Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
qarori
Mamlakatda biznes muhitini yanada yaxshilash va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishni yengillashtirish va ragʻbatlantirish maqsadida sohaga oid qator tartibotlar tanqidiy qayta koʻrib chiqilib, eskirgan, zamon talabiga javob bermaydigan byurokratik toʻsiq va gʻovlar bekor qilindi. Koʻrilgan choralar natijasida respublikada ishbilarmonlik muhiti yaxshilandi, tadbirkorlik subyektlari va xususiy investorlar uchun keng imkoniyatlar yaratildi.
Bunday ijobiy oʻzgarishlar nufuzli xalqaro tashkilotlar tomonidan ham keng eʼtirof etilmoqda. Jumladan, Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasi tomonidan eʼlon qilingan “Biznes yuritish — 2020” hisobotida Oʻzbekiston 69-oʻrinni egallab, islohotlar miqyosi va samaradorligi boʻyicha dunyoning eng yaxshi 20 ta islohotchi davlati qatoridan joy oldi.
Shu bilan birga, tadbirkorlar va investorlar bilan uchrashuvlar joylardagi ijrochilar sohada amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyatidan toʻliq xabardor emasligini, qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarning amaliyotga joriy etilishi sezilarli darajada ortda qolayotganligini, ayrim litsenziya va ruxsatnomalarni rasmiylashtirishda ortiqcha byurokratik toʻsiqlar mavjudligini koʻrsatmoqda.
Mamlakatimizda biznes yuritish muhitini yanada yaxshilash, tadbirkorlikka keng erkinlik berish borasida boshlangan islohotlarni davom ettirish hamda qabul qilingan qonun hujjatlarining joylarda toʻgʻri tatbiq etilishini taʼminlash maqsadida:
Oldingi tahrirga qarang.
1. Barcha darajadagi davlat hokimiyati va boshqaruv organlari rahbarlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahar, tuman va shahar hokimliklari Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 65-moddasi hamda “Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari toʻgʻrisida”gi Qonun talablariga soʻzsiz rioya qilishlari shartligi haqida qatʼiy ogohlantirilsin.
Belgilansinki, xususiylashtirish natijalarini, shu jumladan obyektlarning qiymatini baholash hamda baholash hisobotining ishonchliligini ekspertizadan oʻtkazish natijalarini qayta koʻrib chiqish va bekor qilish masalalari yuzasidan davlat organlari, shu jumladan nazorat, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va sudlar tomonidan tashabbus bilan chiqish xususiy mulkning daxlsizligini buzish sifatida baholanadi hamda bunday ishlar koʻrib chiqish uchun qabul qilinmaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari toʻgʻrisidagi qonunchilikka qatʼiy rioya etilishi ustidan nazoratni kuchaytirsin, xususiylashtirish natijalarini, shu jumladan obyektlarning qiymatini baholash hamda baholash hisobotining ishonchliligini ekspertizadan oʻtkazish natijalarini qayta koʻrib chiqish va bekor qilish tashabbusi bilan chiqqanlik uchun vakolatli davlat organlari mansabdor shaxslarining muqarrar javobgarligini jinoiy javobgarlikka tortishga qadar oshirishni taʼminlasin.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 21-apreldagi PF-70-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.04.2025-y., 06/25/70/0375-son)
2. Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi (Zokirov), Energetika vazirligi (Sultanov), Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi (Abdullayev), Markaziy banki (Nurmuratov), Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (Bekenov) rahbarlariga qurilish uchun ruxsatnomalar berish, elektr taʼminoti tizimiga ulanish, koʻchmas mulkni roʻyxatdan oʻtkazish, kredit berish hamda toʻlovga qobiliyatsizlikni hal etish yoʻnalishlaridagi islohotlarning amaliyotga tatbiq etilishi yetarli emasligi natijasida “Biznes yuritish” yillik hisoboti tegishli indikatorlari boʻyicha mamlakatning reytingdagi oʻrni pastligicha qolayotganligi koʻrsatib oʻtilsin.
Yuqorida koʻrsatib oʻtilgan vazirlik va idoralarning har birida sohada amalga oshirilayotgan islohotlarni joylardagi ijrochilarga yetkazish boʻyicha ishchi guruhlar tuzilsin.
Mazkur ishchi guruhlar zimmasiga islohotlarning mazmun-mohiyatini joylardagi ijrochilarga yetkazish va tushuntirish, qonun hujjatlarini notoʻgʻri qoʻllash amaliyotini bartaraf etish, joylarda tadbirkorlarning fikrini muntazam ravishda oʻrganib borish, tegishli organ tomonidan qabul qilingan idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni xatlovdan oʻtkazish va ularga sohada amalga oshirilayotgan islohotlardan kelib chiqib oʻzgartirishlar kiritish boʻyicha takliflar tayyorlash vazifalari yuklansin.
Ishchi guruhlari amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisida har oy yakunlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga maʼlumot kiritib borsin.
3. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:
a) 2020-yil 1-fevraldan boshlab:
eksport-import operatsiyalarini amalga oshirishda talab etiladigan ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar va sertifikatlar “Yagona darcha” bojxona axborot tizimi orqali rasmiylashtiriladi. Bunda vakolatli organlarning avtomatlashtirilgan axborot tizimlari “Yagona darcha” bojxona axborot tizimiga integratsiya qilinadi;
fitosanitariya, sanitariya-epidemiologiya, veterinariya va ekologik nazorat oʻtkazish uchun undiriladigan toʻlovlar miqdori vakolatli organning mazkur hujjatni berish uchun qilgan xarajatlari doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan kelishilgan holda belgilanadi;
