
Yerning kartografik monitoringini, uni masofadan turib zondlashni va geodinamik tadqiqotlarini amalga oshiradi;
sun’iy yo‘ldosh navigatsiya tizimlarining ishlashini ta’minlash uchun geodeziya va kartografiyaga doir materiallarni (ma’lumotlarni) yaratadi;
Fazoviy ma’lumotlarning milliy infratuzilmasini yaratadi, rivojlantiradi va uning faoliyat ko‘rsatishini ta’minlaydi;
Milliy geografik axborot tizimini, umumdavlat ahamiyatiga molik boshqa geografik axborot tizimlarini yaratadi va yuritadi;
umumgeografik, siyosiy-ma’muriy, ilmiy-ma’lumotga oid xaritalarni va boshqa tematik xaritalarni, shuningdek tarmoqlararo ahamiyatga molik atlaslarni, kartografiya o‘quv qo‘llanmalarini yaratadi hamda nashr etadi;
geografik obyektlarning nomlarini belgilashni, me’yorlashtirishni, davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni, ulardan foydalanishni va ularni saqlashni, shuningdek Geografik obyektlar nomlarining davlat reyestrini yuritishni amalga oshiradi;
O‘zbekiston Respublikasi Davlat chegarasini delimitatsiya, demarkatsiya (redemarkatsiya) qilish va uning o‘tish chizig‘ini tekshirish bo‘yicha chegaradosh davlatlar bilan muzokaralar jarayonini tashkil etish hamda ishlarni bajarish uchun zarur bo‘lgan geodeziya, kartografiya va gidrografiyaga oid ishlarni amalga oshiradi, ular asosida materiallar (ma’lumotlar) tayyorlaydi;
geodeziya va kartografiya faoliyatini texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarni ishlab chiqadi hamda tasdiqlaydi;
geodeziya, kartografiya va kadastrga oid ishlarni metrologik jihatdan ta’minlashni tashkil etadi;
geodeziya va kartografiyaga oid ishlarning davlat hisobini amalga oshiradi;
Kartografiya-geodeziya davlat kadastrini yuritadi;
geodeziya va kartografiyaga oid bajarilgan ishlar to‘g‘risidagi texnik hisobotlarga doir talablarni belgilaydi;
davlat kartografiya-geodeziya fondining shakllantirilishi va yuritilishini amalga oshiradi;
davlat geodeziya nazoratini amalga oshiradi;
geodeziya va kartografiya faoliyati sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni o‘z vakolatlari doirasida ishlab chiqadi hamda tasdiqlaydi;
geodeziya va kartografiya faoliyatini amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan moddiy-texnika bazasiga, asbob-uskunalarga va boshqa texnik vositalarga doir talablarni belgilaydi;
ilmiy-tadqiqot, tajriba-konstruktorlik va tajriba-texnologik ishlarni bajaradi;
Oldingi tahrirga qarang.
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarini, xo‘jalik boshqaruvi organlarini, yuridik va jismoniy shaxslarni geodeziya va kartografiyaga doir materiallar (ma’lumotlar) bilan ta’minlaydi;
(13-modda ikkinchi qismining o‘ttiz to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2025-yil 30-dekabrdagi O‘RQ-1109-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 30.12.2025-y., 03/25/1109/1241-son)
geodeziya va kartografiya faoliyati sohasida xalqaro hamkorlikni amalga oshiradi.
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 12-fevraldagi 66-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi to‘g‘risidagi nizom.
14-modda. O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining geodeziya va kartografiya faoliyati sohasidagi vakolatlari
O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi:
O‘zbekiston Respublikasining mudofaasi hamda milliy xavfsizligini ko‘zlab, umumdavlat ahamiyatiga va maxsus (tarmoqqa oid) ahamiyatga molik geodeziya va kartografiyaga oid ishlarning bajarilishini ta’minlaydi;
natijalaridan O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari foydalanadigan topografiya-geodeziya va kartografiyaga oid ishlarning sifati ustidan nazoratni amalga oshiradi.
Oldingi tahrirga qarang.
15-modda. Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining, xo‘jalik boshqaruvi organlarining, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining geodeziya va kartografiya faoliyati sohasidagi vakolatlari
(15-moddaning nomi O‘zbekiston Respublikasining 2025-yil 30-dekabrdagi O‘RQ-1109-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 30.12.2025-y., 03/25/1109/1241-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari, xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari maxsus (tarmoqqa oid) ahamiyatga molik geodeziya va kartografiyaga oid ishlarning bajarilishini o‘z vakolatlari doirasida tashkil etadi hamda muvofiqlashtiradi.
(15-moddaning matni O‘zbekiston Respublikasining 2025-yil 30-dekabrdagi O‘RQ-1109-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 30.12.2025-y., 03/25/1109/1241-son)
3-bob. Geodeziya va kartografiyaga oid ishlar
16-modda. Geodeziya va kartografiyaga oid ishlarning turlari
Geodeziya va kartografiyaga oid ishlarning turlari jumlasiga quyidagilar kiradi:
umumdavlat ahamiyatiga molik geodeziya va kartografiyaga oid ishlar;
maxsus (tarmoqqa oid) ahamiyatga molik geodeziya va kartografiyaga oid ishlar.
