O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Vakolatli organlarning meva-sabzavotlar, to‘qimachilik mahsulotlari va buyumlarini eksport qilish uchun zarur ruxsatnoma va sertifikatlarni rasmiylashtirish bilan bog‘liq xarajatlarini qoplab berish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Mamlakatda biznes muhitini yanada yaxshilash va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2019-yil 20-noyabrdagi PQ-4525-son qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Vakolatli organlarning meva-sabzavotlar, to‘qimachilik mahsulotlari va buyumlarini eksport qilish uchun zarur ruxsatnoma va sertifikatlarni rasmiylashtirish bilan bog‘liq xarajatlarini qoplab berish tartibi to‘g‘risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Belgilansinki:
vakolatli organlarning meva-sabzavotlar, to‘qimachilik mahsulotlari va buyumlarini eksport qilish uchun zarur ruxsatnoma va sertifikatlarni rasmiylashtirish bilan bog‘liq xarajatlari O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Eksportni rag‘batlantirish agentligi (keyingi o‘rinlarda — Agentlik) tomonidan qoplab beriladi;
vakolatli organlarning 2020-yil 1-yanvardan boshlab berilgan zarur ruxsatnoma va sertifikatlarni rasmiylashtirish bilan bog‘liq xarajatlari qoplab beriladi.
3. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Agentlikning buyurtmanomalariga asosan vakolatli organlarning meva-sabzavotlar, to‘qimachilik mahsulotlari va buyumlarini eksport qilish uchun zarur ruxsatnoma va sertifikatlarni rasmiylashtirish bilan bog‘liq xarajatlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Eksportga ko‘maklashish va uni rag‘batlantirishni kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2018-yil 20-dekabrdagi PQ-4069-son qaroriga muvofiq nazarda tutilgan mablag‘lar hisobidan qoplab berilishini ta’minlasin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi eksportga rasmiylashtirilishi lozim bo‘lgan meva-sabzavotlar, to‘qimachilik mahsulotlari va buyumlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni “Yagona darcha” bojxona axborot tizimi orqali Agentlikka taqdim etib borsin.
Agentlik Tashqi iqtisodiy ma’lumotlar portalini bir oy muddatda “Yagona darcha” bojxona axborot tizimi bilan integratsiyalashtirish ishlarini amalga oshirsin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligiga Agentlikka Tashqi savdo operatsiyalarining yagona elektron axborot tizimidan foydalanishga ruxsat berish tavsiya qilinsin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining investitsiyalar va tashqi iqtisodiy aloqalar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.U. Umurzakov va O‘zbekiston Respublikasi moliya vaziri T.A. Ishmetov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2020-yil 20-mart,
175-son
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 20-martdagi 175-son qaroriga
ILOVA
Vakolatli organlarning meva-sabzavotlar, to‘qimachilik mahsulotlari va buyumlarini eksport qilish uchun zarur ruxsatnoma va sertifikatlarni rasmiylashtirish bilan bog‘liq xarajatlarini qoplab berish tartibi to‘g‘risida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Eksportni rag‘batlantirish agentligi (keyingi o‘rinlarda — Agentlik) tomonidan vakolatli organlarning meva-sabzavotlar, to‘qimachilik mahsulotlari va buyumlarini eksport qilish uchun zarur ruxsatnoma va sertifikatlarni rasmiylashtirish bilan bog‘liq xarajatlarini qoplab berish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