yuridik shaxslar tomonidan daʼvo arizasi va uning ilovalarini javobgar hamda iqtisodiy sudga soliq toʻlovchining shaxsiy kabineti orqali elektron tarzda yuborish imkoniyati yaratiladi;
b) 2020-yil 1-oktabrdan boshlab quvvati 140 kilovattgacha boʻlgan elektr uskunalarini elektr tarmoqlariga ulash jarayonida sarflanadigan xarajatlar tadbirkorlik subyektining xohishiga koʻra, davlat xizmatlari markazlariga texnik shartlarni olish uchun murojaat qilish bilan bir vaqtda berilgan soʻrovnomasiga asosan “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi. Mazkur mablagʻlar tadbirkorlik subyektlari foydalangan elektr energiyasi qiymatiga qoʻshiladigan ustamalar hisobidan bir yil davomida undirib olinadi.
4. 2020-yil 1-yanvardan quyidagi talablar bekor qilinsin:
tadbirkorlik subyektlari — yuridik shaxslar oʻrtasidagi koʻchmas mulk oldi-sotdi shartnomalarini taraflardan birining talabi boʻyicha notarial tasdiqlanganda kommunal xizmatlar boʻyicha qarzdorliklarni tekshirib olish;
davlat soliq xizmati organlariga soliq toʻlovchilar tomonidan koʻchmas mulkka boʻlgan huquq davlat roʻyxatidan oʻtkazilgandan soʻng arizani hamda koʻchmas mulkka boʻlgan huquqni davlat roʻyxatidan oʻtkazuvchi organlar tomonidan tegishli hududda joylashgan yer uchastkasi va boshqa koʻchmas mulk, uning mulkdorlari toʻgʻrisidagi maʼlumotni bevosita qogʻoz koʻrinishda taqdim etish;
meva-sabzavot va toʻqimachilik mahsulotlari va buyumlarini eksport qilish (paxtadan tashqari) uchun zarur ruxsatnoma va sertifikatlarni rasmiylashtirishda tadbirkorlik subyektlaridan toʻlov undirish.
5. Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasining “Biznes yuritish” yillik hisobotida Oʻzbekiston Respublikasining oʻrnini yaxshilashga doir “Yoʻl xaritasi” ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi Adliya vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2020-yil 1-yanvarga qadar quyidagilarni nazarda tutuvchi Hukumat qarori loyihasini kiritsin:
qurilish-montaj ishlarini boshlash uchun tadbirkorlik subyektlari tomonidan xabarnoma yuborish tartibini bekor qilish, markazlashtirilgan manbalar hisobidan moliyalashtiriladigan qurilish obyektlari bundan mustasno;
obyektning zilzilaga bardoshliligi va yongʻin xavfsizligi boʻyicha loyiha hujjatlari yuzasidan ijobiy ekspertiza xulosasi va qurilish ishtirokchilari toʻgʻrisidagi maʼlumotni davlat xizmatlari markazlari tomonidan bir vaqtda tadbirkorlik subyektlari va hududiy qurilish sohasidagi nazorat inspeksiyalariga obyektni roʻyxatdan oʻtkazish uchun yuborish;
obyektlar boʻyicha ijobiy ekspertiza xulosasi mavjud boʻlmaganda qurilish-montaj ishlarini boshlashni taqiqlash, qonun hujjatlarida belgilangan holatlar bundan mustasno.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi Qurilish vazirligi, Moliya vazirligi va Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi bilan birgalikda ikki oy muddatda:
“Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati tarkibiga kiruvchi tashkilotlar tomonidan kuchlanishi 110 kV gacha boʻlgan elektr qurilmalarini elektr tarmoqlariga ulash bilan bogʻliq qurilish-montaj ishlarini amalga oshirishning muddatlarini va eng baland qiymatlarini belgilashni nazarda tutuvchi yagona kalkulyatsiyasini tasdiqlasin;
elektr taʼminoti tizimiga ulanish jarayonida hujjatlarni koʻrib chiqish, kelishish va ishlarni amalga oshirish bilan bogʻliq tartibotlarni soddalashtirish va muddatlarini qisqartirish boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Moliya vazirligi, Davlat bojxona qoʻmitasi, manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda meva-sabzavot va toʻqimachilik mahsulotlari va buyumlarini eksport qilish (paxtadan tashqari) uchun zarur ruxsatnoma va sertifikatlarni rasmiylashtirish bilan bogʻliq vakolatli organlarning xarajatlarini Eksportni ragʻbatlantirish agentligi tomonidan qoplab berish tartibini nazarda tutuvchi Hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
9. “Oʻzstandart” agentligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi, “Oʻzdavkarantin” inspeksiyasi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2020-yil 1-fevralga qadar:
vakolatli organlarning avtomatlashtirilgan axborot tizimlari va “Yagona darcha” bojxona axborot tizimi platformasida tanlab olish asosida fitosanitariya, sanitariya-epidemiologiya, veterinariya, ekologik nazorat oʻtkazish va muvofiqlikni baholash imkonini beradigan alohida xavf-xatarlarni tahlil qilish tizimlarini joriy etishni yakunlasin;
vakolatli organlar tomonidan fitosanitariya, sanitariya-epidemiologiya, veterinariya va ekologik nazorat oʻtkazish uchun shartnomalarni oferta shakliga oʻtkazgan holda xizmatlar uchun toʻlovlarni elektron tarzda amalga oshirish imkonini yaratsin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi, Davlat bojxona qoʻmitasi, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Adliya vazirligi:
ikki oy muddatda yuk tashuvchilar tomonidan yuk hujjatlari maʼlumotlarini oʻz ichiga olgan dastlabki elektron axborotni bojxona idoralariga taqdim etish tartibini joriy etish orqali bojxona rasmiylashtiruvi jarayonlarini tezlashtirish choralarini koʻrsin;
2020-yil 1-aprelga qadar manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasining umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllaridan katta hajmli va ogʻir vaznli yuklarning oʻtishi uchun ruxsatnomani rasmiylashtirish jarayonlari va toʻlovlarni amalga oshirishni elektron shaklga oʻtkazish ishlarini yakunlasin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi, Savdo-sanoat palatasi, Kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi uch oy muddatda:
litsenziyalash va ruxsatnoma berish tizimini tartibga soluvchi qonun hujjatlarini tanqidiy qayta koʻrib chiqib, ularni zamon talablariga moslashtirish va tizimlashtirish;
litsenziyalar va ruxsatnomalarni rasmiylashtirishda talab etiladigan hujjatlarni xatlovdan oʻtkazib, byurokratik toʻsiqlarni bartaraf etish hamda ularning muqobil shakllarini, shu jumladan xabardor etish tartibini joriy etish yuzasidan taklif kiritsin.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 5-fevraldagi “Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasining “Biznes yuritish” yillik hisobotida Oʻzbekiston Respublikasining reytingini yaxshilashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-4160-son qarori bilan belgilangan maqsadli koʻrsatkichlarga soʻzsiz erishishga tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari shaxsan masʼul ekanliklari haqida ogohlantirilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 17-yanvardagi PF-5635-son Farmoni 3-ilovasida koʻrsatilgan xalqaro reytinglar indikatorlari boʻyicha mamlakatimizning reyting koʻrsatkichlari yaxshilanganligi yoki pasayganligidan kelib chiqib, vazirlik va idoralarga nisbatan ragʻbatlantirish yoki jazolash choralarini qoʻllash tartibini nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjat loyihasini belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
13. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Savdo-sanoat palatasi:
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil, Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi, Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi bilan birga Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasi “Biznes yuritish” yillik hisobotining qurilish uchun ruxsatnomalar olish, elektr taʼminoti tizimiga ulanish, mulkni roʻyxatdan oʻtkazish hamda xalqaro savdo indikatorlari boʻyicha “davlat xizmatlarining sirli mijozi” instituti qoʻllanilishini taʼminlasin;
(13-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 6-iyuldagi PF-108-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.07.2023-y., 06/23/108/0460-son)
jamoatchilik nazorati va “davlat xizmatlarining sirli mijozi” institutining qoʻllanilishi natijalari boʻyicha har chorakda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga axborot kiritib borsin.
Belgilansinki, ushbu bandda nazarda tutilgan yoʻnalishlar boʻyicha “davlat xizmatlarining sirli mijozi” instituti Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 25-fevraldagi “Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro reytinglar va indekslardagi oʻrnini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4210-sonli qarori talablari asosida qoʻllaniladi.
14. Savdo-sanoat palatasi va Davlat xizmatlari agentligining Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasining “Biznes yuritish” yillik hisobotining har bir indikatori boʻyicha batafsil maʼlumotlar aks etgan maxsus portal sifatida Internet tarmogʻidagi businessinfo.uz saytidan foydalanish va uni doimiy yangilab borish haqidagi taklifi maʼqullansin.
15. Davlat xizmatlari agentligi 2020-yil 1-aprelga qadar oʻzining rasmiy veb-saytida davlat xizmatlarini koʻrsatish muddatlarini avtomatik ravishda, shu jumladan koʻrib chiqish muddatlari buzilgan arizalar va masʼul idoralar toʻgʻrisida ochiq maʼlumotlarni real vaqt rejimida aks ettiruvchi boʻlim yaratsin.
16. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligining 2020-yil mart oyida oʻtkaziladigan Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida xalqaro hamjamiyat va xorijiy investorlarni Oʻzbekistonda biznes yuritish imkoniyatlari bilan keng tanishtirish hamda respublikaning “Biznes yuritish” reytingidagi oʻrnini yanada yaxshilash masalalarini muhokama qilishga bagʻishlangan alohida seksiya panelini tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
17. “Biznes yuritish” yillik hisoboti indikatorlari uchun masʼul vazirlik va idoralar 2020-yil 1-yanvarga qadar tegishli sohalarda amalga oshirilgan islohotlar, ularning amaliyotga tatbiq etilishini asoslovchi dalillar va statistik maʼlumotlardan iborat tahliliy materiallarni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasiga taqdim etilishini taʼminlasin.
18. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Adliya vazirligi, Savdo-sanoat palatasi hamda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birga bir oy muddatda Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasining “Biznes yuritish” yillik hisobotining har bir indikatori boʻyicha amalga oshirilgan islohotlar yuzasidan keng qamrovli targʻibot ishlarini oʻtkazish rejasini tasdiqlasin va amalga oshirilishini taʼminlasin.
19. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
Vazirlik va idoralar ikki oy muddatda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni mazkur qarorga muvofiqlashtirsin.
20. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi R.A. Gulyamov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — moliya vaziri J.A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2019-yil 20-noyabr,
PQ-4525-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 20-noyabrdagi PQ-4525-son qaroriga
ILOVA
Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasining “Biznes yuritish” yillik hisobotida Oʻzbekiston Respublikasining oʻrnini yaxshilashga doir
“YOʻL XARITASI”
Oldingi tahrirga qarang.