17-modda. Umumdavlat ahamiyatiga molik geodeziya va kartografiyaga oid ishlar
Umumdavlat ahamiyatiga molik geodeziya va kartografiyaga oid ishlar jumlasiga quyidagilar kiradi:
Yer shaklining va tashqi gravitatsiya maydonining parametrlarini aniqlash;
davlat geodeziya, nivelir, gravimetriya tarmoqlarini, geodezik zichlashtirish tarmoqlarini yaratish, rivojlantirish va ishlash holatida saqlab turish;
grafik, raqamli, fotosurat shaklidagi va boshqa shakllardagi davlat topografik xaritalari hamda rejalarini yaratish, yangilash va nashr etish;
Yerning kartografik monitoringini, uni masofadan turib zondlashni va geodinamika tadqiqotlarini amalga oshirish;
sun’iy yo‘ldosh navigatsiya tizimlarining ishlashini ta’minlash uchun geodeziya va kartografiyaga doir materiallarni (ma’lumotlarni) yaratish;
Fazoviy ma’lumotlarning milliy infratuzilmasini yaratish, rivojlantirish va uning faoliyat ko‘rsatishini ta’minlash;
Milliy geografik axborot tizimini, umumdavlat ahamiyatiga molik boshqa geografik axborot tizimlarini yaratish va yuritish;
kartografiya-geodeziya davlat kadastrini yuritish;
O‘zbekiston Respublikasining davlat kartografiya-geodeziya fondini shakllantirish va yuritish;
umumgeografik, siyosiy-ma’muriy, ilmiy-ma’lumotga oid va boshqa tematik xaritalar hamda tarmoqlararo ahamiyatga molik atlaslar, kartografik o‘quv qo‘llanmalarini yaratish va nashr etish;
O‘zbekiston Respublikasining davlat chegarasini delimitatsiya, demarkatsiya (redemarkatsiya) qilish va uning o‘tish chizig‘ini tekshirish bo‘yicha ishlarni zarur geodeziya, kartografiya hamda gidrografiyaga doir ishlar, materiallar (ma’lumotlar) bilan ta’minlash;
geodeziya va kartografiyaga oid ishlarni bajarishda o‘lchovlar birligini va metrologiya nazoratini ta’minlash;
geografik obyektlarning nomlarini belgilash, me’yorlashtirish, davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, ulardan foydalanish va ularni saqlash, shuningdek Geografik obyektlar nomlarining davlat reyestrini yuritish;
geodeziya va kartografiya faoliyatini texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarni ishlab chiqish;
ushbu moddada sanab o‘tilgan yo‘nalishlar bo‘yicha ilmiy-tadqiqot, tajriba-konstruktorlik va tajriba-texnologik ishlarni amalga oshirish;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlariga binoan amalga oshiriladigan, natijalari umumdavlat ahamiyatiga molik bo‘lgan boshqa geodeziya va kartografiyaga oid ishlar.
18-modda. Umumdavlat ahamiyatiga molik geodeziya va kartografiyaga oid ishlarni bajarish
Umumdavlat ahamiyatiga molik geodeziya va kartografiyaga oid ishlar maxsus vakolatli davlat organi hamda O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tomonidan geodeziya va kartografiya faoliyati sohasidagi davlat dasturlariga muvofiq, shuningdek buyurtmalar asosida bajariladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Umumdavlat ahamiyatiga molik geodeziya va kartografiyaga oid ishlar maxsus vakolatli davlat organi tomonidan respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari, xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, shuningdek boshqa yuridik shaxslar bilan hamkorlikda bajariladi.
(18-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2025-yil 30-dekabrdagi O‘RQ-1109-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 30.12.2025-y., 03/25/1109/1241-son)
O‘zbekiston Respublikasining mudofaasi va milliy xavfsizligini ta’minlash bilan bog‘liq umumdavlat ahamiyatiga molik geodeziya va kartografiyaga oid ishlar O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi bilan, O‘zbekiston Respublikasining Davlat chegarasini delimitatsiya va demarkatsiya (redemarkatsiya) qilish ishlari esa O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining chegara qo‘shinlari bilan hamkorlikda maxsus vakolatli davlat organi tomonidan bajariladi.
19-modda. Maxsus (tarmoqqa oid) ahamiyatga molik geodeziya va kartografiyaga oid ishlar
Maxsus (tarmoqqa oid) ahamiyatga molik geodeziya va kartografiyaga oid ishlar jumlasiga quyidagilar kiradi:
muhandislik qidiruvlarida, binolarni, inshootlarni qurish hamda ulardan foydalanishda, yer tuzishda, davlat kadastrlarini yuritishda va boshqa ishlarda geodezik zichlashtirish tarmoqlarini qurish hamda rivojlantirish;
muhandislik qidiruvlarida, binolar va inshootlarni qurish hamda ulardan foydalanishda va boshqa ishlarda maxsus geodeziya tarmoqlarini qurish;
geodeziya tasvirga olish tarmoqlarini qurish, aholi punktlarining hududlari va qishloqlararo hududlarni rivojlantirishni hamda ularda qurilish olib borishni rejalashtirish to‘g‘risidagi shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish, shuningdek boshqa ishlarni bajarish uchun mo‘ljallangan topografik rejalarni yaratish va yangilash;
maxsus ahamiyatga molik geografik axborot tizimlarini yaratish va yuritish;
grafik, raqamli, fotosurat shaklidagi hamda boshqa shakllardagi maxsus ahamiyatga molik tematik xaritalar, rejalar va atlaslarni tuzish hamda nashr etish;
muhandislik qidiruvlarini amalga oshirish chog‘ida geodeziya va kartografiyaga oid ishlarni ta’minlash maqsadida Yerni masofadan turib zondlash.
20-modda. Maxsus (tarmoqqa oid) ahamiyatga molik geodeziya va kartografiyaga oid ishlarni bajarish
Oldingi tahrirga qarang.
Maxsus (tarmoqqa oid) ahamiyatga molik geodeziya va kartografiyaga oid ishlar tarmoqlararo hamda tarmoq dasturlariga (loyihalariga) muvofiq maxsus vakolatli davlat organi, respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va xo‘jalik boshqaruvi organlari tomonidan bajariladi.
(20-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2025-yil 30-dekabrdagi O‘RQ-1109-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 30.12.2025-y., 03/25/1109/1241-son)
Maxsus (tarmoqqa oid) ahamiyatga molik geodeziya va kartografiyaga oid ishlarni bajarishda umumdavlat ahamiyatiga molik geodeziya va kartografiyaga oid ishlarning materiallari (ma’lumotlari) qo‘llaniladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Maxsus (tarmoqqa oid) ahamiyatga molik geodeziya va kartografiyaga oid ishlarni bajarishga geodeziya va kartografiya faoliyatini xabardor qilish tartibida amalga oshiradigan yuridik shaxslar jalb etilishi mumkin.