Oldingi tahrirga qarang.
vakolatli organlar — “O‘zstandart” agentligining “UzTest” davlat korxonasi, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi, O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi, “O‘zbekekpertiza” AJ, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi “Davlat ekologik sertifikatlashtirish va standartlashtirish markazi” MChJ;
(2-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 20-yanvardagi 20-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.01.2025-y., 09/25/20/0054-son. Kuchga kirish sanasi — 2025-yil 22-aprel)
eksport qiluvchi tashkilot — O‘zbekiston Respublikasida ro‘yxatga olingan, mahsulotlarni xorijiy davlatlardagi xaridorlarga eksport shartnomalariga (invoysga) asosan sotuvchi, shuningdek, eksport va (yoki) vositachilik shartnomalariga asosan yuk jo‘natuvchi tadbirkorlik subyekti, shu jumladan, uning vakolatli vakili;
meva-sabzavot mahsulotlari — sabzavotlar, mevalar, dukkakli, yong‘oq, uzum va poliz mahsulotlari, muzlatilgan, quritilgan sabzavot va mevalar (TIF TN bo‘yicha tovar kodi 07, 08, 0904, 1202);
to‘qimachilik mahsulotlari va buyumlari — kalava ip, gazlama va matolar, trikotaj matolar, tikuv va trikotaj buyumlari, gilamlar, paypoqlarning barcha turlari (TIF TN bo‘yicha tovar kodi 5002, 5003 (faqat ipak momig‘i eksporti uchun), 5004 — 5007, 5111 — 5113, 5208 — 5212, 5309 — 5311, 54, 5512 — 5516, 56, 57, 58, 59, 60, 61, 62, 63);
meva-sabzavotlar, to‘qimachilik mahsulotlari va buyumlarini eksport qilish uchun zarur ruxsatnoma va sertifikatlar — muvofiqlik sertifikati, sanitariya-epidemiologik xulosa, fitosanitar sertifikati, tovarlarning kelib chiqishi to‘g‘risidagi sertifikat.
3. Quyidagi hollarda vakolatli organlar tomonidan berilgan ruxsatnoma va sertifikatlar uchun to‘lovlar eksport qiluvchi tashkilot tomonidan to‘lanadi:
vakolatli organlar tomonidan avval berilgan, xarajatlari Agentlik tomonidan qoplab berilgan ruxsatnoma va sertifikatlarni qayta rasmiylashtirish bilan bog‘liq xarajatlar;
eksport qiluvchi tashkilot zarur ruxsatnoma va sertifikatlar olingandan keyin uch oy muddat ichida belgilangan mahsulotlar eksport qilinmaganida;
vakolatli organlar tomonidan ushbu Nizomda nazarda tutilgan mahsulotlar bilan birga boshqa bir mahsulotlar uchun ham bitta zarur ruxsatnoma va sertifikat berilganda.
4. Agentlik tomonidan vakolatli organlarning meva-sabzavotlar, to‘qimachilik mahsulotlari va buyumlarini eksport qilish uchun zarur ruxsatnoma va sertifikatlarni rasmiylashtirish bilan bog‘liq xarajatlarini qoplab berish uchun eksport qiluvchi tashkilot O‘zbekiston Respublikasida davlat ro‘yxatiga olingan bo‘lishi zarur.
2-bob. Vakolatli organlarning xarajatlarini qoplab berish uchun talab etiladigan hujjatlar va ularni ko‘rib chiqish tartibi
5. Vakolatli organlarning meva-sabzavotlar, to‘qimachilik mahsulotlari va buyumlarini eksport qilish uchun zarur ruxsatnoma va sertifikatlarni rasmiylashtirish bilan bog‘liq xarajatlarini qoplab berish tartibi ushbu Nizomga 1-ilovadagi sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
6. Vakolatli organlar tomonidan Agentlikka har haftaning juma kuni quyidagi hujjatlar umumlashtirilgan holda taqdim etiladi:
ushbu Nizomga 2-ilovadagi shaklga muvofiq ariza;
berilgan sertifikat va ruxsatnomalarning ro‘yxati, berilgan sanasi, narxi, eksport qiluvchi tashkilotning nomi, mahsulot turi va Soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami ko‘rsatilgan reyestri.