T/r

Chora-tadbirlar nomi

Amalga oshirish mexanizmi

Ijro muddatlari

Masʼul organ

I. Tadbirkorlik subyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish

1.

Tadbirkorlik subyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish tizimini Davlat soliq qoʻmitasi va Davlat statistika qoʻmitasi axborot tizimlari bilan tadbirkorlik subyektlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning doimiy yangilanib borishini taʼminlash maqsadida integratsiya qilish.

tashkiliy tadbirlar

2020-yil 1-fevral

Axborot texnologiyalari vazirligi (Sadikov), Loyiha boshqaruvi milliy agentligi (Li), Adliya vazirligi (Davletov), Davlat statistika qoʻmitasi (Begalov), Davlat soliq qoʻmitasi (Musayev)

2.

Tadbirkorlik subyektini davlat roʻyxatidan oʻtkazish tizimiga barcha banklar va ularning filiallarini integratsiya qilish choralarini koʻrish.

tashkiliy tadbirlar

2019-yil 1-dekabr

Markaziy bank (Nurmuratov), Loyiha boshqaruvi milliy agentligi (Li), Adliya vazirligi (Davletov)

3.

Tadbirkorlik subyektida muhr mavjudligi haqidagi talab bekor boʻlganligidan kelib chiqib, idoraviy hujjatlarga oʻzgartishlar kiritish.

normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari

2019-yil 1-dekabr

Markaziy bank (Nurmuratov), “Oʻzstandart” agentligi (Sattarov), Kapital bozorini rivojlantirish agentligi (Nazirov), Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (Bekenov), Davlat soliq qoʻmitasi (Musayev), Energetika vazirligi (Sultanov), Qishloq xoʻjaligi vazirligi (Xodjayev), Transport vazirligi (Maxkamov), Sogʻliqni saqlash vazirligi (Shadmanov), Moliya vazirligi (Ishmetov), Ichki ishlar vazirligi (Bobojonov), Investitsiya va tashqi savdo vazirligi (Umurzakov), Adliya vazirligi (Davletov)

II. Qurilish uchun ruxsatnomalar olish

4.

Quyidagi tartiblarni belgilash:

qurilish-montaj ishlarini boshlash uchun tadbirkorlik subyektlari tomonidan xabarnoma yuborish tartibini bekor qilish, markazlashtirilgan manbalar hisobidan moliyalashtiriladigan qurilish obyektlari bundan mustasno;

obyektning zilzilaga bardoshliligi va yongʻin xavfsizligi boʻyicha loyiha hujjatlari yuzasidan ijobiy ekspertiza xulosasi va qurilish ishtirokchilari toʻgʻrisidagi maʼlumotni davlat xizmatlari markazlari tomonidan bir vaqtda tadbirkorlik subyektlari va hududiy qurilish sohasidagi nazorat inspeksiyalariga obyektni roʻyxatdan oʻtkazish uchun yuborish;

obyektlar boʻyicha ijobiy ekspertiza xulosasi mavjud boʻlmaganda qurilish-montaj ishlarini boshlashni taqiqlash, qonun hujjatlarida belgilangan holatlar bundan mustasno.

Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi

2020-yil 1-yanvar

Qurilish vazirligi (Zakirov), Adliya vazirligi (Davletov), Iqtisodiyot va sanoat vazirligi (Xodjayev)

5.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 14-noyabrdagi “Qurilish sohasini davlat tomonidan tartibga solishni takomillashtirish qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-5577-son Farmoni talablari asosida qurilayotgan obyektlar ustidan mualliflik nazorati, texnik nazorat va tekshiruvni amalga oshiruvchi mutaxassislarga sertifikat berish tartibini ishlab chiqish.

normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari

2020-yil 1-yanvar

Qurilish vazirligi (Zakirov), Adliya vazirligi (Davletov)

6.

Qurilish va loyihalashtirish sohasidagi mutaxassisliklar (arxitektor, muhandis, konstruktor, texnolog, loyihachi, nazoratchi va hokazo) boʻyicha kadrlar tayyorlash tizimini oʻrganib chiqish hamda uni jahon standartlari asosida takomillashtirish boʻyicha takliflar kiritish.

Tahliliy maʼlumotnoma

2019-yil 15-dekabr

Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi (Majidov), Qurilish vazirligi (Zakirov)

III. Elektr taʼminoti tizimiga ulanish

7.

Quvvati 140 kilovattgacha boʻlgan elektr uskunalarini elektr tarmoqlariga ulash jarayonida sarflanadigan xarajatlar tadbirkorlik subyektining xohishiga koʻra, davlat xizmatlari markazlariga texnik shartlarni olish uchun murojaat qilish bilan bir vaqtda berilgan soʻrovnomasiga asosan “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati mablagʻlari hisobidan amalga oshirish tartibini joriy etish.