(20-moddaning uchinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 12-oktabrdagi O‘RQ-721-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 12.10.2021-y., 03/21/721/0952-son)
21-modda. O‘zbekiston Respublikasining mudofaasi va milliy xavfsizligini ta’minlash bilan bog‘liq geodeziya va kartografiyaga oid ishlar
O‘zbekiston Respublikasining mudofaasi va milliy xavfsizligini ta’minlash bilan bog‘liq geodeziya va kartografiyaga oid ishlar quyidagilarni nazarda tutadi:
topografik va maxsus xaritalarni tuzish hamda nashr etish;
maxsus geodeziya tarmoqlarini rivojlantirish;
maxsus ahamiyatga molik geografik axborot tizimlarini yaratish.
22-modda. Geodeziya va kartografiyaga oid ishlarni bajarishda davlat geodeziya koordinatalari, balandliklari, gravimetriya o‘lchovlarining tizimlarini hamda davlat topografik xaritalari va rejalarining masshtab qatorini qo‘llash
O‘zbekiston Respublikasi hududida umumdavlat ahamiyatiga molik geodeziya va kartografiyaga oid ishlarni bajarishda davlat geodeziya koordinatalari, balandliklari, gravimetriya o‘lchovlari tizimlari hamda davlat topografik xaritalari va rejalarining masshtab qatori qo‘llaniladi.
O‘zbekiston Respublikasining ma’muriy-hududiy birliklari hududlarida umumdavlat ahamiyatiga hamda maxsus (tarmoqqa oid) ahamiyatga molik geodeziya va kartografiyaga oid ishlarni bajarishda mahalliy koordinatalar tizimlari, basharti ularning davlat geodeziya koordinatalari tizimi bilan o‘zaro bog‘langanligi ta’minlansa, qo‘llanilishi mumkin.
Mahalliy koordinatalar tizimining sanoq boshi va o‘qlari yo‘nalishi tegishincha davlat geodeziya koordinatalari tizimining sanoq boshi va o‘qlari yo‘nalishiga nisbatan siljitilishi kerak.
O‘zbekiston Respublikasi hududida davlat koordinatalar va balandliklar tizimlari yoki mahalliy koordinatalar tizimlari bo‘lmagan koordinatalar hamda balandliklar tizimlari qo‘llanilishi mumkin.
Natijalari umumdavlat ahamiyatiga molik bo‘lgan geodeziya va kartografiyaga oid ishlarni bajarishda qo‘llash uchun belgilangan topografik xaritalar hamda rejalarning masshtablari davlat topografik xaritalari va rejalarining masshtab qatorini tashkil etadi.
23-modda. Davlat geodeziya, nivelir, gravimetriya tarmoqlarini yaratishga doir ishlar
Davlat geodeziya, nivelir, gravimetriya tarmoqlarini yaratishga doir ishlar O‘zbekiston Respublikasi hududida yagona davlat geodeziya koordinatalari, balandliklari, gravimetriya o‘lchovlari tizimlarini belgilash va tarqatish maqsadida bajariladi.
Davlat geodeziya, nivelir, gravimetriya tarmoqlari boshqa geodeziya, nivelir, gravimetriya tarmoqlarini, geodezik zichlashtirish tarmoqlarini qurish uchun boshlang‘ich hisoblanadi.
Geodezik zichlashtirish tarmoqlari davlat geodeziya va nivelir tarmoqlarini rivojlantirish uchun topografik tasvirga olish jarayonini ta’minlashda hamda muhandislik-geodeziyaga oid vazifalarni hal etishda yaratiladi.
24-modda. Geodeziya punktlari
Geodeziya punkti joyda (tuproqda, binoda yoki boshqa sun’iy inshootda) yer sathining nuqtalarini ma’lum koordinatalar hamda balandliklar bilan belgilash uchun mo‘ljallangan moslama va (yoki) qurilma bo‘lib, u maxsus markazdan, tashqi belgidan hamda tashqi chekkasi geodeziya punktining chegarasi bo‘lgan zovur yoki uyum tarzidagi tashqi ko‘rinishdan iboratdir. Geodeziya punktining tashqi ko‘rinishi mavjud bo‘lmagan taqdirda tashqi belgining asosi uning chegarasi hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan qurilgan davlat geodeziya, nivelir, gravimetriya tarmoqlarining geodeziya punktlari hamda boshqa geodeziya punktlari davlat muhofazasida bo‘ladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Geodeziya punktlarini joylashtirish uchun yer uchastkalarini ajratish qonunchilikka muvofiq amalga oshiriladi.
(24-moddaning uchinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Geodeziya punktlari chegaralarida hamda ushbu chegaralar bo‘ylab bir metr kenglikdagi maydonda geodeziya punktlarining muhofaza zonalari belgilanadi.
Geodeziya punktlari tashqi belgilarga ega bo‘lmagan yoki geodeziya punktlarining maxsus markazlari binolarning va boshqa inshootlarning devorlariga joylashtirilgan hollarda, ushbu geodeziya punktlarining chegaralari va muhofaza zonalari belgilanmaydi.
Geodeziya punktlarining muhofaza zonalarida quyidagilar taqiqlanadi:
geodeziya ishlarini bajarish chog‘ida geodeziya punktlarining but saqlanishini va ulardan foydalanilishini ta’minlamaydigan ishlarni maxsus vakolatli davlat organining ruxsatisiz amalga oshirish;
geodeziya punktlarining shikastlanishiga yoki yo‘q qilinishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan turli materiallarni saqlash, olov yoqish, chiqindilarni saqlashni va ko‘mishni, shuningdek boshqa harakatlarni amalga oshirish.
Geodeziya punktlarining but saqlanishini ta’minlash o‘z hududida ushbu punktlar joylashtirilgan tumanlar, shaharlar hokimliklari tomonidan amalga oshiriladi.