Taqdim etilgan reyestr bo‘yicha ma’lumotlar xaqqoniyligiga vakolatli organlar mas’ul hisoblanadi.
7. Vakolatli organlardan ushbu Nizomning 6-bandida ko‘rsatilgan hujjatlardan boshqa hujjatlarni talab etish taqiqlanadi.
8. Vakolatli organlar kompensatsiya olish uchun arizani Agentlikka to‘g‘ridan-to‘g‘ri, pochta aloqasi vositalari orqali yoki elektron shaklda, shu jumladan, Tashqi iqtisodiy ma’lumotlar portali orqali ular olinganligi haqida xabardor qilingan holda taqdim etadi.
9. Vakolatli organlar tomonidan kompensatsiya olish uchun ariza Agentlikka to‘g‘ridan-to‘g‘ri taqdim etilgan taqdirda, ushbu Nizomning 6-bandida qayd etilgan hujjatlar to‘liq bo‘lmagan hollarda ariza ko‘rib chiqish uchun qabul qilinmaydi.
10. Vakolatli organlar tomonidan kompensatsiya olish uchun ariza Agentlikka pochta aloqasi vositalari orqali yoki elektron shaklda, shu jumladan, Tashqi iqtisodiy ma’lumotlar portali orqali taqdim etilganda, ammo ariza bilan birga ushbu Nizomning 6-bandida qayd etilgan hujjatlar to‘liq taqdim etilmagan taqdirda, Agentlik bir ish kuni davomida hujjatlarni Agentlikning mansabdor shaxslari imzolagan va rad etish sabablari ko‘rsatilgan asosli xulosa bilan birga vakolatli organlarga qaytaradi.
11. Ushbu Nizomning 6-bandida qayd etilgan hujjatlar bilan birga to‘liq taqdim etilgan arizalar Agentlik tomonidan uch ish kuni davomida ko‘rib chiqiladi va xarajatlarni qoplab berish yuzasidan xulosa qabul qilinadi.
12. Agentlik vakolatli organlar tomonidan taqdim etilgan hujjatlarni ushbu Nizomning 3 va 4-bandlarida ko‘rsatilgan talablar va shartlarga muvofiqligi nuqtai nazaridan o‘rganib chiqadi.
13. Agentlik vakolatli organlar tomonidan taqdim etilgan hujjatlarni ushbu Nizomning 3 va 4-bandlarida ko‘rsatilgan talablar va shartlarga muvofiqligini axborot tizimlari, shu jumladan, Tashqi savdo operatsiyalarining yagona elektron axborot tizimi va “Yagona darcha” bojxona axborot tizimi orqali hamda so‘rovnomalar yuborib, javoblar olish orqali o‘rganib chiqishi mumkin.
3-bob. Vakolatli organlarning xarajatlarini qoplab berishni rad etish
14. Vakolatli organlar tomonidan taqdim etilgan hujjatlarda ishonchsiz va noto‘g‘ri ma’lumotlar mavjudligi yoki ma’lumotlarni buzib ko‘rsatish holatlarining aniqlanishi, berilgan zarur ruxsatnoma va sertifikatlar o‘rnatilgan tartibda bojxona yuk deklaratsiyasi asosida rasmiylashtirilmaganligi vakolatli organlarga xarajatlarni qoplab berishni rad etish to‘g‘risida xulosa berish uchun asos bo‘ladi.
15. Ushbu Nizom talablaridan boshqa asoslarga ko‘ra, vakolatli organlarga xarajatlarning qoplab berilishini rad etish to‘g‘risida xulosa berilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
16. Vakolatli organlar rad etish to‘g‘risida xulosa olingandan keyin ko‘rsatilgan kamchiliklarni bartaraf etgan holda, xarajatlarni qoplash bo‘yicha mablag‘lar olish uchun Agentlikka ariza bilan o‘n ish kuni davomida qayta murojaat qilishga haqli.
Arizani qayta ko‘rib chiqishda Agentlik tomonidan rad etishning avval yozma ravishda aytilmagan sabablarini ko‘rsatishga yo‘l qo‘yilmaydi.
4-bob. Vakolatli organlarning xarajatlarini qoplash uchun to‘lovlarni amalga oshirish tartibi