Mazkur mablagʻlar tadbirkorlik subyektlari foydalangan elektr energiyasi qiymatiga qoʻshiladigan ustamalar hisobidan bir yil davomida undirib olinishini belgilash.

normativ-huquqiy hujjat loyihasi

2020-yil 1-oktabr

Energetika vazirligi (Sultanov), Moliya vazirligi (Ishmetov), Iqtisodiyot va sanoat vazirligi (Xodjayev), Adliya vazirligi (Davletov)

8.

“Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati tarkibiga kiruvchi tashkilotlar tomonidan kuchlanishi 110 kV gacha boʻlgan elektr qurilmalarini elektr tarmoqlariga ulash bilan bogʻliq qurilish-montaj ishlarini amalga oshirishning muddatlarini va eng baland qiymatlarini belgilashni nazarda tutuvchi yagona kalkulyatsiyani tasdiqlash.

normativ-huquqiy hujjat loyihasi

2020-yil 1-fevral

Energetika vazirligi (Sultanov), Qurilish vazirligi (Zakirov), Moliya vazirligi (Ishmetov), Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi (Sharipov), Adliya vazirligi (Davletov)

9.

Elektr taʼminoti tizimiga ulanish jarayonida hujjatlarni koʻrib chiqish, kelishish va qurilish ishlarini amalga oshirish bilan bogʻliq tartibotlarni soddalashtirish va muddatlarini qisqartirish.

normativ-huquqiy hujjat loyihasi

2020-yil 1-yanvar

Energetika vazirligi (Sultanov), Adliya vazirligi (Davletov)

10.

Tadbirkorlik subyektlarini elektr tarmoqlariga ulash ishlarini amalga oshirishning umumiy va soddalashtirilgan (“foydalanishga tayyor holda” ishlarni amalga oshiruvchi ixtisoslashgan xususiy tashkilotlar faoliyatini takomillashtirish orqali) imkoniyatlarini yaratgan holda elektr tarmoqlariga ulanish muddatlari va sarf-xarajatlarini optimallashtirish.

Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi

2020-yil 1-yanvar

Energetika vazirligi (Sultanov), Moliya vazirligi (Ishmetov), Qurilish vazirligi (Zakirov), Adliya vazirligi (Davletov), Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi (Sharipov)

IV. Mulkni roʻyxatdan oʻtkazish

11.

Internet tarmogʻida Koʻchmas mulk obyektlariga boʻlgan huquqlarning davlat reyestridagi mulkka oid maʼlumotlarni quyidagi maʼlumotlardan birini kiritish orqali qidirish imkoniyatini taqdim etish:

koʻchmas mulkning kadastr raqami;

mulkdorga tegishli boʻlgan soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami yoki jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami;

yuridik shaxsning nomi yoki jismoniy shaxsning familiyasi, ismi va otasining ismi;

jismoniy shaxsning pasport maʼlumotlari.

Bunda Koʻchmas mulk obyektlariga boʻlgan huquqlarning davlat reyestri maʼlumotlarini Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 29-dekabrdagi 1060-son qarori bilan tasdiqlangan roʻyxat boʻyicha toʻliq holda hech qanday cheklovlarsiz taqdim etilishini taʼminlash.

tashkiliy tadbirlar

2019-yil 15-dekabr

“Yergeodezkadastr” davlat qoʻmitasi (Abdullayev), Axborot texnologiyalari vazirligi (Sadikov)

12.

Koʻchmas mulkka boʻlgan huquqni davlat roʻyxatidan oʻtkazuvchi organlar tegishli hududda joylashgan yer uchastkasi va boshqa koʻchmas mulk, uning mulkdorlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni davlat soliq xizmati organlariga real vaqt rejimida elektron tarzda yuborish tartibini joriy etish.

Yangi tahrirdagi Soliq kodeksi loyihasi

2019-yil 15-dekabr

Davlat soliq qoʻmitasi (Musayev), “Yergeodezkadastr” davlat qoʻmitasi (Abdullayev), Axborot texnologiyalari vazirligi (Sadikov), Loyiha boshqaruvi milliy agentligi (Li)

Bunda davlat soliq xizmati organlari ham koʻchmas mulkka boʻlgan huquqni davlat roʻyxatidan oʻtkazuvchi organlarga zarur maʼlumotlarni (STIR, JSH SHIR va h.k.) real vaqt rejimida elektron tarzda yuborilishini belgilash.

tashkiliy tadbirlar

2019-yil 15-dekabr

13.

Toshkent shahri boʻyicha Koʻchmas mulk obyektlariga boʻlgan huquqlarning davlat reyestridagi maʼlumotlarni kartografik materiallar bilan integratsiya qilish hamda ularni interaktiv koʻrinishda Internet tarmogʻiga joylashtirish ishlarini yakunlash.

tashkiliy tadbirlar

2020-yil 1-mart

“Yergeodezkadastr” davlat qoʻmitasi (Abdullayev), Axborot texnologiyalari vazirligi (Sadikov), Loyiha boshqaruvi milliy agentligi (Li)

14.

“Yergeodezkadastr” davlat qoʻmitasi tarkibida koʻchmas mulkni roʻyxatga olish, tegishli davlat kadastrlarini yuritishga masʼul boʻlgan mustaqil tashkilotni tuzish masalasini koʻrib chiqish.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoni loyihasi

2020-yil 1-yanvar

“Yergeodezkadastr” davlat qoʻmitasi (Abdullayev)

15.

Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasining rasmiy veb-sayti orqali koʻchmas mulk obyektlariga boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazishda yuzaga keladigan nizolar boʻyicha mustaqil komissiyalarga murojaat qilish imkoniyatini yaratish.

tashkiliy tadbirlar

2019-yil 1-dekabr

“Yergeodezkadastr” davlat qoʻmitasi (Abdullayev)

16.

Tadbirkorlik subyektlari — yuridik shaxslar oʻrtasidagi koʻchmas mulk oldi-sotdi shartnomalarini taraflardan birining talabi boʻyicha notarial tasdiqlashda kommunal xizmatlar boʻyicha qarzdorliklarni tekshirish talabini bekor qilish.

normativ-huquqiy hujjat loyihasi

2020-yil 1-yanvar

Adliya vazirligi (Davletov), Bosh prokuratura (Yoʻldoshev)

V. Kreditlarni olish

17.

Kommunal tashkilotlar, davlat soliq xizmati organlari, chakana savdo tashkilotlari bilan oʻzaro axborot almashish tizimi hamda kredit axboroti manbalarini kengaytirish orqali “Kredit-axborot tahliliy markazi” Kredit byurosi” MCHJ faoliyatini takomillashtirish.

normativ-huquqiy hujjat loyihasi

2020-yil 1-yanvar

Markaziy bank (Nurmuratov), Energetika vazirligi (Sultanov), Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi (Saliyev), Davlat soliq qoʻmitasi (Musayev), Bosh prokuratura (Yoʻldoshev)

18.

Kommunal xizmatlar koʻrsatuvchi tashkilotlarning billing tizimlariga jismoniy shaxslarning shaxsiy identifikatsiya raqamlari hamda ularga tegishli obyektlarning kadastr raqamlarini integratsiya qilish ishlarini yakunlash.

tashkiliy tadbirlar

2020-yil 1-yanvar

Davlat personallashtirish markazi (Turaxodjayev), “Yergeodezkadastr” davlat qoʻmitasi (Abdullayev), Energetika vazirligi (Sultanov), Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi (Saliyev), Davlat soliq qoʻmitasi (Musayev), Markaziy bank (Nurmuratov)

VI. Minoritar aksiyadorlarni himoya qilish

19.

Qonun hujjatlariga quyidagilarni nazarda tutuvchi oʻzgartirishlarni kiritish:

manfaatdor shaxslar tomonidan tuziladigan bitimlar boʻyicha ularni amalga oshirishdan avval tashqi auditor xulosasini olish;

jamiyat yillik hisobotida affillangan shaxslar bilan tuzilgan bitimlar toʻgʻrisidagi axborot bilan birgalikda affillangan shaxs bilan bitim tuzilayotganda yuzaga keladigan manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni aks ettirish;

ilgʻor xorijiy tajribadan kelib chiqib, jamiyatning boshqaruv organlari mansabdor shaxslarining javobgarligini kuchaytirish;

jamiyat affillangan shaxslar bilan tuzilgan bitimlar haqidagi maʼlumotni Korporativ axborotning yagona portalida va oʻzining rasmiy veb-saytida 72 soat mobaynida oshkor qilish.

normativ-huquqiy hujjat loyihasi

2019-yil 15-dekabr

Kapital bozorini rivojlantirish agentligi (Nazirov), Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (Bekenov), Adliya vazirligi (Davletov)

VII. Soliq solish tizimi

20.

Hisobga olinadigan qoʻshilgan qiymat soligʻi summasining hisobot davri uchun hisoblab chiqarilgan soliq summasidan ortgan qismini qaytarishning quyidagi tartibini belgilash:

qaytarish toʻgʻrisidagi elektron shaklda beriladigan arizadan tashqari boshqa hujjatlarini talab etilishini taqiqlash;

soliq toʻlovchi ariza bergan kundan boshlab 60 kundan ortmagan muddatda qaytarish.

Yangi tahrirdagi Soliq kodeksi loyihasi

2020-yil 1-yanvar

Moliya vazirligi (Ishmetov), Davlat soliq qoʻmitasi (Musayev), Davlat bojxona qoʻmitasi (Azimov)

VIII. Xalqaro savdo

21.

Respublikaning eksport tarkibidan kelib chiqqan holda “Biznes yuritish” hisobotning “Xalqaro savdo” indikatori boʻyicha qoʻllaniladigan metodologiyada asosiy eksport mahsulotini qayta koʻrib chiqish boʻyicha Jahon banki ekspertlari bilan muzokaralar oʻtkazish.

Tashkiliy tadbirlar

2020-yil 1-fevral

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi (Umurzakov), Iqtisodiyot va sanoat vazirligi (Xoʻjayev), Davlat bojxona qoʻmitasi (Azimov)

22.

Meva-sabzavot va toʻqimachilik mahsulotlari va buyumlarini eksport qilish (paxtadan tashqari) uchun zarur ruxsatnoma va sertifikatlarni rasmiylashtirishda tadbirkorlik subyektlaridan toʻlov undirish talabini bekor qilish.

Mazkur hujjatlarni rasmiylashtirish bilan bogʻliq vakolatli organlarning xarajatlarini Eksportni ragʻbatlantirish agentligi tomonidan qoplab berish tartibini belgilash.

Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi

2020-yil 1-yanvar

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi (Umurzakov), Moliya vazirligi (Ishmetov), Davlat bojxona qoʻmitasi (Azimov), “Oʻzstandart” agentligi (Sattarov), Sogʻliqni saqlash vazirligi (Shadmanov), Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi (Qoʻchqarov), “Oʻzdavkarantin” inspeksiyasi (Ergashev)

23.