Davlat geodeziya, nivelir, gravimetriya tarmoqlarining geodeziya punktlarini qurish, tiklash, buzish yoki qayta o‘rnatish maxsus vakolatli davlat organining qarori asosida, boshqa geodeziya punktlari esa maxsus vakolatli davlat organi bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi.
Shikast yetkazilgan, yo‘q qilingan geodeziya punktlarini tiklash yoki qayta qurish bilan bog‘liq xarajatlarning o‘rni o‘z faoliyati geodeziya punktlariga shikast yetkazilishiga, ularning yo‘q qilinishiga olib kelgan yoki o‘zining murojaati asosida geodeziya punktlarini qayta o‘rnatish amalga oshirilayotgan yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan qoplanadi.
Geodeziya punktlari joylashgan yer uchastkalari, binolar, inshootlarga bo‘lgan huquq egalari:
geodeziya punktlarining but saqlanishini ta’minlashi, ularning muhofaza zonalari rejimiga rioya etishi;
maxsus vakolatli davlat organini geodeziya punktlariga shikast yetkazilganligi yoki ular yo‘q qilinganligi hollari to‘g‘risida xabardor qilishi;
geodeziya ishlarini bajaruvchilarga geodeziya ishlari bajarilayotganda geodeziya punktlariga kirib borish imkoniyatini berishi shart.
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirining 2023-yil 26-iyundagi 44-son buyrug‘i bilan tasdiqlangan Geodeziya punktlarini ro‘yxatdan o‘tkazish va hisobga olishni tashkil qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom.
4-bob. Geodeziya va kartografiya faoliyatini amalga oshirishga doir asosiy shartlar hamda talablar
25-modda. Davlat geodeziya, nivelir, gravimetriya tarmoqlariga hamda davlat topografik xaritalari va rejalariga doir asosiy talablar
Davlat geodeziya tarmog‘i geodeziya punktlari tizimidan iboratdir va bu punktlarning yer sathidagi holati ular uchun umumiy bo‘lgan koordinatalar tizimidagi geodeziya o‘lchovlari asosida belgilangan bo‘ladi.
Davlat geodeziya, nivelir, gravimetriya tarmoqlari, shuningdek davlat topografik xaritalari va rejalari dolzarblik holatida saqlab turilishi kerak.
Oldingi tahrirga qarang.
Davlat geodeziya, nivelir yoki gravimetriya tarmoqlarining dolzarblik holati deganda respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining, xo‘jalik boshqaruvi organlarining, mahalliy davlat hokimiyati organlarining, yuridik va jismoniy shaxslarning materiallarga (ma’lumotlarga) bo‘lgan ehtiyojlarini qanoatlantiruvchi holat tushuniladi.
(25-moddaning uchinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2025-yil 30-dekabrdagi O‘RQ-1109-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 30.12.2025-y., 03/25/1109/1241-son)
Davlat topografik xaritalari va rejalarining dolzarblik holati deganda davlat topografik xaritalari va rejalarining mazmuni joyning haqiqiy holatiga mos keladigan hamda amaldagi shartli belgilarda va belgilangan koordinatalar tizimida aks ettirilgan holat tushuniladi.
Davlat geodeziya, nivelir, gravimetriya tarmoqlari dolzarblik holatida saqlab turilishi uchun ular muntazam ravishda tiklab borilishi, davlat topografik xaritalari va rejalari esa yangilab turilishi kerak.
Davlat geodeziya, nivelir, gravimetriya tarmoqlarini tiklash O‘zbekiston Respublikasi hududida geodeziya punktlarining joylashtirilish zichligi normalari hisobga olingan holda bajariladi.
26-modda. Geodeziya va kartografiyaga oid ishlarni bajarishga doir asosiy talablar
Geodeziya va kartografiyaga oid ishlarni bajarishda quyidagi asosiy talablarga rioya etilishi kerak:
Oldingi tahrirga qarang.
qonunchilik talablariga, shu jumladan xabardor qilish tartibida amalga oshiriladigan faoliyatga (harakatlarga) doir talablari va shartlariga, kartografiya va geodeziya faoliyatini texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi standartlar hamda normativ hujjatlarga, shuningdek loyiha-smeta va texnik hujjatlar talablariga amal qilish;
(26-moddaning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 12-oktabrdagi O‘RQ-721-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 12.10.2021-y., 03/21/721/0952-son)
ishlab chiqarishni tashkil qilishning ilg‘or texnologiyalari va usullarini joriy etish;
geodeziya va kartografiyaga oid ishlarni odamlarning hayoti hamda sog‘lig‘i, atrof-muhitning holati va moddiy madaniy meros obyektlari uchun xavfsiz usullar hamda vositalar orqali bajarish;
O‘zbekiston Respublikasining Davlat chegarasini, ma’muriy-hududiy tuzilish chegaralarini, shuningdek chet davlatlarning chegaralarini hamda boshqa siyosiy-ma’muriy chegaralarni va geografik elementlarni xaritalarda grafik jihatdan to‘g‘ri tasvirlash;
geodeziya va kartografiyaga doir materiallarning (ma’lumotlarning) hisobga olinishi hamda saqlanishini ta’minlash;
O‘zbekiston Respublikasi hududidagi davlat geodeziya tarmoqlari holatining tizimli tahlilini amalga oshirish va kartografiyaga doir materiallarning joyning haqiqiy holatiga muvofiqligini ta’minlash.
27-modda. Geodeziya va kartografiya faoliyatini texnik jihatdan tartibga solish
Geodeziya va kartografiyaga oid ishlarni tashkil etish tartibi, geodeziya va kartografiyaga oid ishlarni bajarish aniqligi, vositalari, usullari va texnologiyalariga, geodeziya tarmoqlariga, xaritalarning, rejalarning, atlaslarning mazmuniga, joyning raqamli modellariga doir asosiy texnik talablar, shuningdek geodeziya va kartografiyaga oid ishlarning bajarilishi hamda ularning sifatiga oid talablar geodeziya va kartografiya faoliyatini texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarda belgilanadi.