17. Vakolatli organlarning xarajatlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Eksportga ko‘maklashish va uni rag‘batlantirishni kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2018-yil 20-dekabrdagi PQ-4069-son qarori doirasida Agentlikka O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetidan ajratiladigan mablag‘lar hisobidan qoplanadi (agar vakolatli organlar qo‘shimcha qiymat solig‘i to‘lovchisi bo‘lsa, qilingan xarajatlar qo‘shimcha qiymat solig‘i stavkasi bilan ko‘rsatiladi va qoplanadi).
18. Vakolatli organlar moliyaviy yilning III choragi yakuniga qadar keyingi moliyaviy yil uchun Agentlikka budjet prognozi bo‘yicha hisob-kitoblarni taqdim etadi.
19. Har bir moliyaviy yil boshida O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Eksportga ko‘maklashish va uni rag‘batlantirishni kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2018-yil 20-dekabrdagi PQ-4069-son qaroriga muvofiq Agentlikning tasdiqlangan smeta bo‘yicha buyurtmanomasi olingan kundan boshlab uch bank ish kuni mobaynida Agentlikni moliyalashtiradi.
Moliyaviy yil davomida vakolatli organlar taqdim etgan arizalarga muvofiq moliyalashtirish zarurligidan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda tasdiqlangan smetaga tegishli o‘zgartirishlar kiritilishi mumkin.
20. Moliya yili yakuni bo‘yicha Agentlik shaxsiy g‘azna hisobvarag‘ida foydalanilmay qolgan budjet mablag‘lari O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetiga qaytariladi.
21. Agentlik vakolatli organlarning zarur ruxsatnoma va sertifikatlarni rasmiylashtirish bilan bog‘liq xarajatlarini qoplab berish yuzasidan xulosa qabul qilingan kundan boshlab bir ish kuni davomida kompensatsiya mablag‘larini ajratish uchun O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga buyurtmanoma taqdim etadi.
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi taqdim etilgan buyurtmanomalarga muvofiq uch ish kuni davomida kompensatsiya mablag‘larini Agentlikning hisobvarag‘iga o‘tkazib beradi.
Agentlik hisobvarag‘iga kompensatsiya mablag‘lari tushgan kundan boshlab bir ish kuni davomida xarajatlarni qoplash uchun kompensatsiya mablag‘larini vakolatli organlarning hisobvarag‘iga o‘tkazib beradi.
22. Agentlik va vakolatli organlar har oy yakuni bilan meva-sabzavotlar, to‘qimachilik mahsulotlari va buyumlarini eksport qilish uchun zarur ruxsatnoma va sertifikatlar hamda ularni qoplash uchun ajratilgan mablag‘lar yuzasidan o‘zaro taqqoslash dalolatnomalarini rasmiylashtiradi.
5-bob. Yakunlovchi qoidalar
Oldingi tahrirga qarang.
23. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradi.
(23-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
24. Budjet mablag‘laridan maqsadli foydalanish uchun javobgarlik Agentlikka yuklanadi.
25. O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi ushbu Nizomga muvofiq vakolatli organlarga meva-sabzavotlar, to‘qimachilik mahsulotlari va buyumlarini eksport qilish uchun zarur ruxsatnoma va sertifikatlarni rasmiylashtirish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplab berish bo‘yicha Agentlik faoliyatining samaradorligini monitoring qiladi va har oyda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga tegishli axborot kiritadi.
Vakolatli organlarning meva-sabzavotlar, to‘qimachilik mahsulotlari va buyumlarini eksport qilish uchun zarur ruxsatnoma va sertifikatlarni rasmiylashtirish bilan bog‘liq xarajatlarini qoplab berish tartibi to‘g‘risida nizomga
1-ILOVA
Vakolatli organlarning meva-sabzavotlar, to‘qimachilik mahsulotlari va buyumlarini eksport qilish uchun zarur ruxsatnoma va sertifikatlarni rasmiylashtirish bilan bog‘liq xarajatlarini qoplab berish
SXEMASI
Oldingi tahrirga qarang.