Eksport-import operatsiyalarini amalga oshirishda talab etiladigan ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar va sertifikatlarni “Yagona darcha” bojxona axborot tizimi orqali rasmiylashtirish tartibini joriy etish, bunda vakolatli organlarning avtomatlashtirilgan axborot tizimlari “Yagona darcha” bojxona axborot tizimiga integratsiya qilish.

Tashkiliy tadbirlar

2020-yil 1-fevral

Davlat bojxona qoʻmitasi (Azimov), “Oʻzstandart” agentligi (Sattarov), Sogʻliqni saqlash vazirligi (Shadmanov), Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi (Norqobilov), Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi (Qoʻchqarov), “Oʻzdavkarantin” inspeksiyasi (Ergashev), manfaatdor vazirlik va idoralar

24.

Vakolatli organlarning avtomatlashtirilgan axborot tizimlari va “Yagona darcha” bojxona axborot tizimi platformasida tanlab olish asosida fitosanitariya, sanitariya-epidemiologiya, veterinariya, ekologik nazorat oʻtkazish va muvofiqlikni baholash imkonini beradigan alohida xavf-xatarlarni tahlil qilish tizimlarini joriy etishni yakunlash.

Tashkiliy tadbirlar

2020-yil 1-fevral

“Oʻzstandart” agentligi (Sattarov), Sogʻliqni saqlash vazirligi (Shadmanov), Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi (Norqobilov), Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi (Qoʻchqarov), “Oʻzdavkarantin” inspeksiyasi (Ergashev), manfaatdor vazirlik va idoralar

25.

Muvofiqlikni baholash lozim boʻlgan tovarlar nomenklaturasini qayta koʻrib chiqish va yagona roʻyxatni tasdiqlash orqali ushbu nomenklaturani tizimlashtirish.

Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi

2020-yil 1-yanvar

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi (Umurzakov), “Oʻzstandart” agentligi (Sattarov), Sogʻliqni saqlash vazirligi (Shadmanov), Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi (Norqobilov), Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi (Qoʻchqarov)

26.

Vakolatli organlar tomonidan fitosanitariya, sanitariya-epidemiologiya, veterinariya, ekologik nazorat oʻtkazish va muvofiqlikni baholash uchun undiriladigan toʻlovlar miqdorini vakolatli organning mazkur hujjatni berish uchun qilgan xarajatlari doirasida belgilash va ularni bazaviy hisoblash miqdoriga bogʻlagan holda optimallashtirish.

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari

2020-yil 1-fevral

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi (Umurzakov), “Oʻzstandart” agentligi (Sattarov), “Oʻzdavkarantin” inspeksiyasi (Ergashev), Sogʻliqni saqlash vazirligi (Shadmanov), Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi (Norqobilov), Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi (Qoʻchqarov), Moliya vazirligi (Ishmetov)

27.

Vakolatli organlar tomonidan fitosanitariya, sanitariya-epidemiologiya, veterinariya va ekologik nazorat oʻtkazish uchun shartnomalarni oferta shakliga oʻtkazish va xizmatlar uchun toʻlovlarni elektron tarzda amalga oshirish imkonini yaratish.

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihasi

2020-yil 1-fevral

Loyiha boshqaruvi milliy agentligi (Li), “Oʻzstandart” agentligi (Sattarov), “Oʻzdavkarantin” inspeksiyasi (Ergashev), Sogʻliqni saqlash vazirligi (Shadmanov), Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi (Norqobilov), Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi (Qoʻchqarov)

28.

Oʻzbekiston Respublikasining umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllaridan katta hajmli va ogʻir vaznli yuklarning oʻtishi uchun ruxsatnomani rasmiylashtirish jarayonlari va toʻlovlarni amalga oshirishni elektron shaklga oʻtkazish.

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari

2020-yil 1-aprel

Transport vazirligi (Maxkamov), Davlat bojxona qoʻmitasi (Azimov), Axborot texnologiyalari vazirligi (Sadikov), Loyiha boshqaruvi milliy agentligi (Li)

29.

Yuk tashuvchilar tomonidan yuk hujjatlari maʼlumotlarini oʻz ichiga olgan dastlabki elektron axborotni bojxona idoralariga taqdim etish tartibini joriy etish orqali bojxona rasmiylashtiruv jarayonlarini tezlashtirish.

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari

2020-yil 1-fevral

Davlat bojxona qoʻmitasi (Azimov), Transport vazirligi (Maxkamov), Moliya vazirligi (Ishmetov), Energetika vazirligi (Sultanov), “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ (Hosilov), “Uzbekistan Airports” AJ, “Uzbekistan Airways” AJ

IX. Shartnomalar ijrosini taʼminlash

30.

Nizoni sudgacha hal qilish usullaridan biri sifatida yuboriladigan talabnomani koʻrib chiqish muddatini 15 kun qilib belgilash.

Normativ-huquqiy hujjat loyihasi

2020-yil 1-yanvar

Oliy sud (Kamilov), Adliya vazirligi (Davletov)

31.

Sud ish yurituviga axborot texnologiyalarini yanada keng joriy etish choralarini koʻrish, shu jumladan yuridik shaxslar tomonidan daʼvo arizasi va uning ilovalarini javobgar hamda sudga soliq toʻlovchining shaxsiy kabineti orqali elektron tarzda yuborish imkoniyatini yaratish.