28-modda. Geodeziya va kartografiya faoliyatini metrologik jihatdan ta’minlash hamda standartlashtirish
Geodeziya va kartografiya faoliyatini metrologik jihatdan ta’minlash hamda standartlashtirish geodeziya kuzatuvlari chog‘ida o‘lchov va sinov vositalaridan foydalanish tartibini, geodeziya o‘lchovlari va sinovlari sifatini nazorat qilish usullarini, texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarni o‘z ichiga oladi.
Geodeziya o‘lchovlarining yagonaligini ta’minlash, geodeziya o‘lchov vositalarini standartlashtirish ishlarida ishtirok etish, geodeziya, topografiya va kartografiya mahsulotlarini majburiy sertifikatlashtirish ishlarini tashkil qilish hamda o‘tkazish, geodeziya va kartografiya faoliyati sohasida metrologiya nazoratini olib borish maxsus vakolatli davlat organi tomonidan amalga oshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
29-modda. Geodeziya va kartografiya faoliyatini amalga oshirish hamda nazorat qilish tartibi
Geodeziya va kartografiya faoliyatini amalga oshirish uchun maxsus vakolatli davlat organi bu haqda belgilangan tartibda xabardor qilinishi kerak. Xabardor qilish tartibi hamda geodeziya va kartografiya bilan bog‘liq ishlarning turlari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 25-fevraldagi 88-son qarori bilan tasdiqlangan Faoliyatni boshlash yoki tugatish uchun vakolatli organni xabardor qilish tartibi to‘g‘risidagi yagona nizomning 22-ilovasi.
Geodeziya va kartografiya faoliyati yuridik shaxslar tomonidan amalga oshiriladi.
Xabardor qilish tartibida amalga oshiriladigan geodeziya va kartografiya faoliyatini o‘n ish kunidan ko‘p bo‘lmagan muddatga to‘xtatib turish hamda qayta tiklash to‘g‘risidagi qarorlar maxsus vakolatli davlat organi tomonidan qabul qilinadi.
(29-modda O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 12-oktabrdagi O‘RQ-721-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 12.10.2021-y., 03/21/721/0952-son)
30-modda. Geodeziya va kartografiyaga oid ishlarni ro‘yxatga olish
Umumdavlat ahamiyatiga molik geodeziya va kartografiyaga oid ishlar hamda maxsus (tarmoqqa oid) ahamiyatga molik ishlar ro‘yxatga olinishi lozim.
Maxsus (tarmoqqa oid) ahamiyatga molik ishlarning ayrim turlari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan ro‘yxatga muvofiq ro‘yxatga olmasdan bajarilishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
Geodeziya va kartografiyaga oid ishlarni ro‘yxatga olish to‘g‘risidagi qaror faqat faoliyatini xabardor qilish tartibida amalga oshiradigan yuridik shaxslarga beriladi.
(30-moddaning uchinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 12-oktabrdagi O‘RQ-721-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 12.10.2021-y., 03/21/721/0952-son)
Geodeziya va kartografiyaga oid ishlarni ro‘yxatga olish to‘g‘risidagi qaror amal qilish muddati cheklanmagan holda beriladi. Bunda berilgan qaror haqidagi axborot Geodeziya va kartografiyaga oid ishlarni ro‘yxatga olish to‘g‘risida berilgan qarorlarning reyestriga kiritiladi.
Geodeziya va kartografiyaga oid ishlarni ro‘yxatga olish to‘g‘risidagi qarorni berish, qayta rasmiylashtirish, uning amal qilishini to‘xtatib turish, tugatish va uni bekor qilish tartibi, shuningdek geodeziya va kartografiyaga oid ishlarni ro‘yxatga olish to‘g‘risidagi qarorni berish haqidagi arizani ko‘rib chiqqanlik uchun undiriladigan yig‘im miqdori O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 22-fevraldagi 86-sonli qarori bilan tasdiqlangan Maxsus yelektron tizim orqali ruxsat yetish xususiyatiga yega ayrim hujjatlarni berish tartib-taomillari to‘g‘risidagi yagona nizomning 9-ilovasi.
Geodeziya va kartografiyaga oid ishlarni ro‘yxatga olish to‘g‘risidagi qarorni berish haqidagi arizani ko‘rib chiqish texnik loyihalar (dasturlar) ekspertizasini o‘tkazishni o‘z ichiga oladi.
31-modda. Geodeziya va kartografiyaga doir materiallar (ma’lumotlar) ekspertizasi
O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan, umumdavlat ahamiyatiga molik bo‘lgan geodeziya va kartografiyaga oid ishlarni bajarish natijasida olingan geodeziya va kartografiyaga doir materiallar (ma’lumotlar) ekspertiza qilinishi lozim.
Geodeziya va kartografiyaga doir materiallarning (ma’lumotlarning) ekspertizasini o‘tkazishda ularning geodeziya va kartografiya faoliyatini texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar, shuningdek geodeziya va kartografiyaga oid ishlarni bajarishning texnik loyihalari (dasturlari) talablariga muvofiqligi aniqlanadi.
Geodeziya va kartografiyaga doir materiallarning (ma’lumotlarning) ekspertizasi bajarilgan geodeziya va kartografiyaga oid ishlar haqidagi texnik hisobotlar asosida o‘tkaziladi. Ekspertiza natijalariga ko‘ra maxsus vakolatli davlat organi tomonidan xulosa beriladi.
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 28-iyundagi 395-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan, umumdavlat hamda maxsus (tarmoqqa oid) ahamiyatiga molik geodeziya va kartografiyaga oid ishlarni bajarish natijasida olingan geodeziya va kartografiyaga doir materiallarni (ma’lumotlarni) ekspertizadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom.