Bosqichlar

Mas’ul ijrochilar

Tadbirlar

Bajarish muddatlari

1-bosqich

Vakolatli organlar

(“O‘zstandart” agentligining “UzTest” davlat korxonasi, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi, O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi, “O‘zbekekpertiza” AJ, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi “Davlat ekologik sertifikatlashtirish va standartlashtirish markazi” MChJ)

Eksportni rag‘batlantirish agentligiga umumlashtirilgan holda hujjatlarni taqdim etish:

ushbu Nizomga 2-ilovadagi shaklga muvofiq ariza;

berilgan sertifikat va ruxsatnomalarning ro‘yxati, berilgan sanasi, narxi, eksport qiluvchi tashkilotning nomi, mahsulot turi va Soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami ko‘rsatilgan reyestri.

Har haftaning
juma kuni

2-bosqich

Eksportni rag‘batlantirish
agentligi

1. Hujjatlarni ko‘rib chiqish, vakolatli organlarning zarur ruxsatnoma va sertifikatlarni rasmiylashtirish bilan bog‘liq xarajatlarini qoplab berish yuzasidan xulosa qabul qilish.

2. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga buyurtmanoma yuborish.

Ariza qabul qilingan kundan boshlab 1 ish
kuni davomida

3-bosqich

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi


Kompensatsiya mablag‘larini Agentlikning hisobvarag‘iga o‘tkazib berish.

3 ish kuni davomida

4-bosqich

Eksportni rag‘batlantirish
agentligi

Vakolatli organlarning hisobvarag‘iga tegishli mablag‘larni o‘tkazib berish.

Mablag‘lar tushgan kundan boshlab 1 ish kuni davomida

(1-ilova O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 20-yanvardagi 20-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.01.2025-y., 09/25/20/0054-son. Kuchga kirish sanasi — 2025-yil 22-aprel)
Vakolatli organlarning meva-sabzavotlar, to‘qimachilik mahsulotlari va buyumlarini eksport qilish uchun zarur ruxsatnoma va sertifikatlarni rasmiylashtirish bilan bog‘liq xarajatlarini qoplab berish tartibi to‘g‘risida nizomga
2-ILOVA

O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi
‎‎Eksportni rag‘batlantirish agentligiga _____________________________ dan ‎‎

(vakolatli organning nomi) ‎‎

Ariza‎‎

__________________________________________________________________ tomonidan meva-sabzavotlar,

(vakolatli organning nomi)

to‘qimachilik mahsulotlari va buyumlarini eksport qilish uchun zarur ruxsatnoma va sertifikatlarni rasmiylashtirish bilan bog‘liq xarajatlarni reyestrga muvofiq qoplab berish masalasini ko‘rib chiqishingizni va tegishli kompensatsiya to‘lovini bizning ‎ _________________________ hisobvaraqqa o‘tkazib berishingizni so‘raymiz.

(hisobvaraq)

‎‎ Arizaga berilgan sertifikat va ruxsatnomalarning ro‘yxati, sanasi, narxi, eksport qiluvchi tashkilotning nomi, mahsulot turi va Soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami ko‘rsatilgan reyestri ilova qilinmoqda.

‎‎____________ rahbari

__________________‎‎

(F.I.O.)

Bog‘lanish uchun telefon: +998 (___)___________________

(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 20.03.2020-y., 09/20/175/0357-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 16.12.2021-y., 09/21/752/1166-son, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son; 21.01.2025-y., 09/25/20/0054-son)