Normativ-huquqiy hujjat loyihasi

2020-yil 1-fevral

Davlat soliq qoʻmitasi (Musayev), Oliy sud (Kamilov), Axborot texnologiyalari vazirligi (Sadikov), Loyiha boshqaruvi milliy agentligi (Li)

32.

“Sudlar toʻgʻrisida”gi Qonunga sud raislari vakolatidan ishlarni taqsimlash bilan bogʻliq normalarni chiqarib, ishlarni sudyalarga faqat avtomatik ravishda taqsimlanishini belgilovchi oʻzgartirishlarni kiritish.

Normativ-huquqiy hujjat loyihasi

2020-yil 1-yanvar

Oliy sud (Kamilov), Adliya vazirligi (Davletov)

33.

Iqtisodiy protsessual kodeksda ishni sud muhokamasiga tayyorlash toʻgʻrisidagi ajrimni chiqarish muddatini belgilash boʻyicha oʻzgartirish kiritish.

Normativ-huquqiy hujjat loyihasi

2020-yil 1-yanvar

Oliy sud (Kamilov), Adliya vazirligi (Davletov)

34.

Sud hujjatlarini sudlar faoliyatiga joriy etilgan axborot tizimi orqali avtomatik ravishda shakllantirish hamda rasmiy veb-saytda shaxssizlantirmagan holda chop etilishini taʼminlash.

Normativ-huquqiy hujjat loyihasi

2020-yil 1-iyul

Oliy sud (Kamilov), Adliya vazirligi (Davletov), Axborot texnologiyalari vazirligi (Sadikov), Loyiha boshqaruvi milliy agentligi (Li)

35.

Taraflar uchun sud ish yurituvida boʻlgan har bir ishni masofadan turib monitoring qilish imkonini yaratish.

Tashkiliy tadbirlar

2020-yil 1-iyul

Oliy sud (Kamilov), Loyiha boshqaruvi milliy agentligi (Li)

X. Toʻlovga qobiliyatsizlikni hal etish

36.

Yangi tahrirda ishlab chiqilgan “Bankrotlik toʻgʻrisida”gi Qonunni ilgʻor xorijiy tajribadan kelib chiqib takomillashtirish.

Normativ-huquqiy hujjat loyihasi

2020-yil 1-may

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (Bekenov), Oliy sud (Kamilov), Advokatlar palatasi (Ernazarov)

37.

Bankrotlik jarayonida soliq hisoblashni sogʻlomlashgandan keyin toʻlash sharti bilan toʻxtatib turish tartibini joriy etish.

Normativ-huquqiy hujjat loyihasi

2020-yil 1-may

Moliya vazirligi (Ishmetov), Davlat soliq qoʻmitasi (Musayev), Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (Bekenov)

XI. Tashkiliy tadbirlar

38.

Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasining “Biznes yuritish” reytingining alohida yoʻnalishlari boʻyicha “davlat xizmatlarining sirli mijozi” instituti keng qoʻllanilishini taʼminlash.

Tashkiliy tadbirlar

Har oyda

Adliya vazirligi (Davletov), Savdo-sanoat palatasi (Ikramov), Biznes ombudsman (Kasimov), Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi, Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi (Sharaxmetov)

39.

Savdo-sanoat palatasining businessinfo.uz saytida “Biznes yuritish” yillik hisobotining har bir indikatori boʻyicha alohida maʼlumotlar bazasini shakllantirish, jumladan:

ruxsatnomalarni rasmiylashtirishdagi tartib-taomillar, ularning muddati va narxlari, masʼul idoralar, vakolatlari, tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisidagi toʻliq maʼlumotlar;

vakolatli idoralar va hududlar boʻyicha shaffof statistik va boshqa rasmiy maʼlumotlar;

infografikalar, prezentatsion materiallar va boshqa tahliliy maʼlumotlar yuritilishini taʼminlash.

Tashkiliy tadbirlar

2020-yil 1-yanvardan boshlab doimiy ravishda

Savdo-sanoat palatasi (Ikramov), Iqtisodiyot va sanoat vazirligi (Xodjayev), manfaatdor vazirlik va idoralar

40.

“Biznes yuritish” yillik hisobotidan kelib chiqib, advokatlar xizmatining oʻrtacha qiymatini tahlil qilish.

Tahliliy maʼlumotnoma

2020-yil 1-yanvar

Advokatlar palatasi (Ernazarov), Adliya vazirligi (Davletov)

41.

Davlat xaridlari tizimini tahlil qilish va mazkur tizimni Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasining “Biznes yuritish” yillik hisoboti talablaridan kelib chiqib takomillashtirish.

Normativ-huquqiy hujjat loyihasi

2020-yil 1-yanvar

Moliya vazirligi (Ishmetov), Iqtisodiyot va sanoat vazirligi (Xodjayev), Transport vazirligi (Maxkamov), Adliya vazirligi (Davletov)

Izoh: tegishli huquqiy munosabatlarni tartibga solish sohasi va predmetiga qarab, normativ-huquqiy hujjatlarning turlari qayta koʻrib chiqilishi yoki yagona hujjatga birlashtirilishi mumkin.
(ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 6-iyuldagi PF-108-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.07.2023-y., 06/23/108/0460-son)
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 21.11.2019-y., 07/19/4525/4045-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.04.2022-y., 06/22/95/0267-son; 07.07.2023-y., 06/23/108/0460-son; 22.04.2025-y., 06/25/70/0375-son)