5-bob. Geodeziya va kartografiya faoliyatining mahsulotlari
32-modda. Geodeziya va kartografiya faoliyati mahsulotlarining turlari
Geodeziya va kartografiya faoliyati mahsulotlari jumlasiga quyidagilar kiradi:
geodeziya va kartografiyaga doir materiallar (ma’lumotlar);
geodeziya punktlari;
fazoviy (geofazoviy) ma’lumotlar;
geografik axborot tizimlari;
fazoviy ma’lumotlarning infratuzilmasi;
ilmiy-tadqiqot, tajriba-konstruktorlik va tajriba-texnologik ishlarning natijalari, shu jumladan geodeziya va kartografiya faoliyatini texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar.
33-modda. O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan yaratilgan geodeziya va kartografiya faoliyati mahsulotiga bo‘lgan mulk huquqi
O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan yaratilgan geodeziya va kartografiya faoliyati mahsuloti, shu jumladan davlat kartografiya-geodeziya fondi materiallari (ma’lumotlari) O‘zbekiston Respublikasining mulkidir.
34-modda. Geodeziya va kartografiya faoliyati sohasidagi intellektual mulk obyektlari
Geodeziya va kartografiyaga doir materiallar (ma’lumotlar), fazoviy (geofazoviy) ma’lumotlar, geografik axborot tizimlari, fazoviy ma’lumotlarning infratuzilmasi, geodeziya va kartografiya faoliyati sohasidagi ilmiy-tadqiqot, tajriba-konstruktorlik va tajriba-texnologik ishlarning natijalari intellektual mulk obyektlaridir.
35-modda. Geodeziya va kartografiyaga doir materiallardan (ma’lumotlardan) foydalanish tartibi
Yuridik va jismoniy shaxslar davlat kartografiya-geodeziya fondining hamda idoraviy kartografiya-geodeziya fondlarining materiallaridan (ma’lumotlaridan) ushbu Qonun talablariga rioya etgan holda foydalanish huquqiga ega.
Kartografiya-geodeziya fondining materiallaridan foydalanish chog‘ida:
geodeziya va kartografiyaga doir materiallardan (ma’lumotlardan) ruxsatsiz ko‘chirma nusxa olish;
aerosuratga olish materiallarini, shuningdek davlat sirini tashkil etuvchi ma’lumotlar mavjud bo‘lgan materiallarni bunday materiallarning saqlanishini ta’minlash uchun rejim organi va lozim darajada shart-sharoitlari bo‘lmagan tashkilotlarga berish taqiqlanadi.
Davlat kartografiya-geodeziya fondining geodeziya va kartografiyaga doir materiallaridan (ma’lumotlaridan) foydalanuvchilar olingan materiallarning (ma’lumotlarning) but saqlanishini ta’minlashi, ularni belgilangan muddatlarda qaytarishi hamda ularda mavjud bo‘lgan davlat sirini tashkil etuvchi ma’lumotlarni oshkor etmasligi shart.
Davlat kartografiya-geodeziya fondining geodeziya va kartografiyaga doir materiallarini (ma’lumotlarini) uchinchi shaxslarga berishga hamda ulardan ko‘chirma nusxa olishga ushbu materiallar (ma’lumotlar) o‘z tasarrufida bo‘lgan organlarning ruxsatisiz yo‘l qo‘yilmaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
Davlat sirini tashkil etuvchi geodeziya va kartografiyaga doir materiallar (ma’lumotlar) yo‘qotilgan taqdirda, geodeziya va kartografiyaga doir materiallardan (ma’lumotlardan) foydalanuvchilar qonunchilikda nazarda tutilgan choralarni ko‘rishi, shuningdek yo‘qotish aniqlangan paytdan e’tiboran bir kundan oshmaydigan muddatda maxsus vakolatli davlat organini xabardor qilishi shart.
(35-moddaning beshinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Davlat kartografiya-geodeziya fondining geodeziya va kartografiyaga doir materiallaridan (ma’lumotlaridan) foydalanganlik uchun maxsus vakolatli davlat organi tomonidan belgilanadigan miqdorda yig‘im undiriladi.
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 14-yanvardagi 22-son qarori bilan tasdiqlangan Kartografiya va geodeziya materiallarining (ma’lumotlarining) cheklovchi griflarini belgilash, foydalanish uchun ochiq bo‘lgan xaritalarni yaratish, maxfiy kartografiya va geodeziya materiallarini berish, hisobga olish va saqlash tartibi hamda geodeziya va kartografiya sohasidagi davlat sirlarining saqlanishini ta’minlash bo‘yicha ruxsat berish tartibotlari to‘g‘risidagi nizom.
6-bob. Geodeziya va kartografiya faoliyati sohasida hisobni yuritish
36-modda. Geodeziya va kartografiyaga oid ishlarning davlat hisobi
Umumdavlat ahamiyatiga molik geodeziya va kartografiyaga oid ishlar geodeziya va kartografiyaga doir materiallarni (ma’lumotlarni) yig‘ish, ularga ishlov berish, ularni saqlash va ulardan foydalanish maqsadida davlat hisobiga olinishi shart.
Geodeziya va kartografiyaga oid ishlarning davlat hisobi ularni ro‘yxatga olish hamda kartografiya-geodeziya davlat kadastrini yuritish chog‘ida amalga oshiriladi.
37-modda. Kartografiya-geodeziya davlat kadastri
Kartografiya-geodeziya davlat kadastri Davlat kadastrlari yagona tizimining tarkibiy qismi bo‘lib, kartografiya-geodeziya davlat kadastri obyektlari, O‘zbekiston Respublikasi hududi haqidagi geodeziya va kartografiyaga doir materiallar (ma’lumotlar) to‘g‘risidagi yangilanib turiladigan ishonchli axborot, bajariladigan geodeziya, topografiya va kartografiyaga oid ishlar, shu jumladan ularning miqdor va sifat tavsiflari haqidagi ma’lumotlar tizimidan iboratdir.
38-modda. O‘zbekiston Respublikasining kartografiya-geodeziya fondi
Geodeziya va kartografiya faoliyatini amalga oshirish natijasida olingan geodeziya va kartografiyaga doir materiallar (ma’lumotlar) O‘zbekiston Respublikasining kartografiya-geodeziya fondini tashkil etadi. O‘zbekiston Respublikasining kartografiya-geodeziya fondi tarkibiga davlat va idoraviy kartografiya-geodeziya fondlari kiradi.
Oldingi tahrirga qarang.
Davlat kartografiya-geodeziya fondi geodeziya va kartografiya faoliyati natijasida yaratilgan, umumdavlat ahamiyatiga molik bo‘lgan hamda qonunchilikda belgilangan tartibda hamda muddatlarda saqlanishi lozim bo‘lgan geodeziya va kartografiyaga doir materiallarni (ma’lumotlarni) o‘z ichiga oladi.
(38-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Davlat kartografiya-geodeziya fondi maxsus vakolatli davlat organining tasarrufida bo‘ladi.
O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining kartografiya-geodeziya fondi uning o‘z tasarrufida bo‘ladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Idoraviy kartografiya-geodeziya fondlari maxsus (tarmoqqa oid) ahamiyatga molik geodeziya va kartografiyaga doir materiallarni (ma’lumotlarni) o‘z ichiga oladi hamda tegishli respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining va xo‘jalik boshqaruvi organlarining tasarrufida bo‘ladi.
(38-moddaning beshinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2025-yil 30-dekabrdagi O‘RQ-1109-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 30.12.2025-y., 03/25/1109/1241-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Geodeziya va kartografiyaga doir materiallarni (ma’lumotlarni) davlat va idoraviy kartografiya-geodeziya fondlariga topshirish tartibi, shuningdek ularning tarkibi, turi va shakllariga doir talablar davlat va idoraviy kartografiya-geodeziya fondlari to‘g‘risidagi nizomlarda belgilanadi. Davlat va idoraviy kartografiya-geodeziya fondlari to‘g‘risidagi nizomlar hamda ularda mavjud bo‘lgan geodeziya va kartografiyaga doir materiallar (ma’lumotlar) ro‘yxatlari fondlarning saqlovchilari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi “O‘zarxiv” agentligi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi.
(38-moddaning oltinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2026-yil 17-martdagi O‘RQ-1144-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 07.05.2026-y., 03/26/1144/0467-son)
Oldingi tahrirga qarang.
O‘zbekiston Respublikasi kartografiya-geodeziya fondining belgilangan tartibda Milliy arxiv fondi tarkibiga kiritilgan geodeziya va kartografiyaga doir materiallari (ma’lumotlari) arxiv ishi to‘g‘risidagi qonunchilikda belgilangan tartibda hisobga olinadi, saqlanadi va ulardan foydalaniladi.
(38-moddaning yettinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
O‘zbekiston Respublikasi hududida geodeziya va kartografiyaga oid ishlarni bajaruvchi geodeziya va kartografiya faoliyati subyektlari o‘zi yaratgan umumdavlat ahamiyatiga molik geodeziya va kartografiyaga doir materiallarning (ma’lumotlarning) bir nusxasini davlat kartografiya-geodeziya fondiga bepul berishi shart.
Geodeziya va kartografiya faoliyati subyektlarining geodeziya va kartografiyaga doir materiallarni (ma’lumotlarni) davlat kartografiya-geodeziya fondiga topshirishi, ushbu materiallarning (ma’lumotlarning) saqlanishi hamda ulardan foydalanilishi, idoraviy kartografiya-geodeziya fondlarining davlat reyestri yuritilishi ustidan davlat geodeziya nazorati maxsus vakolatli davlat organi tomonidan amalga oshiriladi.
7-bob. Davlat geodeziya nazorati
39-modda. Davlat geodeziya nazoratining maqsadi va vazifalari
Oldingi tahrirga qarang.
Davlat geodeziya nazorati geodeziya va kartografiya faoliyati to‘g‘risidagi qonunchilik buzilishining oldini olish, ularni aniqlash va bartaraf etish maqsadida amalga oshiriladi.
(39-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Davlat geodeziya nazoratining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
Oldingi tahrirga qarang.
geodeziya va kartografiya faoliyatining barcha subyektlari tomonidan geodeziya va kartografiya faoliyati to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga, shu jumladan xabardor qilish tartibida amalga oshiriladigan faoliyatga (harakatlarga) doir talablari va shartlariga, geodeziya hamda kartografiyaga doir materiallardan (ma’lumotlardan) foydalanish qoidalariga rioya etilishini ta’minlash;
(39-modda ikkinchi qismining ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 12-oktabrdagi O‘RQ-721-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 12.10.2021-y., 03/21/721/0952-son)
geodeziya va kartografiyaga oid ishlarni, geodeziya punktlarini ro‘yxatdan o‘tkazish hamda hisobga olishni tashkil etish;
davlat kartografiya-geodeziya fondining faoliyat yuritishini ta’minlash.
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 14-apreldagi 183-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat yer va kadastr nazoratini amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizom.
40-modda. Davlat geodeziya nazoratining asosiy funksiyalari
Davlat geodeziya nazoratining asosiy funksiyalari quyidagilardan iborat:
Oldingi tahrirga qarang.
geodeziya va kartografiya faoliyatining barcha subyektlari tomonidan geodeziya va kartografiya faoliyati to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga, xabardor qilish tartibida amalga oshiriladigan faoliyatga (harakatlarga) doir talablari va shartlariga rioya etilishi ustidan nazorat qilish;
(40-moddaning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 12-oktabrdagi O‘RQ-721-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 12.10.2021-y., 03/21/721/0952-son)
kartografiyaga doir materiallarda hamda boshqa hujjatlarda O‘zbekiston Respublikasining Davlat chegarasi va hududi to‘g‘ri aks ettirilganligi ustidan nazorat qilish;
geodeziya va kartografiyaga oid ishlarni ro‘yxatdan o‘tkazish;
geodeziya punktlarini hisobga olish;
Oldingi tahrirga qarang.
davlat geodeziya, nivelir, gravimetriya tarmoqlaridagi geodeziya punktlarining, shuningdek qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda boshqa geodeziya punktlarining but saqlanishi va ularning muhofaza zonalari rejimiga rioya etilishi ustidan nazorat qilish;
(40-moddaning oltinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
geodeziya va kartografiya faoliyati subyektlari tomonidan davlat kartografiya-geodeziya fondi hamda idoraviy kartografiya-geodeziya fondlari materiallarining (ma’lumotlarining) saqlanishi ustidan nazorat qilish;
geodeziya va kartografiya faoliyati subyektlari tomonidan geodeziya koordinatalari, balandliklari, gravimetriya o‘lchovlari davlat tizimlarining hamda davlat topografik xaritalari va rejalarining masshtab qatori, mahalliy koordinatalar hamda boshqa koordinatalar tizimlarining qo‘llanilishi ustidan nazorat qilish;
geodeziya va kartografiya faoliyati subyektlari tomonidan umumdavlat ahamiyatiga molik geodeziya va kartografiyaga doir materiallar (ma’lumotlar) davlat kartografiya-geodeziya fondiga topshirilishi, shuningdek bu subyektlarning ushbu fonddan olgan materiallardan (ma’lumotlardan) foydalanishi ustidan nazorat qilish;
O‘zbekiston Respublikasining navbatchi ma’lumotnoma tarzidagi xaritasini yuritish.
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 14-apreldagi 183-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat geodeziya nazoratini amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizom.
8-bob. Yakunlovchi qoidalar
41-modda. Geodeziya va kartografiya faoliyatini moliyalashtirish
Oldingi tahrirga qarang.
Umumdavlat ahamiyatiga molik geodeziya va kartografiyaga oid ishlarni moliyalashtirish O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti mablag‘lari hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
Maxsus (tarmoqqa oid) ahamiyatga molik geodeziya va kartografiyaga oid ishlarni moliyalashtirish buyurtmachilarning mablag‘lari, shuningdek qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
(41-moddaning birinchi va ikkinchi xatboshilari O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Maxsus vakolatli davlat organi, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari bilan belgilanadigan respublikasi ijro etuvchi hokimiyat organlari O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan umumdavlat ahamiyatiga molik geodeziya va kartografiyaga oid ishlarning buyurtmachilari bo‘lishi mumkin.
(41-moddaning uchinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2025-yil 30-dekabrdagi O‘RQ-1109-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 30.12.2025-y., 03/25/1109/1241-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari, xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, boshqa yuridik shaxslar, shuningdek jismoniy shaxslar qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladigan umumdavlat ahamiyatiga molik geodeziya va kartografiyaga oid ishlarning hamda maxsus (tarmoqqa oid) ahamiyatga molik ishlarning buyurtmachilari bo‘lishi mumkin.
(41-moddaning to‘rtinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2025-yil 30-dekabrdagi O‘RQ-1109-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 30.12.2025-y., 03/25/1109/1241-son)
42-modda. Geodeziya va kartografiya faoliyati natijasida yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash
Oldingi tahrirga qarang.
Geodeziya va kartografiya faoliyati natijasida yetkazilgan zararning o‘rni qonunchilikda belgilangan tartibda qoplanishi lozim.
(42-moddaning matni O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
43-modda. Nizolarni hal etish
Oldingi tahrirga qarang.
Geodeziya va kartografiya faoliyati sohasidagi nizolar qonunchilikda belgilangan tartibda hal etiladi.
(43-moddaning matni O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Oldingi tahrirga qarang.
44-modda. Geodeziya va kartografiya faoliyati to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik
Geodeziya va kartografiya faoliyati to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.
(44-modda O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 69-moddasi.
45-modda. O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish
Quyidagilar o‘z kuchini yo‘qotgan deb topilsin:
1) O‘zbekiston Respublikasining 1997-yil 25-aprelda qabul qilingan “Geodeziya va kartografiya to‘g‘risida”gi 417-I-sonli Qonuni (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1997-yil, № 4-5, 122-modda);
2) O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 1997-yil 25-aprelda qabul qilingan “Geodeziya va kartografiya to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini amalga kiritish haqida”gi 418-I-sonli Qarori (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1997-yil, № 4-5, 123-modda);
3) O‘zbekiston Respublikasining 2011-yil 12-oktabrda qabul qilingan “Geografik obyektlarning nomlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar kiritish haqida”gi O‘RQ-304-sonli Qonunining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2011-yil, № 10, 274-modda) 4-moddasi;
4) O‘zbekiston Respublikasining 2018-yil 18-aprelda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-476-sonli Qonunining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2018-yil, № 4, 224-modda) 25-moddasi.
46-modda. Ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini, mohiyati va ahamiyati tushuntirilishini ta’minlash
Oldingi tahrirga qarang.
Kadastr agentligi ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi o‘rtasida tushuntirilishini ta’minlasin.
(46-moddaning matni O‘zbekiston Respublikasining 2025-yil 30-dekabrdagi O‘RQ-1109-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 30.12.2025-y., 03/25/1109/1241-son)
Oldingi tahrirga qarang.
47-modda. Qonunchilikni ushbu Qonunga muvofiqlashtirish
(47-moddaning nomi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid bo‘lgan o‘z normativ-huquqiy hujjatlarini qayta ko‘rib chiqishlari va bekor qilishlarini ta’minlasin.
48-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi
Ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran uch oy o‘tgach kuchga kiradi.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2020-yil 2-iyul,
O‘RQ-626-son
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 03.07.2020-y., 03/20/626/1024-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son, 17.08.2021-y., 03/21/708/0799-son; 12.10.2021-y., 03/21/721/0952-son; 04.11.2022-y., 03/22/800/0990-son; 10.10.2024-y., 03/24/974/0804-son; 30.12.2025-y., 03/25/1109/1241-son; 07.05.2026-y., 03/26/1144/0467-son)